Savol-Javob

Muxolifat partiyasiga omad yor bo’lsin!

SAVOL: Rossiyada O’zbekiston Muxolifat Partiyasi ( O’MP) tuzilishini xushxabar debsiz. Rossiya hududida qanday qilib o’zbek muxolifati partiyasi bo’lishi mumkin? Mantiq yo’qku?(Salim).

JAVOB: Birinchidan, nozo’ravon yo’lni tanlagan, maqsadi demokratik, xalq boshqaradigan hukumat qurish bo’lgan muxolifat harakatini tuzishga urinish shumxabar emas, xushxabardir. Abdujabborning bu boradagi suhbatini eshitgandim va uning demokratiya tarafdori ekanligiga shubham yo’q.

Ikkinchidan, agar bu partiya tuzilsa va ro’yxatdan o’tsa, demak mantiq bor. Dunyoning juda ko’p mamlakatlarida “o’zbek muxolifat harakati” shamsiyasi bilan tashkilotlar tuzilmoqda va ro’yxatdan o’tib kelmoqda ham.

Lekin Rossiya ro’yxatdan o’tkazadimi, yo’qmi, gap ana shunda. Agar o’tkazsa, bu Islom Karimovni boshqarish yoki uni istagan paytda chetlatish uchun “ko’zir” bo’ladi.

“Nima bo’lsa bo’lsin, Karimov ketsin” desangiz bu mantiqli ish. “O’zbekiston zolim rejim qo’lida tursin, lekin mustaqil bo’lsin” desangiz gapingizda jon bor. Bu nuqtai nazardan katta mantiqsizlik mavjud.

Abdujabbor Ismoilni vatanparvar o’zbek deb o’ylayman. Uning mantiqsiz ish qilishiga ishonmayman. Uning imkoniyatlari katta.

Masalan, partiyaning markazini Shvetsiya kabi Avropa davlatlaridan birida ro’yxatdan o’tkazib qo’yishi mumkin. Bu juda oson ish. Keyin qolgan hamma ishni Rossiyada olib borsa bo’ladi. Asosiy bo’limini Rossiyada ochsa yutadi, yutqazmaydi. O’shanda Karimov rejimining bitta imosi yoki yon berishi bilan FSB bu partiyani yopolmaydi. Uning “Birdamlik”dagi faoliyatidan tajribasi bor.

Nima bo’lganda ham bugun demokratik bir harakatga kattta ehtiyoj sezilmoqda. O’zbekistonda muxolifat bo’shlig’i mavjud. Abdujabbor ukamiz va safdoshlarining bu urinishlari ana shu ehtiyojdan kelib chiqadi. U tashabbuskor, izlanuvchan, aqlli yigit va mantiqli bir yo’lini topadi deb o’ylayman. Balki allaqachon topgan ham bo’lishi mumkin. Unga omad va muvaffaqiyat yor bo’lsin!

JM.

Leave a comment