Rivoyat qilishlaricha qadim o’tgan zamonda xalqqa faqat yaxshilikni ravo ko’radigan Hotamtoyni ko’ra olmaydigan bir kishi uni to’hmat bilan qozi huzuriga olib kelibdi. Qozi Hotamtoyning to’hmatga uchraganligini anglab, ozod qilish haqida hukm chiqaraman, deb turganda zindon tomondan “Yashang, qozi domla! Kam bo’lmang, mening safdoshim haqiqatdan ham bo’hton qurboni!” degan ovoz kelibdi.
Qozi zindonbondan bu ovoz kimga oid ekanligini so’rasa:
-Shohanshohni o’ldirmoqchi bo’lgan va umrbodga hibs etilgan Sotamtoyning ovozi bu,-debdi zindonbon.
Shunda qozi qo’rqib ketibdi va Hotamtoyga:
-Bor, seni o’rning safdoshingni yonida,-debdi.
Hotamtoyni zindonga tashlabdilar va u Sotamtoyga:
-Birodar men seni tanimasam, bilmasam, nega bunday qilding?-debdi.
-Sen axir Hotamtoysan! Yaxshilik qiluvchisan! Mana menga ham yaxshilik qilding,-debdi Sotamtoy.
-Senga nima yaxshilik qildim?-deya ajabalanib so’rabdi Hotamtoy.
-Bir o’q bilan ikki quyonni urding,- debdi Sotamtoy.- Birinchidan, butun el-ulus senga to’hmat bo’lganini biladi va endi Hotamtoyni qamagani uchun shohni la’natlaydi. Ikkinchidan esa, xalq meni ham bo’htonga uchragan deb hisoblay boshlaydi,-debdi.
PAXTA
Rivoyat qilishlaricha, qadim o’tgan zamonda bir zulmkor shoh bo’lgan ekan. Yalang’oyoq, och qolgan va zulmning qurboni bo’lgan xalq ahvoldan podshoimiz xabarsiz, deb o’ylar va yum-yum yig’lab uning nomiga yolvorar ekan. Boshiga soliq yog’ilsa ham buni podshohimiz bilmaydi, deb o’ylar va undan madad istab iltijolar qilar ekan. Shoirlari she’r bitar, hofizlari qo’shiq…
Podshoh muhtasham saraoyda har kun uyg’onib quloqlariga paxta tiqib olishidan esa ular bexabar ekanlar.
Podsho uchun anashu quloqqa qo’yilgan paxta kabi ham ahamiyatlari yo’qligini bilmas ekanlar.
KIM HAQ?
Qadim o’tgan zamonda, uzoq-uzoq tomonda bir Vatan bor ekan. Shoirlari ko’r, hofizlari soqov, to’ralari kar, soliqchilari manfaatparast, mirshablari jallod, boylari xasis ekan. Xalqi esa ochlik va zulmdan ezilib ketibdi. Onalari xasta, bolalari bir dasta, zindonlar to’lib ketgan ekan begunohlar bilan…
Bu elning podshohidan boshqa bir mamlakatning shohanshohi sorabdi:
-Bu ne hol? Zulm ham evi bilan emasmi?
Shunda zolim debdi:
-Men bir kishiman, qolganlar ko’pchilk, butun boshli xalq. Lekin shoiri ham, hofizi ham, jallodi ham nonko’r. Qilichi ham, dori ham arqoni ham o’zidan bo’lgan xalq… Shunday ekan, kim haq?
MUFTI
Qadim o’tgan zamonda, uzoq-uzoq tomonda bir bir jamoa yashar ekan. Jamoaning yo’lboshchilari to’q, badavlat, bosar tusarini bilmas, yegani oldida, yemagani ortida ekan. Ammo jamoaning aksar ahli xarob bir vaziyatda kun kechirar, topgan noni bir martalik qorin to’yishiga yetmas ekan. Yo’lboshchilari hatto Xudoni tanimas, ahli jamoa esa kecha kunduz Xudoga yolvorib najot so’rar, ro’shnolik istar ekan. Ammo biri ikki bo’lmabdi. Shunda jamoa vakillari muftining huzuriga boribdilar.
-Biz toat ibodatni vaqtida qilsak, yo’limizga to’g’ri, vijdonimizga haq, mehnatdan qochmas, yomonlikka eshik ochmas bo’lsak-da biz g’arib, aksimiz bo’lgan yo’lboshchilar esa badavlat, Xudoyim nega bizning ohimizni eshitmaydi?- deb so’rashibdi.
Muftining kongliga g’oyibdan bir fikr inibdi:
-Bu odamalr badbaxt kimsalarni o’zlariga yo’lboshchi qilib olganlari uchun kunlariga maymiunlar yig’lamoqda!
Biroq mufti bu gapni jamoga aytishga cho’chibdi va:
-Xudo hammasini ko’rib turguvchidir, sizlarga bu dunyoda bo’lmasa u dunyoda albatta ajr qilgusidir,-debdi.
QABILA
Qadim o’tgan zamonda, uzoq-uzoq tomonda bir qabila bor ekan. Avvaliga gurkirab yashnagan qabila birdan inqirozga yuz tutibdi. Chunki ota-onasi bir bo’lishiga qaramasdan qabila ahli orasida ittifoq yo’qolibdi, nifoqlik kuchlanibdi. Ular mansab va pul uchun hamma narsani sotadigan bo’libdilar.Hamiyat, odamiylik anqoning urug’iga aylanibdi. Bir-birini qoralash, qo’liga cho’kich olib kavla-kavla avjiga chiqibdi, “Sen bizdan emas!”, “Ana u bizdan emas!”, “Manabu xoin!”, “Ana u josus!” degan aybnomalarni bir-biriga otish, tuhmat va ig’vo ularning har kunlik iste’moliga aylanibdi.
Shu bois boshlaru urushdan chiqmabdi. Bosib kelgan dushman eshakda, ular esa otda bo’lsalar ham muzaffarlik ota-bobolaridan afsona bo’lib qolibdi, mag’lubiyat esa haqiqatga aylanibdi ular uchun.
Bosib olganlar ularga boshqa- boshqa nom beribdi va ular asl qabilalarining nomini ham, o’zlarining kimligini ham unutib, yog’iyning quliga aylanib, dunyoga tariqday sochilib ketibdilar. Aytishlaricha bu qabiladan faqat rivoyat qolibdi.
“XALQ”
Qadim o’tgan zamonda, uzoq-uzoq tomonda bir xor bo’lgan, zor bo’lgan, o’lgan ori, bitgan bori, ketgan yori, nimjon nori, mahkam dori, boshda qori bir mamlakat bor ekan. Podshosi to’y’mas, vaziri qo’ymas, qassobi so’ymas, o’ylari o’ymas ekan. Mirshabining qo’li qon, mirzosining degani yo’lg’lon, bolasi nimjon, onasi nogiron, “Haq” deganni hakkalatgan, “Oh” deganning og’zini yirtgan, “O’h” deganning o’pkasini so’g’irgan, besh tangasini qiyratib olgan, yangasini o’zganing qo’niga solgan, do’stni tanimas, dushmani g’animmas, bir-birini so’kkan, bir qarich suvda ham cho’kkan, bir-birini urgan, loflardan dunyo qurgan, g’am-gussada davron surgan, saroydan kelib qizini olib ketsalar ham bosh egib turgan, dardi ichida, shamshot bo’lib yurgan ekan odamlari bu mamlakatning.
Bir kun kutilmaganda Ozodlik degan qush qo’nibdi boshlariga. Patlarini yulishibdi, boshini uzishibdi, qaynoq suvda baqir-baqir qaynatishibdi, go’shtini shohga, siyaklarini vaziru vazoratga berib, suvini ichaman deb turganda tomoqqa uchibdi. Shundan beri nafasi qaytib, big’illab yotgan emish bu xalq.
DARVESH
Qadim o’tgan zamonda, uzoq-uzoq tomonda bir mehmondo’st xalq bor ekan. Topganini to’yga va mehmonga sarflaydigan odati bor ekan. Bolasi quruq non yeb, shirin choy ichsa, mehmoni quyruqli palov bilan “obi Mashhad” ichar ekan. Shu bois bu mamlakatga dunyoning hamma joyidan mehmon yog’ilib kelar ekan. Kelgan mehmonlarga “Marhabo” deb quchoq ochilar, eng so’lim maskanlar ko’rsatilar, noyob hadyalar berilar, o’zlariga qolganda esa Xudoga yolvorib, to’kinlik istab o’tirishar ekan.
Kelgan mehmonlar ham bu xalqning haqiqiy ahvolini ko’rib qolsalar ajablanishar ekan. Qishloqlarda uylari xarob, yegulik non, ichgulik suv yo’q. Shaharlarda esa marmar qasrlar, hashamatli uy joylar, qirq kechayu qirq kunduz davom etgan to’ylar, tinmagan mehmondorchiliklar…
Bir kun mehmonlardan biri ajablanib:
-Bu qanday xalq o’zi?- deb so’rashga jurat qilibdi. Shunda bir darvesh javob qilibdi:
-Bu antiqa xalq,- debdi u- topganini uchga bo’ladi. Birinchi qismi, to’yga, ikkinchisi mehmonga, uchinchisi mansabdor to’ralarga.
-O’ziga nima qoladi? O’zi qanday kun ko’radi?-deya yanada ajblanibdi mehmon.
-O’zi to’ydan qolganiga, mehmondan ortganiga, mansabdor o’g’rilarning uyida chirib tashqariga chiqarib tashlanganiga kun ko’radi. Gapni cho’zmangda siz ham marhabo bu mo’jizalar o’lkasiga!-debdi darvesh.
Filed under: Ҳамма китоблар |







