Jahongir Mamatov: Oqsaroy sirlari (Savol-Javob)

jmish.jpgO’NG SO’Z ORNIDA

Islom Karimovdan Shukrullo Mirsaidovga qadar…

Ismoil Jo’rabekovdan Shavkat Mirziyoyevga…

Rustam Azimovdan Rustam Shog’ulomovga…

Erkin Vohidovdan O’tkir Hoshimovga qadar…

Xullas, bugun siyosat maydonida bo’lganlar va bo’lmaganlar, tanishlar va bilishlar, ya’ni kim kimga yoki nimaga qiziqsa, o’sha haqda yo’llagan ochiq savollariga Oqsaroydagi va saroyga yaqin manbalarning ma’lumotlari e’tiborga olingan holda ochiq javoblar.

Boshqacha aytganda O’zbek siyosat sahnasining parda orqasidagi, Oqsaroydagi gaplarga qiziqsangiz bu kitob sizning uchun! Muallif.

 

 

-1-

SAVOL:Islom Karimov yoki u tayinlaydigan boshqa “karimov”lar mamlakatni necha yil qo’lda tutadilar, deb o’ylasiz?(Baxtiyor, 16 May).

JAVOB: Muxolifatsiz yoki muxolifati ojiz jamiyatda zulm istagani qadar ildiz otadi. Bugun O’zbekistonda zulmga qarshi chiqa oladigan va uni yengadigan muxolifat yo’q. Shu bois ham zulm emin-erkin hukm surmoqda. Ammo uni yiqitadigan muxolifat qachon yetishib chiqadi?

Qachonki, zulmga qarshi muxoliflarning hammasi yoqavayronlikni yig’ishtirib,”man-man”likni tashlab, oniy manfaatga sotilmasdan, yolg’onchi muxolifatchilarning besh tangasiga o’chmasdan, hukumatning nayranglariga ilinmasdan bir musht bo’lib zarbani bir joyga ursalar zulmning ildizini qo’porishlari mumkin. Bu esa qiyin masala. O’tgan o’n besh yil buning qanchalik qiyinligini isbot etdi.Lekin shunday muxolif kuch bir kun yetishib chiqadi. Faqat kech, ish-ishdan, g’isht qolipdan ko’chgandan keyin.

Muxolifatsiz hukumat benur va befayz, bekuch va beor “kurashchi”dir. Hammamiz buning guvohi bo’lib turibmiz.

-2-

SAVOL: Siz 15 yildan buyon Islom Karimov siyosatini tinimsiz tanqid qilib kelasiz. Qamoqxonalar, mahbuslar, qiynoqlar mavzuida ham juda ko’plab tanqidiy chiqishlar qilgansiz. Har doim Amerikani o’rnak qilib kelgansiz. Mana endi Amerika askarlarining Iroqdagi mahbuslarga nisbatan vahshiyona harakatlaridan keyin siz shuncha mehnatingiz suvga oqqaniga achinmaysizmi? Amerika va O’zbekiston orasida farq qolmadi-ku? (Murodilloh, 18 May).

JAVOB: Farq bor va agar siz misol keltirgan voqeaning o’ziga qaraganimizda ham yer bilan osmon qadar farq borligini ko’ramiz.

Birinchidan, Iroqdagi voqeani shu Amerikaning askarlari qilgan bo’lsa, yana shu Amerikaning askarlari o’rganib, hisobot tayyorlab, masalani rahbariyatga taqdim etganlar.

Ikkinchidan, mazkur hisobot mutlaqo maxfiy bo’lishiga qaramay, yana shu Amerikaning matbuoti uni e’lon qildi va shundan keyingina siz ham bu haqda xabardor bo’ldingiz.

Uchunchidan, yana shu Amerikaning Kongressi hukumat rahbarlarini so’roqqa tortib, tit-pitini chiqarib yubordi va bosh egib mahbuslardan, dunyo jamoatchiligidan kechirib so’ramagan rahbar qolmadi.

To’rtinchidan, aybdorlarni yana shu Amerikaning sudi ochiq muhokama qilmoqda.

Bularning qaysi birini O’zbekistonda topasiz? Shovruq Ro’zimurodov va boshqalar qiynab o’ldirilganda faqat xorijliklar gapirdilar, o’zbek muxolifati dod soldi, ammo O’zbekiston rahbariyati doirasida suv quygandek jim-jitlik edi.Quloqlar kar, ko’zlar ko’r edi. Kim tekshirdiyu qaysi matbuot bu haqda yozdi? Aybdorlarni qaysi sud muhokama qildi?

Demokratiya bus butun, kamchiliksiz tuzum emas. Ammo demokratiya o’z kamchiliklarini topib boradi va davolay boradi. Diktatura esa kamchiliklarni bosib, yashirib yotgan yuhodir. Uning qarshisiga chiqqan uning domiga tushadi. Farq mana shunda.

Yozganlarim suvga oqqan emas. Ularning birgina sizda savol uyg’otganining o’zi hali ham yozganlarim kurashayotganini ko’rsatadi.

-3-

SAVOL:Men o’zimni yangi avlodning vakili deb bilaman. Chunki o’zimdan oldingi avlod haqida menda noto’gri ma’lumotlar bo’lganini chetga chiqib bildim. Bunda jumladan sizning web sahifangiz ham rol o’ynadi. Juda ko’p narsani bilmas ekanman, biz ko’zi ko’r qilib yetishtirilgan avlod ekanmiz. Lekin anashu ko’zi ko’rlar orasida chetga chiqib yoki mamlakatning o’zida ham cheklangan imkoniyatlar bilan ko’zlari ochilayotgan bir yangi avlod bor. Men o’zimni anashunday yangi bir avlodning vakili deb bilaman. Siz Vatan haqida ko’p yozasiz. Xo’p, shu Vatanga qaytmaysizmi, agar qaytsangiz, qachon va qanday sharoitda qaytasiz? (Odil, 19 May).

JAVOB: Bilasimi, qachon qaytish haqidagi savolga javob bersih uchun nima uchun chiqib ketgandim, degan savolga to’xtalishim kerak.

Men ishlab pul topish yoki sharoitni yaxshilash yo bo’lmasa bolalarni o’qitish kabi sabablar bilan emas, tirik qolib, kurashni davom ettirish istagi bilan chiqib ketganman. Chunki men ham sirtdan o’limga hukm qilinganlardan biri edim.

Mening nomim 1991 yilning 30 Okytabrida Oliy Kengashning 7-sessiyasida Islom Karimov siyosatiga qarshi isyon qilgan deputatlar ro’yxatining boshida turgani uchun ham boshqalarga nisbatan meni oldinroq yo’q etishni rejalagan edilar. O’sha sessiyada men bilan birga bosh ko’targan deputatlardan ko’pchilgi yo’qotib yuborildi. Shovruq Ro’zimurodov, Toyiba To’laganovalar o’ldirildi, Murod Jo’rayev, Samandar Qo’qonovlar umr boyi zindonband etildi, Nasrullo Saidov, Imom Fayziyev, Inomjon Tursunov, Oygul Mamatovalar bugunga qadar sarson-sargardonchilik, sudlar eshigida, militsiya ostonasida.

Mening o’zim bilan birga oilam ham quvg’inga olingandi. Umr yo’ldoshimni mendan voz kechmagani uchun sudga, javobgarlikka tortishgandi. Men bular haqida ko’p yozganman. Bundan 15 yil oldin mening yo’limga qo’yilgan to’siqlar bugun ham turibdi. Agar anashu to’siqlar olib tashlansa men o’sha zahoti qaytaman. Lekin bu yaqin orada bo’lishiga ko’zim yetmaydi.Diktatura osonlikcha jon bermaydi.

-4-

SAVOL: Siz nima uchun maqolalaringiz va boshqa yozgan asarlaringizda Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Ozod Sharafiddinov kabi O’zbekiston qahramonlariaga hujum qilasiz? Bu ular qahramonlikni olib, siz ololmaganingiz uchun emasmi? (Komollidin, 20 May).

JAVOB: Men ham istaganimda bunday qahramonlik unvonlarni qachonlardir olgan bo’lardim. Faqat buning uchun gadoning, qulning kuniga tushmog’im kerak edi.

Biz jurnalist Dadaxon Yoqubov bilan birga 1990 yilda Navro’z marafonini o’tkazganimzida xalqni ishontira olish va ergashtira olish kuchimizni ko’rgan Karimov ishni bizni “sotib olishdan” boshlagandi. U o’shanda menga “O’zbekistonda Xizmat ko’rsatgan Jurnalist” unvonini bergan edi.Tarixni varaqlasangiz bu uning prezident sifatida imzolgan birinchi farmoni ekanini ko’rasiz. Lekin men unga “sodiq” bo’la olmadim.

Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Ozod Sarafiddinovlarni shaxsan taniyman. Erkin aka bilan ikki yil O’zbekiston Oliy Kengashining Oshkoralik qo’mitasida ishlaganmiz. Bu haqda “IAK” hujjatli romanimda batafsil ma’lumot topishingiz mumkin.

Ijodkor millatning vijdoni deyishadi. Lekin bu vijdon faqat o’zining halovatini o’ylasa, qotilliklar, jinoyatlar, o’g’irlik, talon tarojlikka sherik bo’lsa u vijdon emas, jig’ildon, harom jig’ildondir.

Men bu ijodkorlarning ikki yuzlamachiliklariga chiday olmadim. Shuning uchun ham ular haqidagi fikrlarimni ochiq yozdim. Men chetda yurganimda ham anashunday ijodkorlar oraga tushib, “Qo’ying hammasini, keling oqsoqolni bir-ikki matqab yozing, ish ham beradilar, unvon ham” deganlarida nafratim tug’yonga kelgan.

Ozod aka xalq dardini eng ko’p bilgan odam. Shu odam ham xalqdan yuz o’girib unvonga sotilgani bizning fojeamiz naqadar buyukligini ko’rsatadi.

Bugungu unvonlar o’tkinchidir. Bugun Karimovning qo’lidan unvon olish uning jinoyatlariga sherik bo’lishdir. Vijdonga sodiq qolishdan buyuk unvon yo’q. Xalqning farzandi bo’lishdan oliy unvon yo’q. Amerikada va boshqa joylarda ijodkorlar unvon olmaydilar. Ularning qadr qimmatlari unvonlar bilan emas, asarlarining ahamiyati bilan o’lchanadi.

“Agar vatan Karimov bo’lsa, men bu vatandan kechdim, agar unvon Karimov bo’lsa men bunday unvonu vazifalardan kechdim” deya “Ozodlik” radiosidan 1993 yilda aytganman.

-5-

SAVOL: Siz Karimov hali uzoq vaqt taxtdan tushmaydi deb o’ylaysiz, shekilli? (Odil, 27 May).

JAVOB: Aksincha. Men faqat O’zbekistonning yaqin kelajagi haqida optimist emasman. Ammo Karimovning “quyoshi” so’nmoqda. Bu “quyosh” o’zining eng baland nuqtasidan qachonlardir tusha boshlaganini, so’na boshlaganini hamma ko’rib, bilib turibdi. Faqat so’qirlargina buni ko’ra olmasliklari mumkin.

Ha, ko’ra olmaganlargina qul bo’lishda davom etmoqdalar. Hokimiyat ichida bugun bir necha guruh paydo bolgani (hatto ba’zilari o’zlarini reformatorlar deb ham atamoqdalar-JM) va sirtdan taxt uchun kurash ketayotgani ham Karimovning “quyoshi” nursizlanib qolayotganidan bir dalolatdir.

Bugunga qadar bu “quyosh”ga sig’inganlar endi xalqqa va haqiqatga xizmat qilib, o’zlarini oqlab oladigan fursat keldi. Agar bu fursatni ham qo’ldan boy bersalar, tabiiyki kelgusida yuzlari shuvut bo’ladi. “Rashidovning sehriga tushgan edik” deganlar kabi bular ham “Karimovning sehriga tushgan edik” deya olmaydilar. Chunki bugun bu “sehr” ning asoratidan qutulmoqning imkoni bor.

-6-

SAVOL:Yaqinda Toshkentda Shanxay tashkilotining majlisi bo’ldi, bunga siz qanday qaraysiz, bu O’zbekistonga foyda keltirdi-mi? (Oysara, I Iyun).

JAVOB: Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2004 yilning 17 Iyun kuni o’tgan bir kunlik oliy darjali yig’ilishi menga Sovet davridagi “dang’ar-dung’ur” uchrashuvlarni eslatdi. Xuddi o’sha paytdagi kabi bu safar ham rahbarlar uchrashuvdan bir kun oldin to’planib, birgalikda, tantanali ravishda konsert tomosha qildilar. Qancha dabdaba va qancha hozirliklar… O’zbek soliqchilarining puli evaziga, albatta.

Imzolangan hujjatlarning birortasi ham dunyo miqyosida ahamiyat kasb etadigan darajada emas. Amaliy qilingan ish esa Shanxay Hamkorlik Tashkilotining antiterrorizm markazining ochilishidir.

Aslida bu chechenlar va uyg’urlarning Markaziy Osiyodagi turgan-bitganlarini Xitoy hamda Rossiya tomonidan nazoratga olish uchun qilingan ishdir.

Chunki hozir butun dunyoda terrorizmga qarshi kurash birligi mavjud. Birorta davlat bu ishdan o’zini chetga olmagan. AQSH ham, BMT ham bu yo’ldagi faoliyatlarni umumlashtirishga va mushtni birgalashib urishga intilmoqdalar. Shunday ekan alohida dabdaba va xarajatlaru alohida tashkilot va markazning kimga keragi bor?

Gapning indallosini aytganda Xitoy va Rossiya AQSH bilan raqobat qilishga intilmoqdalar va buning uchun har bir kichik imkoniyatni ishga solmoqdalar. AQSHning Markaziy Osiyodagi harbiy mavjudiyati ularga tinchlik bermayotir.

Buning ustiga AQSH chechenlar va uyg’urlar masalasiga yuzaki qaramaydi. Rossiya va Xitoyni bu ikki xalqqa zug’um o’tkazishda, ularning haq-huquqlarini toptashda ayblab kelmoqda. Ularning orasidan terorrchilar chiqsa ayni paytda buni ham qoralagan holda, chechenlar va uyg’urlarning mustaqil xalq sifatida huquqlari mavjudligini ham ta’kidlab kelmoqda.

Anashunday qarashdagi kuchning chehcenlar va uyg’urlarning ildizi chuqur bo’lgan Markaziy Osiyodagi ishtiroki Rossiya va Xitoyga tinchlik bermasligini taxmin qilish uchun aflotun bo’lish shart emas. Har ikki davlatning parchalanib ketish ehtimoli xuddi anashu omilga bog’liq ekanligini ko’pchilik yaxshi biladi.

Shunday ekan, qolganlar bu ishning ichida nima qilib yuribdilar? O’zbekiston o’zining eng katta tahlikasi Islomiy Harakatdan AQSHning ko’magida xalos bo’ldi va bunday tahlika qayta paydo bo’lishiga AQSH yo’l qo’ymasligini ham biladi. Ya’ni tashqi teror yoki tashqi hujum xavfi tug’ilsa AQSH O’zbekistonning xaloskori sifatida Xonobodda oyog’ini qo’ygan.

Karimov nima sababdan Rossiya va Xitoyning pinjiga tiqilmoqda? Hatto Rossiya bilan strategik sheriklik shartnomasini imzoladi. Unda tashqi tahlika bo’lsa tomonlar bir-birining hududi va resurslaridan foydalanishi mumkinligiga urg’u berilgan.

Xo’sh, O’zbekistonning kafolati Xonobodda turgani holda nega “asrlarga tatigan” zulmidan qutula boshlagani Rossiyaga eshiklarini lang ochib bermoqda?

Bu O’zbekistonning, uning xalqining manfaatidan kelib chiqmagan narsa. Bu Karimov rejimining, yana ham aniqroq’i Karimovning shaxsiy manfaatidan kelib chiqqan narsa. Chunki AQSH O’zbekiston bilan tuzgan strategik sheriklik shartnomasiga demokratiya va inson huquqlari masalasini (Rossiya bilan tuzilganda esa bu narsa “esdan chiqib” qolgan-JM) kiritgan va bu yo’lda odim ota boshlagan edi.

O’zbekiston AQSHning demokratiya uchun xizmat qiladigan muassasalarini ro’yxatga olmayman, deganda AQSH o’sha hujjatni o’rtaga qo’ydi. Demak, Karimovga AQSHning O’zbekistonni tahlikadan himoya qilishi yoqadi va demokratiya degan talabi yoqmaydi.

Anashu yoqmaslik unga Serbiya, Gurjistondagi voqealarni eslatadi va natijada o’ziga qo’shimcha kafolat izlaydi. Zotan 2004 yilning 15 iyun kuni AQSH Kongressining Namoyandalar palatasidagi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo’yicha qiyi qo’mita raisi, respublikachi Ileana Ros-Lehtinen, O’zbekistonga bag’ishlangan eshituvda Karimov siyosatiga ishora qilib, “O’zbekiston terrorga qarshi urushda yaqin hamkor bo’lishiga qaramasdan, tutayotgan yo’li bilan, AQShni qattiq tashvishga solayotgan davlatdir” dedi.

Mazkur eshituvda hatto Islom Karimov uchun eng yaxshi yo’l bu imkonini topib, vazifani topshirib ketish ekanligi ham aytildi. Bundan oldin ham anashunday chaqiriqlar bo’lgan. Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Toshkent dabdabasi anashundan. Shuning uchun bu Sammit o’zbek xalqiga hech narsa olib kelmadi, balki faqat Karimovga o’zini qoniqtirish uchun tashqi qalqon bo’lib ko’rindi, degan xulosa chiqarish mumkin.

-7-

SAVOL:Bugun O`zbekiston hukumati tashqi kuchlar manfaatlarini to`la anglab yetyaptimi?(Zokirjon, 2 Iyun).

JAVOB:Mening nazarimda O`zbekiston hukumati tashqi kuchlar manfaatlarini to`la anglab yetayotgani yo’q. O’zbekiston hukumati kichik manfaatlar uchun katta narsalarni qurbon qilish bilan ovora. Masalan, demokratiyaga tayangan davlatlarda kimning prezident yoki bosh vazir bo’lishidan qatiy nazar mamlakatning ustivor manfaatlari ob-havoga o’xshab o’zgaravermaydi.

To’g’ri prezidentlarga qarab ichki va tashqi siyosatda o’zgarishlar kuzatilishi mumkin va bu aksar hollarda qonun yaratuvchilar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Ammo O’zbekistonda bugun Islom Karimovning manfaati mamlakat va millat manfaatidan ustun qo’yilgan. Masalan: O’zbek xalqiga hatto bir milliard dollarlik yordam qilaman yoki bir million kishiga ish joyi ochaman degan xorijlik ham agar Karimovni tanqid qilib qo’ysa, bir daqiqada kovushi teskari qilib qo’yiladi.

O’zgalarning manfaatlarini anglamoq uchun eng avvalo o’z mamlakati va millatining manfaatini anglamoq kerak bo’ladi.

-8-

SAVOL:O`rta Osiyodagi davlatlararo “sovuqlik” qanday hal qilinishi(yumshatish) mumkin? Yoki unda ham “g`arb demokratlari ko`magi” kerakmi?(Zokirjon, 5 Iyun).

JAVOB: Men bu mavzuda ilgari ko’p yozganman. SSSR parchalangan kunlarda bunday sovuqlik yo’q edi va bugunga qadar bu vujudga keltirildi. Shu sababdan uni vujudga keltirganlar boshqaruvda ekan, bu haqda orzu qilish ham befoyda. Chunki ular juda mayda, shaxsiy manfaatlari uchun asli bir oilaning farzandlari bo’lgan turkistonliklarni bugun bir-biriga yov qilib qo’ydilar. Endi ular hatto bir-birlarining oyoqlaridan otmoqdalar ham.

Bugungi rahbarlar xalqning umumiy birligini parchalab, o’zbekchilik, qozoqchilik, qirg’izchillik, turkmanchilk, tojikchilik kabi tor ko’chalarga boshladilar. Bugun G’arb tugul butun dunyo birlashib kelsa ham mavjud sovuqlikni tugata olmaydi.

Bu kelajakning ishi va bugungi mansabparast to’ralarning oyog’i bu zamindan uzilgandan keyingina sovuqlik asta-sekin barham topishi mumkin. Iliq munosabatni buzish uchun unchalik mahorat ham, intilish ham, qobiliyat ham talab etilmaydi. Bir axmoqning qo’lidan keladigan ish bu. Ammo sovuq munosabat o’rnida iliq, samimiy, do’stona munosabatni tiklash juda qiyin, murakkab jarayondir va juda ko’p aqlli odam ham bu jabhada kuchsiz qolishi mumkin.

-9-

SAVOL: Bugun Markaziy Osiyoda asosan qanday manfaatlar to`qnashmoqda?(Zokirjon, 6 Iyun).

JAVOB: Dunyoning manfaatlar to’qnashadigan bir qancha strategik-geopolitik markazlari bor va anashulardan biri o’z nomi bilan Markaziy Osiyodir.

Birinchi, Markaziy Osiyo juda ko’p mamlakatlar uchun yangi bozor ekanligidir. Hammaning ham bozorda dallol yoki xaridor bo’lib qolgisi emas, mahsulot sotib, mo’maygina pul qozongisi keladi. Shu jihatdan Rossiya, Xitoy va AQSH dunyo bozoriga hukmronlik qilish uchun raqobatlashayotgan kuchlar sifatida Markaziy Osiyoda ularning manfaatlari to’qnash kelmoqda.

Ikkinchi, xavfsizlik masalasi. Xitoy uchun Uyg’ur Avtonom viloyati hayot-mamot masalasidir. Bu Xitoyning parchalanib ketishi uchun eng qulay bo’lgan nuqta. Checheniston Rossiya uchun qanday ahamiyat kasb etayotgan bo’lsa, Uyg’ur viloyati ham Xitoy uchun anashunday birinchi galdagi masaladir. Ham chechenlar va hamda uyg’ular bilvosita emas, balki bevosita Markaziy Osiyoga bog’liqdirlar, ularning bu yerda chuqur rishtalari bor.

Rossiya va xitoyliklar bu nuqtani e’tibordan chetda qoldirsak tahlika shu joyda yuksaladi deb o’ylaydilar. Chechenlar va uyg’urlarning islomiy aqidalarni bayroq qilgan guruhlari kurashning qurolli yo’lini tanlaganlari qurolli jangarilar tahlikasiga qarshi turishni birinchi galdagi vazifa qatoriga qo’ygan AQSHni ham bu mintaqadan uzoqlashmasligi uchun zamin hozirlaydi. Bu yerda manfaatlarning to’qnashuvi emas, balki mushtarakligini kuzatish mumkin.

Uchinchi, Markaziy Osiyoning yer osti va yer usti boyliklari masalasi. Asrlar davomida buyuk davlatlar buning uchun kurash olib borganlar va bugun ham bu kurash davom etmoqda. Bu masalada ham Rossiya, Xitoy va AQSH manfaatlari to’qnashmoqda.

To’rtinchi, Markaziy Osiyoning jug’rofiy potensiali. AQSH uchun Rossiya, Xitoy hamda Hindiston orasida o’zining ramziy joyi bo’lishi juda muhimdir. Bu nafaqat Afg’oniston, balki Markaziy Osiyoning bus butun holidagi jug’rofiy ko’rinishi bo’lishi mumkin. Chunki bir nuqtaga tayangan kuch kutilmaganda zaiflashib qolishi mumkin, ayniqsa rejimlar turli bo’lgan bir paytda. Shu bois ham AQSH O’zbekiston, Qirg’iziston va Qozog’istonda jiddiy ildiz otmoqda. Rossiya hozircha faqat Tojikistonni “bermay” turibdi.

Xullas, asrlar davomida bo’lgani kabi bugun ham Markaziy Osiyoda dunyoning eng kuchli davlatlarining manfaatlari to’qnash kelmoqda. Bu aslida mintaqa uchun juda muhimdir va katta imkoniyatdir. Agar mintaqada boshqaruvlar bu imkoniyatni o’z shaxsiy manfaatlari yo’lida emas, balki mamlakatlari va millatlarining manfaatlari yo’lida qo’llansalar buyuk istiqbolni ta’minlaydilar. Afsuski, shunday bo’lmayapti.

-10-

SAVOL:O’zbekistonda rejim o’zgarsa hukumatdagilarning hammasini yo’qotish kerak, degan tushunchaga qanday qaraysiz? (Erkin, 9 Iyun).

JAVOB:Bugun hukumat tizimlarida ishlayotgan odamlarning hammasini ayblash xato bo’ladi. Mening nazarimda prezident devonida ham, hatto o’sha Ichki ishlar vazirligi, Prokratura, armiya, MXX da ham, Tashqi ishlar vazirligidan tortib, chet ellardagi elchixonalaru bugun biz yuz o’girgan matbuot idoralarida ham faqat o’zini emas, vatan va millatni ham o’ylaganlar bor. Ayniqsa, hukumatning birinchi shaxs darajasida bo’lmagan mulozimlari, quyi tizimlarida ya’ni viloyat va tumanlarda bundaylarni ko’proq uchratish mumkin.

Isyon qilish hammaning ham xislati emas. Bosh ko’tarish jasoratiga hamma ham tayyor deb ayta olmaysiz. Oilasi va bolalarining kelajagini tahlikaga solishga hammaning ham qurbi yetmaydi. Bular esa o’z navbatida qo’rquvning ildizini sig’oradi. Ayniqsa, oila rishtalari juda kuchli bo’lgan bizning millatda.

Bu esa zulm mashinasini yurgizganlarga qo’l keladi. Ular samimiy insonlarni qo’llanadilar. Kimlardir qo’llanilaganini bilmaydi, kimlardir qo’llanilayotganidan ichki aziyat chekadi. Bu ayni paytda bizning hali bus-butun, barkamol millat darajasiga ko’tarilmaganimizning ham belgisidir.

Bugun Karimovni olib, o’rniga vijdonli va xalqqqa mehribon birini qo’yib qo’ysangiz butun hukumat tizimi vijdonli va mehribon bo’lib qoladi. Zotan buni istab, shunday kunni kutib yurganlar ham ko’p.

Men Saddamning ketkazilishi tarafdori edim. Uning ketkazilishi boshqa diktatorlarga ham saboq bo’ladi, degan fikrda edim. Lekin Saddam ketishi bilan yo’l qo’yilgan bir ikki jiddiy xato qanday oqibatlarga olib kelganini ko’rdik. Jumladan, Iroq armiyasi, hukumat tizimlari muxolifatning talabi bilan butunlay tarqatib yuborilar ekan, men o’sha kuniyoq bu xato bo’ldi, degan edim. Chunki bu tizmlarda bir-ikki kishi emas, millionlab odam ishlaydi va ularning millionlab yaqinlari, nonxo’rlari bor. Qolaversa ularning hammasi ham aybdor odamlar emas.

SSSR parchalanishi bilan butun kommunistlarni yo’qotsangiz kim qolar edi? Iroqda ham Saddamning o’rniga boshqa odamni tayinlab, keyin asta-sekinlik bilan yaxshi va yomon ajratilsa ayni muddao bo’lar va AQSH tomonidan ham Iroq tomonidan ham bu qadar ko’p odam o’lmagan bo’lardi.

Tabiiyki, bu mening, bir kishining xususiy qarashim.

Men O’zbekistonda ham rejim o’zgarsa bu rejim ostida xizmat qilganlarning hammasi qurbon bo’lishi kerak, degan tushunchani oqlamayman. Yaxshilar ko’p…

-11-

SAVOL:Sizningcha Islom Karimov rejimidan keyin nima bo’ladi? O’zbekistonning kelajagi qanday bo’ladi? (Nosirjon, 10 Iyun).

JAVOB:Bugungi sharoitda O’zbekiston kelajagini belgilaydigan bir qancha omillar bor.

Jumladan:

1.Diktaturadan keyin mamlakatda taxt uchun kurash boshlanib, siyosiy va jug’rofiy parchalanishlar kuzatilishi mumkin.

2. Mamlakat ikkinchi bir diktatorning qo’liga o’tib, uzoq vaqt yana zulm ostida qolish ehtimoli ham yo’q emas.

3.G’arb davlatlari ko’magida demokratiyaga o’tish jarayonlari boshlanib, buning zamirida turli noxush voqealar yuz berib, mamlakat tashvishli mintaqaga aylanishi va shundan keyin istiqbol yo’liga chiqishi mumkin.

4.Islomiy, kommunistik va yoki boshqa mafkuraga ishongan kuchlar qurol ko’tarib chiqishlari va mamlakatning mavjudiyati xavf ostida qolishi uchun ham zamin yo’q deb bo’lmaydi.

5. Mamlakat kuchli davlatlarning, masalan Rossiya va Xitoyning o’yinlariga qurbon bo’lishdek xavf vujudga kelmoqda…

6.Kutilmaganda hokimiyat hukumat tarkibida, hukumatdan tashqarida mamlakat va millat taqdiri uchun befarq bo’lmagan sog’lom kuchlar qo’liga o’tishi mumkin va hokazo.

Keyingi 15 yilda “qo’lga kiritilgan yutuqlar” mamlakat kelajagini umid va istiqloldan ko’ra ko’proq xavotir va tahlikaga bog’ladi. Shu sababdan ham bugun endi Islom Karimov rejimidan keyin nima bo’ladi, degan savolga bir so’z bilan javob berib bo’lmaydi.

-12-

SAVOL:Yaqinda bir o’tirishda O’zbekistonning bir elchisi bilan gaplashib qoldik. U shunday dedi: “Men bir vazirlikda ishlar edim, bir kuni Moskvadan bir amaldor telefon qilib, “Tezda yetib keling”, dedi. Men sizning davringiz o’tib ketdi, rasmiy taklif qilsangiz va aeroportda bizning milliy bayroq tursa, hamda rasmiy kutib olsangiz, boraman, dedim. Ularni shunday qilishga majbur qildim va mustaqilligimiz nima ekanligini ularga ko’rsatib qo’ydim”. Siz mustaqillikning ilk yillarini yaxshi bilganingiz uchun elchimizning bu gaplariga nima deysiz?(Abdullo, 11 Iyun).

JAVOB: Savol yozgan kishi elchining ismini ham yozgan va u odam O’zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida juda kichik lavozimda ishlar edi. Keyin Karimovning diqqat markaziga tushdi. Katta ishlarda ishladi. Uning ismini yozmaganimning boisi u bugun Karimovning qora ro’yxatida, elchi o’laroq surgun qilingan. Zotan gap ismda emas. Chunki bunday gaplarni bugun ko’pchilkdan eshitish mumkin.

Yov qochsa bahodir ko’payadi, deganlaridek, bugun mustaqillik qahramonlari ham ko’payib qolgan. 1990 yillarda “Mustaqillikka erishsak ochdan o’lamiz” deganlar bugun o’zlarini qahramon qilib ko’rsatmqodalar.

Bugun O’zbekistonda haqiqiy tarix yo’qligi va ko’p narsalar soxtalashtirilgani bois har kim og’ziga kelganini gapirmoqda. Lekin haqiqiy tarix ham yozilgan va bir kun u butun xalqning mulkiga aylanadi. O’shanda yuqoridagi kabi soxta qahramonlarning yuzi shuvut bo’lib qoladi. Chunki shundaylar aslida ruslarning labbaychilari bo’lgani o’rtaga chiqadi-da.

Uzoqqa bormaylik. 1989 yil matbuotini ko’tarib, O’zbekiston xalq deputatligiga nomzodlarning (hukumatning barcha mulozimlari ham nomzod edilar va mustaqil nomzodlar ham bor edi-JM) saylovoldi dasturlarini o’qib chiqish kerak va kimning kim ekanligi ravshan bo’ladi. Kim mustaqillik istgandi va kim Ittifoq tarkibida qolib ruslarga qul bo’lishni afzal ko’rgandi. Yangi tarixni barpo etishga hissa qo’shishni istaganlarga bu bir maydon.

Bevosita savolga kelsak, bunday narsalar kimningdir telefondagi gapi bilan emas, davlatlararo qoidalarga asoslanadi. O’zbekiston mustaqil bo’lgandan keyin uni rasman taniganlar safida Rossiya ham bor edi. Rasman tan olindimi, munosabatlar ham rasmiy bo’ladi. Aeropotga bayroq ilish esa rasmiy yoki davlat tashriflari paytida bo’ladi va bu maxsus protokol bilan amalga oshadi.

 

-13-

 

SAVOL:Siz O’zbekiston qahramonlari haqida salbiy fikr bildiribsiz. Xo’p sizga qolsa kimga shunday unvon bergan bo’lardingiz?(Yusuf, 12 Iyun).

 

JAVOB:Avvalo shuni aytish kerakki, O’zbekiston qahramoni unvoni mamlakatning eng yuksak unvoni bo’lishi shart va uni bug’doy sepgandek sochish kerak emas. Qolaversa mamlakat miqyosida qahramonlik ko’rsatish ham har kuni va yoki har oyda yuz beravermaydi.

Bu unvon birinchi galda mustaqillik uchun chin ma’noda kurashganlarga va so’ngra millat hamda mamlakat yo’lida jon fido qilganlarga, favqulodda bir ulug’ ishlarga qo’l urib jasorat namoyish etganlarga berilishi kerak. Hozir esa prezidentni maqtaganlarga, unga sadoqat ko’rsatganlarga berilmoqda.

Kelajakda bu unvonni berishni faqat prezident hal qilmasligi kerak. Buni prezidentdan mustaqil bo’lgan bir guruh ko’rib chiqishi va imzolash uchun, o’z taklifini aytishi uchun prezidentga taqdim etishi lozim.

Ayni paytda prezidentning o’zi amalda turib bu unvonni olishini ma’naviyatsizlik, o’z vazifasini suiistemol qilish deb baholash zarur.

Menga qolsa birinchi galda sho’rolar davrida ham mustaqillik kalimasini qo’rqmay aytgan va bu borada “O’lmas qoyalar” dek kuchli asar yozgan Evril Turon (Mamadali Mahmudov), Sovet davridayoq prokratura va militsiyani kommunistik partiyadan mustaqil qilsih uchun birinchi odim otib bu harakatining qurboniga aylangan Murod Jo’rayev, xalq harakatining bayroqdori ulug’ shoir Yodgor Obid, oshkoralik qaldirg’ochi Toyiba To’laganova, Karimov Qashqadaryoda ishlagan paytidagi qilmishlarini u prezidentlikka saylanayotgan paytda fosh qilish uchun qo’rqmay bosh ko’targan va bahodirlik timsoliga aylangan Shovruq Ro’zimurodov, KPSSga isyon qilib uning boshlang’ich tashkilotini tarqatib yuborgani bois bo’htonlar bilan qamalib ketgan Samandar Qo’qonov, Karimov boshchiligidagi kommunistik guruh tish-tirnog’i bilan ko’rsatgan qarshiligiga qaramasdan O’zbekiston Mustaqilligi Deklaratsiyasini e’lon qilishda jasorat ko’rsatgan o’nlab Xalq deputatlariga bu unvonni loyiq ko’rgan bo’lardim.

Sovet davridayoq mustaqillikni kuylab dovrug’i dovon oshgan Dadaxon Hasan,umrini zulm bilan kurashga atagan Yusuf Juma kabi fidoyilar bugunning qahramonlaridir.

Ishonamanki, bugun Karimov rejimi yo’l qo’ygan mudhish xatolar ertaga bir kun tuzatiladi va adashgan unvonlar ham asl egalarini topadi.

Zotan, yolg’on daraxtining ildizi kalta bo’ladi va kun kelib bu daraxt qilt etgan shamolga bardosh berolmay gursillab yiqilib tushadi. Haqiqat niholining ildizi esa juda chuqur bo’ladi va bu niholni yulib tashlaganingiz bilan baribir bir kun yana o’sib chiqadi.

 

-14-

 

SAVOL: O’zbekistonda inson huquqlariga oid vaziyat nima uchun borgan sari yomonlashib ketyapti? Qamoqxonalardagi shafqatsiz qiynoqlar, asossiz qamoqqa olishlar, dindorlarning ta’qib qilinishi, erkin fikrli, rostgo’y ijodkorlarning muttasil quvg’in qilinishi va shu kabilar… Bularning asosiy sabablari nimalardan iborat va hukumatning bundan ko’zlagan maqsadi nima?(Muhiddin, 14 Iyun).

 

JAVOB:Agar biror bir harakat nazoratdan chetda bo’lsa u quyushqondan chiqadi. Siz biror bir harakatingiz qonunga zid ekanligini bilsangiz va buning uchun jazo olishingizni tushunsangiz, tabiiyki o’sha g’ayriqonuniy yo’ldan qaytishga urinasiz. Lekin nazoratsizlik insonni vahshiy hayvonga aylanirishi mumkin.

O’zbekiston hukumatini cheklaydigan yoki nazorat qiladigan tizimlar u yoqda tursin hatto tanqid qiladigan ochiq minbar ham yo’q. Shunday sharoitda nafaqat inson haqlari balki boshqa sohalardagi vaziyat ham yomonlashib boraveradi. Bu esa zanjir halqasi ko’rinishini tashkil qiladi. Ana shu yomonlashuv sharoitida o’zini saqlab qolish uchun hukumat hamma narsaga tayyor bo’ladi. Agar dindorlarning soqoli xavf bo’lib ko’rinsa uni kestirish va yoki tug’iladigan bola tahlika deb bilinsa uni oldirib tashlashdan ham qaytmaydi. Buni yashash uchun kurash deb biladi. Bu hol vahshiy o’rmon qonuniga yuz tutadi.

Hukumat der ekanmiz tabiiyki bir guruh odamlar nazarda tutiladi. Lekin ana shu bir guruh odamlar yashash uchun kurashning boshqa yo’lini ham tanlashlari mumkin. Buning uchun ularning boshida turgan odam birinchidan insofli, ikkinchidan vakolatlari cheklangan va uchinchidan qaysi bir minbarda hisob berishga majbur va nihoyat eng asosiysi xalqaro va mahalliy qonunlarga bo’ysunuvchi bo’lishi kerak. Ya’ni bir guruh, bir xalq bitta odamning quliga aylanmasligi, balki qonun fuqarosi bo’lishi kerak. Afsus…

 

-15-

 

SAVOL: O’zbekistonda matbuot erkin emasligining qanday sabablari bor? Nima uchun hukumat OAVni nazorat qilishni rasman bekor qilgan bo’lsa-da, amalda kuchaytirmoqda? Bunda jurnalistlarni ham ayblab bo’ladimi? (Muhiddin, 15 Iyun).

 

JAVOB: Men bu mavzuda ko’p yozganman. Jumladan, “O’zligim” kitobida bu xususdagi fikrlarim batafsil o’rin olgan. Shunga qaramasdan bu savolga yana bir bor muxtasar javob qilmoqchiman.

Birinchidan, matbuot juda kuchli siyosiy qurol. Buni yakkahokimlar, zulm peshvolari yaxshi biladilar. Chunki erkin matbuot uxlayotgan tafakkurni uyg’otib qo’yadi va bu zulmning yemrilishiga olib keladi. Karimov rejimi (Karimov va uning mulozimlari) matbuotga erkinlik bersa, bu o’z bo’g’ziga pichoq tortish bilan barobar ekanligini tushunmaydigan darajada axmoq emas.

Bugun ba’zilar o’zbek matbuotida yozilganlarni har qancha yo’lg’lon deganlari bilan avomning aksar qismi anashu yo’lg’onga ishonadi. Karimov rejimiga esa shu kerak. O’z fikrini avomga singdirish uchun matbuot uning qo’lidagi quroldir va rejim yiqilmaguncha qo’lidagi bu qurol tushmasligini men 14 yil oldin Oliy Majlisning minbaridan ham aytgan edim.

Ikkinchidan, men jurnalistlarni yoppasiga ayblay olmayman. Qamoqdagi odamdan qanday qilib uzoq masofaga yugurishni talab qilasiz? U yugurgani bilan bir joyda aylanishdan boshqa imkoniyati yo’q. Agar ozgina erkinlik bo’lsa, u xaqlning dilidagini olib minbarlarga olib chiqadi.

Ammo hamma sohada bo’lgani kabi jurnalistlar orasida ham jasoratsiz, loqayd, manfaatparast bo’lganlari bor. Ularning borlari shu bo’lgani bois ulardan bir narsa talab qilish quduqdan oldin izlashdek gap. Meni ko’proq ranjitadigani qo’lida imkoniyatlari bo’lgani holda buni ishga solmay rejimga qul bo’lgan jurnalistlardir. Sovet davridagi qatq’onlarga qaramasdan rahmatli Ahmajon Muxtorov kabilar har bir rimkoniyatni ishga solishga urinar edilar. Lekin Karimov davrida (boshqa bir Ahmadjon) Ahmadjon Meliboyev kabilar qo’lda imkoniyatlari bo’lgani holda matbout va so’z erkinligi yo’lida, ya’ni xalq manfaati uchun xizmat qilmayotirlar. Bu esa fojelarimizdan biridir. Ya’ni: menga nima, o’zing uchun o’l yetim!

 

-16-

 

SAVOL: Siz O’zbekiston Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning ishdan olinishi, umuman bu odamning kimligi va nima uchun Amerikaga surgun qilinishi, Amerikadan qaytgan Sodiq Safoyevning Tashqi Ishlar vaziri etib tayinlanishi, uning Amerika bilan bo’g’lik faoliyatlari va Amerikadagi sobiq elchi Hamroqulovning taqdiri haqida biror narsa bilasizmi, bu haqda juda kam yozildi, tarix uchun bo’lsa ham yozmaysizmi? Agar javob bersangiz, oldindan rahmat. (Akram, 27 Iyin).

JAVOB: Bu haqda izlanishlarim bor va davom etmoqda. Anchagina narsadan xabardorman. Bir narsalar yozib ham qo’yganman. Bu yerda hammasini bir javobga sig’dirish mushkul. Ijosat bersangiz kelgusida bu haqda yozganlarimni jamlab, to’ldirib batafsil, kattagina bir maqola e’lon qilsam. Chunki bu ham O’zbekiston tarixining “oq” sahifasi va aytganingiz kabi uni kimdir to’ldirishi kerak.

-17-

 

SAVOL: Bugun Internetdagi “Sentrasia” sahifasida “Ozod dehqonlar” partiyasidan Nigora Hidoyatovaning Karimovga ochiq xatini o’qidim. U Karimovga “Katta avlod sizni oddiy, xalqchil, aqlli, ishchan, prinsipial sifatida bilardi. Biz yoshlar sizga mustaqillik yillarida qahramonlik bilan birlikni saqlab qolganingiz, dindorlarni hukumatga yaqinlashtirmaganingiz uchun ovoz bergandik” degan. Bu shundaymi (Zafar, 28 Iyun).

JAVOB: Agar Nigora Hidoyatova muxolifatchilikni da’vo qilmaganda, nima bo’libdi, deb qo’yish mumkin edi. Lekin… Har holda Higora Hidoyatova siyosatga adashib kirib qolgan yoki kimningdir doyrasiga o’ynayotgan chalasavod “siyosatchi” bo’lishi mumkin.(Uning ilgari ham anashunday bilib-bilmay “xol” qo’yishlarini kuzatganim uchun shunday deyapman-JM) Aks taqdirda u bunday jumlalarni yozishdan oldin, agar mustaqillik yillaridan bexabar bo’lsa, ustozi Bobir Malikovdan o’sha yillarda Karimov qanday “qahramonlik” ko’rsatganini so’rab olgan bo’lardi?!

Qolaversa Karimovning “oddiyligi”, “xalqchilligi”, “aqlliligi”, “ishchanligi” va “prinsipialligi” haqida mening “Quvg’in” romanimni o’qib chiqsa, bilib olardi. Yoki “IAK” hujjatli romanini o’qib borsa… Darvoqe, o’zbek tilini ham durust bilmaydi deyishadi, shuning uchun bu ham befoyda taklif.

Yaxshisi tarixni bizishga xizmat qilayotgan bunday “tarixchi”larga Bobir Malikovdan javob kutsak mantiqli bo’ladi. Malikov Karimov va rejimi haqida 10 yillik sukunatini buzib, bir narsa yozsa, men bajonidil web-sahifamda e’lon qilishim mumkin. Bu uning qattol rejimga qarshi kurashda chindan ham maydonda bor ekanligini isbot etadi va o’shanda u Nigora Hidoyatova kabilarning bugungi avlodni chalg’itishlariga yo’l bermagan bo’ladi.

 

-18-

 

SAVOL:Tasavvur qiling, agar Karimov o’z o’rniga qizini qo’ysa nima bo’ladi? (Botir, 29 Iyun).

JAVOB: Buni tasavvur qilishni istamayman. Lekin hayotda hamma narsa bo’lishi mumkin. Agar falakning charxi teskari aylanib shunday voqea yuz bersa, yana bir kushanda, tarix qotili paydo bo’ladi.

Gap shundaki, ruslar istilosi ostida xalq Turon g’oyasidan ayrildi. Ruslarning bu qotilligi shu qadar ayanchliki endi Turon hatto g’oya sifatida ham tilga olinmayotor.

Karimovning istilosi ostida Turkiston orzusi o’ldirildi. “Turkiston umumiy uyimiz” degan shior bilan chegaralarga simto’r tortildi va mina to’shaldi. Turkiston birligi uchun yuzaga kelgan tarixiy fursat o’ldirildi.Karimov Turkistonni “Turkiston” pichog’i bilan so’ydi.

Agar Karimov o’rniga o’zi ham ko’zi ham to’ymas qizini qo’yadigan bo’lsa u endi O’zbekistonni o’ldiradi. Birinchi galda hammani rus tilida gapirtiradi. Ikkinchi galda bu mamlakatni onasining yurtiga qo’shib yuboradi.

Shunu istasangiz, Karimovdan keyin qizi keladi, deb tasavvur qilishingiz va qo’l qovushtirib o’tirishingiz mumkin, ammo men bunday voqea u yoqda tursin, hatto bunday tasavvurni ham istamayman.

-19-

SAVOL:Aytingchi, latifa va fikrlaringiz uchun sizga qandaydir tazyiqlar bo’lganmi? Umuman siz bundan xavfsiraysizmi? (Azizbek, 1 Iyul).

JAVOB: “ERK” gazetasi xodimlari ustidan ish qo’zg’atilganda Ibrohim Haqqul ishdan ketgan va men gazetaga bosh muharrir etib saylangan edim. O’shanda Karimovning latifadan farq qilmaydigan hayoti, “g’alvirda turmaydigan” gaplari haqida bir kitob yozgan va qo’lyozmani “ERK” partiyasi kotibi, universitetda birga tahsil olganim jurnalist va shoira Dilorom Isoqovaga o’qib, fikrini aytishga bergan edim U qo’lyozmaga ba’zi tuzatishlar kiritib, o’ziga yoqqanini aytib 1993 yilning Yanvar oyi oxirlarida menga qaytib bergandan keyin, esdan chiqarib, ish xonamda qoldiribman. Ertasiga partiya binosida “Milliy Majlis” masalasi bilan aloqali tintuv o’tkazishdi. Shunda qo’lyozmam yo’qolib qoldi.

Oradan ko’p o’tmay, 7 Fevral kuni hukumatning “ERK” gazetasi faoliyatini to’xtatish haqidagi qarori chiqdi. Menga va oilamga qarshi qatag’on boshlatildi. Shundan bildim-ki o’shanda qo’lyozmamni Karimovning malaylari o’g'irlab ketishgan ekan. Karimov o’qib chiqdi deya xursand bo’lgandim. Ta’siri bo’lishi mumkin deb o’ylagan edim-da! Bu faqat bir misol. Bunday misollar ko’p.

Men Karimovning ham, boshqalarning ham kamchiligini yuziga aytganman va bugun ham shu yo’limdan qaytganim yo’q. Bugunga qadar ham fikrimni yashirmasdan aytaman, yozaman. Birovning yuziga tirjayib, orqasidan so’kadiganlardan bo’lmaganim uchun hatto meni yaxshi taniganlar ham, shu xaraterimni bilganlar ham baribir, mendan xafa bo’ladilar. Do’st achitib aytadi, deymiz-u lekin o’sha do’stni dushman deb bilamiz. Bu ham ko’plarning hali yetisha olmagan manzili.

O’zbekistonda insonlar fikrlari va aytgan gaplari uchun quvqg’in qilinadilar. Ammo Amerikada eng kuchli himoya qilinadigan qadriyat bu so’z erkinligidir. Bu yerda prezidentni qoralagan, butun kamchiliklarini fosh etgan hujjatli film ko’rsatilishi va yoki uni qoralagan kitoblar nashr etilishi oddiy hol. Prezidentning har kungi faoliyati har kuni televideniyelarda latifa qilinadi. Lekin bundan prezident hech narsa yo’qotmaydi. Odamlar unga latifalarga qarab emas, balki ishining natijasiga qarab baho beradilar.

Bir marta qo’rquvni yengib, erkin so’z aytishning qudratini his etsangiz hech narsadan cho’chimaydigan bo’lasiz.

Fikrni erkin ayta olish, katta eng boylik va ko’plar bu boylikdan benasibdirlar.

-20-

SAVOL:Karimovning o’zi yana qancha vaqt taxtda o’tirishni o’ylamoqda, deb hisoblaysiz? (Nozimjon, 4 Iyul).

JAVOB: Men folbin emasman. Lekin bir narsaga diqqatingizni tortmoqchiman. Hukumatga, tuzumga qarshi deyilgan ayblovlar uchun 1990 yillarning boshida sudlar 19 dan 22 yilgacha jazo berardi. Bugun esa ayni ayblovlar uchun 5-6 yil jazo berilmoqda. O’zbekistonda sudlar Karimovning aytganini bajaruvchi bo’lganini va uning mendan keyin dunyoni suv bosmaydimi degan xaraketrini hisobga olsangiz ko’nglidan nima kechayotganini taxmin qilsihingiz mumkin.

-21-

SAVOL:-O’zbek muxolifati yaqin orada birlashib, haqiqiy demokratiya uchun kurashga jiddiy kirishadilar, deb o’ylaysizmi?

-Karimovning diktatorlik rejimi sezilar-sezilmas chirib borayotgani tobora aniqlashib boryapti. Karimovdan keyin taxt tepasiga kimning kelish ehtimoli kuchliroq?

-Bo’lajak prezidentlik saylovlari chog’ida ovoz miqdorini soxtalashtirish hollari kuzatilishi mumkinmi?

-O’zbekiston-AQSh munosabatlariga keyingi paytlarda biroz sovuqchilik tushdi, deb o’ylaysizmi? (Muhiddin, 7 Iyul).

JAVOB: Yaqin orada o’zbek muxolifati birlashib kurashga kirishiga ishonmayman. Chunki muxolifatning siyoisy kuch sifatida mag’lub bo’lishiga omil bo’lgan sabablardan biri uning Karimov rejimi qarshisida birlasha olmaganidir. Bugun muxoliflar ko’p, ammo muxolifat yo’q. O’zini muxolifat deb atayotgan guruhlarning ham bayroqbardorlari chetda va o’zaro janjallashib yuribdilar.

Karimovdan keyin taxt teppasiga kimning kelishi haqida quyidagi maqolalarimni “Karimovdan keyin kim prezident bo’ladi? va ”Prezident…Mirziyoyev” o’qib chiqishingiz mumkin. Saylov masalasida… O’zbekiston tarixida ilk bor 1990 yildagi parlament saylovida qisman soxtalashtirish bo’lmadi. Undan keyin bugunga qadar saylov emas, siylov bo’lmoqda. Menimcha keyingi prezident saylovi ham xalqning aytganini emas, Karimovning istagini ifoda etadi. Bugunga qadar O’zbekistonda o’tgan prezidentlik saylovlari erkin va adolatli bo’lmaganini butun dunyo e’tirof etib kelmoqda. Bir qator xalqaro hujjatlarda va AQSH Davlat departamentining hisobotlarida bu narsa aniq ko’rsatilgan va g’ayridemokratik usul misoli sifatida tarix sahifalariga kiritilgan.

Yaqinda AQSHga kelgan bir deputat- mulozim (eski tanishlardan biri-JM)ning aytishicha, bu yil oxirida bo’ladigan parlament “siylovi”da allaqachon kimlarning deputat va kimlarning senator bo’lishi aniqlab qo’yilgan. Hatto u menga “Faqat senatorlikka uchta o’rin bo’sh qolgan. Agar “Katta”ni maqtab bir maqola chiqarsangiz, sizni chaqiramiz” degan gapni ham aytdi, lekin men bugun Karimovni maqtab yozib haqiqatning yuziga chiziq torta olmasligimni ayttim. Zotan o’tgan yil oxiri va bu yilning boshida hukumat bilan hamkorlik qilamiz (saylovlarga kirish maqsadida-JM)deb jar solgan ba’zi muxoliflarni Karimov rejimi qanday qo’llanib, bugun qanday javob qilganini ko’rib turibmiz…

O’zbekiston-AQSH munosabatlari… Bu borada ilgari ham savol bo’lgan edi va javob bergandim. Shunga qaramay yana bir qisqa javob: keyingi paytda O’zbekiston-AQSH munosabatlariga biroz emas, anchagina sovuqlik tushdi, deb hisoblayman. Lekin AQSH buni shu kecha kunduzda ko’z-ko’z etishdan manfaatdor emas. Ilgaridan ham ko’rinmas sovuqlik bor edi. Prezident Bush 2001 yil voqealaridan keyin barcha ittifoqdoshlarini bir necha martadan mehmonga taklif qilgani holda Islom Karimovni Oq uyga chaqirmasdan, u bilan uzoqdan gaplashib kelgani ham buning bir misolidir.

-22-

SAVOL:Samarqand viloyat hokimi nima uchun buncha tez ishdan olindi, bu haqda xabaringiz bormi? (Nuriddin, 2004 yil, 10 Iyul).

JAVOB: Ma’lumki, 2004 yilning 9 Iyul kuni Islom Karimov Samarqandagi bordi va viloyat xalq deputatlarining navbatdan tashqari chaqirilgan sessiyasida hokim Rustam Xolmurodovni avval qora balchiqqa “botirib olib”, keyin ishdan bo’shatdi. Masalaning diqqat tortgan ikki nuqtasi bor:

Birinchidan, rektordan chiqqan bu hokim tayinlanganiga hali yetti oy to’lgan emas. U 2003 yilning 16 Dekbarida “saylangan-tayinlangan edi”. Olti oyda hali u tumanlar, xo’jaliklarga borib kelishni, viloyat bilan tanishib chiqishni bitirmagan bir vaziyatda bo’ladi. Shu bois ham bu O’zbekiston kadrlar siyosatining astar-avrasini ag’darib ko’rsatadigan favqulodda bir hol bo’ldi.

Ikkinchidan, Rustam Xolmurodov o’zidan oldingi hokim va bugungi kundagi Bosh vazir, Karimovning me’rosxo’ri deb taxmin qilingan Shavkat Mirziyoyevning “odami” edi. Xo’sh nima bo’ldi? Ba’zilar buni Ishtixon, Oqdaryo, Jomboy tumanlarida aholining noroziligi oshgani bilan bog’lamqodalar. Unday emas. Unday bo’lganda xalqning ohini eshitgan prezidentga rahmat aytish kerak bo’ladi va u deyrali barcha hokimlarni ishdan bo’shatishi zarir edi. Hatto o’shanday bo’lganda ham hali hokimlikka kelganiga endi olti oy to’lgan rahbarga bunday ayb qo’yilishi kadrlar siyosatining mutloq inqirozini ko’rsatdi. Agar prezidentning o’zi tanlab-tayinlagan va saylatgan bir rahbar olti oyda “brak” bo’lsa, buning uchun tabiiyki, birinchi galda uning o’zi aybdor!

Qolaversa bu O’zbekistonda barcha kadrlar qobiliyatlari, mehnatlariga qarab emas, Karimovning qosh-qovog’iga qarab tayinlanishi va ishdan olinishini yana bir bor ko’z-ko’z qildi. Hokimni “sayladik” deya qo’l ko’targan deputatlarning sariq chaqalik ahamiyai qolmaganiga ham bir misol bu!

Men masala bilan qiziqib ko’rdim va Prezident devonidagi manbadan olingan xabarga ko’ra, Karimov bu voqeadan bir hafta oldin ham Samarqandga borgan va Universiadaga tayyorgarlik ishlari bilan qiziqib, bir kun davomida qurilishlar qanday borayotganini kuzatgan. U tayyorgarlikdan juda ham norozi bo’lgan va Shavkat Mirziyoyevga bu ishhni shaxsan o’zi oxiriga yetkazishni yuklab, yangi hokimni “latta”likda ayblab, “Yo’qol, ko’zimga ko’rinma!” degan. Manbaga ko’ra, yangi hokimni ishdan olish bilan Karimov Shavkat Mirziyoyevga ham bir tarsaki tortgan.“Mirziyoyev… prezident” degan maqolamda, uning eng asosiy vazifasi ikki yil ichida bilib-bilmay Karimovning oyog’ini bosib qo’ymaslik ekanligini yozgandim. Hoizrcha u o’ziga yaqin bo’lgan kadrni yo’qotish bilan javob berdi. Keyingi kaltak o’zining boshiga tushmasligi uchun endi yana ham ehtiyot bo’lishi zarur. Buni uddalay oladimi? Vaqt ko’rsatadi?

 

-23-

 

SAVOL: Sobiq mufti Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Toshkentga borgan “Amerika ovozi”ning muxbiri Liza McAdamsga bergan interviyusida (bugun “www.centrasia.ru”da ruschasini o’qidim) inson huquqlari borasida oz bo’lsada ammo tubdan o’zgarishlar bo’lmoqda degan. Bu haqiqatning yuziga tupurish emasmi? (Dilmurod, 12 Iyul).

JAVOB: Rivoyat qilishlaricha, Amir Temur huzuriga ulamolar kelganda u oltin solingan xaltachasini qo’liga olib, tangalarni jiringlatib qo’yar ekan. Shundan keyin ulamolar uni maqtay boshlar ekanlar. Ammo Amir ularga oltinlarni bermas ekan. Bir kuni maslahatchisi Mirsaid Baraka “Ulamolar ranjib qolmoqdalar” degan ekan, Amir “Nega ranjiydilar, men ularning haqlariga xiyonat qilganim yo’q, hatto oldindan berib qo’yayapman. Bo’pti bundan keyin biroz ko’proq jiringlatib qo’yaman. Aslida ular xizmatlariga yarasha olmoqdalar” degan ekan.

O’zbekistonda ham har saylov oldidan shunday holni kuzatasiz. Ota-bobolarimiz bekordan-bekorga “Putur ketsa, avval shayxdan ketadi” degan emaslar. Shayxlar, mullalar, umuman ulamolar anashunday bo’lganlari bois musulmon dunyosi 14 asrdan beri zulm, yakkahokimlik, diktatura maskani bo’lib qolmoqda.

Aslida adolatni, haqni aytishgina emas, qattiq turib himoya qilishi kerak bo’lgan ulamolar “tanganing tovushi”ni eshitib, ikki yuzlamachilk qilib kelayotganlarini ko’pchilik biladi.

Bu hayot. Kimdir o’z e’tiqodiga qarshi ish qilib qo’yadi. Kimdir o’z aytganlariga qarshi chiqadi. Yana kimdir aytgani boshqa, qilgani boshqa bo’ladi va hokazo. Yillardair “Ozodlik” radiosi orqali inson huquqlari borasida vaaz aytib kelgan sobiq mufti birdaniga O’zbekistonda inson huquqlari borasida tubdan o’zgarishlar bor desa, bu uning vijdoniga havola. Ammo uning javobini mazkur suhbatning davomida Xalqaro inson huquqlari tashkiloti(Human Rights Watch)ning vakil Allison Gill berib qo’ygan.

G’arbdan borib O’zbekistonda inson huquqlari uchun kurashayotgan bu ayol amnistiya bilan qamoqdan chiqqanlarni yana qamashayotganlari, bu bir aylanadigan eshikni eslatishini, bu yoqdan qo’yib yuborib, u yoqdan qayta ushlab kelishlarini baralla, dalillar bilan aytib turganda o’zimizdan chiqqan ulamo aksini iddao etsa, ajablanadigan joyi yo’q. Borimiz shu!

Sobiq mufti hali otda bo’lgan paytlarida ham saylov oldidan chiqib, Karimovni “Allohning yerdagi soyasi, unga ovoz beringlar” deb chaqiriqda bo’lgandi. Keyingi saylovlar oldidan ham anashunday iliq gaplari bilan og’izga tushdi. Bu yil ham saylov bor. Balki “tangalarni jiringlatib” qo’yishgan bo’lishsa ne ajab?! Faqat u kishi emas, boshqalar ham, jumladan o’zini “muxolifatning falonchisiman” deb yurganlar ham saylov oldidan hukumat bilan hamkorlik qilaylik, deb turganda sobiq muftini ayblamasak ham bo’ladi.

-24-

 

SAVOL:-Rossiya - O`zbekiston siyosiy munosabatlarining bunchalik “tub” burilishga yuz tutishi ko`pchilikni hayratlantirmasa kerak.Chunki Gulnora Karimova va Mansur Maqsudiy bilan bog`liq so`nggi 2-3 yildagi ma`lumotlarni kuzatib borayotgan ko`pchilik anashunday xulosa qiladi. Lekin buning zamirida yana nimalar yotibdi?

-Strategik hamkorlik , investitsiya (gaz, neft va boshqa sohalardagi) borasidagi shartnomalardan tomonlar qanday siyosiy (va shaxsiy-masalan Karimov uchun) manfaatlarni ko`zlagan? AQSh ning siyosiy doiralarida bunga munosabat qanday? Yoki bu Putin va Karimovning AQSh ga “o`yini” mi?

-O`zbekistonda mavjud AQSh harbiy kuchlari taqdiri haqida nima deyish mumkin?

Shular borasida xulosaviy javobingizni kutib qolaman, (Zokirjon, 13 Iyul).

JAVOB:Hali Gulnora va Mansur mojarosi o’rtaga chiqmagan paytda ham O’zbekiston-Rossiya munosabatlarida anashunday tub burilishlar tez-tez ko’zga tashlanib turar edi va shu bois bu safargisi ham oldingilaridan farq qilmaydi. Ertaga Karimov Putinning kuchsizligini his qilib qolsa, darhol undan yuz o’girib boshqaning pinjiga kirishi ham mumkin. Ya’ni masala Karimov kuchni tan olishi, kuchdan xavfsirashidadir.

Rossiyada saylov o’tib prezident Putin mavqesini mustahkamlab olgani va AQSHda saylov kampaniyasi davom etib, balki demokratlar hokimiyatga kelishi mumkin degan taxminlar paydo bo’lgani bu yerda katta rol o’ynagan bo’lishi kerak. Ilgari ham xuddi anashunday paytlarda Karimov qayiq almashtirar edi. Faqat bu safar Putin pishiqlik qilib, Karimovdan quruq va’adalar emas, balki qo’l qoyilgan hujjatlar oldi. Shu sababdan ham bu safargi burilishning asorati juda qattiq bo’lishi mumkin.

Iqtisodiy shartnomalar Rossiya uchun siyosiy maqsadlarda kerak. Rossiya atrofidagilarni iqtisodiy yo’l bilan qaram qilishga urinmqoda. Bu borada O’zbekistonni o’z tuzog’iga ilintirdi hisob. Buni yaqin orada Oz’bekistonning aviasozlik va gazni qayta ishlab chiqarish kabi yirik korxonalari Rossiyaning qaramiga aylanish xavfi paydo bo’lgani bilan izohlash mumkin. (Buning ortidagi manfaatlar masalasida esa Shanxay hamkorlik tashkiloti borasidagi savolga javob berganimda to’xtalgan edim-JM).

Bunga AQSH siyosiy doiralarida allaqachon salbiy munosabat paydo bo’lgan va buni yaqinda (2004 yil, 24 Iyun) Kongressning Helsinki qo’mitasidagi tinglov ham ko’rsatdi. Lekin AQSHning O’zbekistondagi qadami Amerika uchun shu kecha kunduzda hayot-mamot masalasi emas, ramziy qadamdir. Afg’onistonda mustahkam turib olgandan keyin uning uchun O’zbekston yana ham ramziy joyga aylanadi.

Vashingtonning Toshkent bilan aloqalaridan birinchi galda O’zbekiston xalqi yutadi. Bugunga qadar O’zbekistonga kirgan milliardlab dollarlar afsuski xalqning cho’ntagiga yetmayotgani esa Vashingtonning aybi emas.

Strategik sheriklikka kelganda, masalan mening oldimda tanlov paydo bo’lganda, Rossiyani emas, AQSHni tanlagan bo’lardim. Chunki mustaqillikka AQSHdan emas, balki Rossiyadan doim real tahdid mavjud. Ammo Karimov o’z shaxsiy maqsadidan kelib chiqib, bugun AQSHni Rossiyaga almashtirmoqda. Chunki AQSHning demokratiya talabini u real tahdid deb hisoblayotir.

-25-

SAVOL:Diktaturaning ildizlari nimaga bog’liq deb o’ylaysiz? (Abduhakim, 15 Iyul).

JAVOB:Diktatura ildizlari har bir xalqning madaniyati, an’analari va dini bilan bog’liqdir.

Agar oilada bolani odam deb hisoblashmasa, uni fikr yuritish qobiliyatidan yiroq deb kamsitish normal hol bo’lsa, yoki tarbiyaning muhim qismi hosoblansa, bu tabiiyki uning rivojlanishiga , kamol topishiga emas, balki ezilishiga, nobarkamol bo’lishiga olib boradi.

Agar oilada otaning aytgani aytgan, degani degan, bo’lsa va boshqalarning fikr qarashlariga qo’l siltash odat bo’lsa, bu oilada erkinlik, hurlik emas, balki qullik, itoatgo’ylik ildiz otadi.

Lekin biz buni “tarbiya” deb aytamiz, ana’na, urf-odat deb baholaymiz va qadrlaymiz. Yashiradigan joyi jo’q, bizda bolalarga “Otanga qarshi gapirma”, “O’zingdan kattaga qarshi chiqma”, ‘Oqsoqolning aytgani to’g’ri”, “Raisning, rahbarning degani degan” qabilida tarbiya beriladi. Vaholanki raisning aqli sariq chaqaga ham arzimasligi va u qaysi bir qarindoshi yoki pora evaziga rahbar bo’lgan bo’lishi mumkin. Xuddi shunday ota o’qimagan, bolasi esa kitobxonadan chiqmagan bo’lishi ham mumkin. Lekin buning ahamiyati yo’q, deb bilamiz. Ko’p ko’ylak yirtgan ko’p narsa biladi degan aqidamiz bor.

Biz tarix haqida gapirishni yaxshi ko’ramiz. Ammo butun tariximiz diktaturadan iborat bo’lganini esa aytmaymiz. E, tarixga qarshi gapirish mumkin-mi? Bu tarbiyasizlik bo’ladi. Garchi tarix xuddi bugungi O’zbekistonda bo’lgani kabi ilgari sultonlar, podsholar, amirlar tomonidan yozdirilgan bo’lsa-da!

Dinimiz qoidalari oddiy odamlarga emas, amaldorga qarab sharhlangani va aksariyat tafsirlar sultonlar, podsholar va amirlarning mayliga qarab yozilganini, xuddi bugungi O’zbekistonda bo’lgani kabi ilgari ham ulamolar sultonlar, podsholar, amirlarning oyog’larini yalaganlarini gapirishni tarbiyasizlik deb ataymiz.

Bilasizmi, nega xalqchilroq bir kishi rahbar bo’lsa uni “latta” deymiz, qattiqqo’l rahbar istaymiz? Chunki bolalikdan mushtga, kaltak yeyishga, to’g’rimi noto’g’rimi kattalarning aytganini qilishga o’rganganmiz.

Ko’rdingizmi, diktatura ildizlari juda chuqur va ularni sug’urib otish oson emas. Bu ildizlar chirmoviqdek, ajiriqdek hammayoqni o’rab olgan. Bugungi rejim esa anashu ildizga suv quyishgina emas, uni vujudning boshqa joylariga ham ko’chirishga, ongni anashi ildizlar chirmovig’i bilan zarpechakdek o’rab tashlashga xizmat qilmoqda.

-26-

SAVOL:Bugungi kunda odamlarning O’zbekistondan chiqib ketayotganlari sizningcha yomonmi yoki yaxshimi? (O’tkir, 2004 yil, 16 Iyul).

JAVOB: 1980 yillarda AQSHga safar qilgan shoir Omon Matjon qaytgandan yozgan turkum she’rlaridan birida “Tekshir oldi-ortidan, hali Amerika deb biror o’zbek kechgan emas yurtidan” deb yozgandi. Lekin bugun yo’lini topa olasa Omon Matchonning o’zi Amerikaga kelmoqchi.

Aslida shoirning o’zbeklar haqidagi iddaosi bejiz emas. Turk xalqi kelib chiqishi etibori ila ko’chman bo’lgan va muqim bir joyda yashashga ko’nikkan bir bo’lagi o’zbekdir. 7-10 asrdan keyin turk bo’ylari, jumladan, o’zbeklar 15-16 asrdan so’ng ko’chmanchi emas balki zaminga, hovliga, oilaga bog’lanib qolganlar. Shu bois ham vatan degandanda ilk bor hovlisini, qish’log’ini, sog’inch deganda ota-onasini tushunadi bu xalq. Bu genetik bir holga aylanib qolgandi va bu genoxazina keyingi 15 yilda buzildi. Nega?

Inson birinchi galda o’zi tirik qolishga, ikkinchi galda yaqinlarini tirik saqlashga va uchinchi galda g’urur, nafsoniyatini qutqarishga urinadi. Anashu uch omil keyingi 15 yilda o’zbeklarni O’zbekistonni tashlab ketishga undamoqda.

Ming-ming misoldan faqat bittasi: Yaqinda Anqaraga kelib qolgan Oysara ismli ayoldan elektron xat oldim. Tarix tili o’qituvchisi ekan, Erk partiyasi faoliyatiga aralashgansan, deya zug’umga uchrabdi va uch qizi bilan O’zbekistondan chiqib ketibdi. U BMTning qochqinlar komissarligiga boshpana uchun murojaat qilibdi va rad javobini olibdi.

Uning elektron adresiga javob yozib ulgurmasimdan, Aziza ismli qizidan xat keldi: “Oyimlarni vizang yo’q deb qamab qo’yishdi, yordam beringlar!” degan nido edi. Turadigan joyi noma’lum, telefoni yo’q…

Turkiya Ichki Ishlar vazirligiga telefon qilganimizda bunday ayol ushlanmaganini aytishdi. BMT rad etgan bo’lsa? Xalqaro tashkilotlar talabini Turkiya kabi davlatlarning hukumatlari mensimasa, bunday bechoralarga kim yordam bera oladi? Kimning qo’lidan nima keladi? Bu endi boshqa mavzu.

Umuman bunday dahshatli voqealar juda ko’payib ketdi. Birgina Amerikada har kuni o’nlab anashunday turli yo’llar bilan kelib qolganlarning sud jarayonlari bo’layotganini, dunyoning turli mamlakatlarida minglab o’zbeklar xor-zor yurganini eshitamiz. Ba’zan Dehlida, gohida Koreyada, tez-tez Arab Amirliklarida, nogoh Gurjiston yoki Rossiyada o’zbek ayollari fahsh yo’llariga sudralgani uchun qo’lga tushganlari haqidagi xabarlarni o’qiymiz. Bu maslaning fojea qismi.

Masalaning ikkinchi yana bir jihati shuki, ba’zi norasmiy ma’lumotlarga qaraganda O’zbekistondaga har o’n oiladan ikkitasi chetda ishlayotgan vakilining hisobiga tirik qolmoqda. Rejimning omadini qarang!

Har qanday yomonlik orasida yaxshilik uchqunlari ham bo’ladi, deganlaridek, uchinchi, zarradek ijobiy tomoni esa turli sabablar bilan chiqib ketgan yoshlar chet ellarda o’z yo’llarini topib, o’qishga o’rnashib olganlaridir. Ular dunyoni ko’rib, demokratiya nima ekanligini anglab, kelajakda vatanga xizmat qiladigan oltin xazinaga aylandilar. Bugun O’zbekiston hukumati chet ellarda o’qigan yoshlardan cho’chimoqda, lekin kelajak ularning yo’liga va qo’liga qarab qoladi.

Umuman olganda esa mustaqillikdan keyin rejimning aybi bilan O’zbekistonning yuziga tushgan qora do’g'lardan biri bu odamlarning o’z go’shalarini tark etishga majbur bo’lganlaridir. Oliy Majlisdagi manbadan olingan ma’lumotga ko’ra, Ichki ishlar vazirligi Prezident devoniga taqdim etgan hisobotda ko’rsatilishicha, 2003 yil davomida 1 milliondan ziyod odam mamlakat tashqarisiga ketgan. Chegaralar yopib tashlangani, viza olish og’irlashtirilgani, ketganlarning yaqinlari qatag’onga uchraganiga qaramay odamlar yo’lini topib bu mamlakatni tashlab ketayotgan ekan-mi, bu rejim uchun tavqi la’natdir.

-27-

SAVOL:Bugun diktaturaga qarshi kim ham nima qila olar edi?(Adham, 18 Iyul).

JAVOB:Juda o’rinli savol.Yodimga armanilarning Dashnoq partiyasi tomonidan 1898 yilda yozilgan va har bir armani uchun deya tarqatilgan bir qo’llanmasida, “Dushmanga qarshi (o’sha paytda ruslar va turklar nazarda tutilgan) sendan qurol bilan chiqishing talab etilmaydi, agar poyabzal tozalovchisi bo’lsang dushmanning tuflisini yaltiratib qo’ymasang, shu sening katta ulushing”, degan tavsiyasi tushdi.

Bugun O’zbekistonda demokratiya o’rnatilishi uchun kim nima qila oladi? Shoirning quroli u yozgan she’ri, uning so’zidir. Bu so’z maddohlikdan emas, adolatdan yona bo’lsa bas! Olimning quroli u yaratgan yangilik, uning ibratidir. Bu ibrat tilyog’lamalikdan iborat emas, haqni aytishdan iborat bo’lsa yetadi! Muallimning quroli u tarqatadigan ziyo. Uning ziyosi haqiqatning tomiridan suv ichgan bo’lsa koshki! Tolibning quroli uning kitobi, u bu kitobni ko’r-ko’rona emas, tanqidiy nazar bilan o’rgansa qaniydi! Yoshlarning quroli ularning yuraklaridagi jasorat, bu jasorat qo’rquvdan yona bo’lmasa bas!… Va hokazo, barcha sohadagilarga anashunday ko’z bilan qaramoq kerak.

Xo’sh ishni nimadan boshlash kerak? O’zingizga savol berishdan? Xo’p, anau shoir yoki adib yoxud siyosatdon haqni aytmoqda anulari esa haqni ko’mmoqdalar? Men shuni sezib turibmanu nega tan olmayapman, degan savolga javob berishdan boshlamoq kerak. Sodda qilib aytsak, har bir kishi birinchi galda o’ziga baho berishi, o’zining nima qila olishini belgilashi lozim.

Nega diktatorlar haq soz’ga qarshi ayovsiz kurashadilar. Chunki dunyodagi eng kuchli qurollardan biri haq so’zdir. Bugun diktaturaga qarshi chin so’zingiz bilan kurashmoqdan ortiq jasorat bormi? Chin so’z, adolatdan yona bo’lgan so’z so’qir qalblarga nish bo’lib uriladi, yolg’on bilan to’lgan dillarga irmoq ochadi. Mana, qilishingiz mumkin bo’lgan naqadar qudratli ish bor!

-28-

SAVOL: Jahongir aka, sahifangizni MXX, IIV va Prokratura, sud idoralarida ishlayotganlarning kattlari o’qishiga ishonaman. Bu jallod va qotillarni jinoytdan tiyilishlari uchun o’z so’zingizni aytishingizni so’rayman. Bu ularga bir ogohlantirish bo’lib qolishi uchun ham shunday qilmaysizmi?(Bobomurod, 21 Iyul, 2004)

JAVOB:Birinchidan, bu idoralarda ishlayotganlarning hammasini jallodlar, qotillar deyishga qo’shilmayman, ularning orasida ham yaxshi odamlar bor.

Ikkinchidan, ularga nima degan bo’lardim?

YAXSHILIKKA DA’VAT: “Bugun zamon oldingi paytlarga aslo o’xshamaydi. Sovet davrida hammayoq yopiq edi va qora qilmishlarning aksariyati yopiqli qozon ostida qolgandi. Ammo bugun oyni etak bilan yopib bo’lmaydigan davr.

O’zbekiston ichida Karimovning siyosati har qancha maqtalmasin butun dunyoda uning yo’li, uning siyosati noto’g'ri ekanligi baralla aytilmoqda, hatto uning dos’tlari ham uni inson huquqlarining poymolchisi, diktataor deb atamoqdalar. Bu esa uning davridagi qora qilmishlar yopiqli qozon ostida qolmagani, butun dunyo xabardor bo’lganining natijasidr.

Bu rejimning zavoli aniq bo’lib qoldi. Uning ertasi yo’q. Unga suyanmoq tagini suv olib ketgan va qulayotgan devorga suyanmoqdir. Jallodlik, qotillik, bechoralar haqiga xiyonat, onalarni zor qaqshatish, otalarni xo’rlash, bolalarni chinqiratish, atolatning yuziga tupurish bilan bu devorning ostida qolasiz. Bundan qilmishlar bugunning o’zida, bo’lmasa ertaga mutloq oshkor bo’ladi.

Shu sababdan bugun yaxshilk qilish uchun hali kech emas. Bu idoralarda ishlayotganlar begunoh odamning hayotini qutqarish, aybsiz “aybdor”ga yordam berish, odamlara to’hmat, buhton qilmaslik, ularning hayotlariga chang solmaslik, inson bolalarini qiynoqqa duchor etmaslik bilan ularga ulkan yaxshilik qilgan bo’ladilar.

Bugun Internet asri. Axborot kengligi asri. Har biringizning qilmishingiz Internet tarixiga ko’chmoqda. Ertaga bolangiz, nevarangizga maqtanib “Men manabu ordenlar va unvonlarni olganman”, deya gerdaya olmaysiz. Chunki ularning do’stlari, tanishlari sizning ismingizni Internetga yozib qilmishlaringizni darhol o’rganadilar. Ulardan oldin esa bolalaringiz va nevaralaringiz voqif bo’ladilar. Ana o’shanada ularning yoshli koz’lariga qarab o’zingizni qanday oqlaysiz?

O’tgan zamondagilar “Biz bilmay qolgan ekanmiz, haqiqat shu deb o’ylabmiz” deya qutulishgan edi. Lekin bugun haqiqatni butun dunyo aytib turibdi, butun dunyo matbuoti Karimovning siyosati aksilinsoniy demoqda va bu gapni har kuni takrorlamoqda. Shunday ekan, o’z avlodingizga bahona topib bera olasizmi? Yo’q!

Shu bois ham bugun ko’zni ochib, do’ppini olib qo’yib qanday yaxshlik qilishim mumkin deb o’ylang. Hech bo’lmsa qattol siyosat uchun odamlarga yomonlik qilmang. Shuning o’zi sizning haqiqiy qahramonligingiz bo’ladi. Ertaga bolalaringiz, avlodlaringiz ko’ziga tik qaray olish va ularning hurmatini qozonish imkonini beradi.

Bugun siz Internetni yopib qo’yibmiz, kim ham o’qiydi deb o’zingizni aldamqodasiz. Bugun bir milliondan ziyod o’zbek mamlakatdan tashqarida va ularning akasariyati yoshlar. Birgina mening manashu oddiy web sahifamga kuniga o’rtacha ikki ming o’quvchi murojaat qiladi. Boshqa sahifalardga demak bundan ham ko’p kiruvchilar bor.Ular haqiqat nimaligini ajratib olmoqdalar. Qora qilmish qilganlarning nomlarini birma-bir tarixga yozmoqdalar va bular ertaga sizga tavqi l’anat bo’lishini unutmang! Boshqalar uchun emas, o’zingiz uchun, bolalaringiz va nevaralaringiz uchun yaxshilik qilishga shohsiling!”

-29-

SAVOL: O’zbekistonda mustaqillikdan keyin ba’zi insonlar fikri bilan aytganda ulamolar yo’q bo’lishi yoki izsiz yo’qolishi haqida qanaqa ma’lumotlarga egasiz? Ularni taqdiri qanaqa? Tashakkur.(Yorqin, 22 Iyul).

JAVOB:Shu masalada ko’nglimda doim bir gap aylanib yurar edi va mana shu bahonada aytishning imkoni paydo bo’ldi. O’zbekiston hukumati mustaqillikdan keyin istagan odamini qamamoqda, istagan odamini o’ldirmoqda. Bu ishni ochiq qilib kelayotganini dunyo jamoatchiligi ham biladi. Uzoqqa bormaylik, bundan ikki kun oldin, ya’ni 2004 yilning 15 Iyul kuni “Guardian” ro’znomasida chiqqan “Ko’p gapirib qo’ygan elchi” (“The envoy who said too much”) degan maqolada aytilishicha, Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchisi nomiga shikoyat olib kelgan Samarqandlik professor Jamol Mirsaidov uyiga qaytib borganda uni nevarasining jasadi bilan jazolashgan.

Bunday misollarni yuzlab, minglab keltirish mumkin. Shunday ekan, ba’zi ulamolarni o’g’irlab ketishdan maqsad nima? Menimcha, birinchidan, dastlabki paytlarda hukumat ularni ochiq o’ldirib yuborishdan qo’rqqan. G’alayon bo’lib ketishi mumkin deb o’ylagan. Masalan, Abdulla O’tayev, Abduvali qori misolida. Ikkinchidan, ba’zi ulamolar qochib ketishga muyassar bo’lganlar va keyin ularning yo’qolib qolgani haqida gaplar tarqatilgan. Masalan, Obidxon qori misolida.
Yuqorida nomlari sanalgan ulamolarning ma’ruzalari, magnit lentasiga yozib olingan vaazlari va bayonotlarini turli manbalardan ko’p eshitganman, o’qiganman va ular radikal islomiy davlat tarafdori ekanliklarini bilaman. Men esa dunyoviy, demokratik davlat tarafdoriman.

Shu jihatdan ularning qarashlariga hech qachon qo’shilmaganman va o’z qarashimda mustahkam bo’lganim uchun bundan keyin ham qo’shilmasligim aniq. Ayni paytda ularga nisbatan zimdan ish qilinishiga, yo’qotilib yuborilishlariga ham qarshiman. Agar ayblari bo’lsa, isbotlanishi va odil sud huzuriga olib chiqilishi kerak edi. Agar g’oyalari yoqmasa bunga qarshi ochiq fikr bilan kurashmoq zarur. Lekin na unisi na bunisi!

Ularning taqdirlari masalasiga kelsak, bugun sizga noma’lum bo’lgandek menga ham bu masala qorong’u. Ammo nima bo’lganda bu masala ustidagi parda bir kun kelib ochiladi. O’shanda bu haqda yanada batafsilroq gapirishning imkoni paydo bo’ladi.

Ayni paytda bu bilan savol bergan o’quvchi O’zbekistonda rejimga qarshi chiqqan ulamolar anashunday yo’qolib qoladilar, deya ilgariroq sobiq mufti haqida yozilganlarga ham ishora qilayotganga o’xshaydi. Yo’qolib ketishdan qo’rqib, qarshi chiqmagan taqdirda, o’z e’tiqodiga sodiq qolib, rejimni maqtamaslik,yolg’onni xalqqa yedirmaslik ham mumkin.

 

-30-

 

SAVOL: Assalomu alaykum! Men Avropadan sizga xat yozmoqdaman! Bu yerga kelib saytinizni oqishga muyassar boldim! To’g’risi, kop narsa organdim! Va o’rganmoqdaman! …Men ayni 12-13 yoshligimda (bu davr 1991-92 yillarga tog’ri keladi) hayotni endi taniyotganimda, o’sha payttagi MATBUOTning kuchidan tog’risi to’lqinlanib ketganman! Men o’sha payti Jurnalist kasbiga chin dildan havas qo’ygandim! Hayot qiyinchiliklariga qaramay men yolimdan qaytmadim. Nihoyat orzuimdagi bo’limga oqishga kirdim! Lekin, afsuslar bo’lsinki, men bu yerdagi ta’limdan qoniqmadim. Ta’lim berolmasliklari ustiga, maddohlar ba’zi erkin fikrlovchi yoshlarning og’zini yopishga harakat qilardilar! Sho’rlik o’zbekning sho’ri bor ekan! O’zi saylab qo’ygan yurtboshi noqobil chiqsa, xohlagan ishini qilsa, xalqni aldasa…bir og’iz bir narsa demaydi-ya! Jurnalist bechoralar yurishibdi. Yozgan kichkina maqolasi uchun ham soliq to’lab. Biz kabi isyonkor yoshlar juda ko’plab topiladi. Oldimizda sizdek zabardast USTOZlarimiz, albatta, bolishi lozim! Turkcha bir qo’shiqda eshitganman: “Ne bu duzen boyle kalýr” Ýnsaallah, o’zgartiramiz! Faqat harakat…harakat…. Va aqilli tadbirdir. Shunga nima deysiz? Agar mening bu xatimga o’z munosabatingizni bildirsangiz, juda xursand bo’lardim! (Olimjon, 23 Iyul).

JAVOB:Bilasizmi, uch kun O’zbekiston televideniyelari va radiolaridan tortib hukumat kazo-kazolariga qadar shovqin-suron qilishdi: shaxmat bo’yicha jahon chempioni bo’lgan o’zbek Rustam Qosimjonov “kimligimizni dunyoga namoyish etdi” deb. Islom Karimov darhol uning otasi bo’lib chiqdi va “Aziz o’g’limga!” deb xat ham yozdi (aniqrog’i yozilgan xatga imzo chekdi-JM), darhol unga “Amir Temur” ordeni ham berilishi haqidagi farmon e’lon qilindi. Orqasidan ma’lum bo’lsa, Rustam ikki yil oldin oilasi bilan O’zbekistondan ketib qolgan va Olmoniyada yashar ekan. Lekin nima bo’lganda ham O’zbekiston nomidan o’ynadi va o’zbekning nomiga obro’ yog’dirdi.

Lekin “millatning aql zakovatini ko’rastuvchi bunday o’g’lonlar”i (ibora Karimovga oid-JM) bugun chetda ekanligi kishini o’ylatmasdan qo’ymaydi. Mana siz ham Istanbulda ekansiz. Ertaga bir joyda otingiz chiqib, mashhur bo’lib qolsangiz bugun og’zingizni yumishga urinib, sizni Vatandan ketishga majbur qilganlar sizga ham yo “aka” yoki “uka” bo’lganlarini e’lon qilishlari hech gap emas. Bu samimiy maqtov bo’lmaydi, aslida ularning manfaatlariga mos tushgani uchun shunday paytda sizni maqtaydilar.

Manfaatlariga mos tushmasachi? Hozir Toshkentdagi oliy oquv yurtlariga qishloqlardan kelgan yoshlarni qabul qilmayotgan ekanlar va hatto bu haqda vazirlar mahkamasining qarori ham tayyorlanayotgan ekan. Nima uchunligini bilasiz-mi? Hukumat, xususan Islom Karimov aql-zakovatdan qorqishi va bu kuchni uzoqda, nazoratda tutishi uchun shunday qilinmoqda.

1992 yilning qonli Yanvarida Talabalar shaharchasida yuz bergan voqealar ortida ham shu gap bor edi. O’shanda qonli voqealardan 20 kun oldin, ya’ni 1991 yil Dekabr oxirida o’tgan prezident saylovida talabalarga bir hafta oldin ovoz berish “topshiril”gandi. Keyin ularni uy-uylariga jo’natib saylov sandiqlarini ochib qarashsa hammasi Karimovga qarshi ovoz bergan. Tezda Talabalar shaharchasida g’alayon uyushtirildi va aql zakovatli yoshlar viloyatlarga surgun etildi.

Bugunga kelib yana Toshkent talabalari orasida uyg’onish sezilmoqda va ular Karimov rejimi nima ekanligini siz kabi anglab qoldilar. Endi ularning, sizning iborangiz bilan aytganda “isyonkor yoshlarning” ildiziga bolta urishmoqchi. Bir so’z bilan aytganda, Toshkentda talabalarning isyonkor muhitini yo’qotishmqochi.

Ana shu ikki misol ham rejimning basharasini chizib bermoqda. Endi harakat masalasiga kelsak, men yoshlarning shu kecha kunduzda nima qila olishlari haqida, kurashni otashin so’z boshlash haqida oldingi savollarga javob berganda yozgan edim. Ba’zilar allaqachon Internet sahifalari yaratish bilan ishga ham kirishganlarini ko’rib, mamnun bo’ldim va men ular bilan yonma-yon bo’lmasamda fikran birgaman. Shu jihatdan sizning ham demokratiyani, so’z erkinligini keng yoyish, adolatni tinch yo’l bilan targ’ib etish borasidagi kurashda safimizga qo’shilganingizni qutlayman.