AS AL
SAVOL: Jahongir aka, bir necha yildan beri sizning elektron xatlaringizda “Assalomu alaykum” deyish o’rniga “AS AL” deb yozishingizni ko’rganman. “Bunday narsa shakkoklikdir” degan gaplarni eshitayapman. Nahotki, siz ham shakkoklik qilib kelayapsiz?(Sher).
JAVOB: Aptal odamlar uchun dunyodagi barcha insonlar aptaldir. Shakkoklar esa hamma narsani shakkoklik deb o’ylaydilar. Ya’ni har kim o’z qarichi, o’z aql doirasi bilan o’lchaydi.
Vaholanki, “Sizga tinchlik-osоyishtalik tilayman…” ma’nosini tashiydigan bu ibora aslida “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuh” shaklida yoziladi. O’rta Osiyo mamlakatlarida “Assalomu alaykum”, “Salom-alaykum”, “Salom” (Turkiya, Afg’oniston, Eronda ham) shaklida ishlatilishi odat tusiga kirgan.
Qur’oni Karimning Ra’d surasida Jannatga kirganlarga farishtalar tomonidan “Salamun” deyilishi aytiladi. Shundan kelib chiqib, bir qator mamlakatlarda “Salamun…” ham deyiladi.
Bugungi texnologiya asrida “AS AL” deb yozish sotsial tarmoqning terminiga aylangan. Arablarning o’zlari “ASAK” deb yozadilar. SMS yozganda esa “slm” shaklida yozish odat bo’ldi.
Juda ko’p ulamolar “Sallallohu alayhi vassalam” iborasini (SAV) yoki “Subhoni va Taollo” ni (SVT) deb yozadilar va bu ko’rinish diniy kitoblarga ham kirib ketgan. Buni hech kim shakkoklik demagan.
Bizning qo’lbola shakkoklarga qolsa, Al-Rahmonni “Rahmon”, Al-Xoliqni “Xoliq”, Al-Vahobni “Vahob”… deyishni ham shakkoklik deyishadi. Ularga ko’ra butun dunyo shakkoklar dunyosidir.
Bir ulug’ ulamoga:
-Uzr, shu arabcha so’zni aytishga tilim qovushmadi,-deyishganda u:
-Yaratgan dilingizni o’qiydi,-degan ekan.
Shuning uchun dilingiz to’g’ri bo’lsa, bas!
Ba’zilarning tili boshqa, dili boshqa bo’lgani uchun ular o’zgalarni ham o’zlari kabi hisoblab ulardan hurmatni, sadoqatni bezbetlarca ochiq talab qiladilar. Ya’ni undaylar “Assalomu alaykum”dan keyin “Hazrati oliylari” degan iborani kutadilar, yozmasangiz shakkokning gumon to’riga ilinasiz.
“Shak” so’zi shubha, gumon ma’nosiga ega, “Shakkok” degani shubhachi, gumonchidir, “Shakkoklik” esa har narsaga shubha, ishonchsizlik, ikkilanib qarashni anglatаdi. Agar siz tez-tez borib kelib turgan elektron xatlaringizni yozishda vaqtingizni tejamasdan “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuh” deb boshlayversangiz ham shubhaga tushasiz. Chunki shubha qilish shakkokning ilmu hunaridir. O’sha shakkokka ham “AS. AL.” deymiz. Bu nimani anglatgani unga emas, dilimizni o’qiydiganga ayon.
JM.
Filed under: Kundalik, Savol-Javob |








Leave a comment