Muallifga maktub

Assalomu aleykum aziz Ustoz.

Ahvollaringiz yaxshimi? Haqiqat va adolat yo’lidan og’ishmay, millat ravnaqi uchun ertayu kech tinim bilmay mehnat qilib yuribsizmi?

Bu “shogird” kim bo’ldi ekan deb hayron bo’layotgandirsiz. Adolatsizlik , yolg’onlarga asoslangan bu chirkin jamiyatdan haqiqat izlab topolmagan, jamiyatdagi “ko’r va karlar”ni davolashni o’ziga maqsad qilib olgan har bir o’sib kelayotgan yosh avlod sizni o’ziga USTOZ deb biladi desam, mubolag’a bo’lmasa kerak. Men ham shu insonlar qatori sizni adolatsizlikka qarshi kurashchi sifatida judayam hurmat qilaman.

Gaplarimdan sezgandirsiz chiroyli gapirish qo’limdan kelmaydi.

Men farg’onalik talabaman, mutahassisligim bo’yicha iqtisodchiman. Yoshim 21da. Siz haqingizda 4 yil oldin eshitgandim. Keyin ba’zi kitoblaringizni o’qidim. Sizga mehrim tobora ortib bordi. Ayni damda sizga rahmim ham keladi. O’z yurtidan olislarda yashab, vatan tuprog’ini sog’inib yashash qanday azobligini tasavvur ham qilolmayman.

Har gal poytaxtdagi “Navro’z” yoki “Mustaqillik” tantanalaridagi raqsga tushayotgan amaldorlarni ko’rsam negadir hayolimga birinchi siz kelasiz. Asli siz kabi insonlarga ana shunday qilish yarashadi, o’tkinchi bir amalni deb o’z vijdonini sotadigan maddohlarga emas.

Bilasizmi, biz bu yerda (o’quv yurtida) mukammal o’zlashtirgan narsamiz o’qituvchilarga qanday qilib pul berishni, ustozlarimizga qanchalik “paxta”ni ko’p qo’ysak, shunchalik oshig’imiz olchi bo’lishini bilganimiz bo’ldi. Bunday muhitda yetishib chiqqan kadrlar ertaga ishga borgan joyida shu holatlarni ortig’i bilan bajara olishlariga har qanday odam ham ishonadi.

Nahotki, xalqimizni bu darddan qutqarishni iloji bo’lmasa? Nahotki bizi ertangi kunimiz ham bugungi kabi poraxo’r amaldorlarga qolsa?! Nahotki, har bir rahbar iflos xalqumi uchun o’z xalqini qaqshatib yashayversa?! Nahotki, +

Aziz Ustozim! Ochig’ini aytsam, bunday jamiyatda yashashdan qiynalib ketdim. Nima qilay? Nima qilsam xalqimizga yordamim tegadi? Maslahat bering. Bu holga ochiqdan ochiq qarshi chiqib bo’lmasligini o’zingiz yaxshi bilasiz. Agar oilamga jabr bo’lmaganida edi boshqa gap. Yana bir narsa aniqki, meni qarshi chiqishim bilan hech narsa o’zgarmasliginiyam yaxshi bilaman. BBC radiosidagi intervyuda bir gapingiz menga juda yoqdi “Dushmaningni tuflisini yaltiratib qo’ymasang shuni o’zi katta xizmat”. Meni qo’limdan nima kelishi mumkin.

Jahongir aka, qimmatli o’gitlaringizga muhtojman. Xozirgi sharoitda nima qila olaman. Tengdoshlarimni qanday qilib ko’zini ochishim mumkin. Ularning topvolgan gaplari shu: “nima bo’lgandayam Yurtimiz tinchku”.

Hurmatli Ustoz! Sizni Alloh o’z panohida asrasin. Siz kabi insonlar biz uchun har qachongidan ham xozir judayam zarur. Boshingiz toshdan bo’lsin. Ishlaringizda Alloh o’zi madadkor bo’lsin. Millatimiz safida sizday xalqparvar insonlar bor ekan xalqimiz o’z kelajagiga umid bilan qarayveradi. Siz bilan zamondosh va bir millat vakili bo’laganimdan faxrlanaman. Uchrashuv onlarini intizorlik bilan kutib qolaman. Alloh bu umidlarimizni amalga oshirsin so’rab qolaman+

Sizga o’zbekning jizzali patirlariyu Nurotaning mayizlarini, palovxon to’radan tortib shirin mevalarigacha sog’inib qolaman+

Hurmat va ehtirom bilan go’zal Farg’onadan Zohir.
10.02.2010

PS: Ko’rib turganizdek bu maktub 5 oy oldin yozilgan edi.biroq men sizning elekrton manzilizni topa olmadim.bu vaqt ichida Oliygohniyam tamomlab oldim.sizning hamma maqolalaringizni o’qib boryapman.”Qiyomat kuni” romani ostiga mana shu manzil ko’rsatilgan ekan.Garchi, maktubim so’ralgan mavzuda bo’lmasada bu imkoniyatdan foydalanishga qaror qildim.

%d bloggers like this: