Jahongir Muhammad: ISHORATLAR

“AYА”

Farzandlarim turmush o’rtog’imni “aya” deyishadi.

Kecha qizim so’rab qoldi׃

-Dadajon “aya” degan so’z tojikchami?

-Nimaga so’rayapsan?

-Bittasi “Dadangiz, oyingiz yaxshimilar?” deb so’radi. “Ha, dadam ham, ayam ham yaxshi yuribdilar” desam׃ “Aya dedingizmi, siz tojikmisiz?” deb so’radi.

Qizimning bu gapidan keyin tilshunosligim tutib ketdi׃ –

-“Aya” degan so’zning bir qancha ma’nosi bor.
Birinchisi “ona”, “oyi” degani. Ikkinchi ma’nosi esa, murabbiya, tarbiya beruvchi ayollarni “aya” deymiz. Keyin hurmat yuzasidan ismlarga ham “aya” degan so’z qo’shib aytamiz. Masalan, “Lutfxonim aya” degani kabi. Ilgari xizmatchilar boylarning xotiniga aya deb murojaat qilishgan. Qolaversa, ona kabi yaqin bir ayolni ham aya deymiz. Masalan, biz Amakimning xotinlarini “aya” der edik.

Qizimga o’zbek tilidan ana shunday ozgina dars bergan bo’ldimda keyin׃

-Balki o’sha so’ragan odam o’zbek tilini yaxshi bilmas. Amerikadagi o’zbeklar boshqa mamlkatlarga chiqib, keyin bu erga kelganlar. Shuning uchun kalimlarga qarab odam tanishga intilishadi.Shuning uchun ham “aya” degan so’z tojikcha deb o’ylagandir? Ulardan xafa bo’lmaslik kerak. Bunga e’tibor berma!

-E’tibor bermasdim, ammo so’ragan odam o’zbek jurnalisti edi-da!

-Shundaymi?- deb qanday javob qilishimni bilmay qoldim.

BEKINMAChOQ

Kecha shoh yo’lda ketayotgan edim. Inson fitratiga xos bo’lgan qiziq narsani kuzattim.

Bu yo’lda mashinani soatiga 65 mil tezlikda haydash mumkin. O’zbekistonda soatiga qariyb 105 kilometr degani bu. Ammo mashinlar soatiga 80-85 mil tezlikda ketmoqda. Bu endi qariyb 130-140 degani.

Yo’l mirshablari ushlashsa, katta jarima solishadi. Hamma qoidabuzarlar ana shu jarimadan, jazodan qochish payida bekinmachoq o’ynashayotganga o’xshardi. Ular qoidani buzgan holda o’zlarini qutqazib qolishmoqchi. Buning uchun esa boshqa birovning ortiga bekinishga harakat qilishadi.

Shu zayl bir-birini quvib, bekinmachoq o’ynagan kabi boshqalarning orqasiga, orasiga yashirinib katta tezlikda ketishmoqda.

Hammaning xayolida ilohim meni ushlamasin degan fikr.

Boshqani ushlasin!

Boshqani jazolasin!

Shu xayol bilan boshqa qoidabuzarni mirshabga ro’baro’ qo’yib, o’zlarini asrab qolishmoqchi.

Men bu holni kuzatib o’ylanib qoldim.

Nahotki bu narsa insonning fitratida bor ekan?!

Nahotki inson doim boshqalarning ortiga bekinishga intilsa?!

Balki qoidani buzmasa inson bu illatdan yiroq bo’lar?!

Balki…

TANGRINI SUDGA BERDI

Dunyodagi eng dindor sanalgan AQShning Nebraska shtati senatori Erni Chambers (Ernie Chambers) insoniyatga eng ko’p zarar-ziyon etkazgan deya Tangrini sudga berdi. Kimdir uni tentak deyishi mumkin edi. Deyishmadi. Chunki u tentak emas. Xalq e’tiborini qozonib, senator bo’lgan. Lekin O’zbekistonda yoki Sharqning boshqa joylarida bo’lsa, uni jinniga chiqargan yoki shayton, kofir deya o’ldirib ketishlari hech gap emas.

Qolaversa, senator ba’zi safdoshlari – qonun chiqaruvchilarning ayrim axloqiy, nozik masalalarni sudga olib chiqmaslik borasidagi harakatlariga qarshilik ko’rsatish maqsadida shunday odim otganini aytadi.

U Si-En-EN (CNN) ga bergan suhbatida har qanday kishi har qanday masalada sudga murojaat qila olishi kerakligi va buni bo’g’maslik shartligiga urg’u berdi.

Unga ko’ra, hamma narsaga qodir deb bilingan Tangri yuz berayotgan zilzilalar, tabiiy ofatlar, urushlar va boshqa ommaviy qirg’inlarning oldini olmaganmish.

Meni esa boshqa narsa o’ylatdi. Tangri bitta. Faqat uni turklar Tangri, arablar Alloh, forslar Xudo, ruslar Bog, inglizlaru nemislar God, frantsuzlar Dyu, italyanlar Dio, Ispanlar Dios va hokazo nomlar bilan atashgan. Shunday ekan, demak u hammamizning Tangrimizni sudga berdi.

Ammo nega har uch dinda ham sal narsaga payg’ambarlarni himoya qilishga chog’langanlar Tangriga qolganda lom-mim demadilar?

Balki Tangri gunohkor bandalarning muhofazasiga, himoyasiga muhtoj emas, deyishingiz mumkin. Haqsiz.

U holda Tangrining payg’ambarlari zaif bandalarning muhofazasiga muhtojmilar?

Xudbin insonning o’zini Tangrining payg’ambarlaridan ham ustun qo’yishga intilishi emasmi bu?

YaRATGANNING INOYaTI

Sunbula keldimi, Amerika tabiatida mo”jiza kunlar boshlanadi. Daraxtlarning barglari sap-sariq, qip qizil, ko’m-ko’k va biz so’z bilan ifoda etolmaydigan darajada ajib ranglarda tovlanib ertaklar diyorini yaratadi. Shunday kezlarda qalin o’rmonlar bilan qoplangan tog’lar yaqiniga borsangiz, tabiatning go’zalligi qarshisida lol qolasiz.

Men sevgan bir tog’ bor. Bizning uydan ancha uzoqlarda. Shahar atrofida yashaganimiz uchun o’sha tog’ bag’riga borib kelish ancha vaqt oladi. Har doim ham u tomonga yo’lim tushmaydi. Lekin har kuni bir borish istagi ko’nglimni tark etmaydi. Kuz tushdimi hech qanday sabab bo’lmasa ham o’sha tomonga qarab ketgim, o’sha tog’ bag’ridan o’tgan yo’llardan ufq ostonasiga qarab etgim kelaveradi.

Tog’lar va o’rmonlarga oshiqligimni uydagilar ham bilishadi. Ammo kimning ishi, kimning o’qishi deganday har kuni ham o’sha tomonlarga boraverishimizga imkon yo’q edi.

Qaysi yili ham tug’ilgan kunimda bolalar uyni xuddi ertaklardagidek qilib tuzatishib, tortning ustiga kichik sha’mlarni yoqib׃

-Avval niyat qiling, keyin puflab o’chiring,-deb qolishdi.

Shunaqa odat emish.

Niyat qilaman desam ko’z oldimga lojuvard- rango rang o’rmonlar, o’sha men oshiq bo’lgan tog’ va daraxtlardan baxmal to’n kiygan qoyalari kelaverdi.

“Tez-tez o’sha tomonlarga borib-kelib turaylik” dedim ichimda.

Qilingan niyatni aytmaslik kerak ekan. Men esa aytib yurdim. Chunki oshiq o’z sevgisini yashira olmagani kabi men ham tabiatning go’zalligiga shaydo ekanligimni aytmasdan tura olmas edim.

Egizak farzandlarim maktabni bitirishib, oliy o’quv yurtlariga ariza berishdi. Shu joyda muammo boshlandi. Chunki ulardan biri jurnalist, keyingisi esa tish doktori bo’lmoqchi. Bir universitetda jurnalistika bor, ikkinchisi yo’q. Oxiri yaxshi bir universitetda birga o’qiydigan bo’lishdi.

Dunyoning ishlarini qarang. Birdaniga ikki istak emas, balki uch orzu hal bo’ldi. Endi men haftada yo ikki yoki uch marta o’zim sevgan o’sha tog’ va o’rmon qo’ynidan mashinada bir necha soatlab o’tib borishim shart.

Kecha mashina rulini turmush o’rtog’imga berib, o’zim tabiatning go’zalliklaridan ko’zimni uza olmay kelar ekanman, ana shu haqda o’yladim. Yaxshi niyat – yorti mol deganlari bejiz emas ekan! Yaratganning inoyatiga yana bir marta qoyil qoldim!

“YaXShI ODAM…”

-Qutayba Markaziy Osiyoni qilich bilan tilkalab chiqqan.
“O’tib ketganlarga tosh otishni qachon bas qilasiz!”

-Leninning amri bilan Buxoro qonga belangan.
“Axir Lenin o’lgan, o’lganlarni gapirishdan foyda yo’q!”

-Stalin qonxo’r jallod!
“Uf, o’lgan odamni so’kib nima qilasiz, oka!”

-Qotil Beriya haqida film olishdi.
“Uf, u o’lib ketgan. Qo’ying, go’rida tinch yotsin!”

-Kaufman Samarqandni bombardimon qilgan.
“O’tgan narsani kovlashdan foyda bormi?”

-Gitler ablah, qancha odamning qonini to’kkan.
“E, rahmatli turkistonliklar legionini tuzgan, bizni ozod qilmoqchi bo’lgan, ruhini chinqiratmang!”

-Pinochet stadionini qonga botirgan.
“O’lib ketdiku, namuncha gapiramiz. Shundan foyda chiqadimi?”

-Ozod Sharafiddinov Karimovning oyog’ini yalab ketdi.
“Uyat emasmi, olamdan o’tgan odam haqida shunaqa gap aytish!”

-Laziz Qayumov bir umr Boymirza Hayitga tosh otib o’tdi.
“O’lib ketdi. Endi hisobni oladigan va jazosini beradigan boshqa, siz emas!”

Bu ro’yxatni istagan qadar davom ettirish mumkin.

Gap ro’yxatda emas. Gap shundaki, bu mantiqdan kelib chiqadigan bo’lsa, Karimov ham etmishga etdi. Yaqin orada o’lib ketsa kerak. Shu bilan uning jinoyatlari ham yopiladimi? Axir o’lgan odamni yaxshi deymiz. Marhumlar haqida faqat yaxshi gapirish kerak deymiz. U hali yana bir-ikki Andijonni qonga belasa ham o’lgan kuni qabrga qo’yib, “yaxshi odam” edi deb uning qilmishlari haqida gapirishni man etamizmi?

U holda hamma bu dunyoda jinoyat qilib, o’lgandan keyin “Yaxshi odam” edi degan nom olaversa, tiriklikda yaxshi odam bo’lishning nima keragi bor?

Mana sizga savol. Faqat javobini menga emas. O’zingizga berib ko’ring! Javobingizni yoningizdagi odam eshitmasin-ki, boshingizda yong’oq chaqishi mumkin.

DAVLATBOY

Qishlog’imizda bir devona bor edi. Ismi Davlat. Kimdir uni Davlatboy desa, kimdir Davlat devona derdi. Shuning o’zi unga ikki xil munosabat bo’lganini ko’rsatadi.

Davlatboy maktabda o’qimagani uchun savodsiz bo’lsa-da “Laylo” degan qo’shiqni yoddan bilar va yarim tunga qadar ko’chalarda aytib yurardi.

Otasi Eshon aka mahalla raisi edi. O’g’liga yangi ust-bosh olib bersa ham baribir Davlatboy juldurini kiyar, hovlisida alohida xona qilib bergani bilan u ko’cha kuyda sargardon edi.

Agar birov unga do’q ursa׃

-Hali ko’rasan, otim Davlat, bir obkom bo’lsam- davlat bo’lsam, onangni ko’rsataman! – deb javob qilardi.

“Obkom” degani o’sha kezda viloyat partiya komiteti degani edi, ya’ni bugungi hokimlik maqomiga teng idora, mahalliy davlat edi. Shuningdek, xalq orasida ana shu mahalliy davlatning birinchi kotibini ham “obkom”, “obkombobo” deyshiradi.

Davalatboyda birdan o’zgarish bo’ldi. U qo’lini orqasiga qo’yib, mag’rur yuradigan, hamma bilan hol-ahvol so’rashadigan, bolalarga nasihat qiladigan, o’zini hammadan ustun ko’rsatadigan bo’lib qoldi. Hatto kiyinishi ham o’zgardi. Uncha buncha odamni pisand ham qilmay qo’ydi.

Bir kun uni avtobusda ko’rib qolishibdi. Registonda avtobusdan tushar ekan׃
-Bileting qani?- deb haydovchi uni ushlab olibdi. U׃
-Men obkomda ishlayman, obkomda ishlaganlar –davlat, davlatdan bilet so’ralmaydi,-deb javob qilibdi.

Odamlar haydovchiga uning devonaligini aytishgan ekan, shundan keyin qo’yib yuboribdi.

U endi hammaga׃
-Men obkomda ishlayman,- deydigan bo’ldi.

Odamlarning Davlatboyning ustidan kulgan qismi uni ko’rganda׃
-Ha, obkombobo, qalaysiz, viloyatda ishlar qalay?-desa u׃
-Xudoga shukur, hozircha tinchlik,-derdi vazbinlik bilan.

Bir kun Toshkentdan kelgan mehmonlar bilan “obkom”ning dachasiga bordik. Mashinadan tushib, ichkariga kirayotganda ko’zim daraxtlar ostini tozalayotgan kishiga tushib qoldi. Bu bizning Davlatboy edi. U haqiqatdan ham “obkomda” ishlar ekan!

Dunyoning ishlari shunaqa. Bugun u bormi-yo’qmi bilmayman. Ammo hayot bo’lsa, balki zamonaviylashib, endi Davlatbobo “prezident bo’lmoqchiman” deb yurgan bo’lsa ham ajab emas!

TARBIYa

Musurmonqul aka xudojo’y, mo’minqobil, tarbiyali odam. Uning ikki o’g’li bor edi. Ularning ham o’zi kabi tarbiyali bo’lishini istardi. Shuning uchun asosiy vaqtini ularga pand-nasihat qilishga, nimadir o’rgatishga sarflardi.

Ramazon kunlarining birida katta o’g’li qo’shnisining bolasi-Rahimni kurakda turmaydigan so’zlar bilan so’kkanini eshitib qoldi.

-Bolam ro’zang harom bo’ldi,-dedi u.-Sen Rahimni so’kish bilan ro’zangni buzding. Bu oyda birovni so’kish, haqoratlash mumkin emas.

-Axir u birinchi bo’lib meni so’kdi…

-Uning ro’za tutgan-tutmaganini bilmayman. Balki u umuman tutmas. Bu uning ishi. Xudoning oldida o’zi javob beradi. Lekin sen ro’zaliksan va senga so’kish harom.

Katta o’g’il bu gapdan o’ziga saboq oldi va shundan keyin nafaqat Ramazonda, balki umuman birovni so’kmaydigan bo’ldi.

Lekin Musurmonqul aka ertasiga peshinni o’qib, tashqariga chiqsa, kichkina o’g’li ovqat eb o’tiribdi.

-Ha, nima bo’ldi?-deb so’radi undan.

-Bilmasdan Rahimni so’kib yuboribman, ro’zam buzildi,-deb javob qildi og’zini to’ldirib ovqat chaynayotgan bola.

Musurmonqul aka unga ancha nasihat qilib׃

-Endi Ramazondan keyin qo’shimcha oltmish kun ro’za tutishingiz kerak ,-dedi.

Lekin ertasiga yana shu hol takror bo’ldi. Kichik o’g’il shu zayl Ramazonda ham, undan keyin ham o’tganni, qaytganni so’kadigan bo’lib qoldi.

Otasi gapirsa׃
-O’zingiz aytgandingiz, javobini har kimning o’zi beradi deb. Tangrining oldiga borganda bir gap bo’lar…,-deydigan bo’ldi.

Xullas, Musurmonqul akaning ikki farzandi ikki xil bo’lib ulg’aydi. Biri – shimol. Biri-janub. Biri-tun. Biri-kunduz. Biri-tarbiyali. Biri-tarbiyasiz. Biri-odil. Biri-zolim. Biri-orif. Biri-osiy.

Musurmonqul aka ham, mahalla kuy ham bu holatga chora topish bilan ovora. Chora topilarmikan endi?

MERGANLAR

“Ozodlik׃ Amerika inqilobi” kitobining muallifi Tomas Fleming (Thomas Fleming-Liberty: The American Revolution) qiziq bir voqeani hikoya qiladi.

1777 yilda Britaniyaning mashhur mergani o’rmonda Shimoliy Amerikaning bir guruh sipohlarini ko’rib qoladi. U pistirmada turib, qurolini ularning oldida kelayotgan kishiga yo’naltiradi. Lekin uni otmaydi. Keyin u bu ishiga “chavandozning yuzi qat’iyatli va mehr-saxovatli edi” degan izoh beradi. Vaqt o’tib ma’lum bo’ladiki, mergan otmagan odam armiya qo’mondoni va Amerikaning bo’lajak prezidenti Jorj Vashington ekan.

Xalqimizda “mehri issiq”, “mehri sovuq”, “yuzi issiq”, “yuzi sovuq”, “yulduzi issiq”, “yulduzi sovuq” kabi iboralar ko’p. Haqiqatdan ham insonning yuzi, ko’ziga alohida e’tibor qilinadi.

Shuning uchun ham butun dunyoda saylovlarda nomzodning imidji borasida maxsus odamlar shug’ullanishadi. Lekin ular baribir yuzga, ko’zga mehr solib qo’ya olmaydilar. Bu ish yaratganning vakolatida.

Xunuk odamlarni xafa qilmoqchi emasman. Ayb ularda ham emas. Ularni shunday yaratgan bo’lsa nima qilishsin?! Balki ularning qalblari go’zaldir?!

Lekin 1990 yillarning boshida Karimovning so’zlariga emas, ko’zlariga qaralganda, balki O’zbekiston bugungi kuyga tushmagan bo’larmidi?

Yoki uning qalbi go’zaldir deya aldandimi xalq?! Balki xalq o’shanda Dajjolning chiqishi, Yajuj-Majujlarning mehrsizligi, qiyofasi haqida hech narsa bilmagandir?!

Gap bularda emas, gap merganda, merganing ko’zlarida deyishingiz mumkin.

Afsus gap bunda ham emas.

Gap shundaki, bizning merganlar mehrsizni ko’rsalar yotaveradilar, mehringizni ko’rsalar otaveradilar.

KO’NGIL SUVRATI

Hech qachon kimdir haqida kimdandir eshitgan gaplarim asosida xulosaga kelgan emasman. Doim o’zim topgan chizgilar, o’sha odamning harakatlari, faoliyati, so’zlari, maktublaridan kelib chiqib, xulosa qilaman.

Shuning uchun ham ba’zilar yomon deb turgan odam haqida ham darhol fikrim o’zgarmaydi. Yoki kimdir haqidagi fikrim asoslarga tayangan holda salbiy bo’lsa, olomon har qancha yaxshi demasin birdaniga o’zgarib qolavermaydi, uni kechirishim mumkin, ammo bu uning kimligi haqidagi fikrim o’zgardi degani emas. Bu balki yaxshi, balki yomon fitrat, ammo bu mening fitratim.

Ana shunday u haqda o’z fikrim shakllangan kishilardan biri Samad Muroddir. Uni 1990 yillar boshida Erk demokratik partiyasida birga ishlaganimizda taniganman. Yuragi sof yigit. Gapning dangalini aytadi, qo’yadi. Shuning uchun ham ba’zilarga yoqmaydi.

Uni urib-urib behush holida axlat uyumlari ichiga tashlab ketganlarida “bu ishni hukumatdagilar qildi” deganimda, ba’zilar “yo’q” deb turib olishgan. Bu “yo’q”ni shu qadar ishonch bilan aytishgan-ki, xuddi “Sen bilmaysan buni men uyushtirganman” degan kabi edi bu “yo’q”.

“Amerika ovozi”da ishlaganimda Samad Murodning yangi tarafini kashf etdim. U o’zining bir dostonini yubordi. O’qib “vah” dedim. Uning ko’nglida buyuk shoir yashirin ekan. Darhol musiqaga burkab, o’zim o’qidim radiodan.

Sizga uning ko’ngil suvratidan ishorat berguvchi bir maktubini havola qilmoqchiman.

“Assalomu alaykum Jahongir aka!
Bu asar men uy qamog’ida yotgan sitamzada kunlarimda yozilgan.
Agar o’shanda ijodni kasb qilmaganimda, bilmadim, mudhish olti yilda aqldan ozarmidim?!
Hozir ham iztiroblardan dil xunga to’lgan chog’larda shu satrlarni o’qib taskin topaman, yashagim keladi.
Shu yupanchimni siz bilan baham ko’rgim keldi, Jahongir aka. Balki yana kimgadir yupanch bo’lar…
Men shoirligidan or qiladigan yagona shoir bo’lsam kerak?!
Bilasizmi, shu paytgacha uch marta yozgan barcha narsalarimga o’t qo’yganman.
Ayanchli satrlardan qattiq or qilganman.
Bu mening ijodiy faoliyatimning uch davri yoki uch bosqichini anglatsa kerak?!
To’rtinchi bor shu holga tushganimda yoqishga jur’at etolmadim. Bu men 19 ga to’lgan, Dante Aligerini o’qiganimdan keyin sodir bo’lgandi.
O’shanda bir dasta daftarlarni tog’dagi bir g’orga yashirganman. Balki turgandir?!
Salom bilan SAMAD”.

Bu maktub menga o’zbek ko’nglining suvratini chizib berdi. Sizgachi?

“KIShT”

Universitetda birga o’qigan do’stlardan ikki nafari Nazarabekda qurilish yotoqxonasida turishardi. Men u erga ular bilan shatranj (shahmat) o’ynash uchun borib turardim. Bir kuni uncha-buncha odamga engilmaydigan oshnamni mot qildim. U birdan shahmat donalarini sochib yubordi va taxtani tizasiga bir urib sindirib tashladi. Shundan keyin oramizda boshlangan sovuqlik hech yo’qolmadi. Shu nuqta do’stlikning bitish nuqtasiga aylanib qolganidan afsuslandim. Orani tuzatishga ko’p urindim, ammo salom-aligimiz ilgarigi samimiyat nuqtasiga qaytmadi.

Shahmat qoidasi – bir tomon mot qildimi, ikinchi tomon mag’lubiyatni tan olib, g’olibni qutlaydi va navbatdagi o’yinga boshlanadi. Hayotda ham shunday. Bir narsada yutqazdingizmi, mardlarcha tan olib, xatoni tahlil qilib, o’yinga qayta kirish kerak.

Bizda esa hayotning mana shu qonuni buzilgan ko’rinadi.

Chunki bizning hayotda hamma narsa motdan keyin boshlanadi. Mot bo’lgan tomon shahmat toshlarini uloqtiradi, taxtasini sindiradi, raqibini g’irromlikda ablaydi va hokazo.

Balki qaerdadir xato qilgan bo’lsam kerak?

Aspni bekordan-bekorga qurbon qildimmi?

Sipohni yaxshi o’natmadim, shekilli?

Fil turib qoldi, uni harakatga keltirmadim, balki shu mag’lubiyatga boshlagandur?

Ruh-chi, ruh, u vazifasini bajardimi?

Vazirni almashtirib yuborganda eng katta xatoni qildimmi yoki?

Balki piyodalarni asramasdan maydonni ochib yubordimmi?

Yoxud butun xayolim “kisht” deyishda bo’lib qoldimi?

Mag’lub bunday savollarni o’ziga berishi uchun avvalo mag’lubligini tan olmog’i kerak. Lekin…

Rivoyat׃ Iskandarga qarshi Hirotda jang qilayotgan ikki pahlavon-Mehmon va Mezbon uchrashib, kuchlarni birlashtirish rejasini tuzishibdi. Keyin Mehmon׃
-Kecha menga Hinddan yangi shatranj olib kelishdi, toshlari fil suyagidan qilingan, bir o’ynaylik,-debdi.

-Dushmanimiz juda kuchli,-deya Mehmon Otni oldinga suribdi.

-Birgalashib tor-mor qilamiz, u bosqinchini,-degan Mezbon Filni ishga solibdi.

Anchadan keyin Mehmon׃
-Dushmanga mana bunday qilib “Kisht” deymiz,-debdi-da Mezbonga mot qo’yibdi.

Mezbon Mehmonni kuzatib qo’yib, mot bo’lganidan qiynalib, uxlamay chiqibdi. U Mehmon g’irrom ekan, buning ustiga menga dushman deya kinoya qildi, deb o’ylab chiqibdi. Asablarini idora eta olmay, intiqom ruhiga taslim bo’libdi va belgilangan paytda jangga qo’shilmabdi.

Yakka jangga kirgan Mezbon sipohlarini yo’qotib, mag’lub bo’libdi. Bir necha kundan keyin Mehmonning uyiga kelibdi.

-Nega kelmading?-deya so’rabdi undan.

-Dushmanga mana shunday qilib “Kisht” deymiz,-degan javob olibdi.

-Biz “Kisht”ga “Kisht” deb javob qilamiz,-degan Mehmon yopinib turgan sipohga ishora qilibdi. Sipoh niqobini olib tashlasa, Iskandar ekan.

-Har ikkalangizni ham aslida men mot qildim.-debdi Iskandar ularning ko’ksiga qilich sanchar ekan,- O’sha shatranjni men yuborgandim…

QULLAR

Kecha telefonda Toshkentdagi tanishim bilan ancha gaplashib qoldik.

-Ramazon qanday o’tmoqda?

– Tangri qullarini kam qilmaydi. Har kun iftorxo’rlik!

-Qimmatchilik qahatchilikka aylanib qolmayatimi, ishqilib?

-Oldingilaridan o’tsa o’tmoqdaki, qolishadigan joyi yo’q. Somsalar o’sha o’sha…sho’rvalar o’sha o’sha… yoniga kabob ham qo’shilmoqda, hatto.

-Odamlar nega nolib yurishibdi, bo’lmasa?

-Faqat Ramazonda emas, oldin ham to’ylarda to’kinchilik, ziyofatlarda to’kinchilik, men sendan qolamanmi degandek musobaqa davom etmoqda. Ayollarni aytmaysizmi, har kuni bir boshqasini kiyishadi. Erkaklar esa shariatdan ham o’tib ketishdi. Rosmanasiga 4-5 tadan xotinlari bor.

-Maosh ikki kilo go’shtga etmay turganda siz lof qilayasiz, shekilli?

-O’libmanmi, lof qilib. Ramazon kunlarida yolg’on gapiramanmi?

-Balki jamiyatning faqat bir qismi shunday yashasa kerak?

-Kimning quli bo’lsa, o’sha ana shunday yashamoqda.

-Qanaqa qul?

-Bugun o’qidim 4,5 million odam tashqarida ekan. O’zingiz ular haqida “Qullar romani”ni boshlabsiz-ku! Ana o’sha qullar ishlab-ishlab bu yoqqa yuborishadi. Bu yoqdagilar hallola hushtut, mazza qilib yashashadi. Qo’shnimning ikki o’g’li chetda. Biri Rossiyada, ikkinchisi Portugaliyada, uchinchisi menejer. Hech qaerda ishlamaydi. Akalaridan pul kelishini nazorat qiladi. Agar bittasidan kelmay qolsa, o’sha kun Internet kafega kirib xat yozadi. “Oyim kasal bo’lib qoldilar. Qon bosimlari chiqib ketdi. Yuraklari o’ynoqlab turibdi. Do’xtir falon pul. Dori darmon pismadon pul. Nima qilaylik?” Qarabsizki uzilish tiklanadi.

-Ammo bu yoqlarda ham pul topish qiyin. Mehnat juda og’ir. Bechoralarning dam olishga vaqtlari yo’q.

-Bilaman. O’zim ham borib keldim. Avvaliga o’sha yoqda yashayotgan qizimdan, keyin kuyovdan xafa bo’lgandim, meni har kuni tomoshalarga olib borishmadi deb, bir muddat o’tgach, ularga qanchalik qiyinligini tushunganman. Shuning uchun ham bu gaplarni rahmim kelib aytmoqda. O’sha tomondagi qullarga rahmim keladi. Bu yoqdagi quldorlarning ular bilan ishlari yo’q. Uylanganmi, o’qiganmi, turmushga chiqqanmi, sog’mi, kasalmi.. farqi yo’q. Har oy yuboradiganini yuborib turishsa, bas! Hukumat ham bundan semirmoqda.

-Demak, “Qullar romani” dolzarb!.

-E, shuncha mehnat qilib yozganingiz bilan kim o’qirdi?

KIM O’QIRDI?

Agar Amerikada metro pezdlariga mingan hamma odam nimadir o’qiydi desam hayron qolmaysiz. Bu yozilaverib, aytilaverib, siyqasi chiqqan gap.

Kasalxonaga yoki biror qabulxonaga borgan odamlar, umuman hamma kutib o’tirganlar nimadir o’qib o’tirishgan bo’lishadi. Shuning uchun ham qabulxonalarda ataylab jurnal va gazetalar qo’yishadi. Bu – siyosat, bo’sh vaqtni o’ldirish deyishingiz mumkin.

Tushlik payti oshxonaga borsam, o’tirganlarning yarmi ham ovqat eb, ham kitob o’qiyotgan bo’ladi. Bunga nima deysiz?

Bunisi ham mayli, uyga yaqinlashgan joyda katta chorraha bor. Shu joyda qizil chiroq yonsa, ancha turib qolaman. Atrofga qarasam, ikki kishidan biri nimadir o’qiyotgan bo’ladi. Ko’zi to’rttami, chiroq ko’k yonishi bilan mashinani haydab ham ketaveradi.

Ishga borish va qaytish vaqtimni o’zim belgilaganim uchun iloji boricha qatnov oz paytida borib kelaman. Qaysi kun bir tanish bilan telefonda ko’proq gaplashib qolibmiz, qatnov kuchaygan paytda yo’lga chiqishimga to’g’ri keldi. Mashinalar deyarli to’xtab qolgan. Juda sekin siljiyapmiz. Ko’zlarimga ishona olmayman׃ chap tomonimdagi haydovchi ham, o’ng tarafimdagi ham nimadir o’qimoqda.

Dam olishga bordik. Hamma o’zi bilan kompyuterini olib borgan. Ertalab dastalab gazeta sotib olishadi. Keyin daraxtlar tagida, hovuz bo’yida, ummon sohilida yotib o’qishadi. Bular dam olishga kelganmi, o’qishgami?

Kutubxonalar, kitob do’konlarini aytib o’tirmasa ham bo’ladi, odamlar bu joylarga maxsus kitob o’qish uchun boradilar.

Sport zallarida mashina ustida yurayotgan odam ham nimadir o’qib turgan bo’ladi. Bu esa sportdan zerikib qolmaslik uchun deb aytishingiz mumkin.

Men bu erda ilk bor saunaga borganimda hayron qolganman. Ichkarida qizib turgan taxtalar ustida qizib turgan gazetalar. Kimdir unutgan, yonib ketmasin deya to’plab tashqaridagi o’tirgichga qo’ysam, boshqa bir odam hammasini ko’tarib ichkariga olib kirdi.

Saunada har kungi gazetalarni o’qish bilan odamlar issiq joyda ko’proq o’tirishga muvaffaq bo’ladilar deb asos ko’rsatishingiz mumkin.

Kecha qarasam, issiq suv qaynab turadigan hovuzning o’rtasida “pish-pish”lab turgan odam jurnal o’qimoqda. “Yoppiray!” dedim. U shu zayl o’n minutlar chamasi o’qib, keyin saunaga borib, “mutoala”sini davom ettirdi. Bu sizga bugungi Amerika! Qullikdan ozod bo’lgan Amerika. Endi o’zimizga qaytsak…

“Qullar romani” bitgach, bugungilar o’qishmasa achinmayman, chunki bugun uni yashab ko’rishmoqda. Ammo kelajakda ham o’qishmasa unda, voh mehnatim!. Nahotki unda ham qulllikni yashab ko’rayotgan bo’lishadi?

DIKTATORLAR VA DEMOKRATLAR

Bugun dunyodagi juda ko’p mamlakatlarni diktatorlar boshqarishmoqda. Bu ayniqsa, musulmonlar yashaydigan mamlakatlarda ko’proq.
Kimlardir diktatorlarni tinch, inqilob yo’li bilan ag’darish mumkin deb hisoblaydilar. Ular bosib o’tilgan tarixdan misollar keltiradilar va yaqin tarixga nazar tashlab, Gurjiston, Ukraina va Qirg’iz inqiloblarini misol keltiradilar.

Aslida oxirgi bu uch mamlakatda zolim diktator emas, mo”tadil yakkahokim rahbarlar hokimiyat teppasida edilar.

Diktatorlarni bir necha guruhga ajratish mumkin, jumladan׃

1. Ayyor va zolimlar. Sudan, Shimoliy Koreya, Birma, Zimbabve, O’zbekiston va boshqa shu kabi davlatlarni ana shunday qattollar boshqarishmoqda.

2.Zamonasozlar. Pokiston, Qozog’iston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Xitoy va hokazo mamlakatlar “teppa”sida shunday diktatorlar o’tirishibdi.
Diktatorlar yildan-yilga ayyorlashib ketmoqdalar. Xavf qaysi tomondan kelishini oldindan taxmin qilib, chorasini ko’rmoqdalar va bu borada hammadan ham ayyorliklarini namoyish etmoqdalar.

Muxoliflarini yo’qotish, o’zlariga sherik, qalqon topishda ham ustomonliq qilmoqdalar. Birgina Andijon voqealarini o’ylasangiz, Karimovning naqadar ayyorona harakatlarini ko’rasiz. U va u kabilar tinimsiz o’ylamoqdalar va o’zlarini qutqarib qolishning yo’llarini topmoqdalar.
Xo’sh demokratlar-chi?

Ular hali ham arxaik kurash uslublaridan boshqa narsa topganlari yo’q.

Suiqasd uyushtirishga urinish… Bu temir yo’lning o’rtasida turib olib, kelayotgan poezdga kesak otishdek gap. Qolaversa, bu demokratlikka zid.

Xalqni namoyishlarga chaqirish… Bu diktatorlarning qon hirsini qondirishga xizmat qilmoqda. Har qancha xalq namoyishga chiqsa ham zolim diktator Andijondagi, Birmadagi kabi bostiradi. Ammo nozo’ravon kurash usullarini ham o’rganib borish kerak. Xususan O’zbekistonda bu Karimovdan keyingi rahbarlar paytida asqotishi mumkin, bugun emas.
Dunyo jamoatchiligidan madad kutish… Bu ko’zi ko’rdan ko’cha nomini so’rashdek gapga aylanib qolayotir.

Xo’sh nima qilish kerak?

Qarang, har yili kompyuterlarning yangi-yangisi chiqadi. Programmalari ham yangilanadi. Shunga qarab ularga qarshi viruslarning ham yangilari chiqadi. Keyin virusga qarshi yangi dastur va hokazo. O’n yil oldingi kompyuter yonida o’tirgan odam Internet olamini deyarli keza olmaydi yoki cho’loq odam kabi harakat qilishga majbur. Butun texnologiya, butun olam ana shunday rivoj topmoqda.

Demokratlar diktatorlardan orqada qolib ketdilar. Ularga etish va o’zish uchun kurashning taktika va strategiyalarini o’zgartirishlari lozim va zamonga mos harakat qilishlari shart. Masalan׃

-bugun dunyoda islomiy radikalizm va terrorizm degan gaplar diktatorlarning eng katta bahonasi, ularning tegirmoniga suv quymoqda va demokratlar birinchi galda ana shu tuzoqqa tushmasliklari zarur,

-mukammal bo’lmasa ham Saakashvilli tajribasini o’rganib, uni takomillashtirishi kerak. Jasur va yuragida demokratiya ishqi bo’lgan, dunyoni ko’rgan yoshlarni hukumatga kiritish va ular orqali hokimiyatni o’zgartirish yo’llarini qidirish lozim. O’zbekistonda bugun sepilgan urug’ Karimovdan keyingi hukumat paytida kurtak otgan taqdirda ham bu katta odimdir. Chunki 16 yil juda tez huvillab o’tib ketgani kabi yana 16 yil o’tib ketishi hech gap emas,

-yosh demokratlarni parlamentga kiritish uchun kerak bo’lsa diktator tuzgan partiya va tashkilotlardan ham foydalanish lozim va hokazo.
Shunday qiling, deyayotganim yo’q. Bular ishoratlar, xolos.

Gap shundaki, demokratlar taktika va strategiyalarini qayta qurmasalar saylovlar diktatorlarning “sahna asari”ga aylanib o’taveradi, demokratlarning o’rni esa Internetdan tashqariga chiqmay qolaveradi.

JANNAT VA JAHANNAM

Sharq falsafasida Er, Suv, Olov va Shamol to’rt qudratli kuch sifatida talqin etiladi.

Olov zolim diktator…Odamni, olamni yondirishi mumkin, lekin Suv va Shamolga qolganda lol, Erga o’tadigan tishi yo’q.

Er Suvni simiradi, Olovni kemiradi, Shamolni cheviradi… Ammo Er oyoqlar ostida. Doim tepki eydi.

Lekin falakning gardishi, davronning gavroni bilan Olovning kuchi Erga o’tsa, Er jahannamga aylanadi, jizir-jizir yonadi.

Shamol-Havo. U Olovni so’ndirishi, Suvni o’ynatishi mumkin, ammo uning Erga ta’siri oz. Havo va Suv birlashsa jannatga aylanadi.

Er kamtarlik ramzi. Xokisorlik timsoli. Balki shuning uchun ham doim tepki er!

Yo’q, u oxir oqibatda o’zini tepganni ham er!

Olov-jahannam. Tushdingmi, bag’rida yonasan, kulga aylanasan.

Shamolning bag’ri girdob. Tushdingmi, xas kabi ojiz qolasan.

Erning bag’ri qaro, tushdingmi, tufroqqa yuz tutasan.

Lekin suvning bag’rida hayot bor.

Sharqda Erni ona deymiz, momo deymiz, bobo deymiz, boquvchi, xazina deymiz. Xullas, qanday yaxshi gap topsak Erning sharafiga aytamiz. Suvni ham obi hayot deymiz. Ammo shu joyda to’xtaymiz.

G’arbda esa suvning o’rni balandda. Ummon-boquvchi, ummon-ona, ummon-xazina, ummon bag’ri jannat! Bugunga kelib ummon bag’rida yashash udumga kirmoqda.

Biz inson asli Erdan-loydan paydo bo’lgan va oxirida tufroq – er bo’ladi deymiz.

G’arbda esa inson vujudining asosiy qismi suv ekanligiga ishonganlar ko’p. Bu ilmiy haqiqat ham.

Biz Er deymiz, ular Suv deydi. Biz Er kuchli deymiz, ular Suv deydi.

Endi bir o’ylab ko’ring, agar Er qudratli bo’lganda asrlar davomida o’z o’rnini Suvga bo’shatib berarmidi?

Dunyoning ibtidosida ham uning uchdan biri Suv bo’lganmikan?!

Balki Yaratagan bu dunyoda jannat va jahannamni yaratgandir va boshqa dunyolarda yoshini yashab, oshini ashagan bizlarni bu dunyoga keltirib kimimizni jannatga, kimimizni jahannamga otgandur?!.

Qarang bir tomonda Er Olovga tobe bo’lib qolgan, jizir-jizir, jiyir-jiyir yonmoqda… odamlar jahannam azobida …

Boshqa bir tomonda Suv va Havo birligi… Odamlar jannat bog’ida…

Lekin…

Yaqinda bir guruh odam Atlantik ummonida suvga g’arq bo’ldi. Sharqda “Nahotki ularni qutqarishning imkoni bo’lmadi?” deya hayron bo’lishdi.

Yaqinda Sharqdagi mamlakatda bir kishi yurgan yo’lida qoqilib o’libdi. G’arbda hamma “Nahotki?” deya ishonmadi…

Balki Suv degan Suvga, Er degan erga?!

Bu ham biz bilmagan dunyolar ichidagi bir qonuniyatmikan?!

DADAM

Mo’g’ilistonda tank qo’shinlarida xizmat qilardim. 1977 yilning 23 fevral kuni bayramni nishonlash uchun mashqlardan kazarmaga qaytdik.

Bir necha kunlik mashqlardan keyin eng katta hadya xatlar edi. Dadamdan xat kelgan ekan.

Dadam 47 yoshda, o’zlari xat yozmas edilar. O’sha paytda bu menga juda katta yosh ko’rinardi. Endi anglasam, bu hali yigitlik davri ekan. Lekin nima uchundir dadam doim opalarim yoki singillarimdan biriga ayttirib xat yozardilar.

Bu safar tanidim. O’zlarining xati. O’z qo’llari bilan yozganlar. O’n kunlar oldin yuborgan ekanlar. Bayram kuni etib kelibdi. Xat juda ham samimiy yozilgan va rahmatli onamning juda yosh -42 da olamdan o’tganlari dadamning ko’ngillarini juda og’ritgan ekan.

«Onang bo’lganda birgalashib borib, seni ko’rib kelarmidik. Men vaqtim yo’q desam ham u «Qani yo’lga tushing» deya allaqachon meni olib borgan va Mongoliya degan joyni ham ko’rib kelgan bo’lardik. Ammo onang bizni tashlab ketdi…»

Bu gaplar dilimni o’rtab yubordi. Ko’zda yosh bilan qayta-qayta o’qidim.

Shu payt diviziyaning xat va telegrammalarni qabul qiladigan bo’limida ishlaydigan Xizir degan do’stim kirib keldi. U menga qarab bir narsa demoqchi bo’lar, ammo gapira olmay labi titrardi.

Bugun bayram bo’lgani va mashqlardan qaytganimiz uchun turkmanistonlik Qosim degan do’stimiz osh damlagan va biz to’planib, bayramni nishonlamoqchi edik.

Dadamdan kelgan xatni o’qib, oshga borish ham yoddan chiqibdi. Xizr shuning uchun keldi deb o’yladim.
U menga yaqinlashib, titragan ovoz bilan:
-Kim aytdi?- dedi.
-Nimani?
U qo’lidagi telegrammani majaqlab:
-Yig’lama do’stim!-dedi va meni quchoqlab, o’zi yig’lab yubordi.

Ikki kun oldin dadamni yo tasodif, yo qasddan o’ldirishgan ekan…

Silkinib…
Silkinib boradi tobut
Qabr yulib qolgach odamni.
Silkinib…
Silkinib yig’lay olmadim,
Ko’mib kelgandilar otamni.

Silkinib…
Silkinib o’qiyman xatni
Maktub-otam,
Qo’llarim tobut.
Silkinib…
Silkinib tosh bo’laman
Qabrning ustida yig’lamoq uchun,
Qabrning ustida uxlamoq uchun.

QAYNONAM

Istanbulda yashardik. 1996 yil, 17 may. Qaynonam tushimga kiribdilar.
Olima ayol edilar. Oilada ham, oliygohda ham u kishini birdek qadralashardi. Yuraklaridagi samimiyat yuzlarida yaraqlab turardi.

O’zbek adabiyotida ham, o’zbek hayotida ham “qaynona” kalimasi salbiy ma’noga tenglashib qolgani meni ajablantiradi.

Men Tangridan mamnun edimki, xuddi o’z onamdek mehribon ayol qaynona bo’ldilar. U zotni ko’rsam xuddi onam tirilib kelganlaridek, ko’nglim yorishib ketardi. Biror marta mendan ranjiganlari yoki menga biror kalima achchiq so’z aytganlari emas. Umuman achchiq so’z nima ekanligini bilmas edilar. Meni “bolam” derdilar va men u kishini “aya” der edim.

Tushimda oppoq libosda edilar. Tog’ ustidamiz. Ayam pastga qulab ketdilar. Bilaklaridan tutib qoldim. Bir zum… balki bir necha daqiqa..
-Bolam bolalarimni sizga ishondim, -dedilar.

Yonimda singlim u kishiga mo’ltirab qarab turgandi. Onam vafot qilganlarida singlim bir yarim yoshda qolgan va u ham qaynonamdan xuddi o’z onasining mehrini topgandek u zoti muhtaramani yaxshi ko’rardi.

Qaynonam mening bolalarimni ham “bolalarim” der edilar. Hammasini o’zlari katta qildilar desam lof bo’lmaydi. Ertalab oliygohga ketishdan oldin biznikiga kelardilar va bolalarni maktabga yo’llashga ko’maklashardilar. Ishdan keyin yana biznikiga kelib kechga qadar umr yo’ldoshimga ko’maklashardilar.

Xullas, qo’llari qo’llarimdan sirg’alib pastga tushib ketdilar…

Ertalab bu tishning siri meni o’yga botirdi. “Tushingdan xavotir olsang payg’ambarlarning tushi, Tangrim yaxshilikka yo’ysin, deya suvga so’yla” deyishardi. Suvni oqizib qo’yib, o’yga toldim. Ko’nglimni qop qora bulut qoplagan edi.

“Nahotki” derdim va orqasidan “bo’lishi mumkin emas”, derdim. Lekin yuragimdagi yuk og’irlashib boraverdi. O’zimni qo’yarga jo’y topolmadim. Ichkarida umr yo’ldoshim va bolalar hali uxlayotgan edilar.

Men o’zimni qo’yarga joy topolmayotganimni sezgan umr yo’ldoshim:
-Tinchlikmi?-deya yonimga keldi.
-Samarqandga telefon qil,-dedim.
-Nega?
-Ko’nglimni qop qora bulut qoplagan, telfon qil!
-Kecha telefon qilgandim, hammalari bilan gaplashdim, yaxshilar, tushingizni suvga aytib qo’ying…

Ko’nglimdagi xiralik tarqamadi. Umr yo’ldoshim telefon qila boshladi, ammo javob yo’q.

Oxiri o’zim telefon qila boshladim. Birorta telefonga tusha olmadim. Keyin tushganimda ham hech kim olmadi.

Oxiri kechga tomon singlim oldi.
-Nima bo’ldi?- dedim.
-Hech narsa…
-Nega tovushing xirillab qolgan, yashirma, nima bo’ldi?
-Qo’limda jon berdilar,-deya yig’lab yubordi singlim.

59 yoshda edilar hali. O’sha kuni yurak xurujidan olamdan o’tibdilar…

Ishonish qiyin bo’lgan hodisa. Ammo hayotda yana shunday voqealar bo’ldiki, Tangrining ishoratlari har qadamda borligiga va faqat biz uni ko’rib ham ko’ra olmasligimizga amin bo’ldim.

VAQT

Keyingi paytda kompyuter orqali SKAPEda gaplashish odatga aylandi. Bu programma avvaliga juda qulay ko’ringandi. Uzoqdagi odam bilan bepul, istaganingiz qadar gaplashib, istaganingiz qadar ayni paytda savol-javob yozishib o’tirishingiz mumkin.

Hatto konferentsiyalar ham o’tkazish mumkin.

Shunday bo’lib ketdiki, kimga chiqmang kimlar bilandir gaplashayotgan yoki konferentsiya o’tkazayotgan paytlar ham bo’ldi. Hamma faol, hamma harakatda ammo o’rtada hech narsa yo’q.

Aksincha faqat vaqt yo’qotasiz. Ishda ham, uyda ham… Bir narsa yozishga, bir ish qilishga vaqt yo’q.

Endi bir satr yozganingizda “ting’illab” qoladi. Javob bermasangiz bo’lmaydi.

Endi kompyuterni ochganingiz bilan “lip” etib signal keladi.

O’chirib qo’ya olmaysiz. Naryoqdagi odam siz kompyuter oldida ekaningizni bilib turadi. O’chirsangiz unga hurmatsizlik, o’chirmasangiz ishingiz chala qoladi.

Buni ustiga asta-sekin xuddi sigaretga o’rgangan kabi bunga ham o’rganib qolasiz. Butun vaqtingiz kompyuter yonida o’tadi. “Tiringlamay” qolsa “tiringlamay” qoldi, “lip” etmasa, nega “lip” etmay qoldi deb o’ylab, endi ko’zingiz o’yquga ketganda birdan ishlab ketadi. Soat farqi ham borda!

Xullas, bu programma kimga qulaylik, kimga esa jonga balo ekan.

Buning ustiga kim bilan gaplashsangiz va kim bilan yozishsangiz uchinchi odam oraga kirib olib, tinglab yoki o’qib o’tirishi mumkin ekan. Bu ham mayli. Birovdan yashiradigan sirimiz yo’q. Ammo vaqtni o’g’irlagani yomon.

Hamma do’stlar, hamma tanishlardan uzr so’rayman, bu programmani kompyuterimdan olib tashladim.

Endi telefonda gaplashamiz. Muhim gaplarimiz bo’lsa tez-tez gaplashib olamiz. Har ikki tomon ham minuti ketayotganini his qilib turadi va bu vaqtni tejashga olib keladi. Boshqalarni bilmayman ammo menga vaqt etarli emas. Balki bu programmani olib tashlaganim do’stlarim, tanishlarim va yosh ukalarimga ham foyda bo’lar׃ ko’proq yozamiz- ko’proq o’qiydilar!

MARATU

Samoniylarning to’ng’ichi bo’lgan hukmdor tog’ etagida yashagan Shoshu qabilasining boyliklari qoyalar ostidagi g’orda ekanligini taxmin qilardi, ammo bu g’orning og’zi qaerdaligini bilmasdi. U qabila boshlig’ini, uning ayolini har qancha qiynamasin, biror gap ololmasdi. Ularning ikki o’g’li bor edi. Biri qiynoqlarda jon berdi, ikkinchisi esa xukmdorning oyog’ini o’pdi. Uning pulga, mansabga oshiqligini sezgan hukmdor avray boshladi:
“Seni qabilaga rais etib tayinlayman. Boyliklar qaerda ekanligini aytsang, bas. Yarmini senga qoldiraman.”
“Otam Murunta tog’idan oltin koni topgandi. Ana shu oltinlarni g’orlarga yashirdi. Kirish yo’llarini hatto bizga ham ko’rsatmadi”
“Nahotki, hech kimning xabari bo’lmasa?”
“Kunduz kunlari otam oltinlarni qoyalarning etagiga qadar tashitardi, keyin yarim tunda onam bilan ularni qaergadir olib borib yashirardi. Bizga esa bu oltinlarning g’orlarga yashirganini va ularni meros qoldirajagini aytardi.”
“Dunyoda qanday qiynok, qanday iskanja bo’lsa otangga va onangga qarshi qo’lladim, lekin miq etishmadi. Men ertaga ertalab uzoq safarga ketaman, agar sen bu ishning uddasidan chiqsang nafaqat bu qabilaning, balki qo’shni qabilalarning xam xirojini terishni senga topshiraman.”
“G’or og’zini bilsa-bilsa onam biladi. Lekin uning bardoshi otamnikidan xam yuksak. O’ldirsangiz ham bir so’z olish kiyin.”
“Ayol zotidan gap olishning yo’llari ko’p. Sen otangga juda ham o’xshaysan. Gavdang, tovushing, ko’rinishing quyib qo’ygandek otangnikiga o’xshaydi. Yarim tunda onangning qo’yniga kirasan. Unga hukmdor boshingga urganini, hamma narsani unutganingni aytib, g’orning og’ziga olib boradigan yo’lni so’raysan.”
“Baribir aytmaydi. Buning ustiga men onamning kuyniga kirolmayman.”
“U holda ukangga o’xshab qiynoqning quli bo’lasan. Avval ko’zingni o’yib olaman, keyin barmoqlaringni kesaman. So’ngra esa shakar tomiringga cho’g’ bosaman. Tanla, bu azoblar yaxshimi yoki qabilaning raisi bo’lish-mi? Istasang, farmonni va oltinlarning yarmiga egalik qilishing haqidagi qarorimni hozirok charm teriga yozib, qo’lingga beray. Belingga bog’lab ol. U senga kuch beradi.”
“Onam baribir aytmaydi.”
“Oqshom onangni so’roqqa chakirib og’ziga sharob to’kamiz. Sen qorong’uda uning qo’yniga kirasan. Uni erkalaysan. Nozik tuyg’ularini jumbushga keltirasan. Meni la’natlaysan. Bu azoblardan yaqin orada qutilishini quloqlariga shivirlaysan. Butun istaklarini qondirasan. Ana undan keyin oltinlar ham, mansab ham seniki.”

Maratu hukmdorning aytganini qildi. Onasidan g’orga olib boradigan yo’lni o’rganib, chodir tashqarisida poylab turgan hukmdorning yoniga yugurdi.

“Sen mard bola ekansan. Menga ko’p foydang tegadi. Bu qabilaga rais kilib qo’ysam, noinsoflik qilgan bo’laman. Seni o’zimga xazinabon etib tayinlayman. Xalqdan soliq yig’asan.”
“Kulluk, qanday amringiz bo’lsa, hammasini bajaraman.”
“Unday bo’lsa ota-onangni yo’qot. O’g’li bilan yotgan ona boshqalar bilan ham yotadi. Otang esa senga dushman bo’ladi. Chunki men bilan birga bo’lishingni xoinlik, deb hisoblaydi.”

Oyni etak bilan yopib bo’lmaydi, deganlaridek, Maratuning qilmishi ham xalq orasida tillardan tillarga ko’chib yurdi. Maratuning devonbegi bo’lgani, undan keyin vaziri a’zamga qadar yuksalgani paytida, odamlar bu mudhish voqea haqida ovoz chiqarib gapirishga qo’rqishardi. Ammo bir kun hukmdor xalqning oldiga chiqib:

-Men Maratuni halol, pok inson, deb bilgandim. Uning ota-onasi va ukasini o’ldirishgach, bu oilaga yordam qilmokchi bo’ldim. Bu bolani vaziri a’zamlikka ko’tardim. Lekin o’limga hukm etdim. Chunki u bir paytlar o’z onasining qo’yniga kirgan ekan. Buni e’tirof etdi. Shu bois Maratuning jasadi butun qish bo’yi dorda osig’lik turishini buyuraman. Hamma bundan ibrat olsin. Bu nafakat xoinning jazosi, balki bu yarim tunda aldangan onaning qarg’ishi hamdir, – dedi.
Odamlar xukmdordan qurqqanlari uchun “Uni bu ishga sen boshlaganding. Ikkalang ham la’nati shaytonning darsini olgansan” deb aytisholmadi.
Ammo “Maratu” afsonasi ellardan ellarga, yillardan yillarga ko’chdi. Rivoyatga aylanib yashadi. Kimdir bu rivoyatdan dars oldi, kimdir o’z bilganidan qolmadi.

UFQNING OShIG’I

Osmonga qarasangiz oddiy kenglikni ko’rasiz. Ammo ana shu osmonning bag’rida biz hatto tasavvurimizga ham sig’dira olmaydigan dunyolar mavjud.

Ummonga qarasangiz oddiygina jimirlab turgan sev kengligini ko’rasiz. Ammo ana shu ummon tubida shu qadar ko’p xazinalar borki, odam bolasining xayolidan ham o’tmagan.

Inson ham ana shunday. Uning ko’rinishi oddiy, harakatlari goho yoqimli, goho yoqimsiz, gaplari ba’zan unday, ba’zan bunday bo’lishi mumkin. Ammo dilida shunday bir dunyolar borki, buni o’zidan boshqa hech kim bilmaydi.

Bugungi kunning eng dolzarb mavzularini qo’rqmay qalamga oladigan, dilidagini yashirmay aytadigan, voqealarga befarq qarab tura olmaydigan, odamlar nima der ekan deya o’z fikrini qalbiga ko’mib, dilini qabriston qilib o’tirmaydigan adib Rizo Obidning “Men nechun tark ettim O’zbekistonni” deb nomlangan xotirlarini o’qia ekanman yuqoridagi fikrlar xayolimdan o’tdi.

Sodda va samimiy tarzda yozilgan xotiralarni beg’araz nigoh otsangiz, bir umr o’z yo’lini qidirgan, o’z so’zini aytishga intilgan o’zbekning obrazi ko’z oldingizga keladi.

U goho adashgan, gohida adolatsizlik dorog’ochi ostida qolgan, gohida xato qilgan, gohida haq chiqqan, gohida sarson-sargardon, ammo mag’rur, doim oldinga, o’z dilidagi qoyalarga tomon intilgan o’zbek.

U o’ziga to’q, odamlardan bir narsa istamaydi, yordam kutmaydi, yaxshiliklariga javob talab qilmaydi… ammo ularga xizmat qilgisi keladi. Ana shu yo’lda ketaveradi… ketaveradi. Oldinga qarab… Oldinga qarab ketganlar ufqning oshiqlaridir..

Rizo Obidning osmoni, ummoni – dilida yotgan dunyosiga bir nazar solishni istasangiz uning ana shu muxtasar kitobini o’qing.

ShIMOL YuLDUZI

Amerikaga kelganimdan buyon o’zim uchun bir yangilik topaman. Yaqinda kech soat to’qqizlardan keyin ko’kka qarasam, katta bir yulduzni ko’rdim. Juda ham yorug’. Uning nuri jozibador va qaragan sayin qaragingiz kelar edi.

Nega bu yulduz bu qadar katta va nega uni oldinroq ko’rmagan ekanman?

Uyga kirib, ozgina tadqiq qilgandim, topdim, bu ilgari haqida qaerdadir o’qiganim Shimol yulduzi ekan. Keyin yana tashqariga chiqdim. Agar Shimol yulduzi bor bo’lsa, Janub yulduzi ham bo’lishi kerak emasmi?! Darhaqiqat qarshi tomonda ham katta bir yulduzni ko’rdim. Ammo u boshqa yulduzlardan katta bo’lsada, Shimol yulduzidan kichiroq edi.

Shimol yulduzidan ko’zimni uzolmayman…

Xuddi ikki qo’li bor odamga o’xshaydi…

Xuddi ko’zlari yonib turgan layloga o’xshaydi…

Xuddi zulamatni parchalash uchun ko’kka ko’tarilgan masha’laga o’xshaydi…

Xayolimdan ana shunday o’ylar o’tar ekan, birdan ko’zim Shimol yulduzining yonidagi Oyga tushdi. Oy unga juda yaqin turgan va men uni ko’rmayotgan ekanman.

Nega? Axir Oy Shimol yulduzidan ancha katta-ku! Axir Oy hilol bo’lib turibdi-ku!

Ha, Shimol yulduzining nuri shu qadar jozibaliki, Oyning kattalagi ham, hilollligi ham ko’zga tashlanmay qolibdi.

Zotan Shimol yulduzining nuri uning o’z bag’ridan yog’ilmoqda. Oyning esa o’z nuri yo’q. U oddiy ko’zgu kabi… So’nayotgan bir yulduzning nurini sindirib, zaminga uzatmoqda.

Ha, Oy so’nayotgan yulduzning soyasi…

Dahshat, biz asrlardir ana shu soyani ulug’lab keldik…

Asrlardir ana shu soya haqida she’rlar, kitoblar bitdik…

Eng go’zal hurliqolarni shu soyaga tengladik…

Zulmatning bag’rini tilkalaydigan umid deb qaradik unga…

Nahotki biz Quyoshning so’nayotgan yulduz ekanligini va Oy uning soyasi bo’lganini bilmadik?

Nahotki ko’kda Shimol yulduzi kabi o’z nuriga, o’z yog’dusiga ega bo’lgan manbani ko’rmadik? Qayoqdan ham ko’rardik? Axir Shimol yulduzi biz yashagan joylardan ko’rinmaydi-da!

Yo’q, gap bunda ham emas.

Balki Mirzo Ulug’beklar ko’ra olgandir buni?

Balki biz nomini bilgan va bilmagan o’nlab munajjimlarimiz ko’z nurlarin shu yulduzga bog’lagan bo’lishlari mumkin?

Balki umid bilan ko’kka tikilgan ko’zlar bu yulduzni payqagandur?!

Gap shundaki, biz uzoqning donidan yaqinning somonini afzal ko’rgan odamlarmiz.

Gap shundaki, bizga so’nayotgan Quyosh bo’lsa ham issiqlik bersin…

Gap shundaki, soya bo’lsa ham tunda yo’limiz teppasida tursin!

Ya’ni oddiy qilib aytganda, bizga manfat bersin!

Shimoliy yulduzidan na foyda?

Undan faqat dilingiz yayrashi, shuuringizga nur inishi, ruhingizga ko’tarinkilik qo’shilish mumkin, xolos.

Biz esa, “sigir bo’lsin, sut bersin” degan odamlarmiz!

Kecha yana Shimol yulduziga termuldim. Uning shundaygina qavatida yana Oy qotib qolgandi.

Balki uning yorqinligi yonida Quyosh qaergadir chekinib, Oy esa uyalib turgandir?!

Balki unga ko’zgo’ bo’lolmaganidan qotib qolgandir OY!

O’sha Oy, zulmatning bag’rini yoritayotgan deganimiz-OY!

Balki shuning uchun ham asrlarki, bu zulmatning bag’ri tilkalanmadi! Million-million ajdolarimiz bu zulmatning bag’rida qon qaqshadilar xuddi bugun oh tortayotganlar kabi!

Ha, Oy soya…

Biz esa umidni soyaga bog’lagan odamlar…

Yusuf Juma yana meni hayratga soldi

Men ixlos qo’ygan milliy shoirimiz, qahramon shoirimiz Yusuf Juma doim meni hayratga soladi.
Uning she’rlari bir hayrat…
Bir narsani takror o’qishni yoqtirmaydigan xuyim bor. Ammo Yusuf Jumaning she’rlarini qayta-qayta o’qishdan charchamayman. Har safar ayri bir hayrat meni chulg’ab oladi.
Uning topqirligi, hamma ko’ra olmagan narsani ko’ra olishi, hamma his qila olmagan tuyg’ularni satrlarda chizib berishi meni hayratga soladi.
Uning she’rlaridagi gumburlagan hayqiriq, nurafshon yorqinlik, zulfiqordek o’tkirlik, inson dardiga sheriklik, millat tashvishiga hamohanglik, davrga hamqadamlik ayri bir hayrat manbai.
Yusuf Juma maqola yozsa, fikr aytsa ham gapni aylantirib yurmaydi, qisqa va lo’nda qilib, shartta-shartta aytadi qo’yadi. Qoyil qolaman unga.
Uni qamashlaridan oldin edi׃
-Balki chetga chiqarsiz,-dedim unga.
-Men Vatanni tashlab keta olmayman,-dedi u.
“Qizil” gapga o’xshaydi. Ammo asl shoir qizil gap ayta olmaydi.
U zulm zindonida yotib chiqqandan keyin AQSh mulozimlari unga siyosiy boshpana taklif etishdi, u qabul qilmadi.
-Men Vatanni tashlab keta olmayman,-dedi.
Unga inson huquqlari himoyachisi bo’lishni taklif qilganlar bo’ldi. U׃
-Bu ishni pulga qila olmayman,- dedi va daladan er olib dehqonchilik barobarida qildi bu ishni.
Asl shoir mana shunday g’ururli, mag’rur, masrur va e’tiqodli bo’ladi.
Yusuf Jumaning she’rlarini nashr etar ekanman, unga yordam tavsiya qilgandim.
-Siz chet elga pul topish uchun ketmagansiz, o’limni chetlash uchun ketgansiz, aslida biz sizga yordam qilishimiz kerak,-deya mening taklifimni rad etgandi.
Uning g’ururiga tegib qo’ydimmi deya qaytib bu haqda so’z ochmadim.
Ammo yaqinda – 2007 yilning 25 Iyulida uning nogiron o’g’li Mashrabjonni qamashganda va u oilasi bilan har kuni piket o’tkazganda o’zimni qo’yarga joy topolmadim. Millat deb yongan insonning yonida bo’la olmaganim meni ezib yubordi.
Juda yumshoq ohangda, ming mulohaza bilan oilamiz nomidan yordam qilmoqchi ekanligimizni aytdim.
-Biz uchun shuncha qilayotgan ishlaringizga rahmat. Shuning o’zi ham bizga etib ortadi. Piketda sizni doim yonimizda his qilmoqdamiz. Rahmat, o’zimizga to’qmiz,-degan javob oldim.
Men yana bir marta hayratga tushdim. Chunki biz fidoyilik haqida ko’p gapirib amalda fidoyilikni ham pulga o’lchaydigan bo’lib qoldik. Bitta maqola yuborib, orqasidan “puli nima bo’ldi” degan “vatanparvarlarga” ko’p duch keldim. Negadir ulardan ham xafa bo’lmadim. Tirikchilikka yo’ydim.
Ammo Yusuf Juma meni hayratga soldi va hayratga solishda davom etmoqda.
Balki uning ulug’ligi, buyukligi ham ana shunda-odamlarni har kun, har soat, har lahzada o’z she’ri, o’z so’zi, o’z fikri, o’z harakati bilan hayratga solishidadir?!

Tashqari va ichkari

Keyingi paytda muxolifat haqida gap ochilsa, “tashqaridagilar” va “ichkaridagilar” degan so’zlar tez-tez qo’llanila boshlandi. Agar bu muxolifatning chet ellardagi va mamlakat ichidagi vakillari degan ma’noda ishlatilsa, bundan ajablanmasa ham bo’lardi. Ammo “tashqaridagilar” va “ichkaridagilar” kalimalari keyingi paytda oraga rahna tushgan, devor solingan ma’nosida qo’llanilmoqda.

Ya’ni “sizlar boshqa odam va bizlar boshqa odam” deganga kelib qoldi va bu meni jiddiy jiddiy o’ylatmoqda.

Bu “Parchala va boshqar!” zehniyatining asorati emasmi?

U holda bu “falsafa” ham bizga oid bo’lib chiqadi-ku!

Qarang׃

Ichanqal’a, Dishanqal’a…

Ichkari hovli, tashqari hovli…

Tashqi xona, ichki xona…

Ichki hisob, tashqi hisob…

Tashqariga qiz berish yo’q!

Uylansang, ichimizdan, o’zimizdan o’ylanasan!..

Men kelguncha tashqariga chiqmay, ichkarida o’tir!..

Tashqi dushman, ichki dushman…

Ichki odam, tashqi odam…

Insonning tashi va ichi…

Adabu adabiyotda insonning ichki va tashqi dunyosi bir bo’lishi kerak, bir bo’lmas ekan u komil inson bo’lolmaydi degan gapni ko’p ishlatamiz. Demak, tashqaridagilar va ichkaridagilar deya ajratish barkamolikka emas, balki aksiga-parchalanishga, yakkalanishga, yo’q bo’lishga boshlamaydimi? Shu kunlarda bu narsa meni o’ylatmoqda. Sizni-chi?

Balki rostdan ham ikki dunyomiz bo’lib, shunday qolaveramizmi?

Axir Karimovning so’zi boshqa, o’zi boshqa.

Erkin Vohidovning tamali boshqa, amali boshqa.

Abdulla Oripovning adabiyoti boshqa, adabi boshqa…

Nahotki muxolifat ham shunga kelib qoldi?

TUSH

Ba’zi odamlar ko’rgan tushlarini to’la eslab qololmasliklarini aytishadi. Menda aksi. Xuddi film kabi yodimda qoladi. Lekin baribir men ham bir necha kundan keyin unutaman.

Bitta tush esa hech xayolimdan ko’tarilmaydi. “Tushingni avval suvga ayt, mening tushim emas, payg’ambarlarning tushi, yaxshilikka bo’lsin, deb ayt”, deyishingiz mumkin. Bu tush ana shu talablardan ham o’tgan va ko’p tanishlarimga ham aytib berilgan. Shunda ham unut bo’lmaydi.

Oxiri yozib qo’yishga qaror qildim. Balki shundan keyin bu tush yo’qlikka ravona bo’lar.

Xullas, tushimda ummonning sohilida o’tiribman. Teppadagi quyosh ko’z qamashtiradi. Undan qochib, soyabon ostida o’tirsam, quyosh o’chakishgandek suvga sanchilib, suv orqali mening ko’zlarimga nish qadar edi. Shuning uchun ham yonimga kelib o’tirgan odamni sezmay qolibman.

-Nega buncha xayol surmoqdasan?

Chap tomonimga qarasam, oppoq libosda keksa bir odam o’tiribdi. Uning sochlari, qoshlari, soqollari ham oq. O’ziga juda yarashgan. Chehrasi ham juda samimiy. So’zlaridan ham samimiyat taralar edi. Balki shuning uchun ham uning savollariga javob bera boshladim.

-Vatanni o’ylayman-da! Bechora odamlar zulm ostida ezilmoqdalar. Bitta odam bir necha million kishining dodini bermoqda. Lekin uning jazosini beradigan yo’q. Tangri ham unga uzoq umr bergani, doim uning yo’lini ochgani meni hayratga soladi…

-Odamlar Tangridan ko’p narsa kutadilar. Ammo “Tangri mening tomonimda emas, men Tangrining tomonida” deb hukm chiqarmaydilar. Agar ular Tangrining tomoniga o’tganlarida ko’p narsalar boshqacha bo’lar edi. Hatto unga chin dildan ishonganlar ham uning tomonida emas. Huv ana u tomonga qara…

Oqsoqol shunday deb menga o’ng tomonni ko’rsatdi. Qarasam, ummon ustida bir xona. Uncha yorug’ bo’lmagan xonada bir necha kishi. Bir odam nina tig’lik gilamchaning ustida chalqancha yotib, kitob o’qimoqda. Xona burchagida bir ayol o’tiribdi. Boshida hijob. Qo’lida Kitob. Oldida hazorispandga o’xshagan nimadir tutamoqda. U qora tutunni men tomonga puflamoqda va duo o’qib, mening nomimni aytib, Tangridan menga jazo so’ramoqda. Ayolning gezargan yuzi tanishga o’xshadi.

-Tanidingmi uni?

-Tanishga o’xshayati, ammo eslay olmayapman.

-U ilgari boshqa dinga ishongan. Keyin yaxshigina musulmon bo’lib oldi. Erini ham o’z yo’liga soldi. Boshqa ishonmaganlarni ham ishontirdi. Unga kuch berilgan, odamlarni ishontira olish kuchi. U ba’zilarni ruhan va ba’zilarni jismonan ham dovolaydigan kuchga ega. Agar u chin dildan istasa, Tangri uning istagini eshitishi mumkin. Lekin u kuchini noto’g’ri tomonga yo’naltirgan, ya’ni qora niyatiga ishlatayapti.

Oqsoqol shunday deb menga yaqinlashib qolgan qora tutunni kafti bilan orqaga qaytardi. Tutun borib haligi ayolga urildi. Birdan uning yonidagi kishining tishlari duv etib to’kildi va qo’rqinchli odamga aylandi.

Lekin ayol hali ham meni qarg’ayotgan edi. Qora tutunni yana men tomonga puflayapti. Butun nafratini menga sochib, Tangridan menga jazo tilamoqda. Nahotki uning istaklari ijobat bo’lsa?!

Qora tutun yana menga yaqinlasha boshladi. Shu payt o’ng tomonimdan bir qo’l bu tutunni orqaga qaytardi. Qarasam, o’ng tomonimda ham ayni haligi oqsoqolga o’xshagan kishi o’tirgan ekan. Tutun qaytib, ayolning yuziga urildi. Birdan chalqancha yotgan kishining kitobidan varaqlar uzilib keta boshladi. Uning ostidagi ninalar esa badaniga sanchildi. Ammo qon chiqmadi. Uning yuzi yo’qlikka aylandi.

Ayol esa yana kuchini to’plab, qo’llari bilan harakatlar qilib tutunni men tomonga puflardi.

O’ng tomonimdagi oqsoqol mayin ovozda׃

-Tangri bilguvchidir. Tangri sening ham, uning ham dilingizdagini bilguvchidir. Agar shunday bo’lmaganda bundan o’n besh yil oldin sen baloga yo’liqqan bo’larding. Chunki bu ayol bugun emas, o’n besh yildan beri qora tutunni sen tomonga puflaydi,-dedi.

-Men unga nima yomonlik qilibmanki, u bu qadar g’azzabda?

-Hamma gap shunda-da. Sen unga yomonlik qilganing emas. U nomi chiqqanlarning hammasini qarg’aydi, hammasiga qarshi tutun puflaydi, ularni qulga aylantirish uchun intiladi. Uning oldida faqat sening emas, senga o’xshagan bir necha kishining surati bor edi. Qul bo’lganlarning surati yirtilib, suvga oqdi. Seniki esa turibdi.

-Agar uning hunari menga o’tmayotgan bo’lsa, siz nega bu holatni menga ko’rsatayasiz?

-Bu erda gap sen yoki u ayolda emas. Gap ko’pchilikda. Demoqchimanki, odamlarning bir guruhi ana shunday kuchga sohib bo’lgani holda, buni zulmga qarshi emas, zulmga qarshi bo’lganlarga ishlatishadi. Ular buni faqat o’zlari uchun emas, balki erlari, otalari, yaqinlari, o’ynashlari yoki juda kichik manfaatlari uchun ham qiladilar. Ikkinchi bir guruh esa, Tangriga emas, shundaylarga qul. Yana bir guruh bo’lsa, zolimga chin dildan uzoq umr tilaydi. Boshqasi so’zda Tangrini ulug’lab, amalda zolimning xizmatida. Ya’ni Tangrining nomini sotish bilan ovora. O’zga bir guruh bir-birini aldash bilan band. Shunday ekan, Tangri odildir. U hammaning ko’ngliga va istagiga qarab ish tutadi.

-Bu bilan nima demoqchisiz?

-Xulosani o’zing chiqarib ol!

Oqsoqol bilan endi bahsga kirishaman deb turgan edim, umon birdan ko’tarilib, sohilga urildi va men suvning ostida qoldim. Suv shu qadar tiniq, orombaxsh ediki, bu rohat bilan bo’lib yonimga ham qaramabman. Oqsoqolni ham unutibman…

Uyg’onsam tong otmoqda ekan…

Ana shu tush hali ham meni bezovta qiladi, xayollarimni, dilimni tark etmaydi. Bu juda og’ir bir yuk kabi elkamdan bosib turadi. Balki bu ko’rgan tushimning emas, chiqargan xulosamning og’irligimikan?!

O’zingga o’zganing ko’zi bilan qara

Biz O’zbekistonda mashhur va ma’lum bo’lgan Muhabbat Shamaeva va Ilyos Mallaev Nyu Yorkning Kuvinsida yashaydigan ko’p qavatli uyning yoniga etganimizda, bir ayol ham biz bilan oldinma-ketin kelardi.

Ovozasi ketgan san’atkorlar xonadoniga yaqinlashganimizda esa, haligi ayol uy sohibiga haqini berib, bitta kitob sotib oldida, darhol ortga qaytdi.

Biz Ilyos aka bilan quchoqlashib ko’rishdik. Uni O’zbekiston Davlat teleradio qo’mitasida ishlaganimdan beri tanirdim.

Xonalari kichik bo’lsa ham o’zbekning ruhi bordek edi. Devorda tor, dutor, doyra osiqlik.

Bir payt qah-qaha otgancha Muhabbat Shamaeva paydo bo’ldi. U bizning kelishimizga o’zbekcha somsa va sho’rva pishirayotgan ekan. Shuning uchun ham avval Ilyos aka bilan suhbatlashdik.

Ancha hol-ahvol so’rashuvlardan keyin diktafonni ishga soldim va undan ko’ngilga olmaysiz, savollarim og’ir botishi mumkin deya o’zimni qiynagan savollarni so’radim.

-Ilyos aka, o’zbeklar irqchimi?

-Kim aytdi buni sizga? O’zbek xalqidek zo’r xalq bormi dunyoda?

-Lekin 1997 tilda New York Times gazetasiga bergan suhbatingizda o’zbeklarni irqchilikda ayblagansiz…

-Bilasizmi, o’sha maqolada men asosan totalitar Sovet tuzumi haqida gapirganman. O’sha tuzum irqchi edi.

-Lekin “Meni mayda millat deb kamsitib, she’rlarimni nashr etishmagan” degansiz.

-Bu ham hokimyat jilovini qo’lda tutganlarga qaratilgan.

-Ular sizga yaxshi munosabatda bo’lishgan-ku? Juda yosh paytingizda tanilgansiz, Kattaqo’rg’ondan Toshkenga kelgansiz, hukumatning san’at dargohida ishlagansiz. Ya’ni o’sha tuzumning muhim ideologik jabhasida ishlagansiz.

-Lekin she’rlarim chop etilmagani – bu fakt. Unvonlarga tavsiya etilganda, qaytarishgani ham fakt.

-Men tushuna olmayotgan bitta narsa bor. Nega umr yo’ldoshingiz Muhabbat opaga yuksak unvonlar berilganu sizga qolganda esa… Axir ikkalangiz ham O’zbekistonning eng mashhur odamlari bo’lgansizlar va bugunga qadar ham xalq sizlarni sevadi-ku?

-Menimcha, bunda Ubay Burxon, Ubaydulla Ibrohimov kabi Gosteleradio rahbarlarining roli bo’lgan. Ularga nimamdir yoqmagan. Xalq esa bizni sevgan va hali ham borsak, boshiga ko’taradi. Biz ham o’zimizni shu xalqning bir bo’lagi deb bilamiz.

-Men Buxoro yahudiylari haqida yozilgan bir kitobini ko’rdim. U erda ham siz o’zbeklarni irqchilikda ablagansiz.

-Uni men yozmaganman.

-Lekin uni sizning siyosiy boshpana olish paytida topshirgan hujjatingiz singari taqdim etishgan. Agar siz yozmagan bo’lsangiz nega rad etmagansiz?

-Qo’l qo’yib berganmiz, nima qilamiz. Lekin bizning maktablarimiz bo’lmagani, o’z tilimizda bilim olish imkoni bo’lmagani – fakt.

-Albatta, buning uchun Sovet rejimini ayblash mumkindir. Lekin mana biz AQShda boshpana topdik. Bolalarimiz ingliz tilida o’qishadi. Buni biz irqchilik deb qaramaymiz. Men bugunga qadar AQSh haqida, bu mamlakat, bu xalq haqida bir jumla ham salbiy gap aytmadim ham, yozmadim ham. Chunki ko’nglimda ham yo’q. Chunki bu mamlakat, bu xalq menga ozodlik berdi, non-tuz berdi.

-Biz ham xuddi mana shuning uchun haliga qadar O’zbekistonga bog’liqmiz va borib kelib kontsertlar berib yuribmiz. Yozgan she’rlarimni ko’ring, hammasi Vatan sog’inchi, vatan dardi. O’zbekiston mening aziz Vatanim!

-Men bu gaplarni ochganim bejiz emas. O’zbekistonda Kattaqo’rg’on degan yurt bor.

-Ha men Kattaqo’rg’onda katta bo’lganman.

-Ana shu Kattaqo’rg’onning O’zbekistonda xuddi Qo’qon kabi o’z muhiti bor. Teatr dargohidan tortib, adiblariga qadar va ichidan zil o’tsa ham sizga qarab samimiy kulib turadigan, o’zi och bo’lsa ham nonini sizga uzatadigan xalqi bor.

-Ha…(Ilyos Mallaev ko’ziga yosh oladi).

-Lekin o’sha kitobda sizning nomingizdan shu xalq qoralangan. Bizga qora kiyintirishgan, bizni chetlatishgan, bizni do’pposlashgan, kamsitishgan degan kabi gaplar…

-Ha, endi bilasiz qishloqda, maktablarda, bolalar orasida shunday hollar bo’lgan, bu – fakt.

-Bizning maktabda ham bor edi. Sinfimizda tojiklar ko’pchilik bo’lgani uchun bizni do’pposlashardi. Lekin bu bolalar dunyosi va buning uchun bir xalqni ayblash qanday bo’larkin?

-To’g’ri, biz O’zbekistonni sevganmiz va sevib qolamiz. Lekin asarlarimni chop etishmaganini ham aytishim ayb emas.

-Albatta, bu erga kelib kitobingiz chiqibdi, deb eshitdik.

-Ha, bittasini sizga sovg’a qilaman. Ming nusxada chiqdi.. Jamiyatimizdan qarz olib, o’zim nashr etdim.

Bu suhbat “Amerika ovozi” radiosining o’sha kezda mashhur bo’lgan “Shanba suhbatlari” ruknida berilgandi.

Oradan yillar o’tdi. Ilyos Mallaev vafot etdi. Yaxshi odam edi.

Bir kuni uning vebsayti ishga tushganini aytishdi. Ajoyib insonning ajoyib sahifasi bo’libdi. Uning o’zbekcha musiqlarini miriqib tingladim. Buyuk iste’dod sohibi edi u.

Saytida diltortar musiqa va tarixdan lavhalar bilan birga mana bu satrlar ham bor edi׃

“With the disintegration of the Soviet Union and foundation of the independent Republic of Uzbekistan in 1991, there was an abrupt growth of nationalism, chauvinism, and xenophobia in Uzbek public consciousness”.

“Sovet Ittifoqining yiqilishi va 1991 yilda mustaqil O’zbekiston Respublikasining tuzilishi bilan O’zbek xalqining milliy tafakkurida millatchilik, shovinimiz va ksenofobiya keskin ravishda o’sib ketdi…”

Balki shundaydir?

Balki biz ko’ra olmagan va seza olmagan narsani u ko’rgan va sezgan bo’lishi mumkin?

Balki bu ham o’zimizni isloh qilish uchun bir ishoradir?! Axir nuqsonsiz odam bormi?!

Aytishadi-ku, o’zinga o’zganing ko’zi bila qaragin deb!

%d bloggers like this: