Jahongir Mamatov: “ASSASSIN”

Tarixiy-Zamonaviy Roman
VASHINGTON: 2005-2006

BIRINCHI BOB

20 ASRNING OXIRI

Rustam Abdusoli qorining javoblaridan qoniqmadi va savolini qayta yozib, o’tirganlar orqali unga yo’lladi. Qori odati bo’yicha darsdan keyin sahobalardan birining hayoti haqida hikoya qilar va vaqt qolsa, savollarga javob berardi. U Rustamning savolini o’qidi:
“Agar Olloh hamma narsani ko’rib turgan bo’lsa, bechoralarning qonini ichayotgan militsiyani nega jazolamaydi?”
Abdusoli qorining yuzi tunlashdi. Ammo jahli chiqqanini bildirmadi. U sal narsaga qizib ketmaydigan, zakovatli odam o’lsada bu safar jahlini yashirmadi:
-Bu savol kecha ham berilgan edi. Ovoz chiqarib o’qimagandim. Oldingi kun ham berilgandi va unda ham o’qimasdan javob bilan kifoyalangandim. Takror aytaman. Alloh zulmni harom qilgan va bu haqda payg’ambarimiz(s.a.v.) orqali bizga yetib kelgan hadislar bor. Zulm qilganlar zulm topadilar, ajrdan mahrum bo’ladilar. Biz vaqtimizni mana shunday naryog’i aniq bo’lgan bu yog’i esa shirkka olib boradigan savollarga sarflasak, ko’p narsani o’rganmay qolamiz. Iymonni, e’tiqodni mustahkamlang, hamma narsa o’zi ayon bo’lib qoladi. Buning ustiga devorning ham qulog’i bor,-dedi.
“Qachongacha devorning qulog’idan qo’rqamiz?” deb o’yladi Rustam.
Xuddi uning fikrini uqib olgandek, Abdusoli qori qo’shimcha qildi:
-Mana buning natijasida, birodarlar, bizning diyorimizda Islomning asosiy sahih hadislarini bilmaslik vujudga keldi. Takror aytaman, bu narsa o’z o’zidan vujudga kelib qolgani yo’q. Ajoyib bir ulamolarning qatl qilinib, yo’qotib tashlanishligi natijasida vujudga keldi. Alloh subhonohu taoloning rahmati bo’lsin shu shahid bo’lgan ashi ulamolarga. Biz bugun o’tganlardan saboq olaylik. Ko’r ko’z bilan emas, ochiq ko’z bilan yuraylik!
“Domla meni ko’r deyaptilar. Demak hali ko’p narsani bilmaydi deyaptilar. Bilmasligim mumkin. Ammo ana shu bilmaganlarimga qayerdan javob topay? Nega Xudo sinov uchun bizni tanladi? Shunday desa, “Biz uning sevgan bandalari, u sevgan bandalarini sinaydi” deydilar. Lekin adolatchi? Kim adolat o’rnatadi? Agar Xudo adolat o’rnatishni bizning o’zimizga tashlab qo’ygan bo’lsa, nega devordan qo’rqishimiz, nega o’zimizni ko’r deb faraz qilishimiz kerak?”
Rustam kallasiga kelgan fikrlardan cho’chib ketdi. Yo’q, uni fikrlar uyqusidan uyg’otgan qorining so’zlari edi.
-Shirkka yo’l bermang. Mana, bir podshohni olib ko’ring. U ko’p narsani, ko’p jinoyatchilarni avf etishi mumkin. Ammo o’ziga g’alayon qilganni hech kechirmaydi. Shirk Alloh subhonohu taolloga g’alayon qilishdir. Bu kechirilmaydi. Shuning uchun ham Alloh subhonohu taollo g’ayurdir. Bilasiz, Sa’d raziyallohu anhu nihoyatda g’ayur sahobalardan edi. Unga bir kuni savol berishadi:
-Mabodo oilangiz bilan bir ajnabiy erkakni topib olsangiz, nima qilasiz?
-Agar ular birga o’tirgan bo’lsalar qatl qilaman,-deb javob berdilar. Shunda sahobalar “Saadning g’ayratini qaranglar” deganlarida Payg’ambarimiz (s.a.v.) “Sa’d g’ayur. Man undan ham g’ayurman, Alloh esa mandan ham g’ayur. Shuning uchun buzuq ishlarni bandalarining o’rtasida harom qildi” dedilar. Ya’ni Allohga g’alayon qilish bu nihoyat darajada katta gunohdir. Shuning uchun ham Alloh kechirmaydi buni.
Bu Rustamga og’ir botdi. U shu bilan Abdusoli qorining darslariga qatnamay qo’ydi. U ilgari qori haqida ko’p eshitgan va javobsiz savollarga faqat shu yerdagina javob topishi mumkinligiga ishonib, qo’shni viloyatdan bu yerga kelib, ijarada yashayotgan edi.
Rustamning otasi Qoraboy aka Sovet davri tugab borayotgan yillarda muxolifatning ko’zga ko’ringan namoyandasi edi. Avval “O’zbek tili davlat tili bo’lsin” deya kurashdi. Keyin “Tabiatni asraylik” deya yugurdi. Mustaqillik shamoli esa boshlaganda adolatli bir davlat qurish uchun kurashdi. Ammo u muxolifatdagilar bilan kelisha olmadi. Bir kuni uyiga do’stlari kelganda Rustam ham suhbatga quloq tutdi.
-Ko’zlaringizni ochinglar,-dedi Qoraboy aka,-MXX oramizga josuslarni tiqib tashlagan. Kim biladi, shu yerda ham bittamiz ayg’oqchi bo’lishimiz mumkin.
Qoraboy akaning do’stlari xafa bo’lishdi.
-Borimiz shu, birimiz ayg’oqchi, birimiz-josus, birimiz-ig’vogar, yana birimiz-tuhmatchi, lekin kim bo’lsak ham bugun birlashmasak, tasodifan mustaqil bo’lgan davlatimiz mafiyaning qo’liga o’tib ketadi,-dedi ulardan biri.
-Agar biz ham siz aytgan kabi odamlar bo’lsak, mafiyadan nima farqimiz bor, yoki hokimiyat uchun ikki mafiya o’rtasida jang bo’ladimi?-deya kesatdi yana biri.
-Balki men xato gapirdim, yoki fikrimni to’g’ri ifodalay olmadim, lekin hushyor bo’lishimiz kerak, har kimga ham ishonmasligimiz zarur, har bir yangi odam kim ekanligini tekshirib chiqishimiz shart,-dedi Qoraboy aka.
-Bu ahvolda Stalindan, beriyachilardan farqimiz qolmaydiku!
Oxiri ular dahanaki jangga borishdi. Keyin ulardan biri otasining yoqasidan oldi va uni xoinlikda aybladi hamda:
-Tupurdim dasturxoningga,-deya o’rnidan turib ketdi.
Shundan keyin qolganlar ham otasini kamsitib chiqib ketdilar. Qoraboy aka uzoq vaqt qimirlamay o’tirdi. Rustam avvaliga otasini tahqirlagan bu odamlarga kamsitish qanaqa bo’lishini ko’rsatib qo’ymoqchi bo’ldi. Ammo hammalari katta odamlar va doim tortishib, keyin yana yarashib ketishlarini bilgani uchun o’zini bosdi.
Otasi yuragini g’ijimlab o’tirardi. Bir payt:
-Bolam, “Tez yordam” chaqirmasang bo’lmayapti,- dedi.
U kasalxonada ancha yotdi. Do’stlari kelib, uning ko’nglini olgan bo’ldilar. Ammo Rustam ularni yomon ko’rib qoldi. Buning ustiga otasi yarimjon insonga alandi. Oldingi shijoatdan asar ham yo’q edi. Rustam mahalla kuyga chiqsa, otasining ayg’ochi ekanligi, do’stlarini melisaga sotib turgani, shuning uchun chetlab qo’yishgani kabi tuhmat gaplarni eshitib qolardi. Demak, otam ham eshitayapti bu gaplarni va shundan ezilayapti, deb o’ylardi.
Oila katta bo’lmasa ham tashvishi katta edi. Hukumat hamma narsani kuponga bog’lab qo’ygandi. Do’konga vaqtida borsangiz narsa kelmagan bo’ladi, keyin borsangiz vaqt o’tgan bo’ladi. Shu bois odamlarga qo’shilib har kuni navbatda poylashga to’g’ri kelardi. Shu orada hukumat pul o’yinlari qilib, jamg’armalardagi u bu narsani ham bir parcha qog’ozga aylantirib yubordi.
Qoraboy aka muxolifat ishlaridan chetga chiqib qolib juda ezildi. Bir kuni hovlini garovga qo’yib, qarz oldi va yoniga ikki o’g’lini olib, qo’shni mamlakatlarga u-bu narsa keltirib sota boshladi. Muxolifatchidan savdogarga aylandi. Ishlari yurishdi. Tadbirkorlik qilmoqchi bo’ldi. Borib gaplashib, bozordan bir joy topdi. U yerda bir do’kon solishdi. Onasi do’konda o’tirar, ular esa mol qidirib ketishardi.
Keyin Rustam qo’shni Qirg’iziston, Qozog’istonga qatnab tursa, otasi kasal holiga Turkiya, Arab Amirliklariga borib kelib turdi. Do’kon kattalashib ketdi. Odamlar uning “josus”ligini ham unutib yuborishdi. Endi hamma Qoraboy akani hurmat qilardi. Mahallada to’y yoki bir marosim bo’lsa, uning maslahatini olishardi. Kimdir qarz so’ragan, kimdir oshga chaqirgan… Xullas, Qoraboy akaning gapi bilan aytganda “Boyning oyog’ini yalaydigan davr” boshlangandi.
Bir kun muxolifatdagi eski do’stlari kelib, yordam so’rashdi.
-Beraman, nega bermas ekanman, xalqimizning istiqloli uchun hamma pulimni ham beraman, lekin qaerga ketgani haqida menga hisob berasizlar,-dedi Qoraboy aka.
Bu gap eski do’stlariga yoqmadi.
-Keyin u hujjatni MXXda o’qiymizmi?-dedi ulardan biri kinoya bilan.
-Bu nima deganing?-Qoraboy akaning jahli chiqdi.
-Agar sen MXXga ishlamaganingda ishing shunday rivojlanib ketmasligini, o’zing chet ellarga borib-kelolmasligingni axmoq ham biladi,-dedi ulardan biri.-Biz aslida yordam so’rab emas, hov uyingda aytgan gaplaring ig’vo ekanligini yuzingga aytish uchun kelgandik.
Rustam bozorga yaqin machitga namozga qatnab qolgandi. Namozdan keyin esa, Uzoq Sharq san’ati deya har turli kurashlar, urishish yo’llarini o’rganadigan to’garakka ham yozilgandi. Shu bois uncha-buncha odamga kuchi yetar edi. Otasining sobiq do’stlarini bir zumda do’kondan tashqariga chiqarib qo’ydi.
Ertasiga do’konni “OBXSS” degan balo bosdi. Bu militsiyaning Sovet davrida hamma yoqqa dahshat solgan sotsialistik mulkni qo’riqlash bo’limi edi. O’zbekiston mustaqil bo’lganiga qaramay hali bu bo’lim “haq”ini terib yurardi. Bu rasmiy qoidaga aylangandi. “Haq” bermagan do’konchi mol-mulki bilan yo’qolib ketardi. Otasi bermayman, der edi, ammo vaqti kelganda boshini egib “Rustam, ob chiqib ber, padariga la’nat!” der edi. Shu zayl ulardan ham oyma-oy “haq” olib turishardi. Yana buni o’zlariga emas, teppadagilar uchun terishayotganlarini albatta, qistirib o’tishardi. O’sha “haq” teradiganlardan biri Rustamning qulog’iga:
-Tashabbus bizdan emas, ana ulardan chiqdi,-deya MXXchilarni ko’rsatdi.
Otasini MXXchilar olib ketishdi. Rustamni esa militsiya idorasiga olib borishdi.
Qirg’izistonga nima uchun borgani, kimlar bilan uchrashgani, otasining chet ellarda qanday aloqasi borligi kabi u javob topolmaydigan yoki “Bilmayman” deb javob qilinadigan savollar berishardi, faqat.
Ammo qamashmadi. Tez-tez chaqirib turishdi. Asta sekin yaxshi muomala qiladigan bo’lishdi. Hatto bir-ikki marta birgalikda ovqatlanishga olib chiqishdi. “Otangni chiqarib beramiz” deb topgan-tutganlarini olishdi. Ammo otasidan darak yo’q edi. Otasi haqida so’rasa:
-So’ramay qo’ya qogin, otang xalq dushmani ekan, uni Toshkanga ob ketishgan, gap oramizda qosin!-deyishardi.
Lekin u onasi, ukasi bilan otasini so’roqlashga kirishdi. MXX idorasiga borishsa:
-Biz bilmaymiz, balki militsiya bilar?-deyishardi.
Militsiyaga borishsa, yaxshi kutib olishar va “Bu yerlardan qidirib yurmanglar’ deysihardi.
Keyin ular Toshkentga borishdi. Taqillatmagan eshiklari qolmadi, hamma va’da beradi, ammo hech qanday amaliy natija yo’q edi. Oxiri ular otasi so’roq paytida o’lib qolgan bo’lishi mumkin, degan xulosaga ham borishdi. Endi “Hech bo’lmasa o’ligini beringlar” deb yolvoradigan bo’lishdi. Vaqt esa o’tib ketaverar, inson tashvishlar girdobida cho’kib boraverar ketaverar ekan. Ular keyin otasi ko’milgan joy uchun ham rozi bo’lishdi. Ammo…
Bir kun borib Toshkentda prezident idorasiga kirmoqchi bo’lishdi. Qo’yishmadi. Shundan keyin milisalar bilan janjallashib qolishdi. Qaytib kelsalar uylarini yana bosishibdi, tintuv qilib, nasha “topib” ketishibdi.
Endi Rustamning ukasini ham olib ketishdi. Undan ham darak bo’lmadi. Onasi kun sayin cho’kib bordi. Sochlari oqardi. Qaddi bukildi. Ko’zlarining nuri ketdi va bir kun yarim tunda uni chaqirdi:
-Bolam, otangni jasadini top, meni yonimga ko’m! Ukangni qutqar, kerak bo’lsa, hovlini ham sot!-deya oldi onasi…
Rustam hayhotdek hovlida bir o’zi qoldi. Otasining izini topolmaydi. Ukasining qayerdaligi aytishmaydi. Hovlining puli ham shu yo’lga ketdi. Milisalar usta ekan. Shunday aldashadi-ki, pulni olib borib berganingni o’zing bilmay qolasan. Ular Rustamning nazdida xuddi O’zbekning orasidan chiqqan emas, balki boshqa sayyoradan O’zbekni yo’qotish uchun kelgan odamlarga o’xshardi.
Bo’lmasa nega bunday? Ularning ham otasi-onasi bormikan? Nega bunday qilishadi? Insoflari yo’qmi? Xudodan qo’rqmaydilarmi? Ular aslida xalqni himoya qilishlari kerak emasmi? Qonunlarni birinchi galda o’zlari buzmoqdalar-ku?! Ularni kim tartibga soladi? Bu qanday jamiyat o’zi?
Uning ana shunday savollari ko’p edi, ammo javob topolmasdi.
Onasining bir kulcha bo’lib qolgan yuzi esa ko’z oldidan ketmaydi.
Shundan keyin uning Juma kunlarida machitda beradigan savollari keskinlashib bordi. Avvaliga imomning jahli chiqdi. Uni shirk keltirayapsan, deya yaxshi yo’lga qaytishga undashdi. Keyin unga shubha bilan qaray boshladilar. Ajratib qo’yishdi. Davralarga olishmadi. Bir kuni “Agar Xudo qarab turgan bo’lsa, uning shuncha kuchi bo’lsa, nega adolat o’rnatmaydi? Uning uchun adolat o’rnatish oson ish bo’lsa, qullarini nega buncha qiynaydi? Yoki olimlar hayvonlar ustida sinov o’tkazgani kabi, Xudo ham bizning ustimizda sinov o’tkazish uchun yaratganmi? Nega Xudoga ishonmaganlar odamga o’xshab yashaydilar? Nega o’g’rilar, muttahamlar, kazzoblar boy-badavlat, to’kin-sochin yashaydilar, Xudoga ishonganlar esa g’arib va qashshoq? Nega?” deb qaltis savol berib qoldi. Uni mast-alast deb o’ylashdi. “Kofir” deya hayqirishdi. Otasining “josusligi”ni tilga olishdi. Keyin kavushini to’g’irlab qo’yishdi.
Shundan keyin melisaxonadagi tanishlaridan biri:
-Bizni ham jonimizga tegib ketgan, senga o’xshaganlarni ko’rsak, yuragimiz qon bo’ladi,-dedi.
Shunda u milisalar orasida ham yaxshi odamlar bor-ku degan fikrga ham bordi. Lekin bu biror gap olish uchun menga o’zini yaqin olmoqda, degan o’y ustun keldi. Agar joniga tekkan bo’lsa tashlab ketsin? Nima bola-chaqa boqaman, deb begunoh odamlarni qamab, qiynab o’tiraveradimi? Ablah, senlarda bola-chaqa bo’lsa boshqalarda yo’qmi? Nima, endi hamma bola chaqasini boqish uchun kimnidir qiynashi kerakmi?
Umuman biz mustaqil bo’lib nima o’zgardi? Hech narsa o’zgargan emas. Hayotimiz yomon bo’ldiki, yaxshi bo’lmadi? Nahotki shuncha odamning ichidan bitta tuzukrog’i chiqib, tartib o’rnatishi mumkin emas? Xalqqa nima kerak? Qorni to’ysin, erkin bo’lsin, adolat istasa, topsin, tamom. Bu nahotki shuncha qiyin ish bo’lsa? Dadam faqat shuni istardi-lar-ku?! Nega endi u kishini yo’qotib yuborishdi? Nega dadam ko’nglidagini ochiq aytishi bilan ertasiga bir kor-hol yuz berardi? Nahotku bu savollarga javob beradigan tashkilot, odam yo’q? Nahotki bu jamiyatni o’zgartish uchun kurashayotgan kuchlar yo’q?!
U muxolifatga qo’shilmoqchi bo’ldi. Ammo otasining boshiga kelganlar uchun ularni aybdor deb hisoblardi va ular bilan haqiqatni topolmayman, degan qanoatda edi. U ana shunday o’zi bilan o’zi olishib yurgan kezlarda kimdir Andijonda Abdusoli qori degan katta olim bor ekan, hamma uning atrofida birlashayotgan ekan, haqiqatni aytishda hech kimdan qo’rqmas ekan, hatto eng katta rahbarlarga ham tekizib gapirar ekan, deb qoldi. Ana shundan keyin u Andijonga kelgandi.
Mana bu yerda ham savollariga javob topmadi. Endi bir ishni boshlab, kechqurunlari karate to’garagiga qatnab yurganda o’sha bir tanishi:
-Toshkentga ketmaymizmi, u yerda ish ham bor, keyin katta idoralar yaqin bo’ladi, tanish-bilish qilib otangni ham topishing mumkin, kegin Sobitxon qorining suhbatlariga ham borardik. Hukumat ham u kishidan qo’rqar ekan. Agar yaqinlashib qolsang, balki talab qilib, otang va ukangni chiqarib berishlari mumkin,- dedi.
U Sobitxon qori haqida ko’p eshitgan. Abdusoli qori u haqdagi savollarga “Xudoning sevgan quli, yaxshi shogird” deb qo’ya qolardi. Ba’zilar ular orasida qandaydir ko’rinmas nizo bor deyishardi. Ayrimlar esa “Ularning qarashlarida farq bor”,desa, hatto “Ikki qo’chqorning boshi bir qozonda qaynamaydi, gadoning dushmani gado bo’ladi” deganlar ham bor edi.
Bir kishi esa “Abdusoli qori hadislarni mahkam ushlagan, ahli sunna va jamoa yo’lini mahkam tutgan, bundan boshqa narsa bilan murosa qilmaydi, ba’zi gaplari Ahmad ibn Hanbalning gaplari kabi o’tkir, sahih hadislarni qonun deb biladi, qolganlarini esa dushmanlar qo’shgan deb hisoblaydi” degan edi. U Ahmad ibn Hanbal kimligini bilmasdi. Keyin tushunishicha u Hanbaliylik mazhabining asoschisi ekan. Uning qarashlari bilan vahobiylarning qarashlari bir-biriga yaqin bo’lgani, din asoslarida juda qattiq turishgani bois ba’zilar Abdusoli qorini ham shu yo’lga mansub bo’lishi va buni yashirishi mumkin deb o’ylashar ekan.
Ammo Rustam uning doim hanafiylikka da’vatlarini eshitdi va yuqoridagi gaplarga e’tibor qilmadi. Sobitxon qorini esa ko’proq zamonaviy, hamma narsani bugungi kunga bog’laydigan, murosaga boradigan, ayollarni ham diniy faoliyatga boshlash tarafdori bo’lgan odam deyishardi. Lekin faqat Hanafiylik mazhabiga bog’lanib qolmaslik kerak, degan gaplari uchun uni ham boshqa mazhablarga va vahobiylarga yaqin tutganlar bor edi. Bir marta mufti uni vahobiylikda ayblagan ekan, muftining o’zi Saudiya Arabistonida vahobiylar homiyligida o’qigani, yashaganiga sh’ama qilib, “Eshakni kuchi halol, go’shti harom bo’lganidek, vahobiylarning o’zi yomon, puli yaxshi ekan-da” degan gapi mashhur bo’lib ketgandi. Ayrimlar esa Abdusoli qori bilan Sobitxon qori bir odam, goho yashirin uchrashib turadilar, nimagadir buni yashiradilar, deb ham aytishardi. Rustam bunday gaplarga u qadar tushunib yetolmas va otasining muxolifatdagi hayoti kabi bu sohada ham gap ko’p ekan-da, deb o’ylar edi. Ammo baribir Sobitxon qorini ko’rishni istar edi.
Shu zayl u tanishi bilan Toshkentga keldi. Bir benzin sotuvchisiga mardikor bo’lib yollanishdi. Tez orada cho’ntaklari pul ko’rdi.
Rustamning xayolida pul degan narsa yo’q edi. Nima bo’lsa ham otasi haqida bir xabar topishi, onasining vasiyatini bajarishi kerakligi haqida o’ylardi.
Bir kuni benzin sotuvchi Akmalxon ularga:
-Yuringlar To’xtaboyvachchaga borib kelamiz,-dedi.
Ular tushunmasdan angrayib turganlarini ko’rgan Akmalxon:
-Jumaga,-deb qo’shib qo’ydi.
Akmalxon bo’yi past, qorni katta bo’lgani uchun dumaloq ko’rinar va tez-tez yurib borayotganda yumalab ketayotgan tarvuzni eslatardi. U kim bilan gaplashmasin, o’sha odamning ismiga “xon” qo’shimchasini qo’shardi. Ismini bilmasa “Okaxon” der edi. Shu bois uning o’zini ham Akmalxon deyishardi. Yuzi doim kulib turardi. Xafa bo’lganda ham kulayotganga o’xshardi. Ammo ishiga usta edi. Xaridorlarni tanirdi. Bundayroq odam kelsa, parvo qilmasdan ishini qilaverardi. Ammo kostum-shim kiygan, bo’yinbog’li odam bo’lsa, yoki mashinasi yangi, xorijiy rusumda, yoki hukumatga oid raqamli bo’lsa darhol haydovchining qayerdan ekanligini topib olardi.
Agar Andijondan bo’lsa, so’zlariga “ashi” degan qo’shimchani qo’shib gapirardi. Agar namanganlik xaridor kelib qolsa, “keluttu, ketutti” deb shunaqa sayrab ketardiki, benzin olgan odam necha litr olgani va necha so’m to’laganini unutardi. Samarqanliklarga “kelopti, ketopti” degan kalimalarni ishlatsa, qashqadaryoliklarga gapirganda “E, yo’q”ning o’rniga “E, jo’q” deb qo’yardi. Xaridor ranjib qolmasin deb izoh ham berardi.
-Talabalar shaharchasida “Surqash”, “Fan”, “Sambux” kabi bir qancha guruhlar bor edi. Bir-birlari bilan urushgani-urushgan edi. Men orada sulh elchisi edim. Ashi paytda shevalani suv qib ichvorganmiz-de, okaxon,-derdi u.
U Toshkent shevasini ham shu qadar puxta egallab olgan ediki, birov uning asli Farg’onadan kelganini bilmasdi..
-Oka, Achavotti orqasida, chinni zavuddi yonidayi Baxtini taniysizmi? Ha, tanimaysiz. Ma, she, Baxtichi, voy, shunaqa quruqlanar edi-ki, “Bir svistok chasam, Beshyog’ochdan ikki moshin, yana bir svistok chasam, Xastimomdan ikki moshin bolla keladi, sani trafaret qib tashov ketoviza” derdi. O’zi trafaret bo’b ketdi. Eski Juvada mardikorlik qivotti, svistok chalishga ham vaqti qomagan!
U latifalarga ham usta edi:
-Okaxon yangisini eshitdingizmi…-deb boshlardi.
Butun Toshkent shahridagi milisalar uning oshnasi desak, mubolag’a bo’lmaydi. Hammasi uning yoniga keladi. Odamlar ham buni biladilar, shuning uchun ko’p ishlarini u bilan bitiradilar. Rustam ham ko’nglini unga yorishni istardi. Ammo u Rustam bilan oshnasi Zokirga juda jiddiy muomala qilardi. O’zini xuddi mamlakat prezidentidek tutardi. Hatto salomlariga alik olganda ham xuddi televizorda gapirayotgandek qilib, hol ahvol so’rardi. Shundan nariga o’tmasdi.
Uning yangi mashinasi bo’lib, uni orqaga qo’yar va bo’sh vaqti qoldi deguncha borib qayta qayta changini artaverardi. Mashinaning hali u yeriga, hali bu yeriga tupuraverib, tomog’i qurib qolgandagina qaddini rostlab atrofga alanglardi. Yoki muhimroq xaridor ko’rinib qolsa, darhol mashinaga tupurishni to’xtatib, oldinga o’tardi. Hatto mashinasini tozalashni ham ularga ishonmasdi. Shuning uchun Rustam unga gapirishga tortinardi.
U o’ziga xos bir dunyo edi. Mana endi uning Jumaga borishini ham bilishdi. Rustam kelganidan beri machit haqida o’ylamay ham qo’ygandi. Namozning farzini o’qib olar va qolganiga sharoit bo’lmagani bois uzr joiz deb qo’yardi. Ammo kechqurunlari qarzimni o’qib olay deb bir necha rakat ortiqcha ham o’qib yuborardi. Ba’zan esa namoz o’qiyotib xayolga botib qolar va keyin gunoh ish qildim deb o’zi bilan o’zi olishib yurardi.
Ular To’xtaboyvachcha machitiga yaqinlashganlarida hammayoqni odam bosgandi. Sag’bon ko’chasiga qadar mashina qo’yadigan joy yo’q edi. Akmalxon mashinani uzoqda qo’ydi-da:
-Uh, kechikib qoldik, shekilli,-deb yigitlarga qaramasdan pildiragancha oldinga yugurib ketdi.
Rustam atrofda ba’zi odamlar tele-kamera ko’tarib yurganini ko’rib, bu yerda film olishmoqdami, deb o’yladi. Ammo yodiga Andijondagi katta Jome oldida turadigan kuzatuvchilar tushib sergak tortdi. Boshini egib ichkariga kirganda qori oyatlarni mumtoz qo’shiq kabi maromiga yetkazib o’qiyotganini eshitib, joyida toxtab qoldi. Kimdir uning shimidan tortdi va:
-O’tir, -dedi.
U Abdusoli qorini eng yaxshi qiroatchi, deb o’ylab yurar edi. Darvoqe u nafaqat qiroat qilishda usta, balki ko’p narsa bilardi ham. Xuddi komputer kabi har qanday savolga bir zumda javob topar, hadisi va oyatini keltirar va javobini arabcha kalimalar bilan “betonlab” qo’yardi. Uning kalimalari orasidan birorta ham ruscha so’z topolmas edingiz. Ammo arabchani ko’p ishlatardi. Bir kun:
-Mana odamlar yangi-yangi sayyoralar minib yuribdilar,-dedi.
Rustam sayyorani qanday qilib minish mumkin ekan, deb o’ylanib qolgandi. Keyin tushunsa gap mashina haqida ketayotgan ekan.
Namozdan keyin qaytishar ekan, Akmalxon kassetani ishga soldi:
-Domlaning suhbatlariga yetisholmadik, mana endi eshitamiz. Ammo Sobitxon okamga teng keladigani yo’q,-dedi.
Shunda Rustam entikib ketdi. U Toshkentga yo’lga chiqishidan oldin so’nggi umid joyi qolgani va u ham bo’lsa Sobitxon qori ekanligini o’ylagandi. O’zi bilmagan holatda uning machitiga borib qoldi.
U magnit lentasiga yozilgan suhbatni eshitib bordi. Rostdan ham Abdusoli qori bilan Sobitxon qori ikki dunyo ekan. Abdusoli qori faqat din, tavhid haqida gapirar va kamdan-kam chetga chiqardi. U din hukmron bo’lmaguncha hech narsa o’zgarmaydi, deb aytar edi. Sobitxon qori esa asosan bugungi hayot haqida gapirar ekan.
Ular ish joyiga yetib kelganlarida Rustam:
-Akmalxon aka, bu kassetani qattadan topsak bo’ladi,-deyishga jur’at etdi.
-Okasi mana bizdan topasiz-de.! Mana olvoling, shu sizga, istasangiz yana besh o’nta bor, hammasini ob keb beraman. Man bularni bir necha kopiyadan qib tashaganman.
-Rahmat, oka, Xudo rozi bo’sin…
-Darvoqe, mashinang yo’q, qatta eshitasan? Magnitafoning bomi?
-Ovolaman, bittasini…
Ertasiga Akmalxon bitta magnitofon bilan Sobitxon qorining yigirmaga yaqin kassetasini keltirib berdi. Rustam har kun ishdan qaytishi bilan Sobitxon qorining suhbatlari, Quroni Karimga sharhlari, savollarga javoblarini qayta qayta eshitar edi.
Juma kunlari Akmalxon ularni machitga olib borib qo’yar va o’zining zarur ishi chiqib qolganini aytib, ketib qolardi. Ikki soatdan keyin kelib, yana ularni olib ketardi. Bir kuni esa, ular bilan birga Juma namozini o’qib, ularni Sobitxon qorining kulbasiga boshladi. Machitning katta ko’cha tomonida kichkingina hujrada yashar ekan u. Bitta xonada o’nlab magnitofonlar turibdi. Demak, kassetalar shu yerda yozilar ekan, deb tushundi Rustam. Hujra juda kichkina va juda g’arib edi. Hamma yoqda kitob. Burchakka esa joynamoz to’shalgan. Xona namiqqan bo’lib, zax bosgandek edi. Hatto yonayotgan chiroq ham bu zaxlik qo’ynida nursizlanib qolgandek go’yo. Ammo Sobitxon qorining tabassum bilan boqib turishi ravshanlik taratayotgandek tuyuldi va Rustam atrofga yaxshi qaray olmay, ko’zlarini unga tikdi. Keyin uning qarashlariga dosh berolmadi va boshini egib o’tirdi. Akmalxon esa ularni tanishtirdi.
-Qori aka, mashi yigitlani go’shti sizga oid, suyagi bizga,-dedi u.
Sobitxon qori jilmaydi-da ingichka ovozda:
-Astag’furullo, hali go’shtxo’r bo’lmadik, go’shtlari o’zlariga oid,-dedi.
-Domla doim odammi gribonidan ushlaysiz-a, qoyilman, endi maqol deb aytib yuborgan edim…
-Yo, to’g’ri gap,- deya Akmalxonga madad bo’ldi Sobitxon qori.
Ular qaytishar ekan, Akmalxon:
-Bilasanlami, oilalari Namanganda, o’zlari mashetta, kecha-kunduz ashi hujrada o’tiradilar. Ba’zan Namanganga kechasi borib, yana ertalabga qaytib keladila. Bu odamga hamma ham shogird bo’lolmaydi. Shogird tushsalaring, ikki dunyolaring ham obod bo’ladi,-dedi.
Akmalxon Juma kunlari ularga taksi puli beradigan bo’ldi va ular taksi bilan namozga boradigan bo’lishdi.
Bugun birinchi marta Rustam uyida yozib kelgan savolini jur’at qilib, Sobitxon qoriga uzatdi. U savolni avval ichida o’q’idi, keyin ovoz chiqarib o’qidi-da, unga yuzlandi:
-Ukam, siz haqsiz…

892 YIL OLDIN

Tohir otasining tanasidan judo qilingan boshini chodirga kiraverishdagi tayoqqa ilingan holda ko’rib qoldi va ko’zlari qinidan chiqib ketdi. Yo’q, ko’zlari qinidan chiqmadi, ko’zlari bir parcha sovuq muzga aylandi. Boshining teppasidan sanchilgan chaqmoq bir zumda oyoq uchiga qadar yetib bordi va ortga qaytdi. Chaqmoqning tez harakati vujudini larzaga soldi, vujud titray boshladi, silkina boshladi, keyin birdan toshga aylandi. Hissiz, jonsiz tosh. Ammo bu tosh taqdirning qo’lidan tushib ketdi. Tohirning tizzalari bukilib, yerga yiqilib tushdi.
U qancha yotganini bilmadi, o’ziga kelganida muzga aylangan ko’zlari eriy boshlagan va ko’z kosasi namlangan edi. Ko’zini ochishi bilan suvga aylangan muz tomchilarga aylanib, yuzlarini qitiqlay boshladi. Xuddi tomchilar uni uyg’oq tutishga harakat qilayotgandek, uni yana hushdan ketmaslikka intilyotgandek edi.
Tohir hali nima bo’lganini anglab yetgan emas edi. U yuziga tomchilayotgan narsa qon ekanligi, dadasining boshidan oqayotgan qon tomchilari ekanligini ham bilmasdi. U ahyon-ayhonda yuziga urilayotgan qon tomchilarining zarbini yosh deb o’ylayotgan edi. Lekin nega tomchilar ko’zimdan emas, teppadan tomchilamoqda, degan savol uning esiga otasining kesilgan boshini soldi. Chinqirib yubordi, ammo tovushi chiqmadi. Chinqiriq ilonga aylanib vujudini ichdan o’ray boshladi.
U xuddi tush ko’rayotgandek edi. Otasining boshi osilgan tomonga qarashga cho’chirdi va ko’zini chodirning boshqa tarafiga tikdi. Bu safar ko’ksini o’q teshib ketgandek bo’ldi. Teppada onasining, munis onaizorining, mushtipar volidasining tanidan kesilgan boshi osiqliq edi. U ko’kragiga qilich sanchilgadek og’ir og’riqdan yana hushini yo’qotdi.
“Bolam, ko’zlaringni och!”
“Yo’q, ochmayman, onajon, ochsam sizni ko’raman-da!”
“Nahotki meni ko’rishdan qo’rqsang?”
“Qorqaman, onajon, qo’rqaman!”
“Ah, bolam-a!”
“Onajon, nima bo’ldi, kim qildi bu ishni, biz kimga yomonlik qilgan edik?’
“Atrofda kim bor-ki, biz yomonlik qilaylik. Bu yerlarda bizdan boshqa hech kim yashamasa o’zi?”
“Man endi nima qilaman, shu paytgacha otam-onam bor edilar, endi ular ham yo’q, men kim bilan yashayman. Kim uchun ov qilib kelaman, kim pishirgan ovqatni yeyman, kim bilan gaplashaman?”
“Unday dema bolam, Zuhrani unutdingmi, u axir sening singling, senlar egizaksanlar. Uning uchun bo’lsa ham yashashing kerak. U bir o’zi bu hayhotdek darada qanday yashaydi? Uni bo’rilar chavaqlab ketmaydi-mi?!”
”Mani ham o’zingiz bilan olib keting, Zuhra ham kelsin…”
“Yo’q, sen qaytishing kerak, Zuhraga ham ota, ham ona bo’lishing kerak! Qayt, bolam, qayt”.
Tohirning nafasi birdan bo’g’ziga tiqildi va ko’ksidan nimadir otilib chiqdi. Ko’ngli behuzur bo’ldi. Yuziga oqib tushayotgan qon tomchilari labining bir chetidan bo’g’ziga qadar yetib borib qotib qolayotgandi. U seskanib ketdi. Xirillagancha bo’g’zida qotgan qonni tupurib tashlashga intildi. Bo’lmadi. Yutib yuboraman dedi. Bo’lmadi. Qulog’iga uvillagan ovozlar eshitila boshladi. Onasining, otasining chinqiriqlari kelib quloq pardalarini teshib ketayotgandek bo’ldi.
U “Zuhra!’ deya baqirmoqchi bo’ldi, ammo tovushi ichida qoldi, tashqariga chiqmadi. Teppasida og’ir bir narsani his qildi. Dukkullagan qadamlar sasi… Qandaydir pisir-xisrlar… Zuhraning ingrangani… Keyin yana katta tosh…Bu juda katta tosh edi va aylanib qirralari bilan vujudiga kirib ketayotgandi. Og’riq shunchalik kuchli ediki u o’zini yerning qa’riga kirib ketayotgandek his qildi. Shu payt bir qo’l uni sudrab tashqariga olib chiqdi. Tosh nariroqqa surilib ketgandek bo’ldi.
“Tur bolam, tur!”
Tohir ko’zlarini ochishga qo’rqar edi, shu bois Zuhra keladigan yo’lga qaradi. Ko’z oldi xiralashgandi. Xuddi atrofni qora zulmat bosib olgan va u hech narsani ko’rmayotgandi. U ko’zlarini ishqab yana o’sha tomonga qaradi, lekin hech narsani ko’ra olmadi. “Zuhra!” deya chaqirgisi keldi, ammo tovushi chiqmadi. Balki uni ham…
“O, Zuhra, Zuhraginam, hali pataxgan sochlarining patini o’zi ocholmasdan ko’zlariga yosh olib yuradigan Zuhraginam!
Tohir ot minganda orqasidan yugurib chang to’zonlarda qolib ketadigan Zuhraginam!
Tohir uxlaganda bosh ustida o’tirib, hali uxlama, deb yolvoradigan Zuhraginam!”
Xuddsi onasi Zuhradan ajralib qolganu tizzasiga urib yig’layotgandek edi.
Tohirning vujudidagi chaqmoq momoqaldiroqqa aylangan va boshining ichiga kirib olgandi. Guldur-guldur sadolar boshining devorlariga urilib, keyin qulog’ining ichiga ko’char, bir zumdan keyin peshonasini ishg’ol etar, yana bir ozdan so’ng qovoqlari ustida gumburlab, chaqmoq urib hammayog’ini tilka pora qilib yuborayotgandi.
“O’g’lim qayt. Kelma. Sen ham bizning izimizdan kelsang, kim qasos oladi?”
“Dadajon, boya onam Zuhra uchun qayt dedilar, qaytdim, ammo Zuhrani topolmadim. Uni ham olib ketibsizlar, nega meni tashlab ketdingizlar? Yoki meni shuncha yomon ko’rasizlarmi?”
“Yo’q o’g’lim, agar seni yomon ko’rsam har kun ertalab ot minishga o’rgatar edimmi? Qilich o’ynatishni Zuhraga emas, faqat senga o’rgatdim-ku!? Hali endi o’n ikki yoshga kirgan bo’lsang ham bo’rilar, ayiqlardan qo’rqmas pahlavon yigit bo’lmading-mi? Qaysi kun ajdardek ilonni bo’g’zidan bug’ib, o’ynatib yurgan sen emasmiding, pahlavon o’g’lim?”
“Dadajon, meni pahlavon demang, men qo’rqoqman. Agar qo’rqoq bo’lmaganimda sizni himoya qilgan bo’lmasmidim? Zuhramni ko’z qorachig’imda asramasmidim?!”
“Bilaman, o’g’lim, himoya qilgan bo’larding. Ammo bizni o’ldirganlar qo’rqoqlar. Ular bizni uyquda urdilar. Qilich bilan boshimizni kesdilar. Agar sen shu yerda bo’lganingda ularning qilichlarini sindirib yuborgan bo’larding, sening panjalaring qilichdan ham metin, bolam!”
“Dadajon, qayerdasiz, qayerdan turib gapirayapsiz?”
“Bolam, biz jannatdamiz, onang ham shu yerda. Ishonchimiz senda. Sen biz uchun qasos olishing kerak!”
“Kimdan qasos olaman, sizlarni kim o’ldirdi, nima uchun o’ldirdi? Bilmaymanku?! Qanday qasos olaman?”
“Unday dema bolaman, bilmayman dema, seni yozishga, o’qishga o’rgatdim. Sahrolarda, qishloqlarda yashaganlar o’qish-yozishni bilmaydilar. Ammo sen mullo bo’lding. Tog’dagi toshlarni yozuv bilan to’ldirib yuborgan sen emasmi? Seni aqlli, barkamol qilib o’stirdim. O’n ikki yoshda butun dunyoning ilmini boshingga joylading. Endi qanday qilib bilmayman, topolmayman, deysan?!”.
“Siz doim jannatga borishni istar edingiz, meni ham jannat ishqida tarbiyalar edingiz, onamni olib ketdingiz, nega meni do’zaxga tashlab ketdingiz? Qaysi gunohlarim uchun?!
Men ham jannatga borishni istayman, sizlar bilan birga bo’lishni istayman, dada!”
“Men onangga ham kelma deb yolvordim, seni tashlab kelsini istamadim”
“O’zingiz butun umrimizni jannatga borish uchun bag’ishlashimiz kerak derdingiz-da. Nimaga endi o’zingiz borib, ularning borishini istamadingiz, nega mening borishimga qarshisiz?”
“Men qarshi bo’lamanmi yoq’mi, ko’p narsa bizga bog’liq emas ekan. Men shuncha istamasam ham ular baribir keldilar. Men jannatga bu yo’l bilan kelishni istamas edim. Mehnat qilib bu haqni qozonishni istar edim. Ammo kimlardir meni bu orzuimdan ayirdilar”.
“Ular esa sizning jannatga yo’lingizni yaqinlashtiribdilar-ku, nega men ulardan qasos olishim kerak?”.
“Ular bizni bir-birimizdan ayirdilar, meni sendan, seni Zuhradan, onangdan ayirdilar. Biz ham sening dunyongda yashashimiz kerak edi. Umrimiz bitmasdan ular bizni qonga bo’yadilar, Boshim qayda, tanim qayda?!”.
“Meni ham olib keting va yana hammamiz birlashamiz, Shu bilan ish bitadi, Boshning, tananing umri qisqa, ruhning umri daroz, demasmidingiz!”
“Yo’q biz hozir birlasha olmaymiz, buning faqat bitta yo’li bor, u ham bo’lsa sen ularni topishing va qasos olishing kerak. Ana o’shandan keyin biz birlasha olamiz. Hozir sen bu yoqqa kelsang, bizni topolmaysan, meni esa faqat seni ogohlantirish uchun yuborishdi. Bolam, bizni o’ldirganlarni top, jazola, al qasosu minal haq!”
“Qasos, qasos!” deya shivirlagandek bo’ldi kimdir uning quloqlariga.
Birdan Tohirning vujudida nam paydo bo’ldi. Xuddi yomg’ir yog’ayotgandek. Sarrin bir nasim vujudi bo’ylab o’rmalayotgandek edi. Zuhraning bo’g’iq qichqirig’i quloqlari ostiga keldi…
Tohirning otasi Abu Sayyid bu joylardan ancha uzoqda, Jayxun daryosiga yaqin Sumansoy qishlog’ida yashardi. Uning besh aka-ukasi bor edi. Otasidan eshitishicha, ular ham bu yerga boshqa joydan ko’chib kelishgan ekan. Ular yashagan qishloqda asosan musulmonlar bo’lib, ikkiga ayrilgan edilar, ikki mazhabda edilar.
Chol-kampirlardan tortib, yosh bolalarga qadar bir-biriga dushman nazari bilan qarar, masxara qilar, nafrat sochar edilar. Ammo ularning oilasi sayyidlardan bo’lgani uchun har ikki tomon ham biroz hurmat qilishardi.
Bu joylarni tez-tez yangi yangi hukmdorlar bosib olardi. Biri hammaga soliq solsa, ikkinchisi hammani soliqdan ozod qilardi. Biri u mazhabni haq desa, ikkinchisi bu mazhabning tomonini olardi. Shunday qilib, Abu Sayyidning otasi ba’zan u mazhab, ba’zan esa bu mazhabning etagini tutishga majbur qolardi. Buning uchun bostirib kelgan askarlarning kimligiga qarashardi. Bu ham jon saqlashning bir yo’li, ammo tahlikali yo’li edi.
Qishloqda ikkita machit bor edi. Biri u mazhabga qarasa, ikkinchisi bu mazhabniki. Har ikki tomon ham bu joylarni “Xudoning uyi” deyishardi, ammo vaqti-vaqti bilan Xudoning uyiga o’t ham qo’yib ketishardi.
Bir kun qishloqda o’zaro jang chiqdi va Abu Sayyidning otasi va akalarini ham qatl qilishdi. U kelinchagini, mol mulkini olib qishloqdan qochib ketdi. Bir necha kunlik yo’ldan keyin bahaybat bir tog’ning etagiga chodir soldi. Bu yerning nomini bilmas edi. O’zi bu joyga Tillo dara deb nom qo’ydi. Chunki tog’dagi toshlar yaltirab turar edi. Ahyon-ahyonda bu joylarga birorta ovchi kelib qolmasa umuman odamning oyog’i yetmaydigan, borsa kelmas bir maskan edi. Qishda darani qalin qor bossa-da, ammo yozda salqin bo’lgani ularga yoqardi.
Bu yerda tog’ hayvonlari ko’p edi. Shu bois kunlarini ovchilik bilan o’tkazishardi. Abu Sayyid hayotidan nolimasdi. Bolalarini barkamol qilib o’stirishga harakat qilardi, nizolardan uzoq bo’lishlarini istardi. U Xudo nizolarni istamaydi, nizolarni odamlar o’z manfaatlari uchun chiqaradilar, oddiy odamlar Xudoning nomini qo’llangan kimlargadir ishonib, ularning yo’lida qurbon bo’lib ketadilar, degan aqidani mahkam ushlagandi. Ammo bu gapni xotinidan boshqa hech kimga aytmagandi va o’zi bilan olib ketdi.
Otasi ilmli bo’lgani uchun uning ham yozuv-chizuvdan xabari bor edi. U o’zi rivoyatlar, hikoyatlar to’qir, otasidan, machitda eshitganlarini, yoshligida xatm qilganlarini yodda tiklab bolalariga aytib berar edi. U Quronni yoddan bilardi va bolalariga ham ko’p narsani yodlatishga harakat qilardi. Ammo musulmonlar orasida chiqib turgan nizolar, o’z oilasining boshiga tushganlarni aytmas edi va xotinidan ham bu haqda ularga gapirmaslikni so’rardi. O’zlari yotadigan chodirga yaqin joyda qo’lbola machit qurgan va o’zi u yerdan azon aytar va oilasiga imomlik qilardi.
Bu joylarda ularni hech kim tanimas va ular ham hech kimni tanimaslikka harkat qilishardi.
Ammo bir kun ikki ovchi qorbosti darasida qolgan ekan, ularni qutqarib uyiga olib keldi. Mehmon qildi, yedirib-ichirdi Ular pastdagi qishloqlarda necha yilki odamlarni o’ldirib ketish odat bo’lib qolganini hikoya qilib berdilar. Nega o’ldirishadi, nima uchun o’ldirishadi, hech kim bilmas emish. Tog’ning ortida esa Alamut degan joy bo’lib o’sha yerda Shayx Hasan degan odam qasr solibdi va u begunoh o’lganlar uchun qasos olayotgan emish.
Ovchilar ketgandan keyin ko’p o’tmay bir otliq keldi va ularga hayvonlarni ovlab, tog’ning naryog’idagi Alamut qasriga yetkazib berish solig’ini qo’yib ketdi.
Kunlari davom etdi. Soliqlarini vaqtida yetkazib turdilar. Endi kutilmaganda boshqa odamlarning boshiga kelgan qora kun ularga ham keldi.
Tohir alahsirashdan to’xtab, hushiga qaytib, o’rnidan turganda Quyosh tog’ning ortiga, Alamut qasri tomonga botganki, ko’rinmas, osmon quyuq zulmatga o’rangandi. Ko’kdan sharillatib yomg’ir yog’a boshladi. Xuddi u yig’lay olmagani uchun ko’k yig’layotgandek edi. U hali nima bo’lganini to’la anglay olmadi. Ammo ota-onasini o’ldirib ketganlarini bilar va dahshatli manzara qo’ynida edi.
U nega, kim o’ldirdi, nima uchun, degan savollarga javob topishga urinar edi. Topolmasdi. Marhumlarning boshlari va jasadlarini chodir-machitga olib kirdi va nima qilishini bilmay qoldi. Darvoqe, Zuhra qayda? Nega uning jasadi ham, boshi ham yo’q. Balki tirikdur? U har tomonga yugurdi, chinqirdi, ammo Zuhradan darak topolmadi. Yoki Zuhrani ham o’ldirib, jasadini olib ketishdimi? Nega olib ketishadi? Balki Zuhra qo’rqib qochib ketdimikan? Qayerga ketishi mumkin? Tohir butun darani, sharshara atrofini aylanib chiqdi, ammo Zuhraning izini topolmadi. Keyin yana ota-onasining jasadi yoniga qaytdi.
Nima qilish kerak? Odam o’lganda nima qilishadi? Duo o’qishadi. O’qiyman desa tili aylanmadi. Pichirlab qo’ya qoldi. Otasi ko’mish marosimlari haqida gapirgan edi. Ammo bu yerda qabriston yo’q. Hammayoq tosh, yalanglik. U jasadlarni uch kun saqladi. Ana shu uch kunda o’zi ham butunlay boshqa odamga aylandi. U birdaniga har tomonlama ulg’ayib qolgandi.
To’rtinchi kun ertalab qandaydir hayvonlarning tovushidan uyg’onib ketdi. Tashqariga chiqsa bir qancha yirtqich sirtlon chodir-machitni bosgan edi. Nima qilishni bilmadi. Bir o’zi nima ham qilsin? Shunda esiga otasi gapirib bergan bir rivoyat tushdi. Unda ilgari odamlar o’lganlarni yoqib yuborishgani haqida gap borardi. U yugurgancha katta chodirga kirib, tayyorlab qo’yilgan masha’lalardan ikkitasini so’nib qolay degan cho’g’da yondirdi-da otasi qurgan chodir-machitga o’t qo’yib yubordi. Sirtlonlarning chiqib qochgani qochdi, qolgani jizg’anak bo’ldi. Birdan yodiga “Machit-Xudoning uyi” degan gap tushdi va Xudoning uyini yondirib yubordim deya yana tizzalab qoldi. Uning ahvolini tasvirlash qiyin. O’n ikki yoshli bir o’spirinning boshida qiyomat qoyim bo’lgandi…
Tohir qurib qolgan ko’zlarini ishqalagancha otiga minib, bu joyni tark etdi. Tog’dan oshib Alamut qasri tomon inganda u yerda to’p-to’p bo’lib turgan yuzlab yosh yigitchalarni ko’rdi. Ba’zilarining tinkasi qurib qolgan, ba’zilari ozib ketgan, ayrimlari esa nimalarnidir mashq qilishmoqda. Yana bir guruh esa oq soqolli kishini tinglamoqda. Dunyoda shuncha odam borligiga avval xursand bo’lsa, keyin cho’chidi ham. U hayrat bila tikilib turgan edi, o’rta yoshlardagi bir kishi unga peshvoz keldi.
-Qani mashvaratga o’t bolam, bu shayx hazratlarining huzuriga olib boradigan birinchi pog’ona,-dedi u.
Tohir qo’shilgan guruh Quroni Karimdan saboq olayotgan ekan…

IKKINCHI BOB

20 ASRNING OXIRI

Qoraboy aka ichida bo’lgan mashina MXX viloyat boshqarmasining temir darvozasi yoniga kelganda xuddi uni kutib turgan kabi darvoza darhol lang ochildi va mashina g’izzillagancha ichkariga kirib ketdi. Qoraboy akani zax bir xonaga olib kirishdi. Qo’liga solingan kishanni yechmasdan tashlab ketishdi. U nima yuz berganini oz bo’lsada tushungan edi.
Muxolifatning orasida yurgan ayg’oqchilarni aniqlagan va boshqalarni ehtiyot bo’lishga da’vat qilgandayoq boshiga shunday kun kelishini taxmin qilgandi. Ammo unutishdi. Har holda o’sha kezda yuz bergan yurak xuruji uni asrab qoldi. Mana endi kechagi voqeadan keyin yana ularning ko’ziga tikandek sanchildim, shekilli?! Bir-ikki po’pisa qilib, qo’yib yuborishsa kerak? G’alvirga ilinadigan biror narsa topolmasliklari aniq. Keyingi yillarda muxolifatga ham qo’shilganim yo’q. Darvoqe ular qamoqqa olinganimni eshitishgan va dunyoga jar solayotgan bo’lsalar kerak? Nima bo’lganda ham ilgari birga edik-ku?! Buni eshitib qolgan Toshkent “Qo’yib yuborlaring, yana bitta bosh og’rig’ini nima qilamiz” deyishi mumkin, deb o’ylardi u.
Nima uchundir ko’ngli xotirjam edi. Uyini bosganlarida yuragi bir o’ynab ketdi, ammo keyin o’zini ushlab oldi. Yuragi joyidan qo’zg’alib bo’g’zida “gup”-“gup” uarayotganini nazarda tutmaganda ahvoli unchalik yomon emas edi.
U xonaga razm soldi. Eshikka qarshi tomonda teppada bir tuynuk bor. Juda qalin temir panjara o’rnatilgan va ustidan yana simto’r tortilgan. Tashqaridagi daraxtning bir shoxini arang ko’rsa bo’lardi. Shundan taxmin qildiki, bu joy yerto’la ekan. Demak, mashina binoning ostiga kirib kelarkan-da!
Devor beton va nam tortgan. Shu bois xonaning havosi qo’lansa edi. O’tiradigan, yotadigan joy yo’q. Hojatga qayerga borar ekan?
U xayollarga g’arq bo’lib ketdi. Ishqilib Rustamga tegmasinlar. Ammo shu o’g’lidan umidi juda katta. Tug’ilganidan shu kunga qadar hech ozor bermadi. Esining tanibdiki otasining do’sti. Maktabda yaxshi o’qidi. Sakkizinchi sinfdaligidayoq shahar, viloyat olimpiadalarida g’olib chiqib, keyin respublikada ham adabiyot sinovida uchinchi bo’ldi. Uncha-buncha she’r ham yozardi. Ammo bir muddat siyosatga qiziqib ketdi. Bunga balki men sababchi bo’lgandirman? Balki O’zbek tiliga davlat tili maqomi berish uchun kurashgan paytlarimiz uni siyosat dunyosiga boshladimikan? Ko’p tashkilotchi emas, ammo odamlarni indamay eshitishni yaxshi ko’rardi. Keyin shundan xulosa chiqarardi. Xulosalari o’zi kabi o’ktam. Bir kun:
-Bolam yaxshi o’qisang, kelajakda Tashqi ishlar vaziri bo’lishing mumkin,-dedi Qoraboy aka unga.
-Nega endi aynan Tashqi ishlar vaziri,- deb so’radi Rustam.
-Mamlakatni dunyoga tanitadigan odam Tashqi ishlar vazirida,-deb javob qildi u.
-Ba’zan mamlakatni oddiy bir ishbilarmon ham dunyoga tanitishi mumkin…
Juda qiziq, hamma yoshlar kasb tanlashda baland dorga osilsalar Rustam oliygohga borishni istamasdi, orzusi ishbilarmon bo’lish edi. Lekin Qoraboy akaning majburlashidan keyin instutga hujjatlarini topshirdi. Inshodan xursand bo’lib qaytdi. “Juda yaxshi bilgan mavzu tushdi. Boplab yozdim” deb kelgandi ammo yiqitishdi. Qoraboy aka rektorning yoniga bordi.
-Bu bola respublika olimpiadasida g’olib chiqib, qanday qilib sizlardan o’tolmasligi mumkin?-dedi u rektorga.
-Shu bolangizni o’qitish niyatingiz bor ekan, oldinroq kelish kerak edi. Yanagi yilga harakatni ertaroq boshlang, bilamiz iqtisodiy qiyinchilik mavjud, shu bois hozirdan harakat qilib borsangiz o’sha kezda og’ir tushmaydi! Birovni o’rtaga aralashtirib yurmang, to’ppa to’g’ri o’zimga keling, o’zim o’g’lingizni o’qitib beraman!-dedi rektor.
Shundan keyin Rustamning ko’ngli cho’kib qoldi. Adolat anqoning urug’i ekan, degan xulosaga borib qolgandi. Keyin yana tadbirkorlik haqida gapirib yurdi. “Bir ish qilaylik” der edi. Pulni yaxshi ko’rib qoldimi desa, yo’q, pulga ham mehri unchalik emas.
Qoraboy aka kasal bo’lib yotib qolgan kezlar faqat shuni esladi. Mehr qo’ygan o’g’limni o’q’ishga kirita olmadim, endi mustaqil bo’ldik, Sovet davridagi poraxo’rliklar qolib ketdi, deb o’ylagan edi. Qarasa yanada ochiq bo’libdi. Rektorning o’zi uyalmay sha’ma qilib turibdi. O’g’lining orzusi ushalishi uchun nima qilish kerakligini o’yladi. Haqiqatdan ham daraxt o’zi yoqtirgan joyda o’sadi deganlari to’g’ri ekan. Ish boshlashlari bilan Rustam yayrab ketdi va tezda tadbirkor bo’lib ko’zga tashlandi. Man endi eski do’stlarimga qiziqqonlik qilib, uning yo’lini to’smasam bolgani edi…
Shu payt eshik ochilib uning xayoli bo’lindi. Ikki o’zbek yigiti uni yuqoriga boshlashdi. U Sovet davrida KGB haqida o’ylaganda faqat ko’z oldiga badbashara uruslar kelar edi. Hozir uni olib borayotgalar esa, kelishgan, istarasi issiq o’zbek yigitlari edi. Ularning o’q’imishli ekanliklari ham yuzlaridan bilinib turibdi. O’zimizdan ham chiqar ekan-ku, degan bir g’urur ham ko’nglining bir chetini qitiqlab o’tdi.
Uni bir xonaga olib kirishdi. U yerda yana ikki kishi kutayotgan ekan. Kuzatib kelganlarga javob berishdi va Qoraboy akaning qo’lini yechib unga suv uzatishdi:
-Endi gap bunday, oqsoqol,-dedi ulardan biri.-Agar qilgan hamma ishlaringizga darhol iqror bo’lib, biz aytgan takliflarni qabul qilib mana bu qog’ozni imzolasangiz ish oson kechadi. Siz ham qiynalmaysiz, biz ham. Bu safar adi-badi aytib o’tirishga, sizni sindirish uchun haftalar sarflashga vaqtimiz yo’q. Sizni tuzoqqa biz ilintirgan emas, o’zingiz ilindingiz. Xullas 24 soat vaqtimiz bor,-dedi ulardan biri eshik tomon yurar ekan.
-Hali soqol qo’yganim yo’g’-ku qayoqdan oqsoqol bo’laman,-dedi u hazil aralash,- keyin nima ish qilibmanki, undan bo’yin tovlasam. Qanaqa tuzoqqa ilinibman, bunday ochiq gapirmaysizlarmi?
-Soqol qo’yganingizda-ku ishimiz ancha oson kechgan va sizni oldinroq tanigan bo’lardik, ammo besoqol bo’lib yurganlardan cho’chish kerak ekan,- dedi chiqib ketishga shaylangan odam.
Endi bu Qoraboy akaning hamiyatiga tegdi. Buning ustiga ular unga e’tibor qilmasdan ruschlab gaplasha boshladilar. Keyin unga ham ruscha muomala qila boshladilar.
-Hov baraka topgurlar, biz mustaqilmiz, endi ona tilida gaplashaveraylik,-dedi u.
-Mana ko’rdingizmi, birinchi qilmishingizni o’zingiz ham tan olib turibsiz. Konstitutsiyamizda yozib qo’yilgan, millatlararo fitna uyg’otish bu jinoyat. Bilasizmi faqat shuning o’zi uchun bo’yningizga 15 yilni osishimiz mumkin. Nima ishingiz bor odamlar qaysi tilda gaplashadilar?
-Ha, endi…
Ko’rinishidan mansabi kattaroq bo’lgan haligi kishi ruschalab “Tezlashtir!” dedi-da chiqib ketdi va uni kuzatib qolgan yigit birdan jiddiy qiyofaga kirib;
-Moskvaga nimaga borgan edingiz,-dedi.
-Ish minan..
-Turkiyaga-chi?
-Ish minan-da, uka, men bekordan-bekorga boraman-mi?
-Xo’p shu yerda to’xtab turing. Men javoblaringizni mana bu yerga yozib borishim kerak. Demak, Moskvaga va Turkiyaga borganingizga va bekordan bormaganingizga iqror bo’ldingiz. Ana shunday hamkorlik davom etsa, bu ishni tez bitiramiz-, dedi u Qoraboy akaga zaxarxanda julmayib. Keyin savol-javob birdan keskin tus olib, “qizib” ketdi.
-Moskvada kim bilan uchrashdingiz?
-Hech kim bilan…
-Cho’pchakni chetga qo’yib turamiz. Shunday katta shaharda hech kim bilan uchrashmay keldingizmi-a?
-Ha, endi bir ikki odam bilan oldi berdimiz bor, shular bilan uchrashdim.
-Qayerda Podmoskovyeda-mi?
-Qayerda?
-To’g’riya, u yerga bormasangiz ham ish o’zi bitib ketaveradi-ki?! Kamolov bilan nega uchrashdingiz?
-Qanaqa Kamolov? Bunday tushuntiribroq gapiring. Yoki birov bilan almashtirayapsizmi?
-Kamolov Vyacheslav Muxtorovich, hali yaqingacha Oz’bekiston Ichki ishlar vaziri edi. Nima bilmaysizmi?
-Bilaman, Moskvaga ketib qopti deb eshitgandim.
-U bilan uchrashib, nimalarni gaplashganingizni bilasizmi?
-Yo’q, bilamayman.
-Hm, Ahmadjon Odilovni bilasizmi?
-Eshitganman…
-Uning “Amir Temur” partiyasini-chi?
-Shunaqa partiya bor ekanmi?
-Shu partiyaning viloyat rahbarligiga sizni tavsiya qilishganini ham bilmaysizmi? Usmonov bilan nega uchrashgan edingiz?
-U bilan ilgaridan tanishligim bor. Ishbilarmonlar uchun bank ochamiz degan taklifni aytgandi, shuni gaplashgandim.
-Anvar Tillanazarovni taniysizmi?
-Haligi qo’shiqchimi?. “Anvarbank”…
-Ha, barakalla, qo’shiqchi edi, Toshkentdagi Achavot mahallasidan chiqqan. U ochgan bankka nega borgan edingiz?
-U ishbilarmonlarga qarz beradi deb borgandim, ammo o’zi bilan uchrasha olmadim.
-Mana bu rasmni, yaxshilab tanib oling.
-Bu yigitni bilaman, “Qorachadan kelgan qo’shiqchi” degan laqabi ham bor.
-Ha, yashshang, “lo’li” desangizchi, nima endi vatanimiz taqdiri lo’lilarga qoldimi?
-O’zingiz boya millat masalasini gapirayotgan edingiz-ku!
-Ular millat emas, ularga Sovet davrida ham status berilmagan, nahotki shuni ham bilmasangiz. Bo’pti,
mana bu Ahmadjon Odilovning Toshkentdagi uyi. Ichki ishlar vazirligi binosining orqasida. Shu yerda Anvar Tillanazarov bilan uchrashgansiz.
-U yerga borgan bo’lmasam..
-Yaxshilab eslab qoling, u yerga Adliya vazirligida ishlab turgan Hasan G’oziyev degan odam bilan birga borgansiz. Mana rasmi. Pakana, semiz odam. Ilgari Ahmadjon Odilovning yuristi bo’lgan. Keyin Moskvada SSSR mafiyasining hisobchisi, hozir Toshkentda, Oqtepada yashaydi. Kamolov bilan yaqin oshna bo’lgan. Ertaga Toshkentga borganda balki uchrashib ham qolarsiz. U kishi bilan uchrashsangiz nima desalar “Xo’p” deng. Hozir mamlakatning jilovi u kishining qo’lida. Agar telefonni olib “Zokir, ana u bolani qo’yib yubor!” desalar bas, o’g’lingiz militsiyadan chiqib ketadi. Boshqa odamning kuchi yetmaydi. Hozir Zokirjon akamiz, kottakonning eng ishongan odami. Haqiqatdan ham ishonsa bo’ladigan, o’g’il bola u kishi!
Tergovchi shunday der ekan, nima uchundir ko’zining qiri bilan atrofga va teppaga qarab qo’ydi. Qoraboy aka esa “o’g’il” so’zini eshitib yana Rustam yodiga tushdi va
-O’g’lim militsiyada deb kim aytdi sizga?-dedi.
-Mana men aytdim, o’g’lingiz, Rustamjon qarshidagi militsiya binosida, sayrab o’tiribdi, hozir.
Qoraboy aka unga ishonmadi. Hali, boya o’g’li hovlisida edi. Uni bu yerga olib kelishgandan beri oradan ko’p vaqt o’tgan emas. Buning ustiga uni militsiyaga olib borishgan, so’roq qilayotgan bo’lsalar bu qayoqdan biladi? Lekin baribir yuragi cho’kib ketdi. Ammo tergovchi unga o’ylash uchun fursat bermayotgandi.
-Demak, Kamolov bilan Moskvaga borganda uchrashib, mamlakatimiz rahbarini o’ldirishni gaplashdingiz…
Qoraboy aka o’rnidan turib ketdi.
-Sen manga nima deb tuhmat qilayapsan? Bunaqa hazil- pazilingni menga qilma, boshqa gaping bo’lsa so’ragin va meni uyimga olib borib qo’ygin, shomga kechikib qolaman…
-Mana bu sirni ham o’zingiz ochdingiz, soqol qo’ymagan bo’lsangiz ham shomni vaqtida o’qishni bilasiz. Sanlar ikki yuzlik odam, hali meni sensiraydigan bo’ldingmi, biqiningdan darcha ochib qo’yaman, mana bunday qilib,- u Qoraboy akani bir nixtab joyiga o’tqizib qo’ydi,- Qani aytchi, biz kimni muxolifatga aralashtirib qo’ydik? Mard bo’lsang otini ayta olasanmi? Yoki shunday taxmin qilib, gap sotib yuribsanmi? Aralashgan bo’lsa nima qipti? “Tavba”, “Islom lashkarlari”, va yana qancha balo-battar tashkilotlar tuzib, Islom davlati qurishlaringga yo’l qo’yib berishimiz kerakmi? Bu xayollaringiz xom. Kichkina o’g’lingiz Otabek muxolifat va islomchilarga qo’shilib, bir qizni zo’rlashganidan xabarimiz yo’q deb o’ylaysizmi?
Qoraboy aka gap juda jiddiylashib ketayotganidan tashvishga tushdi, to’grirog’i qo’rqib ketdi, oyoqlari, qo’llari qaltiray boshaldi. Tuhmat ustiga tuhmat, zarba ustiga zarba odamni tentak qilib qo’yar ekan. Bu ablahlarga nima kerak o’zi? Nega bu qadar tuhmat qilayapti? Men kichkina bir odam bo’lsam, qayerdagi hech kim bilmagan gaplarga qanday qilib aralashaman? U tergovchining hozir yana bir bir bo’hton toshi otishidan cho’chib, qurib qolgan labini tili bilan ho’llab oldida:
-Uka, siz kabi o’g’lim bor, shuning uchun bilmasdan sensiragan bo’lsam ko’ngilga olmang, shuning uchun ota go’ri qozixonami, mana siz ham meni sensiradingiz, teng bo’ldik,-dedi yolvorgan ohangda.
-Siz meni o’zingizga tenglashtirmang. Teng-tengi bilan tezak qopi bilan, degan gap bor. O’g’lingiz Otabekka kelsak u ham narigi xonada so’roq berayapti.
-Unga nima deysizlar, nima gaplaring bo’lsa mana mendan so’ranglar. Uni sindirmanglar, u mamlakatga rahbar bo’ladigan surobi bor. Bu yil Toshkentga borib, dorilfununga kirmoqchi. Tuhmat qilmanglar, unga, jon uka!
-Ha, yashang, demak prezidentni o’ldirtirib o’z og’lingizni oldingga surmoq rejalaringiz bor ekanda-a?
-Uka gapimdan gap topib hazil qilayapsizmi. Askiayaga ham usta ko’rinasiz. Bizni nega bu yerga olib keldilaring. Agar u bu narsa kerak bo’lsa, ana butun topganim sizlarniki!
-Nima siz menga pora taklif qilayapsizmi? Men vijdonimni harom pulga sotadigan odam emasman. Men sizga o’xshab past ketmayman. Men hayotimni shu hukumatim, shu mamlakatim, shu yurtboshimga tikkanman. Manga ular berayotgan pul yetib ortadi. Sizga esa pora taklif qilganlik aybini ham tirkayman.
Nahotki dunyo bir zumda teskari aylanib ketdi? Xuddi tushdagi kabi voqeadan voqeaga uchub o’tayotgan va hatto nima bo’layotganini esda saqlolmayotgan edi. Ammo bular nimadir istashmoqda deb o’yladi va tashabbusni qo’lga olmoqchi bo’ldi:
-Qani sanksiyalaring bormi o’zi? Nega mani qamaysanlar?!-deya dodladi.
-Sanksiyani uyingizga borganda ko’rsatishmadimi, o’sha yerda so’rash kerak edi. Bu yer esa sanksiyadan keyingi qaror yoziladigan joy. Endi gap bunday ertaga sizni Toshkanga olib boramiz, bugun men sizga aytadigan gaplarni hammasini o’sha yerda bo’yinga olasiz va keyin prezidentimiz avf chiqarganlarida qo’yib yuboramiz sizni.
-E, nimalar deyapsiz. Sizlar xato ish qilib qo’yganga o’xshaysizlar, adashib boshqa odamni ushlab kelgan ko’rinasizlar,-dedi Qoraboy aka yana baland ovozda.
-O’pkani bosib oling.Biz adashganimiz yo’q. Bizga kerakli odam siz bo’lasiz. O’sha Kamolov Moskva KGBsida ishlayapti hozir. Bir guruh odamlarni Podmoskovyeda mashqdan o’tkazib, prezidentimizni o’ldirish uchun tayyorlamoqda. Bunga muxolifat ham, islomchilar ham, ishbilarmonlar ham aralashgan bildingiz-mi? Biz bu ishni to’xtatishimiz kerak. Ya’ni Kamolovning orqasiga tepishimiz zarur. Men sizga qayerga borganingiz va Kamolovga bu yerdan qanday xat olib borganingiz, kim berib yuborgani va boshqa ma’lumotlarni aytaman, siz bu gaplarni Toshkentda va kerak bo’lsa Moskvada takrorlasangiz bas, vatan tarixi uchun ulkan xizmat qilgan bo’lasiz.
-Yo’q, sizlar adashgan, men unaqa odam emas…
-Biz yo’q deganlarning ko’pini ko’rganmiz. Butilkani ustiga o’tirgandan keyiin mo’min qobil bo’lib qolishadi,-dedi tergovchi tortmasini ocharkan.
-Meni qo’rqitmang, men siz aytgan odam emas,-dedi Qoraboy aka yana tovushini ko’tarib.
-Bo’lmasa, biroz ishontirishga to’g’ri keladi.
Tergovchi Qoraboy aka tomonga o’tdida uni o’rnidan turg’azib ikki oyog’ining orasiga bir tepdi. Qoraboy akaning nafasi ichiga tushib, hatto “uh” ham deya olmay o’tirib qoldi. Tergovchi keyin tortmasidan bitta aroq shishasini oldi-da yerga qo’ydi. Ikkinchi harakat mana shuni ustiga orqangiz bilan o’tqazish bo’ladi. Bu hazil emas. Mana ko’ring!- deya u videotasmani ishga soldi. U yerda bir yosh yigitni shishaning ustiga o’tqazishganidagi dahshatli manzara tasvirga olingan ekan. Qoraboy akaning yuragi o’ynab ketdi. Labi quridi. Tili borib komiga yopishdi. Bu ne ko’rgilik? Shu yoshga yetib bunday sharmandagarchilikni yashaymanmi endi? Biz mustaqil bo’lib allaqachondan shunaqa ishlar boshlanib ketgan bo’lsa ertaga nima bo’ladi.
-Ukajon, siz ham uylangan bo’lsangiz kerak, bola chaqangiz bordir, ota-onangiz bordir, surishtirib kelsa balki qarindosh chiqib qolaramiz, qo’ying endi shu gaplarni,-dedi u arang.
-Qo’yamiz, lekin siz oldin mana bunga qo’l qo’ying,-dedi tergovchi.
-Bu nima?
-Hozir sizga aytganlarimiz, qo’l qo’yganingizdan keyin qolganini aytaman.
-Bilmagan, qilmagan ishga qandy qilib qo’l qo’yish mumkin?
-Agar bundan qo’rqsangiz alternativ variant bor. Narigi xonada xotiningizni tergov qilishayapti. Yuring ko’rsataman.
Qoraboy akaning ichidan bir narsa uzilib ketgandek bo’ldi. Yo’q bu aldayapti. Agar ularni ham olib kelishganda bitta mashinga solib keltirgan bo’lardilar. Xuddi uning fikrini uqib turgandek, tergovchi javob qildi;
-Siz ko’nmasligingiz mumkin deya orqadan olib keldik,-u shunday deb qo’shni xonaning eshigini ochdi. U yerda xotini o’tirgan va uning yonida ham shisha turgandi. Xotini Qoraboy akani ko’rishi bilan yig’lab yubordi. Ammo tergovchi eshikni yopdi va Qoraboy akaga:
-Agar rozi bo’lmasangiz, mana shu yerda ko’zingizni oldida biz ikkalamiz xotiningizni zo’rlaymiz,-dedi.
U shunday deb qo’shni xonadagi yigitga:
-Boshidagi ro’molini olib ot! Yechintir va bu yoqa olib kel!-dedi.
Qoraboy akaning qoni maynasiga chiqib ketdi. Jon holatda tergovchining basharasiga qarab musht tushirdi. Ammo tergovchi xuddu shuni kutib turgan ekanmi, uning qo’lini aylanirib yuborgan edi, Qoraboy aka koridorning devoriga borib urildi.
-Hali senmi ko’nmaydigan to’ng’iz, seni bulbul qilib qo’yaman,-deya u Qoraboy akaning yoqasidan tortib ichkariga olib kirdi.
Keyin bir-ikki mushtlab burchakka itarib yubordida qo’shni xonadagi yigitga baqirdi:
-Xotinini yechintirib bu yerga olib kel dedim, sanga. Tez bo’l!
-Baraka topgur, to’xta, olib kel o’sha qog’ozingni. Mana qo’l qo’yish kerak bo’lsa qo’yaman, ammo Toshkanga borganda hamma siringni ochaman,-dedi Qoraboy aka yig’lab.
Tergovchi qog’ozga qo’l qo’ydirib oldida:
-Sen Toshkanda bo’lganingda xotining va o’g’illaring shu yerda bo’lishadi. Mana shu butilka ham shu yerda turadi, shuning uchun odamga o’xshab gapimga kirsang, hammasi men aytgandek bo’ladi. Agar adi-badi aytib o’tirmaganingda o’g’ling va xotiningni javob berib yuborgan bo’lardik. Hali ham o’ylab ko’r, rozimisan, tinch yo’l bilan hal qilamizmi, yoki…
Qoraboy akaning umr yo’ldoshi eshik yonida ichki kiyimda, ochiq joylarini qo’llari bilan bekitgancha bir musht bo’lib, dildirab, yig’lab turardi. U xotiniga bir qaradiyu boshqa qaray olmadi. Yuragi tipirchilay boshladi. U to’xta dedi yuragiga, bu safar senga osonlikcha bo’ysunish yo’q. Oldin bularni qutqarish kerak, ana undan keyin nima qilsang qilaver!
-Uning kiyimlarini ber, hamma aytganingga roziman,-dedi Qoraboy aka ko’zlarini boshqa tomonga burib, qo’lini xotini tarafga uzatar ekan. Baribir Toshkentga borganda buni fosh etaman, deb tergovchining aytganiga rozi bo’ldi. Tergovchi bitta yangiroq kostum olib kelib, Qoraboy akaga kiygizdi va bo’yniga bo’yinbog’ ham taqib qo’ydi. Keyin suv ichirdi va “Valerianka” berib, o’zi uning sochlarini tarab ham qo’ydi. Keyin voqealarni takrorlab berdi va Qoraboy akaning “ko’rsatma”larini videotasmaga yozib olishdi. Ayni payda unga bu gapni ruschalab ham aytishni buyurdilar. Buni ham bajardi. Keyin uni yerto’laga tergovchining o’zi olib tushdi. Uni kameraning ichida qoldirar ekan tergovchi:
-Ko’rdingmi, boya ikkalamizni tenglashtirayotgan eding, men esa farqimiz bor degandim. Farqimiz shuku, sen egoistsan, o’zingzni o’ylaysan. Ikki yil oldin mitinglarda xalqim, tilim, millatim degan gaplaring safsata, sen kerak bo’lsa o’z manfaating uchun hamma narsani sotasan. Qara, yolg’ondan butilka tiqaman, xotiningni zorlayman degan edim, Kamolovni va yana qancha odamlarni yo’q qilib yuborish uchun rozi bo’lding. Ularning ham xotini, bola chaqasi borligini esa o’ylab ham ko’rmading. Sen eng tahlikali odamsan. O’zingni o’ylab boshqa odamlarni oyoq osti qilib yuborasan. Sen xoin deb yurgan, muxolifatga arlashib yurgan o’sha yigitlar esa shu vatan, shu millat uchun jonini tikkanlar. Senga o’xshab qo’rqoq emas ular. Sening kallang ham ishlamaydi. Agar ishlaganda bilar eding, bu yerga kirdingmi chiqish yoq. Demak qo’l qo’ysang ham o’lasan, qo’yamasang ham. Endi sening keraging yo’q, bilasanmi odamning ismida ham ko’p gap bor. Senga bekordan Qoraboy deb ism berishmagan ekan!-deya uni tahqirlab chiqib ketdi…

892 YIL OLDIN

Tohir olti oy Quron kursiga qatnadi. Yotadigan, yashaydigan maxsus joy yo’q edi. Yalanglikda uxlab, yalanglikda uyg’onardilar. Bir kuni u:
-Yaqinda qattiq sovuq tushib qoladi, hozirdan ovga chiqib, teri to’plab, keyin chodirlar qurib olsak bo’lmaydimi?-deb mullaga savol berdi.
Mullaning jahli chiqdi:
-Bu yerga kelganlar adolatni, haqiqatni izlab kelganlar. Haqiqatni topish oson emas. Uning uchun sinovdan o’tish kerak, azoblarda toblanish zarur. Sizlar hali birinchi sinfdasizlar. Ikkinchi sinf qishda, qor-qirovda chiniqish bo’ladi.
Undan keyin uchinchi sinf boshlanadi. Bu ochlik, suvsizlik sinfi.
So’ng pichoq, xanjar o’yinlari darsi.
Shundan o’tganlargina shayx hazratlarining ostonalariga yetib boradilar. Agar hazratning sinovlaridan ham o’tishsa Jannatga borishadi. Xudo faqat u kishiga vahiy yuborib turibdi. Faqat bu ulug’ zot dunyoda nimalar kechgani, nimalar bo’layotgani va nimalar bo’lishini biladilar.
Har bir sinf yakunida bir marta u kishining mo’jizalarini o’z ko’zingiz bilan ko’rasiz!
Har bir sinf bitishida jannatga borib qaytgan bir odam bilan uchrashasiz!
Har bir sinf bitishida ota-onasini kim o’ldirganini topgan va jazolagan odam bilan gaplashasiz.
Har bir sinf bitganda Xudoga bir qadam yaqinlashib qolasiz!
Hamma ham buning uddasidan chiqa olmaydi. Faqat jismonan, aqlan kuchli bo’lganlar, o’zini chiniqtira olganlar, qo’rqmas, jasoratli yigitlargina bunga muyassar bo’ladilar. Oldingizda ikki yil bor. Agar qiynalsangiz bu uch yoki besh yilga ham cho’zilishi mumkin. Yoki qo’rqoqlik qilsangiz yarim yilgan ham qolmasdan ketib qolishingiz ham o’z qo’lingizda. Biroq qiynalishdan qo’rqib ketib qolganlarning holini eshitib turibmiz. Ularning ota-onalarini o’ldirgan badbaxtlar ushlab qolib, bachcha qilib qo’yishgan ekana. Bachcha degani nimaligini bilasizlarmi? Barzangi-barzangi erkaklar o’zlariga xotin qilib oladilar, qulbachcha qilib oladilar, xunasa bo’lib qolasiz, naru-moda bo’lib qolasiz, erkaklikni unutasiz. Bu yerda chiniqib haqiqiy erkak bo’lasiz. O’sha bechoralarni ham qutqazish sizga nasib bo’ladi!
U yerda esa orqangizni yirtib yuborishadi! Agar kim qiynalsa, o’zida bardosh, kuch, iroda topa olmasa, ayolsifat bo’lsa, to’rt tomoni qibla, hozirdanoq ketaversin. Unutmasin, bir kun borib uni qutqazamiz, agar ungacha itlarga yem bo’lib ketmasa?! Chunki ular itlarga odam go’shti yedirib, ularni tozilikka o’rgatar ekanlar. Bu yer qo’rqoqlar, nimjonlarning joyi emas! Bu yer alpomishlar, arslonlarning maskani! Siz ezilganlar, bechoralar, qashshoqlar uchun kurashadigan, yurganda oyog’idan olov chaqnaydigan yigitlar bo’lishingiz kerak! Osmondan inayotgan chaqmoq sizdan qochsin, siz momoqaldiroqdan larzaga tushsangiz keragingiz yo’q…
Tohir boshini egib qoldi, Xuddi hamma unga qarayotgandek va “Qo’rqoq” deya ko’rsatayotgandek edi. Ammo Quron darsidan keyingi kurashlarda, yugurish, toqqa chiqish, toshlarni yumalatishlarda u ko’zga tashlanib qolgani uchun hech kim unga qaramayotgan edi. Shunday bo’lsada u bergan savolidan izza bo’ldi, xijolat chekdi.
…Toqqa qarab yugurish darsida u hammadan avval qoyaga yetib bordi. Xuddi qoyaning ustida kiyik turgandek edi. Ko’zlari jovdirab turgan kiyikni ko’rgandek bo’ldi. Ko’zimga nimadir ko’rinayapti deb o’yladi. Lekin haligi kiyik yigitchalarga o’xshab kiyinib olgan qiz ekanligini payqadi.
-Sen … sen, nima qilib yuribsan, bu yerda?-dedi unga nafasini rostlab olarkan.
Qiz ham unga o’xshab hallixlab qolgandi. Unga bir qiyo boqdi-da pasga qarab yugurib ketdi. Tohir qiz boya turgan joyga kelib, past tomonga qarasa o’nlab qizlar xuddi emaklagan kabi qoyaga intilayotgan edilar. Ortda esa o’zining do’stlari. Demak, qoyaning bu tarafida ham boshqa hayot bor ekan, deb o’yladi. Bu orada bolalardan biri qoyaga yetib keldi-da orqaga qaytdi. Tohir birinchilikni yo’qotayotganini his qilib haligi bolaning orqasidan yugurdi.
U yana biror dashnomga sabab bo’lmasin deya qizlar haqida hech kimga savol bermadi.
Shom namozidan keyin ustodlar Katta teppadagi qal’aga ketib qoldilar. Qorong’u juda tez bostirib kelar edi bu yerda. Shu bos u Xuftonni do’stlari bilan birga oq’idida tog’dan keladigan soy tomonga ketdi. Uning ko’ngli rohatsiz bo’lib qolgandi. Haligi qizlar unga Zuhrani eslatgandi. Balki Zuhra ham adashib shu joylarga kelgan va o’sha qizlar bilan birga bo’lsa-chi, degan savol uni tinch qo’ymadi. U asta-sekin qoyaga qarab ko’tarilib bordi. Qoyaga yetganda Oy ko’rindi.  Birdan dadasining gapi yodiga tushdi:
-Oy ketayotganda to’lin bo’ladi, kelayotganda kelin bo’ladi. Unga qarasang, keyin yaqinlaringga qarama. Ko’z tegadi. Avval yerga qara, keyin odamga!
Ammo atrofda odam yo’q edi. Shunday bo’lsada bir oyga qarab, keyin bir qoyaga qarab qo’ydi. Ammo qoya xuddi uning ko’zidagi nurni o’ziga qaytargandek tuyuldi. Bundan ko’ngli g’ash bo’ldi. Nima bo’lsa ham, borib qizlar qayerda turishini aniqlashga va Zuhrani surishtirishga qaror qildi. Oldin belidagi belbog’ini yechib bir burda qotirma va bir burda go’shtni olib yedi.
Sinfda kuniga bitta qotirma va bir lo’nda pishgan go’sht berishardi. Agar birinchi bo’lsa ikkita qotirma va bitta qatlama olardi. Tohir ba’zan ikki uch sohada birinchi bo’lib ko’proq yegulik olardi. Ammo u ortib qolganini bellashuvlarda eng oxirda qolganlarga berardi. Bir kunda shundaylardan biriga qatlamani uzatayotganda qo’liga qamchi bilan “yeb” qoldi.
-Bu yerda rahm-shavqat bo’lmaydi. Har kim o’zi uchun kurashadi. O’zing uchun o’l yetim, bildingmi? Sen bunga qatlama berib yaxshilik qilmayapsan. Aksincha sen unga dushmanlik qilayapsan! U shu yo’l bilan tekinxo’rlikka o’rganadi. Ertaga birinchi bo’lish haqida o’ylamaydi, harakat ham qilmaydi. Sen uning intilishini, jasoratini o’ldirmoqdasan! Chunki och qolmasligini biladi. Bugun sen o’zing bersang, ertaga u sendan o’zi so’raydi…
Bu doim qamchi bilan yuradigan Durbek pahlavon edi. Undan hamma qo’rqar edi. U juda ayovsiz, shavqatsiz bir odam edi. Agar qo’liga tushsangiz teringizni shilib olmaguncha qutulishingiz mushkul edi. Uning qamchisi urilgan joyda ilon izidek joy qoldirar, bo’rtib chiqqan joy uncha-bunchaga tuzalmasdi.
Tohir qo’lidagi qotirmani yer ekan, hali bitmagan yaraga ham tikilib qolgandi. Ammo bu bir zumlik bir xotira kabi o’tib ketdi. Chunki uning ko’nglini Zuhrani topish ilinji xuddi osmondagi oy kabi yoritib qolgandi.
U asta-sekin qoyaning orqa tomoniga qarab yura boshladi. Nima uchundir ichida bir qo’rquv paydo bo’ldi. Shu bois ehtiyotkorlik bilan, asta-asta yurib bordi. Ancha yurgandan keyin bir teppalikning yonidagi chodirlarga ko’zi tushdi. Atrofda esa gulxanlar yonib turibdi va qizlar ana shu gulxanlar atrofida to’planib o’yin-kulgi qilayotgan edilar. Bir guruhdagilar childirma sadolariga hamohang o’ynayotgan bo’lsalar, ikkinchi guruhdagilar ashula aytayotgan edilar. Nega ular birga emaslar? Bunday qarasa uchinchi guruh ham bor va u yerdagi qizlar boshlarini egib turardilar. Tohirning ko’ziga xuddi osmondagi oy qayergadir g’oyib bo’lib, yulduzlar esa mana shu adrga to’kilgandek ko’rindi.
U bir to’xtab qolib, bir ildamlab borayotgan bir paytda “ship” etib nimadir bo’yniga o’raldi va u gursillab yiqilib tushganini his qildi. Keyin qamchining bo’ynini tilib ketgani va havoda vishillagancha boshqa joylariga kelib urilayotganini sezdi. U yerda ilon kabi to’lg’anar ekan, qattiq bir qo’l uni bo’g’ib oldi:
-Nima uchun kelding?
Bu Durbek pahlavon edi.
-Men… men.. singlim Zuhrani qidirib kegandim…
-Nega qorong’uda kelasan?
-Chunki… Chunki…-u javob topolmadi.
-Sen bu yerda kim bilan don olishasan?-deb so’radi Durbek pahlavon.
Tohir bu gapni tushunmadi.
-Nima deganingiz bu!-dedi.
-Nima erkakliging uyg’onib qoldimi? Ana u qizni ko’rib oshiq bo’lib qoldingmi?
Durbek pahlavon boshi egik o’tirgan bir qizni sochidan sudrab olib keldi.
-Shumi singling!
-Yo’q, man o’z singlimni qidirib kelayotgandim, dedim-ku?!
-Sanga o’xshab singlisini qidirib kelganlarni ko’p ko’rganmiz, -deya Durbek pahlavon uni gulxan tomonga sudradi.
Qizlar Tohirni ko’rib qahqaha otib kuldilar. Ulardan biri olovga tutib turgan kosovni olib u tomonga yura boshladi.
Durbek pahlavon esa Tohirning yagtagini yechib, unga tiz cho’kishni buyurdi.
-Qizlarga qarab tiz cho’k!
Tohir namoz o’qigandagi kabi yerga cho’kdi.
-Endi boshingni sajdaga qo’ygan kabi yerga qo’y!-dedi.
U Durbek pahlavonning aytgani bajardi. Shu payt bo’ynining orqasidan olov chiqib ketganini his qilib, yerga yumaladi. Olovda cho’g’ga aylangan kosov uning orqa bo’yniga bosilgan edi. Tohir nima bo’lganini bilmas va nima bo’lganiga aqli yetmas ham edi. Uning erkakligini bichish uchun bo’ynining orqasidagi tomirini kuydirishgan edi. U hushsiz yotganda faqat bir qizning qattiq chinqirig’i quloqlariga muhrlandi.
Durbek pahlavon qizning ham his tuyg’ularini bichgan edi…
Tohir o’ziga kelganda bo’ynining orasiga otquloqqa o’xshagan bir o’tning barglari bog’lab qo’yilgandi. U ancha vaqtdan keyin yuqori sinfdagi bolalarni ko’rganida ularning bo’ynida ham oqarib qolgan joylar borligini ko’rdi. Bular ham qizlarning yoniga borib qolgan bo’lsalar kerak, deb o’yladi.
U ancha vaqt sinfda birinchi bo’lolmay yurdi. Negadir ma’nan ham bukilib borayotgandi. Ketsammikan, deb o’yladi. Ammo qayerga boraman? Agar ketsam, ota-onamning qotilini qanday topaman? Haqiqatni biladigan yakkayu yagona odamga yetadigan boshqa yo’l bormi? Shuncha odam chidab turibdi? Nahotki men chidamasam? Ana shunday o’ylar uni soatma-soat ulg’aytirib borardi.

UCHINCHI BOB

20 ASRNING OXIRI

Bugun yakshanba bo’lgani uchun Zokir bozorga chiqib ketdi. Ular navbat qilib qo’ygan edilar. Bir hafta Rustam u-bu narsa xarid qilishga chiqsa, keyingi hafta Zokir. Ilgari birgalikda qilardilar bu ishni. Akmalxon ularni shanba va yakshanbada tunda navbatchilik qilishga ham rejalab qo’ydi. Ammo birgalikda borishmas edi. Bir kun Rustam borsa, ikkinchi kun Zokir. Shu bois ana shunga moslab bozorni ham navbat qilib qo’yishdi.
Rustam tongga yaqin kelgan bo’lsa-da, Zokirning chiqib ketganidan keyin uyg’ondi. U yoq, bu yoqa tovlanib yotdi, ammo uyqusi kelmadi. Shu bois Sobitxon qorining kasetaga yozilgan suhbatini tinglab yotdi. Xotin-qizlar bilan uchrashuvda bir ayol atir qo’llanish haqida savol bergan ekan. Bu Rustamga ham qiziq tuyuldi Chunki, ilgari olgan darslarida ayollar faqat uydagina atir sepishlari mumkin deyilgandi. Bu haqda Nilufarga aytganida:
-Ko’ramiz, keyingi hafta atir sepmasdan kelaman, qani chidaysizmi?-deya kulgandi. Shu bois Sobitxon qorining fikrini ham bilmoqchi bo’lib, diqqat bilan tingladi:
“Xotin qizlarning o’zlariga atir sepishlari Rasululloh sallalohu alayhi vassalomning sunnati va bu erkak hamda ayol uchun sunnatdir. Lekin ayollarning atir sepib ko’cha-kuyga chiqishlari, buni begona erkaklarga hidlatishlari ta’qiqlangan. Bu boradagi hadislardan birida, uni At Termiziy hikoya qilganlar, ”Bir ayol atir sepib, begona erkaklar hidlasin deb ko’chaga chiqsa, zoniyadir…” deyilsa, Abu Davud hikoya qilgan hadisda esa, ”Atirlanib masjidga chiqib, namoz o’qigan ayolning namozi, uyiga borib g’usul qilmagunicha qabul bo’lmaydi” deyiladi. Al Hindi ta’rif qilgan hadisda esa ”Ayol masjidga bormoqchi bo’lsa, junublikdan poklangani kabi yuvinsin” deb qayd etilgan.
Bu hadislarni har turli talqin qilganlar bor. Kimlardir bu bilan ayolning umuman atir-upa qilishini ta’qiqlagan bo’lsalar, yana kimlardir machitga borishdan tashqarida joiz degan fikrni ilgari surganlar. Asosiy gap ayolning atir hidini boshqalarga hidlatib, fitnaga sabab bo’lmasligi ekanligini ham aytganlar bor.
Shunday ekan, yaratgan insofni ayolning o’ziga bersin. Agar u aytilganlarga rioya etmasa, hech kim majburlay olmaydi. Uning iymoni butun bo’lsa, o’zi haq yo’lni topib oladi. Bugungi kunda atir qo’llanmaydigan ayolni topish mushkul bo’lib qolgan bir payt. Buning ham sabablari bor. Avtobuslarda yuradilar, ko’pchilik bo’lib bir joyda ishlaydilar, har soatda yuz-qo’llarini yuvib turadigan imkonlari yo’q va hokazo. Agar uyda o’tirganlarida ularga talab qat’iyroq bo’lardi. Bugun biz birdaniga, bas, ertadan boshlab ko’chaga chiqqanda atir sepmaysizlar desak, bizga hayrat bilan qarab qoladilar. Shu bois ishni atir sepishga qarshi kurashdan emas, balki e’tiqodni mustahkamlashdan boshlamoq lozim”.
Demak, Nilufarga keskin gaprab qo’yibman, deb o’yladi, Rustam. Nilufar ular turadigan uyning egasi Maxfirat xolaning nevarasi bo’ladi. Tibbiyot oliygohida o’qiydi. Odobli, hayoli va juda chiroyli qiz. Haftada bir kelib, buvisining kirlarini yuvishga, xonalarni tozalashga yordamlashadi. O’zlarining uylari Toshkent tumanida bo’lgani uchun ba’zan darslari kech tugagan paytlarda ham buvisinikida qoladi. Avval Zokir unga ko’z tikib yurdi.
-Jinnimisan?-dedi Rustam unga,-bo’ladigan ishdan gapirsang-chi. Birinchidan, u oliygohda o’qimoqda. Ikkinchidan, biz benzinchi, qora moyga botib yurgan odamlar. Hatto uning oppoq kiyimi bilan bizning qora kiyimlarimiz bir-biriga zid. Keyin, Maxfirat xola o’z onamizday bo’lib qoldilar. U kishining mehrlariga xiyonat qilib, nevaralariga ko’z olaytirmasligimiz kerak.
-Birinchidan, sening doim mana shunday “birinchidan” “ikkinchidan” deb gapiraverishing jonga tegdi. Ikkinchidan, o’zingni buncha aqlli qilib ko’rsatma, uchinchidan esa, bu ko’ngil ishi, agar ko’ngil ketsa, oq xalatmi, qora xalatmi, farqi yoq! Uyqu o’rin tanlamas, deganlaridek sevgi ham xalat tanlamaydi.
Shundan keyin Rustam Zokirga bu mavzuda boshqa gap ochmadi. Aslida u o’zi bilmagan holatda Nilufarni Zokirdan qizg’anayotgan edi. Nilufar kelgan kunlari negadir u tashqariga chiqishga xijolat chekar va doim derazadan qarab qo’yish bilan cheklanardi. Zokir esa uyga kirmasdi. Tashqarida o’rmalashgan, Nilufarga yordam berishga uringan va hatto hovlini supurish, suv sepishlarga qadar indamay “bajarib” qo’yaverardi. Ishi toza bo’lmagani uchun Maxfirat xolaga yoqmasdi.
Maxfirat xola yoshi bir joyga borib qolgan bo’lsa ham juda harakatchan ayol edi. Saharlab Eski Juva bozoriga chiqib ketardi. Shahar tashqarisidan meva-cheva olib kelganlardan ko’tara xarid qilib, doimiy bozorda o’tirib sotadiganlarga berardi. Shu yo’l bilan o’ziga kerakli pulni ishlab olardi.
-Kun bo’yi bozorda o’tirish oson emas, buning uchun yaxshilab uxlab olish kerak. Ular menga ana shu uyqu pulini beradilar. Men meva-chevalarni sotib olib ularning joylariga qo’yib qo’yaman. Aslida men emas, egalari qo’yishadi. Men joyini ko’rsatib, pullarini beraman, xolos,-deya u qilgan ishidan doim g’ururlanar edi.
U ertalab isiq non bilan birga albatta yonida biror narsa olib kelardi. Rustamning yaxshi ko’rishini bilgani uchun unga bir kosada qovurma lag’mon keltirardi.
Maxfirat xola Rustamning boshiga kelganlarni eshitgandan beri unga xuddi o’z o’glidek muomala qiladigan bo’lgandi. Hatto ovqatni keltirib qo’yganda Rustam uxlab yotgan bo’lsa, sekin uning boshini silab, keyin chiqib ketardi. Bu esa, Rustamning xo’rligini keltirar va boshini yostiqqa bosib yig’lardi. Chunki hech narsa qila olmayotgan, na otasidan, na ukasidan xabar topmayotgan edi.
Maxfirat xola bu gaplarni Nilufarga ham aytgan shekilli u ham Rustamga mehr ko’rsatishga intilar edi. Bu esa unga yoqmadi. Hatto Nilufar Zokir bilan qahqaha otib kulib turgan bo’lsa, Rustamni ko’rishi bilan birdan tinchib qolar va boshini egib turardi. Bir zumdan keyin esa boshqa mavzudan gap ochardi. Balki shu boismi Rustamning unga ko’ringisi kelmasdi. Lekin Maxfirat xola bilan gaplashgisi kelardi. Xola uzoq yillar adabiyot muallimi bo’lgan va bilmagan narsasi yo’q edi. Rustam ham adabiyotni yaxshi ko’rgani uchun gaplari qovushar edi.
-Yigirma to’qqiz yil dars berdim. Toskandagi yozuvchi va shoirlarning yarmi mening o’quvchilarim, shoir Erkin Vohidov, tanqidchi Ibrohim G’ofurovni ham men o’qitganman. Qo’ydek yumshoq bolalar edilar. Mana endi bittasi qahramon shoir, ikkinchisi partiyaga rais. Seni ular bilan uchrashtirib qo’ysam, adang va ukangni topib beradilar. Nima bo’lganda ham ular tillarini sayratgan muallimlarining gapini qaytarishmasa kerak. Lekin.. pensiyaga chiqayotganimda maktabdan gazetaga e’lon berishdi. Ammo bittasi ham kelmadi. Avval xafa bo’ldim. Burunlari osmonga yetgan-da, muallimlarini yo’qlashmadi, deb. Keyin o’ylab qarasam, men o’z ishimni bajargan, ular ham o’z ishlarini bajarayotgan ekanlar. Balki o’sha gazetani ko’rmagan ham bo’lishlari mumkin-da? Men xuddi ularga yaxshilik qilib qo’yib, endi javobini kutayotgan ekandekman. Yaxshilikka javob kutilmaydi, bolam. Ammo ko’ngil ko’ngilda, balki avval birgalashib ularga xat yozarmiz, darrov chaqirib qolishar, keyin birgalashib boramiz, mushkilimiz kushod bo’ladi, Xudoyim sani mushkulingni kushod qilish uchun ham mening huzurimga jo’natgan-da,- deb uning yelkasiga qoqib qo’ygandi bir kuni Maxfirat xola.
Rustam ana shularni o’ylab yotar ekan. Sobitxon qorining suhbatini ham unutgan edi. Shu payt xonaning eshgi taqqilladi.
-Kim?-dedi Rustam.
-Kechirasiz, bezovta qivomman, oyim chaqirvottila!
Bu Nilufarning ovozi edi. Rustamning yuragi dukkillab ketdi. Uning ovozini eshitshi bilan sarosimaga tushardi. Nega bugun ertalabdan kelibdi? Darvoqe, bugun dam olish kuni va uning keladigan kuni. U o’zining onasini “opa”, Maxfirat xolani esa “oyi” der edi.
Nilufarning bo’yi unchalik baland emas, ammo sochlari uzun edi. U sochlarini boshiga chambar qilib bog’lab olar va o’g’il bolalarning shimiga o’xshagan lozimni kiyib, pochasini shimarib, ko’ylagining bir qismini lozimiga qistirib, ishga kirishib ketar edi. Ko’zlarining umumiy ko’rinishi qoramtir, ammo tagi ko’kimtir edi. Bu esa uning qarashlarini o’tkir qilardi. Yuzida kulgichlari bo’lib, jiddiy gapirayotganda ham kulib turgandek tuyulardi. Burnining ustida bitta katta xol bor edi. Bu ham o’ziga yarashardi. U tibbiyot institutida oq’igani uchun ko’p narsani ochiq gapirar, ochiq tortishar edi. Uyalib o’tirmas edi. Zokir ham shunday bo’lgani bois ularning suhbati qovushardi. Ammo Zokir uni chin dildan yaxshi ko’rmasdi. Chunki Nilufar haqda gapirib:
-Qiz bola ham shunaqa bo’ladimi? Odamlarni yalang’och holda amaliyot qilganlarini uyalmay aytib beradiyu qo’lini ushlayman desang jahli chiqadi,-degandi Zokir.
-Sen uning jahlini chiqarma, nega qo’lini ushlaysan?-deb javob qilgandi Rustam.
-Nega ushlamayin. U ilagri bu yerga haftada bir kelar edi. Hozir esa ora bir kun shu yerda. Bu bekorga deb o’ylaysanmi?
-Ko’ngling buzuqda. Balki hozir darslari kech tugaydigan davrdir?!
-E, buncha ham anqov bo’lmang, dostim, har kun tushdan keyin shu yerda, kelishimizni poylab o’tiradi-ku?! Anov kuni Akmalxon akadan so’rab, pochtaxonaga emas, uyga kelgandim. Ammo kampir ovqatga tushgan pashshhadek xalaqit qildi. Tashqariga olib ketay desam, ko’nmadi. Kino-pinoga olib borayin desam, ham rozi bo’lmadi. Nozi osmonda.
-Ovqatini yegan uyga yomon qaramaydilar…,-dedi Rustam ovozi ichiga yutilib.
-E, aslida bu ham savob ish. Bechoraning ko’nglini topolmay o’triganimiz esa gunoh!
O’sha kun oz qolsin, ikkalasi urushib qolishardi.
Tohir shularni o’yalib hovliga chiqqanda Maxfirat xola so’rida o’tirgan ekan, salomiga ham alik olmasdan unga dakki bera boshladi:
-O’zing saharga yaqin ishdan kelgan bo’lsang, naga uxlamaysan? Yana o’sha savil qogur magnatafonni qo’yib ehitganing eshitgan-mi?!. Nima u sanga non-tuz beradimi? Odam degan bir narsaga mukkasidan ketmaydi. Hamma narsaning tosh-tarozisi bor. Ollohim, aqlni senga ham bergan. O’zing ham o’ylashing kerak. Faqat birovlarning o’ylaganiga quloq tutish kerak emas. Eshitma demayman, eshit. Bilaman o’sha Sobitxon ko’p aqlli odam. Lokin dinni ipidan ignasiga qadar bilish unga kerak. Bilish uning vazifasi. Chunki ishi, hayoti shu. Sanga esa namozingni o’qish bilan ikki uchta narsani bilsang, ko’ngling to’g’ri bo’lsa yetadi.
-Lekin…,-Rustam nevarangizni oldida meni izza qilmoqchimiz degandek Maxfirat xolaga zimdan ko’z qirini tashlab qo’ydi. U esa parvo ham qilmadi.
-Lekin-mekiningni manga aytma. Man bilaman, bu yog’im ketib, naryog’im yaqinlashib qogan. Ko’nglim esa to’g’ri, odamlarga xiyonat qimayman, qo’limdan kelsa, yaxshilik qilaman, kelmasa, uni ham aytaman. Ollohimning biz bandalaridan istagani ham shu! Sani esa butun hayoting oldingda, nima, ikkinchi Sobitxon bo’moqchimisan? Yo’q bo’lomiysan. Unaqasi bitta bo’ladi. Uni uchun tug’ilgan kuningdan boshlab tayyorlanishing kerak edi. Vaqtni o’tkazib yubording. To’g’risini aytaymi, ular ham ba’zan oshirib yuboradilar, to’g’dek talab qisang, teppadek olasan, degan o’ylari bo’ladi-da. Hamma narsaning meyyori bo’lishi kerak. Shirin deb faqat qand yesang ham bo’miydi, yoki quruq non bilan bir umr yashash mumkin-mi? Sariq yog’ni bir o’zini yeb ko’r-chi? Ko’ngling aynaydi. Nonga surib yesang esa massa qilasan. Ba’zan nonni suvga botirib yeysan, ba’zan qaymoqqa. Xullas, bolam, nari-beringga qarab ish qigin!
Nilufar juda cho’zib yubordingiz-ku degandek Maxfirat xolaning yengidan tortib qo’ydi.
-San qiz tushmagur ham shuning tomonini olasan, nima yurak-puragingni oldirib qo’yganmisan!
Kutilmagan bu gapdan Nilufar qancha qizarib ketgan bo’lsa, Rustam undan ham battar ahvolga tushdi. Ammo bu gap har ikkalasiga yoqqanini Maxfirat xola sezdi. Unga shu kerak edi. Bularni kutilmaganda sinab ko’rmoqchi edi. Qachondan beri Nilufarning ota-onasiga uning “boshini ikkita qilib qo’yish” haqida gapirardi. Ammo Nilufar o’jarlik qilardi. Hali u yoqmaydi, hali bu. Kelgan sovchilarning asta-sekin keti uzilgandi. Maxfirat xola shundan tashvishda edi. Nevarasining qari qiz bo’lib qolishini istamas, qiz qarisa qozi bo’ladi deb tezroq uning to’yini ko’rishni ozru qilardi.
-Rustamjon, man bozordan u-bu narsa olgan edim, mana bu qiz tushmagur og’ir deyapti, shuni birgalashib ularning uyiga tashab kellaring. Istasalaring qaytishda “Panarama”ga borib, bitta kino ko’rlaring, bozordagilar “Yangi indiskiy kino kelibdi” deb aytayotgandilar. Raj Kapurning ko’rinmay ketgan o’gli o’ynaganmish. Nulufarga o’xshagan qiz boru, u ham chiqqanmish. Rustamjon, san ham uni bir kinoda ko’rgandek bo’lasan, borlaring, qoqindiqlar.
Rustam nima qilishini bilmay qoldi va Zokir qaytib kelganda unga aytib qo’yarsiz deya og’iz juftladi:
-Zokir…
Maxfirat xola gapni boshqa tomonga burib, darrov uning og’ziga urdi.
-Zokir ham odam bo’ptimi? U valdar-vuldur, bir qop yong’oq. Unga beradigan qizim u yoqda tursin, bir kosa sho’rvam ham yo’q, bildingmi?!
Endi Rustamning oyoq uchlariga qadar muzlab ketdi. Tizzalari qaltiray boshladi. Bir narsa “gup” etib bo’g’ziga tiqildi. Nilufar esa jahli chiqqandek:
-Nimalar deyapsiz buncha, hazil ham evi bilan-da, oyi,-dedi.
-Bilasanlar man cho’rtkesarman. Bo’ladigan ish bo’lishi, pishadigan qovun pishishi kerak. Nima bittang derazadan poylashing, ikkinching boshqa bittasi bilan gaplashib turib xayoling o’sha yoqda turishini man ko’rmaymanmi? Qachongacha qiynalib yurasanlar. Bittang tutingan o’g’lim bo’sang, ikkinching nevaram. Borlaring, gaplashlaring, uyat joyi yo’q. Ikkalang ham bo’y yetib qolgan odamlar. Gaplaring bir-biringa mos tushmasa kellaring o’zim moslashtirib qo’yaman. Ha, Rustam san bu hovlida qiz borligini bilasan, yigit degan bunday o’ziga qarab yuradi. Ana Nilufarga qaragin, oyday ochilib yuribdi. San bo’lsang bozor supuruvchiga o’xshab sudralib yurasan, bor oq ko’ylagingni kiyib, u yoq bu yoq’g’inga qarab chiq. Bo’lmasa yoningdagi qushni oldirib qo’yasan,-dedi.
Bu paytda Nilufar asta chekinib uyga kirib ketgan edi. Rustam yugurib borib Maxfirat xolani o’pib olgisi keldi. Ammo o’zini bosdi. U xuddi tush ko’rayotgandek edi. Keyingi paytda boshiga kelgan dahshatlardan keyin shodlik degan narsani unutgan ekanmi, yuragidagi muzlik erib ketdi va ko’zlari namlandi. Buni sezgan Maxfirat xola uni bag’riga bosdi.
-Aylanib ketay, qoqindiq, o’g’ilginam, o’zimning aqlli o’g’ilginim, ota-onang ko’rmagan yaxshi kunlarni ham Ollohim senga bersin,-dedi.
Shu payt Zokir kirib keldi.
-Ha, yana ona-yu og’il bo’lib, dardlashib o’tiribsizlarmi?-dedi qo’lidagi narsalarni bir chetga qo’yar ekan.
-Bu safar rostdan ham ona-yu o’g’il bo’lmoqchimiz,-dedi Maxfirat xola.-Hozir bular ketishsin, keyin san binan gaplashamiz. Planlarim sanga ham yoqib tushadi!
Rustam indamay ichkariga kirib kiyina boshladi. Zokir shuncha “Nima gap?’ deb so’rasa ham bir narsa deya olmadi.
Faqat:
-Yuklari bor ekan, shuni Nilufarlarning uyiga tashlab kelishimni so’rayaptilar,-dedi, xolos.
Rustam bilan Nilufar bekatga qadar gaplashmay borishdi. Keyin Rustam:
-Kecha men sizga oshirib yuborgan ekanman,-dedi.
-Nimani?-dedi Nilufar xuddi tovushining yarmini yutib yuborgan kabi.
-Atir masalasida, bugun Sobitxon domlani eshitsam, uncha ham bosim qilmaslik kerak, deganday bo’ldilar,-dedi Rustam.
-Men bo’lsam, sizga ishonib bugun atr ham sepmabman,-deya hazil qildi Nilufar.
-O’zingiz atrdan ham yaxshisiz,-deb yubordi Rustam.
Bu uning hayotida ilk bor qiz bolaga aytgan juda jiddiy gapi edi. Shu bois o’z gapidan o’zi qo’rqqandek asta qizga qaradi.
-Gapingizga ko’ra juda ko’p atir hidlagan ko’rinasiz-ki yaxshi yomonini darrov aytib berayapsiz…
Bu gapdan Rustam qiyin vaziyatga tushdi. Avvaliga Nilufarning nima deganini tushunmadi. Keyin tushundiyu, balki noto’g’ri tushundimi deb o’ylanib qoldi. Uning tili aylanmaganini sezdi shekilli, Nilufar:
-Oyimning gaplarida ja, ta’sirlangan ko’rinasiz. Yoki ish bitib ketdi deb o’yalayapsizmi,-dedi yarim hazil va yarmi chin qilib.-Menimcha, o’sha domlangizni yana bir eshitib ko’ring qani, nima deydilar, bizning ham haqqimiz bormi yoki oyim bilan siz kelishib olsanglar, ish bitib ketaveradimi?
-Biz kelishganimiz yo’q. Men hatto taxmin ham qilganim yoq!
-Tembole,-dedi Nilufar ruschalab,- agar kelishmagan bo’lsangiz, taxmin qilmagan bo’lsangiz, ja, qiziq-ku? Ha-ya, to’g’ri siz taxmin qilmagan bo’lishingiz kerak. Oz qolsin Zokirga elchi bo’lmoqchi edingiz, shekilli?
-Yo’g’e, meni noto’g’ri tushunmang…
Xayriyatki avtobus keldi va Rustam qiynoqdan qutuldi. U to qishloqqa yetib borguncha gap qo’shmadi. Favqulodda gapdon va shaddod bo’lgan Nilufar ham quyilib qolgandek, jim edi. Faqat qishloqda bekatda bir yigit ularga peshvosh chiqib qoldi:
-Ha, Nilu, qattan kevos-san?-dedi u Rustamga parvo ham qilmagandek ko’rsatib o’zini.
-Har kuni qattdan kesam, o’shattdan kevomman, lekin hozir yana qaytib ketaman. Ana buni so’rasang sanga qiziq bo’ladi,-dedi Nilufar eski shaddodligiga qaytib.
-Xo’p, qatga borasan?
-“Panorama”ga Raj Kapurning o’g’li Shishining yangi filmi kepti. Ana shuni ko’rishga boroviz-a,-dedi u “a’ harfiga urg’u berib. Qiziq, Nilufar Rustam bilan gaplashganda adabiy tilda gapirar, ammo boshqalar bilan esa Toshkent shevasida so’zlashardi. Har, holda bu institutda orttirgan “tajriba”si edi.
-Kim binan borivivossan?
-Rustam akam minan-de,-deb Rustamga ishora qildi Nilufar.
Haligi yigit Rustamga boshdan oyoq qaradi-da:
-Mana gap qayerda ekan,-dedi,- Sovchilar ostonasini yalab yuborishdi, ammo birortasiga ham rozi bo’madi. O’zim ham bir gapi bor deb o’ylagan edim.
Rustam hayron bo’lib qoldi. Kim ekan bu yigit? Har holda sovchi bo’lganlardan biri bo’lsa kerak? Ular qo’l berib salomalshdilar va darhol xayrlashdilar ham.
-U yuridicheskida o’qiydi. O’zini prokuror deb biladi. Maktabda birga oqiganmiz. Otasining puliga oqishga kirgan…
Shunday dediyu Nilufar birdan jim bo’lib qoldi. Balki oyim Rustamga aytgan bo’lsalar-chi deb o’yladi. U maktabni a’lo bahoga bitirdi. Tibbiyot institutiga hujjatlarini topshirib, yaxshi baho olib o’tdi. Ammo ikki yildan keyin bildiki, o’ta-onasi kimgadir pul olib borib berishgan ekan. Buni ham Maxfirat xola og’zidan qochirmaganda bilmasdi. Shu bois o’z gunohidan o’zi uyalgan boladek indamay qoldi.
Ular Nilufarlarning uyiga kirib borsalar hammayoq supirilgan, suvlangan edi. Onasi Rustamni yelkasiga qoqar ekan:
-Bir chimdim osh damladim, hozir amakingiz ham keb qoladilar. Osh yeb, keyin ketasizlar, o’sha kino qochib ketmas,-dedi.
Tavba, kino haqda qayoqdan bildilar ekan, deb o’yladi Rustam. Keyin, balki Maxfirat xola sim qoqqan bo’lsa kerak deb o’yladi. U Nilufarning onasi va otasini Maxfirat xolaning uyida bir necha marta ko’rgan. Ammo ularning uyiga birinchi bor kelishi edi. Shu bois biroz tortinib o’tirdi. Nilufar esa oshxonda onasi bilan pisir-xisr qilib nimalarnidir gaplashar edi. Rustam ham xursand edi, ham xafa. Bir tomondan xayol qilishga ham qorqqan narsasi bir zumda amalga oshay deb qolgandi. Ikkinchi tomondan onasi shunday kunlarini ko’rmadi. Otasi va ukasi qayerda? Nahotki bir shodlik ularni esdan quvib chiqrasa? Ularni topmasdan qanday qilib to’y o’tqazadi. E, qanaqa to’y, dedu u o’ziga. Na joying, na moling, na mulking bor-u, qanday qilib uylanasan? Yoki Maxfirat xolaning zax bosgan kulbasida yashaysizlarmi? Balki bu hovliga ichkuyov bo’lib kelish niyating bordur?! E, yo’q, oldin oyoqda turib olishing, dadang va ukangni topishing, ana undan keyin uylanishing kerak. Hozir esa onangni, balki dadangni ham ruhini chinqiratayapsan?! To’xta, hali kim senga to’ydan gap ochdi? Balki shunchki unab qo’yishmoqchidir? Balki Nilufarning o’qishi bitishini kutishar? Balki men ham o’qishga kirarman?
Ana shunday keti uzilmas savollar girdobida qolgan Rustam qanday osh yeganiyu, qanday filmni tomosha qilganini ham bilmaydi. Ora-sira Nilufarning savollariga javob bermagan bo’lmasa, deyarli gaplashmasdan borib keldilar.
Maxfirat xola eshik yonida kutib o’tirgan ekan.
-Uff,-dei Nulufar,- oyi, yorilib ketay dedim, bu kishiga gapirib ham bo’lmaydi. Atir haqida bir hazil qiluvdim, shu bilan ishlari bitdi, qanday borib, qanday kelganlarini ham bilmaydilar.
-Hammani o’zingga o’xshab shaqildoq deb o’ylama, yigit bolaning o’gir bo’lgani yaxshi, u ham senga o’xshagan og’zingdagini olib, yoqangga chaplaydigan bo’lsa, oila yurmaydi. Bittasi plus bo’lsa, bittasi minus, Ollohim o’zi shunday qilib tuzib qo’ygan,-dedi Maxfirat xola.
-Qanaqa oila. Ja, oshirib yuborasiz-a, oyi,-deya Nilufar ichkariga kirib ketdi.
-A, xo’p, istmasang, bor uyinga ketaver, men birovni majbur qilmayman,-dedi Maxfirat xola Rustamga ko’zini qisib.
-Yarim tunda qayoqqa ketaman!,-degan ovoz keldi ichkaridan.
-Bo’pti ertalab ketasan,-dedi Maxfirat xola.
Nilufar ertalab ketgani bo’yicha, bir necha kun kelmadi. Rustam uchun dunyoning qolgan qismi ham qorong’u bo’lib ketdi.
Maxfirat xola faqat “O’sha kun nima gap bo’ldi?” deyishdan nariga o’tmasdi. Rustam esa “Hech narsa” deyishdan.
Zokir bo’lsa:
-Ichingdan pishib ketgan ekansan, tuz yegan hovliga ko’z tikma, deb aql o’rgatguncha, men uning qo’lini ushlab qo’yganaman, desang ham tushunib olardim,-deya undan o’pkalar edi.
Rustam tezroq otasi va ukasidan darak topish orqaligina bu masalaga ham qaytishni o’ylsa-da yuragining yarmi har kuni “Nilufar! Nilufar!” deb dukkilayotgandek uni bir lahza ham yoddan chiqara olmas edi. Lekin ayni paytda Nilufar o’z qarorini berdi, shekilli, meni istamadi, deb ham o’ylay boshladi. U yana bir hafta kelmasa Maxfirat xolanikidan ko’chib ketman, deb joy ham qidirishga tushdi.
Otasi va ukasi haqida Sobitxon domlaga aytgandi u:
-Uka, bu endi bizning vakolatimizga kirmaydi, hukumatning ishlariga aralasha olmaymiz, lekin Mufti- deputat, unga bir aytib ko’raman,-dedi.
U Sobitxon qorining huzuridan chiqar ekan, uni kuzatgan yigit:
-Bilasizmi, Mufti bilan bir nech oydan beri gaplashmaydilar. Mufti bu kishini uzoqdan turib yomonlab yurganini, bu yerda ketkazmoqchi bo’lganini eshitib qolib, juda xafa bo’lgandilar. Mana endi, shunga qaramay siz uchun borib gaplashmoqchilar. Balki, Mufti sulh istasa sizning ishingizni hal qilish bilan qori akamizning ham ko’ngillarini topar,-dedi.
Rustam mufti haqida ko’p eshitgan. Avval u o’nib-o’sgan mahallada ijarada turgandi. U yerda muftining otasini juda hurmat qilishar ekan. Sovet davrida ham hech kimdan qorqmagan edi, deyishardi.
Ammo Abdusoli qori muftini yoqtirmas ekan. Saboq olishga kelganlar orasida bu borada o’zaro bahslar bo’lib turardi. Kimdir Muftini rahbarlar bilan kelishib ish bitiradigan odam desa, boshqasi sessiyalarda indamay o’tiradi, chunki kommunistik partiyaning ro’yxatidan deputat bo’lgan derdi. Boshqa birov esa uni “bilimdon” deb maqtasa, yana kimdir yurtboshini saylatgan shu odam derdi.
Rustam ular haqlaridagi bahslarga hatto qo’shilishga cho’hib, ular haqida gap aytishga istihola qilib yurgan odamlariga mana endi taqdir ipi bilan bog’lanib borayotgan edi. Sobitxon qori bilan bir necha marta yuzma-yuz gaplashdi. Shu ketishda mufti bilan ham uchrashib qolsam kerak deb o’yladi.
Rustamo’zida yengillik his etgandek, kechga tomon uyga kirib kelganda yana boshidan tegirmon toshi bosildi. Maxfirat xolaning faryodidan esankirab qoldi. Xola qo’llari bilan tizzasiga urar, sochlarini yulib, yuzlarini timdalar va:
-Nilifarim! Nilufarim!,-derdi bo’g’iq ovozda.
Rustamning tizzasi bukilib ketdi. Nima bo’ldi?
“Nilifar?!” …
“Nilufar?!” …
“Nilufar?!” …
Uning quloq pardalariga Maxafirat xolaning qichqirig’i o’q ovozidek uzluksiz urilayotgan edimi, yoki yuragidagi hayqiriq quloqlariga ko’chimidi, o’zi ham bilmadi.

***
889 YIL OLDIN

Tohir Alamut qal’asining ostonasiga yetib kelgungia qadar juda ko’p qiyinchiliklarni ko’rdi. Odamning ajali yetmasa o’lmaydi, degan gap rost ekan. Necha marta o’limning go’shasiga kirib, tirik chiqdi. Bir martasida qorning ostida muzlab qolib ham o’lmadi.
Odam ham hayvondek gap ekan, deb o’ylardi. Hayvon tabiatga, yashash joyiga qraab moslanib boradi. Odam ham shunday. Ilgari qishda sovuq qotardi. Ammo bu yerga kelgandan keyin har kun vujudiga yovvoyi kiyikning moyini suykashni o’rgatishdi. Avvaliga tanasidan anqiqan bad bo’yga chidolmay yurdi. Keyin o’rganib ketdi. Moyni suykavergandan keyin, teri yaltiroq oltinga o’xshab qolar ekan. Sovuqda xuddi arslon terisini yopingan kabi yuraverarkan odam. Uch yilllik mashqlar ortda qolib u Shayx yashaydigan qal’aning ichiga kirganda uni yig’iniga boshlashdi.
Uch yildan beri haqida har kun, har soat eshitgani shayx juda salobatli odam ekan. Yuzidan xuddi nur yog’ilayotgandek tuyulsada ko’zlari qashqirning ko’zini eslatardi. Tohir tog’da qashqirga juda ko’p ro’baro’ kelgan. Qashqir shunday tikilardiki, xuddi ko’zlari bilan hamla qilayotdek bo’lardi. Tohir ham otasidan o’rgangani kabi qimirlamasdan unga xuddi shunday tikilib turaverardi.
Otasi:
-Qo’rqsang boshingdan hovur ko’tariladi, qashqir shuni kutadi. Qochsang ham ishing bitdi. Ammo qo’rmasang u qaytib ketadi,-derdi.-Qashqir ham odamga o’xshaydi. Bir o’zi bo’lganda hujumkorlik qilmaydi. Ammo yonida boshqa qashqirlar ham bo’lsa, ular to’da bo’lib ovga chiqqan bo’lsalar qutulishing amri mahol. Unday paytda bitta yo’ling qoladi. Hujum qilishing kerak.
Man endi Tohirning o’zi ham qashqir bo’lib borayotganini his qilardi. Yaxshi qashqir bo’lishni istardi.. Daddasi yaxshi va yomon bo’rilar haqida ko’p rivoyatalar aytib bergan:
-Bir ona bo’rining ikki bolasi bor ekan. Ular juda sho’x va harakatchan ekanlar. Yillar o’tib bittasi juda ham qonxo’r bo’libdi. Ko’rgan o’ljasini o’ldirmasa, qo’ymas ekan. Qorni ochmi, qorni to’qmi hujum qilaverar ekan. Ammo ikkinchisi unday emas, o’zini odamlarga yaqin olar ekan. Bir kuni bir guruh odam tog’lar orasidagi adirlikda chiqsh yo’li topmay, adashib qolshibdi.
Shunda bo’rilardan biri odamlarga hujum qilib, har tunda bir kishini sudrab keta boshlabdi. Ikkinchisi esa tog’ning teppasiga chiqib uvlay boshlabdi. Undan qo’rqqan odamlar teskari tomonga qarab qocha boshlabdilar. Shunda ikkinchisi kelib odamlarning yo’lini to’sibdi. Ikki qashqir orasida jang boshlanib, yaxshisi yomonini jarohatlab, yengibdi va odamlar chiqib ketishi mumkin bo’lgan tomonni ochiq qo’yib, qolgan joylargda yugurgncha uvllar ekan. Shu zaylar odamlar daradan chiqib ketgan ekanlar…
Birdan Tohirning xayollari uzildi. Xonaning o’rtasida tanasidan uzilgan bir bosh turardi. Shayx yangi kelgan yigitlarga ana shu uzigan boshni ushlab ko’rishlari va hali qoni qotmaganini his qilishlari kerakligini aytdi:
-Bu dushmanlarimiz tomonidan o’ldirilgan bir bechoraning boshi. U hayotda hech gunoh qilgan emas. U doim adolatni izladi, adolatdan yona bo’ldi. Hech kimga yomonlik qilmadi. Alloh buyurganini bajardi, faqat. Ammo nomard dushmanlar uni o’ldirdilar. Qabr azobidan xalos etilgan bu yigitga Alloh qayta jon ato etishi aniq. Faqat buni undan chin dil bilan so’ramoq kerak!
Shayx shunday deb yigitlarni uzilgan bosh atrofida aylana shaklda o’tqazib qo’yib, yorug’ tushadigan hamma joylarni bekittirdi va kesilgan boshga qarab gapira boshladi:
-Allohdan senga jon so’radim. Hozir mana shu sinovlardan o’tib, haqiqqtni izlab kelgan yigitlar oldida Rabbim seni tiriltiradi…
Shayx shunday deb yigitlarga qaradi:
-Bu daqiqani unutmang, agar e’tiqodingiz mustahkam bo’lsa va dushman qo’lida jon bersangiz ham Rabbim istasa sizga jon beradi. Istasa sizni jannatga yo’llaydi. Agar siz shahid bo’lsangiz, ki shahidlik eng ulug’ shahodatdir, siz behishtdan joy topasiz. Buning to’qqiz fazilati bor.
Bir: tomchi qoningiz to’kilsihi bilan butun gunohlaringiz avf etiladi. Gunohsiz banda yo’q. Hatto ba’zan xayol bilan ham gunoh qilib qo’yishingiz mumkin.
Ikki: behishtda qayerda va qanday yashashingiz ko’z oldingizga keltiriladi. Bulbullar sayrashi, qumrilar chraqlashi, gullarning rango-rangligi. Shrashralarning kamalakka aylansihi… hamma-hammasi oldindan sizga ko’rsatiladi.
Uch: Shu ondayoq sizga iymon libosi kiygiziladi.
To’rt: Eng go’zal, ohu ko’zli hurliqolardan 72 tasiga uylantirib q’yilasiz. Farog’at nimaligini ana shunda bilasiz.
Besh: mana bu boshi kesilgan yigitga o’xshab qabr azobiga tortilamaysiz.
Olti: Qiyomat qoyim bo’lganda ham sizga xotirjamlik berialdi.
Yetti: Boshingizga ehtirom toji kiygiziladi. Unda ming gavhar bo’lib, faqat bittasi butun dunyodan ustun bo’ladi. Bu dunyoning qirollariga ham nasib etmagan taomlar sizga nasib etadi.
Sakkiz: yqinlaringizdan 70 kishiga shafoat qilimadi. Ularni yo’qotgan bo’lsangiz topasiz.
To’qqiz: Agar bu dunyoda vazifangiz qolgan bo’lsa, mening iltimosim ila Alloh sizni yana qaytardi va vazifangizni bajarishda sizga yo’l ko’rsatadi. Bu yigit ham ona-onasini o’ldirganlardan qasos ololmay shahid bo’lgandi. Shu bois vazifasiga qaytarish uchun men oraga kirdim.
O’rtada sandalga o’xshagan joyda kichik gulxan yoqildi. Shayx yana kallaga qarab gapira boshladi:
-Allohim senga jonni yubordi. Avall ko’zlaringni och!,-dedi.
Uzilgan kalla sekin qimirlagandek bo’ldi va qon ostidan asta ko’zlari ochildi hamda gulxanning nurida porlay boshaldi. Yigitlar o’tirgan joylarida titrab qoldilar. Tohirning boshi aylanib ketgandek bo’ldi. Shaxning mo’jizalari haqida deyarli har kuni eshitganiga qaramay bunga o’zi guvoh bo’layotgani uchun sovuq ter ostida qoldi. Shayx esa so’zida davom etardi:
-Endi qoshlaringni qimirlatib ko’r!
Kesilgan boshdagi qoshlar qimirlashga boshladi. Tohirning eti junchikib boraverdi. Qo’llari bilan yerga to’shalgan arslon terisidan qilingan po’stakni mahkam ushlab oldi.
-Endi boshingni aylantir!
Kesilgan boshi joyida aylandi.
Tohir asta-sekin qo’rquv hissidan g’ururlanish tuyg’usi tomon borayotgandi. Ko’plarga nasib etmagan narsa unga nasib bo’lganidan ichki bir mag’rurlik his eta boshladi. Demak, men Xudoga yaqinlashib borayapman, hamma niyatlarimga yetaman, shuncha azobmlarim bu Allohning sinovi ekan, hammasidan yaxshi o’tdim, deb o’ylardi u.
Ancha davom etgan bu hodisadan keyin Shayx yigitlarni bir-bir ko’ksiga bosib:
-Sizlar mening xos askarlarim, sizlar Allohning lashkarlari!,-dedi.
Shayx Hasanning bolaligi og’ir kechgandi. Bolaligida otasi uni Quronxonlikka berdi. Bir kuni qiroatni buzib qo’ygandi, domlasi uni oyog’idan shotiga bog’latib, hamma toliblarga ximich bilan urdirdi. Oyog’ining osti yara bo’lib, gazaklab ketdi. Negadir otasi uni so’rab kelmadi. Domla esa uning oyog’iga ham qaramasdan choyxonachi qilib qo’ydi. U dala-toshga chiqib o’tin terib kelishi, keyin qumg’onda suv qaynatishi kerak edi. Domlasi juda injiq edi.
Hali:
-Qayoqqa qarading choyning ichi qora qurumga to’lak-u,- deya qaynoq suvni unga qarab sepib yuborsa, hali:
-Man sanga bu safar olma po’chog’idan emas, rayhondan damla degandim,-deya choyni to’kib tashlardi.
Bir kun darslar bitib, toliblar uy-uylariag ketdilar. Hasanning ko’zi yo’lda qoldi. Hech kim kelmadi.
-Sani odam qilmqochi edim, boshimga balo bo’lding, tekinxo’r,-degan domlasi unga juda yomon muomalada bo’la boshladi. Avvaliga oyog’ini uqalatgan bo’lsa, keyin uni shahvga boshladi. Shahvatparast bo’lgan domla bir necha yil Hasanni o’ziga bachcha qilib yurdi. Yoshi bir joyga yetgach, bir kuni xastalanib qoldi. Azoblar girdobida ilondek to’lg’anib yurgan Hasan domlasini bug’ib o’ldirdi-da o’zi mullalik qila boshladi. Qiroati yaxshiligi uchun machitga imomlikka ham uni chaqirishdi.
Va’zlarini adolat bilan boshlab, adolat bilan bitirardi. Ayni paytda uyida talabalarni ham o’qitardi. Xayolida esa dunyodagi hamma domlalarni buzuq deb bilar va ularni yo’q etish yo’llarini izlardi. Bo’sh paytlarida ota-onalaridan go’shti meniki, suyagi sizniki deb sotib olgani-besh olti bolani chiniqtirardi. Ularga odamni yiqitish, bo’g’ish, pichoqlashni ham o’rgatar edi. Ammo bolalarga yaxshi muomala qilib, yaxshi qarar va o’z og’lidek boshlarini silardi. Ularni doim boshqalarga o’rnak qilib ko’rsatar, rag’batlantirar edi.
O’choqning boshida kunlarni tunlarga, tunlarni kunlarga bog’lgan paytida xayolidan kechganlari endi bir-bir haqiqatga aylanayotgan edi. U butun dunyodagi yomonlarni jazolash, yo’qotishni orzu qilgandi. Domlasiga o’xshagan, otasiga o’xshaganlardan dunyoni tozalashni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygandi. Ana shu orzusiga yo’lni besh-olti bolani tayyorlashdan kirishgandi. Bolalarning orasida asrab olgan o’g’li ham bo’lib, uni guruhga bosh qilib qo’ygandi.
Bundan oldinroq ota-onasini qidirtirdi. Onasi olamdan o’tgan, otasi xasta ekan:
-Meni kechir bolam, o’sha paytda nochor ahvolda edik, ochlikdan qutulish uchun seni domlaga sotgan edim,-dedi otasi jon taslim qilishi oldidan.
U otasidan nafrat qildi. Sotadigan bo’lsa, nega dunyoga keltirdi, degan savolga javob topolmay yurdi. Keyin chekkan azoblari ko’z oldidan o’tar ekan, otasiga o’xshaganlar ham yashamsligi kerak degan qarorga kelgandi.
Dunyosi goh torayib goh kengayib yurgan Hasan atrofidagi yigitchlarni qotillika o’rgatib, yomonlarni jazolashga, domlaraning uylarini bosishga boshladi. U nomi yaxshi chiqqan domlalarga indamas edi. Yomonotliq bo’lgan domlalar, boylarni sirli ravishda jazolardi. Ba’zan u falon joyda, falon odam Allohning haqqiga xiyonat qilayotgan ekan, Allohim o’zing g’azzabingni yubor unga, deya duo qilardi. Oradan ikki kun ham o’tmay o’sha odamning o’lgani haqida gap tarqalardi.
Hasan endi bashoratchilik bilan mashhur bo’ldi. Har kun uning huzuriga keladigan arzchilarning keti uzilmas edi. Uni “Shayx Hasan” deydigan bo’ldilar. Boylar va hatto ba’zi o’lkalardagi vaziru a’zam, qirollar ham unga molu davlat yuborib, dushmanlariga Allohdan balo so’rashni istardilar. U kambag’al-bechoralarning eng yaqin do’stiga aylandi. Ulardan pul olmas, ammo istaklarini ado etardi. Uning hovlisi talabalaar bilan to’lib ketdi. Bolasini unga muridlikka bergan odamlarning son-sanog’i yo’q edi.
Sekin-sekin uning aytgani aytgan, degani degan bo’lib qoldi. Istasa, bayramlarni bekor qilar, itasa, oylab bayrambozlik qilardi. Istasa, soliqlarni bekor qilar va istasa, qaytadan tayinlar edi.
Bu endi ba’zilarga yoqmadi. Unga qarshi gap aytadiganlar ham chiqdi. Ba’zilar dinda bashorat qilish ta’qiqlangan desalar, ba’zilar uni din dushmani ham deya boshladilar. Bu esa Hasanni bezovta qila boshladi. Hatto unga qarshi bo’lgan vaziru a’zamlar ham topildi. Shulardan biri Nizomul Mulk edi. U odam yuborib, el-ulusning qoidasini saroy belgilashi, uning esa aralashmasligini, shariat qoidalarini belgilashda ulamoga quloq solishini, qozilarni tinch qo’yishini, oyatlarni noto’g’ri tafsir va talqin qilmasligini talab etdi.
Shundan keyin Shayx Hasan teppalikda bir qasr soldirib, atrofini o’zi yetishtirgan askarlar bilan o’rab oldi.
U askarlarini uch tabaqaga bo’lgan edi. Birinchisi, chet ellarga borib, xabar to’plab keladigan guruh edi. Ularga:
-Siz mazlumlarning xaloskori, szi orqali men ularning holidan o’z vaqtida voqif bo’lishim kerak,-der edi.
Bu guruhga kirganlar darvesh, qalandar, muhaddis, savdogar, umrachi, hajga boruvchi kabi nomlar bilan boshqa ellarga kirib borardilar. Ular odamlarning ahvoli bilan birga boylar, domlalar, soliqchilar haqida ham ma’lumot to’plashardi. Ularning uy-joylari qayerdaligi, qayerlarga borishlari, to’y-ma’rakalardagi ishtiroklari… xullas, qaytib kelganda har qanday savolga javob beradigan ma’lumotlarni o’rganishlari kerak edi.
Shayx bu ishni shunchalik pishiq yo’lga qo’ygan ediki, bir joyga kamida ikki kishini yuborardi. Ular bir-birlarini tanimagan holda kuzatishar va agar shubhali narsa sezib qolsalar bittasi ikkinchisini yo’qotar edi.
Bu guruh kundan kunga kuchayib, uning josuslari juda uzoqlarga qadar yetib boradigan va maxsus o’rgatilgan qushlar orqali xabar yo’llaydigan bo’ldilar. Bu guruhga shayxning asrandisi bosh-qosh edi.
Ikkinchi tabaqa esa soqchilardan iborat edi. Ular qal’ani qo’riqlash bilan birga bu yerdagi butun hayotni boshqarar edilar. Yangi talabalar topish va ularni yetishtirish ham shu tabaqaning ishiga kirardi. Shayxning ostonasiga yetib borolmagan yigitlar ana shu tabaqada xizmat qilardilar.
Uchinchi guruh esa jazolovchilar bo’lib, bunga tanlov nihoytda qattiq edi. Buni bevosita shayxning o’zi nazorat qilardi. Tohir ana shu uchinchi tabaqaga “ilingan”di.
Shayx o’z lashkarlariga unvonlar ham ta’sis etgandi. Jazolovchi guruhga kirganlarga “fidoyi” unvoni berilar edi. Ularni o’zaro “qasoskorlar” ham deyishardi. Ammo shayx ularni “xos lashkarlarim” derdi.
Ikki-uch topshiriqdan eson-omon kelgan yigitga “Rafiq” unvoni berilar edi. Bu esa Shaysning do’sti degani edi. Ularga shayx “Do’stim” deb murojat qilardi. Bu guruhda o’zini ko’rsatganlarga “Doyi” unvoni berilar va ularni Shayx erkalatib, yaqin olib “tog’a” derdi.
U butun buyruqlarini ana shu “tog’a”lari orqali berar va ijrosini ham ulardan surishtirar edi. Ularning orsidan tanlab olingan bir necha kishi esa Shayxning mashvaratiga kirganlar, qaysi bir ma’noda maslahatchilar, sir saqlovchilar bo’lishardi.
Sir saqlash Alamut qasrining asosiy qoidasi edi. Buning uchun odamlar alohida tekshiruvdan o’tkazilardi. Shayx ba’zan eng yaqinlariga ham yolg’on bir gapni aytib, keyin o’rtaga odam qo’yib, uni bilishga intilar, va o’sha odamning o’gzidan sir chiqsa boshi yerda yumalardi.
Shayx o’z atrofidagilarning hammasini bir-birlariga dushman qilib qo’ygandi. Ular doim bir gap topishga intilar edilar. Bunday gaplarni shayx berilib tinglar va gap keltirgan odamni rag’batlantirgani bois ham bu ish avjiga chiqqandi.
Shayx eshitgan gapini “aybdorga” aytib, uni o’limning eshigiga olib borar va qaytarib olib kelardi. Unga hech kimga aytmaysan, deya gapni kim olib kelganini aytar va doim uni kuzatib yurishni tayinlardi. Bu esa Qal’a va tashqarisida o’z-o’zini nazorat qilsihni, metin intizom va shayxga sadoqatni kuchytirgan edi…
Tohir shayxning huzuridan chiqib, hali o’ziga kelmasdan, kesilgan boshning charaqlab turgan ko’zlarini unutmasdan uni va yonidagilarni choyga taklif qilishdi
Daraxtning tanasidan yasalgan kosachada ularga choy berishdi. Bunaqasini u hech ichmagan edi. Birdan boshi aylanib, ko’zlari tindi. Yer osmonga ko’tarilib, osmon yerga tushgandek bo’ldi…

TO’RTINCHI BOB

20 ASRNING OXIRI

Hamidxon Qoraboy akani ko’ndirganidan mamnun edi. Endi Otabekni ham sindirsam “ish bitdi” deb o’ylayotgan edi. Zotan ertaga ertalabki reysda Toshkentga uchishi kerak, uni Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoyevning o’zi chaqirgan. Qaynotasining aytishi bo’yicha Prezident bilan ham uchrashib qolishi mumkin. Shu bois ko’nglida qilayotgan ishidan iftixor tuyayotgan edi.
Hamidxon juda kambag’al oilada tug’ildi. Ular uch aka-uka edilar. U o’rtancha o’g’il edi. Akasi va ukasi novcha, kuchli, ammo u semiz va zaif edi. Otasi xuddi xo’roz urishtirgan kabi ularni doim kurashga tushirardi. U akasidan ham, ukasidan juda oson yengilar edi. Ular uni gursillatib yiqitib, ustiga minib olishar va “bir qop qum, gum-gum-gum!” deb mazax qilishar edi. U har qancha kurash tushishdan qochsa ham, otasi baribir uni chaqirar va yiqilganda uning ustidan kulardi. Keyin;
-San hech odam bo’lmaysan, akangga qara, yoki ukangdan o’rgansang o’lasanmi?-derdi.
U otasini yomon ko’rardi. Shuning uchun onasining pinjiga tiqilardi. Maktabda ham darslari yaxshi emas edi. U semiz va lo’ppi bo’lgani, yuzlari xuddi qizlarnikidek tiniq va silliq bo’lgani uchun bolalar uni burchakka tortib o’pishar, “Hamida, Hamida…” deb mazax qilishar edi. Buning ustiga ismiga qo’shilgan “xon” qo’shimchasi ham bolalarga qo’l kelar va ular “Xon, bitta o’pich bermaysanmi?” deb uning ustidan kulishar edi. Maktabda u o’zi bilmagan holda qizlarga yaqin yuradigan bo’lib qoldi. Uyda esa onasining yonidan siljimas edi. Bir kuni otasi va onasining janjalini eshitib qoldi:
-San bu xunasani buncha o’zingga yaqinlashtirma! Borgan sari qiz bola bo’lib ketmoqda,-dedi otasi.
-Unaqa demang, nima, bolamni ko’kragidan itaramanmi?-e’tiroz bildirdi onasi.
-San kallasini yegan ayolga men nima deyapman? Bu bolani kelajagini o’ylaysanmi, yo’qmi? Men uni kurashga o’rgatib odam qilmoqchiman. Ana maktabda ham o’qishlari rasvo emish. Hamma uni “xunasa” deb chaqiradigan bo’pti…
-Siz shunday degandan keyin, ular nima qilishsin…
-Chanangni yopasanmi yo’qmi? Hozir bir tepaman, ham mandan yeysan, ham devordan… Agar bundan keyin uning yoningga tiqilganini ko’rsam o’pkangni uzib olaman!
-Nima, meni bolamdan ayirmoqchimisiz?-onasi garchi otasining avzoyini bilib turgan bo’lsa ham tilini tiyolmadi.
Otasi onasini do’pposlay ketdi. Hamidxon chinqirgancha kelib, onasiga yopishgan edi, otasi unga mushtini o’xtadi. Otasining mushtidan saqlash uchun onasi uni zarb bilan bir tomonga itarib yubordi.
Hamidxonning onasidan ham ko’ngli qoldi. Shundan keyin maktabdan kelishi bilan hovlining to’ridagi daraxtlar tagiga borib o’tiradigan bo’ldi. Tashqariga chiqsa bolalar, uyga kirsa otasi, aka-ukasi, onasi… Xullas, u ichidan gurillab chiqayotgan nafrat girdobida qoldi. Kundan kunga ana shu nafrat girdobi uni yutib ketaverdi.
Maktabni bir amallab bitirdi, hech qayerga o’qishga kira olmadi. Bir kuni otasi uni yoniga chaqirdi:
-Sani uylantirib qo’ymoqchimiz, yaxshi joydan qiz topdik, otasi ijroqo’mning raisi, baxting bor ekan, o’zlari sani o’qitib, o’zlari ishga joylab qo’ymoqchi. Rasulbek akaning qizi, tanisang kerak, sendan bir yil oldin makatbni bitirgan…
Hamidxon hech narsa deya olmadi. Ammo Nozimani biladi. Maktabda ovozasi chiqqan qiz edi. O’g’il bolalar uni doim o’rtaga olib, ezishgani ezishgan edi. Bir marta uni maktabning omborxonasida bir bola bilan ushlab ham olishgandi…
Hamidxon otasidan juda qo’rqardi, qarshilik qila olmadi. Onasining yoniga borgandi u ham “Shu qizga uylanasan, bunaqa oiladan qiz olish har kimga nasib bo’lmaydi” dedi.
To’ydan keyin u uyiga qaytmadi. Chunki ichkuyov bo’lgandi. Bir tomondan oilasidan qutulganiga xursand edi. Ikkinchi tomondan qaynotasi uni darhol Toshkentga Yuridik fakultetga sirtdan o’qishga joylab qo’ydi va shahar prokuraturasida tergovchiga yordamchi qilib ishga joyladi. Uning vujudi nafratga to’lgani, ko’ngli qora bulutlar bilan qoplangani ish berdi. Buning ustiga qo’liga tushgan odamlar akasi yoki ukasi, sinfdoshlari kabi qarshilik qilmasdi. Istasa so’kadi, istasa uradi, istasa tahqirlaydi. Bu ishidan huzur qilardi. Tag’in tergovchi ham, prokuror ham uning aytganini bajarishardi. U biror narsani qanday yozish kerak deb so’rasa bas, ularning o’zlari darhol yozib berishardi. Uni har kuni birgalikda restoranlarga, ziyofatlarga olib borishardi. Universitetga kerakli yozuv-chizuvlarni ham ular bajarib, hatto birgasiga Toshkentga borib kelishardi. Shu bahonada prokuror uning qaynotasi bilan aka-ukadek bo’lib qolgandi. Tuman prokurori uchun viloyat hokimining birinchi o’rinbosari bilan yaqin bo’lish katta gap edida. Qolaversa, huquq tartibot sohasini u nazorat qilardi. Bu ishga o’tgandan beri ham baribir odamlar uni oldingi vazifasi bilan atab “ijroqo’m raisi” deyishardi. Uning bor-yo’g’i bitta farzandi bo’lgani uchun ham Hamidxonni ichkuyov qilib olgandi. Har turli gap chiqmasin deb qizini nazoratda saqlab turish ham ko’nglida bor edi. Chunki uning oyoq olishi yaxshi emasligi quloqdan quloqqa o’tib, unga qadar yetib kelgandi. Nima bo’lganda ham bu xonadon Hamidxonga begonalik qilmadi.
Hamidxon diplomini olishi bilan qaynotasi uni MXXga ishga o’tqazib qo’ydi. Bir kuni qaynotasi:
-Kecha Islom akam bilan gaplashdim, menga viloyat hokimligini taklif qildilar, ammo men u kishiga sizni tavsiya qildim, sodiq o’g’lingiz kabi xizmat qiladi,-deb aytdim.”Mard odam ekansiz, hamma ham kuyovini o’ylayvermaydi. Bir kun yuborsangiz gaplashib ko’raman. Ammo oldin biroz o’zini ko’rsatsin” dedilar. Men rahbaringizga ham aytdim. U yordam beradi,-dedi.
Rasulbek Islom Karimovning qaynotasi bilan yaqin edi. Birga choy ichib, birga dam olishga bormasalar bo’lmaydigan darajada do’st edilar. U Tatyanani ham bolaligidan beri biladi. Tatyana Rasulbekni “Dyadya” deganda uning qulog’iga “Dada” deb eshitilgandek bo’lardi.
Islom Karimov bilan ham uzoq yillardan beri tanishligi bor. Karimov Davlat planlashtirish idorasida ishlaganida uning Toshkentning “Svetlana” degan joyida, partiya maktabining shunday qarshisidagi uyiga tez-tez borib turardi. Viloyatga nima kerak bo’lsa, hamma ishini u orqali bitirardi, ba’zan Moskvadan o’ndiriladigan narsalar uchun ham Karimovni oraga qo’yishardi.
O’zbekistonni Gdlyanchilar bosganda ular Rasulbekni tergovga chaqirishdi. Shunda Karimov oraga tushib Rasulbekni Markazqo’mga yangi ishga kelgan ikkinchi kotib Anishchev bilan tanishtirdi. Rasulbek Anishchevga ham yoqib qoldi. Yumshoq, doim tabassum qilib turadigan, juda kam gap, hamma ishni imi-jimida bitiradigan bu odam Gdlyanning ham ishonchli vakili bo’ldi. O’shanda Hamidxonni ularga yordamchi qilib berdi. Garchi Hamidxon Gdlayanning sumkasini tashib yurgan bo’lsada ammo Rasulbekning ko’rsatmasi bilan juda ko’p odamni qamoqqa tiqishda, qilmagan ishlarini ham bo’yniga qo’yishda “jonboz”lik qildi. Ko’pincha u Gdlyan yoki Ivanovga o’zbek mahbusga qanday muomala qilish va tergov qilinayotgan odamni qanday tuzoqqa tushirish, uning nozik nuqtalari haqida maslahat ham berardi. Tergovga tortilganlarning onalari, xotinlari, bolalarini qiynoqqa solish, ularga ma’naviy ta’sir qilishda Hamidxon Gdlyanni hayratda qoldirgandi. Albatta har bir harakatini qaynotasi bilan bamaslahat qilardi.
Karimov Rasulbekka ishonar va u olib kelgan narsalardan shubha qilmas edi. U Markazqo’mga birinchi kotib bo’lgan kezlarda Moskvaga to’la-to’la “diplomat”larni tashish ham Rasulbekka yuklatilgan edi.
Mana endi Rasulbekning omadi chopgan, hatto mushuk ham uning oldini kesib o’ta olmas edi. Uning bir ishorasi bilan Hamidxonning akasi savdo idorasiga boshliq bo’ldi. Ukasi esa Davlat avtoinspeksiyasi rahbarligini oldi. Hamidxon ich-ichidan bunga qarshi edi. Ammo qaynotasiga bir gap aytishga til juftlay olmasdi.
Xullas, Hamidxonni MXXning viloyat boshqarmasida aksilterror bo’limining boshlig’i etib, shov-shuvli ishlarga qo’yadigan bo’ldilar. Tezda huquq tartibot xodimlari orasida nomi chiqib qoldi. MXX doirasida ham hamma u bilan hisob-kitob qilardi. Uning qaynotasi kim ekanligini bilmagan yo’q edi. Ishga tayinlanadigan barcha kadrlar va ishdan olinadiganlarni ham tekshirish unga yuklatilgandi. U faqat boshqarma boshlig’iga hurmat ko’rsatar va qolganlarni odam ham hisoblamas edi. Ammo hamma uning oldida pildirab, qulluq qilib turardi.
Ichki ishlar boshqarmasining 7-bo’limiga katta lavozimda ishlaydigan odamlarni kuzatishni topshirgandi. Yuzlab yosh yigitlardan tashkil topgan bu bo’limdagilar kechayu kunduz rahbarlarning qilmishlari haqida hujjatlar to’plashar, kim bilan, qayerda uchrashganlari to’g’risida fotosuratlar keltirishar va boshqarma boshlig’i hammasini Hamidxonga topshirardi.
Bu bo’lim rasman ichki ishlar boshqarmasiga tobe bo’lsada aslida MXXning “ko’z-qulog’i”ga aylangandi. Hamidxon bu bo’limga hokimiyatdan qo’shimcha mablag’, yangi mashinalar olib berar, shtatlarini kengaytirib muxolifatni, dindorlarni, ishbilarmonlarni ham kuzatishni yuklagandi. Rasulbekning aralashuvi bilan tez orada bu tajriba boshqa viloyatlarga ham yoyildi.
Hamidxon 7-bo’limdan kelgan hujjatlar va rasmlarni qaynotasiga berar va rahbarlarning topganini shilib olishardi. Bu o’ziga xos bir tizimga aylagandi. Katta-kichik rahbarlar xalqdan yulib, o’zlari bilmagan holatda anchaginasini Rasulbekka olib kelib topshirar edilar. Rasulbek esa o’zi va Hamidxonning haqqini saqlab, qolganini Toshkentga yuborar edi.
Hamidxon akasi va ukasi haqida 7-bo’lim to’plagan hujjatlarni seyfga solib qo’yar va bir kun kerak bo’lib qoladi deb o’ylardi.
MXXda uning bir nechta xonasi bor edi. Bittasini xuddi amirlarniki kabi qilib o’xshatgan va u yerda ayshu ishrat qilardi. Odamlarni so’roq qilish va qiynoqqa solish uchun ham alohida xonalari bor edi. U nafaqat viloyat va balki mamlakat doirasida ham juda muhim odamga aylangan edi. Mana endi bevosita prezident bilan bog’liq ishni ham unga ishonib topshirishdi.
…Otasini ko’ndirdim, bolasini ham ko’ndiraman, deb o’ylagan Hamidxon Otabekni so’roq qilayotgan hamkasbining xonasiga kirib bordi.
-Qalay bo’yniga oldimi?-dedi u hamkasbiga.
-O’jarlik qilayapti,-dedi hamkasbi.
U hamkasbini jerkib berdi-da Otabekni o’zining xonasiga olib keldi:
-Men sen bilan Otabek-Kumushbibi rolini o’ynab o’tirmayman. Nima desam “Xo’p!” deysan! “Xo’p!” demasang baribir “Xo’p!” dediraman. Undan ko’ra qancha tezroq ko’nsang, ishni shuncha tez bitiramiz…
U shunday deb seyfdan qiynoqda qo’llaniladigan “temir-tersak”larni olib, stolning ustiga qo’ydi. MXXda qiynoqda ishlatiladigan narsalarni “metallom” ya’ni “temir-tersak” deyishardi. Ularning hammasi xuddi jarrohlar amaliyotda qo’llanadigan asboblarni eslatardi. Qaychidan juvoldizga qadar insonning vujudiga botishi yoki biror joyini kesishi, qo’porishi mumkin bo’lgan narsalar… Ularni qiynoqda ishlatgandan keyin tozalashmaydimi xuddi zang bosgandek bir vaziyatda. Balki vahimali ko’rinsin deb ataylab shunday qilib qo’yishganmi?! Xullas, ularga qaragan odam xuddi qotib qolgan qon dog’larini ko’rgandek bo’lardi.
-Bilasanmi, uch yildan buyon karate sinfiga boraman. Ammo birovni mazza qilib urganim yo’q. Bitta urishimdan yer tishlab qolishadi. San ancha pishiq bolaga o’xshaysan. Seni urib qo’limning qichig’ini qoldiradiganga o’xshayman. Mana bunday qilib…
U Otabekning jag’iga shunday urdiki u o’tirgan stoli bilan birga devorga borib urildi. Devorning gumburlab ketishidan qo’shni xonadagilar vahimaga tushib yugurib kelishdi:
-Tinchlikmi, Hamidxon aka!
-Bu tirrancha menga qo’l ko’tarayapti. Meni ho’ppa semiz, bir ursam yumalataman deb o’ylayati shekilli?! Yoki maktabda semiz bolalarni urib yurganga o’xshaydi. Onasini Uchqo’rg’ondan ko’rsatib qo’yaman, bu haromini!- deya odati bo’yicha to’qima gap qildi Hamidxon.
Otabekning esa labi yorilgan va qon oqayotgan edi.
-Hey hezalak, seni pishiq desam, xom ekansan-ku?! Ayol kishi ham qonini oqizmalikni yo’lini qiladi, san nega qoningni tomchilatayapsan, ma, artib ol,-deya Hamidxon uning ustiga qog’oz sochiqni otib yubordi.
-Quloq sol!-dedi keyin.-O’sha qizni yaxshi ko’rganing rost. Unga xat yozganing ham rost. Mana uning uyidan topilgan xat. Imzo seniki. Mana ekspertiza xulosasi. O’ziyam ja, shoir bo’lib ketibsan, “Kumushbibi” deb she’r yozganingga o’laymi? Qizni muxolifatning idorasida zo’rlashgani ham rost. Mana “Zo’rladik” deb yozib berilgan tilxatlar… O’zlari ham shu yerda. Kelib basharangga aytib berishadi, kerak bo’lsa! Qiz o’zini o’ldirgani ham rost. Demak 81-ni qo’yaman senga. Qasddan odam o’ldirish. Otuvga qadar ketasan! Agar menga quloq solsang qutulib qolasan.
-Men uni ko’rganim yo’q, axir…-dedi Otabek arang.
-Quloq sol, itvachcha! Sen uni qidirib uyiga bording, topolmading, keyin uning akasi ishlaydigan joyga bording. Uning borib akasiga yordamlashib turishini bilarding. Borsang akasi yo’q. Ammo besh oltita muxolifatchi ichib olib, nasha chekib, uni zo’rlayapti. Orasida islomchilar ham bor edi. Ismlarini bilmaysan. Ammo rasmlarini biz ko’rsatgandan keyin taniding.
-Bo’lmagan gapku bu!
-Eshshak, quloq sol deyapman, senga, bu sening bittayu bitta yo’ling. Boshqa yo’ling yo’q. Baribir shuni takrorlataman senga. Boya otang ham qarshilik qildi. Ammo ko’zining oldida onangni zo’rlaganimizdan keyin rozi bo’ldi…
Otabekning ko’zi bir hovuch cho’g’ga aylandi va o’rnidan turib Hamidxon tomonga tashlandi. Ammo Hamidxon o’zini chetga tortib, uni turtib yuborgandi uning yelkasi borib seyfga urildi. Keyin orqasiga ikki musht yeb cho’kib qoldi.
-Endi sening oldingda zo’rlaymiz uni!
U shunday deb tashqariga chib, qaytib kirdi va zum o’tmay Otabekning onasini olib kelishdi. U hali ham ichki kiyimda, hali ham dildirab turardi. Otabek yuzini yopib oldi. Hamidxon uning qo’lini orqasiga tortib kishan urdi. Sochidan ushlab boshini teppaga ko’tardi va;
-Ko’zingni och,-deya o’shqirdi.
-Onamga javob berlaring!-dedi Otabek.
-Bo’yningga olasanmi?
-Olaman..
Onasi chiqib ketishi bilan Otabek bir silkinib Hamidxonga kalla qo’ydi. Hamidxonning jahli chiqdi va:
-Endi avval o’zingni zo’rlataman, keyin ko’z oldingda onangni, ana undan keyin otangni,- deya Otabekning shimini yecha boshladi. U qarshilik qilgandi tizzasi bilan oyoqlarining orasiga tepgandi hiqqilab qoldi. Otabekni yuzi bilan yerga yotqizib, eshikni ikki marta urgandi tashqaridan ikki yigit kirishdi. Ular Hamidxonning imosi bilan Otabekni o’girishdida boshi va oyog’idan ko’tarib yerga urishdi. U bir qop qumdek yerga gursillab urildi. Keyin yana orqasi bilan o’girib ikki oyog’iga ip bog’lab iki tomonga tortishdi.
-Bu mazza qiladiganga o’xshaydi. Bor otasi va onasini olib kel , ular buni zo’rlaganlaringizni tomosha qilib turishsin,-dedi Hamidxon yigitlardan biriga.
Bir zumda Qoraboy akani boshlab kelishdi. U o’g’lining ahvolini ko’rib qoni qorayib, yomon ahvolga tushdi:
-Hali boshlaganimiz yo’q. Ayting rozi bo’lsin, bo’lmasa ko’z oldingizda orqasini yirtamiz,-dedi Hamidxon.
Shu payt onasini ham boshlab kelishdi. Ayolning og’ziga nimadir yopishtirib qo’yishgan va u burnidan arang nafas olayotgan edi:
-Otabek nima desa xo’p degin, bular baribir seni majbur qiladilar,-dedi otasi,- vaqti kelganda haqiqatni aytasan, hali!
Otabek boshini yerga ura boshladi. Hamidxon uni sochidan tortib:
-Nima qildik, boshlaylikmi?-dedi.
-Boshlasang boshla!-dedi Otabek.
Yigitlardan biri shimini yechib Otabekning ustiga tiz tushgandi Qoraboy aka munkillab qoldi.
-Mana otangni ham o’ldirmoqchisan, endi otuvga ketishing aniq. Agar xo’p desang uni darhol do’xtirga olib borishadi. Bo’lmasa mana shu yerda xor-zor bo’lib o’ladi va senga otasining qotili degan aybni qo’yaman.
-Xo’p! Xo’p!!- dedi Otabek.
-Qoraboy akani olib borib do’xtirga ko’rsatlaring,!-dedi Hamidxon yigitlarga.-Xolaning esa kiyimlarini kiygizib ushlab turlaring. Agar bu yana fikridan aynab qolsa, olib kelasizlar, bo’lmasa uyiga olib borib qo’ylaring, do’xtir chaqirib bir-iki dori-pori ham yozdirib berlaring!
Keyin Hamidxon Otabekning qo’lini yechib:
-Kiyin, stulga o’tir. Nojo’ya harakat qilmaki, qovurg’angan darcha ochib qo’yaman,-dedi.
Otabek boshini egib o’tirar, Hamidxon esa qog’ozga yozib qo’yilgan gaplarni o’qib berardi:
“Men maktabni bitirgandan keyin machitga qatnay boshladim. U yerda Vahobiylar bilan tanishdim. O’rta Osiyoda islomiy xalifat qurish haqida darslar oldim. Qurol otishni o’rgatishdi. Doim dollar berib turishdi va men bu pulni otamga berib, savdo ishlarini rivojlantirishga sarfladik. Menga ko’zga tashlanmaslik uchun soqol qo’ymaslikni, machitlarga qatnab yurmaslikni, dunyoviy muxolifat bilan hamkorlik qilishni, ularning liderlarini Vahobiylikka tomon burishni, ularni ham demokratik rejimni yiqitib, islomiy davlat qurishga chaqirish yuklatilgandi.
Shuningdek men tayyorlangan varaqalarni tarqatish bilan ham shug’ullanar edim. Uyimdan topilgan varaqalarda ham xalifalik qurishga da’vat qilingan. Men yotadigan xonadan chiqqan qora dorini esa menga Afg’onistondan olib kelib berishgandi. Men uni O’shga yetkazishim kerak edi. Dadam orqali Moskvada tayyorlanayotgan suiqasd haqida ishonchli odamlar bilan muzokaralar yuritar edim. Maqsad prezidentni o’ldirish edi. Dadam bu masalada Kamolov degan odam bosh-qosh ekanligini aytgan edilar. Ana shu maqsadlarda muxolifat yig’ilib turadigan joyga borganimda u yerdagilar mastligini va bir qizni zo’rlashayotganini ko’rib qoldim. Qarasam u men yaxshi ko’rgan qiz ekan. U yerdagi bolalardan ikkitasini urib, shalpaytirib tashladim va qizni ham bir ikki tarsaki urib, orqasiga tepib, chiqarib yubordim. Shundan keyin u o’z joniga qasd qilibdi…”
-Yo’q,-dedi Otabek, o’ldirsangiz ham men bu yolg’onga qo’l qo’ymayman..- men qora dori nimaligini hatto bilmayman.
-Demak onang va otangni bu yerga qaytaramiz. Seni o’ldirish niyatimiz yo’q. Ammo ular o’lib qolsalar bu ham senga aybnoma bo’ladi bildingmi? Mard bo’lsang ota-onangni qutqar! O’limga tayyorman deb aytayapsanu mana buni eshitishga toqating yetmayapti…
Hamidixon shunday deb eshik tomonga yurgan edi, Otabek birdan unga hamla qildi. Shunday keyin Hamidxon o’zini tuta olmadi. Otabekni yerga yiqitib tepkilay boshladi. Keyin stol ustidagi asboblardan birini olib, Otabekning o’rta barmog’idagi tirnog’ini qo’pora boshladi. Otabek qarshilik qilaman degan edi, Hamidxon uni yana tepkiladi va qo’l oyog’ini bog’lab qo’ydi.
Og’riqqa chiday olmagan Otabek yana yozilganlarni eshitishga majbur bo’ldi.
“Biz Saudiya Arabistoni bilan ham aloqa o’rnatganmiz. U yerdagi O’zbeklar jamoasi, shuningdek, Amir Olimxonning avlodlari ham bizga yordam qilib turadilar. Qancha yordamligi xonamdan topilgan daftarda batafsil yozilgan. Biz bir qancha tashkilotlar tuzganmiz, Ko’rinishidan hammasi boshqa-boshqa bo’lsada aslida bitta. Ularni Abdusoli qori bilan Sobitxon qori boshqaradilar. Abdulla O’tayev degan odam ham bor. U Misr bilan hamkorlik qiladi. Saylov oldidan xalqni oyoqqa ko’tarmoqchi edik…”
-Ma, buni yana bir o’qib imzola, keyin videoga gapirib berasan va senga javob!-Hamidxon shunday deb eshikni bir marta urgandi tashqaridan bir yigit kirib keldi:
-Ota-onasiga haligidan choyga qo’shib ichiringlar va keyin siydiklarini analizga berlaring. Hujjatini bugunoq, kechasi bilan bo’lsa ham tayyorlab qo’ylaring,-dedi.-Mana bu yana xarxasha qiladigan bo’lsa, otasining yuragi sanchib o’lib qolsin, onasi esa o’zini osib qo’ysin! Ular kerak edilar, lekin bu ishni buzsa, ulardan ham voz kechamiz!…
…Hamidxon uchqichdan tushib, ikkita kasseta va qaynotasi bergan omonat “yashil” pullar bilan to’la diplomatini ko’targancha Bosh prokurorning xonasiga kirib kelganda:
-Islom akam masalaga juda qiziqib, bizni kutib turibdilar, hoziroq borishimiz kerak!-dedi Mustafoyev.
Ular prezident saroyiga qarab yo’l oldilar.

889 YIL OLDIN

Chaqmoqdan “uzilgan” qaldiroq Tohirning ko’zlarini ochib yubordi. U osmonga qarab yotgani bois ko’zi jimirlagan yulduzlarga tushdi. Ular shunchalar ko’pki, go’yo osmonda zarra qadar ham bo’sh joy qolmagandek. Ba’zi yulduzlar u tomondan bu tomonga o’qday uchib o’tar va ba’zilari ularning ortidan quvalayotgandek edi. Qiziq, nega ular bir-biriga urilib ketmayapti? Tohirning xayoliga kelgan ilk savol shu bo’ldi.
Inson doim ziddiyatli o’y yuritadi. Balki dunyoning tuzilishi ziddiyatli bo’lgani uchun insonning ham fikrlashi shunga mosmikan? Yomonlik haqida o’ylasa, yaxshilik ham xayolidan o’tadi. Nur haqida fikrlasa, xayolining bir qismini soya haqidagi tushuncha egallab turadi.
Hamma narsaning ikki tomoni bor va biri ko’ringanda ikkinchi tomoni ham inkishof bo’ladi. Tohir ham yulduzlar o’zaro o’ynayotgani bois ular to’qnash kelib qolmasmikan, degan fikrga tutilgandi. Ammo bundan ham muhimroq narsalar uning ko’ziga qadalayotgani uchun yulduzlar haqidagi fikr xuddi yulduz uchgani kabi xayolidan bir zumda g’oyib bo’ldi.
Nega ko’kda bir paytda quyosh ham bor, oy ham! Axir biri chiqsa, ikkinchisi ketardi-ku?! Nega endi ular yonma-yon? Xuddi quyosh va oy nur yo’llashda musobaqalashayotgandek uning ko’zlariga har ikki nuqtadan ham kelayotgan sho’la tobora kuchayib borayotgandi. U nurdan ko’zini olib qochdi. Yoniga qarasa ulkan ummon. Ummonning bir tomoni ko’tarilib ufqqa, ko’kka qadalgan. Shiddat bilan kelayotgan to’lqinlar Tohirning oyoq uchidan qaytib, yana ko’kka qarab chekinmoqda. To’lqinlar shunday bir tovush hosil qilayotgandiki, buni musiqa ham, qaldiroq ham deyish qiyin. Balki bu musiqaga o’ralgan guvillashdir. Anna shu guvillash ham yoqimli, ham vahimali edi. Tohir bu tovushni ilgari eshitmagani uchun uning salobatiga peshvoz chiqsada, vahimasidan ortga qochishga urinardi.
U ko’zini yumib qayta ochganda ummonda sakrab-sakrab o’ynab yurgan jonivorlarga ko’zi tushdi. Ularning suvdan tashqariga sakrashlari shu qadar hamohang ediki, demak bu ummon qa’rida musiqa borligiga shubha qoldirmasdi. Tohir bunday jonivorlar borligini hatto bilmasdi ham. Ularning haybatli yoki haybatsiz ekanligini bilish uchun esa, ularni oldin ko’rgan bo’lishingiz kerak. Aks holda nimaga solishtirib, xulosa qilasiz. Ammo ummon o’zining buyukligi bilan bu jonivorlarning haybatini yutib, ularni oddiylashtirib yuborgan edi.
Tohir ummonga qarama-qarshi tomonga nazar solsa, ulkan tog’ni ko’rdi. Uning qoyalari shu qadar tik ediki, quyosh va oyning birgalikdagi nurlariga bosh tirab, osmonning oyog’iga qilichdek sanchilib turardi.
Shu payt birdan qizlarning qiyqiriqlari eshitildi. Ular tog’ bag’ridagi adrlardan Tohir tomonga yugurib kelayotgan edilar. Qizlarning yuzlari ham ko’kdagi quyosh va oy kabi nur sochayotgan edi. Ularning egnidagi harir liboslar esa adrdagi baxmal yashillik bilan uyg’unlashib ketgani bois bir joyda turib parvoz qilayotgandek edilar.
Bu manzara Tohirga juda tanish tuyuldi. U qaerda ko’rgandi bu manzarani. Ana u yugurib yurgan kiyiklar haqida ham u eshitgandek edi. Ammo qayerda? Shu damda savolga javob izlaydigan lahza yo’q edi. Chunki savollar ummoning to’lqinlari kabi ketma-ket kelib, uning xayollarini buzib ketayotgandi.

Qaerdandir uning quloqlariga she’r sadosi keldi:
Orazin ochsa mukarram, oy ila xurshid yonur,

Shayx kalom etsa magar, men kabi murshid yonur…
Bu Tohirning ikki soatlik tanishidan eshitgan she’r edi. O’shanda Tohir shayx Hasanning huzuriga kirish uchun navbatda tunlarni tonglarga ulagan payt edi.
Bir kuni yaqiniga kelib yotgan yigitning pichirlab she’r o’qiganini eshitdi. Qo’rqib ketdi. Chunki she’r aytish shayx aslo kechirmaydigan gunoh ekanligini u deyarli har kuni eshitardi. Lekin bu yigit nega qo’rqmayapti? Tohir o’rnidan turib o’tirib unga quloq soldi. U aytayotgan she’r juda dardli va bu dunyoda adolatga yetish qiyinligi haqida edi.
Tohirning quloq solib turganini ko’rgan yigit:
-Mening ismim Ali,- dedi.
Keyin Tohirning ko’zlaridagi savolni o’qiyotgan kabi gapida davom etdi:
-Men bu ismni o’zim o’zimga tanladim. O’n yildan beri ichkaridaman. Ammo bu tun men uchun gunohli dunyodagi oxirigi tun. Ertaga haqiqiy dunyoga ketaman. O’zim tanladim buni. Bilaman she’r aytgan odam bu dunyoda qolmaydi. Devorning ham qulog’i bor, osmonning ham. Shayx hamma narsani biladi. Menga doim she’r aytmaslik kerakligini, bu gunohga botish ekanligini uqtirishgan. Ammo yuragimda isyon bor. She’rlar isyoni.
Bir kun ustodim yonimga kelib, Hazrati Alining ham she’r yozganini aytdi. U faqat asadulloi muhoriba emas, asadulloi adabiyot ham bo’lgan ekan. Shundan keyin ustodimda shayxga nisbatan shubha uyg’onibdi. Chunki shayx doim “Shoirlar dushmanlardir” deb aytar ekanda. Ustodim Hazrati Alining she’rlarini aytganda mening ham dunyomda o’zgarish bo’lganini sezmagan ekanman. Ustodni o’sha kungi suhbatimizdan keyin ko’rganim yo’q. Ammo endi angladimki, uni ko’rmoq uchun men ham Hazrat Alining she’rlarini aytishim kerak. Hazrat Alining she’rlariga ulanib o’zimning ham she’rlarim quyilib kelmoqda. Sen ham eshit!
O’shanda Tohir:
-Yo’q!-deya quloqlarini bekitib olgandi. Ko’p o’tmay ikki soqchi shoir tabiat yigitni olib ketishgandi.
Mana endi Tohirning quloqlari ostida o’sha yigitning satrlari yangramoqda. U yana quloqlarini bekitdi. Ammo atrofini o’rab olgan qizlar uning qo’llarini tortib olib, o’zlarining yumshoq kaftlariga bosa boshladilar.
-Men qaerdaman?-deya oldi Tohir qurib qolgan lablarini arang qimirlatib.
-Sen arosatdasan,- dedi qizlardan biri. – Ana u tomonga qara, ko’rinayotgan sarob emas, olovdir. U shu qadar kuchli olovki, butun baxtsizlarning hammasi o’sha yerda, uning qa’rida. Azobdan ingrab yotishibdi. Sen bilgan shoir Ali ham shu yerda. Butun vujudi olov ichida, kallasi kosaga aylanib, kosaning ichidagilar biqir-biqir qaynamoqda.
Tohir xayolidan o’tgan narsani bular qanday sezganiga hayratda edi. Hayratning titrog’idan qaltirayotgan paytda ikkinchi qo’lini kaftiga bosib turgan hurliqo unga boshqa tomonni ko’rsatdi.
Tohir avval u tomonga emas, qizga qaradi. U shu qadar go’zal edi-ki, demak osmondagi quyosh va oy birgalikda uni tomosha qilish uchun nayzaga qadalib qolishgan ekan-da deb o’yladi. Ummonning guvvilashi ham shundan ekan, ummon aslida shu qizning oyog’iga bosh urib, dod solayotgan ekan. Tog’larning sukuti ham shundan…
-Sendan menga emas, ana u tomonga qarashni so’radim,-dedi hurliqo mayin va yoqimli ovozda. Uning ovozi Tohirning quloqlarida qotgan sadolarni eritib, yuragining qat-qatlariga qadar inib borardi.-O’sha sen ko’rib turgan darvoza ortida behisht bor. Biz o’sha yerda yashaymiz. U yerda hayot mangudir. U yerda azob yo’qdur. U yerda seni menga o’xshagan 72 hurliqo kutib turibdi. Biri qo’lingni ushlasa, ikkinchisi sochingni silaydi. Biri seni sutda cho’miltirsa, biri seni bag’riga bosadi… U yerda sen istagan odamlar ham bor. Ana, qara hozir eshik ochiladi va sen kimni ko’rasan. Yaxshilab qara, ular sening ota-onang, seni chaqirayaptilar. Harakat qilma, u yerga bora olmaysan. Borishning bitta yo’li bor, shahid bo’lishing kerak. Ularni o’ldirgan odamni do’zaxning qa’riga yo’llashing zarur. Uning oti Nizomul Mulk!
Shu payt hamma yoqdan “Nizomul Mulk” degan sado kela boshladi. Quyosh va oy ham, ummon va tog’ ham “Nizomul Mulk” deyayotgandek edi…
Tohir o’ziga kelsa, dasturxonning yonida mudrab qolganini sezdi. Choyni ho’plagandan keyin mudrab qolgan ekan. Qancha mudradi, bilmaydi. Nahotki mudrab ham tush ko’rish mumkin? Nahotki..
U dilidan otilib chiqayotgan keyingi savolni eshitishga ham ulgurmadi.
-Tez chiq, Shayx hazrat hammani favqulodda yig’inga chaqirdilar,-dedi soqchilardan biri unga.
Tohir tashqariga chiqqanda, allaqachon xos toliblar qoya-qasrning poyiga to’planishgan ekan. Qasrning tom qismida shayx ko’rindi. U yelkasiga tashlangan yaktagini to’g’irlagan bo’lib, boshidagi sallasining bir uchini qaytadan orqaga otgan holda pastga qarab gapira boshladi.
-Bugun yana bir ulug’ kundir. Tangri bizni yana yolqadi. U bizga yana bir katta dushmanimizni ko’rsatdi va dushmaniz uchun do’zaxning to’qqizinchi qavatida azob hozirlab qo’yilganini bildirdi. Ba’zilaringiz yillab kutayotgan haqiqatning tuguni bugun ochildi. Ularning ota-onalarini juvonmarg etgan kimsaning nomi ayon bo’ldi. Begunoh insonlarning hayotiga zomin bo’lgan badbaxt vazir Nizomul Mulk ekan…
Shayxning oxirgi kalimasi toliblarning vajohatli qichqiriqlari ostida qolib ketdi. Tohir esa nafasini ichiga yutib qolgandi.
Shayx qo’lini ko’kka ko’tarib:
-Bas!-dedi. Hamma jim bolib qoldi- Bas! Nizomul mulkka bu dunyoda o’rin yo’q! Uni do’zaxga ravona etganning o’rni behishtdir. Men aminki bu inson kimligini ham Tangri uning ko’ngliga solgan bo’lishi kerak. Xo’p, vazirning ishini bitirish uchun kim yo’lga chiqadi?
Toliblarning hammasi “Men!” deya shayx tomon bosh egdilar. Tohir esa turgan joyida qotib qolgandi. Uning vujudi butunlay muzlagan va o’ziga bo’ysunmayotgan edi. Muz birdan erib tomchilarga aylandi va terisining ustida “yaxmalak” ota boshaldi. Keyin boshidan qaynoq suv quyilgandek bo’ldi. Quloqlari ostiga yana “Nizomul Mulk” degan sado kelib urildi.
Kimdir uning yelkasiga qo’lini qo’ydi. Shundagina u o’ziga keldi va shayxga tomon bosh egib, tiz cho’kkan toliblar kabi bukildi.
-Sen bu yoqqa kel!- Bu shayx edi va Tohirni chaqirayotgan edi. U yeldek uchib teppalikka tirmanarkan tizzalari qaltirayotgandi. Tomdan pastga tushib kelgan Shayx uni to’xtatdi:
-Bu baxt! Baxt odamni ana shunday sarosimaga soladi. Ammo bu mukammal baxt emas, oniy baxt! Mukammal baxtga esa, ota-onangning qotilini do’zaxga yuborgandan keyin muyassar bo’lasan. Qancha-qancha toliblar ham bu baxtga yetmoq orzusida. Lekin bu senga buyurgan ekan. Buni butun vujuding aytib turibdi. Demak, sen arosatga tushgan paytingda Tangri senga qo’l cho’zgan, farishtalarini yuborgan, yo’l ko’rsatgan va bu menga ham ayon bo’ldi.
Shayx uni yetaklab ichkariga olib kirdi.
-Nizomul Mulk haqida bilasanmi?-deya so’radi shiddat bilan.
-Eshitganman, shayxim!-dedi Tohir boshini egib.
-Men ham eshitganman,- shayx kalimalarni shart-shart kesib, ba’zi so’zlarni bot-bot takrorlab gapida davom etdi.-“Odil vazir” deb eshitganman, “Millatning pushti panohi” deb eshitganman, “Odamlarga yaxshilikdan boshqa narsani ravo ko’rmaydi” deb eshitganman, “Rahmdil va odil, kambag’alparvar va adolatpesha” deb eshitganman, ammo eshitganlarim afsona ekan, haqiqatni Tangridan bildim, ko’zim ochildi, yolg’onlarga ishongan dilim tosh bo’ldi! Uning qotil, begunoh insonlarning qonini ichguvchi ekani haqida eshitganmisan?
-Eshitganim yo’q, shayxim,-dedi Tohir pichirlab.
-Men ham eshitganim yo’q! Uning tashi odil, ichi qotil ekanligini eshitganim yo’q edi. Uning shirin so’zlab, achchiq ish qilishini bilmas ekanman. Uning sening ota-onangning ham kallalarini chodirning peshtoqiga ilganidan bexabar ekanman. Uning zolimligi adolat ko’rpasiga o’rab qo’yilganidan bexabar edim. Uning Tangriga emas, iblisga qulluq qilishini, shaytonning bulog’idan suv ichganini, uning amrini bajarishini bilmas ekanman, Tangri hammasini bir lahzada ko’nglimga soldi. Shunday, biz haqiqat deb yurgan narsa sarob, sarob deb yurganlarimiz bir lahzada haqiqat bo’lib qolar ekan. Sen u shaytonni bir ko’rishda ajratib ololasanmi?
-Shaytonning bir emas ming ko’rinishi bo’ladi, shayxim!
-Ha, barakalla, men ham uni bir ko’rishda ajrata olmayman. Ammo u yashagan muhtasham qasr uni bekita olamaydi. Uni qo’riqlagan zangi soqchilar uni asray olmaydilar. Uni taxtga o’tqazib, ko’tarib yuradigan qullar uni qutqaza olmaydilar. Unga qulliq qilib, orqasidan ergashadigan ulamolari ajal yaqinlashganini bashorat qila olmaydilar. Sen yildirimsan!Xanjaring yildirimdir! Yo’lingni hech kim to’sa olmaydi. Ammo senda sovuqqonlik o’rnini hayajon egallasa, qasos va intiqom hissi ko’zingni bog’lasa, hamma narsadan mahrum bo’lasan. Tangri sendan yuz o’giradi! Biz sendan yuz o’giramiz! Behisht sendan yuz o’giradi. Baxt seni tashlab ketadi. Baxtsizlik seni kemiradi!
-Shunday shayxim!-dedi Tohir.
-Barakalla, mana bu mening xanjarim, ol! Yillardir tinmasdan charxlagan xanjarim. Uni begunoh insonlarining qotili uchun saqlagandim. O’sha kunni Tangri menga nasib etdi va uni senga beraman. Bu xanjar boshqaning emas, faqat Nizomul Mulkning, qotilning qonini ichishi kerak, unutma1
-Unutmayman, shayxim!
Shayx eshikni ochib u yerda kutib turgan bir yigitni ichkari oldi.
-Buning tili kesilgan, gapirolmaydi. Ammo yo’lni biladi. Odamlarni biladi. Vazirning qachon, qayerdan chiqib, qayerga ketishini ham biladi. Qasrga olib kiruvchi yo’llarni ham biladi. Senga eshik ochuvchi odamlarni ham biladi. Agar vazirni sen o’ldira olmasang u o’zi o’ldirishini ham biladi. U shahid bo’lish uchun tug’ilgan. U gunohga botmaslik uchun o’z tilini kesgan! Ammo quloqlari, hislari tirik. U vazirni do’zaxga yuborishni Tangri faqat senga buyurganini ham biladi. Ammo sen Tangrining ishonchini qozona olmagan taqdirda jannat eshiklari unga ochilishini ham u biladi! Borlaring, muzaffarlik sizga yor bo’lsin. Men xush xabarni kutaman! Senga esa, ota-ona diydori nasib etsin!
Tohir va gung yigit orqaga chekinib chiqib ketar ekanlar Shayx:
-Hozir damlaringni ollaring, tunda yo’lga chiqasanlar. Quyoshning nayzasidan oyning nuri peshtar. Quyosh ko’z bog’lovchidir, oy yo’l ko’rsatuvchi, tunda chiqsalaring tonga yetib borasizlar, dushmanni tongda tutib, quyosh chiqqanga qadar muzaffarlik sharobini ichasizlar!-dedi Shayx.
Tohir va gung yigit chiqib ketgach, shayx ichkaridagi boshqa xonaga kirdi va u yerda kutib o’tirgan kishiga yuzlandi:
-Men bu boyliklarni hali qabul qilmayman. Men oldindan haq olmayman. Avval ish bitsin, keyin gaplashamiz. Balki bu kamlik qilar. Balki joni ketishini eshitib qolgan vazir bundan ko’proq haq taklif qilar.
-U qaerdan eshitadi?-deya savol berdi kutib o’tirgan odam.
-U devonbegi yo’qolib qolganidan shubhaga tushmaydimi? Ikki kundirki, bu yerdasiz…
-Men ikki kunga izn olgandim. Ertalab yana saroyda bo’laman va voqeadan keyin o’zim…
-Yo’q,-shayx uning so’zini bo’ldi,-biz xabarni birgalikda kutamiz. Vazirning o’limi haqidagi mujdani birgalikda eshitamiz va birgalikda yangi vazirni tanlaymiz. Boyliklarni taqsimlashni ham o’shanda gaplashamiz. Bu boyliklar sizga ham, vazirga ham oid emas. Xalqqa oid. Xalqniki xalqqa ketishi kerak! Ammo siz ham benasib qolmaysiz. Taqsimlaymiz. Faqat adolat bilan! Bu olib kelganingiz ummondan zarra ekanligini bilib turibman, buni o’zingiz ham bilasiz…
Devonbegining rangi oqarib ketdi. Ammo bir narsa deya olmadi.
-Qo’rqmang, Tohirning qulog’iga she’r aytgan hurliqolar sizni poylab turishibdi, sizning qo’llaringizni kaftalariga bosishadi. Istamasangiz ana bachchalardan tanlang. Oyoqlaringizni tongga qadar uqalab chiqishadi. Tohirni mast etgan choy bizni ham jannatga olib borib, olib keladi. Ertalabga qadar bo’lgan uzoq vaqt bir zumda o’tib ketadi…,-dedi shayx va ichkariga kirib kelgan hurliqoni bag’riga bosib, mushuk kabi erkalatib:
-Bor, haligi yoqimtoy bolani olib kel!-dedi.

Beshinchi bob

20 ASRNING OXIRI

Nilufar o’ziga kelganda qayerda ekanligini bilolmay qoldi. Atrof zimiston, qo’lansa hid dimog’iga urilmoqda. Negadir ko’ngli aynib, ichidan bir narsa tomog’iga tiqilib kelmoqda. Nima gap? Tush ko’ryaptimi? U hech narsani tushuna olmadi. Butun vujudi xuddi qum solingan qoplarning ostida qolgan kabi qimirlamas holda edi. Ko’zlari achishgani bois ishqamoqchi bo’ldi, shundagina qo’llari orqasiga bog’lab qo’yilganini his qildi. Yuragi shuvillab ketdi. Birdan chaqmoqdek yalt etgan narsa uning xayollariga Rustamning siymosini mixladi.
Nilufar keyingi kunlarda qiyin vaziyatga tushib qolgandi. Ota-onasi ham Maxfirat xolaning gapiga qo’shilib, unga bosim o’tkaza boshladilar.
-Qiz bola vaqti yetganda erga tegishi kerak, keyin kech bo’ladi,-derdi onasi.
Otasi ham faqat to’yga tayyorgarlik haqida gapira boshlagandi. U esa Rustam haqida o’ylardi. Rustam nimasi bilandir uning yuragiga kirib borgandi. Ammo Rustamni hali to’la bilmayotgani, uning fe’lidagi og’irlik, kichik narsalarga ham jiddiy e’tibor bilan qarashi, xushchaqchaq emasligi va boshqa narsalar ham unga tinchlik bermasdi. Ammo qandaydir ta’sir kuchi bor edi. Buvisining uyiga borsa, Rustamning ana shu ta’sir doirasidan chiqa olmasligini bilardi. Shu sababdan bormaslikka qaror qildi. Hech bo’lmaganda bir hafta yoki ikki hafta uni ko’rmayinchi nima bo’ladi, deb o’yladi. Bir umr birga yashashi kerak bo’lgan odamni yaxshiroq bilgisi kelardi.
O’qishga borib kelarkan ba’zan qaysi yo’ldan borib, qaysi yo’ldan qaytgani ham esida qolmasdi. Faqat xayollari bilan olishar, ko’z oldidagi Rustam siymosini to’la ko’rishga urinardi…
Birdan Nilufarning esiga yonida bir mashina to’xtagani tushdi. O’qishdan qaytayotgandi. G’ira-shira payt edi. Ularning uyiga boradigan yo’lak yaqinida mashina to’xtashi diqqat tortuvchi hol bo’lsa-da u qiyo boqmagandi. Chunki Rustam uylariga kelib ketgandan keyin uni tanigan tengdoshlari ham qaytadan harakatga tushib qolgandilar. Shulardan biri bo’lsa kerak deb parvo qilmadi. O’shanda kimdir yugurgancha orqasidan kela boshlaganini sezdi. Ammo qayrilib qarashga ulgurmadi. Uning og’iz burniga nam bir latta bosilgani va nafas olishi qiyinlashganini eslaydi, xolos.
Nahotki, Rustam meni o’girlab qochdi, deb o’yladi Nilufar. Yo’q, u qo’yning ham og’zidan cho’p olmaydigan bola. Qolaversa, hamma uning tomonida. Istasa uyimizga ham kirib kelishi mumkin edi. Buvimga aytsa, bir narsani bahona qilib kelishardi. U o’g’irlab kelsa ham nega bu sovuq yerto’laga qoysin? Nega qo’llarimni bog’lasin? Bu ablah Alisherning ishi. Kimdir uni MXXga ishga o’tgan, ham o’qib, ham ishlayati deb aytgandi. Otasi esa prezidentga maslahatchi bo’layotganmish deb eshitgandi. Qaysi kun uni Rustam bilan birga ko’rib qoldi. Shundan keyin paytavasiga qurt tushgan. Ilgari ham necha marta gap ochdi, sovci qo’ydi, ammo istamadim. Mana endi ablahlik yo’liga o’tibdi. Bechora buvim, oyim-adam nima qiladilar, nima deydilar endi? Rustam nima deb o’ylaydi? Uning ko’ziga qanday qarayman? Koshki rozilik berib, to’yni tezroq o’tkazsak bo’larmikan? Bu nima ko’rgulik? Ablah Alisher meni yaxshi ko’rsa, shu kuyga soladimi, sharmanda qiladimi, zax yerto’laga keltirib tashlaydimi? bezbet, bir kuni “Sen bilan ikkalamizdan juda kelishgan o’g’il tug’iladi” deb uyalmay netmay yuzimga aytdi. Buki, niyati buzuq ekan-da!
Nilufar xayollarida o’ziga savollarni qalashtirib tashlayotgan bir paytda temir eshik ochilib, ichkariga bir kishi kirdi:
-Nilu o’zingga keldingmi?-dedi u.
Bu Alisher edi.
“Ablah!” deya baqirmoqchi bo’ldi Nilufar, lekin baqira olmadi. Shundagina og’ziga nimadir yopishtirib qo’yishganini sezdi. Alisher kelib, o’sha yopishtirilgan narsani tortib, shart etib yulib tashladida, egilgancha Nulufarning labidan o’pa boshladi. Nilufar tilini so’rishga intilyotgan sovuq labni qattiq tishlab oldi. Alisher birdan o’rnidan turib og’zini ushlgancha tashqariga chiqar ekan:
-Qanjiq, onangni ko’rsataman!-dedi.-Hali senmi vatan xoiniga erga tegadigan!
-Menga desang o’ldirib yubormaysanmi, men hech qachon seniki bo’lmayman!-deya baqirgan Nilufar, Alisher eshitsin deya qattiq-qattiq tupurib tashladi va:
-Sen tupuksan! Turshak! Ablah!- dedi va hungrab yig’lab yubordi.
Bir ozdan keyin taqara-tuqur ovozlar eshitildi. Ickariga bir necha kishi kirib kedli. Ulardan biri:
-Qiz shu yerda ekan, topdik, qo’llari bog’langan!-dedi.
U militsiya kiyimida edi. Orqadan kirib kelgan fuqaro kiyimidagilardan biri:
-Tez qo’llarini ochlaring, suv berlaring, ana u ablahni militsiya bo’limiga olib borlaring,-dedi.
Militsioner qo’llarini yechar ekan, Nilufar beixtiyor boshini uning yelkasiga qo’yib, hichqirib yig’lay boshladi.
-Yig’lama qizim, biz seni qutqazdik. Yaxshiyam vaqtida xabar xabar topdik. Bo’lmasa u ablah bola, bilmadik, nima qilgan bo’lardi. U ilgari ham bir qizni o’g’irlab, zo’rlab, keyin o’ldirgan ekan. Tavba, tag’in yuridicheskini bitirayotgan ekan-a,-dedi.
-Qarasangchi, bu kameraning kalitini qayerdan oldi? Kim bilan til biriktirdi? Uni yaqinda bu sohaga ishga o’tkazishgan ekan. Toshkentda mashina o’g’rilari mafiyasiga ham rahbarlik qilar ekan… iplos, birovning ko’z qorasi bo’lgan qizini o’g’irlab qayoqlarga olib kelganini qarang-a?! Davlatimizning, mustaqilligimizning obro’yiga mana shunaqalar soya tushirmoqda,-dedi eshik yonida turgan kishi.
Nilufar Alisherning kun ora yangi mashina minishini esladi. Demak, hammasi o’g’irlangan mashinalar ekan-da. Otasi shunday katta ishda ishlasayu bolasi shunaqa jinoyatchi bo’lsa?
Xuddi Nilufarning xayolidagini o’qiyotandek, fuqaro kiyimidagi kishi militsionerga:
-Otasi yaqinda yurtboshimizga maslahatchi etib tayinlanibdi, bu ishimizni juda og’irlashtiradi, allaqachon boshliqlarga telefon kelayotgan bo’lsa kerak!-dedi.
-Padariga la’nat, bu kattalarning hammasi bolasini eplolmaydi. Bitta bolasini tarbiyalay olmaganlar millatga qanday qilib boshchilik qilar ekanlar?-dedi fuqaro kiyimida kishi baland ovozda.
-Sekinroq gapiring, devorning ham qulog’i bor!- deya uni ogohlantirdi militsioner.
Shundan keyin sukunat cho’mdi.
-Oyim va adamlarga xabar berildimi?-deb so’radi Nilufar tashqariga chiqib, mashinaga minishayotganda.
-Endi-da, hali seni topganimizga besh minut bo’lgan emasku,-qizim,-dedi militsioner kiyimidagi kishi.-Qolaversa, bu joydan telefon qilamiz desak, sotib yuboradiganlar chiqishi hech gap emas. Buning ustiga bu joy uylaringdan ancha uzoqda. Biz Namangan degan joydamiz. Eshitganmisan?
-Bo’lmasachi?-dediyu Nilufar xayolga toldi.
U Namanganni yaxshi biladi. Rustam namanganlik. Birdan yuragi orqaga tortdi. Endi Rustam nima deb o’ylaydi? Undan yuz o’girishi aniq. Qolaversa uning o’zi Rustamga bu voqeani qanday qilib izohlaydi? Yo’q, u tushunadigan yigit. Balki hamma narsani anglab olar va hatto bu borada gap ham ochmas. Shunisi yomonda. Indamay yurib, dilingni xunob qiladi. Undan ko’ra bir marta gaprib qo’ya qolsa, hammasi ortda qoladi…
Ular mingan mashina g’ishtlik bir binoning temir darvozasidan ichkariga kirdi.
-Qaerga keldik?-deb so’radi Nilufar.
-Bu yer hukumatning binosi, ko’nglingiz to’q bo’lsin, hozir ota-onangizga telefon qilamiz, ular kelib, sizni Toshkentga olib ketishadi,-dedi fuqaro kiymidagi kishi.
Nilufarga ichkarida suv va ovqat berishdi. Ammo tomog’idan ovqat o’tarmidi?!
Ko’p o’tmay haligi fuqaro kiyimidagi yigit kelib o’zini tanishtirdi:
-Mening ismim Olimjon, boya aytishga ham ulgurmabman,-dedi.- Sizning ishingiz bilan bundan buyog’iga ham shug’ulanish menga topshrildi..
-Ota-onamga telefon qilishdimi?-so’radi Nilufar.
-Qildik, ammo yaxshi xabar yo’q. Ular juda ham g’azzabda. Bunaqasini ko’p ko’rganmiz. Boshida shunday bo’ladi. Ular sizni ataylabdan Alisher bilan qochib ketgan deb o’ylashmoqda…
-Alisherning jinoyatchi ekanligini aytmadingizmi, axir?
-Afsus, aytolmadik. Uning otasi juda katta ishda va oraga katta odamlar aralashib, ishning unga oid qismini darhol yopib tashlashdi. Bu gapni sizga aytishim mumkin emas, edi. Ammo bilishingiz va tushunishingizni istaganim uchun aytdim. Bularning hammasi yashin tezligida bo’ldi. Biz sizni topgan joydan bu yerga kelgunimizcha osmon uzilib, yerga tushibdi. Menga hatto Alisherning nomini tilga olishimni ham ta’qiqlashdi. O’zing pishirgan oshni o’zing sovut deyishdi…
Nilufarning boshiga xarsang toshlar yog’ilgadek bo’ldi. Ulardan birining uchi xuddi boshiga sanchilib qolganu og’riq o’rniga olov paydo bo’lgandi. Issiqlik teppadan pastga xuddi vulqon lavasidek oqa boshladi. Ko’zlari tinib, boshi yelkasidan uzilib tushgandek bo’ldi.
Davomini eslay olmaydi. O’ziga kelganda oq choyshabli to’shakda yotgandi. Yonida esa yana Olimjon.
-Bizni qo’rqitib qo’ydingiz,-dedi u.- Insonning boshiga juda ko’p ishlar keladi. Ammo bardoshli bo’lish kerak. Men o’zim borib ota-onangiz bilan gaplashaman va ularga sekingina tushuntirib qo’yaman. Zotan deloni butunlay yopish uchun ularning ham, sizning ham imzolaringiz kerak bo’ladi.
Nilufar hiqqilab yig’lay boshladi.
-Yig’lamang, Maxfirat xolaga ham, Rustamga ham o’zim tushuntiraman…,-dedi Olimjon mayin ovozda.
-Ularni qayerdan bilasiz?-Nilufar ajablangan ohangda savol berdi.
-Ular ham ota-onangiz kabi sizni qochib ketgan deb aza ochib o’tirishgan ekan. Rustam hatto Maxfirat xolaning uyidan ko’chib ham ketibdi. Unga yalinib-yolvorishsa ham u qizingiz yengiltak edi. O’zim uning o’sha bola bilan ko’z urishtirganini ko’rgandim. Shunday gapi bor ekan, nega meni o’ynatdi deb chiqib ketgani Maxfirat xolani yiqitibdi. U kishi kasalxonaga tushibdilar. U dunyo, bu dunyo Nilufarni ko’rishga ko’zim yo’q deb o’tirgan ekanlar.
Nilufar yana boshini yostiqqa tashladi. Keyin sochlarini yula boshladi:
-Endi nima qilaman! Endi nima qilaman!,-derdi, xolos.
-Siz yosh bola emassiz. Sizning yoshingizda bo’lganlar allaqachon mustaqil odam hisoblanadi. Qolaversa, katta oliygohni qarib bitirish arafasida turibsiz. O’zingizni ushlang, bizni ham tushunishga harakat qiling, qo’limizdan hech narsa kelmaydi, hayotimiz, kareramizni tahlikaga qo’yib sizga yordam qilayapmiz. Sovet davri bo’lganda Moskvaga shikoyat qilardik. Endi dardimizni kimga aytamiz. Yurtbosimizhing gaplarini eshitgan bo’lsangiz kerak, shikoyat yozgan odamning o’zini jazolash kerak, dedilar..
Olimjon shunday deb atrofga olazarak boqdi-da ovozini pasaytirib:
-Kim shikoyat yozsa mana menga keladi, deb turibdi. Alisherning otasi esa unga maslahatchi. Tog’ ularning qo’lida, tashlab yuborishsa hammamiz ezilib ketamiz. Bizga telefon qilib, ko’chaga qo’yib yuboringlar yoki adi-badi aytadigan bo’lsa psixbolnitsaga tiqib qo’ylaring deb buyurishdi. Ana u Alisher bo’lsa, menga berlaring deb po’pisa qilmoqda.
-O’zimni o’ldiraman, hammasidan qutulaman,-dedi Nilufar,-ha, o’zimni oldiraman…
U shunday deb yon veridan nimadir qidira boshladi.
-Quloq soling, axmoqlik qilmang, bizni ham o’ylasangiz-chi, sizni ko’chaga qo’yib yubordik, deb mana shu yerda yashirib turibmiz. Sizga yaxshilik qilaman deb hayotimiz yonib ketsinmi. Men ham yangiman bu yerda. Xo’p, men hali uylanganim yo’q. Ammo menga yordam berganlarning to’rt-beshtadan bolasi bor. Gapning ochig’i men bunday g’avg’oga kirmas edim. Ammo sizday aqlli, esli-hushli bir qizni shunday ahvolga tushirishgani meni qattiq tashvishga soldi. Qani adolat! Qani umidlarimiz… Mustaqillikdan shuni kutganmidik? Mustaqil bo’ldik deb yosh-yosh hayotlarni juvonmarg qilib yuboramizmi? Nima otasi prezidentga maslahatchi bo’lsa, istagan ishini qilaveradimi? Ikki kundirki, shaharda tinchlik yoq’. O’zi shu yerga kelib hamma boshliqlarni oldiga solib, sizni qidirib yuribdi. Agar bilib qolishsa biz yonib ketamiz…
Olimjonning chin yurakdan, kuyunib aytgan bu gaplaridan keyin Nilufar jim bolib qoldi.
-Bilasizmi ota-onalar ham axmoq, shuning uchun ham qizini oq qilish mumkinmi?
Xuddi Nilufarning yuziga kimdir tarsaki tortib yuborgandek bo’ldi, endi ilgari boshidan quyilgan olov bu safar ko’kragiga o’rmaladi.
Olimjon:
-Mana buni ichib oling,-deya Nilufarning boshidan ko’tarib, unga volidol ichirdi.-Kechirasiz, aytmoqchi emas edim, ammo og’zimdan chiqib ketdi. Bilasizmi, men surxondaryolikman, asli. Denovdanman. Toshkentga o’qishga ketaman desam, uydagilar qo’yishmadi. Uylantirib qo’yamiz deyishdi. Nima, ularning gapiga kirib, uylanib olib, keyin podaning orqasidan yugurib yurishim kerak edimi? Adi-badi gaplar bo’ldi. Aytishib qoldik. Otam “Oq qildim” deb yubordi. Chiqib ketdim. O’qishga kirdim, o’z kuchim bilan kirdim. Mardikorlik qilib bo’lsa ham o’qib bitirdim, mana endi meni kechirishgan, hozir yana bolam istaganing bo’lsa olib kel, to’y qilib beramiz, keyin yana qaytib ketaver, deb o’tirishibdi. Ammo yuradigan qizim yo’q, ish bilan bo’lib bu masala haqida o’ylab ham ko’rmabman.
Shu paytga qadar yuradigan qizim yo’q deyishi Nilufarni biroz o’ylatib qoydi. Ammo darhol xayollari yana ota-onasiga, Rustamga va buvisiga qadaldi. Hamma undan yuz o’girgan ekan, buvisi-chi? U kishi Rustamni o’z o’gillaridek yaxshi ko’rib qolgandilar. Nilufar mening betimga oyoq qo’yib ketdi, deb o’ylagan bo’lishlari kerak. Lekin ota-onasi-chi? U ota-onasi haqida ham o’ylar ekan, goho ularni tusungandek bo’lsa-da ammo koproq ulardan ranjiy boshladi. Rustamni esa o’ylashni ham istamasdi.
Agar yaxshi ko’rsa, nahotki shunchalik tez yuz o’girib ketadi? Nahotki sevgi deganlari shunday “lip” etib kelib, “lip” etib ketadigan bo’lsa? Bir voqeani so’rab-surishtirmasdan, organmasdan darhol xulosa chiqaraveradigan odam bilan hayotingni bog’lasang, boshingga ish tushishi bilan tashlab ketar ekan-da?
Shu payt bir kishi eshikni taqqillatib Olimjonni tashqariga chaqirdi. Zum o’tmay Olimjon hovliqib ichkariga kirdi.
-Alisher shu orada ekan, g’azzab bilan hammani so’roq qilayotganmish. “Menga u o’gil tug’ib berishi kerak” deb yurganmish. Ablah! Nima qilamiz, endi?
-Nima qilsangiz ham meni uning qo’liga topshirmang, bir umr qulingiz bo’lishim mumkin, ammo uning bir kunlik xotini bo’lmayman,-dedi Nilufar zorlanib.
-Boya sizga aytishga yuragim betlamagandi. U ablah Toshkentda ham Nulu meniki, u menga o’g’il tug’ib bergandan keyin, nikoh qilib, ikkinchi xotin qilib olaman,-deb iplos gaplarni tarqatgan ekan.
Ablah, deb o’yladi Nilufar! Alish-kalish… U maktabda ham shunaqa iplos gap qilib yurar edi. Shuning uchun ham unga “alish-kalish” deb laqab qo’ygandi…
Ammo Olimjon Nilufarga o’ylab ko’rish uchun ham vaqt qoldirmayotgan edi.
-Tez harakat qilmasak, birorta odam sotishi mumkin. Bilasiz bizda mansab uchun onasini ham sotadiganlar ko’p. Alisher bilan oshna bo’lishni istaganlar tiqilib yotibdi. Bu o’zi qanaqa dunyo ekan? Men militsiya, xavfsizlik xizmati xalqni himoya qiladi deb o’ylab bu sohaga o’qishga kirgandim. Aksi ekan, bular kechayu kunduz xalqqa qarshi ishlar ekanlar.
Men sizni vaqtincha ota-onamnikiga olib borib qo’yishim mumkin. Ammo ular “bo’lajak kelinim’ degan gap qilishlariga shubham yo’q. Buning ustiga mendan ham shubha qilib ota-onamning uyini tekshirib ko’rishlari mumkin…Shuncha dardingiz ustiga yana yuk bo’ladi…
Ammo Nilufarning qop qora zulmat qoplagan ko’nglida “lip” etgan uchqun uchib o’tgandek bo’ldi. Istarasi issiq… aqilli.. o’zini emas, boshqalarni o’ylaydigan… qahramon…
Bu uzuq-yuluq uchqunlar zumda tarqalib ketdi. Olimjon esa hamon gapirayotgan edi.
-Boysunda bir xolam yashaydilar, hozircha sizni ularnikiga olib borib qo’ysam bo’ladi. Siz tayyorlaning, men ishxonamga telefon qilib, kasal ekanligimni aytaman va hozirning o’zi yo’lga tushamiz, bo’lmasa kech bo’ladi.
Ko’ngil qo’ygan yigiting mana shunday, sen uchun o’zini ham, hamma narsasini ham fido qiladigan, tezda muammodan chiqish yo’lini topadigan, aqli charxlangan bo’lishi kerak. Bir zumda hamma narsani o’ylab, chorasini topmoqda. Lattachaynar emas. Hatto ota-onasining keyingi gaplari va harakatlarini ham taxmin qilib, mening ko’nglim og’rinmasligi uchun chiqish yo’lini topdi. Unga kim ham tegsa baxtini topadi. Har holda ko’z ostiga olgani bordur? Yoki… Yoki menga ko’z tikdimi? Bo’lmasa nega bu qadar fidoyilik qilmoqda? Agar ko’z tikkan bo’lsa, to’ppa to’g’ri ota-onasining uyiga olib bormasmidi?…
Ular Namangandan Jizzax orqali Samarqandga yetib kelganlarida kech kirib qolgandi.
-Shu yerda bir tanishim bor,-dedi bu yerga qadar indamay kelgan Olimjon.-Bozorning yonida yashaydi. No’xat, hasib pishirib sotadi. Uyini restorandan ham yaxshi qilgan. Juda tozakor odamlar. Ularnikiga kirib ovqatlanib, keyin yo’lda davom etamiz.
Nilufar indamadi. Nima ham derdi?
Uy egasi ularni yaxshi kutib oldi:
-Akamillo yaxshimisiz, yangamlar, bolalar yaxshimilar…
Bu gap Nilufarning xayoliga chaqmoqdek urildi. Ammo Olimjon:
-Bu yangam shunaqa, doim meni izza qiladilar. Bu deganlari yanga topdingizmi, bolalar bilan qachon kelasiz, deganlari,-dedi Olimjon.
Haligi Tojik ayol:
-Bizni to’yga aytmasdan uylanib oldingizmi deb jahl qildim, shuning uchun kelinposhshani bir qizdirayin, dedim-da,-dedi.
Nilufarning ko’ngli yorishib Olimjonga qarasa u ham tikilib turgan ekan. Uyalib ketdi va ko’zlarini olib qochdi.
Ovqatlanib bo’lishgach:
-Charchabman, shu yerda tunab qolamiz, yo’lga ertalab chiqamiz,-dedi Olimjon.
Bu juda ham qarorli yigit ekan. Agar shunday odaming bo’lsa aslo ko’chada qolmaysan. O’qishingga ham, ishlashingga ham o’rin qolmaydi.
-Darvoqe o’qishim nima bo’ladi?-dedi Nilufar Olimjonga.
-Avval joningizni qutqaraylik, keyin o’qishni ham o’ylab ko’ramiz,-dedi Olimjon beparvolik bilan.
U shunday deb uy egasiga:
-Yotadigan xona bormi?- degandi:
-Ana o’sha o’zingiz yotadgan xonanani yana tayyorlab qo’ydim,-dedi u.
-Har safar Surxondaryoga ketishda shu yerda tunab qolaman,-deya izoh berdi Olimjon va ichkariga kirib ketdi.
-Hov, kelinposhshani chaqirmaysizmi,-dedi uy bekasi birozdan so’ng.
-Yo’q, u kishiga boshqa xonadan joy qilib bering,-dedi Olimjon va qaytib chiqib:
-Nilufarxon, uzr, juda charchaganman, siz ham uxlang, haligi gaplar oramizda qolsin,-dedi.
-Hm, oralaringdan gap o’tibdi-da, yoshlikda ko’p gap-so’z bo’ladi. Ammobir tomon og’ir bo’lishi kerak. Hozir kirib, oyoqlari va yelkalarini bir uqalab qo’ysangiz, olam guliston!
Nilufar qizarib-bo’zarib ketdi. Ichkaridan yarim yalang’ozch chiqqan Olimjon:
-Yanga iltimos u kishiga joy qilib bering, boshlig’imning qizi bo’ladilr, hali roziliklarini olganim yo’q. Har xil gaplardan xafa bo’lib qolishlari mumkin,- dedi.
Nilufar uxlamasdan tongga qadar o’ylab chiqdi. Goh yig’ladi, goho xafa bo’ldi. Ammo shunday dovyurak va aqlli yigit bilan yonma-yon tushib qolgani esa unga taskin berdi. Shu paytga qadar u hatto qo’lini ushlamadi. Ammo dastlab yig’laganda bag’riga bosgandi, o’shanda Nilufar allaqanday bir his tuygan ammo dardlari ustun kelgandi.
Olimjon bo’ydoq bo’la turib, unga nisbatan befarqligi Nilufarda shubha ham uyg’otdi. Yana bularning hammasi Alisherning rejasi bo’lib chiqmasin? U Olimjonni qo’lga tushirib, meni bir chetga olib ketayotgan bo’lmasin? Negadir ba’zi gaplari sun’iy chiqib qolayotganga, yuragidan chiqmayotganga o’xshamoqda. Yonida shunday chiroyli qiz bo’lsayu u parvo qilmasa? E, chiroying qoldimi.?Ko’zlaring kirtayib, ahvoling bir hol bo’lib turibdiyu xayolingga kelgan narsaga qara!
Bu fikrlar xayoliga kelgani uchun Nilufar o’zini aybladi.
Axir Olimjon men uchun hayotini tikmoqda-ku? Dunyoda shunday fidoyi, adolatli insonlar ham ko’p. U o’ziga xos xarakterga ega. Balki ezilib-suzilib gapirishni yomon ko’rar? Balki ko’ngliga kelganini shartta aytib qo’yadigan odamdir? Unday bo’lsa, hali birdan “Sizga uylanmoqchiman” deb qolsa, nima qilaman? Uf, yana xayoling qayoqlargadir ketmoqda. Senga nima bo’lgan o’zi?
Nilufar Surxondaryoga borguncha ham ana shunday xayollardan qutula olmadi. Gap orasida Olimjon:
-Boradigan joyimiz, asl xolamniki bo’lmasa ham Xaticha xola chin xolamdan ham ziyod. Ilgari men Afg’oniston bo’yicha ishlaganimda, shu yerdan o’tib, shu yerdan qaytar edim. Ha, hali yoshku, ilgari ham ishlagan ekanmi, deb ajablanmang. Bu ishga juda yosh kirganman. Hali oliygohda ekanligimda taklif qilishgan. Kinolarda ko’rgan bo’lsangiz kerak, giyohvandlarni ushlash uchun ularning orasiga ayg’oqchi yuborishaidi. Meni ham shu ishga jalb qilishgan. Ammo tezda voz kechdim. Qarasam, hamma kattalar aralashgan. Vijdonimga tog’ri kelmadi. Tashlab ketay desam, qo’rqoqlik bo’ladi dedimda bu tizimning ichida qolib adolat uchun kurashaman deb o’zimga qaror berdim. Mana sizni qutqazishim ham shu yo’ldagi bir urinishim. Agar sizni qutqaza olsam, o’zimni baxtli his qilar edim.
Olimjon shunday deb Nilufarga qaradi va har ikkalasining ko’zlarida nim tabassum aylanagandek bo’ldi. Nilufar titroq ovozda:
-Rahmat…- dedi.
Xaticha xolaning uyi Boysunning markaziga yaqin joyda ekan. Xuddi shaharlardagidek qilib qurilgan. Hatto hovliga kiradigan temir darvozasi Toshkentni eslatdi.
Ularning kelishlaridan xolaning xabari bor ekan.
-Men telefon qilib qo’ygandim. Ha, darvoqe, men ketgandan keyin adashib birovga telefon qilmang. Alisher hamma telefonlarni eshitishga buyruq beribdi. Men maxsus asbobni qo’llab telefon qildim,-dedi Olimjon Nilufarni xolaga tanishtirib bo’lgach.
Xola, Nilufarni quchoqlagan bo’ldida choy olib kelay deb ichkariga kirib ketdi. Ular tashqaridagi so’rida o’tirishdi.
-Meni bu yerlarga tashlab ketasizmi? Men bu yerda nima qilaman? Qachon kelasiz?-dedi Nilufar.
-Men borib vaziyatni o’rganib, tezda qaytaman. Bir yo’lini qilamiz. Balki… balki sizni ota-onamnikiga olib borarman… Ular sizday sohibjamolni ko’rib quvonib ketadilar…
Nilufarnng vujudi tutrab, badanida nimadir o’rmalayotgandek bo’ldi va o’zini noqulay sezdi. Ammo shu bir gap uning yelkasidagi tog’ni yiqitib, shodliklar bog’ining eshigini ochib yuborgandek o’zini yengil sezdi.
Olimjon joy ichib, xola damlab qo’ygan oshdan yedi-da ichkariga kirib xolaga nimalarnidir tushuntirib, tahsqariga chiqar ekan:
-Men endi yo’lga otlanay, yetib bormasam, qidirib qolishadi, mening bu go’zalimni yomon ko’zlardan asrang, saunani ishga soling, oldin bir huzur qilib tashvishlarini unutsinlar, keyin hordiq oladilar…,-dedi.
U shunday deb mashinaga o’tirdida:
-Tezda qaytaman,-deb ketib qoldi.
Nilufar go’yo qushga aylangan va atrofdagi tog’lar tomon uchgisi, keyin yo’lga tushib Olimjonni to’xtatgisi kelardi. Xola uni saunaga boshlaganda dunyoda shunday joylar borligidan hayratga tushdi. Saunaning ichidagi taxtalar xuddi oltindek tovlanib turibdi. Kiraverishda yap yangi oyoq kiyimlari, yangi sochiqlar… Besh olti kishi cho’milishi mumkin bo’lgan hovuz tiniq suvga to’ldirilgan…
-Olimjon oltin yigit, xuddi o’z o’g’limday ko’raman uni, butun topganini shu yerga tashiydi. Bu uyda Toshkanda bo’lgan hamma narsani muhayyo qilaman, derdi faqat. Undan o’tkazib ham yubordi. Bir kuni unga bu uyda faqat bir hurliqo yo’q desam, “Ko’rasiz, hali bir kun hurliqo ham kirib keladi” degandi. Mana o’sha kun ham keldi…-xolaning bu gaplari Nilufarning quloqlariga mahkam o’rnashib qoldi.
U issiq saunadan chiqishi bilan xola uni ichgaridagi xonaga boshlab qo’l oyoqlarini uqalab qo’ydi:
-Aylanayin, bu qadar go’zal qizim,-deya turli atir upalarni olib kelib uni erkalata boshladi. Nilufar chet ellarda chiqadigan bu atr upalarni ko’rib hayron qoldi.
-Bularni Afgonistondan olib kelgan va “Bir kun men olib keladigan hurliqoga ishlatasiz” degandi…
Xolaning erkalashlari bilan Nilufarning ko’zi yumildi. Bir payt sochlarini silayotgan qo’lning taftidan uyg’onib ketdi. Qarasa, Olimjon…
-Sizni tashlab keta olmadim, yo’ldan qaytdim,-dedi u Nilufarning quloqlariga pichirlab.
-Meni hech qachon tashlab ketmang, siz bo’lmasangiz nima qilaman bu dunyoda?,-deya Nilufar yig’lay boshladi.
-Yig’lmang, doim yoningizdaman, endi men sizniki, siz esa meniki, hurliqomni topdim, nihoyat!
Olimjon harir xalatga o’ranib yotgan Nilufarni bir zumda qip yalang’och qilib, bag’riga oldi. Zum o’tmay Nilufarning qichqirig’idan xonaning derazasi zirillagandek bo’ldi. Ammo bu qichqiriq nolali emas, balki huzurbaxsh qichqiriq edi.
-Men shunday bo’ladi, deb hech o’ylamagandim. Men to’y bo’laman deb o’ylagandim,-dedi u charchab qolgan Olimjonning ko’kragidagi tuklarini silar ekan.
-To’y ham qilamiz. Agar juda istasangiz to’ydan keyin qiz bo’lib chiqasiz…
-Uyatsiz..- deya Nulufar qo’llari bilan Olimjonning og’zini bekitdi.
-Nima, tibbiyot oliygohida bu haqda gap bo’lmaganmi?
-Bas qilasizmi yo’qmi,-deya Nilufar Olimjonning ustiga chiqib oldi…
Shu payt telefon jiringladi. Xola Olimjonni chaqirdi. Olimjon eshikni yopib, narigi xonaga otdi-da Nilufar eshitmasin deya ovozini pastlatib:
-Hammasi zo’r,- dedi kimgadir.- Ammo hali videoga olishning imkoni bo’lmayapti. Biroz o’jar. Uch-to’rt kunda pishiraman! Pasportini esa tayyorlasa bo’laveradi!…
***
1991 yil
Bundan qariyb yuz yil oldin sodir bo’lgan deya aytib berilayotgan hikoyalarni berilib eshitib o’tirgan Karimov qoziga:
-Tohir nima qildi? Nozomul Mulkni o’ldirdimi yoki saroyga borguncha fikridan qaytdimi? Yoki qo’lga tushdimi?-dedi hokoyalarni tugating ma’nosida.
-Shayx Hasanning odamlaridan birortasi ham yo’lidan qaytgani haqida bugunga qadar ma’lumot yo’q,-dedi qozi. Suhbatni eshitib o’tirgan mufti ham boshini qimirlatib uning gaplarini ma’qulladi. Qozi yana so’zida davom etdi:
-Agar Tohir fikridan qaytganda uning joyiga boshqa odam baribir Nizomul Mulkni o’ldirar edi. Keyin Tohirni ham. Shayx buning ham chorasini ko’rib qo’ygan edi…
Karimov qozining gapini bo’ldi:
-U paytning odamlari boshqa, bugungilar boshqa. Bugungilarni faqat nasha bilan alday olmaysiz. Yoki Xudoni o’rtaga qo’ysangiz ham tonib ketishadi. Bugungilarga ishonib bo’lmaydi, kichkina mansab uchun hamma narsani sotib yuborishadi.
-Gap tarbiyada,-deya javob qildi qozi.- Sho’rolar davrida bularning iymoni ham, ishonchi ham yo’qoldi. Bu bir tomondan yomon. Ular Xudoga ishonmaydigan bo’ldilar. Ammo ikkinchi tomondan yaxshi. Ularni har narsaga ishontirish mumkin.
-Mening shayxlik qilishga na vaqtim, na toqatim bor,-dedi Karimov.
-Biz bir joyda yoshlarni junbushga keltiramiz. Siz ularning yoniga borib “Islom davlati qurib beraman” deysiz. Ammo keyin ularni quvg’inga olasiz, chiqib ketadigan yo’llarini biz tomonga burib qo’yasiz, oralaridan fidoyilarni man men o’zim tanlayman,-dedi qozi.
Ular yana ancha gaplashib, chiqib ketganlaridan keyin Karimov maslahatchisi Alimovga:
-Men bu ikki mullaga ham ishonmayman,-dedi.- Bunisiga muftilik kerak. Hozr unga qarshi kayfiyat kuchaygan. Mening madadim bo’lmasa onasini uchqo’rg’ondan ko’rsatishadi. Shuning uchun oshnasi qozini boshlab kelgan. Ammo ularni o’z og’zidan ilintirish kerak. Ular bizni emas, biz ularni qo’llanaylik. Aytganlarini qilaylik. Shu bahonada hamma diniy guruhlardan qutulamiz. Faollarinii qozining huzuriga jonatasan. Men yaqinda Hollandiyaga boraman va o’sha yerda bayonot berib, bizda diniy ekstremizm tahlikasi kuchli degan gapni aytaman. Shundan keyin butun G’arb ham bizning hamkorimizga aylanadi. Qozining yo’liga o’tganlarni esa g’arbga qarshi qo’yamiz. Bolalaringni to’plab, buning planini qilinglar. Bir joygan bir og’iz gap chiqisa og’zingni butunlay tikib qo’yaman..
Alimov odati bo’yicha indamay turdi. Karimov esa odati boyicha davom etdi:
-Samarqand rayoni bilan Pastdarg’om rayoni orasida Xishrav degan joy bor. O’sha yerda askarlarning maxsus poligoni bor. Hozir IIVning 7 bo’limi foydalanmoqda. Ularni birorta qurilish idorasiga ko’chir. Xishravda Shayx Hasanning yigitlariga o’xshagan fidoyilarni tayyorlaysan. Darvoqe, muftining uyiga tomdan bitta granat uloqtirib, uni dushmanlaring qildi deb qo’rqitib qo’ylaring. Qancha qo’rqsa, shuncha bizga yaqin bo’ladi. Agar o’yinda faol qatnashmasa bitta komissiya yuborib, delo qilib qo’y. Bularni yaxshilab jilovlamasang, paytini poylab qorningni yorishadi.
-Haligi guruhga oladiganlarimiz, o’zimiznikilardan bo’lsin-mi?-dedi Alimov. U hech qachon mana bu ishni mana bunday qilaylik demas edi. Taklifini savolga o’rab aytar va Karimov darhol uni tushunar edi. Endi ham u o’zimiznikilarni aralashtirmasak yaxshi bo’lardi degan gapni savolga o’rab Karimovning oldiga tashladi.
-Yo’q,-dedi Karimov,-o’zingniki go’rga ham yaramaydi. Boshqa millatlardan bo’lsin. Masalan MXXning ilgarigi Dzerjinskiy maktablaridan rus tilli yigitchalarni terib olasan. Shuningdek, qamoqlarni ko’rib chiq va milliy nizolar tufayli qamalganlar orasidan ham tanla!
-Bir ikkita o’zimizdan ham qo’shmasak, keyin mummolar chiqib ketmasmikan?,-dedi Alimov qo’lidagi papkasini ko’kragiga bosib.
-Undan bo’lsa, sport to’garaklarida chiniqqan bolalardan ham tanla. Avval bir narsa bilan ayblab qamaysan, urasan, momotaloq qilasan, o’limiga rozi bo’lsin, keyin men uni avf etib, katta maosh belgilab qo’aman. Shunda ham ota-onasi, yaqinlarini garovda saqlaysan.
-Har ehtimolga qarshi, bir narsani so’raqmochi edim,- dedi Alimov.- Mabodo chetga bir gap chiqib qolsa, nima qilamiz?
-Gap chiqmasligi kerak, tamom!
Karimov biroz o’ylab turdi-da,
-Bo’pti keyinchalik ularni Prezident gavrdiyasi deb rasmiylashtiramiz. Ammo rasmiylar yonida norasmiylari ham bo’lsin. Istagan paytda istagan odamni yo’qotadigan, uyiga o’t qo’yadigan, qochib ketsa ushlab keladigan, mitinglarni tarqatadigan, hukumatdagilarni, viloyatdagilarni kuzatadigan maxsus bo’limlar tuzasan. Yer ostida ilon yursa bilishimiz kerak.
-Bu MXXni ishiga o’xshab qolmaydimi?-so’radi Alimov.
-Ayni paytda IIV ni ham, MXXni ham nazorat qilamiz. Lekin hozircha bu idoralarning rahbarlarini qo’llan, keyin ularni yo’qotamiz. Sening bolalaringdan keladigan ma’lumot asosida ularning ma’lumotlarini bir ikki puchga chiqarsak, oyog’lari kuygan tovuqdek pitirlashib qolishadi. Ha, aytish esimdan chiqibdi, Jo’rabekov bilan Umrzoqov bitta hojatxonaga boradigan bo’lib qolishgan. Ikkalasi ham seni yomonlab yuribdi. Mana bu deloni tayyorlab kelishibdi. Rahim Rajabov ham ularga qo’shilgan. Hammasini kuzatuvga ol! O’zingga yaqin bolalardan birortasi bo’lsa, olib, kel, ish beraman, bu ham ularga tayoq bo’ladi…
Alimov shu kuniyoq Samarqanga bordi va viloyat hokimi Abdurahmonov bilan Xishrav posyolkasiga yo’l oldi. Avvaliga Abdurahmonov hech narsadan bexabar edi. Keyinchalik bilsa ham bilmaslikka oldi. Tez orada Xishravda maxsus batalon tuzildi. Alimov viloyat hokimiga, IIV vaziri va MMX raisiga prezident gvardiyasini tuzmoqdamiz, desa-da, aslida dor ostidan qochganlar bir joyga to’planayotganidan ular vahimaga tushayotgandilar…

OLTINCHI BOB

21 ASRNING BOSHI

Durdona Josuslik Xizmati boshlig’i bilan uchrashuvga tayyorlanar ekan, qanday qilib soqchilarini tashlab ketish haqida o’ylayotgan edi. Ularga har qancha ishonsa ham, Josuslik xizmati boshlig’i bilan uchrashgani dadasining qulog’iga borib yetishini istamasdi. U tashqi kiyimlarini ichkisiga almashtirib, xonadan chiqdi va:
-Sanlar borib dam olaveringlar, boshim og’rib turibdi, ertaroq yotaman, balki saharlab bir joyga boramiz, yo’limiz uzoq bo’lishi mumkin, yaxshilab dam olinglar,-dediu soqchilariga va:
-Ha, darvoza ochiq tursin! Sonya kelmoqchi edi. Kelsa mehmonxonadan joy qilib bering,-deya xizmatchi ayolga yuzlandi. Keyin unga bolalar ham darslarini qilib bo’lishlari bilan ularni yotqizishni buyurdi.
-Ammo darvozani ochiq qoldira olmaymiz,-dedi soqchilardan biri.
-Sen yana mahmadanalik qilayapsan, aytganni qil, bo’lmasa ertaga Toshkentga jo’natman! Sanga borib dam olgin, ertaga uzoq yo’lga chiqamiz dedim. Nima qilishni manga o’rgatmalaring!-deya baqirdi u.
So’ng xonasiga kirib qaytadan kiyindi-da, sekin yana tashqariga chiqdi. Hammayoq jim-jit edi. Soqchilarning xonasida ham sokinlik. U xizmatchi ayolni imladi va unga:
-Men bir tanishim bilan uchrashuvga ketayapman. Qachongacha beva bo’laman, balki bunisi yoqib qolar, uzoqdagilar bilishmasin,-dedi.
-O’libmanmi, opajon. Tilim kesilgan meni…,-dedi xizmatkor o’ziga bildirilgan ishonchdan g’ururlanib.
-Men ketgandan keyin ana ular chiqib qolishsa: “Bo’lajak pocchham bilan uchrashuvlari bor ekan, hech kimga aytmalaring”, deb tinchitib qo’y,-deya unga uqtirdi Durdona.
U hovliga chiqib “Mersedes”ni o’t oldirishi bilan soqchilar yugurib chiqishdi.
-Hoy-hoy to’xtalaring,-dedi xizmatchi ayol.-Sizlarga aytishga tortindilar, manga aytdilar, bo’lajak pochcham bilan uchrashuvlari bor ekan!
-Uff!,-dedi soqchilardan biri,-oxiri boshimizdan ayrilmasak bo’ldi. Bo’lajagi emas, sobig’i bilan uchrashsa ham biz yonida bo’lishimiz kerak!
Xizmatchi yana gapga aralashdi:
-Tog’ri, sobig’i bilan uchrashsalar, albatta yonlarida turishlaring kerak, lekin bunisi…
Xizmatchining gapini soqchilardan biri kesib tashladi-da:
-Nima qilamiz, orqadan kuzatib boramizmi?-dedi sherigiga.
-Jinnimisan, bu yer o’rmonning ichi bo’lsa, orqadan kelayotgan mashina darhol bilinadi. Keyin ishdan quvilmaylik, tag’in,-dedi ikkinchisi hushyorlik qilib.
-Biror kor-hol yuz bersa nima qilamiz?
-U holda mana guvohimiz bor…
-Balki Toshkentga xabar bersak-mi, Rustam akaning gaplari yodingdami, “Yer ostidan ilon o’tsa ham bilishim kerak” degan edilar.
-Avval aniqlash kerak, bu ilonmi yo’qmi? “Agar ketgan bo’lsa, sanlar nima yeb o’tiribsan” demaydilarmi?..
Ilgari Durdona soqchilarini o’ziniki qilib olgan edi. Istagan paytda olib ketardi, istagan paytda tashlab ketardi. Ammo Moskvaga kelgandan beri bu yerning vaziyatini biladigan odamlar kerakligini bahona qilib, uning soqchilarini almashtirishdi. U shundan beri ularga ishonmaydi. Bir ikki sinab ko’rdi. Sinovdan yaxshi o’tishdi. Ammo shunda ham ular oldingilarning o’rniga kelishgani unga tinchlik bermasdi.
Aytilgan manzilga yaqin qolganda mashinani bir chetga tox’tatib orqaga qarab turdi va orqadan kelayogan mashinalarni o’tkazib yubordi. Keyin cho’ntagidagi qog’ozni olib, adresni yana bir bor qarab ko’rdi.
Ikki kun oldin aeroportda unga oid oltinlarni olib qo’yishdi. Aslida u hamma narsani rasmiylashtirgan va Moskvadagi kazo-kazolar bilan ham gaplashgan edi. Shunga qaramay yuklarini aeropotda tortib olishibdi. Shundan keyin tanishlariga qo’ng’iroq qilsa, bu masalani faqat Josuslik xizmati rahbari hal qilishi mumkinligini aytishdi.
Unga telefon qilish yoki huzuriga borish uchun esa otasini xabardor qilishi kerak. Otasi shunday shart qo’ygan. Shu bois gazetada ishlaydigan dugonasi Sonya orqali Josuslik xizmati boshlig’iga xat yubordi va olingan javobda qayerga kelishi yozilgan edi. Manzilni topsa oziq-ovqat do’koni ekan. Hayron bo’lib turgandi, bir ayol unga yaqinlashib:
-Men sizni boshlig’imiz huzuriga olib boraman, mashinangizni do’konning orqasiga park qiling,-dedi.
Durdona ikkilanib turgandi, haligi ayol cho’ntagidan hujjatini olib unga uzatdi.
Josuslik xizmati boshlig’ining alohida topshiriqlar bo’yicha yordamchisi ekan. Shundan keyin mashinasini park qilib, haligi ayol haydagan taksida yo’lga chiqishdi.
-Uchrashuvimiiz josuslik kinolaridagidek bo’layti-ku?-dedi Durdona unga.
-Pensiyaga chiqqandan keyin biz ham birorta kinoga senariy yozamiz-da,-dedi haligi ayol yarim rasmiy ohangda.
Bu Durdonaning yuragini g’ash qildi. U ayol ham xato qilganini tushundi shekilli:
-Ammo bizda pensiyaga chiqish yo’q-da. Oxirigacha ishlaymiz,-dedi.
Lekin shundan keyin ham suhbat qovushmadi. Taksi bir qancha ko’chalarni aylanib bir bog’ ichidagi hovliga kirib bordi. Durdonani Josuslik xizmatining boshlig’i o’zi kutib oldi.
-Bu yerda ilgari faqat otangiz bo’lganlar, sizning mamlakatingizdan boshqa hech kim bu yerni bilmaydi. Bitta bilgani bor edi. Ilgari sizlarda Ichki Ishlar vaziri bo’lgan. Ammo u o’lib ketgan. Otangizning bir o’giz iltimoslari bilan undan voz kechilgan. Oradan o’n yil o’tganiga qaramay bu xabar hech qayoqqa sizmadi. Bizning uchrashuvimiz ham tabiiyki sir tutiladi,-dedi u salom alikdan keyin Durdonaning qo’lini o’pib uni ichkariga boshlar ekan.
-Ammo men birovni o’ldirishni iltimos qilish uchun kelmadim. Agar shunday ishni qoyil qiladigan bo’lsalaring, bu haqda ham gaplashaveramiz,-deya kuldi Durdona.
-Oldindan aytib qo’ya qolay, Amerikadan boshqa joyda bo’lsa, qilamiz. Ammo…
-Shamol qayoqqa esishini bildingiz-a?-dedi Durdona.
-Albatta, ayolning qasosi birinchi galda sobiq eriga yo’nalgan bo’ladi…
-Nima uchun Amerikada qila olmaysizlar?-qiziqdi Durnona.
-Ikkalamizning oramizda qolsin, siz ilgari bu ishni istaganingizda, topshiriq olgan yigitlar borib otangiz bilan gaplashishganini bilasizmi?
-Yo’q…
-Otangiz ularga izn bermaganlar. Chunki biz otangizga tushuntirib qo’ygan edik.
-Unday bo’lsa otam menga dashnom bergan bo’lardi? Darvoqe buni siz qayoqdan bilasiz? Nega siz tushuntirib qo’yasiz?
-Ishimiz shu, hamma narsani bilish.. Nega otangiz izn bermadilar va nega sizga aytmadilar. Otangiz aqlli odam. Nimadan keyin nima bo’lishini biladilar. Otangiz rahbarlikka o’tganlarida siz hali tug’ilmagan edingiz. O’shanda rahbarlikka o’tadigan har bir odam bizning tegirmonimiz orqali o’tardi. Otangiz bu tegirmondan tirik chiqqan odam. Amerikaliklar bilan har kimni ham o’ynata olmaymiz.
Amerikaliklar hamma narsani kechirishadi, ammo hududiga borib zo’ravonlik qilsangiz hech qacon kechirishmaydi. Bu masalada nafsoniyatalari juda baland. Shuning uchun ham men suhbatning avvalidayoq bunday ishga kira olamsligimizni aytdim. Otangiz bu haqda sizga bildirsalar, keyin sizni nazorat qila olmas edilar.Gapning indallosi biz izn bermagan edik…
Keyingi paytda otasi bilan orasiga sovuqlik tushgan Durdona bu gapdan jahl qildi.
Ilgari qo’lida ishlagan bir yigit Amerikaga qochib ketdi va sirlarini olamga yoydi. O’shanda xorijiy radiolarda har kuni uning moliyaviy ishlari haqida gap borardi. Buning ustiga AQSH kongressi ham uning masalasini ko’ra boshladi. Boshqa tomonda esa sobiq turmush o’rtog’i uni sudga bergandi. Kechalari bilan uxlamay chiqardi. Hirsi lov-lov yonardi. Sobiq eriga yengilgisi kelmasdi.
Bir kun qo’riqchilarining kattasiga sobiq erini yo’qotishni buyurdi. Ammo bahona ustiga bahona topishdi. Shunda otasi chaqirib qoldi.
-San jim yurasanmi, yo’qmi?-dedi otasi.
-Nima qilibman?-deb javob berdi zaxarxandalik bilan Durdona.
-Voy, manjalaqqining qizi, yana nima qilibman deydi-ya?! Nima, otang, hech narsani bilmaydimi, dunyoga sharmanda qilding-ku? Qaysi qog’ozga qarasam seni isming. Bu ketishda go’rga kirasan!
-Kirsam kiribman, sizga nima?-deya qo’rslik bilan javob qildi Durdona.
-Menga nima? Nimani ko’rsatib qo’yaman sanga. Qanaqa oyoq tashlab yurganingni bilmaydi deb o’ylaysanmi?
-Bilsangiz nima qilay? Meni ham Jasliqqa yuborasizmi?
-Jasliqqa onangni yuboraman! Sani esa singling bilan birga Chalmatovga topshiraman, bugun borgan joylaring bor’ku, ana o’sha podvalda chiritadi! It ham so’ramaydi sanlarni! Juda rahm qilsam. Kerak bo’lsa, okeanning naryog’iga topshirib yuboraman!
Shu kuni Durdona singlisi bilan Chalmatovning huzuriga borishgandi. U yerda sobiq erining qarindoshlari yotgandi. Ularning qiynoqlarga solinganini o’zi suratga olib, sobiq eriga yubormqochi edi. Chalmatov ularga “tomosha” ko’rsatib berdi. Yerto’ladan chiqishar ekan opa-singil qalt-qalt titrashar edi. Quloqlarining ostida mahbuslarning ingrashlari, ko’zlarining oldida ularning tirnoqlarini so’kib olishgani…
Durdona otasi aytganini qiladigan odam ekanligini bilgani uchun ham tilini tiyishga majbur bo’ldi. Otasi ham biroz jahldan tushgan bo’ldi va:
-Ana bittasini topib qo’ydim, Sarvarjonni. Keyingi haftaga to’y. Agar odam bo’lib u bilan yashasang o’rnimga o’shani qo’yaman va undan keyin bilganingi qilib yuraverasan,-dedi otasi.
Durdona boshini egib turgandi bu gapdan yana o’t oldi.
-Nima men sizga qulman-mi, istagan paytda sotasiz? U lattani men yaxshi bilaman, endi hezalak bilan yashamaganim qoldimi?
-Agar gapga kirmasang, ko’zimdan yo’qol! Daf bo’l, bu yerlarda qorangni ko’rmayin-ki urib oyog’ingni sindiraman. Meni butun millat otam deydi, oyog’imni o’padi. San bo’lsang manga gap qaytarsan, yo’qol. Qorangni o’chir!
Shundan keyin uni darhol Moskvaga jo’natishgandi. U otasidan xafa bo’lib hamma boyliklarini Moskvaga tashiy boshladi. Shu orada oltinlari qo’lga tushib, mana endi Josuslik xizmati boshligi bilan shu haqda gaplashaman deb kelsa, gap boshqa tomonga aylanib ketdi.
Durdona gapni aylantirib hujum qilib ko’rmochi bo’ldi:
-Meni bu yerga olib kelgan xonim pensiyaga chiqsalar filmga senariy yozishlari mumkin ekan, qolaversa siz yoki sizdan keyingi odam mening o’g’limni shu yerda qabul qilganda bu uchrashuv haqida aytib qo’yishi ham mumkin…
-Siz aslida razvedkachi bo’lishingiz kerak ekan, meni darhol ikki nuqtada ushladingiz,-dedi mezmon.
-Mendan razvedkachi chiqmaydi,-deb qo’ya qoldi Durdona hujumi darhol puchga chiqqanidan ruhsizlanib.
-Nega chiqmas ekan, go’zalsiz, aqllisiz, chaqqonsiz…
-Rahmat! Rahmat!-deya kulib qo’ydi Durdona.
-Ana u shofer qizdan xavotir olmang. U pensiyaga chiqsa ham gung bo’lib o’tadiganlardan. Lekin kelajakda sizga sodiq xizmat qiladi. Ilgari otangizni bu yerga olib kelgan odam haliga qadar u kishiga yordamchi…
Durdona otasining yordamchisini yaxshi biladi. Juda ayyor odam. Otasidan boshqa odamni bir tiyinga olmaydi. U otasidan oldin ham shu ishda ishlagan. Hamma undan qo’rqadi. Ammo shu lahzada mezmon u haqda o’ylashga izn bermayotgan edi.
-O’g’lingiz masalasiga kelsak, siz otangizning bu yerda bo’lganidan faqat ishonch tuyganingiz kabi u ham bizga ishonishi uchun aytilsa, ajab emas. Lekin bu uchrashuv qaydiyatdan tashqari.
-Men oltinlarim haqida hamma idorani xabardor qilgan edim. Umuman Toshkentdagi oltinlar bu tomonga oqsa nimasi yomon, sizlar boy bo’lasizlar-ku?- Durdona asosiy maqsadga o’tib qo’ya qoldi.
-Faqat bizlar emas, siz ham…
-Xo’p men ham. Lekin bu bilan meni ham boshqalarni ham cho’chitib qo’ydingizlar.
-U yerda har ikki tomondan ham xatolik bo’lgan. Yuk 20 tonna deb ko’rsatilgan ekan va amalda 25 tonna bo’lgan.
-Buni oldindan qanday bildingizlar? Chunki yuk ushlangandan keyin tortib ko’rilgan. Qolaversa yukni diplomatik yo’l bilan olib kelgandik-, ajablanishini yashirmasdan ochiq gapirdi Durdona.
-Unutmang, hali 15 yil oldin bitta mamlakat edik. Hali ham ildizlarimiz musthakam. Men faqat otangizning yordamchisi haqida gapirdim. Ammo MXXda asosan bizning kadrlar ishlashini unutmang. Buning uchun ham otangizga rahmat. Siz yosh edingiz, 1991 yilda Oliy majlis sessiyasida MXXni tarqatib yuborib, o’rniga yangitdan milliy bir tashkilot tuzishmoqchi bo’lganlar chiqishgandi. O’shanda otangiz qahramonlik qildilar va MXXni saqlab qoldilar. Shu bilan o’zlarini ham saqlab qoldilar.
-Demak faqat otamni emas, meni ham nazorat qilasizlar?
-Vazifamiz! Hamma narsani va hammani nazorat qilamiz.
-Mening soqchilarim ham bo’lmasa sizlarga…
-Hozircha yo’q. Biz unchalik pastga tushmaymiz. Lekin siz istasangiz ularni ham almashtiramiz.
-Qanday almashtirasiz?
-Har qanday aqlli odam ham oddiygina narsalarning yechimida qiynalib qoladi deyishgani rost ekan…
Bu gap Durdonaga qattiq tegdi. Xuddi axmoqligini ko’rsatib qo’ygan odamdek xijolat chekib qoldi. Rais payt kelganini sezgandek:
-Lekin biz tomondan qilingan xatoni tuzatamiz, 20 tonna oltinni aytilgan joyga yetkazib qo’yishadi,-dedi.
-Qolganichi?
-Qolgani rasmiylashtirilmagani uchun keyinroqqa qoladi. Munosabatlarimiz darz ketmasa uni ham olasiz.
-Lekin baribir yomon bo’ldi, bu haqdagi gaplar matbuotga ham chiqib ketdi…,-dedi Durdona.
-Mish-mishlar chiqdi, xolos, biz buni rasman rad etsak, mish-mishligicha qolib ketaveradi. Otangiz bu gaplar haqida so’ragan edilar, tekshirib chiqamiz, deb masalani orqaga tashaldik. Lekin siz bilan mening har kun uchrashuvim qiyin. Imkoniyatdan foydalanib ba’zi narsalarni gaplashib olsak.
-Nimani?
Durdona shunday deb atrofga qaradi. Bino uch qavatli bo’lib ular birinchi qavatda, kiraverishdagi joyda o’tirishgandi. “Hammayoqqa yozib oluvchi jihozlar qo’yib tashlashgandur? Bu suhbat dadamga borib yetsa nima bo’ladi? Shunday ham har kun baqirgani baqirgan. Oyimning miyasini yeb tashladi. O’zi-ku kuyovini yoqtirmas edi, endi ajralgandan beri ikki gapning birida “Meni dunyoga sharmanda qilding” deb aytadi. Uni o’zi topgan edi. O’zi yoqtirmadi. O’zi haydadi. Endi yana o’zi baqiradi. Shunaqa ham zolim bo’ladimi odam?
Durdonaning xayolga botganini ko’rgan rais:
-Siz meni Volodya deng, men esa sizni Dilya deyman,-dedi.
-Dugonalarim Dilya deyishini butun dunyo biladi…Shu gaplarni tashqarida gaplashsak bo’lmaydimi?-dedi Dilya.
-Nega endi? Yoki bu yerda gaplarimizni yozib olishadimi deb xavotir qilapaysizmi?. Xavotir olmang bu yerda yozishmaydi. Lekin tashqariga chiqib gaplashsak ham bo’ladi. Faqat tashqarida naryoqdagilar satelet orqali suhbatimizni yozishlari ham mumkin. Shung uchun siz Dilya bo’la qolsangiz yaxshi. Bu yerda esa biznikilar, endi o’z boshliqlarini yozishadimi?
-Bir paytlar hatto “Gorbach”ni ham yozishgan-ku? Mana endi ochildi. Sizni ham yozishlari mumkin,-dedi kinoya bilan Durdona.
-Yozadigan bo’lsalar nima tashqarida yozishmaydimi? Lekin biz yashiradigan narsalar haqida emas, kelajagimiz haqida gaplashayapmiz. Buning sizning mamlakatga ham, bizga ham foydasi bor. Biz hech qachon endi eski tuzumga qaytmaymiz. Qaytadigan bo’lsak, besh-olti yildan beri yalinib yurgan Belorusni allaqachon qo’shib olardik.
-Unda Ukrainadagi inqilobga nega bu qadar jahllaringiz chiqmoqda,-deya kinoya qildi Durdona.
-Bu jididy masala. Bizni bo’g’zimizdan bo’g’ib olishmoqchi. Bilasiz, MDH katta bozor. Bozor uchun hammavaqt kurash bo’lgan. Oddiy bozorda ham savdogarlar ertaroq borib, yaxshiroq joyni egallashga urinadilar. Bugun kim dunyoga ko’proq qurol sotsa o’sha mamlakat boy bo’ladi. Bu oddiy haqiqat va biz MDHni qo’ldan chiqrmaslik uchun kurashamiz. Chunki dunyoda eng katta qurol ishlab chiqaruvchilardanmiz. Qolaversa, Turkman gazini Avropaga biz sotamiz. Gaz sizlardan o’tib keladi. Yana ham qolaversa paxta va hokazo. Bularni sizga aytib o’tirishning hojati yo’q. Mendan yaxshiroq bilasiz.
-Nega endi qo’shib olmaymiz deyapsiz, agar biz istasak-chi?
-Hech qachon istamaysiz. Otangiz ham istamaydi. Xalqingiz ham istamaydi. Ikki marta qo’shib olib biz nimaga erishdik? Bugun endi bizning xalq ham istamaydi? To’g’ri istaydiganlar bor. Ammo bu ishni amalga oshiradiganlar oxiri yaxshi bo’lmalsigini biladilar. Checheniston xalqimizning toqatini bitirgan…
-Checheniston masalasi bu sizlarning ichki kurashingiz. Hokimiyat uchun kurashni Chechenistonga ko’chirgansizlar…
-Balki… Demak, bu o’yinga mos odamlarni o’sha yerdan topganmiz. Xullas, sabablari ko’p. Sizlarni esa yaqinimizda tutib, oldi berdi qilishni va boshqalarning orqa tomorqasi bo’lib qolmasliklaringni istaymiz. Biz oldin o’z mamlakatimizni oyoqqa qo’yib olishimiz kerak. Shu bilan birga yaqinimizda bo’layotgan voqealarni ham shunday kuzatib tura olmaymiz.
-Kerak bo’lsa sizlar ham G’arbning musiqasiga o’ynab ketasizlar, Volodya,-dedi Durdona bo’sh kelmaslikka harakat qilib va ko’chma nomga o’tib.
-Biz hech kimning musiqasiga o’ynamaymiz, Dilya. Agar o’ynaganimizda hozir ikkalamiz gaplashib o’tirmagan bo’lardik. Mana siz Moskvaga ishga kelganingizdan keyin sizni ushlash haqidagi talabnomani olganmiz.
Volodya shunday deb papkadan bir qog’ozni olib Dilyaga uzatdi. Dilya unga ko’z yugurtirdi-da:
-Pashshadan fil yasashadi, buni o’zingiz ham bilasiz,-dedi.
-Ammo ular pashshani emas, haqiqiy filni ushlashga umidvor. Mana bu talabnoma ham o’sha kezlarda kelgan.
Endi Voldya “Traffiking” deb nom olgan va turli maqsadlarda xotin-qizlarni chetga sotish bo’yicha Dilyaning shirkatlari shug’ullangani haqida ham uni so’roq qilish kerakligi borasidagi talabnomani unga uzatdi.
-Mening shirkatim yoshlarga ish topib bergan. Koreya, Arab davlatlariga yuborib ularni ish bilan ta’minlaganman. Bu ham G’arbga yoqmaydi. Chunki arzon ishchi kuchuni hammadan ko’proq ular istaydilar. Mana endi to’hmat qilishmoqda.
-Buni to’hmat deb bo’lmaydi. Birgina Dubayda mamlakatingizdan bir yilda 563 nafar ayol fohishxonalarda ushlangan va ularning aksariyati sizning shirkatlaringiz orqali chetga chiqqan. Ularga mana shu kifoya. Ko’rdingizmi, siz yaxshi niyat bilan ish qilayapsiz, kimlardir buzuqchilik qilayapti va aybni sizga qo’yishaypti. Shuning uchun ham biz bunga e’tibor qilmadik, dedi Volodya.
Dilya xayolga botdi. Demak, bu hamma narsani biladi. Birinchi marta shu taklif kimdan chiqqandi o’zi? Esladi. “Pantera” klubida ishlaydigan bir yigit kelib:
-Mafiya hozir qizlarni chetga sotish bilan shug’ullanmoqda. Bir yilda bir necha million pul qilishayapti. Shularning ham tanobini tortib qo’ysih kerak degandi.
Shundan keyin Durdona “reketchi” bolalarni mafiyachilar oldiga yuborib ularga qoshimcha soliq solgandi. Ko’p o’tmay mafiyachilarning kattasi uning yoniga keldi:
-Opa bu ishni sizning yordamingiz bo’lmasa rivojlantira olmayapmiz. Bir tomondan Ichki ishlar vazirligi, ikkinchi tomondan Xavfsizlik xizmati, keyin prokuratura ham haq talab qilayapti. Sizning panohingizga o’tsak, ana shulardan ham qutulgan bo’lardik. Hozirgidan ko’proq foyda qilardik, oltmishi sizga, qirqi bizga,- dedi.
-Yo’q,-dedi Durdona o’shanda,- to’qsoni menga, 10 senlarga. Bu senlarning ko’proq ishlashlaringa yo’l ochadi va taltayib ham ketmaysizlar. Ana u idoradagilarga ayt, mening oldimga kelishsin, haqlarini o’zim berib qo’yaman…
Durdona avaliga chetdan shakar, sariq yog’ olib kelar va bojxona haqi hamda soliq to’lamasdan katta daromad qilardi. Ammo yangi ish unga hech qanday tashvish tug’dirmadi. Juda tez rivojlandi. Faqat Arab davlatlariga emas, bu yog’i Hindiston, naryog’i Portugaliyagacha ham qizlarni pullashdi, ham yosh yigitlarni ishga yuborib ularni quldek ishlatib katta daromad qilishdi. Kelgan millionlarni esa chetga chiqarib xorijiy banklarda to’play boshladi. Shularni o’ylab:
-Volodya, hali kutib turing, banklarda ham shuncha puli bor degan qog’oz olasiz,-dedi.-Chunki bolalarim masalasini ko’rib chiqqan sud borgunimga qadar o’tgan har bir kun uchun 500 dollardan jarima belgilabdi. Hozirning o’zi bu pul ancha bo’lgan. Ertaga falon bankda puli bor ekan, bizga bering, deb ham talabnoma yuborishadi.
-Yuborishgan,-dedi Volodya va yana bir qog’ozni ko’rsatdi va:
-Mayli, bular bilan asabingizni buzmaylik. Lekin Kayman orollaridagi pullaringizni Qibrizga ko’chirishni maslahat beraman. Ularning nazorat hududidan chiqishingiz kerak. Otangiz Shvetsariya, Fransiya va boshqa mamlakatlarning banklarida ham sizning nomingizga oltinlar qo’ygan. Ularni ham ko’chirish kerak. Agar bir nuqtaga kela olsak, o’ylaymanki kelamiz, chunki buning bizdan ham ko’p sizga foydasi bor, o’zimiz yordam beramiz. Man bu qog’ozlarga esa e’tibor qilmang. Bu hammasi hasad, ko’ra olmaslik, tuzoqqa ilintirish uchun qilingan urinishlar. Ammo biz prezidentimizning bir og’iz gaplari bilan bularni arxivga qo’yganmiz. Faqat bugun uchrashganingda ko’rsatib qo’y, bizning unga yomonligimiz yo’q dedilar.
-Hali bu uchrashuvimizni u kishi biladilarmi?-deya hayratlandi Durdona.
-Albatta, men u kishidan izn olmasdan bunday uchrashuvga qaror bera olmasdim. Bilardim, siz oltinlar masalasini o’rtaga qo’yishingizni. O’zingiz aytgandek, bu matbuotga ham chiqib ketdi. Hammasiga u kishidan izn oldim. Sizga hurmatlari juda baland. Biror kun o’zim ham uchrashib gaplashaman dedilar.- Shunday deb Volodya yana gapni hujjatlarga burdi:
-Ko’rdingizmi, bular kelganiga besh-olti oydan oshdi. Agar biz sizga do’st bo’lmasak, o’zimizni yaqin tutmasak ushlab berardik. Orada shunday shartnomamiz bor. Hatto otangiz jahlimizni chiqarib turganda ham buni qilmadik. Ularga izn berib, shu yerdan sizni ushlab ketishlariga ko’z yumish bilan otangizni ularga qarshi qayrashimiz mumkin edi. Lekin buni ham qilmadik, chunki sizning tomiringizda bizning qonga yaqinlik bor. Biz onangizni hurmat qilamiz. Biz hech qachon o’z yaqinimizni sotmaymiz. Biz bitta odammiz…
-Rahmat! Lekin baribir har qanday himmatning ham ortida maqsad bo’ladi?-dedi Dilya.
-Chunki biz sizga ishonardik. Kelajakda siz bilan ish qilishga ishonardik,-dedi Volodya.
-Shuning uchun oltinlarni ushlagan ekansizlar-da?!
-Yo’q bunday emas, desam baribir shubha qilasiz, mayli sizningcha shunday bo’lib qolsin, menga ko’ra esa orada anglashilmovchilik bo’lgan. Biz hammasini bilardik va hatto o’sha qo’shimcha besh tonna qayerga ketganini aniqlab keyin sizni tuzoqqa ilintirishimiz mumkin edi. Buni qilmadik. Chunki bizga tuzoqqa ilingan odam emas, siz kabi qo’rqmas, mustaqil odam kerak.
-Men nima uchun kerak, sizlarga?
-Otangiz qarib qolmoqda, Buni tan olasizmi yo’qmi, baribir bu haqda o’ylashimiz kerak. Qarigan sari u kishi o’zi bilmagan holda maydonni okeanning naryog’idagilarga bo’shatib bermoqda. Ularni siz bizdan yaxshi taniysiz. Ularga qolsa sizni ham ushlab ketishsa.
-Dadam bilan bir necha marta tortishib qoldik. Dadam juda o’jar. Meni hali ham bola deb o’ylaydi va fikrim bilan hisoblashgisi kelmaydi, -dedi Dilya yuragiga yaqin gap ochilganidan yengil tortib.
-Lekin birgalikda ish qilsak, dadangizni yo’lga solish mumkin. Bundan ham muhimi u kishidan keyin biz u yerda yo sizni, yoki siz istagan odamni ko’rishni xoxlaymiz. Ular o’z odamlarini tayyorlab qo’yishdi va inqilob qilib hokimiyatni unga olib berishmoqchi. Darvoqe, ilgari ham 25 tonna oltinni ushlashgan ekan, u sizga oid emasmidi?
-O’shandan keyin bu partiyani rasmiylashtirgan edim-da, ammo bolalar besh tonnasini shunday qo’shib yuborishibdi,-dedi Dilya erkalangan ohangda.
-Uni ham qaytaramiz. Lekin otangizni qanday qaytaramiz bu jumboq bo’lib turibdi. Biz bilan o’yin qilayotganga o’xshayapti. Hamma gapimizga “xo’p-xo’p” deb ayni paytda ularga ham yo’l berayotgani bizga yoqmayapti.
-Dadam, ojar boladek gap, aytganini otasi olib bermasa, jahl qilib to’nini teskari kiyib oladi. Sizlar unga nimanidir yo’q degan bo’lsalaring kerak-ki okeanning naryog’iga ham kulib qaraydigan bo’ldi.
-Aslida biz o’zimiz kulib qarashni aytgan edik. Lekin bunchalikka borishini kutmagandik. Uchrashuvlariga bizning odamlarni olmaydigan odat chiqardi.
-Dadam juda o’jar va bir fikrga yopishib olsa undan ajralishi juda qiyin. Siz boya aytgan gapni unga bir necha yo’l orqali isbotlash kerak. Hatto buni o’zingiz yoki Prezident rasman aytishlari ham kerak. Bunga ham shubha qiladi. Balki biror joyda majlisda aytish kerak. Shundagina ishonadi,-dedi Dilya.
-Men yoki prezident aytishimiz qiyin emas. Istagan qadar dalillar ham qo’yamiz o’rtaga. Ammo ochiq aytish bu bo’lmaydigan gap.
-Xo’p, ularning rejalarini menga aytishingiz mumkinmi?
-Mumkin. Masalan, ular bir qancha nohukumat tashkilotlarini Toshkentda ro’yxatdan o’tkazishdi. Endi viloyatlarda ham bo’limlar ochishdi. Hozirning o’zida bir qancha yosh jurnalistlarning boshini aylantirib olishdi. Keyin inson huquqlari bilan shug’ullanadiganlar ham ko’payib ketdi. Muxolifatni ham ular boshqarmoqda. Veb sahifalar qilib berishdi. Hatto programmalarini yozib berishmoqda. Tomchi, tomchi to’planib daryo bulur degan maqollaringiz bor. Buning ustiga naryoqdan kelgan harbiylar binolar qurib muqimga qolishgandek ish qilishmoqda.
-Ha, ular nima deyishsa dadam shuni bajarmoqda. Ularga dadamdan ham yaqinroq odamni topish oson bo’larmikan. Dadam ulardan juda qo’rqadi va ayni paytda faqat ular yordam berishi mumkin deb biladi. Sizlardan esa amaliy yordam ololmayman deb o’ylaydi.
-Ularga ham dadangiz kerak. Lekin ularning rejimi boshqa bilasiz. Ichkaridan siyosiy bosqi ostida qolishsa darhol rejalari oz’garadi. Buning ustiga ular demokratiyani yoyish asosiy planimiz deb e’lon qilib yuborishdi va bu yo’lga juda katta mablag’ni yo’naltirishmoqda,-dedi Volodya fikrini asoslashga urinib.
-Ha-ya, sizlarni ham tinch qo’yishmoqchi emas,-dedi Dilya kinoyaomuz ohangda.
-Ko’rdingiz Gruziyada nima bo’ldi? Ukrainada ham oldini ololmadik, axmoqlar gapga quloq solishmadi, endi bu narsa siz tomonlarga ham yoyiladi. Nohukumat tashkilotlarining idoralarida har kuni 40-50 kishini to’plab qanday qilib Chausheskoni yiqitishganini, Gurjistondagi, Ukrainadagi inqilob haqida o’zlari olgan hujjatli filmlarni namoyish qilishmoqda. Ammo dadangiz bunga e’tibor qilmayapti. Qancha ma’lumot kiritayapmiz, ammo ko’z yummoqda.
-Yaxshilab tushuntirsa e’tibor qiladi…
-Gap o’sha tushuntiradiganlarda, dadangizni atrofini G’arbga quloq soladiganlar o’rab olgan, asta sekin ularni u kishiga ta’sir qila olmaydigan joylarga o’tkazish kerak. Bunda siz katta rol o’ynashingiz mumkin…
Ular uzoq gaplashdilar. Bu birinchi uchrashuv bo’lgani uchun Volodya ko’proq xushomad qilib, Durdonani o’zini o’ziga maqtadi. Anchagina ichganlari uchun ham Volodya jiddiy masalalarni gaplashishni orqaga oldi. Ammo ular xayrlashar ekanlar Durdona:
-Unutmang, dadam isbotni yaxshi ko’radi. Uni bir marta ishontirsangiz bas, qolgani juda oson bo’ladi. 1999 yil Fevral, 2004 yil Aprel voqelarida sizlarning qo’llaringiz bor degan gaplar chiqqan edi. Tag’in ular sizlardan oldinga o’tib dadamni ishontirib qo’ygan bo’lishmasin.
-Qoyilman, hali ham shu haqda o’ylapsizmi?-dedi Volodya.-Bo’pti dastlab, birorta maqola chiqaramiz.
-Chiqaravering, u ham kerak, lekin dadamga u kifoya qilmaydi.
-Nima qilamiz bo’lmasa?
-Kamida yo bayonot berishingiz yoki birorta minbardan shu haqda gapirishingiz kerak. Masalan, Dumaga hisobot berish uchun borganda gap orasida buni ham qistirib o’tasiz. Istasangiz Dumada yopiq majlis qiling, keyin dadamga stenogrammani yetkazamiz.
-Men kattalar bilan gaplashib ko’raman, ammo siz mendan ham balo ekansiz,-dedi Volodya.
-Bizda balo so’zini ham yaxshi ham yamonga ishlatadilar.
-Agar yomonga ishlatadigan bo’lganimizda shuncha vaqtni sizga bag’ishlagan va yana uchrashishga orzumand bo’larmidik?
-Yana qachon uchrashamiz?
-Sonya orqali xabar yuboraman,-dedi Volodya Dilyaning kaftini o’z kaftiga bosar ekan.
-Unga ishonsa bo’ladimi?-deya so’radi Dilya.
-U mening ishonchli odamim…
-Lekin ba’zan dadamni yomonlab yozardi-da…
-U paytlarda dadangizni tanqidiy maqolalar orqali yo’lga solib turardik.Kerak bo’lsa ertaga sizni maqtab yozadi.
-Hali erta, dadam shubha qilib qolishi mumkin…
-Erta deb kutib o’tiversangiz ertalar tugamaydi. Menimcha bitta-bita chiqarib dadangizni ham o’rgatish kerak. Masalan avval sizga qarshi chiqqanlarga javob uyushtiramiz. Keyin esa alohida suhbatlar va maqolalar. Odamlar ko’p o’qiydigan vebsaytlarimiz ham bor. Ularni ham ishga solamiz. Qarabsizki, otangiz ham sizdan faxrlanadigan va sizga ishonadigan bo’lib qoladi. Mayli qolgan gap va rejalarni keyingi uchrashuvga saqlaylik, vaqt ham allamahal bo’ldi,-deya Volodya Dilning qo’lini o’pdi.
-Bitta savolim bor, shu dadamning yuragida bir soniya bo’lsa-da sizdan yuz o’girganiga ishonasizmi?-dedi Dilya.
-Yo’q, ishonmayman, dadangiz bizning odam bo’lgan va bizning odam bo’lib qoladi. Ammo qaridi…Qolgan gaplar esa, shunchaki suhbat edi. Asosiy gaplarni keyingi safar gaplashamiz!
Volodya shunday deb Dilyaning yonog’idan o’pdi-da mashinaga mindirib, jo’natib yubordi.

YETTINCHI BOB

20 ASRNING OXIRI

Qoraboy aka bilan hech kimning ishi bo’lmay qo’ydi. U har kuni uch marta ovqat olib keladigan yigitdan boshqa hech kimni ko’rmaydi. Nonushtaga bir burda qora non bilan bir qog’oz qutida sovugan choy olib keladi. Tushlikka esa eskirib, mitalab ketgan guruch solingan butqa. Kechqurunga sho’r karamdan qilingan borshch. Uni ichsa kechasi bilan tashnasini bosolmay chiqadi. Chunki suv ham uning istagiga qarab emas, ularning istagiga qarab beriladi.
Ovqat va suv kamligi bir tomondan yaxshi deb o’yladi Qoraboy aka, aks holda xona bundan ham battar sasib ketardi. Ilgarilari bu yerga tergovchilar kelib turishgani uchun xona chetidagi axlat va najas qutisini har kuni olib chiqishga buyurishardi. Shu bahonada u ham kameradan chiqqan bo’lardi. Endi esa bu uch kunda yoki to’rt kunda bir marta.
Inson hamma narsaga ko’nikuvchi ekan. Ammo bir narsaga ko’nika olmas, u ham bo’lsa o’zi bilan o’zi kurashga. Ichki jangni bas qilaman deydi, ammo bas qila olmaydi. Unga ko’nikaman deydi, ammo ko’nika olmaydi. Uning uchun kun bilan tunning, uxlash bilan bedorlikning farqi qolmagan. Ko’zi yumilganda tun, ko’zi ochilganda kun. Ko’zi ochildi deguncha xayoliga kelgan ilk narsa “Hali tirik ekanman” degan gap bo’ladi. U har kuni “Bugun o’lib qolsam kerak” deb o’ylaydi.
Bolaligida eshitgan gaplari yodiga tushadi. Odam o’limidan oldin Azroilni ko’rarkan. Shundan biladiki, umrining so’nggi kelgan. Qoraboy aka Azroil qayoqdan kelar ekan deb xonaning tirqishlariga termulgani termulgan. Nega kela qolmaydi? Nega vujudimdagi bu og’riqlar, ruhimdagi bu azoblarga chek qo’ymaydi? Men nima gunoh qildimki bu qadar meni qiynaysan, Rabbim? Yoki meni yaratib qo’yib, unutib yubordingmi? Astag’furullo! Nimalar deyapman-a? To’g’risini aytayapman. Boshingga qilich kelsa ham to’g’risini ayt deb o’zing o’rgatgansan, Rabbim!
Shu bergan ne’matingni ol qo’y, uni istmayman! Bu ne’mat jonimga tegdi. Yashashdan hazar qilaman. Bu dunyo yo’lg’onligiga ishondim. Ammo u dunyo rostligiga ham ishonmayman. Qudratingni namoyon qilib ishontir meni!
Bu dunyoni sinov deyishadi. Agar adolatsizlik, qiynoqlar, tahqirlar bilan sinaydigan bo’lsang, o’tmadim sinovingdan, ol berganingni!
Shunday kezda ichki “men” uni bosimga olardi. Nima endi Xudo seni yaratib qo’yib, hamma tashvishingni ham ko’tarsinmi? Sen Xudodan istaganing istagan, ammo unga nima berding?
“Nima berishim kerak?”
“Nega ibodat qilmayapsan, balki Xudo seni joningni ibodat paytida olishni buyurgan bo’lsachi?”
“Xuddo bitta mening ibodatimga qarab qolganmi, o’ziga ibodat qilishlari uchun bandalarini o’tdan olib o’tga solishi kerak-mi?”
U shunday dediyu xuddi Azroilni ko’rgandek sevinib ketdi. Tavba, odam Azroilni ko’rishdan ham sevinar ekan-a? O’limga yaqinlashishdan ham sevinar ekan-a, odam!
U o’rnidan turib namoz qilmoqchi bo’ldi. Qibla qaysi tomonda ekan deb o’ylab qoldi. Har holda bir parcha yorug’lik tushadigan ana u tuynik tomonda bo’lishi mumkin, degan fikr o’tdi xayolidan. Nima bo’lsa ham o’sha yoqni o’ziga qibla qilib oldi va boshini sajdaga qo’ygan edi holsizlikdan qaddini qayta rostlay olmadi.
“Ko’rdinmi, boring mana shu, tag’in Xudodan shikoyat qilasan”, dedi ichki sado. U ichki sadoga o’chakishib o’rnidan turib o’tirdi va keyin tik turmoqchi bo’ldi. Tizzalari xuddi nina botgandek zirqirab og’riy boshladi. U qiynala-qiynala ibodat etayotgan payt birdan eshik ochildi.
-Ha, jon kirib qoldimi, zerikib qoldingmi?-dedi navbatchi.-Ma, mana buni yodla. Har kuni uch marta aytib berasan, bo’lmasa ovqat ham suv ham yo’q.
Navbatchi shunday deb uning basharasiga bir parcha qog’ozni otdi. Olsa Barot Boyqobilov degan shoirning she’ri ekan:
“Prezident el uchun misoli Padar,
Barchani ko’radi farzandi qadar.

Vatanim deb qilmish jonini fido,
Panohida doim asrasin Xudo!

Falokatga qilib ko’ksini tikka,
Xudo saqlab qoldi uni O’zbekka!

O’zbekiston buyuk kelajak sari,
Qadam qo’ydi-omon bo’lsin sarvari!

Islom nuri bilan davlat bezansin!
Har dilda iymonning chirog’i yonsin!”

Qoraboy aka shoir zotidan nafrat qildi. Bir paytlar qaysi bir mulla “dinda shoirlar qoralangan” deganda undan hazar qilgan bo’lsa shu damda u to’g’ri aytgan ekan deb o’yladi. Bittasi ana u Abdulla Oripov. Faqat “Islom otam” deb gapiradi va faqat “Islom otam” deb yozadi. Uning oshnasi Erkin Vohidov esa “Sizga otilgan o’q menga tegsin” degani degan. To’xta, kim o’q otdi unga?
Mana endi yana bittasi chiqibdi. Balki ular haqdurlar? Balki rostdan ham “Islom aka” najot qal’asidur?
Qoraboy aka birdan Karimovga xat yozgisi, undan madad so’ragisi keldi. Balki rostdan ham u bu yerda nima bo’layotganini bilmas? Agar bilganda shunday katta shoirlar u haqda qo’shiqlar yozisharmidi?
Astag’furullo, dedi ichki nido. Senga nima bo’ldi? Hali yaqindagina hamma narsa Karimovdan boshlanadi deb aytib yurgan odam birdan undan najot izlab qoldingmi? U bu kamerada nima bo’layotganini ko’rmasligi mumkin. Ammo shunday bo’layotganini biladi. Agar u mana bularni rag’batlantirmasa, aksincha jazosini bersa, bular devordan ham qo’rqadigan bo’lishardi. Hozir esa devorni ham qiynab gapirtiradigan bo’lishgan. Bir zumda u fikridan qaytdi. She’rni bir chetga uloqtirdi.
Ammo navbatchi kechqurungi ovqat oldidan undan she’rni yoddan aytib berishni talab qildi. U aytolmadi. Sovugan choy va borshchdan quruq qoldi. Yaxshi deb o’yladi. Tezroq o’laman. Ammo o’lish qayoqda. Qorning do’mbira chalib tursa, tomog’ing qurib qolsa o’lim ham qochib ketar ekan.
U kamerada sullayib o’tirar ekan, yoniga yana bir kishini olib kelishdi. O’zi sichqonning inidek tor joy bo’lsa, yana bittasini olib kelganlariga balo bormi?
U odam mulla ekan.
-Ablahlar, Xudodan ham qo’rqishmaydi, betga xatimga kelgandim, ushlab olishdi,-dedi haligi yigit.-Okam kasal. Ollohdan shunga najot so’rab, bechoralarga xizmat qilib yuribman. Okamning do’sti xatim qilgan ekan, shunga kelgandim. Nima emish, men vahobiy emishman? Vahobiy sening mufting bo’ladi! Saudiya Arabistoni qirolining o’g’li bilan o’qigan! Vahobiy sening prezidenting bo’ladi, Saudiya Arabistoniga borib, Ka’bapo’sh olib kelgan. Vahobiylar bilan og’iz burun o’pishganlarga indamay, bizga qo’l uzatishadi, ablahlar, mentlar!
U va’zini tugatmasidan yana olib ketishdi va bir soatdan keyin olib kelib tashlashdi. Bechorani uraverib momotaloq qilishibdi. Arang o’ziga keldi.
-Meni ismim Pirmat,-dedi u,-oshnalarim Pirmatcha ham deyishadi. Tashqarida odamingiz bormi?
-Bor, qarindoshlar…
-Yo’q, birorta ishongan odam bo’lsa teppaga xabar berardik, u yerda odamim bor, mana bularning onasini ko’rsatar edik, ikkalamizni ham bu yerdan olib chiqishardi,-dedi u.
Ammo Qoraboy aka yelkasini qisib qo’ydi. Mega “cha” qoshimchasini qo’shishiar ekan? Bo’yi past bo’lganda ham tushunish mumkin? Pirmatning bo’yi emas edi. Uning bo’yi ham past emas. Novchadan kelgan, qirra burun. Tushkunlikka tushmaydigan, yorug’likka intiladigan, o’qigan yigit ekan.
-Hammayoqni din dushmanlari bosib ketdi,-dedi u.-Ularning hammasi imom bo’lib machitlarimizga kirib olgan. Turkiyada bitta Otaturk degan diktator o’tgan. Bularning hammasi o’shaning ishi. Usmonlini yiqitib, dinni qaytadan tuzmoqchi bo’lgan, ablah! Hamma jomelarga bittadan ayg’oqchi kiritgan. Dindorlarni o’limga hukm qilib, agar o’lib qolgan bo’lsa hatto qabrdan chiqarib qaytadan osdirgan. Keyin sho’rolar ham uning tajribasini olganlar, mana endi kofirboshi ham shu ishni qilmoqda.
Qoraboy aka avval Pirmatni ayg’oqchi deb taxmin qilgan bo’lsa, keyin unga ishona boshladi. Yolg’izlikda paydo bo’lgan umid edi bu. Ko’p narsani biladi. Ayniqsa dindan yaxshi xabari bor ekan.
Qoraboy aka umidsizlikni tark etib, Pirmatning hayotga muhabbat to’la hikoyalarini eshitib qaytadan tirilayotgandek his etdi o’zini. Har kun undan bir narsani so’rar edi. Bugun Dajjol haqida so’radi:
-Bir kun payg’abarimiz (s.a.v.) uyqudan turib, Dajjolning qayoqdan chiqishi menga ayon bo’ldi debdilar. Keyin Dajjolning biz tomonlardan chiqishini aytganlar. Dajjol odamga o’xshagan maxluq bo’lar ekan. Teppamizda o’tirganni ko’rsam uning ichida Dajjol yashiringan deb o’ylayman. Yuzi sovuq. Ko’zlari sovuq. basharasidan qo’rqib ketasan.
Pirmat shunday deb atrofga qaradi. Keyin devorlarni urib-urib tekshirgan bo’ladi.
-Bularning hamma joyda qulog’i bor, ammo men qo’rqmayman. Tog’am bularning boshlig’i. Eshitib qolsa hammasining uyini kuydiradi. Lekin ba’zan eshitsa ham eshitmaslikka oladi. Mening Dajjolni yomon ko’rganimni biladi. Lekin o’zining ham dardi ko’p.
-Tog’angizni shunday katta ishga qo’ygan bo’lsa nega uni yomonlaysiz,-dedi Qoraboy aka.
-Men Dajjol haqida gapirayapman, siz bo’lsangiz boshqa odam haqida o’ylayapsiz,- Pirmat shunday deb qo’li bilan atrofni ko’rsatdi.-Aslida yurtboshimiz juda yaxshi odam. Xudo yaratgan yakto odam. Agar Xudo istamaganda u shuncha odamning boshiga shuncha yil rahbar bo’lib o’tirarmidi?
-Stalin ham o’tirgan,-dedi Qoraboy aka.
-Birinchidan Stalin musulmon bo’lmagan, ikkinchidan, u Xudosiz bo’lgan, uchinchidan Xudo bu xudosizlarni boshqa bir xudosizning qo’li bilan jazolagan,-dedi Pirmat.
-Qanchadan qancha begunoh odamlar o’lgan…
-Biz qayoqdan bilamiz, ular begunohmi yo’qmi, Xudo o’zi biladi, endi Dajjolga qaytsak, Dajjol kelganda hammayoqni hech kim bilmagan, eshitmagan kasalliklar bosib ketar ekan. Ko’rib turibmiz, nima bo’lganini. Keyin hamma bir-biriga to’hmat qilgan, bir-birini qiynagan, otani bolasidan bolani otasidan ajratgan…
Qoraboy aka yana Pirmatdan shubha qila boshladi. Bu menga oid gaplarni bilgani uchun shunaqa deyayotgan bo’lmasin tag’in deya o’ylanib qoldi va sir bermaslikka, gapirmaslikka ahd qildi. Pirmat Dajjol haqida uzoq gapirdi. Navbatchi eshikning teshigini ochganda u:
-Oka ming dollarlik ish bor,-dedi.
-Orqangga tiqib qo’y o’sha ming dollaringni,-dedi navbatchi.
-Solihboyev tog’am bo’ladilar, mening bu yerdaligimni yetkazib qo’ysangiz, o’zlari ming dollarni kerakli joyingizga solib qo’yadilar…
Solihboyevning nomini eshitgan navbatchi:
-Balki Karimov amaking bo’lar, nima Solihboyev Toshkandan uylanganmi?-dedi.
-Ha-da, tog’am samarqandlik, ammo kennoyim toshkanlik. Mani adam ham. Siz faqat Pirmat shu yerda deb birov orqali yetkazib qo’ying, bas. Qachongacha bu yerda axlat tashib yurasiz, darrov yuqoriga ishga o’tib ketasiz. O’zingiz qo’rqsangiz, yaqinlaringizdan bittasiga ayting, men beradigan raqamga telefon qilib, kennoyimga aytib qo’ysin, yetadi.
Navbatchi eshikni yopib ketdi. Qoraboy aka yana Pirmatga ishona boshladi. Pirmat Qoraboy akani kunduz kuni uxlashga va yarim tundan keyin gaplashishga undadi.
-Yarim tundan keyin itning ham, mushukning ham uyqusi keldi. Gaplarimizni yozib oladigan tasmalari ham tugab qoladi,-derdi.
-Rostdan ham tog’angiz bu idoraning boshlig’i bo’lsalar sizni qamashga qanday jur’at qilishdi?-deb so’radi Qoraboy aka Pirmatdan.
-Tog’am hali boshliq emas. O’rinbosar. Ammo boshliq bo’lib qolishi mumkin deb o’ylashadi. Inoyatov juda tullak odam. Dajjoldan dars olgan. Ozgina kallasi ishlaydigan odamni yo’qotishga urinadi. Hozir bu idora ikkiga bo’lingan. Bir tomonda Inoyatovning odamlari, ikkinchi tomonda tog’amning. Ichki kurash bor. Dajjol tog’amni chaqirib “Inoyatovni yo’qotib berasan” deb topshiriq qo’ygan. Ammo tog’am Dajjol Inoyatovni ham chaqirib “Solihboyevni yo’qotasan” deganini eshitgan. Bular hammasi bir-birini kuzatadi, bir-birini eshitadi. Shuning uchun hozir kurash ochiqcha bormoqda. Tog’amning odamlari Inoyatovning qaraindoshlarini kuzatishadi. Uning odamlari esa bizni. Men Toshkentdan chiqishim bilan orqamga tushishganini sezdim. Ammo ushlab, qamab qo’yishadi deb o’ylamagandim. Buning ustiga kaltaklashdi ham. Demak, ish jiddiylashgan. Tog’amning qarmog’iga yaxshi bir o’lja tushgan-ki, bular ham pitirlab qolishdi.
Qoraboy aka hayratda qoldi. Balki bu yigitning aqli o’ynab qolganmikan deb o’yladi. Unday emas. Hamma narsani biladi, hamma narsadan xabari bor.
-Dajjol bir kuni Inoyatovni bo’shataman degandi u “Ilgari bizda ishlab ketgan Kamolov degan vazir Moskva yaqinida bir guruh yigitlarni tayyorlab sizni o’ldirmoqchi” deb uni qo’rqitdi. Bu idorda esa Aliyev degan odam rais edi. Inoyatov va tog’am uning qo’lida ishlashardi. Kamolov voqeasini topib Inoyatov Aliyevni chetlattirdi va kursiga o’zi o’tirdi. Tog’am Kamolov voqeasi uydirma ekanini isbotlovchi hujjatlarni Dajjolga olib borgandi uni Inoyatovga o’rinbosar qilib qo’ydi. Shundan beri ular it mushuk. Aliyevni o’ldirib yuborishdi.
-Sizni bahona qilib tog’angizni bo’shatishlari ham mumkinmi?-deb so’radi Qoraboy aka.
-Ha, yo’q, bugungacha men bir necha marta tushib chiqdim. Meni qamasalar tog’am darhol Alimov degan odamning o’g’lini qamaydi. Alimov Dajjolning maslahatchisi. O’g’li Toshkanning eng katta mashina o’g’risi. Uni ushlashdimi, Alimov Inoyatovga chiqadi. U esa tog’am ushlab turgan odamni o’z holicha qo’yib yubora olmaydi. Keyin kelishadilar. Gap shundaki, tog’am xabardor bo’lishi kerak.
-Bular xabarni yetkazmasliklari ham mumkin…
-Yetkazadigani topiladi. Bu yerda ham hamma joyda bo’lgani kabi ikki guruh bor. Ilgari bu yerga kelgan ammamning o’g’lini ushlashganda bizga xabarini yetkazishgandi. Mana ko’rasiz, yana bir ikki kun o’tsin, munosabat oz’garadi. Hali oyog’imni o’pib qoladiganlari keladi. Agar Inoyatovning odami tog’amning to’riga tushgan bo’lsa, uning o’zi xabar tezroq tog’amga yetishini istab qoladi.
-Bu idorada ham hammayoq o’yin ekan-da!-deya ajablandi Qoraboy aka.
-O’yin bo’lmagan joy bormi, taqsir. Mana Ichki ishlar vazirligida yettinchi bo’lim bor. Bilasizmi qancha odam ishlaydi, 15 mingta. Birortasini ham tanimaysiz. Hammasi institutlarni bitirgan bolalar. Hatto xotin-bolasi ham qayerda ishlaganini bilmaydi. Qurilish tashkiloti yoki zavodda ishlayman deydi. Ishga kelgan joyi rostdan ham qurilish tashkiloti deb yozib qo’yilgan bo’ladi. Ichkarisi mentxona. Kirib hujjatlarini oladi, fotoapparatlarni oladi, yani mashinani oladi. Keyin boshliqlardan topshiriq olib odamlarni kuzatshga chiqadilar. Kimni xoxlasalar o’shani kuzatadilar. Har qanday to’g’ri odamdan ham xato topadilar. Keyin o’sha odamni siquvga oladilar. Bersa berdi, bermasa rasmlar teppaga ketadi. Shuncha yosh yigitlar vatanga xizmat qilayapmiz, jinoyatchilarni ushlayamiz deb o’ylashadi. Aslida kattalarga xizmat qilishadi. men o’sha yerda ishlab chiqqanman. Ikki yil muxolifat a’zolarini kuzatdim. Bechoralarning qorni nonga to’ymaydi. Shunga qaramasdan adolat bo’lsin deb harakat qilishadi. Biz bo’lsak orqalaridan kuzatib, kim bilan uchrashdi, kimnikiga bordi, hammasini rasmga olardik.
Bir kun ikki muxolifatchi bir joyga to’yga bordi. To’y qilayotgan odam soliq idorasining rahbari ekan. Kuzatib tursak shunaqa ko’p rahbarlar kelishdiki, shunaqa ko’p sovg’alar keltirishdiki, og’zimiz ochilib qoldi. Qo’rqmasdan ochiqchasiga “yashil”idan tutqazganlarini suratga oldik. To’yda ham faqat dollar sochishdi. Uy joyi ham shunaqa ekan-ki og’zimiz ochilib qoldi. Hammasini taxtlab, katta boshliqqa olib borsam: “Axmoq, senga muxolifatni kuzatishni topshirganman” deb rasmlarni basharamga otgan. Yerdan terib olaman desam, qo’limdan yulib olgan.
Shundan keyin tog’amni ishga solib tashlab ketdim u yerni. Keyin “jiyan” ekanligimni bilib qolibdi, uyimga pora ko’tarib keldi. Nima istarkan, desam, tog’amning idorasiga o’tmoqchi ekan.
-Yordam berdingizmi?-deya so’radi Qoraboy aka.
-Men ham pulini basharasini otib yubordim. Yerdan terib olgandi, qo’lidan yulib oldim. Pullarni olib borib To’xtaboy machitiga berdim. Lekin sobiq boshlig’imga yordam bermadim. Baribir o’tdi, faqat tog’amning guruhida emas, unga qarshi. Yegan kaltaklarimdan o’sha dollarning hidi kelmoqda..
Qoraboy aka uchun birdan hayot qiziq bo’lib qoldi. Bu dunyoda o’zi yolg’iz emasligini his qildi. Qiynalgan, azob chekkan, aldangan, xiyonatga uchragan faqat u emas ekan. Butun dunyo o’yindan iborat ekan.
Rostdan ham oradan ikki kun o’tib Pirmat aziz odamga aylanib qoldi. Uning oldiga kelib ketadiganlar, unga xushomad qiladiganlar qo’paydi. Pirmatni boshqa joyga ko’chiradigan bo’lishdi. U Qoraboy akani ham o’zi bilan birga oldi.
Yangi joyda yana besh kishi bor ekan. Ular juda dindorlar bo’lib, hukumatga qarshi ishlarda qatnashgan ekanlar. Bittasi mirshabni o’ldirgan, ikkinchisi hukumat odamining boshni uzib ketgan ekan. Uchinchisi katta mulla ekan. Qolgan ikkitasi Misrga borib kelib turisharkan. Ular ham Karimovni Dajjol deb gapirishardi. Tezda Pirmat ularga ham yoqib qoldi. Pirmatning odamlari kelib kamerani maxsus tekshirib, u yoq, bu yoqqa o’rnatilgan “quloq”larni topib olib, “Mana endi erkinsizlar” deb chiqib ketishdi.
Pirmat tinmasdan Dajjolning yomonliklari haqida gapirardi. U namoz paytini soatsiz ham bilar va o’rnidan turib qo’lini qulog’ining orqasiga qo’yib azon ayta boshlardi. Keyin mulla akani oldinga surib, o’z orqasida turar va qolganlarni ham bir safga tizardi. Namoz tugashi bilan Pirmat bir tomonga alohida turib yana bir necha karat namoz o’qirdi va keyin yana suhbatlariga hammani mahliyo qilardi.
-Yettinchi bo’limda ishlaganimda muxolifat rahbarlaridan birini kuzatdim. U mashinasiga Ichki Ishlar vazirligining nomerini taqib olgan edi. Hukumat nomeri bilan yursang, qanday qilib muxolifat bo’lasan? O’zbekmiz-da, kim nima desa ishonaveramiz. Ayniqsa, pulim bor desa, tanishlarim bor desa, hukumatni olayapman desa tamom, laqqa ishonamiz qo’yamiz.
O’shanda birov uning mushugini “pisht” demas edi. Istasa kirib Dajjol bilan gaplashar, istasa bizning vazir bilan. Lekin hamma narsaning kushandasi bor. Uni ham kuzata boshlashdi. U juda laqmaroq, soddaroq odam edi. Orqasidan qadamba-qadam kuzatsang ham shubha qilmasdi. O’ziga juda ishonardi.
Bir kun yarim tunda chiqib yo’lga tushdi. Do’rmonga yetmasdan bir hovlidan yosh bir juvonni mindirib oldi. Keyin Bo’stonliq tomonga yo’l oldi. Shahardan chiqib ketdik, atrofda tirik odam yo’q. Biz orqasidan ochiq kuzatib borayapmiz ham hech narsadan shubha qilmaydi.
Bir vaqt bir teppalikdagi uyning yonida to’xtadi. Ayol mashinada qoldi. U esa ichkariga kirdi. Biz uzoqroqda to’xtadik. Chunki hovli yonida mashinalar ko’p edi. Aylanib hovlining ichiga o’tdik. Qarasak anchagina kazo-kazolar shu yerda ekan. Derazaga anttena o’rnatib suhbatlarini yozdik. Gap Dajjolni o’ldirish haqida edi. Yozib oldik. Tashqariga chiqib atrofni kuzatib, qizni ham rasmga olish haqida o’yladik. Qiz shunday chiroyli ekan-ki, binaqasini hech ko’rmagandim. Yoshlik-beboshlik. Borib mashinaga o’tirib oldim, esi chiqib ketdi. Biqiniga tapponchani qo’ydim. Shu payt haligi muxolifatchi chiqib qoldi. U mashinaning orqasida o’tirganimni ham sezmadi. Tavba, bu qanday qilib muxolifatchi bo’ldi deyman o’zimga o’zim. Ayolning tovushi chiqmaydi. Nimadir bo’lib, avzoyi buzilganmi, muxolifatchi Toshkanga qaytgunga qadar gapirmadi. Ayol bir-ikki yutindi ham parvo qilmadi. Tog’ri o’zining uyiga keldi va mashinadan tushib, uyiga kirib ketdi. Bechora juvon mashinada qoldi. Men uni orqadan kelgan o’zimizning mashinaga mindirib olib ketdim.
Bir kun qarasam haligi muxolifatchi haqida bir maqola chiqib qoldi. Yoshlar uni shunaqa himoya qilishdi-ki, asti qo’yavering. Bu qissadan hissa shulki, halligi qiz o’sha muxolifatchining eng yaqin do’stining kelinchagi ekan. U kelinchakni eridan ajratib olgan ekan. Shundan keyin eri devonasifat bo’lib qolibdi. So’ng sarson-sargardon yurib, o’lib qoldi.
O’shanda haligi muxolifatchi do’sti haqida shunaqa zo’r gaplar aytdi-ki, mening ham ko’zimga yosh keldi. Keyin bilib qolsam o’sha bechora do’sti uning sevgilisidan ajratib olgan, darvesh qilgan muxolifatchi haqida shubha ham qilmagan va aksincha unga bag’ishlab kitob yozgan ekan. U o’lgandan keyin esa muxolifatchi uning kitoblarini nashr etdi. Xo’sh, Dajjolni o’rtadan ko’tarsak kunimiz o’shanga qoladimi? Yoki o’shanga o’xshaganlargami?
Bu hikoya Qoraboy akaga tanish edi. Lekin shunday bo’lsada Pirmatga qarshi chiqdi.
-Uka hammani bitta qilich bilan chopmang, bittasi yomon bo’lsa, ikkinchisi yaxshi…
-Aka, har bitta odamga bittadan qilichni qayerdan olaman,-dedi Pirmat.-Mana man degani shu bo’lsa, boshqasidan nima kutasiz. Undan ko’ra qo’rqmasdam o’zimizdan chiqaraylik. Mana Abdusoli domlani yoki Sobitxon domlani yo’lboshchi qilib ko’tarish kerak.
Bu gapdan keyin suhbat qo’r qoldi.
-Ular dinsizlar mamlakatiga bosh bo’lishni istamaydilar,-dedi bir yigit.
-Kim dinsizlar mamlakati haqida gapirmoqda. Agar hokimiyat olinsa bir oyda dindorlar mamlakatiga aylanadi,-deb javob qildi Pirmat.
-Hamma odam dinni istamayadi-ku?- dedi Qoraboy aka.
-Unaqa demang. Xoxlamaganlarni, dindan qaytganlarni kofirlar yurtiga jo’natamiz,-dedi Pirmat.
-Demokratiya yaxshiroq emasmi?-dedi Qoraboy aka tovushini ichiga yutib.
-Demokratiya dinning dushmani. Dindan qaytdimi jazosini berish kerak,-dedi Pirmat qat’iy qilib.
-Dinda bundan hukm yo’q. Qolaversa bugungi dunyo bilan ham hisob-kitob qilish kerak. Bo’lmasa ishlar oldinga yurmaydi. Bugunga qadar biror joyda ham saodat davlat qurilmadi, nega? Buni ham o’ylab ko’rishimiz kerak,-deya suhbatga qo’shildi yigitlardan yana biri.
-Qurilgandi, Xorrun Rashid zamonida, buncha ham pasiv bo’lmang, bu ham demokratlarning ta’siri,-dedi Pirmat. Mulla ham unga qo’shilganini bildirgandek, boshini silkib qo’ydi.
-Men o’shandan keyin nega qurilmadi, deyapmanda, taqsir. Chunki doim o’yin qilishmoqchi bo’lishdi. O’yin qilmaslik kerak, hamma narsani o’z aslida yaratish kerak. Qur’oni Karim qanday buyurgan bo’lsa shunday qilish kerak,-dedi haligi yigit fikrini boshqa tomondan aylantirib kelib.
Pirmat u yigitni hovirdan tushishga chaqirdi.
-Agar mana shunday deb tursak o’zimiz ham, yana minglab birodarlarimiz ham mana bu zindonlardan qutulmaydilar. Bizda ham programma minumim va progaramma maksimum bo’lishi kerak. Minumum shuki, Dajjolni bartaraf etib, istiqlolga yo’l ochish kerak, maksimum esa saodat saltanatini qurish bo’ladi.
Bahs tinmasdi. Qoraboy aka uchun yangi hayot boshlandi. Ko’nglining bir chetidan haqiqatdan ham sinov boshlangan ekan, bu yerda ko’p narsani angladim, degan fikr o’ta boshaldi. Ammo oilasi haqida xabar ololmagani unga tinchlik bermasdi.
Rustam, Otabek qayerda ekan? Nima qilishayotgan ekanlar? Bu savollar ko’nglida paydo bo’layotgan umidni so’ndirib yuborar edi.
U bir kun ko’nglini Pirmatga ochib qoldi.
-Xavotir olmnag, ertagayoq xabar topaman, ularning qayerdaligini bilib olamiz,-dedi Pirmat.
-Tog’angizni shuncha imkoniyatlari bor ekan, nega sizni chiqarib olmayaptilar,-dedi Qoraboy aka.
-Men o’zim ketishni istamaypman. Ko’nglimdagi odamlarni topdim. Ketsam ular bilan birga ketaman. Mening maqsadlarim bor. Ularni faqat ana shunday chiniqqan odamlar bilan amalga oshirish mumkin,-dedi Pirmat.
Bu gapni eshitib o’tirganlar bosh silkab qo’yishardi.
-Bun dunyoda bandaga emas, yaratganning o’ziga tobe bo’lsangiz butun haqiqatni ko’rasiz. adolat o’rnatishni his etasiz, adolat dushmanlarini taniysiz,-deya Pirmat gapirar ekan, Qoraboy aka o’ylanib qoldi.
Balki buning tog’asi Karimovni yo’qotib birato’la ham undan, ham Inoyatovdan qutulmoqchi ham hokimiyatni qo’lga olmoqchidir? Shuning uchun balki bu yerdagilarni qo’llanmoqchi bo’lsa-chi? Axir hamma narsa izdan chiqib ketmoqda? Juda ko’p odam bu yerga qatnamoqda. Qurollarni tashlab ketishmoqda. Hammaga bittadan uyali telefon berib qo’yishdi. Faqat Qoraboy akaga berishmadi.
U o’zini chetga tortayotgani uchun ular ham uni chetda saqlashmoqda. Balki boshqa yo’l yo’qdur? Bir necha kun oldin o’limga rozi edim. Bularga qo’shilsam nima bo’ladi? Oilam bilan aloqa o’rnatishim, Rustam va Otabekdan darak topishim mumkin. Bular Dajjoldan qutulmoqchi. Hamma uning yomonligini biladi. Hamma ham undan qutilishni istayapti. Lekin bu qaltis yo’l. Ammo endi uning uchun farqi qoldimi? Sud yo’q, tergov yo’q. Mana necha oydirki biorv so’ramaydi. Qancha kaltaklashdi, qiynashdi.
Agar Pirmat kelib qolmaganda o’lib ketgan bo’lardi. Balki bu Xudoning mo’jizasidur? Balki Xudo unga qayta hayot berib Dajjjolga qarshi bosh ko’tarishga chaqirayotgandur? Nima bo’lganda ham yutqizmayman deb o’yaldi Qoraboy aka. Kurashman, Dajjolga qarshi kurashaman deb qaror berdi.
Bu qarorioni bilgan Pirmat va boshqalar uni quchoqlab, qutladilar. Shu kuni unga uyali telefon berishdi. Darhol uyiga telefon qildi. Javob kelmadi. Yana tushkunlika yo’liqdi. Nihoyat Pirmat qo’shnisining telefonini topib berdi. U umr yo’ldoshi olamdan o’tganini eshitib faryod solib yubordi. Kameradoshlari unga taskin berishdi. Birining akasi o’lgani, birining otasini o’ldirishgani haqida gapirishdi. Kamerada Qur’on o’qib, xatim qilib, o’lganlarni duo etishdi.
Qoraboy aka endi Rustam va Otabek haqida xabar topishni juda ham istab qoldi. Pirmat yaxshi bola ekan. Kelgan odamdan shu haqda so’rar va xabar topib kelishni aytar edi.
-Men,-dedi Pirmat,- bu bo’layotgan ishlar uchun hech kimni ayblamayman. Hammasiga Dajjol aybdor. Bir kun tog’am chaqirib qoldi. “Bir ish bor” dedi. U Dajjol bilan bog’liq mutloq maxfiy ishlari bo’lsagina meni chaqirar edi. Menga o’xshab yana bir ikki juda ham ishongan yigiti bor. Ularga mendan ham ko’proq ishonadi. Bizga bir odamni o’g’irlashni buyurdi. Uyi Toshkentning chetida ekan. O’g’irlab keldik. Tog’am Dajjolning yoniga olib bordi. Olib kirishdan oldin uni yechintirdik. Tog’am uni ichkariga yalang’och holda olib kirdi. Kirayotganda qarshlik ko’rsatmadi. Chunki qarshilikning javobi nima bo’lishini unga ko’rsatib qo’ygan edik.
Bir soatda uni tog’am qaytib olib chiqdi. U bizga qarab yig’lab yubordi. Oltmishga yaqinlashib qolgan odam edi. Katta ishlarda ishlagan. U shunaqa uvlab yig’ladi-ki ichimdan bir narsa uzilib ketdi. Tog’amga qarasam u ham ezilib ketgan odamdek boshini yelkasining ichiga tiqib olgan.
Dajjol haligi odamni yalang’och holda ko’chaning ortasiga tashlab ketishni buyurgan ekan, shunday qildik. Uni mashinadan tushirar ekanmiz, u tog’amga qarab shunaqa iltijo qildi-ki, tog’am ham yig’lab yuboray dedi.
Keyin tog’amning ham Dajjoldan ko’ngli qoldi. Haligi odam Dajjolning eng yaqin do’sti bo’lgan ekan. Dajjolning o’zi uni qiynabdi, erkakligini oyoq osti qilibdi. Shu voqeedan keyin Dajjolni dushmanim deb e’lon qilganman. Xudoga shukur bu kurashda yolg’iz emas ekanman, hozirga kelib katta bir armiyaga aylandik. Eng asosiysi Xudo biz tomonda! U ko’rsatgan yo’l haq yo’ldir. Dajjolga o’lim! Olloh haqdur! Ollohu Akbar!
Kamerani buzib yuboray dedi bu sado. Chunki qolganlar ham shunaqa qichqirshdiki, devorlarga urilgan aks-sado qamoqning tashqarisiga chiqib ketgandek bo’ldi. Qoraboy aka ham ana shu sado sohiblaridan bir edi…
Televizor ekranidan kamera ichida yuz bergan holatni tomosha qilgan Alimov:
-Pirmatcha deganingiz bu gaplarni qayerdan biladi? U hamma sirlarni ochib tashlabdi-ku?- dedi koyish ohangida.
-Hammasi emas, ummondan qatra-ku! Agar bo’lgan narsalarni aytmasa, ularni ishonira olmaydi-da,-dedi Hamidxon.-Bu bizning o’zimizga xos va o’zimizga mos yo’limiz.
-Oqsoqol sizga bekordan ishonmagan ekanlar,-dedi Alimov hali ham kayfiyati ochilmagan holda uning qo’lini qisib.-Voqealarning davomini ham kechiktirmay aytib turing, har kun so’rab turibdilar!
Hamidxon Alimov huzuridan chiqib aeroportga yo’l olar ekan, Karimov bilan uchrashuvni yodga oldi.
Alimov esa qayergadir telefon qilib, Hamidxon va Pirmatni yaxshilab o’rganishlari, kuzatishlari, qarindosh urug’lari haqida ma’lumot to’plashlarini buyurdi.

SAKKIZINCHI BOB

1998 yil

Olimjon Nilufar bilan bo’lgan voqealarni videoga yozib olgan bo’lsada, boshlig’iga “Hali tayyor emas” deb aytganidan o’zi qo’rqib ketdi. Chunki video ishlab turganidan Xaticha xolaning xabari bor va undan bilib qolsalar shuncha qilgan duo-salomlari puchga ketishi mumkin. Shu bois darhol yo’lga chiqishga qaror qildi. Agar bilishgan taqdirda ham telefonga ishonmadim deydi.
-Men tezlikda markazga borib-kelishim kerak!-dedi u Nilufarga.
-Yo’q,- deya Nilufar uning bo’yniga osildi.
Olimjon Nilufarni qaytadan to’shakka yiqitdi va so’ng bir zum tashqariga chiqqan bo’lib vedeoyozuv tugmasini bosib qaytdi. Bu safargisi har ehtimolga qarshi deb o’yladi u.
-Alisher ishni kattalashtirib yuboribdi, meni qidirish kuchaytirilibdi, markazda bir tanishim bor va unga ikkalamizga pasport tayyorlab berishni iltimos qildim,-dedi Olimjon.-Tezda bu yerlardan ketmasak bo’lmaydi.
-Ko’nglim xira, ketmang, mana shu yerda yashayveramiz, bizni topa olmaydilar, siz markazga borib kelaman deyapsiz, ushlab olsalar nima qilaman?-dedi Nilufar g’amgin ohangda.
-E, jonim, hammasining yo’li bor, shpion kinolarini ko’rganmisiz? Xuddi ana o’shanaqa qilib soqol-mo’ylov qo’yib olamiz, qani bo’ling, sochlaringizni tuzating, o’ng qulog’ingizni ko’rinadigan qilib qo’ying, rasmga olaman, xorijga boradigan pasport uchun! Bo’ling, vaqt maraz Alisherning hisobiga ishlamoqda.
Alisherning nomini eshitganda ilonni ko’rgandek seskanadigan bo’lib qolgan Nilufar, choyshabga o’ralib, Xaticha xola tayyorlab qo’ygan hammomga kirib ketdi. Olimjon video yozuvlarni tekshirib ko’rdi-da sifatiga ko’ngli to’lgach, diplomatga joyladi. Keyin hammomdan chiqib, nozlanib turgan Nilufarga:
-Agar men tez qaytmasam, mana bu telefonga qo’ng’iroq qilib, Orifni so’raysiz, u mening ukam bo’ladi,-dedi,-ammo u hozir chet elda va bir hafta, o’n kunda qaytadi.
-Voy bo’y, shunchaga ketayapsizmi?
-Yo’q jonim, bu har ehtimolga…
Nilufar yana o’z dardiga o’zi qovrulib, yolg’izlik qo’ynida qoldi.
Olimjon Uzun shahriga kelib, uchqich bilan Toshkentga jo’nadi. Uchqichdan hali odamlar tusha boshlamasdan ikki kishi kelib Olimjonni olib ketishdi.
Ulardan biri:
-Men davlat maslahatchisi Alimovning qo’lida ishlayman,-deya bir hujjat ko’rsatdi.
-Nima sizlar meni kuzatuvga olganmisizlar? Bu uchqichda kelishimni qanday bildingizlar?
-Biz bilamiz, mana bu diplomatda Nilufar bilan qilgan ishlaringiz ham borligini bilamiz,-deya yana hujjatini Olimjonning burnini yoniga olib keldi u.
-Nega bu hujjatga Karimov emas, Haydarov imzo chekkan?-dedi Olimjon o’zini qo’qqisdan bu xonaga olib kelganlaridan norozi bo’lib.-Men Karimovning topshirig’i bilan maxsus amaliyotda qatnashmoqdaman va sizlarning meni ushlashga haqlaring yo’q!
-Ukaxon har bir narsaga Karimov-Karimov deyaverish kerak emas. Kamtar bo’ling. Hamma amaliyotlar Karimovning topshirig’i bilan bo’ladi. O’zicha mustaqil amaliyot o’tkazadigan odam hali tug’ilgan emas,-dedi ulardan biri va: -Sizga Karimovning imzosi kerakmi, mana deya o’zining hujjatini ko’rsatdi. Unda “Karimovning qo’rima bataloni boshlig’ining o’rinbosari G’ulomov” deb yozilgan edi va hujjatni Karimovning o’zi imzolagandi. G’ulomov bunga ham kifoya qilmay qo’l telefonidan Inoyatovga qo’ng’iroq qildi va telefonni Olimjonga uzatdi.
-Aytganlarini bajaring!-dedi Inoyatov.
Olimjon o’zini qo’pol tutganidan noqulaylik sezib, kechirim so’ragan bo’ldi va bitta kasseta shu qadar katta ahamiyatga ega bo’lib qoldimi yoki bu ishlarning orqasida men bilmagan boshqa narslar bormi deb o’ylanib qoldi. Axir mendan kassetani olib, javob berib yuborsalar bo’lardi-ku? Nega endi Almatovning yoniga men o’zim ham borishim kerak? Mirshablar bizning nomimizni eshitishsa oyoqlari qaltirab qolar edi. Hamma narsaga biz hukmdor edik. Nega endi birdaniga bu ishlarga Almatov aralashib qoldi? Balki oldindan bu ish unga topshirilganmikan? Axir mana bu odam ilgari bizda rais o’rinbosari bo’lgan. Keyin Karimov uni yoniga ishga oldi. U nega birdaniga Almatovning xizmatchisiga aylanib qoldi?
Xayolga botgan Olimjonni bir zumda Almatovning huzuriga olib kelishdi va haligi odamlar bir piyoladan choyni ichib, chiqib ketishdi. Olimjon va Almatov vazirning xizmat mashinasida Bo’stonliq tomondagi dala hovliga borishdi. Almatov Olimjon olib kelgan videoyozuvlarni oxiriga qadar tomosha qila olmadi.
-Ammo, ja zo’rini topibsanlar, bunday paytda avval menga qarab qo’ymaysanmi? San bolalarga aytaverib charchadim. Ha-ya, sen menga oid emas, narigi idoraning bolasisan-a?!
U Olimjonga shunday deb yordamchisi Nodirxonni chaqirdi. Nodirxon chiroyli, qaddi qomati kelishgan, unvoni kapitan bo’lsa ham vazirlikda hech kim uning gapini ikki qila olmaydigan mavqeda edi. Hamma uni Hasan akaning o’g’li deb bilardi. Hasan aka ham uni o’g’lim deb bilar va Almatovga yordamchi qilib qo’ygan edi. Nodirxon garchi Hasan akani yaxshi ko’rsada, uning gapini ikki qilmasada, baribir u o’zining otasi ekanligiga ishonmasdi. Chunki Hasan aka pakanadan kelgan, Nodirxon esa qomatdor, Hasan aka kulcha yuzlik, Nodirxon bo’lsa uzun yuz… Buning ustiga Hasan aka biror marta ham unga sen mening o’g’lim bo’lasan deb ochiq aytmagan.
Toshkentda ilk “Mersedes” mashinasini Nodirxon mingan. Hasan aka sovg’a qilgan. Hech kimda qurol bo’lmaganda ham Nodirxon topponchalarni ochiq olib yurgan. Chunki Hasan aka har yili tug’ilgan kunida unga bitta yangi topponcha sovg’a qilardi.
Hasan aka asli namanganlik. U Toshkentda huquq fakultetini bitirgach, u yoq bu yoqlarda ishlab yurdi. Keyin hukumatga ishga o’tdi va Namanganga borib sud raisi bo’ldi. O’sha paytlarda SSSR bo’yicha dovrug’i yoyilgan Odilov uni o’ziga yurist qilib oldi. Bir kun kelib, Odilov qamalib ketganda Hasan aka Moskvada edi va sobiq sho’rolardagi mafiyaning qozikaloniga aylangandi.
SSSR qulab ketgach u Toshkentga qaytdi. Mafiyaning hamma kazo kazolari unga tobe edilar. U Karimov bilan ham aloqada edi. Karimovning taxtda qolishida Hasan akaning xizmati katta bo’ldi. U nafaqat muxolifatchilarni “urdirib” boshini yorib, badarg’a ettirdi, balki dindorlarning uyiga granata tashlatib, birini-biriga soldi. Sal bosh ko’targan odamni tinchitib berdi. Evaziga u Karimovni ham “ishlatdi”. Birinchi katta ish Almatovni Karimovga yuzma-yuz qildi va uni vazir etib tayinlatdi. Ikinchi katta ishi Toshkent viloyatiga o’zining og’aynisi Sayfulloni hokim qilib qo’ydirdi. Keyin juda ko’p odamlarni IIV va MXXga joylashtirdi. Xullas, u Karimov bilan ”bor tovog’im-kel tovog’im” qoidasida ishlardi. Avvaliga u Karimovning eng yaqin do’sti Mirsaidov bilan ham yaxshi aloqada edi, ammo keyin Karimovning gapi bilan uni yomon kuylarga soldi.
Xalq nazdida boshqalar mafiyaning “ota”lari bo’lib ko’rinsalarda asl boshqaruvchi Hasan aka edi. Uning ismi ham, familiyasi ham, laqabi ham Hasan aka. Hatto Karimov ham uni Hasan aka der edi.
U mustaqillikdan keyin Adliya vazirligining Jamoat tashkilotlarini ro’yxatga olish boshqarmasida ikkinchi odam bo’lib ishlardi. Ammo vazirlarni sensirab gapirar va istagan paytida Almatovga yoki boshqa vazirga istagan ishini buyura olardi. Ana shu odam o’g’lim deb yaxshi ko’radigan yigit Almatovning yordamchisi edi.
Aslida Hasan aka Almatovni Nodirxon orqali nazorat qilib turar va uning har bir harakatini kuzatar edi. Almatov Hasan akaning qahriga uchramaslik uchun Nodirxonni doim yonida olib yurar va hech narsani yashirmayotgandek tutardi o’zini. Shu bois ishqiy aloqalarini ham Nodirxonga ishongandi.
Mana endi Olimjon olib kelgan kassetani oxirigacha ko’ra olmagan Almatov Nodirxonga:
-Yangisidan bormi?-dedi.
Karimovga qurilgan maxsus haram uchun viloyatlardan yosh qizlar olib kelinadi. Bu ish bilan viloyat hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo’yicha o’rinbosarlari shug’ullanadilar. Ular turli ko’rik-konkurslarda chiroyli qizlarni topib, oliygohga kiritish bahonasida haramga yuboradilar. Haramda Karimovning jahlini chiqargan qizlar Almatov ixtiyoriga o’tardi. Almatov bu ishni Nodirxonga yuklagan va ana shu qizlardan ba’zilarini o’zi ham “ko’rib” turardi.
Hukumatning aksar dala hovlilariga ishga olinadigan qizlar haramdan kelgan bo’lardi. Almatov ularni qayta tarbiyadan o’tkazib ishga joylardi. Karimovning dilini topganlari uchun esa IIV tarkibida maxsus xotin-qizlar bataloni tuzilib, ana shu sodiq qizlar doimiy ish bilan ta’minlanardi. Ularning ba’zilari militsiya maktabiga, ba’zilari huquq fakultetiga ham joylab qo’yilardi. Nodirxon shundaylardan ayrimlarini o’ziga va Almatovga ajratib olardi.
Nodirxondan “tayyor” ishorasini olgach Almatov Olimjonga:
-Kutib tur, qolganini keyin gaplashamiz,-deb ichkari xonaga kirib ketdi.
Nodirxon Olimjoning yoniga kelib:
-Nilufarni sotasanmi?-dedi.
-Uni chetga yubormoqchimiz,-dedi Olimjon ichki bir rashk bilan. Ammo Nodirxonning kimligini bilmagani uchun darhol xatosini tuzatdi,-Aka, sotish nima degani u sizniki,-dedi.
-Bo’lmasa ertaga shu yerga olib kelasan,-dedi Nodirxon.
-U juda uzoqda, Surxondaryoda, afg’on chegarasida, uni o’sha tomonga yubormoqchi edik…
-Nima san meni uning qayerdaligini bilmaydi deb o’ylayapsanmi? San telefonda kimga nima deb keyin Uzunga qachon kelganingni aytib beraymi? Yoki Samarqanddagi no’xatxo’rlikdan bir shingil eshitasanmi? Qara bola, bu amaliyotni men boshqarayapman va SNB ham, sen ham menga tobesan hozir!
-Nodirxon aka, faqat yo’l uzoq, ertaga yetkazib kela olarmikanman, yana bir kun vaqt berasizmi demoqchiydim. Buning ustiga u hali yaxshi qantarilmagan…
-San o’zing ham qantarilmagan ko’rinasan, davlat topshirig’i nima ekanligini bilasanmi, ertaga shu yerda bo’lsin, tamom – vassalom! O’zing olib kelasan va mana shu joyda o’tirib tomosha qilasan, men uni qanday qilib qantarishimni, bildingmi? Chet elga borarmishu men bexabar qolarmishman?
-Bildim, ertaga shu yerda bo’ladi, aka!
-Aka emas, o’rtoq nachalnik! Nima sanlarda bu narsalarni o’rgatishmaydimi?
-O’rgatishadi o’rtoq nachalnik!
-Ha, ana shunday bo’lsin!
-Bor yo’lga chiq!
-Vazir kutib tur degandilar!
-Sen odam bo’lmaysan, shekilli…
Shu payt Nodirxonning telefoni jiringladi. Telefon qilgan Karimovning yordamchisi ekan. U Karimov vazirni qidirayotganini aytdi.
-Vazir Kattadan qolganini ko’rayapti,-dedi Nodirxon unga. Yordamchi unday-bunday degan edi Nodirxon:
-Tushuntira olmasang meni bog’la, o’zim tushuntirib qo’yaman, vazir Kattaning orqasini tozalayapti. Kecha Kattaning to’shagida yotgan qiz o’zini osmoqchi bo’lgan ekan, vazir shuni obrobotka qilyapti. Nima, qolgan gaplarni ham senga aytishim kerakmi?
Nodirxon shunday deya telefonni bekitdi. Olimjon o’rnidan tura sola egilgancha orqasi bilan yurib, chiqib ketdi.
Almatov kelib Olimjoni so’ragan edi, Nodirxon:
-Ertaga keladi,-dedi.
-Yuraging ja kattada seni,-dedi Almatov.- Men azm qilmagan ishlarga ham sen azm qilasan. Nilufar senga ham yoqib qoldi, shekilli. Meni ham ro’yxatga tirkab qo’y! Bo’pti bu hazil. Endi bitta ish bor. Inoyatov bilan gaplash, mana bu kassetani ishga solib, odamlarini pishirsin, vaqt oz qolmoqda!
-Inoyatov eshitdi,-dedi Nodirxon barmog’i bilan atrofga ishora qilib.- Ey, Inoyatov, eshitganingni bilaman, odamingni yubor, kassetani olib ketsin, meni ovora qilma!
-Hasan akamdan ko’p narsa o’rgangansan, hatto Inoyatov akani ham sensirab gapirasan-a?-dedi Almatov Nodirxonni koyigan bo’lib.
-Kattaning topshirig’i, u mendan boshqa hammasini sensirab gapirasan degandi, ammo sizni sizlab turibman-ku,-dedi Nodirxon erkalanib.
U haqiqatdan ham juda erka edi va Karimov ham uning erkaligiga bir narsa demas va otasiga qiladigan iltimoslarini u orqali yetkazardi. Hasan akaning boshqa mamlakatlarda ham aloqasi yaxshi bo’lgani uchun Karimov undan ko’p narsa so’rar edi.
-Kecha Inoyatovning ikkita bolasini ushlab oldim,-dedi Nodirxon Almatovga,-Kattaning haramdagi ishlarini videoga olishibdi. Inoyatovga xabar yubordim. Shu kassetaga avtograf qo’yib bersa, ishni yopaman, bo’lmasa Kattaning stoliga qo’yaman. Inoyatovdan ana shu imzolangan kasseta kelib qolishi kerak. O’sha kuryerlardan bu kassetani berib yuboramiz.
-Sen bizni Inoyatov eshitayapti deding. Hali o’tgan kun bu yerni tekshirib, “quloq”larni olib tashlashgandi-ku?
-Kecha Inoyatov Kattadan izn olib, yana “quloq”larni joylab qo’yibdi. Lekin u Kattaga nima deganini bilmayman, Kattaning maxsus xizmati ham hamma yoqni eshitayapti. Ammo G’ulomovga aytib qo’ydim. Mendan xabarsiz bir ish qilishsa o’zim kallalarini sapchadek uchiraman,-dedi Nodirxon.-Agar Inoyatov ham qimirlaydigan bo’lsa, qo’limda bir ikki narsa bor, uning o’g’li va ukasi bilan bog’liq, keyin hammasini o’zimizning koloniyaga ko’chirib olaman. Menimcha u tushunadigan odam va hamkorlik qilamiz.
Darhaqiqat shu payt Inoyatovning odamlari “posilka” olib kelishganini aytishdi.
-Bir tomosha qilamizmi?-dedi Almatov Nodirxonga.
-Bu sizga hadya,-dedi Nodirxon ustiga Inoyatov imzo chekkan kassetani Almatovga uzatar ekan,-menda nusxasi bor va kecha tomosha qilgandim. Ammo ehtiyot qiling, kerak bo’ladi.
-Yo’qolib qolsa, Hasan akadan topamiz,-dedi Almatov jilmayib.
-Boshqa joyda ham bor, ammo bu imzolangani, bir kun boshingizni qutqarishi mumkin.
-Bir kun boshimni yeyishi ham mumkin-da!
-Unga yo’l qo’ymaymiz,-dedi Nodirxon yerkalik bilan…
Olimjon tashqariga chiqishi bilan IIVning xizmat mashinlaridan biri uni aeroportga olib kelib qo’ydi. U nima qilishini bilmay qoldi. Xayol surib turgandi unga suykalib o’tgan bir kishi?
-”31”, “dum”laringni yo’qotib, bir soatda “6” ga bor,-dedi.
Olimjonning maxfiy nomi “31” edi va “6” Inoyatov bilan favqulodda holatlarda yakkama-yakka uchrashiladigan joy. Demak, masala juda jiddiylashmoqda yoki qandaydir o’yinlarga tushib qolmoqdaman deb o’yladi Olimjon.
U kassa yonida turib, chipta olgandek bo’ldi-da keyin tashqariga chiqib, xuddi hech narsani bilmagandek troleybusga miniladigan bekatga o’tdi. U yerdan bekatdagi nomerlarga bir-bir qarab, aslida atrofni kuzatdi va IIVning yettinchi boshqarmasiga oid mashinalardan uni kuzatishayotganini sezdi. Bu mashinalarni u darrov tanib oldi. Chunki bir muddat o’zi shu mashinalarni kuzatgan edi. Odatda bu boshqarmaga ishga olinganlar unchalik pishiq bo’lmaydi va maxsus tayyorgarlikdan o’tishmagani uchun darhol o’zlarini sezdirib qo’yadilar. Ba’zilari esa muhim odamni kuzatayotganda ataylabdan qo’lga ham tushadilar. Chunki bu ularning ochiq tizimga o’tib ishlashlari uchun imkon beradi. Chunki qo’lga tushgandan keyin ularni bu boshqarmada ishlatishmaydi. Ayni paytda ishdan ham quvishmaydi. Sirlar ochilib ketishidan qo’rqishadi. Shu bois ochiqda birorta ish berishadi.
Olimjonni kuzatayotganlar ham o’zlarini juda sezdirib qo’yayotgan edilar. Lekin Olimjonning ular bilan ishi yo’q, yo’lini qilib qochishi va manziliga yetib borishi kerak. U qaytib aeroportning ichiga kirdi va hujjatini ko’rsatib orqa tomondan deputatlar xonasiga o’tdi. O’sha yerda bufetdan u-bu narsa olib, choy ichgan bo’ldi va deputatlardan birortasi kelishini kutdi. Ammo deputat kelmasdan Oliy Majlisdan bir mashina keldi. U shofyerning yoniga borib o’zini tanishtirdi va:
-Ratsiyangizdan idorangizga mashina buzilganini ayting. Hozir favqulodda muhim davlat ishi chiqib qoldi. Qolavyersa men o’zim sizni xursand qilaman va bundan keyin biror yumushingiz chiqsa, hal qilib beraman,- dedi.
Shofyer darhol uning aytganini bajardi va u Oliy Majlisning mashinasida orqa yo’ldan chiqib ketdi. Manzil Achavot mahallasining yonida, Chinni zavodining orqasidagi bir hovli edi. U Sag’bon ko’chasida tushib qoldi-da yo’laklar orqali Xastimomga o’tdi. Orqada hech kim yo’qligiga ishonch hosil qilgach, manzilga bordi. Inoyatov hali kelmagan ekan. Ko’p o’tmay u o’zi boshqargan engli mashinada keldi. Kiyinib olishidan uni bir qarashda tanish mumkin emas edi. U Olimjonni hovliga boshladi va:
-Uka, bu hayot-mamot masalasidan ham kuchli masala,-dedi.- Bu idoramizning nomi, sharafi masalasi. Bu mamlakatimizning kelajagi masalasi. Oilalarimiz va bolalarimizning kelajagi bu! Bu ish bizga yuklangan. Ammo ana u Almatovni o’zing bilasan, mafiyadan chiqqan va mafiyaga ishlaydi. Yonidagi tirrancha esa otasining soyasini oltinga pullaydi. U qayerdandir bilib qolibdi. Mana endi ular ham oshga qatiq bo’lishdi. Buning ustiga bizning obro’-e’tiborimizga ziyon yetkazishmoqchi. Bu idorani bilasan, xalqimiz faqat bizga ishonadi, oldindan ham shunday bo’lgan va hozir ham shunday. Kerak bo’lsa, ochig’ini aytish kerak, xalq faqat bizdan qo’rqadi, ana ularni esa poraxo’rlar deydi. Ilgari bizda bo’lib teppaga chiqib olgan bir ikkitasi ham ularga ishlashmoqda. Hammayoqni sotqinlar bosib ketdi.
Olimjon ilgari ishlab ketganlar deganda G’ulomov nazarda tutilayapti deb o’yladi. Ammo oldin bu odam haqida ko’p yaxshi gaplar eshitgandi. Keyin yomon gaplar tarqaldi.
-Endi bunday,-deya so’zida davom etdi Inoyatov,-mana bu pasportlar, faqat rasmlarni qo’yib olasan va bugunning o’zi Nilufarni olib, Afg’onga o’tasizlar. O’zimiznikilar bilan uchrashib, ishni tezlat. Katta “Ish sust ketmoqda” deb aytdi va balki shuning uchun ham oraga Nodirxon degan tirranchalar kirishiga rozilik bergan. Endi birinchi etapni sensiz ham amalga oshiramiz. Ish pishib qoldi. Senga ham Vatan oldidagi xizmatlaring uchun rahmat. Ammo sen ikkinchisini tayyorla. Ikkinchi amaliyot to’laligicha sening bo’yningda. Planni Afg’onda olasan. Agar kam-ko’stsiz uddalay olsang o’rinbosarlik seniki! Kutaman seni uka!
Inoyatov shunday deb Olimjonni bag’riga bosdi. Semiz odam emasmi bu yerga kelgunga qadar terlab ketgan ekan. Ter hidiga toqat qila olmaydigan Olimjonga negadir bu ta’sir qilmadi. U meni birinchi amaliyotdan chetlatishdi deb o’ylayotgandi. Ikkinchi amaliyot nima? Bormi o’zi, bo’ladimi? Balki shu bilan meni surgun qilishmoqdami? Balki endi Vatanga qaytish ham nasib etmas? Balki… u o’z fikridan seskanib ketdi. Chunki balki o’ldirib yuborishar degan fikr o’tgandi xayolidan. Lekin bunga borishmas, Xudo urdimi deb o’yladi.
Uning xayolga botganini ko’rgan Inoyatov:
-Aeroportda ana ularni hujjat ko’rsatishga majburlab zo’r ish qilding, ma, bittasini arxivinga tashlab qo’y, hali ularga ko’rsatamiz buni,-dedi.
Olimjon suratni olar ekan ko’ngli ravshan tortdi.
-Lekin ularga berilgan kassetaga qo’l qo’ymasangiz yaxshiroq edimi?-dedi u Inoyatovning samimiy yoki samimiy emasligini bilish uchun.
-Parvo qilma u idoradagi muhr-imzo. Ajabmas bizning idoraga ham ular odam suqishgan bo’lishsa? Kerak bo’lganda tekshirib, topib olamiz. Endi mening samimiyatimga ishondingmi?
Inoyatov fikrini uqib olganidan Olimjon qizarib ketdi va bugunoq Boysunga yetib borishi va ertagayoq Afg’onistonda bo’lishini aytdi.
-Ko’p ham shoshma, Faryobda bir ikki hafta dam olib, soqolingni yaxshilab o’stirib ol va ana u qizni ham, ammo o’zi ham ja topibsanlar-a, yaxshilab namozga o’rgat. Qara, u yerlarda har qanaqa mashablar, odatlar bor, hammasini unga o’rgatib qo’y. Shunday qilki, aytilgan kun, aytilgan soatda xizmatga shay tursin! Qolganlarni ham tekshirib chiq!
Inoyatov tez-tez soatiga qarab qo’yayotgan edi, Olimjon u shoshayotgan bo’lsa kerak deb o’yladi va xayrlashib tashqariga chiqdi. U darvozadan chiqib ketar ekan, bir mashina kelib to’xtadi va boshiga shapka qo’ndirgan bir kishi “lip” etib ichkariga kirib ketdi. Olimjon hayratda qoldi. U G’ulomovni ko’rgandek bo’ldi. Nahotki u? Charchaganman, balki adashdim, deb o’yladi. Ammo ichki bir his “adashmading” deyayotgandek edi…
Kassetani olib, ko’paytirgan MXXchilar Qoraboy aka bilan Rustam va Otabekni idoraning markaziy binosiga olib kelishdi.
Dastlab kassetani Rustamga ko’rsatishdi. Rustamning yuragi qonga to’ldi.
-Bilasizmi bu yigit kim?-dedi uni tergov qilgan Yo’lbarsbek.
-…
-Bu juda ham muhim odam va biz unga qarshi hech narsa qila olmaymiz. To’g’risi qo’limizdan hech narsa kelmaydi‚..
Rustamni Turkmanistonda qo’lga tushgan Baxtiyor ismli yigit bilan bir kameraga qo’yishgan edi. Baxtiyor ancha vaqtdan beri Karimovni yo’qotish uchun harakat borayotgani va hukumat ichida ham buni istaganlar ko’pligini aytdi unga. Baxtiyor har kuni uch-to’rt soatga qayergadir borib kelar va turli ma’lumotlar bilan qaytar edi. Baxtiyor Rustamga Olimjon Kattaning o’gay o’g’li deb aytdi va uni ishontirdi.
Bir kuni:
-Agar istasangiz bizga qo’shiling, Karimov hukumatini ag’darayapmiz,-dedi u Rustamga.
Rustam uchun hayotning qizig’i qolmagan edi. Lekin “Karimov hukumatini ag’daramiz” degan gap unga jon ato qilgandek bo’ldi. U birdaniga butun azoblarining malhamini topgandek his qildi o’zini. Go’yo qidirib yurgani – aybdorni topdi va qasos hissida yona boshladi. U azob chekayotgan faqat o’zi emasligi, butun xalq azobda ekanligini his qilib qasos olishga bel bog’ladi va Baxtiyordan o’zini ham o’sha guruhga qo’shib olishlarini so’radi.

TO’QQIZINCHI BOB

1998 yilning oxiri

Yangi yil bayramidan bir kun oldin Mirtemirga Amerikada uzoq yillardan beri yashayotgan Chol telefon qildi. Mirtemir Amerikaga hali yaqinda kelgani uchun Cholni uncha yaxshi bilmas edi. Ammo hamma Chol haqida gapirardi. Hech kim uning nomini aytmas, hamma uni Chol der edi.
Kimdir uni har qanday ishni uddasidan chiqa oladi, desa yana kimdir har qanday odamga har qanday to’hmatni qilishdan qaytmaydi, juda ko’p odamni qon qaqshatgan der edi. Mirtemir uzoq yillardan beri muxolifatda. Turkiyada ekanligida O’zbekiston gazetalaridan birida Chol haqida tanqidiy maqola chiqdi. Shunda radiodan telefon qilib, Mirtemirdan mazkur maqolaga fikr so’rashdi. U bunday maqolalar qanday tayyorlanishi haqida gapirib berdi. Ko’p o’tmay Choldan minnatdorchilik maktubi oldi. Orqasidan esa Cholning Karimovga qarshi ish qilmagani haqida yozgan ochiq xatini o’qidi.
Shu bois u Choldan uzoq turishga harakat qildi. Ammo Amerikaga kelgan kuniyoq ostonasida Chol paydo bo’ldi. Olis bir mamlakatda eshikdan kirib kelgan vatandoshga kim ham quchoq ochmaydi. Cholning bilmagan narsasi yo’q ekan. To’g’rirog’i o’zini hamma narsani bilgandek qilib ko’rsatar ekan. Stalindan gap ochilsa, u bilan qaysi yili qaerda va qaysi soatda uchrashganini aytsa, Nerudan gap boshlansa, unga qanday maslahat berganini hikoya qilardi. Dunyodagi hamma liderlar bilan uchrashgan, hamma voqealarning ichida bo’lgan va hatto boshqarib turgan qilib ko’rsatardi o’zini.
Oddiy odam uning soatma-soat, daqiqama-daqiqa qilib aytib bergan gaplariga shubha qila olmas edi. Uning xotirasiga qoyil qolmasdan iloj yo’q edi. Xuddi kompyuter kabi hamma xabarlar va nomlarni o’z xotirasida saqlar va joyida qo’llana olardi. Ammo Mirtemir uning ‚”mag’zi‚”ni tezda chaqdi. Bir kuni unga mamlakatdan bir do’stidan olgan xabarni aytdi. Bu xabarni faqat u va do’sti bilardi, xolos. Oradan uch kun o’tib, Chol unga telefon qilib, ‚”Hozirgina bir muhim xabar‚” oldim deya o’sha Mirtemirdan eshitgan gapni uning o’ziga aytib berdi.
Mirtemir do’stiga xat yozib bu xabarni kimgadir aytib-aytmaganini so’radi. Xabar hali tarqalmaganiga ishonch hozil qilgach, avvaliga Cholni ruhiy xasta deb o’yladi. Keyin sinab ko’rmoqchi bo’ldi va bir to’qima xabarni aytdi. Oradan bir soat o’tar-o’tmas shu erdagi tanishlardan biri telefon qilib, favqulodda muhim bir xabar eshitgani va buni juda ishonchli manbadan olganini aytdi. Mirtemir kuldi-da:
-Choldanmi?-dedi.
-E, sizga ham aytdilarmi?-dedi haligi odam.
Shundan keyin u Cholni kuzatsa, mana shu yo’l bilan o’zini ahamiyatli shaxs deb tanitar va hammaning diqqat markazida bo’lar ekan. Pensiyada bo’lgani uchun vaqti ko’p. Turli gazetalarni o’qiydi. Radiolarni eshitadi va o’zi to’plagan ma’lumotlar asosida o’zi ham turli xabarlarni to’qir ekan. Amerikada yashayotgan vatandoshlar ishxona va uyning yo’lidan boshqa narsani bilmaganlari uchun uning og’ziga qarab o’tirar ekanlar.
U tinmay boshqalarni yomonlar ham ekan. ‚”Falonchiga men boshpana olib berdim, ablah, salom bermay ketdi”, ‚”Pismadonchini ishga joylab qo’ydim, iplos xabar ham olmay qo’ydi‚” kabi gaplarni yangi kelgan vatandoshlarga bot-bot aytar ekan. Ular Amerikani yaxshi bilmaganlari uchun unga g’irt ishonib, bir necha oy uning atrofidan ayrilmay qolisharkan. Chunki Vatanda birov oraga kirmasa ishga o’tib bo’lmasligini ular yaxshi biladilar va ‚”tajriba‚”dan kelib chiqib, bunday ‚”ahamiyatli‚” odamning etagini mahkam tutishga intiladilar. Amerikada esa jiddiy bir ishga, ayniqsa, hukumat ishiga o’tayotganda, birov oraga tushsa, ostonadan qaytib ketasiz. Bu erda til bilishingiz, imtihondan o’tishingiz kerak. Bo’lmasa ‚”chol‚”lar tugul mollarning ham foydasi tegmaydi.
Chol tinmay Boymirza otani yomonlar edi. Bu Mirtemirga yoqmadi. Chunki Mirtemir Boymirza ota bilan ustoz-shogird tutingan, uni ulug’ inson deb hisoblar va uning sakson yoshlik to’yini o’zi bosh bo’lib o’tkazgandi.
Mirtemir Cholni qancha sovuq qarshi olsa, u shuncha tez-tez keladigan bo’ldi. Oxiri bir kun u ‚”Mirtemirni ham men ishga joylab qo’ydim‚” degan gapini eshitib qoldi va Cholga ‚”Shunaqa gaplar aytishga uyalmaysizmi?‚” dedi. Shu bilan oralari sovuqlashdi.
Ammo yangi yilga bir kun qolganda Chol Mirtemirga telefon qildi va:
-Turkiyadan Olmosli kelgan, juda muhim xabar bor, men Rahim va ukasi Abduvahobni ham chaqirdim, bir kelib keting,-dedi.
Mirtemir Olmoslini yaxshi tanirdi. U hukumat ishlarida ishlagan va keyin tijoratga o’tgan, juda badavlat odam edi. Turkiyada va keyin Avropada yashagan muxolifatchi Xolisni bir necha yil pul bilan ta’minlab, kata-katta mablag’larni sochib yurgan. Mirtemirga yomonligi ham, yaxshiligi ham tegmagan. Mirtemir uning oilasini yaxshi bilardi. Onasi va singlisi bilan gaplashgan, ular Vatan hasratida yongan ajoyib insonlar ekanligini ko’rgan edi.
Olmosli Vatanga ishbilarmon sifatida borgan va tezda yuqori tabaqalarga yo’l topa olgan edi. O’zi Karimovning maslahatchisi va ukasi Karimovning xorijiy banklardagi ishonchli vakiliga aylangandi. Birdan ularning oralari buzilgani haqida gap-so’zlar tarqaldi va Olmosli xorijga chiqib yashayotgan Xolisning yonidan ayrilmay qoldi. Uni bugun umraga olib borsa, bir oydan keyin Amerikaga boshlab borardi. Bugun Turkiya prezidenti bilan uchrashtirsa, bir oydan keyin Avropa bo’ylab sayohatga olib chiqardi.
U Turkiya rahbarlarining erkatoyi edi. U haqda juda ko’p maqolalar yozilgan va uning juda sirli odam ekanligi aytilardi. Uning o’zi ham maqolalar yozar va dunyoning o’ta dolzarb muammolari haqida keskin fikrlar bildirar edi. Uning maqolalari Mirtemirga yoqar va uchrashganlarida ko’pincha ana shu masalalar atrofida gaplashishar va Olmosli chuqur mushohada yuritguvchi yaxshi suhbatdosh edi. Shu bois Mirtemir u bilan uchrashuvni rad etmadi.
Mirtemir kelganda Cholning uyida Olmosli bilan Turkiyalik bir xonim ham bor edi. Uni jurnalist deb tanishtirishdi. Ammo jurnalistga emas, sportchiga o’xshab ketardi. Mirtemir undan shubha qildi va uning oldida gapirmaslikka urindi.
Gap Karimov haqida edi. Rahim Karimovni, uning siyosatini yomonlar ekan ukasi aksini gapirardi. Oxiri Rahim chiday olmadi va o’rnidan turib, ukasini mushtlay ketdi. Chol va boshqalar bir chetga o’tib, tomosha qila boshladilar. Mirtemir ularni arang ajratib qo’ydi. Shundan keyin Chol oshni damlar ekan, Olmosli Mirtemirni bir chetga olib:
-Fevral oyining o’rtasida Vatanga qaytamiz, hammamiz bir uchqichda qaytamiz,-dedi.
-Tinchlikmi?-deya qiziqdi Mirtemir.
-Karimov bitdi. Xolisni uning o’rniga qo’yamiz, sizlar ham unga qo’shilib, uni qo’llashlaringiz kerak!
-Birinchidan, Karimovni ketgani yoki ketishiga ishonmayman,-dedi Mirtemir.- Ishongan taqdirimda ham Xolisga ishonmayman. Karimov bilan uning farqi yo’q.
-Shu gapni o’ziga ham aytgan ekansiz, unga shu gapingiz juda qattiq botgan, nega farqi yo’q?-deya e’tiroz bildirdi Olmosli.-Bugun Karimovdan qutulish uchun lozim bo’lsa, hatto shayton bilan ham birlashish kerak.
-Shaytonga qarshi shayton bilan birlashish shaytonlikni qabul qilishdir,-dedi Mirtemir kinoya bilan,- Uning ismi Xolis ammo o’zi xolis emas. Karimovning eng katta xatosi tanqidni ko’tara olmasligi va tanqid uchun odamlarni quvg’inga olishidir. Xuddi shu narsa Xolisda ham bor. Tanqid qilgan odamni ig’vogar deb e’lon qiladi, unga to’hmatlar uyushtiradi, ustidan bo’htonnomalar yozdiradi va hokazo. Buning uchun siz bergan pullarni sarflaydi, tabiiyki. Hatto uni tanqid qilgan odamni o’ldirtib yuborish uchun ham harakat qiladi. Bundan xabaringiz bor.
Karimovning ikkinchi xatosi o’z atrofiga axmoq bo’lsa ham, o’g’ri muttaham bo’lsa ham faqat o’zini maqtagan, sodiq bo’lib ko’ringan odamlarni to’playdi. Oxirida ularning sadoqatini ham oyoq osti qiladi. Ayni narsa Xolisda ham bor. Uni maqtasangiz buni sadoqat deb biladi. Atrofiga faqat ana shundaylarni yiqqan. Karimovga o’xshab u ham mahalliychi. Yonidagi tozilari yo ukasi, yo jiyani yoki hamyurti. Qolgan bitta ikkitasi esa adashganlar.
Karimovning uchinchi xatosi o’zidan boshqa hammani ‚”hech kim‚” deb biladi. Ayni narsa Xolisda ham bor. Xullas, Karimovda qanday illat bo’lsa, hammasi Xolisda ham bor. Har ikkalasi ham o’z tinchligi, o’z manfaati uchun minglab odamlarni yo’qotib yuborishga tayyor shaxslar. Buni uzoqda turib bilmaysiz, ammo yaqinida bo’lsangiz, darhol anglaysiz. Bugungacha kim Xolisga yaqin kelgan bo’lsa, hammasi tashlab ketdi. Nega? Chunki u ham ashaddiy diktator. Agar Karimovni o’rniga kelib qolsa, hammani qon qustiradi. Karimovga o’xshab bugun dinchi, ertaga ateist, indinga millatchi…
Bu gaplar Olmosliga uncha yoqmadi. Lekin Mirtemirga qarshi gapirishni istamadi va:
-Iqtisodni ham bilmaydi. Bugunga qadar ikki million dolllar pulning boshiga etdi. Eng zo’r joylarda yashatdim, qo’lini isiq suvdan sovuq suvga urdirmadim, dunyoni kezdirdim, uy joy qilib berdim, xullas, bor-butimni sarfladim, endi uni mansabga qo’yishim va u mendan qarzlarini uzishi kerak,-dedi.
Gapni indallosini aytganda, Olmosli haqiqatdan ham ko’p pul sarfladi, Faqat Xolisning o’ziga emas. Balki Karimovni ag’darish maqsadida Turkiyaga olib kelingan yoshlarning ham hamma xarajatlarini u to’ladi. Muxolifatning ro’znomasi uchun ham u pul berdi.
-Ha, gazeta chiqarish uchun siz pul berganingiz va gazetani jo’natishni singlingiz bo’yniga olganidan xabarim bor. Singlingiz juda ham vatanparvar. Erkaklar ko’tara olmagan gazeta to’plarini o’zi orqalab, uchqichga olib chiqqanini ko’rganman. Lekin Xolis faqat sizga emas, juda ko’p odamga va’da bergan. Mamlakatni deyarli bo’lib bergan. Mana shunday va’dalari evaziga qarz olib, umrguzaronlik qilmoqda. Bunday odamni mamlakat boshiga yaqin yo’latish millatga xoinlik qilish emasmi?
Mirtemirning bunday keskin gapidan keyin bir zum aytgan gapidan uyalgandek bo’ldimi yoki yuragida boshqa gap bormi, Olmoslining ko’zida yosh aylanib ketdi va u ham Mirtemirga peshvozan suhbatni ayni maromda davom ettirdi.
-Shu erda o’tirbmanu ammo baribir u yana bir xato qilib qo’ymasin deya ko’nglim notinch. Bilmasdan bir narsa deb yuborsa hamma rejalar izdan chiqib ketadi. Bu planimizni ham ana u dindorlar bilan o’rtoqlashib qo’yibdi…
-Qanaqa plan? Qanaqa dindorlar?
Mirtemir birdan hushyor tortdi. Olmosli bilan birga kelgan ayol tag’in maxsus xizmatlardan bo’lmasin? Tag’in bu yana bir o’yin bo’lib chiqmasin?
U rostdan ham bir plan bormi-yo’qligini va bundan Xolisni xabari bo’lib-bo’lmaganini aniqlash uchun Olmosliga:
-Siz bilan gaplashayapsiz, lekin bunga Xolis qanday qaraydi? Uning boshqalar bilan hamkorlik qilishiga aslo ishonmayman. Qo’ying, bu mavzuni umuman yopaylik va oshni eb tarqlaylik,-dedi.
-Oshdan keyin N’yu Yorkka boramiz, Akbarxon aka bilan ham gaplashamiz,-dedi Olmosli.
-Men borolmayman, ertaga Yangi yil va oilam bilan birga bo’lishni istayman.
-Oilangizni olib yuring, tayyorgarlik yaxshi va hammaga etadigan joy ham bor. Agar kerak bo’lsa, u kishining uyiga yaqin mehmonxonadan joy ham oldirib qo’yganmiz.
-Lekin men baribir Xolisni sizning rejangiz bo’yicha yurishiga ishonmayman,- dedi Mirtemir garchi reja nimaligini bilmasa ham.
Shunda Olmosli Cholning telefonini oldida Olmoniyaga telefon qildi:
-Bu erda butun muxolifat birlashdi va Toshkentga borishga tayyor,-dedi.
Olmosli Xolisning ovozini eshitiladigan qilib qo’ygan edi.
-Men Karimovni bitirdim, mamlakatni qo’lga kiritdim, yoningizdagilarning menga keragi yo’q. Ular faqat indamay o’tirsalar, bas. Qolgan gapni kelganingizda gaplashamiz!-dedi Xolis.
Xolisning bu gapi Olmoslini shoshirib qo’ydi va rangi oqarib ketdi.Ammo noqulay vaziyatlardan chiqishga usta odam bo’lgani chun darhol:
-Bu axmoq bilan bir ish qilish qiyin. Narigisi ham axmoq. Shu tashabbusni siz qo’lingizga olishingiz kerak,-dedi Mirtemirga.
-General bo’lishni orzu qilmagan askar askar emas deyishadi. Demak, men ham askar emasman. Men birinchidan, hech qachon kimgadir tobe bo’lishni istamayman. Juda ham erkin odamman. Ikkinchidan, kimnidir o’zimga tobe qilishni istamayman, chunki hammaning ham erkin bo’lishini istayman,-deb javob qildi Mirtemir.
-Bu ahvolda mukammal odamni topa olmaymiz va yana Xolis masalasiga qaytamiz,-dedi Olmosli bir zumda adashib qolgan otni yo’lga solgan chavandozdek mamnun qiyofda.
-Ha, siz bir narsani eng mukammal deya ko’rsating men sizning xatoingizni ko’rsataman. Siz bir odamni xatosiz deb ayting, men sizning xatoingizni aytaman. Siz mening xatoimni ayting, men sizning kimligingizni aytaman. Dunyo mana shunaqa. Lekin men odamni yaratgan Tangrining o’zi uning jonini olishi kerak degan qat’iy ishonchdaman. Karimov men bu dunyoda kechira olmaydigan yakka shaxs. Lekin uning ham o’limini istamayman. U ham yashasin va qilmishlari uchun mana shu dunyoda javob topsin.
-Bizga qo’shilmaysizmi?-deya so’radi Olmosli.
-Yo’q, bunday harakatlarning oxiri yomon bo’ladi, Xolis ilgari ham shunaqa xom-xatala ishlarga bosh qo’shib, ko’p odamni xonavayron qilgandi, agar yana bir narsa o’ylayotgan bo’lsa, uni to’xtatish kerak. Chunki bu yo’l bilan biz faqat diktatura mustahkam bo’lishiga yordam qilayapmiz. Bu ketishda oxiri Vatanda bir kishi ham ko’chaga chiqa olmaydigan bo’lib qoladi yoki diktatorga hamma odamni qirib tashlashi uchun sharoit qilib bergan bo’lamiz. Buning ustiga unutmang, qilich bilan kelgan, qilich bilan ketadi,-dedi Mirtemir.
-E, yo’q, nimalar deyapsiz, bir gap bo’lsa mana men bilgan bo’lardim. Faqat hammamiz birgalashib Vatanga qaytib boraylik, bitta uchqichda boraylik, xalq bizni kutib oladi va bu harakat inqilobga aylanib ketishi mumkin, degan plan bor edi, qo’shilmasangiz biz sizni majbur qila olmaymiz,-deya Olmosli ichkariga, boshqalar o’tirgan xonaga qarab yurdi.
Ichkarida Olmosli gapni uzoqdan boshlab, yana birgalikda Vatanga qaytish kerak degan gapni aytgandi, Mirtemir so’hbatga qo’shilmadi…
Shu bilan ular xayrlashdilar.
Amerikada bu suhbat bitib yangi yil kirib kelar ekan Vatanda ham yangi yil bayrami boshlanib ketgan edi.

1998 yilning oxiri, 1999 yilning yil boshi

Almatov bayram tabriklarini qabul qilar ekan, qo’lidagi qadahni ko’tarishga qo’rqib turgandi. Chunki hali Karimov so’rab qolishi yoki chaqirishi mumkin-da. Bugun u qabulxonaga telefon qilib, Karimovni tabriklash niyatini aytgandi, kotib bir zum o’tmasdan qayta qo’ng’iroq qilib:
-O’zlari sizga telefon qilar ekanlar,-dedi.
Shundan keyin yuragiga g’ul-g’ula tushdi. Nima gap ekan? Nega qabul qiladilar? Har doim bayram arafasida xayollariga kelmagan hadya olib borishimni bilar edilar-ku? Yoki birortasi biror narsa deb qo’ydimi?
Almatov hatto xayolida ham Karimovni senlashga qo’rqardi. Unga shunchalik jon oldirib qo’ygan-ki, u xayolimdan o’tganini ham bilib qolishi mumkin deb o’ylar edi.
Mana bir necha soatki savollar Almatovga tinchlik bermasdi. Dunyo qiziq ekan. Ko’pchilik uni juda qudratli, mamlakatni boshqarib turgan odam deydi. Ba’zilar hatto Karimovning jilovi ham uning qo’lida degan xayolga boradilar. U esa yangi yil bayrami kirib kelayotganiga qaramay qo’lidagi qadahni ko’tara olmaydi. Yegan ovqati ham tomog’idan o’tmaydi. Bir oddiy qul ham bayramda erkin bo’ladi, ammo u erkin emas edi. Qanchadan-qancha odamlar kelib, unga hadya berib, shirin-shirin gaplar aytib ketdilar. Na bir hadya ko’ziga ko’rindi va na bir shirin gap qulog’iga kirdi. Xayolida ham, dilida ham, qulog’ida ham faqat ‚”Nima gap ekan?‚” degan savol xuddi buldozerdek gurillab aylangani aylangan.
U har soniyada devordagi soatga qaraydi. Bir daqiqa u yoqda tursin, bir soniya ham juda uzoq vaqt ekan. Turib-turib, keyin soatga qarasa, endi yarim daqiqa o’tgan bo’ladi. Soatning ‚”tiq-tiq‚” etgani esa xuddi boshida birov yong’oq chaqqandek butun vujudini qoplab olgandi. Ana shu zayl vaqt imillay-imillay yangi yil kirishiga 25 daqiqa qolganda kotib telefon qildi va 20 daqiqadan keyin borishi kerakligini aytdi. U apal-tapal yo’lga chiqdi.
Almatov o’tiradigan binodan Devonga er osti yo’li bor edi. Bu tunneldan bitta engli mashina yura oladi. Ammo tunnel Karimov yashaydigan 3 qavatli uyning tagiga borganda bekiladi. Chunki narigi tomonini faqat Karimovning o’zi kabinet va uy orasi yo’lagi sifatida qo’llanadi. Shu bois favqulodda holatlarda Almatov o’sha nuqtaga qadar borar va u erdan tashqariaga chiqib, devon hovlisi orqali ichkariga o’tardi. U tunneldagina qo’llaniladigan mashinani qoldirib, yuqoriga chiqdi va Karimovning qabulxonasiga qarab yugurar ekan, xursand edi. Chunki ko’nglidan Karimov yangi yilni men bilan kutib olar ekan, degan fikr o’tdi. U Devon yoniga kelganda, to’satdan bir daraxtning ortidan Karimov chiqib qoldi. U anqayib qoldi. Boshqa birov ko’ziga Karimov bo’lib ko’rindimi yoki bu rostdan ham Karimovning o’zimi? Qo’rimalari qani? Bu soatda bu erda nima qiladi?
-Anqayma, shundan vafodor ekaningni va aytganimdan oldin kelishingni bilardim. Yur, biroz Devon hovlisida aylanib gaplashamiz,-dedi Karimov unga. Shundagina Almatov o’ziga keldi va qarshisida haqiqatdan ham Karimov turganiga ishondi.
-Yangi yilingiz bilan tabriklamoqchi edim,-deb Almatov Karimovni quchoqlamoqchi bo’ldi. Karimov gavdasini boshqa tomonga burdi-da:
-Qanaqa yangi yil?-dedi,- qani, ana u amaliyotni qanday o’tkazamiz, ana o’sha kun biz uchun yangi yil bo’ladi va o’shanda birgalikda ichamiz. O’sha kun formangni kiyib kelasan. Amaliyot yaxshi o’tsa, yangi yilni qutlaymiz, elkangga yana bitta yulduz taqib qo’yaman. Bo’lmasa, formani echasan!
Almatovning hadyasi ham qo’lida qoldi.
-Qo’lingdagini mana bu daraxtning ostiga qo’y,-dedi Karimov.
-Bu juda qimmatbahoo…
-Agar amaliyotni pishitmasang bu narsalar bir tiyinga qimmat bo’lib qoladi, amaliyot yaxshi o’tsa, demak seni eng katta hadyang o’sha bo’ladi. Unutma, ilgari poshsholar bur o’q bilan ikki hayvonni urganlar. Biz beshtasini birdan urayapmiz. Bu oson bo’lmaydi. Dindorlar masalasida bugungacha bizga ishonmagan dunyoni ishontirishimiz kerak. Saylovning msallig’ini tayyorlab qo’yishimiz lozim. Bu senga ham keyingi saylovgacha qolish garantiyasini beradi. Muxolifatni butunlay bitirishimiz shart. Xalqni ko’zini qo’rqitib turish lozim. Nihoyat, kuchimiz borligini, har qanday sharitda iqtidorni qo’lda tuta olishimizni boshqalar ham bilib qo’ysin. Bilasan, dunyoning qulog’i bor va hamma gapni eshitishadi. Shuning uchun tashqarida gaplashaylik degandim. Hamma bayram bilan ovora. Osmondan turib yozib oladiganlarning ham xayoliga bular shu paytda ishni gaplashadi degan gap kelmaydi. Yaxshilab eshitib ol. Amaliyotda kim qatnashasa ham vaqtini bilmasligi kerak. MXXdan ikki kishi biladi va ularga 15 fevral deb aytdim. Ammo amaliyotni bir kun keyinga mo’ljalla. Men hukumat majlisini ham 15 ga aytganman va bir kun qolganda 16 ga ko’chiramiz. Demak, 45 kun qoldi va bu haqda boshq gaplashmaymiz. Kamida 5 joyda shampanskiy ochasan. Hukumatdagilarga yaxshiroq qilib quy. Keyin bankdagilarga ham bir shisha ber. O’zingni odamlaring ham quruq qolmasin. MXX yaqinida ham bittasini och! Importniysidan bo’lsin. Kimning mahsuloti bo’lishini ham o’ylab qo’y. Shishalaar birin-ketin ochilsin! Hoziroq borib hamma narsani tekshirib chiq!
-Ijrochilarning ba’zilari MXX da…
-Shuni ham menga aytasanmi? Nodirxonga ayt, hammasini bitta bochkaga soladi!
Shu payt olisdan soatning bong urgani eshitildi, odamlarning qiyqiriqlari keldi va qaerdandir osmonga mushaklar otildi.
-Yangi yiling bilan tabriklayman,-dedi Karimov,- bunisi emas, keyingisi bilan!
Karimov shunday deb ortga qaytdi va daraxt ostidagi hadyani olib, bino ichiga kirib ketdi. Shundagina Almatov eshik yonida bir yigit kutib turganini va Karimov hadyani uning qo’liga tutqazganini ko’rdi. Favqulodda holatlar uchun qilingan bu eshikdan devonning hojatxonasiga kirish mumkin. Demak, qolgan qo’riqchilar ichkarida kutishmoqda va yangi yil oqshomi Karimovning qorni og’rib qoldi deb o’ylashsa kerak.
”Ha, otam, pishiqsiz!‚” deb qo’ydi xayolan Almatov.
U o’zini qushday his qildi. Demak, Karimov faqat unga ishonadi. Hatto MXXga ham aniq kunni aytmabdi. Agar hadyani olmaganda ko’ngli xira tortaradi, lekin hadyani ham oldi. Faqat nega uni darxtning ostiga tashlatdi va keyin qaytishda oldi? Balki ichida yozib oladigan bir narsa bormikan deb o’yladimi? Nahotki… Birdan ko’nglidagi ravshanlik o’rnini zulmat qopladi. ‚”U tullak, hatto o’ziga ham ishonmaydi‚” deb o’yladi va ana shunday deb o’ylaganidan qo’rqib ketib, atrofga qaradi. Shu payt badani junjikdi. Shundagina bu erga qadar yupun kelganini angladi. Darvoqe, Karimov ham juda yupun kiyimda edi. Balki havo sovuq emasdur? U qo’lini-qo’liga ishqamoqchi bo’lgandi barmoqlari qotib qoganini va havo juda sovuq ekanligini his etdi va yana yugurgancha ishxonasi tomonga ketdi.

O’NINCHI BOB

2003 yil

Birdan Karimovning ko’zi tinib, boshi aylanib ketdi. Keyingi kunlarda u o’zini holsiz sezar va do’xtiri bergan kuchlantiruvchi dorilaridan ham naf sezmayotgan edi. Avvaliga ichkilikdan deb o’yladi va bir ikki kun ichmay qo’ydi. Ammo majolsizlik tinmadi. Keyin nashaning ta’siri deb o’yladi. Uni ham kamaytirib ko’rdi. Bo’lmadi. Balki ko’p ishlayapman, deya bir necha kun ishga chiqmay, dala hovlida qoldi.

Birdan yodiga Stalinning do’xtirlardan shubaha qilgani tushdi. Balki bu gapda jon bordir? Agar bir gap bo’lmasa, nega bu qadar holsizman? Nega do’xtirlarim sababini topa olmayaptilar? Yoki bilsalar ham mendan yashirmoqdalarmi?

Mana endi yana boshi aylanib, ko’zi tinib ketdi. Xayriyatki, bu hol xalqning ko’z oldida yuz bermadi. Ammo mana bular sezib qolishdi. Hatto Almatov bilan Inoyatov ikki tomondan kelib qo’ltig’imga kirishdi. Balki bularning do’xtirlar bilan tili bir bo’lsa-chi?
Karimov holsizlanib yotar ekan, Almatovni chaqirtirdi.

-Hov bola, sandan boshqaga ishonmayman, buni bilasan! Do’xtirlar bilan gaplash, ular mendan nimanidir yashirmoqdalar. Agar rostdan ham shunday bo’lsa, onalarini ko’rsat!

Almatov Karimovning oqarib qolgan yuziga qarab ‚”xo’p‚” ishorasini qildi-da tashqariga chiqar ekan, Karimov o’zining asl ishongan odami bo’lmish Haydarovga:

-Bor, o’zing yonida tur,-dedi.

Ular do’xtirlarni to’pladilar. Karimovning kasallik varaqalarini keltirishdi.

-Ikki marta hemaroydan amaliyot qildik,-dedi Gayran,- o’zim qildim va mana ikki yildirki hech qanday muammo yo’q. O’tgan yil o’zim endoskopiya va kolonoskopiya qilgandim. Ichak yo’llarini tozalagandim. Yaqinda yana bir marta takrorlamoqchi edim, ammo ochlik qilish jarayoniga dosh bera olmadilar. Tennis o’ynab turganlarida ahvollari ancha yaxshi edi, lekin tennisni tashlab yubordilar, gapimizga quloq solmadilar,-dedi Gayran.

-Qon analizlari qanday?-deya so’radi Almatov. Do’xtirlar qog’ozlarga qarar ekanlar Haydarov javob qildi.

-Xolesterin miqdori baland chiqmoqda. Ammo Angliyadan yangi dori olib keltirdik va uning foydasi bo’lmoqda…

-Lekin bu dori xolesterenni kamaytirgani bilan jigarga zarari bor,-dedi Gayran.

-Jigarlarini tekshirdinglarmi?-deb so’radi Almatov.

-Tekshirdik. Serroz belgilari ko’rinmoqda. Ammo unchalik xavfli emas.

-Siz bilasizmi, bu odam butun bir mamlakatning boshi, butun xalqning umidi shu odamda, bugunimiz ham, kelajagimiz ham shu odam bilan bog’liq, siz bo’lsangiz qandaydir shubhalar haqida gapirib o’tiribsiz,-dedi Almatov o’ta jiddiylik bilan.

-Boshqa mamlakatlarda har qanday shubha bemorga ochiq aytiladi va u bilan bir qarorga kelinadi. Bizda esa shubhani tilga keltirishga qo’rqamiz,-dedi Gayran.

-Siz ham muxolifatchi ekansiz-ku?-deya kesatdi Almatov.

Almatov hech kimga baqirmas, hech kimni so’kmas, faqat muloyim gapirib, o’zini yaxshi ko’rsatadigan odam edi. U nima ish qilsa ham, orqadan qilar edi. Birovning yuziga qarab, “Akajonim” deya quchoqlab, u ketishi bilan “Bu ablahni yo’qotlaring!” derdi. Yuzma-yuz gaplashganda juda jahli chiqsa, yumshoq kesatiq qilardi. Gayran buni yaxshi bilardi. Chunki otasi uzoq yillardan beri Almatovning qo’lida ishlaydi va ular yaqin do’st. Shuning uchun ham unga ochiq gapirmoqchi bo’lgandi, ammo u ham eshitishni istamadi. Lekin nima qilsin? Karimovnig o’ziga aytishga qo’rqadi. Bular esa eshitishni istashmaydi. Indamasa vaziyat yomonlashib bormoqda.

U qolgan do’xtirlarni tashqariga chiqardi-da Almatovga qarab:

-Mayli, meni muxolifatchi deb hisoblanganlar, lekin ochiq gapni aytaman “Katta”ning boshida tumori bor!-dedi.

Tomdan tarasha tushgandek aytilgan bu gapdan Haydarov ham, Almatov ham esankirab qoldilar. Bir muddatdan keyin Haydarov:

-Kallangiz joyidami? Buni aniq bilib aytayapsizmi yoki muxolifatchilik uchun aytib yubordingizmi?-dedi.

-Taxminlarimga tayanib aytdim. Chunki “Katta”ga boshni rentgen qilishni aytgandim, jerkib berdilar. Boshqa hamma joyni tekshirdim, simptomlar esa rak kasalining belgilaridir. Menimcha, boshning orqa qismida o’simta bor va harakatsiz holda. Vulqondek uxlab yotibdi. Juda kichik. Ammo “Katta” har narsaga asabiylashgani uchun bu vulqon harakatga kelishi hech gap emas. Metaztaza boshlansa, hech narsa foyda qilmaydi.

Almatov indamay xonadan chiqdi-da, Nodirxonga telefon qildi:

-“Katta”ning topshiriqlari bu, odam yubor, Gayranni qama!

-Otasinichi?-deya so’radi Nodirxon.

-Urug’ aymog’i bilan qurit va Armanistonga qochib ketdi deya gap qilishsin.

-Bo’ldi, faqat shoshmay turaylik, gap bor, hozir boraman, o’sha yerda gaplashamiz.

Haydarov kelishi bilan Almatov gapni kalta qildi va rang quti oqarib ketgan Haydarovga:

-Nima qilamiz?-dedi.

-Birinchi ish, gap tarqalib ketmasligi chorasini qilish kerak. Ikkinchisi, bitta yaxshi onkolog do’xtirni chaqirib tekshirish o’tkazish kerak. O’zlari hozircha bilmasinlar. Bu gap hali to’g’ri bo’lib chiqadimi, noto’g’rimi, bilmayman, ammo bu gap har qanday odamni yiqitadi…

-Men Gayranlarni yigirma yildan beri bilaman. Udan kuchli do’xtir yo’q. U taxmin qildim desa, haqiqatni aytgan bo’ladi. Mening Olmoniyada bir do’stim bor. Ismi Umar. Asli eronlik. O’zi kuchli do’xtir bo’lmasa ham qo’lida juda kuchli do’xtirlari bor. Katta kasalxonaning rahbari. Yaqinda jiyanim davolanib qaytdi. Dunyoning juda ko’p rahbarlari o’sha joyda davolanadi. Turkmanboshining yuragini ham ular amaliyot qilishdi. Mana otday yuribdi.

-Ammo bu yurak emas, bu bosh. Bu juda yomon kasallik va gap tarqalasa tamom, ishimiz bitadi, o’zlari bilib qolsalar ham boshi berk ko’chaga kiramiz. Manimcha, o’sha do’stingizni bir guruh do’xtirlari bilan chaqiraylik.

-Ularning maxsus samoletlari bor. Gospital samolet deyishadi. U asli Nodirxon bilan do’st. Unga aytsak, darrov gaplashadi.

Ko’p o’tmay Nodirxonning o’zi kirib keldi.

-Gayranga hozircha tegmaylik,-dedi u Almatovga.-Uning shubhalaridan xabarim bor. Kecha gaplashganmiz va u chetdan do’xtir chaqirishni so’ragandi.

-Umarni chaqirsang bo’lmaydimi?-dedi Almatov.

-Umar osmondan kelayapti. Hammasini sarig’i bilan olmoqchi. Miqdori ham katta…

-O’lsin, qancha olsa olaversin, ammo tez kelsin,-dedi Haydarov.

-U Amerikadan va Yaponiyadan rak kasali mutaxassislarini chaqirib, olib keladi.

-Qachon? Rak dedingmi?

-“Katta”ning boshida o’simta bo’lishi mumkin. Gayran buni birovga aytishga qo’rqib yuribdi,-dedi Nodirxon.

-Bizga aytdi..-dedi Haydarov.- Ukajon, o’sha Umar bilan gaplash va ishni tezlat!

-Samoletni qaerga qo’ndiramiz?-dedi Nodirxon.

-Tuzelga,-deb javob qildi Haydarov.-Katta dam olishga ketishdan oldin tekshiruvdan o’tmoqda deb Tuzeldagi hukumat kasalxonasiga qo’yamiz, o’sha yerda tekshiradilar.

-Ular samoletning ichida tekshiradilar. Gap “Katta”ni ko’ndirishda,-dedi Nodirxon.

-Buni menga qo’yib beringlar,-dedi Haydarov.-Menga faqat qaerga, qachon olib borishni aytsangizlar bo’ldi.

-Siz sariqlarni aytib qo’ying, Kucherskiyning o’zi olib kelsin, tayyor tursin, samolet qo’nishi bilan sariqlarni olib chiqish kerak, Umar nasiyaga ishlamaydi, u do’xtirlarga ham oldindan haq to’laydi, mana akamning jiyanlarini ham davolatdik, u oldindan haq oldi, ammo o’likni ham tiriltirib beradi!-deya favqulodda muhim odam kabi buyruq ohangida gapirdi Nodirxon.

Gayranning taxmini to’g’ri bo’lib chiqdi. Karimovning bosh qismida kichik bir o’simta bor ekan. Dunyoning mana man degan do’xtirlaridan tuzilgan konsilium amaliyot qilish kerak degan qarorga keldi. Amaliyotga tayyorlash jarayonida ham bu haqda Karimovga aytishmadi. Haydarov bu masalada gaplashish uchun payt poylab yurgandi.

Karimov esa goho bardam, gohi majolsiz edi. Majolsiz paytida u hech narsaga qiziqmas, hatto ishni ham topshirib yuborishga tayyor edi.

Shunday majolsiz kunlarining birida avval Mirziyoevni chaqirdi:

-Hech kimni bu dunyoga bog’lab qo’ygan emas, mana seni tarbiyaladim, ish o’rgatdim, endi masuliyatni bo’yninga oladigan payt kelmoqda. Boshqaruvni o’zgartiramiz. Men Turkiyadagiga o’xshab oqsoqol prezident bo’lib qolaman va sen Bosh vazir sifatida boshqaruvni qo’lga olasan. Buni o’zi bo’lmaydi. Birinchidan, siyosiy kuching bo’lishi kerak. Yangi tuzilgan partiyani qo’lingga ol. Ikkinchidan, juda ko’p qonunlarni o’zgartirish kerak. Hammasini ko’rib chiq. Qonunlarni o’zgartirish haqida bir farmon loyihasini tayyorla. Men maslahatchilarni ishga solaman va hamma qonunlarni qayta qabulq qilamiz. Konstitutsiyaga ham o’zgartirish qilamiz.

Mirziyoev odati bo’yicha o’rnidan turib, Karimovning yoniga bordi va uni quchoqlab, yuzidan o’pdi. Karimov tik turganda u bu ishni qilolams , chunki bo’yi etmas edi. Shu bois Karimov o’tirgandagina u “lip” etib uning yoniga o’tib, quchoqlar edi.

-Faqat bitta masalada o’zingiz yo’l ochmasangiz men hech narsa qila olmayman,-dedi Mirziyoev.
Karimov uning yuziga qarab turib, zaharxanda jilmaydi-da, barmoqlari bilan sanagandek qilib:

-Inoyatov…. Almatov… Azimov… G’ulomov… Alimov… Jo’rabekov… yana kim?-dedi.

-To’laganov…Sultonov… Safoev…

-Alimov bilan Jo’rabekovni o’lgan deb bilaver. Rashidga aytdim, ularning ustidan ish ochib qo’yadi. Qolganlari esa qanday qilib bir birlarini eyishlarini tomosha qilamiz,-dedi.

Mirziyoev chiqib ketishi bilan Karimov “Balki bu bola o’zidan ketib qolsa-chi? Unda uning o’zini ham qolganlarga qo’shib yuboraman. Agar izdan chiqmasa ko’ramiz” deb o’yladi.
U dastlab Almatovni chaqirdi.

-Uka ko’rayapsan. Sendan boshqaga ishonmayman. Bilaman, Mirziyoev bilan gaplashganimni eshitgansan. Qulog’ing sakkizta. Lekin harakatingni qil. Umidim senda. O’zingga bitta partiya tuzish haqida ham o’yla. Ha, do’xtirlar bilan ishni esa tezlat. Bilaman, nimalardir qilayapsan, hech narsani ayama, ammo o’zingni o’ylab, ko’zi ochlik qilma, mening sog’lig’imni bahona qilib, xazinamga ko’z tikma, raqibing kuzatib yurganini unutma!-dedi unga.

Keyin bir-bir chaqirib, harakatlarini ko’rishni qolganlarga ham aytdi.

Inoyatov bir o’q bilan bir necha kishini o’rmoqchi bo’ldi. Buning uchun qamoqda yotgan Zayniddinni muxbirlar huzuriga chiqartirib, 1999 yilda yuz bergan portlashlarda Almatovning qo’li borligi haqida gapirtirdi. Karimovga esa, Zayniddin Almatovning qo’lida, u siyosiy o’yin qilish uchun uni xorijiy muxbirlar huzuriga chiqartirdi, dedi.

Karimov ham axmoq emas. Lekin majoli bo’lmagani uchun Zayniddin nimalar deganini eshitishga o’zida kuch topa olmadi. Ammo ular bir-birini esin deb indamadi. Almatov esa, qamoqdagilardan bir nechtasini ishga solib, u yoq bu yoqni portlatib “Inoyatovning qo’lidan qochgan bolalar qildi bu ishni” dedi.

Voqealar Karimovga zarar emas, foyda keltirgani uchun unga ham indamadi.

Almatov bilan Inoyatov muxolifatning orasiga bir qancha odamlarini suqqanlari uchun ularni siyosiy kuch sifatida qo’llanishga urinishardi. Karimov esa bular menga qarshi bo’lgan odamlardan foydalanib, xalqni o’zlariga ergashtirishni rejalayati deb ginasining usiga gina to’plab qo’yardi.

Karimov hech qachon darhol qasos olmasdi. U qasosni ko’ngliga tugib qo’yib, paytini kutar va vaqtini topib, bitta urishda ishni bitirardi. U boks o’yinini yaxshi ko’rardi. Doim kuchli bokschilarni kuzatardi. Ular sakrab turaveradilar, raqiblari esa uraveradilar. G’alabaga ishonch ularni avvaliga kuchlantirsa, keyin holsizlanadilar. Kuchli bokschi shunday paytni kutib, bir urishda uni nokaut qilardi. Karimov ham shunga amal qilishga urinardi.

Karimovning o’g’lim, deya erkatlatganiga ishongan Azimov esa, ishbilarmonlardan odam tanlab bir tashkilot tuzdi. Unga ‚”Ittifoq‚” deb nom berishdi. Uning tashkilotiga Almatov ham ko’z tikdi. Chunki bu tashkilotga muxolfat ham qo’shilgandi. Ammo muxolifatdagilar bu tashkilotning orqasida kimlar turganini sezib qolishlari bilan uni tark etishdi.

Azimov ustalik bilan bu tashkilotni Karimovga emas Mirziyoevga qarshi qo’ymoqchi bo’ldi. Agar Almatov ham bu tashkilotga ko’z tikmaganda, Inoyatov indamas va Mirziyoev bilan Azimovni urishtirar edi. Lekin u Almatovga yo’l bera olmasdi. Shu sabab yana bir necha kishini “Ittifoq”qa bog’lashni rejaladi. O’ziga tobe bo’lgan, ammo ko’zga ko’ringan bir necha kishini ikkiga bo’lib ham Azimovga, ham To’laganovga yubordi. Azimov ustalik qildi. Hali prezident bo’lish niyati yo’qligini aytdi. To’laganov esa ish bitgan, suv keldi, deb etigini echdi va rozi bo’ldi.

Karimov kundan kunga dunyoni suv bossa ham to’pig’iga chiqmas holga tushayotgandi. Holsizlanib borayotgani uchun bu haqda o’ylamay ham qo’ydi. Ayniqsa, Haydarov uning boshini maxsus rentgendan o’tkazish zarurligini aytgandan keyin siyosatdan sovudi va hammasi bir-birini eb o’lib ketmaydimi, deb qo’l siltadi.

Olmoniyadan kelgan do’xtirning kattasi tahlil natijalarini ko’rar ekan, Karimovning o’zi bilan ochiq gaplashish va undan “Agar o’lib qolsam mas’uliyat o’zimda” degan yozuvni imzolatib olish kerakligini aytdi. Tarjimon bu gapni Haydarovga aytgandi u tarjimonga tikilib qoldi.

-Aka og’zimdan gap chiqmasligini bilasiz-ku,-dedi tarjimon Haydarovning elkasi osha Almatovga ham ko’z qirini tashlar ekan.

Uka, bilamiz og’zingga mahkamsan,-dedi Almatov,-senga o’xshagan yigitlar birinchi galda oilasini o’ylaydi, bir- birdan shirin iki bolang bor ekan. Ayniqsa, Nargizaxon juda shirin ekan. Olimjonga esa gap yo’q. Ota-onang ham senga qarab qolishgan. Otang buyrak amaliyoti navbatida turgan ekanlar. Mana, biz bu masalani hal qilib beramiz. Axir davlat ahamiyatiga molik ish qiladigan va sir saqlashga qodir odamga birinchi galda xizmat qilinmasa, kimga qilinadi?

Do’xtirlar bular nimani gaplashib qoldilar, deya hayron edilar. Buni his qilgan Haydarov:

-Hammasi mayliku-ya, shu qo’l qo’yish degan masalani o’rtadan chiqarish kerak,-dedi.- Nima dedingiz?

U shunday deb Almatovga qaradi.

-U kishi hamma narsaga qo’l qo’yadilar, ammo bunga emas. Umuman kim ham bunga qo’l qo’yadi? Masalan, Xudo o’zi saqlasinu lekin men bo’lganimda ham qo’l qo’ymagan bo’lardim. Yoki mana siz ham qo’l qo’ymasdingiz…

Uning gapini Haydarov bosh qimirlatib tasdiqladi. Karimov shunday vaziyat yaratgandiki, uning atrofidagilar faqat bir-birlarining gaplariga bosh irg’ab qo’yardilar, biror qarshi gap aytish-tutab turgan gulxanni yondirib yuborish bo’lardi. Shu lahzada Haydarovning ham, Almatovning ham ko’nglidan bu gapni eshitsa, Karimov amaliyot tugul, maxsus rentgenga ham izn bermaydi degan qat’iy fikr kechayotgan edi.

Ammo do’xtirlar ham boshqa yo’li yo’ligi va ular o’zlarini sug’urtaga olishlari zarurligini aytib, oyoq tiradilar. Shunda Almatov “Turkiston” mehmonxonasida turgan Umar bilan gaplashish kerakligini aytdi. Umar rus tilini yaxshi bilardi. Uning ota-onasi Eronda mashhur do’xtirlar bo’lishgan. Otasi shoh Rizo Pahlaviyni ikki marta amaliyot qilgan. Dindorlar shohni ag’darib tashlashganda ular Avropaga qochishgan va Umar Moskvada tahsil olgan. U yoshligidayoq Moskvadagi er osti kuchlari bilan yaqinlashgan, keyinchalik Olmoniyada kichik bir kasalaxonani sotib olib, uning o’rnida dunyodagi ko’rinishi eng hashamatli bo’lgan yirik klinikani qurdi. Mana-man degan do’xtirlarni ishga oldi. Murakkab xastaliklar bo’yicha tadqiqotlar boshlatdi. Qisqa vaqtda dunyoning ko’zga ko’ringan odamlari uning kasalxonasida davolanadigan bo’lishdi. Ayniqsa, o’zining soyasidan ham qo’rqadigan hukmdorlar er osti kuchlari orqali Umarga chiqib, shu erda davolanishlari odat tusiga aylandi. Umar o’zini dunyoning sanoqli kishilaridan biri deb bilardi.

Nodirxon uni taklif qilganda:

-Ustiga to’rta to’qqiz raqami yozilgan sariq g’ishtchalardan ko’tara olganing qadar beramiz,-dedi Nodirxon unga.

-Men arang ikkitasini ko’tara olaman, ya’ni yigirma to’rt kiloni. Men bilan boradiganlar esa arang bittadan ko’tara olishlari mumkin. O’zing bilasan, taniqli do’xtirlar o’zlariga qaramaydilar, ular juda nimjon bo’ladilar. Shu bois taklifingni o’zgartiramiz.

-Xo’p taklifing nima?

-Men hozir juda katta ishlarni tashlab borishim kerak. Jumladan ikkita mamlakat rahbari navbatda…

-Shartingni ayt.

-Biz borishimiz bilan odam boshiga beshtadan sariq g’ishtchani samoletga chiqarsizlar. Shundan keyin do’xtirlar pastga tushadilar.

-Biroz ko’p aytmadingmi?

-Bu faqat do’xtirlarning haqqi. Menga, gospitalimga samolet xizmatchilargiga yana shuncha…
Nodirxon bir gap aytsa, haq yana ikki baravar oshishini his qildi-da:

-Gap yo’q,-dedi.

Umarga Toshkentda maxsus joy qilishgandi. Ammo u rozi bo’lmadi va mehmonxonada turishni ixtiyor qildi. Bu ham uning o’ziga xosligi edi.

Karimov imzo qo’yishga rozi bo’lmasligini eshitgach u:

-Bu telefonni kimdir eshitmoqda,-dedi.

-Bu maxsus liniya va hech kim eshita olmaydi,-dedi Almatov.

-Agar sizlarnikilar eshitishmasa, boshqalar eshitmoqda. Nodirxon kelsin, gaplashamiz!
Nodirxon kelishi bilan Umar uni tashqariga boshladi:

-Biz oddiy odam taqdiri haqida gaplashayotganimiz yo’q. Agar unga bir gap bo’lsa, sizlar da’vo qilmasalaring ham bizning mamlakat da’vo qiladi va tekshirib chiqadi. Do’xtirlar buni biladilar. Bizda hozir qonunlar o’zgargan. Sud ham bizni, ham do’xtirlarni baravar jazolaydi. Bunday sudlarning hukmidagi raqamlarida kamida oltita ‚”0″ bo’ladi.

-Shartingni ayt,-dedi Nodirxon gap qayoqqa ketishini bilib.

-Senikini rentgenga rozi qilasizlar. Amaliyot haqida unga hech narsa demaysizlar. Rentgen paytida narkozga olamiz. Hujjatga esa sen o’zing qo’l qo’yasan. U menda turadi va men do’xtirlarga ‚”Bo’ldi, hujjat imzolandi‚” deb aytaman. Tarjimoningni pishit, do’xtirlar bu haqda mabodo kasalga gap ochsalar, nima deyishini bilsin.

-Boshqa odam qo’l qo’ysa bo’lmaydimi?

Umar savolni va tortishuvni yoqtirmas edi.

-Mayli, sen bilan birga Almatov ham qo’l qo’ysin!-dedi.

Nodirxon yana tortishish befoyda ekanligini tushundi. Hatto Umar buni ataylab rejalagan va kelajagini sug’urtaga olmoqda deb o’yladi.

-To’g’ri o’ylayapsan, men shu hujjatni imzolatib, darhol qaytib ketaman. Hamma vakolat qo’lingda bo’ladi. Agar juda qo’rqsalaring, keyin bu hujjatni qaytarishim mumkin. Hukmdorlar jinni bo’lishadi. Ayniqsa, kimdir orqasidan uning o’limi uchun mas’ulitni bo’yniga olsa,-dedi.-Agar bu o’yinga kirishni istamasang, uni ko’ndirishga urin, lekin u sendan kechadi-ki, ammo imzo qo’ymaydi.

Nodirxonning rozi bo’lishdan boshqa yo’li yo’q edi. Keyin gap chiqmasligi uchun nafaqat Almatovni balki Haydarovni ham qo’l qo’ydiraman deb o’yladi va bu ko’nglini ravshanlatgandek bo’ldi.

Karimov maxsus rentgenga arang rozi bo’ldi. Ammo boshiga har turli simlarni bog’lab tashlaganlaridan keyin o’ylanib qoldi. Ayniqsa, pritivogazga o’xshagan narsalar kiyib olgan doktorlarning kirib-chiqishlarini ko’rib, ko’ngli cho’kib ketdi. Nahotki masala jiddiy? U ko’zlarini yumgandi ichki bir ‚”men‚” unga qarshi bosh ko’tardi.

“-Ehtiyot bo’l, uyg’onmay qolishing ham mumkin!
-Bekor aytibsan. Hali qiladigan ishlarim ko’p. Dushmanlarim otda yurganda men ketaman-mi?
-Sen sal narsaga dushmanlaringni o’ylaysan. Do’stlaringni ham o’ylasang-chi?
-Do’stlarim. Mirsaidovmi? U menga xiyonat qildi. Jazosini berdim. Tug’ilganiga pushaymon qildim. Kim qoldi?
-Nazir-chi Nazir?
-Nazir! U mendan qochib yuribdi. U bilan oliygohda birga o’qirdik. Aslida u boshqa gruppada edi. Ammo Ruxsora bilan mening oramga kirdi. Ruxsora… naqadar go’zal edi-ya?.
-Ham go’zal, ham aqlli edi.
-Ammo go’zallar axmoq bo’ladilar.O’shanda Nazirga ko’z suzmaganda.
-Buncha Nazir, Nazir deysan. Uni qamatding, badarg’a qilding, oxiri qochib ketdi, baribir izidan odam qo’yib yuribsan. Axir Ruxsoraga uylanmadi-ku u?
-Agar orada u bo’lmaganda Ruxsora meniki edi. Ruxsora uni ko’rmasa menga rozi bo’lardi, men ikki marta urusga uylanmagan bo’lardim. Bugun u shohning xotini bo’lib yurardi.
-Lekin sen uni o’ldirding!
-G’ururi baland edi. Uni men emas, g’ururi o’ldirdi.
-O’ziki o’zi, erini ham, uchta bolasini ham o’ldirding!
-Chaqirtirsam kelmadi. Uyidagi gaplarni yozib kelishdi. Faqat meni la’natlar ekan. Erini ham, bolalarini ham menga muxolifatchi qilib qo’yibdi.
-Chunki sen bekordan-bekorga Nazirni jazolaganingni biladi-da.
-Ruxsora meni yaxshi ko’rardi. Ikkimiz har oqshom Beshyog’och yaqinidagi teppalikka chiqib, gaplashib o’tirar edik.
-Alisher Navoiy xiyoboni desang-chi. O’sha teppalikka ayol kishining haykalini qo’ymoqchi eding, nega Alisher Navoiy haykalini qo’yding?
-Ruxsorani unutishni istadim. Agar Nazir paydo bo’lmaganda, u mening yonimda qolardi.
-Yana Nazir, Nazir deysan-a? U axir Ruxsoraning qo’lini ham ushlagani yo’q-ku? U sening do’sting edi, u to’satdan paydo bo’lib qolmadi, sen o’zing uni Ruxsora bilan tanishtirding. U Ruxsoraga ko’z alaytirgan emas.
-Ammo Ruxsora unga ko’z alaytirdi. Uni ko’rishi bilan mahzun ko’zlari charaqlab ketardi. Lablaridan qahqaha tushmasdi. O’zini uning bag’riga otgisi kelardi.
-Nazir kelishgan, sen esa cho’tir bashara eding. Nazir aqlli, sen esa ayyor eding. Nazirning gapirishlari qizlarni mahliyo qilardi, seni gaplaring esa qizlarni cho’chitardi. Sen hamma narsaga kuch bilan erishishni istarding. U esa aql bilan..
-Xo’p! Kim haq bo’lib chiqdi? Men kuch bilan dunyoga hokim bo’lib o’tiribman. Ammo Nazir qani?
-U ham o’z dunyosiga hokim. Dunyo qo’lingda bo’lgani bilan uni ushlay olmayapsan. Alamingni Ruxsoradan olding. Uni o’ldirding.
-Uni men emas o’zi o’ldirdi deb aytdim-ku senga! U o’zi o’zini osib qo’ydi.
-Erini qamading, o’g’illarini qamading, uni tahqirlatding, hatto bir burda nonga zor bo’ldi.
-Uning qirolicha bo’lish imkoniyati ham bor edi. Ammo o’zi shu yo’lni tanladi.
-Xo’p, Lola opaning aybi nima edi?
-Aybi go’zalligida.
-Uning erida nima ayb edi?
-Badbashara bir maxluq shunday go’zal ayolga uylanadimi? Katta ishda bo’lganida kuchini ko’rsatib, shunday parining umrini xazon qildi.
-U ham sen kabi kuchga ishongan bo’lsa-chi? Ammo u sening ustozing edi. Senga ish o’rgatdi, balo qazolardan asrab qoldi, orqangni tozalab yurdi.
-U faqat orqa tozalashni biladi. Nega o’shanda meni uyiga olib borgandi? Nega xotini bilan tanishtirgandi? Nega birga o’tirib ichardik va nega darhol mast bo’lib qolardi? Nega ertalab uyidan chiqib ketganimni ko’rganida ham ko’ngliga shubha kelmasdi?
-U seni haqiqiy ukam, deb bilardi, senga ishonardi.
-Xotinni ukaga ham ishonib bo’lmaydi.
-Xotini sendan katta edi.
-Go’zal bo’lsa yoshiga qarmaydi. U tengi yo’q go’zal. Uning boldirlari har qanday yostiqdan ham yushoq. Uning yuzlari oyni ham uyaltiradi. Uning ko’zlari Quyoshni ham qamashtiradi. Uning.
-Butun yuragingdan urgan ekan-ku?!
-Agar yuragimdan urmaganda erining qiliqlariga o’tttiz yildan beri chidar edim-mi?
-Chidamas eding. Lola opa buni bilar edi va faqat erini qutqarish uchun aytganlaringga rozi bo’lardi.
-Yo’q. Erini istasa men bilan yotmasdi. Har qanday ayol kuchni, kuchlini istaydi. Men kuchliman. Shuning uchun u meniki bo’ldi.
-Muhabbat-chi, Muhabbat. O’n gulidan bir guli ham ochilmagandi.
-U ham o’zini o’zi o’ldirdi. Uksus ichib o’ldi. Ammo juvonmarg dunyoning malikasi bo’ladigan edi.
-Seni uni sevgilisidan ayirding!
-Sevgilisi axmoq ekan, nega uni mening idoramga ishga o’tqazadi? Kuchli odamlarning yoniga sevgilisini yuborgan odam hezalakdir.
-Ammo Muhabbat seni emas, o’sha hezalakni tanladi.
-Yo’q. U o’limni tanladi.
-Seni to’shaginga yotganlardan qanchasi o’limni tanladi, bilasanmi?
-Bilaman. Almatov yashirsa, Inoyatov aytadi, Inoyatov yashirsa, Almatov!Shu bilan mening tilimni qisiq qilmoqchi bo’ladilar. Hali hammasini quritaman.
-Senga yaxshilik qilgan ham, qilmagan ham baribir. Bugungacha senga ishongan qancha odamlar mahv bo’lib ketdilar.
-Rajabovmi? Uni Davlat kotibi qilib qo’ydim. Ammo meni joyimga ko’z tikdi. Fozilbekovmi? Uni shahar hokimi qilib qo’ydim, ammo menga xoinlik qilgan Mirsaidovning etagini tutdi. Ibrohimov-mi? Qari chol! Uni Oliy kengashga rais qilib qo’ydim. Lekin tagimga suv quymoqchi bo’lganlarning yo’lini to’smadi. Yo’ldoshev-mi? Ho’kiz! Uni ham rais qilib qo’ydim, ammo tili chiqib qoldi. Malikovmi? Mahmadana! Uni vazir qilib qo’ydim, elchi etib tayinladim, ammo dushmanlarimga qo’shilib ketdi. Umrzoqovmi? Uni odam qildim, lekin pulni menda yashiradigan bo’ldi? Jo’rabekovmi? Uni balo qazolardan asrab yurdim, ammo o’z boshini o’zi edi. Hamidovni ham o’z o’rnimga hokim qilib yuborgandim. Biroq bitta Turkmanboshini yo’qotolmadi. Yana kim? Berdievmi? Jabborovmi? Abdurahmonovmi? Jo’raevmi? Uf? Yana qaysi birini eslay. Son-sanog’i bormi? Hammasi tuzimni eb, tuzligimga tupurdi. Hammasi fitnachi! Hammasi xoin, poraxo’r! Yaxshilikni bilishmadi. Shuning uchun ham jazoladim.
-Ammo senda kin, qasos hissi juda kuchli. Qanchadan qancha o’zing tanimagan odamlarni ham yo’qotib yubording! Aslida to’g’ri qilding! Bo’lmasa ular seni yo’qotar edilar!
-Ko’rdingmi, biz bitta odammiz. Baribir menga qo’shilmasdan ilojing yo’q. Chunki kin va qasos ruhi bu liderning qoni. Qanday qilib qonsiz yashash mumkin? Qanday qilib? Qonsiz…qonsiz…”

Karimov narkoz ta’sirida chuqur uyquga ketgach, do’xtirlar uning miya qopqog’ini ochish uchun amaliyot boshladilar.

-Men bugunga qadar juda ko’p hukmdorlarni amaliyot qildim,-dedi Karimovning bosh qismidagi o’simtani olib tashlagan do’xtir,-ammo hammasining ham miyasi juda kichkinaligini ko’rdim. Qanday qilib miyasi shu qadar kichik bo’lgan odamlar miyasi katta-katta bo’lgan donishmandlarni qul qilib olar ekanlar? Qanday qilib hukmdorga aylanar ekanlar?…

Karimov 26 kun deganda samoletdan tashqariga chiqdi. Uning bu erdaligini hatto oilasi ham bilmadi. Hammaga dam olishga ketgan deb aytishdi. Bu orada u ‚”kasal ekan‚” deb gap tarqalgani uchun uni kuzatib kelgan qo’riqchilari do’xtir Gayranga qo’shilib ‚”g’oyib‚” bo’lishdi. Tarjimon yigitni esa olmoniyalik uchuvchi samoletga yashirib olib ketdi va u hozir Amerikada yashamoqda. Ammo otasi kasalxonaga borolmay olamdan o’tdi. Onasi va umr yo’ldoshini dindorlikda ayblab, qamab qo’yishdi. Bolalari esa, Karimovning qizi boshchilik qilayotgan etimxonada…

O’N BIRINCI BOB

1999 yil Fevral

Vazirlar mahkamasining majlisi 15 Fevral kuniga belgilangan edi. Amaliyot ham shu kunga tayyorlangandi. Ammo birdaniga Karimov majlisni 16 Fevral kuniga qoldirishi hammani shoshiltirib qo’ydi.

Rustam, Otabek va Qoraboy aka yonma-yon xonalarda yotardilar. Devorlari bir edi, ammo yonma-yona ekanliklarini bilmasdilar. Ularga hayotning qizig’i qolmagan va faqat intiqom hissi bilan yashardilar. Qoraboy aka yo’q bo’lgan oilasi haqqi qasos olish umida tongni kutayotgandi. Rustam ham uxlamayotgan va tezroq bu zulmatli tun bitishini istayotgandi. Otabek esa “Eshik ochilishi bilan birinchi bo’lib yugurib chiqaman va portlatgichlar solingan mashinani o’zim boshqarib borib hukumatning binosiga uraman” deb o’ylardi.

Ularning har biriga alohida vazifa belgilangan va alohida guruhlarga kiritilgan edilar. Ular bilan aloqa qilgan kishilar amaliyotning barcha nuqtalaridan xabardor qilar edilar.

Bu avvaliga biroz shubha uyg’otgan bo’lsa-da, lekin keyinchalik ular Karimov va uning hukumatini yo’qotish uchun juda jiddiy ish borayotgani va bunda o’zlari ham muhim vazifa olganlariga chin dildan ishonib qolgandilar.

Kechalari ularni olib chiqib, Mustaqillik maydoni, Milliy bank va boshqa joylarni ko’rsatishar, qayoqdan kelib, qaerga hujum qilishni aytishar va qurollardan qanday foydalanishni o’rgatishardi. Keyin xaritalarni keltirib, sinovlar o’tkazishardi. Bir marta Rustamni hatto chet eldan qaytgan yigit bilan uchrashtirishdi. Uning ismi Zayniddin ekan.

Zayniddin bilan eski shahardagi bir machitda uchrashdilar. Yana bir necha kishi bor edi. Zayniddin ularga xorijdagi birodarlar bu rejimni ag’darib, Olloh buyurgan hokimiyatni o’rnatishga tayyor ekanliklarini va ulardan ishora kutayotganlarini aytdi.

Rustam va Bobur degan yigitni birga olib borishgandi. Bobur bir yil oldin qamalgan ekan. Xorijdan ushlab kelishgan. Endi amaliyotning asosiy rahnamolaridan biri edi. Ular birgalikda xufton namozini qilib, tongga qadar gaplashdilar. Vaqtlarining anchagina qismini kurashga boshlaydigan oyatlar va hadislarni o’qishga qaratdilar.

Rustamni hayrtaga solgan narsa Zayniddinning notiqligi bo’ldi. Har kalimani teran-teran qilib aytar va so’zlarini tarixiy voqealar, hikoyatlar bilan mustahkamlar edi. U aytib bergan hikoyatlardan biri Rustamga qattiq ta’sir qildi.

-Siz birodarlar mana bu hikoyatdan xabaringiz bormi? Buni qulog’ingizga quyib oling,-deya ularga murojaat qilgandi Zayniddin,-Iskandar deyilgan zot Mashriqqa kelganda, qarasa, odamlar odamlarga o’xshamas edilar. Ularning ko’zlari, burunlari joyida emas. Kimningdir ko’zi bitta bo’lsa, yana kimningdir og’zi ikkita. Shunday yomon kasalliklar tarqalgan ekan-ki nafas olsang, albatta bitta kasal yuqadigan joy ekan. Bolalar tug’ilganidan boshlab bukri, yo juda ham ozg’in yoki juda ham semiz bo’lib o’sar ekanlar. Ular tunu kun ingranar, qiynoqda azoblanar ekanlar. Keksalar sudralib qolishgan. Hech kim o’lolmas ekan. Xuddi qurt kabi o’rmalab yurganlar, ilon misol vishshillaganlar, qurbaqadek sakraganlarning son-sanog’i yo’q ekan.

Iskandar bu ahvolni ko’rib juda ham hayratga tushibdi va Ollohga murojaat qilib bu bandalarini nega bu kuyga solganini so’rabdi. Uning ro’yosida ma’lum bo’libdi-ki, bu erda yashaganlar Iblisni o’zlariga rahnamo qilib olibdilar. Iblisni maqtab, iblisga sig’inibdilar. Hatto farzandlarining ismini Iblis deb qo’yganlari bo’libdi. Shoirlari Iblis haqida dostonlar yozsalar, nosirlari kitoblar bitibdilar. Bolalari Iblisni ota desalar, otalari Iblisga nafaqat o’zlarini, balki onalari, qizlarini in’om etar ekanlar. Nega?

Iblis ularga nima berdi yoki nima qildiki, ular uning quliga aylandilar? Iblisning qilgan ishi bitta ekan, u ham bo’lsa ularning diliga qo’rquv solgan ekan. Ular Ollohdan emas, iblisdan qo’rqqanlari uchun yaratuvchi ularga ishoralar yuboribdi. Kimnidir qiynoqqa duchor etsa, kimnidir ayriliq azobiga solibdi, kimnidir xastalikka yo’liqtirsa, yana kimni sharmandlikka ro’baro’ qilibdi.

Ammo ular o’zlariga kelmabdilar. Ishorani sezmabdilar. Shunda ularga ibrat bo’lsin deb qo’shni mamlakatdagilarga shodliklar ulashibdi. Ular qo’shnilaridagi bu shodliklarni baxtsizlik deb bilibdilar. Iblisdan kelgan qurquvni esa shu qadar o’zlariga singdiribdilarki, hatto o’layotganda ham Iblisga sig’inib o’la boshlabdilar. Shunda yaratuvchi ularni o’lolmaydigan qilib qo’yibdi. Azoblarning eng kattalarini yuboraveribdi va ularni Iblisni tanishga undabdi. Lekin bir marta Iblisning domiga tushganlar qaytib chiqa olmabdilar. Dunyoda erkinlik borligini unutibdilar va Olloh ham ularni unutib, ulardan voz kechibdi.

Iskandar o’ziga voqif bo’lgan bu xabardan keyin qilichini yalang’ochlab Iblisning yoniga boribdi. Iblis uni katta tantana bilan kutib
-Mayli meni o’ldir, o’zim ham bu badbaxt xalqdan charchadim, ammo bir kun izn bersang men o’zimda ayb yo’qligini senga ko’rsataman,-debdi.

Iskandar “Xo’p” deb qarab turibdi. Iblis xalqqa
-Meni maqtamanglar,-debdi.
Ammo maddohlar maqtayveribdilar.

-Menga bir tiyinlaringiz kerak emas,-debdi Iblis.
Qarasa, eng kambag’allar ham bor butlarini sotib, xalta-xalta pul olib kelayotgan emishlar.

-Saylov qilamiz, meni saylamanglar,-deya yolvoribdi Iblis. Iskandar qarab tursa, hamma Iblisga ovoz berayotgan emish. Shunda u jahli chiqib “Bu xalq emas, bular qurt qumursqalar”, deb ularni qirib tashlabdi.

Yana tushida unga ma’lum bo’libdiki, agar u Iblisni o’ldirganda balki bu jonzotlar qurt-qumursqalar holidan yana odamlar holiga qaytishlari mumkin bo’lar ekan. Ammo ish ishdan o’tgan, g’isht qolipdan ko’chgan edi.

Iskandar yo’lga chiqqanda esa, Iblis unga hujum qilibdi. Ammo u orqasiga qaramay ketib qolibdi. Uning orqasidan quvib borgan Iblis

-Sen yarador emassan, sen buyuksan, sen o’lmassan,-debdi.

O’shanda Iskandar, Iblis hamma narsaning teskarisini gapirishi va xalq ham shunga o’rganib qolganini, anglabdi. Haqiqatni anglab qilichini qinidan chiqaraman desa, qon yo’qotishdan holsizlanib sahroga tiz cho’kib qolibdi. Iblis esa xaxolagancha turgan emish. Shunda Iskandar “Avlodlarim, bu xatoni men qildim, siz qilmang”, deya avlodlarga iltijo qilgan ekan. Bugun bizning xato qilmaydigan kunimiz bo’lishi kerak!…

Rustam oxirgi kecha Zaynidinning bu hikoyatini qayta-qayta eslab chiqdi. Lekin necha yildan beri qiynoqlar va azoblar girdobida ezilgani bir tomon bo’ldi va amaliyotni 16 Fevralga kechiktirganlari bir tomon.

Inson bir narsaga o’zini tayyorlashi juda qiyin kechadi. O’zini o’limga tayorlash esa undan ham qiyin. Lekin Qoraboy aka va farzandlari Rustam hamda Otabekning umrlari bir kunga uzaydi. Bu ularni shod etmadi, balki iztirobga soldi. Chunki ular qasos kunini, qasos soatini shodlik daqiqasi deb bilardilar. Ana shu daqiqada boshlariga tushgan barcha azoblardan xalos bo’lishlarini va intiqom hissida qovrilishlarini o’ylardilar.

Karimov majlisni bir kun orqaga olishi ularning nafratini yanada kuchaytirdi. Intiqom hissisga kuch berdi. Oxirgi lahzalarda ham bizni qiynamoqda deb o’ylashdi.

Bir kun ming yilga aylandi. Ular butun iztiroblarni qayta yashab chiqdilar va nihoyat amaliyot daqiqasi etib kelganda, mashinalarga qushdek uchib mindilar.

Qoraboy aka mashinaga minar ekan, sal narida o’g’liga o’shagan bir yigitni ko’rdi. U ham unga qarab turardi. Erto’ladan tashqariga chiqib, ko’zimga sarob ko’rinmoqda deb o’yladi. Haligi yigit ham unga qarab-qarab mashinaga mindi.

Orqasidan boshqa mashinaga minayotgan yana bir yigitni ko’rdi. Buni Otabekka o’xshatdi va o’limning oldidan Xudo farzandlarimni ko’zimga ko’rsatmoqda deb o’yladi. Xuddi ana shunday his Rustam va Otabekda ham bor edi. Ular go’yo mo”jiza oldida lol edilar.

Amaliyotni rejalagan odam esa otasi va farzandlarini uzoqdan bo’lsa-da oxirgi marotaba bir-birlariga ko’rsatib, o’z ko’nglini rohatlamoqchi edimi? Yo’q. Balki bu tomoni hech kimning xayoliga ham kelmagan va bir-birini olisdan ko’rib qolish shunchaki tasodifmidi? Yo’q. Reja tuzilganda bu narsa alohida o’ylangan va ularni oxirgi lahza ham intiqom hissi bilan sug’orish planli tarzda amalga oshirilgandi. Bu shayx Hasan davrining bugungi kundagi in’ikosi edi…

Karimov shu kuni ishga erta keldi va seyfni ochib dastalab qo’yilgan maktublardan birini oldi. U o’zining nomiga kelgan maktublarni deyarli o’qimasdi. Ammo turli tasodiflar tufayli ba’zi maktublar qo’liga etib qolsa, o’qib yo yirtib tashlardi yo otib yuborardi. Ammo kamdan kamlarini olib qo’yardi. Mana bu maktubni va uni bergan odamni esa yaxshi eslaydi.

O’shanda qizini turmushga chiqargani uchun Darxonda nahor oshi berdi. Qudasi bilan tashqarida turib, kelgan-ketgan bilan salom-alik qilib turishdi. Osh eb chiqqan bir notanish odam uning qo’liga bir konvert tutqazdi. To’yona bo’lsa kerak deb olib qo’ydi. Ammo keyin qarasa, juda chiroyli husnixatda yozilgan maktub ekan. Negadir bu xat unga qattiq ta’sir qildi. Mana sakkiz yildir-ki bu xat seyfda. Faqat nusxasini maslahatchisi Alimovga bergandi.

Karimov xuddi yaqinda yozilgandek, maxsus seyfda sarg’aymay turgan bu xatni yana bir bor o’qiy boshladi

…Paxta ishi deb ko’p odamlar qamalib ketdi. Agar bu adolat uchun boshlangan harakat bo’lganda, birinchi bo’lib siz qamalishingiz kerak edi. Chunki siz bu ishlarning boshida turgansiz. Qo’shib yozish boshlanadigan joyning nomi Gosplan edi. Siz umringizni qariyb yigirma yilini shu idorada o’tqazdingiz. Qo’shib yozishning barcha maxanizmlari shu idorada kashf etilganini axmoq ham biladi. Ming-ming odamlarni qamashdi, ammo sizga hech narsa deyishmadi.

Siz bir necha yil Moliya vaziri bo’ldingiz. Qo’shib yozish, paxta ishining barcha pullari sizning qo’l ostingizdan chiqqan. Chunki o’rtada bir-ikki so’m emas, millionlar, milliardlar aylangan va bu qadar mablag’ Moliya vazirining xabarisiz aylanmasdi. Ammo sizga indashmadi.

Siz viloyatda partiya komitetining birinchi kotibi bo’ldingiz. Bu paytda qo’shib yozish eng avjiga chiqqan edi. Sizni obkomning birinchi sekretari deyishardi. Viloyatda birinchi sekretarning izni bo’lmasdan bir ish qilinmasdi. Shuning uchun ham barcha obkom sekretarlarini qamashdi. Ammo sizga indashmadi.

Chunki siz ularning o’z odami edingiz. Chunki ularning maqsadi hokimiyatni sizga olib berish edi. Shu yo’l bilan bizni mustamlaka ostida saqlamoqchi edi ular. O’shanda mustaqillik harakatlari kuchaygandi. Bu juda katta to’lqin. Daryoga aylangandi. Unga ochiq qarshi chiqqan odamni va odamlarni oqizib ketardi bu daryo. Shuning uchun ham bu qudratli to’lqinga pand berish uchun sizni topishdi.

Siz hamma tomonlama ularga mos keldingiz. Umr yo’ldoshingiz ulardan va zehniyatingiz ham ularga yaqinlashib qolgan. Men ko’p e’tibor qildim. Bizning tilimizda gaplashganda juda qiynalasiz va ularning tilida gaplashganda rohat qilasiz. Inson qaysi tilda rohat gaplashsa, butun qalbidagini hech bir to’siqlarsiz ifodalasa, demak bu til uning ona tilidir. Siz turli gaplar va harakatlar bilan bizni aldashingiz mumkin, ammo yurak yurakdan ular bilan, ular bilan birgasiz. Yana ham ochiq aytsam, siz ulardan birisiz. Siz bizga begonasiz. O’zimizdan chiqqan begona!

Esingizdami, deputalarimiz mustaqillik e’lon qilganlarida qarshi chiqqan edingiz. Oradan bir yil o’tib, qamalish xavfi bilan yuzma-yuz kelib qoldingiz va darrov mustaqillik e’lon qildingiz.

Bu xalqimizning fojeasi. Bu xalqimizning Xudo urgani deganlar ko’p. Ammo baribir hamma narsa Xudoning ham emas, sizning qo’lingizda. Bugun tarixiy zarurat tufayli katta imkoniyatga egasiz. Mustaqillik e’lon qilib, o’zingizni qutqargan kabi endi butun xalqni ham qutqarib qolish imkoniga egasiz.

Siz ham erkaksiz, xotiningiz bor. Siz ham otasiz. Farzandlaringiz bor. Hech bo’lmasa shularni o’ylang. Agar siz hozirgidek gapda boshqa va amalda boshqa bo’lsangiz ular ham baxtsiz bo’ladilar. Butun xalq, umr yo’ldoshlarimiz, farzandlarimiz baxtsiz bo’ladilar.

Siz haqingizda eshitdim. Yo’liga to’siq bo’lgani uchun otasini urib, og’zini qonga botirgan va oq qilinib, uydan haydalgan kimsa, deyishdi. Birinchi xotini va o’g’lini ko’cha-kuyda darbadar qilib qo’ygan nomard, deyishdi. Nahotki, Xudo shunday odamni bizning boshimizga yubordi? Demak, bu ishning Xudoga aloqasi yo’q. Televizorga chiqib, sizni Xudoning erdagi soyasi, degan mufti ham sizga o’xshagan munofiqdir.

Sizda ana shularning hammasidan qutilish imkoni bor. Bu esa oqil va odil insonlarga quloq tutib, xalqqa xizmat qilishdir. Ammo sizni bu masalada ham badbaxt deyishdi. Oqil odamlarni oyoq osti qilib, axmoqlarni qo’llaydigan kishi deyishdi. Otasini o’ldirib, onasini xotin qilgan badbaxt ham sizni maqtasa unga mansab berib, uni yoningizda olib yurasiz, deb eshitdim. Nahotki?! Nahotki bu xalqning sho’ri qurigan?!

Shunday ekan, sizga maktub yozish ham axmoqlik emas-mi? Men achiq-achiq so’zlarni tanladim va sizni insofga chorlamoqchi bo’ldim. Paxta ishi davom etgan kunlarda “Literaturnaya gazaeta”da Rasul G’ulomov degan odam haqida yozishdi. U Rashidovga men sizga yozganimdan ham yuz marotaba haqoratli maktub yozgan ekan. Men muxolifatdagi oddiy faolman. U esa, Rashidovning yonidagi katta mulozim ekan. Shunga qaramay, Rashidov o’zini onangni, xotiningni deb so’kkan bu odamni yo’qotib yubormagan ekan. Hatto “tekshiringlar u haqdur, uni shu qadar achchiq gaplarni aytishga undagan narsa adolatsizlik bo’lsa kerak”, deb maktubning teppasiga yozib qo’ygan ekan. Shu xatni nusxasini ham chop etishibdi. Ana shu narsa meni ham sizga maktub yozishga undadi. Balki sizni insofga chaqira olaraman, balki tosh yuragingizni junbushga keltirarman, deb o’yladim.

Unutmang, siz yomonlik qilsangiz ham, yaxshilik qilsangiz ham uzoq vaqt taxtda qolasiz. Chunki sizni er osti kuchlari qo’llamqoda, chunki sizni zimdan urus og’alaringiz qo’llab turibdi va eng asosiysi sizni o’zingiz mansubi bo’lgan maxfiy xizmatlar dastaklamoqda. Yomonlik qilib o’tsangiz ham sizni ko’p gapiradilar va yaxshilik qilib o’tsangiz ham.

Bilasizmi, sizning yuzingizda nur yo’q, mehr yo’q. Qo’rqinchli yuzingiz bor. Ko’zingizda sho”la yo’q, sovuqlik yog’ilmoqda. Qarashlaringizda g’azzab va nafrat qorishiq. Gaplaringizda tahlika va zulm bor. Bular bitta xalq uchun juda ham og’irga tushadigan narsalar.

Xudoyim shaytonni, ya’ni iblisni yo’ldan qaytara olmagan degan gap bor. Ammo shaytonga uning shaytonligini aytgani uchun u o’zini panaga olgan ekan. Sizni men va men kabilar yo’ldan qaytara olamizmi yo’qmi bilmayman, bizda Xudoning qudratidan zarra qadari ham yo’q, ammo sizga kimligingzini aytishimiz kerak. Balki bizning gaplarimiz sizni jinoyatlardan, bu xalqni oyoq osti qilishdan saqlab qolsa…”

Shu paytda kuchli portlash sadosi eshitildi. Karimov o’rnidan turib, deraza yoniga keldi. Hukumat binosi tomondan ko’kka tutun o’rlayotgan edi. U qabulxona eshigini ochdi. Almatov va boshqalar shu erda edilar.

-Formang juda yarashibdi,-dedi unga Karimov. Almatov deyarli forma kiymas edi. Ammo bugun Karimovning talabi bilan kirib kelgandi. Ular birgalikda hukumat binosi yoniga kelganlarida hamma yoq ostin-ustun edi. Kimdir qichqirgan, kimdir yig’lagan. Kimdir yarador, kimdir esankirab qolgan…

-O’zimiznikilardan hech kimga hech narsa bo’lmadimi?-dedi Karimov Almatovga Vazirlar mahkamasi majlisiga deb bu erga to’plangan vazirlarni nazarda tutib.

-Yo’q, o’zimiznikilar eson-omon!-dedi Almatov “o’zimiznikilar” kalimasiga urg’u berib.

Almatov ilk bor Karimovdan ba’zi odamlar haqida g’amxo’rlik qilishdek bir gap eshitgandi. Chunki Karimov uchun vazirlar va tuproqqa qorishgan odamlar orasida farq yo’qligini u bilar edi. Shuning uchun, xato qilib qo’yganini angladi. Karimov aslida nega vazirlardan bir-ikkita tuproqqa qorishmadi deb so’ragandi. Chunki bir-ikki vazir o’lsa, shunda bu voqeaning xabar maydoni yanada kengroq bo’ladi, deb o’ylagan.

Zotan ilgari bu amaliyot haqida gaplashganda u Almatovga
-Bu dunyo juda ham qiziq. Oddiy odamlardan mingtasi o’lsa ham birovning parvoyiga kelmaydi. Ammo bitta vazir o’lsa, besh kun to’xtamay gap qiladilar. Vaholanki, hammasi bir go’r. Lekin dunyo shuni istaydimi, demak, u eydigan ovqatni hozirlash kerak,- degan edi.

Almatov Karimovning yuziga qaragan edi, uning ko’zlaridan qoniqmaslik hissini angladi va uning yoniga yaqinlashib qulog’iga pichirladi׃
-Ishimizda kamchilik bo’ldi. Ruxsat bersangiz keyingi ob’ektga o’zim boraman, balki shu bilan o’zimni oqlarman, sizning oldingizda gunohkorman,-dedi.

Karimov uning ko’ziga qarab zaharxanda jilmayish qildi va
-Etib borolasanmi?-dedi.

-Har birining orasida besh daqiqa vaqt bor. Bizning idoramiz uchinchi va men etti minutda etib boraman. Uch minut zapasim ham bo’ladi,-dedi jiddiy ohangda.

Chunki Almatov katta xato qilindi va endi qutilishning imkoni yo’q, baribir ishdan ham ketdim, deb o’ylayotgan edi. Ishdan ketib qutilmasligini ham yaxshi bilardi. U Karimovning odatini biladi. “Qamoqda chiritaman” desa, chiritadi. Har qanday bahona bilan qamoqda saqlayveradi. “Yo’qotaman”, desa yo’qotadi. Mana shu ichki qo’rquv Almatovning gaplariga jiddiylik berib, Karimovda shubha uyg’otmadi.

Ammo Karimovning vaqtni surishtirgani uning yuragini o’ynatib yubordi. Demak, mendan voz kechdi. Faqat bitta yo’li bor. O’zimni

-Ko’rayapsanmi buni? Erga kirsang qulog’ingdan, osmonga chiqsang oyog’ingdan tortib kelish uchun asos bo’ladi. Istagan paytda bu deloni ochaman va seni Jasliqqa yuboraman. Soqollilarning oldida besoqol bo’lib yurasan!-dedi.

Almatov qanday qilib qutilish haqida ko’p o’ylagan. Bir marta Nodirxon unga
-Istasangiz, Moskvada bolalar bor va diagnoz sifatida davolanmas bir kasalni qo’yib berishadi. Yo’liga davolanish deb qutilib ketasiz,-dedi.

Almatov Nodirxonning og’ziga urgandi va
– Men oqsoqol bilan bitta vagondaman. Tushib qolish yo’q,-degandi.

Mana endi kutilmaganda u o’lim bilan yuzma-yuz bo’lib qoldi. Chunki Karimovning hukumat majlisini bir kun orqaga olganini ham hozir anglagan edi. Odatda ba’zi vazirlar rostdan ham kasal yoki uzoqroq joyda bo’lsalar majlisga kelmaganlari uchun bahona topishardi.

Ammo kechiktirilgan majlisga hech qanday bahona o’tmasdi. Ular o’ta jiddiy masala borligini va Karimovning nimadandir jahli chiqqanini bilib qolishardi. U faqat jahli chiqqandagina oldindan belgilangan majlisni qoldirardi. Yoki kimlarnidir ishdan olmoqchi bo’lsa ham shunday qilardi. Demak, u masalaning mana shu jihatiga o’ta jiddiy qaragan va bir necha vazir yarador bo’lishi yoki o’lishi hujumni katta voqeaga aylantiradi, shundan keyin xoxlagan ishimni qilaman, norozilarning hammasidan qutulaman, deb o’ylagan. Endi meni ana shu vazirlarni qutqarib qoldi, deb o’ylaydi va ishimni rasvo qiladi, deb qurquvga asir tushdi.

Karimov׃
-Bu ishni qilganlarni qachon topasan?-dedi unga baland ovozda.
-Bir oyda hammasini sudga olib chiqaman. Hozir qo’limda ip uchlari bor va allaqachon ishni boshlab yubordik,-deya javob qildi.
-Hammasiga o’zing bosh-qosh bo’lasan!

Almatovning ko’nglida quyosh porladi. Demak, u meni asrab qoldi, hali ham menga ishonadi, deb o’yladi. Ayniqsa, Inoyatov va boshqalarning oldida mana shunday deyishi uning ko’nglini tog’day ko’tarishi edi. Karimov undan amaliyotning zarbasi sust bo’lishida qo’li bo’lganlarni jazolashni so’rayotgan edi va Almatov buni tushundi.

-Qani ikkalang ikki tomonimga o’t. Kuchimov tirikmi? Chaqirlaring, xalqqa aytadigan gaplarimiz bor,-dedi Karimov ikki generalni ikki yoniga olib.

Televideniening raisi Kuchimov hukumat majlisiga kelgan va allaqachon Karimovning ko’ziga tashlanish uchun atrofda tipirlab yurgandi. Majlisga deb kelgan operatorlar ham chaqirildi. Karimov hukumat binosining eshigi qarshisiga o’tdi. Yaradorlarni tashishayotgan paytda videotasmaga tushishini istardi.

U Kuchimovga «Sen suratga olaver” degan ishorani qildi va o’zi Almatov hamda Inoyatov bilan gaplashib turgandek holat yaratdi. yoqqanlarida ot minganim keyin qancha foyda berdi. Hujjatli filmlarda ko’rsatildi, kitoblarda yozildi. Bu menga katta obro’ olib keldi.

Aslida esa bu Karimovning katta xatolaridan biri bo’lgandi. Xuddi mana shu manzara juda ko’pchilikda shubha uyg’otdi. Chunki har qanday odamda ham o’zini o’zini himoya qilish instinkti bo’ladi. Unga qarshi hujum uyushtirilgan bo’lsayu u darhol voqea joyida paydo bo’lsa? Buning ustiga yaqindagi bir joyda kuchli portlash amalga oshirilsayu u bundan qo’rquv emas, qoniqish his etsa?

Karimov odamlarga “Panikaga tushmangalar!” deb voqea joyidan xonasiga qaytar ekan, cho’ntagidagi maktubni chiqarib, oxirgi

“Insonning yaxshilikka tomon odimlashi birovni kechirishdan boshlanadi. Birovni kechirsangiz engillik his qilasiz. Ruhingizda, dilingizda engil bir mag’rurlik paydo bo’ladi. Bu qilgan yaxshilikning ajri, mukofotidir. Men sizga og’ir gaplarni yozdim. Siz meni bir kechirib ko’ring. Bu sizning yangi hayotga ilk odimingiz bo’ladi. Kechirishga o’rganish tomon safarga chiqqan bo’lasiz. Razolatdan, yomonliklardan uzoqlashgan bo’lasiz. Aks taqdirda razolat botqog’iga botishingiz mumkin. Sizga kechirish baxtiga muyassar bo’lishingizni istab Qoraboy, 1992 yil”.

-Ma bu xatni deloga tirka. Bu odam azaldan menga qarshi bo’lganini isbotlovchi bundan kuchli dalil topolmaysan…

Almatov bu xatning nusxasini ilgari o’qigan edi. Bundan etti yil avval. O’shanda Alimov xatning nusxasini unga ko’rsatib, bu oiladan sen ham ko’z-quloq bo’lgin, degan edi. Ammo keyin bu oila MXX ixtiyoriga o’tgani uchun u boshqa oilalar bilan shug’ullandi. Oxirida yana o’ziga o’tdi. Mana endi oradan etti yil o’tib, o’sha xatning asl nusxasini ushlab turibdi.

Aslida Almatovni qo’rqitgani ham mana shu. Karimovning toqati. U birovni jazolashga shoshmaydi. Yillab kutadi va yillar davomida jazolab boradi. Unda gina juda ham kuchli va dushmanini tor-mor qilguncha tinchimaydi. U juda mohir ovchiga o’xshaydi. O’ljasini uzoq poylaydi va shunday uradiki, o’nglanib olishiga vaqt qoldirmaydi.

Bir zumda xayoliga kelgan bu fikrni quvgan Almatov yaxshi narsalar haqida o’ylashga urindi Ishonmaganda bu maktubni menga berarmidi?..

Axir amaliyotning chetdagilarni ham bu ishga aralashtirish qismini boshqaga ishongan bo’lsa-da, barbir Nodirxon orqali meni ham xabardor qilib turdi. O’zi ham juda zo’r ish bo’ldi. Hammasini tuzoqqa ilintirdik. Ishni o’tizga etmish qildik. O’ttizi bizdan bo’ldi. Etmishini ular tashkil qildilar. Bir narsaga ishonmagan odamlarni boshqarish juda qiyin. Ammo ishongan odamlarni boshqarish oson ekan. Qamoqda o’tirgan besh olti kishi orqali tashqaridagilarni qo’g’irchoqdek o’ynatdik. Ular hech qachon hech narsadan xabardor bo’lmaydilar. Ammo qolgan o’ttiz foyizi-o’zimiznikilarni tinchitish kerak. Bu ishni Nodirxonga aytgan edim. Ularni tutday to’kib tashlagan bo’lsa kerak. Orada na u yoqning va na bu yoqning odami bo’lganlar ham bor. Ularni ham yo’qotish kerak. Bir kunmas bir kun hidi chiqsa, kallam ketadi…

Almatov ana shu o’ylarini amalga ko’chirish bilan band ekan majlisning vaqti bo’lib qolgandi. Majlisda balki boshqacha yo’l tutsam bo’larmidi, deb o’ylab qoldi. Chunki bir qancha yosh yigitning yostig’ini quritib yuborishga bevosita buyruq berganidan ko’ngli allanechuk bo’lgandi. Ilgarilari bunday ishlarni qilganda, men askarman, teppadan buyruq keldimi bajarishim kerak, deb o’zini ovutar qiziq. Jallodning ko’nglidan ham gunoh hissi o’tar ekan. Ammo Almatovda bu his uzoqqa cho’zilmadi. Chunki zaldagilarga murojaat

-Almatov, bu ablahlarning boshini sabchadek uzib tashlang!

Bu gap Almatovga engillik bag’ishladi va ko’nglida paydo bo’lgan gunoh hissi o’rnini qilgan ishidan mag’rurlik tuyush tuyg’usi egalladi.

…Butun mamlakat bo’ylab qama-qamalar boshlanib ketdi.

O’N IKKINCHI BOB

2000 yil

Nilufar Dubaydagi zindonda besh nafar juvon bilan birga azob chekmoqda. Ammo uni Nodirxonning huzuriga olib kelishganda ko’rgan xo’rligi oldida bunisi hech narsa edi.
-Sen qanjiq nimanga bino qo’yding, nega bu qadar noz qilasan?,-dedi o’shanda Nodirxon uning yuziga tarsaki tortib.
U yuzidan chiqqan olovning taftida bir zum qovrildi-da, keyin xonadan qochib chiqmoqchi bo’ldi. Biroq Nodrixon bir sakrab uning sochidan tortib, aylantirib yubordi. U xonaning bir chetidagi divanga shunday urildiki, go’yo suyaklari mayda-mayda bo’lib ketgandek his qildi o’zini.
-Men qizlarni qiynashni yaxshi ko’raman,-dedi Nodirxon.-Ularni aldab-suldab o’tirmayman. Bu hezalaklarning ishi. Ikkiyuzlamachilik qila olmayman. Baribir aytganimga rozi qilaman. Sen ham baribir rozi bo’lasan. Faqat yana bir-ikki tarsakidan keyin. Nafrating qancha kuchli bo’lsa, ehtirosing ham shu qadar baland bo’ladi. Hatto o’zing yalina boshlaysan. Seni bugungacha aldashdi. Men esa, senga haqiqatni ko’rsatayapman. Haqiqat mana shu! Sen endi buzuqsan! Bilib qo’y, buzuqlar ba’zan sog’lardan yaxshi yashaydilar.
Bilaman hozir senga yashashning qizig’i yo’q. Ammo yashashga o’rganasan. Buzuq bo’lib yashashga o’rganasan…
O’sha kun Nodirxon Nilufarni juda qiynadi. Oxirida zo’rladi. Hammayog’ini ezib, tishlab, momotaloq qildi. Unga hech taskin bermadi.
Nilufar uchun hayotning qizig’i qolmadi, lekin negadir yashagisi, Nodirxon va boshqalardan o’ch olgisi keldi. Uning uchun ota-ona, buvisi yoki kelajak hayotning zarra qadar o’rni qolmagan edi. Bu kitobning sahifalari yopilgandi. Yangi kitob ochilgandi. Qasd olish.
Qasoskorlik odamning ruhida bo’lar ekan. Ammo ruhning juda tubida, uyg’onmas bir holatda yotar ekan. Uni mana shunday dahshatli holatlar uyg’otarkan. Bu ruh yiqilgan odamni qaytadan oyoqqa qo’yar ekan.
Nilufar nodirxonlar bilan yaxshi bo’lish va paytini topib, ularni jazolash haqida o’ylay boshladi.
Ammo Nodirxon bundaylarni ko’p ko’rgan. Shuning uchun Nilufarni Dubayga jo’natib yubordi. Bu erda uni Firdavs degan bir yigit kutib oldi.
Firdavs asli samarqandlik. Toshkentda iqtisod oliygohini bitirgandan keyin bankka ishga o’tganda Durdonaning nazariga tushdi. Durdona shohning qizi emasmi, nazariga tushgan odamni tuzog’iga ildirishi qiyin emas. Uning bir imosi bilan Firdavsni Dubayga jo’natishdi. Bu erda Durdonaning bir qancha shirkatlari bor va Firdavs ulardan birida ishlay boshladi. Bu shirkat asosan mamlakatdan yuborilgan qizlarni Dubaydagi rasmiy va norasmiy fohishaxonalarga joylashtiradi. Chapani qilib aytganda, qo’shmachilik biznesini yuritadi.
Nilufarni ham Firdavs kutib oldi. Oldin mehmonxonga olib bordi.
-Kasal bo’lganmisan?-deb so’radi undan qo’pol tarzda.
-Qanaqa kasal?
-O’zingni go’llikka solma. Fohishalar qanday kasal bo’lishini men senga aytishim kerakmi?
-Men fohisha emasman…
-Menga mana shunaqa gaplar yoqmaydi. Bu erga keldingmi, erkakcha gaplashish kerak. Bu erda noz ketmaydi. Sen bu erga o’zingni sotish uchun kelding. Bu biznes. Ham sen pul qilasan, ham biz. Biz senga ish topib beramiz va shuning uchun haq olamiz. Sen ishlaysan va ham o’zingni haqqingni olasan, ham bizning haqimizni to’laysan.
-Men o’z xohishim bilan kelganim yo’q!
-Bilaman, bu erga hech kim o’z xohishi bilan kelmaydi. Kimdir ishsiz qolgan. Kimdir bolalarini boqolmay qiynalgan, kimdir qo’shnisi xorijdan pul bilan qaytganiga havas qilib kelgan va hokazo. Xullas, quloq sol. Pasporting menda turadi. Men seni olib borib qo’ygan joyda yashaysan. Bu erda ikki xil ish bor. Rasmiy fohishaxonada kam haq to’lashadi. Norasmiy joyda esa, ko’proq haq olasan va seni tekshirib, bola bo’lib qolmasligi, kasallikka yo’liqmasliging uchun tadbir olishadi. Istarang issiq ekan. Jazmaning ko’p bo’ladi. Istasang bir kechada o’ttiztasini ishdan chiqarishing mumkin. Boshingdan pul to’kiladi. Bu kecha menikisan. Bunisi bepul. Ammo oldin men seni bir tanish do’xtirga olib boraman…
Firdavs ham insonni tahqirlashda Nodirxondan qolishmas edi. Nilufarning chidashdan boshqa yo’li yo’q. Ammo fohishaxonada barzangidek-barzangidek arablarning tahqirlariga chiday olmadi va paytini poylab qochdi. Yo’lda turgan bir mirshabning yoniga borib shikoyat qilmoqchi bo’ldi. Tilni bilmasang dunyo senga begona deganlari rost ekan. Mirshab uni olib kelib mana shu zindonga tashladi. Bu erda rus tilini biladiganlar bor ekan. Qariyb bir oydan keyin uni o’zbeklar saqlanadigan joyga o’tqazishdi. To’rtta o’zbek ayoli bor ekan.
Ulardan biri – Malika. Beshta bolaning onasi. Pul ishlayman, deb bu tomonlarga kelib qolibdi. Nilufar ularning suhbatiga quloq tutdi.
-Er yutgurlar chet eldan ish topib beramiz, boyib ketasiz, deyishdi. Bolalarimni ovsunimga qo’yib, Xoliqboy degan bittasidan qarz olib bularga bergandim. Uning foyizini ham to’lashim kerak, hali. Men qayoqdan bilay, bunaqa ishligini. Olib kelib, barzangi arablarning to’shagiga tashlashdi. Ha, er yutgurlar! Aslida hamma ayb o’zimiznikilarda. Ular bir miri uchun onasini ham, singlisini ham sotadilar. Bo’lmasa, men necha martalab aytdim, beshta bolam bor deb. Hech bo’lmasa sekingina bu ish sizga bo’lmaydi deb aytmaydimi?
-Opa eringiz qaerda,-deb so’radi Rahima ismli juvon.
-Erim ham er yutgur odam chiqmadi. Qaerdagi dindorlarga qo’shilibdimi-ey, olib borib qamashdi. Ilgari aroqxo’r edi. Keyin birdan machitga qatnab qoldi. Qandaydir varaqa tarqatayotganda ushlashibdi. Beshta bolasi bor odamga varaqa tarqatishga balo bormi?
-Eringiz mana shunaqa odamlar haqida eshitib joni halqumiga kelib, kurash boshlagandur-da,-dedi Lobar degan qiz.
-Bular bilan kurashib bo’ladi-mi? Bular Xudoning balosi. Bularga Xudo bas kelmasa bandasi hech narsa qila olmaydi. Teppasida poshshoning qizi turgan bo’lsa, bularga kimning ham tishi o’tardi?
-Man oldin hamma balo Karimovdan kelmaydi, deb o’ylar edim. Keyin bilsam Karimov ham shularning bittasi ekan.
-Lekin bunchalik emas, beshta bolasi bor ayolni olib borib, barzangiday arabning to’shagiga yotqizib, pul ishla, deb Karimov aytmaydi-ku? U bilib qolsa, bularni jazolab tashlaydi.
-E, jazolasa qizini jazolar edi. Ana shu bizlarni olib kelganlarning hammasi Durdonaga ishlar ekan. Manga Firdavsning o’zi aytgandi.
-Ha, baliq boshidan sasiydi. Qizi qilgan ishni otasi bilmaydimi? Biladi. Yo qizidan qo’rqadi yoki shunday qilishiga qo’yib bergan. Ammo qiz o’lgurning o’zini ham Xudoning balosi deyishadi. Sakkizoyoq kabi o’zini hamma tomonga urgan va sakkkiz xil rangda tovlanib, o’ljasini emasa qo’ymas ekan…
Nilufar bu ayolarga ham rahmi kelar, ham hayron qolar edi. Negadir ular shunday katta dardni bir chetga surib, hangoma qilishayotgan edilar. Bu nima? Taqdirga tan berishmi? Bo’layotgan voqealarning hammasi Xudoning ishi deb indamay o’tiraverishmi? Axir bittasining beshta bolasi bor ekan? Ular nima bo’ldi, deb o’ylamasdan boshqa narsalar haqida gaplashib o’tiribdi. Yana bittasi maktabda o’qituvchi ekan. Qanday qilib bolalarning yuziga qarayman, deb o’ylamasdan engil suhbatga qovushib o’tiribdi. Balki inson fitrati shundaydir? Har qanday azobdan ustun kelib, eng qiyin pallada ham o’zini yo’qotmaslikka harakat qilar.
Yo’q, bular aslida o’sha katta dardni tushunib etmoqdalar va uning ildizni izlamoqdalar. Mayni xumdon, mardni zindon pishitadi, deganlar. Lekin Nilufar hali bu gaplarni shunchaki suhbat deb o’ylar edi.
-Singlim ko’p ichikavermang,-dedi ayolardan biri unga.-Biz besh oydan beri shu erdamiz. Sizga-ku endi bir oy bo’libdi. Bizni mamlakatga jo’natish uchun qonun yo’q ekan. Yaqinda ikki mamlakat orasida shunaqa shartnoma tuzilgandan keyin jo’natishar ekan. Ungacha boshqa yo’limiz yo’q. Xudoga shukur qiling, ana u barzangilardan qutuldik. Bu erdagilarning hammasi sizga taqdirdosh. Hammamiz iflos to’shakdan qochganlarmiz. Pullari ham, o’zlari ham zormanda qolishsin. Ularga ham Xudoning bir balosi bordur? Axir teppadan ko’rib turgandir? Bir kunmas, bir kun jazolarini berar.
Nilufarning bu ayollardan bitta farqi bor edi. Ular tezroq uylariga qaytishni istar edilar. Nilufar esa qaytmaslikni. Axir qaytib, qaerga boradi? Qaerga? Butun xorliklarni qayta boshdan yashashgami? Ana shu savol unga tinchlik bermasdi.
-Bizning mamlakatga yuborishlariga qonun yo’q ekan deyapsiz, boshqa joyga ham yuborishmaydimi?-deb so’radi bir kuni u ayollardan.
-Agar men boshqa joydanman, deb aytganingizda yuborishar edi. Agar boshqa bir mamlakatda qarindoshlaringiz bo’lsa, aytsangiz o’sha yoqqa yuborishadi. Hali ham men o’sha erdanman, qo’rqqanimdan boshqa gap aytgan edim, desangiz bularga nima, siz hujjatsiz bir odamsiz, ishonmasdan ilojlari yo’q…
Nilufar shundan keyin tarjimon orqali o’zini asli afg’onistonlik o’zbeklardan deb ayttirdi. Ayollar aytgandek, darhol vaziyat o’zgardi. Uni boshqa zindonga tashlashdi. Endi bu erda ahvol o’zgacha ekan. Kun bo’yi ayollar faqat Qur’on o’qishar, tilovat qilishar, suhbatlari ham hadislaru diniy rivoyatlarni takrorlash ekan. Shu erda u bir qunduzlik ayol bilan tanishdi. Ota bobosi Qashqadaryodan ekan. Ruslar bosib kelgan paytda Amu daryoning narigi tomoniga o’tib ketishgan ekan. Keyin ruslar Afg’onistonga bosib kirganda Fotima ismli bu ayol eri bilan Eronga qochib ketibdi. U erdan ham qochib, Hollandiyaga borib, boshpana olishibdi. U erda bola chaqalari bor ekan. Eri bilan Dubayga kelib tijorat qilishar ekan. Eri shu erda tolibonchilarga qo’shilib qolibdi.
-Toliblarning orasida Vatandan kelganlar ham bor ekan, juda ko’p ekan, oilalari va bolalarini ham olib o’tishgan ekan…,-dedi Fotima.
Fotimaning eri ishni unga tashlab o’zi Afg’onistonga ketibdi.
-Bolalaringiz qaerda?-deb so’radi Nilufar.
-Bolalardan kuydik. Biz borgan mamlakatda hamma narsa bor ekanu ammo bolalarni saqlab qolish mumkin emas ekan. Ikkita bolamiz bor edi. Bittasi dod-voyimziga qaramay nemisga uylanib ketdi. Xotini yomon chiqdi. Biz bilan uchrashtirmay qo’ydi. Ikinchisi ham o’g’il edi. U nashavand bo’lib qoldi. Shundan keyin tijoratni bahona qilib, bu erlarga keldik. Erim toliblarga qo’shilib ketdi. Ishi yaxshi. Hozir Kobulda, unga katta ish berishgan.
-Siz nega bu erdasiz?
-Ayol yolg’iz qolmasin ekan. Darhol boshiga balo yog’iladi. Bittasi ko’z olaytirgan edi, qo’limdagi idish bilan urib yuboribman, ko’zi ozgina lat edi-yu ammo o’zi er yutgur mirshablardan ekan. Zindonga tiqishdi. Hollandiyadan ekanligimni aytmadim. Afg’onistondanman, dedim. Bugun erta jo’natib yuborishadi. Erim oraga kiribdi.
-Opajon meni ham olib keting, taniyman deng, qo’shnim bo’ladi, deng…
Ikki kun ichida Nilufar va Fotima rostdan ham opa singildek bo’lib qoldilar. Shu bilan Nilufarning Afg’oniston hayoti boshlandi. Fotimaning eri hukumatda ishlab, sobiq Sho’ro mamlakatlaridan kelganlar bilan shug’ullanar ekan. Nilufar tez orada o’zbekistonliklar bilan tanishdi. Nilufardagi qasos hissi hammani hayratga soldi. Hatto uni josus qilib yuborishgan ham deb o’ylashdi. Odamlari bor ekan tekshirtirib, ishonch hosil qilgach unga muhim bir vazifa yuklashdi va shunga tayyorlashga kirishdilar. Lekin Nilufar hali to’rt yil mana shu erlarda qolib ketishini bilmasdi.

2004 yil, Mart
AQSh tolibonni Kobuldan quvgandan keyin Nilufar Fotima bilan Qunduzga keldi. Bu erda Yosir degan bir yigit bilan tanishdi. U O’zbekistondan kelgan jangarilarning tarixchisi ekan. Lekin nogiron bo’lgani uchun unga diqqat qilishmagan. Ikki oyog’i shal bo’lib qolgan. U uydan chiqmay yotgani uchun ham hech kimning diqqatini tortmagan. Ammo bilmagan narsasi yo’q. Nilufarning dunyoqarshini ana shu yigit ochdi. U asli shoir ekan. Avval Avropaga ketib, u erlarda o’zbek shoiri deb nom chiqaribdi. Keyin tasodiflar tufayli bu erga kelib jangarilarga qo’shilibdi. Hatto o’zbek jangarilarining kurashi haqida film ham qilgan ekan.
Yarador bo’lib oyoqlari ishlamay qolgach, bir kampirning uyida qolib ketibdi va uning holidan hech kim xabar ham olmabdi. Kampir Fotimaning xolasi. Birov so’rasa, Yosirni nevaram, Hollandiyada tug’ilgan, xasta bo’lgani uchun olib kelganman, deydi.
Yosir O’zbekistondagi vaziyat, Karimov va uning atrofidagilar haqida Nilufarga har kuni gapirib berar edi.
-Xorazmlik bir keksa xolaning to’rta o’g’lini qamab yubordi. Ikkitasiga otish hukmi berdi. Gunohi-namoz o’qigani. Bechora ayol radiolarda gapira boshlagandi, o’zini ham qamab qo’ydi…
-Ayollarga rahmi kelmaydimi?-so’radi Nilufar.
-To’laganova degan deputat ayol unga qarshi gapirgandi. Yo’qotib yubordi. Ro’zimurodov degan deputatni ham o’ldirtirdi. Qo’qonov, Jo’raev deganlarini umrbod qamoqqa solib qo’ydi. Xotin-xalajlari nonsiz, pulsiz qoldilar. Ming-minglab odamlarni qamab tashladi va ayollariga rahm qilmadi.
-Nega qamaydi?
-Qo’rqadi, o’g’ri ola ipni ham ilon deb sakrab qochgani kabi u ham hamma narsadan qo’rqadi.
Har kungi ana shunday suhbatlar Nilufarning yuragidagi nafrat va qasos hissini kuchlantirib yubordi. Shu orada Yosirning huzuriga ba’zi odamlar kelib-keta boshladilar. Ulardan biri uning qishlog’idan ekan. Ikkinchisi esa, xorijda tanishgan do’sti. Ular Yosir bilan soatlab gaplashishar edi. Kampir yoki Nilufar ular haqida so’rab qolishsa, Yosir kitobi chiqishini va ular tarjimonu noshir ekanligini aytardi.
Rostdan ham bir kun ular Yosirning she’rlar to’plamini nashr etib, olib kelishdi va anchagina pul ham berib ketishdi. Shundan keyin Yosir Nilufarni O’zbekistonga boradigan odamlar bilan tanishtirdi. Ular Nilufarni xudkushlikka o’rgatishdi…
Bir kun yo’lga chiqib, osongina Toshkentga kelishdi. Nilufar hech hayajonlanmasdi. Qasos olsam, bas, der edi. Toshkentda bir xonadonda uning vujudiga portlatgichlar taqishdi va bir yigitning mashinasida yo’lga chiqishdi. Bahor kunlari bo’lgani uchun uning diqqatini gullagan daraxtlar tortdi va yuragi hapqirib ketdi.
Tibbiyot oliygohiga qatnagan kunlari ko’z oldiga keldi. Faqat bitta orzusi bor edi. U ham bo’lsa ox xalat kiyib yurish. Birinchi marta oq xalat kiygan kuni shu qadar ham sevingan edi-ki, go’yo butun dunyo uning mulkiga aylangandi. Men endi odamlarning xaloskoriman, deb o’ylagandi o’shanda. Xastalarni davolayman, o’lim bilan yuzma-yuz qolganlarni qutqarish choralarini ko’raman. Odamlarning dardiga malham bo’laman… Lekin orzularining hammasi chil-parchin bo’ldi. Odamlarning hayotini qutqarish uchun yo’lga chiqib, mana endi ularning jonini olish uchun borayapti. Nahotki hayot insonni shunchlik tez suratda u qirg’oqdan bu qirg’oqqa uloqtiradi. Nima gunoh qildim? Qaerda adashdim? Agar adashgan bo’lsam, nega yo’l ko’rsatadigan bo’lmadi?
Uning ko’zi birdan bekatdagi bolalarga tushdi. Bir ayolning har tomonidan tutib olishgan. Biri etagiga osilgan, biri qo’lidan tutgan, yana biri… mashina eldek uchib o’tgani uchun u yana birini ko’ra olmadi. Balki u onasining ortida edi. Bolaligini esladi. Doim onasining ortida yurar edi. Onasi uni erkalatib “Kelayapsanmi, dum” der edi. Bu gapni onasi aytsa, yoqardi. Ammo otasi aytsa, negadir jahli chiqardi. Bechoralar…. farzand katta qilib, nima oldingiz? Boshqalar-chi? Nega ularning boshiga ham farzandlari tufayli olamning dardi yog’ilmoqda?
Prezidentning o’zi ota-onalar bolalari uchun javobgar emas, deb aytgan ekan. Keyin chiqib so’zini o’zgartirib, ular javogar, debdi. Bitta odam butun xalqni istagani kabi qanday qilib boshqarmoqda? Uning qudratli kuchi bormi? Nima uchun odamlar unga qarshi chiqa olmaydilar? Jonlari shuncha shirinmi? Mana menga hayotning qizig’i qolmadi. Ularga-chi? Tahqir, qiynoq va qiyinchiliklarga o’rganib qoldilarmi?
Ko’zi yana daraxtlarga tushdi. Gullagan daraxtlarni ko’rganda qalbiga sevinch inardi. Bolaligida gullagan daraxtlar ostida qiyqirib yurganlarini eslardi. Hozir esa, daraxt gullari o’likdek tuyulmoqda. Jonsiz gullar… Aslida gullar jonli emas… Agar sen jonli bo’lsang, ular ham jonli… sen sevinsang ular ham senga sevinch bergandek bo’ladilar… Aslida esa ular o’lik!
Birdan uning ko’zi “Markaziy univermag” degan yozuvga tushdi. Bayramlar oldidan buvisining uyiga kelib, shu erda tunab qolardi. Saharlab univermagga borishardi. Yaxshi narsa kelsa odamlar turnaqator bo’lishardi. Ba’zan nima sotilishini bilmasalar ham navbatda turaverardilar. Buvisidan “Nima sotishar ekan”, deb so’rasa, “ Yaxshi narsa” degan javob olardi. Ana shu yaxshi narsa ba’zan savil qolgur narsa bo’lib chiqardi va kutganlari behudaga ketardi.
Qarshida Ko’kaltosh madrasasi, orqasida Eski Juva bozori. Sal narida “Bolalar dunyosi” do’koni. Orqadagi yo’ldan teppaga ko’tarilsa, buvisining uyiga boradi.
Nilufarning vujudida sog’inch, ayriqliq azoblari kamsitilish va xo’rlanish tuyg’ulariga qo’shilib, ko’z yoshiga aylandi. Uning qachonlardir muzga aylangan qalbi birdan erigan edi. Qurib qolgan ko’zlariga bir necha yildan keyin ilk bor namlik ingandi. Negadir u mashinaning ichida cho’kib borayotgandek his qildi o’zini. Atrofga alanglab qaragancha, boshidagi hijobini peshanasiga yaqinroq tortardi. Xuddi hozir hamma uni tanib qolib, “Ana Nilufar!” deb baqiradigandek bir holatni his qildi.
Shu payt mashina to’xtadi va shofer yigit
-Men hozir bir zumga, ana u erda do’stlarim turgan ekan, bir salomlashib olaman, keyin aytilgan manzilga boramiz,-deb mashinani avtobus bekatiga yaqin joyda to’xtatib, Ko’kaltosh madrasasi tomonga yurdi. U borib uch kishi bilan quchoqlashib ko’rishdi.
Nilufar ularni tanidi. Bittasi Nodirxon. Yonidagisi Yo’lbars, uning yonida esa Alisher… Nilufarning ichidan bir faryod otilib, bo’g’ziga tiqildi. Necha yillik qasosning vaqti birdan kelib qolgandi. “Xudoyim, shunday mo”jizalar ko’rsatasan-ki, bandalaring lol qoladi!” U ko’kragini siypalab tugmachani topdi-da, mashinadan tushib, Nodirxonlar turgan tomonga yugura boshladi. Shu payt birdan portlab ketdi. Atrofga qon sachradi… qip-qizil qon…
-Axmoq, asosiy tugmacha menda ekanligini bilmasdi,-dedi uni olib kelgan yigit.
-Bo’pti, qolganini keyin gaplashamiz, ketdik,-deya ular “Markaziy univermag” tomonga o’tib, engil mashinaga minishdi.
Hamma har tomonga qochar ekan, Nodirxon mashinani shoh yo’lga burib, yigitlarga
-Kattaga aytib, xorijdan tekshiruvchi chaqirsak, iz chiqmaydimi?-dedi.
-Pasporti ham yonida. Mashinada esa qamoqdan qochirilgan mullaning izlari bor, portlatgichlar ham naryoqdan keltirilgan,-dedi ulardan biri…

1992 yil, 17 Yanvar

Talabalar shaharchasida amalga oshirilgan amaliyot natijalari haqida gaplashib o’tirar ekan Karimov maslahatchisi Alimovdan
-Yangi tashkilotni tuzish qanday ketayapti,-deb so’radi.
-Toshkentda bitgan, bilasiz. Samarqandda ham tuzib bo’ldik. Hozir Namanganda ham ishlar nihoyalab qoldi. Yil oxiriga qadar Jizzaxda ham bitadi…
-Tezlashtirlaring. Nomini ham o’ylalaring. Haligi mufti bilan Qozi aytgan gaplarni qarab chiqdingmi? Tarixda tasdig’i bor ekanmi?
-Qarab chiqdim. Bor ekan.
-Assasin degan so’z qaerdan kelgan ekan?
-Bu hashshoshiylar degani ekan. Hashshoshiylar arabchada hashish chekuvchilar degani. Bugungi iboramiz bilan giyohvandlardir. Bu so’z dunyoda assassinga aylanib, odam o’ldiruvchi, suiqasdchi ma’nosiga kelib qolgan. Chunki tarixda ismoiliylar oqimiga mansub yashirin tarzda ish olib borgan guruh ham Hashshoshiylar oqimi deb bilingan. Bu oqim o’n birinchi asr oxirlarida Eronda ismoiliy harakati orasida chiqqan nizolar va bo’linish tufayli paydo bo’lgan. Bu oqimning asoschisi deb Hasan ibn Sabboh bilinadi. U Eronning shimoliy qismida Alamut qal’asini bunyod etib, o’sha erda odam o’ldiruvchilarni etishtirgan. Ularni “fidoyilar” deb atagan. Bugun ham xudkushlar, qatliomchilar, odam o’ldiruvchi suiqasdchilarni ko’pgina mamlakatlarda fidoyilar deyishadi. Iroqda Saddam Husayn paytida hato davlat tizimida fidoyilar boshqarmasi tuzilgan…
-Saddamdan boshqasi qo’llamagan-mi?
-Qo’llagan. Hashshoshiylar harakati Livan, Suriyadan boshlab Hindistonga qadar uzangan kenglikda siyosiy raqiblarni o’ldirishda hokimiyatlar tomonidan qo’llanilib kelingan. O’rta Osiyoda qarmatlar harakati bilan birgalikda ish ko’rishgan.
-Qarmatlaring nimasi?
-Bu ham ismoiliylarning bitta oqimi. Bu dehqonlar, hunarmandlar tomonidan tuzilgan. Ular abbosiylarga qarshi kurashishga qadar ko’tarilganlar. Ular tenglikni targ’ib qilishgan. Islom odatlariga rioya qilmaganlar. Shariatni tan olishmagan. Biz musulmonmiz, deyishgan, ammo machitlari bo’lmagan. Hatto Ka’bai mukarramani, u erdagi toshni ham bid’at deb bilishgan. Ular hajga borganlarni ushlab o’ldirganlar. Makkaga hujum qilib turishgan. Bahraynda o’z davlatlarini ham tuzishgan. Hatto Makkaga hujum qilib, u ergi Qora toshni parchalab, olib ketganlar. Shundan keyin xalqning ixlosi qaytgan, ulardan. Yigirma yildan keyin qaytarib berishgan…
Bizda ham bir qator din peshvolari oddiy qashshoq xalq orasidan etishtirilgan assassinlar orqali hukmdorlarni nazorat qilib turganlar yoki yo’qotganlar. Sarbadorlar qo’zg’oloni ortida ham qarmatlar turgani aytiladi.
-Qarmatlaringni bir chetga qo’y. Assassinlardan gapir!
-Nafaqat musulmon mamlakatlari, balki Avropadagi bir qator mamlakat rahbarlari ham hashshoshiylardan qo’rqib, ularga boj to’lab turganlar. 13-asrda mo’g’ullarning yurishi paytida Hashshoshiylar harakati Eronda boshqaruvdan tushirilgan bo’lsa-da, keyinchalik ham turli mamlakatlarda turli ko’rinishlarda yashagan. Hatto bugunga qadar ham bir qator davlatlarning maxfiy xizmatlari bu tajribani o’zlariga kurashning yo’li sifatida qabul qilib, maxfiy xizmatlar tarkibida suiqasdchilar guruhlarini tuzganlar
-Buni SSSR paytida ham qo’llanishgan, shekilli,-dedi Karimov.
Maslahatchi qo’lidagi daftarni varaqlab, nutq irod qilgan kabi davom etdi
-1927 yilda Stalin maxsus qaror qabul qilgan. OGPU tarkibida shunday guruh tuzilgan. Dastlab xorijga qochgan mashhur razvedkachilar Ignatiy Reys, Valter Krivitskiy va Georgiy Agabekov shu bilan yo’qotilgan. Bu esa mazkur harakatning ikinchi yo’lini ochdi. Siyosiy dushmanlarni yo’qotish ham shu harakatning gardaniga yuklangan. Qochib ketgan generallar Aleksandr Kutepov va Evgeniy Millerni ushlab kelib, o’ldirgandan keyin Stalin shaxsiy raqiblarini yo’qotish uchun ham assassinlarni ishga solgan. Ukraina millliyatchilari Evgeniy Konovalts, Lev Rebet va Stepan Banderalardan so’ng Trotskiy bilan davom etgan bu ish Hafizullo Aminni yo’qotishga qadar etib keldi. Esingizda bo’lsa bu guruhga “Alfa” deb nom berishgan.
-“Alfa”… “Assassin”… bir-biriga yaqin nomlar…
-Ayni usulni Isroil va Turkiya maxsus xizmatlari ham qo’llanishgan.
-Lenin va Kirovni otishda ham shu tajribaga bosh urilgan bo’lishi mumkin,-dedi Karimov.-Biz baribir hali rasmiylashtirmay turaylik. Keyinchalik rasmiy tus beramiz. Nomini topishimiz kerak. Balki huquq tartibot idoralarining hamma ishini shu yo’nalishda qayta tashkil etarmiz. Biz boshqalarning tajribasini o’rganish bilan birga, o’z sharoitimizdan kelib chiqib, ish qilishimiz kerak. Turkiyaning rasmiy tajribasi va milliyatchi harakatlarining uzoq yillik suiqasd amaliyotlarini ham o’rganish kerak. Turkiyaga talabalarni o’qishga yuboraylik, yoshlarning zehni o’tkir bo’ladi, milliyatchi harakatlarga yaqinlashib, bu usullarning qanday bajarilishini o’rgansinlar. Xullas, shunday bo’lishi kerak-ki, bu borada faqat mening amrim bilan ish qilinishi shart. Hatto sen ham tashqarida turishing kerak.
-Albatta, biz sizning xizmatkoringiz va faqat ishni tashkil qilib, o’zimiz chetda turamiz.
-Chetda turish bo’lmaydi. Ichida bo’lasan, ammo amr mendan bo’lmaguncha o’zboshimchalik qilmaysanlar! Mayda-chuyda ishlarga aralashmasdan, katta narsalarni rejalash kerak. Besh yilda bir marta bo’lsa ham ta’siri o’n yilga qadar foyda beradigan ishlar uchun amaliyotlar qilish mumkin.

1992 yil, 17 Yanvar
Karimov xonasida maslahatchisi bilan gaplashib o’tirgan bir paytda Xolis ham ishxonasida ikki kishi bilan suhbatlashib o’tirgan edi. Ulardan biri Adham Roziqov edi.
Adham Samarqandda KGBda ishlardi. Birdan uni ishdan bo’shatgan bo’lishdi. Qanday qilib, u muxolifatning Samarqand bo’limiga ikkinchi kotib bo’ldi, Xolis va yana bir iki kishidan boshqa hech kim bilmasdi. Muxolifatdagilar bir kuni uning uyida hukumatning maxsus uch raqamli telefoni borligini ko’rib qolishdi. Shu bilan janjal boshlandi. Xolis Adhamni Toshkentga olib keldi. Muxolifat Xavfsizlik qanotining raisi va o’zining qo’riqchisi etib tayinladi. Hozir unga topshiriq berayotgan edi.
-Turkiyadan kelgan mehmonlar o’n ming dollar hadya qilishdi. Moskvadagi insoparvarlik tashkilotidan ham yana pul keldi. Bir qismiga qurol sotib olasiz va Pardabekka topshirasiz!
-Mening Past Darg’om tumanida joyim bor. Qurollarni o’sha erga to’playman,-dedi Parda.
Parda yaqinda qamoqdan chiqqan va Pasdarg’omda yashar ekan. Uni Xolisning yoniga Adham olib kelgan va muxolifatning yashirin armiyasiga rahbar etib tayinlashgan.
-Karimovga yozilgan va uning o’ziga o’zining kimligini anglatadigan xatni esa deputatlardan birining otidan yuboramiz. Boshqa odamni qamab, yo’qotib yuboradi,-dedi Xolis .
Shu payt xonaga uning vodiydagi tanishi Qoraboy aka kirib keldi. Avzoyi buzuq edi.
-Talabalar shaharchasida bolalarni o’qqa tutishibdi-yu siz bo’lsangiz Karimovga tabrik telegrammasi yuboribsizmi?-dedi u Xolisga salom alikdan so’ng.
-Buni saylov natijasi e’lon qilinganda yuborgan edim, ammo u kecha cho’ntagidan chiqarib, o’qib berdi…
-Saylovni biz yutdik, deganingiz nima-yu unga siz yutdingiz, deb telegramma yuborganingiz nima?
-Bu siyosat. Hamma joyda ham yutqazgan odam yutganni tabriklaydi.
-Siz yutqazdim, deb aytayapsizmi bo’lmasa. Esingzidami, bo’linish majlisida shoir Shukrullo nima degan edi? O’sha gap rost bo’lib chiqmoqda. U “37-yillarda KGB shunaqa o’yinlar qilardi” degan edi. Siz nega o’yin qilayapsiz? Agar yutqazgan bo’lsak, buni tan olaylik, xatolarimizni qarab chiqaylik va shunga qarab ish qilaylik. Yutgan bo’lsak, haqqimiz uchun kurashaylik…
Xolis qizarib ketdi.
-Men sizni mana shunaqa shallaqqilik qilish uchun o’zimga yaqin keltirganmidim?
-Meni shallaqqi deb haqorat qilmang, sizga odamlarni haqorat qilish uchun haq berilgan emas. Muxolifatning rahbari shunaqa bo’ladimi?
-Hey, qisib o’tir, peshanangdan otib yuboraman,-deya o’rnidan turdi bir chetda o’tirgan Safar.
U Xolisning jiyani. Uning laqabi “Xorazmiy” edi. Uning asl ismi nimaligini ko’p odam bilmasdi. Hamma uni “Xorazmiy” deb bilar va o’zi ham bunga moyil edi. Hatto maqola yozganda ham shunday deb imzo qo’yardi. U aslida juda nimjon edi. Uni ko’p masaxara qilishardi. Lekin bundan quvonardi. Hamma masxara qilgan odamdan nafratlansa, “Xorazmiy” o’shanday odamlarga yaqinroq yurar edi. Uni eng ko’p masxara qiladigan esa Xolis edi. Ilgari shohlarning oldida maxrabozlari bo’lgani kabi, “Xorazmiy” ham Xolisning soyasiga aylangan edi. Uning Qoraboy akaga o’dag’aylaganidan Xolis piqirlab kulib yubordi.
-Puf desa derazadan chiqib ketasan-u?!-dedi u “Xorazmiy”ga.
-Men mana Adham akam bilan Parda akamga ishonaman, bu yoshullilar mana bu Qoraboyga o’xshagan qoraboylarning sakkiztasini er tishlatishadi…
Bu gap Qoraboy akaning jahlini chiqardi. “Xorazmiy” uni itga tenglashtirgandi.
-Men qoraboy bo’lsam, man sen to’rtko’z, onangni ko’rsatib qo’yaman, seni,-dedi u “Xorazmiy”ga va unga o’qtalgangan edi, Parda
-Men chiqdim, sizlar bilan yo’limiz boshqa,-dedi. –Bunaqada atrofingizda hech kim qolmaydi.
-Adashasiz…
Xolisning xayoliga ko’p gap keldi. Odamlar poda. Ularga cho’pon kerak. Qo’lida tayoq bo’lgan, qattiqqo’l cho’pon kerak. Hali siz ham qaytib kelasiz. Sizlar erkinlikdan qo’rqadigan odamlarsiz. Sizlar qulsizlar. Orqangizga tepsam ham men bilan birga bo’lasizlar. Aldasam ham, qo’llansam ham baribir men bilan birga bo’lasiz. Chunki men liderman. Sizlar esa qul, hech narsa! Liderni ko’rganda titrab qoladigan, unga tiz cho’kadigan qullarsiz! Sizlarni qancha aladasa, shuncha ko’proq aldanishni istaysizlar. Sizlarni qiynasa, shuncha ko’proq qiynalishni istaysizlar. Siz-ku siz, hali bolalaringiz ham menga xizmat qiladi. Sizlarga lider emas, odam emas, nom kerak. Menga bu saylov xuddi mana shu nom uchun kerak edi. Men bu nomni qozondim. Endi hech narsa qilishim kerak emas…
Ammo bu gaplarni aytishga istihola qilib indamay qarab turaverdi.
Qoraboy aka qo’l siltab eshik tomonga yurdi. Hali xonadan chiqmasdan Buxoro viloyat rahbari kirib, bir diplomat daftarchani to’kib tashladi-da, so’kinib chiqib ketdi.
-Buni ishdan bo’shatdik, seni ham bo’shatamiz,-dedi Xolis Qoraboy akani sensirab.
-Men allaqachon chiqdim.
-Bizdan chiqish yo’q. Chiqqan odam jazolanadi.
-E, qo’lingdan kelganini qil,-deya Qoraboy aka xonadan chiqib ketdi.
-Menda taklif bor,-dedi Adham.-Haligi xatni mana shu ablahning nomidan yuboraylik, jazosini Karimov bersin!
Xolis Adhamga qarab jilmaydi va xatni ostiga o’zining qo’li bilan Qoraboy akaning ismini yozdi va Adhamga uzatdi.
-Buni vodiyga boradigan ishonchli bolalardan biriga bering, zakaznoy qilib jo’natsin va jo’natilganligi haqidagi qaydnomani olib keling!
Xolis shunday deb, Adhamning qo’liga pul uzatmoqchi bo’ldi. U
-Qo’yavering, keyin kattaroq qilib berasiz,-deya chiqib ketdi.
2006 yil, 26 Avgust

Durdona otasini butunlay qo’lga olgan va har kuni televizordan qo’shiq aytar edi.
-Ovozingizga mahliyo bo’ldim,-dedi unga qo’ng’iroq qilgan Rus maxfiy xizmatining boshlig’i.
-Andijonni bopladik. Yutuq biz tomonda. Ketganlar ham kelmoqda. Endi…
-Bunaqa gaplarni telefonda gaplashmang, jonim!
-Qo’rqadigan joyimiz yo’q. Eshitganlar eshitaversin, zamon zamon bizning zamon!
Durdona shunday deb telefon go’shagini joyiga qo’yib, deraza tomonga yurdi. Urusga katta gapirgan bo’lsa-da negadir ko’ngli xira tortdi. Otasi keksayib qoldi. Hokimiyat qo’liga qo’nishi mumkin. Ammo uddalay olmasligi aniq. Menimcha, oldimda ikki yo’l bo’ladi. Yo hokimiyatni qo’lga olishim kerak, yoki o’z odamlarimdan biriga olib berishim lozim. Lekin ikki holda ham oxiri yaxshilikka bormaydi. Ey, Xudo otamga uzoq umr ber!
U hali yaqindagina otasining o’limini tilar edi. Birdan unga umr so’ray boshlagandi. Otam boshqa bittasiga topshirsa-chi? Qayoqqa ketaman? Ruslarni ishga solishdan oldin ana shu savolarga javob topishim kerak.
Shu payt qizchasi yugurib keldi. Unga qarab Durdona
-Bor bobongni erkalat, o’lib qolmasin tag’in!-dedi.
Birdan bugun Amerikada muxolifat vakillarining yig’ilishi borligi yodiga tushdi va Internetning tugmasini bosib, muxolifat sahifalariga nazar solmoqchi bo’ldi. Qo’shiq eshitildi.
“Xalq-dengizdir…Xalq—kuchdir…. Xalq-olovdir
Xalq-to’lqindir….. Xalq isyondir… Xalq o’chdir…”
U apal-tapal Internetni o’chirdi. Internetni o’chirish oson, ammo olomon xalq qo’zg’alib qolsa-chi, uning ovozini qanday o’chiraman, ruslarga yalinaman-mi, yalinishga vaqtim qoladimi?-deb o’ylar ekan, o’zi otaliqqa olgan gazetaning yubileyiga borishi kerakligini esladi.
Yubileyni bog’da tashkil qilishgan ekan. U yubileyga borishdan oldin bozorga borib, odamlarning o’ziga munosabati qanday bo’lishini aniqlashni ko’ngliga tuydi.
-Oloy bozoriga hayda,-dedi u qo’riqchisiga mashina kalitini uzatar ekan.
-Boradigan joyimiz Beshyog’ochda-ku..
-Bozordan gul olamiz…
-Hadyalar tayyor. Ularga oddiy gul kerak emas, mana sizning o’zingiz ular uchun haqiqiy gul, sizni ko’rsalar boshlari osmonga etadi…
Xullas, u bozorga keldi. Qo’riqchilar uning harakatlaridan shoshib qolishdi. Durdona mashinadan tushib, bozorga qarab bir odim otishi bilan atrofini odamlar o’rab olishdi.
“Durdona opa, har kun eshitayapmiz, juda zo’r! Yangilarini ham kutayapmiz!”
“Qoyilman, poshshoning qizi bo’lsangiz ham xalqning orasidasiz!”
“Ruxsat bering. Qo’lingizni bir marta o’pay!”
“Aylanib ketay qoqindik, bo’ylaringdan aylanay, Xudoyimga shukurlar, seni ko’rish nasib etdi…”
Odamlar shunaqa gaplarni topib aytishardi-ki, chetdan qaragan odam bu olomon bir necha oy tayyorgarlikdan o’tgan deb o’ylardi.
Durdona bozorni bir aylanib chiqqinicha ikki soat vaqt ketdi. Odamlar xuddi oy erga tushgan kabi sevinar edilar. U qayoqqa yursa, o’sha tomonga borishardi. Butun bozorda savdo to’xtab qoldi va hamma Durdonani ko’rishga, unga nimadir deb gapirishga, uning tabassumiga mahliyo bo’lishga oshiqardi.
“Bizni tanqid qilayotganlar mana kelib ko’rishsin, xalq kim tomonida?” deb o’yladi Durdona va gazetachilarning yubileyiga keldi. U
-Qizimga sizning ismingizni qo’ydim. Qani og’ziga bir tupurib bering, u ham sizga o’xshagan dunyo malikasi bo’lsin!-dedi.
Durdona nima qilarini bilmay qoldi. Shunda Bosh muharrir uning yoniga yaqinlashib
-Bu shunchaki odat, tupurish kerak emas, “tup” desangiz bas,-dedi.
Durdona bu odamlar dunyoning eng baxtiyor odamlari va ularni mana shunday baxtiyor qilgan bizmiz, degan his bilan uyiga qaytdi. Ammo uyiga yaqinlashar ekan, bolasiga otasining ismini qo’yganlardan qanchasi hozir unga qarshi ekanligini esladi. Buning ustiga uyiga kirsa, qizi Internet tugmasini bosgan va gumburlab eshitilayotgan qo’shiqni tinglab, raqsga tushardi….
“Butun kuchni xalq ichidan olaylik!…
Quchoq ochib xalq ichiga boraylik…
Xalq dengizdur…..
Xalq-isyon…”
Vashington, 2005-2006 yillar.

One Response

Comments are closed.