Vatanda gadosan, Vatanda gado!
SAVOL: Keyingi paytda she’r yozmay qo’ydingiz-mi? Nega yangilarini e’lon qilmayapsiz?(Jamila).
JAVOB: She’r yozish uchun belgilangan jadvalim yo’q. Ammo ko’nglimga bir narsalar kelganda qoralab qo’yaman. “Dakota yo’li”da bir qator she’rlar yozganman. Avval “Aldanishga moyil..” degan bir siyosiy she’rdan keyin ana shu uslubdagi qoralamalardan ham bir ikki namuna o’qishingiz mumkin.
Aldanishga moyil o’zbek shoiri,
Bir orden bukadi alif qaddini,
She’ru dili boshqa, boshqa zohiri,
Go’rkov chizib berar oxir haddini.
Aldanishga moyil o’zbek hofizi,
Shohning ko’kragiga boshini qo’yar.
Haq istab chiqsa gar o’g’li yo qizi,
Bir unvon xotiri ko’zini o’yar.
Aldanishga moyil o’zbek rassomi,
Tillaqosh medalga dunyosin sotar,
Egnida jandami, qo’lda hassomi?…
“Mona Liza” bilan qovushib yotar.
Aldanishga moyil o’zbek o’g’loni,
Yolg’onni bilsa ham huzur bilan yer.
Yurtboshi “Bolam”, deb aytgan zamoni,
Otasin unutib, uni “Otam”, der.
Aldanishga moyil o’zbek qizlari,
Fahish hadyasini gulnorim, deydi.
Zulm zindonida qoldi izlari,
Shunda ham na yorim, na orim deydi.
Aldanishga moyil aslida har kim,
O’zligin yemirib qilarkan ado.
Vatangado eding, endi-chi, xalqim,
Vatanda gadosan, Vatanda gado!
****
Dakota yo’lida…
Qattiq jang boradi,
qon sig’may ketadi ariqlariga,
o’qlar chil-chil etar muz devorlarni,
maydon kengayadi,
maydon torayadi,
ko’z kosasida.
Qattiq jang boradi,
mening qalbimda,
dushman qaysi yonda,
do’stim qay tomon?…
Bilmayman, ko’rolmayman,
o’q yulib ketgan qorachig’imni…
****
Bag’rimda vulqon bor,
biqir-biqir qaynagani qaynagan,
na so’nmas,
na portlab meni so’ndirmas!
****
Oqshom uxlaysan
sahar uyg’onaman, deb,
sahar uyg’onasan,
kunduz mudramayman, deb,
mudrab uxlab qolasan yana,
uyg’ona olmaysan…
Uyg’ona olmaysan,
uyqu dori ichgansan,
ixtiyoring qo’lingdan ketgan…
Filed under: Kundalik, Savol-Javob |
Leave a Reply