Blogda yozib borilayotgan tarixiy-zamonaviy roman
-8-
Elikot shahri, Meriland shtati
“Qiyomat kuni”ga har kun maktublar keladi. Iztiroblar, alamlar, takliflar, inson manzaralari, kechmishlari va mana bunday oddiygina xatlar…
“Yaqinda Angliyadan O’zbekistonga qaytdim. Vatanda sokinlik va “tinchlik”. To’ylar vatavang. “Ro’za boshlanguncha to’yni o’tkazib olay” musobaqasi. Qirg’iziston unutilgan…Unutilgan deganim nimasi? Bilingan narsa unutiladi. Bu erda esa men bilganlarni bilishmaydi ham. Yo dunyo yolg’onchi, yoki bu erdagilar?Chunki bilib ham bilmayman deyish bizning “qobiliyatimizga” xos narsada. Lekin ko’pchilik rostdan ham bilmaydi. O’shda nima bo’lgan? Aytsang, yoqa ushlashadi. Jalolobod degan so’zni esa biri bilsa, ikkinchisi bilmaydi ham…Bu Papua orolida emas, O’zbekistonda!
O’sh yondi, o’zbeklar yondi desam, “ovozigni o’chir, nafasingni issiroq qil”, deydi onam. Unda ayb yo’q. Unga mening gaplarim haqiqatdan ham qo’rqinchli.. Chunki o’zbek OAVlarida hech narsa yo’q. “Dunyoni suv bossa to’pig’iga chiqmaydi” degani mana shu. Hukumat gazetalarida jannatmakon safsatadan boshqa narsani topa olmaysiz.
Qolganlari…Ko’ngil ochar nashrlar. Nomlariga qarang׃ “Darakchi”, “Hordiq”, “Bekajon”, “Ko’ngil ko’chalari”, “Ayol qalbi”, “Chimildiq”, “Charxpalak”… odamlarni “hayda qo’yingni boqaman”, “ketti-ketti… keldi-keldi” gaplar, yulduzchalar bilan intervyular, krasvordlar, sevgi xatlari bilan “sehrlab” olgan. TV esa seriallar oroli…
Mana sizga mustaqil vatanimizning matbuoti. Matbuot hayotning ko’zgusi deyishadi. Ko’zguda ana shunday hol. Bilmadim, qachonga qadar chiday olaman, bu erda! O’shga ketaymi? Qizil gap qildim-a? Jon shirin… Shams”.
Ba’zi oromgohlarda maxsus ko’zgo’xona bo’ladi. O’yin uchun qo’yilgan. Ichkariga kirsangiz to’g’rini egri qilib ko’rsatadigan ko’zgular o’zingizni o’zingizga alvastidek ko’rsatadi. Qo’rqib ketasiz. Shams ham ko’zgo’ga boqib, qo’rqib ketgan ko’rinadi… G’arb va Sharq bir-biriga teskari-da!
Mana bu maktub ham shu mazmunda׃
“O’zbekistonning kelajagi mavhum. O’zbekistonda haliyam o’sha-o’sha eski tos-eski hammom. Hech narsa o’zgargan emas.
Diktatura borgan sari kuchayib ketmoqda. Ko’chayib bo’lgan desam to’g’riroq aytgan bo’laman. OAV ustidan nazorat har doimgidan ham kuchaytirilgan. Achinarlisi, odamlar diktaturaga ko’nikib qoldi. Hech kimning hech kim bilan ishi yo’q. Hamma o’z tashvishi bilan band.
Odamlarda siyosatga qiziqish so’ngan.
G’arbdagi saylov kampaniyalarini Internet va televideniedan kuzatib borib, havas qilaman. Qaniydi bizdayam shunaqa ochiq-oshkora bahs-munozaralar bo’lsa? Bu orzu bo’lib qoldi. Balki bir kun kelib bizdayam shunaqa saylovoldi debatlar, bahs-munozaralar bo’p qolar?! Lekin qachon?
O’zbekistondagi ko’zbo’yamachiliklar, har xil aldam-qaldamlarni ko’rib, chet ellarga chiqib ketgim keladi. Bu erda olgan bilimlarim kamlik qiladi. Darslardan umuman ko’nglim to’lmagan. Bironta domladan yangilik ololmaganman.
Bugun Internetda O’shdagi voqealar haqida o’qib qoldim. Men ham ularga qo’shilib yonayapman. Lekin na tutun chiqadi, na alanga. Demak, yonishni ham bilmayman. Bu erdan ketgim keldi. Lekin qayoqqa? …Murod”.
Bu xat ham savollar oroli׃
“Hozirgi vaqtda internetda siyosiy, informatsion shturm-hujum olib borilmoqda.
Asosiy temalar:
1.O’sh oblasti Qirg’izistondan alohida bo’lib ajralib chiqishi kerak. Chunki u erda aholining ko’pchiligini o’zbeklar tashkil etadi.
2.O’shlik o’zbeklar qurollanib qirg’izlarga qarshi partizan urushini boshlashlari kerak.
3.Hali ham kech emas! O’zbekiston armiyasini O’shga yuborib u erdagi qirg’izlarni haydab, O’shni “ozod” qilishi kerak…
Bu kabi chaqiriqlarni nomsiz, yoki nomi avval chiqqan – Karimov tarafdorlari takrorlanmoqda.
Sizga savollarim: Bunaqa separatizm qartasiga o’ynash O’zbekistonning o’ziga ham kelajakda juda katta problemalar keltirmaydimi?
Bunaqa separatizm, partizanlik qilib jangga kirish, o’ch olish kabi chaqiriqlar Bishkekda o’tirgan ayrim irqchi qirgiz siyosatchilari qo’liga dastak bermaydimi? Bu kabi chaqiriqlar va maqolalar O’shdagi o’zbeklar ahvolini yanada yomon ahvolga qo’ymayatimi? Axir ular ham o’shlik o’zbeklarga, ham Vatanimiz O’zbekistonga juda katta zarar etkazishayotganligini o’zlari ham ko’rib, tushunib turibdilarku?
Hurmat bilan Komil”
Keyingi xat esa qisqa׃
“Aka bu qirg’izlar fashist! Siz ularni oqlashga urinmang! Ular jalllllooood! Qonxo’o’o’o’o’r! Bu yirtqich hayvonlarni er yuzidan yo’qotish haqidagi gapimdan siz ham qo’rqib ketayapsizmi? Ularni avlod-ajdodi bilan qirib bitirish lozim. Mard bo’lsangiz mana shu gapimni kitobingizga kiriting-chi! Ismsiz”.
Bunday holga javob ancha va ancha oldin aytilgandi. Lekin har kim boshqani emas, o’zini haq deb biladi.
“Qutayba askarlari O’rta Osiyoni bosib olgandi, qon to’kilmagan xonadon qolmagandi, xalqning dinini o’zgartirish uchun har bir uyda bittadan arabni qilich bilan qo’yishgandi va ular yosh go’dak qizlarni zo’rlagandilar, besoqolbozlikni yoygandilar”, deya Islomni ayblasalar nima degan bo’lar edingiz?
“Amir Temur Turkiyani ishg’ol qilgan edi, mamlakatni qonga bo’yagandi”, deya bugun turklar O’zbekistonni qoralasalar yoki o’zbeklarni haqoratlasalar, fashist desalar qanday javob qilardingiz?
“Xorazmshohning qatliomi, qirg’ini uchun uning avlodlaridan o’ch olaylik”, deb chiqqan kimsani ahmoq deb atardingiz, to’g’rimi?
“Shayboniyxon Boburiylarni qonga belagandi, endi biz uning zotini yo’qotaylik” deb dod solinsa, naqadar mudhish bo’lardi?
“Bobur Hindistonni bosib olgandi, deya hindlar o’zbeklarni “qotillar” deb e’lon qilishsa”, o’zingizni qanday his qilgan bo’lardingiz?
“Mesxet turklarini o’zbeklar quvib chiqardilar”, deb aytishganda nega jahlimiz chiqadi?
Chunki tashhis noto’g’ri…”
Shu payt Saidjon telefon qilib qolmasa, yana ancha gapni aytib yuborgan bo’lardim? Saidjon ham xunob׃
-O’shanda Alisherning gapiga kirib, bu yoqlarga kelmaganimda hozir balki men ham otilgan bo’larmidim? Balki shunday bo’lgani yaxshimidi? Oilam qaerda bilmasam, ularga nima bo’ldi, bilmasam, kechasi uxlay olmasam, kunduzi ham tinchim yo’q. Buning o’lgan odamdan nima farqi bor? Balki Alisher ularning hammasidan qutulib ketdi? Nomi ham tarixda qoldi… Meni esa o’zim ham tanimay qolayapman.
Saidjonning bu gaplari yana yodimga Alisherni soldi. U juvonmarg bo’ldi. Juda yosh ketdi.
…Alisherni otishganda bu xabarni eshitib yuragim titrab ketdi. Uni 2000-yildan beri bilaman. Uni u hali oliygohda o’qiganida topganman. U paytda uning qo’l telefonlari ham, ofisi ham, xizmat uchun minadigan mashinasi ham, o’lgandan keyingina uni ulug’laydiganlar ham yo’q edi.
O’shanda u 18-19 yoshli oddiy talaba edi va aytilgan vaqtda oliygoh qorovulining telefoniga etib kelardi. U bilan qariyb besh yil hamkorlik qildik. O’zini o’tga ham, suvga ham uraveradigan bu yigitni doim xatarli yo’llardan saqlashga urindim. Bir kuni u Bishkekdan telefon qilib qoldi׃
-Rashid Do’stimning ukasi Qodir elchi bo’lib kelibdi. Hozir u bilan uchrashdim Undan “Turkiyadan olgan 12 million dollarni nima qildingiz?” deb so’rasam, jahli chiqib ketdi, oz qolsin yoqamdan oldi. Agar bu haqda biror joyda gapirsam, kallamni sapchadek uzishini aytdi. U uy adresimni yozib oldi va suratimni oldirtirib, yonidagi yordamchisiga berib qo’ydi. U diktofonimni ham tortib oldi…
Shundan keyin men Qodirga sim qoqib, bu savolga Turkiyadagi “Radikal” gazetasida chiqqan maqola sabab bo’lganini aytib, ularning orasini tuzatdim. U Qodir bilan suhbatlashib radioga berdi va diktofonini ham qaytib oldi. Shu bilan ular oshna bo’lib qoldilar.
-Bo’lgan voqea haqida gapirganda ehtiyot bo’ling,-deb ogohlatirib qo’ydim uni. -Chunki eshitishimga ko’ra, o’shandayoq Afg’on jangarilari Bishkek va O’shda erkin harakat qilib yurishgandi. Qodir va Rashid Do’stimlar esa allaqachon Karimovning nomenklaturasiga o’tgan va har bir harakatlarini Toshkent bilan baslahat qilishardi, degan gaplar chiqqandi.
Alisher tug’ma qobiliyatli jurnalist emas, balki tug’ma qobiliyatli tashkilotchi edi. Men ana shu ikkalasini qo’shishga urinardim. U shov-shuvli narsalar yoza olmagan bo’lsa ham shov-shuvli ishlar qilib yurdi. O’z yoshiga nisbatan ko’p ish qildi. Maqsudiylar va Farhod Inog’omboevning Gulnora haqidagi gaplarini mendan so’rab olib, rus tiliga tarjima qilib, tarqatib yurgani shulardan bittasi, xolos.
U shov-shuv bo’ladigan, yarq etib esda qoladigan narsa yozishni juda istardi. Doim shuning orqasidan quvdi. Juvonmarg bo’lmaganda balki bu orzusiga ham etardi.
Menga yozgan bir xatida “Aka sizning yozganlaringizga oshiqman, ayniqsa rivoyatlaringiz meni larzaga soladi. “Mingqo’l” ham dahshat!” degandi. Shu gapi yuragimda qolgan.
Mingqo’l…
Gobi sahrosining Choyr degan joyida bir odam tug’ilibdi. U erda sahro kiyiklari ham yashar ekan. U odam bu kiyiklarni ham, o’zini ham “Arxar” der ekan. Kiyadigan kiyim nimaligini bilmagani uchun badaniga arxarning yog’ini surib, eydigan narsa bo’lmaganidan arxarning sutini ichib, go’shtini eb yurarkan. Bir kuni sahroda qarshisidan yana bir odam chiqibdi va undan ismini so’rabdi.
-Arxar!-debdi u.
Haligi odam qiyofasidagi Azroil ekan va Arxarning jonini olish uchun kelgan ekan. U buni aytgandan keyin Arxar׃
-Seni yuborgan Xudo meni nega yaratdi? Tag’in mana shu ikkitagina qo’l bilan! U menga mingta qo’l berganda edi men hozirgacha istaganimga uzanib, istaganim qadar yashagan bo’lardim. Hozir seni ishing nomardlik. Mard bo’lsang menga mingta qo’l ber! Vujudimdagi buncha narsaning nima keragi bor? Mening istagan har bir narsaga uzanadigan qo’lllarim bo’lsin. Istagimga etayin, keyin jonimni olsang ham mayli,-debdi.
-Axir shu ikkita qo’l ham ko’p narsaga qodir edi…
-Bu qo’l faqat Arxarga uzandi. Boshqa narsalarga uzanadigan qo’llarim yo’q edi.
Shunda Azroil׃
-Bo’pti… Bu istak masalasi… Sen tilading! Endi sen biror joying qo’lga aylanishini istasang, darhol vojib bo’ladi,-deb qaytib ketibdi.
Shundan keyin Arxar nimani istab qo’l uzatsa, biror joyi qo’lga aylanib o’sha narsani olaveribdi. Qisqa vaqtda uning boshidan oyog’igacha tanasining hamma a’zolari qo’lga aylanibdi.
Shunda u sahroda ovchiga duch kelibdi.
-Ilgari men ham senga o’xshagan odam edim. Endi Mingqo’lman! O’zim so’rab oldim buni,-deya bo’lgan voqeani aytib, undan qo’llaridan bir-ikkitasini kesib tashlashni so’rabdi.
-Nega axir?
-Hech bo’lmasa boshim bo’lsin, ko’zim bo’lsin, oyog’im bo’lsin! Buncha qo’llar bilan yashash azob ekan.
Arxar tinmay yalinib-yolvorganidan keyin ovchi uning bitta qo’lini kesishga rozi bo’libdi. Qilich yaraqlab Arxarning bir qo’lini uzgan ekan, uning o’zi ham to’p etib erga qulab, o’lib qolibdi va bir zumda odam qiyofasiga qaytibdi. Ovchi qarasaki uning boshi tanasidan uzilgan. Shunda u bilmay Arxarning qo’lga aylangan boshini uzib qo’yganini tushinib, uvvos solib o’zini ayblabdi, azob chekib, Xudodan “Mening ham jonimni ol!” deb so’rabdi. Shu payt qarshisida Azroil paydo bo’lib׃
-Ayb senda emas, sen uning tilagini bajarding. U istagan narsasiga etish uchun Minqo’lga aylandi. U mendan so’radi, men tilagini ado etdim,-debdi.
-Qachon so’ragandi?
-Besh daqiqa oldin…
-Lekin nega uning jonini mening qo’lim bilan olding?
-Chunki sen besh daqiqa oldin bir kiyikni ota olmaganing uchun mana shu qo’llaringdan nafrat qilgan eding! Mana murodingga etding.
-Men kiyikni otolmaganim uchun nafrat qilgandim. Lekin bu odam-ku!
-U odam emas, u Arxar!
Azroil shunday deb ko’zdan g’oyib bo’larkan, uning tovushi ovchining qulog’iga urilaveribdi׃
– Ar-..xar! Ar-..xar! Ar-..xar! Ar…! Ar…! Xar! Xar!”
Bu rivoyat o’ziga juda yoqqanini aytgan Alisher 2004 yil oxirida kutilmaganda men bilan aloqani uzib qo’ydi, “oradan Arxar o’tdi”. Endi uning “Azroil akaxonlari” ko’payib qolgandi va ular uni xatardan himoya qilish emas, balki xatarga itarmoqda ekanlari haqida eshitardim. Vafotidan keyin uning bir xati e’lon qilindi. U hammasidan charchagani, qaerlargadir ketib qolgisi borligini yozgandi.
Men Alisherdan hech qachon xafa bo’lmaganman. Chunki u ham boshqa shogirdlarim kabi men haqimda bo’htonlar bitib, nonko’rlik qilishi uchun maydon bor edi, ammo bunday qilmadi. Tangri undan rozi bo’lsin! Lekin unga shahidlik unvonini ham bera olmayman. Bu Tangrining vakolatiga kiradi. Tangri o’zi bilguvchidir!
Alisher o’shanda otilmaganda bugun otilardi. Chunki…
MUXTASAR MA’LUMOT
10 iyun kuni O’shda boshlangan qirg’in oqibatida eng jiddiy zarar ko’rgan hududlarda¸ asosan etnik o’zbeklar yashaydi.
BMTga ko’ra, zo’ravonliklar oqibatida O’shning o’zbek mahallalaridagi 72 foiz uy-joy vayron qilinib, 19 foiziga jiddiy talafot etgan.
Milliy mojarodan bir oydan ko’proq vaqt o’tib ham 75 ming odam hamon uysiz. 37 ming 500 kishi esa uylariga qaytib borishdan qo’rqib, qarindoshlarining uylarida boshpana topgan.
Rasmiy raqamlarga ko’ra, zo’ravonliklar oqibatida 335 odam nobud bo’lgan, biroq inson talofotlari haqidagi so’nggi raqamlar oshkor etilgudek bo’lsa, bu raqamdan bir necha marta yuqori bo’ladi.
Maktablar vayron qilinishi va maktab binolariga odamlar joylashtirilishi oqibatida uch mingga yaqin bola o’qish joyisiz qolmoqda.
Birgina O’sh markaziy kasalxonasida zo’rlash oqibatida 17 kishining nobud bo’lganini qayd etilgan. Bu raqam 400 nafarga etishi mumkin.
(DAVOMI BOR).
Aziz o’quvchi, Siz ham bu kitob yozilishiga hissa qo’shishingiz, taklif kiritishingiz va kitobga O’sh, Jalolobod bilan bog’liq o’z hikoyangizni asl nomingiz yoki istasangiz taxallus bilan kiritishingiz mumkin. Maktubingizni quyidagi adresga yuboring׃
qiyomatkuni@gmail.com
Filed under: Qiyomat kuni |