UCHINCHI KITOB
1. SAYLOV
Saylov “Katta”ning fikri-zikrini chulg’ab olgandi. Bir o’q bilan ikki qushni urishim kerak, deb o’ylardi u. Saylov sandig’idan istaganim chiqadi, lekin bundan foydalanishim zarur. Kamida o’n besh-yigirma yilni kafolatlashim kerak. Agar saylovni muqobil tarzda o’tkazsam, birinchidan demokratiyani bahona qilayotgan G’arbning og’ziga latta tiqib qo’yaman, ikkinchidan esa atrofimdagi jumhuriyatlarning “Katta”larini mot qilaman, chunki ular muqobil nomzodlarsiz saylov o’tkazmoqdalar. Ikki- uch nomzodni o’rtaga chiqaraman, ba’zilari saylov arafasida chekinadilar, bu muxolifatning dod- voyini bosib yuboradi. Umuman muxolifatning shakar tomirini topib, ezib tashlashim shart. Bularning qon tomirini kesib qo’yish o’zimizning qonimiz kamayib ketmasligi uchun ham zarur.
“Katta” “o’ng qo’li”ga aylanib qolgan Salimovni chaqirdi:
- Muxolifatning kuchi qaerda? – dedi.
- Asosan talabalar orasida tashkilotlanganlar.
- Ha, kuchli muxolifimiz talabalar. Ular esa poytaxtda, burnimizning tagida. Institut, universitetlarni viloyatlarga ko’chirmasak bugun qo’zg’alishmasa ham ertaga yoqamizga yopishishadi. “Qora kuchlar”, dushmanlarimiz, xoinlar, muxolifat uchun ular har doim potentsial kuch. Ularni bartaraf etamiz. Ammo bu ishni saylovdan keyin amalga oshiramiz.
- Saylovda talabalar har qanday hunar ko’rsatishlari mumkin. Ularning va o’qituvchilarning oralarida odamlarimiz bor. Talabalar saylovda muxolifatni qo’llash uchun harakat qilishmokda. Shavkat Temur oltmish ming imzoni asosan ulardan to’pladi.
- U imzo to’plagan bo’lsa, siz barmog’ingizni so’rib o’tiraverdingizmi? Biror- bir tadbir o’ylamadingizmi?
- Moskvada ishlab kelgan Saidjonning bu xususda jiddiy planlari bor. Uni saylovga tayyorgarlik bo’yicha talabalar shaharchasiga yuborgandim. Kechqurun qabul qilib, fikrlarini eshitsangiz, degan istagim bor edi, – dedi Salimov.
- Saidjon deganingiz ishga yangi olingan yordamchi bolami?
- Bola bo’lsa ham ancha quv chiqib qoldi. Bu muammo xususida ishimizni engillatadiganga o’xshaydi.
- Bo’pti, kechqurunni kutib o’tirmaylik. Uni qaerga yuborgan bo’lsangiz, chaqirtiring,- dedi “Katta”.- Shavkat Temurga kelsak, uni ro’yxatga olish yo’q. O’zimizning odamlardan ikki-uch kishini nomzod qilib ko’rsatamiz.
- Menimcha Iso Xolisdan foydalanish kerak. Ovmi odam, laqillatamiz.
-”Katta”lik havasiga berilib, chegaradan chiqib ketmasin. Gapirgan gapini bilib gapirsin, o’shanda o’n-o’n besh foiz ovoz beramiz. Iloji boricha o’zi tug’ilib o’sgan viloyatdan oldi, deymiz. O’shanda saylovning natijasidan uning o’zi ham shubha qilmaydi.
- Lekin xalq to’la sizga ovoz beradi, – dedi Salimov tomog’ini qirib.
- Bilaman, ammo dunyo bizdan yolg’onni istayapti. Ular rostga ishonishmaydi-ku?! Shu sababdan mening haqqimdan biroz unga beramiz, o’shanda demokratiya bo’ladi. Mayli, bu muhim emas, siz shu Saidjonni toping.
2. UChRAShUV
Iso Xolis o’zi tug’ilib o’sgan viloyatga borishdan oldin “Katta” bilan uchrashdi. “Katta” uni quchoqlab, bag’riga bosar ekan:
- Men bilan orani buzmay tursangiz, kelajak sizniki. Men so’zida turadigan o’g'ilbolaman,- dedi.
Iso Xolis miyig’ida jilmayar ekan:
- Biz partiyamizni endi qurdik, yaxshilab oyoqda turib olaylik. Ana undan keyin saylovga kirsak bo’ladi,- dedi. – Hozir sizning gapingizni ikki qilmaslik uchun rozi bo’ldim. Yurtimda o’tkazadigan uchrashuvlardan keyin nomzodimni olaman.
Aslida Iso Xolisni cho’chitayotgan muxolifatning boshqa qanotidan kelayotgan bosim edi. “Agar sen nomzodingni olmasang, diktatorning demokratik yo’l bilan saylandim, deyishiga sababchi bo’lasan. U butun dunyoni aldamoqchi,” deyilgan gaplar uni bezovta qilayotgan edi. Ko’ngli haqiqatdan ham saroy o’yiniga kirayotganini sezsa-da, balki bu o’yindan korli chiqarman, deya xavotirlarini mensimayotgandi.
- Saylov o’tishi bilan sizni Vazirlar mahkamasi raisining o’rinbosari qilib qo’yaman. Buning uchun saylovga kirishingiz shart. Aks taqdirda sizni qoralab yurgan tirranchalar ham mansab so’rab kelishadi. Ishonchim komil-ki, saylovda sizga ham ovoz berishadi. Shuning uchun nomzodimni olaman, degan gaplarni bir chetga qo’ying, balki yutib qolishingiz ham mumkin. U holda men sizning maslahatchingiz bo’lib ishlayman. Faqat saylovoldi uchrashuvlarda bir-birimizni ko’nglimizni xira qiladigan gap-so’zlar qilmaylik, – dedi “Katta” bamaylixotir ohangda.
- Bir partiyaning raisi, qolaversa,”Katta”lik uchun nomzodini qo’ygan kishi Vazirlar mahkamasi raisining o’rinbosari bo’lsa, uning ustidan kulishadi,- Iso Xolis “savdo” qilishning payti ekanligini his qildi va “Katta”ning “oyog’ini bosdi”.
“Katta” mansab va’da qilishda saxiy edi. Shu bois Iso Xolisning “orqasini silay” boshladi.
- Chet ellarda “Katta”likka nomzodlarga yirik mikdorda pul berishadi. Bu pora emas. Qo’llab -quvvatlash uchun xolisanillo, yurakdan, samimiyat bilan beriladigan narsa. Shu bahona bilan sizga ham ko’p narsa keladi. Chet elda vatandosh birodarlarimiz oz emas. Ularning yordami bilan oyoqda turib olasiz. Qolaversa, sizni parlament raisligiga keltiraman. Ikkalamiz birgalashib ish yuritamiz. Hozir esa buni yuvaylik, – deya “Katta” Iso Xolisni ichkaridagi xonaga boshladi. – Shohidlik uchun do’stingiz, hamyurtingiz shoir Eson Bekjonni ham chaqiramiz. Ammo u ichkilik ichishga yaramaydi. Bir marta ichgandik, qizarib sholg’omga aylandi. Allergiyasi bor ekan.
Ular bir shishani bo’shatib bo’lishganda, “Katta” Iso Xolisni quchoqlab:
- Uylarni oldingizmi? – deya so’radi. – Ikkalasini ham markazdan berishsin, deya buyurgandim. Olgan bo’lsangiz, keyingi qadahni shuning uchun ichamiz, – dedi.
Iso Xolis “Oldim, oldim!” deya qadahini ko’tardi.
- Chet eldan keladigan pullarga esa ikki-uchta hovli olib qo’ying. Endi kapitalizm tuzumiga o’tayapmiz. Boy bo’lmasangiz odamlarni orqangizdan ergashtira olmaysiz.
Iso Xolis “Katta”ning huzuridan chiqqanda, arang oyoqda turgan bo’lsa-da, Eson Bekjonga:
- Ja’far Nimjonni top, – dedi.
Ja’far shamol “qilt” etsa, sakkiz kun uyidan chiqmay yotib qolardi. Shuning uchun ham uning ismini aytishganda, albatta “Nimjon” laqabi qo’shib aytilardi. Bora-bora bu uning taxallusiga aylandi. O’zi ham bu so’zni eshitganda, sevinadigan bo’ldi. Ja’farning otasi o’g'irlik qilib, qamalib ketgandi. Qamoqdan chiqib, uzoq yurtlarda bir ayolga uylandi. Ja’far o’sha ayolning “etagiga” osilgan edi. U ulg’ayib katta bo’lgach, o’gay otasining yurtiga qaytdi. O’gay otasi Iso Xolisning amakisi edi. Iso Xolis Ja’farning boshini siladi. Ja’far uning yonida og’iz-burnini yalagancha, akillamay turadigan nimjon kuchukchadek, pildirab yurardi.
Iso Xolis o’zi tug’ilib o’sgan yurtiga Ja’far Nimjon bilan birga keldi. Ularni katta tantana bilan kutib olishdi. Uchrashuvdan oldin shahar aylanib, muzeyga kirishdi. Muzey mudiri tarixiy ashyolarni ko’rsatar ekan:
- Mana bu tangaga diqqat qiling, – dedi.- Bu tanga kimning qo’lida bo’lsa, hokimiyat ham uning qo’liga o’tar ekan. Tanganing ikki ming besh yuz yillik tarixi bor. U sof oltindan bosilgan bo’lib, juda ham inja naqshlar bilan to’ldirilgan. Insonning boshidagi sochni sanab bo’lmaganidek, bu tanga yuzidagi naqshlarni ham sanash qiyin. Bu qadar mahorat va bu qadar qobiliyat bilan tayyorlangan bu tanganing dunyoda tengi yo’q. Avvallari yurtimiz bir butun ekan, Sulton vafot etgach farzandlari orasida bu tanga uchun g’avg’o boshlanibdi. G’avg’o urushga aylanibdi va Sultonlikni Xonliklarga bo’lib yuboribdi. Xonliklar orasida bir necha yillar davomida ana shu tanga uchun omonsiz urushlarda daryo-daryo qon to’kilibdi…
Ja’far Nimjonning ko’zi chaqnab ketdi. U pildiragancha Iso Xolisning yoniga keldi. Iso Xolis tangadan ko’zini uzolmay turgani uchun uni payqamadi ham. Ja’far Nimjon Iso Xolisning qadimiy narsalarga o’chligini yaxshi bilardi. Uyi xuddi muzeyga o’xshardi. Qadimiy mis laganlardan tortib, olmos pichoqlarga qadar qator qilib, terib qo’yardi. Xotini Natalya ham ana shunday osori-atiqa ashyolarga havasmand edi. Shu sabab Ja’far Nimjon birdaniga uch quyonni uraman, deb o’yladi. Tangani olsak, ham hokimiyatni qo’lga kiritamiz va akaxonim bilan “yangashka”ni o’zimga bir umrga bog’lab olaman, degan fikr xayoliga mahkam o’rnashdi. U aylanib, mudirning yoniga keldi:
- Siz, qaerdansiz? – deb so’radi.
- Shu erda tug’ilib o’sganman, – dedi mudir.
- Hokimiyat doim boshqa viloyatdan chiqqan ajur-bujur odamlarning qo’lida bo’ldi. Doim bizni ezib kelishdi. Otamni ham o’shalar surgun qilgan. Bizni doim chetlab kelishdi. Mana endi oramizdan bitta lider chiqdi. Hammamiz tish-tirnoq bo’lib, uni qo’llab-quvvatlashimiz kerak. Bu tangani uning kaftiga qo’ying, hokimiyat unga o’tsin,- dedi Ja’far Nimjon.
Iso Xolis rostdan ham hokimiyat sohibi bo’lgandek, quvonib ketdi. Mudir esa shoshib qoldi. Nima qilishini bilmagan mudir, Ja’far Nimjonning qulog’iga pichirladi:
- Bu tanga bu erdan chiqsa, mening boshim uchadi. Shu tanga uchun muzeyga bir nechta qorovul qo’yganmiz.
- Siz ko’chadagi odamga emas, bo’lajak “Katta”ga berayapsiz. Bu muzey nima emish? Ertaga sizni ana shu muzeylar bo’yicha vazir etib tayinlaymiz. Alloh vakolatni bizga berdi, bu mamlakatni endi biz boshqaramiz,- dedi Ja’far Nimjon bo’sh kelmay.
Oraga Iso Xolis qo’shildi:
- Hokimiyatni olganimizdan keyin devonda bu tanga uchun maxsus ko’shk quramiz. Hokimiyatning bizga ana shu tanga bilan kelganini unutmasligimiz uchun bu ko’shkni ko’zimizga yaqin joyda qurdiramiz. Qolaversa, bu tanga o’z mohiyatiga xizmat qilishi kerak.
- Unday bo’lsa, chiqaverishda tangani ukamizga beraman, – dedi mudir ovozini balandlatmay. – Orqada odamlar ko’p. Tangani Ja’farbekka bersam, u kishi duo o’qib, sizning kaftingizga qo’yadilar.
- Oqshom, bu kishini ham uchrashuvdan keyingi ziyofatga olib kelasan, – dedi Iso Xolis Ja’far Nimjonga. – Duoni o’zlari o’qiydilar. – U shunday deb xirillab kulgancha, muzeyning boshqa joylarini aylanmasdan orqaga chiqdi. Hali saylovga bir necha kun borligiga qaramay, Iso Xolis o’zini “Katta”lardek his qila boshladi.
- Poytaxtga telefon qil. Bizni kutib olishga viloyat rahbarining o’zi chiqmaganini protesto etishsin. O’rinbosarlarni ogohlantir, harakatni kuchaytirishsin, endi bo’sh kelish yo’q, – dedi Ja’far Nimjonga. Iso Xolisdan topshiriq olgan Ja’far Nimjon pildiragancha, telefon qidirib ketdi.
3.UChQUN
Salimov shosha-pisha Saidjonning xonasiga keldi:
- Telefon jiringlasa olma. Seni talabalar shaharchasida deb aytdim. Omading keldi jiyan. “Katta” sendan talabalar shaharchasi bo’yicha fikr so’raydi. “Bu ishni bizga ishoning, hal kilamiz,- deysan.- Saylovdan bir hafta oldin talabalarni ta’tilga chiqaramiz. Shu bahonada oldindan ovoz berib ketishlarini ta’minlaymiz. Sandiq ularning kimligini ko’rsatadi. Agar ko’pchiligi muxolifatga ovoz bergan bo’lsa, o’qituvchilarning orasida odamlarimiz bor, kichkina janjal chiqaramiz va unga siyosiy tus berib, oliy o’quv yurtlarini viloyatlarga tarqatamiz”, – deb “Katta”ni ishontirasan. Talabalar ichida jiddiy norozilik bor. Gugurt chaqsang yonib ketadi. O’chirishni esa istaganimizdek amalga oshiramiz.
Ular bu fikrni ipidan ignasigacha obdon o’ylab olishdi. Keyin “Katta”ning huzuriga chiqishdi.
- Faqat gugurt chaqish saylovdan keyin,- dedi “Katta”.- Talabalar shaharchasi – bomba. Bir uchqundan portlab ketishi mumkin. Shu bois uchqun yoqmasdan ishni tutun bilan hal qilish kerak. Bu ishga Jonibekovni ham safarbar eting. Agar bizning komandada bo’lsa o’zini ko’rsatsin. Boshqa hech kim bilmasin. Keyin voqeani “qora kuchlar”ga to’nkaymiz va ulardan ham qutulamiz, – dedi “Katta”.
- Yana bir xabar bor, – dedi Salimov iymanib. – Poytaxtga keltiramiz, deganingiz qimmatbaho tangani Iso Xolisga berishibdi…
- Nega bu xabarni orqaga tashlab o’tiribsan? Etti kun uxlasang ham bunday ishning rejasi tushingga kirmaydi. Burnidan ilinibdi. Hozircha indamanglar. Vaqti kelganda, dorga osish uchun sabab bo’ladi bu. Men unga tangani qanday qilib kaftda tutishni o’rgatib qo’yaman. Ammo tanganing izini yo’qotmanglar, – dedi “Katta”.
4. ARIZA
Mirtemir iste’fo haqidagi arizani yozdi-da keyin yirtib tashladi . Harakatlarim yosh bolaning qilig’iga o’xshab qolayapti deb o’yladi. Har uch kunda ariza yozib yuraman-mi? Xo’sh, nima qilishim kerak? Baribir arizamni qabul qilmaydi, biror bahona topadi. Yuzini bujmaytirib, ko’zimga lo’q termulgancha aldaydi. O’zi ham rohat qilsa kerak: bu tirranchani boplab aldadim, deb. Aslida bu odam yo san’atkor va yoki rejissyor bo’lishi kerak edi. Teatr yoki kinoda rol olsa, uning mahorati oldida hech kim ip esholmasdi.
Inson gapirar ekan samimiy so’zlari qalbining darin nuqtalaridan oqib keladi. Yolg’on esa bo’g'zidan yuqorida paydo bo’ladi, shu sababdan ham umri kalta. Hatto yolg’onnning muallifi ham bir necha kundan keyin uni unutadi. Lekin “Katta” farqli. Uning yolg’oni qalbidan otilib chiqadi, bu yolg’on ko’zlarida, yuzida, harakatlarida samimiyat tusini oladi. Shu bois ham u san’atkor bo’lganida manaman degan artistning luqmasini og’zidan olardi. Balki yaqin yuz yilda tengi o’rtaga chiqmaydigan o’yinchiga aylanardi.
Agar u rejissyorlikni tanlaganda, uning xayollarida tug’ilgan asarlar misli ko’rilmagan darajada mo”jizaviy bo’lardi. Voqealarning kutilmaganda o’zgarishi, hodisalarning shiddati, harakatlarda hech kimning xayoliga kelmagan burilishlar hammani lol qilib qo’yardi. U yaratgan kinofilm yoki teatrlar yillar davomida ekran sahnidan tushmasdi. E, e to’xta, sen ham ana u yosh iqtisodchi Farhod Qo’zievga o’xshab “Katta”ni Nobel mukofotiga nomzod qilib ko’rsatadiganga o’xshaysan. Bolta tushguncha kunda dam oladi, deganlar. Sen ham fursat topib xayolga berilib ketding. Vaholanki, boltaning zarbi yaqin! Bu zarbdan yo qutulishing yoki kundaga aylanib, chidashing, u bilan birga qon simirishing, oxir oqibatda chirib ketishing kerak. Lekin qanday qilib bu zarbdan qutulasan?
Mirtemir bir necha kun ishga chiqmadi. Devondan kelgan qo’ng’iroqlarga “xastaman” deb javob qildi. Yakshanba kuni edi. Yomg’ir yog’ayotgandi. Tashqaridagi rutubat Mirtemirning ko’ngliga ham cho’kkandi. U siqilgancha yomg’irning yog’ishini kuzatardi. Qiziq, deb o’yladi u, kimdir yomg’ir tovushidan musiqa ohanglarini topadi, yana kimdir yomg’ir ostida shalabbo bo’lishni istaydi. Har holda dardi yo’q insonlarning orzusi bu. Dardlilar uchun esa yomg’ir ko’z yoshlarini eslatadi. Dardliga qo’shilib dunyo ham yig’layotgandek bo’ladi.
Saylov ham o’yinga aylandi. Yangi yilHayiti arafasida o’tgan saylovda dunyoga tomosha ko’rsatildi. Usti yaltiroq, ichi qaltiroq saylovdan chiqadigan natija hammaga ayon edi. Shunday bo’lsa-da maxsus stsenariy yozib, o’yin ko’rsatildi. Mirtemir shu lahzada saylov hangomalari haqida o’ylagisi kelmadi. Go’yo tashqarida yog’ayotgan yomg’ir bu xotiralarni yuvib ketayotgandek edi.
Telefonning jiringlashi yomg’irning saslarini yutib yubordi. Telefon qilayotgan Maynov edi.
- Mirtemir aka, kechqurun “Katta” chet elga ketayaptilar. Xabarchilik qo’mitasini qayta tuzish haqida farmon loyihasi tayyorlashni istadilar. Qolaversa, siz bilan alohida suhbat qilmoqchilar.
- Bilasizmi,- dedi Mirtemir.- Sizga ochig’ini aytaman. Men devonda ishlamayman.
- Bilaman, qiynalib yuribsiz. Lekin masalani bunday keskin qilib qo’yish mumkin emas. Qochish uchun ham avval yo’lni belgilash kerak. Tavakkal qilib bir ko’chaga kirsangiz u ko’cha borsa- kelmas yoki boshi berk bo’lishi mumkin. Bugun “Katta”ning kayfi arshi- a’loda, nima istasangiz muhayyo bo’ladi. Hatto qochish uchun yo’l ko’rsat, desangiz ham yordam qiladilar, – dedi Maynov.
Bular xamirdan qil sug’urishni bilishadi, deb o’yladi Mirtemir. Maqsadi meni devonga chaqirish. Agar boshqa biri bo’lganda bahona bilan qutulish mumkin, lekin Maynovning qopqoniga tushgan oyoqni siyirish oson emas. U baribir yo’lini topadi, yo’q deganingga ko’nmaydi. – Mirtemir aka, pod’ezdda mashina kutib turibdi, soqol olmasangiz ham bo’ladi, “Katta”ning o’zlari ham uy kiyimida keldilar. Soqolni ham kechqurun yo’lga chiqishdan avval oladilar. Men Xabarchilik markazining rais o’rinbosarlarini chaqirdim, ular ishni boshlashdi. Sizga esa tahriri qoldi, – dedi Maynov.
Shu payt tashqarida chaqmoq chaqib, yashin korong’u bulutlar bag’rini tildi. Ayni hol Mirtemirning xayolida yashandi. Uning tuman kabi xiralashib qolgan xayol osmoni birdan yorishgandek bo’ldi. “Katta”ga o’z sohamda ishlash uchun ketaman, deyman, deb o’yladi u. Gazeta, radio yoki Xabarchilik markaziga ishga o’taman. Muxolifatning gazetasiga ham bir necha marta taklif qilishdi. Xullas, ish topiladi. Nima bo’lganda ham “Katta”dan uzoqlashish kerak va jangni uzoqdan turib davom ettirish zarur. Yaqinda tursang u chavaqlab tashlaydi. Ajdaho yoki devning yonida yurish har tomondan tahlika, chunki u oyoqlari ostini ko’rmaydi, yulidagi narsalaru borliqlarni ezib ketaveradi. Qolaversa o’yinlarni uzoqdan ko’rsang farqiga borasan. Ichida yursang bilib-bilmagan holda o’yinchiga yoki o’yin ishtirokchisiga aylanasan.
Mirtemir Maynovning qoidasiga rioya qilmasdan soqolini olib, keyin yo’lga chiqdi. Darhaqiqat, devonda farmonning bir necha ko’rinishi hozirlangan edi.
- Xabarchilik markazini mustaqil tashkilotga aylantirish kerak, – dedi Mirtemir tayyorlangan matnlarni chetga surib qo’yarkan. Jamiyatning erkin bo’lishi, matbuotning mustaqilligidan boshlanadi. Hozir Xabar markazi hukumatning bir parchasi. Uning qo’l-oyog’idagi zanjirni echib yuborishimiz kerak.
- To’g'ri, – dedi ulardan biri. – Lekin mustaqil bo’lsak, och qolamiz. Hozir davlatning hisobidamiz, keyin pulni qaerdan olamiz? Biz zavod yoki fabrika emas, biz aqliy mehnat tashkilotimiz. Shu bois davlat qaramog’ida qolganimiz yaxshi.
- Mustaqil bo’lsangiz zavod, fabrikadan ham kuchli bo’lasiz,- dedi Mirtemir hamkasbiga e’tiroz bildirib,- Mamlakatning yagona Xabar markazi hisoblanasiz. Ham ichkariga, ham tashqariga xizmat ko’rsatasiz. Butun dunyoda Xabar markazlari mustaqil. Har bir xabarni katta-katta mablag’ga pullaydilar. Haqqoniy, tezkor xabarlaringiz bo’lsa, ishingiz o’ngidan keladi. Qolaversa, xalqimizga haqiqatni etkazishingiz uchun yo’lingizda to’siq qolmaydi.
- Sizdan iltimos, shu masalani keyinroqqa qoldirsak, biz hozir mustaqil bo’lishga tayyor emas, – dedi ulardan biri. Qolganlari ham bu fikrni qo’llashdi. Mirtemir kuldi va :
- Qamoqdagi odamga “Boring, siz ozodsiz”, deyilganda “Hozircha shu erda qolay, ozod bo’lishga tayyor emasman” deb javob qilsa, kulguli ko’rinadi. Bugun mamlakatimiz mustaqil bo’ldi, nega siz mustaqil bo’lishni istamaysiz? Siz istamasangiz, balki Xabar markazida ishlayotgan minglarcha inson istar. Yoki ular ham istashmaydimi? – dedi.
Bu savol qarshisida ular jim bo’lib qolishdi. Birozdan keyin sukunatni Latif aka degan kishi buzdi. Bir paytlar Mirtemir Latif Rahmonovning nomini ko’p eshitardi. U katta- katta tanqidiy maqolalar yozardi. Har bir maqolasi shov-shuvga sabab bo’lar, barcha gazetalarda ko’chirib bosilar va hamma tashkilotlarda muhokama qilinardi. Keyinchalik bildiki, bu maqolalar Kommunistik partiya Markaziy qo’mitasida tayyorlanar ekan.
- Men o’ttiz besh yildan buyon qalam tebrataman,- dedi Latif aka.Ozmi- ko’pmi obro’ qozondim. Biroz tajribaga ham egaman. Bir manzilga yugurib ham borish mumkin, asta sekin yurib ham, ammo yugurib borganda yurak xurujiga uchrash tahlikasi bilan yuzma-yuz qolishimiz mumkin. “Katta”miz aytganlaridek: “Yangi uyni qurmasdan, eskisini buzib bo’lmaydi”. Qolaversa, biz G’arbda emas Sharqda yashayapmiz. Sharqning qoidasi har bir ishni astalik va ustalik bilan qilishdir. Hozirgi sharoitda demokratiyaning bizga foydasi yo’q. Yoki biz Sharq demokratiyasini o’rnatishimiz kerak.
- Men hali demokratiyaga qadar kelib etmadim, – Latif akaning so’zini kesdi Mirtemir. – Hali sizning mustaqilligingiz haqida gapirayapmiz. Eski-yangi uy masalasida esa tortishish mumkin. Masalan, eski uyni buzmasangiz yangisini qaerda qurasiz? Agar boshqa joyda eringiz bo’lsa, eskisida yashab yangisini bamaylixotir qurishingiz mumkin. Eski uyingizni buzib chaylada yashash yana ham tahlikasiz. Chunki eski uy nurab turibdi. To’g'rirog’i katta uy yiqildi. Xarobaning ichida qoldik. Shunga qaramay yangisini qurmasdan xarobadan chiqmaymiz, deyish kulgili, ya’ni achinarli hol.
-Bizga o’zimizdan kattalarning gapiga qarshi chiqish o’rgatilmagan. Bu G’arbga xos hol. Sharqda kattalarning yo’liga yurish qoidasi bor. Bu to’g'ri qoidadir. Bizdan bir nechta ko’ylakni oldin yirtgan kattalarimiz tajribaga qarab ish ko’radilar. Bugungacha ularning yo’lidan yurib adashmadik.
-Yashang,- dedi Mirtemir, hayajonini yashirmay,- biz bugunga qadar o’n olti marta imperatorlik qurdik va hech biri uzoq yashamadi. Oxir- oqibatda parchalanib ketdik. Imperator o’lgandan keyin meros, mansab g’avg’osi boshlandi. Bir-birimizni edik. Sharq demokratiyasi shumi?
- Har qanday imperatorlik parchalanadi, bu tarixiy jarayon.
-Agar bugungacha birortasi yashaganda bu gapni aytmagan bo’lardingiz. Biz har bir hodisani oqlashni yaxshi bilamiz, ammo uning haqiqiy sabablarini qidirishga erinamiz. Balki shundandir tariximizni faqat boshqalar o’rgandilar.
- Bu binoda mening siz bilan tortishib o’tirishim aslida katta voqea. Lekin bu istisno. Mana Xabar markazimizda rahbar yo’q. Bugun “Katta”miz Xabar markazini qayta tuzish haqidagi farmonga imzo chekish bilan birga bu erga rahbar ham tayinlaydilar. Bu rah bar hay’atga kiritilgan va kechqurun “Katta”miz bilan chet elga boradi. U erda esa sobiq ittifok Xabar markazi bilan o’zaro hamkorlik haqidagi shartnomaga imzo chekadi. Men o’rgandim, juda ko’p davlatlarda Xabar markazi ham yarim rasmiy ekan. Turkiya demokratiyaga o’tganiga etmish yil bo’libdi-yu hali Xabar markazi to’la mustaqil bo’lgan emas.
- Men sizga yana e’tiroz bildirishga majburman. Chunki Turkiya hali to’la ma’noda demokratik davlatga aylanmagan. Yaqin o’ttiz yilda uch marotaba harbiy to’ntarishni boshidan o’tkazdi. To’ntarish davrining qilichi hech kimni ayamadi. Demokratiya tarafdorlari surgun qilindi, qamoqlarda azob chekdi. Shunga qaramay Turkiya rivojlanishdan to’xtamadi. Bugun Onaduli Xabar markazi yarim rasmiy bo’lishiga qaramay, butun dunyo kunlik xabarlarni undan sotib oladi. Chunki haqqoniy va tezkor xabar tarqatadi, hukumatning bo’yinturug’idan qutulgan. Hukumat istagan- avvalo ularning hukumati istashga jur’at qilmaydi- xabarni emas, balki bor narsani tarqatadi. So’zbo’yamachilik yo’q.
- Biz mustaqil bo’ladigan bo’lsak, tabiiyki, Xabar markazining rahbarini ham saylashimiz kerak. Jamoamiz shunday ham ikkiga bo’lingan. Oldingi rahbarning odamlari bir guruh, qolganlar yana bir guruh. Agar mustaqil bo’lsak, parchalanib, yo’q bo’lib ketamiz.
Mirtemir Latif Rahmonovning e’tirozi ortidagi haqiqatni angladi. Demak, bular uchun mustaqillikdan mansab afzalroq. Bularga xabar, haqiqat, adolat degan tushunchalar emas, mansab va qullik kerak, deb o’yladi. Men esa erinmay tortishib o’tiribman. Nahot-ki, Latif Rahmonov allaqachon Xabar markaziga rahbar etib tayinlandi? Yoki “Katta” bugun ertalab uni suhbatdan o’tkazdimi? “Hay’at”, safar deb ishorat qilishidan masala hal bo’lgan ko’rinadi. Shunday bo’lsa-da, Mirtemir ularning ko’ngliga qo’l solmoqchi bo’ldi.
- Latif aka, birinchi navbatda Xabar markazini mustaqil tashkilotga aylantirsak. Uning rahbarini saylash masalasini esa ikkinchi navbatga qoldirsak. Ya’ni tashkilotning nizomi, dasturi tayyorlangach va ular jamoada muhokama qilinib tasdiqlangach, ana undan keyin rahbarni saylashga o’tsak. Siz aytmoqchi eski uyni buzmasdan yangisini qursak. Bu ishga kamida bir yil vaqt kerak. Shu bir yilda parchalanishning oldini olasiz.
- Gap men yoki bu kishi haqida borayotgani yo’q. Ikkalamiz ham o’z o’rnimizda o’rinbosar bo’lib qolayapmiz. Bizga rahbar bo’lib Maqsad Qul borayaptilar. Bu farmon matnini ham u kishining o’zlari tayyorlaganlar. Shu bois bizning qo’limizdan hech narsa kelmaydi, – deya Rahmonov gapning po’st kallasini aytdi.
Qo’lingizdan ko’p ish keladi, deb o’yladi Mirtemir, sizga bu farmon loyihasining har bir so’zini himoya qilish topshirilgan. Shuning uchun har yo’lga bosh urayasiz. Sizga ham qiyin. Boshi to’qmoqning ostida qolgan ilonga o’xshaysiz. Jonimni qutqaraman, deya tipirchilaysiz. Lekin to’qmoqni ushlab turgan kishining maqsadi boshqa. U maqsadidan chekinmaydi. Baribir boshingizni ezadi.
- Mayli, siz boravering. Men farmon loyihasini imzolash uchun o’zim olib kiraman, – dedi Mirtemir.
Ular chiqib ketishgach, Mirtemir farmon loyihasini qaytadan yoza boshladi. Ko’p o’tmay Maqsad Qul kirib keldi.
- Ha, og’a, bu qadar ishga berilib ketibsiz? Yakshanbadan o’ch olayapsiz, shekilli?
- O’chni kimdan olayotganimni bilmaymanu lekin sizni tabriklayman.
- Nima bilan?
- Xabar markaziga direktor bo’lib borayotgan ekansiz.
- Yug’-e, bunaqa xabar eshitganim yo’q. Qolaversa, u erga hech ko’nglim yo’q. Buning ustiga bizga yo’l bo’lsin.
- Markazning farmon loyihasini yozayapman. Mustaqil tashkilotga aylantirish bo’yicha band kiritdim. Har holda “Katta” qarshilik qilmasa kerak. Siz nima deysiz?
- Albatta, albatta… – birdan rangi oqarib, lablari bo’zarib allanechuk holga tushgan Maqsad Qul, apil-tapil xonadan chiqib ketdi.
Xato qildim, deb o’yladi Mirtemir. Hoziroq u yugurib”Katta”ning huzuriga kiradi. Xullas, bu ish ham chippakka chiqdi. Agar bular “Katta”ga “tushuntirib” qo’yishmasdan oldin kirganimda, balki imzo chekardi. Endi ular bu ishni ham “Katta”ga “orqangizdan pichoq urish”deb anglatishadi. “Katta” esa xuddi pichoq egan odamdek to’lg’onadi. Shunga qaramay loyihani tayyorlab olib kiraman, balki devondan ketishim uchun sabab bo’lar.
Mirtemir loyihani mashinkalash uchun kotiba qizga bergandi hamki, Maynov ” Sizni so’rayaptilar” deb qoldi.
- Hali loyiha tayyor bo’lmadi. Yarim soatdan keyin olib kiraman, – dedi Mirtemir.
- Loyihani istamayaptilar. O’zingiz bilan gaplashmoqchilar.
Haqiqatdan ham”Katta”ning kayfi chog’ edi.
- Bir necha kunki ko’rinmaysiz? – dedi “Katta” o’rnidan turib, Mirtemirga qarshi yurarkan. – Hatto saylovdan keyin tabriklamadingiz ham.
- Shu erlardaman,- dedi Mirtemir past ovoz bilan.
- Har holda uydan chiqmay yotibman, demoqchisiz.,- jilmaydi “Katta”. – Sizni bugun Xabar markaziga direktor etib tayinlamoqchi edim, lekin dushmaningiz juda ko’p ekan. Hamma qarshilik ko’rsatdi. Taklifim bilan yolg’izlanib qoldim. Demokratiya degani shunaqa. Boshqalarning fikriga ham quloq solish kerak. Agar faqat mening fikrim o’tadigan bo’lsa, u holda diktatura bo’ladi. Menga qolsa, Po’lat Majidovichni ishdan olib, qamatib, chiritib yuborardim. Lekin ko’pchilik uning tarafida. Ozchilikning ko’pchilikka bo’ysunishi demokratiyaning bosh tamoyilidir. Mana endi siz haqingizda ham shunday bo’ldi. O’zingiz nima deysiz?
Yo,tavba, deb o’yladi Mirtemir. Bu odam shaytonga ham dars beradi. Qolaversa, mening xayolimdan o’tgan fikrni qanday uqib oldi? Yo’q, demak bu fikr oldin bularning xayolidan o’tgan va so’ngra Maynov yoqqan sham yorug’ida men ham shu ko’chaga bosh suqqanman.
- Lekin sizni tabriklayman, ko’pchilik yo radioga va yoki televideniega borishingizni istayapti.
“Katta” Mirtemirga fikr yuritish uchun vaqt bermasdan so’zida davom etdi.
- Faqat Samandarov qarshilik qilayapti. Hozir uni topib gaplashamiz.
U shunday deb qabulxonaga chiqdi va Maynovga “Samandarovni top”, deya qaytib ichkariga kirdi. “Katta” joyiga borib o’tirishi bilan Maynov ichkariga kirdi:
- Samandarov mashinasida. Uni bog’ladim,- dedi.
- Ukajon, sizdan iltimosim bor, Mirtemirning nomzodiga qarshilik qilmasangiz. Uni televideniega rahbar qilib jo’natayapmiz. Ertagayoq olib borib tanishtirsangiz, – dedi “Katta” muloyim ohangda.
U Samandarov bilan gaplashib bo’lgach, Mirtemir:
- Bu idorani mutlaq qayta tuzish kerak,- dedi unga.- Hali Moskovning nizomi bilan ishlayapti. Menimcha avval bu tashkilotning tuzilishi, nizomi, tizimi haqida hukumat qarori chiqarilishi va undan keyin u erdagi kadrlar masalasi ko’rib chiqilsa, yaxshi bo’lardi.
- Bugun kechqurungacha hammasini tayyorlaysiz. Men imzolab ketaman. Qaror emas farmon tayyorlang. Faqat sessiyadan keyingi uchrashuvimizda talab qilinganidek, bu tashkilotni mustaqil qilishga qarshiman. Bu davlat idorasi. Televidenieni qo’lidan chiqarib yuborgan davlat qudratidan ayriladi.
- Biz bu tashkilotning mustaqilligini talab qilganimiz yo’q. Davlat televideniesi ham qolsin. Yonida mustaqil televidenie tuzilsin. Masalan, men o’sha mustaqil televidenieni oyoqqa qo’yib beraman.
- Mustaqil televidenie tuzish uchun davlatimizning imkonlari yo’q.
- Zotan, bu televidenie o’z nomi bilan mustaqil bo’ladi. Ham iqtisodiy, ham mafkuraviy jihatdan.
- U juda katta mexanizm. Uni oyoqqa qo’ya olmaysiz.
- Bizga faqat ruxsat bersangiz, bas. Butun dunyoda televidenielar reklama hisobiga yashaydilar. Biz ham qaldirg’och davlatimizning qaldirg’och televideniesini reklama hisobiga yashatamiz.
- Mayli, farmonni tayyorlang, lekin hozircha bitta kanalga izn beraman. Davlat televideniesining bir kanalini mustaqil qilamiz. Bu iqtisodiy kanal bo’lsin. Qolganini esa asta-sekin amalga oshiramiz. Uzog’i bilan uch yilning ichida bir emas, o’nlab mustaqil televidenie ochib beraman. Hozir esa davlat televideniesi nomini o’zgartirish haqida o’ylang!
Mirtemir xonasiga keldi-da, televidenie va radio qo’mitasi raisi Xanjar Yoqubovga sim qoqdi:
- Tashkilotning nomini o’zgartirish bahona, – dedi u.- “Katta” meni ishdan quvmoqchi. O’rnimgaHayitboevni tayinlamoqchi. Sizni esa unga o’rinbosar qilib yuboradi.
- “Katta”ning ichiga kirib chiqdingizmi? Muncha xabarni qaerdan oldingiz?
- Shofyorlaridan, – deya kuldi Xanjar Yoqubov. Keyin shu haqdagi latifani aytib berdi.- Yirik bir viloyatning rahbari ertalab ishga borayotsa, shofyori “Xo’jayin, bugun plenum bo’ladimi?”- deb so’rabdi. “Ha, plenumni tush ko’rdingmi? Men chaqirmasam, plenum to’planadimi?- debdi boshliq. Birozdan keyin shofyor yigit: “Xo’jayin, bugun sizni ishdan olisharkanmi?”- deb so’rabdi. “Nafasing o’chsin!”- debdi boshliq. Lekin shu kuni oniydan plenum o’tkazilib, boshliqni ishdan olishibdi. Taxtdan tushgan boshliq sobiq shofyorining yoniga kelib, “Men eshitmay kolgan gaplarni sen qaerdan eshitganding?”- deb so’rabdi. “Bozordan”, deb javob qilibdi shofyor. ” Unday bo’lsa, bozorga borib bilib kelsangchi, meni endi qaysi ishga qo’yisharkin?”- debdi sobiq boshliq. Shofyor “Sizni qamasharkan”, der ekan, shu payt ikki mirshab kelib sobiq boshliqning qo’ltig’idan ushlashibdi…
Xanjar Yoqubov o’zi aytgan latifaga o’zi miriqib kular ekan, Mirtemir unga askiya qildi:
- Shofyoringizni bozorga yuborsangiz-chi, balki qaerga borishingiz ham aniq bo’lib qolgandir.
- Aniq bo’lmasa, bu telefonda latifa aytib jonim nechta? Meni “o’yinbosarlikka” yuborishayapti.
Mirtemirning xayolidan o’zining “O’yinbosar” degan hajviyasi o’tdi. Bu hajviyada u matbuot qo’mitasi raisining tsenzura bo’yicha o’rinbosarini masxara qilgandi. O’rinbosar “r” harfini aytolmay,”Men o’yinbosarman” derdi. Bu esa ishiga mos kelardi.
- Siz qaerdagi o’yinlarni bosdi-bosdi qilishga borayapsiz?
- O’yin qaerda bo’lardi, matbuotda-da, – dedi Xanjar Yoqubov.
- Xafa bo’lmang, siz “R” harfini aytaolasiz. Shu bois haqiqiy o’rinbosar bo’lasiz.
- O’zingiz-chi, o’zingiz?
- Men ham shu erdan qutulganimga shukur qilaman.
- Telefonda bunday demang.
- Qutulishni istaganim uchun ham shunday deyapman-da taqsir.
- Mayli, hozircha o’sha erdasiz, hech bo’lmasa televidenieni ellik foiz mustaqil qilish uchun urinish kerak,- dedi Xanjar Yoqubov.
- Buni ham telefonda aytadigan bo’lsangiz, demakki, Xabar markazidagilar kabi siz ham mustaqillikni istamaysiz,- dedi Mirtemir.
- Bo’pti, men hozir huzuringizga kelaman, – dedi Xanjar Yoqubov.
Mirtemir televidenie va radio qo’mitasi nomini “Teleradiokompaniya” deb o’zgartirdi. Uning qayta tashkil etilishi haqidagi farmon loyihasini tayyorlab bo’lgandi ham-ki, Xanjar Yoqubov kirib keldi.
-”Katta” bunga albatta davlat so’zini qo’shtiradi. Shu bois hozirdanoq qo’shib qo’ying, – dedi.
- Yo’q, keyin bu so’z uchun ellik foiz mustaqillik talab qilamiz, – dedi Mirtemir.
Qolgan gaplar xuddi “bozordagidek” bo’ldi. Xanjar Yoqubov matbuot qo’mitasiga, ilgari Xabar markazida boshliq bo’lib ishlaganHayitboev teleradiokompaniyaga o’tdi.
-Hayitboevning bu sohadan hech xabari yo’q, – dedi “Katta” “davlat” kalimasi uchun “ellik foiz”ni in’om etarkan.- U latta odam, o’zingiz uni boshqarasiz…
5.ISYoN
Yanvar oyi bo’lishiga qaramay havo yumshoq edi. Mirtemirning televidenieda ishlayotganiga bir necha kun bo’lgandi. Ish ko’pligidan u sahar kelib, yarim tunda ketardi. Xonasida yangi tayyorlangan dasturlarni ko’rib ertalabki majlisga loyihalar tayyorlayotgandi. Bosh direktor hovlikib kelib qoldi.
- Bugun Talabalar shaharchasida qandaydir voqealar yuz beradi. O’g'lim talabalarning narx-navo oshishidan norozi ekanliklarini, kecha kechqurun esa ularning domlasi Maratov ” Ertaga tush payti non magazini yonida namoyishimiz bor, agar qarshilik ko’rsatilsa ochlik e’lon qilinglar” debdi.
- Kimga aytibdi? – Mirtemir hayratlanib so’radi.
- O’g'limning Shervon degan do’sti bor, birga o’qishadi, shunga aytibdi. O’g'limga sen uzoq tur, dedim.
Ish ichida Maratov bo’lsa, demak yana qandaydir o’yin boshlandi, deb o’yladi Mirtemir. Maratovni yaxshi taniyman. Ozgina manfaat uchun otasini ham sotib yuborishga tayyor. Aslida talabalar haq. Saylovdan oldin arzongarchilik haqida gapirgan “Katta” saylovdan keyin darhol narx-navoni oshirib yubordi. Ayniqsa, nonni qimmat qilgani talabalarning qonini qaynatishi aniq. Zotan, ular saylov o’yinlarining farqidalar. Saylovdan bir hafta oldin ovoz berishga majbur qilishdi. Bir joyda gugurt yoqilsa, talabalar “portlab” ketishadi. Namoyish qilishsa, mayli. Insonlar o’z haqlarini namoyishlar orqali kun tartibiga qo’yadilar. Talabalarimiz bu yo’l bilan demokratiyani o’rganadilar. Bir kuch, bir mushtga aylanadilar. Adolatning himoyachisi bo’ladilar. Lekin bu ishning boshida Maratovning turishi qandaydir o’yin borligidan darakchi. Maratov hukumatning qo’g'irchog’i. Faqat hukumatning emas, kim pul bersa o’shaning qo’g'irchog’i. Bugunga qadar besh-olti erda bu qo’g'irchoq bosh rol oldi. Qancha-qancha begunoh insonlarning umriga zavol bo’ldi. Avvaliga jilovi Moskovda edi, keyin o’zimiznikilar ham uni qo’llay boshladilar.
… Mirtemir televideniega o’tgandan buyon devondagi gaplardan bexabar edi. Balki devonda bo’lsa ham bu o’yinlardan xabardor bo’lishi mushkul edi. Devonda ham talabalar shaharchasi va hamda Mirtemirning o’ziga qarshi yangi o’yinlar hozirlangandi.
Salimov Maratovni chaqirib gaplasharkan:
- Poytaxt shahar ijroqo’mi sizga bir engil mashina va uy-joy qurish uchun er ajratdi. Sizdan iltimosimiz esa, Talabalar shaharchasida biror- bir voqea chiqib qolsa, uni Mirtemirga bog’lashdir, – dedi.
Salimov birov bilan gaplashishga usta edi. Oliy kengashning o’tgan majlisida Mirtemir Maratovning Moskov bilan aloqasi borligi haqida gapirib uni talabalarga kahramon qilib ko’rsatishgani, aslida esa bu soxta qahramon yashirin xizmatning chirkin ishlarini bajarib kelayotganini isbotlashga uringandi. Oraga “Katta” kirmaganda bu janjalga aylanardi. O’shandan buyon Maratov tishini qayrab yuribdi. Buning ustiga Mirtemir u hakda tanqidiy maqola ham yozdi. Shu bois Mirtemirning ismini eshitgan Maratovning tuklari six-six bo’ldi.
- Shaharchada istagan vaqtda biror -bir voqea chiqara olaman. Lekin uni Mirtemirga qanday bog’laymiz? Shavkat Temur va Iso Xolisga bog’lasak, ularga Xayrullo Saidovni ham qo’shsak keyin Mirtemir ham chetda qolmaydi.
- Mayli, bu keyingi masala. Hozir esa voqea haqida o’ylashimiz kerak,- dedi Salimov.- Kallasi yaxshi ishlaydigan besh-olti bola topasiz. Ertaga narx-navo oshishi haqidagi qaror chiqishi bilan ochlik e’lon qilishsin. Bu bolalarni keyinchalik yaxshi joylarda o’qitib, o’zimizga shogird qilib olamiz. Ochlik sinovidan o’tganlarini avvaliga muxolifatning ichiga joylashtiramiz, ba’zilarini muxolifatning lideriga aylantiramiz, ba’zilarini esa Xavfsizlik qo’mitasiga taqdim etamiz. Xullas, o’zingizga kelajakda ham ishlash uchun ekipaj tuzayapsiz. Ba’zilariga katta-katta va’da bering, ba’zilarini esa adolatni himoya qilishga chaqiring. Nima ham deyman, o’zingizdan qoladigan gap yo’q. “Katta”ning umidi sizda.
Maratov oqshom chog’i gazetachilar fakultetining yotoqxonasiga kelsa, muxolifat vakillari ham shu erda ekan. Ular bilan quyuk salom-alikdan keyin:
- Hozirgina eshitdim, xabarlarda berishdi, narx-navoni oshirishibdi. Biz bunga qarshimiz. Bu masalani parlamentda ham ko’tarib chiqaman. Saylovda bizni erga urishgani etar. Men talabalarimni himoya qilishga qodirman! Hozir so’zimizni aytmasak, qachon aytamiz? Tarix bo’yincha inqilob harakatlarini talabalar boshlashgan, eng og’ir kunlarda mamalakatni talabalar qutqarishgan,- dedi.
Bir zumda yotokxona chorsu bozoriga aylandi. Talabalar jon-jahdlari bilan tortishar ekanlar, Maratov ularning orasida she’rlari va aqlli-aqlli gaplari bilan tanilib qolgan Shervonni chetga tortdi:
- Oralaringizda ochlik e’lon qiladigan pahlavonlar bormi? – deb so’radi.
- Zotan, biz noroziligimizni qaysi bir yo’l bilan ifoda etishni mo’ljallayapmiz. Lekin qachon, qanday? Bu ma’lum emas.
- Nima bo’lsa ham ehtiyot bo’linglar. O’zingga o’xshagan yigitlarni yoningga ol.
Maratov chiqib ketar ekan, talabalar va muxolifat vakillari tortishuvi davom etardi.
Ertasiga Maratov non do’konining yoniga keldi. Salimov bilan kelishib olganlaridek bu do’konga non kech yuborildi. Non keltirilgunga qadar do’kon yonida talabalar turnaqator bo’ldilar. Asablar tobora taranglashib, ko’ngil ostidagi norozilik tashqariga urayotgandi. Bu erda Maratov singarilarning gugurt yoqishiga hojat ham yo’q edi. Shunday ham gulxan yona boshlagandi.
Talabalar tobora ko’payib, o’rtaga shior otayotganlarning soni oshib borayotgandi.
“Saylovlarda bizni aldashdi”.
“Bugun aytadi, ertaga qaytadi”.
“Bizga boshqalardan emas, o’zimizdan “Katta” kerak!”.
“Biz “Katta”ning iste’fosini talab qilamiz!”
Birdaniga bu shiorlarni aytib, mushtlarini osmonga “otayotgan” yigit- qizlar tomonga son-sanoqsiz mirshablar bostirib kelishdi.Ur-to’polon boshlanib ketdi. Mirshablar, OMONchilar osmondan tushib qolishdi-mi hech kim anglolmay qoldi. Kimdir ikki talabaning otib o’ldirilganligi haqida so’ylasa, yana kimdir qaysidir yotoqxonada OMONchilar qizlarni kaltaklashayotganini aytsa, yana birov ko’zi ojiz talabani to’qqizinchi qavatda og’iz-burnini qonga botirib tepkilashganini tilga keltirdi.
Mirtemir Talabalar shaharchasidagi voqealarni bilish uchun mashinasiga o’tirib, o’sha tomonga yo’l oldi. Shaharchaning atrofi mirshablar bilan o’rab olingandi. Uning mashinasini to’xtatishdi.
- Ichkariga kirish mumkin emas, – dedi mirshablardan biri.
- Bu kishi millatvakili, qolaversa televideniening rahbari,- dedi shofyor yigit.
- Millatvakillari, rahbarlar uchun bu er tahlikali. Tuman markazida rahbarlarimiz o’tirishibdi. Ular kimni istashsa, uni o’zlari bilan birga olib kirishadi.
Mirtemir mashinadan tushib mirshablarning boshlig’iga yuzlandi:
- Mayli, meni kiritmanglar, lekin muxbirlarga izn beringlar,- dedi.
- Sizni tanib turibmiz. Agar ichkariga o’tkazib yuborsak, boshimizdan ayrilamiz. Ammo muxbirlarga ham ruxsat yo’q.
- U holda men o’zim o’taman! Kuch bilan to’xtatib qolishga haqqingiz yo’q. Tanlang, yo menga yo muxbirlarga ruxsat bering.
Mirtemir uzoq tortishuvdan keyin muxbirlarni o’tkazib yubordi.
- Iltimos,- dedi muxbirlarni o’tkazib yuborgan mirshablarning boshlig’i,- agar ichkarida so’rab qolishsa, biz Ichki ishlar vazirligining suvratga oluvchilarimiz, deb aytishsin. Chunki sizning xotiringiz uchun ruxsat berdim.
Mirtemir tuman markaziga bormoqchi bo’ldi. Lekin mening asosiy ishim televidenieda, bugungi dasturlarni o’zgartirishim, hukumat rahbarlarini taklif etib, xalqni xabardor qilishim, kontsert dasturlarini to’xtatishim kerak, deb o’yladi. Chunki bir tomonda otishmalar davom etgan paytda, biz kontsert ko’rsatib o’tirsak, na aqli-salimga va na insoniylikka to’g'ri keladi.
Mirtemir muxbirlarni Talabalar shaharchasi tomon o’tkazib yuborarkan:
- Voqealarni har tomondan suvratga olasiz. Bunday sharoitda biz haq tarafida turishimiz kerak. Haqiqatni o’rtaga qo’yish uchun voqealarni to’rt-besh kamera bilan suvratga olaylik,- dedi va ortga qaytib, mashinasiga o’tirdi.
Ishxonasiga kelgan Mirtemir darhol Bosh vazirga sim qoqdi. Hali yaqindagina Bosh vazir etib tayinlangan Abdulla Hoshimov bilan kasalxonada uchrashgandi. O’shanda Hoshimov g’alla vaziri edi. “Katta” “onangni” deb haqorat qilgani uchun yurak xurujiga uchrab, xastaxonada yotgandi.
- “Katta”ning ko’ngli tor bo’lsa, uning qanotlari ostida yashayotganlar uchun dunyo tor bo’ladi. Agar u ko’ngliga yaxshi-yu yomonni, o’jaru- qobilni sig’dira olmasa ham o’zini qiynaydi ham boshqalarni, – dedi o’shanda Mirtemir.
- “Katta”miz yaxshi odamu…- Abdulla Hoshimovning bo’g'ziga nimadir tiqildi. Bu qo’rquv “musht”i edi. Shunga qaramay uzoq suhbat qilishdi. U har qancha ehtiyot bo’lmasin, ba’zi narsalarni tan olishga majbur edi. Suhbatlar qo’r olgan kunlarda uni chaqirib qolishdi. Davolanishni chala tashlab ketarkan:
- Xechqisi yo’q, har kun ertalab sport bilan shug’ullanaman,- dedi.
Mirtemirning xayolini kotibaning muloyim so’zlari bo’ldi.
- Gapiring, Abdulla Hoshimovich telefondalar,- dedi u.
Salom-alikdan so’ng Mirtemir unga:
- Talabalar shaharchasida nima bo’layapti? Eshitishimizcha, talabalarga non yuborishmabdi. Buning ustiga och qolgan talabalarni kaltaklashibdi. Hukumat bu xususda xalqqa biror- bir tushuntirish bermaydimi? Qolaversa, nega bu qadar mirshab va askarlar shaharchaga yuborilmoqda? – dedi.
- Mirtemir aka, – dedi Abdulla Hoshimov garchi yoshi Mirtemirdan ancha ulug’ bo’lsa-da. – Bilasiz-ku, bu xususda “Katta” bilan gaplashish kerak.
- Mayli, gaplashib oling. Hatto bu voqea og’ir tus olmasligi uchun mirshablarni orqaga chaqirish taklifini ayting. Aslida Maratovga o’xshaganlarga kimdir yana rol bergan bo’lsa kerak. Tezroq harakat qilaylik, yomon voqealarning oldini olaylik.
- Menimcha, siz qo’ng’iroq qilsangiz yaxshi bo’larmidi? – dedi Abdulla Hoshimov tovushini yutib.
Qo’rqoq, deb o’yladi Mirtemir. Lekin qo’rqmasdan ham iloji yo’q, chunki u qo’rqish uchun tug’ilgan. Hayotdagi roli qo’rqoqlik.
Mirtemir devonga sim qoqdi:
- Ishlar yaxshimi? Korho nag’zmi? Kak dela? – deya uch tilda “sayray” boshladi Maynov.
Uning kayfiyatiga qaraganda, dunyo tinch. Ba’zan mutloq teskarisi ham bo’lishi mumkin, ichkarida jiddiy tortishuvlar yoki Maynov iborasi bilan aytganda “osmon yiqilib tushgan” paytlarda u sir saqlashga urinadi. Talabalar shaharchasi haqidagi gapni eshitgan Maynov rasmiy ohangda:
- Hozirgina o’rtoq “Katta” Oliy kengash raisi Yo’ldoshevga topshiriq berdilar. U ikki daqiqa oldin devondan chiqib ketdi. Tez orada o’z xonasiga etib boradi. Bu masala bilan endi u shug’ullanadi. Televidenieda esa shahar rahbari chiqish qiladi,- dedi va birdan gap ohangini o’zgartirib, yana rasmiy minbardan o’z holiga tushdi.- Nag’zmi? Yaxshimi? Xorosho, nima dedingiz, Mirtemir aka?
- Uch tilda gapirmasangiz tushunishim qiyin edi,- dedi Mirtemir kinoya bilan.- Shahar rahbari emas, jumhuriyat rahbarlaridan biri chiqib xalqqa tushuntirib bersin.
- O’rtoq Yo’ldoshevga telefon qiling! – U shart etib telefon trubkasini qo’ydi.
Mirtemir Maynovning tarzidan ranjigan bo’lsa-da “o’sha bilan teng bo’lib o’tiraman-mi” dedi-da, Oliy kengash raisiga sim qoqdi. Yo’ldoshev do’rillagan ovoz bilan xuddi radioda Siyosiy byuro bayonotini o’qiyotgandek rasmiy ohangda gapira boshladi. Bu esa uning “Katta”dan rostdan ham topshiriq olganini ko’rsatardi. Aks taqdirda u hol-ahvol so’rashdan nariga o’tmasdi. Har bir narsadan hurkadigan Yo’ldoshev bunday jiddiy ohangda xuddi hisob berayotgan kabi gapirar ekan, demak saroy qozonida ko’p narsa qaynamoqda.
- Maxsus xabarnoma e’lon qilamiz,- dedi Yo’ldoshev.- Komissiya tuzayapmiz. Komissiya tarkibiga jamoatchilik vakillari, huquq-tartibot organlari tamsilchilari, muxolifat rahbarlari ham kiritiladi. Poytaxt rahbari voqealar rivoji haqida gapirib beradilar. Qaysi paytda ko’rsatasiz?
- Axborotdan avval “So’nggi soatda”- degan rukn ostida beramiz.
- Yaxshi, tayyor bo’lib turing!
Yo’ldoshev ham engini ham pochasini shimarib olgan kishini eslatardi. Bevosita “Katta”dan topshiriq olganiga shod edi. Mirtemir bu odamdan bir ish chiqishi qiyin, deb o’yladi-da, siyosiy-iqtisodiy ko’rsatuvlar tahririyati mudirini chaqirdi. Unga shahar rahbarini topishni va uning bayonotini yozib olishini buyurdi.
- Shaharchadan keltirgan barcha reportajlarni beramiz, ortidan esa rasmiy qarashni e’lon qilamiz, – dedi Mirtemir.
Ko’p o’tmay mudir hovliqib keldi.
- Shahar idorasida hech kim yo’q. Hamma Talabalar shaharchasi yaqinidagi shtabda ekan.
- Bular allaqachon shtab ham tuzishibdi-mi?
- Shtabda faqat hukumat telefoni o’rnatilgan ekan. Shu bois o’zingiz qo’ng’iroq qilsangiz.
Mirtemir hukumat telefonidan shahar rahbari telefonining raqamlarini terdi. Telefon jiringlarkan, bular telefonlari bilan birga yurishadi, darrov shtab qurib, hukumat telefonini ham o’sha erga olib borishibdi, har holda Talabalar shaharchasida qishlaydiganga o’xshashadi, deb o’ylarkan narigi tomondan “xasaki” ovoz eshitildi.
Bu Jonibekov edi. Mirtemir xirrik ovozda nutq irod qiladigan Jonibekovni ilk bor katta bir qurultoyda ko’rdi. Rangi oqarib, chehrasi so’lib qolgan Jonibekov o’shanda avval Moskovdagi to’ralarning “po’stagini qoqdi”, keyin hatto poytaxt shahar mirshablarining boshlig’i bo’lgan Xo’jaevni o’zining mashinasini o’g'irlab ketishgani, shaharda jinoyatchilik haddan oshgani, shunga qaramay Xo’jaevga general unvoni berilganidan ranjib gapirdi.
Bu o’sha paytda Kommunistlar partiyasinig boshida o’tirgan “Katta”ga tegib ketdi. Chunki Xo’jaevni generallikka u tavsiya qilgandi. Shu bois “Katta” Jonibekovni chimdib oldi:
- Ikki kishi bir ko’rpaning ostida yotolmasangiz, ZAGSga aytamiz ajratib qo’yadi,- dedi u yonidagi ikkinchi kotibga qarab. Ikkinchi kotibning kadrlar masalasi bilan shug’ullanishini hamma yaxshi bilardi.- Kimga general unvoni berish-bermaslik esa bizning ishimiz.
O’shanda ko’pchilik Jonibekovning ildizi quridi, u barg to’kayapti, yaqinda gursillab yiqiladi, desa-da u mahkam chiqdi. To’g'rirog’i, Xayrullo Saidov uni asrab qoldi. Ammo “Katta” o’z kreslosini mustahkamlab olgan kunlarda Jonibekov balikdek siyrilib, Xayrullo Saidovning arig’idan qochdi. Endi “Katta” uni Xayrullo Saidovga qarshi qo’llana boshladi.
Telefonning naryog’idan kelgan xirrik ovoz birdan tinchib qoldi. Keyin boshqa tovush eshitildi:
- Bu telefon nomeri 54 – 59, kim bilan gaplashmoqchisiz?
- Jonibekovni qidirayapman,- dedi Mirtemir.
- U kishi hozirgina chiqib ketdilar. Hukumat komissiyasiga televidenie rahbarlaridan Musaev ham kiritilgan, qolaversaHayitboev ham shu erdalar.
- Men hali o’zimni tanitganim yo’q, maqsadimni ham aytganim yo’q, siz esa hammasiga oldindan javob berdingiz. Yoningizda kim borligi o’z yo’liga, lekin Jonibekovga ayting, hukumat nomidan gapirish u kishiga havola qilindi. Biz haqqoniyat uchun hukumat fikrini ham bermoqchimiz. Agar gapirmasalar reportajlar bilan kifoyalanib qolamiz, – dedi Mirtemir.
Telefonda gaplashayotgan odam pichirlab bu gaplarni yonidagi kishiga takrorladi. U Jonibekov edi. Mirtemirning tovushini tanigani uchun telefon dastasini yonidagilardan biriga bergandi. U ingichka ovozda “Hammasi o’zini olib qochadi. Baloga esa men qoldim,”dedi. Bu gaplar Mirtemirga eshitilib turgan bo’lsa-da, telefon dastasini tutgan kishi:
- Bilishimizcha Jonibekov Oliy kengash raisi bilan gaplashdilar, uni ham ko’ndirdilar. Abdulla Hoshimov chiqadigan bo’ldi, – dedi.
Birozdan keyin Mirtemir yana Yo’ldoshevga sim qoqdi:
- Bilaman,”Axborot” soati yaqinlashib qoldi. Abdulla Hoshimov chiqadigan bo’ldi! – dedi u qisqa qilib.
Oradan ikki daqiqa kechib teleradio qo’mitasi raisiHayitboev Mirtemirga telefon qildi:
- Men Talabalar shaharchasidan qaytayapman, – dedi u.
- Nima bo’layapti o’zi? Siz qachon borib ulgurdingiz. Meni shaharchaga o’tkazishmadi. Men ham borib voqealarni o’z ko’zim bilan ko’rib kelmoqchi edim.
- Bu tomonga yaqin kelmang. Hech kimni ichkariga kiritishmayapti. Qolaversa, voqealar kechasi yuz bergan, hozir esa shaharchada osoyish hukm surmoqda. Menga muhtaram Yo’ldoshev janoblari telefon qildilar, birov orqali emas, shaxsan o’zlari, xalqimizni voqealardan xabardor qilsak, dedilar. “Katta”miz xassosiyat bilan bu masalaga e’tibor bermokdalar. U kishining topshiriqlari asosida Bosh vazir xalqqa murojaat qiladi. Siz butun televidenieni ana shu ishga safarbar qiling, Bosh vazirning chiqishi biz uchun iftixordir, – dedi u.
MirtemirHayitboevning o’pkadan chiqayotgan gaplarini telefon dastasini qulog’idan uzoqroq tutib tingladi. Keyin reportajlarni ko’rish uchun xonasidan chiqayotgandi yana telefon jiringladi. Bu Bosh vazir edi.
- Mirtemir aka, meni shu ishdan qutqazing, hozir bir tumandaman. Boshqa birortasini topib yozib olsangiz, iltimos,-dedi u.
- Bu oqshom yuz bergan otishmalarda qon to’kilibdi. Qo’limizda reportajlar bor. Mirshablar hadlarini bilishmagan. Qolaversa, ularga kim buyruq bergani ertami kechmi o’rtaga chiqadi. Siz hukumat rahbari sifatida xalqning oldiga chiqib ikki og’iz so’z aytmasangiz, kim aytadi? Axir bu voqealar nega boshlandi? Nima uchun, o’q otgan kimlar, o’lganlar kim, nima uchun shuncha voqea yuz berayapti-yu hukumat jim? Bu savollar faqat meni emas butun xalqimizni qiziqtiradi. Bugun oqshom televidenie ana shu savollarga javob berishi kerak.
Telefonning naryog’idan sas kelmadi. Abdulla Hoshimovning tovushi ichiga tushib ketgandi. U zorlangan ovozda:
- Menga yordam bering, – dedi.
Respublika rahbarlari nima sababdan xalqning ko’ziga qarashdan cho’chishmoqda, deb o’yladi Mirtemir. Xalqimiz “Xo’sh, “Katta” qaerda? Namoyish bo’lgan, yong’in chiqqan joylarga borib, ot minib, olomonni to’xtatganman, deya takrorlovchi zot nega kabinetidan chiqmayapti? Agar kecha oqshom u ikki chaqirimli yo’ldan cho’chimay Talabalar shaharchasiga borganda, olam guliston edi. O’qlar otilmasdi, qon to’kilmasdi” deb o’ylashmaydimi? Xalq o’ylaydi-yu, lekin xalqning o’ylaganini bular hatto xayolda jonlantirishga cho’chiydilar.
Mirtemir reportajlarni ko’rarkan, vujudini titroq bosdi. Besh-olti mirshab bir qiz talabani sudrab ketishmoqda. Uch-to’rt OMONchi esa bir talabani erga yotqizib tepishmoqda. Yotoqxonalardan biriga bostirib kirgan mirshablar dush ostidagi talabalarni kaltaklashmokda. Bu dahshat-ku, deb o’yladi Mirtemir. Nahotki, shu darajada vahshiylashib ketdik? Bu mirshablar hayvonot bog’ida etishtirilgan emas, bular ham qaysi bir ota-onaning farzandlari. Balki bu talabalar orasida ularning ham ukalari, singillari bordir? Nahotki, yuqoridan kelgan buyruqqa ko’r-ko’rona bo’yin egib o’z qardoshlariga o’q otsalar? Axir bu talabalar “Katta”ning saroyini kul qilib ko’kka uchirmadilar? Bor- yo’g'i nonimiz qani, nega nonimizning bahosini qimmat qildingiz, nega saylovda bizni aldadingiz, deb so’rashdi. Ularning “Katta”ning iste’fosini so’rashga ham haqlari bor. Aslida “Katta” minbarlarda ko’kragiga urib gapirayapti-yu lekin xalqqa biror narsa berayotgani yo’q, balki xalqning xirmonini sovurib, haqini eb, haqiga xiyonat qilib yuribdi. Xalkdan bolalaringni o’qitaman, deya soliqlar olinmokda, lekin bolalarning qo’lidagi bir burda noni ham tortib olinayapti. Buni mansabda o’tirganlarga aytish befoyda. Ularning dini ham, imoni ham, Allohi ham, Payg’ambari ham mansab. Lekin mana bu oddiy mirshablar-chi? Nahotki, ular o’zlarini qul deb bilsalar, mansabdagilarning quli deb bilsalar?! Yoki kiyib olgan liboslari ularni robotga aylantirdimi? Qalbi yo’q, aqli yo’q, fikrlamoqdan, mushohada qilmoqdan mahrum bo’lgan robotlarga aylandilar-mi? Balki bir kun bu talabalarning ham ba’zilari mirshab bo’lar? Ular ham o’z farzandlari, o’z aka-ukalariga qarshi qurol ko’tarmaydilarmi keyin? Qasos olmoq uchun shu yo’lga bosh urmaydilar-mi? Bir insofsizning mansabini qo’riqlash, bir xoinning obro’yini asrash uchun qon to’kkan bu insonlarga nima deyish kerak?! Nega men yo’ldan qaytdim? Qo’rqdim-mi?! Yo’q, bulardan qo’rqmayman. Unda nega bormadim? Balki talabalarni asrab qolgan bo’larmidim?! Balki mirshablarni to’xtatarmidim? Sen borguncha bo’lgan ish bo’lgandi, g’isht qolipidan ko’chgandi. Senga tushadigani oxirigacha mujodala etib qotillar kimligini o’rtaga chiqarishda boshqalar bilan birlashishdir. Bir kishi hech narsa qilaolmaydi. Yanchib tashlashadi.
Reportajlarning birida jumhuriyat prokurori Qo’ziboy Nabievning talabalar shaharchasiga kelgani aks ettirilgandi. U minbarga chiqib gapirarkan, yonida Iso Xolis turardi. Qo’ziboy Nabiev talabalarga qarata:
- Siz qonunlarga qarshi ish qilayapsiz. Qonunlarni buzayapsiz. Buning oti isyondir. Isyon esa qonunda og’ir jazoga sabab bo’ladi,- degandi talabalar qo’llaridagi bor narsani unga qarab otdilar. Nabiev bilan Iso Xolis arang qochib qutulishdi.
Qo’ziboy Nabiev uzoq bir rayonda prokuror edi. Qisqa vaqtda jumhuriyat prokurorligigacha etib keldi. O’shanda ko’pchilik “Bu bo’shalang odam “Katta”ga dosh berolmaydi” deyishgandi. Lekin tosh chikdi, “Katta”ning iskanjasiga chidadi. Bunday odamlarni “pixini yorgan”lar toifasidan ham deyishadi. Chunki u “Katta”ning topshiriqlarini hech qachon bevosita o’zi bajarmadi. Doim birovni topdi, birovni ro’baro’ qildi. Ammo nega talabalar shaharchasiga o’zi keldi? Demak masala ancha jiddiy, “O’zing borib kel!” -degan topshiriq olmaganda albatta, bu erga ham borib keladigan “qul” topilardi. Bu voqeadan o’zini olib qochardi.
Darhaqiqat, prokurorni u erga yuborish kimning xayoliga keldi ekan, deb o’yladi Mirtemir. Bunday sharoitda tahdidga o’rin bormi? Talabalarni qizdirish, bu fitnadir! Demak yuborgan odam shuni istagan. Har tomondan qurshab olingan, kaltaklanayotgan, sudralayotgan odamga “sening jazong o’lim” desangiz, u rahmat deydi-mi? Hali ham talabalarimiz insofli ekan! Oxiriga qadar quvib borib, mashinasini ag’darib, o’zining orqasiga tepa-tepa haydab yuborishmaganiga qulluq qilsin.
- Siz qaytgandan keyin shaharchada nima bo’layotganini hech kim bilmay qoldi,- dedi u erga borib kelgan muxbirlardan biri. Ko’p odamni ichkariga kiritishdi. Hatto bir qancha gazetalarning muxbirlari ham o’sha erda edilar. Qaytishimizda mirshablardan biri sizni ichkariga kiritmaganlarni postdan chetlatishganini aytishdi.
Mirtemir hayron bo’ldi. Balki Abdulla Hoshimovga shikoyat qilganim o’z ta’sirini ko’rsatgandir, deb o’yladi. Yo’q, bu odam birovga tanbeh berishga qo’rqadi. Buning ustiga Teleradio qo’mitasi raisi “Devondan butun rahbarlar shaharchaga borishsin, deb aytishdi. Men birinchi o’rinbosar bilan borib kelaman, siz esa bu erdagi ishlarga rahbarlik qilib turing”, degan gapni o’zingizni topolmaganim uchun kotibaga yozdirib ketgandim” deganini esladi. Keyin esa Salimovning yordamchisi qo’ng’iroq qilib, Talabalar shaharchasiga borib-bormagani bilan qiziqdi. Har holda nimadir bor. Mayli, hozircha muhimi bu emas. Muhimi reportajlarni xalqqa ko’rsatishdir. Mirtemir xonasiga qaytgandan keyin Oliy kengash raisi telefon qildi:
- Sizni ham qiynab qo’ydik,- dedi u, men qiynalib ketdim, degan ohangda.
- Xalqqa biror gap ayta olmasak, ana u qiyin,- dedi Mirtemir.
- Sizga nima?Hayitboev ishning ichida, o’rinbosari Musaevni komissiyaga qo’shdik. Ana ularning vijdoni qiynalsin. Qolaversa, bugun beriladigan barcha ko’rsatuvlarni komissiyamiz a’zosi sifatida o’rtoq Musaev ko’rib chiqsin. Bilasiz, bir ish yuzasidan tergov boshlansa, unga hech kimning xalaqit qilishga haqi yo’q. Biz ham tekshiruv olib borayapmiz. Komissiyamiz faoliyati boshi berk ko’chaga kirib qolmasligi uchun har turli tadbirlar olishimiz kerak. Eshitishimcha, siz Talabalar shaharchasiga muxbirlarni olib boribsiz?
- Muxbirlarning borib- bormasligi siz uchun voqea emas, lekin bir millatvakilining mirshablar tomonidan yo’ldan qaytarilishi sizni qiziqtirishi kerak, chunki raisimiz bo’lasiz.
- Siz bormasangiz ham voqealarga aralashganingizni bilamiz. Bundan bu yog’iga ehtiyot bo’ling,- dedi Yo’ldoshev va qo’shimcha qildi.- “Katta”ning topshirig’i bilan hozir Bosh vazir o’rinbosari Samandarov etib boradi. Musaevdan keyin ko’rsatuvlarga nazar tashlaydi va lozim topsa, axborotda chiqib gapiradi.
Ertalab boshlangan bu hangoma kechgacha davom etdi. Nihoyat toqati -toq bo’lgan Mirtemir devon kotibiyatining boshlig’iga telefon qildi:
- Iltimos, kirib “Katta”ga ayting, ko’rsatuvlarimizga tsenzur qo’yishayapti. Bu xabar dunyoga yoyildi. Oqshom Moskva ham ko’rsatadi, bizning jim turishimiz jinoyat bo’ladi,- dedi.
- Hozir shuning maslahati bo’layapti,- dedi kotibiyat boshlig’i. – “Katta”ning huzurida shu xususda majlis o’tkazilmoqda.
Birozdan keyin yana Yo’ldoshev telefon qildi.
- Hammasining dami chiqib ketdi. Bu masalani ertaga hal qilamiz. Bugun hukumat komissiyasi tayyorlagan xabar bilan komissiya ro’yxatini e’lon qiling,- dedi u.
- O’ttiz ikkita ism-sharifni o’qishdan nima ma’no chiqadi? Qon to’kilgani, talabalarni otishga kim ruxsat bergani, necha kishi o’lgani va necha kishi yarador bo’lgani, buning aybdorlari kimligi – bu savollarga bugun javob berishimiz kerak!
- Mayli, buniHayitboev bilan gaplashamiz, – dedi Yo’ldoshev va boshqa telefon jiringlayotganini aytib, suhbatni kesdi.
Besh daqiqa o’tar -o’tmas Mirtemirning xonasigaHayitboev kirib keldi:
- Nega mendan so’roqsiz kamera yubordingiz,- dedi u hovliqib.- Menga “Katta”ning o’zi telefon qilib, kamera-pamerangni yig’ishtir deb aytdilar. Hatto meni “latta” deya haqorat qildilar, rahmatli onamni ham tinch qo’ymadilar.
- Siz o’zingiz nega bir necha marta borib keldingiz-u kamera olib bormadingiz. Siz va mening vazifam u erga borib kelishdan iborat emas. Biz xabarchimiz. Xalqni voqealardan xabardor etishimiz kerak. Agar bu ishni uddalay olsak, asosiy vazifani bajargan bo’lamiz, adolatsizlikning yo’lini kesamiz, o’yinlar uchun imkon qoldirmaymiz. Hozir esa vaqtdan boy berayapmiz, yolg’onning gullashiga yo’l ochayapmiz,- dedi Mirtemir.
- Ukajon, bu er sizga Oliy majlisning minbari emas,- dediHayitboev.Bu fikringizni majlis minbaridan aytsangiz birovga foydasi bo’lishi mumkin. Bu erda esa davlat nima desa, o’shani qilamiz,- bo’sh kelmadiHayitboev.
- Siz ham shu davlatning bir parchasi emas-mi? Fikrlashga va to’g'risini tanlashga haqqingiz yo’q-mi?
- Oilamizda haqqimiz bor. Bu erda esa oilamizning raisi “Katta”miz. U kishi xalqimizga yomonlikni ravo ko’rmaydilar. To’g'risini tanlaydilar.
Bayramboevni kulgichlari doim kulib turgani uchun u xuddi masxara qilib gapirayotgandek tuyulsa-da, bu gaplarni jiddiy ohangda aytayotgandi. Mirtemir o’ylanib qoldi. Yo men boshqa bir dunyodan bularning orasiga tushib qoldim, yoki bular haqlaru men o’jarman. Hozir yana biroz tortishsak, janjallashib qolishimiz aniq, indamay qo’ysam bora-bora indamasga aylanaman. Ba’zilariga shu bilan baravar bo’lib o’tiramanmi, deya qo’l siltaysan, ayrimlarining oshqovoq kallalariga bir kalima ham singdirolmay xunob bo’lasan, mana bundaylar esa beton devordek gap: bosh ursang boshing yoriladi, so’zing o’zingga qaytadi, asabiylashib jig’ibiyron bo’lasan. Lekin baribir kimligini yuziga aytib, basharasini oynada ko’rsatib qo’yish kerak.
- Mayli, otangiz ham oilangizning raisi ham “Katta” bo’la qolsin, lekin o’q egan, qoni to’kilgan, o’n gulidan bir guli ochilmagan yoshda o’ldirilgan talaba o’g'lingiz bo’lsa-chi?
Bayramboev cho’chib tushdi.
- Og’zingizdan bu gapni shamol uchirsin! Xudo saqlasin, deb gapirsangiz-chi, uka.
Bayramboev shunday dedi-da, nimadir yodiga tushgandek “Kechirasiz, bir telefon qilay”, deya Mirtemirning o’rniga o’tdi. U uyiga telefon qilayotgan ekan.
- O’g'ling keldimi? – deb so’radi u. “Ha” javobini oldi shekilli:- Uydan chiqmay o’tirsin, o’rtoqlarimnikiga boraman, desa ham ruxsat berma, hammayoqda… – dedi-yu gapining davomini bo’g'zidan tashqariga chiqarmadi.
- Hammayokda otishma bor demoqchi edingiz, uyingizdagilar tahlikaga tushib o’tiradilar. Hammayoqni mish-mish xabarlari egallaydi, televizorda esa kontsert, – dedi Mirtemir kesatib.
- Kontsertlarni bekor qilish haqidagi buyrug’ingiz ichki nizomga qarshi bo’lsa ham bekor qilmadim. Yoshsiz, yangi rahbarsiz, jamoaning yonida uyalib qolmang, dedim.
Shu payt kotiba qiz kirib, Xalq harakati tashkilotidan bir guruh kishilar kelishganini va rais bilan uchrashmoqni talab qilayotganlarini aytdi.
- Men Musaev bilan reportajlarni ko’rishim kerak. Hozir Samandarov ham keladilar. Siz bu masala bilan ertalabdan buyon shug’ullanayapsiz, hamma gapdan xabardorsiz. Ular bilan uchrashsangiz. Qolaversa, o’zingizning odamlaringiz,- dediHayitboev ham kinoya bilan.
Mirtemir uning kinoyasiga shiddatli bir qarash bilan javob berdi-da qabulxonaga chiqdi. Shoir Sobit bilan birga Xalq harakatining tinib- tinchimagan ayollari kelishgandi. Shoir Sobit keyingi paytda siyosiy faoliyati bilan ham og’izga tushgandi. Vodiy va Soykent voqealaridan keyin hukumatga qarshi namoyishlarning oldingi safida o’rin olgan shoir Sobit xalqni o’zligini tanishga chaqirgan she’rlari bilan mashhur bo’lib ketgandi. Hali yosh bo’lishiga qaramay soqol qo’yib olgani uchun bosiq, ko’pni ko’rgan nuroniyni eslatardi. Moshguruch soqoli aylana yuziga yarashgan, qalin qoshlarining ostida chaqnab turgan ko’zlarini mung bosgan shoirning negadir qaddi bukilib qolganga o’xshardi. U qiynalib-qiynalib so’z topayotgandek gap boshladi:
- Biz hukumatga motam kuni e’lon qilish taklifi bilan chikdik. Motam qayokda,Hayit qilishayapti, – dedi u.- U tomonda bolalarimizni o’ldirishayapti, bu tomonda sizlar kontsert qo’yish bilan ovorasiz.
- Motam fikringizni qo’llayman, lekin kontsert qo’yayotganimiz yo’q. Kontsert va o’yin-kulgi dasturlarini bekor qilganman. Kechqurun, Xudo xohlasa, voqealar haqidagi reportajlarni namoyish etamiz.
- Xudo xohlasa-mi yoki “Katta” xohlasa-mi?- zaharxanda jilmayish qildi shoir Sobit.
Mirtemir hech narsa demadi. Rostdan ham “Katta” xohlamagan bo’lsa kerakki reportajlarni ko’rsatuvdan oldin qarab chiqishga qaror qilishdi. Nima bo’lsa ham mujodala qilamiz, reportajlar, albatta ko’rsatiladi, deb o’yladi Mirtemir.
Shoir Sobit bilan birga kelgan ayollardan biri:
- Alloh madadkor bo’lsin, bu dahshatni xalqqa ko’rsating. Hamda bu kontsertlarga chek qo’ying. Biz esa bu masalada sizga kerakli yordamni beramiz,- dedi.
Ular hukumat idoralariga ham borishganini, Talabalar shaharchasida o’q otgan qotillarga qarshi norozilik namoyishi o’tkazganlarini, bu masalani mutloq oxiriga etkazajaklarini aytib, chiqib ketdilar.
Xayriyatki, shunday insonlar bor, deb o’yladi Mirtemir. Agar ular ham faqat o’z o’g'il-qizlarini o’ylasalar va butun erklarini teppadagi bitta odamga berib qo’ysalar, ana unda olam go’riston bo’ladi. Bu ayollarning har biri oilasida ona, farzandlarining tashvishi bilan yuguradi., yana qaerdadir ishlaydi ham. Shunga qaramay adolat izlashadi. Bu adolatni o’zlari uchun izlashadi-mi? Yo’q, shu xalqim ham boshqalar kabi oydinlikda yashasin, nurga ilhak bo’lmasin, zulm ostida ezilmasin, deyishadi. Xalqqa, Vatanga bo’lgan muhabbat yuraklarida cho’g'ga aylangan. Bu cho’g’ qalblarini yondirib turadi. Shu otashdan kuch oladilar. Ba’zilar ularni anglamaydilar. O’tganning o’rog’i, ketganning ketmoni bilan ishi bor bularning, deyishadi. Ha, ishlari bor. O’sha o’roq millatning boshini kesmasin, o’sha ketmon insonlar oyog’ining ostini kovlamasin, deyishadi. Oz bo’lsalarda, xayriyatki, ular bor.
Shoir Sobit-chi? Uning ham oilasi farzandlari va shu qadar tashvishlari bor. Aslida dardi yo’q inson shoir bo’lolmaydi. Dardning og’irligi shoirning she’rlarini yukdor, salobatli qilarmish. Ammo qanchadan- qancha dardsiz shoirlar yuribdi. Bir qanchasi devonda ishlashmokda. Kizig’i, ular vaqti-vaqti bilan Talabalar shaharchasida she’r o’qib turishadi, o’zlarini talabalardan biri yoki ularning yo’l ko’rsatuvchisi, deb bilishadi.Biz inson ruhining tarixini yozamiz, deyishadi. Talabalar shaharchasida inson ruhi o’ldirilmokda, siz qaerdasiz?! Faqat talabalarga qarshi o’q otilayotgani yo’q, sizga ham qarshi otilmokda. O’zligingizga qarshi o’q otilganda, mum yutib o’tiribsiz. Bundan ortiq razolat, bundan ortiq sharmandachilik bormi? Aslida sizning ham dardlaringiz og’ir. Faqat bu dard shuhratga talpinish, shoirlik orqasidan shohona yashash, o’z jonini qutqarib qolish dardidir. Lekin shoir Sobit sizga o’xshamaydi. Shuning uchun uni sevmaysiz. Aslida unga hasad qilasiz. Ammo bundan bexabarsiz.
Shoir Sobit sho’rolar paytida Sibirda yashadi. Vatan hasrati nima ekanligi unga ayon. Mustaqillik harakati boshlanganda yurtga qaytib, jabhaning oldidan er oldi. Avvaliga uni darbadar, bo’ydoq bir shoir, deb o’ylashdi. Chunki kunni kun, kechani kecha demay yugurib yuradi. Keyin bilishsa, katta bir oilaning otasi ekan. U qaerda haqiqat istab bayroq ko’tarilsa, o’sha erda. Ham she’ri, ham so’zi, ham harakati bilan insonlarga madad beradi. Keyingi kunlarda bu shoir haqida maxsus bir ko’rsatuv tayyorlataman. Umuman, Xalq harakati va boshqa tashkilotlarning vakillarini chaqirib, Talabalar shaharchasidagi voqealarni muhokama qildiraman… Shoirning shaxsi va she’riyati bir bo’lishi kerakmi yoki ayri-ayri bo’lsa ham farq qilmaydi, degan mavzuni tortishuvga qo’yamiz.
6. QON
“Katta” xovliqqansifat qiyofada edi. Bir tomondan bo’layotgan voqealardan ko’nglida g’urur his etayotgandi. Kuch nima ekanligini ko’rsatib qo’yishga fursat etdi deb hisoblardi. Ikkinchi tomondan esa ko’nglining bir burchini bosib olgan qora bulut tarqalmayotgandi. U Salimov va Saidjonni chaqirdi.
- Kichkinagina voqea bo’ladi, lekin unga katta siyosiy tus beramiz, deya og’zingiz qulog’ingizda edi. Xo’sh, nima bo’ldi? – dedi ularga voqealarning haqiqiy ahvolini bilib olish uchun ikkalasini ham birdan to’pning og’ziga qo’yarkan.- Tagingizni ho’l qilib qo’ydingiz. Voqealar nazoratingizdan chiqdi. Nega hodisalar bu qadar keng yoyildi? Ichki ishlar vazirligi nima qilayapti? Xavfsizlik qo’mitasi qaerda?
- Hammasi shu erda. Talabalar shaharchasida uch-to’rt harakat birlashib ketdi,- deya so’z boshladi Salimov.- Xayrullo Saidov mafiya orqali bir guruh talabalarni ishga soldi. Xalq harakati esa saylovda qatnasha olmaganidan norozi edi. Ozodlik partiyasi ham talabalar orasida ish olib borayotgan ekan. Ularning vakillari talabalarning oldiga tushib mirshablarga tosh otishdi, OMONchilarni kaltaklashdi. Buning ustiga qaerdandir dindorlar ham kelib qolishdi. Birdaniga hammasining kimligi o’rtaga chiqdi. Voqealarni nazoratga oldik. Aybdorlarni o’rtaga chiqaramiz.
-Bo’ldi o’zingizni qutqarish uchun darov bahonalarni taxlamang,- uning so’zini kesdi “Katta”,- Ignachining ming urgani, temirchining bir urgani, deyishgan. Daftaringizni oching va yozing:
1- Poytaxtda faollar majlisini chaqiring. Men o’zim gapiraman, sizlarga gapirishni ham ishonib bo’lmaydi. Radio va televidenie majlisni jonli ravishda ko’rsatib, eshittirishsin. Gazetalar asosiy diqqatni shu masalaga qaratsinlar.
2- Talabalar shaharchasida professor-o’qituvchilar bilan uchrashuv o’tkazaman. Shu bahonada tuzumimizga qarshi bo’lgan dushmanlarni ham aniqlaymiz. Ziyolilar orasidagi ajriqlarni yulib tashlaymiz.
3- Poytaxtdagi, to’g'rirog’i, Talabalar shaharchasidagi universitet va institutlarni viloyatlarga ko’chirish haqida farmon loyihasi tayyorlang.
4- Shaharchadagi talabalarni shoshilinch ravishda qishloqlariga, uy-uyiga jo’nating. Transport vazirligi hamma ishni yig’ishtirib, shu masala bilan shug’ullansin.
5- Jamoatchilik vakillari, deputatlar, muxolifat ishtirokidagi komissiya ro’yxatini tuzing. Begona odamlar komissiyaga kirmasin. Komissiya asosiy diqqatini “qora kuchlar”ni o’rtaga chiqarishga qaratsin.
6- Yozuvchilar, shoirlar va olimlar har oqshom televizorga chiqib “qora kuchlar”ning kirdikorlari haqida xalqqa gapirib bersinlar. Ular ham o’zlarini ko’rsatsinlar. Qachongacha tekin eb yotishadi?
7- Ichki ishlar vazirligi, prokuratura va Milliy xavfsizlik qo’mitasi bu xususda jinoiy ish ochsinlar. Butun dushmanlarimizni yo’qotish uchun bu voqeadan foydalansinlar. Bundan keyin muxolifat degan so’zni eshitishni istamayman.
8- Poytaxt va markaziy shaharlar yaqinida maxsus batalonlar tuzish ishini boshlang. Unga erli xalqdan odam olmang.
Saidjon, seni bugundan e’tiboran o’zimga maslahatchi etib tayinlayman. Hoziroq farmonni tayyorlab kel, qo’l qo’yaman. Bu ishlarning hammasini o’zing yuritasan, Salimov bilan maslahat qilib turasan. Har bir qadamingiz haqida meni xabardor qilasan, – dedi.
Salimov jiyanining katta mansabga erishganidan mamnun bo’ldi. “Katta”ni quchoqlab o’pkisi keldi. Lekin xursandchiligini yashirishga urindi.
-Hayitboev telefon qilgandi. Mirtemir hamma ishga aralashayapti. Shaharchadagi voqealarni suvratga oldiribdi. Kotibiyat boshlig’iga esa bularni Moskvaga yuboraman, oqshom tamosha qilasiz, debdi.
Bu gapni eshitgan “Katta”ning qoni qaynadi. Qaynagan qon yuziga urdi. Qovoqlari birdaniga shishib chiqqandek bo’ldi. Vujudida harakatga kelgan bu kuchni mushtiga tupladi-da zarb bilan stolning ustiga urdi.
- Shu bolani yo’qotish og’ir ish-mi? Qo’lingizdan kelmaydi-mi? Talabalar shaharchasi voqealariga bog’lang, gum bo’lib ketsin! – dedi.
- Qo’limizda bir hujjat bor. Polkovnik Raimjonovning odamlari topshirig’ingiz bilan Xayrulla Saidovning jiyanini qo’lga tushirishgandi. Uni televizorda ko’rsatmaslik uchun Xayrulla Saidov Mirtemirga bir million so’m pul bergan -deya Salimov fursat etdi, musofir ketdi qabilida kallasining bir chetiga “yashirib” yurganini harakatga qo’ydi.
- Yig’ishtir bu yolg’oningni, u bola bir million u yoqda tursin bir so’m olmasligiga bizdan boshqa hamma ishonadi. Shuning uchun bahona ham ular ishonadigan tarzda bo’lishi kerak. Qolaversa, qitmir Saidovning birovga pul bermasligini, balki pul olishini ham hamma yaxshi biladi. Raimjonovga ayt uzoqroqdan, Mirtemirga yaqin odamlardan topsin. Kerak bo’lsa Mirtemirning yaqin odamlarini qo’lga tushirib, uni xalqqa ko’rsatishga urinsin. Qarabsanki, Mirtemir tuzoqqa ilinadi. Keyin ikki-uch deputatning nomidan Mirtemirni fosh etuvchi maqola chiqarasizlar. Undan u yog’iga mashinaning o’zi yurib ketadi.
“Katta” Salimov va Saidjonga javob berib yubordi-da, To’rabekov bilan Uzoqovni chaqirdi:
- Oliy ta’lim vazirini, Talabalar shaharchasida studentlari yashagan rektorlarni ishdan olamiz. Bu voqea nafaqat menga, balki sizlarga ham, butun tuzumimizga ham qarshi isyondir. Burnimizning ostida bomba turganini ko’rmaganmiz. Yaxshiyam-ki, talabalarning biz tomonga qarab yurishi to’xtatildi. Agar ular nazoratdan chiqarib yuborilsalar Vodiy, Soykent voqealari buning yonida holva bo’lib qolardi. Barcha muharrirlar va taniqli yozuvchilarni chaqirib gaplashing. Bu isyonning mohiyatini xalqqa tushuntirib berishsin. Har bir viloyat, har bir tumanda faollar majlisi o’tkazing. Har bir talabaning ota-onasi bilan gaplashing, mirshablar borib so’roq qilishsin. Qariyalar, taniqli insonlarning xalqqa murojaatlarini tashkil qiling. Bir so’z bilan, jumhuriyatni oyoqqa turg’azing. Darvoqe, Salimov va ana u Said degan bolaning harakatlaridan xabardor bo’lib turinglar. Ancha makkor bolaga o’xshaydi. Talabalar orasida odamalari ko’p. Shu sabab hozircha uni maslahatchi qilib tayinlashga qaror qildim. Shu soatdan e’tiboran sizga uyqu yo’q. Hushingizda ham, tushungizda ham shu masala bilan shug’ullanasiz, – dedi.
“Katta” “Hasan-Husan”larini chiqarib yuborarkan Maqsad Qulni chaqirdi:
- Moskvani nima qilamiz? Salimovning aytishicha, Talabalar shaharchasidagi voqealarni Mirtemir suvratga oldiribdi va Moskvaga jo’natibdi.
- To’g'ri, men ham eshitdim, uning o’zi bu haqda kotibiyat boshlig’iga aytibdi.
- Bu bolani nazoratga ol, degandim. Qani uning yoniga o’zimning odamimni yuboraman, deganding? Nega voqealardan xabarsiz qolayapmiz?
- Yuborgandim, ishga olmadi. Pora istaganga o’xshab ko’rindi.
- Istagan bo’lsa, nega bermading? U bola sendan aqlliroq chiqib qoldi. Yuborgan odaming josus ekanligini payqagan-ki, ishga olmagan.
Maqsad Qul tipirchilab qoldi. Nima qilib bo’lsa ham bu chigallikning ichidan chiqib qutilishi kerak edi. Yolg’on gapirgandi, “Katta” sezib qoldi. Yolg’oni shapaloqqa aylandi. Nima qilish kerak? Birdaniga xayoliga yangi fikr keldi.
- Menimcha Mirtemirning o’zini Moskvaga jo’natish kerak. U erdagi muxbirlarga hadyani bu safar u olib borsin. Shaharchadagi voqealar “qora kuchlar” tomonidan uyushtirilgan isyon ekanligini u erdagilarga tushuntirib bersin. Bir soat oldingi uchoqda Xalq harakati vakillaridan bir qismi Moskvada matbuot konferentsiyasi o’tkazish uchun jo’nab ketishganini o’rgandik…
- Kimdan o’rganding? Nega qo’yib yuborishdi? Aeroportga telefon qil, uchoqni qaytarishsin. Kerak bo’lsa, uchoqda bomba bor, deb ayt. Barcha kuchlarni bu ishga safarbar qil. Mirtemir haqidagi fikringa esa qo’shilaman.
“Katta” Maksad Qulga “Natijadan meni xabardor qil” dedi-da, Mirtemirning telefonini qidira boshladi. Topolmagach, Maynovga aytib Mirtemir bilan bog’landi.
- Ukajon, siz uchun uchoqni ushlab turibmiz. Bugunoq Moskvaga yo’l oling. Talabalar shaharchasida suvratga olingan lentalardan ham foydalaning. Mamlakatimizning sharafini qutqazish masalasini sizga topshirayapmiz. Ertaga ertalab u erda matbuot konferentsiyasi o’tkazasiz. Men o’zimning barcha vakolatlarimni sizga berayapman. Mening nomimdan dunyoga murojaat eting. Xullas, mustaqil ekanligimizni ko’rsatib qo’yish kerak. Hozir men Qiyomovga aytaman, sizni shaxsan kuzatib qo’yadi. Bu orada, albatta, Chenga uchrashing, – dedi.
Mirtemir studiyaga Samandarov kelgani va ko’rsatuvlarni to’xtatib qo’yishayotgani haqida shikoyat qildi.
- Ular xalq dushmani,- dedi “Katta”.- Qaysi biri bilan shug’ullanay? Ana shularning fitnalari oqibatida talabalarga qarshi o’q otildi. Kerak bo’lsa, bir yigitning yiqilishi bir davlatning yiqilishiga teng. Bir tomchi qon bilan bir daryo qonning farqi yo’q. Bu insofsizlar hamma qilmishlari uchun javob beradilar. Siz ulardan qo’rqmang va chekinmang. Bugun barcha reportajlaringiz ko’rsatiladi. Mana men buyurayapman. Siz esa yo’lga chiqing!
Ko’p o’tmay Maqsad Qul hovliqib kirib keldi.
- Agar uchoqda bomba bor desak, uni qo’shni jumhuriyatga qo’ndirishar ekan. Chunki bizning chegaramizdan chiqibdi,- dedi.
- Keyingi uchoq qachon?
- Ertaga.
- Bo’pti, Qiyomovga ayting Mirtemirni shaxsan o’zi kuzatib qo’ysin. Chen esa Moskvadagi muxbirlarning haqini berib yuborsin. Xasislik qilib o’tirmasin. Muxbirlar ham yomon o’rganishdi. Vaqtida haqlarini olib turishmasa, darrov tanqid qilib yozishni boshlashadi.
“Katta” Maqsad Qul bilan birga xonasidan chiqarkan, tashqarida oqshom cho’kkandi. U kotiblar o’tiradigan joydan bo’ynini cho’zib tashqariga qaradi-da, majlislar zalining yonidagi maxsus oshxonaga kirdi. Eshik yonida kutib turgan xo’jalik ishlari mudiri Salimxonga yuzlandi:
- Og’ayni, nima ichamiz?
- Hammasidan bor.
- Bo’pti, o’zimizning “Posolskiy”dan icha qolaylik. Bugun tongga qadar ishimiz bor. Talabalar shaharchasida begunoh bolalarimizni o’ldirishdi. Bu voqealarni uyushtirgan ablahlarni topishimiz kerak. Yosh-yosh yigitlar nimani bilishadi? Qayoqqa boshlasang o’sha tomonga boraverishadi. Buning uchun ularni otish kerak-mi? Otganlarning o’zini otish kerak.
U shunday dedi-da, Salimxonga mug’ombirona qarash qildi. Salimxon boshini eggancha uni tingladi. Bu ko’p narsani biladi, deb o’yladi “Katta”, lekin quduq. Ichiga tushgan narsa qaytib chiqmaydi. Bundan suv tortib olaman degan odam ham chelagidan, ham zanjiridan ayriladi. Ana shundaylarni to’plashim kerak. Balki Raimjonov bilan Chalmatov “Kerak bo’lsa bir-ikkitasining og’zini konatib qo’yinglar” deganini bunga aytgan bo’lishsa-chi? E, yo’q jonlari nechta? Axir Salimxonning ukasini Chalmatovga o’rinbosar qilib qo’yganman. Bir-biri bilan it-mushuk. Og’izdan gap chiqarish u yoqda tursin, bir-birining yonida nafas olishga qo’rqishadi.
“Katta” yirik jangni boshqarayotgan qo’mondonlardek har bir gapi va harakatini takror xayol g’alviridan o’tkazarkan, o’zini qushdek engil his etayotgandi. Biroz sarxush bo’lganidan keyin esa kuchiga kuch qo’shilgan kishidek shiddat bilan o’rnidan turib ish xonasi tomon yurib ketdi. Gandiraklayapti, deb o’ylashmasin degan xayolda boshini egib oyoqlarini bir to’g'ri chiziq bo’ylab bosgancha odimladi. Maynov eshikni ochib turmaganda, balki boshi bilan borib urilardi yoki eshikni ochaman, deb biror joyga urilib – surilib ketgudek bo’lsa, alamini ko’ziga ko’ringandan olardi.
U to’g'ri o’rniga kelib o’tirdi-da:
- Televizorni qo’y,- dedi Maynovga.- Keyin esa chet el radiolarining xabarlari jamlangan blyutenni olib kel va o’zimizga tegishlilarini o’qi. Barcha vazirlar, Ho’kiz, Botsman, Beriya, Jamila, Qassob va Xozyain navbati bilan telefon qilib raport berishsin,- dedi.
Maynov hammaning laqabini yaxshi bilardi. Hatto o’zining laqabi “Shtirlits” ekanligidan ham xabardor edi. Turabekov “Botsman”, Salimov “Beriya”, Bosh vazirning o’rinbosari Samadov “Devor”, Abdulla Hoshimov “Tryapka”, Qo’ldoshev “Ho’kiz”, Gorbov “Jamila”, Chalmatov “Qassob”, Soliev esa “Xozyain”dir. Maqsad Qulni “Kopchyonka” desa, Salimxonni “Begun” derdi, Qo’ziboy Nabiev esa “Baqiroq”… Xullas, ularning har biriga bu laqablar do’ppi kiygizib qo’ygandek yarashardi. To’rabekov barmoq, desa qo’l kesib keladigan, “onangni…” deb haqorat qilsa, “Qulluq otajon” deb turadigan bo’lgani, “Katta”ning og’zidan gap chiqmasdan “Labbay” degani uchun unga “Botsman” “unvoni” berilgan. Abdulla Hoshimovni esa bo’shligi, lattakesarligi uchun “Tryapka” deydi .Qo’ldoshevning ham ko’rinishi, ham harakatlari va hamda do’rillashi ho’kizni eslatardi. Shuningdek, xalacho’p urib turmasa u na aravani, na kqo’shni tortardi. Gorbov esa majlislarda ma’sum qizdek o’tiradi, go’shangada kuyovni sarson qilib, ertalab qaynonasiga shikoyat qiladigan kelindek doim ranjida qiyofada bo’lgani uchun “Katta” uni “Jamilam” der edi, “Seni bu bo’rilarga em qilib qo’ymayman, Jamilam”, deya hazillashardi ham. Chalmatovni esa ikki yil avval kashf qildi. Qassob xaridorning ko’ziga qarab tanigani, lahm-mi, suyak-mi istaganini his etganidek, Chalmatov ham “Katta”ning ko’nglidagini o’qirdi. Kimni o’ldirish, kimni yo’qotish, kimning og’iz-burnini qonatish, kimning boshidan darcha ochib qo’yish… xullas, unga aytishning keragi yo’q edi. U molini ham, xaridorini ham tanigan qassob bo’lgani uchun laqabi uzukka mos tushgan ko’zdek uning “boyligiga” aylangandi. Soliev og’ir arava. Etti o’lchab bir kesadi. Ipning ignasini ham, teshigini ham yaxshi biladi. Kiyimning qaerdan yirtilishi-yu qaerdan so’kilishi, qaerini tikishu qaerini yamash haqida unga aytish kerak emas. Unga sen xo’jayinsan, bilganingni qil, desangiz etadi. Muhamad Qul bo’lsa bo’yi uzun, ozg’inligi uchun qurib qolgan baliqni eslatadi. Qo’ziboy Nabiev majlislarda xuddi ashula aytgandek baqirib gapiradi. “Katta” uni “Baqirog’im” deya erkalatadi, ba’zan. “Baqiroq” deya quvadi, ba’zan…
7. MARATU
Mirtemir “Katta” bilan gaplashib bo’lgach, yonidagilar unga ishonishmadi. Ayniqsa, Samandarov ikkilanib qoldi. Balki Mirtemir bizni cho’chitish uchun birov bilan gaplashgandir, deb o’yladi. Yo’q, telefon jiringladi va kimdir uni bog’ladi. Balki hech kim bilan gaplashmagan bo’lsa-chi? Axir “Katta” menga telefon qilib “Nima qilsang qil, ko’rsatuvlarni yo’qot” dedi-ku? Nega endi izn berdi? Hozir Mirtemirga ishonib, ko’rsatuvni o’tkazib yuborsam, ertaga elkamdagi boshim uchib ketadi. Balki rostdan ham “Katta”ning fikri o’zgargan bo’lsa-chi? U holda yana baloga qolaman.
Samandarov xayol surgancha reportajlarni tomosha qilarkan, avval QiyomovHayitboevga telefon qildi. Hoziroq Mirtemirning Moskvaga ketishi kerakligini aytdi. Ko’p o’tmay Maqsad Qul sim qoqdi. U safar ertalabga qolganini bildirdi.
- Menimcha reportajlarni ko’rib o’tirishlaringizga hojat qolmadi,- dedi MirtemirHayitboev va Samandarov boshchiligidagi hay’atga.- Voqealarni ko’rsatishimizga “Katta”ning o’zi ham qarshi emas. Qolaversa, u reportajlarni Moskvaga ham olib borishimizni istayapti.
- To’g'ri,- dedi Samandarov.- Lekin reportajlarda bir yoqlamalikka yo’l qo’yilgan. Urilgan, surilgan, qonga botganlar ko’rsatilibdi. Lekin talabalar tosh otganda yarador bo’lgan mirshablar qani? Nega mirshablar tomonidan hech kim gapirmagan? Nega tarozining ikkinchi pallasi bo’sh qolgan?
Mirtemirga Samandarovning voqeani ikki qutbga ajratishi yoqmadi. Lekin o’zi ham reportajlarni tomosha qilganda ana shunday ikki qutblilik haqida fikr yuritmaganmidi? Mana endi hukumat rahbarlaridan biri buni tan olayapti.
- Mirshablar zulm o’tkazuvchi tomon, – dedi Mirtemir. – Ular talabalarni qo’riqlashlari kerak aslida. Har qancha haq bo’lmasinlar yosh bolalarga qarshi o’q otishlari kerak emas edi. Ular dushman yoki dushmanning bolalari emas. Ular bizning tinch bolalarimizga, ukalarimizga, singillarimizga qarshi o’q otdilar, qon to’kdilar.Shu bois bu erda ularning nomidan siz gapirishingiz kerak. Men ertalabdan buyon tarozining ikkinchi pallasini to’ldirishga urinaman, lekin tarozida turadigan odam yo’q.
- Deputat bo’lsangiz ham, biroz o’ylab gapiring,- dedi qizishib Samandarov.- Odam yo’q, deganingiz nimasi? Mana men kelib o’tiribman.
- Unda juda ham yaxshi, demak, tarozining ikkinchi pallasi ham to’ldi, muvozanat saqlandi. Reportajni beramiz, orqasidan siz gapirasiz
- Men hukumat nomidan gapiraman, – qizishdi Samandarov. – Bugun voqeaga hukumatning qarashini bayon etaylik, ertaga esa mirshablardan birini yozib olinglar, mana bu reportajning ba’zi qonli erlarini montaj qilinglar. Undan keyin ekranga olib chiqinglar. Mana men ham osmondan tushganim yo’q, necha yildan buyon ijod qilaman, she’r yozaman, doston yozaman… Xalqning ruhiyatini yaxshi bilaman. Xalqimiz bu reportajni hazm qilolmaydi. Saylovni ko’rdingiz, aksariyat odam “Katta”mizni qo’llab-quvvatladi. Shunday sharoitda xalqni talabalarga qarshi qilib qo’yish to’g'ri bo’lmaydi. Bu voqeani xalq isyon deb qabul qilishi va talabalardan norozi bo’lishi mumkin. Bu masalaning birinchi tomoni, ikkinchidan esa mirshablar bizning posbonlarimiz, ularni yomon otliq qilishga hech kimning haqqi yo’q. Agar mirshablarga bo’lgan ishonch emirilsa, tuzumimizga ishonch yo’qoladi. Uchinchidan esa bu reportajlar davlat komissiyasi ishiga jiddiy ta’sir ko’rsatadi.
Mirtemir bu shoirning ikkiyuzlamachiligi haqida ko’p eshitgandi. Viloyatda ishlar ekan, birdaniga hukumatning tepasida paydo bo’lishi ko’pchilikni qiziqtirgandi. O’shanda Mirtemir ham buning sababini surishtirgandi. “Katta” u ishlayotgan viloyatga borganda, majlisda so’z olib, “Katta” ga bag’ishlangan she’rini o’qibdi. Keyin esa bu she’rni bir ashulachiga yodlatgan ekan, uni sahnaga olib chiqibdi. Orqasidan “Katta”ning qo’liga viloyat gazetasida bosilgan “Katta”miz -madaniyatimizning posboni” sarlavhali maqolasini qistiribdi. Ko’p o’tmay poytaxtga chaqirilibdi.
- Mas’uliyatni men bo’ynimga olaman, – dedi Mirtemir.- Bugun reportajni va sizning sharhingizni e’lon qilaman, ertaga esa mirshablardan intervyu olamiz. Iltimos, studiyaga kirib, fikrlaringizni yozdirsangiz, jonli ravishda chiqmasangiz kerak, har holda. Ko’rsatuvning vaqti o’tib ketayapti.
Mirtemir shunday dedi-da, yigitlarga ko’rsatuvni boshlaymiz, degan ishorat berdi. Samandarov o’rnidan turib, hukumat telefonining yoniga keldi va Abdulla Hoshimovga sim qoqdi:
- Mirtemir ukamiz “Katta”dan ruxsat oldim, Talabalar shaharchasidagi ur-yiqitlarni, o’qdan yarador bo’lganlarni xalqqa ochiq ko’rsatamiz, deyapti. Menimcha, buni ko’rsatib bo’lmaydi. Ertaga voqealarni idora qilolmay qolishimiz mumkin. Mirshablar studiyaga bostirib kelsalar, nima deymiz? Biz qarshilik qildik, lekin Mirtemir ukamiz deputatligini pesh qilayapti.
Samandarov telefon dastasini qo’yishi bilan Mirtemir uning yoniga keldi va jahl bilan:
- Erkakning ishini qilmadingiz. Men sizga deputatligimni ro’kach qilganim yo’q. Bu xususda gap ham bo’lgan emas. Oddiy bir inson sifatida fikrimni aytdim. Qolaversa, men vazifamni bajarayapman, siz esa halaqit qilayapsiz,- dedi.
- Siz meni erkak emas dedingiz, haqorat qildingiz. Bu deputatlik vazifasini suiiste’mol qilish emas-mi? Xalq bergan ishonchni o’zingizga qalqon qilayapsiz.
- Ming afsuski, deputatlik sha’niga yarashmaydi, deya sizni yaxshilab haqorat qilolmayapman. Chunki siz betingizni charm qilib, shuncha odamning oldida yolg’on gapirdingiz.
Samandarov tirjaygancha xonada u yoqdan bu yoqqa yurdi-da,Hayitboevga yuzlandi:
- Qani siz ayting, men tuhmat qildim-mi?
- Menimcha, Mirtemir ukamiz qizishib ketdi. Siz bor gapni ayttingiz. Ko’rayapsiz mening vakolatimni ham qo’limdan olib qo’yayaptilar. Vaholanki, men ham sizning fikringizga qo’shilib, bu reportajni to’xtatmoqchiman.
Mirtemir indamay chiqib ketdi. Reportajlarni ko’rsatuvga hozirlashni buyurib qaytganida xonasida Abdulla Hoshimov o’tirardi.
- Samandarov emas, men chiqadigan bo’ldim,- dedi u. – “Katta” meni yubordilar. Reportajlarni esa ertaga berarkanmiz. Bugun qisqagina ko’rsatib, reklama qilar ekansiz, o’shanda ertaga hamma to’planib tomosha qiladi.
- Xalqning tavqi la’natini ko’tarish og’ir. Sizlar shunga o’rgangan bo’lishlaringiz mumkin.Agar shu reportaj berilmasa, iste’fomni qabul qiling!- deya eshikni yopib, chiqib ketdi Mirtemir.
Ular reportajdan bir qism ko’rsatib “Ertaga bu haqda batafsil hikoya qilamiz”, deb e’lon qilishdi. O’zlaricha na sixni va na kabobni kuydirgan bo’lishdi.
Mirtemir ertalabgacha uxlay olmadi. Saharlab uyining yoniga mashina keldi. “Moskvaga borolmayman” deya mashinani qaytarib yubordi. Ko’p utmay Maynov telefon qildi.
- “Katta” ga ayting meni qabul qilsin. Iste’fo bermoqchiman, – dedi Mirtemir.
- Uzr, bu masalalarga biz aralashmaymiz. Bu jiddiy masala, yo’lini topib, o’zingiz uchrashing. Bugun poytaxtda faollar yig’ilishi o’tkazadilar. U erda uchrashishingiz qiyin, chunki juda ham band bo’ladilar. Menimcha, Moskvaga borib keling. Erta emas, indin Talabalar shaharchasidagi Madaniyat saroyida professor-o’qituvchilar bilan uchrashadilar. O’sha erda gaplashasiz, – dedi Maynov.
Darhaqiqat, bu bir imkoniyat, deb o’yladi Mirtemir. Moskvada matbuot konferentsiyasi o’tkazib, bo’layotgan gaplarni dunyo jamoatchiligi oldiga qo’yaman. U ana shu fikr bilan yo’lga chiqdi. Moskvada jumhuriyat tamsilchisi kutib oldi.
- “Katta” shaxsan telefon qilib, matbuot konferentsiyasini bekor qildilar. Siz olib kelgan narsalaringizni bizga topshirib, orqaga qaytar ekansiz.
- Nega bekor qilishdi? Men hech narsa olib kelganim yo’q.
- Xalq harakati vakilllari idoramizni qurshab olishdi. Tinimsiz matbuot konferentsiyasi o’tkazishayapti, – dedi tamsilchi.
Mirtemir Xalq harakati vakillari bilan uchrashib, bo’lgan voqealardan ularni xabardor etdi. Keyin shu kuniyoq ortga qaytdi. Kelsa, televidenie tinimsiz ravishda “Katta”ning faollar majlisidagi nutqini takrorlab ko’rsatayotgan edi. U majlisda shu qadar jo’shib gapiribdi-ki, Mirtemirning ham vujudi titradi. Bu unga ishonchdanmidi yoki nafratdanmidi, o’zi ham anglab etmadi.
“Katta” hamma orzu qilib yurgan gaplarni gapirgandi:
“Xalq harakati va Ozodlik partiyasining bitta maqsadi bor. U ham bo’lsa Vataniga, millatiga xizmat qilishdir. Agar ana shu yo’ldan borishsa, men Islomga ham, mafiyaga ham yo’l beraman.
Ey, odamlar! Olti oy, etti oy sabr qiling, avgust-sentyabrgacha sabr qiling. Tiz cho’kib surayman, so’ng hayotimiz farovon bo’ladi. Men sizlarga hayotni jannat qilib beraman. “Qora kuchlar”dan birinchi navbatda talabalarni, so’ngra sizni qutqazaman.
Qotillar topiladi va javobgarlikka tortiladi. O’q egan yigit mening o’g'limdek, azob chekdim. Uning yurtiga borib, qabrga o’zim qo’yaman va uning xuni uchun qotillardan hisob so’rayman…”
Mirtemir Talabalar shaharchasidagi Madaniyat Saroyiga keldi. Uchrashuv kichkinagina xonada bo’ldi. “Katta” bu erda ham faollar yig’ilishidagi gaplarini aynan takrorladi. Domlalardan ayrimlari uni qo’llashdi.
- Menda bir savol bor,- deya o’rnidan turdi hajvchi Xudoyqul Muxtorov.
Mirtemir uni yaxshi taniydi. Universitetga kirganida ilk darsda shu domla bilan tanishgandi. O’shanda Xudoyqul Muxtorov erkin mavzuda insho yozdirdi. Ertasiga esa besh kishini o’rnidan turg’azib “Sizlar universitetga tankasiz kirgansizlar. Qolganlarning esa orqasidan itargan tankasi bor”, dedi. Mirtemir ham o’sha besh kishining ichida edi. Qolganlar domladan ranjigan bo’lishdi.
- Haqiqat ayovsiz va ranjituvchi bo’ladi,- dedi Xudoyqul Muxtorov.- Haqiqatni himoya qiluvchilar o’jar, cho’rtkesar, qiziqqonga o’xshab ko’rinadilar. Aslida esa ular bunday emas. Ularni shu tarzda ko’rishga istaganlar uchun orzularini ro’yobda tasavvur qiladilar. Men xulosamni osmondan olganim yo’q. Har biringiz ichingizda qanday bildi ekan, deb o’tiribsiz. Lekin ayni paytda meni yolg’onchi ham deyapsiz. Jamiyatimizning inqirozi ana shunda, ichimizda boshqamiz, tashqarida boshqamiz.
Xudoyqul Muxtorov ko’pincha masal yozardi. Masal orqali hayvonlarning tili va obrazida hamma gapni aytish mumkin. Balki shuning uchun ham u xushchaqchaq odam edi. O’zini o’ylantirayotgan va qiynayotgan dardlarni masallarga to’kib, engil tortardi. Mana endi u birinchi bo’lib “Katta”ni savolga tutmoqda.
- Talabalarni otishga kim ruxsat berdi? Siz mamlakatning boshida o’tiribsiz, bu narsani bilishingiz kerak.
- Yoshingiz nechchida? – so’radi “Katta” undan.
- Siz bilan bir yilda tug’ilganmiz,- dedi u.
- E, yashang Xudoyquljon! Tengqur ekanmiz, qani ayting-chi, nega talabalarni qaytarib qolmadingiz?
“Katta” o’ziga xos “manyovr” bilan Muxtorovning savolini chetlab o’tib, o’zini nishonga oldi.
- Gazetachilar fakultetining talabalari ochlik e’lon qilishdi. Ularga “Bolalarim, to’qqiz qatli binoning ustida o’tiravermang, bo’yragingiz shamollashi mumkin”, dedim.
Muxtorovning gapini “Katta” bo’ldi:
- Ularning buyragi emas, miyasi shamollagan, miyasini davolash kerak! Bildingiz-mi, Xudoyquljon. Buyrak shamollasa, go’r ham chalmaydi!
- Go’r chalish, chalmasligi nimaligini bilmadim-u, Lekin…
Uning gapini yana “Katta” kesdi:
- Mana mening ham buyragim kasal…
Endi Muxtorov “Katta”ga mudohala qildi:
- Bizga kelajakda buyragi sog’lom rag’barlar kerak. O’shanda ularning miyasi ham shamollamaydi.
“Katta” tushundi-yu tushunmaslikka oldi. Olimlarning ichida u bilan adi-badi aytishni istamadi. Kichik zalda tikilib o’tirgan domlalarning ba’zilari Xudoyqul Muxtorovga qoyil qolsalar, ayrimlari bu o’jarligini qo’ymadi-qo’ymadi-da degandek, bosh silkishdi.
Birdan zalda shivir-shivir boshlandi. Tashqarida yuzlarcha talabalar to’planishibdi. “Katta” bilan ko’rishmoqni talab qilishayotgan ekan. Ularning vakili sifatida Maratov bilan Xalq harakatining yo’lboshchilaridan biri bo’lgan Ismat Shuhratullaev ichkariga taklif qilindi. Avval Maratov so’z oldi:
- Men non do’konining yonida turgandim. Non kelmagani uchun talabalar norozi bo’lishdi. Asta-sekin ular ko’payib ketishdi. Shu payt OMONchilar keldi. Ularning rahbari mening yonimda edi. U kishi juda yaxshi odam ekan. Otishga ruxsat bergan emas, balki meni himoya qilib turdi. O’q otganlar provakatorlardir, “qora kuchlar”ning odamlari. Televidenie esa mirshablarni, Jonibekovni ayblab ko’rsatuv tayyorlabdi. Xayriyat-ki, bu ko’rsatuv ekranga berilmadi. Umuman, “Katta”mizga tushunish qiyin. Mirtemir u kishiga qarshi Oliy majlisda to’ntarish hozirladi, u kishini sharmanda qiluvchi bayonot tarqatdi, majlisda haqorat qildi, lekin uni olib kelib televideniega rahbar qilib qo’ydingiz. Mana endi faqat sizga emas, yurtimizga dushmanlik qilayapti. Hozir Moskvada o’tirib, matbuot konferentsiyasi o’tkazayotgan ekan…
Mirtemir indamay o’rnidan turdi. Unga ko’zi tushib qolgan Maratov:
- Mana bu erga ham etib kelibdilar,- dedi.
Mirtemir so’z so’ragandi,”Katta”:
- Bu erga talabalarni tinglashga keldik,- dedi va Ismat Shuhratullaevga so’z berdi. Keyin vazir, rektor va yana bir necha kishini ishdan olajagini aytib, tashqariga chiqdi. Mirshablar tomonidan qurshab olingan mashinasi eshikning og’zida turardi. U bir zumda ko’zdan g’oyib bo’ldi.
Mirtemirning xayolidan Maratov ketmayotgandi. Nega bu odam xayolimdan chiqmay qoldi? Darvoqe, u mendan nima istaydi? Nega bu hodisalarga mening nomimni bog’lashga urindi? Bundan uning bir manfaati bormi? Darvoqe, Maratov o’zining fikri bilan yurmaydigan odam. U gohida Kommunistik partiyaning ibratli tanqidchilaridan biriga aylansa, gohida muxolifatning liderlaridan biri bo’ladi. Har kun qiyofasini o’zgartirib turadigan bu buqalamun yuqoridagi akalarining ko’rsatmasi bilan turlanadi. Ulardan qanday topshiriq olsa, o’sha musiqaga o’ynaydi, ammo mahoratli o’yinchi. Uyat, hayo degan narsalarni bilmaydi. Maratov degan so’z qaerdan menga tanish? Maratov… Maratov… Ha, topdim! “Maratu” rivoyatidan. Darvoqe, rivoyatdagi Maratu bilan uning familiyasi bir-biriga juda yaqin. Maratuning qilmishi, fe’l-xuyidan Maratov xuddi andoza olgandek. Balki Maratov Maratuning bir necha ming yildan keyin paydo bulgan nusxasidir, balki o’zidir. Yo’q, u menga qarshi bo’lgani uchun Maratuga o’xshatayapman. Axir Maratov faqat bugun menga tosh otayotgani yo’q-ku?!. Yillardir u xalqqa qarshi o’ynalgan o’yinlarning bosh qahramoni. Buni ko’pchilik yaxshi biladi. Lekin undan hayiqishadi. Ba’zilar esa bir kun mening ham yoqamga yopishmasin, deb u bilan yaqinlashishga, do’stlashishga harakat qilishadi.
Mirtemir tashqariga chiqar ekan, xayolida “Maratu” rivoyati gavdalandi. Samoniylarning to’ng’ichi bo’lgan hukmdor tog’ etagida yashagan Shoshu qabilasining boyliklari qoyalar ostidagi g’orda ekanligini taxmin qilardi, ammo bu g’orning og’zi qaerdaligini bilmasdi. U qabila boshlig’ini, uning ayolini har qancha qiynamasin, biror gap ololmasdi. Ularning ikki o’g'li bor edi. Biri qiynoqlarda jon berdi, ikkinchisi esa hukmdorning oyog’ini o’pdi. Uning pulga, mansabga oshiqligini sezgan hukumdor avray boshladi:
“Seni qabilaga rais etib tayinlayman. Boyliklar qaerda ekanligini aytsang, bas. Yarmini senga qoldiraman.”
” Otam Murunta tog’idan oltin koni topgandi. Ana shu oltinlarni g’orlarga yashirdi. Kirish yo’llarini hatto bizga ham ko’rsatmadi”
” Nahotki, hech kimning xabari bo’lmasa?”
” Kunduz kunlari otam oltinlarni qoyalarning etagiga qadar tashitardi, keyin yarim tunda onam bilan ularni qaergadir olib borib yashirardi. Bizga esa bu oltinlarning g’orlarga yashirganini va ularni meros qoldirajagini aytardi.”
” Dunyoda qanday qiynoq, qanday iskanja bo’lsa otangga va onangga qarshi qo’lladim, lekin miq etishmadi. Men ertaga ertalab uzoq safarga ketaman, agar sen bu ishning uddasidan chiqsang nafaqat bu qabilaning, balki qo’shni qabilalarning ham xirojini terishni senga topshiraman.”
” G’or og’zini bilsa-bilsa onam biladi. Lekin uning bardoshi otamnikidan ham yuksak. O’ldirsangiz ham bir so’z olish qiyin.”
” Ayol zotidan gap olishning yo’llari ko’p. Sen otangga juda ham o’xshaysan. Gavdang, tovushing, ko’rinishing quyib qo’ygandek otangnikiga o’xshaydi. Yarim tunda onangning qo’yniga kirasan. Unga hukmdor boshingga urganini, hamma narsani unutganingni aytib, g’orning og’ziga olib boradigan yo’lni so’raysan.”
” Baribir aytmaydi. Buning ustiga men onamning qo’yniga kirolmayman.”
” U holda ukangga o’xshab qiynoqning quli bo’lasan. Avval ko’zingni o’yib olaman, keyin barmoqlaringni kesaman. So’ngra esa shakar tomiringga cho’g’ bosaman. Tanla, bu azoblar yaxshimi yoki qabilaning raisi bo’lish-mi? Istasang, farmonni va oltinlarning yarmiga egalik qilishing haqidagi qarorimni hoziroq charm teriga yozib, qo’lingga beray. Belingga bog’lab ol. U senga kuch beradi.”
“Onam baribir aytmaydi.”
“Oqshom onangni so’roqa chaqirib og’ziga sharob to’kamiz. Sen qorong’uda uning qo’yniga kirasan. Uni erkalaysan. Nozik tuyg’ularini junbushga keltirasan. Meni la’natlaysan. Bu azoblardan yaqin orada qutilishini quloqlariga shivirlaysan. Butun istaklarini qondirasan. Ana undan keyin oltinlar ham, mansab ham seniki.”
Maratu xukmdorning aytganini qildi. Onasidan g’orga olib boradigan yo’lni o’rganib, chodir tashqarisida poylab turgan hukmdorning yoniga yugurdi.
” Sen mard bola ekansan. Menga ko’p foydang tegadi. Bu qabilaga rais qilib qo’ysam, noinsoflik qilgan bo’laman. Seni o’zimga xazinabon etib tayinlayman. Xalqdan soliq yig’asan.”
” Qulluq, qanday amringiz bo’lsa, hammasini bajaraman.”
” Unday bo’lsa ota-onangni yo’qot. O’g'li bilan yotgan ona boshqalar bilan ham yotadi. Otang esa senga dushman bo’ladi. Chunki men bilan birga bo’lishingni xoinlik, deb hisoblaydi.”
Oyni etak bilan yopib bo’lmaydi, deganlaridek, Maratu qilmishi ham xalq orasida tillardan tillarga ko’chib yurdi. Maratuning devonbegi bo’lgani, undan keyin Bosh vazirga qadar yuksalgani paytida,odamlar bu mudhish voqea haqida ovoz chiqarib gapirishga qo’rqishardi. Ammo bir kun hukmdor xalqning oldiga chiqib:
- Men Maratuni halol, pok inson, deb bilgandim. Uning ota-onasi va ukasini o’ldirishgach, bu oilaga yordam qilmoqchi bo’ldim. Bu bolani Bosh vazirlikkacha ko’tardim. Lekin o’limga hukm etdim. Chunki u bir paytlar o’z onasining qo’yniga kirgan ekan. Buni e’tirof etdi. Shu bois Maratuning jasadi butun qish bo’yi dorda osig’lik turishini buyuraman. Hamma bundan ibrat olsin. Bu nafaqat xoinning jazosi, balki bu yarim tunda aldangan onaning qarg’ishi hamdir, – dedi.
Odamlar hukumdordan qo’rqqanlari uchun “Uni bu ishga sen boshlaganding. Ikkalang ham la’nati shaytonning darsini olgansan” deb aytisholmadi. Ammo “Maratu” afsonasi ellardan ellarga, yillardan yillarga ko’chdi. Rivoyatga aylanib yashadi. Kimdir bu rivoyatdan dars oldi, kimdir o’z bilganidan qolmadi.
Maratov ham ana shu dars olmaganlar toifasidan edi. U ham hukmdor uchun har qanday buyruqni bajarishga tayyor bir Maratu edi.
8. ISTE’FO
“Katta” kechqurun mahalliy va chet el muxbirlari ishtirokida matbuot konferentsiyasi o’tkazdi. Mirtemir uning izini yo’qotib qo’ymaslikka uringan izquvardek matbuot konferentsiyasiga keldi. So’z olib, bo’lgan voqealarni qisqa qilib gapirdi. Lekin “Katta” odatiga ko’ra javob berish o’rniga boshqa narsalar haqida to’xtaldi. Konferentsiyadan keyin Mirtemir “Katta”ning yoniga borib, arizasini topshirmoqchi bo’ldi. Uning kelayotganini ko’rgan “Katta” muxbir qizning belidan quchoqlab, unga muhim gapi bordek, qulog’iga bir narsalarni pichirlagancha, orqa eshikdan chiqib ketishdi.
Mirtemir iste’fo arizasini ko’paytirdi-da, bir nusxasini Maynovga, yana bir nusxasini Uzoqovga berarkan, koridordan Salimovning kelayotganini ko’rib qoldi:
- Sizni ham qiynab yurmay, meni yo’qotish uchun ovora bo’lishingizga hojat qolmadi. Mana iste’fom, – deya bir nusxasini unga uzatdi.
Salimov sovuq basharasini bujmaytirgancha kulimsiragan ko’rinish berishga urindi.
- Ukajon, meni Bosh vazirga o’xshatdingiz. Iste’fongizning adresi Bosh vazirdir,- dedi.
- Bosh vazir ham sizning qo’g'irchog’ingiz bo’lgani uchun uni ovora qilib yurmay dedim-da. Mayli, ovorasi bor-mi? Sizga u olib kela qolsin, – Mirtemir shunday deb qayrilib devondan chiqib ketdi.
Mirtemir Oliy kengashga kelsa, Vohidovning xonasida Iso Xolis va yana ikki-uch kishi o’tirishgandi. Vaqt allamahal bo’lib qolganiga qaramay ularning bamaylixotir o’tirishlaridan, kimnidir kutishayotgani ma’lum edi. Salom-alikdan keyin Mirtemir bo’lgan voqealarni Vohidovka gapirib berdi. U bosh chayqab qo’yarkan “Mana Iso Xolis davlat komissiyasi tarkibiga kirdilar. Shu bois bu masalaning bosdi-bosdi qilinishidan qo’rqmasak ham bo’ladi,” dedi. Iso Xolis esa:
- Iste’fonomangizni bering, biz gazetamizda nashr ettiramiz,- deya Mirtemirdan iste’fonomaning bir nusxasini oldi.
Keyin ma’lum bo’lsa, ular ham Bosh vazir Abdulla Hoshimov bilan uchrashmoqchi ekanlar. Bosh vazir Mirtemirning iste’fonomasini erinmay, toqat bilan o’qidi:
“Poytaxtning Talabalar shaharchasida ro’y bergan fojea yurtimizda oshkoralik, rostso’zlik yo’qligi, inson huquqlarini toptash hali beri barham topmasligini isbotladi. Men rahbar bulgan jumhuriyat televideniesidan ko’rsatuvlar olib qo’yildi. “Munosabat” rukni bilan hozirlangan maxsus ko’rsatuv ekranga chiqarilmadi. Oshkoralik uchun kurash yo’llari bekitib tashlandi. Meni iste’fo berishga undagan sabablar quyidagilardir:
1. Har qancha urinmaylik, Talabalar shaharchasidagi voqealar haqida oshkora fikr bildirilishiga yo’l berilmagani.
2. Soykent voqealari yuzasidan tuzilgan komissiyaning xulosasi sir saqlangani kabi Talabalar shaharchasidagi fojea yuzasidan ham o’sha uslub qo’llanilayotgani.
3. Yana yakkahokimlik, diktatura boshlanayotgani. Xalqning og’ir ahvolini engillatish o’rniga faqat va’dalar berish va mansabtalash bilan band bo’lishayotgani.
4. Siyosatda barqarorlik yo’qligi, milliy birlashuv haqida tinimsiz gapirilgani holda amalda teskarisini qilib, nizo-adovat keltirilib chiqarilayotgani.
5. Kadrlarni tanlashdagi jiddiy xatolar, bu boradagi o’pirilish, rahbar kadrlarga ishonchsizlik, ularni asosan shaxsiy sadoqatiga qarab tanlash, qobiliyati, bilimi e’tiborga olinmayotgani.
6. Mahalliychilik illatining ildiziga suv solish, odamlarni bir-biriga qarshi qo’yish kasalini davolash o’rniga uning avj oldirilayotgani.
7. Xalq taqdiri va kelajagi bilan shug’ullanish o’rniga ikr-chikirlar, quvg’inlar, inson huquqlarini toptash bilan band bo’linayotgani.
8. Muxolifatdagi partiya, Harakat uyushmalarga nisbatan minbarlardan yaxshi gap aytilib, amalda ular ta’qib qilinayotgani.
9. Xalqning ahvoli kun sayin og’irlashib borayotgani, buning oldini olish uchun aniq dastur yo’qligi.
10. Millatvakillarining erkin bahslari, bor gapni ayta olishlari uchun sharoit yaratilmagani va aksincha og’ir, nosog’lom vaziyat vujudga keltirilgani, fikrlar, takliflarga e’tibor qilinmayotgani…
Ana shu sabablarga ko’ra, hukumat tarkibidan chiqaman hamda o’zimni unga nisbatan muxolifatda, deb hisoblayman. Hukumat tarkibida turib bu illatlarga qarshi kurash yo’lini topmadim. Hukumat a’zolari uchun yo’llar berk va ochilmasdir…”
Iste’fonomani o’qib chiqqan Bosh vazirning qo’li titrayotgan edi. U qurib qolgan lablarini tili bilan xo’llagan bo’ldi-da, gapirishga shaylandi, lekin nimadir bo’g'ziga tiqildi. Iste’fonomani yon daftarining ichiga qo’ydi va o’rnidan turib, Mirtemirning qo’lini mahkam siqdi. Keyin uning elkasidan quchoqlagan bo’lib, eshik yoniga qadar kuzatdi. U lom-mim demasa-da, xayrixox ekanligini Mirtemir angladi. Shu bilan birga uning bu harakatlari: “Bu siz bilan oxirgi uchrashuvimiz” ma’nosiga ham kelardi.
Mirtemir chiqib ketishi bilan Bosh vazir Salimovning yoniga yugurdi:
- Buni muxolifatning gazetasida ham nashr etishar ekan. Boshimizga balo bo’lmasin,-dedi.
Salimov xotirjamlik bilan iste’fonomani olarkan, o’qib ham ko’rmagani Bosh vazirni ajablantirdi. Ammo Salimov allaqachon iste’fonomaning nusxasi o’ziga etib kelgani va “Katta”ga olib chiqib ko’rsatgani haqida unga hech narsa demadi. Faqat:
- Muxolifatning gazetasini ham o’zimiz bosamiz, qo’l qo’ymasak, chiqmaydi, – deya Bosh vazirni tinchlantirdi.
Bosh vazirni tavoze bilan kuzatib qo’ygan Salimov Raimjonovga telefon qildi.
- Hujjatlar bitdi-mi? Tezroq olib kelsangiz “Katta”ga qo’l qo’ydiramiz va Oliy kengash rayosatiga yuboramiz. Kechasi bilan rayosatni to’plash kerak,- dedi.
Xuddi bir narsani unutgan kishidek, “gapni” kalta qilgan Salimov Oliy kengash raisi Qo’ldoshevga bog’landi:
- Kechasi rayosat a’zolarining ruxsatini olish kerak bo’ladi. Deputatlardan birining daxlsizligini bekor qilamiz,- dedi xotirjam ohangda. Ammo deputatning kimligini aytmadi. Qo’ldoshev so’z kim haqida borayotganini bilardi.
Mirtemir uyining yoniga kelganda kiraverishda uni bir kishi qarshiladi.
- Ismim Po’lat,- dedi u.- mirshab bo’lib ishlayman. Ilgari vazir o’rinbosari bo’lgan bir akamiz siz bilan uchrashmoqchilar.
Mirtemir bular yana biror o’yin boshlayotganga o’xshaydi, deb o’yladi-da, haligi odamning boshidan oyog’iga qadar razm soldi. Novcha, qishloqlik yigit, yuzida samimiyat bor. Shunga qaramay bularga ishonish qiyin, deya o’ylagan Mirtemir, indamay ichkariga qarab yurdi. Po’lat uning orqasidan kelib, u bilan birga liftga chiqdi.
- Vazirlikda sizga qarshi fitna tayyorlanayapti. Bu ishning boshida Raimjonov turibdi. Talabalar shaharchasida ham “O’q otish” buyrug’ini u bergan.
- Hammasi to’g'ri bo’lishi mumkin. Lekin men bu soatda o’zim tanimagan odam bilan uchrashishga borolmayman, dedi Mirtemir “iltimos meni tinch qo’ying” degandek.
- Iste’fonomangiz “Katta”ni juda ham qizdiribdi-, dedi Mirtemir bilan birga liftga chiqqan Po’lat.- Ertalabga qadar rayosatning ruxsati chiqadi va sizni darhol qamoqqa olishadi. Raimjonovning odamlari Suzoqqa borib, bir necha kishidan “Mirtemir bizdan pul istadi”degan yozuv olib kelishdi. Odamlarni majburlab, qo’rqitib shunday yozuv olishgan. Mana nusxalari…
Mirtemir liftdan chiqarkan:
- Mana bu uy Milliy xavfsizlik qo’mitasi boshlig’inikidir,- dedi chap tomondagi temir eshik tomonga ishora qilib. Shu bois bu erda gaplashishimiz tahlikali. Yuring, yaxshisi uyga kirib gaplashamiz.
- Uyingizdan bu er bexavotir. Ichkariga kirsak, suhbatimizni yozib olishlari aniq,- dedi Po’lat sodda ohangda.
Mirtemir maktublarga nazar tashladi.
“Men Hakim Eshqobilov Suzoqda baliqchilik bilan shug’ullanaman. Biz baliqlarni qo’shni jumhuriyatga olib chiqayotganimizda bojxona xodimlari ushlashdi. Keyin televizorda ko’rsatishmasin, deya deputat Mirtemirning yoniga bordik. U bizdan katta miqdorda pul istadi. Bu tushuntirish xatini o’z ixtiyorim bilan yozdim, hech kim majbur qilgan emas. Yana shuni qo’shimcha qilmoqchimanki, “Katta”miz xalq uchun qayg’urayotgan bir paytda Mirtemirga o’xshaganlarning ham majlisda u kishini haqorat qilishi va hamda bizdan pora so’rashi aql bovar qilmaydigan ishdir…”
Keyingi xatda esa poraning miqdori va Mirtemirning bu pulni olgani haqida gap borardi.
- Hozir bu odamlarning hammasi eski boshlig’imizning uylarida o’tirishibdi. Ulardan bu maktubni yozdirib olgan mirshablardan biri ham o’sha erda. Sizga qarshi boshlangan bu fitnani o’zingizdan boshqa hech kim to’xtatolmaydi,- dedi Po’lat pichirlagan ohangda.
- Zotan, yo’qotadigan narsamiz yo’q. O’ychi o’ylaguncha tavakkalchi ishini bitiradi, deganlar. Biz ham tavakkal qildik. Qani ketdik!
Mirtemir shunday deb uyiga ham kirmay orqaga qaytdi.
Eski boshliqning hovlisi eski shahardagi qishloqsifat mahallalardan birida ekan. Po’lat darvoza chetidagi tugmani bosgandi kimdir ko’chaga qaragan deraza pardasining yonidan tashqariga mo’raladi. Keyin eshik ochilib, ikki mirshab chiqdi. Ular tavoze bilan Mirtemirni ichkariga taklif qilishdi. Po’lat esa atrofga alangalab, yondagi va orqadagi ko’chalarga qarab keldi.
Mirtemir birdan seskanib to’xtadi. Darvozaxonada kattaligi eshakdek bo’lgan ikkita it turardi. Garchi itlar zanjirga tortilgan bo’lsa-da, ularning orasidan o’tish mumkin emasdi. Ikki mirshab bir hamla bilan itlarni ikki tomonga tortdi-da ” Siz ichkariga kiring”, deya Mirtemirga oynavand xonaning eshigini ko’rsatishdi.
Mirtemir ichkariga kirganda oynavand xonaning to’rida faqat bir kishi o’tirardi.
- Xush keldingiz, oka, – deya o’rnidan turdi u. Buyi kalta, to’ladan kelgan bu odam ellik-ellik besh yoshlar atrofida edi. Ko’zlari kulib turgan bu odam Mirtemirni bag’riga bosdi.- Ismim Husan, “Katta”ning ayovsiz qilichi birinchi bo’lib menga sanchilgan. Men Ichki ishlar vazirligida tartib o’rnatmoqchi bo’ldim, lekin “Katta” ishdan olib tashladi, ustimdan jinoiy ish qo’zg’adi. Hozirgacha sudma sud yuribman. Lekin Ichki ishlar vazirligida faqat hayvonlar emas, odamlar ham ishlaydi. Adolatsizlikdan kuyganlar, haqsizlikka uchraganlar menga kelishadi. Aslida hozirgi vazir ham mening shogirdim. Bu qadar sotilib ketishini o’ylamagandim.
Husan aka Mirtemirga o’zi o’tirgan joyni ko’rsatdi:
- Qani to’rda siz o’tiring. Sizni g’oyibdan yaxshi taniyman. Bunday sharoitda uchrashishimizni xayolimga ham keltirmagan edim. Bugun Suzoqqa borib, odamlarni qiynab, shikoyat yozdirib olishibdi. Keyin ular arz qilib Ichki ishlar vaziriga kelishibdi. Vazir qabul qilmagach, ularni mening uyimga olib kelishdi. Aslida Raimjonov deganlari tentaksifat odam. Bo’lmasa, qidirib-qidirib sizga hurmati baland bo’lgan odamlardan shikoyat yozdirib olishadi-mi? Biroz bosh qotirishsa-ku etmish ettita dushmaningizni topishadi. Shunisiga ham shukur.
U to’xtamay gapirar ekan, Po’latga qarab:
- Yanganga ayt, dimlamani suzsin. Keyin mehmonlarni ham chaqir, – dedi.
Ichkaridagi xonadan bir kapitan va uch oddiy odam chiqdi. Ular yugurib kelib Mirtemir bilan ko’rishdilar. Husan akaning “o’tiringlar” imosidan keyin o’rindiqlarning uch qismida chekinibgina o’tirishdi. Keyin Husan aka:
- Qani kimdan boshlaymiz? Qisqa va tez-tez gapiringlar, chunki ertalabgacha ishimiz ko’p,-dedi.
Qorachadan kelgan kishi so’z boshladi:
- Bizning umrimiz baliqchilik bilan kechadi. Birov bilan ishimiz yo’q. Sizni televizorda ko’rib turamiz. O’tgan kun bojxona xodimlari ushlashdi. Bu oddiy hol, har doim ushlashadi. Chunki balig’imizga ular ham sherik, xaqlarini olib qo’yib yuborishadi. Biz qo’shni jumhuriyatga borib sotib kelamiz. O’tgan kun ham haqlarini olishgandi, lekin hech narsa bilmagandek uyimizdan olib mirshabxonaga keltirishdi. So’roq qilishdi, bir-ikki biqinimizga turtishdi ham. Keyin bir xatni ko’rsatib, uni ko’chirib imzolab berishimizni talab qilishdi. Yo’q deganimizga qo’yishmadi. Uyimizni tintuv qilish uchun odam yuborishdi, o’zimizni qiynashdi. Shundan keyin mayli, yozib beramizu keyin poytaxtga borib shikoyat qilamiz, deb o’yladik. Nega bizni tanlashdi? Haligacha hayronmiz.
- Qo’raga sen tushding,uka,- deya so’zga aralashdi Husan aka. – Raimjonov bu ishni o’zi ishongan odamga topshirgan. U odamning ishongani esa seni balig’ingga sherik bo’lgan kishilar.
Keyin Suzoqdan kelgan yana ikki kishi ham bo’lgan voqeani aytib berarkan:
- Faqat biz kelmoqchi emas edik, chunki mirshab degani hukumat degani. Ularga qarshi turib bo’lmaydi. Lekin mana bu odam “Mirshablardan qutilasanu Mirtemirdan qutilolmaysan. U baribir bu ishni fosh etadi”, deb hol-jonimizga qo’ymagandan keyin keldik. Yo’q erdan boshimizga g’avg’o qo’ndi,- deyishdi.
- Vaqtimiz ziq,- dedi Husan aka va Mirtemirga yuzlandi. – Siz kelguningizcha men bulardan tushuntirish xati yozdirib oldim. Mana bu kapitan ukamiz esa ularni urganlardan biri. Raimjonovning ishongan tog’i. Ammo bugun qilmishiga iqror bo’ldi. Agar ishdan quvilsa, bir burda nonini mana biz topib beramiz. Qolaversa, buning rahmatli otasi professor To’g'onov universitetda sizga dars bergan. Haqiqatni sevgan inson edi. Bu yigit uning ruhini shod qildi. Otasini yaxshi tanirdim. Mening do’stim edi, nur ichida yotsin. Hozir dimlamani eylik, keyin sizga javob beraylik. Ertalabgacha bir yo’lini qiling, kechikib qolmang. Allaqachon rayosat a’zolaridan ruxsat olib qo’yishgan bo’lishsa kerak.
Mirtemir rahmatli To’g'onov haqiqatga yo’l izlab o’lib ketganini eslarkan:
- Bizni ham haqiqat uchun kurashishga chorlab ketdi, rahmatlik. Mayli,ovqat eyishni boshqa kunga qoldirsak, rayosat a’zolarining ba’zilari hali Oliy kengashda edilar. Vohidov aka ham o’sha erda edi. Balki u kishini ko’rishga ulgurarman, – deya yo’lga chiqdi.
- Bugundan boshlab Po’latjon sizning yoningizda yuradi. Unga ishonavering. U ham “Katta”dan aziyat chekkan odamlardan. Ko’rinishiga qarab yosh deb o’ylamang. Qamoqda ham o’tirib chiqdi,- dedi Husan aka Mirtemirni kuzatib qolarkan. – U sizning qo’rimangiz. Bir-birimizni qo’rimasak, bir butun kuchga aylanmasak “Katta”ga qarshi turishimiz qiyin.
Mirtemir Oliy kengashga kelarkan, kuchiga kuch qo’shilgandek edi. Chunki u keyingi kunlarda o’zini ancha yolg’iz his etayotgandi. Qarasa, atrofda “Katta”ning qilmishlaridan kuyganlar, uning kirdikorlarini ko’rib, tushunib yurganlar ko’p ekan.
Ha, deb o’yladi Mirtemir xalq dengizdir. Shoir bu jumlani osmondan olgan emas. Xalq qudratli kuch. Faqat bir butun bo’lgandagina kuch. Lekin tarqoq holda ojizdir. Yakka-yakka holida esa sindirilishi juda oson. Buvilarimiz pahlavonlar haqida ertaklar so’ylarkanlar, bir cho’pning sinishi osonligi va bir dasta cho’pning sinishi mushkulligi haqida bekorga gapirishgan-mi? Bu- ki cho’p, inson ham bir o’zi qolsa, avvalo o’zini o’zi eydi, o’zini o’zi sindiradi, maxf etadi. Agar uning yonida do’stlari, hamfikirlari bo’lsa, ular jipslashib metin irodaga, buzilmas qal’aga aylanadilar. Birlashgan kuch birlashmagan puch, deb bekorga aytishmagan.
Mirtemir xayol surib kelar ekan Oliy kengashga yaqinlashib qolganlarida beixtiyor oltinchi qavatga nazar soldi. Vohidovning xonasida chiroq yonib turardi. Demak, hali shu erda.
- Hozir “Katta”ning o’zlari telefon qildilar,- dedi u.- Siz bizning qo’mitamizning a’zosi bo’lganingiz uchun meni ham koyidilar. Uka, bu erlaradan uzoqroq joyga ketish kerak. Men imzo otmaganim bilan hech narsa o’zgarmaydi.
Mirtemir Vohidovdan shunday javob chiqishini bilardi. Unday bo’lsa nega keldi? Yoki cho’kib ketayotgan odam uchun xas ham umid-mi? Yo’q, bu odamning xaschalik umidbaxshligi ham yo’q. Mirtemir bu hissiyotini Vohidovka sezdirmagan bo’lsada, shart burilib xonadan chiqib ketishi bu hislarni tashqariga urdi.
Qo’ldoshevning qabulxonasidagi nusxa ko’paytirgich yordamida barcha hujjatlarni ko’paytirib olgan Mirtemir, bir nusxasini kotibga uzatdi:
- Buni raisga berib qo’yasiz,- dedi.
So’ngra “Katta”ning qabulxonasi, Bosh prokurorga ham bir nusxadan ajratib, ularning yarim tunda mudrab o’tirgan kotiblariga qoldirdi. Uyiga qaytarkan, jumhuriyat gazetasining chiroqlariga ko’zi tushdi. Gazetachilar ertalabga qadar ishlashlarini yaxshi bilardi. Bu er unga so’ngi umid bulib ko’rindi-mi, Po’latga:
- Sizni ham charchatib qo’ydim, shu erga ham bir kirib chiqay,- dedi.
Ahadjon G’ulomov shu erda ekan.
- Bu fitna. Yaxshilab yozing, gazetaga chiqaramiz,- dedi u va hujjatlardan bir nusxa olib qoldi.
Mirtemirning uyqusi qochgan edi. Shu bois Po’latga ” Uyga borib, hangoma qilamiz, biroz ichamiz”, dedi.
Umr yo’ldoshi xavotirlanib, kutib o’tirgan ekan. Bir zumda dasturxon tuzaldi va ovqat suzib keltirildi. Po’lat bir piyola aroq ichgandan keyin “ochilib ketdi”.
- Mirtemir aka, bular juda ayovsiz odam, bular uchun chumolining o’rni boru insonning o’rni yo’q,- dedi. Keyin esa o’z dostonini boshladi.- Men tog’larga yaqin bir qishloqda tug’ildim. Otam yoshligida o’pka kasalidan vafot etgan ekan, onam ham uzoq yashamadi. Buvimning qo’lida qoldim. Maktabni bitirarkanman, buvimdan ham ayrildim. Keyin hayo-xuyt deb poytaxtga keldim. O’qishga kirmoqchi bo’ldim, kirolmadim. Mardikor bozoridan bizni ushlab ketgan mirshablar o’z uylarida ishlatishardi. Ular bilan tanishib qoldim. Bir-ikki yildan keyin meni yo’l soqchiligiga ishga o’tkazishdi.
Orzuim o’qish edi. Hech narsaga e’tibor qilmay Avtomobil yo’llari institutining kechki bo’limiga kirdim. Bitirgunumga qadar shahar soqchilar bo’limigacha ishga keldim. Biz yo’lda turarkan “plan” berishardi. Bu pora planini bajarish uchun shoferlardan pul yig’ardik. Shahar idorasiga ishga o’tganimda esa, men o’zim soqchilarga “plan” beradigan bo’ldim. Chunki rahbarimiz mendan istardi. Bir kuni shaharda katta avariya bo’ldi. Darrov etib borsak, engil mashina ichida sakkiz nafar talaba halok bo’libdi. Mirshab yigit ho’ngir-ho’ngir yig’lardi. Nima gap, deya uni chetga tortdim: “Ruldagi bola mast edi. “Plan” to’lsin, deya o’tkazib yubordim.”
Bu voqeadan juda ta’sirlandim. Bir kuni majlisda idoramizda bo’layotgan voqealarni, “plan” masalasini o’rtaga tashladim. Bu vijdonsizlikdan uyalish kerakligini aytdim. Insonlarning umriga zomin bo’layapmiz, dedim. Darhol komissiya tuzildi, ikki kundan keyin meni qamashdi. Mirshablar uchun alohida qamoqxona bo’lishiga qaramay meni oddiy jinoyatchilarning orasiga tashlashdi. Men ko’rgan azobni boshka hech kim ko’rmasin. Boshimga nima kelsa ham tilimdan keldi, deb chidadim. Tilim vijdonimning buyrugini bajargandi. Ammo eng daxshatli kiynokni xamkasblarimdan kurdim. Men tergovda Ichki ishlar vaziri birinchi o’rinbosari Xusan akadan boshqa hammasi qo’l ostidagilarga “plan” berishini va ularni pora olishga majbur qilib qo’yishlarini ochiq aytdim. Keyin “Katta”ning nomiga ariza yozib yashirincha tashqariga chiqardim. “Katta”gacha etib ortga qaytdi. Mendan boshqalarga emas bevosita Husan akaga pora berganim haqida soxta ko’rsatmani imzolashimni talab qilishdi. Imzolamadim. Do’pposlashdi. Qoburg’alarim sindi, lekin imzolamadim. Keyin shishaning ustiga o’tirtirishdi. Baribir imzolamadim.
Undan keyin kandaydir ukol qilishdi. Hushimdan ketib qolibman. O’sha payt qo’l qo’ydirib olishibdi. Buni videolentaga ham tushirishibdi. O’zimga ko’rsatishdi. Xuddi mastga o’xshab o’tiribman. Mening ko’rsatmam bo’yicha Husan akani ishdan bo’shatishdi. Suddan keyin uzoq bir viloyatga jo’natishdi. Husan aka meni ko’rishga keldi. Uning ko’ziga qaray olmadim. Lekin hamma gapni ochiq-oydin aytib berdim. Tanish-bilishlari orqali meni qamoqdan chiqarib oldilar. Ko’rib turibsiz, bugun yana mirshabman. Oddiy soqchiman, ya’ni hayotimni qaytadan boshlayapman. Faqat oddiy soqchilardan farqim shuki, ularga o’xshab yuqoridagilar uchun pul to’plamayman. Shu sababdan meni yomon ko’rishadi. Ammo Husan akaning odami, deb indashmaydi. Vaqti kelganda foydalanish uchun hozircha ko’zlarini yumib turishibdi.
- Oilangiz qaerda? – deb so’radi Mirtemir Po’latdan.
U uh tortgancha, so’nib qolayotgan sigareti bilan yangisini yoqdi-da, chuqur-chuqur simirib:
- Ular nafaqat mening umrimni, balki oila a’zolarimning umrini ham xazon qilishdi,- derkan, og’zidan pishqirib chiqqan sigaret tutuni yuzini qopladi. U shu damda quyuq tuman ichida qolgan odamga o’xshardi. Tuman tobora xiralashib uning mungli ko’zlari charaqlab yonayotgandi. Lekin bu yonish mamnuniyat yoki sevinch alomati emas, balki nafrat alangasi edi.- Meni qamashgandan keyin uyimni tortib olishdi, mol-mulkimni musodara qilishdi. Xotinimga “Bundan ajralmasang kuningni ko’rsatamiz” deyishgan ekan, boalalarni olib qishloqqa ketib qoldi. Qamoqdan chiqqanimdan keyin huzuriga bordim. Lekin meni ostonadan quvdi. “Tilini tiyolmagan erkak bilan yashamayman” dedi. Bolalarimni ko’rsatishmadi. Araqqa ruju qo’ydim. Xotinimning otasi meni mirshablarga olib borib topshirdi. Yana oraga Husan aka tushdi. Keyin poytaxtda qaytadan uylandim. Maoshdan boshqa topadigan pulim yo’q edi. Bir kun xotinimning barmog’ida brilliant uzuk, quloqlarida brilliant xalqa ko’rib qoldim. Yorug’ dunyom yana qaytadan qorong’u bo’ldi. Undan qaerdan olganini so’radim. Janjal ko’tardi.. “Nobakor er olib bermagandan keyin o’zim topaman-da”dedi. Shundan keyin shubhalanib orqasidan poyladim. Oldingi ishlagan idoramning boshlig’i bilan yurar ekan. Uni aldab yo’ldan chiqarishibdi. “Planni bermaganlardan nima olishni yaxshi bilamiz” dedi boshliq. Xotinim bilan ajraldim. Boshliqni esa o’ldirmoqchi bo’ldim. Lekin Husan aka “Bir boshliqning o’limi bilan dunyo tuzalmaydi. Qancha-qancha boshliqlar, qancha-qancha oilalarni buzishmoqda, ne-ne hayotlarni zimiston qilishmoqda” dedi. Shundan keyin Husan akaning safida mujodalaga kirdim. Hozir ko’pchilikka aylandik. Bugun bo’lmasa ertaga, ertaga bo’lmasa indin, baribir bir kun kelib ulardan hisob suraymiz.
Mirtemir Po’latning hikoyasini tinglab bo’lgach, unga taskin beradigan so’z topolmadi. Chunki shu damda uning o’zi taskinga muhtoj edi. Po’latni kuzatib qo’ydi-da, qo’liga qalam olib qog’ozni qoralay boshladi.
9. FITNA
“Fitna…” U sarlavhani yozdi-da, biroz xayol surib turgandan keyin ilk satrni bitdi: ” Tog’iga qarab tarloni, suviga qarab iloni…”. Tong bo’zarib quyoshning nurlari derazaning oynasiga sanchila boshlaganda ham Mirtemir maqola yozib o’tirardi.
Mirtemir so’ngi satrlarni takror o’qidi: “Odamlar, el-ulus dardidan ko’z yumgan o’g'il-oqpadar;
Vatan sha’nini oyoqosti qilib, unga qarshi bosh ko’targan o’g'il – sotqin, xoin, baxtiqaro;
millat onadir. Onadan yuz o’girgan, uning xizmatidan bo’yin tovlagan o’g'il – qo’lsiz, oyoqsiz, gung, ko’zi ko’r, qalbi so’qir – majruh;
xalqning dardini anglab, Vatan tashvishini tushunib, ona alamini tinglab, millat mashqqatini ko’rib, kurashga o’zida kuch topolmagan o’g'il esa o’lik, tirik murdadir!”
U maqolani chetga surarkan, uyqusizlikdan jimirlayotgan ko’zlarini ishqaladi-da, derazaning yoniga keldi. Inson dunyoga bir marta keladi, deb o’yladi. U yashab o’tgach, kim bo’lganligini sag’ana toshidan bilish mumkin. Bu toshda sakkizta raqam falon yil tug’ilib falon yil o’lganini ifoda etadi – bu raqam yonida uning ismi-sharifi, nari borsa ikki qator ayriliq satri, bir she’r bitiladi. Ammo odamlar qalbida, yurt daftarida insonning kimligiga ajratilgan o’rin ancha kattaroq va kengroqdir. Bu erda toshtarosh yoki marsiya yozuvchi shoir ham ojiz. Chunki qalb dunyosining qaerida kimning joyi bo’lishi jumboq, yurt daftarining qaysi sahifasida kim haqida yozilajagi sir. Ammo har ikki holatda ham haqiqat yozilajak. Taasufki, juda ko’p joy va juda ko’p sahifalar bo’sh. Demak, qancha-qanchamizga faqat unsiz sag’analar tarix, xolos.
Bugun yurtimizda o’n milliondan ziyod kishi safolat, kambag’allik botqog’ida. Bu azobda ingranayotganlarning faryodini eshitadigan yo’q. Borlarining ham quloqlarini kesdilar, ko’zlarini o’ydilar, yuraklarini sug’irib oldilar.
Ilk demokratiya shamoli esganda uzoq bir tumandan millatvakili etib saylandim. Haqiqat va adolatni izlagan insonlar vijdon va iymonga sodiq qolib, meni sayladilar. Bu mening emas, kamsuqum, zahmatkash o’sha insonlarning g’alabasi edi. Qur’oni Karimni o’pib qasam ichmadim. Lekin insonlarning ishonchlari va elkamga yuklangan mas’uliyatni bir lahza bo’lsin unutmaslikka harakat qildim. Mansab bilan emas, ular bilan qolishni afzal ko’rdim. Ammo har odimim ortidan boshimga do’l yog’ildi. Qur’oni Karimni o’pib qasam ichgan va so’zining ustidan chiqish u yoqda tursin, ataylabdan aksini qilgan “Katta”ning omadi kulgani-kulgan. Biroq qachongacha?!
Kurash omonsizdir. Aslida shunday bo’lishini bilmasmidim? Saylovoldi uchrashuvlarida millatvakili quruvchi emas, davlat va siyosat arbobi bo’lishi kerakligini urg’uladim. Lekin davlatning teppasida turganlarga sherik emas quruvchilar kerak edi. Mustaqillik uchun kurashni oldimga vazifa qilib qo’ydim. Lekin mustaqillik dushmanlari qahramonga aylandilar, bizning esa holimizga maymunlar kulmoqda. Ko’zbo’yamachilikka qarshi chiqdim. Lekin butun xalqning ko’zini bo’yashgan ekan. Bu ko’zlar faqat ko’zbo’yamachilarnigina ko’ra oldi. Yo’q, butun xalq emas. Butun xalq haqiqatni ko’rib turibdi. Hatto uning bir qismi sukutli bo’lsa-da, kurashmoqda. Faqat zanjirbandlik illati bu sukut tug’yonga aylanishining oldini olmoqda. Ishonchsizlik tizza bo’yi o’sdi. Ammo shunday kun keladi-ki, bularning hammasi engiladi. Agar bu hayot dahshatlaridan qo’rqsa, chekinsa, Po’latga o’xshaganlar qo’rqardi va chekinardi. Agar bu zulmdan qo’rqsalar, talabalar o’q tovushini eshitgan zahoti tum-taraqay bo’lib qochardilar. Zulmga qarshi bir butun bo’lib oyoqda turganlar bir kun kelib, taxtga adolat chiqajagini kafolatidirlar. Tuni bilan uxlamay chiqqan talabalar, yotoqxonalarning derazalariga qora bayroq osgan yigit-qizlar hukumat e’lon qilolmagan motamni e’lon qilishgandi. Bu bir isyon edi. Hukumatning qonli jinoyatlariga qarshi, qonli izini uchirib yuborishiga qarshi isyon edi bu. Hukumat vaqtincha g’alaba qilishi mumkin, lekin bir kun kelib chilparchin bo’ladi.
Mirtemir tongni ana shunday uy-xayollar bilan karshilar ekan, Talabalar shaxarchasidagi yotokxonalardan birida boshlangan va markaziy maydonda davom etgan ochlik xarakati ishtirokchilari xam mirshabxonada tongga kadar surok kilindilar. Garchi ularning orasida yosh shoir Shervon xam bulsa-da, ularning aksariyati uz xarakatlarida samimiy edilar.
O’n uch talaba saharlab ochlik e’lon qilgan joylariga takror kelishganda, shaharcha tinch edi. Mashina bilan ko’chalarga suv sepilayotgandi. “Qon izlarini yuvishmoqda” dedi ulardan biri. Soqollari sabza urmagan yigitchalar kechadan buyon ovqat eyishmagani, suv ichishmagani uchun xolsiz edilar. Ba’zilarining ko’zlari cho’kkan, ba’zilari esa qorinlarini tutamlab olgandilar. Quyosh chiqar-chiqmas ularning yoniga xavfsizlik qo’mitasi xodimlari kelishdi.
- Ochlik bu tuzumga, jamiyatga, millatga qarshi isyondir. Buning uchun qonunlarimizda eng og’ir jazo nazarda tutilgan. Siz hali juda yoshsiz. Bu ishni to’xtating. Kecha ruxsat berdik. Fikringizni aytdingiz. Bugungisi ortiqcha, – dedi ulardan biri.
- Rostdan ham tugata qolsakmikan,- dedi Shervon.
- Oxiriga qadar oyoqda turamiz, degan sen emasmiding? Mayli, agar chekinadigan bo’lsang, e’tirozimiz yo’q. Biz hammasi uchun hisob so’raymiz. Oxiriga qadar chidaymiz,- deya Shervonga e’tiroz bildirishdi yigitlar.
Xavfsizlik qo’mitasi xodimlari apal-tapal orqaga qaytishdi. Ko’p o’tmay Xalq harakati vakillari paydo bo’lishdi. Ular kecha ham talabalarning yonida turishgan, mujodala boshlagan yoshlarga ma’naviy kuch berishgandi. Xalq harakati vakillaridan ayrimlari “Katta”ning saylovda tarqatilgan rasmini ko’tarib olishgandi. Rasmning ostiga “Farzandxo’r ota” deb yozilgandi. Bugun ham ular talabalarga qalqon bo’lib turishdi.
Qaerdandir Maratov kelib qoldi.
- O’n besh daqiqa ichida bu erdan ketmasak, mirshablar kelishadi va hammani qamoqqa olishadi,- dedi u.
- Ketmaymiz,- deyishdi ochlik e’lon qilgan yigitlar.- Siz ham deputatimiz sifatida yonimizda turing. Saylovda bizni aldashdi. O’tgan kun narx-navoni oshirishdi, eydigan nonimizni berishmadi. Non desak, peshonamizga o’q otishdi. Yuzlarcha do’stlarimiz kaltaklandi, necha kishi o’lgani, necha kishi yaralangani yashirilmoqda. Biror joyda voqealar haqida ochiq-oydin xabar yo’q. Ertaga “Ikki-uch kishi o’ldi. O’zlari ham aybdor edi” demasliklari uchun, biz ham o’limni ko’zga oldik. Yuzdan ziyod do’stimizning qoni oqdi. Hali yana qanday dahshatlar kutmoqda talabalarni…
Maratov Shervonni chetga tortdi-da:
- Bular rostdan ham ochlik qilayotganga o’xshaydi-ku- dedi.
- Men ham rostdan ochlik qilayapman,- dedi Shervon.
- Sen nega ochlik qilasan?
- O’yin qoidalarida qon to’kish yo’q edi.
- Mayli, sen ko’p gapirma. Ulardan ajralib ham qolma. Qon to’kilishi tasodif. Hozir sizlarni mirshablar olib ketadi. U erda gap qaytarib yurmagin. Bilasan, ular otasini ham tanishmaydi. Shunday bo’lsa ham, seni o’z panohimga olaman.
Maratov ketgandan keyin mirshablar etib kelishdi. Ularni boshlab kelgan mayor:
- Bitta-bitta avtobusga minasizlar. Qarshilik ko’rsatganlar va minmaganlar kaltaklanadi. Hammangiz baland ovoz bilan ismi-sharifingizni aytib, so’ngra avtobusga minasiz, – dedi.
- Biz demokratik namoyish yo’lini tanladik,- deya do’stlariga murojaat qildi Shervon. – Qurol ko’tarmadik, tosh otmadik. Qonunlar charchavasida harakat qildik. Bundan bu yog’i ham qonunlar doirasida bo’lishi kerak. Shu sababdan mirshablarning aytganini qilaylik.
Shervonning gapi do’stlariga yoqmadi. Lekin mirshablar bir zumda ularni avtobusga tiqishdi.
- Senlarga hukumatga qarshi tosh otishni ko’rsatib qo’yamiz,- deya ulardan biri talabalarni niqtay boshladi.
- Hali tosh otgan shularmidi? – degan mirshab esa oldinroqda o’tirgan talabaning oyog’iga tepdi. Mirshabxonaga etib kelgunga qadar niqtash tepkiga, tepki mushtga, musht esa tahqirga qadar etib bordi.
Mirshabxonada esa u erdagilarga ermak topildi. O’tgan ham qaytgan ham talabalarni turtkilar, haqorat qilar, basharasiga tarsaki tortardi. Hatto biri:
- Zamon ko’tarsa, peshonangizdan otib tashlardim,- dedi.
Ichkarida iskanja davom etar ekan, tashqarida Xalq harakati va Ozodlik partiyasi a’zolari to’plana boshlashdi. Mirshabxona oldida Xalq harakati tarafidan shoir Sobit bilan Ozodlik partiyasining sekretari Dilora tortisha boshladilar.
- Aslida ikkalamiz ham siyosatchi emasmiz. Siz ham yaxshi shoirasiz,- dedi shoir Sobit.- Lekin gazetangizdagi haqoratomuz maqola sizning qalamingizdan chiqqanini tasavvur qila olmayman.
- Balki uni xam hukumat yozib bergandir,- kesatdi Dilora.- Nima ish qilsak, uning “muallifi” hukumat deb aytasizlar.
- Agar hukumatning musiqasiga o’ynab parchalanib ketmasak, hozir katta kuch bo’lardik. Yoshlarimizni bu qadar xo’rlamagan, o’ldirmagan bo’lishardi. Parchalanish voqealarini bir chetga surgan taqdirimizda ham saylovdagi xiyonatni kechira olmaymiz. Biz “Katta”ning maqsadini bilardik. U o’zini dunyoga demokrat qilib ko’rsatmoqchi edi. Shuning uchun ham partiyangizga Iso Xolis nomzodini olsin,”Katta”ning diktatorligini yashirish uchun xizmat qilmasin, degan taklif bilan keldik.
- Ishonchim komilki, Shavkat Temur oltmish ming imzoni to’plaganda yoki ro’yxatdan o’tganda boshqacha taklif bilan kelgan bo’lardingiz.
Shoir Sobitning asablari “o’ynab” ketdi. Tomirlariga sig’magan qon ko’zlariga tepdi.
- Azizim, oltmish ming imzo to’planganini yaxshi bilasiz! Hukumat o’yin qilish uchun markaziy saylov komissiyasiga sizdan ham vakil kiritdi. Lekin u bizning arizamizga qayrilib ham qaramadi. Vaholanki, biz dushman bo’lsak-da, u adolatsizlikka qarshi bosh ko’tarishi zarur edi.
- Sobit aka, hozir bu gaplarning joyi emas. Ichkarida bolalarni kaltaklashayapti. Avval ularni qutqaraylik.
- Agar men aytgan xatolarni qilmaganimizda, bugun mirshabxonaning ostonasida sarg’ayib o’tirmagan bo’lardik. Hali bu holva. Ichkariga olib do’pposlashmaganiga shukur qilish kerak. Bizni bir-birimizga qayrab qo’yishdi. Buni anglab etmasak, hammamizning joyimiz panjaralarning naryog’ida bo’ladi.
- Talabalar bir butun kuch edi. Lekin ularni ham parchalab yubordingizlar. Hozir bosh ko’tarish paytimi-di?
- Ha, – dedi shoir Sobit,- Hozir payti emas edi. Lekin payti qachon, degan savolga ham hech kim javob berolmaydi. Uyqu joy tanlamaganidek, norozilikning tug’ilishi va isyonga aylanishi ham payt poylamaydi. Talabalar parchalanishida hammamiz aybdormiz. Ular uchga bulinib ketdi. Bir kismi bizning orkamizdan, yana bir kismi sizning orkangizdan. Uchinchi, juda bir oz qismi hukumat ayg’oqchilarining orqasidan ketishdi. Bu erda jiddiy tashkilotlanma ko’zga tashlanmadi. Tashkilotlar bor edi, lekin ular ma’lum bir dastur va maqsad bilan harakat qildi, deyish qiyin.
- Bu fikringizga qo’shilmayman. Saylovdan oldingi uchrashuvlarni bir eslang. Parlament saylovi arafasidagi harakatlarimizni yodga keltiring. Bu erda juda katta kuch maydoni tug’ilgandi. Ana shundan qo’rqishdi. Bo’lmasa, ming-ming mirshablar va son-sanoqsiz OMONchilarni olib kelisharmidi? Biz bu harakatni boshqara olmadik.
- Kecha lideringizni talabalar toshbo’ron qilishdi. Prokurorga qo’shilib qochdi…
Endi Diloraning jahli chiqdi:
- Siz ham Shavkat Temurga o’xshab gapirayapsiz. Xuddi voqealarni televizordan tomosha qilib o’tirganga o’xshaysiz. Bir-birimizga fisqu fasod toshlarini otguncha, bolalarni ichkaridan olib chiqishni o’ylaylik.
- Bolalarni boy berdik. Ularning qarshilik ko’rsatganlari kaltaklanadi, o’qishdan haydaladi, yo’qotib yuboriladi. Hukumatning yo’liga yurib, bor gapni aytganlari yoki ular istagan gaplarni yozib berganlari istiqbol yo’liga chiqadilar. Bir kun kelib bizga qarshi kurashsalar, hech ajablanmang. Ayrimlarini esa go’yo kaltaklagan bo’lib chiqarib yuboradilar va bizning oramizga josus qilib erlashtiradilar.
- Siz o’zingizga ham ishonmaysiz,- Dilora shoir Sobitning so’zini shart kesdi. – Hech narsadan xabari yo’q, ma’sum bolalarga tuhmat qilayapsiz. Ular haqsizlikka qarshi isyon qildilar, o’z hayotlarini o’rtaga qo’ydilar. Siz esa eskisi kabi har narsadan shubhalanayapsiz. Har bir qamalib chiqqan odam josus bo’lsa, ertaga bu mamlakatning hammasi josusga aylanadi. Chunki “Katta”miz hammani bir-bir qamaydi.
Bizning eng katta yanglishimiz his-hayajonga berilib ketishimizdadir,- shoir Sobit tortishuvni to’xtatadiganga o’xshamasdi. – E’tibor qildingizmi, milliy ozodlik harakatining aksariyat faollari shoir va yozuvchilar. Bilasiz, dunyodagi eng hisli- hayajonli insonlardir bular. Siyosat esa sovuqqonlikni talab qiladi. Qolaversa, og’ir kunlarga bardosh beradiganlari kam topiladi. Saroyga o’tib ketishga moyillari baland.
- Shu gapni siz gapirmang! Ularning tili bilan gapirayapsiz. Maqsadingiz, o’z lideringizni maqtashdir. Tarixda qancha-qancha shoxlarimiz shoir edi. She’r va siyosatni yonma yon yashatdilar. Ijodkorlar o’z nomlari bilan ziyolidirlar. Mash’alani yoqib, yo’lni ko’rsatib bersalar, bas. Xalq o’zi bu yo’ldan yurib ketadi.
- Bilmadim,- deya kinoya qildi shoir Sobit. – Xalqni “Katta”ning orqasidan etaklamasalar bo’lgani.
Shoir Sobitning gapi chala qoldi. Bir to’da mirshab ularni qurshab oldi. Keyin Talabalar shaharchasining tashqarisiga chiqarib qo’yishdi.
- Biz o’zaro tortishib yuraversak, ana shunday kovushimizni to’qirlab qo’yishadi,- dedi Dilora boshini egib, og’ir-og’ir qadam tashlab borayotgan shoir Sobitga.
- Hozircha kovushimizni to’g'irlab qo’yishdi…
Uning gapini Dilora kesdi:
- Davomini aytmasangiz ham, tushundim. U kunlardan Xudo saqlasin.
- Ammo ba’zilarning ko’nglining tagidan bo’ladi.
- Insonlar biror narsaning uddasidan chiqolmaydigan holga tushsalar bir-birlarini chaqib olish bilan, bir-birlarining tagiga suv quyish bilan vaqt o’tkazadilar. Biz ham shu holga tushdik.
- Yo’q azizim, – dedi bamaylixotir shoir Sobit. – Hozir to’ppa to’g'ri “Katta”ning devoniga boramiz. Kurash endi boshlandi.
Ular birgalashib yurib ketdilar. Go’yo fojealar ularni takror birlashtirganga o’xshardi.
… Mirtemir xuddi qamoqqa olish uchun keladigan mirshablarning yo’lini poylayotgan odamga o’xshab xavotir bilan tashqariga termulib o’tirarkan, derazaning ostidagi isitgichdan tarqalayotgan harorat uni eritdi. U derazaning tokchasiga boshini qo’ygancha ko’zlarini yumdi. Inson ba’zan rohat qilib uxlaganda tush ko’rishni istasa-da, yo ko’rolmaydi yoki ko’rgan tushini “olib turolmaydi”. Lekin ba’zan bir shakarlama paytida qurilgan tush hayotning muhim bir voqeasi kabi hech esdan chiqmaydi. Mirtemir ham tush ko’rayotgandi.
U birdan quduqqa tushib ketdi. Quduqning devorlari qizigandan-qizigan, qo’l tegissang barmoqlarining yopishib qoladi. Quduqning osti qop- qorong’u edi. Bu qorong’ulik orasidan itlarning akkilashi eshitilardi. Mirtemir qorong’ulikka nazar solgandi, itlarning yam-yashil bo’lib “yonib” turgan ko’zlarini ko’rdi. Bu qo’rqinchli “cho’g'”lar unga yaqinlasha boshladilar. Bir juft “cho’g'” uning yuzlariga qadar yaqinlashdi. Keyin uning yuzini tirnay boshladi. U itni uloqtirib tashlagandi, boshqalari unga tashlandi. Ular negadir tishlamas edilar. Faqat har tarafini tirnab, kiyimlaridan tortqilab, g’ingshinayotgandilar. Qorong’ulikda g’ingshigan itlarning tishlari yaraqlab turardi. Ular asrlar buyi och yotganlaru birdaniga egulik kelganidan shoshib qolib, nima qilarini bilmay qolgan holda edilar. Itlar bir-birining akkilashini anglardi. Ularning eng oldindagisi akkilaganda boshqalari saslarini ichiga yutib, orqaga chekinardilar. Oldindagi yana akkilab orqaga ketganda qolganlar hujumga o’tardilar.
Itlarning oldindagisi “Etar, endi eymiz”, deya akkiladi, shekilli, itlarning hammasi birdaniga Mirtemirning ustiga yopirildilar. U og’riq iskanjasida ingranarkan, birdan quduq yorishib ketdi. Itlar quduqning bir burchagiga to’planib, g’ingshiy boshladilar. Mirtemir hayrat bilan atrofga alangaladi. Qarshisida bir hayvon turgandi. Oq, to’g'rirog’i, u qadar oq emas, bo’zning rangida. Ammo uning vujudidan atrofga nur yog’ilayotgan edi, uning ko’zlarida mehr bor edi. U Mirtemirga qaraganda, ko’zlaridan mehr oqardi, itlarga qaraganda esa, bu ko’zlardan qo’rqinch yog’ilardi. Itlar undan shu qadar qo’rqdilarki, g’inshigancha yolvora boshladilar. Mirtemir, bu qanday hayvon bo’ldi ekan, deya unga razm soldi. Bu bo’ri edi! Shu payt Ona bo’ri afsonasini esladi. Ko’kturklar xitoyliklar bilan qaqshatkich urushlardan keyin bir muddat chekinishga qaror qilishibdi. Ular tog’larning orasidagi bir adirda tunashibdi. Ertalab uyg’onishsa, to’rt tomon tog’, osmonga bog’langan qoyalar. Chiqadigan yo’l yo’q. Vahima, ochlik va o’lim qorishib ketibdi. Turklar suvsiz va ovqatsiz bir necha kun chidashibdi. Keyin hamma holsizlanib, birin-ketin jon bera boshlabdi. Ana shunday paytda qoyalardan birining ustida bir Ona bo’ri uvlay boshlabdi. Uning nega uvlaganini hech kim tushunmabdi. Keyin u pastga tushib, turklardan birini tepaga qarab sudrabdi. Bir joyda biqirlab buloq qaynab turgan ekan. Suvdan ichib o’ziga kelgan navkarni Ona bo’ri qoyalar orasidan boshqa bir joyga boshlabdi. Qoyalardan birining temir ekanligini ko’rgan navkar ortga qaytibdi. Suv ichib o’ziga kelgan turklar, olov yoqib temir qoyani eritibdilar. Qilich, qurol-aslaha hozirlabdilar. Qoya bitib yo’l ochilibdi. Qoyaning ortida bog’-rog’lar, go’zal maskanlar bor ekan. Shu-shu Ona bo’ri ularning yo’l ko’rsatuvchi do’stlariga aylanibdi. Kimdir uni Ona bo’ri desa, yana kimdir bo’zqurt der ekan. U haqda she’rlar yozishibdi, dostonlar bitishibdi, qo’shiqlar kuylashibdi.
Mirtemir Ona bo’ri meni qutqarishga keldi, deb o’yladi va unga qarab talpindi. Bo’ri va Mirtemir yorug’likka qarab yurdilar. Orqada esa g’inshigan itlar to’dasi qoldi…
Eshikning qo’ng’irog’i chalinib, Mirtemir seskanib, uyg’ondi. Eshikni ochsa, ostonada Burgutjon turardi.
- Sizni olib ketishga keldim, – dedi u.
- Qaerga boramiz? Men mana bu maqolani Ahadjon G’ulomovga etkazmoqchi edim.
- Yo’l -yo’lakay berib o’tarmiz. Ishxonamizning saunasi bor, o’sha erda bir sho’rva ichamiz.
- Saunaga hojat yo’q, shunday ham terlab o’tiribmiz. Bugun kaminani qamoqqa olishadi.
- Sizni qamoqqa oladigan yigitni hali onasi tuqqan emas,- dedi Burgutjon. – Saunada maishat yo’q. O’sha erda o’tirib Talabalar shaharchasidagi voqealarni qog’ozga tushirasiz. Qolaversa, bu kecha uxlamaganingizni ham bilaman. Husan aka bilan uchrashib kelayapman. Sizga qarshi qilingan fitnaning aynisini menga qarshi ham qilishgan. Sauna deb hazillashdim, chunki menga qarshi tayyorlangan hujjatlarda saunada sho’rva ichib yotgancha, pora oldi, deyishgan. Xullas, dardimiz bir, chorasini birga qidiramiz.
- Chorasi bor,- dedi Mirtemir.- Bizni Ona bo’ri qutqaradi.
Burgutjon hech narsa tushunmadi. Jilmayib qo’ydi,xolos. Ularning suhbatini Mirtemirning umr yo’ldoshi bo’ldi:
- Sahar keldilar. Boshlarini tokchaga qo’ygancha nimalarnidir o’yladilar. Gapirgan gaplarimni eshitmadilar ham. Samsa pishirgandim. Bir piyola issiq choy ichib, samsa eb ketinglar.
- Kelin, samsalarni bir qog’ozga o’rang. Olib ketamiz. Tashqarida boshqa do’stlarimiz kutib turishibdi. Bugun qiladigan ishlarimiz ko’p, – dedi Burgutjon.
Mirtemir Burgutjon bilan chiqib ketar ekan, derazadan uning umr yo’ldoshi Rohila mung bilan qarab turardi…
10.PANJARA
… “Katta” ham ertalabgacha uxlamadi. Oliy o’quv yurtlarni viloyatlarga ko’chirish haqidagi farmonlarni imzoladi, o’nlab rahbarlarni ishdan olib, o’rniga yangilarini tayinladi. Ba’zi viloyat rahbarlarini esa saylovda Iso Xolisga ro’yxotirlik qildi, degan bahona bilan ishdan quvdi. Hatto Talabalar shaharchasini temir panjaralar bilan o’rab olish masalasidan to talalabalarni avtobuslarga mindirib, uy-uylariga qadar etkazib qo’yishgacha – barcha tadbirlar bilan o’zi shug’ullandi. Shaharchani temir panjara bilan o’rab olish uchun byudjetdan maxsus pul ajratdi. Tong bo’zarib qolganda, Chalmatov bilan Raimjonovga:
- Mirshablarning maoshini ikki marta oshirdim. Mana uchinchi farmonga ham qo’l qo’yapman. Buni ovoza-darvoza qilmanglar,-dedi.- Shunday ham mirshablarning maoshi boshqalarnikidan besh-olti marta ko’p edi. Buning ustiga ular har bir daraxtdan pul terishadi. Tishlaridan ostonalarigacha oltin bo’ldi. Shunda ham sodiq bo’lishmasa, yo’qotib yuboraman hammasini.
- Hammasi sizga sodiq, – dedi Chalmatov. – Majlislarda ota-onalarining sizni tinimsiz duo qilishganini aytishadi. Bizning oramizdan nonko’r chiqmaydi. Sizga xiyonat qilsak, ko’zimiz ko’r bo’ladi.
Suhbatni indamay tinglab o’tirgan Soliev ham qo’lidagi qog’ozni “Katta”ga uzatdi.
- Huquq-tartibot organlari bir vujud. Talabalar shaharchasida bizning xodimlarimiz ham fidoyilik ko’rsatdilar. Ularga ham bir otalik qiling,- dedi Milliy xavfsizlik qo’mitasi boshlig’i Soliev.- Mirshablar qatori maoshlarini oshirganingiz uchun, qulluq. Shu besh-olti kishiga mukofot bersak degandim.
“Katta” qo’lidagi qog’ozni imzolarkan:
- Buni yaxshi eslatdingiz,- dedi. – Nafaqat Talabalar shaharchasida, balki saylovda ham hammangiz o’zingizni ko’rsatdingiz. Men mustaqil davlatning mustaqil “Katta”siman. Orqada xalqning kuchi bor. Siz ham ana shunga yarasha bo’lishingiz kerak. Bugun Chalmatov, Raimjonov, Soliev sizlarga general unvoni beraman.
“Katta” shunday deb, Salimovga darhol farmon loyihasi tayyorlashni buyurdi.
- Ruxsat etsangiz, bir taklifim bor edi. Raimjonov hali podpolkovnik. U kishiga polkovnik unvoni bersak. Birozdan keyin esa…
- Biroz-mirozi yo’q! Avval polkovnik unvonini, orqasidan esa generalni yozib keling. Ikkalasini birdan beramiz. Chunki xizmatlari juda katta. Vatan va millatga xizmat qilgan odam haqqini olishi kerak.
- Bosh prokuror Qo’zivoy Nabievni ham shu ro’yxatga qo’shsak,- dedi indamay o’tirgan Javlon Uzoqov.
- Ha-ya, uni esdan chiqaribmiz,- dedi “Katta”. – Darvoqe, yana kim bor?
- Hammamizning boshimizni qovushtirib, sizning topshiriqlaringizni bizga etkazib turgan Salimov akamizga ham berish kerak.
- Salimovning ilgari unvoni bormidi? Unvoningiz bor-mi?
- Bilasiz, ilgari biz zapasdagi askarlar edik. Men ham podpolkovnik bo’lgandim
- Unday bo’lsa, men ham podpolkovnikman.
- Zotan, generallikni avval siz olmasangiz hech birimiz bu unvonni qabul qilmaymiz,- dedi Salimov xuddi “Katta” unga ham general unvoni berilishi haqidagi farmonga imzo chekkan kishidek mamnun bir qiyofada. – To’g'rimi, yigitlar.
O’tirganlar oltin topib olgan g’ariblardlek sevinib, bu gapni qo’llab-quvvatlashdi.
- Sizlarga beramiz. Lekin men haqimda noto’g'ri tushunishlari mumkin., – dedi “Katta” makkorona istihola bilan.
- Noto’g'ri tushunishsa, bizni tushunishadi. Siz esa qonunlarga ko’ra, oliy qo’mondonsiz. Zotan, generalsiz,- dedi Chalmatov.
- Ana esga solding, askarlarning boshlig’iga ham general unvoni beraylik. Xullas, yuringlar, o’rtoq generallar., narigi xonada unvonlarni yuvaylik.
- Ho’p buladi, o’rtoq general! Ho’p bo’ladi, o’rtoq Oliy qo’mondon,- deyishdi ular bir ovozdan.
Javlon Uzoqov xam xo’jalik ishlari mudiri Salimxonga qo’shilib, generallarga xizmat qildi. Ular shishani bo’shatib bo’lganlaridan keyin “Katta” Qo’ldoshevni so’radi. Qo’ldoshev ikki daqiqada etib keldi.
- Davlat komissiyasi qanday ishlayapti?- so’radi undan “Katta”.
- Ertalabgacha uxlaganimiz yo’q.
- Biz uxladik-mi? Nima gap? Hisob bering!
- Iso Xolis bilan janjallashib qoldik. Yoqmasa, iste’fongni ber, komissiyadan chiq, dedim.
- Senda kalla bormi? U bola komissiyada bo’lishi kerak edi. Hali ham uni qaytarib ol.
- Men fikrimni tushuntira olmadim, shekilli. U iste’fo arizasi yozib keldi. Men komissiyadan chiqmang, deb aytdim. Hatto biroz tortishdik ham…
- Bo’pti, soniyada turlanasan. Mirtemirning ishini nima qilding?
- U hamma idoralarga, deputatlaraga mana bu hujjatlarni tarqatib yuribdi,- deya Qo’ldoshev, qo’lidagi qog’ozlarni “Katta”ga uzatdi. “Katta” qog’ozlardan birini o’qidi-da, o’rnidan turib ketdi.
- Senlarni general qilganni onasini… ,- deya baqira boshladi. – Pashshadek ishdan tuyadek muammo chiqarasizlar. Biror marta aytgan gapimni oxirigacha top-toza qilib bajarmadingizlar. Bitta bola hammangni mixning ustiga o’tqizib kuydi. Ol, mana bu qog’ozlarni, borib hojatxonada ishlat.
“Katta” shunday deb qog’ozlarni Raimjonovning yuziga otdi. U ziyofat xonasidan chiqib ish xonasiga o’tarkan, hamma orqa eshikdan Maynovning kulbasiga “qochdi”. Faqat Qo’ldoshev “Katta”ning orqasidan yurdi.
- Bo’pti, bu ishni biroz orqaga tashlang. Aslida hamma ayb senda! Vaqtida o’sha jo’jaxo’rozni Oliy kengashdan quvganingda, boshimizga bu qadar dard ochmasdi. Borib ana u general-eshshaklarga ayt, hammasi tum-taraqay bo’lib qochmasin, Talabalar shaharchasi bo’yicha olgan topshiriqlarini bajarib, oqshom kelib hisob bersinlar. Salimovga va Uzoqovga esa hamma farmonlarning maxfiy ekanligini ayt. Yana matbuotga berib qo’yishmasin. Bularning hammasi robot, aytganingni, buyurganingni qiladi. Aqllari chirib ketgan…
“Katta” shunday dedi-da qabulxonaga chiqdi.
- Men shaharni aylanaman,- dedi Maynovga. – Sen shu erda o’tirib, topshiriqlar bajarilishini nazorat qil.
“Shaharni aylanaman” parol edi. Demak, “Katta” shahar chetidagi bog’iga boradi, kun bo’yi uxlaydi.
11.RUTUBAT
Mirtemir iste’foga chiqqandan keyin xususiy “Turon” ijodkorlar uyushmasida ishlay boshladi. Uyushma xususiy bo’lgani uchun madrasaning bir xonaqoxida faoliyat ko’rsatardi. Koshinlari nurab tushgan, mukarnaslaridan uzoq tarixning ko’zlari jovdirab turgan madrasa xonaqoxi zax, havosi biqiq bo’lsa-da, kishini ayri bir dunyolarga etaklardi. Rutubat Mirtemirning dushmani edi. Xonaqoxga kirishi bilan oyoqlari zirqirab og’riy boshlasa-da, xayollari uni olis-olislarga etaklardi. Bizga o’z tariximizni o’rgatmadilar, deb o’ylardi Mirtemir.
Asosan boshqalarning tarixini o’rgandik. O’z tariximizni esa begonalar yozgan asarlardan o’qitdilar. Ularni asar deyish mumkinmikan?! Axir ularning aksariyati ma’lum bir manfaat uchun yozilmaganmi? Nazarimda biz tarix yozishni sevmaydigan xalqqa o’xshaymiz. Koshonalar tiklaymiz, savashlarda muzaffarlik qilichini ko’taramiz, lekin tarix yozishga qolganda hamdu sanodan nariga ketolmaymiz. Podsholarni maqtash tarixchilarimizning kalomi avvallaridir. Podsholarga hamdu sano o’qish tarixchilarimizning orzu-muddaolaridir. O’tmishini bilmagan kelajagini yo’qotadi. O’tmishini tanimagan kelajagini ham taniy olmaydi. Menimcha hamma ishni tarix yozishdan boshlash kerak.
Mirtemir ana shunday o’y-xayollar bilan “Yangi tariximiz” ruknida kitoblar nashr etishni mo’ljalladi. Ilk o’laroq Boymirza Hayitning chet ellarda nashr etilgan tarix kitoblarini chop etishni hadafladi. Qolaversa, shu kunlarda Boymirza Hayit Vatanga kelishi kerak edi. Oliy kengashda Mirtemir va do’stlari bir maktub imzolab, Boymirza Hayitni o’zi tug’ilib o’sgan Vatanga da’vat etishdi. Yarim asr Vatandan uzoqda qolgan va Vatanining mustaqilligi uchun kurashgan bu insonni xoin, sotqin deya ayblashdi. Taklifnomani olgan Boymirza Hayit radio suhbatida Vatan haqida lo’nda qilib shunday degandi: “Vatan va hurriyat. Bu ikki kalima o’zini, o’zligini anglagan insonlar uchun muqaddas ma’no kasb etish bilan birga tog’ kabi mas’uliyat yuklaydi. Vatan Alloh taollo tarafidan inson qalbiga joylashtirilgan jonning bir bo’lagidir. Vatanni sevganlar o’z jonini ham sevadilar. Vatanni sevmay, vatansevar bo’lib ko’ringanlar o’z jonlariga suiqasd qilganlardir.”
Aslida Vatanni sevmoq o’z joniga suiqasd qilmoqqa aylandi, deb o’yladi Mirtemir. Axir Boymirza Hayitning o’zi Vatanni sevgani uchun surgunda emasmi? Qancha-qancha Vatanim deganlar o’qqa tutilmadilarmi? Chunki Shoxlar Vatan degan kavramning ma’nosini o’zimda mujassamlashtirganman, deb o’ylaydilar. Shu boisdan o’zlarining qing’ir-qiyshiq ishlariga qarshi chiqqanlarga “Vatan xoini” tamg’asini yopishtiradilar. Va Vatanni sevmaganalari sezilib qolmasligi uchun Vatanni sevganlardan qutilish yo’llarini izlaydilar.
Mirtemir xayol surib o’tirar ekan, telefon jiringladi:
- Boymirza Hayit rostdan ham ertaga kelar ekanlar, – dedi sim qoqqan o’rinbosari Isojon.
- Biz ham kutib olishga chiqamiz, – dedi Mirtemir.
Boymirza Hayitning Vatanga qaytishi katta voqea edi. Bu voqea fikrlarda qurilgan bir qancha “obidalar”ni vayronaga aylantirardi. Doim Ikkinchi Jahon Urushida Vatan uchun qon to’kdik, deya xayqirib keldik. Mana endi ma’lum bo’ldiki, biz boshqalarning vatani uchun qon to’kkan ekanmiz. Ishg’ol ostida bo’lganimiz uchun bizni xuddi qullardek jangohga yo’lladilar. Son-sanoksiz er yigitlar tuprokka korishdilar. Vatan uchun, deya ongimizga singdirishdi. Kalblarda soxta obida kurdilar. Ota-bobolarimiz ruslar tarafida turib “Vatan uchun” deya ko’kragini o’qqa qarshi kerganda, Boymirza Hayitlar ularning qarshisida turgandi. Kim haq kim nohaq edi? Mana bugun bu savolning javobi o’rtada. Shuningdek, Boymirza Hayitning kelishi biz iftixor etib ko’zimizga surgan tarixning yolg’on ekanini ham isbotlaydi. Avvaliga “Katta” Boymirza Hayitning kelishiga ruxsat berar ekan, deputatlarning talabidan qutilishni mo’ljallagan edi. Masalaning ana shu “nozik” jihatlarini ham tushuntirib berishgach, u bir zum o’yladi-da, Bosh maslahatchisi Nazar Baxtiyorovga yuzlandi:
- O’zing chiqib ana u boboyni kutib ol. Har erda valaqlab yurmasin. Undan foydalanishimiz kerak. Televizorga chiqib, siyosatimizni qo’llasin!
Nazar Baxtiyorov chiqib ketgach “Katta” Milliy xavfsizlik xizmati boshlig’ini chaqirdi:
- Nazarning aytishicha, Boymirza Hayitning kelishi Ulug’ Vatan Urushi qatnashchilarini g’alayonga keltirar ekan. Shuningdek, tarixchi olimlarimiz ham bundan norozi ekanlar. Siz niima deysiz?
- Aslida Nazar Baxtiyorovga bu xususda maxsus hisobot tayyorlab bergandik, – dedi muloyim ohangda Soliev. – Biz bugun sobiq “Katta”miz Sharopovni oqladik. U kishi Boymirza Hayitga qarshi bir qancha maqolalar yozganlar. Taniqli olimlarimiz, bugun bizga yaqin bo’lgan qobiliyatli rahbarlar Boymirza Hayitni xoin, deb hisoblab kelganlar va hisoblaydilar. Ammo eng asosiysi, Moskov bizdan jiddiy norozi.
- Nega norozi bo’ladi?
- Sizlar chegaradan chiqib ketayapsizlar, deyishdi Moskovdan. Boymirza Hayitning qaytishi G’alabaHayitiga soya tushiradi, Boymirza Hayitning qaytishi milliyatchi kuchlarni birlashtiradi.
- Ularni tinchlantirib qo’ying. Boboyni istaganimizdek sayrattiramiz. Kerak bo’lsa, qilmishlari uchun uzr ham so’ratamiz. Ertaga aeroportda olomon yig’ilmasin. Kimlar kutib olishga chiqqanini ro’yxat qiling. Har qanday voqeani o’z foydamizga yo’naltirishimiz kerak. Do’stimiz kim, dushmanimiz kim ana shunday voqealarda o’rtaga chiqadi. Agar boboy televizorga chiqib, aytganlarimizni gapirsa, ana u jo’jaxo’roz to’polonchilarning ham popugini pasaytirib qo’yardik. Ular bizga emas ana shunday boboylarga ishonishadi. Agar aytganimiz o’ngidan kelsa, boboyni men o’zim qabul qilaman va mustaqillik bayrog’ini qanday ko’tarishni jo’jaxo’rozlarga ko’rsatib qo’yaman.
Ertalabdan qo’nalg’a atrofini mirshablar o’rab olishdi. O’tganning o’rog’ini, ketganning ketmonini olib qolgan yo’lto’sarlar singari mirshablar har turli bahonalar bilan yo’llarni bekitdilar. Boymirza Hayitni kutib olish katta tantanaga aylanmagan bo’lsa-da, “yuqoridagilar” o’z rejalarini qadam baqadam amalga oshirdilar.
Boymirza Hayitni avval qo’nalg’aning qahvaxonasiga olib kirishdi, keyin uning yoniga yaqinlashgan Nazar Baxtiyorov unga:
- Siz uchoqdan tushganda tiz cho’kib erni o’pibsiz, – dedi.
- Men Vatan tuprog’ini o’pdim, ozod Vatanimning tuprog’iga egildim,- deya javob qildi Boymirza Hayit.
- Bilasizmi, bizning televizorchilar uchoqning yonigacha borisholmaydi. Shu bois hozir shu erda o’sha voqeani takrorlasak. Siz tiz cho’kib tuproqni o’psangiz, ular suvratga olib xalqqa ko’rsatsa.
Boymirza Hayit seskanib tushdi.
- Yoshim etmishdan o’tganiga ancha bo’ldi,- dedi u. – Men haqimda minglab feletonlar yozildi, meni taxqirladilar, menga bo’hton uyushtirdilar, lekin xafa bo’lmadim. Ammo hozirgidek hech qachon tuyg’ularim toptalgan emas. Men artist emasman, men Vatan tuprog’ini birovga ko’rsatish uchun o’pmadim. U yuragimdan kelgan bir hisning tashqi ko’rinishi edi.
- To’g'ri, siz haqsiz, – dedi Nazar Baxtiyorov. – Lekin Sizni mustaqil Vatanimizning mustaqil yurtboshisi jasorat bilan taklif qildilar. Moskov g’azab bilan kuzatib turibdi. Shunday sharoitda bir-birimizni anglamasak, kulgili holga tushamiz.
- Men sizni anglayman. Lekin mening tuyg’ularim bilan o’ynamang!
- Bilasizmi, Siz kabi insonlar juda oz. Hamma ham Vatanning qadriga, bu tuproqning qadriga etavermaydi. Etmish yil davomida bizni Xudosizga, dinsizga, ateistga aylantirib yuborishdi. Bu tuproq uchun jon berish Allohning buyrug’i ekanligini hech kim bilmaydi. Siz kabi Buyuk bir insonning bu tuproqni o’pishini ko’rgan xalq uyqudan uyg’onadi va o’z mustaqilligini anglaydi. Shunday ekan, bugunga qadar Vatan uchun aziyat chekdingiz. Yana bir marta cheksangiz bizni xursand qilasiz.
Boymirza Hayitning qo’llari titray boshladi. So’ngra bu titroq butun vujudiga yoyildi. Ko’zlaridan nafrat pishqira boshladi.
- La’nat bo’lsin sun’iy tarixga! – dedi va tiz cho’kib peshonasini zaminga bosdi. Ancha vaqt shu holda “Suvratga olinglar, qayta-qayta olinglar” degandek, bosh ko’tarmay turdi.
- Bu kadr mustaqillikning simvoli bo’ladi, – dedi Nazar Baxtiyorov atrofdagilarga. So’ngra Boymirza Hayitning qo’lidan tortib turg’azdi. – Endi ikki og’iz xalqimizga murojaat qilsangiz, – dedi u hali nafasini rostlab olmagan mehmonga.
Boymirza ota qurib qolgan lablarini tili bilan namladi-da:
- Men ellik ikki yildan keyin Vatanga keldim. O’g'lim vafot etganda uzoqlarda dardim bilan yakkama yakka qoldim. Agar ruxsat bersangizlar, avvalo qishlog’imga borsam, fotiha o’qisam, ana undan keyin televizorga chiqarmiz.
- Sizni oqsoqol bilan, ya’ni yurtboshimiz bilan uchrashtirmoqchi edik. Agar televizor masalasi keyinga qoladigan bo’lsa, bu masalani ham orqaga surishga majburmiz.
- Juda yaxshi, juda yaxshi, – dedi Boymirza Hayit bolalarcha samimiyat bilan. – Zotan davlat rahbarining ishi ko’p , biz u kishining vaqtini qadrlaymiz.
- Ammo oqsoqol qabul qilsalar, yo’limiz ochilib ketardi.
- Mayli uchrashamiz. Fakat qishloqqa borib marosimlarni o’tkazib qaytaylik, – dedi Boymirza ota yolvorgan ohangda.
Shu payt Tashqi ishlar vaziri kirib keldi va Boymirza otani quchoqladi. Ular biroz suhbatlashgandan keyin:
- Darhol ba’zi o’lkalarda elchixona ochilsa, mustaqillik devorlari qurilgan bo’ladi, – dedi Boymirza ota. – Chet elda yashagan vatandoshlar bu kunlarni ko’z yoshi, qalb og’rig’i bilan kutdilar. Ular uchun ham Vatan yo’llarini ochmoq kerak.
- To’g'ri,- dedi vazir.- Lekin hali Vatanimiz yangi tug’ilgan boladek, endi yurishni o’rganayapti. Buning ustiga pulimiz oz. Hozir xalqqa non topib berish bilan mashg’ulmiz. Chet eldagi muhojirlar esa faqat masjid qurish uchun kelmoqdalar. Ular Vatanni emas o’zlarini o’ylamoqdalar. Masjid qursam nomimni abadiylashtiraman, deb o’ylayaptilar…
Boymirza ota vazirga qarab ma’nodor kulib qo’ydi. Bu kulguning ortida “Senlar odam bo’lishing uchun yana qancha daryolar oqishi kerak” degan ma’no bor edi.
Mirtemir Boymirza ota bilan ko’risharkan:
- Vaqtingiz bulsa, bizning madarasaga ham tashrif buyurarsiz. “Turon” ijodkorlar uyushmasining Sizga beradigan zarradek hadyasi bor.
- Insholloh, kelamiz,- dedi Boymirza ota. – Hadya qabul qilish hissini ham bir yashab ko’rmoqchimiz.
- Bu hadya Siz o’ylagandek, qo’l bilan ushlab ko’riladigan emas, – hazillashdi Mirtemir. – U etmish yillik armonlarning mag’zini mujassamlashtirgan armug’on. Hozirdan aytib qo’ysam, qizig’i qolmaydi.
Boymirza ota oddiy narsaga ham quvonadigan, oddiy hazildan ham sevinadigan inson edi. Qah-qah otib kularkan, xuddi o’rnidan sakrayotgan odamga o’xshardi. Jussasining kattaligi, peshonasining kengligi, ko’zlarining darinligiga qaramay, u jajji bolakaylarni eslatardi. Balki uning bo’hronlar ichidan omon chiqishining siri ham ana shunda edi.
Mirtemir aytish kerakmidi, deb o’yladi. “Istiqlol Cho’lponlari” unvoni ta’sis qilingani va Boymirza otaning kitoblarini chop etish harakatlari boshlanganini aytish unga kuch berarmidi? Mayli, keyin aytarmiz. Agar qolgan ishga qor yog’masa.
Mirtemir ba’zan o’zi o’ylagan narsalardan o’zi qo’rqib ketardi. Chunki o’ylagani boshiga kelardi. Bu safar ham shunday bo’ldi. Qolgan ishga qor yog’di.
Boymirza ota qishlog’ida ekan, Milliy xavfsizlik xizmati boshlig’i “Katta”ning huzuriga kirdi:
- Boymirza Hayitning qishlog’ida va atrofida ahvol og’irlashdi, – dedi u. – Har turli harakatlar mitinglar o’tkazmoqdalar. Bundan norozi bo’lgan qariyalar “Bu Vatan uchun biz bekorga jonimizni o’rtaga qo’ydikmi”, deya namoyishga chiqishmoqchi.
- Men Sizga necha marotaba aytdim, gap olib kelmang, raport yozib keling…
-Raportni maslahatchiga bergandim, mana nusxasi.
MAXSUS RAPORT
Faqat “Katta”ga
Boymirza Hayit 12.07da soat 6.30da aeroportga keldi.
13.07da poytaxtni tomosha qildi. Muxolifat vakillari bilan uchrashdi.
14.07da qishlog’iga qarab yo’lga chiqdi. Viloyat hokimligi tarafidan karnay-surnay chalib, gullar otib qabul qilindi. Mehmonxonada hokim muovini Dilshoda opa bilan janjallashib qoldi. Dilshoda opaning e’tiroziga qaramay, to’g'ri qishlog’iga bordi. U erda muxolifat minglarcha ishsiz yoshlarni to’plab turgandi. Boymirza Hayit gapirar ekan, mikrofon o’rnatishdi. U “Boshimizga nima balo kelgan bo’lsa, kommunistlardan keldi, ulardan qutilmasak, mustaqil bo’lolmaymiz” dedi.
15.07. Ota-onasi va oilasidan vafot etganlar uchun diniy marosim o’tkazdi. Kelgan-ketganga Ikkinchi Jahon Urushi qatnashchilarini yomonladi.
16.07. Nevarasining sunnat to’yini o’tkazdi.
18.07. Sayohatga chiqdi. Pochaota daryosi boshlanadigan joyga qadar etib bordi. Keyin Arslonbobni ziyorat qildi.
19.07. Qo’shni viloyatlarga bordi. Hamma joyda odamlarni to’plab, targ’ibot ishlari yurgizdi.
20.7. Bizning e’tirozimizdan keyin hokimlikka chaqirildi. Biz Boymirza Hayitni yakkalab qo’yish, atrofida uymalab yurganlarni chetlashtirish uchun barcha tadbirlarni ko’rdik.
- Bu raport juda ham tor. Qolaversa, nima sababdan menga emas maslahatchiga berildi, – dedi “Katta”.
- Sizga etkazish uchun berilgandi. Batafsil yozilgan ikkinchi varianti ham bor. U xam maslahatchida.
“Katta” jahl bilan qora telefonning dastagini oldi:
- Nazar, quloq sol! – dedi. – Sening hajga borib, nima qilmishlar qilib kelganingni unutganim yo’q. Menga ikkiyuzlamachilik qilma! Nima saababdan KGB raportini yashirding? Nima sababdan ana u boboyning jilovini qo’yib yubording? Yigirma to’rt soat ichida mamlakatni tark etsin. Bu mamlakat “Vatan xoinlari”ning futbol maydonchasi emas. Uni quvib kelganingdan keyin, mening nomimga tushuntirish xati yoz, – deb, telefon dastagigni yana o’rniga qo’ydi.
Boymirza Hayitning mamlakatdan qanday chiqib ketganligini hech kim bilmay qoldi. Nega degan savolga javob beradigan kishi yo’q edi. Chunki shu kunlarda “Katta” qilichini yalong’ochlab, g’azab otiga mingandi. Ko’ziga yomon ko’ringan yoki nomi qulog’iga yomon eshittirilgan har qanday odamni jazoga tortayotgan edi.
“Katta” asta-asta zolim hukumdorga aylanib qoldi, deb o’yladi Mirtemir. Hali yaqindagina muxolifatdan hayiqardi, lekin endi muxolifatning liderlarini kaltaklayapti, qamoqqa tashlayapti, surgun qilayapti. U odimba odim bosib kelayapti. Lekin muxolifat nega chekinayapti? Mirtemir o’zicha ana shu savolning javobini qidirdi.
Kunlarning birida Mirtemirga Shavkat Temur telefon qildi:
- Eshitishimcha, Siz “Ozodlik” partiyasiga a’zo bo’libsiz,- dedi u. – Yuz berayotgan voqealarni ko’rayapsiz. Bizning oramizdagi voqealardan xabaringiz bo’lsa kerak, parchalanib ketayapmiz. Butunlashmasak, holimiz voy bo’ladi.
- Men hali partiyaga a’zo bo’lganim yo’q, – dedi Mirtemir. – Lekin bugun bir bo’lib kurashmoq uchun partiyaga a’zo bo’lish kerak, deb hisoblayman. Qolaversa, Oliy kengashda muxolifat fraktsiyasini tuzishimiz kerak. Kuchga aylanmasak, bitta-bitta sindirishmoqda.
- Fikrlarimiz yaqin ekan. Bir uchrashib gaplashaylik, – dedi Shavkat Temur.
Ular metro stantsiyasi yonida uchrashdilar.
- Birlashish, butunlashishimiz kerak, – dedi Shavkat Temur. – Lekin kechagi xatolarimizga baho bergandan keyin birlashish kerak. Biz katta kuch edik. Hukumatning oramizga josuslar suqishi, ba’zi birlarimizni sotib olishi tufayli ikkiga bo’lindik. O’rtaga boshqa bahona otildi. Bizni “Ular avval demokratiya keyin mustaqillik” istashdi, deb ayblamoqda. O’zlarini esa “Biz avval mustaqillik keyin demokratiya dedik”, deya oqlashmoqda. Agar tariximiz va voqealar jiddiy taxlil qilinsa, bu bahona ekanligi o’rtaga chiqadi.
- Hozir ana shu taxlilga vaqt yo’q. Tezroq birlashib chora qidirmasak keyin taxlil u yoqda tursin, voqealarni eslashga ham vaqtimiz qolmaydi, – dedi Mirtemir.
- Mayli, men buni qabul etaman, – dedi Shavkat Temur.
- U holda men Iso Xolis bilan gaplashaman va hammamiz bir oraga kelib, qaysi shartlar doirasida kuchlarni birlashtirish masalasini muhokama qilamiz.
Shundan keyin Mirtemir Iso Xolis bilan uchrashdi. Iso Xolisning ikki oyog’i bir etikka tiqilgandi. “Katta” unga bergan va’dalarni unutgan va qilichini uning ham boshida aylantirayotgan edi. Shuning uchun Mirtemirning taklifini darrov qabul etdi.
- Anjuman nomi bilan bir yig’ilish o’tkazaylik, – dedi Mirtemir. – Muxolif qarashdagi barcha deputatlarni ham da’vat etamiz. Sobiq Bosh vazirni chaqiraylik.
- E, yo’q! Sobik Bosh vazir bilan yo’limiz boshqa-boshqa.
- Bugunga qadar boshqa-boshqa edi, lekin hozir bir yo’ldamiz. U ham “Katta”ning zulmiga uchradi. Zulmga qarshi zulmni his etganlar birlashishlari mumkin. Zulmni ko’rmaganlar esa uni kutib turaveradilar, – dedi Mirtemir.
O’sha kuni Ittifoq harakati va “Ozodlik” partiyasi rahbarlari bir erga to’plandilar. Tortishuv uzoq davom etdi. Oxirida “Anjuman” masalasi qabul etildi. “Ozodlik” partiyasining joyi bo’lgani uchun “Anjuman” shu erda o’tkaziladigan bo’lindi. Lekin “Anjuman”da Shavkat Temur ishtirok etmadi.
- Iso Xolis va tarafdorlari mening kelishimni istashmapti. Demak men borsam “Anjuman” buzilardi, – dedi u Mirtemirga.
Shunga qaramasdan, muxolifat kuchlarining bir butun holga kela boshlagani hukumatni cho’chitib qo’ydi.
Bir kuni muxolif deputatlar to’planib, Oliy kengash majlisida parlament raisini ishdan bo’shatish harakatini boshlashga qaror qildilar. Ular “Katta”dan qutilishning birdan bir demokratik yo’li ana shu deb bilardilar. Rais keyingi paytda “Katta”dan tinimsiz “kaltak” eyayotgandi. “Katta” raisni almashtirish payida edi. Shunday paytda parlamentda deputatlar raisning masalasini kun tartibiga keltirsalar “Katta” ham qarshi chiqmas edi. Agar raisning o’rniga adolatli bir kishini saylasalar, keyin “Katta”ning tanobini tortib qo’yish oson bo’lardi.
- Oliy kengash raisi Moskovdan katta hadyalar olib turgan, – dedi Mirtemir deputatlarga. – Mana qo’limizda unga hadya sifatida berilgan engil mashinalar va boshqa sovg’alar haqida hujjat bor. Bu mustaqilikka xiyonatdir. Biz bu masalani ko’tarsak, hech kim qarshimizga chiqa olmaydi.
- Ittifoq harakati shu kuni miting o’tkazib, bizni tashqaridan turib qo’llamoqchi, – dedi Ibod To’raev.
Shundan keyin majlisda kimning nima haqida gapirajagi kelishib olindi. Oliy kengash raisini almashtirgunga qadar “Katta” haqida lom-mim demaslikka kelishib olindi. Ammo majlis kuni Iso Xolis mitingni bekor qilgani o’rtaga chiqdi. Shu kuni Shavkat Temurning boshini yorib, o’limning ostonasiga olib borib qo’yishdi.
Majlisni “Katta” kirish so’zi bilan ochdi. U so’zini tugatib, o’rniga o’tirar ekan Iso Xolis “Savol bor”, deya baqirdi. Mirtemir tushuna olmay qoldi. Kecha kechqurun “Katta”ga gapirmay turamiz, deb kelishgandik. Nega birdan Iso Xolis bu kelishuvni buzdi? Hozir arava boshqa tomonga yurib ketmasa bo’lgani.
Xuddi Mirtemir o’ylagandek bo’ldi. Jilovni kengash raisi Qo’ldoshev ushlab oldi.
- O’tiring o’rningizda, O’rtoq Muhammadboev! Sizning niyatingizni yaxshi bilamiz. Bugun bu erda qanday o’yinlar ko’rsatishingizni ham yaxshi bilamiz, – dedi Qo’ldoshev.
Qo’ldoshev Iso Xolisning eng nozik joyiga niqtagandi. Iso Xolis uning taxallusi. Negadir familiyasidan nafratlanardi. Familiyasini aytgan odam qarshisidagi dushmanga aylanardi. Shu bois Qo’ldoshevning gapi sariqning joni sariq holvada degandek, uning ham jahlini chiqardi. Qog’ozga ikki satr nimalarnidir yozdi-da, raisning yoniga borib deputatlik vakolatnomasini topshirib chiqib ketdi. Uning bu “o’jarligi” qimmatga tushdi. Qo’ldoshev imkoniyatdan foydalanib, muxolif millatvakillariga hujum qildi. Ulardan birortasiga so’z bermadi. Gapirmoqchi bo’lganlarni “buzg’unchilar”, deb majlis zalidan chiqarib yubordi. Shu o’yin bilan o’z umrini biroz uzatdi..
Iso Xolisni majlisdagi dakanxo’rozdek harakati “Ozodlik” partiyasini ham og’ir ahvolga soldi. Partiya kotiblari, faollari qamoqqa olina boshlandi. Partiya gazetasining ustidan tergov boshlandi. Bir kuni Mirtemir partiya binosiga kelsa, Iso Xolisdan boshqa hech kim yo’q edi. Iso Xolis suvga tushgan mushukdek, boshini elkasining ichiga tortgancha shumshayib o’tirardi.
- Shunaqa, – dedi u. – Og’ir kuningda hamma tashlab ketadi. Xayriyatki, ukalarim bor ekan. Gazetani ular bilan birga chiqarib turibman.
Mirtemirning unga rahmi keldi. Aslida ko’p narsa uning o’z xatosi bilan o’rtaga chiqdi, deb o’yladi. Lekin bugun partiya hukumatga muxolifatda. Bugun demokratiyani himoya qilayapti. Agar uni ham “Ittifoq” singari yopib tashlashsa, undan keyin demokratiya uchun eshiklar ham uzoq yillarga yopiladi. Agar barcha muxolif millatvakillari hozir shu partiyaga o’tsalar, balki uni qutqazib qolish mumkindir. Lekin kuni kecha partiya kotibi Orifiyni qamoqqa olishdi. Iso Xolisni har kun so’roqqa chaqirishayapti. Shunday sharoitda kim ham bu partiyaga o’tishga rozi bo’lardi. Aslida mardlik shunday paytda bilinadi. Bir sinab ko’rishim kerak.
- Men ertaga qadar deputat do’stlarimiz bilan gaplashaman. Kamida o’n kishi partiyaga a’zo bo’lib, Oliy kengashda partiya guruhini tuzsak, balki ta’qiblarni to’xtatarmiz.
- Bu ta’qiblarni Qo’ldoshev degan ho’kiz uyushtirayapti, – dedi Iso Xolis. – Men “Katta”ning maslahatchisi Javlon Uzoqov bilan gaplashdim, bu ishlardan oqsoqolning xabari yo’q ekan.
- Menimcha faqat sizning emas ko’pchilikning xatosi ana shu erda. O’tgan oy “Xalq ovozi” gazetasining muharririni ishdan olishdi. Bu ishni “Katta” boshqarayapti”, deb hech kimni ishontirolmadim. “Katta”ning nomiga murojaatlar yozildi, o’rtaga odam qo’yildi, lekin natija bo’lmadi. “Katta”siz hech kim nafas ololmaydi. “Katta”siz biror bir rahbar odim otolmaydi. “Katta”ning mahorati shundaki, u boshqalarning qo’li bilan kaltaklaydi, o’zi panada qoladi.
- Bu hayajon masalasi, – dedi Iso Xolis “hayajonlanib ketdingiz” so’zlarini yumshatib. – Siyosatda sovuqqon bo’lish kerak. Bilaman, siz “Katta”ni yomon ko’rasiz. Shu sababdan ko’zingizga hamma ishning aybdori bo’lib ko’rinadi u.
- Biz demokratiya sharoitida emas, diktatura sharoitida yashayapmiz. Bunday paytda hamma mansabida qaltirab o’tiradi. Shunday ekan, bir partiyaning kotibini qamab qo’yishga kim jur’at etoladi? Yoki bir gazetaning ustidan kim tergov boshlata oladi?
- Baribir ham “Katta”ga murojaat qilib ko’rish kerak. U tushunadigan odam.
- Oradan uch-to’rt yil o’tsin, siz o’zingiz o’rtaga chiqib, u tushunmaydigan odam, deysiz. U kecha siz bilan juda muloyim gaplashdi, ertaga esa sizni yo’qotib ham yuborishi mumkin. Qachon bo’layotgan voqealar ortidagi kuchni ko’ra olsak, parda orqasidagi rejessyorni tanisak va tanibgina qolmay, buni ochiq-oydin gapirsak, o’shanda haqiqat o’rtaga chiqadi.
Iso Xolis tortishuvga nuqta qo’ymoqchi bo’ldi va:
- Ibrohim Bek gazetani tashlab qochdi. Shu ishni siz olsangiz, – dedi.
- Menimcha bu Markaziy kengashning vakolatiga kirsa kerak. Agar Markaziy kengash lozim topsa, o’shanda o’ylab ko’raman, – dedi Mirtemir.
- Yangi yilning uchinchi kuni Markaziy kengashning majlisi bor. O’shanda bu masalani hal qilamiz.
Mirtemir Iso Xolis bilan xayrlashib chiqib ketgach, deputat do’stlari bilan gaplashdi. Har kimning har xil bahonasi bor edi.
- Yonayotgan olovning ichiga o’zimizni otamizmi? – dedi ulardan biri.
- Ba’zan bu ham olovni so’ndirishning bir yo’li bo’lishi mumkin, – javob qildi Mirtemir.
- Hammasi o’ydirma. Lekin Iso Xolis qandaydir tangani o’g'irlashda ayblanmoqda. Hatto Jafar Nimjon degan qarindoshini qamoqqa ham olishibdi.
- Bizning maqsadimiz Iso Xolisni qutqazish emas. Biz demokratiyani qutqazishimiz kerak. Hozir bu partiya demokratiyani himoya qiladigan maydonga aylandi. Biz ana shu maydonga tushib, demokratiya dushmanlariga qarshi mujodala etishimiz kerak. Va yoki in-inimizga kirib bo’layotgan voqealarni tamosha qilib o’tirishimiz lozim. Oxirida inimizdan chiqarib olib ezg’ilab tashlashadi.
Mirtemirning bunday dashnomli gapidan keyin olti kishi partiyaga a’zo bo’lish uchun ariza yozib, uning qo’liga berdi.
Shunisiga ham shukur, deb o’yladi Mirtemir. Bugun olti kishi bo’lsak, ertaga oltmishga aylanamiz.
Yangi yilni tumov bilan o’tkazgan Mirtemir “Ozodlik” partiyasi Markaziy kengashi majlisiga kelarkan, yo’lda nomersiz bir engil avtomashina birdan uning ustiga qarab yurdi. Arang chap berib qoldi. Mashina orqaga qayrilib, yana uning ustiga yurdi. U yugurgancha temir panjaralar orqasiga o’tib, ora so’qmoqdan partiya binosiga etib oldi. Voqeani eshitganlar darhol gazetalarga, huquq idoralariga xabar qilishdi. Shu kuni Mirtemirni partiyaning mafkuraviy masalalar bo’yicha kotibi va gazeta Bosh muharriri etib saylashdi. Kengashda partiya kotibi Nur Muhammad so’z olib:
- Partiyamiz nomidan Oliy kengashda so’z aytmoq fikrini ham Mirtemirga beraylik, – dedi.
Xullas, bir ishga rozi bo’lgan Mirtemir uch ishni elkasiga oldi. Ertasigayoq Ibrohim Bekni da’vat etib, matbuot qo’mitasiga borishdi. Rasmiyatga ko’ra, yangi muharrir albatta eski bilan birga matbuot qo’mitasi raisining huzuriga borishi kerak edi. Qo’mita raisi Mirg’ulomov Ibrohim Bekka yuzlanib:
- Haftalik gazetada ancha muncha qalam haqqini o’zlashtirib qo’yibsizlar-ku, – dedi.
- O’zlashtirganimiz yo’q. Nishriyotingiz barcha ro’znomalarga plyonka berdi. Biz esa Boltiq bo’yi jumhuriyatlardan naqd pulga sotib oldik. Aks holda gazeta chiqmas edi. Eb yuborish nimasi? Biz o’z hisobimizdan harajat qildik.
- Bu yog’i bilan ishim yo’q. Baribir javob berasizlar.
- Yaqinda Ichki ishlar vazirligidan telefon qilib, Cho’lponning adresini so’rashdi. Gazetamizda uning she’ri bosilgandi. Adresini nima qilasizlar desam, “Chaqirib, tergov qilamiz, qalam haqqi olgan olmaganini so’raymiz” deyishdi. Kulishni ham yig’lashni ham bilmadim. Sizning ham gapingiz Cho’lponni qabrdan chiqarib olib kel, deganga o’xshab qolayapti.
Ibrohim Bekning bu gapi Mirg’ulomovning jahlini chiqardi. Mirtemir orani yumshatmoqchi bo’ldi, lekin kor qilmadi.
- Bilasizmi, sizlar hovliqib ketdingizlar, – dedi u. – Ellik yilda ham hokimiyatga kelolmaysizlar.
- Biz hokimiyatga ertaga kelamiz dedikmi? – Ibrohim Bek ham tovushini balandlatdi.
- Bu odamdan boshqa bugun hech kim mamlakatni boshqarolmaydi, – Mirg’ulomov shunday, deya devorga osib qo’yilgan portretni ko’rsatdi. “Katta” uning boshi uzra jilmayib turgandek edi.
- Iso Xolis bor, – dedi Ibrohim Bek.
- Iso Xolis… uni yaxshi taniysizmi? Biror joyda bir oydan ko’p ishlay olmaganini bilasizmi? Uch marta kommunistik partiyaga a’zo bo’laman, deya ariza yozganini va qabul qilinmaganini ham bilasizmi? Uning xotinbozliginichi? Umr yo’ldoshini qishloqi, madaniyatsiz, deya haydab yuborib, Moskvadan malla sochlilardan olib kelganini ham bilasizmi? G’arbdagi shoir, yozuvchilarning she’rlari, qatralarini tarjima qilib, qosh-ko’zini bo’yab, o’ziniki qilib olganini bilasizmi? Bilmaysiz! Yoki bilib bilmaslikka olasiz !
Xullas, Mirg’ulomovning “bilasizmilari” hech tugamasdi. Oxiri:
- Menga o’ylab ko’rish uchun un kun muhlat beringlar. Oqsoqol bilan gaplashib olay, – dedi u.
O’n kun vaqt so’ragan vazirning o’n soatga ham toqati etmadi. “Katta”ning huzuriga kelib:
- Mirtemir muxolifatning gazetasiga bosh muharrir bo’libdi. Gazetaga tazyiq o’tkazayapsizlar, masalani Oliy Kengash majlisida ko’taraman, deb tahdid qildi.
- Men unga tahdidni ko’rsatib qo’yaman. Qo’ldoshevga ayting zudlik bilan uni deputatlikdan chaqirib olsin. – “Katta” shunday, deb Mirg’ulomovni chiqarib yuborar ekan avval maslahatchilariga keyin Qo’ldoshevga sim qoqib:
- Uch kunda Mirtemirni deputatlikdan chiqarib olish masalasini hal qiling, – dedi.
Yakshanba kuni Mirtemirning uyiga saylov okrugidan Nuriddin degan yigit keldi.
- Kechirasiz, noxush xabar olib keldim, – dedi u.
- Tinchlikmi?
- Payshanba-juma kunlari hokim Keldiyorov kolxoz raislari, maktab direktorlari, brigadirlarni ishga solib, sizni deputatlikdan chaqirib olish haqida qog’oz to’pladi. Kecha qog’ozlarni shaxsan o’zi Oliy kengashga keltirdi.
- Odamlar hech narsa deyishmadimi? – so’radi Mirtemir.
- Bilasiz-ku, hozir hamma qo’rqib qolgan. Buning ustiga bu “Katta”ning, To’rabekov va Uzoqovning topshirig’i ekan. Bu ismlarni eshitganlarning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas. Qochganga qora ham Qoraboy bo’lib ko’rinadi.
Shu kuni Iso Xolisning uyiga Farangiston elchisi mehmonga kelishi kerak edi. Mirtemirni ham da’vat qilgandi. Mirtemir mehmoni bilan xayrlashib, qor ustida asta-asta yurgancha Iso Xolisning uyiga bordi.
- Ertaga bir To’rabekovga keyin Javlonjonga uchrashing-chi, – dedi Iso Xolis.
- Qozining ustidan o’ziga arz qilgandek gap bo’lmaydimi?
- Qozi istasa, qarorini har turli chiqarishi mumkin. Ularning ko’ngliga yo’l topsangiz bu harakatni to’xtatishadi.
Mirtemir Iso Xolis yo juda ham sodda yoki juda ham ayyor, deb o’yladi. Tulkining terisidan to’n kiygan odam do’stini ajdahoning og’ziga ro’baru qiladi. “Katta” To’rabekov va Uzoqovga bu ishni topshirgan bo’lsa, ularni Azroildan boshqa hech kim to’xtata olmaydi.
Mirtemirning xayolga cho’mganini ko’rgan Iso Xolis :
- Bugun To’rabekovni ko’rgandim. Sizni so’radi. Demak, gap bu yoqda ekan. Nima bo’lsa ham bir uchrashib qo’ying, – dedi.
Bu ishdan Iso Xolisning ham xabari bor, deb o’yladi Mirtemir. Chunki voqeani eshitib, hech qanday taajjub bildirmadi. Aksincha, hamma narsadan xabardor kishidek “chiqish yo’li”ni ko’rsatdi.
Mirtemir Iso Xolisning ham xabari bor yo’kligini o’rganmoqchi bo’ldi. Agar xabari bo’lsa, demak u bilan bir yo’lda yurib bo’lmaydi. Buni o’rganishning birdan bir manbai To’rabekov edi. Ertalab u To’rabekovning huzuriga keldi. Papiros chekmaydigan To’rabekov tinimsiz tutata boshladi.
- Menga ham bering, – dedi Mirtemir. To’rabekov bir quticha “Malbora”ni uzatdi. Keyin :
- O’limdan xabarim bor, lekin bundan xabarim yo’q, – dedi u.
- Xabaringiz bor, bilaman, – dedi Mirtemir o’chakishib. – Xatto Iso Xolisga ham aytibsiz.
- Iso Xolisni kecha ko’rdim. Fakat uzoqdan bosh irg’ab salomlashdik.
Undan meni so’ramadingizmi?
- Siz kerak bo’lsangiz, qaerdan topishimni yaxshi bilaman. Qolaversa, bu masala Oliy kengashning ishi. Bilganimda ham unga aralasha olmayman.
- Axir hamma sessiyalarni Siz o’tkazasiz. Necha marta deputatlarni chaqirib do’qlagansiz. Hatto menga ham qamalib ketasan, deb aytgansiz. Mayli, chaqirib olinglar. Lekin bu ish qonun talabi darajasida bo’lsin. Menga uchrashuv uchun imkoniyat tanimasdan qaror chiqarib qo’yishlaringiz na tarozida turadi va na tavoqda.
- Bilasiz, Ettinchi sessiyada bosh ko’tarib, to’ntarish qilmoqchi bo’lganlarni tor-mor etdik. Bitta Qo’ldoshev qoldi, – dedi To’rabekov xuddi “Sizning ham ishingiz bitdi” degandek.
- Ha, omadlisiz. Lekin inson bir umr ham omadli bo’lavermaydi, – deb chiqib ketayotgan Mirtemirni To’rabekov to’xtatdi.
- Bilasizmi, poytaxtdan ketib viloyatingizda ishlasangiz, buni to’xtatish mumkin.
Mirtemir To’rabekovga qarab jilmaydi-da, eshikni yopib chiqib ketdi. Ertasiga ertalab yo’lga chiqdi. Saylovchilari bilan uchrashmoqchi edi. Lekin uni qo’nalg’ada yaqin do’sti Yo’ldosh kutib oldi. U viloyat hokimiyatida tashkiliy-kadrlar bo’limining mudiri edi.
- Nima gap? – deb so’radi Mirtemir Yo’ldoshdan.
- Hozircha hech gap. Agar biror voqea bo’lsa Sizga men o’zim etkazaman, r…rostdan ham… – dedi Yo’ldosh “r”ni aytishga qiynalib.
- Oliy kengash rayosati nomidan allakachon qaror ham tayyorlab qo’yishibdi-ku?
- Bizga kelgan emas, aks taqdirda meni sizni kutib olishga chiqarisharmidi.
- Men hech kimga aytmasdan yo’lga chiqqandim. Bular yo’talga qarab ismingni aytib beradilar…
- Shunaqami? – ajablandi Yo’ldosh.
- Sizning ajablanishingizni ko’rib men ham ajablanayapman. – dedi Mirtemir.
- Axir imzo to’plashibdi-ku?!
-Yo’g'e, men eshitishim kerak edi.
12. YO’LDOSh
Mirtemir Yo’ldoshning gapiga ishondi. Chunki bu binoda ishlayotganlardan ikki nafariga ishonish mumkin bo’lsa, bulardan biri Yo’ldosh, deb o’ylardi bir paytlar. O’rusiyatdan jumhuriyatga kelgan “tozalovchi”larning qarmog’iga tushgan insonlar orasida Yo’ldosh ham bor edi. O’shanda Yo’ldosh viloyat ijroqo’mida umumiy ishlar bo’limining mudiri edi. Shahar partiya qo’mitasida a’zolikka qabul qilinuvchilardan pora istalganini majlisda aytib qo’ygani uchun ko’chaga quvildi. Mirtemir uni anchadan buyon tanirdi. Yo’ldosh komsomol qo’mitasida ishlab yurganida viloyat ro’znomasiga xat-xabar olib kelardi. Hamma vaqt tirjayib turadigan, bo’yni egik bu yigitchaga doim yordam qo’lini cho’zardi. So’zlaridan halol, pok, vijdonli yigitga o’xshardi. Huquq oliygohini bitirgani uchun siyosatdan uncha-muncha xabari bor edi. Ishdan quvilgandan keyin ikki yil adolat izladi. Bosh suqmagan idora, taqillatmagan eshik qolmadi. Bu orada Mirtemir jumhuriyat ro’znomasiga ishga o’tdi. Bir kuni Yo’ldosh uning huzuriga keldi
- Biz ishongan qayta qurish “ayta ko’rish”, ya’ni gap ekan. Hamma tepadan kelgan “mehmon”lardan qo’rqadi. Kim bilan gaplashmayin “Siz haqsiz, lekin qo’limizdan hech narsa kelmaydi”, deb aytadi – dedi.
Yo’ldoshning sha’mador gapi Mirtemirga ta’sir qildi. Viloyat ro’znomisida uni himoya qilib yoza olmas edi. Bu erda ham mushkul, deb o’yladi. Gazetamizning boshida tepadagilarga xushomadgo’ylik zaruriyati tug’ilsa anqoning urug’ini ham topib keladigan kishi o’tiribdi. Yozganim bilan sahifadan olib tashlaydi. Balki sahifaga etib ham bormas, lekin bu yigitning eng so’ngi umidi bu. Kuzlari mahzunlik qal’asiga aylanibdi, rangi so’lib, qaddi egila boshlabdi. Uning o’rniga boshqa odam bo’lganda to’nini elkasiga tashlab, biror joyda ishlab yuraverardi. U chekinmadi. Nima bo’lganda ham uning qo’ltig’idan ko’tarish kerak. Mirtemir xayollarini tizginladida, Yo’ldoshning ikki sumkaga sig’gan qog’ozlarini qo’liga oldi.
“Bir inson taqdiri” sarlavhali maqolasi tayyor bo’lganda, bosh muharrir o’rinbosari Jo’raboy aka uni tabriklab:
- Bu “mehmon”larimizni tipirlatadigan ilk maqola. Bugunga qadar hech kim ularning mushugini “pisht” degan emas. Lekin “domla” bu maqolaning chiqishiga izn bermaydi, – dedi.
- Sizga yoqqan bo’lsa, balki “domla”ga ham yoqar, – dedi Mirtemir.
Ular bosh muharrirni “domla” deyishardi, chunki bosh muharrir Mayizov ilgari dorulfununda dars bergani uchun uni tahririyatda hamma shunday deb atardi.
Jo’ravoy aka maqolani oldi-da, Mayizovning kotibiga berdi. Bir haftadan keyin Mayizov Mirtemirni chaqirdi. Mayizov ho’l o’tinga o’xshardi, ustidan kerosin sepsangiz bir necha soniyada guvillab yonardi-da, keyin tutay boshlardi. Uning guvillab yonishidan tutashi yomon edi. Chunki ko’zlarni achitib yuborardi.
- Hov ukam, boshing nechta sening?! – Mayizov Mirtemirni sensirab gapirarkan, u xafa bo’lmadi. Chunki bir paytlar dorulfununda darsga kirganida hammani “sen”sirab gapirardi va bunga Mirtemir ham ko’nikkandi. Mayizov odati bo’yicha yoshi o’zidan katta bo’lsa-da o’rinbosarini ham sensirardi, chunki ularni talaba o’rnida ko’rardi.
- Domla…, – Mirtemir nimadir so’ramoqchi bo’ldi.
- Domlangning uyi kuysin!… – Mayizov Mirtemirning so’zini kesdi. – Hozirgina Markazkomdan keldim, Ra’noxon opang gazetamizga tashakkur bildirdi. Nima sen boshimizdan qaynoq suv quymoqchimisan? Yuqoridan kelgan har bir mehmon halol, vijdonli, bizga yaxshilik istab kelgan. Ularni ming marta tekshirib bir marta yuborishgan. Oldingi okaxonlaring hammayoqni sichqon uya qilib, talon taroj etishdi. Xudogo shukur, markazdan yuborilganlar adolat kalavasining uchini topib berishdi…
Mayizov tutay boshlagandi. Bu kamida qirq besh daqiqa davom etishini Mirtemir yaxshi bilardi. Lekin, nima bo’lganda ham domla-da. Ikki darsni qo’shib birdaniga tugatdi.
Mirtemir Jo’raboy akaning huzuriga kelganda, uni qah-qaha bilan qarshiladi.
- Domla yaxshi odam, ikki darsni qo’shib yuboradi. Talabasini limon deb o’ylaydi. Ezaveradi, ezaveradi. Hechqisi yo’q, uch kundan keyin ta’tilga ketayapti, ana o’shanda maqolani chiqarib yuboramiz, – dedi.
Mirtemir Ra’noxon opadan olingan tashakkurnoma sababini endi angladi. Demak, bosh muharrir Markazkom qo’mita kotibi R’no Sa’dullaevadan ta’tilga izn olgan.
Xullas, kun botdi oy chiqdi bir kun ertalab gazeta sahifasida Mirtemirning maqolasi ko’rindi. Bu maqola uning boshida chaqilgan yong’oqqa aylandi. Har tarafdan toshbo’ronga tutishdi. Viloyat partiya qo’mitasida ishlayotgan va Yo’ldoshni badarg’a etgan “mehmon” Nikolay Fillipov basharasidagi niqob yirtilganidan talvasaga tushgandi. Qo’l ostida ishlayotgan Ne’matjon Mahmudovga shikoyat yozdirib, Komfirqa ikkinchi kotibi, “bosh tozalovchi” Radishchevdan “Muxbirning kimligi o’rganilsin” degan hukm chiqartirdi. O’shanda Ne’matjon Mahmudov Mirtemirning huzuriga keldi.
- Menga yoz deyishdi, yozdim. Bilaman, Yo’ldoshga nohaqlik qilindi. Lekin u ham yaxshi odam emas. Komsomolda ikkalamiz birga ishlaganmiz. U ijroqo’mga o’tgandan keyin oramizdan qora mushuk utdi. U majlisda tuman partiya qo’mitasidagilr pora olishadi, der ekan, maqsadi poraxo’rlikni fosh etish emas, balki meni u erdan chetlatish edi, – dedi.
- Nima bo’lganda ham pora olingan, bu isbotlandi, – dedi o’shanda Mirtemir.
Komfirqaning topshirig’i bilan uch tomondan taftish guruhi tuzildi. Mirtemirni “Bobosi bosmachilar bilan aloqador” deb ayblay boshladilar. Partiya komissiyasi esa “Bir paytlar otasi qamalgan” degan bahonani ro’kach qildi. Ichki ishlar boshqarmasida “Mashina oluvchi odamga yordam qilgan” degan aybni o’ylab topishdi. Har kun dahanaki jang, har kun asabbuzarlik. Na uyda, na ko’chada halovat. Nihoyat to’rt oylik tekshir-tekshirdan keyin partiya qo’mitasida muxbir masalasini muhokama qilishga majlis tayin etildi. Majlisni yangi tayinlangan kotib Nazirov boshqardi.
- Muxbirda ayb yo’q, – dedi u.
Bu gapni aytgan Nazirov baloga qoldi. Endi uni tekshira boshladilar. Nazirav Moskovga qadar bordi va Yo’ldoshni ishga tikladi. Shundan keyin Mirtemir Yo’ldosh bilan yaqin do’st bo’lib qoldi. Bir-birining uyiga borib keladigan bo’lishdi. Mirtemir deputatlikka saylanganda Yo’ldosh uning atrofida girdikapalak edi. Poytaxtdan shaharga qaytsa, albatta qarshisida Yo’ldoshni ko’rardi.
- Yurtimizda ozodlik, birlik, erk g’alaba qiladi, demokratiya qaror topadi, – derdi u har safar.
Mana bugun Mirtemir uning huzurida. Uning xonasiga kirishdan oldin, yo’lda Po’lat Majidovichga ro’baru kelib qoldi.
- Oliy Kengash rayosatining qarori keldi, ikki kun bo’ldi. Mashina yurib ketdi, – dedi u kinoya bilan.
Yo’ldosh bo’lsa “Xabarim yo’q” deyapti. Balki rostdan ham bexabardir? E, yo’q, umumiy ishlar bo’limining mudiri qanday qilib xabarsiz qoladi? Axir barcha xat-hujjat uning qo’liga kelib tushadi-ku? Yoki Po’lat Rashidov uni cho’chitish uchun shunday dedi-mi?
Mirtemir Yo’ldoshning xonasidan chiqar ekan:
- Agar bir noxush xabar eshitsam, albatta Sizga etkazaman, – dedi doimiy tirjayishini kanda qilmay.
Mirtemir o’zi saylangan tumanga keldi. Hokim Keldiyor Isroilov tinimsiz sigaret cheka boshladi.
- Xonangizda birov sigaret cheksa ruxsat bermas edingiz, endi o’zingiz boshlabsiz-ku? – dedi Mirtemir.
- E, o’sha kundan boshlab cheka boshladim, – dedi Keldiyor.
- Qaysi kun?
- Siz haqingizda masala ko’tarilgan kun-da!
- Meni deputatlikdan chaqirib olish masalasini biror bir tashkilot yoki biror qishloq ahli ko’tardi-mi? – kinoya bilan so’radi Mirtemir.
- Qiziqsiz-a, tuman ahli sizni mendan ham yaxshi ko’rishadi-ku!
- Unday bo’lsa masala qaerdan ko’tarildi? – ataylab savolini takrorladi Mirtemir.
- Ikkalamiz do’stmiz, gap shu erda qolsin, – dedi Keldiyor – Meni Po’lat Majidovich chaqirdi. Unga “Katta”ning o’zi sim qoqipti. Bu narsa bizga obro’ keltirmasligini, xalq noto’g'ri tushunishini aytdim. Uzoq gaplashdik. Nihoyat: “Bo’pti, siz ta’tilga chiqing. O’zimiz bajaramiz”, dedi. Ariza yozdim, qo’l qo’ydi. Gapning ochig’i xursand bo’lib ketdim. Sizni mening qo’lim bilan o’ldirishmoqchi edilar. Oldingi hokim bilan qancha olshganingizni butun jumhuriyat ko’rdi. U xoinni tumanimiz boshidan uzoqlashtirguncha qancha azob chekdingiz. Buni xalqimiz unutmadi. Shu bois Po’lat Majidovichga “Taklifimizni xalq qo’llamaydi” deb aytdim. U kuldi-da, qachondan buyon xalqdan so’raydigan bo’lib qoldingiz”, dedi. Tumanga etib kelmasimdan orqadan Aliboy Mardiev va Yo’ldosh Suvonovlar etib kelishdi. Mana shu xonada o’tirib xalq nomidan talabnoma yozdik, keyin qaror matnini hozirladik, undan keyin poytaxtdan bu masalani ko’rib chiqishni iltimos qilib xat tayyorladik. Yo’ldosh Suvonov mening mashinamda poytaxtga olib bordi va o’sha kuniyoq u erda chiqarilgan qarorni olib qaytdi…
- Kim, kim?! – Mirtemir titrab ketdi.
- Umumiy ishlar mudiri Yo’ldosh Suvonov. Iltimos, o’ziga aytmang, “Biz Mirtemir bilan do’stmiz, endi menga ham yomon ko’z bilan qarashadi”, deyayotgandi.
Keldiyorning qolgan gapi Mirtemirning qulog’iga kirmadi. Chunki uning quloqlari oldida boshqa bir hayqiriq jaranglayotgandi.
Yo’ldosh! Qani sening vijdoning, iymoning?! Qani kurashchiliging?! Sendagi do’stlik ruhi qaerga yo’qoldi?! Sening noming bugun qilichga aylandi. Tafakkurim, qarashlarim, ishonchimni chil-chil aylagan qilich!
Yo’ldosh! Men bu tumandagi dehqon, brigadir, hatto mana bu xonaga kelib sening guvohligingda qarorga imzo ottirilgan raisdan xafa bo’lmayman U kurash nimaligini, azob-uqubat nimaligini, uyqusiz tunlar, adolat, haqiqat yo’lida jon fido qilish nimaligini yo biladi yo yo’q… Uni manqurt holiga solishgan, ham ovozi bor, ham ovozi yo’q. Gapiradi-yu gapirolmaydi, o’ylaydi-yu fikrlarini qalbiga ko’madi. Iztirob chekadi-yu iztirobi bilan birga qovruladi. Lekin sen-chi?!
Yo’ldosh! Man Mardievdan xafa bo’lishga haqli emasman. U o’n yillar davomida sud raisi bo’ldi. Bu uning oddiy hayot tarzi, dunyoni pul deb baholadi va o’z mezoniga ko’ra to’g'ri qildi. Bugun viloyat hokimining birinchi o’rinbosari. U hali uzoq manzillarga etib boradi. Sobiq bosh vazirni deputatlikdan quvishda “mash’al”ga aylandi. Lekin hech kim bilmaydiki, Xayrullo Saidov o’zi ariza yozib deputatlikni tark etdi. Mardievlar esa uni “qarsaklar” bilan chaqirib olishdi, uning o’rniga o’zi deputat bo’ldi. Men undan ranjimayman. Iflos jamiyatning eng iflos cho’qqilarida yurgan bunday “aqlli” kishilardan xafa bo’lish ahmoqlikdir.
Yo’ldosh! Men bugun Po’lat Majidovichni ham kechirdim. U ham bir jallod. Hukm kelsa, otasining boshini kesadi. U qondan, jirkanchlikdan seskanmaydi. Uning hayot tarzi bu. Ammo unga ham rahmim keladi, chunki bir kun shu “Katta”ning o’zi uning boshini uzadi. Shoxlarning jallodlarri hech qachon omon qolmagan. U bugungi gunohlari haqqi o’z hukumdoridan jazo oladi.
Yo’ldosh! Men hatto Keldiyordan ham xafa bo’lolmayman. U ham o’ziga xos shaxs. Lekin hech narsani yashirmasdan borini aytdi. O’z vijdoni oldida pok. Hatto “Men qarshi chiqib ishni tashlab ketsam ham, baribir Sizni deputatlikdan chaqirishadi. Chunki bu xalqning irodasi emas, bu “Katta”ning irodasidir. Qaror allaqachon chiqarilgan”, dedi. U pismiq emas, u maqsadini yashirmaydi. Ilgari kelganimda eshikka qadar kuzatib qo’ymagan bu yigit, bugun mana ko’chaga qadar chiqdi. Ketishim uchun mashina bermoqchi bo’layapti. O’tgan oy esa uchrashuvga kechikayotganimizda binoning orqa eshigidan qochgan bu “pahlavon” bugun o’zini hokisor qilib ko’rsatish bilan o’z gunohlarini engillatmoqchi. U meni “do’stim”dan alqayapti. Uning maqsadi bor: Meni xalq huzuriga chiqarmoqchi emas. Suhbatlashib o’tirar ekanmiz, boshqa xonadan kimgadir sim qoqdi. U balki sen eding, balki Mardievdir. So’ng “Tushuning, xalq bilan uchrashuvning foydasi yo’q. Faqat menga gap tegadi. Butun tuman xalqi qo’liga qurol olib chiqsa ham bu harakatni to’xtata olmaydi. Chunki bu harakat sarobdek gap. Qaerda ko’rinib qaerda ko’rinmasligi noaniq. Hozir qonunga ko’ra, ba’zi qog’ozlar tayyorlanmoqda, ertaga esa “Chaqirib olindi, to’qson to’qqiz foiz xalq ovoz berdi” degan qaror yoziladi. Agar erkakchasiga aytsam bu ham yozib qo’yilgan. Bitta ish qoldi. U ham bo’lsa belgilangan kun matbuotda e’lon qilish” dedi.
U hech narsani yashirmaydi. Ochiqchasiga “Seni o’ldiraman” deydi. O’lishingni bilasan, yana bir necha lahzadan so’ng “paq” etib miltiq otiladi-yu mangu uyquga ketasan. Negadir bu qotillikdan xafa bo’lolmaysan.
Yo’ldosh! Hatto o’sha senlar sig’ingan To’rabekovga nisbatan qalbim yumshadi. U ham Xudoga emas bandaga sig’inadi. “Katta”ning qarshisida hamma vaqt boshi egik, tili qisiq. Mozorda yotgan onasini, uyida o’tirgan xotinini haqoratlasa ham jim turaverardi. U xuddi lavozimlarini pullagandek o’z bolasini osongina sotib yuborishi mumkin. Unda na fikr va na qalb bor. Uning vijdoni pul, iymoni mansab. Ertaga “Katta”ning paytavasiga qurt tushsa, uning oyog’iga birinchi bo’lib bolta uradigan To’rabekov bo’ladi. Bugun “Katta”ning suvratini ishxonasiga osib qo’ygan. Ko’zi ko’ziga tushmasa ko’ngli joyiga tushmaydi. Agar masala uning mansabi bilan daxldor bo’lsa, ertagayoq mening suvratimga ham sig’inishi hech gap emas. To’rabekov, Uzoqov, Salimovlardan xafa bo’lish o’zingni bepisand etish, xor-zor qilish bilan barobar. Ular dunyodagi eng badbaxt odamlar. Ularning bu kuni bor, u ham omonat, ertalari zulmat, kelajaklari esa yolg’iz Xudoga ayon.
Lekin sen-chi, Yo’ldosh? Sen kimsan? Sansiraganimga jahling chiqmasin. Sen deya Yo’ldosh Suvonov bilan emas, balki Yo’ldoshevlar bilan baxs ochmoq istadim. Sendagi adolatga ishonch qachon so’ndi? Sendagi kurashchanlik ruhi qachon sindi?! Sendagi umid daraxti qachon chiriy boshladi?! Qachon?! Agar bor haqiqatni anglab, sen haqsizlikka ko’nikkan bo’lsang, demak millatning taqdiri xavf ostida. Chunki millatni ushlab turadigan ildizlar uning botir, qo’rqmas, haqso’z o’g'lonlari.
To’rabekovlar, Salimovlar, Mardi-evlar… ularning son-sanog’i yo’q. Ularning ojizligi, qo’rqoqligi ham bois Turkistonni o’rislar bosib oldi., qatliom qildilar xalqni. Ular “Maratu”lardir. Rivoyatni esla. “Maratu”larning xoinligi bois millatning tilini kesdilar, shoirlarini o’ldirdilar, yozuvchilarini tiriklayin ko’mdilar, oydinlarini darbadar etdilar. Shu oydinlarning orasidan chiqqan “Maratu”larning qo’li bilan. “Maratu”larning mansabga sadoqati bois millionlab o’g'lonlarni “bosmachi” deya tavqi la’natga qorishtirdilar. “Maratu”larning odam qiyofasidagi shaytonligi tufayli xalqning kiprigiga qulf, qo’llariga zanjir, tafakkuriga tikanzor solindi. Lekin “Maratu”larni oxir-oqibat Chor Rossiyasi ham ayamadi, dorga osdi. “Maratu”larni Lenin kechirmadi. Ochdan o’ldirdi! “Maratu”larni Stalin otdi, lekin Yo’ldoshlar qoldilar. Nega? Bu qanday sinoat?! Bu qanday sir?! Balki asl “Maratu” sensan, Yo’ldosh!
Endi Yo’ldosh Suvonovga ikki og’iz so’zim bor: Sizdan yordam so’rab borganim yo’q birodar. Dardlashmoq istadim. Siz bor haqiqatni yashirsangizda, hamtovoqlaringiz yashirmadilar. Lekin nega yashirdingiz? Nega jilmayib turib aldadingiz? Sizni qandaydir tuyg’u qiynoqqa soldimi? Agar bor gapni aytganingizda… Yo’q, siz meni yaxshi bilardingiz. Men mansab uchun do’stini sotgganlardan hazar qilaman! Rahbarga sadoqatli ko’rinib, birodarlaridan kechganlar bilan suhbat qurishdan or qilaman! Shu bois ham yashirgansiz, Yo’ldosh Suvonovich!
Siz qo’lda qilich bilan men saylangan tumanga borgansiz. Kundaga mening boshim qo’yilgandi, kurashlardan tizzalab qolganingiz ko’z oldingizga keldi-mi? Ikki yil sarson-sargardon yurganingizni esga oldingiz-mi? Yoki shu holat sizga qilich ko’tarish uchun kuch berdi-mi? Lekin siz o’sha paytda yolg’iz qolmagan edingiz-ku?
Uh, qilichni urdingiz! U mening boshimga emas, umidimga, ishonchimga kurashimga sanchildi. Men o’zimning bugungi holatimni enga olmasam, qachondir qaysibir Yo’ldosh adolatsiz chorrahada yolg’iz qoladi. Balki bu holatimni engsam, men qo’llagan Yo’ldoshlar qachondir Mirtemirlarning boshini kesar! Ko’rdingizmi, nima qilib qo’ydingiz, Yo’ldosh Suvonovich!
Azaldan kishilar do’stlarning xiyonatidan ozor chekkanlar. Nafaqat kishilar, balki butun jonzodlarni ana shu dard qiynaydi. Yodiga “Xonbaliq” haqidagi rivoyat tushadi.
RIVOYaT
Endi urug’dan chiqqan ikki xonbaliq toza suvda gohida sakrab, gohida “uchib” o’sishardi. Noxos kelgan oqim ulardan birini o’z komiga tortdi. Uni sho’r suv – ummonga olib borib tashladi. U shiddat bilan orqaga urdi uzini, to’lqin uni qayta uloqtirdi. U suv ostidan ortga suzmoqchi bo’ldi, mehnatlari zoe ketdi. U endi sakrab-sakrab oqimga qarshi suza boshladi. Sharillab oqayotgan suv uni toshlarga urdi, boshi zada bo’ldi. Yana sho’r suv – ummonga borib tushdi. U kuch to’plab ortga qaytdi. Goh toshga urildi, goh ortga uloqtirildi.
Vaqt uning foydasiga ishlardi. U chiniqardi va kuch yig’ardi, ulg’ayardi. Nihoyat u shiddatli oqimni, iztirob irmoqlarini asta-sekin enga boshladi. Uzoq kurashlar, olishuvlardan so’ng o’zi paydo bo’lgan musaffo ko’lga etib keldi. Sakrab, suv sachratib o’ynadi, quvnadi, so’ng do’st-yorini qidirdi. Izlab-izlab topdi. Do’sti undan qochdi. U qancha yaqinlashmasin do’sti shunchalik qochib ketaverdi. So’ng u katta kuch bilan o’zini toshga urdi. O’lmadi. Yana borib urdi. Yana… yana… Uni suv qirgoqqa olib chiqib tashladi. Shunda do’sti ham uning ortidan bu holni takrorladi.
Bu ikki baliq qolgan baliqlar falsafasidan yiroqda edi. Dumingni likillatsang ilgari ketasan, degan qoidani qabul etmagandilar. Balki shuning uchun ularning nomlari Ilonbaliq emas, Cho’tirbaliq emas, ularning nomi Xonbaliq!
Mirtemir tumandan orqaga qaytar ekan qo’lini silkab qolgan Keldiyorning g’ira-shira qiyofasi Yuldoshning qomati bilan qorishib ketdi. Qishning so’ng kunlaridagi suyaklarni kemiruvchi xirchin shamol derazadan shiddat bilan ichkariga urdi-yu Mirtemirning xayollarini olib ketdi. U mashinaning oynasini bekitar ekan, xuddi o’tgan kunlariga parda tortgandek ko’ngli bo’m-bo’sh edi. Bu bo’m-bo’shlikni to’ldiradigan quvg’inlar hali oldinda ekanligini sezsa-da shu damda bu haqda o’ylamaslikka urinardi…
(UCHINCHI KITOB TUGADI).
Filed under: Adib haqida, Ҳамма китоблар





