Navoiyni tushunamizmi?
SAVOL: Alisher Navoiy asarlarini o’qisangiz tushunasizmi?(Rohila).
JAVOB: Agar rahmatli Porso Shamsievning “Navoiy asarlari lug’ati” yonimda bo’lsa, albatta tushunaman. Bo’lmasa, qiynalaman va so’zlarni ma’nosiga qarab taxmin qilib, o’zimni o’tdan suvga uraman.
Darvoqe, o’sha lug’at G’afur G’ulom nashriyotida chop etilgan bo’lib, qariyb sakkiz yuz sahifadan iborat va yigirma ming atrofida so’zu iboralarni o’z ichiga olgan. Kitob o’sha paytda (1972) o’n ming nusxa nashr etilganini eslasak, demak O’zbekistonda o’n ming odam Navoiyni u yozgan tilda tushuna oladi. Darvoqe, mukammal tushunmoqni istaganlarning esa arab alifbosida o’qishni bilishlari ham shart.
Shuning uchun ham biz-ko’pchilik Alisher Navoiyni bugungacha boshqalar orqali bildik va o’rgandik.
Dastlab Navoiy asarlari 16-asr boshlarida madrasalarda o’qitila boshlangan va u paytdagilar uni bizdan ancha va ancha yaxshi tushunganlar.
Sho’rolar paytida Navoiyni ularning ko’zgo’si orqali ko’rdik. Stalin rejimining topshirig’i bilan maktablarda Navoiyni o’qitishga izn berilgan, ammo ularning o’z nazariyasi yo’nalishida.
Hatto Ikkinchi jahon urushi borayotgan bir sharoitda adibning 500 yillik yubileyi tantanali nishonlandi, shu munosabat bilan Oybekning “Navoiy romani nashr etildi”, 1942 yilda esa SSSR bo’ylab Navoiy siymosi aks etgan pochta markasi chiqarildi. 1947 yilga kelib, “Alisher Navoiy” filmi suratga olindi…
Xullas, o’shandan beri har yil yubiley bor. O’qimasak ham, bilmasak ham, tushunmasak ham yubileylashib yuribmiz. Dastlab Navoiy asarlarni diniy yo’nalishda foydalanishgan bo’lishsa, sho’rolar undan oz qolsin kommunist adibni yaratishdi, bugunga kelib esa uning asarlaridan hukmdorni ulug’lash, saroy shoiri bo’lishning baxti kabi ruhda foydalanish avjga chiqqan. Buyuklardan, ularning nomlaridan istifoda qilish ojizlarning hunari.
1991 yilda Islom Karimov ham uning soyasida obro’ orttirish qanday bo’lishini Navoiy tug’ilgan kunga 550 yil to’lishi munosabati bilan o’tkazilgan yubileyda his qilib qolgandi va u ham shundan beri bayroqni baland ko’targan. So’rasangiz, Navoiydan ikki satr aytolmaydi.
Xullas, Navoiyning nomidan foydalanish shohlar, amirlar, shayxlar, genseklar, diktatorlar uchun, ularning ideologiyalari uchun qo’l kelmoqda. Nega? Buning bitta sababi bor. Biz Navoiyni bilmaymiz. Agar uni bilganimizda bular bizga o’z mafkuralarini, ideologiyalarini “yedira” olmasdilar.
Shuning uchun ishni Navoiyni tushunmoqdan boshlash kerak. Navoiy bir asarida “zanub” degan so’zni ishlatadi. Shu so’zni tushundingizmi? Agar tushungan bo’lsangiz, gunohimiz, aybimiz nima ekanligini ham tushundingiz va mening yozganlarimni unuting. Agar tushunmagan bo’lsangiz va tushinishni ham istamasangiz u holda hech bo’lmasa uning mana bu satrlaridagi “pindor” so’zining ma’nolarini qidiring:
“Ey Navoiy, o’zni maqbul istasang tufroq bo’l,
Kim, erur mardud ulkim, boshida pindori bor”.(“Badoyiul-vasat”dan).
ЖМ.
Filed under: Kundalik, Savol-Javob |








Leave a comment