Jahongir Mamatov: “O’zbeklar va o’zbeklar”

  BIRINCHI KITOB

O’qiganda qaerdadir agar o’zingizni yoki siz tanigan, bilgan biror kishini “ko’rib” qolsangiz, demak bu kitob asar holiga etibdi, agar bu erdagilarning hammasi sizga begona bo’lsa, u holda mehnatim zoe ketibdi. MUALLIF.

1. ZEHNIYaT yoki KIRISh O’RNIDA

Mazkur kitobning ilk qismini e’lon qilishim bilan, ayniqsa, Amerikadagi tanishlar orasida qizg’in munosabat bildirish boshlandi. Munosabat bildirishning turli yo’llari bor.

Masalan, orqavorotdan gap-so’zlar qilish.”Ko’rdingizmi, nimalarni yozibdi, tanbeh berib qo’yish kerak!” yoki ” Bunaqa narsalarni yozib nima qiladi, kimga keraki bor?” tarzida xat yo’llash yoki muallifning o’ziga nafrat sochish… Ko’pincha o’zini avliyo sanash va bor narsani hazm qila olmaslik bunga sabab bo’ladi.

Meni esa, boshqa narsa o’ylatdi. Ozmi-ko’pmi Amerikada yashayapmiz. Ba’zilar esa, 20-25 yildan beri yashayaptilar. Amerikani oyoqda ushlab turgan narsa inson huquqlari borasida uning Konstitutsiyasiga qo’shilgan o’nta o’zgarmas qo’shimchadir. Shundan birinchisi so’z erkinligi haqida. Shunga ko’ra istagan odam istagan gapini ayta oladi va yoza oladi. Istagan odam unga javob yozadi. Ammo birovning ismini qo’yib, seni o’ldiraman, deb yozsa bu ish bilan tabiiyki, politsiya shug’ullanadi. Birovning ismi-sharifini keltirib shaxsini haqorat qilsa, so’ksa bu fuqaroviy tarzda sudda isbotlanishi kerak.

Shulardan kelib chiqsak, mening diqqatimni tortgan narsa “Nega bu haqda yozadi?” deb shikoyat qilgan odam bo’ldi. O’zbekistonda bo’lsa tushunarli. Ammo Amerikada bo’lib, Amerikani tushuna olmaslik bu- zehniyatda temir qolip mavjudligini ko’rsatadi.

Amerikada bir yozuvchi yoki bir jurnalistga “Nega buni yozding?” desangiz “Sen nega nafas olding” deb masxara qiladi. Boshqacha aytganda, yozish huquqiga hech kim, hatto prezident ham rahna sololmaydi. Amerikaning eng katta yutug’i bu! Ammo ma’lum bir maqsadlarda pul sarflab, ma’lum bir nashrlarga ega bo’lganlar, turli yo’llar bilan o’z siyosatlarini yurgizadilar. Bu boshqa gap.

Amerikada yashab uning demokratiyasini qabul qila olmaslik ba’zilarning zehniyatida mavjud. Bundaylar hech qachon demokratiya nimaligini bilmay o’tib ketadilar. Bu kitobni yozarkanman, ularga dars bo’lar degan maqsadni oldimga qo’yganim yo’q. Balki amerikalik bo’la olamayotganimiz(amerikalik bo’la olmaslik der ekanman demokrat, inson huquqlariga hurmat ko’rsatish, erkin fikr va so’z erkinligi, adolatni tushunish kabi qadriyatlarni o’zimizga singdira olmaslikni nazarda tutayapman) sabablarini o’rganishni ko’zladim. Bu esa, bugunga emas, kelajakka kerak bo’lishini bilganimdandir.

Zehniyat har bir insonning, har bir millatning ko’zgusidir. Shu bois ham zehniyatga nazar tashlamoq o’zlikka nazar tashlamoqdir.

2.ORADAGI DEVOR

Xorijda yashayotgan va o’zini o’zbek deb atayotgan(bu muhim, chunki Afg’oniston orqali kelganlari o’zlarini afg’on ham deb ataydilar) kishilar O’zbekistondan xorijga chiqqanlar bilan qo’shilib keta olmayotganlari bugunga kelib, sir bo’lmay qoldi. Buning bir qancha sabablari ko’rinmoqda,

Birinchidan, madaniyat va ana’nalardagi farqlilik. Zamon va makon ta’sirida bu borada o’zgarishlar yuz bergan.O’zbekistonda yashaganlar ruslar orqali sizgan G’arb madaniyatidan ta’sirlangan bo’lsalar, Afg’onistondagilar esa, o’sha erda yashagan va ko’pchilikni tashkil qilgan xalqlar ta’siridan chetda qolmaganlar.

Ikkinchidan, til, alifbodagi o’zgarishlar ta’siri. O’zbekistondagilar garchi o’zbek tilidagi maktablarga sohib bo’lsalarda amalda alifboning bir necha karra o’zgarishi girdobida qoldilar. Afg’onistondagilar esa, hatto o’z tillaridagi maktabni tasavvur ham qila olmadilar.Xorijga kelib o’zbek tili orqasidan kun ko’rganlari esa, “O” bilan “A”ning farqiga borish u yoqda tursin, O’zbekistondan kelganlarning ustidan kulishardi. O’zbekistondan kelganlar esa, ularning talaffuzlariga hayron qolishardi. Zamon va makon bir oila farzandlarini ana shunday boshqa-boshqa odam qilib qo’ygandi.

Va uchinchidan, vatan haqidagi tushunchalar. O’zbekistondan hijrat qilganlar bugungi mavjud rejimdan norozi bo’lsalar, xorijda yashab kelganlar O’zbekiston bilan aloqani saqlash maqsadida mavjud rejim bilan hamkorlik qilishga urinardilar.

Ana shu jihatlar oradagi devordir va qandaydir ma’rakalarda bir oraga kelmasalar, xorijdagi o’zbeklar hatto bir – birlarini ko’rmay ham yashamoqdalar.

3. IKKI KARRA “XOIN”LAR

Sho’rolar bosqinining ilk davrlarida yoki ikkinchi Jahon urushi yillarida xorijga chiqqanlar qo’shaloq “xoin”lardir. Albatta, bu qo’shtirnoqqa olganimiz kabi ko’chma ma’noda. Chunki ularni Sovet Ittifoqi, jumladan O’zbekiston ham “xoin”lar, deb keldi. Qarangki, ularning o’zlari ham bir-birlarini “xoinlar”, der ekanlar. Albatta orqavorotdan.

“Bu odam avval sho’rolarga ishladi. Keyin AQSh razvedkasiga. Endi esa, Karimovga ishlayapti. Asl xoin shu bo’ladi”

“Ana uni yaxshi taniysiz-mi, otasi ham o’zi ham kommunistlar bilan aloqada bo’lgan. Ulardan pul olib bizni sotib turgan.”

“Bu odam olim emas. Yozganlarini hech kim tan olmaydi. Tarix bu ilm. Bu odamniki esa, quruq gap. U asli o’zi yashayotgan davlatga sotilgan. Bo’lmasa, kommunistlar yomon ekan, nima bugungi hukumat ham yomon-mi?”

Bunday gaplarni deyarli har kun eshitish mumkin. Bugun o’zbek muxolifatining xorijdagi vakillari bir-birlarini (CNBchi) MXXchi, deb ayblashar ekan, bu kasal yangi emasligini ta’kidlamoqchimiz. Hali vaqt kelib ular ham qo’shaloq “xoin” bo’ladilar. Bunisi oldinda.

4. KEYINGILAR

Yuqorida avval hijrat qilgan o’zbeklar va bugun taqshqariga chiqqanlar nima sababdan birlasha olmaganlari sabablarini keltirdik. Xo’sh keyin chiqqanlar o’z oralarida nega birlasha olmaydi, nega tarqoq va yuzko’rmas bo’lib ketdilar. Menga ko’ra buning ham bir qancha sabablari bor.

Birinchidan, keyin chiqqanlarning aksariyati muxolifat bilan va yoki muxolif qarash bilan bog’liq. “ERK” va “BIRLIK” tashkilot sifatida tobora kichrayib, ko’rinmas nuqtaga aylanib borsada uning rahbarlari o’rtasidagi kelishmovchilik kuchlanib boraverdi. Ular boshqalarni ham, jumladan o’zlarini tark etgan sobiq safdoshlarini ham bu botqoqa tortishga urindilar. Ba’zan tuhmat va ba’zan fitna bilan xorijdagilarning orasiga qutqu soldilar. Bu holat, bu kelishmovchilik boshqalarning ham o’rtasiga sovuqlik tushirdi.

Ikkinchidan, otdan tushsa ham egardan tushmaslik kasali ularni ajratib, parchalab yubordi. Hamma o’zini aqlli, boshqalarni axmoq, deb o’ylashi bilan birga, “Birlik” va “ERK”miz deganlar ochib qo’ygan va boshqargan internet sahifalaridagi mehmonlar kitobi, forumlar orqali bir-biriga ig’vo va tuhmatlar qilish bilan ovora bo’ldilar. Na mehmondorchilikning va na mehmonning izzati qoldi. Bu Karimov rejimiga ham qo’l keldi. Rejim odamlari ham bu sahifalardan yaxshigina foydalandilar.

To’rtinchidan, o’zbeklar qachon birlashgan edilar-ki, endi birlashsinlar, degan yot qarash hammalariga singib ketgan.

Va beshinchidan, dunyodagi barcha muxoliflarni bir-biriga muxolif qilgani kabi pul biznikilarni ham bir-birga dushman qildi. Sen ko’p olding va men kam oldim, degan an’anaviy ayblovlar ularni asosiy maqsad va harakatlaridan ustun keldi.

Bularning hammasi esa, bir bo’lib, xorijdagi o’zbeklarni O’zbekistondan uzib, xorijliklarga aylantirdi va ular o’zlari yashagan mamlakatlarining oddiy fuqarolariga aylanib qola boshladilar. Endi ular tilda har qancha vatanparvar bo’lsalarda, amalda xorijliklar edilar. Kelajakda ham ular O’zbekistonga faqat mehmon bo’lib, ha, faqat mehmon bo’lib borib kelishlarini hozirdanoq qo’rqmay aytaverish mumkin.

5. EGARDAGILAR

Ilgari xorijga chiqqanlar orasida tanilgan, ko’zga ko’ringanlari doim o’zaro mushtlashmagan bo’lsalar ham orqavorotdan doim bir-birlarini xoin yoki axmoq, deb ayblab yurganlarini yuqorida ta’kidladik. Hatto o’ladigan kunlarida ham bir-birlarini kechirmay o’lib ketmoqdalar. Ular Turkiston uchun birgalashib kurashish haqida ko’p gapirsalarda aslida ayri-ayri, yakka-yakka tarzda kurashni afzal ko’rganlar. Yoki kurashmoqdaman, deb o’zlarini ovutganlar. Asosiy kuch-quvvatlari bir-birlarini yomonlashga sarf bo’lgan.

Masalan, oqsoqollardan biri bilan gaplashib qolsangiz: u hammani qutqazgan, u hammaga yaxshilik qilgan, hammani ish bilan ta’minlagan, faqat uning bir o’zigina Turkiston ozodligi uchun kurashgan, O’zbekistonni u mustaqil qilgan… olmoniyalik Boymirza Hayit uning uchun dunyodagi eng yomon odam, AQShlik Ergash Buloqboshini go’rida ham tinch qo’ymaydi…

Boshqalar bilan gaplashsangiz, buning aksini eshitasiz.

Karvonning boshi shunday bo’lgach, davomidan nima istaysiz, degim keladi-yu lekin hali davomi davom etmoqda-da.

6. MEHMONDORChILIK

Bugun Virjiniada yashayotgan akaxonning hikoyasi: “Biz Amerikaga kelganimizda Vashington shtatining poytaxti Siatle(Seattle) shahrida yashay boshladik. Mahalliy do’stlarimizdan biri mehmonga taklif qildi. Bu bizning Amerikada ilk mehmonga borishimiz edi. Kun bo’yi tayyorgarlik ko’rib katta hayajon bilan bordik. Mezbon esa, hali tayyorgalik ham ko’rmagan ekan. Ancha vaqt ostonada qoldik. U uy kiyimida bamaylixotir chiqib kelar ekan, nega qarab turibsizlar, kiringlar, dedi. Biz ichkariga kirib qaerda o’tirishni ko’zlay boshladik.

-Nega qarab turibsizlar, o’tiringlar,-dedi u.
Men stolning narigi chetidagi o’rindiqqa o’tirdim. Mezmon menga ajablanib qaradi-da׃

-Bu erdan tur, bu mening joyim,-dedi.

Noqulay ahvolga tushib qoldim. Sekin joyimdan qo’zg’alaman, deganimga ham qaramay kela solib, xuddi o’rindiqning ustida oltin boru u quriq qolganday o’tirib oldi. Menga qaerga o’tirishimni ko’rsatmadi ham. O’tirishi bilan men do’konma do’kon yurib tanlagan va maxsus qog’ozlarga o’ratgan hadyani sharaqlatib ocha boshladi. Ochdi-yu׃

-Bundan to’lib ketgan uyim, garajga chiqarib quyganman. Olib ket, balki o’zingga kerak bo’lib qolar,-dedi.

O’rnimdan turg’izgani bir shapaloq urganday bo’lgan bo’lsa, endi bunisi tepgandan ham oshib tushdi. Badbaxt, yoqmas ekan, mehmon chaqirib nima qilasan, ahvoling shu bo’lsa, deb o’ylarkanman:

-Nega qizarib-bo’zarib ketayapsan, biror ishingni unutdingmi, istasang borib kel, yoki telefon qil,-dedi-da qo’liga gazetani olib o’qiy boshladi. Men ketishimni ham ketmasligimni ham bilmasdim.

Xullas, shundan keyin mehmonga chaqirishsa bormasdanoq “Rahmat” deb qo’yadigan bo’ldik.”

Uzoq suhbatlarimizdan keyin bildimki, mezbon asli haqiqiy amerikalik emas, balki otasi va onasi Yugoslaviyadan kelgan ekan.

7.DARSDA

O’zbek tilidan dars berar ekanman, madaniyatlar o’rtasidagi ana shunday farqliliklar haqida gaplashsak, talabam׃

-Amerikada har joyda har xil, mamlakatning ichkarisiga kirib borsangiz sizlarning madaniyatdagi kabi mehmondorchilik, izzat ikrom bor, -dedi.

Darhaqiqat, besh barmoq bir bo’lmaganidek, muhojirlar mamlakatida ham hamma har xil edi. Masalan, shu talabamning o’zi ham. Men dars bergan joyda sinfda talaba bir yoki ikki nafar bo’lardi. Tilni tez o’rganish uchun ular yakka tartibda dars olishni istardilar. Men tushlik ovqatni uydan olib kelardim. Tushlikka chiqishimiz bilan u kelib ovqatimga qarab turardi, o’zbekchilik yoddan chiqarmidi,

-Qani marhamat,- deyishim bilan u mening ovqatimni ey boshlaydi. Men esa, iymanib qarab turaman. Keyin ovqatni ko’proq olib keladigan bo’ldim. U oldin men bilan ovqatlanadi, keyin esa, ko’zini lo’q qilib o’zinikini ey boshlaydi. Bersa ham ko’nglim tortmaydiyu lekin indamagani alam qiladi. Ha, ertaga ko’rasan, deb qo’yaman, lekin ertasiga “marhamat” deb yuborganimni o’zim bilmay qolaman. Madaniyatlar haqida gaplashganimizda esa, u Amerikaning ichiga borsangiz xuddi sizga o’xshab, qani bizning ovqatdan ham tatib ko’ring, deydiganlar ko’p, deydi.

Olti oy ana shunday o’tdi. Yolg’on bo’lmasin , oxirgi kunlar edi, u bir olmani ikki bo’lib yarmini menga uzatdi. Xursand bo’lib ketdim. Olib eyman desam, po’sti archilmagani u yoqda tursin yuvilmagan ham ekan. Do’konda yopishtirilgan yaltiroq qog’ozchasini ko’rib, buni yuvib kelay, keyin eyman, deb tashqariga chiqib ketdim. Olmasini uloqtirib sinfga qaytib kirganimda u׃

-Bekorga ovora bo’ldingiz, domlajon, men buni yuvib, keyin sotishadigan do’kondan olganman,- dedi.

-O’zbekistonda ham mamlakatning ichiga borsangiz olmani yuvib, keyin sotadiganlarni ko’rib qolasiz,-dedim kinoya bilan. Lekin kinoyani tushunadigan bormidi?

Ammo odatlarimizni o’rgangandan keyin bu talabam manzirat va o’zgaga hurmatni o’zbekdan ham o’tkazadigan bo’ldi.

8. GO’ShT OLARKAN

Karimjon Amerikaga kelganda boshi aylanib qoldi. Do’konga borsa go’shtning yuz xil narxi bor. Masalan, mol go’shti kalla qismidan dum qismiga qadar turli-turli baholarda sotilar ekan. Hammasining o’z nomi va o’z bahosi bor. Bunga “tishi” o’tmasligini tushundi-da eng arzonini qidirdi. Arzoni qiyma go’sht ekan. Narxi 1 dollar 58 sent. Kelgan mamlakatidagi narx bilan solishtirdi. Arzon tushganday bo’ldi. Demak, qimmatrog’ini olsam, bo’ladi, deb o’yladi u. Xullas, o’rtachasidan birini tanladi. Lekin go’shtning og’irligi taxminidan engilga o’xshardi.

Bu qistaloqlar tarozidan urgan ko’rinadi, deb boshqalariga qaradi. Bu hammmasidan ham urib qolishganga o’xshaydi deb o’yladi. Borib janjal qilay desa, til bilmaydi. Olmasa, bugun mehmon keladigan. Dardini ichiga yutib, olib keldi. Kechqurun Amerikada anchadan beri yashaydigan o’zbeklar xush keldingizga kelishdi. U׃
-Amerikaning ham o’zimizdan farqi yo’q ekanku,- dedi,- Bizda qassoblar yashirib urishadi, bu erda esa istaganini yozib yana ochiq qo’yishar ekan.

-Unday bo’lishi mumkin emas. Bu erda bir gramm urib qolsa, xaridor darhol sudga berib, do’konni sharmanda qilish u yoqda tursin, bir qop pulini ham tortib oladi. Buni maxsus qidirib yurganlar bo’ladi. Shu sababdan bu ishlar juda qattiq nazorat ostida bajariladi va hech kim urib qolishga jur’at qilolmaydi,-dedi mehmon.

Karimjon u desa, bu deyishdi, bu desa, u deyishdi. Ko’rsatay desa, xotini go’shtni qozonga solgan. Keyin bir zumga tashqariga chiqqan bo’ldi-da uyining yonidagi do’kondan go’sht olib keldi.

-Mana buni tortib ko’ringlar, balki do’konni sudga beradigan odamlar kelmay qolgandir,-dedi u kinoya bilan.-Shu ikki kilo chiqadimi?

-Yo’q,- deyishdi mehmonlar.-Bu ikki paund. Bir kilodan ham ozroq. Bir paund esa, 453 gramm.

Mehmonlar o’zining ustidan qah-qah otib kulishlarini kutgan Karimjon yana bir ajbalandi.Ulardan biri:

-Bu kunlarni biz ham yashaganmiz,-dedi.- Bu erda hamma narsa bizdagiga teskari. Hech qaerda narsalar kilolab sotilmaydi, litrlab, metrlab o’lchanmaydi.

-Tag’in mashina olsangiz O’zbekistondagi kabi soatiga 80 kilometr tezlikda haydayman, deb o’ylamang. Bu erda tezlik ham mil hisobida. 55 atrofida haydasangiz O’zbekistondagi 80 bilan baravar bo’ladi,-dedi mehmonlardan biri. Boshqasi ilova qildi:

– Hali ko’rasiz bu erda o’g’lingizni uylantirganda ham soliq to’laysiz.

Lekin bu soliqlar oxir oqibatda yana sizga qaytadi.

9.QARZGA BOTGAN O’G’IL

Salimbek Amerikaga joylashgach, otasini mehmonga chaqirdi. Juda ko’p qiyinchiliklardan keyin ota arang etib keldi. O’g’lining hayoti yaxshiligi, dang’illama uyi, bir nechta mashinasi borligidan sevinib ketdimi yoki yo’l og’irlik qildimi, birdan yurak xurujiga uchradi. 9-11 ga sim qoqishdi. Ikki daqiqaga qolmay “Tez yordam” etib keldi. Har ehtimolga qarshi o’t o’chiruvchilar, politsiya xodimlari ham kelgandi. Bu bir qoida. Otani gospitalga olib ketishdi. Darhol amaliyotga oldilar. O’g’ilni esa, do’xtirlar so’roq qilardi.

-Otangizning sug’urtasi bormi?
-Yo’q, u kishi mehmon bo’lib kelganlar.
-Mehmon bo’lib keladigan odamga oldindan sug’urta olish kerak.
-Bilmasam.
-O’zingzining sug’urtangiz bormi?
-Bor edi, yaqinda ishni almashtirdim. Bu erda olti oy ishlasam, keyin sug’urta berishar ekan.

Xullas, so’roq yarim tungacha davom etdi. Boshliqlariga telefon qilgan do’xtirlar Salimbekning hujjatlaridan nusxa olishdiyu indamay qo’yishdi. Ikki kundan keyin otani javob berishdi. Yurak amaliyotidan keyin ham ikki kunda javob berishlariga u hayron bo’lmadi. Chunki o’zi ko’richak bo’lganda amaliyot ertalab o’tgan bo’lsa, tushdan keyin uyiga jo’natishgandi.

Otasini uyda saqladi, yana do’xtirlarga ko’rsatishiga to’g’ri keldi. Shu orada gospitaldan qog’oz keldi. 70 ming dollar to’lashi kerak ekan. Yana tavsiya qilishibdi׃ agar qiynalsangiz oyma-oy to’lang va bir yilda uzing deya. Aks holda ish moliya tarixi markaziga havola qilinar ekan.

Moliya tarixi markazi butun amerikadagilarning moliyaviy tarixlarini yaratadi. Agar uy olaman desangiz, bankdan pul olaman desangiz, mashina xarid qilaman desangiz, xullas, ba’zan yo’talaman desangiz ham shu joyga murojaat qilishadi. U erdan esa, bu kishining qarzi bor, degan ma’lumot keldimi, tamom, bir narsa qila olmaysiz. Siz bilan tirjayib xayr – ma’zur qilishadi.

Moliya markazidagi qarz miqdori esa, ko’payib boraveradi, jarimasi, foyizi bilan. Ora-sira sizga xat ham kelib turadi. Juda muloyimlik bilan yozilgan xat. Agar qarzingizni to’lay olmayotgan bo’lsangiz, biz orada vositachilik qilamiz, degan. Qarzdan o’lib ham qochib bo’lmaydi. O’sha kuni uy joyni, molk mulkni olib qo’yishadi. Salimbekning ishi hozir sudda.

Birinchidan, otasining vizasi o’tib ketibdi.

Ikkinchidan, otasini chaqirganda qo’l qo’ygan qog’ozlarda sug’urtasini ham olaman, degan joyi bor ekan. Hukumatni aldagan bo’lib chiqayapti.

Uchinchidan, qarzi masalasi. Sudga advokat olgan ekan. Uning ham pulini to’lolmay yurganmish.

10.KASAL BO’LGANDA

Karimjon kasal bo’lganidagi voqeani hikoya qilib berdi: “Amerikaga kelganimning ilk haftasi edi, chamamda, haroratim oshib ketdi. Do’xtirga bordik. Sug’urtang bormi, deb so’radi. Yo’q, dedik. O’ylab ko’rdida, bir joyga telefon qilib, qo’limizga adres berdi.

-Borsangizlar u qabul qilishi mumkin,- dedi.

Mening jahlim chiqdi. Ahvolim og’irlashib borayotganini amallab tushintirgan bo’ldim. Uning esa, faqat “Money”- “pul” degan so’zini tushunardim, xolos.

Keyin shu erdan ilgari kelgan o’zbeklardan biriga telefon qildim. U ishda ekan. Xotini bilan gaplashdim. U ham inglizcha bilmayman, dedi. Lekin tushintirib berdi. Amerikada yo sug’urta bo’lishi kerak ekan, yoki katta pulingiz. Bizni olib kelgan tashkilot bir oy ichida sug’urta qilib berishi kerak ekan. O’shanda do’xtirga borsam, bo’lar ekan. Ungacha o’lib qolamanmi, dedim-da pul olsa olsin, deb haligi do’xtir bergan adresga bordim.

Vetnamlik do’xtir ekan, darrov qabul qildi. Oz-moz ruscha ham bilar ekan. Haroratimni o’lchab 101 bo’libdi, yuqori, dedi. Esim chiqib ketay dedi. 41 bo’lsa odamga bir kor-hol bo’ladi, deyishganini eshitgandim. Balki termometri buzuqdir?! Yana bir marta o’lcha, dedim. U termometrni qo’ltig’im ostiga emas, og’zimga qo’ydi. Balki shuning uchun 101mikan? Og’zimdan olib qo’ltig’im ostiga qo’ydim. Do’xtir kuldi. Unga nega kulasan, desam:

-Sen yaqinda kelganga o’xshaysan,-dedi u yarim ruscha qilib.- Sizlarda tselsiyada o’lchanadi bizda esa, farangeytda . Agar 101 dan 30ni ajratsang 71 bo’ladi. Uni ikkiga bo’lsang 36,5 bo’ladi. Unga ikki qo’shsang 38,5 bo’ladi. Bu esa, sening harorating, dedi. Bu biroz taxminiy o’lchov, ammo men senga buning grafigini beraman, deb qo’limga bir qog’oz tutqizdi.. Suvga muz solib ichib turishimni, agar haroratim juda oshib ketsa, vannaga muz solib ichiga kirib yotishimni aytib, dori yozmasdan anchagina pulimni olib, chiqarib yubordi.

Yodimga rahmatli onam keldilar, haroratim oshishi bilan ko’rpaga o’rab, issiq saqlardilar. Hech sovuq narsa bermasdilar. Do’xtir kelib tomog’ing og’ribdi, sovuq ichma, deb bir ukol qilib ketardi, bas. Amerikada esa, teskarisi ekan. Odam o’sha, kasallik o’sha, ammo qolgan narsa hammasi boshqa…”.

Karimjon boshqalar Amerikaga kelsalar oldindan sharoitni o’rganib, keyin kelishlarini, biznikilar esa, borganda ko’ramiz, bilan shu kuyga tushishlarini ilova qildi. Balki shundaydir…

11.ALIFBO VA HAQIQAT

Karimjon yuqoridagi kabi mashmashalarga chek qo’yishning bitta yo’li bor, u ham bo’lsa avval ingliz tilini o’rganishim kerak degan fikrga keldi. Kollejlardan biriga bordi. Olti oy har kuni ikki soatdan o’qisa, qariyb ming dollar to’lashi kerak ekan. O’zbekistondagi imkoniyatlarni o’ylab, ichi yondi. Oqar suvning qadri yo’q, deganlari shu bo’ladi. Unga ingliz tilini o’rganish uchun qulay sharoitlar chiqqandi. Lekin u Amerikaga borsam, darrov qo’shilib ketaman va o’rganaman, deb xayol qilgandi.

Mana uch oydan beri shu erda va haliga qadar ikki kalima o’rgangan emas. Bu erdagi o’zbeklarga qarasa aksariyati o’n yillar davomida ham o’rganishmagan. O’zlari aybdor, deb o’yladi. O’qisalar o’rganar edilar. O’qimagandan keyin nima bo’lardi? U pulni sanab berdi-da sinfga bordi. Amerikadagi ingliz tili o’ziga xos bir mo’jiza ekanini u sinfda angladi. O’qituvchi boshqa so’zni yozardi va boshqacha o’qirdi. U avvaliga ruslar ham “o”ni “a” deb o’qirdilar, o’rganib ketgandik, buni ham o’rganamiz deb o’yladi. Lekin qiyin bo’ldi. O’qituvchi taxtaga “enough” degan kalimani yozdi va Karimjonga,

-O’qi, dedi. U qiynalib׃

-Inak, -dediyu o’zi ham hayron qoldi. Inak degan so’zni qishlog’ida eshitgandi. Boshqa joyda sigir deyishardi. O’qituvchi yana o’qitdi. U yana og’zini to’ldirib “inak” dedi. Uchinchi martasida xatosini sezib qolganday bo’ldi. Voy kallavaramey, “g”ni “k” qilib o’qib yuboribmanku? U endi “inag” deb o’qidi. O’qituvchi, boshini chayqadi-da tushuntira ketdi,

-Bu ispan yoki rus tili emaski, qanday yozilsa shunday o’qiysizlar. Bu “inaf” deb o’qiladi.

Karimjon “yoppiray” deb yoqasini ushlab qoldi. Bu qanday qilib “inaf” deb o’qiladi? Bu erda “f” harfi yo’q-ku. Xullas, “inaf” degani “etar” degani ekanini o’rganib olibdiyu ammo yozishida hozirga qadar xato qilar ekan.

Keyin qarasa bu asosan shunaqa ekan, deyarli hamma so’zlar boshqa yozilib, boshqa o’qiladi, boshqacha talaffuz qilinadi. Masalan bitta “A” harfini uch joyda uch xil talaffuz qilishga to’g’ri keladi. Yoki “C” harfini bir joyda “K” deb o’qish kerak, boshqa joyda “C” deb. “I” harfini bir joyda “I” deb o’qisangiz, ikkinchi joyda “Ay” deb o’qishingiz kerak va qaysi holatda qanday o’qiladi, degan qoidalar ham yo’q va borlari ham hayotga to’gri kelmaydi, odamlarning ogg’ziga qarab yodlashingiz kerak. Nega bunday, desa, hech kim javob berolmaydi. Bu erda xalq muhofazakor. Bor narsalarni yo’qotishni, islohotni istamaydi. Bir paytlar bitta “f” harfini isloh qilaylik, degan prezident oz qolsin xalq dushmani, deb e’lon qilingan ekan.

Xullas, Karimjon boshqa hamyurtlari qatori “oson” yo’lini topdi. O’rganmaslikka, kasal bo’lmaslikka, mashina minmaslikka qaror qildi. Lekin…

12.ORIY

Otasi Andijon taraflardan Afg’onistonga o’tgan va o’zi qariyb 20 yildirki Amerikada yashayotgan bir o’zbekning uyida mehmonda bo’ldim. Agar Turkistonliklar to’planishsa yo tojikcha va yoki turkcha gapirishlaridan xunob bo’lib, o’zbekcha gapiraylik, deb yuradigan bu odam anchagina ziyoli ham edi.

-Biz oriylarmiz dedi,-dedi u menga.

-Qanday qilib? Oriy degani hind- evropalik degani emasmi?- ajablandim men.

-Yo’q, bu g’arbliklarning tushunchasida, bizda esa, oriy degan oliy irq mansubi degani…

-Olmonlar ham o’zini oriy, deb hisoblagan.

-Olmonlar yahudiy bo’lmagan hamma xalqlarni ham oriylar, deb atashgan. Ammo biz oriylarmiz. Faqat cho’l savdolisi Shayboniyxon Samarqandni bosib olib, Boburiylarni quvg’in qilgach, biz bu nomni yo’qotdik. G’arbda oriy degan kalimaga izoh berilar ekan, Hind-Evropa ma’nosida Boburiylardan boshlanadigan va Eronga qadar uzangan zaminni nazarda tutadilar,-deya tushuntirgan bo’ldi u.

Men esa, Tojikistondan misol keltirdim. Olimlarini bir tomonga qo’ying, siyosatchisi Imomali Rahmonov ham, “Tojiklar-tarix ko’zgusida” deb nomlangan va 1996 yilda uch tilda nashr etilgan kitobida tojik degani oriy deganidir, deydi, demak biz ham tojik bo’lib chiqamizmi, Sadriddin Ayniy ham tojiklarni oriylar, deb yozadi, -dedim.

-Rahmatli Ayniy faqat Samarqand eroniylari oriylardir deguvchi, edi,- dedi xuddi Ayniyni yaqindan tanigandek.-Ammo uning maqsadi asl kelib chiqishi turk bo’lgan va Boburni Shayboniydan himoya qilish uchun Samarqandga kelgan eroniylarni ham tojiklarga yaqinlashtirish edi. Vaholanki, bu eroniylar, Shoh Ismoil hukmron bo’lgan Xurosondan, bugungi Eronning Ozarbayjon va turkmanlar yashaydigan qismidan kelishgandi.

-Xo’p bu boshqa masala, lekin bugun biz oriylarmiz, desak, ustimizdan kulishmaydimi?- deya so’radim men.

-Bugun O’zbekistonda kimning kimligini aniqlab bo’lmaydi. O’zbekiston nomini Lenin bergan, Turkistonni parchalagan. Biz bugun yo Temurni tan olishimiz yoki Shayboniyxonni. Temurni tan olsak oriyligimizni tan olgan bo’lamiz. Shayboniyxonni tan olsak, oriyligimizdan voz kechib cho’l badaviysi bo’lamiz.

Bu suhbatni radio uchun yozgandim ammo radioga bera olmadim. Chunki meni irqchilikda ayblagan bo’lardilar.

13.O’ZBEKSOTARLAR

Mustaqillikning o’ninchi yilligi nishonlangandan so’ng oradan bir oy o’tib shu ibora paydo bo’ldi. Gap shundaki, AQShda 2001 yil 11 Sentyabrda uchqichlar bilan Amerika ramzlari hisoblangan binolarga hujum qilingandan keyin jilovi tortilgan erkinliklardan biri bu erda g’ayriqonuniy yurgan muhojirlarni ushlash bo’ldi.

Ushla-ushla borar ekan, matbuotda bir xabar paydo bo’ldi. O’zbekistonlik bir er-xotin yosh-yosh o’beklarni olib kelib, Amerikada sotishar ekan. Sotish deganda tabiiyki qul kabi sotib yuborish emas, balki ularni quldan ham battarroq shaklda sotish, ya’ni ularning vujudlari hisobiga pul qilish bilan shug’ullanishar ekan. Politsiya vizasi o’tib ketgan fohisha qizlardan ayrimlarini ushlagach, ipning uchi egalariga, ya’ni er-xotinga borgan va ular ham qo’lga olingan. Er-xotin oliy ma’lumotli bo’lib, ingliz tilini yaxshi bilishgani uchun va qizlar bilishmaganidan foydalanib ularning ustidan pul qilar ekan.

Umuman mana shunday “xizmat”larning juda ko’p turi tarqalib qolgandi. Masalan, O’zbekistondan ilgari Amerikaga kelgan bir kishi men shirkat ochganman, sizlar ishlaysizlar, deb o’nlab yoshlarni olib kelar, ularga eng og’ir ishlarni qildirib soatiga 1-2 dollardan to’lar ekan. Aslida esa, bu ish g’ayri qonuniy. U odam bu ishni o’zim qilayapman, deb soatiga 15-20 dollardan olgani holda bechora yurtdoshlariga o’n baravar kam haq to’lar ekan. Yana og’zini to’ldirib vatanga xizmat qilayapmiz, deyishiga qoyil qolasiz.

Aldanganlar nima qilishsin, kimga shikoyatga borishadi? Borishsa, o’zlarini qamaydi. Chunki vizalari o’tgan, g’ayriqonuniy ishlab yuribdilar va hokazo.

Qo’lga tushgan er-xotin haqida yozgan jurnalist “O’zbeksotar o’zbeklar” degan iborani ishlatgandi. Uni o’qigan o’zbekistonlik bir tanishim esa,:

-Nima qipti, Buxoroda chet elga jo’nataman, deb pulini olib, o’zlarini bo’laklab tashlagan voqea bo’ldi, Toshkentda mushuk go’shtini eganlar o’rtaga chiqdi, pul uchun ota-onasini so’yganlar ham bo’ldi, ularning oldida bu hech narsa emas-ku,- dedi.- Bu ham mustaqillik “sharofati”. Balki haqiqiy mustaqil bo’lish uchun shunday ko’chalardan o’tishimiz kerakdir?

Meni esa, bu voqeada ko’proq Amerikaga kelgan, qorni to’q odamlar o’z millatidan bo’lgan bechoralarni sotishgani, ya’ni o’zbeksotar o’zbeklarga aylanishgani o’ylantirardi.

14.IShTONSIZ…

Ishtonsizning tizzasi yirtiqqa kulganiga qara, degan gapni ko’p eshitgansiz. Yoki avval o’zingga boq, keyin nog’ora qoq, deydilar. Xullas, bu kabi gaplar bejiz aytilmaganini ham bilasiz.

Bunga yana bir misol. Amerikaga 20 yil oldin Saudiya Arabistoni orqali kelganlardan biri jon jahdi bilan hammani dinga da’vat etar, har kimdan bir kofirlik belgisi topgan bo’lib gap qilardi.

“Falonchining qizi yalang’och yurganmish, musulmonlikni ham bir pul qildi bu badbaxtlar!”

“Ana uning o’g’li inglizga uylanganmish, suf sanday musulmonga!”

“Agar Amerika ovqatlaridan qo’yadigan bo’lsalaringiz davralaringizga bormayman!”

“Sobiq mudirimni bilaman, har kun ichmasa uxlay olmaydi, hamma vaqt og’zidan ichkilik sasib turadi!”

Bular uning lug’at xazinasidan zarralar, xolos.

Bir kuni O’zbekistondan mashhur bir xonanda bilan raqqosa keladigan bo’ldi va mahalliy o’zbeklarga sizlar ularga bir joy qilib beringlar va ular sizlarga kontsert qo’yib beradi, deyishibdi. Bir ma’rakada shu gap ochilib qoldi. Haligi odam׃

-Bizning ota-bobolarimiz kontsertsiz o’tgan, agar sizlar shunga rozi bo’lsalaring, mana-men ketdim, -deb ma’rakani tashlab ketdi.

Uyning egasi׃

-Nimaga bu gapni ochdingizlar, endi kim duo o’qiydi?- deb turgandi darhol mulla ham topildi va ish bitdi.

Oradan ikki oy o’tgach, bir to’yga bordik. Yarim yalang’och bir qiz to’yning boshidan oxiriga qadar o’rtadan chekinmasdan o’ynadi.

Biz bilan o’tirganlardan biri׃

-Otasining gapi qilichdayu bolasiga pichoqday ham ta’sir qilmaydi. Har kim ko’rpasiga qarab oyoq uzatsa yaxshi bo’lardi,-dedi.

Men u kishing o’zlari to’yga kelmadilarmi?- deb so’radim.

-U kishining qoidalari bo’yicha to’yni ham musiqasiz o’tkazish kerak ekan,-dedi haligi kishi.

Mening esa, yodimga qizi amerikalikka to’ysiz tegib olgan bir kishinig gapi tushdi:

-Falonchinig o’g’li amerikalikka uylanibdi. Ertaga to’ymish. Xudo insof bersin odamlarga!-degandi u.

15.VAQT

Amerikada yashayotgan o’zbeklarning qaysi biri bilan gaplashsangiz, “Amerikalik bo’lib qoldik” deydi. Bu esa, bordi-keldiga, ko’ngil ochar o’tirishlarga, to’ylarga vaqt qolmayapti degani.

Kimdir qarzlarini to’lash uchun etti kun ishlashi kerak. Bu erda istagan vaqtda ishxonadan chiqib ketolmaysiz, to’g’risi istagan vaqtda keta olasiz, ammo yo maosh ololmaysiz va yoki ishdan quvilasiz. Buning ustiga ish soatlari sizga ko’ra emas, ishxonaga ko’ra tuziladi. Kimdir yarim tunda ishga borsa, kimdir yarim tunda ishdan keladi. Dam olish kuni bo’lganlarning shu kunga to’plangan tashvishlari ko’p bo’ladi.

“Amerikada hamma narsa bor, ammo qidirsang hech narsa yo’q” degan iborani tez-tez eshitasiz. Bu esa, dam olish kunlari do’konma-do’kon yurish, kerakli narsaning ham yaxshisini, ham arzonini qidirish kerak degani. Ham yaxshi, ham arzon narsa kam. Yaxshi bo’ldimi qimmat bo’ladi. Yana o’sha gap: vaqt pul. Uni yo’qotgan sayin pulni ham yo’qotaverasiz.

Mehmon chaqirsangiz uning vaqti sizga to’g’ri kelmaydi, sizniki unga. Yana har kim har erda yashaydi. Orada 50-60 kilometr masofa bor. Qolaversa, o’zbeklar diniy turmushlari jihatidan ham bo’linishgan. Bittasi ichkilik ichsa, ikkinchisi namoz qiladi. Ikkalasi ham bir-birini ko’rsa, itni ko’rgandek g’ijinadi. O’ziga to’g’risi bo’lsa, nima qilaman shular bilan vaqt o’tkazib, deydi-da dengiz sohilidagi uylardan kiraga olib qo’yadi va bo’sh vaqti bo’ldi, deguncha xotinini olib, o’sha yoqqa ketadi. To’y-ma’araka ham ana shundan kelib chiqib, qanday bo’lishini tasavvur qilavering.

Shunga qaramay O’zbekistondagidan yaxshi shekilli, hamma bu tomonga kelaman, deydi.

16.XUDOGA ShUKUR

“Birlik”ning mehmonlar sahifasida mittigina sahna asari paydo bo’ldi. Menga yoqdi. Shu kundagi manzarini chizib berishga uringandi muallif. Lekin muallif asl ismini yashirib, ismini “Birov” deb yozgandi. Mana o’sha asar:(Aynan nusxa)

21. Name: Birov ,
Siyosiy Tomosha
Er: Uzbekiston
Ishtirokchilar:
Islom Karimov, Muhammad Solih, Abdurahim Polat, Hizbi tahrirchilar, Islomiy harakatchilar, olomon…
Karimov: Men Uzbekistonda bugundan e’tiboran demokratiya e’lon qildim. Hozir hammaga alfavit tartibida so’z beraman. So’z A. Po’latga.
A.Po’lat: Birlikni biz tuzganmiz. M. Solih sotqin. Agar u xoinlik qilmaganda…
M.Solih: Shallalqilik qilma…
Olomon ichidagi Birlikchi va Erkchilar orasida tortishuv va nizo boshlanadi…
Karimov: Jim, jim bo’linglar. So’z M. Solihga…
M.Solih: Birlikni biz tuzganmiz. Biz 90 yilda hukumat bilan murosa tarafdori edik. Birlikchilar radikal edilar…
A. Po’lat: U payt murosa sotqinlik edi endi esa, biz murosa tarafdorimiz.
Olomon yana notinch.
Karimov yana olomonni tinchitadi. So’z Islomiy harakatchilarga׃
O’IH vakili: Biz avval shariat o’rnatamiz.
Hizbi tahrirchilar: Yo’q avval halifat o’rnatilishi kerak.
Olomon ichidan “Avval shariat”, “Avval halifat” degan qichqiriqlar. “Sen xoin”, “Sen shallaqi”, “Avval shariat”, “Avval halifat” deya baqir-chaqir va to’s to’polon. I Karimov asabiylasha boshlaydi. Militsia olomonga uq otadi. Olomon qocha boshlaydi.
Sahna yopiladi.
I. Karimov: So’z olganlarning hammasini ushlanglar, qamoqqa tiqib aqlini kirgizib qo’yinglar…
May 28, 2002 at 00:54:29 (MSD)

Sahifadan aynan olganim uchun xatolarini ham tuzatmadim. Bu e’lon qilingach, o’sha kuniyoq elektron adresimga noma’lum bir kishining nomiga ochilgan adresdan maktub keldi va yuqoridagini yozishda meni ayblagan kishi bir kun albatta jazoimni olishimni ham ta’kidlagandi. Keyin “Birlik” da o’sha narsa qaytadan sahifaga qo’yilib, orqasidan qiyidagi xat paydo bo’ldi.
6. Name: O’shlik
Siyosiy Tomosha -mualifiga 5-5-5-5 baho. Mavzuni o’rganish uchun uning qahramonlari Islom Karimov, Muhammad Solih, Abdurahim Po’lat va IDU lideri Amir Tohir Foruh bilan hamtavok bo’lishni o’zi kifoya qilmasligi ko’rinib turibdi ,qachonlardur ularga safdosh bo’lganligingiz mahsuli bo’lganligi bilinib turibdi. Sizning qalamingizga mansub bo’lgan yanngi tsnariylarni kutamiz hurmatlik “JBIROV” janoblari.
May 29, 2002 at 18:35:22 (MSD)

Uslubidan tanidim, bu ilgari barcha tanqidiy gaplarni mendan ko’rib yuradigan bir tanishimiz edi. U mening badiiy narsa yozolmasligim haqida orqadan ko’p gapirganini eshitardim. Mana endi tan beribdi. Xudoga shukur. Bundan keyin muxolifat haqida o’z imzoim bilan yozganlarimdan tashqari yoziladigan barcha imzosiz badiiy asarlar ham menga tegishli, bilib qo’yinglar! Har holda endi meni plagiatorlikda(ko’chirmachilikda) ayblaydiganlar ham topilib qolar. Bunisiga ham oldindan shukur! Chunki hayotda bundan yuz, ming marta yomonroq voqealar sodir bo’ladi-da.

17.JANNATDA YaShAGANLAR

Amerikadagi qarindoshlarinikida uch oy yashab qaytgan 82 yoshli O’g’iloy momoning radio muxbiriga:

-Men jannatda yashab kelganimni bilmay qolibman,- degan gapi og’izdan-og’izga ko’chib yurdi. Buni eshitgan amerikalik o’zbek ayollardan biri:

-Biz bu erda ellikda egilib, oltmishda olinib, etmishga etolmasdan yuribmiz,-dedi.-Ammo Namanganning Kosonsoyidan kelgan momo 82 yoshda bo’lsalar ham bizlardan sog’lom edilar. Asl jannat-Vatan. U erdan kelganlar eguluk topolmaymiz, deyishadi. Nima qilasiz, egulik qidirib. Mana biz ozolmay garangmiz.

Darvoqe, Amerikadagi eng yoyg’in kasallardan biri semizlikdir. Ayol zoti borki, tashvishi ozish. Xayolidagi narsa diet. Hatto ozish uchun diet qilib, ozish kasaliga yo’liqib o’ladiganlar ko’payib qoldi. Ozish uchun ovqat emay qo’ygandan keyin vujud bir kun kelib ovqatni inkor etar va umr ham shu erda bitar ekan.

Do’xtirlarning hozirgi kundagi eng katta tashvishi bolalar o’rtasida semirishining avj olgani. Ovqatlar arzon va mazzali bo’lgani sayin bolalar semirib ketishmoqda. Bu esa, turli kasalliklar va umrning qisqarishi degan gap. Shu sababdan ham O’g’iloy momo kelganda bu erdagilar unga havas qilishgan. U esa, bu erdagilarga havas qildi:

-Tavba, birortasidan bugun go’sht yo’q, gurunch etmadi, yog’ tamom bo’ldi,-degan gapni eshitmadim,- deydi u.

Shunaqa dunyo. Jannatda ham kamchilik bor, agar rostdan ham Amerika jannat bo’lsa. Balki jannatda emas, jannatdagilarda kamchilk bordir… Biz bo’lmagan joylar biz uchun jannatmikan? Rostdan ham jannatda yashab qaerda yashaganimizni bilmay yurgan bo’lmaylik, tag’in?!

18. “MUSULMON”

R. Amerikaga kelganda ko’rdiki, diniy erkinliklar benihoya. Diniy ibodatlarga sho’ng’ib ketishi u yoqda tursin asta-sekin dinni targ’ib qiluvchi mullaga ham aylanib qoldi. Boshi ochiq yuradigan xotini va qizlari ham hijobga o’randilar.

O’g’li til chiqargan kundan e’tiboran, Qur’onni yodlata boshladi. Qaerda bir yig’in bo’lsa va qanday masala muhokama qilinishidan qatiy nazar u gapni albatta, Xudoga olib borib taqar, nomoz o’qimaganlarni eng yomon odamlar deb atar, ulardan nafrat qilishini ochiq ifoda etardi.

2001 yil 11 Sentyabr voqelaridan keyin musulmonchilikning yo’llari xira tortdi. Hech kim ochiqchasiga sen musulmonsan, deb kamsitmasada “musulmon” degan so’z “terrorist” kalimasi bilan qariyb tenglashib qoldi. Ishga olishlardan tortib, maktablarga qadar ko’rinmas bir qo’l musulmonlarni barmog’i bilan ko’rsata boshladi.

R. ilgari shialarni haqorat qilib yurar edi. Endi esa amerikaliklar bilan gaplashganda asta-sekin o’zining shia deb ayta boshladi. Bir kuni televidenielar eng ko’p terroristlar shialar ichidan chiqayotganini aytib qoldi.

U endi vaqtinchalik shia bo’lganini ham unutdi va ota- bobolarim Buxorodan, yahudiy bo’lganlar va mahalliy zulmlardan qo’rqib musulmonchilikni qabul qilganlar, deganini eshitib qoldik. Ammo hech kim uning oldingi gaplarini yuziga solmadi.

Yashash uchun kurash. Ilgari jiyani yahudiyga o’ylanib qo’ygani uchun undan voz kechgandi. Endi esa, eng yaqin odami jiyanidir. Ertaga bir kun yahudiylarni yomonlash boshlansa u nima qilar ekan?

Har holda ismini Ronald familiyasini Reygan qilib o’zgartirib olsa kerak? Ammo ko’rinishini nima qiladi? Amerikada uning ham yo’li bor. Hozir sochini bo’yagan erkaklar, yuzini amaliyot qilgan kishilar shunchalik ko’payib ketdiki…

19.ShOQOLAMUN

U Toshkentda faqat frantsuz konyagi ichardi.

-Bu ham bir madaniyat,- derdi.

Turkiyaga kelganda milliyatchiga aylanib qoldi. Chunki u tarjima qilgan bir kitob milliyatchilar o’rtasida mashhur va milliyatchilar O’zbekistondan kelganlarga alohida hurmat bilan qarar ekanlar. Buning ustiga ular hukumatda ham edilar. U O’zbekistonni yo’qotib, buyuk Turkiston qurish haqida va’z aytib yurdi.

Vaqt kechib, hukumat dindorlarning qo’liga o’tdi. Bizning siyosatchi vaqtni qochirmasdan darhol o’mraga borib keldi. Namoz o’qiy boshladi. Kecha milliyatchilarga qo’shilib turkchilik, deb yurgan bo’lsa, endi ummatchilik deydigan bo’ldi. Vahobiylikni orzu qila boshladi. O’zbekistonda islomiy davlat qurish ishqiga tushdi.

Uning “baxti”ga harbiylar bir yilda dindorlarni taxtdan olib tashladilar va kommunistlar hokimiyatni qo’lga oldilar. Bizning siyosatchi yana araq magaziniga yugurdi. Gazetalarga suhbat berib, doim orzu qilgani g’arb baynalminali ekanligi, O’zbekistonni ham shunday ko’rishi haqida gapira boshladi. U buqalamunni ham dog’da qoldirdi.

Bir kun Turkiya unga tor bo’lgach, Amerikaga kelmoqchi bo’ldi. Shu paytga qadar Amerikani so’kib yozib yurgan odam birdaniga maqtay boshladi. Hatto maxsus kurslarga borib inglizchani o’rgandi. Birdaniga u yana Amerikani so’kib yoza boshladi. Gap nimadaligini bilmay yurgandim. Yaqinda eshitsam, u Amerikaga kelmoqchi bo’lgan va unga viza ham, boshpana ham berishmabdi.

Buqalamun sharoitga qarab moslashsa, bizning shoqolamun esa, sharoitga qarab moslashish davridan o’tib, sharoitni o’ziga moslashishini istaydigan darajaga etib keldi. Ammo sharoit kimlargadir moslanishi qiyin bo’lgani uchun shoqolamunga ham oson bo’lmaydi.

20.”ALVIDO, DO’ST”

1984 yilning birinchi Dekabr kuni uyimiz yonib ketganda kelgan odam ko’ziga yosh olgandi.

“Hamma narsasidan ayrildi, sho’rliklar, endi nima qilishadi?”

“Bunday kunnni hech kimning boshiga solmasin, endi qanday qilib oyoqqa turishadi?”

“Uy-joysiz yashash mumkinmi?” kabi gaplar bir necha marta qulog’imga chalingan uning og’zidan.

Boshqalarning boshiga shunday ofatlar kelganda sochlarini yulib yig’lashganini ko’p ko’rganman. Ya’ni bu oddiy odatga aylangan. Uy-joy – Vatan. Uy-joydan ayrilib qolish esa, vatandan ayrilib qolishdek og’ir qabul qilinadi. Qolaversa O’zbekistonda uy-joylik bo’lish oson emasligi, bir umr mehnat qilib uy joyli bo’lingani uchun ham u qariyb hayot bilan teng mavqega kelib qolgan.

2002 yilning Aprel oyida AQShda Meriland shtatining bir tumanida ko’plab uy-joylarni to’fon girdobi silib ketdi. Bechoralar, endi nima qilishadi, deb o’ylay boshladim. Topgan pulini uy-joyi uchun to’lab yurgan odamlarga bizdagidan ham og’ir tushsa kerak, deb o’yladim. Ertasiga uyini to’fon girdobga tortgan bir ayolning televideniedagi gapi meni hayratga tushirdi. Muxbir undan “Bu uyda 20 yildan buyon yashagan ekansiz, shuncha yillik tarixingiz, to’plagan narsalaringiz ham bir onda yo’q bo’ldi, xayolingizdan nima o’tmoqda?” deb so’radi. Keksa ayolning yuzida hech qanday aziyat belgisi yo’q edi.

-Birinchidan, Xudoga shukur, tirik qoldim. Xudoning suygan bandasi ekanman,-deb javob berdi, hatto biroz jilmaygan qiyofada.- Agar uyim qolib, meni olib ketganda, balki men uchun fojia bo’lishi mumkin edi. Ammo u ham Xudoning irodasida. Uy-joyni sug’urta qilganman. Yangisini qurib berishadi. Uyim eskirib qolgani uchun bu Xudoning menga bir karomatidir. Aks holda qarigan chog’imda eski uyning muammolari bilan band bo’lardim-da. Mashinani ham yangisini olaman. Sug’urta uni ham qoplaydi. Uydagi hamma narsalarim ham sug’urta qilingandi. Hatto albomlarga qadar sug’urta qilib qo’ygandim. Qarigan kunlarimda yong’in-pong’in chiqib qolsa, qiynalib yurmay deb sug’urtaga bosh urgandim.

Ayol shunday deb birdan jiddiylashdi. Ko’zlarining ostiga birdan g’am cho’kkandek bo’ldi.

-Eng ko’p achinganim, bu gullarimdir. To’fon gullarimni ham yulib ketdi. Ularni biror-bir sug’urta tiklab berolmaydi. Men o’z istagimga ko’ra do’konma-do’kon yurib, olib kelib o’tqazgandim. Ancha mehnatimga kuydim. Lekin ularni ham tiklab olaman… Ammo ana u yiqilgan daraxtni qanday tiklayman? Yigirma yildan buyon bu daraxt ham bir do’stga aylanib qolgandi,-dedi.

Ayolning ko’zlarida yosh halqalandi..

Muxbir esa, maxsus xizmatchilar shoxlarini kesayotgan daraxtning yoniga borib, “Alvido do’st” dedi…

21.JAVOB

“Birlik” sahifasining “mehmonxona”siga quyidagi xatni 2002 yilning yoz kunlarida yuz kunda yuz marta joylashtirib javob surashdi. Sahifada faqat Muhammad Solih bilan Abdurahim Po’latov o’rtasida janjal borayotgandi. Shunday kezda bu ikki kishining janjali emas, deya boshqa odamning nomini ham aralashtirish janjalchilarga xos edi. Nima bo’lganda ham men javob bermadim. U sahifaga yozmayman, deb so’z berganim uchuni javobni bu kitobga kiritdim. Demak, avvalo, xat: (Xatolarini tuzatmadim, uslublarini yashirish uchun ba’zan ataylabdan xato bilan yozishadi)

“1997 yilda Pulatovning onasi ulgani munosabati bilan Pulatovnung uyiga borganbmiz. Men(meni Pulatov xam Mamatov xam biladi), Jaxongir Mamatov, Tohir Yuldoshev, Zayniddin Asqarov, Abduraxim Pulatov birga marhuma xotirasiga duo qildik. Shundan keyin nomoz qilmoqchi bulib, joinomoz suradik. Pulatov xotiniga “falonchaxon joinomozni keltiring” dedi. Falonchaxon xam “adasi bizda joinomoz nima qiladi?” deb erini sharmanda qildi. Keyin mayli namozni shunday xam qilamiz, xush, qibla qaerda deb suradi bosh mexmonimiz Tohir Yuldosh. Pulatov akamiz tipirchilab qoldi, endi qiblani topolmay sharmanda bulgandi. Undan keyingi sukutni buzgan jana Pulatov akamiz buldi. U dedi; Mayli ulgan uldi, keling endi siyosat haqida gaplshaylik, birlashgan muxolifat qilish uchun nima shartlar bor, deb qoldi.Tohir ijirganib quydi. qaytaylik bu erdan degan imo qildi. Jaxongir ancha chaqqon, darrov gapni olib qochdi. Uyga qaytganda xam Jaxongir “shu kommunist Pulatovni qoying, islomi harakat bilan birlashuvimnizni qandai qilamiz” degan suxbatga boshladi. Endi bu saitdagi Muhammad Solih haqidagi giybatlarni uqib, ajabo bu odamlarda insof bormi deb uylayman. Odam zoti shuncha yolgonchi bularkanmi deb uylayman. Agar bu gapimga e’tiroz qilmoqchi bulsa, Pulatov bilan Mamatov chiqib shu erdan desin: Xudo ursin, shunday gap bulmadi, desin. Men kechirim surajman ulardan”

Bu xat yozilarkan, mening Tohir Yo’ldosh bilan Istanbulda uchrashganimiz haqida yozganlarimga moslashga harakat qilingan. Lekin Abdurahim Po’latovning onasi o’lganda Istanbuldagi barcha o’zbeklar fotihaga kelgan, faqat Pulatov bilan janjal qilib yurganlar kelishmagandi. Ular Po’latov bilan o’rtadagi janjalni musulmonchilikdan, odamgarchilikdan ustun qo’yishgandi. Bu ham ularning xususiy ishi.

Lekin yuqoridagi xat uni yozgan odamning dindan ham bexabar ekanligini ko’rsatadi. Islomda “Uyingda joynamoz bo’lmasligi gunoh” degan qoida yo’q va yoki, “Uyingda joynamoz bo’lsin” degan farz ham yo’q. Buning ustiga Tohir Yo’ldoshlar “vahobiylik” tarafdori bo’lgani uchun namoz o’qiydigan joy muhim emas, balki namozni o’qish muhim, degan qarashni himoya qiladiganlardan. Zotan dunyodagi aksar musulmonlar namoz payti bo’lganda joynamoz qidirmaydilar. Vahobiylar joynamozni Eron zodagonlari yoki Turk sultonlari o’ylab topgan, deb hisoblaydilar. Shuning o’zi ham xat boshqa maqsadda yozilganini, ya’ni meni Tohir Yo’ldoshga yaqin qilib ko’rsatishga va bu bilan yomonotliq qilishga urinilganini ko’rsatadi.

Xatning ostida bu gaplar yolg’on bo’lsa, qasam ichish talab qilingan. Bu gaplar rost bo’lsa, nega muallif o’z ismini yashirib “Mamatov va Po’latovni tanigan musulmon” deb imzo chekdi?

Baqara surasining 224 Oyatida׃ “Yaxshilik qilish, taqvodor bo’lish va odamlar orasini isloh qilish (kabi amallardan to’suvchi bo’lgan) qasamlaringiz uchun Allohni bahona qilmangiz! Alloh eshituvchi, bilguvchidir”, deyiladi. 225 Oyatida׃”Alloh sizlarni tillaringizdagi behuda qasamlaringiz sababli jazolamaydi. Balki dillaringiz bilan qilgan narsangiz (qasamingiz) bilan jazolaydi. Alloh mag’firatli, haliym zotdir” deyiladi.

Ya’ni dilda bo’lgan haqiqat muhimdir.

22.QO’LBOLA ALIFBO

“Amerika ovozi” radiosiga kelganimda meni dastlab hayratga solgan O’zbek bo’limida qo’llanilgan alifbo bo’ldi. 1998 yilning oxiri edi va O’zbekistonda hali kiril alifbosi kuchda. Ammo lotin ham chuchmomo kabi o’sib chiqayotgan kunlar. Radioda esa, uchinchi bir alifboni ko’rdim. Dunyoning biror joyida bunaqa alifbo qo’llanilmas edi.

O’zbek bo’limi ochilganda bu antiqa alifbo o’ylab topilgan ekan. Yani bu erdagi 8-9 harf turkchada ham va eski o’zbek alifbosida ham yo’q. Nega, nima maqsadda bunday qilinganini hech kim izohlab berolmaydi. Ammo taxminlar ko’p. Alifboni “yasaganlar” esa, allaqachon olamdan o’tishgan.

Bo’lim mudiriga:
-O’ngimizda uchta to’g’ri yo’l bor. O’zbekistonda qo’llanilayotgan kiril, yangi qabul qilingan lotin yoki Turkiyadagi alifbo. Nega shulardan birini tanlash mumkin emas?- dedim.

-Kirilni bu erda hech kim bilmaydi,- dedi u,- Yangi lotin esa hozirgacha uch marta o’zgardi. Yana o’zgarishi mumkin. Turkiya alifbosini qabul qilolmaymiz, chunki bo’limimiz o’zbek bo’limi!

Uning vajlari to’g’ri. Lekin radiodagi antiqa talaffuzdan qutulish uchun ham alifboni o’zgartirish kerak edi. Masalan, radio alifbosida “Olma”, “Alma” deb yoziladi. Ya’ni “O” harfi o’rnida “A” ishlatiladi. Rus so’zlari qo’llanilganda esa, “O” harfi “O'” o’rnida qolaveradi. Shuning uchun ham o’qiganda “O”-ni “A”deb o’qib ketiladi. Natijada “boshqa”so’zi “bashqa”, “shohid” kalimasi “shahid” “bo’lib ketaveradi”. Nima qilamiz, kamina ham shu alifboni o’rgandim. Bir kun uyda radioni eshitsam, “Falastindagi janglarda to’rt kishi shohid bo’ldi,” deb o’qib yuboribman.

23. UChINChI ODAM

Radioda xabarlar yoki maqolalar o’qilganda tayyorlagan kishi “uchinchi odam” bo’lishi “qonunlashtirilgan” ekan. Bo’limda jurnalist yo’qligi, ko’pchilik tilni shu erda o’rgangani, mustaqil maqola yozadigan kishi anqoning urug’iga aylangani bois shunday qoida o’rnatilgan. Bir kuni xabarlarni tuzatar ekanman, shunday satrga ko’zim tushdi:

“Bugun Sharqiy Timorda Jahon tashkilotining 4 nafari o’ldirilgan. Bu haqda radiomiz muxbiri shunday deb aytgan.”

Men bu satrlarni:

“Bugun Sharqiy Timorda BMT ning to’rt nafar xodimi o’ldirilgani ma’lum qilindi. Bu haqda radiomiz muxbiri shunday dedi:…” shaklida tuzatdimu boshim baloga qoldi.

Birinchidan, BMT emas Jahon tashkiloti deyilsa to’g’ri bo’lar emish.

Ikkinchidan, nafar kalimasidan keyin xodimi, degan so’z ortiqcha ekan.

Uchinchidan, “dedi” deb tuzatib siyosiy xatoga yo’l qo’ygan emishman. Ya’ni muxbir menga hech narsa aytmagan, meni tanimaydi ham, u xabarlar bo’limiga aytgan emish.

– Hov baraka topgur, dunyoda yuzlab jahon tashkiloti bo’lib, har birining o’z nomi bor. To’rt tashkilot emas, to’rt kishi o’ldirilgan. Keyin muxbir xabarni bizga emas, tinglovchiga aytmoqda. Biz esa, etkazib bermoqdamiz. Bu erda “uchinchi odam” ortiqcha. Vositachilk emas, bevositalik muhim, buning ustiga o’zbek tilida nafar “ta” man’nosini beradi, yaeni sanoqni ko’rsatadi,- deganim bilan meni eshitadigan qayda.

Lekin bo’lim mudiri bu borada meni qo’llagani uchun tuzatishlarimni qabul qilganlar yutib ketdi. O’zbekchalari anchagina tuzalib qoldi.

Ha, ba’zan foyda ko’rsak ham manfaatimizga ishlagan odamga dushman ko’zi bilan qaraymiz. O’zbekmiz-da!

24. ISTASAM KULAMAN…

Gapni qitiqlasang gap tug’adi, deydilar. Yodimga yana bir voqea tushdi. Radioga ishga o’tayotgan kunlarim edi. O’zini muxolifatning “otasi” deb hisoblab yurgan bir “oshnamiz” meni ishga olmasliklarini, agar olgan bo’lsalar O’zbekiston mavzuida menga ishonmasliklarini talab qilgandi. Oradan ikki kun o’tib uning jiyani va ukasi imzosi bilan yana bir xat kelibdi. Bu safar boshliq:

-Qiziq siz bu erga bolalaringizni boqish uchun ishga o’tayapsiz, Amerikada birovning ustidan shikoyat yozishmaydi, ayniqsa ish masalasida. Agar birovning birovda da’vosi bo’lsa mahkamaga boradi,- dedi.

Ko’nglimdan “Taqsir, axir biz amerikalik emas, biz o’zbeklarmiz” degan gap o’tdiyu unga aytmasdan kulimsirab qo’ydim. Uning oldingi safar nega kulimsiraganini ham tushunganday edim. Lekin shunday bulsa ham nega kulganini so’radim.

-Bu er Amerika, Politbyuro emas, qachon shuni tushunishsa ishlari oldinga ketadi-dedi u.

U garchi Afg’onistonda ulg’aygan bo’lsada sho’rolar davrida shikoyat yozish biznikilarning qon-qoniga singib ketganini tushunib qolganiga qoyil qoldim.

Lekin u mening nega kulimsiraganimni so’ramadi. Keyin bilsam Amerikada bu ham so’ralmas ekan. Bu ham xususiy masalaga kirar ekan: ya’ni istasam kulaman!..

25.“MUXOLIFATChI”

Radioda ancha yillardan beri ishlab kelgan Ra’no opa muxolifatning bir qanoti- “ERK” haqida yozar va suhbatlarni ham o’sha tomondagilar bilan o’tkazardi. Boshliq muvozanatni saqlash uchun mendan ko’proq muxolifatning ikkinchi qanotidan intervyu olishni so’rardi. Ra’no pensiyaga ketar ekan, unga hazillashdim:

-Bundan keyin maqolalaringizni muxolifatning gazetasiga yuborib tursangiz, ular nashr etib turadilar.

Uning jahli chiqdi.

-Men muxolifat a’zosi emasman. Qolaversa, Siz menga bunaqa gaplarni aytmang,- dedi u.

-Bugunga qadar muxolifatning bir qanotini chetlab kelganingiz uchun shunday xulosa qildim-da,- dedim.

-Oldin narigi qanoti haqida yozardim, ko’p yozardim. Bir kuni Po’latovlar bilan bilan aytishib qoldik. Shundan keyin jig’iga tegish uchun bu qanot haqida yoza boshladim,-dedi u samimiyat bilan.

Nima deb qo’yganini birdan angladi shekilli, jahli chiqqan odam endi kula boshladi va:

-Nima qilasiz o’zbeklarmiz-da, shu erda ham o’zbekchilik qilib yuribmiz!-dedi.

26. MILLIYaTChI

Amerikaga kelganimni eshitgan bir o’zbek mehmonga chaqirdi:

-Bilasiz-mi, siz Amerikaga yaqinda keldingiz. Siz vatanparvar bo’lganingiz uchun sizga yaxshilik qilmoqchiman. Bu erda bitta milliyatchi, vatan uchun jonini ham berib yuboradigan bitta odam, bitta qahramon ayol bor, nima gapingiz bo’lsa u bilan maslahat qiling. U menga dugona-opa. Undan yordam oling, unga yordam bering, u bilan do’st bo’ling, boshqalariga quloq solmang, hammasi xoin,- dedi mezbonning milliyatchi nomi bilan tanilgan ayoli.

Bir kun o’sha maqtalgan ayol bilan ko’rishib qoldik. Internetda Turkiya gazetalarini ochib, o’qib o’tirgandim, menga ham ko’rsating deb, qoldi. Unga ko’proq milliyatchi ruhdagi gazetalarni ochgandim׃

-Yo’q men “Jumhuriyat”ni o’qiyman”, -dedi.

Turkiyaga kelgan kunlarimizni esladim. Bir kishi:

-Bu erda ehtiyot bo’ling, kimning kimligini o’qigan gazetasiga qarab bilishadi. Kommunist so’lchilar hech qachon “O’rtado’g’i” yoki “Turkiya”ni o’qimaydilar, ular uchun “Jumhuriyat” muqaddas hisoblanadi,-degandi…

Maqtalgan bu uning aka-ukalari kommunist bo’lgani haqida ko’p gapirishar, men esa, har kim ishonganiga e’tiqod qiladi, deb qo’yaverardim. Hali ham shu fikrdaman. Ayniqsa, Amerikaga kelgandan keyin bu fikrim yana ham mustahkamlandi. Amerikaliklar o’zga qarashlarni ham hurmat qiladilar.

Meni o’ylantirgani esa, go’yoki menga yaxshilik qilmoqchi bo’lib aytilgan gaplar edi.

Ammo ordan ko’p o’tmay haligi yaxshilik qilmoqchi bo’lgan ayol telefon qilib dugona opasini haqoratlab qoldi׃

-Sotqinga qo’shilib siz ham sotqin bo’ldingizmi?-dedi.

-Nima qilibman?

-O’shaning gapiga kirib bizni majlisga chaqirmabsizlar-ku!

O’ o’pkalagan majlisini men o’tkazganim yo’q edi. Zotan gap bunda emas, gap o’sha ayolning dugona-opasiga qarashida׃ kecha qahramon, bugun sotqin!

27.LAYOQATLI

Radioda menga tahrir ishlari topshirilar ekan, ko’p yillardan buyon o’zbek bo’limida ishlagan bir kishi “Bu ishlarga kecha kelgan layoqatsiz odamni nega tayinlaysizlar” deb rahbariyat bilan janjal qildi.

Baribir bu ishni menga yuklashdi. Aslida bu ish menga ortiqcha yuk edi. Boshqa vazifalarimni engillatmagan holda tahrir ishlarini ham yuklashgani uchun u emas men janjal qilishim kerak edi, aslida.

Ammo O’zbekistondagi tinglovchilar ko’z oldimga kelgani uchun bu ishga rozi bo’ldim. Ertasiga o’sha odam tarjima qilgan bir xabarni ko’rar ekanman “O’zbekistonda chechenlarning lagerlari bo’lib, ki Rossiya bu joylarni to’p bo’ron qilmoqchi” degan satrni o’qib, avval hayratlandim va keyin “O’zbekiston” kalimasini “Afg’oniston” qilib tuzatdim. Bir necha daqiqadan so’ng u janjal ko’tardi.

-Men bu odamni layoqtasiz degan edim, mana isboti, u nafaqat layoqatsiz, balki josuslik ham qilmoqda,-dedi.

Uning qo’lida xabarning inglizcha matni bo’lib, unda ham “O’zbekiston” deb yozilgan ekan.

-Yozgan odam adashgan,-deya vaziyatni tushintirgan bo’ldim unga.

– Sen inglizlarni hali axmoq deb o’ylaysanmi?- deya u shikoyat qilish uchun chiqib ketdi.

Anchadan keyin a’lo kayfiyatda kirib keldi:

– Teppadagilar (xabarlar bo’limi tepadagi qavatda edi-JM) ham dunyoda nima bo’layotganidan bexabar. Oz qolsin bu xabar 52 tilda o’qib eshittirilardi. Bir nechtasida berilibdi ham. To’xtatdik va tuzatdik. Hammasi rahmat aytib qoldi. Ularga xatolarini isbotlab berdim,- dedi u go’yo oradan hech narsa o’tmagandek.

Ha, bu masalada u ancha layoqatli edi.

28.”XUDOGA TOPShIRDIM !”

Biror kishidan va yoki biror narsadan jig’ibiyron bo’lsam, rahmatli Anbar buvim: “Bolam shu gapga ham ota go’ri qozixonami, Xudoga topshirdim, deb qo’y. Rabbim o’zi chorasini ko’radi” derdilar. Shu bois birovdan bir yomonlik kelsa, “Xudoga topshirdim” deb qo’yardim.
Amerikaga kelganimdan keyin radioda yoshi saksonga qarabborayotgan afg’onistonlik o’zbekdan shu gapni eshitib, garangsirab qoldim. U xayrlashib ketar ekan, “Xudoga topshirdim!” dedi. Unga nima yomonlik qildim ekan, deb o’ylab yurdim. Ertasiga ham shu gapni takrorlagach,

-Kechirasiz sizga biror yomon gap aytib qo’ymadimmi?- deb so’radim.

Bu safar endi u garangsirab qoldi. Keyin buvimning gaplarini aytib berdim. U esa ajablanib “Bizda bu gap yaxshi ma’noda aytiladi” dedi.

Ha, demak u Allohga omonat, ma’nosida ishlatgan ekan.

Biz madaniyatlar o’rtasidagi farqlar haqida ko’p gapiramiz. Bu esa, Jayxunning u sohilida ulg’aygan o’zbek bilan bu sohildan kelgan o’zbekning anglayishdagi farqlari edi. Chunki undan har safar “Xudoga topshirdim” degan kalimalarni eshitsam, garchi u buni ijobiy ma’noda ishlatgan bo’lsada ko’nglimda bir og’rinish sezardim.

29.”ILOHIM, HECh KIM EShITMASIN…”

Radidodan pensiyaga chiqib ketgan S. tinim bilmay ishlab yuradigan ayol edi. Bir kunda bir nechtalab maqolalarni ham tarjima qilib qo’yaberardi va vaqt o’tib, eskirib, ko’pi foydalanilmasdan qolib ham ketaverardi. –

Bir kun balki bo’limda hech kim qolmasa ishlatilar, deb tayyorlab qo’yamanda,- derdi u ajablangan odamga.

Ishga ham hammadan oldin kelardi va xabarlarni tarjima qilib chiqardi. Hamma kelgan vaqtda esa, xabarlar yangilanardi va u qaytadan ishga kirishardi. Bir so’z bilan aytganda juda ham jonsarak edi.

Radioga ishga kelgan kunlarim edi, u bilan birga xabarlarni o’qish uchun studiyaga kirdik. Chiqarkanmiz u:

-Xudoyim, ilohim bugun ham hech kim eshitmagan bo’lsin,-dedi.

Ajablanib qoldim va nega bunday deyishini so’radim.

-Biz bu erga ishga kelganimizdan beri har kuni studiyaga kirishda ham, chiqishda ham shunday duo qilaman. Eshitsa ustimizdan kulishadi-da. Eshitmaganlari ma’qul,- dediyu xandon otib kuldi.

Nega kuldi bilmayman, ammo eshitishmagandir, deb pensiya chiqib ketdi.

30.MOZOR

AQShga Afg’onistondan kelganlar Mozori Sharif nomini qisqa qilib “Mozor” deb gapirishadi. Bir kun xabarlarda ham shunday deb yozgan hamkasbimga bu holda yanglish ma’no chiqib qoladi, dedim.

– Biz xalqqa yaqin bo’lishimiz kerak,- dedi u.- Har bir narsaga shubha bilan qarayverish yaxshi emas.

Men baribir “Mozori Sharif” deb tuzatdim.

Oradan bir yil o’tib, (2001 yil, 16 Oktyabr-JM) BBC radiosining o’zbekcha eshittirishini tinglar ekanman, Toshkentdan Londonga borib ishlayotgan jurnalist o’qigan xabar diqqatimni tortdi.

U “Abdurashid Do’stimning askarlari Mozorga kirdi” dedi. Ya’ni Do’stum askarlari Mozori Sharifga kirib borgani haqidagi xabar edi.

Demak, bunday deyish uchun afg’onistonlik yoki o’zbekistonlik bo’lishning ahamiyati yo’q ekan, degan fikr kechdi xayolimdan.

31.ANA’NA

Chet ellarda yashagan o’zbeklar orasida bir – birini josus deb ayblash an’naga aylanganini yuqorida aytdim. Albatta, bunda jon bo’lgan. Sovet davrida KGB chet eldagi har bir “vatandosh” bilan aloqa qilishga uringan. Shu bois ham bir-birini yo’q erga ayblash an’anaga aylangan.

Men radioga kelganimda SSSR parchalanib ketganiga qariyb o’n yil bo’lsa-da yuqoridagi an’ana yashayotgandi.

Uzoq yillar radioda ishlab, kelgan U. bir kuni boshliqning huzuriga kirib:

– Men bu odam bilan gaplashib ko’rdim. U O’zbekiston prezidenti Karimovni menga yomonladi. Islom Karimov ruslarga qarshi turgan qalqon. Shu bois bu odam KGB tarafidan Karimovga qarshi kurash uchun yuborilgan bo’lishi mumkin,- debdi.

Boshliq bu gapni menga aytar ekan, “Biz bu gapga ishonarmidik…” dedi-da kuldi. Uning kulishi ham an’anaga o’xshab tuyuldi.

32.”ChAP KO’ZIM”

Biz chap ko’zning uchishini yomonlikka va o’ng ko’zning uchishini yaxshilikka yo’yishga o’rganganmiz. Umuman chap deganda yomonni va o’ng deganda yaxshini idrok etishga odatlanganmiz. Radiodagi bo’lim mudirim Nusratilla aka qo’ng’iroq qilgan ekan javoban sim qoqdim.

-Chap ko’zim uchib turgandi, siz telefon qilsangiz kerak, deb turgandim,- dedi u.

Ko’nglimga xiralik cho’kdi. O’ylab yurguncha o’ylab ayt deganlariga amal qilib, “chap ko’zim uchib turgandi”-ni biz qanday anglashimizni aytdim. U xijolat tortdi. Qachon gaplashsak qayta-qayta uzr so’raydigan bo’ldi. Bir kun undan:

-Siz ulg’aygan Mozori Sharifda bu gap qanday anglamga keladi?- deb so’radim.

-Esimni tanigandan buyon do’stlar telefon qilganda bir-birimizga shunday deymiz. Yani sen telefon qilishingni kutib turgandim, degan ma’noda. Mana endi O’zbekistondan kelganlarga aytmaydigan bo’ldik,- dedi.

33.TA’QIB

-Biz Afg’onistonda faqat uyda o’zbek tilida oz – moz gapirar edik.Tuzukroq gapirishni esa, radioga kelib o’rgandik,-deya bir hikoyani gapirib berdi hamkasbim Abdulmannon Keskin.- Avvalgi mudirlarimiz Turkiya orqali kelgan edilar va ularning ta’sirida o’zbekchamiz turk va o’zbek shevasining qorishig’i bo’ldi.
Biz O’zbekiston o’zbekchasida yozsak ham ular Turkiya turkchasiga moslab tuzatishardi. Asta sekin o’zimiz ham shunga moslanib qoldik. Masalan, ta’qib kalimasini bizga “xabardor bo’lib turish” ma’nosida o’rgatishgan. Turkiyada shunday ekan.
Bir kuni O’zbekistonning Vashingtondagi elchisi Teshaboev bilan uchrashdik. U kishi qanday istaklar bor, deb so’radilar uchrashuvda. Men sho”bamiz nomidan so’z olib, Sizlarning faoliyatingizdan bexabarmiz. Sizni ta’qib etishni istaymiz, dedim. Elchi xaxolab kuldi-da, “Bizni ta’qib etishini ochiq aytayotgan odamni ilk bor ko’rayapman, dedi-da, biroz tin olib, “Bu sizning vazifangiz, ta’qib etavering” deb qo’shib qo’ydi.
O’shanda hech narsani tushunmadim, ammo O’zbekistonga borganda bildimki “ta’qib” kalimasi boshqa anglamga kelar ekan. Izza bo’ldim. Chunki bir necha yil davomida bu kalimani radioda “kuzatib, xabardor bo’lib borish”, ma’nosida ishlatib keldikda…

Abdulmannon aka aslida bekorga izza bo’lgan. Chunki gap u kishida yoki lahjalarda emas. Ta’qib kalimasining bir necha ma’nosi bor. O’zbekistondagi o’zbeklar uning birinchi ma’nosi – zimdan kuzatish va ikkinchi ma’nosi- monelik qilish qilish anglamlarini ko’p ishlatamiz. Teshaboev ham hamin qadar-o’zbekchadan inglizchani yaxshi biladigan odam. Vaholanki, ta’qib qilmoq degani diqqat bilan kuzatmoq ma’nosiga ham ega.

34.IZLASh

Faxriddin Umarov ijro etgan “Izlarman” ashulasi doim quloqlarim ostida. Ba’zan o’zimcha “O’shal barnoni izlarman…” deya xirgoyi ham qilib yuraman. “Amerika ovozi”da tarjima etilgan bir xabarni tahrir qilayotgandim. “AQSh prezidenti Rossiyaga tinchlik siyosatini izlamoqda” degan satr diqqatimni tortdi. Rossiya bilan AQSh o’rtasida yaqin aloqalar mavjud va o’sha kezdagi prezident Klinton Rossiya rahbari Boris Eltsinni har tomondan qo’llab-quvvatlayotgandi. Birdan xayolimga “izlamoq” kalimasi Turkiyada “davom ettirmoq” anglamiga kelishi tushdi-da uni tuzatib qo’ydim.

Ammo “muallif” xabarlarni efirga uzatishda yana “izlash” deb o’qiganini eshitib qolib, unga o’rtadagi farqni tushuntirgan bo’ldim. Ammo uning xabarlarida bu kalimani har kun tuzatishdan men charchamadim va efirga uni “izlash” deb o’qishdan u tolmadi.

Ushbu satrlarni yozgan kunim ham radioda u “A–QE-ShE ma’muriyati Afg’onistondagi terrorist gruppalarga qarshi hujum siyosatini izlamoqda” dedi. Ammo alllaqachon AQSh Afg’onistondagi hujumini avjga chiqargan edi.

35.MANFAAT

O’zbek bo’limi tashkil topgan kunidan beri besh-olti marta yopilib ochilgan. Kongress pul bersa ochiladi. Pul bermasa yopiladi. Men ishlagan davrda ham ikki marta shunday bo’ldi. Birinchisi paytida yoshi pensiyaga kelib ham ketmay yurgan bir opa׃

-Menga alam qiladigani ishimni yo’qotish emas, shuncha tillarda eshittirish bo’lgani holda nega kelib-kelib O’zbekchani yopishlari,- deb achinish bilan so’z yuritdi.- Mayli bizni ketkazishsin, lekin O’zbekchani saqlab qolishsin. Xalqimizning nomi bu erdan yo’qolmasin!-dedi.

Har kun takrorlanib turdi bu gap.

Ko’p tortishuvlardan keyin bo’limni yopadigan emas, balki eshittirish vaqtini va bir necha kishini qisqartiradigan bo’lishdi. Bo’limda eng keyin kelgan men edim. Qonunga ko’ra eng keyin kelgan odamning shtati qisqaradi. Biror-bir e’tirozsiz qisqartirishga tushadigan bo’ldim. Hatto radio direktori ham aralashib hech narsa qila olmadi. Lekin inson huquqlari masalasini yoritishda o’rnak bo’ldi deya mukofot berishdi. Boshqalarni qonun talab qilgani kabi, necha yil ishlaganiga qarab etgan darajasi kimniki yuqori bo’lsa, o’shalarni qoldirishga va o’zgalarni boshqa pastroq ishlarga o’tkazishga qaror qilishdi.

Haligi opa yana jahl bilan:

-Falonchini boshqa ishga o’tkazmoqdalar. Adolat yo’q. Nega dasturni saqlab qolishdi, bo’lmasa? Yopib tashlashsin edi, hammamiz boshimizga tushganini ko’rardik…- dedi.

Unga hech kim “O’zingiz nega pensiyaga chiqmay yuribsiz?” deb ayta olmasdi. Aytsa baloga qolardi, bu diskriminatsiya deb sudga berardi. Shuning uchun yumshoq qilib׃

-Nima bo’lsa ham O’zbek bo’limi qoldi. Kelajakda yana kengayishi mumkin. Siz aytgan odam ko’chada qolgan emas. O’zingiz “Biz ketsak ham bo’lim qolsin”, deb yurgan edingiz,- dedim.

-To’g’ri, lekin bir ish topilsa, siz avval o’z yaqiningizni o’ylaysizmi yoki boshqalarnimi? Men ham o’zimga yaqinroq odam haqida qayg’urayapman,- deb javob qildi u.

Bu bizning vatanparvarligimiz! Falonchi uning jiyani edi-da!

36.QARZ

O’zbekistonda bir umr pul to’plab, keyin bir narsalar sotib olsangiz Amerikada hamma narsani qarzga olib, bir umr to’lab yurasiz.

Ayniqsa uy-joy qimmatga tushadi. Qarzning foyizi uyning pulidan ikki-uch marta ko’pga mol bo’ladi.

Bir tanishimiz katta hovli sotib oldi. Juda qimmatga. Bola chaqasi bilan birga topgan puli shu uyning qarziga ketadi. Buning ustiga O’zbekistondan kelgan odamni uyiga takif qiladi. Do’stlari “U uyini ko’z-ko’z qilish uchun shunday qiladi” deb yurishadi.

Nima bo’lganda ham mehmondorchilik endi unga qimmatga tushmoqda. Chunki kelgan mehmonlar ikki-uch oylab uning uyida qolishmoqda. Biri ketsa, ikkinchisi keladi. Aslida mehmon kutish yaxshi. Lekin Amerika shartlari boshqa-da.

Ishga bormadingmi, haydalasan. Haydaldingmi, uy pulini to’lay olmaysan. Oyma-oy to’lay olmadingmi, uysiz qolasan.

Mehmonlarni esa, olib yurish uchun vaqt kerak. Asosiy transport xususiy mashina bo’lgani uchun ularga shoferlik qilishing kerak.

Tanishimning oilasida hamma ishlaydi. Dam olish kunlari ham ishlashadi. Aks taqdirda uyga pullari etmaydi. U mehmonlar bilan asosan kechqurun shahar aylanavergach, ishdan qolib, avval maoshdan, keyin ishdan ayrildi.

Yaqinda eshitishimcha u uyini sotuvga qo’yibdi…

37.PROFESSOR

O’zbekistondan xorijga ketgan o’rtamiyona bir domla juda tez professor bo’lib oldi. O’zbekistondan ketib xorijda professor bo’lgach, tabiiyki Toshkentda bu nomni olish uchun tuproq yalab yurgan minglab olimlar uchun mo”jiza edi. Boshqalar ham hayron edilar:
“Shunday qobiliyatli olimni tanimagan ekanmiz-da” deganlar ham bo’ldi. Ammo uning “h” bilan “x” ning farqiga etmasligini, “ho’kiz”ni “xo’kiz”, “hurriyat”ni “xurriyat” deb yozishini bilgan hamkasblari “U hoynahoy o’zbek tili professori bo’lib olgandir-da!” deb kinoya qilishdi va masxaralab kulib ham yurishdi.

Xorijda oddiy maktabda dars bergan va umuman biror joyda dars berayotgan odamni professor deyishadi. Bizning hamshahar ham o’zini “professor” deb e’lon qilar ekan, aslida xato qilgan emas. Faqat xorijni bilmaganlar uni yanglish tushundilar, xolos.

38.DOKTOR

O’zbekistonda hech kim telefon go’shagini ko’tarsa “Doktor falonchiman ” demaydi. Ammo Turkiyada fan doktorlarining uyiga va yoki ish joyiga qo’ng’iroq qilsangiz “Doktor falonchi eshitadi…” deyishadi.

Oz’bekistondan Turkiyaga ko’chib kelgan bir kishi hali bu erda yashashga izni bo’lmagani holda qisqa vaqtda “doktor” bo’lib oldi. Uyiga telefon qilsangiz “Doktor…. eshitadi” degan javobni olasiz.

O’zbekistondan kelgan har bir kishi turkiyaliklar uchun aziz. U bilan gazetadagilar ham qiziqishadi, yig’inlarga takilif etishadi. Do’stimiz hatto gazetalarga ham “doktor..” imzosi bilan intervyular bera boshladi. Tez orada u “Doktor falonchi” nomi bilan mashhur bo’ldi. Katta-katta davralarda fan doktorlari bilan bahslasha boshladi. Aslida u hech kimni aldagan emas. Chunki O’zbekistonda ham u doktor edi. Faqat oddiy doktor ya’ni shifokor edi.

39.AKADEMIK

Boshqa bir o’zbek “professor” haligi “doktor” do’stimiz kabi yo’l tutishni istamadi. Undan yuqoriroq bo’lishni va buni rasmiylashtirishni istadi. O’zbekistonda qirq yil hukumatda ishlagan edi. Otaxoni bilan kelishmay qolgach, xorijga yo’l oldi.

Ketish arafasida avvaliga fan doktori diplomini sotib oldi .Qarasaki oddiy tabiblar chet elda fan doktori bo’lib yurishibdi. Shuning uchun ozgina ko’proq sarfladida akademik unvonini sotib oldi.

Mamlkatda bu nomini ishlatib yurmadi. Chunki akademik deganlari olimligi-yu kashfiyotlari bilan tanilgan kishi bo’lishi kerakligini u yaxshi bilardi. Uni esa, O’zbekistonda pora berganlar va orqasidan quvib yurganlar tanishardi, xolos.

Shu sababdan bu daftarni xorijga kelgandan keyin ochdi. Ammo tarvuzi qo’ltig’idan tushib ketdi. Bu erda akademik degan so’z Toshkentdagi ma’noni anglatmas ekan. Umumiy bilim, degan ma’noni berar ekan. U bir ikki kun sarflagan puliga kuydiyu keyin doktorlik unvonini ishlatishga kirishdi.

Sho’rlik bu erda ham qovun tushirdi. Chunki olgan diplomi qirq yil ishlagan sohasiga teskari edi. Buning ustiga diplomni eng qiyin sohadan olgan ekan, oddiy savollarga ham javob berolmay qizarib buzarib yurdi.

Aytishlaricha hozir u olgan diplomlari qaysi sohada bo’lsa o’sha soha bo’yicha bir narsalar o’rganishga urinayotgan, lekin keksayib qolgani, salomatligi ham yaxshi bo’lmagani uchun bu ish og’ir kechayotgan ekan.

40.ShARHLOVChI

Siyosat nimaligini unchalik ham tushunib etmagan o’zbeklardan biri sharhlovchilik qilmoqchi bo’ldi. Sharhlovchi deganlari uzoqroqni ko’radigan bo’lishi kerak. U esa, o’z oyoq ostini ko’ra olmaslardan edi. Shu bois ham har bir sharhi yo latifaga yoki zaharxanda kulgiga aylandi. Amerika Usama bin Laden guruhiga hujum ochgan kunlar edi. “Ozodlik” radiosidagilar qo’lbola sharhlovchidan so’rashdi:

-Mana qariyb bir oydirki Amerika terrorga qarshi urush e’lon qildi. Endi Afg’onistonga hujum qilmoqchi. Voqealarni yaqindan kuzatgan bir kishi sifatida bu hujumlar qachon bo’lishini taxmin qila olasizmi?

-Bu yaqinda bo’lmaydi. Amerika 1990 yillar boshida Iroqqa hujum qilganda ham uzoq vaqt tayyorlanib, keyin qisqa vaqtda ishni bitirgan edi. Hozir Amerikaning o’sha paytdagi qo’mondalari yana ish boshida. Shuning uchun Afg’onistonga urush boshlanishi oylar emas, balki kamida bir yil vaqt oladi. Buni ishonch bilan ayta olaman,- deb javob qildi.

Dunyoning ishlarini qarang, sharhlovchi bu gapni aytgan kunning ertasiga xuddi unga qasd qilgandek Amerika Afg’onistonga hujumga o’tdi.

Hali ham bunday sharhlar davom etmoqda. Eshituvchilarga hazil mutoyiba ham zarur-da! Ammo bizning qo’lbola sharhlovchi allaqachon folbinlik da’vosini boshlatgan.

41.TARJIMON

Londonga kelgan bir o’zbek universitetda ingliz tilini o’qidi, degan diplom olgan edi. Ammo bu erda ancha vaqt ish topolmay yurdi. Ishga o’tishga borganda yonida o’g’lini yoki qizini olib borar, ular tarjimonlik qilar edilar.

Har holda ishga oluvchi bir diplomga va bir jajji tarjimonlarga qarab ajablanib qolsa kerakki, unga “Boravering, bir kun telefon qilamiz sizga” deb javob berardi.

Avvallari u rostdan ham telefon qilib qolishar deya tarjimonlik uchun bolalarini navbati bilan maktabdan qoldirib yurdi. Keyinchalik ishga olishmaganlarining sababini o’zi ham tushundi, shekilli, o’zbek tilidagi radiolardan ish qidirdi. Inglizchasi yaxshi deb o’ylashdi har holda siyosiy voqealar haqida undan xabarlar ola boshladilar.

Tasodifan bir xabarini eshitib qoldim. “Sun nashrining xodimi Sibir yazvasiga uchradi. Partizanlarcha harakat qilgan tekshiruvchilar..”.

O’zimni kulgidan to’xtata olmadim. Chunki birinchidan bu mashhur nashr va Sun- “Sun” yozilgani bilan “San” o’qiladi va aytiladi. Bu ayni paytda “Quyosh” kalimasining inglizchasi va mashhur gazetaning nomi bo’lgani uchun ham deyarli har daqiqada eshitish mumkin bo’lgan so’z.

“Bipartizan” (Bipartisan-) kalimasi “Ikkipartiyaviylik” degani bo’lib, masalani o’rganish uchun ikkipartiyaviy asosda taftish boshlandi, degan xabarni bizning bilimdon “partizanlik bilan” deb tarjima qilgandi.

Nima deysiz, ayb unda emas, balki shu kuni bolalarining imtihoni bo’lib maktabdan olib qolishga jur’at etmagan bo’lsa, ana shu savobi yuqoridagi gunohini yuvib ketsa ajab emas?!

42.TO’Y

O’zbekistonda poraxo’rlik bilan pul yig’ib xorijga qochgan bir kishining qiziga muhojiratdagi o’zbeklar elchi qo’yishdi. Tezda to’y taraddudi boshlandi. Hali O’zbekistondagi kabi kayfiyatda yurgan va xorijning nimaligini anglab etmagan bu odam o’zbekchilik qilib dang’illama to’y boshlatdi.

Eng yirik restoran tanlandi(koshki arzon bo’lsa, O’zbekistondagi yuzta restoranni qo’shsangiz ham bundan arzonga tushadi), tanigan tanimagani-hamma to’yga xabar qilindi.

Gastrolda yurgan o’zbek sozandalari taklif etildi, maxssus oshpazlar chaqirib milliy taomlar pishirildi va hokazo.

To’y o’tdi va haligi odam olib kelgan barcha pullarini to’lash barobarida qarzga ham botdi. Ammo xorij O’zbekiston emaski, birov qarz bersin. To’yga kelganlar ham to’ydan keyin uni tanimadilar. U hamma narsasini sotib kambag’allar yashaydigan g’arib mahallaga bordi va hukumatga yordam so’rab bosh urdi. Uni bir cherkovga bog’lab qo’yishdi.

Endi hech qachon to’y qilmaslikka qasam ichib, arang kun ko’rib yuribdi.

Ha, darvoqe kuyov-chi, kuyov yordamga kelmayaptimi? Xorijda bu savol ham kulgili. Har kim o’zing uchun o’l etim, qoidasiga amal qilinadi bu erda.

43.ORZUGA AYB YO’Q

Yangi kelgan o’zbeklardan biri choyga da’vat qildi. Borib gaplashib bilsak, u AQShdan siyosiy boshpana so’ragan, ammo o’zi muxolifatga qarshi kurashgan zot ekan. Mehmonchilikni kalta qilib qaytar ekanmiz׃

-Katta yo’lga qanday qilib chiqamiz, deb so’radim.

U cho’ntagidagi bir varaqni chiqarib yo’l yo’nalishini chizdi va qog’ozni menga berdi. Uyga kelgach, qarasam orqasida uning siyosiy boshpana olganda sudda qilgan nutqi yozilgan ekan. Tovuqni dumsizligi sharmanda qiladi deb shuni aytsalar kerakda.

“O’zbekiston prezidenti meni o’zining yakkayu yagona raqibi deb biladi va shuning uchun quvg’in qilmoqda. Menga siyosiy boshpana bersangiz, men vaqtincha bu erda yashayman, chunki xalqim kelajakda meni albatta, chaqirib olib prezident qiladi. O’shanda men bu yaxshiligingizni unutmagan holda AQSh bilan munosabatlarni yaxshilayman, ikki davlat o’rtasida qardoshlik ko’prigini quraman, O’zbekistonning katta tabiiy boyliklari, ya’ni xazinasi AQSh kabi mehribon davlatga ham ochiq bo’ladi…” degandi u jumladan nutqida.

Bir kuni nutqi yozilgan qog’ozni qaytarib berish niyatida gap ochgandim, u mendan xafa bo’ldi. Xuddi men uning sirini, yani prezidentligini o’g’irlab qo’ygandek menga dushman nazari bilan qaray boshladi. O’shandan beri hamma joyda meni yomonlab yurar ekan. Har holda o’sha nutqim haqida aytib qolsa, ishonishmasin, deb shunday qilsa kerak.

Lekin ko’rib turibsiz, ismini yozmadim. Chunki orzuga ayb yo’q deydilar.

44.MUXOLIFAT NIMA?

Ana shunday savolni tez-tez berishadi. Bunga har kimning javobi ham har xil bo’ladi, bu tabiiy hol.

Rasmiyroq tilda javob beradigan bo’lsak, muxolifat – hukumatni boshqarish, jamiyatni xalqning xoxish irodasi bo’ylab yo’naltirish, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishni ta’minlash uchun alternativ dasturga ega bo’lgan va buni amalga oshirish uchun kurashga qarorli uyushgan kuchdir.

Buni rasmiy tildan sodda tilga o’giradigan bo’lsak, muxolifat mamlakatni boshqarishga qodir bo’lgan da’vogardir.

Uning prezident bo’ladigan layoqatli lideri, mamlakatni boshqara oladigan malakali kadrlari va boshqaruv dasturi bo’lishi kerak.

Bugun ichkarida va tashqarida o’zini muxolifat deb atayotgan guruhlar yoki guruhchalarda ana shunday poydevor bormi?

Ana shu savolni yoshi saksonga borib qolgan va sho’rolarga qarshi kurashgan eski muxolifatchiga qaratgandim, u׃

-Bizning avlod ham o’zi sanoqli bo’lgan holda uchgami, to’rtgami bo’lingan edi,-dedi.-Kimlardir Vali Qayumxon tomonida edilar. Kimlardir Buloqboshi tarafida, yana kimlardir Boymirza Hayitni qo’llagan va hokazo. Yana bir nechta “lider”lar bor edilar. Hammamiz chet ellarda qolib ketdik. Sizlarning avlod ham bizning yo’limizdan bormoqda. Nahotki muxolifat degani vatangado degani bilan tenglashib qolsa?! Shundan asrasin! Ana shundan xulosa yasang, poydevor bormi yo’qmi?

45.KARIMOVNING DASTURI

Ichkarida prezident Islom Karimovning hech qanday dasturi bo’lmaganidek u tuzib qo’ygan qo’g’irchoq partiyalarda ham dastur yo’q. Prezident dastur, deya oldinga surgan besh tamoyil qog’ozda qolib ketdi va mamlakat Islom Karimovning xoxish, istak va kayfiyatiga qarab boshqarilmoqda.

Xo’sh, dastur bo’lmasa ham boshqarish mumkin ekan, mana mamlakat yiqilmay turibdiku, degan savol tug’iladi.

O’zbekiston bugun oyoqda turgan bo’lsa, bu eng avvalo xalqimizning bardoshi kuchli bo’lganidandir.

Ikkinchidan esa, xalqni aldab kelishmoqda. Masalan, Sovet ittifoqi qular ekan Shaxnazaryan boshchiligidagi guruh qotil Gdlyanlar qo’li bilan minglab o’zbek boshqaruvchilarini qamoqqa tiqdi. Karimovga keyinchalik ularni oqlaysan va ular sening qullaring bo’lishadi, deb o’rgatishdi.

Darhaqiqat, Karimov ularni oqlab ishlariga tikladi va o’z iborasi bilan aytganda “har erda o’z odamlari” bo’lishiga erishdi. Bu tajriba faqat O’zbekistonda emas, boshqa bir qator sovet jumhuriyatlarida ham tadbiq etildi. Bugun ham ayni tajriba davom etmoqda. Yil davomida odamlar nohaq ayblab qamoqlarga tiqiladilar va Mustaqillik kuni oldidan prezident ularni oqlaydi.

Bu bilan prezident adolatli, boshqalar esa, zulmkor, degan ko’rinish berishga urinadilar. Bugun Islom Karimovning bu dasturi ishlamoqda. Hatto chet elda ham.

Bir ma’rakada Afg’oniston orqali kelgan o’zbeklardan biri gapimni bo’ldi׃
-Uka erkinlik deb hamma narsani gapiraverish odobdan emas. Islom akamiz qilayotgan ishlarni biz ko’rib, o’qib turibmiz. Biz ham Internet degan narsani bilamiz. Mana, muborak mustaqilligimiz oldidan hamma qamalganlarni ozod qildilar. Bunday ishga hatto Klinton ham borolmaydi. Qani kelinglar, Islom akamizni bir duo qilaylik…

46. ALDAShNI BILADI

Yuqoridagi kabi yozilmagan bir qator dasturlar o’n yildan buyon faol ishlayotganini aytish kerak. Masalan, xalqning maoshlarini oshirish haqidagi farmonga prezident imzo qo’yadi, oradan ko’p o’tmay narxlarni oshirish haqidagi hujjatni esa, Bosh vazir imzolaydi. To’g’rirog’i bu hujjat unga izmolatiladi.

Bugun O’zbekistonda ko’pchilik huquq tartibot idoralari ishidan norozi. Shikoyat bilan Karimovga boraman, deb uringanlar son mingta. Xalq (har holda ko’p qismi) nega haliga qadar parda orqasida Karimovning o’zi turganini anglab etmayapti. Chunki odamlar oldida yana bir dastur tomoshasi o’ynalmoqda.

Majlislarda prezident hukumat a’zolari va boshqa rahbarlarni juda qattiq urishadi va bu televidenie orqali xalqqa ko’rsatiladi. Karimov qiynalib ketgan rahbar rolini shunday ustalik bilan o’ynaydiki, buni ko’rib turgan dehqon “Voy bechora prezidentimiz, yolg’izlanib qolibdiku!” deydi.

Kechagina o’zi ishga tayinlagan bir rahbar yoqmay qolsa, uni shunday yomonlab ishdan oladiki, tomoshabin dehqon” atrofidagilar o’g’ri, muttaham bo’lsa u nima qilsin” deb yuborganini o’zi ham bilmay qoladi.

Ha, sodda o’zbekni qanday qilib aldashni bilishadi.
O’zbekistonga borib kelib yuradigan bir o’zbek ana shu haqda gapirib qoldi. Har qancha urinsam ham befoyda.

-Men eshitganimga emas, o’z ko’zim bilan ko’rganimga ishonaman,-dedi u.- bechora Islom akamiz Jo’rabekov, Alimov, Almatov degan odamlarning dastidan bir ish qilolmay qolibdilar. Shuning uchun u kishini ayblayverish insofdan emas.

-Diktatura sharoitda boshqalarning o’rni yo’q…

Gapim chala qoldi. Haligi odam mavzuni boshqa tomonga burib yubordi.

47.KAShFIYoT

Ilgari odamlarning qiyofalari, xarakterlari yoki harakatlarida turli hayvonlarga o’xshashliklar borligi haqida o’qigan edim. Ba’zilarga shunga qarab laqab ham qo’yishganini bilardim. Majlislarda shu yodimga tushsa, hay’atda o’tirgan “Ho’kiz”, “Qo’y”, “Tuya” va “Boyo’g’li”larga termulib, jilmayib qo’yardim.

Yaqinda Amerikada bir kashfiyot qildim. Odamlarning meva-sabzavotlarga o’xshaganlari ham bo’lar ekan va bu ularning o’zliklariga singib, kundalik gap-so’zlarida ham ifodasini topar ekan.

Amerikada yashaydigan U. kimdan ranjisa o’shani “Sholg’om” deb so’kar ekan. Bunday qarab tursam, o’zining sochlari to’kilgan, yozi ham xuddi sholg’omdek dumaloq va yarim qizil bo’lib qolgan. Birov haqida salbiy gap ochsa, xuddi sholg’omdek qizara boshlaydi. Faqat boshiga sholg’omning “dumi”ni qo’yib, faraz qilsgangiz, bas, ko’z oldingizda Oloy bozorida qarab-qarab, o’tib ketganingiz, “Qishda shamollaganda eyish kerak, balki moshxo’rdaga solarmidik” deganingiz sholg’omlar keladi.

Boshqa bir tanishim, raqiblari haqida gap ketsa, “Qalampir” deb qo’yaradi. Unga ham zehn solsam o’zi qalampirga o’xshar ekan. Boshi teppasidan pastga, tumshug’iga qarab ingichkalishib borgan va chanasi qalampirning uchiga o’xshab qolgan. Yo, tavba, Xudoning qudratini qarang, kim o’zi nimaga o’xshasa boshqalarni o’shanga o’xshatishga harakat qilar ekan. Qalampirning “hunarlari” haqidagi gaplar yodimga tushsa, tanishimning ham hamma yog’ingizni achitib yuboradigan qilib aytadigan achchiq-achchiq gaplarini eslayman.

O’zbekistondan Amerikaga kelib qolgan bir juvon o’zini juda bilimdon va boshqalarni axmoq deb o’ylasa kerak, kim bilan gaplashmasin orqasidan kamsituvchi ohangda׃

-Turshak, ingliz tilini ham bilmaydi-ya,-deb qo’yardi.

Aytishlaricha, u jahli burnining uchida bo’lganlardan ekan va birovdan xafa bo’lsa ham uning orqasidan gapirganda “Turshak” der ekan.

Yaqinda uni bir majlisda uchratib qoldim va tikilib tursam…rahmatli buvimning turshaklari yodimga tushdi. Uyimiz yonidagi o’rikning ostiga tushganlarini terib, puflab-pushlab oftobro’yada quritar edilar. Keyin orasidan dovuchcha holida qurib qolganlarini terib, uloqtirar edilar. Bu yoshligida murib qolgan juvon o’sha dovuchcha turshaklarni eslatdi. Yo, Parvardigor, dedim, buncha mo”jizang ko’p ekan.

Haligi juvon yosh bo’lishiga qaramasdan yuzlari burishgan, ichidagi qandaydir nafrati peshanasiga urib, qoshlarining teppasi tirishib qolgan edi. Uning bu turishi turshaksevarlarga yoqib ketar balki?! Lekin ular ham uning dovuchcha-turshak ekanligini, tishlaganda tishni sindirishi mumkinligini bilganlaridan keyin yuz burib ketsalar ajab emas?!

Mana sizga kashfiyot. Buning kashfiyot ekanligiga qo’shilishingiz uchun o’zingiz kundalik hayotingizda qaysi meva va sabzavotlarning nomini ko’proq ishlatishingizga e’tibor qiling va so’ngra borib oynaga tikiling. Yoki atrofingizdagilarni kuzatib, oralaridan “Gilos”, “Olma qoqi”, “Shaftoli”larni topishingiz mumkin.
Topolmasangiz yoki boshqalarga nisbatan bunday so’zlarni ishlatmasangiz, demak siz yangi o’zbeklardan birisiz.

48. DEMOKRATLAR

Islom Karimov yo referendum yoki saylov o’yini o’tkazib o’z prezidentlik muddatini mana ko’p yildan buyon davom ettirib kelayapti. Har holda Allohning irodasi bilan o’rtaga tobut tushmasa (o’limini tilayotganimiz yo’q, ba’zilar uchun yashash ham jazo) bu ish davom etaveradi.

Xo’p, buni-ku o’zbekcha qilib aytganda “Xudo urgan” ekan, uni tanqid qiladigan demokratlarga nima bo’lgan?

Masalan, Erk partiyasi ustavida (agar hozir sirtdan o’zgartirib qo’yishmagan bo’lishsa) rais har to’rt yilga saylanadi va ikki martadan ortiq saylanishga haqqi yo’q deyilgan edi. Shunday talab “Birlik”ka ham qo’yilgan. Ammo raislari Karimov kabi jilovni mahkam tutishgan. Ba’zan qurultoy ham qildik yoki qurultoy qilishga imkon yo’qligi uchun majburan rais bo’lib yuribmiz deyishadi.

Nahotki, demokratiya bahonalar qo’rg’oni bo’lsa? Yoki bularning ham demokratligi Karimovniki kabi-mi?

Har holda shundan bo’lsa kerak-ki Karimov umrbod prezidentlik haqida odim ota boshlagan kunlarda ular miq etmadilar.

Karimov ichkarida, ular esa xorijda…

Bu haqda o’ylashga esa Turkiya orqali kelib AQShda yashayotgan Abduhakim akaning mana bu so’zlari sabab bo’ldi׃

-Hali Islom aka qizini o’z o’rniga qo’yib ketsa ajablanmayman. Muxolifatdagilar ham o’z o’rinlariga bolalarini qo’yib ketsalar bunga ham ajablanmayman. Chunki bugun demokratiyani karnay qilib, kun ko’rish uchun musiqa chaladilar. Faqat O’zbeksitonda emas….boshqa joylarda ham ana shunaqa׃ “G’AT”- “G’AT”.

49. AMIR OLIMXON XONADONIDA TO’Y

Bu yil qish og’ir keldi. Muz ostidan chuchmomolar arang bosh ko’targan kabi odamlar ham bahorda tizza bo’yi qor kechib charchoq ko’rpasiga yopingandilar. Shunday kezda bu holatning hamma narsaga ta’siri bo’ladi. Hatto to’yga ham. Raqsga tushayotgan qizlarning Amerikaga xos bo’lmagan holda bahorni aks ettirgan ko’ylaklar kiyganlari, soqoli sabza urmagan o’smirlar ham kuyovlarga qiyosan kostyumlariga gul taqib olganlari, keksa momolar esa boshlariga qalin ro’mol emas, balki harir matolar tashlaganlari… xullas , hammasi dillar bahorga tashnaligidan darak edi.

Poytaxt Vashingtonning shundaygina biqinida Pentagon shaharchasidagi hashamatli mehmonxonlardan birining to’yxonasi 2003 yilning 12 Aprelida o’ziga xos ravishda ikkiga ajratilgan edi. Bir tomonda buxoroliklar (asli kelib chiqishlari Buxoro amirligi hududiga kirgan joylardan bo’lganlar) va ikkinchi tomonida Afg’oniston janubidan kelganlar…

O’rtada Amir taxti kabi ko’shk. Taxtda kelin bilan kuyov. Ko’yov Amir Olimxonning kenja nevarasi Tamim va kelin Qandahor sobiq hokimining qizi Ro’yo…

Tanim “Amerika Ovozi” radiosida ishlaydi. Afg’onistonga dastur uzatadigan bo’limida. Shu erda Amir Olimxonning kenja qizi Shukriya Olimi- Raad ham uzoq yillardan beri faoliyat ko’rsatadi. U ilgari Hindistonga dastur uzatadigan O’rdu bo’limida diktor bo’lgan bo’lsa, hozir Dari bo’limida ishlaydi. Shukriya Olimi kuyovning xolasi bo’ladi. Radioda Amir Olimxon xonadoniga kuyov bo’lgan o’zbek jurnalisti Nusratulloh Laheeb ham ishlaydi. Shu boisdan ham to’yda radiodan mehmonlar ham o’ziga xos bir guruh edi. Janubiy va Markaziy Osiyo idorasining rahbari, filologiya fanlari doktori Muazzam Siddiqiy va ilgari o’zbek bo’limini boshqargan Abdulla Chig’atoy, AQShdagi turkistonliklar jamiyatining ilk raislaridan biri bo’lgan Ne’mat Begish va hokazo.

Bugun O’zbekistonda ulug’lanayotgan Fayzulla Xo’jaevchilarning talablari bilan kommunist ruslar Buxoroni bombardimon qilgan, qonga botirgan 1920 yilning birinchi sentyabridan keyin Amir avval Surxondaryo hududlariga va keyin Afg’onistonga o’tib ketgan, 1944 yilda 64 yoshida (1880-1944) olamdan o’tgandi. Shuni aytish kerak-ki, Amir Olimxon turkiy qavmlarning eng yiriklaridan biri bo’lgan mang’itlar sulolasiga mansub edi. Sho’rolar tarixida otasi Amir Abdul’ahadxondan keyin Buxoro taxtiga o’tirgan Olimxon paytida ruslarga qaramlik kuchaygani yoziladi. Ammo uning ruslar tomonidan hujumga ma’ruz qolgani ham sir emas. Tarixning bu ziddiyati kelajakda haqiqiy tarixni yozadiganlarga havola.

Ma’lo’mki, Amirning bir qancha xotini bo’lgani aytiladi. Darhaqiqat, to’yga kelgan-ketganlarni Abdulla Chig’atoy tanishtirib turar ekan, chalkashib ketdim. Keyin Nusratulloh akaning yordamida aniqlab oldim. Chunki bu ham O’zbekiston tarixining yozilmagan oq sahifalarini to’ldirish uchun xizmat qilsa ne ajab?!

Said Amir Olimxonning xotini (yoki xotinlaridan biri) Sabo aya 93 yoshda ekanlar. Bizning yonimizda o’tirgandilar. Shukriyaxonning onasi. Ular birgalikda yashar ekanlar. Shukriyaxonning bir o’g’li va bir qizi bor ekan, eri Azimjon olamdan o’tgan ekan.

Amirning Xursanda degan xotinidan bo’lgan qizi Shojon ham shu erda. U to’y boshi. Shojon ayaning turmush o’rtog’i Sayid Islom olamdan o’tgan ekanlar.

Amirning qizi Shojon ayadan Nurjahon, Fathiya, Simo, Nafisa, Nazifa, Hasina degan qiz nevaralari va Aslam, Salim, Tamim degan o’g’il nevaralari bo’lib, kenchasi uylanayotgan edi.

Hamkasbimiz Nusratulla Laheeb Amirning nevarasi Fathiyaga uylangan, uning bolalari, boshqacha aytganda Amirning chevaralari Nazohat, Fariha, Faridun ham shu erda.

Said Amir Olimxonning Sultona degan xotinidan valiahd o’g’li Umarxon to’yga kirib kelar ekan, ko’pchilk uning huzuriga oshiqdi. Valiahdning harakat va odimlarida hali ham amirona uslub saqlanib qolgani qiziq edi. Ko’rinib turibdiki, Amirning Amerikadagi xonadoni uning uch xotini bilan bog’liq.

Amirning xos soqchisi Hasan shohning o’g’li Muhammadshoh (Shukriya Olimi bilan sut emishgan) ham davrda…

Amir xonadonining bir qismi Kanadaga uzangan ekan. Zotan kelin ham kanadalik.

To’yning oxiri yaqinlashib kelar ekan, Buxoro, umuman Sharq an’analariga xos udumlar boshlandi. Kelinning qo’liga hino qo’yishdan, chimildiq tortib kelin va kuyovga shirinlik edirishu oynaga qaratishga qadar…

Xuddi og’ir qish chekinib bahor kirib kelganidek, Amir xonadoni ham uzoq yillik sarsongarchiliklardan keyin endi bir oraga kelgan, qayta boshdan bahorni yashayotgandek edi.

…Tarix kimgadir yoqishi yoki kimgadir yoqmasligi mumkin.

Tarix o’z mustaqilligini saqlagandagina tarix bo’la oladi. Unga zug’m qilish, uni o’z xoxishiga qarab yozdirish uning umrini emiradi va bir kun kelib tarix qaytadan yoziladi. Ana shu qayta yoziladigan tarixda oqning ham, qoraning ham, yaxshining ham, yomonning ham o’rni bo’lmog’i shart. O’shandagina u tarix bo’ladi.

Xorijga, hijratga ketgan har bir o’zbekning taqdiri O’zbekiston tarixining bir sahifasidir. Amir Olimxon xonadonining hikoyasi esa yana ham kengroq o’rin tutmog’i kerak bu tarixda.

50.DUShMANLAR

“Amerika ovozi”da ishlaganlardan ikki nafari uzoq yillardan beri bir-birlarini ko’rsalar yuzlarini bujmaytirmasdan, bir nimalar deb pichirlamasdan o’tolmas ekanlar.

Bitta xonada ishlaydilar. Ikki burchakdan o’tirishadi. Bir-birining yuzini ko’rmaslik uchun o’rtadagi devor-to’siq pastlik qiladi, shekilli, to’siq ustiga allambalolarni terib tashlashgan. Kim bilan biror mavzuda gap boshlashmasin, albatta, oxir oqibatda narigi burchakdagini yomonlab qo’yishardi.

Bir-birini yomonlab turishsa huzur qilishar, yomonlashga ulgurishmasa xastalanib qolisharadi.

Ana shu zayl qariyb 20 yil bir joyda ishlabdilar.

Men ishga kelgan kunlarim burchakdagilar vaqt topishlari bilan qulog’imga shivirlashardi. Indamay eshitib, indmay ketaverardim. Burchakdagilar ham men indamay gaplarini eshitgani uchun meni maqtab yurishardi.

Bir kuni bo’limda bitta o’rinni qisqartiradigan bo’lishdi. Rahbarlar meni saqlab qolishmoqchi bo’lishibdi degan gap chiqib qoldi.

Kutilmagan voqea yuz berdi. Burchakdagilar birdaniga opoq-chapoq bo’lib qoldilar. Devor-to’siq olib tashlandi. Ularni ko’rgan odam bir – birlariga mehribonchilik qilishlariga qarab quvonib ketardi.

Ko’p o’tmay bu do’stlikning siri ochildi. Ular birgalashib shikoyat yozgan ekanlar. Kimlardir qonunlarni buzmoqchi va yangi kelgan odamni saqlab qolmoqchi deb. Buning imkoni yo’q edi. Men ham bilardim, boshliqlar ham.

Mening shtatim qisqardi. Ketarkan, mayli men tufayli necha yildan buyon dushman bo’lganlar do’stga aylandilar, deb o’zimni ovutgan bo’ldim.

Ammo yanglishgan edim. Yana shtat ochilib meni chaqirishganda kelib ko’zlarimga ishonmay qoldim. Men ketishim bilan yana burchakdagilar devor-to’siq o’rnatishibdi va ustiga eski narsalarini terib, bir-birlariga yuzlarini bujmaytirib yuradigan bo’lishibdi.

51.BOShLIQ

Bir joyda uzoq muddat boshliq bo’lishning shartlaridan biri qo’l ostingdagi odamlarni birlashishga qo’ymasliging kerak. Bu falsafa faqat O’bekistonda hukmron desam boshqa joylarda yashagan o’zbeklar orasida ham keng yoyilgan ekan. Radioda bizning boshliq afg’onistonlik o’zbeklardan edi. Yaxshi odam. Ishining ko’zini biladi. Ammo bo’limdagilarni bir – biriga yomonlab turardi.

-Bunday holda,- deydi u o’z ish uslubi haqida ochiqcha gapirib-, ularda birlashib turib senga qarshi kurashish istagi yo’qoladi. Ular dushmanni sendan emas, o’z oralaridan izlaydilar.

Lekin birovni birovga yomonlashda ham usta bo’lish kerak ekan. U gapni ochiq aytmaydi. Ana u ikkitadan bittasi bugun kelib, mana buni ko’rsatdi, deb siz haqingizda o’zi qidirib topgan kamchilikni o’rtaga qo’yadi. Albatta buni uning o’zi qidirib topganini o’sh paytda bilmaysiz.

-Lekin e’tibor qilmang, men unga qo’l siltab yubordim. Ish bor joyda kamchilik bo’ladi-da. Parvo qilmang,-deydi muloyimlik bilan u. Shu bilan o’zini sizga yaqin ham qilib ko’rsatadi. Istang istamang, sizda unga nisbatan xayrixohlik paydo bo’ladi.

Aslida rostdan ham parvo qilmaydigan kamchilik bo’lsa ham baribir parvo qilasiz. O’z yog’ingizga o’zingiz qovrilib yuraverasiz.

“Boshliqlik-mahorat” deganlari shu bo’lsa kerak-da. Biz bo’limda hammamiz o’z oramizda bir-birimizdan ranjib yursak-da har birimizni alohida olganda boshliq bilan munosabatimiz yaxshi edi.

Ya’ni har birimiz uni o’zimizga do’st deb hisoblardik. Hatto aldab turganini bilsak-da.

Demak, boshliqlar ham bizdan, ya’ni bizning oramizdan chiqqan kishilar.

Biz o’shanda ikkiga bo’linib parchalanib ketdik…

52. BU HAM BIR “XISLAT”

Ko’p xalqlarda bir narsani va’da berib qo’yishsa, agar uddasidan chiqa olmaslar, buni bajara olmadim deb uzr so’raydilar. Buning uchun birov-birovni urib o’ldirmaydi. Bizda esa, bajara olmasak, o’zimizni eb-kemiramiz. Yoki bu masalani yashirishga, unuttirishga urinamiz. Ya’ni hech narsa bo’lmagandek bilmaslikka olamiz. Buning ildizi uzoqda bo’lsa kerak.

“Va’da vafosi bilan”.
“Va’dani berdingmi, bajar”.
“Aytilgan so’z, otilgan o’q”.
“Yigitning so’zi o’lgani-o’zi o’lgani”…

Juda ko’p shunga o’xshash gaplarimiz bor. Balki illatlarimiz ildizi shundanmikan? Bilmadim. Lekin bugun shaxslar u yoqda tursin, partiyalar, harakatlar ham bu illatning qurboni. Qush uyasida ko’rganini qiladi.

2002 yilning 11-14 mart kunlari Islom Karimov Vashingtonga keldi. Safar arafasida “Birlik” Oq uy yonida piket qilishini e’lon etdi. Keyin “ERK” piketni “Birlik” emas, biz qilamiz deb chiqdi. O’rtada rosa tortishuv bo’ldi.

Hamma bilib turardi, “Birlik” va “ERK” deb gapirayotganlar 2-3 kishi edi, xolos. Shu bois ham natijaga qiziqish katta bo’ldi.

Karimov kelgan kuni “ERK” saytida qirg’iz xabarlari bor edi, Piket haqida gap yo’q edi. “Birlik”ning forumida esa, “Piket nima bo’ldi?”, degan savollar ko’payib ketdi. Keyin tanqid boshlandi. Yozuvlardan biri qiziq edi.

Tarixchi taxallusi bilan yozgan odam, “2002 yilning 12 Mart kuni “Birlik” va “ERK” qoldiqlari uchun motam kunidir” deb yozdi.

Unga javob yozgan yana bir odam esa, “Bu Po’latovlar va M. Solihning bitgan kunidir, deb yozdi.

Aslida “Birlik” ham, “ERK” ham bizga ma’lum bir sabablarga ko’ra, masalan odam to’play olmaganimiz uchun piketni qila olmadik, deb yozsa olam guliston edi. Yoki oldinroq Piket qoldirilgani haqida ma’lum qilishlari mumkin edi. Lekin yigitning so’zi o’lgani-o’zi o’lgani emasmi, lom-mim deyishmadi. Aksincha, piket bo’lishi haqidagi barcha yozuvlarni olib tashlab, saytlarini tozalab qo’yishdi. Bu ham bir “xislat”!

“Hukumati qanday bo’lsa, muxolifati ham o’shanday-da”, deb yozgan bir o’quvchi juda va juda haqqa o’xshaydi.

53.TURLANISh

Xorijda yashayotgan bir opaxonnning yoshlikdagi dugonasi kelganda u uni har kuni mehmonga olib borib maqtar, bu dunyodagi eng aziz kishim, deb aytar edi. Kunlar o’tib dugonasining qizini ukasining o’g’liga olib berdi. Qudalar apoq-chapoq bo’lib, dugonalarning orasiga qora mushuk oraladi.

Opaxon hamma joyda o’z ukasini ayblay boshladi, “kelini hali O’zbekistondan kelib til o’rgangan emasu institutda o’qiyapti deb yolg’on gapiradi” derdi.

Dugonasi haqida ham eng yomon odam haqida aytiladigan gaplarni gapirib yurdi. Oradan olti oy o’tib qudalarning orasi buzildi.

Endi opaxon dugonasini maqtab yuribdi yana. U dugonasini ko’klarga ko’tarib maqtarkan, u oltin qiz etishtirganini aytardi.

Bir haftalik tashviqotdan keyin opaxon radio bo’limi boshlig’iga uchrab “kelinimiz universitetda o’qiyapti” dedi va uni ishga olishni iltimos qildi.

Uni o’zingiz qoralab yurgan edingiz, endi maqtayapsizku, degan savollarga, odam tosh emasku, odam o’zgarib turadi deb javob berardi.

Ha, odam o’zgarib, turlanib turar ekan. Buning yorqin misoli uning o’zi edi.

54.TASODIF

O’zbekistondan kelgan mehmonlar ikkita sovg’a olib kelishgan ekan. Biri xonanda Yulduz Usmonovaning qo’shiqlari yozilgan CD(disk), ikkinchisi esa, hofiz Dadaxon Hasanning qo’shiqlari bitilgan kaseta.

Diskda prezidentga hamdu sano o’qigan saroy fidokorining to’plami. Disk qutisining ham ichi, ham tashqarisida uning suvrati. Yozuvlar ham zarhal. Ovozning texnik sifati ham yuksak. O’zbekistonda har kuni kundan tunga qadar takror va tarkror beriladigan qo’shiqlar. Eshitsangiz ko’nglingiz buziladi. “Vatan sotqinlari”, “elfurushlar”, “prezident xalqning otasi”, “shodu xurramliklar” va hokazo gaplar. Og’zi qiyshiq bo’lsa ham boying bolasi gapirsin deganlaridek, Yulduzning og’zi qiyshiq bo’lmasa ham, boyga yaqinligi sezilib turardi.

Kasetada esa, Dadaxon Hasanning Turkiston va O’zbekiston haqida yozilgan va bastalangan yangi qo’shiqlari. Turkiston birligini unutganlar, O’zbekistonni mardikor bozoriga aylantirganlar, zulm zanjirini tutganlar, xalqning og’ir ahvoli haqida. Kasetadagi yozuv sifati past. O’zbekistonda bir marta ham eshittirilmagan qo’shiqlar.

Bu ikki hadya balki tasodif emas, solishtirish uchun ataylab berilgan ham bo’lishi mumkin.

Ammo meni hayratga soladigani xalqimiz har ikkisini ham birday eshitaverishi edi.

55.ZIDDIYaT

“ERK” saytida shunday bayonot berildi:

“Karimov qanday “muxolifat” bilan gaplashmoqchi
05.04.2002

BBC xabariga ko’ra, O’zbekiston prezidenti Islom Karimov o’zining “muxolifat” bilan muzokaralar olib borishga tayorligini aytgan. Ammo xuddi bundan 7 yil ilgari bo’lganiday, faqat “ekstremistik” bo’lmaganlari bilan gaplashajagini ta’kidlagan. Karimov “ekstremizm”da ayblamay, 1996 yildan beri O’zbekistonga taklif qilinayotgan “muxolifatchi”lar esa,, hammaga ma’lum – bular “Birlik”chi aka-uka Po’latovlardir.

Ammo negadir bu shaxslar Karimovning taklifini rad qilib, O’zbekistonga qaytishni istamayaptilar. Karimovning ular bilan qiladigan bu safargi “muloqoti” ham avvalgilariday yakunlanishi turgan gap, chunki, bu “muxolif”larda O’zbekistonga qaytishga rag’bat yo’q”.

Ayni gapni Muhammad Solih ayni kun “Ozodlik” radiosidan ham gapirdi. Endi Karimovning gapiga qarang׃

(Aynan so’zma-so’z): “Muxolifat deb so’rayapsiz. Man muxolifatni, aytaylik hammasini bir ko’z bilan qaramayman. Ya’ni, haqiqiy muxolifat bo’lsa, mana shu yurtni, Ona-Vatanni agar kelajagiga hisssa qo’shmoqchi bo’lsa, lekin uni fikri, zikri yoki qarashlari, siyosiy qarashlari yoki mana shu iqtisodiy masala bo’yicha olib boradigan islohotlarni boshqacha olib borish degan takliflarni bizlar inobatga olmasdan, ular bilan kelishmasdan qilayotgan butun harakatlarimizni agar tanqidiy ko’z bilan qaraydigan bo’lsa, bizlar tayyormiz. Bu nuqtai-nazardan mana shu masala bo’yicha bizlar bo’linib ketgan bo’lsak yoki ularni qarashlari bizaga aytaylik bugun qabul qilinmayotgan bo’lsa, yana bir marta bularni ko’rib, mana shu islohotlarni hozir yangi pog’onaga ko’tarish masalasida, ularni aytaylik takliflarini olishga, joriy qilishga ham tayyormiz. Agarki ular ochiq yuz, ochiq ko’z bilan, chehra bilan bu yoqqa kelsin, men o’zim qabul qilishga tayyorman. Fevral oyidagi portlash, terroristik aktsiyalarda qatnashgan odamlarni, yoki xalifat quramiz degan qarashlarga, intilishlarga agar berilayotgan muxolifat desangiz, men ularni muxolifat deyishga tilim bormaydi. Shu nuqtai-nazardan, men Sizdan iltimos qilmoqchi edimki, agar “Ozodlik’ orqali shuni bermoqchi bo’lsangiz, mani javobimni, mana shu masalaga alohida urg’u berib, alohida e’tibor berib, to’g’ri tushuntirib bersangiz”.

Karimovning bu gaplari 2002 yilning 4-5 Aprel kunlari “Ozodlik”, BBC va “Amerika Ovozi” radiolarining O’zbek tilidagi eshittirshlarida berilgan.

Xuddi, Muhammad Solih, ha, biz 1999 yil voqealariga aralashganmiz, Islom davlatini istaymiz, xalifalik qurmoqchimiz, falonchilar esa, yo’q deyayotgan, buni tan olayotgan kishiga o’xshab qolmoqda.

56. YaNA ZIDDIYaT

“ERK” veb sahifasida yana bir bayonot berildi va buni ham Muhammd Solih “Ozodlik”da aynan o’qib berdi׃

“KARIMOVNING MUDDATI YaNA IKKI YILGA UZAYTIRILDI
05.04.2002

O’zbekiston Oliy Kengashinining bugun yakunlangan sessiyasi kelgusi Prezidentlik saylovlarining avval belgilanganiday, 2005 yilda emas, 2007 yilda bo’lajagi haqdagi qonunni qabul qildi. Yaniy, boshqacha aytganda, Karimovning prezidentlik muddati yana 2 yilga uzaytirildi.

Prezidentlik muddatini 7 yilga uzaytirish uchun o’tkaziladigan Referendum oldidan I.Karimov butun dunyoni “bu referendumning mening prezidentlik muddatimga hech aloqasi yo’q, bu kelajak prezidentlar uchun qilinayapti”, deb aldashga urungan edi.

Ilgarii ham bir marta Karimovning prezidentlik muddati uzaytirilgan va o’shanda ham, u “agar mening muddatimi uzaytirsanglar, nomzodimni boshqa prezidentlikka qo’ymayman”, deb yolg’on so’ylagan edi.

Shunday qilib, agar Karimov 2007 yilgacha prezidentlik qiladigan bo’lsa, ushbu 15 yillik prezidentlik muddatining tom yarmi mutlaqo noqonuniy (nolegitim) bo’ladi. Bunday kishilar qonun tili bilan aytganda, “uzurpator” deb atalib, dunyo praktikasida hokimiyat uzurpatsiyasi uchun qattiq jazolar belgilangan”.

Bayonot shu, xo’p nima bo’libdi deysizmi?

Gap shundaki, Muhammad Solihning aksariyat da’volarida u Islom Karimovning 1991 yilda soxta ovozlar bilan hokimiyatni olganini yozib kelgan. Bu erda esa, u “ushbu 15 yillik prezidentlik muddatining tom yarmi mutlaqo noqonuniy (nolegitim) bo’ladi” deb oldingi saylovlarni legitim deb bilmoqda. 15 yilning tom yarmi qonunsiz der ekan referendumlar bilan saylanishni aytmoqda, bu holda oldingi saylovlar qonuniy bo’lgan degan xulosa chiqadi va yana o’z-o’zi bilan ziddiyat.

57. ADVOKAT

Nigora O’zbekistonda advokat edi. Eridan ajralgan va uch bolasi bilan yashardi. Topgani oilasiga etardi. Ammo qizini uzatish vaqti kelganda u mahalladagi boyvachchalardan orqada qolishni istamadi. Ba’zilari chet elga ketib, “yashili” dan olib kelayotgani unga ham “ilhom” berdi. Osilsang baland dorga osil, degan gapga amal qilib Amerikaga borib, ishlab qaytmoqchi bo’ldi. Pasportu viza ishlari uchun besh ming dollar qarz oldi. Amerikaga kelib, ko’rdiki, dollar daraxtlarning ostida sochilib yotgan emas ekan. Dollar xazon ham emaski, uni supurib olib ketsa?!

Oilalarda cho’rilik qilishga majbur bo’ldi. Ammo faqat xarajat qilgan pulini to’plab olishi uchun bir yil kerak bo’ldi. Keyin yana bir oz ishlab, qo’shimcha pul bilan qaytishni o’yladi.

Bu orada viza muddati o’tib ketdi. Shuncha odam yuribdiku men ham yuraveraman, dedi. Bir kuni qo’lga tushib qoldi. Viza muddati o’tgani uchun AQShdan chiqarib yuborishar-da deb o’yladi. Ammo unga O’zbekistonda viza olib berganlar ishni soxta qilishgan ekan. Olti oy deganda qo’lidagi pullarini to’lab arang qamoqdan chiqdi. Bu orada Amerikadagi advokatlar qanchalik boyligini ham ko’rib, dard ustiga chipqon degandek ezilgandan ezildi.

Toshkentga qaytganda sog’lig’ini ham yo’qotgandi. Ammo dahshatlisi keyin boshlandi. Besh ming dollar bu orada foyizi bilan o’n mingga chiqdi va qarz berganlar oxir oqibatda uning hovlisini olishdi. U hozir bolalari bilan singlisinikida yashayotgan ekan.

Shuni aytsalar kerak, tuyaqushning ortida yugurgan tovuqning holiga voy, deb. Ammo advokat tovuq emas… Balki bu erda bilganini bilmagan, o’qiganini uqmagan qozig’ini yo’qotar, degan gap to’g’ri kelishi mumkin.

Balki u shunchaki adashagan ham bo’lishi mumkin.

58.TANIQLI JURNALIST

O’zbeksitonda mashhur bo’lgan ayol jurnalistlardan biri ham dollar ishqiga tushibmi, Amerikadan borgan o’zbek “akaxon”ining gaplariga ishonibmi, xayollar mamlakatiga keldi.

U avvaliga o’zbek “akaxon”ning uyida cho’rilik qilishga majbur bo’ldi. Keyin undan pulini ham ololmadi. Boshqa o’zbeklar oraga tushib ishlaganlarining bir qismini o’ndirib berishdi. Yaxshiyamki u ingliz tilini bilar edi. Boshqa bir joydan ish topdi. Ishi yurishib ketdi.

O’zbeklardan inglizlar yaxshi ekan, deb og’zini to’ldirib gapirib ham yurdi. Ammo otasini o’ldirganni bir oyda unutib, “hap senimi” deb qo’yganimni bir umr unutmayman, degan gapni yodidan chiqargandi.

Bir kuni muhojirlar idorasidan kelib uni tekshirishdi va vizasining muddati o’tgani uchun pasportiga AQSh ga qaytib kiritilmasin, degan muhrni urib chiqarib yuborishdi. Endi uni AQShga olib kelgan o’zbek akaxon maqtanib yuribdi, o’zim olib keldim, o’zim jo’natib yubordim.

Ma’lum bo’lishicha u viza muddati tugashini kutib yurgan va vaqt kelishi bilan muhojirlar idorasiga telefon qilib aytgan ekan. Ana shunaqa, ishonmagin akangga, akang sotar yakanga, deganlar.

Ammo bu safar taniqli jurnalistni “akaxoni” yakanga ham emas, yakansiz-pakansiz shunchaki sotib yubordi.

59. “BOLAM-A, BOLAM!”

Saidning otasi Termezdan Afg’onistonga o’tib ketgan ekan. U oilali bo’lgach, Amerikaga olti bolasi bilan keldi. Amerikada bir bolasi bo’lganlarning fig’oni falakda bo’lgan bir paytda Saidni ko’rishganda unga qanchalik achinishganini tasavvur qilish qiyin emas. Said avvaliga oilani o’zi bilganidek boshqardi. Bolalarini istasa so’kar, istasa urar, istasa suyar edi. Vaqt o’tishi bilan bolalari maktabdan yangiliklar topib kela boshladilar:

-Ota-onalar bolalarini urishi mumkin emas ekan,- deyishdi ular.

-Bekor aytibdi o’qituvchilaring,- javob qildi Said.

-Agar ota-onalar bolalarini ursa, ular darhol politsiyaga telefon qilishi kerak ekan, -dedi bolalar.

-O’qituvchingni padariga la’nat, -dedi Said va maktabga bordi.

-Bolalarim oiladan uzoqlashayati,- dedi u,- bizning yo’limizga yurishlari uchun sizlar ham yordam qilsangizlar degandim.

-Kechirasiz, biz ularga o’z yo’llarini ko’rsatishga urinayapmizu siz bo’lsangiz teskarisini talab qilayapsiz. Bolalar mustaqil bo’lishlari kerak, o’shanda mamlakat ham mustaqil bo’ladi.

-Said boshini devorga ursa qon chiqmas holga tushdi. Bolalari “g’idi-bidi” qilishganda yana uraverdi.

Bir kuni o’g’li 9-11 raqamini tergandi, uyining oldiga bir zumda uch-to’rtta politsiya hamda o’t ochirish va tez yordam mashinalari shovqin-suron bilan etib keldi. Qamoqqa ketishdan arang qutulib qoldi.

-Dada, agar yana urishsangiz chiqib ketishim kerak ekan,-dedi o’g’li orada tarjimonlik qilib,- ota-onasi bilan kelishmaganlar uchun maxsus uy bor ekan. Hamma narsani bepul berishar ekan.

-Kerak bo’lsa yana uraman, dedi Said,- mani qamaydi degan eding, olib ketishmadiku!

-Men urganlari yo’q, urmoqchi bo’ldilar ,-deb aytdim,-dedi bolasi.

Endi Said jahli chiqqanda “Bolama-bolam”, degan ashulani xirgoyi qiladigan bo’ldi.

Oxir oqibat yoshi bir joyga etganda bolalari uni uyidan quvishibdi. Yaqinda uni katta bir do’konda ko’rib qoldim. Ikki yildirki o’zi tengi bir qora tanli chol bilan yashayotgan ekan.

-Otam 103 kirgan. Men otamdan o’taman,-dedi u.-Har kuni mana shu erda ikki soat to’xtamasdan u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa yuraman. Salomatligim mustahkam.

Oilasi haqida so’ragandim׃

-Ular o’z yo’liga men o’z yo’limga. Har kim o’zi uchun yashashi kerak!-dedi va shaxdam qadam tashlab yo’lida davom etdi.

60. O’Z USTIDAN KULISh

Kavsar opa va Umar aka …Bu oila Turkiya orqali ko’chib kelgan o’zbeklardan. Ular
ikki qizidan faqat bitta narsani iltimos qilardilar.

-Hamma aytganingizni qilamiz, mashina ham olib beramiz, o’qishingziga pul ham beramiz, faqat, bir kun amerikalikni etaklab kelmanglar,- deyishradi ular.

Qizlarning kattasi universitetni bitirar ekan, bir kuni malla bir yigitning qo’lidan ushlab uyiga olib keldi.

-Shu yigit bilan to’y bo’lmoqchimiz,- dedi qizi.

Umar akaning oyog’i erdan uzilgandek gursillab yiqildi. Kavsar opa ham unga qarab turib yiqilib qoldi. Anchadan keyin o’ziga kelgan Umar aka qizini oq qildi. Qizi oq qilgani nima ekanligini tushunmadi ham. Uni uydan quvishdi. Yoshlar chiqib ketishdi va oila qurib yashay boshladilar. Bir yilga bormasdan oila yurmadi. Ajraldilar. Qiz ko’chada qoldi. Ota-onada, nima qilishsin, uyga olib kelishdi. Bir ketib ikki bo’lib qaytgandi qiz. Nevaralari ham mallavoy.
Kavsar opa hali ham hech kimga gap bermaydi. Davralarning to’rini egallab oladi. Yaqinda qizi haqidagi yuqoridagi gaplarni og’zini to’ldirib latifa qilib aytib berdi.

-Qizim bir muddat boshimizni erga qaratding-a- desa,m,- Mam, menku chiqib keldim, boshqalarning qizi hali ham birga yashab yuribdi, deb hazil qiladi, juvonmarg bo’lmag’ur. Ammo bolasi biram shirinki asti qo’yaverasiz. Senga amerikalikka tegma, deb 20 yil gapirdik, lekin qulog’ingga olamding, desam׃

-Nega, oldim-ku, u yigit amerikalik emas, kanadalik edi,- deydi.

Amerika shunaqa, o’z ustidan kulishni ham o’rgatadi.

61.”TURKIYaGA KETAMAN!”

Kavsar opa bilan Umar aka Amerikaga kelgan kunlaridan buyon mana 20 yildir-ki doim g’arb hayotidan shikoyat qilar va pensiyaga chiqdik-mi Turkiyaga ketamiz der ekanlar. Orada ikki marta ketib qolibdilar ham.
Birinchisida, Umar aka Istanbulda avtobusga minib tiqilinchda bo’g’ilib o’lishiga oz qolgach, darhol safar xaltasini oraqlab qaytib kelishgan ekan.
Ikkinchisida, Kavsar opa bozorlik qilib qaytayotganda sumkasidan hujjatlariyu pullarini olib qochishibdi. Mirshablarga borishsa, ” Sizlar kurdmisizlar?” deb so’rashibdi.
-Nima deyapsiz, biz asl turklarmiz,- deyishgan ekan׃
-Asl turklar qachondan beri kurdlarning lahchasida gapiradigan bo’lishdi?-deb arz-dodlariga quloq ham solishmabdi.
Shundan keyin yana Amerikaga qaytib shu erda hujjatlarni qaytadan tiklashibdi. Yaqinda Umar aka pensiyaga chiqdi. Kavsar opaning ham pensiyaga chiqishini kutmoqda. Keyin Turkiyaga ketar ekanlar.
-Butunlay ketamiz.- deyisharkan bilganlar hazillashib:
-Bularning “butunlay” deganlari “bir necha kunga” degan ma’noni anglatadi,- deb kinoya qilib yurishibdi.
62.OYoG’I va QO’LINI SINDIRDI
Umar aka xotini o’zidan 20 yilga yosh ekanidan hayotda ko’p qiynaldi. Mana yana qiynalib yuribdi. U pensiyaga chiqdi, endi xotinini kutishi kerak. Kavsar opaning yoshi pensiya eshigiga kelganda Umar aka narigi dunyolik bo’lib qoladi. Shuning uchun ham har kun janjal. Kavsar opa ishni tashlab ketgisi kelmaydi. Pensiyaga etib borsa mo’maygina pul olib yashaydi. Qariganda ersiz qolib ketishi aniq. Kimning qo’liga qaraydi? Amerikada bolalardan umid yo’q. Katta xizmat qilishsa qariyalar uyiga olib borib qo’yishadi.
Eri unga maslahat berdi׃
-Nogironlik pensiyasiga chiqsang bo’lmaydimi?
-Soppa-sog’man-ku, qanday qilib chiqaman, bu er Turkiya emaski, rishvat berib ishni bitirsak.
Xullas, yo’lini topishdi. Kavsar opa ishxonasida o’zini zinapoyadan pastga tashlab yubordi. Qo’li va oyog’i sindi. Xuddi o’ylaganidek oyog’i tizzasidan sindi. Tizzasiga tuz to’plangani uchun bitishi qiyin bo’ladi-da. Amaliyot qilishdi. Og’riyapti, deb yana do’xtirga bordi. Do’xtirlar hayron. Nega og’riydi? Oxiri yana amaliyot qilishdi. Kavsar opaning esa, shikoyati bitmas edi. Nogironlikka chiqishi uchun do’xtirlar qog’oz bermas, u ham o’jarligidan qolmas edi, bir kun ishxonasidan qog’oz keldi. Unda “Ishga chiqmaganingizga olti oydan oshib ketgani uchun biz sizni bo’shatishga majbur bo’ldik” deyilgan edi.
Oyog’u qo’lning singani foydaga qoldi, degan gap shundan keyin o’rtaga chiqdi.

63.MATONATXON

Xorijda tug’ilib o’sgan Matonatxon bir qarashda O’zbekiston, o’zbeklar uchun jonini ham berishga tayyordek ko’rinadi. Agar uyiga mehmon bo’lib borsangiz yoki biror joyda uchratib qolsangiz, darhol so’roqqa tutadi:

-Ukajon, Vatan uchun nima qilayapsiz? Falon joyda falon narsa bo’libdi, shuni yozdingiz-mi? Falon kuni falon joyda tadbir bor ekan, albatta boring, iloji bo’lsa so’zga chiqing, – deydi.

Ammo o’zi bunday tadbirlardan uzoq yuradi. Bir kuni u bilan Islom Karimov haqida gaplashib qoldik.

– Qo’ying shu haqda gaplashmaylik, bu dunyoda hech kim abadiy emas, Xudo uning ham jonini oladi bir kun, biznikini ham…-dedi.

-Men uni o’ldiraylik, deyayotganim yo’q, aksincha uzoq yashasin, qilmishlari O’zbekistonni qaerga etaklaganini o’z ko’zi bilan ko’rsin,-dedim.-Butun umr sarobga ishonganini, zulmning oxiri voyligini o’z ko’zi bilan ko’rib ketsin, shuning uchun ham unga uzoq umr tilab yuraman.Faqat bu odam millatning ham, mamlakatning ham yo’liga to’g’anoq bo’lganini biz aytmasak, kim aytadi?

– Ko’p ham unday emas, O’zbekistonga bormaganingizga ancha bo’lgan, oldin bir borib ko’ring, Toshkentni gulday qilib yuborganlar, ana qasrlaru mana qasrlar, G’arbdan hech qolishadigan joyi yo’q. O’zbekiston o’zi ishlab chiqargan engil mashinalar ko’chalarda g’izillab qatnamoqda. Bozorlarda hamma narsa bor. Birov unday, birov bunday, hamma joyda ham etishmovchilk bo’ladi. Buning uchun poshshoni ayblash kerak emas. U bir o’zi, nima ham qilsin, bechora. Qo’lidan kelganini ayamayapti.

-Yangi latifani eshitmadingiz-mi,- deya uning gapini bo’ldim.

-Qanaqa latifa ekan?

-Karimov, Akaev va Nazarboev choy ichib o’tirishgan ekan. Karimov “Mana men juda ko’p qurilishlar qildim, o’zimizning engil mashinani chiqradim…” deb butun obodongarchilikarni bir – bir sanab, maqtanib, keyin Akaev va Nazarboevdan “Qani, sizlar nima qildingizlar?” deb so’rabdi. Ular bir og’izdan “Siz kabi unaqa ishlardan qila olmadik, ammo har bir qozoq va qirg’zining uyiga oltitadan o’zbekni mardikor qilib bog’ladik” deyishibdi…

-Ha, nima bo’pti,- dedi opa,-har kim istagan joyida rizqini teradi. Kecha qozoq va qirg’izlar o’zbekning mardikori bo’lsa, bugun o’zbek unikiga boribdi. Mehnatning uyat joyi yo’q.

-Chegaralarni yopib tashladi. Minalar to’shadi. Qancha odam o’lib ketmoqda. Buning ustiga ichkarida ham mahalliychilikni rivojlantirdi. Karimov mamlakatni shunday holga soldiki, undan keyin vaziyat juda yomon bo’ladi. Hatto parchalanishga borishi mumkin,- deya unga tushuntirishga urindim.

-Sizlar shunaqa niyat qilsangizlar parchalanishi ham mumkin. Mana biz mustaqil bo’lsin, deb niyat qildik, bo’ldi. Yaxshi niyat qiling, uka!-dedi u buyruq ohangida.

-Agar hamma narsa niyatga bog’liq bo’lganda edi-ku ko’p narsalar boshqacha bo’lardi,- deb, begunoh odamlarni qamab yuborayotgani, hatto bolalari uchun ota-onalarni, qarindoshlarini ham qamayotgani, o’n gulidan bir guli ochilmagan yigitlar qamoqlarda o’ldirilayotgani, mustaqillik uchun kurashganlarni xor-zor qilgani, odamlar iqtisodiy girdob ichiga tushib qolgani, ayollar mardikorlik qilishayotgani, erlar ish qidirib dunyoga sochilib ketgani, hatto tobutni ko’tarish ham ayollarga qolgani, jamiyat chirib bitayotgani, mamlakatning butun boyliklari bir hovuch odamlarning qo’liga o’tib qolgani kabi faktlarni gapirib bersam, u pinagini buzmay:

-Faqat qorani qidirmang uka, yaxshilari ham bor. Mana mening akam, ukam, jiyanlarim o’n yildan beri borib keladilar. Toshkentdan uy ham oldilar. Men ham bitta uy olib qo’ydim. Er ham sotib oldik. Do’konlar ochdik. Birov mushugimizni pisht, deyayotgani yo’q,-dedi.

Men bir qancha odamlar O’zbekistonda ish boshlab, topgan tutganlaridan ayrilib qaytganlarini aytdim.

-Ularni taniyman. Ba’zilari sizga o’xshab “nega anu bunday emas, manabu unday emas” degan-da, chetdan bording-mi, nima qilasan ichki masalaga aralashib? Ba’zilari esa, o’sha erdagilarga bir narsa berib turmagan. Faqat o’zini o’ylaydimi? Ularga ham bir narsa berib tursin-da! Yana bir guruhi esa, poshshoning oldingi qudalariga yaqin bo’lgan odamlar. Ularni gapiga ishonmang, Toshkentga boring, Islom otani bir maqtab qo’ying-da ishingizni bitirib ketavering, hech kim sizga bir nima demaydi, mana meni aytdi, deysiz. Meni hatto elchixonaga chaqirib, u bu narsa berib, tarqatib turing, prezidentimizni tanitib turing, deydigan bo’lishdi. Ziyofatlarga, kechalarga ham chaqirib turadilar. Lekin hammasidan ko’z yumsangiz ham tinchlikni shu odam qoyim qilganidan ko’z yummang, uka!

-Tinchlikni u odam jarning yoqasiga olib kelgandi. Amerikaliklar saqlab qoldi,-dedim men biroz e’tirozli ohangda.

– Amerikangiz bekordan-bekorga bir ish qilib bermaydi!

Endi tortishuvga nuqta qo’ymoqchi edim, ammo gapim ichimda qolmasin, dedim-da aytib qo’ya qoldim׃

-Bir kun non-tuz totgan uyga qirq kun salom ber, deganlar. Sizga boshpana bergan, butun avlodlaringiz bilan ko’chada qolganingizda o’limdan saqlab qolgan, biringizni ikki qilgan, bugun O’zbekistonda qatorlashtirib uylar sotib olishingizga imkon yaratagan shu Amerika-ku! Nega unda qasamyod qilib, fuqaro bo’lgansiz, O’zbekistonda olam guliston bo’lsa, nega ko’chib ketmaysiz ?

Matonat opa jahl bilan qo’l siltab׃

-Sizni ham sotib olibdi bular,-dedi-da ketib qoldi.

-Ha, sotilmagan bitta siz qolgansiz!

Ammo u bu gapimni eshitmadi.

64.UChINChI ODAM

Amerikada birinchi kitobim chiqqan kunlar edi. Bir kuni uyga uch nafar tanishim kelib qolishdi. Ularga kitobimni ko’rsatdim.

-Bu judda katta voqea,-dedi ulardan biri.- Kelganingizga endi to’rt yil bo’ldiyu ingliz tilida, yana ilmiy kitob chiqarishingiz, bu o’z mamlakatingizda qadringizga etmaganlari uchun Allohning sizga ko’rsatgan bir karomatidir. Bu ana u safsata sotib yurgan do’stlaringiz uchun ham bir tarsaki. Umrlarini mish-mish, ig’voga sarflaganlaricha ana shunday qoladigan ishlar qilsalarku bugunga qadar ancha oldinga ketgan bo’lardik. Men siz bilan faxrlanaman, shunday hamyurtimiz borligidan quvonaman…

-Uning bu qadar maqtashidan noqulay ahvolga tushdim. Chunki bu qadar osmonga ko’taradigan emas, balki kamtarona bir ish qilgandim, xolos. Uni ham amerikalik bir olim bilan birgalikda qilganmiz. Koshki ko’rsatmasaydim, deb o’yladim. U esa, yana uzoq gapirdi va kitobni ikkinchi mehmonga uzatdi.

-Qutlayman,-dedi u qo’liga shokolad olgan boladay quvonib.- Bu kitobdan bizga ham bersangiz, bolalarimizga ibrat qilib ko’rsatar edik. Biz Afg’onistondan kelganlar nima uchundir ilm-fanga uncha e’tibor bermadik. O’zbekistondan kelganlar esa, bu borada ancha durust. Ularning bolalari ham uncha – buncha tanilib qolishmoqda. O’zlari esa, sizga o’xshab mana shunaqa ishlar qilmoqdalar.

-Ko’p ham unday emas,-deya e’tiroz bildirishga og’iz juftlagan edim, u׃
-Shunday,-deya gapimni kesdi-da kitobni u uchinchi mehmonga uzatdi.

U negadir qo’liga qabr toshini olgandek rangi oqarib ketdi. Indamay kitobga qarab o’tiraverdi. Kitob uning qo’lida tobora og’irlashib borayotgan va u esa, cho’kib ketayotgandek edi. Oshxonadan umr yo’ldoshimning “choy tayyor!” degan gapini eshitib, o’rnimdan turib, uning yoniga bordim.

-Kelgan mehmonga avval kitob emas, choy beradilar,-dedi umr yo’ldoshim.

U to’g’ri aytayotgandi. Ammo ish-ishdan kechgandi. Mehmonlar oldiga dasturxon yozilib, choy olib kelinganda ham uchinchi odam kitobni tizzasida olib o’tirar va lom-mim demasdi. Dasturxonga osh kelganda u indamay o’rnidan turdi-da kitobni javonga qo’ydi. U hatto “Tabriklayman” ham demagani diqqatimni tortdi. Oldingi ikki kishining gaplaridan ranjidi, shekilli, deb e’tibor berdim. U ikki soat davomida u hech gapga ham qo’shilmadi. Mehmonlar ketish oldidan meni yana bir tabriklashar ekan, uchinchi odam tumshug’ini osiltirgancha tashqariga chiqdiyu birdan oltin topgandek yuziga yorug’lik yugurdi.

-Kecha Amerikaga yaqinda kelgan Olimjon degan yigit ishga kirish uchun tarjimai holini yuboribdi. Har ehtimolga ko’ra hammaga tarqatib qo’ymoqdaman, balki ish topilsa, xabar qilarsizlar, debdi. Ammo qoyil qoldim. Amerikaga kelganimga yigirma yildan oshdiyu birinchi marta bunaqa pishiq yozilgan tarjimai holni ko’rdim. Juda bilimli bola ekan.Talantiga qoyil qoldim,-dedi.

U balki meni ranjitmoqchi bo’lib bu gapni aytgandir, lekin men xursand bo’ldim. Chunki o’sha yigit iltimos qilib kelganda tarjimai holini men yozib bergandim-da.

65. ROHATOY

Toshkentda Rohatoy toshdan sut sog’ib olaman, desa, shuni uddasidan chiqadigan deb aytishar ekan. U melisada ishlagan erini ham dog’da qoldirib, uchta bolasini ham olib, hali qizlarning boldirini ko’rmagan yigitcha bilan Amerikaga qochib kelibdi. Uning O’zbekiston pasporti ham, Amerikadan olgan “grin kardi”(yashil kartasi) ham bor ekan. Istasa unisini ishga soladi, istasa bunisini. Bu erda u bir joyga ishga o’tdi. Boshliq qarib qolgan bo’lsa ham ko’ngli yoshlardan edi. U bilan birga restoranlarga borib, birga chekib, birga ichib yurdi. Ishdan keyin ham ikkalasi qolar va ora bir kun Rohatoy mukofot olar edi.

Majlislarda boshliq uni maqtab, “Rohatoy nafaqat ingliz tilini, balki rus tilini, o’zbek va hatto tojik tilini ham biladi. Mushtariylarimiz uning faoliyatiga katta baho berishmoqda. Shuning uchun unga mukofot ham berdik, maoshini ham oshirdik”derdi. Rohatoyning ingliz tilida “olma terishni” “suvda cho’milish” deb gapirishini, esi ham biroz kirdi-chiqdi ekanligini bilganlar esa, miyig’larida kulib qo’yardilar.

Ishi yurishmagan kuni boshliqning huzuriga kirib oyog’ining teppa boldirlarini ko’rsatib qo’ygan Rohatoy ko’zi o’ynab qolgan boshliqning qo’lini mehr bilan ushlab, iyagini silab, elkasini massaj qilib qo’yardi. Boshliq darhol ishni o’zi bitirib kelar va Rohatoyning elkasiga bir qoqib qo’yardi. Bu esa, “Qarzdorsiz, bugun ishdan keyin qolasiz”degani bo’lardi.

Shu zayl ikkalasining hangomasi og’izlarga tushdi. Ammo bir kun boshliq to’satdan Rohatoyni bo’shatib yubordi. Hamma hayron edi. Keyin bilib qolishsa hangomalar boshliqning xotinining qulog’iga etib qolibdi. Amerikaning O’zbekistondan yana bir farqi shuki, bunday holda xotin ishxonaga kelib, “kundoshi”ning sochini yulmaydi.

Boshliqning xotini eriga uchta shart aytibdi׃
1.Uydan chiqib ketish.
2.Ishdan bo’shash.
3.Uni ishdan haydash.

-Shu bittasini tanla,-debdi.

Shunaqa, Rohatoy Amerikada toshdan sut sog’ib ololmadi…

66. YaNA ROHATOY

Rohatoy pixini yorgan ekan, bo’sh kelmadi. Darhol xuddi oldingi kabi “uchar” odam boshliq bo’lgan boshqa bir idoraga ishga kirdi. Bu idorada boshliqning oldingi “hangomasi”, endigi dushmani ham ishlardi. Ammo u qarib, quyilib qolgan, sigaret chekkandan nafrat qilar, aroq ichganni yuziga qaramas, erkaklar bilan pana-panada pisir-xisir qiladiganlarni esa, ochiqdan-ochiq shikoyat qilardi. Boshliq uning pati yulinib, popugi pasayib qolgan, deb parvo qilmadi.

Rohatoy esa, boshliqning u yoq-bu yog’ini ushlab qo’yib, ishini bitirib ketaverdi. Boshliqning xotiniga esa, hadya tashib, uni ham massaj qilib, ko’nglini olib turdi. Hadyaning pulini esa, boshliq idorada mukofot bilan “to’lab “ turdi. Shu zayl ularning kitoblari shirin hikoyalar bilan to’lib boraverdi.

Ko’pchilikning hayron bo’lgani boshliqning oldingi “nozanini” yangisi bilan juda qalin ekanligi edi. Ular shunchalik apoq-chapoq edilarki, bular bir-birlarining ich-kiyimlarini ham almashib kiyib ketaveradilar, degan gap tarqaldi. Har holda orqavorotdan boshliqning ham astar-avrasini ag’darib turishsa kerak, birgalikda.

Lekin bu ishning siri oldingi xonim nafaqaga ketadigan kunlar ochilib qoldi. U boshliqlar va xodimlar munosabatini nazorat qiladigan idoraga borib, hamma gapni aytib beribdi va boshliqni Rohatoy bilan ishdan keyin kabinetda bir-birlariga kabutarlardek yopishib o’tirgan holatlarida ushlatibdi. Ikkalsini ham ishdan haydashdi.

Oldingi xonim xayrlashib ketar ekan׃
-O’zbekistondan kelib Amerikada bizga dars beradiganini ana shunday “mulla” qilib qo’yadigan kuchimiz bor,- dedi.

Rohatoy esa :
-Bilmasam, maktabda darslarimni qilib kelmagan kuni, a’lochi bolalardan birining oyog’ini ushlab qo’ysam, bas, darrov uy vazifalarini ko’chirishga berardi, u ham besh olgan, men ham besh olgan bo’lardim. Amerikada esa, bu tajriba oqsab qolmoqda,-deb noliganmish hatto o’shanda.

Lekin bu hikoyani oldinroq aytib bergan tanishim yaqinda yana mehmonga kelganda, Rohatoy yana bir idoraga ishga o’tganini aytdi. Lekin bu safar tajribasi qo’l kelayotganmish. Amerikani oz-moz tushunib qolganim uchun, oxiri baxayr bo’lsin, deb qo’ydim men.

67. AHAD ANDIJON

Turkiyaga kelib iqtisody jihatdan qiynalib qolganimda tanish bo’lib qolganimiz, taniqli doktor va jamoat arbobi Ahad Andijonga telefon qildim. U׃
-Ertaga ertlab “Ixlos xolding” yonida uchrashaylik,-dedi.
-Qaerdaligini bilmayman,-dedim
-Bo’lmasa soat to’qqizda Eminonu degan joyga keling, o’sha erda kutaman,-dedi.
Men aytilgan joyga hamma vaqt kamida 15-20 daqiqa oldin etib borishga odatlanganman. Bu joyga yarim soat oldin keldim. Qarasam Ahad aka (U mendan besh yoshga katta-JM) kutib turgan ekan. Birgalikda yuqoriga qarab yurdik. Ko’p o’tmay “Ixlos xolding” binosi yoniga keldik. (Bugun mazkur xolding binosi shahar markazidan tashqarida, u paytda markazda, yopiq bozorning biqinida edi).
Bizni mazkur xolding rahbari va sohibi Anvar O’ranning maslahatchisi Navzot Yolchintosh degan odam kutib turgan ekan. Hamma uni “Xo’ja” der ekan. Ahad aka ham unga shunday murojaat qildi. Xo’ja mulozimat maktabining mahoratli ustasi ekan, bizni juda iliq qarshiladi. Ahad aka meni biroz maqtagan bo’lib, Navzot Xo’jadan gazetaga ishga olishni iltimos qildi.
Xo’ja meni olib qolib, Ahad akani tashqariga qadar kuzatib qo’ydi.
-O’zbeklardan chiqqan daho u,-dedi qaytib kelib.-Bunaqa jarroh Turkiyada bitta. Huv o’sha Boshqonlar ham amaliyotni faqat Ahad Beyga ishonadi.
Men quvonib ketdim. Bir o’zbek haqida shunday gaplar eshitish haqiqatdan ham quvonarli edi.
U yoq-bu yoqdan ancha gaplashib o’tirdik, kofe, keyin ketma-ket choy ichgan bo’ldik. Bir payt Xo’janing kotibi׃
-Keldilar,-dedi.
Xo’ja meni Anvar O’ranning huzuriga olib kirdi. Anvar O’ran mamlakat ichidagi kichik bir mamlakatning rahbari edi. O’zining zavod-fabrikalari, bank tizimi, gazeta, jurnal, televidenie (TGRT), radiosi bor va Bosh vazirlar uning oyog’iga keladigan bir rahbar edi.
-Bu millatvakili (Turkiyada deputalikdan ketgan bo’lsangiz ham nomingizga millatvakili so’zi qo’shib aytilar ekan-JM) bo’lmish qardoshimizni Ahad Beyning o’zlari boshlab keldilar. Ul zotning ishlari ko’p bo’lganini bilganim uchun kuttirmadim,-dedi Xo’ja va Anvar O’ranga muddaoni tushuntirdi.
-Andijondanmisiz?-dedi Anvar O’ran turklar kabi sensirab emas, balki sizlab.
Buning o’zi uning bizning odatlarni qanchalik yaxshi bilishini ko’rsatar edi. Men hayron edim. Xo’ja faqat Ahad Bey deb aytdi. Andijon degan gapni aytmadi. Ammo Anvar O’ran darhol angladi. Men unga Samarqanddan ekanligimni aytdim.
-Motrudiy hazratlarining makonidanmisiz?-deya Anvar O’ran o’rnidan turib aylanib men tomonga keldi va quchoqlashib ko’rishdi.-Zap bizga kerak odam ekansiz. Biz Samarqandda Motrudiy hazratlarining uy-muzeyini yaratmoqchimiz. Qimmatli maslahatingiz kerak bo’ladi. Biz sobiq sho’rolar o’rnidaga o’lkalarga ham ochilmoqchimiz. Sizni yarataganning o’zi yubordi, Ahad Beyga ham shukronimiz bor.
Keyin Xo’jaga yuzlanib׃
-Bugundan boshlab, istasalar Turkiya gazetasida, istasalar TGRTda , istasalar sizning yoningizda ishlasinlar,-dedi.
Men Turkiya gazetasini tanladim. Lekin o’sha kun o’zbek bo’lganimga iftixor qildim. Ahad Andijonning vatandoshi bo’lganimdan g’ururlandim. Gazetada ishlagan yillarimda ana shu g’ururga sodiq qolishga intildim va uch yarim yildan keyin AQShga ketishimda Xo’ja Ahad Andijon nomiga ham minnatdorchilik bildirdi.
Ahad aka bilan ko’p muloqotlar qilganmiz. Kamtar, ko’ngli ochiq odam. Quloqlashtirish davrida Ahad akaning ota-bobosining mol-mulki tortib olingan va otasi uch farzandini olib, 1932 yilda Afg’onistonga o’tgan. U paytda Ahad Andijon chaqaloq bo’lgan ekan. Keyin Turkiyaga ko’chib kelishgan. O’zbeklar o’rnashgan Adana shahrida bir muddat turib Oq Shaharga ko’chishgan. Ahad aka Istanbul dorilfununida tibbiyotni o’qib, shu erda dissertatsiyasini yoqlab fan doktori, professor bo’lgan.
U prezident Turgut O’zalning maslahatchisi, Ona vatan partiyasi rais o’rinbosari va millatvakili, Turkiy jumhuriyatlar bo’yicha Davlat vaziri, Hukumatning matbuot kotibi bo’lgan. Umr yo’ldoshi ham doktor. Ikki farzandi bor.
Ahad Andijon uzoq vaqt “Turkistonliklar” jamiyatining raisi bo’lgan va mintaqa haqida juda ko’p ilmiy, ijtimoiy va siyosiy mavzulardagi asarlar muallifidir.
Men xorijga kelib tanishgan, yaxshiligidan bahramand bo’lganim, do’stlashganimdan iftixor tuyganim o’zbeklardan biri Ahad Andijondir va haliga qadar boshqa o’zbeklarning ham uning kabi bo’lishini orzu qilib yuraman.

68. MANFAAT

Radioga kelganimda meni hayratga solgani bu erda qalam haqi berilmasligi bo’lgandi.
Hech esimdan chiqmaydi. Bu radio haqida tasavvurim ham yo’q edi. Ba’zan eshitib qolsam, darhol o’chirar edim. Uyg’urcha deb o’ylardim. Ammo ruschasi ancha dovruq qozongan edi.
Xullas, bir kun muxolifatdagi tanishlarimdan biri shu radioga intervyu berishimni so’radi.
-Ammo oldindan aytib qo’yay, qalam haqini o’zlari o’zlashtirishadi, sizga berishmaydi, men juda ko’p gap ochdim ham bo’lmadi…,-dedi u.
Haligi tanishim bepul xizmat joniga tegib, meni tavsiya qilgan ekan. Gapning ochig’i men ham o’shanda unga va keyin menga ham qalam haqi berishmaganidan ranjigandim. Chunki biz hamma vaqt yozganimizga qalam haqi olardik va bu qonuniy qoida edi.
Radioga kelganimdan keyin kim bilan suhbat uyushtirmayin xayolimdan qalam haqi haqida gap ochsa nima deyman degan gap o’tardi. Ba’zan hammadan oldin “Bu erda qalam haqi berilmas ekan” degan gapni aytib qo’yadigan bo’ldim.
Boshliqlar bilan tortisha-tortisha hech bo’lmasa hamkorlarga qalam haqi berish masalasini hal qildik.
Eng ko’p va eng xo’p yozadigan Gulchehra Nurullaeva edilar.
Opa har doim lovullab turgan nurli alanga, sho”lador gulxan edilar va sovuqdan qaqshagan har qanday odam bu olovning taftida o’ziga kelardi. Gulchehra opa nafaqat ulkan shoira, buyuk iste’dod sohibasi va ayni paytda uncha-buncha jurnalistni mot qilib qilib qo’yadigan va katta harflar bilan yoziladigan JURNALIST hamdir.
Opaning yozgan har bir asari, aytgan har bir so’zi, topgan har bir mavzusi favqulodda muhim va dillarga yaqin, xalq dardining ko’zgo’zi bo’lgani uchun meni rom etardi.
Lekin endigina bu sohaga qadam qo’ygan va bunda ham taxallus bilangina yozadigan bir “hamkor” doim opani ig’vo qila boshladi. O’zbekistonda juda muhim voqealar bo’layotgani va opa buni yoritmayotganidan shikoyat qilib xatlar yuborar va suhbatlarimizda ham buni albatta qistirib o’tar edi. O’zi esa juda qo’rqoq. Garchi taxallus bilan yozsa ham bir marta Karimov nomini tilga olgan emas. Men suhbatlar paytida gapni olib borib Karimovga bog’lar edim, ammo u “hukumat” deyishdan nariga o’tmas edi. Gulchehra opa esa aksi, hamma baloning ildizi Karimovda ekanligini dangal aytib qo’ya qoladigan jasoratli jurnalist.
Bu bola keyin boshliqlar nazdida opani yomonotliq qilishga urindi. Oxiri Gulchehra opaning qalam haqini kesadigan bo’lishdi.
-U holda men o’z maoshimdan yuboraman,-dedim boshliqqa.
Boshliq xayolga botib qoldi va bir zumdan keyin haligi bolaga telefon qildi. Biroz gaplashgandan keyin teelfon dastasini devorga tutib turdi.
-Gulchehra opaning o’rniga xotinimni oling deb so’rayapti,-dedida telefon go’shagini joyiga qo’ydi.
Ko’z oldim qorong’ulashib ketdi.

69.TARIXChI OLIM

U bilan bir gaplashgan odam uning bilimi qandayligini darhol his qilib olardi. Ammo uning bezbetligiga qoyil qolish kerak. Har bir aytgan gapi yolg’on bo’lib chiqaversa ham yana tirjayib boshqasini aytaverardi. U hamma joyda o’zini tarixchi olim, deb tanishtirib yurgan ekan. Bir ikki gaplashib ko’rdim, tarix u yoqda tursin, Turon, Turkiston, O’zbekistonni farqlay olmaydi.

Bir kuni menga telefon qildi:
-Siz shu narsalarni yaxshi bilasiz, ishxonamizda so’rashgan edi, bilmadim, ertaga bilib kelaman, deb aytdim. Turkiston deganlari bugungi Turkmanistonmi, yoki boshqa joymi? Kimdir Turkiston Qozog’istonda bo’lgan, deb aytuvdi-da,-deb so’radi.

Kulishimni ham, yig’lashimni ham bilmadim deganlaridek, nafasimni ichimga yutib unga tushuntirib bergan bo’ldim.

-Yo’g’-e,-dedi u.- shu Qozog’istondagi Turkiston avval ham shu bo’lgan bo’lsa kerak. Ilgari odam ham kam bo’lgan, joylar ham kichik bo’lgan. Turkistonning ichiga bugungi Markaziy Osiyo ham kirsa, Afg’onistonning, hatto Xitoyning bir bo’lagi kirsa… Yo’q, bunga hech kim ishonmaydi!- u odatdagidek o’z “bilimdonligini” ko’rsata boshladi.

-Ishonmasangiz ishonmang, lekin bu tarix,-dedim men.

Keyin Sharqiy va G’arbiy Turkiston haqida gapirib berdim.

– Ha, mayli, bir aytib ko’ray-chi,-deb telefon go’shagini qo’ydi u.

Ertasiga telefon qilib׃
-Siz Mozori Sharif Janubiy Turkistonda degan edingiz, lekin noto’g’ri aytibsiz, Shimoliy Turkistonda ekan. Hatto afg’onlar bu joyni “shamol”der ekanlar,-dedi.

Kulib yubordim va׃
-Agar Pokiston tomonda turgan bo’lsangiz Mozori Sharif shimolda bo’ladi, agar O’zbekiston tomonda bo’lsangiz janubiy Turkistonda bo’ladi,-dedim.

-Joyning nomi ham shunaqa o’zgaradimi?-deya ajablandi u.

Bu O’zbekistondan kelgan “tarixchi olim” edi. Menimcha u hammani tarixchiman, deb laqillatib yurgandi yoki diplom sotib olgan edi yoki menning tarixdan hech xabarim yo’q.

Buning qizig’i yo’q ekan. Chunki u Amerikaga kelib o’ziga munosib ishni topgandi.

70. KIMDIR SULTON…

Istanbuldan Amerikaga ketadigan kunlarimizda Zaytunburni mahallasida istiqomat qiladigan o’zbek tanishlarga “xayr-xo’sh” deyish uchun borsam, Amerikada yashab qaytgan bir kishi bilan tanishtirishdi. Gaplashib turgandik, ikki ayol kelib qolishdi, uning singillari ekan.

Tabiiyki, tabib tabib emas, boshiga tushgan tabib, deb bunday kezda ularga quloq tutasiz. Chunki Amerikadagi hayot bizga mutloq notanish bo’lgani uchun har qanday odamning ham aytganlari qiziq edi.

-Istanbula gelmakla bir yanglish yopmishsin, qardashim, dedi,- haligi kishi.- Shimdi, Amrikaya getmakla ikinji katani yapiyursin. Balalar o’z ena tillarini kayb etiyurlar, yuqatiyurlar, vatandan ayrilib qolajaklar…

Uning o’zi ham na o’zbekcha, na turkcha, balki uyg’urchaga yaqin bir aralash tilda gapirmoqda edi. Lekin ona tilining ahamiyati, bu tilni saqlab qolish muhimligi haqida ancha nasihat qildi.

Gapi to’g’ri edi. Biz Istanbulga kelganda bolalarning kichiklari, ekizlar 5 yoshda edilar. Ular maktabga borib Turkiya turkchasida o’qidilar va biz uyda har qancha o’zbekcha gapirmaylik, ular Turkiya turkchasida javob qilar edilar. Buning oldini olish mushkul edi. Ammo o’zbek tilini to’la tushunar edilar. Kattalari esa, o’zbekchani ham yo’qotmagan holda turkchani ham o’rgandilar. Lekin o’zbekcha gapirganda Turkiya turkchasining ta’siri sezilib turardi.

Haligi odam, Amerikaga borsak, bolalar izdan chiqib ketishini, dushmanga aylanishini, boshqa bir madaniyatning xizmatchisi bo’lishini uzoq tushuntirdi.

Amerikaga kelib ko’rdik-ki, vaziyat ko’p ham haligi odam aytgandek emas ekan. Bu erdagi maktablarda bolalarga o’z madaniyatini saqlab qolishga yo’l ko’rsatilar va bolalar qaysi maktablarda o’qigan bo’lsalar hammasida muallimlarning talabi bilan O’zbekiston burchagi tashkil qilishdi, milliy kiyimlardan olib borib qo’yishdi, O’zbekiston haqida maxsus loyihalar tayyorlashdi, kitobday keladigan hikoyalar yozishdi.

Amerika maktabi bolalarimizga O’zbekistonni bizdan ham ko’proq sevdirdi. Ular o’zbek bo’lganlaridan faxrlanishar, turli marosimlarda o’zbek kuy- qo’shiqlarini eshittirishar va boshqalarda ham qiziqish uyg’otishardi. O’zbekchalari ham rivojlanib qoldi. Ular o’zlari qiziqib o’zbek alifbosini o’rgana boshladilar. Bir so’z bilan ular ham, biz ham manun edik.

Yaqinda Turkiyadan kelgan bir kishiga bizga nasihat qilgan odamning gaplarini aytsam, u kuldi-da:

-Zap odamiga uchragan ekansiz,-dedi.- U oila degan narsadan nafrat qiladi. Oyog’i go’rga etib qoldi, uylangan emas, bolasi yo’q. Ammo birovlarning bolasi haqida gapirishni yoqtiradi, masxara qiladi, kuladi. Uning singillari ham umuman turmushga chiqmadilar. Ular ham akalariga o’xshab boshqalarning bolalarini gapirishdan bo’lak ishlari yo’q. Ularga sen avval bir bolani voyaga etkaz, ana undan keyin maslahat ber, deydigan mard yo’q,-dedi.

Dunyo shunaqa, qo’lidan ish kelmagan odam ishini bilganning ustidan kuladi, poraxo’r, o’g’ri o’z yo’liga to’g’ri yurgan odamni haqorat qiladi, oila nima, bola nimaligini bilmagan “yakkalar” esa, o’z holiga emas, boshqalarning holiga kuladilar, olmani qanday qilib ikkiga bo’lib eyish kerakligidan dars bermoqchi bo’ladilar, bir so’z bilan aytganda, kimdir sulton elning bazmida, kimdir sulton o’zin nazdida!

71.HOJIMUROD HOLVAChI

Yaqinda, yani 2004 yil, May oyining oxirida Hojimurod aka 86 yoshda olamdan o’tdilar. Asli O’zbekistonning Qarshi shahridan bo’lgan bu odam qizil imperiya istilosi paytida Vatanni tark etib, Afg’onistonga o’tgan va umrining oxirgi yillarida Amerikada yashagan edi.

Men Virjinia shtatiga ko’chib kelgan kunlarimda bu erdagi o’zbeklarni birlashtirib bir tashkilot tuzish harakatini boshladik. Yig’ilishlarimizdan birida yonimga novcha bir odam kelib o’tirdi va:

-Salom Jahongirjon,-dedi shirin bir ovozda.

Keyin o’zining kimligini aytib, “O’g’limni bilasiz, u “Ozodlik” radiosda ishlagan edi, Usmon Murod, shuning otasiman” dedi va o’g’lini ham yoniga chaqirdi. Usmon Murod bilan telefonda ko’p gaplashgan edik. Ammo ko’rishmagandik. Shu bahonada u bilan ham ko’rishdik.

Hojimurod aka bilan suhbatimiz qovushdi. U O’zbekistonda qiynalayotgan bechoralarga juda achinadigan odam ekan. Tez-tez borib kelishiga qaramasdan Karimov rejimini qo’rqmasdan yomonlashi bilan o’z tenqurlaridan ajralib turar edi. To’g’ri so’z va hamma gapni odamning yuziga aytadigan kishi ekan. Keyin ham qaerda bir ma’raka bo’lsa u yonimga kelib o’tirar va Vatan haqida ma’lumot olishga qiziqar yoki o’zi eshitganlarini aytib berardi.

Bir kuni “Amerika ovozi” dagi hamkasbim Abdul Mannon Keskin bir ro’molchaga o’ralgan va Samarqandda “Soch holva” deyiladigan Kunjit holvadan keltirdi va:

-Buni sizga Hojimurod aka berib yubordilar,-dedi.

-Vatanga borib kelibdilar-mi?-deb so’radim.

-Yo’q, u kishi qandolat va holva pishirib turadilar. Afg’onistonda do’konlari bor edi, bu erda havas uchun pishirib, yaqin do’stlariga tarqatadilar,-dedi Abdul Mannon aka.

Hojimurod akani oxirgi marta Abdul Mannon Keskinning uyida ko’rdim. Abdul Mannon akaning Saudiya Arabistonida bir qardoshi olamdan o’tgani munosabati bilan to’plangan edik. Hojimurod aka endi O’zbekistonga borib-kelgan ekanlar. Yonimga kelib o’tirdilar va:

-Samarqanddan salom,-dedilar. Keyin Urgutga borganlarini, u erdan jiyanlari bilan Samarqand shahriga kelayotganda men haqimda gapirsalar ular meni taniganini aytib qoldilar.

-Jahongir yashagan joyga olib bor dedim,-deya u kishi uyimizning yonidagi daraxtlarning qanaqa ekanligiga qadar aytib berdilar va:

-Jiyanlarim, “U kishining yaqinlarini so’roqlab kirsangiz bizga gap tegadi” degani uchun, ularga jahl qilib, uyingizni yonida u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa yurib, qaytdim,-dedilar.

O’shanda u kishi:

-Har safar Vatanga jon taslim qilish uchun borib, tirik kelayapman,-deb hazillashgandilar.

Oxirgi marta borishlaridan oldin machitga kirib “Meni duo qilinglar, Vatanda jon berayin” deb ketgan ekanlar. Orzulariga etib 86 yoshda Vatanda jon berdilar. Lekin Usmon Murodning ota vasiyatini bajarish uchun qilgan intilishlari zoe ketib, qolgan farzandlar va qarindoshlarning talabi bilan mayitni Amerikaga olib kelishdi.

Yaqinda bir pokistonlik Stafford degan joydan er sotib olib musulmonlarning mozorini tashkil etibdi. Amerikaning Janub va shimolini bog’laydigan 95 raqamli shoh yo’li bor. Vashingtondan janubga qarab yursangiz 140 raqamli kirish joyidan chapga qayrilib 4-5 kilometr yursangiz ana shu qabriston chiqadi. Hojimurod holvachini shu erga ko’mar ekanlar qabr boshida uch marta “U qanday inson edi?” deb so’raldi va ko’pchilik ko’zda yosh bilan “Yaxshi odam edilar” dedi. Ha, Hojimurod aka oshini oshab, yoshini yashashga muyassar bo’lgan yaxshi odam edi.

72.OZODLIK VA ZINDON

Hamkasbimning hikoyasi:
“Amerika ovozi”ning ancha yillar ilgari rahbari bo’lgan Q. vafot etib qoldi. U paytlarda jamoamiz butunlay tarqoq edi. Nima qilishni bilmay boshimiz qotdi. G’assol ham yo’q, hatto birortamiz janoza qanday o’qilishini ham bilmaymiz. Surishtirib, pokistonlik bir kishini topib, marhumning uyiga bordik. Xotini niyatimizni eshitib, avzoyi buzilib:

-U bir qancha yil avval bizning dinimizga o’tib, nasroniy bo’lgan. Shuning uchun o’zimiz xoxlagan kabi ko’mamiz, -dedi.

Shunday ham qilishdi. To’rt burchak qilib qazilgan, atrofi beton bilan mustahkamlangan chuqurga tobut bilan birga ko’mishdi. Juda hazinlik va ko’zda yosh bilan kuzatdik.

Rahmatli hayot ekanida dinini o’zgartirgani haqida hech narsa demagan, nazarimizda bir mo’min-musulmon bo’lib yurardi. Shuning uchun uni qabrga qo’yishlarini kutib, hamma ketib bo’lgandan keyin qabr boshida janoza o’qib qaytdik.

Keyin ko’rdikki, hamma ana shunday qabrga qo’yilar va sog’liqni saqlash tizimi o’zimizdagi kabi lahat kovlab, jasadni erga qo’yishga ruxsat bermas ekan.

Buni obrazli qilib aytsak, bizda tirikligingda qamoqdagi kabi hayot kechirsang hech bo’lmasa o’lgandan keyin erkinlika qovushasan. Bu erda esa, tirikliginda erkin bo’lib, o’lgandan keyin quti ichiga habs etilasan.

Tanlov, har kim istaganini tanlaydi.”

73. XATIChA OPA IBRATI

1998 yilning 28 fevral kuni biz oilamiz bilan Turkiyadan AQShning Oregon shtatiga keldik. U erda olti oy chamasi yashagandan keyin Virjiniya shtatiga ko’chdik. Oradan ko’p o’tmay bir kuni telefon jiringladi. Olsam, qo’ng’iroqday, jarangdor ovozli bir ayol. Uning o’zbekchasi sof adabiy tilda ekanligi meni hayratga soldi.

-Men Ergash akangizni ayoliman,-dedi u.

Ergash Shermat-Buloqboshi haqida ko’p eshitgan edim. Turkiston ozodligi uchun kurashgan siymolardan biri. U ”Amerika ovozi” radiosida ham ishlagan. Biz AQShga kelishimizdan oldinroq olamdan o’tgandi.

-Agar hafta oxirida kelinim bilan birgalikda kelib bir piyola choyimni ichsangizlar meni bag’oyat mamnun etardingizlar, bu mening sizlarga “Xush keldingiz!” deganim bo’ladi. Akangizni ruhini ham shod qilgan bo’lasizlar. Turkistondan kelgan har bir odam u kishining bir piyola choyini ichmasdan ketmas edi…

Aytilgan vaqtda aytilgan joyga bordik. Mashhur mehmonxonalardan birining oshxonasi…Borsak, MuhammadBobir Malikov va Abdurahim Po’latov ham oilalari bilan o’sha erda ekan.

Yoshi etmishga tomon odimlayotganiga qaramasdan Xaticha opa chaqqon, harakatchan, tetik. Har bir kishining ko’nglini topishga intilar va turmush o’rtog’ining Turkiston armoni haqida goh to’lqinlanib, goh iztirobga cho’mib, goh umidlarini bizlarga, keyingi avlodlarga bog’lab gapirardi.

Ergash aka olamdan o’tgandan keyin opa uning eng yaqin do’sti Boymirza Hayit va boshqalarning holidan ham xabar olib turar ekan.

U shu yoshida aeroportda ishlar va tez-tez Turkiyaga ham borib kelar, suhbatiga quloq solsangiz haqiqiy turk milliyotchisi edi…

Oshxonadagi ziyofatdan keyin opa uyiga chorladi va bir piyola choy ichib, Ergash akaning xotirasiga duo aytib qaytdik. Keyin ham hayitlar va bayramlarda opa uyiga taklif qilib turdi. Doim suhbat Turkiston, Ergash Shermat-Buloqboshi haqida edi.

Men har doim uning o’zbek tilini bu qadar chiroyli gapirishiga mahliyo edim. Bir kun shi haqda so’z ochdim.

-Ergash akangizga turmushga chiqqanimda o’zbek tilini bilmas edim. Tojik edim, u kishi bilan yashab o’zbek bo’ldim. Besh bolam bilan birga ayol qilib oldilar va menga muallim, ustoz bo’ldilar. Uka gap qonda emas, gap mana bu erda,-deb opa boshini ko’rsatdi.-Qancha-qancha vatandoshlarimiz bor, qonlari o’zbek bo’lgani bilan O’zbekistonni o’ylamaydilar, Turkistonni o’ylamaydilar…

-O’zbek tilini bilmaydilar,-deb qo’shib qo’ydim men.

74. TOShKENTLIK KELIN

“Bir kun Toshkentdan kelin bo’lib tushgan Nigora biznikiga mehmonga keldi,- deb bir voqeani hikoya qilib berdi Ra’no degan keksa bir ayol.- U bir-ikki kun shu erda qoldi.

Eri telefon qilib׃

-Oyim Kanadadan kelib o’tiribdilar, qaytmaysizmi?- deb so’radi.

Bechora er ham undan qo’rqsa kerak, yumshoq supurgi bo’lib gapirardi. U erini jerkib berdi va׃

-Men ertaga boraman, oyingiz xo’rjin-xaltasini ko’tarib ketgan bo’lsin,-dedi.

-Nevaralarini ko’rmaganlariga olti oy bo’ldi, qo’ying bir ikki kun tursinlar,-dedi shekilli eri.

-Men oyingizni chaqirganim yo’q, qanday kelgan bo’lsa shunday ketsin, nevara kerak bo’lib qolibdi-da. Agar ertaga men borganimda shu erda bo’lsa politsiya chaqirib, qamoqqa tiqtirib qo’yaman,-dedi.

Bu suhbatdan keyin unda so’radim:

-Nigoraxon, oralaringdan biror qora mushuk o’tganmi?

-Toshkentdan oyijonim kelsalar yoqtirishmabdi. Shuning uchun men ham oyoqlarini uzdim.

-Ammo politsiya chaqiraman, degan gaplargacha borish shartmikan?

-Rostdan ham chaqiraman. Ertaga borganimda agar uyda bo’lsa, sochimni yoyib, yuzimni yulib, ko’ylagimni yirtib, keyin politsiyaga telefon qilaman. “Urdi” deb aytaman, inglizchani ham bilmaydiki, “urmadim”, desa?

Nigoraning bu gapidan qo’rqib ketdim va mehmonga taklif qilganimga ham pushaymon bo’lib, ketaman deganida sevinib kuzatdim.

Borishi bilan telefon qildi:

-Kelgunimga qadar yo’qolib ketgan ekan!- dedi u mamnun bir ohangda…”

Ra’no opa hikoyasini tugatarkan, “Biz kelin bo’lganimizda qaynonamiz “O’l” desalar o’lib, “tiril” desalar tirilib yurganmiz” dedi.

75. HASAD

“Amerika ovozi”da hamkorlar ko’payib qolgan payt edi. Men adabiy muharrir edim.
-Hamkorlarga mustaqillik berib ko’raylik, ularga o’z iste’dodlarini ko’rsatishga imkon beraylik,-dedim bir kun rahbarimiz Nusratilla Lahebga.
-Ularga siz mas’ulsiz, qanday ishlatsangiz shunday ishlatavering, natija yaxshi bo’lsa, bas,-dedi u.
Shunda men har bir hamkorning o’zi butun boshli eshittirishni mustaqil ravishda tayyorlashi, uning dasturi hech qanday tahrirsiz efirga uzatilishi haqida bir loyiha hozirladim. Bunday dasturga 200 dollar qalam haqi belgilandi. Lekin yuborilgan dasturlar shunchaki vaqtni o’ldirish uchun va pulni olish uchungina tayyorlanayotgani ayon bo’ldi.

Birgina Gulchehra Nurullaeva texnik imkoniyatlari bo’lmagani uchun uzrini aytdi va besh daqiqalik material bilan ham tinglovchini bir soat o’ylatadigan masalalarni yoritishda davom etaverdi.

Qolganlar orasida bir soatlik dasturni musobaqa shakliga o’tkazdik va kimniki eng yaxshi deb topilsa beriladigan haqni ikki baravarga oshirish ko’zda tutildi.

Namanganlik hamkorimiz Rizo Obid yuborgan dasturni eshitib, uning favqulodda ibratli ekaniga amin bo’ldim. Dastlab hamkasbim Ra’no Habibni chaqirdim. “Vaqtim ziq” deb turgan opa dasturni oxiriga qadar hayrat bilan tingladi. Keyin Abdulmannon Keskin va Nusratilla Lahebni chaqirdim. Ular ham tinglab, qoyil qolganlarini aytdilar.

Bir soatlik dastur haqiqiy radio asari bo’lgandi. Unda dolzarb mavzudagi fel’eton, joylardagi iqtisodiy turg’unlikning ildizi borib rejimboshiga taqalishi haqidagi tahlil, suhbatlar, adabiiyot, san’at, madaniyat mavzulari va hatto yumorga qadar bor edi.

Dasturni efirga uzatdik. Juda ko’p maktublar keldi va keyin talablarni hisobga olib yana takrorladik.

Bo’limdagi majlisda Rizo Obidga alohida minnatdorchilik bildirish va hamkorlarning peshqadami ekanligini rasman yozib yuborishni taklif qildim. Agar u rozi bo’lsa, uni Toshkentga taklif etib, hamkorlarga rahbar qilib qo’yish ham so’z mavzusi bo’ldi. Bu hali shunchaki taklif edi.

Ammo…

Sovet davrida birovni badnom qilish uchun “aroqxo’r”, “xotinboz” deb yozishsa, bas, ishdan quvilardi yoki ishga olinmasdi. Bu zehniyat o’lmagan ekan. Majlisimizning ertasidan boshlab Rizo Obid haqida ana shunday xatlar kela boshladi. Ham imzoli, ham imzosiz.

Xullas, hammayoq qorishib ketdi. Bo’lim mudiri har kuni kamida ikkita xatni olib kelib, stolim ustiga qo’yadi va “O’zingiz javob bering” deydi. Shunday bo’ldi-ki, ba’zi gaplarga o’zimiz ham ishonib qola boshladik.

Men bilmasdan iste’dodli ijodkorga, xalq jonkuyariga zarar qilib qo’ygan edim. Uning boshi bo’htonlardan, hayoti tashvishlardan chiqmay qoldi.

Ba’zan yaxshilik qilaman deb yomonlik ham qilib qo’yadi, kishi. Buni kimdir to’g’ri tushunadi, kimdir yo’q. Lekin Rizo Obid meni to’g’ri tushungani uchun unga hurmatim beqiyos.

Demoqchiman-ki, o’zbekning o’zligini o’ldirib kelayotgan hasaddan qutulmasak, diktatura degan qora zulmatdan qutulish oson kechmaydi.

76. VEBMASTER

Solijon Nyu Yorkda kompyuter kursini bitirib Internetda veb sahifa qilishni o’rgandi. Amerikada har bir xonadon, har bir tashkilotda Internet bo’lgani va barcha idoralar bu tarmoqda o’z sahifalarini ochganlari bois “Vebmaster” degan kasb ham paydo bo’lgan.(Buni o’zbekcha qilib sahifalovchi ham deyish mumkin. Ammo Internet kalimalari butun dunyoda o’z holicha ishlatilayotgani bois biz ham vebmaster deb ishlatsak xato bo’lmaydi degan qarashdaman).

Solijon bir korxonaga vebmaster bo’lib ishga o’tdi. Bir qarashda bu oddiy, texnik ishga o’xshaydi. Ammo Solijon Amerikada anchadan beri yashayotgan bo’lsada zehniyati sovetchasiga ishlardi.

Masalan, O’zbekistonda odamlar ba’zan hisobchiga qulluq qilganlarini eslab qoldi, shekilli, qo’lida katta imkoniyatlar borligidan boshi osmonga etdi. O’zini salkam boshliq deb hisobladi. Chunki internet har bir idoraning yuragiga aylangan Amerikada bu “yurakni” nazorat qiluvchi shaxs, tabiiyki katta imkoniyatlarga ega.

Deylik, u tashkilotda ishlaganlarning hammasiga keladigan maktublarni nazorat qilishi mumkin. Hammaning qo’llanadigan “nom” va “passvord”( “kalit” o’laroq qo’llaniladigan maxfiy kalimasi)ni o’rganib oldi. Bu ham etmaganidek, keladigan xatlarni oldin o’zi ko’rib chiqishi uchun umumiy bir nomga bog’lab ham qo’yibdi.

Garchi Amerikada birovning shaxsiy dunyosiga burun suqish jinoyat hisoblansada u ishni o’zbekcha qilib, hammaning “sir”ini o’rganib yuraveribdi. Bunday bo’lishini birovning xatini o’qishni eng pastkashlik deb qabul qiladigan Amerikada hech kim xayoliga ham keltirmagan.

Solijon asta-sekin boshliqqa keladigan maktublarni ham o’z nazoratiga oldi. Butun idoraga keladigan umumiy maktublar uchun umumiy adresni ham o’z hisobiga to’g’rilab qo’ydi. Maktub hammaning nomiga keladi, ammo u o’chirib qo’yadi va keraklisini kerakli odamga o’tkazib yuboradi. U shu zayl ba’zi odamlarni ham qo’lga ola boshladi. Boshliqning sirlarini asta-sekin ularning qulog’iga shipshitib turadigan, boshliqning o’ziga ham yo’l ko’rsatadigan, u yo’g’ida esa, idoraga rahbarlik qiladigan, amerikacha aytganda “muhim shaxs”ga aylandi.

Endi u asta-sekin boshliqning o’rniga ko’z tika boshladi. Buning uchun mutloq o’ziga tobe odamlar kerak edi. Dastlab, ilgari o’zi bilan “osh-qatiq” bo’lgan bir juvonni ishga joylashtirdi. Uning qo’lidan bir vaqo kelmasa ham Solijon orqali axborotga ega edi va boshliqqa “men sizning odamingizman” deya Solijondan “olgan” ba’zi gaplarni shipshitib turgani bois u ham muhim odamga aylandi.

Solijonning boshliqni yo’qotish uchun yana ikki-uch ana shunday sodiq odamga ehtiyoji bor edi. Boshliqqa yana ikki kishini ro’para qildi. Ammo ulardan biri Solijon bilan “osh-qatiq” eyishni jiddiy deb o’ylagan ekan-mi, uning boshqalar bilan munosabatini ko’rib, undan aynib qoldi. Buning ustiga uning kompyuterdan ham xabari bor ekan. Boshliqni ogohlantirib turdi, ammo boshliq endi Solijondan itdan qo’rqqanday qo’rqadigan bo’lib qolgandi. Chunki hamma sirlarining kaliti unda edi-da.

Boshliqdan ish chiqmasligini bilgan juvon shu erda ishlaganlardan biriga yuragini ochib qoldi. U ham kompyuterni yaxshi tushunar va Solijonning ishlaridan shubhalanib yurar ekan. Solijonni maktublarni yashirgan paytida ushladi, Solijon qo’rqqanidan nazoratni bo’shashtirib qo’ydi. Boshliq oylab olmagan eski xatlarini ham bir kunda olishiga qaramay Solijonga bir narsa demadi.

Bir kuni boshliqni yomon vaziyatga tushirgan Solijon endi o’zi kursiga o’tiraman deganda uni maxsus idoradan kelib qo’lga olishdi. Chunki ushlaganiga qaramay boshliq chora ko’rmaganidan shubhalangan xodim vaziyatni maxsus idoraga bildirgan ekan.

Aytishlaricha, Solijon endi qamoqda sahifalovchi ekan, faqat vebmaster emas, balki axlat qutilaridan terilgan qog’ozlarni sahifalovchi bo’lib ishlayotgan ekan.

77. BIR SEVGI AFSONASI

Rizvon xola bilan tasodifan tanishib qoldik. Ayaxon uzoq yillardan beri Amerikada yashasalarda bu erdagi o’zbeklar bilan bor-keldi qilmaganlari bois ko’pchilik bilan tanish ham emas ekanlar.

Bir kuni sababini aytib qoldilar:

-Men turmush o’rtog’im rahmatli bo’lgach, butun kuchimni bolalarimni o’qitishga sarfladim. Haftada etti kun ishladim va ularni oyoqqa qo’ydim, buning ustiga men zamonaviy ayollardan edim. Bolalarim ham zamonaviy bo’lib etishdilar. Bir-ikki hamyurtlar bilan bordi-keldi qilsam, kamsita boshladilar. Namoz qilmaganimizni yuzimizga solishdi. Hatto bolalarimni kofir ham deyishdi, ustidan kulishdi. Bugunga kelib, qarab tursam, mening hamma bolalarim etishgan, Tangrisiga chin dildan ishongan, oliy ma’lumoti, vijdonli, katta-katta ishlarning egasi. O’sha tanishlarimizning bolalari hali ham tungi klublarda yurishganini eshitib qolaman. Klubning yoniga qadar boshini o’rab kelarmish-da keyin esa, hammayog’ini ochib olarkan. Buning ustiga o’sha tanishlarim odamga taqinchoqlariga qarab baho berishar ekan, men taqinchoq olish o’rniga bolalalarimning o’qishiga pul to’pladim. Xullas, bugunga kelib hamyurtlar meni unutishgan, men esa, ularni. Tangira esa, ulardan ko’proq men ishonsam kerak. Chunki ularning tashi boshqa va ichi boshqa.

Xola ochiq ko’ngil, dunyoga hushyor nazar bilan qaraydigan ayol ekan. Uning gaplari samimiy, yurakdan aytilgani sezilib turadi. Bolalari va nevaralari ham favqullodda tarbiyali ekanligini ko’rdik. Kunlarning birida xolaga,

-Qanday qilib Amerikaga kelib qoldingiz?,-dedim.

Avval kuldilar, keyin yuzlarida mahsun bir o’ychanlik paydo bo’ldi.

-Hech kimga aytgan emas edim, ammo ukajon sizga aytaman, bu ham balki bir asaringizga sabab bo’lar,- dedilar va afsonaviy tarixlarini hikoya qildilar.- Men O’zbekistonda zamonaviy, ilmni ardoqlagan bir oilada o’sdim. Oliygohni bitirish arafasida kursdoshlarimdan L. ismli bir yigit menga sevgi izhor qildi. Dunyoning ishi ekan, men ham uni sevib qoldim. Bizning sevgimizning oldida hamma afsonalar kuchsizday edi. Biz shu qadar baxtiyor edik-ki, ikkalamiz ham to’yimizni orziqib kutardik. O’sha kunlarda dugonalarimdan biri “Bilasanmi, L. sil kasaliga yo’liqibdi” deb qoldi. Men sodda ham bu gapni L.ni yaxshi tanigan boshqa dugonamga maslahat uchun aytibman. U esa, L.ni yaxshi ko’rar ekan va darhol yoniga borib “Rizvon seni sil deyapti, surishtirib yuribdi” deb aytibdi.

Shu kundan boshlab yorug’ dunyo men uchun zulmatga aylandi. L. men bilan gaplashmay qo’ydi. Yo’lidan chiqsam yuzini teskari burib ketadigan bo’ldi. Mening sevgim esa, alangalanib borar edi. Onamning bo’yinlariga osilib ho’ngir-ho’ngir yig’lar edim. Tunlari uxlamay chiqardim. “Qo’y bolam, ko’z yoshlaringa arzimaydu u” deb onam ovutgan bo’lardilar, men esa, battar yig’lar edim va yuragimning yarmini yo’qotib qo’ygan kabi aziyat chekar edim. O’zbekiston tor, zax bir kulba kabi meni o’zidan itqita boshladi. Kunlar tegirmon toshi bo’lsa, soatlar kaltak va daqiqalar musht bo’lib meni do’pposlar edilar go’yo. Aziyatlarim asta-sekin isyonga aylandi va O’zbekistonni tark etdim. O’shanda, ya’ni bundan 45 yil avval men haqimda ko’p gaplar tarqatishdi. Chet elda uni sotib yuborishibdi, deganlarini eshitdim. Ko’chada savdogarlik qilayapti, ham deyishibdi. Ammo mening baxtim kulgan ekan, yaxshi bir odamga turmushga chiqdim va yo’limni yo’qotmadim. Tez-tez Toshkentga borib turish imkonim ham bo’ldi.
Agar o’shanda L. xato qilmaganda, yoki men xato qilib dugonamga ko’ngil yormaganimda bugun Amerikada bo’lmas edim. Ammo bu ham Tangrining inoyati. Bolalarim, nevaralarim yorug’ kunlarda yashamoqdalar. Shuni aytsalar kerak-da, yomonlik eshigidan kirsang, yaxshilik eshigidan chiqasan deb. Har bir yomon kunning ortidan yaxshi kun kelar ekan. Bilmadim, L.ning hayoti qanday bo’ldi? O’shanda juda qattiq ranjigan ekanman-mi yoki juda qattiq yongan ekanman-mi, uni hech surishtirmadim va doim eslamaslikka urindim. Mana endi oradan 45 yil o’tib sizga aytim berdim… Qarang, ukajon, sevgining afsonasi o’lmas ekan!

78.TO’Y DIPLOMATIYaSI

Amerikada to’y o’tkazish ham oson ish emas. A. o’g’lini uylantiradigan bo’ldi va Toshkentdan kelib xizmat qilib yurgan bir qizni o’g’liga unashtirdi. Ular nikohdan o’tib, ancha birga yashab yurishdi. Bir kuni to’y bo’lishi haqida gap tarqaldi. Ma’lum bo’lishicha, asli A. to’y ham qilmoqchi emas ekan. Kelinning vizasi o’tib ketgani bois “Falonchiga turmushga chiqdim” deb hujjatlarini rasmiylashtirishga topshirgan ekan, hukumat idorasidagilar to’yning video tasmasi va rasmlarini talab qilishibdi. Shu bois kichkina bo’lsa ham to’y o’tkazmoqchi bo’lishibdi. A. yaqin do’stlari, tanishlariga Interenet orqali xat yozib, to’yga taklif qilibdi.To’ydan keyin u antiqa voqealarni gapirib ikki xatni menga ko’rsatdi. Xat qo’shni mahallada yashaydigan o’zbek do’stidan ekan.

“Assalomu alaykum. Qalay yaxshi yuribsizlarmi? To’y tashvishlari charchatmayaptimi? Taklifnomani Internet orqali olgandan keyin yoshlarga baxt tilab, ikki savol yozgandim, javob kelmagani uchun har holda boshqa xatlar bilan qo’shilib, o’chib ketgan bo’lsa kerak, deb bu safar uchchala elektron adresingizga ham yubordim. Amerikachilk nuqtai-nazaridan savollarni to’g’ri qabul qilasiz, degan umiddaman.

1.Bizning oilada to’yga borishi mumkin bo’lga 7 kishi bor va sizlarning imkoniyatlaringiz qanday, har bir oiladan necha kishidan taklif qilmoqdasizlar?

2.Ma’lumki, Amerikada hadyalar ro’yxati bir do’konga beriladi va to’yga boruvchilar o’sha joyda hadyalarning birortasini tanlab, pulini to’lab ketadilar. Sizlar hadyalar uchun biror bir do’konda registratsiya ochganmisizlar?

Bu xatga A. quyidagicha javob qilibdi:

“Va alaykum assalom, hurmatli …! O’zlaringiz tinch va salomatmisizlar? Biz, shukr, yaxshimiz. Kech javob yozayotganim uchun uzr. O’zingiz tushunganingizdek to’y tashvishlari – barchamizni boshimizga doim mana shunday xursandchilik tashvishlari bo’lsin! Birinchi marta to’y qilish, ayniqsa, har holda hali ham yarim “begona yurtdaligimiz, yaqinlarimiz, jigarlarimizning ko’pchiligi uzoqdaligi – oson emas ekan. Ham tashkiliy, ham moddiy tomondan (oxirgisi – meni hozirgi vaziyatim yaxshi emasligining natijasi). Savollaringiz o’rinli – faqat Amerikada emas, balki O’zbekistonda ham meni nazarimda o’rinli savollar. Vaziyatimiz, imkoniyatlarimizdagi noaniqlik ham kech javob berayotganimga sabab bo’ldi. Qolaversa, to’yimizga hali 2 hafta bor.

1. Vaziyatimiz va imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, Sizni oilangizdan 2 kishini kutayapmiz.

2. Kuyov va kelin hech bir do’konda registratsiya qilishmadi. Yoshlar hali tuzukroq joyga ega bo’lguncha ancha ko’chishlari mumkin. Shuning uchun, uy jihozlari yo kiyimga unchalik qiziqish bildirishmayapti. Natijada, hozir bu erdagi uyg’ur do’stlarimizda keng tarqalgan odatni afzal ko’rdik. Agar kim yoshlarga biror sovg’a yo yordam berishni lozim topsa va bunga imkoni bo’lsa, chek yozish yo “kash”- naqd pul berishini ma’qul ko’rdik. Buni bizga to’y o’tkazishimiz uchun berilgan yordam deb tushunamiz. Cheklar mening yoki o’g’limning nomiga bo’lgani ma’qul. Salomlar bilan, hali to’ygacha ham xabarlashib turarmiz degan ishonch bilan A.”

A.ning bu xatiga narigi mahallada yashayotgan do’stidan darhol javob kelibdi:

“Sizning qiyin sharoitingizni hisobga olib, 140 dollarlik chek yubordim va to’yda biz uchun ajratilishi kutilayotgan ikki kishilik o’rinni ham qisqartirib, har holda 20 dollar tejaladi, bu pulni ham yoshlarga hadya qilishingizni so’rayman”.

Shunaqasi ham bo’ladi.

79. TOPIShMOQ

Chet elga kelganimdan beri bu topishmoqqa javob topolmayman. To’g’ri, xayolga har turli javoblar keladi, umumiy xulosalar ham chiqarish mumkin, ammo bu javoblar dilni qoniqtirmaydi.
Bugun O’zbekistonda aksariyat ko’pchilik Karimov rejimidan norozi. Hatto Prezident devonida ishlab bu rejimdan norozi bo’lganlardan ba’zilarini bilaman. Vazirlar Mahkamasi, MXXdan tortib IIV tarkibida ham bu rejim o’zgarishini jonu dili bilan istaganlar bor. Xalq esa Karimovni ochiqchasiga oshirib so’ka boshladi.
Bu rejimga muxolif bo’lganlar uning ildizlari haqida chuqur tasavvurga egadirlar. Ular o’z fikrlarini ichkarida ham, tashqarida ham aytishdan cho’chimaydilar. Ichkarida aytishga cho’chiganlar esa, chet ellarga chiqib ketganda bu yuraklarida zardobga aylanib qolmasligi uchun dardlarini aytishga imkon qidiradilar.
Bu bor gap. Topishmoq esa shuki, ichkarida muxolif bo’lib yurgan odam tashqariga ketib, bir muddatdan keyin Karimovning va rejimining advokatiga aylanib qolishidir. Oldiniga bitta shunday odamni bilardim. U aqlini egan deb yurar edim. Ba’zilar esa uni Karimovning “ovcharka”lari safiga qo’shib qo’yishgandi.
Lekin kuzatsam o’zini muxolifatchiman deb yurganlardan biri men haqimda uydirma yozar ekan ana o’sha odamning kimligini aytib, unga jabr qilganimni iddao etdi. Sen ham uning biri ekansan deb indamay qo’ydim.
Yana kuzatsam, unga xorijiy radiolarda ham bir-ikki tarafdor topildi. Hatto uni yaxshi odam deb yoza boshlaganlar ham bo’ldi.
Balki uning yaqin orada O’zbekistonga qaytib qolishidan manfaat kutganlar bordir, desangiz, yo’q, u qaytmaslikka qarorli va buni ochiq aytadi.
Balki hukumat bilan aloqasi bor, shunday foydalanib qolaman, deganlar bo’lishi mumkin? Yo’q. Hukumat uni sariq chaqaga ham olmaydi.
Balki bu ham zehniyat bilan bog’liq muammodir?
Balki bu juda oddiy illat va javobi ham jo’ndir?!
Balki o’zbeklar orasida oz bo’lsada shundaylari ham bo’lgan va bundan keyin ham bo’lar?!
Xullas, nima bo’lganda ham bu men uchun topishmoqligicha qolmoqda.

80. ABDURAHIM UChQUN

Shoir, yozuvchi va tarjimon Abdurahim Uchqun 2003 yilning 31 dekabrida Saudiya Arabistonida 77 yoshida olamdan o’tdi.

Vatan dardila bo’ldim darbadar yillar ko’rolmayman,
Parishonman aning hajrida bir erda turolmayman,
Tutub g’urbat g’ubori chehrayi zorimni zard etmish,
Dilim xunobdur kim jo’y borida yuvolmayman.

Ana shunday deb nola qilgan marhum Abdurahim Uchqun vatandan uzoqda yurgan yillarida doimo sog’inch dardida yashadi. Bu uning she’rlari va yozgan asarlari, shuningdek, tarjima qilgan kitoblarida o’z aksini topgan.

U tarjima qilgan risolalar ko’proq Markaziy Osiya va turkiy qavmlarning tarixi, an’analari, dunyoda qoldirgan izlariga bilan bog’liq edi.

-Abdurahim Uchqun bilan birinchi bor 1983 yilda Pokistonning Karachi shahrida tanishgandim,-deya hikoya qilib berdi “Amerika ovozi”da birga ishlagan hamkasbim Abdulmannon Keskin.- U kishi Afg’oniston sovetlarning bosqinchiligiga uchragandan keyin keksa bo’lganlariga qaramay, bir necha bor bu o’lkaga safar qilib, ayniqsa, Afg’onistonning shimolida turkistonliklarning tashabbusi bilan tuzilgan jabhalardagi yigitlarga, Amir Temurning hayoti aks etgan va o’zlari forschadan o’zbekchaga tarjima qilgan kitoblaridan o’qib berish bilan askarlarni mujodala maydoniga tayyorlashda qo’shgan hissalarini boshqalardan ko’p eshitganmiz.

Abdulmannon aka yana quyidagilarni gapirib berdi׃
-Abdurahim Uchqun hayotining so’ngi kunlarini Saudia Arabistonining Toif shahrida o’tkazdi. Shu erda u ko’plab asarlarini yaratib, tarjima ishlarini ham o’z tashabbusi bilan amalga oshirdi. Uning yozgan asarlari “G’urbat nolasi”-yuz betlik she’rlar majmu’asi, “Aqoidi Zaruriya va Muhimmotuddin”-Islomiy aqidatning savol va javob tariqasida tayyorlangan izohi, “Yuz hikmatli so’z”- din va xalq orasidagi hikmatli so’zlar, “Hofiz she’riyatidagi urfon va tasavvuf istilohlari” va boshqalardan iborat.

U kishi “Tajvid” yoki Qur’oni Karimni to’g’ri o’qishga borasida ilmiy dasturni ham tarjima qilganlar. ”Men Jahonkusho Temur” asarini ham forschadan o’girganlar va bu asar Amir Timur sohibqironning qilgan yurishlariyu hayoti haqida mukammal hikoyadir. Zahiriddin Muhammad Boburshoh avlodlarining Hindistondagi 350 yillik saltanatining tarixi asarini ham Urdu tilidan tarjima qilganlar va bu asar 650 betlik ajoyib bir kitobdir.

“Vahiy nima? Qur’on mo’jizasi”-bu arab tilidan tarjima qilingan 92 sahifalik qo’llanma bo’lib, Afg’onistonning ruslarga qarshi kurashi davrida yozilgan o’rdu tilidagi risolaning tarjimasidir. Buni ham o’zlari ko’paytirib o’quvchilarga taqdim etgandilar.

Abdurahim Uchqun o’z ortida ko’p asarlar qoldirdi. U hijriy 1305 yilda Qo’qonda dunyoga kelib, 1307 yilda ota-onasi bilan hijratga ketgan.

O’zbekiston, o’zbek xalqi ana shunday ulug’ farzandi bo’lganini bilishi va uni xotirlashi kerak.

Darvoqe, siz shunday o’zbek o’tgani haqida bilarmidingiz?

81.ORZU

“Tashqarida turib ichkaridagi odamlarni namoyishlarga chaqirish ma’naviyatsizlik” degan gapim ba’zilarga og’ir botdi.

Birodar, mard bo’lsang, bor, xalqning oldiga tush! Qamalishdan qo’rqasanmi? Kaltaklashlaridan, qiynoqqa solishlaridan qo’rqasanmi? Aytgan hujjatlariga qo’l qo’ymasang ota-onangni, yaqinlaringni do’zzax azobiga solishlarini o’ylab yuraging orqaga tortadimi? Shunday ekan, boshqaga nega buni ravo ko’rasan?

O’zi xavfsiz joyda turgan odam boshqalarni tahlikali, hatto o’lim bilan yuzma-yuz bo’lishi mumkin bo’lgan joyga chaqirishini boshqacha qanday ifodalash mumkin?..

“Doim chet ellarga ketib qolish yo’lini izlagan, orqasidan o’lim quvmagan, hatto ustidan biror bir ish ochilmagan holda imkonini poylab chet elga ketvorgan odamning Vatanimni ozod qilaman deb faryod chekishi samimiy emas” degan gapim ham kimlargadir yoqmadi.

Menga “Yordam qiling, oilamni olib ketay, bu joy menga vatan bo’lmaydi” deb xatlar yozgan, Vatanda turib Vatanning dardidan ko’z yumgan va maqsadi faqat pul topishdan iborat bo’lgan kimsa chet elga chiqib olib, buyuk vatanparvar bo’lib jar solishini boshqacha qanday aytish mumkin?

U xalqni uyg’otish kerak deb dod soladi. Birodar, kechagina xalqning yonida eding. Uxlab yotgan ekan, bunday turtib uyg’otsang bo’lmasmidi? Endi chet eldasan, o’rtada ovoz o’tmas devor, ming dod sol, xalq eshitmaydi. Ovozing o’zingga qaytib keladi.

Agar chet elga kelib, ko’zing ochilgan bo’lsa, unda qaytib ket, senga orqaga yo’l ochiq-ku!

“Diktatura- bu butun homkimiyat bitta shaxsning qo’lida to’planib qolishidir, asosiy ayb Karimovda, uning shaxsida” degan gapim ham ayrimlarga yoqmadi.

Meni “antikarimovchi” deyishdi. Lekin “Aybning bir qismi Karimovda, bir qismi hukumatda, bir qismi majlisda” dedingizmi u holda O’zbekistonda demokratiya deganingiz bo’ladi. Yo diktatura deng, yo demokratiya. Diktatura dedingizmi, demak ayb Karimovda bo’ladi. Bu ikki karra ikki to’rt degani kabi-ku! Balki sizga besh kerakdur?!

Balki bunday gaplarni “xamirga o’rab” yoki “pardoz andoz” bilan aytish zarurmikan? Mana shunday qila olmasligim balki xatoimdir? U holda umrim xatolardan iborat…

Qani edi, butun o’zbeklarning umri-so’zi bugungi kabi “yutuqlar”, “olamshumul muvaffaqiyatlar”, “yurtboshi yaratgan porloq kunlar”dangina emas, mening xatolarimdan ham iborat bo’lganda…Bu endi orzu!

82. TURKISTON ChINORI

Bugun 2002 yilning 14 Avgusti… Boymirza Hayit bilan uzoq gaplashdik… U kishi haqida nimadir yozib qo’ygim keldi….

Boymirza Hayit Turkiston tarixining 20 asrdagi chinorlaridan biridir. Yana ham aniqroq aytsak chinoridir. Chunki Turkistonning 20 asr birinchi yarmidagi tarixini yoritishda unga teng keladigan boshqa olim yo’q. O’sha davrda yo’q edi va haliga qadar yo’q va bundan keyin ham bo’lishi dargumon. Agar u haqiqatni yozmaganda Sovetlar davrida unga qarshi 2000 dan ziyod bo’hton maqola bitilarmidi?

Uni “Vatan xoini” dedilar. Bu kalima o’z mazmunini yo’qotdi va vatansevar anglamiga keldi. Chunki Vatanini Boymirza Hayit kabi kuchli sevadigan boshqa odam bo’lmagani va “Vatan xoini” kalimasi doim unga qarata aytib turilgani uchun ham bu ibora o’z mazmumini o’zgartirdi.

Boymirza Hayitga qiyosan “Vatan xoini” demak bu vatansevar anglamiga keladi. U ana shunday kalimalar mazmunini o’zgartira oladigan hayot yashadi.

Uni tuhmatchi dedilar. Buni oddiy insonlar emas, Sovet davrida eng mashhur olimlar, adiblar, davlat arboblari takrorladilar.

Tuhmatchi kalimasi ham unga nisbatan aytilganda o’z ildizidan ayrilib haqiqatgo’y anglamini aks etdi.

Chunki u bir umr haqiqatni yozdi. Bugunga qadar hali sovetlar “bosmachilar” deb tamg’a qo’ygan Turkiston milliy ozodlik harakati haqida Boymirza Hayitdan o’tib tushadigan tarix yozgan odam yo’q.

Undan qo’rqdilar. Sovet davrida sho’rolar yashirgan qilmishlari oshkor qilingani uchun undan qo’rqdilar.

Mustaqillik yillarida esa sho’rolar boshqa qiyofada turlanganlarini u bilgani uchun yana undan qo’rqdilar. Qolaversa mustaqillik uchun kurashgan u edi, ammo suv keltirgan xoru ko’za sindirgan aziz bo’ldi.

Boymirza Hayitni muhojirlikda ham sevmaganlar bor edi. Kimdir uni “Yuzaki tarixchi”, dedi. Vaholanki, bu gapni aytganlarning o’zlari Turkiston tarixi masalasida ko’zlari ko’r, qalblari so’qir edi. Umrlarini faqat valdirash bilan o’tkazdilar. Kimlardir endi ularning nomlarini ham Boymirza Hayit nomining yoniga qo’yishga intilmoqda. Oltinning yoniga sariq chaqani qo’ygan bilan oltin xazinasi boyimaydi. Oltin oltindir, sariq chaqa esa sariq chaqadir.

Sho’rolar ta’sirida qolgan ba’zi muhojirlar Boymirza Hayitni seva olmadilar, ardoqlay olmadilar, uning hayotidan, asarlaridan nuqs qidirishga urindilar. Lekin pishqirib oqayotgan daryoning yo’lini xas bilan to’sishga urinishdek gap edi bu.

Boymirza Hayit quruq valdirash yoki maqatnishlar bilan emas, o’zining kamtarona mehnati, o’lmas asarlari bilan o’ziga haykal qo’ydi. O’zbekistondagi to’ralar Boymirza Hayitni Vatanga kiritmasak uning nomini unuttiramiz dedilar. Bu qo’llaridan kelmadi.

U ikkiyuzlamachilik qilib soxta mustaqilchilarni maqtamadi.

U so’zbo’yamachilk qilib mansabfurushlarga xizmat qilmadi.

U xasta va to’shakka mixlangan kunlarida Vatanga qaytaman, dedi, ammo Vatanni onasining mahriga tushgan kabi o’zining shaxsiy tomorqasi qilib olganlar yana unga yo’l bermadilar. Lekin bu bilan Boymirza Hayit nomini ko’ngillardan o’chira olmadilar. Bizning ko’ngillarimiz uning uchun Vatan bo’lgay!

U umr bo’yi haqiqatani bildi, haqiqatni tanidi va haqiqatga xizmat qildi. Shu bois ham uning nomi haqiqat kalimasi bilan teng.. Shuning uchun u bugun, ertaga ham, undan keyin ham Turkiston tarixining ustuni, chinori o’laroq qolaveradi.

83. UChQUNNING ALANGASI

Shoir Abdurahim Uchqun haqida AQShga kelganimdan keyin eshitgan bo’lsam, yana bir shoir Ergash Uchqun haqida esa, Turkiyada yashaganimda eshitgan edim. U kishinig shoirligi, shoir bo’lganda mulki Turonni qalam bilan zabt etishga intilgani meni hayratga solgandi.
“Amerika ovozi” ish boshlagach, bir kuni Ergash akani qidirib yo’lga chiqdim. Nyu Jersey shtatining juda olis bir go’shasida yashar ekanlar. Devorsiz hovlilari juda katta edi. Uyning oldida va orqasida bi necha gektar erlari bo’lib, oldingi qismda dehqonchilik zamini va orqa tomonda o’rmonzor edi.
Uyga etib borguncha uzun yo’lakning ikki tomoni gulu gulzorga aylantirilgan. Gullar ortida esa, sabzavotning deyarli hamma turini ko’rish mumkin. Bu O’zbekiston uchun oddiy holat. Ammo Amerikada sabzavot etishtirishdan uni sotib olish arzon tushgani uchun ham ko’pchilik hovlisini ko’m-ko’k ajiriqzor holida saqlaydi. Ergash aka bu odatni buzgan edi.
Qolaversa, u kishi 1927 yilda tug’ilgan va keksaligiga qaramay hamma ishni o’zi qilar ekan. To’rtta o’g’illari allaqachon ulg’ayib, o’z yo’llarini topib ketishgan. Faqt kenjasi u kishi bilan yashasada sport bilan shug’ullangani uchun asosan safarlarda bo’lar ekan. Asli turkiyalik bo’lgan umr yo’ldoshi Turkon xonim o’zbekcha choy damlar kelib, u kishga madad bo’lar va Ergash aka zahmatli dehqonchilikni o’zlari uddalar ekanlar.
Uyga kirishingiz bilan diqqatingizni devordagi dutor va tanburlar tortadi.
-Bularni kim chaladi?-so’rayman undan.
Ergash aka javob o’rniga dutorni olib shunaqa chaldiki, xuddi ummoning shovillashi ichkariga kirib kelgandek bo’ldi.
Uning qo’llari dutor torlarini shu qadar shiddat bilan chertardi-ki xuddi simlar ho’ngrab-ho’ngarb yig’layotgandek edi.
Birdan uning o’zi yig’lay boshladi. Ko’zlaridan duv-duv oqayotgan yosh dutorni ho’l qilaradi…
Uning ko’z yoshlari hayqiriqqa aylandi..
Ovozining o’tkirligi zulfiqorday edi׃
Enam!
Enajonim!
Turkistonim, Turonim!
Elni bossin sog’inchlarim, giryonim!
Bunday Yaratgandan iste’dod olgan zot bilan yonma-yon o’tirish ham bir sharaf edi. Uning she’rlari, dostonlari tinglab tong bo’zarib qolganini sezmabman.
U Afg’oniston degan so’zni deyarli ishlatmaydi. Janubiy Turkiston deydi.
Tarjima holini muxtasar qilib aytib berdi׃
-Shohimardonqul o’g’li Ergash Uchqunman..
1927 yilning 21 fevralida tug’ilganman. Maymanada. O’zbek tilini Mashrabdan o’rgandim. Uyimizda faqat Mashrabning kitobi bor edi-da!
1938-1944 yillarda maktabga qatnadim. Keyin Kobul dorilfununida kimyo va bilogiyani o’qidim. 1957 yilda maktabda mudir edim va Afg’on hukumatining turk qavlariga zulmidan norozi bo’lganim uchun quvg’inga uchradim. Pokiston, Eron va so’ngra Turkiyaga keldim. Adanada muallimlik qildim. Turkon xonim bilan oila qurdik. 1974 yilda Amerikaga keldik. Yaqinda yana Turkiyaga ko’chib ketaman…
Amerikaning siyosatidan norozi ekanligini bot-bot aytadi. “Turkiy qavmlarga yordam bermayapti” deydi. Qiziq, boshqalardan yordam kutish faqat bizning avlodga xos emas ekan. Iste’dod sohiblari har doim kuchlilar kuchsizlarga qayishsin deb nola qilgani ham balki bir an’anadir?
Xuddi uning tanqidini eshitgan kabi 2001 voqealaridan keyin Oq uyga, Davlat departamentiga taklif etib maslahat solishdi. Afg’oniston borasida. Nima dedi, nima dedilar bilmayman. Ammo Turkiyaga ko’chib ketdi.
Surishtirsam, saksonga yaqinlashib qolgan bu zot og’ir xasta ekan, gapdan qolibdilar…
-Buyuk iste’dod beribsan, salomatlik ham ber,-deya duo qildim.
Qo’limdan boshqa nima ham kelsin!

84. QAYTGANLAR QAHRAMONLARDIR!

G’aznaviy zulmi davrida bosh olib chiqib ketganlar Avropa ostonasiga qadar etib borishdi va Usmonli, keyin Turkiyani qurib o’sha yoqlarda qolib ketishdi. Qaytishmadi.

Shayboniyxon dastidan Afg’onistonga ketgan Bobur Mirzolar Hindistonga qadar borishdi va o’sha yoqlarda qolib ketishdi. Qaytishmadi.

Rus istilosi davrida chiqab ketganlar “Bugun qaytamiz, ertaga qaytamiz, Turkiston mustaqil bo’lsa qaytamiz, O’zbekiston mustaqil bo’lsa qaytamiz” deya o’zlarini aldashdi. Qaytishmadi. O’zbekiston mustaqil bo’lgandan keyin ham orzulari sarobligicha qoldi.

Kechayu kunduz G’arbni qarg’ab (nonini eb tuzlugiga tupurib) yuradigan, oilasi bilan Karimovning oyog’ini o’padigan bir oilaga Toshkentda uy-joy ham qilib berishdi, qaytishmadi.

Karimov qatag’oni paytida chiqib ketganlar ham qaytmaydilar.

Yaqinda Amerikada besh yil o’qib Toshkentga borib, keyin butunlay AQShga qaytib kelgan bir yigit bilan gaplashdim. U shunday hikoya qilib berdi:

“Aka bu erdaligimda Vatan har kuni tushimga kirardi. Asal qovunlari, shirin tarvuzlari, tashna bosar suvlari, to’yimli nonlari, mehmondo’st odamlari, go’zal qizlari, gashtakchi yigitlari… xullas, chang ko’chalari, to’ylariyu kuylariga qadar sog’inardim. Tezroq o’qishim bitsayu qaytsam der edim.

O’sha kun etib kelganda o’zimni burgutdek his qildim. Jannatga borayotgandek bir hissiyot bilan bordim Vatanga. Lekin tarvuzim qo’ltig’imdan tushdi. Hamma narsa o’zgargan edi. Hatto suvi ham menga begona edi. Ichsam ichgim kelmasdi. Nonini esam, tavba qildim, xuddi kesak tishlagan kabi bo’lardim. Bu erning suvi, bu erning noniga o’rgangan ekanman. Qovunidan esam zaharlandim, tarvuzidan esam zaharlandim…

To’ylar ham boshqacha, yo’llar ham boshqacha, hatto odamlar ham boshqacha, jamiyat butunlay buzilgan, axloq izdan chiqqan, odamgarchilik tamom bo’lgan, televidenie ham boshqa, gazetalar ham, xabarlar ham boshqa, hatto…
Har qadamda o’zimni kamsitilgan his qildim. Mirshablar har kuni yo’lda to’xtatib do’q urganda bu erda besh yilda bir marta ham politsiyaga ishim tushmaganini esladim, odamlar avtobusda turtib ketganda, bu erda men bilmay turtib yuborgan odam mendan uzr so’raganini xotirladim…yashay olmadim, ish ham yo’q edi. Pora bermasangiz ish yo’q. Pora bersangiz keyin o’g’irlik qilishingiz kerak. Men esa halol mehnat qilib yashashga o’rgan edim. Xullas, Vatan menga begona edi.

Shunda men ilgari ketganlar nega qaytmaganlarini angladim. Qaytganlari ham qisqa vaqt mehmon bo’lib yana ketib qolishganini tushindim…”

Bunday achchiq hikoyalarni bir kishidan emas, ko’plardan eshitmoqdaman.

O’z uyim, o’lan to’shagim, degan gap bor. Ketganlar qaerlardadir o’z uylarini qurdilar. O’sha erning tilini, madaniyatini, sharoitini o’rgandilar. Mehnat qilib, halol yashash, mehnatlariga yarasha haq olish mumkinligini ko’rdilar.

Endi o’zlari qaytsalar ham bolalari qaytmaydi. Bolalari qaytmadi-mi tarixiy Vatan ularga torlik qiladi va yana ortga yo’l oladilar.

Bir ketgandan keyin qaytish oson emas. Qaytish bu qayta tug’ilish, hamma narsani qayta boshlash demakdir. Bu esa tabiatning qonunlariga zid. Hamma ham tabiatning qonunlarini buzib yashashga qodir emas.

Qaytganlar qahramonlardir! Qahramonlar esa juda oz, hatto barmoq bilan sanarli darajada oz bo’ladi. Bugunga qadar esa hali bunday qahramonlar chiqmadi.

85. HAVAS VA HAZAR

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog’ tumanida yashab, ijod etgan Asadullo Ortiqov (Yakkabog’li) o’zbek jurnalistikasining bir isyonkor ovozi edi. U O’zbek jurnalistikasi tarixida ikki jihati bilan o’chmas iz qoldirdi.

Birinchisi, uning hech kimga o’xshamagan, o’ziga xos uslubi bor edi.

Ikkinchisi esa, u favqulodda kamtar, kamsuqum, o’z manfaatini o’ylamaydigan, rostgo’y, adolatpesha qalamkash edi.

Uning xorijdagi o’zbek radiolaridan yangragan dehqonchilik, fermerlar haqidagi turkum fel’etonlari Karimov rejimining basharasini ochgandi. Uning bu rejimga astoydil xizmat qilgan O’tkir Hoshimov, Abdullo Oripov, Erkin Vohidov, Ozod Sharafiddinov kabi maddohlar haqidagi juda ko’plab maqolalari ham aslo esdan chiqmaydi. Ulardagi Abdulla Qahorchasiga yangi topilmalar va dehqonchasiga sodda ifodalar hamda dillarni larzaga solguvchi davomli savollar o’qigan yoki eshitgan odamning bir umr yodiga muhrlanib qolardi.

Men “Amerika ovozi”da ishlagan paytlarimda uni tez-tez qidirardim. Chunki uning yangi-yangi asarlarini o’qigim, eshitgim kelardi. Ma’lum kunlarda u Yakkabog’dan Qarshidagi hamkorimiz To’lqin Qaraevningning uyiga tashrif buyurar va biz telefon orqali dardlashardik. U xalqning oxir ahvolidan dod deb fikr yuritardi.

U bilan o’tkazgan o’nlab suhbatlarim radiojurnalistikadagi o’ziga xos bir tarix, desam, mubolag’a qilmayman.

Uning boshiga Karimov rejimi ko’p ishlarni soldi. Kunlarini militsiya, sud ostonlariga bog’lab qo’ydi. Ortidan kuzatishdi, ta’qib etishdi, kaltaklashdi, asossiz qamashdi, oilasi, farzandlarini quvg’in etishdi va bularning hammasi uning sog’lig’ini emirdi.

Uni hatto Qarshida va Toshkentda davolanishga qo’ymadilar.

Kasalxonada ham ta’qib etdilar, zaharladilar. Chetga chiqib davolanmoqchi edi, ammo muttahamlar, kazzoblar, Karimoving “latta”lariga ochilgan yo’l, o’zbek xalqining dardini elkalagan alpomish jurnalistga ochilmadi.

Qashqadaryodan qanday qalamkashlar chiqqan edi, desalar Abdulla Oripov kabilarni hazar bilan, Asadullo Ortiqov singarilarni esa havas bilan tilga oladigan kunlar kelishiga ishonaman.

86. MUSTAQILLIK

Amerikaga kelganimda qo’limga ijtimoiy ta’minot hujjatini berishdi. Do’kondan mahsulot olayotganimizda bir chol-kampir hayrat bilan qarab turganini sezdim. Ular pulga va biz bepul olayotgan edik. O’zimni tekinxo’r his etdim. Chunki hayotim davomida hech kimga qaram ham bo’lmaganman va hech kimning haqini ham emaganim uchun tekinga ovqat olishni hazm qila olmadim.

Darhol ijtimoiy ta’minotdan qutulish yo’llarini qidirdim. Bir joyda ishlasangiz va topishingiz oilangizga etarli bo’lsa, bu yordam kesilar ekan. Ish topdim va o’zimni o’zim o’nglashga kirishdim. Ikki oyga qolmay tog’ elkamdan tushdi.

Buning boshqa muhim jihati ham bor edi. Bir umr ham ijtimoiy ta’minotda yashash mumkin. Ammo bu ta’minot juda minimal ehtiyojni qoplaydi. Sizning dilingizdagi orzularni esa ko’tarmaydi. Qiyin sharoitlarda bo’lgan yaqinlaringiz yoki safdoshlaringizga yordam qo’lini cho’zishni istasangiz, uy-joy, yangi mashinalar olishni xoxlasangiz yoki yaxshi hordiq chiqarish, olis safarlarga borish rejalaringiz bo’lsa, bularning bittasi ham ijtimoiy ta’minot xaltasiga sig’maydi.

Buning ustiga kimlargadir yoki millatga xizmat qilish iddaongiz bo’lsa, o’zingizni tuzatib olishingiz kerak. Chunki o’zini oyoqqa qo’ya olmagan va o’zini tuzata olmagan odam boshqalar haqida gapirishi kulgili bo’ladi. O’zi mustaqil bo’la olmagan odam mustaqillik haqida gapirsa, siyosiy latifaga aylanadi.

Zotan mustaqil bo’lish uchun, millatga xizmat qilish uchun eng yaxshi va samarali yo’l avvalo qaerda bo’lmasin oyoqqa turib olishdir.

87. ADOLAT TARAFIDA

Nazir Rajabov haqida ilk bor 1970 yillarning oxiri 1980 yillarning boshida u Buxoroda (u asli romitanlik-JM) yong’inga uchragan bir yirik korxona binosini qayta tiklash loyihasini tayyorlab, SSSR Davlat mukofotini olganda eshitgandim.

Keyin u juda yosh bo’lishiga qaramasdan juda katta vazifalarda ishladi, Qurilish vaziri bo’ldi, Namangan viloyat partiya qo’mitasining birinchi kotibligidan Samarqand viloyat partiya komitetining birinchi kotibligiga o’tkazilganda uni bevosita tanidim. U yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, tinib-tinchimas, adolat tomonida mahkam turadigan, adolatsizlikka chiday olmaydigan bir rahbar edi.

Ilgari Samarqandda xuddi ana shunday bir rahbar bo’lgan-Vladimir Nikolaevich Qodirov. Uni 43 yoshida zaharlab o’ldirishgan.(Bolalar uyidan chiqqan xalqparvar Qodirov haqida yozgan kitobim oshkoralik yillarida “Qishloq haqiqati” gazetasida davomli o’laroq e’lon qilingandi-JM).

Menga Qodirovni eslatgan Nazir Rajabovning taqdiridan ham qo’rqardim. Kommunistik rejim paytida ham xalq tomonida bo’lgan sanoqli rahbarlar etishgan, lekin ularni tezda yo’qotishgan. O’g’rilar, militsiya, mafiya, hatto partiyaning ichidagilar ham Nazir Rajabovga qarshi edilar.

U adolatpesha rahbar bo’lish bilan birga adabiyotsevar ham edi. Mashrab she’rlarini to’laligicha yoddan biladigan, Navoiy asarlari borasida hammani hayratga solib, lol etadigan bir inson edi. Men yozgan yuzlab fel’etonlar bo’yicha u tekshirishlar o’tkazdirib, begunoh qamalgan yuzlab odamlarni ozodlikka chiqargan, bukilgan haqiqatni tiklagandi.

Ammo bir kun qo’rqqanim bo’ldi. Viloyat partiya qo’mitasi binosiga kelsam, hamma sarosimada. Ideologiya kotibi Farog’at Shukurovaning xonasiga borsam, u hungrab yig’lab o’tiribdi.

-Nazir akani qo’liga kishan solib olib ketdilar,-dedi u.

Keyin Nazir aka hikoya qilishicha, uni qurilish mashinasining beton qorishtiriladigan qutisi ichiga tashlab, aylantira-aylantira bir joyga olib borib, u erdan Moskvaga etkazib, zindonband etishgan.

Unga qo’llanilmagan qiynoqning o’zi qolmagan. “Sport bilan shug’ullanganim jismonan va Navoiy hamda Mashrabni yoddan bilganim ma’nan meni qutqazdi” degan edi u. Qiynoqlardan har kuni hushidan ketib, hushiga qaytgan.

Biz Samarqandda “Nazir Rajabovni ozod qilish va o’z ish joyiga tiklash qo’mitasini” tuzdik.

Islom Karimov kelib, uni rosa maqtadi, birga o’qiganligi va vatanparvarligini, millatparvarligini, haqiqatni himoya qiluvchi insonligini aytib, “Mana qamoqdan chiqdi, Moskvadan oqlangani haqidagi qog’ozni olib kelishi bilan joyiga tiklaymiz” deya Samarqandda “birinchi”likka Po’lat Abdurahmonovni tayinladi. Nazir aka to’qqiz oy deganda oqlandi. Ammo Karimov so’zida turmadi. Mirsaidov va Jo’rabekovni Samarqandga qayta-qayta yuborib, Nazir aka haqida uni yomon otliq qiladigan targ’ibot yurg’izdi va o’zi kelib yana Abdurahmonovni qayta tayinlab ketdi.

Nazir aka Karimovning qarshiliklariga qaramasdan 1990 yilda O’zbekiston xalq deputati etib saylandi. Ammo Karimov unga nisbatan og’ir zug’umni bir kun ham to’xtatmadi. Uni hatto Buxoroda o’zi ilk bor ishlagan qurilish tashkilotida ham ishlashga qo’ymadi.

Keyin uning Moskvaga ketib qolgani haqida eshittim va bu tashkilotchi hamda adolatsevar odamning bundan so’nggi taqdiri haqida boshqa ma’lumotga ega emasman.

Adolat tomonida turgan o’zbeklarga har qanday davrda ham oson bo’lmagan.

88.TsENZURA

Bugun 2002 yilning 24 fevralida internetdagi “ERK” sahifasini o’qib hayratlanib qoldim. Bahodir ismli kishi Muhammad Solihning maqolasiga munosabat bildirgan va unga tahririyatdan berilgan javobda shunday satrlar bor edi:

“1992 yilda Parlamentda Karimovni olib tashlashga bo’lgan harakat chog’i Muhammad Solih tutgan neytral pozitsiyani nazarda tutayotgan bo’lsangiz, buning tashqaridan ko’rinmaydigan sabablari bor. Bu-ikkita klanning, aniqrog’i bitta klannning (chunki, u paytda hali Karimov yolg’iz edi, uning klani yo’q edi) kommunist nomenklaturachilardan iborat bitta klanning Karimovni olib tashlab, o’zi hokimiyatni qo’lga olishga bo’lgan urunishdan boshqa narsa emas edi, hatto Karimov tarafining hali “shakllanmagani” va bundan kelib chiqqan holda, tashqi ta’sirga, yaniy, haqiqiy muxolifat kuchlari tarafidan o’tkazilishi mumkin bo’lgan ta’sirga narigi guruhdan ko’ra (hali shakllanib ulgurmagani tufayli) ancha loyalligidan Karimov taraf Muhammad Solih uchun ancha maqbulroq edi. Alabatta, bunday jihatlar ko’chadagi oddiy odam ko’ziga ko’rinmaydi.”

Shu kuni “Birlik”ning sahifasida mana bu yozuv paydo bo’ldi:

“Nihoyat katta voqea yuz berdi. Muhammad Solih 1991 yilda Karimovni qo’llaganini kech bo’lsa ham tan oldi. Buning uchun unga rahmat aytish kerak”.

Ko’p o’tmay esa, “Birlik”da “erkchi”larga deb yozilgan mana bu yozuvni o’qidim:

“Veblaringizda shunday tsenzura o’rnatgan holda Karimovni tanqid qilishga haqlaring yo’q. Ertaga hukumatga kelsalaring bu ahvolda nima buladi? Sizlarni xalqimiz quvib chiqarib tug’ri qilgan. O’zlaring ham bilmaysizlar kimliklaringizni. Hech bulmasa Birlikdan urganib tsenzurani yo’q qilinglar keyin Karimovni tanqid qilinglar. Menimcha ERK tsenzurasi Karimovning tsenzurasidan ham yomon. Tanqid qilsang sukib javob berishadi. Fikringni yozsang sen axmoq, biz aqlli deyishadi.Uzlariga yoqmasa olib tashlashadi. Faqat Muhammad Solihni maqtasang chiqarishadi. Menimcha eng katta fojealari ham shunda bulsa kerak”.

Shunaqa, ba’zan o’ylab yurganlaring ko’z o’ngingda paydo bo’ladi. Demak, bu yozuv muallifi o’zini tsenzuraga uchragan deb bilmoqda. Lekin nazoratsiz Internet ham ig’vo, haqorat, bo’hton uyasiga aylanib ketmoqda.

Yuqoridagi muallif o’z ismini yozmagan. Shundan kelib chiqib, balki o’z nomi bilan yozganlarning bitiklarini e’lon qilamiz va ularga tsenzura qo’llanilmaydi degan shart qo’yish kerakmikan?

Diktatura rejimi haqida yozganda nomini yashirganni tushunish mumkin, lekin muxolifat haqida yozgan odam nega ismini yashiradi?

89. YO’QOLISh

AQShda bir kuni doktorga borsam, familiyasining ortida “ov” qo’shimchasi bor ekan.

-Ruschani bilasizmi?-deb so’radim.

-Dadam oz-moz bilardilar, buvim va bobom yaxshi bilardilar, ular rus bo’lganlar,-dedi.

Uning “ular” deyishi avvaliga meni taajjubga soldi. Ammo keyin tushundim. U shu erda tug’ilgan, uning Vatani shu er va shu zaminning asl fuqarosi u.

U endi o’zini to’la amerikalik deb biladi va faqat bobosi va buvisini rossiyalik ekanini aytadi.

Ma’lumki, har qanday g’alabaning ortida yo’qotish va yo’qolishlar bo’ladi. Markaziy Osiyoda mustaqillik tufayli vujudga kelgan yangi davlatlarda siyosat bugungi kunga qadar bo’lganidek davom etsa, ozchilikka aylangan xalqlarning asta-sekin assimilyatsiya bo’lib, asosiy xalq tarkibiga singib ketishiga olib keladi.

Masalan, yuqoridagi misoldagidek, AQShga kelgan muhojirlarning birinchi avlodi o’zligini saqlaydi. Ikkinchi avlod o’zligi haqida ma’lum tushunchaga ega bo’ladi. Uchinchi avlod esa to’la amerikalikka aylanadi. Bunda til asosiy omil bo’lib xizmat qiladi. Xuddi shunday Avropa davlatlarida ham bobosi turk yoki armani bo’lganini aytadigan, ammo turk yoki arman tilini mutloq bilmaydigan shvedlar, hollandlar, inglizlar juda ko’p.

Markaziy Osiyoda Lenin siyosati tufayli sun’iy ravishda yasalgan O’zbekiston, Qozog’iston, Tojikiston, Qirg’iziston va Turkmaniston jumhuriyatlarida Sovet davrida boshqa nomdagi xalqlar o’zliklarini saqlash uchun qisman huquqlarga ega edilar. Maktablari bor edi va bitirsalar qo’shni jumhuriyatga borib o’qish va yashash imkoniyatiga ega edilar.

Mustaqillikning dastlabki yillarida buni saqlab qolishga urinildi. Ammo vaqt o’tgan sayin chegaralar siyosati, iqtisodiy qiyinchilik, sun’iy ravishda paydo qilingan millatchilik, to’qima milliy fakura ozchilikka tushib qolgan xalqlarni majburiy assimilyatsiyaga olib bormoqda.

Markaziy Osiyo birligini anglashda bugungi so’qirlik davom etsa, ayniqsa o’zbeklar katta yo’qotishga duch keladilar. Bugun Markaziy Osiyoda 50 million atrofida o’zbek bor. Shuning qarib yarmi O’zbekistondan tashqarida. Afg’onistonda bo’lganlari deyarli boshqa xalq tarkibiga singib ketish jarayoniga kirganlar.

Ikki-uch avlod bugungi siyosatni boshidan kechirsa, Tojikistondagi o’zbeklar o’zlari bilmagan holda tojikka aylanadilar. Yashash uchun kurash ularni shunga majbur qiladi. Qozog’istonda qozoqqa va Qirg’izistonda qirg’izga aylanib ketadilar. Chunki bu mamlakatlarda o’zbek tilida o’qisalar oliygohlarga kirish cheklanadi, ish topish mushkullashadi, kun ko’rish og’irlashadi, milliy tahqir kuchayadi va hokazo. Ularga O’zbekistonga kelib o’qish va yashash begona davlatga kelish kabi bo’ladi. Shuning uchun ham Markaziy Osiyo birligi favqulodda muhim masala. Ammo bu eng so’nggi mummo darajasidan teppaga chiqmayati.

Mustaqillikdan keyin qo’shni davlatlardan O’zbekistonga o’qishga yoki yashashga kelganlar zolim siyosat tufayli deyarli fuqarolik ololmadilar. Ular chet ellarga chiqib ketdilar va ketmoqdalar. Ularga juda qiyin. O’zliklarini eng tez yo’qotadiganlar ana shular bo’ladi.

Masalan, yaqinda AQShga kelgan N. bilan gaplashdim. U O’zbekistonni vatan deb yuribdi va imkon bo’lganda qaytishini aytdi.

N. Tojikiston fuqarosi edi. O’zbekistonga kelib yashadi. Fuqarolik ololmadi. Chet eldan boshpana topdi. Lekin u bilmaydiki, agar u hayotligida Markaziy Osiyo birligi vujudga kelmasa, u O’zbekiston uchun begona. Hatto rejim almashib qolganda ham u qaytib borsa, unga Tojikiston fuqarosi deya murojaat qilishadi. O’zbekistonda fuqarolik olish uchun qonunlarda belgilab qo’yilganidek uzoq yillar kutishga majbur bo’ladi. O’zi tug’ilgan Vatani-Tojikiston ham uni qabul qilmaydi yoki ayni talabni qo’yadi. Bu orada bolalari ona tilini yo’qota boshlaydilar. Bolalarining bolalari esa boshpana bergan davlatning asl fuqarosiga aylanadilar.

Xullas, buyuk yo’qolish birinchi bosqichga kirdi. Uni to’xtatishning bittayu bita yo’li Markaziy Osiyo birligi (Turkiston, Turon)ni ustivor etishdir. Afsuski teskarisi bo’lmoqda.

…500 dan ziyod ulkan asarlar yaratgan va zamonaviy dunyoda eng iste’dodli adib deb e’tirof qilingan Ayzek Azimovni hamma amerikalik, ingliz yozuvchisi deydi. O’zi ham shunday degan. Uning kelib chiqishi haqida gap ketganda Rossiyada tug’ilgan deyishadi. Faqat nimadir bo’lib, ota-onasi tilga olinganda u asli farg’onalik ekanligi aytiladi, xolos…

90. E’TIROF

Iste’dodli va zahmatkash jurnalist Ahmad Ismoilovning so’nggi ish joyi “Toshkent haqiqati” gazetasi edi. U olamdan o’tganda juda ko’p jurnalistlar qatori men ham ko’zimda yosh bilan uni mangu yo’lga kuzatib qolganman.

1974 yilda Toshkent Davlat universitetining Jurnalistika fakultetida o’qigan paytimda, iqtisodiy sharoitim og’irlashib, ish qidirib qoldim. 17-18 yoshli, tajribasiz yigitni kim ham ishga olardi? Sarson bo’lganimni va qiyin sharoitga tushganimni ko’rgan men yashayotgan uyning egasi Ilyos aka qo’shni mahallada istiqomat qiladigan jurnalist Rasul Rahmonov bilan tanishtirdi. U menga ertaga tush payti Navoiy teatri yoniga borishimni uqtirdi. Ertasiga borsam u bir o’rta bo’yli, kulcha yuzli, hayli semiz odam bilan favvora yonida gaplashib turgan ekan. Salom berib, uzoqroqda to’xtadim. Rasul aka u odamga bir narsalar degandan keyin u menga yaqinroq kelib:
-Bitta savol beraman, javobing yoqsa, ishga olinding, bo’lmasa o’zingdan ko’r,-dedi.

Shoshib qoldim. Buning ustiga Rasul aka:
-Bu kishi Ahmad Ismoilov bo’ladilar, eshitgan bo’lsang kerak,-dedi.

Ahmad Ismoilov nomini ko’p eshitganim, har kuni “Toshkent haqiqati” gazetasining to’rtinchi sahifasida uning nomiga ko’zim tushib turgani uchun dovdirab qoldim.
-Qani ayt-chi, jurnalist degani o’zi kim?-dedi Ahmad aka.

O’qishga kirgan yilim birinchi darsda domlamiz Muxtor Xudoyqulov shu mavzuga yaqin erkin ish yozdirgan edi va men “Jurnalist-davlat arbobi” deb yozganim yodimga tushdi va shunday dedim.

Ahmad aka biroz o’ylab turdi-da, keyin Rasul akaga qarab:
-Ko’rdingiz-mi, yoshlarning fikri xazina bo’ladi,-dedi va menga yuzlanib:
-Borib E’tibor opangga ayt, seni ishga oldim, ish soatlaringni o’qishingga moslab, rejalab qo’ysin,- dedi.

E’tibor opa gazetaning Korrektura bo’limida rahbar ekan. Shu bilan “Toshkent haqiqati”da ishlay boshladim. Bu maskanda Soat Musaev, Nazarmat, Ergash Muhammedov kabi juda ko’plab jurnalistlar, adiblar ham xuddi Ahmad aka kabi menga quchoq ochib, ish o’rgatishgan.

Ahmad aka chapaqay edi. U bir qarashda maqolaning qandayligini bilib oladigan mahoratga ega edi. Chap qo’llab, qizil qalam bilan qo’ygan sarlavhalar hammani hayratga solardi.
Bir kuni u meni chaqirib:

-Yoshlardan birortasi bilan korrekturada o’tirib tur, birozdan keyin Sharof aka keladilar, u kishi o’zlari gap qo’shmaguncha gapirma,-dedi.

Biz ishlayotgan ko’p qavatli bino yangi bo’lib, Sharof Rashidov ziyoratga kelayotgan ekan. Biz 14 qavatning yo’lak boshidagi xonada-korrekturada grankalarni o’qib o’tiraverdik. Rashidov va hamrohlari bizning xonaga kirishdi. Biz bosh ko’tarmasdan ishimizni qilaverdik.

-Assalomu alaykum,-deya Rashidov kelib bizlar bilan ko’rishdi va bino haqida so’radi.

Rashidovni kuzatib qo’yishgach, Zarif aka degan hazilkash jurnalist kelib, bizning qo’limizdan o’pdi va:
-Qani hamma bu oltin qo’llardan o’psin!,-deya hazil qildi.

Orqadan Ahmad aka kelib qoldi va:
-Davlat arboblari ham shunaqa hazil qiladi-mi?-dedi.

Men uning kinoyasini tushunmadim. Kechga tomon u meni chaqirib:
-Tabriklayman, mana bunga qara!-dedi.

Birinchi sahifaning xomakisida “JURNALIST-DAVLAT ARBOBI” degan so’zlar katta harflar bilan yozilgandi. Keyin bilsam, o’shanda Rasul Rahmonov bilan Ahmad aka Sharof Rashidovning nutqi haqida gaplashayotgan va mening gapim ularga ma’qul bo’lgach, nutqqa qo’shishgan ekan. Rashidov jurnalistlar dargohini ziyorati barobarida majlisda bu nutqni irod qilgach, hamma gazetalarda bu gap sarlavhaga aylanib ketdi. Ahmad aka doim shu haqda gapirib yurdi.

Uning bir odati bor edi. Yoshlarga katta pul berib, kichik bir narsa olib kelishni buyurar edi va qaytimini olmas, “Ertaga boshqa narsa buyurman” der edi. Ertaga esa boshqa pul berardi.

U yoshlarning g’ururiga tegmayin, deb shu yo’l bilan ularni iqtisodiy jihatdan dastaklar edi. Umuman u yoshlarni juda qo’llaydigan odam edi.

Aytishlaricha, Sharof Rashidov “Qizil O’zbekiston” gazetasida bosh muharrir bo’lganda, Ahmad aka mas’ul kotib ekan. O’shanda Rashidov u kishini “Pulning qadriga etmaydigan odamsiz” deganini eshitganlar bor ekan. Lekin hammada ham ana shunday xislat bo’lavermas ekan, u pulning qadriga etmasa ham odamlarning qadriga etadigan jurnalist, davlat arbobi edi.

“Toshkent haqiqati” gazetasi Ahmad Ismoilov bosh muharrir bo’lgan yillari O’zbekistondagi eng o’qimishli, eng savodli nashr edi. Buni barcha jurnalistlar chin dildan e’tirof etishardi.

91. ShOHNING G’ULOMI

Uni Karimov uzoq vaqt o’ynatdi. Zolim shoh uzoq yillar Rustam Shog’ulomovning qo’li bilan matbuotni bo’g’ib keldi. Aytish kerakki, Rustam Shog’ulomov shohning boshqa g’ulomlariga nisbatan ancha “tashabbuskor” va fitnakor edi. Shu bois ham Karimov uni doim panada ushlashga harakat qildi.

Hali talabalik yillarimda “Toshkent haqiqati” gazetasida ishlar edim. Bir kuni liftda bir olifta odamni ko’rib qoldim. U yap-yangi kostyumini elkasiga tashlab olgan, qo’llari cho’ntagida edi. Liftga ikki-uch ayol chiqdi. U ulardan birini bag’riga bosib erkalata boshladi. Elkasidagi kostyumi esa tushib ketdi.

U bir menga, bir kostyumiga qaradi-da novcha bo’lsa ham arang egillib, kostyumini yig’ishtirib olar ekan:
-Qaerda ishlaysan?- dedi sensirab, kamsitgan ohangda.

Men ham bu madaniyatli ko’ringan madaniyatsiz odamga “Sen-chi?” demoqchi edimu lekin tilim aylanmadi. Kim biladi, “KGB –MGB” mi deb o’yladim.

Keyin bilsam, “Yosh leninchi” gazetasining muharriri ekan. Hammani sensirar ekan. O’shanda men qaerda ishlaganimni aytgandan keyin, indamay qo’ygandi. Tanishlarimning aytishlaricha, uning faqat bizning muharrir Ahmad Ismoilovga “tishi o’tmas, qolganlarni esa oyog’ining uchida ko’rsatar ekan.

U muharrir bo’lgan yillarda “Yosh leninchi” dunyodagi eng o’lik gazeta edi. Akasi Islom Shog’ulomov O’zkompartiya Markaziy Komiteti bosmaxonasining direktori bo’lgani uchun uning pichog’i doim moy ustida, erkatoy muharrir edi. Lekin bir kun ular Ra’no Abdullaevaning domiga ilindilar va ishdan olinib, “urildilar”.

Dunyoning ishini qarang, Abdullaeva Qashqadaryoga borganda u erda birinchi kotib bo’lgan Karimov bilan sog’liqni saqlash masalasida tortishib qoladi. O’zkompartiyaning Moskvadan “tozalash” uchun yuborilgan ikkinchi kotibi Anishchev Abdullaevaning oyog’ini kesishga urinib yurgan payt bo’lgani bois buni eshitib, Karimovni ishga soladi. “Navro’zning kushanadasi” deb nom olgan Abdullaevani qamatib yuborishadi.

Karimov O’zkompartiyaga birinchi kotib bo’lishi bilan Abdullaeva ishdan olgan odamlarni vazifasiga tikladi. Ular qatorida Rustam Shog’ulomov ham bor edi. Shu bilan Karimov o’ziga sodiq “to’da” yaratish harakatini boshlagandi.

Shundan keyin Rustam Shog’ulomov unga xizmat qilib, O’zbek matbuotining o’q ildizlarini yo’q etdi va xalqning ma’naviy qashshoqlikka itqitishda Karimovning o’ng qo’li, g’ulomi bo’lib xizmat qildi.

Mustaqillikdan keyin juda ko’p narsa o’zgardi. Masalan, sodiq it bir kuni o’z egasini qopishi mumkin, degan gap bor edi. Ammo bu ibora o’zgarib, egasi bir kun sodiq itini qopishi mumkin degan mazmun kasb etdi.

Zotan Karimov o’n uch yil eng unga matbuot jallodligini bajarib bergan sodiq g’ulomi Shog’ulomovni ham bir kun ko’chaga haydadi.

Demak, shohning g’ulomlari ham abdiy emaslar!

92.KOShKI, AYTMASAYDIM !

Turkiyada yashar edik. 1996 yil edi. Sobiq safdoshlardan biri telefon qilib qoldi.

-Sen falonchiga qarshi maqola yozibsan!,- dedi na salom, na alik, do’rillagan ovozda.

-Maqola yozganim yo’q, lekin kelajakda uning kimligi haqida bir kitob yozish niyatim yo’q emas,- dedim.

-Tuhmat qilishni ko’rsatib qo’yaman senga. Biz bittasining otidan kitob chiqarayapmiz. Shunday qilib yozamizki, sen hech qachon bosh ko’tarib yura olmaysan, bildingmi!

-Bilganingni qilaver, faqat unutma, tuhmat qilgan albatta qo’tir bo’ladi,- dedim-da telefon go’shagini qo’ydim.

Rahmatli bobom shunday der edilar.

Oradan yillar o’tdi. Ular chiqargan kitobda rostdan ham menga tuhmatlar qilishdi.

Ammo yolg’onligini o’zlari bilintirib qo’yishgandi. Shu bois qisqa javob bilan kifoyalanib bu daftarni yopgandim.

Yaqinda qamoqdan chiqqan inson huquqlari himoyachisining suhbatini o’qib qoldim. Uning aytishicha, o’sha odam qamoqda qo’tir bo’libdi. Ko’nglimda “Koshki aytmasaydim” degan o’kinch kabi yukli bir his paydo bo’ldi.

93 .JO’MRAK va JAMIYaT

AQShda o’z uying bo’lmasa bir tashvish, har oy katta miqdorda ijara to’laysan. O’z uying bo’lsa, yana bir tashvish. Bankdan olingan qarzni to’laysan. Bir-ikki oy to’lamasang, uyingdan ajralasan. To’lagan taqdiringda ham tashvishlar bitmaydi. Yillar o’taverishi bilan esa tashvishlar ortaveradi.
Uyimiz yangi. Bugunga qadar muammo chiqmagan edi. Ammo endi ba’zi kichik tashvishlar chiqmoqda. Masalan, yaqinda hammomxonadagi qo’l yuvadigan jo’mrakning ostidan suv oqa boshladi. Ishxonamizdagi bir juvonning gapini esladim׃
-Bunday ishlarga men pul bermayman. Do’konda juda arzon turadi, olaman, o’rnataman, ustalar esa o’n baravar qilib olishadi,-degandi u.
Darhaqiqat, bu soha ustalari Amerikadagi eng boy toifa hisoblanadi. Ya’ni eng ko’p pul qilishadi. Bitta jo’mrakni almashtirish uchun 200-300 dollar olishadi. Vaholanki, bu ishni besh daqiqada bajarishadi.
Men jo’mrakni o’zim almashtirishga qaror qildim.
Shanba kuni ertalab chaqqon bo’lib ishga kirishdim. Ertaroq boshladim, chunki bolalar uyg’ongunga qadar bitirib qo’yishni rejaladim-da.
Uyimiz uch qavatlik. Buzilgan jo’mrak uchinchi qavatda. Suvni bekitadigan joy esa, birinchi qavatda. Suvni bekitib, teppaga chiqsam, kalitlar to’g’ri kelmaydi. Bir amallab ochishga qaror qildim. Bo’lmadi. Keyin Home Depot degan xo’jalik mollar do’koniga borib jo’mrakning yangisini sotib oldim. 42 dollar ekan. Qaytib kelib, o’rnataman desam to’g’ri kelmadi. Eskisining nomini yozib oldimda, do’konga qaytib bordim va 42 dollarlikni topshirdim.
Xayriyatki, do’kon uyimizga yaqin va hamma narsani qaytib olaveradi. Do’konni aylanib biznikiga o’xshaganini topdim. 79 dollar ekan. Oldingisidan chiroyliroq.
Shu payt do’konda savollarga javob berib yuradigan kishi kelib qoldi. U bilan gaplashsam׃
-Bularning hammasi standart,- dedi.
Shunda men oldingisini olib kelib topshirib xato qilganimni tushundim. Faqat ikkita qo’shimcha bog’lovchi quvurchalardan olsam ish bitar ekan. Lekin qo’limdagi yoqib qolgandi va uni olib keldim. Eskisini ochaman desam kalit etishmadi. Bitta kalit uchun yana do’konga boraman-mi dedim-da, kuch ishlatdim. Devordagi plastik quvurga ulangan joydagi bosim jihozi sinib ketdi.
Uni ochib oldimda shishalarga solib sotiladigan Starbucks kofedan ichib, asabimni jilovlab, yana haligi do’konga bordim. Ba’zi narsalarning otini bilmasangiz ham qiyin. Shuning uchun menga kerakli X-jihozni o’zim bilan olib kelgandim. Biror kishi uning nimaligini bilmadi, desangiz. Oxiri do’konning bosh ish yurituvchisini chaqirtirdim. U bilag’on ekan׃
-Bunday narsa bizda bo’lmaydi,-dedi u.
Men hamma narsa bo’ladi deya maqtab yurganim bu do’konda ham bo’lmaydigan narsa bor ekan-a, deya ajablandim. Haligi odam menga bunday narsalarni qaerdan sotib olishni aytdi va yaqindagi shunday do’konning adresini berdi. Men ilgari faqat avtomashinalar qismlarining maxsus buyurtma do’koni bor deb o’ylar ekanman, buni qarang-ki hatto jo’mrak qismlarining ham maxsus do’koni bor ekan. U erga kelsam, buyurtma oladigan kishi qo’limdagi jihozni yarim soat desam mubolag’a bo’ladi, ammo 10 minut tomosha qildi.
-Vov,-dedi keyin.- Bu nima ekan o’zi, nomini bilasizmi?
-Taqsir nomini bilganimda o’zini olib kelarmidim?
-Men shu erda 15 yildan beri ishlayman, ammo bunaqa narsa ko’rmaganman. Bu qaerga o’rnatilgan ekan?
Unga tushuntirib bersam׃
-Siz “Pulte” qurgan uylarda yashasangiz kerak. Ular hatto hamma jihozlarni ham o’zlari yaratadilar. Bu ham biznes. Sizni o’zlariga bog’lab qo’yadilar. Ularga yozing, yuborishadi,-dedi.
Hafsalam pir bo’lib mashinamga o’tirib, Ozodaning “Oyday to’lin-to’lin..” qo’shig’ini tinglab, o’yga botdim. Suvni bekitganman. Quvurlar ochiq. Qanday qilib 2-3 oy kutaman. Usta chaqirsammikan?
Shunda yodimga birinchi qavatdagi xonaga dush o’rnatgan asli afg’onistonlik Abdumannnon aka degan tanishim keldi. U o’shanda plastik quvurlar chiqqani zo’r bo’lgani va ularni bir-biriga elimlash juda qulayligini rosa maqtagandi. Ish juda oson bitganini o’zim ham ko’rgandim.
Shuning uchun quvurdan boshlab bu yog’iga hamma narsani almashtiraman, degan qarorga keldim. Ortga qaytgim kelmadi va boshqa ko’chadagi Lowes degan kattaroq xo’jalik mollar do’koniga borib, plastik elim va unga bog’lanadigan bosim jihozini sotib oldim. Qimmat emas, 12 dollar bo’ldi. Qaytib kelib ish boshlasam, elim ushlamadi. Uning qo’llanmasini o’qib chiqdim. Unda quvurga elimdan oldin dastlabki tozalagich modda surtiladi deyilgan ekan. Alamimni yana qo’shiqdan olib, balandlatib qo’yib, do’konga qaytib bordim. Haligi narsani olib qaytib kelsam, men asli elimning boshqa turini olgan ekanman. Yana qaytib borishimga to’g’ri keldi. Kerakli rangli elimni topib, kassa yoniga kelsam hamyon uyda qolib ketgan ekan. Padariga la’nat!
Bu orada bolalar uyg’ongan va vaqt tushdan o’tib bo’lgandi. Ikki marta eski jo’mrakni o’rnatib, har narsaga to’ldirib suv olib qo’ydirgandim.
Umr yo’ldoshim bolalarni olib, oziq ovqat do’koniga ketishgandi. Telefon qilsam, xayriyat qaytib kelishibdi. U hamyonimni olib keldi va kichkina bir qutidagi rangni ikkita mashina bilan olib kelgan bo’ldik.
Hamma ishni bitirib jo’mrakni o’rnataman desam bog’lovchi quvur kaltalik qildi. Yana borib keldim, desangiz. Tashqarida qop qorong’u bo’lgan bir paytda ishni bitirdim. Suvni ochishga yuragim betlamadi. Chunki ertalabdan beri necha marta ochgan bo’lsam doim har tomonga suv otilib ketaverdi-da.
Xullas, suvni ochdim. Tashqarida qorong’u, mening dilim yorug’. Uyda bayram. Hamma meni qutlay boshladi.
Bajardim!
Jo’mrakka qarab turib׃
-Besh minutlik ish ekan,-dedim.-Shunga 12 soat sarflabman-a?
Uydagilar menga jilmayib qarashdi.
Lekin zarar qilmadim. Ham iqtisodiy va hamda ma’naviy foyda qildim.
Bundan keyin bunday yumushni besh daqiqada bajaraman. Chunki endi nima qilishni bilaman-da!. O’rgandim. Hatto keyingi shanba kuni hamma jo’mraklardan uy quruvchilar o’rnatgan bosim jihozlarini olib tashlab, do’konlarda bo’lganini qo’yaman. Bu ham mustaqillik!
…Jo’mrak buzilsa, usta chaqirmay ham bir amallab tuzatish mumkin, ammo jamiyat buzilgan bo’lsa-chi? Tuzatish oson bo’lmaydi. Buning ustiga bu jamiyatga begona esangiz, hech qachon hukumatda ishlamagan va boshqarish nima ekanligini bilmasangiz, tajribasiz bo’lsangiz voy o’sha jamiyatning holiga. Ayniqsa bu jamiyat ustabuzarmonlar qo’lida xonavayron qilingan bo’lsa?!

94. BAChKANALIK VA MADANIYaT

1992 yilda Ozarbayjon prezidenti Abulfayz Elchibey Kremlda Boris Eltsin bilan uchrashar ekan, Kremlni larzaga soldi. U ruslarnining og’zini lang ochib qo’yib, o’z ona tilida gapira boshladi. Eltsin avvaliga nima bo’lganini tushuna olmadi. Keyin masalani anglab etdi shekilli, miyig’ida kulib, atrofidagilarga qaradi. Ular elka qisib turardilar. O’shandagina Kreml korchalonlari mustaqil bir davlat rahbari bilan uchrashayotganlarini his etgandilar.

Bir eslab ko’ringchi, bugunga qadar Islom Karimov Kreml u yoqda tursin, har bir liderning o’z ona tilida gapirishi qadrlanadigan BMT minbari yoki biror bir oliy darajadagi uchrashuvda o’zbek tilida gapirdimi? Gapirgan emas. Gapirmaydi ham. Doim rus tilida gapirib keldi. Chunki u o’zbek xalqini mensimagani kabi uning tilini ham mensimaydi.

Konstitutsiyada “O’zbek tili-davlat tili” deb yozib qo’yilgan. Ammo mamlakatni ishg’ol qilib olgan Karimov to’dasi Konstitutsiyani oyoq osti etib, rus tilini davlat tili sifatida saqlab qolmoqda. Buni hammamiz ko’rib, guvohi bo’lib turibmiz.

1991 yilning oxirida Karimov Turkiyaga borishga tayyorgarlik ko’rayotgandi. Yakshanba kuni edi. Meni ham uydan chaqirib kelishdi. Ikki farmon loyihasini yozib berishimni so’rashdi. Keyin Karimov chaqirdi.
-Mana shu kitobni olib boring deb menga berishdi,-deya turk shoiri Yunus Emroning o’zbek lahjasiga o’girilgan kitobini ko’rsatdi. Keyin kitobni stolning ustiga otdi. Bu menga og’ir botdi. Shu bois kitobni qo’limga olmaslik bilan unga javob bergan bo’ldim.

Shunda u:

-Nima deysiz? Nima qilish kerak-ki, turklarni qoyil qilib qaytsak,-dedi.

Xayolimga kelgan gapni aytdim:

-Ularga o’zbek tilida gapirish kerak!

1988 yilda bir oy Turkiyada bo’lib, u erdagilarning o’zbek tiliga oshuftaliklarini, ular biz sovet davrida turk tilining bosh bo’g’ini hisoblangan o’zbek tilini unutib yuborganmiz deb o’ylashlarini sezgan edim. Buni o’sha yili e’lon qilingan “Yopiq eshiklarning ochilishi” turkum ocherklarimda ham yozgandim.

Har holda “O’zbek tilida gapirish kerak” deyishimga shu sabab bo’lgan bo’lsa kerak. Lekin o’sh kezda Karimov, o’zbek tilida chala-chulpa gapirib, masxara bo’lib yurgani ma’lum edi va bunday gap unga qattiq botishini tasavvur qilish qiyin emas.

Darhaqiqat, shunday bo’ldi. U birdan qizardi va:

-Bunday qilsak bachkanalik bo’ladi,-dedi.

Endi bu gap menga og’ir botdi va darhol javob qildim:

-O’z ona tilida gapirish bachkanalik bo’lsa, rus tilida gapirishni nima deymiz?

-Rus tili bo’lmaganda biz odam bo’lmasdik,-dedi Karimov va gapni “UzTAG”ning nomini “O’zA” qilib o’zgartirish haqidagi taklifimga burib yubordi.

O’shanda men Karimov o’zbek tilini puxta bilmagani uchun jahli chiqdi deb o’ylagan edim. Bugunga qadar o’tgan davr isbotladiki, u o’zbek tilida gapirishni bachkanalik va rus tilida gapirishni madaniyat deb bilar ekan. Bu narsa o’sha kezda ham uning shuurida turgan. Shu bois hatto Istanbulda turkiy jumhuryatlar Zirvasida Nazarboev, Turkmanboshi, Akaev o’z tillarida gapirganlarida ham Karimov rus tilida nutq irod qilgandi va Turkiyada bu sharmandalik deya baholangandi…

Ha, Karimov janoblari uchun o’zbek tilida gapirish bachkanalik, rus tilida gapirish madaniyat. Agar men o’z xulosamda adashgan bo’lsam, u buni hali ham tuzatishi mumkin: Kremlda bir marta o’zbekcha gapirsa olam guliston, O’zbekiston mustaqilligini e’lon qilgan bo’ladi! Chunki tili mustaqil bo’lmagan millatning mamlakati mustaqil bo’la olmaydi!

Bu hammamiz bilib qolganimiz Karimov. Lekin qolganlarga, Karimovni tanqid qilib yurgan o’zbeklarga nima jin urgan? Nega haliga qadar ruscha gapiradilar, ruscha yozadilar? Yoki o’zbek degani rus tilida gapirib, rus tilida yozadi deganimi?

95. XALQNING TILI VA XOTINNING TILI

Ovro’pa tadbirkorlar konfederatsiyasining yig’lishida uning raisi Ernest Seyer frantsuz bo’lgani holda ingliz tilida gapirgani uchun prezident Jak Shirak o’rnidan turib, norozilik bildirdi va o’zi bilan birga Iqtisod hamda Tashqi ishlar vazirlarini ham olib, yig’ilishdan chiqib ketdi.

Buni kimdir eski raqobatning davomi desa, yana kimdir Shirakning o’jarligi dedi.

Prezident o’jar bo’lishi kerak. Ammo bu o’jarlik o’z millatining tiliga hurmatsizlikka yo’nalgan o’jarlik, emas, balki o’z millatining tilini yuksaltirishga qaratilgan bo’lsa, bu uning xislatiga aylanadi. Aks holda bu uning illati bo’lib qoladi.

O’z tilini chetga surib, rus tilida gapirishni afzal ko’rgan odamning o’z xalqi haqida qayg’urishiga siz ishonasizmi? Men ishonmayman.

Bir kuni AQShdagi yoshlar bilan uchrashuv o’tkazdik. Negadir hamma rus tilida gapirar edi. Agar ingliz tilida gapirganda ham buni izohlash mumkin edi. Ha endi Amerikaga kelgan, shu erda o’qib, shu erda qolib ketishga qaror qilgan va fikrini ingliz tilida ochiqroq aytadi deyish mumkin-da.

Men “Kechirasizlar, biroz millatchiman” dedimda ataylab o’zbekcha gapirdim. Ba’zilarga bu ta’sir qildi va ba’zilar parvo ham qilmay yana ruscha gapiraverdilar. Aytishingiz mumkin, ular elitaning bolalari va rus tilidagi maktablarni bitirishgan deb. Yo’q, ular bechora xalqning bolalari va bu erga bir burda non ilinjida kelganlar. Ayb ularda emas, ayb rejimda.

Demak, rus tilini davlat tiliga aylantirgan Karimov rejimi bechora xalqning bolalarini ham shunchalik ruslashtirib yuboribdiki ular Amerikaga kelib ham shu tilda gaplashib yuribdilar. Bu bizning eng katta milliy fojiamizdan bir shingil.

Bir paytlar, kimdir, “Prezidentimiz xalqning tilida emas, xotinining tilida gapirishni afzal ko’radi”, degan edi. Bu hazil gap edi. Ammo haqiqat shuki, Karimov o’z xalqining ona tilini emas, balki o’z xotinining ona tilini ulug’ladi.

O’tgan yillarda o’zbekning mamlakat ichida va mamlakat tashqarisida ham bolalari o’zbek tilida gapira olmaydigan va yoza olmaydigan darajaga tushdilar. Bu Karimovning “ulkan xizmati”dir.

Ha, o’z tilini bayroq qilib ko’tara olmagan xalq kimningdir yoki kimlarningdir quli bo’lib qolishga mahkum. Bu gapning isbotini bugun amalda ko’rib turibmiz.

96.BIRLAShISh

Eng ko’p gapirilgan, eng ko’p yozilgan va eng oz natijaga erishilgan jabha bu. Muxolafatga aylangan muxolifatni qo’yib turaylik. Chetga chiqib vatangado bo’lganlar-chi?

Dastlab Tukiyada, keyin AQShda Vatandan chiqib ketgan o’zbeklarning boshini bir joyga qovushtirib bir xalqaro jamiyat tuzish haqida ko’p urinib ko’rganmiz. To’g’ri, har ikki holda ham gap faqat o’zbeklar haqida borgan emas, Turkiyada Turonzamindan chiqib ketganlarning madaniy jamiyati haqida o’ylagan bo’lsak, Amerikada turkistonliklar ittifoqi borasida bosh qotirilgan edik.

Lekin Nyu York atrofida yashayotganlarning “Turkistonliklar jamiyati” mavjudligi uchun bizning harakatlarimiz bilan boshlangan urinish Vashington atrofidagi turkistonlik-amerikaliklar jamiyatini tuzish bilan cheklandi. Kelishuv nuqtasini topish mushkul bo’ldi. Har kim o’ziga bek va o’ziga xon.

Masalan, nizomga inson haqlari masalasini qo’shaylik desangiz bir guruh odamlar “O’zbekistonga borib kelishimiz qiyinlashadi” deb qarshi bo’lishgan. Madaniy aloqalar masalasi ko’tarilganda ba’zilar “Ota-bobomiz raqqosa o’ynatmagan, bu ish bizga qoldimi?” deyishgan, ayrimlar esa bunday jamiyatni diniy tomonga burib yuborishga harakat qilishgan va hokazo.

Xullas, ikki qo’chqorning boshi bir qozonda qaynashi mumkin, lekin ikki o’zbek bir oraga kelolmaydi, deganlari kabi bu ish yurmagan. Buning ustiga ana uning kelib chiqishi tojik, mana buniki afg’on, bu o’zbek emas, u turk emas kabi manfur iddaolar chiqqan.

Keyin esa “Birlik” veb sahifasining “Mehmonlar kitobi” orqali xorijdagi o’zbeklarning orasini buzib yuborish uchun Islom Karimov ham qila olmagan darajada buzg’unchilik qilindi. Qolgan-qutgan munosabatlarga ham darz ketdi.

Lekin bular bo’lgan va bundan keyin ham bo’ladi. Tarix bo’yi hech kim bizning boshimizni qovushtira olmagan, aksincha juda osonlik bilan oramizini buzishgan. Doim ichki nizolar bizni xarob etgan.

Xuddi ana shu bois ham birlashish haqidagi harakatni to’xtatmaslik va qon-qonimizga singib ketgan tarixiy illatdan qutulish choralarini topishimiz zarur.

Menimcha, demokratik tamoyillar uchun yoki madaniy, ijtimoiy rivojlanish yo’lida birlashish mumkin. Chunki bunday qadriyatlar umuminsoniy bo’lib, ko’p odamni o’ziga jalb eta oladi.

Bu faqat bir kishiga bog’liq narsa emas. Ko’pchilik bo’lib kirishmoq kerak. Boshqacha aytganda nizomini yozib, shunday tashkilot tuzdik, falonchi prezidenti degan bilan ish yurmaydi. Hamma o’ylab ko’rib bu yo’nalishda nima qila olishini o’rtaga qo’ysa ana o’shanda bir narsa bo’lishi mumkin.

Aslida bu hammadan qandaydir qurbonlik talab qiladigan narsa. Lekin biz qurbonlikka qo’y so’yib o’rgangan xalqmiz, birlashish yo’lida asossiz iddaolarimiz, mantiqsiz o’jarliklarimiz, behuda urinishlarimizni qurbon qilishni o’lim bilan baravar deb bilamiz. Hamma balo mana shunda!

97. ISTAK

Menda ba’zan ”Amerikaga kelgan o’zbeklar siz bilan uchrashishdan qo’rqmaydilarmi?” deb so’rashadi.

Men ham ko’plar qatori bir oddiy odamman, har holda qo’rqinchli bo’lmasam kerak.

Bu masalaning bir tomoni, boshqa tomoni esa shu-ki, men xalqimga, Vatanimga, insoniyatga qarshi biror jinoyat qilgan emasman va biror jinoyati uchun qochib yurgan odam ham emasman.

Bugunga qadar vijdonimga qarshi va vijdonimni qiynaydigan biror nomaqbul harakatga ham qo’l urganim yo’q. Vijdonim buyurganini aytganim, xalq va vatanga yaxshilik keladigan yo’lga tomon odimlaganim uchun kimlargadir yoqmadim. Quvg’in etishdi, to’hmat qilishdi, qora chaplamoqchi bo’lishdi. Ammo vaqt ko’rsatdi-ki, men jinoyat, qabihlik, adolatsizlik tomonida emas, balki adolat, haqiqat, rostgo’ylik tomonida turgan va shu yo’ldan hech qaytmasdan, ikkilanmasdan o’z so’zimni aytib kelayotgan bir oddiy fuqaro ekanman.

Hamma vaqt odamlarga jinoiy yo’lni emas, qonuniy yo’lni tavsiya etib keldim. Hamma vaqt diktaturani emas, diemokratiyani yoqladim. Bundan keyin ham shunday bo’ladi va buni bilganlarning ba’zilari men bilan uchrashishga qo’rqadilar va ba’zilari qo’rqmaydilar.

Ilgarilari “Uchrashib qolsak, keyin hukumat avlod-ajdodimiz bilan qiritib yuboradi” deb mulohazaga borganlar bo’lgan va bugun ham bor. Qo’rqqan hatto o’z soyasidan ham qo’rqadi. Menga bir kishi doim “Nega unday qilmaysiz? Nega bunday qilmaysiz?” deb xat yozadi. Ammo o’zi bir narsa yozish u yoqda tursin, hatto menga ismini ochiq aytishdan ham qo’rqadi. Albatta, bundaylar bilan uchrashishga menda ham xoxish yo’q.

Bugunga qadar men uchrashgan o’zbeklarning hammasini tergovga tortish, quvg’in qilish bilan shug’ullanganda hukumatning boshqa ishga vaqti qolmagan bo’lardi. Qolaversa, keyingi paytda menga O’zbekistondan ochiq maktub yozayotganlar juda ko’payib ketgani va Amerikaga kelayotgan o’zbeklar men bilan uchrashishga intilayotganlari bu odamlarda ichki qo’rquv sinmasa ham sinish tomon borayotganini ko’rsatadi.

Yaqinda bir telejurnalist yigit keldi. Uning qaytib ketgandan keyin yozgan elektron xatidan bir parcha keltirmoqchiman, bu ko’p narsani oydinlashtiradi:
“Vatanga yaxshi etib keldim. Hammasi joyida. Faqat qaytishim bilan bu erdagi muhitga yana qayta moslashishim juda qiyin bo’ldi, rosti. Chunki O’zbekistonda aytarli o’zgarish bo’lmagan, xalqning ahvoli avvalgidan-da xaroblashgan, iqtisodiy qiyinchiliklar hamon davom etyapti. Kelib ko’rdimki, odamlar mavjud tuzumdan nihoyatda norozi, sabr kosalari to’lib borayotir. Hozirda 2 ta odam yig’ilsa, darrov siyosatdan gap ochiladi va ochiqchasiga yozg’irishayotganiga guvoh bo’lyapman. Oddiy qishloq odamidan tortib, manaman degan olim-u ziyolilargacha—hamma-hamma mavjud rejimdan nihoyatda norozi va buni yashirmaydilar ham. Xullas, vaziyat tobora izdan chiqib boryapti.

Mayli, bu gaplar siz uchun yangilik emas. Vatandan uzoqda bo’lsangiz-da bularni mendan yaxshiroq bilasiz. Sizni yaqin kelajakda Vatanda ko’rishni Xudodan so’raymiz, barchamiz. Shu jabrdiyda xalqning ahvolini o’z ko’zingiz bilan ko’rish nasib etsin, iloyim.

Siz bilan uchrashib, uyingizda mehmon bo’lganim haqida dadamga aytdim. Avvaliga qo’rqib ketdilar, keyin judayam xursand bo’ldilar. Jahongir Mamatovday odam bilan uchrashibsan, zo’r ish bo’pti, faqat buni hech kimga aytma, deb qattiq tayinladilar. Keyin siz haqingizda gapirib ketdilar. Bildimki, hali o’zbek xalqi sizni juda yaxshi eslarkan, eslagandayam minnatdor bo’lib, haqiqatgo’y odam edilar, deb xotirlarkan.

Men qattiq ishonamanki, vaziyat shundayligicha qolib ketmaydi. Hali haqiqiy ma’nodagi dorilomon kunlar albatta keladi”.

Buni qaysi bir o’zbek istamaydi deysiz.

98. ILDIZ

O’zbeklar bir-birlarini kechira oladilarmi? Bu mening yuragimni yondirgan savollardan biri. Gap faqat o’zbeklikda emas. Menimcha, buning juda chuqur ildizlari bor. Bu holatni arab, fors, dari, pashtun va o’rdu tilida gaplashadiganlarda ham ko’rdim. Eng qizig’i, ular yashaydigan mamlakatlarda emas. Balki ular kelib yashayotgan demokratiya diyorida ularning demokratiyani hazm qilishlari naqadar qiyin kechishini ko’rib, hayratlandim.

20-25 yildirki, Amerikaga kelib, haliga qadar tanqid eshitganda dirkillab qoladigan bu odamlarni ko’rib o’zimizning o’zbeklarimiz haqida o’yladim. Ming afsuski, G’arbning havosidan nafas olayotgan o’zbeklarimizning aksariyati ham shu ahvolda. Ammo Turkiya turklari haqida bu haqda uzil-kesil bir gap ayta olmayman. Ular demokratik tanqidni hazm qilishda boshqa musulmon qavmlarga nisbatan ancha ildam.

“Amerika ovozi”da bir arab boshlig’imiz bor edi. 30 yildan beri Amerikada ekan. Demokratiyani anglagan deb o’ylabman va ko’pchilikning oldida tanqid qildim uni. Shu qadar dushmanga aylandiki, mana oradan 4-5 yil o’tib ham yaqinda bir majlisda ko’rib qolsam, hali qovog’idan qor yog’adi.

G’arbda yashab yurgan o’zbekdan istagan birini tanqid qilib ko’ring, kamchiligini aytib ko’ring, darrov sizni “ig’vogar” deydi. Bu ham mayli, bir umrlik dushmaningizga aylanadi.

Amerikaga kelib, o’qib, shu erda tahsil olgan bir “qalamkash” o’zbekni juda asosli kamchiliklari uchun orqavarotdan emas, ochiq, o’z nomim bilan tanqid qilgandim. Oradan yillar o’tdi. Haliga qadar u orqavarotdan meni hammaga “ig’vogar” deb yurgani mayli, turli forumlarda ham turli tillarda tinmay yozadi, bo’hton yog’diradi.

Vaholanki, orqavarotdan gapirish yoki imzosiz yozish ig’vogarlik ekanligini va o’zi shu kuyga tushganini ham bilmaydi, sho’rlik!

Bunday misollar son mingta. Hatto ismini aytmay, umumiy tanqid qilsangiz ham, o’ziga olib, sizga qilich qayraydigan “demokratlarimiz” qancha…

Shuning uchun demokratiya haqida gapirish va demokrat bo’lishning orasida er bilan osmon qadar farq bor.

Menimcha, bu narsaning ildizi juda chuqur va bu ildizni ko’ra olmasak, topa olmasak hali beri ruhimizni sariqpechakdek o’rab turaveradi.

99. RIVOYaT VA HAQIQAT

Bir podshoning uch o’g’li bor ekan. Voris tanlash uchun ularni sinovga solibdi. Katta o’g’lini chaqirib;
-Mana bu QONUN,-deya bir kitobni ko’rsatibdi,-uning har bir harfiga rioya qilishing kerak, agar rioya qilmasang taxtdan, boyliklaringdan ayrilib zindonga ketasan, mana bu ham QON+UN, ya’ni qon va un debdi,-ikinchi tomondagi narsalarni ko’rsatib,-Qon zulm ramzi, un boylik ramzi. Tanlaganinga qarab men xulosa qilaman…

Har uchchala o’g’il ham QON va UNni tanlashibdi.

Podsho xafa bo’lib o’trigan ekan, maslahatchisi:
-Xafa bo’lmang, farzandda bo’lmasa ota nishoni, unda bordur birovning qoni, bolalaringiz siz tanlagan yo’lni tanladilar,-debdi.
-Sen hali menga shunday deydigan bo’ldingmi?-deya shohning jahli chiqibdi.
-Chunki siz taxtni biror aqlli odamga emas, o’z bolalaringizdan biriga bermoqchisiz, ana u o’zingiz yozdirgan QONUNda esa taxt eng aqlli odamga nasib etgay deb bitilgan,-debdi.
-Men seni do’st deb yursam, dushman ekansan,-deya shoh QONUNni bir chetga uloqtirib, jallodni chaqiribdi.

Shunda maslahatchi:
-Mana ko’rdingizmi, yana QONUNni emas QON+UNni tanladingiz, men esa QONUNni tanlagandim, mayli meni o’ldirtiring,-debdi.

Podsho hukmidan qaytmay maslahatchini jallodning qo’liga topshiribdi. Shu zayl oradan vaqt o’tib, podsho o’lib, QON va UN uning avlodlariga me’ros bo’lib qolibdi. Ular birinchi galda o’z otalarini go’rba-go’r qilib, keyin xalqni talabdilar.

Ayni shu vaziyatni bugun ham ko’rib turibmiz. QON va UNni tanlagan Karimov o’zi yozdirgan QONUNlarni bir chetga uloqtirib, taxtni ham o’zi kabi zulmdorga qoldirmoqchi.

Huquqshunoslikda qo’llaniladigan lotincha bir ibora bor׃ dura leks, sed leks (Dura lex, sed lex), bu qonun qattiq, lekin rioya qilish uchun degani. Rioya qilinmas ekan, Konstitutsiya va qonunlarda o’zbek tili borasida nega bu qadar gaplar yozildi? Bu endi munofiqlik masalasi. Chunki QON va UN hukmronligi uchun munofiqlik degan zamin kerak!

100. YoRDAM

“Yordam” kalimasi Amerikada va O’zbekistonda ikki xil ma’no tashiydi.

O’zbekistonda bir telefon qilib, o’qishga kiritib qo’yish, yotoq bilan ta’minlash, imtihonlardan o’tmaganda domlasiga ta’sir qildirish kabi tushunchalar ham “yordam”ga kiradi.

Amerikada esa “yordam” deganda birov non-suvsiz, och qolsa uni bir muddat oziq-ovqat bilan ta’minlash, yangi ko’chib kelgan odamga qo’llanilgan kiyim-kechak, mebel, tovoq-qoshiq to’plab berish, mashinasi bo’lmasa manziliga olib borib qo’yish tushunchalarini o’z ichiga oladi.

Bu narsa bu erdagilarning madaniyatidan emas, balki turmush talabidan kelib chiqadi. Chunki bu erda odamlar yakka, mustaqil shaxs sifatida etishgan va o’zining aksar muammolarini o’zi hal etishadi.

Ammo Afg’oniston, Turkiya va O’zbekistondan kelib bu erda yashayotganlar sizga yordam berishni istaydilar, lekin turmush talablari va bugunga qadar “yordam” berganlaridan eshitgan dashnomlari ularning qo’llarini “bog’lab” qo’ygan.

Shu bois ularning yordamlari ham men sanagan darajada bo’ladi. Agar turmush talablaridan besh-to’rt dollar orttirsalar turli mamlakatlarda qiyin vaziyatlarda qolib ketgan qarindoshlari, tanishlariga ko’maklashishga intiladilar.

Yaqinda bir yigit keldi. Internetdan institut adresini topib, o’qishga kiribdi. Kelsa unga yotoqxona berishmabdi. Buning ustiga “O’qish uchun yiliga falon dollar berasan”, deyishibdi. U hatto bu erda ovqatlanish uchun qancha pul ketishini yoki transport xarajatini ham nazarga olmagan. Vizasi bo’yicha ishlashi mumkin ekan. Ammo turar joy olishi uchun ijtimoiy sug’urta hujjati talab qilishadi. Bu hujjatni olishga kamida 15 kun kutishi kerak. Muammolar ichida qoldi.

Ham uning jasurligiga havasing keladi, ham uning mummolar bilan yuzma-yuz qolganiga rahming keladi. Bir muddatdan keyin oyoqqa turib oldi, lekin u omadli ekan, uni tasodiflar qutqazdi.

Ammo boshqa odam hech kimni tanimasligi yoki hech kimni topa olmasligi va ko’chada qolishi, yomon yo’llarga kirib ketishi hech gap emas. Shu bois kelar ekan, bu masalalarni hal etib, keyin yo’lga chiqish kerak.

Bu birinchidan, ikkinchidan esa ko’chadan kelgan tasodifiy bir odamga hamma ham eshik ochavermaydi. Kimdir uni josus deb o’ylashi, yana kimdir biror radikal diniy guruhga a’zo deb xayol qilishi mumkin va hokazo. Ayniqsa, bugun Amerikada bu masalaga jiddiy e’tibor beriladi.

Qisqa muddatli viza bilan kelib bu erda qolib ketadiganlarga esa hozir hech kim yordam bermaydi. Ular o’z kelajaklarini xarob qiladilar. Chunki ularning ishi qonunlarga xilof harakat va bu erda qonunni buzish og’ir oqibatlarga olib keladi. Qonunni buzib qo’ygan bo’lsangiz tanishingiz hatto prezident bo’lsa ham oraga kira olmaydi. Ana shunaqa gaplar!

Yana ham ko’proq narsa bilishni istasangiz “O’zbeklar va o’zbeklar”ning keyingi ikki kitobini o’qing.

BIRINChI KITOB TUGADI.

One Response

  1. […] 3.O’zbeklar va o’zbeklar […]

Comments are closed.