1992 yildagi voqealarning bugun sodir bo’layotganlardan farqi yo’q
SAVOL׃ “Yaqin moziy” deb nomlangan kitobingizga kirgan “LAMBADA yoki behayo o’yin” deb nomlangan maqolangiz quyidagi gaplar bilan uzilib qolgan׃ -Bugun Islom akaning mardligini ko’rolmayotganlar bor, – deya davom etdi O. Yoqubov. – Ular adashgan, kimdandir, nimadandir norozi kishilardir. Shu… Buning davomi bormi? (Muarrix).
ЖАВОБ׃Saytda bu kitob, jumladan shu maqola to’laligicha turibdi.
Sizda nima uchun ochilmaganini bilmadim. Bu balki kompyuteringiz yoki Internet tezligi bilan ham bog’liq bo’lishi mumkin.
Bu maqola 1992 yil dekabr oyida yozilgan va “ERK” gazetasining 1994 yil, 16 May, 5(104) sonida e’lon qilingan. Modomiki, sizda bu maqolani to’liq o’qish imkoni bo’lmabdi, uni quyida keltirmoqchiman. Mustaqillik yillari nafaqat turg’unlik, balki ortga qaytish yillari bo’lgani uchun ham 1992 yildagi voqealar xuddi bugun sodir bo’layotganlardan farqi yo’q. Mana o’zingiz xulosa qiling.
“LAMBADA” yoki BEHAYO O’YIN
Braziliya o’rmonlarida yashagan hindular “lambada” raqsini ellik yil ta’qiqlashdi. Lekin zamon zayli bilan bu raqs ularning milliy iftixoriga aylandi.
Darvoqe, siyosat ham san’at deyishadi. Aslida san’at ham siyosatdir. Siyosat san’at ekanligi sezilib qolganda, emirila boshlaydi. San’at ham siyosatligi bilindimi ”oyog’i sinadi”. San’atning go’zal bir bo’lagi – raqs, o’yin. Siyosatning harom bir bo’lagi – o’yin. Biri teatr, tomosha sahnasida, kichik davralarda hukm sursa, ikkinchisi juda o’lkan sahnada – mamlakat, dunyo sahnasida “jilva” qiladi.
Lambada so’zi “ta’qiqlangan raqs” deganidir. Bu raqs benomus, hirsli bo’lgani uchun hindular uni ta’qiqlashgandi. Nimaiki ta’qiqlansa, unga qiziqish, yolg’on ehtiyoj oshadi. Kishining hirslarini qo’zg’ab, uni oniy xayollar girdobiga g’arq qiladigan bu raqsni hindular qirolichasi sevib qoladi va uning iste’dodli ijrochisiga aylanadi. Qirolicha tovusdek tovlanib, iffat sarhadlarini buzib, xirom etar ekan, unga butun millat qo’shildi. Vaqt o’tib, bir zamonlar ta’qiqlangan raqs ommaviy o’yinga aylandi.
Hindular yashagan o’rmonlarni yo’qotish boshlanganda ular isyon qildilar. Isyon bostirildi. Faqat qirolicha o’z raqsi, o’yini bilan katta sahnalarga etib bordi. Raqqosa o’rmonni saqlash harakatini boshladi. “Lambada” esa yashin tezligida dunyoga tarqaldi. Hindular bu o’yinni milliy iftixor, milliy san’at deya, faxrlandilar. Raqqosaning faryodini Amerika hukumati eshitdi va o’rmonni saqlashga kirishdi. Bu nafsoniyatlariga tegib, o’rmonni yo’qotishga kirishganlar unga o’t qo’ydilar.
Hindular ko’chmanchilik so’qmoqlariga sochildilar.
Ha, odamlar yashab, voqealar kechib o’taveradilar. O’yinlar esa yo’qolmaydi.
Bugun bizning yurtimiz sahnasida – ham siyosat, ham san’at sahnasida iftixorga aylangan hayosiz o’yinlar ko’payib ketdi. U “lambada” ni eslatadi.
“Lambada” raqsi inson yuragining tubidagi eng nozik tuyg’ularni yalang’och qilib ko’chaga chiqaradi, uning hirs-hayajonini qo’zg’ab, aqlni, idrokni begona xayollar oyog’i ostiga tashlasa, kishini ojiz jonivor holiga solishga xizmat etsa, bizning siyosatdagi “lambada” bundan yuz karra razilroq maqsadlarga xizmat qiladi. U yolg’on, aldov sehri bilan insonlarni o’zligidan, kimligidan, oriyati, diyonati, nomusidan ajratishga mo’ljallangan. Bu “iste’dod”ning ayrim sahnalariga nazar solaylik:
O’zbekistonning yangi Konstitutsiyasi qabul qilingan sessiya arafasida mamlakatda terror boshlangan, diktatura quloch yozgandi. Muxolifat qatag’onga olingan, quvg’in, surgunlar boshlangandi. Sessiya ham ana shu ruh, ana shu kayfiyatda o’tdi. Bosh qonun deyarli muhokamasiz qabul qilindi. Shu kuni kechqurun prezident poytaxtning “Navro’z” koshonasida millatvakillariga, saroy a’yonlariga ziyofat berdi.
Ziyofat oqshomi prezidentning ko’zlaridagi tahlika yo’qolmagandi. U shu kuni qandaydir noxush xabar olgani sezilib turardi. Sessiyaga kirishda deputatlarni lazerli maxsus uskunalar yordamida “bojxona”dan o’tkazishdi. Ayol deputatlardan birining sumkasidan temir kuldon chiqib qoldi. Yarim soat so’roq qilishdi. Biz kuldik: “Agar kuldon bilan kimningdir joniga qasd qiladigan bo’lsa, demak yapon maktabida o’qigan”.
Ziyofat zalida mehmonlardan qo’riqchilar ko’proq edi. Sigaret chekmoq uchun joyimdan qo’zg’algandim, yigirmaga yaqin yigit men tomonga o’tdi. Yonimga Milliy Xavfsizlik xizmati qo’mitasining raisi G’ulom Aliev keldi.
-G’ulom aka, “qo’ylar ham cho’chqa holiga” tushibdi-ku? – dedim ziyofat oldidan maxsus aravachalar ustida cho’chqaga o’xshab yotqizilgan, boshi va oyog’i kesilmasdan pishirilgan qo’ylarga sha’ma qilib.
-Bugun shod-hurramlik, shunaqa gaplarning o’rnimas, – dedi G’. Aliev. Sezdimki, suhbatimiz yozib olinmoqda. Chunki G’ulom aka bilan yon qo’shnimiz. Yakkama-yakka qolganda tuzumdan, prezidentdan noroziligini aytardi. Bu ham balki “lambada”dir? Har holda, o’yinni samimiy o’ynardi. Prezidentning xafaqonligidan ko’pchilik foydalanmoq istardi. Masalan, hurmatli shoirimiz Shukrullo xalqi-mardumning o’rtasida prezidentni oz deganda o’n marta cho’lpillatib o’pdilar. Prezident qo’l qovushtirib turar, Shukrullo aka esa “iliq” gaplar bilan uning ko’ngliga suv separdilar.
Birdan Olmaxon Hayitovaning jarangdor ovozlari yangradi. O’rtaga Xorazm viloyati hokimi Marks Jumaniyozov chiqdi. U va Vazirlar Mahkamasi raisining muovini Erkin Samandarov O’zbekiston mustaqilligining bir yilligi tantanasida birga raqsga tushib, prezidentdan tashakkurnoma olishgandi. Marks Jumaniyozov qarsaklar og’ushida goh qosh uchirib, goh o’tirib-turib o’ynardi.
Odamlarning ko’zi prezidentda edi. U zaharli jilmayib turardi. Bu jilmayishni tashakkurnoma deb anglashdi shekilli, birin ketin viloyat hokimlari raqsga tusha boshladilar. Samarqand viloyat hokimi Po’lat Abdurahmonov raqsga usta emas ekan. Deputat Oygul Mamatovaning jozibador o’yini bu qusrni yopib yubordi. Buxoro viloyat hokimi Damir Yodgorovning “badani”da bor ekan, ancha vaqt davra aylandi. Hatto, bir qo’li bilan qoshini yuqori ko’tarib, prezidentga qarab “hunar” ham ko’rsatdi. Xullas, hokim raqqoslar musobaqasi prezidentning xijil ko’nglini yozdi.
Navbat millatning guli va aqli bo’lmish ijodkorlarga keldi. To’g’rirog’i, prezident so’zni avval Said Ahmadga, so’ng Odil Yoqubovga berdi.
Said Ahmad mikrofonni ikki qo’llab ushlagancha davraga bir nazar soldilarda yuraklarini ochdilar.
-Men ham mustaqillik uchun kurashganlardan biriman, – dedi u kishi. – Sovetlar imperiyasida mustaqillik haqida gapirish u yoqda tursin, hatto fikrlash ham qo’rqinchli edi. Lekin biz yuragimizdagi bu dardni asarlarimizga singdirdik. “Kelinlar qo’zg’oloni”ni yozarkanman, dilimda shu maqsad edi. Markaz zulmidan ozod bo’lish g’oyasi asarimning boshidan oxirigacha chekinmaydi. Bu asarda o’n besh mustamlaka jumhuriyatning dardi, tashvishlarrini berishga intildim. Bosh qahramonlarimning har biri bir jumhuriyatning obrazidir…
Davrada o’tirganlardan biri “O’zbekiston kim ekan?” deb shivirladi. “Sottixon bo’lsa kerak” degandim, yonimizdagilar kulib yuborishdi. Said Ahmad esa hali so’zlarida davom etmoqda edilar.
-Muhtaram prezidentimiz Islom aka Karimov mustaqilligimizni e’lon qilgan pahlovon xalqimizning Alpomish o’g’li, umidlarimizning yorqin sho”lasidirlar. Mana, Yana u kishining dadil va jasoratli odimlari bilan yurtimizning yangi Bosh qonuni qabul qilindi…
Said Axmad bisotidan terib – terib hamdu sano yog’dirgani prezidentni shod qildi. Ammo Odil Yoqubov yanada jozibali, yanada obrazli nutq irod etdi:
-O’zbekiston yarador, majruh bir ot, to’g’rirog’i toychoq edi. Rus mustamlakasi paytida ezilgan bu toychoqning ko’zlari yosh, dardi og’ir edi. Islom Abdug’anievich uning yoshlarini avaylab, yollarini tarab, silliqlab, yarasiga malham bosib parvarishladilar. Bu toychoq tezda kuch to’plab, parvozga shaylangan ot holiga keldi. Bugun Islom aka sohibi davlat sifatida uni egarladilar. Dul-dul yuksak parvozlarga shaylandi. U o’z chavandoziga, chavandozi esa unga yarashib turibdi…
Balki vaqt kechib adiblarimiz “O’shanda men obrazli qilib, Karimov xalqning elkasiga minib oldi” degan gapni aytishlari mumkin. Va hech kim e’tiroz qilmaydi. Chunki “lambada” har qanday kishining sog’lom fikrlarini toptab, or-nomus ko’chasidan uzoqlashtiradi.
-Bugun Islom akaning mardligini ko’rolmayotganlar bor, – deya davom etdi O. Yoqubov. – Ular adashgan, kimdandir, nimadandir norozi kishilardir. Shu sabab, Siz Islom aka, undaylarga e’tibor ham bermang. Xalq ularga allaqachon baho berib bo’lgan. Shunday deymizu, ammo ular asabni egovlab, katta ishlar va maqsadlar yo’lida to’siq bo’lishgani ayanchlidir…
So’ng Ortiq Otajonov prezidentga “bir kapgir” maqtov yog’dirib, qo’shiq boshladi. Davraga raislik qilayotgan Namangan viloyati hokimi, prezident iborasi bilan aytganda “oqsoqol” Burgutali Rapiqaliev ishorasi bilan o’rtaga yana hokimlar chiqdilar. Raqs tugagach, Karimov “ikki ulug’ adib” sharafiga qadah ko’tarishni buyurdi.
Stol ustidagi shishalar allaqachon bo’shab qolgani uchun ba’zi a’yonlar bo’sh qadahlarni ko’tarib, buyruqni bajardilar.
Vaqt kelib, ular ham o’zlarini oqlashlari uchun imkon bo’ladi. Ya’ni: “Biz o’shanda fikrlarga qo’shilmaganimiz uchun bo’sh qadahni ko’targandik”, deya. Ularni hozir ham ayblamoqchi emasmiz. Ular “lambada” asirlari. Asir esa buyurilganni bajarishga mahkum. Asirlar sud qilinmaydilar.
Qo’shiq aytib turgan G’ulomjon Yoqubovga prezident nimanidir ishora qildi. U kuy ohangini o’zgartirib, Karimovga Mustaqillik kuni yoqib qolgan nasihat – qo’shig’ini boshladi. Shu payt uning yonida hofiz Sherali Jo’raev paydo bo’ldi.
Sherali Jo’raev haqida shu kunlari turli mish-mishlar tarqalgandi. “Karimov uni televizordan, radiodan olib tashlabdi”. “ U hajga borganda prezidentni Xudosiz debdi”. Bu gaplarda jon bor edi. Rostdan ham Karimov bir majlisda TV “katta”siga Sherali Jo’raevni ko’rsatmaslikni buyurgandi.
Hofiz hamkorining qo’lidan torni olib: ”Men O’zbekiston gimnini yozganman, shuni ijro etaman”, dedi. Prezident boshini quyi solib, yonidagi maslahatchisi Mavlon Umrzoqovga nimadir dedi. Uning rangi oqadi. Har holda javob qildi. Nazarimda, u “Sherali Jo’raev ro’yxatda yo’q edi”, deb qutuldi.
Qo’shiq tugagach, ”ob-havo” buzilaganini sezgan a’yonlar qarsak chalmadilar. Hofiz engil kuy chalib, o’tirganlarni raqsga “da’vat” etdi. Hamma jim.
Balki Sherali Jo’raev “lambada” muhitini buzmoq istagandir? Ammo u xalqimizning sevimli xonandasi edi. Men unga xayrixoh muxlis sifatida achindim. U bir qo’shiq aytib atrofiga ming-ming odamni to’plashi mumkin. Shu bir hovuch “raqqos”lardan obro’ olish juda zarurmi? Uning “lambada”ga qo’shilmoq istagida o’zini xor qilganini tushuna olmadim. Uning san’atiga hurmatim borligi uchun ham shu lahzada bu “ixtiyoriy” ta’zimini tushuna olmadim.
Ko’p o’tmay bu “noxushlik”ni prezident unutdi va o’zi raqsga tushdi. Juvon deputatlar, hokimlar uni qurshab oldilar. “Lambada” avjiga chiqdi…
Ziyofatdan chiqar ekanman, yonimga Dadaxon Yoqubov keldi:
-Aslida bu erda raislik qilish ikkalamizning ishimiz edi. Lekin qovun tushirib yuribsiz-da, – dedi.
Indamadim. Ziyofatga meni majburlab olib kelgan do’stlarim O’zbekiston xalq deputatlari Nasrullo Sayid va Imom Fayzini eshik yonida kutib turdim. Kechagina quchoqlashib ko’rishadigan a’yonlar ko’rmaslikka olib o’tib ketardilar. Sal nariroqda esa Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari mendan ko’zlarini uzmay turardilar.
-Bosh qonun qabul qilingach, prezident kazo-kazolarni to’plab, muxolifatni butunlay yo’qotishni buyuribdi, – dedi Nasrullo.
-Unda kimga prezidentlik qiladi? Butun bir xalq unga muxolifatda-ku, – dedim.
-Xalq vakillariyu safdoshlaringiz – yozuvchilarni ko’rdingiz-ku, – dedi Imom Fayzi. – Karimov shularga prezidentlik qiladi.
“Navro’z” koshonasidan qaytarkanmiz, ko’ngil xira edi, chunki “lambada” endi boshlangan, yashin tezligida viloyatlarga, tumanlarga tarqalishi aniq edi. Bu ham mayli. Lekin o’rmonga o’t ketgandi. O’rmon ichida ming-minglab gunohsizlar azob o’tida qovrilayotgan edilar. Ko’ngilga ana shu yong’inning qora dudi xira solgandi…
ЖМ.
Filed under: Kundalik, Savol-Javob |
Leave a Reply