Jahongir Muhammad: “Qiyomat kuni (9)

Blogda yozib borilayotgan tarixiy-zamonaviy roman
-9-
Istanbul,Turkiya
Saidjon Alisher bilan Istanbulga keldi. Bu uning qadimiy va afsonaviy shaharga ilk bor kelishi edi. Shuning uchun ham  ko’nglining bir chetida hayajon bilan birga yana bir chetida do’sti Alisherga minnatdorchilik tuyg’usi ham jo’shayotgandi. Lekin ularni kutib oladigan kishi kelmadi.
Alisher kimgadir sim qoqdi. Ikki soatlardan keyin Temur degan yigit kelib, ularni mehmonxonaga olib borib, joylashtirdi.
Temur turkcha va o’zbekchani aralash qilib gapirar ekan. Aslida u juda oz gapiradigan kishi ekan. Salom-alikdan nariga o’tmadi. Saidjon mehmonxonada qoldi. Alisherni esa Temur olib ketdi.
Mehmonxona shaharning markazida, “Yopiq bozor”ning shundaygina biqinida ekan. Keyin bilsa, bu mehmonxonaning sohibi Usmonxo’ja degan o’zbek  ekan.  O’shanda Saidjon bunday tarixiy shaharning qoq markazida ko’p qavatli mehmonxonasi bo’lgan o’zbekni bir ko’rishga, u bilan bir salomlashishga ishtiyoqmand edi. Lekin bu nasib etmadi.
U tungi Istanbulni tomosha qilish uchun pastga tushdi. Mehmonxonaning koshona qilib bezatilgan kirish joyida׃
-Uka siz o’zbekmisiz?-degan ovozdan “uyg’onib ketdi”.
-Ha… Assalomu alaykum!
-Va alaykum assalom. Xush kebsiz!
-Rahmat!
Haligi odamning yoshi taxminan elliklarda, bo’yi past, ammo gavdasi tosh ko’taradigan sportchilarnikidek miqti edi. Ular u yoq-bu yoqdan gaplashdilar.
U odamning ismi Abdulla ekan. Saidjonning O’shdan kelganini eshitib, avzoyi buzilgan tarzda suhbatni erinibgina davom ettirdi׃
-Men bir oshxona ocha boshlagandim. O’shanda o’shlik Ilhom degan bir bola kelib qoldi. Sevinib ketdim. Vatanimdan, bobo yurtdan kelgan deb unga quchoq ochdim. Oshxonada una alohida xona qilib berdim. Yaxshigina maosh ham to’lab yurdim. U lahjamizni tez o’zlashtirib oldi. Uni ichkaridan tashqariga chiqarib, xo’randalar bilan muomalaga qo’ydim. Hisob-kitob ham uning qo’lida edi. Nima bo’lsa ham o’zimniki deb o’ylardim. Bizniklar Sho’rolarning zug’umi bilan Marg’ilondan chiqib ketishgan. Marg’ilon va O’shning orasi bir qadam. Balki ota-bobolarimiz bir-birlarini tanigan ham bo’lishlari mumkin? Xullas, bu bolaga mehr qo’ygandim. ..
Abdulla akaning hikoyasidan ma’lum bo’ldiki, u tez orada Ilhomning qo’li egriligini sezib qolibdi. Ikkalasi “san-man”ga boribdi. Ilhomni bir tarsaki urgan ekan u ham javob qilibdi. Kimdir mirshab chaqiribdi.
-O’shlik deganim ana shunaqa chiqdi…
-Hammasi ham bir emas,-dedi Saidjon.
-Hammasi ham bir go’r. Mana O’zbakistondan kelganlarini ham ko’rib turibmiz. Bizku biz, ular o’zlarini o’zlari ham aldashadi. O’sha noshud Ilhom bo’lmaganda, men mana bu erda eshik og’asi bo’lib qolmasdim. O’shani deb hamma narsamdan ayrildim.
-Bitta janjal uchun qanday qilib hamma narsangizdan ayrilasiz?
-E, u Ilhom degani qirg’izning josusi bo’lib chiqdi.
-Qirg’izga bu erga josus yuborish nima uchun kerak?
-Islom otaning dushmanlari bor bu erda. Shular haqida bilish uchun yuborgan ekan. Bu muttaham qirg’izlar Islom otaning tilini qisiq qilib qo’ymoqchi bo’lishgan. Oz qolsin men ham qamalib ketardim. Hamma narsamni sotib ovqatga to’lab qutuldim.
Saidjon o’shanda hayron bo’lgandi. Turkiyada advokatni “ovqat” deyisharkan. Rosa kulgisi kelgandi. Lekin keyin bundan ham kulgili holatlar chiqqani uchun bu esdan ham ko’tarildi.
-Bo’lmagan gap, biznikilar qirg’izga ishlamaydilar,-dedi o’shanda Saidjon.
-Siznikilar kerak bo’lsa sho’roga ham ishlaydilar, Xitoyga ham, Eronga ham…
Bir zumda ular “sizniki”, “bizniki”ga tushib qolishdi. O’rtada ko’ngillarni og’ritadigan gaplar aylana boshladi. Oxirida Abdulla aka Saidjonga bir tarsaki tortib yuborishiga oz qoldi. Chunki Saidjon bilmay yomon bir so’zni ishlatib yubordi. Abdulla akaning uning yuziga uzatgan qo’li havoda qoldi׃
-Senga gap qo’shgan Abdullaning padariga la’nat! Ana ko’chaga chiq, natashalar o’rnini senikilar egallagan. Sanlar islomga yuz o’girib kopir bo’lding! Urusning qoni bilan yashab yuribsanlar!
Saidjon titrab ketdi. Bu gaplarga javob berishi kerak edi. Musht bilanmi! So’z bilanmi? Endi qanday qilib bu haqoratni ko’tarib yuradi? Balki javob bermay yaxshi qilgandir? Agar javob bersa natijasi nima bo’lardi? Bu odamning jahli tez ekan. Balki uning jahlini charxlagan o’sha Ilhomdir?
Xullas, Saidjon juda xafa  bo’ldi. Ham o’zidan, ham Abdulla akadan. Bizning boshimiz bir qozonda qaynamaydi, deb o’ylardi u. Balki Abdulla akaning ham xayolidan ayni fikrlar o’tayotandir?  Saidjon borib, o’sha Ilhom uchun ham, o’zi uchun ham uzr so’ramoqchi bo’ldi, ammo bo’yni tob bermadi. U xonasiga chiqib o’zi bilan o’zi “olishib” yotdi.
Alisher yarim tunda qaytdi va Saidjonga׃
-Ertaga hukumat odamlari bilan uchrashuvga boramiz,-dedi.
Ertasiga Istanbuldagi Taksim maydoniga borishdi. Saidjon atrofga alanglab boqardi. Hamma narsa unga boshqacha ko’rinardi. Alisher esa xuddi shu erda katta bo’lgandek, hech narsaga parvo qilmay, tez-tez yurib borardi.
Otaturk nomidagi Madaniyat markazi yonida ularni Ro’zimbey  degan kishi kutib urgan ekan. Ro’zimbey novchadan kelgan, soqoldor kishi ekan. O’zbekchasi yaxshi. So’zlarni cho’zib-cho’zib gapirishidan Afg’oniston tomonlardan kelganga o’xshardi. Negadir u Saidjon bilan ochilishmadi.
Xullas, uchchovlon Madaniyat markazining orqasidan pastga qarab so’qmoqlardan tushib borishardi. Saidjon hukumatning idorasi shunaqa jin ko’chalar orasida bo’larkanmi, deya hayron edi.
Ular sassiq suvlar shildirab turgan bu jin ko’chalar orasidagi ikki qavatli uyning yonida to’xtashdi. Binoga kirish eshigida bir qancha tugmalar o’rnatib qo’yilgan bo’lib, Ro’zimbey ulardan birini bosib׃
-Biz keldik,-dedi turkiya turkchasida.
Ikkinchi qavatga ko’tarilishdi. Kiraverishdagi xonaga divanlar qo’yilgan va ularni kutib olgan yosh yigit Ro’zimbeyni divanga boshlab, Alisher va Saidjondan ichkaridagi xonalardan birida o’tirib turishni so’radi.
Xona kichkina, bitta karavot bor edi, xolos.
-Hukumat odamlari deganding, qaerga kelib qoldik?-dedi Saidjon Alisherga.
-Sodda odamsanda jo’ra, hukumat odamlari istagan joyda uchrashaveradi,-dedi  Alisher jiddiy ohangda.
Biror soat kutishdi. Nihoyat ularni divanli zalga chaqirishdi. U erda Ro’zimbeydan tashqari yana ikki kishi o’tirgandi. Ular o’zlarini tanishtirishmadi ham. Birdan  o’rinlaridan turib, chiqib ketishdi. Keyin ma’lum bo’ldiki, tahorat olishibdi. Ulardan biri azon aytgan kabi qo’lini qulog’i oldiga qo’yib, bir nimalar dedi. Ro’zimbeyni oldinga olishdi. U imomlik qiladigan bo’ldi. Alisher va Saidjon nima qilishlarini bilmay bir-birlariga qarab turishgandi ularni kutib olgan yigit kelib, yonlariga o’tirdi. Keyin boshqa bir xonadan ikki kishi chiqdi. Ulardan biri divanga kelib o’tirdi va biri namoz o’qiyotganlar safiga qo’shildi. Shu payt tashqaridan azon ovozi keldi. Shundagina Saidjon bugun juma ekanligini va vaqt tushdan og’ganini angladi.
Namoz qilganlar ishlarini biturguncha divandagilar gunoh qilgan bolalardek bosh egib o’tirishdi. Namoz qiluvchilar ibodatni tugatishgach divandagi yigitlar ularga salom bergan bo’lib, o’rinlaridan turishdi va joy bo’shatishdi. Haligi kishilardan biri Alisherga savol bera boshladi׃
-Bu yigit kim?
-Men bu yigit haqida Ro’zimbeyga ham gapirib bergandim. U yaqin jo’ram bo’ladi. Hizbchilar orasida oshnalari bor. Idushniklarni ham biladi. U erdagi hamma gapdan xabari bor. Odamlari ko’p.
-Idushnik deganing nima?
Ro’zimbey׃
-Bu O’zbekiston Islom harakati mansublari,- deb tushuntib berdi.
-Yo’q bunaqasi ketmaydi. Jumani qochirib o’tiribsanlaru qanday qilib sanlar bilan gaplashamiz. Hali ham urusning yo’lidan chiqmadingizlar!
U odam keyin Ro’zimbeyga yuzlandi׃
-Boshqoningizga ayting, tuzukroq odamlar topsin! Daraxtni tagiga siyib turganlarni olib kelmasin!
Uning gaplari Turkiya turkchasida bo’lgani bilan Alisher ham, Saidjon ham tushunishdi.
-Aka, siz bizni haqorat qilmang. Biz bu erga haqorat eshitish uchun kelmadik,-dedi Alisher.
-Bo’lmasa nima uchun kelding, qardoshim?
–Naryoqda ham bittasi “qardoshim”, “qardoshim” deb itarib yuribdi,-Alisher shunday deb o’rnidan turgandi Saidjon undan oldin eshikka otildi.
Bular hukumatning qaysi qanotidan ekan? Razvedkami? Armiyami? Hukumatdagi partiyaning biror yashirin tashkilotimi? Nega bizga bunday qo’pol muomala qildi?
Saidjon shu fikrlar girdobida ekan, Ro’zimbey ularni yo’ldan qaytardi׃
-Bu erda anglashilmovchilik bo’ldi. Turkchada hammani sensirab gapiradi. Gap sal qo’polroq chiqdi.
-Aka, to’g’ri, biz namoz qilolmadik. Chunki ikki soatdan beri ana u xonaga qamab qo’ygan edingiz. Tahoratimiz yo’q. Qolaversa, sayohatdamiz. Kimning kimligini bu odamlar emas, O’zi biladi,-dedi Saidjon barmog’i bilan ko’kka ishora qilib.
Shu payt ularning yoniga haligi odamlardan biri keldi׃
-Ro’zimbey, bularni Antaliyaga olib bor. Bir hafta dindan dars olishsin. Bir hafta qurol otishni o’rganishsin. Bir hafta kattalar bilan muomalani. Raisning oldiga borganda, bizni uyaltiradigan bo’lishmasin,-dedi.
-Bular bor yo’g’i dimlomatlarni olib chiqadilar…
-Bularing o’sha diplomatlarga egalik qilamanYu deb qolishlari ham mumkin. Allohdan qo’rqmagandan qo’rq deganlar, qardoshim!
U shunday deb jilmaydida Alisher va Saidjonni quchoqlagan bo’lib, yana ichkariga boshladi. Bir zumda divanlar orasiga qo’yilgan xontaxta kabi stol ustida mevalar va shirinliklar paydo bo’ldi. Kichkina baldoqchalarda choy olib kelishdi.
O’tirganlardan biri Alisherga yuzlandi׃
-“Transporter” degan kino bor. Shuni ko’rib olinglar. O’sha kinodagi yigit kabi chaqqon, aqlli, eng asosiysi askar bo’lish kerak. Ha, darvoqe “Qora Oybek” haqida bir narsa bilasizlarmi?
Alisher javob bermay jilmaydida Saidjonga qaradi׃.
-U iflos odam. U qirg’zilarning qo’lida kukla,-dedi  Saidjon.
-Unday dema, qardoshim. U ham bizdan. Hammamiz bir ummatmiz.
-Ummatning ichida yomon odamlar bo’lmaydimi?
-Bu endi boshqa gap. Lekin sen qirg’izlarni ham yomon deyapsanda?!
-Ularning ichida ham yomoni bor!
-Bu boshqa gap.
-O’sha “Qora Oybek” Qodirjon akamni o’ldirmoqchi bo’ldi. Ammo biz uni qutqazib qoldik.. U dunyoviy hukumat tarafdori.
-Buni biror joyda e’lon qilganmi?
-E’lon qilmagan bo’lsa ham hamma biladi.
-U hozir qaerda?
-Aslida ochiqda, ammo qamoqda. Xoxlagan joyida yuradi…
Shu bilan ular boshqa savol bermadilar. Ulardan biri Ro’zimbeyga yuzlandi.
-Qardoshim, bilasan 1994 yilda bir marta qoqildik. Uddalay olmadik. Pullar havoga uchib ketdi. Bu safar unaqasi ketmaydi. Ishni pishiq qilishimiz kerak. Bu yigitlar Antaliyaga borishlaridan oldin ularga mana buni ber, o’qib chiqsinlar,- dedi.
Ular qaytar ekanlar Ro’zimbey kitobga o’xshagan “deloni” uzatdi. Hammasi o’zbekchada yozilgan va 1994 yildagi ishlar haqida ekan.
“Papka”ning ustiga “O’zbekiston Milliy Xavfsizlik qo’mitasinig Tergov bo’limi tomonidan ochilgan va O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, birinchi darajali davlat adliya maslahatchisi B. Mustafoev tomonidan 1994 yilning sentyabrida tasdiqlangan 300-ish” deb yozilgan edi. Alisher uni olib bir qaradida, Saidjonga uzatdi. Saidjon shunday ochsa, 300-ishning oxiriga bir qancha xatlar ilova qilingan. U qiziqib o’qiy boshladi׃
Faxriddin Qalqonov׃
1993 yilning yoz kunlarida mening yonimga  Shuhrat  keldi. Uning akasi Shavkat Muborakning sobiq hokimiga qayn uka. Shuhrat menga chet elga boradigan sayyohning varaqasini berib׃
-Turkiyaga boramiz,-dedi.
-U erda nima qilamiz?-deb so’radim.
-Pul ishlab qaytamiz, -dedi.
Sharoitimiz og’ir edi. Rozi bo’ldim.
Ana shunday qilib, ancha odam to’plandi. Hammamiz Qashqadaryodan edik. Menga brigadirga o’xshagan vazifa topshirildi. Men yozish-chizishda uncha faol bo’lmasam ham, sport bilan shug’ullanganim uchun hamma menga quloq solardi.
-Hammani yaxshilab tanib ol, ismlarini yoddan biladigan bo’l,-dedi Shuhrat.
Men hammaning ismini avval daftarchamga yozib oldim׃
1.Zoir Sattorov
2.Shokir Xoliqov
3.Ne’mat Jo’raev
4.Normurod Ahmedov
5.Akram Qulov
6.Bahodir Jumanov
7.Shavkat Rahmatov
8.Ibodulla Berdiqulov
9.Ulug’bek Karimov
10.Kamol Jabroilov
11.Rahimjon Hamidov
13.Mirali Boboev
14.Soib Orziev
15.Ilhom Rahmatqulov
16.Mahmud Husenov
17.O’tkir Hamroev
Lekin bulardan ikkitasi o’sha paytda biz bilan Turkiyaga kelmadi. Bizga keyinroq yana olti kishi qo’shildi׃
1.Alimardon Ergashev
2.Dilshod Shomirov
3.Husan Ertoev
4.Obid Jasurov
5 Shuhrat G’ulomov
6.Muhsim G’ulomov
Men qariyb bir yil  azob uqubatlarda birga bo’lgan bu odamlardan ba’zilari bugun qamoqda. Ularni 1995 yil sud qilishgandi. Ba’zilari Chechenistonda, ba’zilari Afg’onistonda o’lib ketdilar. O’lganlarini Xudo rahmat qilsin. Tirik qolganlariga uzoq umr bersin. Ular aldovga qurbon bo’ldilar. Ular oilasi, ota-onasini boqaman deb yaxshi niyat bilan yo’lga chiqib,  tuzoqqa ilinib qolganlarini bilmagandilar.
Keyinchalik qurol otishni o’rganib bo’lgach, karate darslari olganimizda bizga Turkiyada o’qiydigan talabalardan ham bir necha kishi qo’shildi. Bu haqda keyinroq to’xtalaman…
Bizga chet elga borish, biznesga o’qishni va ishlab pul topishimizni va’da qilganlarning o’zlari ham tuzoqqa tushganlaridan bexabar ekanliklarini keyinroq tushundim.
Xullas, biz  juda ko’p azoblardan keyin Gurjistonning Batumi shahriga keldik. Kelsak, Ne’mat  shu erda ekan.U bizga viza olib berish uchun kelgan ekan. Qarshi shahrida Boytura Karaev degan militsioner odam pul olib, xalqaro pasportlar qilib bergandi. O’shanda 1994 yilning fevral oyi edi. Batumida ham pul bilan har qanaqa ishni qilib berishar ekan.
Faqat Normurod  kelmagandi. Lekin oradan bir oy ham o’tmay u Abdurashid bilan birga keldi.
Biz  Batumidan o’tib, avtobusda  yigirma soatdan ham ko’proq  yo’l yurib, Istanbulga keldik. Joy yo’q ekan. “Yopiq bozor” yonidagi bitta mehmonxonada qoldik. Ertalab Ro’zimbey degan kishi keldi.
-Nega kechikib keldilaring?-deb so’radi u.
Men hech narsani tushunmadim. Chunki nega u kelib bizga do’q urishini tushunmadim. Keyin menga bizni o’qitish va ishga joylashni shu odam tashkil qilmoqda, bu ergacha etib kelishimizni ham u odam amalga oshirganini aytishdi. Otasiga rahmat, bechora odamlarga yaxshilik qiladigan odam ekan, deb o’ylagandim. Lekin tezda fikrim o’zgardi.
Bizni “Hidoyat” degan mehmonxonaga joylashtirishdi. Yigitlar ichida norozilik boshlandi. Chunki nimaga kelganimiz noaniq bo’lib borardi. Na o’qish, na ishdan darak bor edi.
Mehmonxonada asta-sekin eshitsak, biz qurol otishni o’rganishimiz kerak ekan. Karimovni ag’darar ekanmiz. Biz yangi prezidentga soqchi bo’lar ekanmiz. Toshkentdan bizga uy berisharkan. Yangi mashina, qarindoshlarimizga ham katta-katta ishlar. Men bu gaplarga ishonmadim. Chunki bu erda qornimiz to’yib ovqat emayotgan edik. Ertalab yoki kechqurun bir marta ovqatlanardik. Ustimizda tuzukroq kiyim-kechak ham yo’q edi. Bu erdagi ba’zi o’zbek akalarimiz bizga rahmlari kelishdimi, bir siradan kiyib-bosh qilib berishdi. Qashqadaryoda bizga hech narsa olmaslik buyurilgandi. Shuning uchun hech narsasiz yo’lga chiqib, poezdlarda sovqotib, shamollab, qiynalib kelgandik. Ikki kishi Batumida kasalxonaga ham tushib chiqqandi. Mana endi Istanbulda ham shu ahvol. Gapning ochig’i ko’pchilik bitlab ketgandi.
Biror joyga borib, ishlab pul topaylik desak, ruxsat berilmasdi, xuddi uy qamog’ida edik. Men oxiri “qaytib ketamiz” dedim. Ro’zimbey meni uyiga chaqirdi.
U Istanbulning eng boy odamlari yashaydigan joyida turar ekan. Mahalla atrofi o’rab olingan va darvoza yonida soqchi bor ekan. Soqchi juda tez va juda ko’p gapirgani uchun gapini tushunish qiyin. U meni Ro’zimbey turadigan uyga olib bordi. Uyning eshigini taqillatib, u chiqqanda unga “chest” berdi.
Ro’zimbey mehmonxonada biz bilan juda sovuq gaplashgan edi. Uyida ham shunday sovuq kutib oldi. Lekin dasturxonda hamma narsa bor edi. Meni kutib turgan ekan deb xursand bo’lib ketdim. Anchadan beri bunaqa ovqatga zor bo’lib qolganim uchunmi oldin qornimni to’yg’azmoqchi bo’lib qo’limni dasturxonga uzatdim. U esa׃
-Hozir gazetadan bir jurnalist kelishi kerak,- deya “qo’lingni tort” degandek bo’ldi va׃- Nimadan norozisiz?-dedi.
Men unga ahvolimizni aytdim.
-Faqat sizni emas, butun O’zbekistonni, meni ham ahvolim og’ir,-dedi u.
Men׃
-Bolalar yo ishlaylik, yo ketaylik deyishmoqda,- dedim.
-Ketish yo’q. Bu yo’lga bir marta kiriladi. Chiqish yo’q.
Keyin u telefon qilib, Turk dunyosi fondining raisi bilan gaplashdi. Oz-moz turkchani tushunadigan bo’lib qolgandim. U O’zbekistondan yigirmadan ziyod yigit Karimovdan qochib kelgani va Istanbulda nonga zor bo’lib yurganini, shularga yordam qo’lini cho’zish kerakligini aytdi.
Keyin menga׃
-Ertaga borib shu chol bilan gaplashaman. Sizlarni boshqa joyga ko’chiramiz,-dedi.
Men unga׃
-Bizga kiyim-kechak kerak,-dedim. U o’ylanib qoldi-da ukasini chaqirdi.
-Uchinchi qavatdagi shimlardan bularga besh-o’nta berib yubor,-dedi.
-Ularni Abdurahmonga ber degandingiz, allaqachon o’rab, bog’lab qo’ydik, u xaridor ham topib qo’ygan…
-Unda Mehmetbeyga ayt, uch-to’rtta olib borib tashlasin bularga, keyin qolganini o’ylab ko’ramiz, hozir pulimiz yo’q!.
Keyin ukasiga meni eshikdan chiqarib qo’yishni buyurdi. Ukasi oyoq yalang ekan, birinchi qavatdagi uydan oyoq kiyimini olmoqchi bo’ldi. Eshik ochilish bilan palovxonto’raning hidi keldi. Eshikning to’g’risida bir semiz odam osh damlayotgan ekan. Keyinchalik bu kishini tanidim. Ismlari Aminjon ekan. Biz Shila degan joyda – dengiz yaqinidagi poligonda qurol otishni o’rganganimizda u kishi bizga diniy dars bergandilar. O’zlari quroldan oddiy bir qutichani ham otolmagandilar. Lekin bizni askarlardek safga qo’yib, machitga ham olib borardilar. Yaxshi odam edilar.
U kishi qozonni ko’rsatib׃
-Anjancha osh bo’layati, keling,-dedilar.
Esimda qolgan. U kishi qozonga bir piyola sovuq suv solayotgan edilar.
-Oshning “sekreti” mana shunda. Guruchdan oldin bir piyola sovuq suv solish kerak,-degandilar.
Ammo mezbon meni kuzatib qo’ydi. Qornim och edi. O’sha erga yaqin joyda “Oq Markaz” degan ko’p qavatli magazin bor ekan. Kirib, narxlariga qarasam, juda qimmat-biz yashagan joy bilan besh-o’n baravar farq qilar ekan. Och qaytdim.
Ertasiga Ro’zimbey keldi va haligi cholning yoniga bordik. Chol deganlari juda yaxshi odam ekan. U Turk dunyosi tadqiqotlari markazining raisi ekan. Uning bitta madrasining ichida yotoqxonasi bo’lib, shu erda o’zining ishchilari bilan birga bechoralarga bepul ovqat ham berar ekan. Bizni shu erdagi zax tortgan hujralarga ko’chirishdi. Turkchadan dars ola boshladik. Bizga turkchilik, turk dunyosi haqida gapirishardi. Lekin oramizda ancha odam tojik bo’lgani uchun bu darslar ularga yoqmas edi.
Biz bu erda ham  ba’zan bir marta, ba’zan ikki marta ovqatlanardik. Keyin bilsak, bizni Nomiqbey degan bir kishi karatega va qurol otishga o’rgatishi kerak, ammo uzoq safarga ketgan ekan. Oramizda kimningdir onasi kasal, u pul ishlab yuborishi va onasini amaliyot qilishlari, yana kimningdir xotini homilador va bola kutayotgandi, pul yuborishi lozim… xullas, har kimning bir sababi bor edi. Ammo kunlar, kunlar ortidan haftalar, oylar o’ta boshlasa ham biz hatto uyimizga telefon qila olmas edik. Uyimizdagilar bizdan, biz ulardan xabarsiz edik. Bu juda ham og’ir narsa ekan. Buni tasavvur qilish qiyin. Buni boshidan o’tkazganlar bilishadi…”
Saidjon  aytib bergan bu gaplarning O’shga nima aloqasi bor deb turibsizmi? Sabr qiling…
MUXTASAR MA’LUMOT
2009 yilning 29 dekabrida Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasida 2010 yil uchun gaz shartnomasi tuzildi.
Lekin…
2010 yilning 5 fevralida O’zbekiston Qirg’iziston janubiga gaz berishni 50 foizga kamaytirdi.
Aprel oyining ikkinchi yarmiga kelib, “O’ztransgaz” O’sh shahri hamda viloyatiga gaz berishni uch barobarga kamaytirdi.
O’sh gaz xo’jaligi korxonasi rahbari Tohirjon Alimovga ko’ra׃ “O’zbekiston 2010 yilning 18 mayidan boshlab gaz berishni 60 foizga qisqartirib qo’ydi. Shahar va viloyatga soatiga 2,5 ming kub metrdan gaz berilardi. 18 maydan beri buni 800 kub metrga o’tkazib qo’yishdi. Bu shaharga emas, hatto kichik mikrorayonga ham etmagani sababli gazni umuman o’chirib qo’ydik”.
Bu esa aholi orasida asabiylikni avj oldirdi.
(DAVOMI BOR)

Aziz o’quvchi, Siz ham bu kitob yozilishiga hissa qo’shishingiz, taklif kiritishingiz va kitobga O’sh, Jalolobod bilan bog’liq o’z hikoyangizni asl nomingiz yoki istasangiz taxallus bilan kiritishingiz mumkin. Maktubingizni quyidagi adresga yuboring׃
qiyomatkuni@gmail.com