Obidxon Nazarovdan keyin navbatdagi kim?
SAVOL:Obidxon qori va uning boshiga tushgan musibat haqida nima deya olasiz? Uni shaxsan tanirdingizmi?(Ulug’bek).
JAVOB: Men tanigan va bilgan o’zbek ulamolari orasida eng aqllisi, bilimdoni va eng kamtaridir u. Obidxon Nazarovni ilk bor 1990 yilda Toshkentda bir ma’rakada qo’rgandim. Samarqandda Qur’on tushirgan mullaga bur tuguncha hozirlab, pul ham berish odat edi. Obidxon qori chiqib ketar samarqandlik uy sohibi:
-Taqsir bu sizning haqingiz,-deb uning qo’liga bir narsa uzatdi.
-Biz haqqimizni Ollohdan olamiz, bunday narsalar uchun pul berish ham, pul olish ham uvol,-dedi u.
Shundan keyin uning kassetalarga yozilgan ma’ruzalarini eshitib ko’rdim. Ma’rifat, ilmu urfon, odob-axloq, odamiylik, halollik, poklik mavuzlari. Televideniega rahbar bo’lib kelishim bilan uning shu mavzulardagi suhbatlari asosida bir dastur boshlatdim. Men ketgandan keyin bu dastur uzoq davom etmadi.
Shu orada bir necha marta u bilan suhbatdosh bo’ldim. U juda kamtar va fikr aytishdan ko’ra fikr tinglashni afazal ko’radigan inson.
Men quvg’inga uchrab Turkiyada yurganimda uning ham boshiga ko’p ishlar kelgani eshitib turdim. Istanbulning Qapali Charshi degan bozori har kuni minglab emas, millionlab odamlar bilan gavjum bo’lardi. Bu erda ikki o’zbekning uchrashib qolishi mo”jizadek gap.
Bir kuni minglab odamlarning orasida Obidxon Nazarov bilan yuzma-yuz kelib qoldik. Ozgina suhbatlashdik. Shundan keyin uni qaytib ko’rmadim. AQShda “Islomiy bahslar” kitobini yozish jarayonida uning aksar va’zlari yozilgan tasmalarni eshitib chiqdim. Uning dunyoviy siyosatchi emas, balki tom ma’noda yirik islomiy olim ekanligiga ishonch hosil qildim.
Bugunga qadar uning siyosat borasida hukumatni umumiy tanqidlarini inobatga olmaganda rejimni tubdan o’zgartirish borasida keskin chiqishlarini ko’rganim yo’q. Ammo islom ilmi yo’lida xizmatlari beqiyos. Ba’zilar u siyosatni zimdan olib boradi deyishadi. Lekin bu menga qorong’u. Uning qaysi bir tashkilot yoki muxolifat guruhi bilan aloqalari haqida ham bir narsa deyishim qiyin. Ochiq ma’lumot yo’q.
O’zbekiston hukumati uning orqasiga tushganidan esa uning ortida qandaydir katta kuch borligini sezib qolgan bo’lishi mumkin. Bu ham taxmin. U sakkiz yil davomida qaerdadir bitta hovlidan tashqariga chiqmay, “yo’qolib qolgan” paytida ham u qidiruvda edi. Shvetsiyaga borgandan keyin ham u O’zbekiston hukumatining qora ro’yxatidan tushgan emas.
Unga suiqasd bo’lganini eshitganimda, ilk bor xayolimga mahalliy millatchilarning ishi degan gap keldi. Ular oldin ham u imom bo’lgan machitga hujum qilishganini eshitgandim. Keyin, “Zamondosh” radiosida Anvar Karimovning aytganlarini esladim. U Obidxon Nazarovning Interpol ro’yxatidan chiqarilgani va u Afg’oniston borasidagi gizli so’zlashuvlarda ishtirok etayotgan bo’lishi mumkinligini aytgandi. Balki hujum o’sha yoqdan keldimi deb o’yladim. Chunki uning avvalida Tohir Yo’ldoshni zimdan qo’llagani haqida gaplar ham yurgan.
Hatto Obidxon Nazarov O’zbekiston Islomiy harakatining g’oyaviy yo’lboshchisi degan gaplar ham bor edi.
Uchinchi ehtimol O’zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati… Bu rost bo’lib chiqsa, u holda bevosita Islom Karimovga borib taqaladi. Chunki Karimov bilmasa, bunday masalalarda MXX bir qadam ham odim otolmaydi. Joni nechta! Agar Karimov bilgan bo’lsa, u holda Karimovni nima buncha qo’rqitdi? Uni xalqaro bosim bilan yuzma-yuz qolishdan ham cho’chitmagan narsa nima? Bu savolimga hali javob topolmadim.
O’zbekning islomiy ilmlar bilimdoni bo’lmish Obidxon Nazarov tezroq tuzalsin, shifo bersin unga va biz javobini topolmagan savollarga javobni u bilishi mumkin.
Ushbuni yozib tugatganimdan keyin xotiramga 2009 yilning 16 aprel kuni “Turonzamin” saytida chiqqan bir xabar keldi, uni “Savollarga javoblar” ruknidagi videosuhbatda ham sharhlagandim. Bu videosuhbatni uch mingdan ziyod kishi tomosha qilgandan keyin saytimiz hujumga uchraganda Youtube-dan “yo’qolib qolibdi”. Bundan shu kunlarda xabar topib, qayta tiklab qo’ydik.
Xullas, quyida matni keltirilayotgan xabarni qayta o’qib, videosuhbatni qayta ko’rib, savollarimga javob topgandek bo’ldim:
“Shu yilning 26-mart kuni Toshkentda Shanxay hamkorligi tashkilotining Regional antiterroristik Kengashi favqulodda bir qaror qabul qilgandi. Unga ko’ra xavfli terrorist deb qidirilayotgan shaxslar ro’yxati tasdiqlangan. O’shanda matbuotga bu haqda qisqa ma’lumot bergan O’zbekiston MXX raisining birinchi o’rinbosari Shuhrat G’ulomov bunday shaxslar qidiriladi, qamoqqa olinadi yoki mutloq yo’qotiladi degan edi. U shuningdek, 900 dan ziyod kishining nomi bu ro’yxatga kiritilganini aytgandi. Lekin kimlar va nima uchun kiritilgani aytilmagandi.
Mana oradan shuncha vaqt o’tmoqda, bu masala bilan Demokratik O’zbekiston Kongressining raisi Jahongir Mamatovdan boshqa odam qiziqqan emas. Boshqa birov bu ro’yxatga kimlarning nomi kiritilgan va qanday asoslarda kiritilgan deb so’ramaydi ham. Bu masalada “Ozodlik”, “Amerika ovozi” va Bi-Bi-Si ham mum yutgan ko’rinadi.
Nahotki bu masala hech kimni qiziqtirmasa? Bobur Xoliqnazar. “Turonzamin”, 16 aprel, 2009 yil”.
Ana endi Obidxon Nazarov masalasini nega shved maxsus xizmatlari xalqaro miqyosda tekshiruvga olganlari sababini ham tushunish mumkin.
Ular bu masalani o’rganar ekanlar, mening xayolimdan esa navbatdagi suiqasd qurboni kim ekan, degan savol kechmoqda.
JM.
Filed under: Savol-Javob |








Leave a comment