Savol-Javob

Chiqish yo’li bor

SAVOL: Assalomu alaykum Jahongir aka. Bugun o’zbek muxolifati tupikka kirib, paralich bo’lib qoldi. Hatto Islom Karimov taxtdan ketsa ham qaytib borolmaydigan holdamiz. Vatandagi vaziyat esa yomonlashib bormoqda. Shunday paytda nahotki bir chiqish yo’li bo’lmasa? (Akram).

JAVOB: Chiqish yo’li hamma vaqt bor va bo’ladi. Aytishadiku, Xudo to’qqizta eshikni yopsa, o’ninchisini ochadi deb.

Bugungi sharoitda, menimcha, bitta platformada birlashib, diktatura qarshisida alternativ demokratik siyosiy kuchga aylanish imkoniyati mutloq mavjud.

Dini, ana’nalari, madaniyati, mamlakatining kelajagiga bog’liq bo’lgan; insonlarni irqiy, milliy, diniy jihatdan kamsitmaydigan demokratik tashkilotlar, guruhlar va shaxslar bitta umumiy platformada birlashishlari mumkin.

Masalan, buning nomini O’zbekiston demokratik kuchlarining platformasi deb olaylik. Bu shunchaki taxminiy nom. Bu tashkilot bo’lmaydi. Bu muvofiqlashtiruvchi kuch bo’ladi. Unga barcha demokratik tashkilotlar, guruhlar va shaxslar erkin holda birlashadilar. Uning yakkahokim rahbari bo’lmaydi. Muvofiqlashtiruvchi kengashi bo’ladi va uning har bir mamlakatda bittadan vakili turadi. Kamida o’nta vebsayt bu platformani qo’llashi mumkin.

Agar mavjud siyosiy tashkilotlardan birortasi bu platformaga qo’shilib o’z yo’li to’g’riligini isbotlay olsa, qandini ursin, hamma uni qo’llaydi.

Kengash vakillari takliflar kiritish huquqiga ega bo’ladilar. Masalan,

1.Alternativ (soyadagi hukumat tuzish) taklifi. Bosh vazir va vazir bo’ladiganlar O’zbekistonda demokratik davlat qurish va erkin iqtisodni tiklash bo’yicha o’zlarining dasturlarini ishlab chiqadilar va saytlarda muhokamaga qo’yadilar. Mamlakat ichida qanday faoliyat ko’rsatish rejasini tuzadilar.

2.O’zbekistonda rejim o’zgargan sharoitda muhojirlarni Vatanga qaytarish uchun muzokara yurita oladigan guruhni tuziladi.

3.Kengash nomidan bayonotlar tayyorlaydigan va kengashning so’zchiligini bajaradigan matbuot kotiblari tayinlanadi.

Menimcha, bu kengashga pul topishnigina o’ylaganlar a’zo bo’lmasliklari lozim. Bu faqat vatanparvarlardan iborat kengash bo’lishi kerak. Lekin shu vatanparvarlar kengashning fondini tuzib, mablag’ topa olsalar uni qandaydir shaxslarning kitoblarini chop etish, tashish, tarqatish, gazeta deb varaqalar chiqarish uchun emas, mamlakat ichida faoliyat olib boradigan faollar uchun va foydali maqsadlarda sarflash kerak bo’ladi. Maqsadlar ham, hisobot ham ochiq bo’ladi. Har qanday mavzuda, har qanday kelishmovilik erkin bahslarda muhokama etiladi.

Hozir muxolifat deb nomlangan guruhlarning birortasiga ham a’zo emasman. Ammo mana shunday kengash tuzilsa uni qo’llayman. Menimcha, buni bugungacha o’z pozitsiyasini ochiq ko’rsata olgan Galima Buxarbaeva, Yodgor Obid, Mo’tabar Tojiboeva, Dadaxon Hasan, Gulchehra Nurullaeva, Nosir Zokir, Nadejda Ataeva, Bahodir Choriev, Bobur Malikov, Rizo Obid, Abdujalil Boymatov, Xoldor Vulqon, Toshpo’lat Yo’ldoshev, Husniddin Qutbiddinov, Abulqosim Mamarasulov, Bashorat Eshova, Hayit G’afur, Shavkat Muhammad, Zokir Ali, Akram Ahmedov, Abdufattoh Mannopov, Yodgor Turlibekov, Ulug’bek Bakirov, Sanjar Umarov va boshqa o’nlab taniqli shaxslar, keyingi 20 yilda hukumatning qahriga uchragan sobiq mulozimlar hamda ishbilarmonlar, xorijdagi son-sanoqsiz muhojirlar ham qo’llasalar kerak. (Men bu erda shunchaki xayolimga kelgan nomlarni sanadim. Kimlarnidir unutgan bo’lsam ma’zur tutsinlar. Agar kimlardir bu taklifga qarshi bo’lsalaru adashib yozgan bo’lsam, mening uzrimni qabul qilsinlar-JM).

Balki, xolis bir kishi bu taklifni qayta ishlab, imzoga ochishi ham mumkin. Masalan, Galima Buxarbaeva uch tilda shunday bir hujjat tayyorlashga ko’maklashsa, Mo”tabar Tojiboeva va Bahodir Choriev Kengashni tashkil qilish ishlariga bosh-qosh bo’lsa nur ustiga nur.

Mana sizga bitta taklif. O’ylab ko’rsa boshqa takliflar ham chiqadi. Vatanning kelajagiga hech birimiz befarq emasmiz. Shunday ekan, Vatanga qaytish haqida o’ylash har birimizning burchimizdir.

P.S. Faqat tanqid qilish kerak emas, taklif ham aytish kerak, deguvchilarga ham bu bir javobdir.
JM.

Leave a comment