Savol-Javob

Xorijdagilar

SAVOL׃ Chet elga chiqqan o‘zbeklar haqida ko‘p yozgansiz. Ularning Vatanga qaytish istaklari haqida ham yozganlaringizdan o‘qiganmiz. Xorijdagi o‘zbeklarning yaqin kelajakda Vatanga qaytish imkonlari bor deb o‘ylaysizmi? Bor bo‘lsa qachon va qay sharoitda? Yo‘q bo‘lsa, ularni nima kutadi? Bular sotsiologik muammolardir. Lekin bu masalada fikringizni aytsangiz. (Abror O‘lmasov).

JAVOB׃ Ilgari bir javobda o‘zbeklarning chetga ketish sabablarini bir tizimga solgandim. Aslida ko‘p narsa o‘sha chiqib ketish sabablari bilan bog‘liq. Lekin modomiki chetda ekanmiz, bugunga qadar bosib o‘tilgan yo‘lga nazar solib, kelajakni taxmin qilish, bashorat emas, taxmin qilish mumkin. Ming afsuski hali ham besh yil oldingi fikrimdaman. Ketganlarning aksariyati qaytishmaydi. Ba‘zilari borib-kelib yuradilar. Balki sanoqli kishilargina doimiy qaytishlari mumkindir. Ilohim aksi bo‘lsin. U holda tarixning an‘anasidan ustun kelgan bo‘linadi.

Meni juda ham achintiradigan narsa shuki, bugun xorijga chiqqan o‘zbekistonliklar ham ilgari Sharq mamlakatlari orqali G‘arbga sig‘ingan salaflarining yo‘lidan ketmoqdalar. Bu qirq yil oldin ham,  besh yil oldin ham, bugun ham ayni.

Borgan joyda mustahkam ildiz otmaslik o‘zi yashagan jamiyatda eng keyingi odam bo‘lib qolish va o‘z o‘rnini o‘z qo‘li bilan yo‘qotishga intilish bo‘lib qoladi.

Bugun G‘arb mamlakatlariga nazar solsangiz, bizdan kelganlar aksariyat holda g‘arib, unutilgan bir vaziyatdalar. Oralarida davlat arboblari, taniqli olimlar, dunyoga so‘z ayta oladigan shaxsiyatlar, siyosatchilar yo‘q.

Buning sabablaridan biri shundaki, xorijga kelganlar bu yerning erkinligidan gangib qoladilar. Oilalari va farzandlarini yo‘qota boshlagandek bir hissiyot girdobiga tushadilar. Natijada ana‘nalar, odatlar, oila va farzandlar tarbiyasini mamlakatdagidek saqlab qolaman deb o‘zlarini to‘rt tomonga uradilar. Depressiv bir holatga kirib qoladilar. O‘zbekistondagi ahvol G‘arbdagidan ham barbod bo‘lganini tan olgilari kelmaydi. Butun noshudliklarini demokratiyaga ag‘daradilar. Demokratiyani ayblay boshlaydilar.

Ba‘zi holatlarda asta-sekin me‘yor buziladi va fanatik bir insonga aylaniladi. Bora-bora jamiyatdan ajralib qoladilar. O‘z do‘konchalari, oddiygina bir ishlari va shunchaki umrguzaronlik qiluvchi davralari bilan o‘ralashib, bolalarini ham shu asnoda tutishga urinadilar. Bolalari o‘qishdan, ilmdan, siyosat va jamiyatdan uzoq qolib, ko‘rinishda mo‘min qobil, mehnatkash, lekin aslida boshqa bir insonga aylanadi.

Ota-ona bari bir vatanga qaytaman, deb o‘zini ovutadi va farzandlarining kelajagini o‘ylamaydi. Bir kun kelib, orzulari sarobga chiqa boshlaganini ko‘rgach, asabiylashadi, oilasi buziladi, dunyodan norozi, yolg‘iz bir kimsaga aylanadi.

Bugunga qadar G‘arbga Afg‘oniston va Turkiya orqali ming-minglab o‘zbeklar kelganlar. Biz bugun bir necha kishini aytmaganda qolganlarining nomlarini ham bilmaymiz. Qayerlarda yashab, qayerlarda qolib ketdilar, noma‘lum. Farzandlari esa jamiyatning ikkinchi emas, uchinchi darajali odamiga aylanib qoldilar.

Yuqorida aytganimdek, ming afsuski, bugungi avlodning ham aksar ko‘pchiligi shu yo‘ldan ketmoqda. Bugun har qancha dod-voy deyilgani bilan yillar o‘tgach, butunlay Vatanga qaytilmaydi. Hatto ikki fuqarolik berilganda ham butunlay qaytadigan odam oz topiladi.

40-50 yil Vatanning ozodligi uchun jonlarini tahlikaga qo‘yganlar O‘zbekistonga mustaqillik kelganda, borib, darhol ortga qaytganlari buning bir misolidir.

Chunki yillar davomida boshqa odamga aylanasiz. Borsangiz hamma narsa begonadek tuyuladi. Eng asosiysi sizga begonadek qarashadi. Chunki begona bo‘lib qolgansiz-da. U yerda endi G‘arbda siz topgan erkinlikning mingdan birini ham topolmaysiz.

Hatto O‘zbekiston demokratik davlatga aylanganda ham butunlay qaytadiganlar sanoqli bo‘ladi. Ular ham bir muddatdan keyin ortga yo‘l soladilar. Bu men yaratgan yangilik emas. Bu sotsiologiya ilmining xulosalari.

O‘tgan dam olish kunlari(11-12 fevral, 2012 yil) New York, New Jersey shtalariga O‘zbekistondan yangi kelganlardan bir guruhi uyimizda mehmonda bo‘lishdi. Choylashdik, dardlashdik, ularga men Amerika o‘z vatanidan ta‘qiblar tufayli quvilganlar, o‘z vatanida iqtisodiy, siyosiy, diniy va madaniy sabablar tufayli nochor qolib chiqib ketganlarida boshpana bo‘lgan, shu yo‘l bilan oyoqqa turgan mamlakat ekanligini aytdim. Bu yerda oyoqlarini qanchalik mustahkam qo‘ysalar, Amerikani ikkinchi vatanlari deb qarasalar, farzandlarini o‘qitib bu jamiyatning ilg‘or qismiga kirsalar o‘shandagina o‘zlarining tarixiy vatanlari bo‘lmish O‘zbekistonga yordam bera olishlarini urg‘uladim. Siz Amerikada mardikorga aylanib qolmang, balki haqiqiy amerikalik bo‘lib, jamiyatning bir mustahkam qismiga aylaning dedim. Bu gapim ularga ma‘qul keldi.

Kimagadir yoqmasligi ham mumkin, lekin  dilimdagini aytish bu mening huquqim.

Shuning uchun qolganlarga ham demoqchimanki, bugun chetga chiqib, vaqtingizni behuda o‘tkazmang. O‘qing, ilm oling, jamiyatga qo‘shiling, izlaning va o‘zingiz yashayotgan jamiyatingizda o‘z o‘rningizni toping.

Leave a comment