1. KIRISH
Aytish kerakki, bu kitobni “Quvg’in” romanidan oldin qoralagandim. Butun voqealikni ifodalash va zulm xarakterini ochish hamda o’quvchiga etib borishini qulaylashtirish maqsadida badiiy yo’lni tanlagandim. Ammo “Quvg’in” e’lon qilingandan beri juda ko’p savollar olaman va ko’pchilik voqealar rostdan ham bo’lganmi, kitobdagi falonchi hayotdagi falonchimi, deb so’rashadi.
Ma’lumki, O’zbekistonning Islom Karimov davridagi asl tarixi ustidan qora chaplanib, uning o’rniga yolg’on tarix yozildi. Voqealar mutloq buzib ko’rsatildi. Xoinlar qahramonga, qahramonlar xoinga aylantirildi
Shularni e’tiborga olgan holda va badiiy asar chetida qolgan hujjatlarni qayta ko’zdan kechirgan vaziyatda “IAK” hujjatli romanini yozdim.
Bu erda asosan tarixni, ya’ni bo’lgan voqealarni o’z holicha ko’chirishga urindim.Tarix o’lmasligini ko’rsatishga harakat qildim. Zulmning ildizi va asl qiyofasini bor holicha chizishga urindim. Har birimiz ana shunday ko’rganlarimizni va bilganlarimizni yozsak, tarixni tiklagan bo’lamiz. Men bo’sh qoldirgan joylarni men bilan birga bu voqealarga guvoh bo’lganlar to’ldirishar, degan umidim ham bor.
2.TARJIMAI HOL
Ismi va sharifi: Islom Abdug’anievich Karimov.
Tug’ilgan vaqti: 1938 yil, 30 Yanvar.
Tug’ilgan joyi: Samarqand shahri.
Oilaviy ahvoli va oilasining tarkibi:ikki marta uylangan.
Rasman e’lon etilmagan ma’lumotlarga ko’ra Islom Karimovning birinchi xotinidan Petr ismli o’gli bor.
Ikkinchisi bilan, ya’ni Tatyana Akbarovna Karimova bilan yashaydi. Qizlari-Gulnora va Lola. Gulnora Karimova Amerika fuqarosi Mansur Maqsudiyga turmushga chiqqan va 2002 yilda ajralgan. Ikki bolasi bor: Islom va Iymon.
Millati: aslida tojik, rasmiyatda o’zbek.
Ona tili:tojik. Lekin rus tilida ham ona tili kabi gaplashadi.
Keyinchalik o’rgangan tili: o’zbek.
Ma’lumoti va mutaxassisligi: O’rta Osiyo politexnika institutining injener-mexaniklik fakultetini 1960 yilda bitirgan. Toshkent xalq xjaligi institutining iqtisod bo’limini 1967 yilda bitirgani haqida diplomga ega. Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra bu diplomni o’qimasdan olgan. Tekshirishning iloji yo’q, chunki bilim dargohining o’sha yillardagi arxiviga sirli ravishda o’t ketgan..
Prezidentlik davrida iqtisod fanlari doktori va O’zbekiston fanlar akademiyasining hamda Rossiyadagi bir qator akademiyalarning a’zosi bo’lgan.
Xizmat pillapoyalari:( Rasmiy e’lon qilingan ma’lumotlarga ko’ra)
1960 – Toshkent qishloq xo’jalik mashinasozligi zavodida master yordamchisi, master, texnolog.
1961–1966 – injener, Toshkent aviasozlik birlashmasida injener-konstruktor..
1966–1983 – O’zbekiston SSR davlat planlashtirish qo’mitasining bo’limida bosh mutaxassis, qo’mita raisining yordamchisi, bo’lim boshlig’i, boshqarma boshlig’i, qo’mita raisining birinchi o’rinbosari.
1983–1986 – O’zbekiston SSR Moliya vaziri.
1986 – O’zbekiston davlat planlashtirish qo’mitasining raisi, Bosh vazir o’rinbosari.
1986–1989 –O’zbekiston Kompartiyasi Qashqadaryo viloyat qo’mitasining birinchi kotibi.
1989–1991 –O’zbekiston Kompartiyasi MK Birinchi kotibi.
1990–1991 – KPSS MK a’zosi, KPSS MK Siyosiy Byurosining a’zosi.
1990 yil 24 Mart – O’zbekiston Oliy Kengashining sessiyasida O’zbekiston prezidenti etib saylandi.
1991 yil 29 dekabrda – umumxalq saylovida prezident etib saylandi.
1995 yil 26 Mart kuni prezidentlik muddati referendum yo’li bilan 2000 yilga qadar uzaytirildi.
2000 yil 2 Yanvarda takror prezidentlikka saylandi, deb e’lon qilindi.
2002 yilda referendum yo’li bilan prezidentlik davri etti yilga uzaytirildi va uning 2007 yilga qadar taxtda qolishi kafolatlandi.
Mukofotlari: Mehnat qizil Bayroq ordeni va Xalqlar do’stligi ordeni ( SSSR paytida olgan), O’zbekiston Qahramoni birinchi raqamli oltin medali bilan( Prezidentligi davrida ta’sis etgan va birinchisini o’zi olgan), Mustaqillik ordeni va Prezidentligi davrida ta’sis etgan va o’zi olgan ordenlari, birinchi darajali Rus pravoslav Cherkovi ordeni va boshqa bir qator xorijiy davlatlar mukofotlari, Misrdagi Al Ahzar universitetining professori unvonini olgan.
Asarlari: 10; 12 tomlik to’plamlar.( Boshqalar yozib u o’qib bergan nutqlar va boshqalar yozib uning nomi bilan nashr etilgan asarlardan iborat).
Sevgan sport turi tennis o’yini.
Boshqaruv usuli: lenincha kommunistik boshqaruv usuli.
Boshqaruvdagi mahorat maydoni: “Hammani bir-biriga dushman qilib qo’y va boshqar!”, usuli.
Istagi: tarixda ikkinchi emas, birinchi “Amir Temur” bo’lib qolish.
3. HAYRAT
Xalqning bir qismini aldash mumkin, yana bir qismini doim aldash mumkin, xalqning hammasini vaqtincha aldash mumkin, lekin butun halqni hamma vaqt aldash mumkin emas, degandi Amerika prezidentlaridan biri. Chunki g’arbda mamlakatni idora qilishga da’vogar shaxslarning «etti ko’rpasini» ag’darib ko’radilar. Shaxsning halolligi, rostgo’yligi, diyonatli, iymonli, insofli, aql-idrokli va salomat bo’lishiga ahamiyat beriladi. Amerikada saylovlar davrida nomzod yoshligida qimor o’ynagani, qandaydir hujjatli filmni xavfsizlik idorasiga sotgani, narkotik qo’llangani, go’zal bir xonimga ko’ngil qo’ygani kabi holatlar ham suv betiga qalqib chiqqan. Chunki Amerika xalqi fermaga mudir emas, mamlakatga rahbar, agar mamlakat vujud bo’lsa, vujudga bosh, agar mamlakat bosh bo’lsa, boshga aql istashadi.
Sobiq Sovet ittifoqi davrida esa shaxsning o’zi emas, hujjatlari «toza» bo’lsa bas edi. Har qanday ifloslikka bulg’angan hujjatni ham pul bir pastda tozalardi. U paytda shaxsning partiyaga sadoqati, xalqqa qo’rqmay yolg’on so’zlay olish qobiliyatiga e’tibor berilardi.Xo’sh, bugun nega O’zbekistonda mustaqil mamlakatda yashab, hamon Lenin chizib bergan yo’ldan bir qadam ham nariga yoki beriga odim otilmayapti? Chunki hokimiyat makrning mulkiga aylandi, makrning domiga tushdi.
Makr mahoratdir, degan gap bor. Makrning million qarmog’i bo’ladi. Biridan qochsang ikkinchisiga tutulasan. Makrdan uzoq bo’lishning yo’li ikkitadir. Biri uni bilish, ikkinchisi uni yo’qotish. Birinchisiga ega bo’lmay ikkinchisiga erishib bo’lmaydi. Tabiatning oddiy qonuni bu. Shu niqtai nazardan kelib chiqib, avvalo kutilmaganda hokimiyat teppasiga ko’tarilgan va tarixning burilish nuqtasida O’zbekistonda millat hamda mamlakat taqdiriga qora tamg’a urgan shaxsning, ya’ni makr manbaini o’rganib ko’rish kerak.
Hokimiyatni makr bilan qo’lga olgan va makr bilan boshqargan Islom Karimovni ham yaqindan ham uzoqdandan yaxshi taniyman. Tarixning burilish nuqtalarida u bilan ko’p marta to’qnash keldik. Uning shaxsi, nimaga qodir bo’lib, nimaga qodir emasligi, qanday qilib hokimiyatni bu qadar mahkam ushlab olishi, nima sababdan zulm va qatag’on yo’lini tanlashi, millonlab odamlarni baxtsizlikka boshlashi sabablari uning qiyofasida, ma’naviyatida “mana-man” deb turganday.
Ko’pchilik unga ishondimi yoki undan qo’rqdimi? O’zbekistonni saqlab qolish uchun uning qattiqqo’lligi, yakkahokimligi kerak edimi yoki bu qattiqqo’llik, yakkahokimlik O’zbekiston kelajagini tahlika ostida qoldirdimi? Nima sababdan bugunga qadar xalq uning kimligini tanimaydi va mamlakatni qanday boshqarishi haqida aniq ma’lumotga ega emas? Bu uning mahoratimi yoki jamiyatning ojizligimi? Xullas, bu kabi sarhadsiz savollarga bois bo’lgan Islom Karimov kim?
Men ilk daf’a Islom Karimovga duch kelganimda orzularim tug’yon urdi. “Yurakdagi bunday lovullagan olov, kuch-g’ayrat, fidoyilik bilan partiya idoralarida qanday ishlayapti ekan, bu zot?”- degan savol o’rtadi meni. Tasavvur qiling, sobiq sho’rolar mamlakatida to’qnashuvlar tufayli quyosh chizig’idan chiqqan bir payt. Ham fikr, ham musht to’qnashuvlari. Ozodlik va qullik kurashmoqda edi. Sobiq komfirqa nima bo’lsa-da o’zini saqlab qolish talvasasida. Buning evaziga ko’p narsadan qochmoqqa va ko’p narsani emirmoqqa tayyor. Shunday kezda sho’rolar mamlakati tayangan va ishongan «shtab»lardan biri O’zbekiston komfirqasining birinchi kotibi Islom Karimov Samarqand viloyatining Kattaqo’rg’on tumanida saylovchilar bilan (O’zbekiston SSR Oliy Sovetiga 12 chaqiriq saylovlari boshlangan paytda) uchrashmoqda. Endi-endi o’zbek tilini o’rgana boshlagan «birinchi»ning so’zlarni qo’pol tarzda buzib aytishi, kulgiga bois bo’ladigan iboralar ishlatishi, oldi-qochdi gaplardan qutula olmasligi hech kimning g’ashiga tegmas edi. Chunki u kurmaklar aro pishiq guruchlar sochayotgandi.
«Qachongacha erimiz, Vatanimiz, boyliklarimizga naryogdan kelganlar xo’jayinlik qiladilar?». Qarsaklar.
«Qachongacha o’zbek tili xor buladi? O’z tariximiz, dinimiz, tilimiz, qadriyatlarimiz qachongacha karam (qaram demoqchi- J.M.) bo’ladi? Biz ozod, mustaqil bo’lishimiz uchun kerak bo’lsa jonimni beraman». Gulduros qarsaklar.
«Biz faqat paxta, tillolar evaziga dunyoda eng boy yashashimiz mumkinligini mana shu manbardan (minbardan, demoqchi – J.M.) isho&nch bilan aytaman». Qarsaklar.
“Bu zamindagi hamma narsalar dunyo bozorida eng baland bahoga sotiladi. Oltin deysizmi, pilla deysizmi, qarako’l, paxta deysizmi, hammasi jahon bozorining eng chaqqon mahsulotlari, bular o’zimizga qolsa, biz dunyoning boy davlatlaridan biri bo’lamiz. Mana men iqtisodchi sifatida bunga garantiya beraman: O’zbekistonning boyliklari o’z xalqini boqishga, boqqanda ham to’liq boqishga etib ortadi, mana ko’rasizlar!” (Qarsaklar)
«Men naryogdan, keling ochiq aytay, Moskovdan qo’rqadigan erim yo’q. Sizlar himoya qilsalaring, bas! Nima deysizlar?» Gulduros qarsaklar.
«Farg’ona, Bo’ka, Parkent voqealarini kim uyushtirganini bilaman. Ochib tashlaymiz hali. Oldingizda tiz cho’kib aytamanki, hammasi jazosini oladi». Qarsaklar.
«Saylovlar ozod bo’ladi. Ko’ppartiyaviylikka yo’l ochamiz. Kommunistik partiya maydondan chiqadi. Moskovda uxlab yotgan deputatlarimizni ishga solamiz, ular haqimizni o’ndirish uchun ishlamasalar kim ishlaydi?». Qarsaklar.
“Din erkin bo’ladi, istaganimizcha machit quramiz, bizga restoranlar, qasrlar kerak emas, bizga ibodat qiladigan joy kerak”. Qarsaklar.
“Namoz oqigani uchun partiyadan o’chirgan zamonlar o’tdi, endi kerak bo’lsa bu yurtda namoz qilmaydigan bo’lmaydi”degan gapni Konstitutsiyaga kiritib qo’yamiz. Dindan bexabar bo’lganlar o’rgansin, keyin kech bo’ladi. Ollohga xizmat qilishni o’rganmagan odam mening do’stim emas!. Qarsaklar.
«Paxta ishi» bilan qamalganlarni, insholloh ozod qilamiz. Xalqimizning nomini osmonga ko’taramiz». Karsaklar.
«Erni dehqonga beramiz, Gorbachyov qo’lini peshtaxta (pesh demoqchi-J.M.) qilmasin ko’p. Siz qo’llasangiz, biz ham qo’limizni peshtaxta qilamiz». Gulduros qarsaklar.
Qarsak urganlar va Karimovni qo’llab gapirganlar safida kamina ham bor edi. U juda ko’p odamlar o’ylab yurgan gaplarni tilga keltirgan edi. Uning aytgan ko’p gaplari mening ham orzularim edi.Uning nutqini kim yozib bergan bo’lsa ham xalqning ko’nglidagini satrlarga to’kkandi va Karimov uni vaqtida tilga keltirgandi.
O’shanda “Birinchi», ya’ni bir respublikaning boshida turgan shaxs bemalol yolg’on gapirishi, xalqni aldashi, bugun aytib ertaga so’zidan qaytishi mumkin, degan fikrdan yiroq edim. Taassufki, ana shu men yiroq bo’lgan fikrlar haqiqatning o’zginasi ekan. Ha, haqiqat olis-olislarda, etganlar bor, etmaganlar bor!
4. QOVUN O’G'RISI
Kunlarning birida qo’shnimiz Tamara opa bilan bahslashib qoldim.
-Islom bilan birga o’qiganmiz – dedi u maktab yillaridagi bir voqeani xotirlab. –Islom to’polonchi bola edi. Bahoni past qo’ygan muallimning sho’ri qurirdi. Ko’pincha «Siyob» kolxoz bozoridan qovun o’girlab kelishardi. «o’zbaklarni dog’da qo’yib keldik, «Ha, tojik bola», deb quvgandi, qovunlarining ustidan sakradim, u ham sakrayman, deb og’zi bilan erga qopishdi.Qovunlari yumalab ketdi», deganda sinfdoshlarimizdan biri nimadir dedi. Islom qo’lidagi pichoqni partaning ustiga urdi-da haligi qizning yuziga tarsaki tortib yubordi. Keyin onasi-yu otasini bug’doyzordan olib arpazorga soldi.
-Ha, endi bolalikda nima bo’lmaydi?- deya unga qarshilik qilgan bo’ldim.
Oradan ikki yil kechib Rossiyaning «Ostankino» oynaijahoni «Xalq saylagan rahbar» nomi bilan Islom Karimov haqida “hujjatli” film namoyish qildi.Keyinchalik bilsam, bu filmni ruslar O’zbekistonning o’sha kunlardagi juda katta miqdordagi puliga javoban suratga olishgan va pulni reklama uchun, deb rasmiylashtirishgan ekan. O’zbekiston hukumati ham “Mamlakatimizni jahonga tanitish uchun” deya televideniega katta miqdordagi pulni ko’chirgan ekan. Lekin film faqat Karimov shaxsini ulug’lash haqida edi.
«Bolalikdan balandga sakrashni yaxshi ko’rardim» dedi «xalq suygan» rahbar va filmda bu gap takror-takror ekranga chiqarildi. Shunda ko’z oldimdan Tamara opaning hikoyasi xuddi hujjatli film kabi o’ta boshladi:qovun to’dasi ustidan sakrab o’tayotgan bola va yiqilib qontalash bo’lgan dehqon bobo!
Oradan ko’p o’tmay yana Samarqandga borganimda Tamara opani gapga tutdim. Ammo u ochilmadi. Mendan shubha qilayapti, deb Karimovning odamlarga o’tkazayotgan zug’mlaridan aytib berdim. Keyin u:
-Sinfdoshlarimizga nimadir bo’layapti,-dedi,- Ba’zilari televizorga chiqib yolg’on gapirib, Islomni maqtashayapti. Uning Oltin medal bilan maktabni bitirgani haqida to’qib-bichib gapirayaptilar. Ba’zilari esa O’zbekistondan ko’chib ketayaptilar.
Yanagi borganimda Tamara opa ham ko’chib ketgan ekan. Kimdir “Rossiyaga ketdi” desa, yana kimdir “Amerikaga ketdi” derdi. Xullas, u prezidentning bolaligi haqida bilgan narsalarini qaerga bo’lsa ham boshqa sinfdoshlari kabi o’zi bilan birga olib ketgandi.
Bir kuni saylovdagi ishonchli vakilim Hafiz aka Azizov to’yga aytdi. Alohida uyda Karimovning akasi Ibod aka va oqsoqollar o’tirishgan ekan. Hafiz aka meni ham o’sha xonaga boshladi.
-Ibod Abdug’anievich yon qo’shnimiz bo’ladilar, – deya tanishtirdi bag’ri daryo, birovga yomonlik istamaydigan inson Hafiz aka,
-Bizning bolalarning tog’asiga o’g'il buladilar bu kishi,-dedi-da Hafiz aka tashqariga chiqdi. Biz ancha suhbatlashdik. Ibod aka ochilmadi. Ukasi haqida so’z aytmadi. Faqat yaqinda to’y qilgani, to’yga Samarqand viloyat hokimi Pulat Abdurahmonov kelganini tojik tilida qistirib o’tdi. U uzr istab chiqib ketgach, do’stlari gap boshlashdi. Balki meni tojik tilini tushunmaydi, deb uylashdimi, yoki sessiyada Karimovga qarshi gapirganim uchun ataylab surpani ochishdimi, harqalay tushunolmadim.
-Ukasi to’yiga kelmadi. Shundan og’ringan bu, – dedi oqsoqollardan biri.
-Islomni bilmaydimiki, xafa bo’lsin, – dedi boshqa bir oqsoqol.
-Narigi akasi o’lganda soat to’rtgacha tobutni ko’tarishmadi. Bir vaqt keldi-yu, «komissiya bor» deb orqasiga qaytib ketdi.O’shanda xafa bo’lmagan odam, endi ranjiydimi?
-Ishqilib oxiri baxayr bo’lsin. Qurg’ur otasini ham zor qaqshatgandi-da
-He,otasida ham bor edi-da…
-Otang gadoy bo’lsa to’rva ushla, deyishgan. Uyda otamiz o’tirganda tomga chikarmidik? U otasini ham, onasi Sanobar xolani ham xo’rladi. Oxiri uydan quvib qutilishdi sho’rliklar…
Bu gaplarga ishonmasamda vujudimda titroq boshlandi. Titroq savollarga aylandi,
Nahotki, ona O’zbekistonning peshonasiga shunday bir o’gil bitgan bo’lsa? O’zbekistonning oxirati Abdug’ani ota va Sanobar ayalarning taqdiriga o’xshamasmikan?!
La’nat shaytonga, deb savollarni quvdim. Keyin bu gaplarni bot-bot surishtirdim. Hatto qamoqdagi ukasi Arslon ozodlikka chiqib Toshkentga kelganida Karimov qabul qilmagach, bu gaplarni oshkor qilganini aytishganda ham «dedi-dedi» deb o’yladim. Ammo, haqiqat o’lmaydi. Baribir o’zini ko’rsatadi. Karimovning eng yaqin qarindoshlari ham buni tasdiqlashdi. Ular ham unga ishonmas edilar. Yurtga achinishardi. Lekin keyinchalik prezidentning yaqini, deb ularga etibor kuchayib ketdi. Ayniqsa Arslon mafiyani qo’lga oldi.
5.BIRINChI SESSIYa
1990 yilning 24 mart kuni O’zbekiston Oliy kengashi to’qqizincni chaqiriq birinchi sessiyasi arafasida vakillar kengashi bo’ldi. Sovet davrida har bir majlisdan oldin shunday bir to’planish o’tkazib hammani yana bir karra ogohlantirib qo’yishar ekan. Ammo bu safargisi oldingilaridan keskin farq qilardi.
Avvalo shuni aytish kerakki, saylangan deputatalarni uchga bo’lish mumkin edi.
Birinchisi, kommunstik partiya tayyorlagan ro’yxat bo’yicha saylanganlar. Ular kimligi, ma’lumoti, millati, yoshi, vazifasi,sadoqatiga alohida e’tibor berib tanlangan kishilar va ko’pchilikni tashkil etishardi.Ularning ba’zilarini muqobil saylov o’yinlari bilan saylashgandi.
Ikkinchisi, ijtimoiy qarashlari bilan maydonga chiqqanlar va kommunistik partiyaning ro’yxatidan saylanishga rozi bo’lganlar. Ular hech qanday muqobil nomzodlarsiz saylanishgan. Boshqacha aytganda qandaydir kelishuv asosida. Ular ozchilikni tashkil etishardi.
Uchunchi guruh esa, xalq tomonidan ko’rsatilib kommunistik partiyaning nomzodlarini judda katta qarshiliklar, tahdidlar, hujumlarga qaramay engib chiqqan deputatlar. Ular ham ko’pchilk emas edilar, ammo ular qolganlarni ergashtirib ketishlari mumkinligidan cho’chishardi..
Har holda Karimov ham o’zining ro’yxatidan tashqarida saylanganlarni shu yo’l bilan sinab ko’rmoqchi bo’lganmi, bizni ham vakillar kengashiga da’vat qilishgandi. U muhokama qilinadigan masalalarni sanab bo’lgach, men qo’limni ko’tardim. Karimov mening ismimni so’rab oldi-da, keyin so’z berdi.
-Hozircha kun tartibiga to’rtta masalani kiritishni so’rayman, dedim.
Birinchisi, qo’mitalar tuzilar ekan, Oshokarlik qo’mitasi ham tuzilishi kerak. Chunki, matbuot erkin bo’lmasa, so’z erkinligi ta’min etilmasa biz hech narsaga erisha olmaymiz. Senzuraga, nazorat zehniyatiga qarshi turadigan qo’mita bo’lishi kerak, bu. Xalqqa fikr mustaqilligini berishimiz kerak va undan keyin tom ma’noda O’zbekiston mustaqil bo’la oladi.
Ikkinchisi, biz Moskva bilan munosabatlarimizni o’ylab ko’rishimiz kerak. Boltiq bo’yi respublikalarining yo’li biz uchun ham kecharli bo’lishi va mustamlakadan qutilishimiz kerak.
Uchinchisi esa, paxta ishi deb qoralangan o’zbek xalqining nomini oqlashimiz kerak. Avval Rashidov masalasida biz o’z so’zimizni aytaylik.O’g'ri bo’lsa o’g'riligini, to’g'ri bo’lsa to’griligini aytaylik.Qachongacha Gdlyanlar aytadi so’zni….
Va nihoyat Parkent voqealari bo’yicha bu erda eslatgan deputatni qo’llayman.Oliy majlisning maxsus komissiyasini tuzishimiz kerak va qonli voqealarning aybdorlarini topishimiz kerak.
Karimov menga qarab turdi-da keyin gapira boshladi:
-Men Jahongirni yaxshi taniyman. Kattaqo’rg’ondagi gaplari esimda,- dedi.-Mening ham aytganlarim uning esida bo’lsa kerak. Bugun aytgan takliflari mening ham yuragimda yotibdi. Oshkoralik qo’mitasi masalasida uni qo’llayman. Matbuotni boshqaradigan bitta komissiya tuzaylik.
Shu payt Erkin Vohidov qo’l ko’tardi va Karimov “nima deysiz” degandek bosh irg’aganidan keyin:
-Men ham bu taklifga qo’shilaman va shu komissiyada ishlashga tayyorman,-dedi.
-Mana Erkin aka Vohidov,- Karimov u kishiga ma’nodor jilmaygancha so’zida davom etdi,-men u kishini juda hurmat qilaman, bunday shoirlar yuz yilda bitta tug’iladi, yangi komissiyaga shu kishini rais qilib taklif etaman. Parkent masalasida ham Jahongirga qo’shilaman. O’ylab chiqaylik va bir komissiya tuzaylik. Umuman Farg’ona voqealariga baho beraylik.
Men xursand edim. Takliflarim bu qadar tez amalga oshayotgani ko’nglimda iftixor uyg’otayotgandi. Karimov esa mening nomimni qayta-qayta takrorlab gapida davom etardi.
-Rashidov masalasini menga qo’yib bering uka, uni kommunistik partiya qoraladi, bu ishni ularning o’ziga havola qilaylik. Mana men shu partiyaning rahbariman. Qo’ying o’zimiz bir ko’rib chiqaylik. “Paxta ishi” esa oddiy masala emas, bizning tergovning, sudning ishiga aralashishimiz kerakmi, yo’qmi avval buni o’ylab ko’raylik? Ana, Moskvada har kuni shovqin-suron qilishmoqda. Lekin natija yo’q.
Endi boyagi quvonchim so’nib, ko’nglimda boshqa savolar uyg’ona boshladi.Buning ustiga Karimov Moskva bilan munosabatlar masalasida gapirmadi. O’shanda SSSR Xalq deputati bo’lgan Ahmadjon Muxtorov meni yoqlab gapirdi va kerak bo’lsa biz markazdan ajralishimiz, o’z prezidentimizni saylashimiz, o’z yo’limizni tanlashimiz kerak, dedi. Karimov bu gaplarga e’tibor bermagan bo’ldi. Ammo vakillar majlisidan keyin Ahmadjon akani uning huzuriga chaqirishdi va u qaytib kelib, “Islom aka, xursand, prezidentlikni qabul qilmoqchi, bu esa mustaqillikning birinchi qadami, lekin SSSRning ichida qolamiz, ajralsak bizga pulni kim beradi, deyapti” dedi.
Ahmadjon aka favqulodda iste’dodli jurnalist edi. 1981 yilda Toshkentdan Samarqandga borganimda u viloyat “Lenin yo’li” gazetasining bosh muharriri edi. Men O’zbekiston radiosida “Tabarruk zamin” degan dasturni tayyorlab ancha og’izga tushib qolganimga qaramay, hatto men bilan qo’l berib ko’rishmagan ham, ko’zoynagining teppasidan qarab, ‘Uka, hozir ish yo’q, xabar olib turing” degandi. Men undan ranjib Jomboy tumaniga ishga ketgandim. Ammo keyin Navoiy viloyati tashkil etildi va gazetaning ko’pgina xodimlari ketishdi. Bu paytda men Jomboydan turkum maqolalar yozib ko’zga tashlanib qolgandim. Ahmadjon aka ikki-uch chaqirtirdi, bormadim. So’ng viloyat partiya komitetini ishga solib meni gazetaga olib keldi. Avval Qishloq xo’jaligi va ko’p o’tmay gazetaning o’sha kezdagi eng asosiy bo’limi hisoblangan Partiya turmushi bo’limiga midir etib tayinladi. O’zbekiston tarixida kommunist bo’lmasdan turib Partiya turmushi bo’limiga mudir bo’lgan faqat men bo’lsam kerak.Ammo bir yildan keyin partiyaga olishdi. Keyin Ahmadjon aka bilan juda yaqin bo’lib ketdik va hamma bizni “toga-jiyan” deb o’ylar va mening yozganlarim, aytganlarimning orqasida u kishi turibdi deb bilishardi. Hatto Karimov ham avvaliga shu fikrga ishonib qolgandi. Shu bois mendan ranjigan paytda u kishini chaqirib gapirardi.
Xullas, sessiya boshlanib Ahmadjon Muxtorov nutq so’zlab: “demokratik jarayonlarni yanada rivojlantirish, siyosiy o’zgarishlarni chuqurlashtirish, konstitutsiyaviy tizumni, fuqarolarning huquqlarini, erkinliklari va xavfsizliklarini mustahkamlash, boshqaruv oliy organlarining o’zaro aloqasini takomillashtirish maqsadida prezidentlik boshqaruvi joriy etishni”taklf qildi.Sessiyada qatnashayotgan SSSR xalq deputatalari bu fikrni qo’llab gapirdilar.Lekin qarshilar ham bo’ldi. Masalan, Toshkent shahridan saylangan deputat Toyiba To’laganova O’zbekistonning bugungi sharoitida prezidentlik boshqaruvi yakkahokimlikka olib kelishini va demokratiya istab diktaturaga yo’liqishimizni, kommunistik partiya tarbiyasini olgan rahbarlardan chiqadigan prezident “tashi” boshqa bolgani bilan ichi ayni tarzda qolishini aytdi. U demokratiya o’rnatilishi uchun parlament boshqaruvi zaruratidan so’z etdi.
-Bunday fikr ayol kishidan chiqmaydi, ayollarning aqli kalta bo’ladi, taklifning ortida qandaydir kuchlar bor,- degan O’zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi, KPSS MK siyosiy Byurosining a’zosi Islom Karimov Toyiba To’laganovani ochiqcasiga kamsitdi. Tanaffusda esa mahalliy muxbirlarga interviyu berar ekan “Ayollar tovuq miya bo’ladi” deyishgacha borib etdi.
Prezidentlik lavozimi haqidagi qarorni qabul qilish va Karimovni saylash boshlanganda qashqadaryolik deputat Shovruq Ro’zimurodov so’z so’radi. Lekin do’ppini salla qilib ko’rsatish darajasida ustamon bo’lgan majlis raisi Mirzaolim Ibrohimov:
-Uka, siz emas, yoningizdagi do’ppili odam gapirsin,- dedi.
do’ppili odam esa so’z so’ramaganini aytishga xijolat chekar ekan, Shovruq o’rnidan turib gapira boshladi. Unga mikrofon kerak emas edi. Uning gurillagan tovushini majlislar zalining har joyidan ham eshitsa bo’lardi. Shovruq:
-Men bu odamni Qashqdaryodan bilaman. Bu odam prezidentlikka loyiq emas. Agar prezident bo’lsa hammangiz pushaymon bo’lib qolasiz hali…,- dedi. Har holda u ko’proq gapirdi. Lekin hammaning quloqlarini ana shu kalimalar chatnadi.Chunki Oliy majlis tarixida bunday so’zlar ilk bor aytilayotgan edi. Shu sababdan ham ko’pchilik sukunatga botdi, buni qo’rquv ham deyish qiyin. Balki qo’rquvni ham yutib yuboradigan hushsizlik kabi bir hol edi. Boshqacha aytganda deputatlar o’ziga xos isyonning qarshisida ” shok” bo’lgan edilar.
Shovruq qo’li bilan minbarga ishora qilib gapirar ekan, Karimov qizarib ketdi. Mikrofonnni jahl bilan oldiga tortdi. Lekin nimadir esiga tushgan kishidek, yana mikrofonni raisning oldiga surdi-da “Bas qiling maynavozchilikni” dedi. Rais darhol bas qildi. Muzokaralar to’xtatildi, mikrofonlarning yonida tizilib turganlarga so’z berilmadi. Men shunda bir narsaga pushaymon bo’ldim. Majlis ochilarkan, Toshkent shahar ijroiya qomitasining raisi bo’lgan bir keksa kishi raislik qildi va men uning hamma narsani qog’ozdan hijjalab o’qib berishiga qarshi chiqdim. Buni boshqalar ham qo’lladi. Karimov ham raisning lattachaynarligini ta’kidlab, Mirzaolim Ibrohimov nomzodini ilgari surdi. U bir ovozdan saylandi. Darrov ma’lum bo’ldiki, Karimov imkoniyatdan foydalanib ilgaridan tayyorlab qo’yilgan nomzodini o’tkazib olgan va u “piri”ning quli ekan.
Men Mirzaolim Ibrohimovning majlisni olib borish uslubiga ham qarshi chiqish va Karimovning Toyiba To’laganova haqidagi gaplariga norozilik bildirish maqsadida mikrofon oldida turgandim. Prezidentlik lavozimiga qarshi chiqish haqida esa uzil kesil fikrga kelmagandim. Bir tomondan bu mustaqillikka olib boradigan yo’l deb o’ylasam, ikkinchi tomondan bizning sharqda bir kishining qo’liga hokimiyat tushib qolishi yana podsholikka sudramaydimi, degan fikrlar bilan olishardim. Qolaversa Karimov haqida hali salbiy fikrim ham paydo bo’lmagandi. Ammo Ibrohimov masalani ovozga qo’ydi va zalga qaramasdan ham “Bir ovozdan” deb yubordi. Shu zayl prezidentlik lavozimi tashkil qilindi va “bir ovozdan” Karimov “saylab” yuborildi.
O’sha kuni tanaffusda Ahamadjon Muxtorov bilan gaplashib turganimizda Shovruq oldimizga keldi.
-Siz bilib qo’ying,- dedi u Ahmadjon akaga,- Bo odam rafiqini ham, raqibini ham kechirmaydi!
Ahmadjon akaning ko’zi yonib ketgandek, bo’ldi. Darhol daftariga bu so’zlarni yozib oldi. Keyin
-Ukajon Moskavda Gdlyanchilar bilan kurashda yakkalanib qolayapmiz. Deputatlar partiyadan qo’rqishadi. Prezidentlik tashkil qilinsa partiyaning ta’siri kamayashi mumkin. Men hozir bu odamdan boshqa liderni ko’rmayapman, keyinchalik balki boshqa kadrlar chiqar- dedi. Ahmadjon aka o’sha kezda Karimovga sidqidildan ishonardi.
Shovruq Karimovning Qashqadaryoda odamlarga zulm qilgani, O’zbekiston Kompartiyasining Moskvadan yuborilgan ikkinchi kotibi Anishchev bilan birgalikda ko’p odamni qamatib yuborgani, Gdlyan to’dasi bilan ham aloqasi borligini aytar ekan, Ahamadjon aka:
-Ukajon devorning ham qulog’i bo’ladi, bu gaplarni menga aytdingiz boshqaga aytmang, bunday gaplar uchun kechirmaydi bu badbaxtlar,- dedi.
-Xalq bu gaplarni aytish uchun meni majlisga yuborgan,- dedi Shovruq.
Xullas, birinchi sessiya men uchun Karimovni tanish sari qo’yilgan ilk qadam bo’ldi va Toyiba va Shovruqlarni ham tanishimga yo’l ochdi. Birinchi sessiya tanaffusida Oshkoralik qo’mitasi tuzilar ekan, Erkin Vohidov meni chaqirib Karimovning oldiga etakladi.
- Bu ishni ukamiz bilan birga qilaylik, tashabbusni qilgan odam jazolanishi kerak, ruxsatingizni olmoqchimiz,- dedi jilmayib.
-Bu yigitga…-Karimov o’ylanib qoldi. Keyin eringan ohangda.- Oshkoralik ekan, deb hammayoqni oshokara qilib yuborish ham yaxshilikka olib kelmasligini o’zingiz tushuntirib qo’yasiz,- dedi Erkin akaga.Keyin menga qarab,- Saylovdan oldin Moskva televideniesiga chiqib ana u gaplarni gapirish kerak edimi?-dedi.
Men hayratlanib qoldim. Saylovdan oldin Moskva televideniesi Toshkent bilan teleko’prik o’tkazgan va quvg’inga uchrayotgan nomzodlardan bazilarini suhbatga tortgandi. Men o’shanda O’zbekiston qashshoqlar mamlakatiga aylanib qolgani, onalar va bolalar o’limi, paxtazor onalar qotiliga aylangani, matbuot erkin emasligi kabi masalalarga to’xtalgan edim.Vaholanki, Karimovning o’zi ham bu muammolar mavjudligini Kattaqo’rg’ondagi uchrashuvda aytgan edi. Nega endi bu gaplarni o’zbekning olis qishlog’ida gapirish mumkinu Moskvadan turib gapirish mumkin emas? Menda Karimovning samimiyatiga ishonchsizilk ilk bor ana shunda paydo bo’ldi. U yana bir narsalar dedi, ammo mening qulog’imga kirmadi. Ko’z oldimda ilk bor ikki yuzli Karimovni ko’rib turgandim.
6.JURNALISTLAR UYuShMASI:YuTQAZISh
SSSR xalq deputatligiga jamoat tashkilotlaridan ham nomzodlar ko’rsatish boshlanganda, O’zbekiston jurnalistlar uyushmasining raisi bo’lib ishlab turgan Ahmadjon Muxtorov ham da’vogar bo’ldi. Saylov kampaniyasi Toshkentda boshlanib, asosiy qismi Moskvada davom etdi. Men Ahmadjon akaning ishonchli vakili edim.Boshqa ishonchli vakillar ham bor edi. “Ukraina” mehmonxonasida bir oy yashab nomzodimizni o’tkazish uchun kurashdik.
Saylov SSSR jurnalistlar uyushmasini “qaynatib” yuborgan edi. Hamma respublikalarning vakillari o’z nomzodlarini o’tkazishga intilardilar. Buning uchun sizlar bizga ovoz bering, biz sizga kabi “oyin”lar ham boshlangandi. Ammo ko’p narsa nomzodning dasturi va uchrashuvlardagi nutqiga bog’liq edi. Ahmadjon aka talantli jurnalistgina bo’lib qolmay, ayni paytda yaxshi notiq va zamon muammolarini ilg’ab oladigan siyosatdon edi.Shu bois ham jurnalistlarning e’tiborini tez qozondi.
Men Moskvadagi hayot bilan Toshkentdagi vaziyatni solishtirib ko’rishga urinardim.Er bilan osmon qadar farq edi. O’zbek jurnalistlari garchi matbuotda dolzarb narsalarni yozayotgan bo’lsalarda, hali uyushib, siyosiy kuchga aylanmagandilar.
O’zbekiston Yozuvchular uyushmasi esa siyosat qaynab turgan qozon edi. Men bu haqda Ahmadjon akaga gapirsam u saylovni o’tkazib olaylik, uyushmani oyoqqa qalqitamiz va katta kuchga aylantiramiz, degan ahdini va rejalarini aytardi.
O’zbekiston jurnalistlar uyushmasi tug’ilgandayoq o’lik tug’ilgandek edi. Chunki ilgari ham faqat “qog’oz”dagi tashkilot bo’lib kelgan.
…1979 yilda O’zbekiston radiosida ishlardim. Yoshlardan ikki kishini ham mazkur uyushmaning qurultoyiga vakil qilib saylash kerak ekan. Men va yozuvchi Primqul Qodirovning qizi Gulya(Gulya o’sha paytda radioning rus tilidagi bolalar uchun dasturlar bo’limida, men esa o’zbek tilidagi qishloq xo’jalik bo’limida ishlardik)ni saylashdi. Jurnalistlar uyushmasining raisi O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Sharof Rashidov edi. Qurultoyda u nafaqat nutq so’zladi balki u anjumanning boshidan oxiriga qadar qimirlamay o’tirdi ham.
Saylov boshlandi va varaqalar tarqatildi. Men Gulyaga:
-Kimlarning nomini o’chiramiz,- dedim o’zbekchalab. U o’zbekchani tushunardi, ammo ruscha gaplashardi.
-O’chirishning foydasi yo’q, baribir aytishmaydi, yuz foyiz saylandi,- deb aytishadi.
-Rashidovning nomini o’chirib ko’ramizmi?- dedim men. Gulyaning rangi oqardi. Bir zum o’ylab turdida kulib:
-Balki Rahmonovning nomini o’chirarmiz,-dedi.
Rasul Rahmonov O’zbekiston radio va televidenie qo’mitasi raisining radio bo’yicha o’rinbosari edi.
-Bizni bu erga olib kelgan shu odam. Keyin bizdan shubha qilib qolishi aniq. Buning ustiga uning qo’mita raisi Ibrohimov bilan orasi yaxshi emas, rais uni ketkizmoqchi, degan gaplar bor,-dedim men.
-Rashidovni o’chirsak, KGB bizni topib olishi mukin,-dedi Gulya.
-Qanday topadi? Ismimiz yozilmagan bo’lsa?
-Barmoq izlaridan topishi mumkin. Lekin sinab ko’rsak bo’ladi.
Xullas, ikkalamiz Jurnalistlar uyushmasining markaziy kengashi a’zolari ro’yxatidan Rashidov nomini o’chirdik.
Sanoq komissiyasining raisi nomzdolarni nomma-nom sanab, “yuz foiz yoqlab, qarshi yo’q” deb aytar ekan, biz jinoyat qilgan odamlardek miq etmay o’tirardik. Mening ko’zim Rashidovda edi. U ham xuddi menga qarab turgandek. edi. Navbat “R” harfiga kelganda yuragim guppillay boshladi. Xuddi butun zaldagilar yuragimning tovushini eshitib menga qarab turishgandek tuyuldi. Shu payt “Sharof Rashidov… ikkita qarshi ovoz” degan tovushdan seskanib ketdim. Boshimdan sovuq suv quyilgandek bo’ldi. Rashidov qizarib ketdi. Men undan ko’zimni olib qochdim. Zalda jimjitlik hukmron edi. Men shu damda osmon uzilib tushsaydiyu mening nafasim bo’gilib qolsaydi, degandek bir kayfiyatda edi. Ammo hech narsa bo’lmadi.
Shunga qaramasdan tizzalarimda qaltiroq bor edi. Gulya ham jim edi. Uning ham dunyosida nimalardir bo’layotgandi. Biz indamay uyga ketdik. Men har kuni KGB xodimlari kirib kelishini kutdim. Keyin bilsam Gulya ham ayni hisni yashagan ekan. Ammo biror joyda bu haqda biror kishi gapirmadi ham, eslamadi ham.
Shu narsa menda qo’rquvni engishga zamin bo’lganini keyin angladim. Demak, odamlar qo’rquv zanjiri bilan o’rab tashlangan va hech qanday nazorat qilmasangiz ham ular o’zlarini o’zlari nazorat qilar ekanlar. Rejim ana shunday yo’q kuch ustiga qurilganini his qildim men. Demak, agar odamlar istasalar ko’p narsa bo’lishi mumkin ekan.
Moskvada Ahmadjon Muxtorovning ishonchli vakili sifatida yurgan kunlarimda boshqalarda qo’rquv zanjiri yo’qolganini ko’rdim. Ammo O’zbekistonda hali bu qo’rquv yashayotgan va odamlarning aksariyati o’z o’zini nazorat qilayotgandi. Menga ana shu masala tinchlik bermas va nima qilib bo’lsa ham bu yo’q zanjirni uzish kerak, deb o’ylardim.
Ahmadjon aka SSSR Xalq deputati bo’lganlaridan keyin u kishini Moskvaga Oliy kengashga doimiy ishga chaqirishdi. Shu munosabat bilan Toshkentdagi ishlarini topshirdilar.
-Men o’rningizga o’tib, bir o’zimni sinab ko’rmoqchiman,-dedim Ahmadjon akaga.
-Nima deyapsiz? Oliy kengashdagi ishingiz bundan o’n marta yuqoriku? Nima qilasiz bu o’lik tashkilotni? Hatto bitta mashinasi va alohida bir binosi yoki xazinasida bir miri puli ham yo’q-ku,-dedilar.
-Lekin bir urinmoqchiman, ustoz,-dedim.
-Ammo Markaziy qo’mita allaqachon o’z nomzodini tasdiqdan o’tkazib qo’ygan.
-Kim ekan?- deb qiziqdim men.
-Litfillo Kabirov, ilgari rus tilida u-bu narsa yozib yurardi. Markaziy qo’mitada instruktor ekan. O’zbek tilini ham yaxshi bilmaydi.Tashkilot bugungisidan ham badtar bo’ladi, endi.
-Siz qarshilik qilmadingizmi?- so’radim men.
Ahmadjon aka bir zum o’ylanib turdi-da chuqur uf tortib, gapira boshladi.
-Islom aka mendan xavfa. Hatto tabriklamadi ham, “deputat bo’lish niyatingiz bor ekan, o’zimizga aytsangiz ham bir joydan saylatardik:, dedi.. Endi Moskvada bir guruh tuzib o’zbekistonlik deputatalrni boshqarish rejasi bor ekan. Gdlyan haqidagi chiqishlarim ham yoqmagan.Maslahat qilib, keyin gapiring deyapti…
Men Oshkoralik qo’mitasida O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisligiga muqobil nomzod yo’li bilan saylov o’tkazish masalasini ko’tardim va o’z nomzodimni ham ko’rsatishim mumkinligini aytdim. Jurnalistlar tashkiloti raisligi hozir egallab turgan lavozimimdan past bo’lgani uchun ham ko’pchilk ajablanmas edi. Aks holda mansab uchun o’zini urmoqda, deyishlari ham mumkin edi.
Ammo mening nazarimda bu voqea kommunistik idora bilan Oliy kengash orasidagi ilk va hal qiluvchi to’qnashuv bo’ldi. Chunki majlis qilgan kunimizning o’ziyoq Markaziy Qo’mitaning ideologiya bo’yicha kotibi (asli biolog bo’lgan va qo’lidan hech ish kelmaydigan bu odamni ideologiya boyicha kotib qilib qo’yishgandi. Keyin eshitishimizcha u Karimovga kamgapligi bilan yoqib qolgan va “do’sti”ga aylangan ekan) Jahongir Hamidov telefon qildi.
-Nima gap?-dedi u yumshoq ohangda.
-Kecha majlisga kelmadingiz?- deya men ham yumshoq ohangda savol bilan javom qildim. U Oshkoralik qo’mitasining a’zosi va keyingi paytlarda majlislarga kelmas edi.
-Sizlar shunday majlis qilayapmiz, deya maslahat qildingizlarmi, men boray?-deya u yana savol bilan davom etdi. Men ham bo’sh kelmadim.
-Nega endi maslahat qilishimiz kerak? Majlis chaqirish Oshkoralik qo’mitasi raisi va o’rinbosarining vakolatiga kiradi. Shuning o’zi etarli emasmi?
-Lekin majlisda muhokama qiladigan masalani bizning bo’lim bilan kelishib oldinglarmi?
-Kechirasiz-u, siz Oliy kengashni Markaziy Qo’mitaga bog’lab qo’ymoqchimiz? Xalq vakillariga bu haqorat emasmi? Hamma yoqda demokratiya haqida gurillab gap bo’lib tursayu siz shunday desangiz uyat bo’lmaydimi?-dedim men.
-Sizni chaqirtirgandim, kelmabsiz, mana endi o’zim telefon qilayapman, Islom aka shaxsan gaplashib qo’y deganlari uchun, Jurnalistlar uyushmasida nima qilmoqchisiz?
-Birinchidan, kotibingizga “Hamidov janoblariga aytib qo’ying, avval o’zlari majlisga kelishni o’ransinlar, keyin biz ham boramiz”, dedim. Ikkinchidan, deputatlik burchingizni bajarib kecha majlisga kelganingizda nima qilmoqchi bo’lganimizni bilib olardingiz,- dedim.
-Oh-hu! Rostdan ham siz bilan gaplashib bo’lmas ekan-ku,- deb suhbatni yakunladi Hamidov.
Mening javoblarimga hayron bo’lib qarab turgan Erkin Vohidov kattalar bilan bunday muomila qilib bo’lmasligini aytib, menga ancha maslahat berdi.
Shu payt qisqa raqamli, hukumat telefoni yana jiringladi. Bu Islom Karimov edi.
-Men chaqirtirsam kelmabsiz,-dedi u.
-Menga siz chaqirganingiz haqida hech kim, hech narsa degan emas, bo’lmasa borgan bo’lardim,- deya javob qildim yumshoqliq bilan.
-Agar Markaziy komitetning qorovuli chaqirsa ham demak men chaqirganim bo’ladi,- Islom Karimov tovushini balandlatib gapira boshladi.-Siz o’zingizni kim deb o’ylayapsiz uka? Bu deputatlik vaqtinchalik narsa, deb takror va takror aytayapman. Yaqinda hammasi joyiga qaytadi. Moskvadagi gaplarga qarab xulosa qilmang. Kommunistik partiya doim hukmron bo’lib kelgan va bundan keyin u hukmron bo’lib qoladi. Unga dishmanlik qilayotganlar bilan hali gaplashib qo’yamaiz. Siz esa aqlli yigitsiz. Ularga qo’shilmang, boshqalarning gapiga kirmang. Ahmadjon Muxtorovga o’xshaganlar o’zlari panada turib sizlarni ishga solish bilan ovora.O’zboshimchalar bugun deputat bo’lgani bilan ertaga yana o’z joyiga qaytarib qo’yamiz.
-Islom aka,- deya uning gaplariga javob qilmqochi edim, ammo uni to’xtatish qiyin edi.
-Jurnalistlar uyushmasi raisligiga bizning o’z nomzodimiz bor. Eshak bo’lsa ham bizning nomzodimiz bo’lgani uchun u o’tadi. Sizga vazifa kerak bo’lsa, mana menga ayting, qaysi vazirlikni istaysiz, gapimga quloq solib tursangiz Oliy kengash raisligiga qadar ham olib boraman.
-Ammo bugun men egallab turgan vazifadan juda ham quyida bo’lgan tashkilotni bermayapsizu, qanday qilib…
-Gap tashkilotning katta kichikligida emas, gap prinsipda. Biz aytdikmi, o’sha odam bo’ladi, uka,-dedi Karimov.
Bu masala men uchun yana ham jiddiy ahamiyat kasb etdi. Jurnalistlar uyushmasi raisligiga nomzodimni tashviq qilishga kirishib ketdim. Uchrashuvlar, majlislar o’takaza boshladim. Ikki uch marta Ahmadjon aka kelib meni yo’ldan qaytarishga urindi, lekin davom etaverdim.
Qurultoy kuni o’rtaga uchinchi nomzod ham chiqdi. Bu “Birlik”ning nomzodi, jurnalist Anvar Usmonov edi. Dasturlar, rejalar bayon etildi. Men jurnalistlar uyushmasini siyosiy tashkilotga, haqiqatdan jurnalistlarning huquqlarini himoa qiladigan, ularni birlashtiradigan, so’z erkinligini ta’minlaydigan, senzuraga qarshi turadigan tashkilotga aylantirish haqida gapirdim. Lutfilla Kabirov va Anvar Usmonov o’z dasturlarini rus tilida bayon etdilar.
Qurultoy O’zbekistonning katta voqeasiga aylanib ketdi. O’zbeksiton Kompartiyasi markaziy komiteti byurosining a’zolari kelishdi. Taklif qilinmagan holda Oliy kengashdan bir qancha rasmiylar ham shu erda edi. Hatto jurnalistikaga hech qanday aloqasi bo’lmagan Kengash kotibi Omon Olimjonov, O’zbekiston Komsomol komitetining birinchi kotibi Aziz Nosirov ham shu erda faol edi. Muxolifat harakatlari va partiyalaridan ham vakillar kelgan va Matbuot uyining majlislar zali haqiqiy siyosiy kurash maydoniga aylangandi.
Bu erda eskilik bilan yangilikning, zulm bilan demokratiyaning, yakkahokimlik bilan erkinlikning kurashi boshlangandi. Xursand bo’ldim. Demak, harakatlarim zoe ketmayapti, deb o’yladim. Qurultoyda aytilgan gaplar ham bunday minbarlardan ilk bor aytilayotgan, tortishuvlar ham misli ko’rilmagan edi.
Negadir Ahmadjon aka juda xomush edi. Uning yoniga borsam,
-Hali ham kech emas, o’jarlikni tashlab, nomzodingizni oling,- dedi.
-Nima uchun? –deb so’rasam, qo’l siltab ketib qoldi.
Ovoz berish davomida Kattaqo’rg’ondagi “Zarafshon” gazetasining bosh muharriri Asqar aka Jalilov yonimga keldi. Asqar aka bilan Samarqandda viloyat gazetasida birga ishlagan edik. O’shanda Ahmadjon Muxtorov muharririmiz edi.
-Men Ahmadjon akani tanimay qoldim, u kishiga tushuna olmay qoldim, hammaning yoniga borib, Jahongirga ovoz bermanglar, deb tashviq qilmoqdalar. U o’jar, mening gapimga kirmadi, o’ziga yomonlik qilmoqda. Unga do’stlik qilaman, desangizlar unga qarshi ovoz beringlar, deb yuribdilar,-dedi u.
Men yana Ahmadjon akaning yoniga bordim.
-Bilasizmi, bu prinsiplar jangi, agar shu erda yutqazsak, tamom, hech qachon yuta olmaymiz, ustoz. Ko’rayapsiz, demokratiya hamma respublikalarga kelganda ham bizda yoo’q. Biz odamlardagi qo’rquvni sindirishimiz kerak. Agar bugun yutqazsak, mana baribir hech narsa qilib bo’lmaydi, degan fikrlar yanada qatiylashadi,- dedim men.
-Baribir hech narsa qilib bo’lmaydi,-dedi Ahamadjon aka.
-Lekin sizning deputat bo’lganingiz va menning ham deputat bo’lganim aniq masala. Yo’limizni to’sa olmadilar. Bizga o’xshab 20-30 kishi ularning devorini buzib o’tdi. Demak, mumkin ekan.
-Gap ana shunda, 20-30 kishimiz. Ular esa bir necha yuz kishi. Muxolifatmiz, deb yurganlarning ko’pi esa shu yo’ bilan mansab olish niyatida. Mana qurultoyda sizning aytganlaringizni eshitib turishdi. Ammo o’zlarining nomzodini ilgari surishdi. Agar gap maqsadda bo’lsa, nega sizni qo’llashmadi? Bundan keyin ham qo’llashmaydi? Yolg’izlanib qolasiz?-dedi Ahmadjon aka achingan qiyofada.
-Men ulardan qo’llashlarini so’raganim ham yo’q. Bu oddiy hol.Nomzod qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi. Bu-demokratiya.
Men qozonni qaynatmoqchi edim, menimcha ulgurdim shunga.
-Agar demokratiya bo’lsa, nega men bilan gaplashib turibsiz. Men ham demokratiyaga rioa qilib, o’zim istagan nomzodni tashviq qilib yuribman. Siz esa menga qarshilk qilayapmiz? Qozonga kelsak, gap uning qaynashida emas, gap pishadigan ovqatda. Bular allaqachon bir xalta tuzni tashlab bo’lishdi. Endi bu oshni hech kimga edira olmaysiz,- dedida “Qalay mot qildimmi?” degandek, elkamga urib qo’ydi.
Ahmadjon akadan juda qattiq xafa bo’ldim.
-Bu demokratiya emas, bu demokratiya g’oyalarini sotish, degim keldiyu u kishini juda ham hurmat qilganim uchun ayta olmadim.
Sanoq komissiyasi ichida jurnalistlar Ismat Xushev va Dadaxon Yoqubov ham bor edi. Bir payt Dadaxon mening yonimga kelib,
-Ismatga ovozlar sonini o’zgartirish yuklangan. Menga ham, lekin men buni qilmadim. Anau Ahmadjon tog’angiz bilan Ismat bir nimalarni rejalayaptilar,-dedi.
-Bu gapingizni qurultoyga ham ayting,-dedim men.
Dadaxon:
-Nima qipti, meni qo’rqoq deb o’ylayapsizmi, qurultoyga ham aytaman, kerak bo’lsa Islom akaning o’ziga ham aytaman,-dedi,-Ismat nimadir qilib Siz va Lutfillaga 75 tadan, Anvar Usmonovga 22 ta ovoz chiqardi. Keyin Islom akaga telefon qilishdi. U kishiga haqiqatni mana men aytaman. Ammo Ahmadjon aka ichkariga kirib, men Jahongirga ovoz bergandim, qaytib oldim va Lutfillaga ovoz bermoqchiman, shuni o’zgartirib qo’yinglar, dedi.
Shu payt Ahamadjon aka minbarga chiqib gapira boshladi. Mening anchadan beri bilishini va o’jarligimni ham aytib, menga ovoz bermaganini e’lon qildi.
Sanoq komissiyasi ham Ahmadjon aka aytgandek qilib, natijani o’zgartirib aytdi. Lekin Dadaxon so’zida turdi va qurultoyga murojaat qilib, orqada bo’lgan o’yinni ayta boshladi. Ammo sanoq komissiyasining natijasiga isyon qilgan delegatlar zalni tashlab chiqib keta boshladilar. Dadaxonning aytganlarini kimdir eshitdi, kimdir eshitmadi.Ammo uning “Natijalar buzildi” degan gapi quloqlar ostida qoldi.
Sanoq komissiyasining natijasi qurultoy tomonidan tasdiqlash uchun ovozga qo’yilmay qurultoy yakunlanmay qoldi. Chunki hamma yo’q g’ala g’ovur bo’lib ketgandi. Lekin ertasiga gazetalarda Lutfillo Kabirov muqobil saylovda O’zbekiston jurnalistlar uyushmasining raisi etib saylandi, u 76 ta, Jahongir Mamatov 75 ta, Anvar Usmonov 22 ta ovoz oldilar, degan xabar chiqdi.
Meni hayratga solgan esa, Ahmadjon Muxtorovning harakatlari bo’ldi? Nega u bunday yo’l tutdi? Nega o’z iste’dodi va qobiliyatiga qarshi ish tutdi? Nega meni shogirdim, deb yurgan holda oyoqlar ostiga olib toptadi? Bu kabi savollarga javob topa olmas edim.
Oradan ko’p o’tmay, bir kun Ahmadjon aka saharlab uyga keldi. Undan xafa bo’lganim uchun ichkariga taklif qilish yoki qilmaslikni ham bilmay qoldim.
-Men bugun Moskvaga qaytayapman. Shuning uchun ichkariga kirishga ham vaqtim yo’q. Siz xafa bo’lmang, saylovda yutqizgan bo’lsangiz hayotingizni qutqazib qoldingiz. Islom aka meni ham, sizni ham o’ldirtirib yuborishini aytgandi. Shu bois men shunday yo’l tutdim,- dedi.
-Uning shu gapiga ishondingizmi?- dedim men.
-Siz ishonmasligingiz mumkin. Ammo men ishonaman. Ularning qo’lidan hamma ish keladi. Ular kechirishmaydi. Kechirish nimaligini bilishmaydi. Siz esa ularga qarshi isyon qildingiz. Ular o’z prinsiplarini qutqazib qolish uchun hamma yo’lga bosh uradilar…
-Ammo biz yutganimzda ularning prinsiplarini sindirgan bo’lardik. Hamma narsa birinchi odimga bogliq. Birinchisida yutdingizmi, demak yo’l ochiladi.
-Mayli ukajon, men sizni o’g'limdek yaxshi kuraman, men ko’nglimdagini aytdim, qo’ydim, ammo u kecha ham telefon qildi. Meni qattiq haqorat qildi yana, sizni o’ldirtirib yuborishini aytdi. Undan ehtiyot bo’ling, uni men yaxshi taniyman. U mafiyadan chiqqan, butun mafiya uning orqasida.
Ahmadjon akaning ko’zida yosh halqalandi… Men hech narsa demadim.Men baribir o’z fikrimda edim. Agar u kishi mahkam turganda Islom Karimovning malaylari hech narsa qila olmas edi. Anashu birinchi yutqazish keyingi odimlar davomida bizga qimmatga tushishini his qilardim, ammo bu qay yo’sinda bo’lishini tassavvur qila olmasdim. Lekin Ahmadjon akaning ketayotib aytgan yana bir gapi menga quvvat berdi.
-Men uning haqoratlarini javobsiz qoldirmayman… Agar sizga biror narsa qilgudek bo’lsa, hayotining eng katta xatosini qilgan bo’ladi. Uning ajali men bo’laman.
Demak, bu odamning ham qalbida isyon bor.U kishiga nisbatan xayolimdan o’tgan salbiy fikrlar birdan g’uv etib uchib ketdi va kuzatib qo’yish uchun chiqdim. Ketayotganlarida:
-Lekin baribir yutishimiz kerak edi,-dedim.
-Men ham shu fikrga keldim, ammo kech…-dedilar.
…O’zbekiston jurnalistlar uyushmasining qurultoyidan esda qolgan yana bir voqea shuki, majlisga Bosh vazir o’rinbosari, shoir Erkin Samandarov raislik qilgandi va ochiqdan-ochiq meni saylamasliklarini talab etgandi. O’shanda xorazmlik yosh bir jurnalist o’rnidan turib:
-Yoshulli, katta ishga o’tib vijdoningizni sotib yuboribsizku!- degandi.
Shu narsaga aminmanki, bu gapni Erkin Samandarov hech qachon unuta olmagan bo’lsa kerak, ayniqsa Karimovning topshirig’i bilan yuqoridagi kabi juda ko’p “hunar”larni ko’rsatib, keyin ishdan quvib yuborilgach, ayniqsa bu so’zlar bot-bot quloqlari ostida jarangalagan bo’lsa ajab emas.
7.IKKINChI SESSIYa:
MUSTAQILLIK DEKLARAtsIYaSI
Mustaqillik g’oyasi hamma joyda to’lqinlangan va bu to’lqin birin-ketin sohillardagi qoyalarni yiqitayotgandi. Ba’zi jumhuriyatlarda bu to’lqin qarshisiga tanklar, turli silohlar olib chiqilsa-da, to’xtatishning imkoni bo’lmayotgandi. Chunki bu to’lqinning orqasida engib bo’lmas kuch – xalq bor edi. Bu to’lqin estirayotgan shamol har bir eshikdan ichkariga kirayotgan va insonlarning qalblari, shuurlarini qitiqlayotgan edi.
Ammo biz eng orqada bo’lmasakda, eng orqadagi o’rinlardan birida edik. Anashu orqadalik demokrat deputatlarga tinchlik bermas edi. Mustaqillik har birimizning ko’nglimizdagi eng ulkan orzu edi.
1990 yilning 18 Iyunida boshlanadigan O’zbekiston Oliy Kengashi 12 chaqiriq ikkinchi sessiyasi oldidan kun tartibini muhokama qilish uchun rayosat majlisi chaqirildi.Oliy kengash raisi, o’rinbosarlari va qo’mitalarning raislari rayosat a’zosi bo’lganlari uchun majlisda hal qiluvchi ovozga egadirlar. Ammo biz ham qatnashsak, bizni chiqarib yuborish huquqlari yo’q edi. Shu bois bu majlisga kirdik va mustaqillik masalasini ko’tardik.
-Bugun bo’lajak sessiyaning kun tartibini muhokama qilayapsizlar, – dedim men rayosatda so’z olib. – Bilaman, rayosatimiz “yuqori” bilan maslahatlashmasdan qaror chiqara olmaydi. Lekin bu masala maslahatni kutmasligi uchun ham uni kun tartibiga kiritishlaringizni so’rayman. Yoki bugun rayosat bir hay’at tuzsin va sessiya ish boshlagunga qadar loyihalarni ko’rib chiqib, muhokamaga hozirlasin.
-To’g'ri,-deya meni qo’lladi Madaniyat qo’mitasi raisining o’rinbosari Alijon Qo’chqorov. -Mana men uzoq yillar partiya markazqo’mida ishladim, lekin bugun mustaqillik deya to’lg’anayotgan yigitlarga qo’shilaman. Bu bir yoki ikki kishining tashabbusi emas. Bu butun xalqning dardi. Shu sababdan unga qo’shilmasdan va uni qo’llab-quvvatlamasdan ilojimiz yo’q.
Uning yonida Baxtiyor Qodirov degan deputat o’tirgandi u ham qo’shildi. Keyin men kabi rayosat a’zosi bo’lmasada majlisga kirgan boshqa deputatlar ham dastaklashdi bu fikrni.
Rais Mirzaolim Ibrohimov hech narsaga “yo’q” demas edi. “Xo’p” derdi, kulardi, lekin va’da amalga oshmay qolaverardi.
Kutilmaganda Erkin Vohidov so’z oldi.
-Menimcha bu o’ylab ko’rilishi kerak bo’lgan masala. Hozir birdan kun tartibiga qo’shsak sessiyada shoshib qolamiz, tayyor bo’lmagan narsani qanday qilib muhokamaga olib chiqish mumkin? Oldin xalqdan so’rab ko’raylik. Qani nima deydi. Shu bois men bu masala bilan shug’ullanadigan bir hay’t tuzishni taklif qilaman. Ungacha Oqsoqolning fikrlarini ham bilamiz.
Erkin aka va hamqurlari Islom Karimovni “Oqsoqol” deyishardi.
-Men hurmatli Islom akaga o’zim tushuntiraman. Erkin akaning takliflari esa juda to’gri, men o’zim Islom akadan izn olib bu masalani sessiyada muhokamaga qo’yaman.- dedi Mirzaolim Ibrohimov “Oqsoqol”ning o’rniga “Islom aka”ni ishlatib.
- Lekin tavsiya qilinadigan kun tartibi qo’lingizda, hoziroq unga kiritib, qabul qilish mumkin, – deya luqma tashladim men.
-Tushunaman, yoshlarning qoni qaynab turadi. Ammo bu masala juda ham jiddiy, uni ikki og’iz gap bilan hal qilib yuborib bo’lmaydi, qolaversa taklifingiz rad qilinmadi, qabul qilindi deb hisoblayvering, uka, – yumshoq ohangda e’tiroz bildirdi rais.
-Bu erda Mustaqillik Deklaratsiyasi matnini tayyorlaydigan guruh tuzish taklif qilindi, hech bo’lmasa buni amalga oshiraylik, ish davom etib tursin, – dedi Alijon Qo’chqorov.
-Bizga imkon bering, agar yo’lini topsak guruh-puruhsiz ham bu masalani hal qilamiz…,-javob qildi rais biroz zarda bilan.
Shu kuni Oliy Kengashning biz joylashgan oltinchi qavatiga Muhammd Solih (Salay Madaminov- Oliy Kengash ro’yxatlaridagi asl nomi shunday edi-JM) keldi. U bilan koridorda gaplashdik.
-Yaqinda sizlarni ham hokimiyatga qo’shib, ag’daramiz, – dedi u.
-Sizlar deganingiz kim? – so’radim men.
-Nega rayosatda mustaqillikni qo’llamadingizlar?
-Taqsir, axborotni doim noto’g'ri olasiz,-dedim men jahlim chiqib.- Esingizda-mi, saylov arafasida mening okrugimga, Jomboyga borgan edingiz. Ijroqo’m binosi yonida uchrashgandik. “Nomzodingni qaytarib ol, bu erdan ERK partiyasining bosh kotibi Ahmad A’zam saylanishi kerak” degandingiz. O’shanda sizdan “Bu uslubning kommunistlarnikidan nima farqi bor?” deb so’raganimda “Kommunistlarni yiqitish uchun bu uslubni qo’llayapmiz” deya javob qilgandingiz. Men esa “Kommunistlar hech bo’lmasa oldin o’rganib, keyin zarba urishadi. Sizning do’stingiz esa nomzodini qo’shni okrugdan qo’ygan” degandim. Mana bugun ham bizga po’pisa qilayapsiz. Vaholanki, bizning mustaqillik va demokratiyadan boshqa dardimiz yo’q.
-Avval mustaqillik keyin demokratiya…,- dedi u jiddiy ohangda. -Ikkalasini ham barobar amalga oshirishimiz kerak.
-Yo’q, unda Moskovga o’xshab qolamiz. Ularning shiori demokratiya. Biz esa mustaqillik uchun kurashamiz, keyin demokratiya uchun.
-Bu gapingizni Toyiba To’laganova eshitib qolmasin, sizni Karimovning odami deb e’lon qiladi…,-dedim men kinoya bilan. Chunki Karimov ham Moskvani demokratiyaga yo’l berayotganlikda ayblab yurardi.
Muhammd Solihni Mirzaolim Ibrohimov chaqirtirgan ekan, kotibi taklif qilib u ichkariga kirib ketarkan:
-Mana bugun loyihani gazetaga ham chiqardik,- deya “ERK”ning kompyuterda tayyorlangan ikki varaqli 8-sonini uzatdi u.
Gazeta-varaqa o’zbek tilida bo’lib, unda bir necha kichik maqola, she’rlar bor edi. Birinchi sahifaning yuqori tomonida, chapda esa Deklaratsiya loyihasi bo’lib, nima uchundir u rus tilida edi. O’sha kunlari Oliy kengashda butun ishni o’zbek tiliga ko’chirish uchun kurash borayotgani boismi bu mening jig’imga tekkan edi. Ammo har narsaning sababi bo’ladi deganlaridek buning ham bir sababi bo’lsa ne ajab?!
Rus tilida bosilgan mazkur loyihaning ilk 7 jumlasi kirish qismidan iborat bo’lib, asosiy qismi ham 7 jumladan iborat edi. U Boltiq bo’yi jumhirayatlarida e’lon qilingan deklarastiyalarning qisqartirilgan ko’rinishi kabi edi. Eng muhimi unda O’zbekiston kalimasidan keyin ishlatiladigan “SSR” degan harflar yo’qligi edi. Men buni Erkin Vohidovga ko’rsatsam, “Solijon menga bergandi” dedilar. (Tarix uchun bu gazeta-varaqani saqlab qo’yganman.-JM).
Shundan keyin sessiya oldidan “Mustaqillik Deklaratsiyasi” degan nom bilan ikkita o’zbekcha matn paydo bo’ldi. Birinchisi, “ERK” partiyasi tayyorlagan va ikkinchisi “Birlik” xalq harakati. Birinchisi ancha mukammalroq bo’lib, bir sahifadan ko’proq edi. Ikkinchisi, esa yarim sahifa bo’lib, umumiy ruhdagi chaqiriq kabi yozilgandi. Oliy kengashda ishlaydigan xodimlar “Bular shunchaki oddiy qog’ozlar” deb qo’l siltashardi.
Biz Oliy Kengash idorasida ishlaydigan demokratik ruhdagi deputatlar esa har ikkalasidan ham foydalangan holda yanada aniqroq va mukammalroq loyiha tayyorlashni o’ylardik. Ya’ni unga qonuniy tus berish kerakligi haqida bosh qotirar edik. Lekin ba’zi qo’mita raislari va hay’atdagilar bunga qarshi edilar. Moskvadan ajralish kerak, degan gapni emas, SSSR tarkibida qolib, Ittifoq Shartnomasini imzolab, kenroq vakolatlar olish kerakligini afzal ko’rishardi. Chunki o’sha kunlarda Moskvadan shunday bir taklif yuborilgan va qanday vakolatlar istalishi o’rganilayotgan edi. Qo’mita raislari quruq gapdan ko’ra, amaliy odim tarafdorimiz, Moskvadan ko’proq erkinlik olsak bu foyda degan fikrlarini bizga ham singdirishga urinishardi. Karimov ham ko’proq erkinlik bilan Ittifoq tarkibida qolish kerakligini va ayniqsa o’zi iqtisodchi bo’lgani uchun ham buning afzalligini tushunishini bot-bot takrorlardi. Uning faqat bitta o’yi borligi yaqqol sezilib turardi: bu o’y nima bo’lsa ham Moskva menga tegmasin, qolgani dunyoni suv bossa ham mening to’pig’imga chiqmaydi qabilida edi.
Sessiya boshlanishidan bir kun oldin ko’nglimga bir fikr keldi. Nega sessiya kotibiyati a’zolari oldindan tayinlanib qo’yiladi va sessiyada nomlari o’qib beriladiyu “tasdiqlandi” deb o’tib ketilaveradi? Vaholanki butun sessiyaning taqdiri ana shu kotibiyatning qo’lida. Agar kotibiyat mustaqil bo’lsa, majlislar erkin, kun tartibiga istalgan narsani qo’shish mumkin?
O’zimcha yangi kotibiyat ro’yxatini tuzdim va Oliy kengashdagi do’stlarimga:
-Majlis ochilishi bilan kotibiyat e’lon qilinar ekan, har birimiz bittadan nomzod ko’rsataylik. Ular o’n besh nomzod ko’rsatishsa, biz o’n olti kishini ko’rsataylik. Majburan ovozga qo’yadi. O’tgandan keyin bizning odamlar kotibiyat majlisida rais nomzodini o’zimizdan ko’rsatsin. Chunki majlisning taqdiri kotibiyat raisining qo’lida. Butun ro’yxatlar, qarorlar uning qo’lida bo’ladi. U esa birortasini ham raisga bermaydi, senariyasiz sessiya o’tkazamiz deb e’lon qiladi. Deputatlarning talablari sifatida Mustaqillik Deklaratsiyasi muhokamasini ham kun tartibiga kiritishni so’raydi…,- dedim. Ularga ma’qul bo’ldi bu fikr.
Sessiya kuni Karimov chet ellik mehmoni bilan vodiyga ketgandi. Bu ham ishni qulaylashtirdi. Kotibiyat a’zolari tasdig’i boshlanganda “Menda taklif bor” deya o’rnimdan turdim va kotibiyat a’zolarini yangidan saylash kerak degan taklifni aytdim. Mirzaolim Ibrohimov:
-Ukam, hech jim o’tirmadingiz. Kotibiyatga u a’zo bo’ldi nima, bu a’zo bo’ldi nima? Shu kotibiyat o’zgargani bilan bir narsaga erishasizmi?- dediyu qo’shimcha qildi: -Menda ham taklif bor, Jahongir Mamatovning o’zi komandasi bilan sekretariatni egallasin, ko’ramiz qani nima bo’larkin? Qani ro’yxatingizni o’qing!-dedi.
Men shoshib qoldim, chunki qo’limda ro’yxat yo’q edi. Ammo bunday imkoniyatni boy bermaslik uchun cho’ntagimdan yon daftarchamni chiqardim-da, go’yo unga ismlar yozilgandek, aslida esa xayoldan, yangi nomzodlar ro’yxatini o’qiy boshladim. Oliy kengashda birgalikda faoliyat ko’rsatayotgan do’stlarimning ismlari bor edi bu “ro’yxatda”.
Boshqalarga taklif kiritish uchun hojat ham qolmadi.Bir zumda men taklif qilgan “ro’yxat” tasdiqlandi va biz orqadagi xonaga o’tib, kotibiyat majlisini qildik. Aslida men “ro’yxat”da yo’q edim. Chunki o’z nomimni o’zim taklif qila olmas edim. Ammo Mirzaolim Ibrohimovning taklifi o’laroq ismim ro’yxatga kirdi va men kotibiyatning ilk majlisida rais etib saylandim.
Karimov bo’lganda bunga yo’l bermasdi. Mirzaolim Ibrohimov esa hayotining eng katta “xato”sini qilib qo’yganidan bexabar edi.
Bir payt Karimov kirib keldi. U minbarda kotibiyat uchun ajratilgan joyda o’tirganlarni ko’rib hayronomuz termuldi-da, “salom” degandek menning elkamga urib qo’ydi va raisning yoniga borib utirdi.
Men raisdan so’z so’radim.
-So’z kotibiyat raisiga, – dedi Mirzaolim Ibrohimov.
Men o’rtadagi minbarga chiqdim-da:
-Rayosat taklif qilgan kun tartibi aniq. Lekin istagan odam kun tartibi bo’yicha taklif kiritishi mumkin. Kotibiyatga kelgan takliflaringizni albatta oshkor etamiz va ovozga qo’yamiz. Mana bu so’zga chiquvchilar ro’xati esa oldindan tayyorlab qo’yilgan ekan, uni yirtamiz. – Men shunday deb, qo’limdagi qog’ozlarni ikkiga bo’lib, yirtdim. – So’zga chiquvchilar ham kotibiyatga taklif bersinlar, biz ro’yxatni takliflarning kelgan soati, daqiqasiga qarab tuzamiz, – dedim. Majlisda jonlanish yuz berdi. Uyqusirab o’tiradigan to’ralarning ham paytavasiga qurt tushdi.
-Men qaysi qog’ozga qarab ish yuritaman, – deya kinoya qildi Mirzaolim Ibrohimov. U Karimovning kelib qolganidan vahimaga tushgandi.
-Kun tartibiga qarab raislik qilaverasiz, – deb minbardan tushib, o’rnimga kelib o’tirdim. Karimov esa o’rnidan turdi-da qo’l siltab chiqib ketdi. Uning nimaga kelib, nimaga ketganini hech kim tushunmadi.
Mirzaolim Ibrohimov nima qilishini bilmay qoldi. Oldidagi qog’ozlarning aksariyati bekorga chiqib qolgandi. Kotibiyat a’zolari majlisga yuzma-yuz qo’yilgan joyda o’tirib takliflarni yig’a boshladilar va men muhokamaga qo’yiladagan masalalarning nomlarini e’lon qilib, so’zga chiquvchilar nomini Mirzaolim Ibrohimovga etkazib turdim.
Zalda Mustaqillik Deklaratsiyasini kun tartibiga kiritish uchun harakat ham boshlatildi.Avvaliga deputatlar loyihalarni to’ppa to’g'ri Ibrohimovga beribdilar. U esa olib, stolning ustida teskari qilib qo’yganicha qaramabdi ham. Shundan keyin qaytadan kotibiyatga keldi. Unda “Mustaqillik Deklaratsiyasi kun tartibiga kiritilishi uchun ovozga qo’yishingizni so’raymiz” deyilgan va 167 deputatning imzosi ilova qilingan edi.
Shu o’rinda kotibiyatga kelgan va arxivimda saqlanib qolgan maktublarning ba’zilarini misol sifatida keltirmoqchiman:
“Sekretariat raisi Jahongir Mamatovga. So’zga chiqish imkoniyatingizdan foydalanib qo’yidagilarni deputatlarga-sessiyaga etkazishingizni iltimos qilaman:
1.Oliy Kengash raisi takliflarni nega tanlab-tanlab ovozga qo’yadi?
Biz ko’pchilk deputatlarga qo’l qo’ydirib, “Mustaqillik Deklaratsiyasi”ni ovozga qo’ydirishni so’ragandik. Buni e’tiborsiz qoldirish huquqini M.Ibrohimovga kim bergan?
2.Shular asosida va ikki marta norozilik bildirganim ham inobatsiz qolgani sabab endi raisga ishonchsizlik bildiraman.
Hamza Eshnazaraov, 385-saylov okrugi”.
“Men Marjonbuloq oltin konida ishlayman.Tezroq Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qilaylik. Kech bo’layapti, kech…
Abiyor Barotov, 386- Qo’ytosh okrugi”.
“Hurmatli Islom Abdug’anievich!
Biz 167 xalq deputati “Mustaqillik Deklaratsiyai”ni muhokama qilishni talab etdik.Lekin raislik qiluvchi ovozga qo’ymayapti. Bir deputat talabi ham ovozga qo’yilishi lozim. Konstitutsiyani himoya qilishni sizdan so’rab, ushbu masalani bugun kun tartibiga kiritib, sessiya oxirida qabul qilish kerak….
Sizga ishonch bilan
Karim Bahriev, 327-Qo’yqishloq saylov okrugi”.
Karimov majlis zaliga Bosh vazir Shukrullo Mirsaidovga ba’zi gaplarni aytib qo’yish uchun kelgan ekan. Chunki vodiydan qaytib endi Markaziy Osiyo liderlari yig’ilishida qatnashish uchun Almatiga borishi ham kerak ekan.
U orqadagi xonada Mirsaidovni kutib o’tirar ekan, ichkariga u erga ulab qo’yilgan radiodan majlisdagi tortishuvlarni eshitib qolib, raisga tanbeh berib qo’yish uchun sessiya bo’layotgan joyga chiqqan ekan. Karimov Ibrohimovni “chimchilab” qo’ygandan keyin orqa xonaga o’tib, Mirsaidov bilan gaplashib turganda men kirib bordim. Qo’limda bir dasta maktub va Mustaqillik Deklaratsiyasining matnlari bor edi.
-Nima gap, yana buzg’unchilik-ku?- dedi Karimov.- Qog’ozlarni yirtgan bilan ish tamom deb o’ylaysizmi? Oldingisi dars bo’lmaganga o’xshaydi.
U Jurnalistlar uyushmasida yutqazganimizga sh’ma qilayotgandi.
-Millatvakillarining ko’pchiligi Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qabul qilishimizni so’rashayapti, -deya gap boshladim men.
Ammo Karimov gapimni oxirigacha eshitmadi.
-Usha millatvakillaringiz … qisib o’tirsin, – deya qo’lini musht qilib ko’rsatdi.
Bu gapi menga qattiq botdi. Chunki men ham o’sha millatvakillaridan biri edim.Shu bois unga javob berish zarur deb hisobladim va:
-Sizni madaniyatli odam deb eshitgandim…,- Aslida madaniyatsiz kalimasini ishlatmoqchi edim, ammo tilim bormadi.
Karimov yana so’zimni kesdi:
-Bu deputatligingiz uzoqqa bormaydi, deb necha marta aytdim, tushunasizmi o’zi? Qolganlarniki ham. Mustaqillik esa xoinlik. Orqadan pichoq urishdir. Gapirishni bilasiz hammangiz, ish esa menga qolgan. Mana bu Deklaratsiya bir tiyinga qimmat qog’oz, buni tualetda ham ishlatib bo’lmaydi, bildingizmi? Shukur Rahmatovich kerak bo’lsa shu gapni chiqib xalqqa ham aytadi,- Karimov avzoyi buzilib baqira boshladi.
Shukrullo Mirsaidov vaziyatni yumshatmoqchi bo’ldi, shekilli, gapga aralashdi:
-Nima ekan o’zi bu loyihalar? – dedi.
-Men loyihalarni bu erga olib kelmasligim mumkin edi, ammo bir yuz oltmish etti millatvakili bu loyihalarning ostiga imzo otgan, prezidentning nomiga murojaat yozgan. Istasangiz, cho’ntagingizga solib qo’ying, bizda muhokama qilish uchun boshqa nusxalari bor,- dedim men Mirsaidovning savoliga javob berar ekanman Karimovga yuzlanib. Keyin qo’limdagi qog’ozlarni Karimovga uzatdim. Ammo u emas Shukrullo Mirsaidov oldi. Karimov esa 167 raqamini eshitib, bir lahza esankirab qoldi. So’ng Bosh vazirning qo’lidan ro’yxatni olib, ism-shariflarga nazar tashladi.
-Voy, ablahlar, voy nonkurlar,-der ekan, loyihalarni o’qidi-da, sakkiz satrlisini menga uzatdi:
-Mana shunisini majlis oxirida ko’rib chiqishsin, – dedi.
Karimov ajratib bergan sakkiz satrli loyihada hech gap yo’q edi.Chiqib ketar ekanman yana Karimovning gaplari qulog’imga chalindi:
-Bu jo’jaxo’rozlar bilan adi-badi aytib o’tirishga holim yo’q. Agar boyagini muhokamaga qo’yishadigan bo’lishsa, mustaqillik degan so’zlarni “suverenitet” kalimasi bilan almashtirib, Moskvaning qonunlari hududimizda o’z kuchini saqlab qoladi, degan qo’shimcha bilan qabul qilish mumkin. O’shanda hech gap bo’lamydi. Keyin istasak qaytadan yozamiz, istasak e’lon qilmaymiz. O’zingiz so’zga chiqib, buning bir parcha qog’ozligini tushuntirib bering, bular hali iqtisodning “i” harfini bilishmaydi…Ismoil Hakimovichga ayting, anqayib o’tirmasdan ana u imzo qo’yganlar bilan gaplashib qo’ysin…
Karimov birdan men tomonga qaradi va:
-Yana biror gapingiz bormi?- dedi. Men ularning gapiga quloq tutib qolganim odobsizlik ekanligini his qilib “uzr” dedimda majlislar zali tomon ketdim.
Shu orada Karimov Erkin Vohidovni chaqirtirdi.Men uchun unga tanbeh bera boshladida deya ko’nglim xijil bo’ldi. Mard bo’lsa gapini o’zimga aytaqolmaydimi, deb ranjidim. Ammo gap boshqa ekanligini keyin tushundim.
Mustaqillik Deklaratsiyasini muhokamaga qo’yamiz desak Erkin aka so’z so’radi.
-Mustaqillik hayotimizning eng muhim va eng kerak masalasi. Shu sababdan bu haqda Deklaratsiya qabul qilish uchun maxsus hay’at tuzishimiz kerak. Bunga yozuvchilar, shoirlar, huquqshunoslar, olimlar, siyosat arboblari, xullas hamma sohadan vakillar kirsin. Shunday bir hujjat qabul qilaylikki, dunyo bizga qoyil qolsin. Sixni ham kabobni ham kuydirmasdan ish qilaylik…,- dedi u.
Undan keyin Ahmadali Asqarov, Muhammad Solih, Oygul Mamatova, Murod Jo’raev va yana bir necha kishi so’zga chiqib o’z fikrlarini aytdilar. Ko’pchilik hay’atni shu zahoti tuzib, Deklaratsiyani majlis oxirida qabul qilish kerakligini aytdi. Men ham so’z olib ikkinchi loyiha mukammalligini va uni muhokama etib, qo’shimchalar bilan qabul qilish kerakligini aytdim.
Muhokama davom etar ekan, meni Karimov chaqirtirdi.
-Siz uka nima qilayasiz, bu o’yinchoq emas, katta davlat, nega siz menga boshqa narsani ko’rsatib majlisga boshqa gapni aytayapsiz. Bilasizmi buni nima deyishadi…?,- deb so’kinch gapni ishlatdi..
-Bo’lmasa siz ham ba’zi narsalarni bilib oling,- dedim men.-Biz qabul qilgandan keyin hujjatlar imzolanish uchun sizga boradi. Fikringizni ana o’shanda aytasiz. Istasangiz qo’l qo’ymasdan yana bizga qaytarasiz, veto haqingiz bor va biz qayta ko’rib chiqamiz. Lekin prezident oldindan ko’rib chiqadi, degan gap yo’q. Shunga qaramasdan men sizga ko’rsatdim. Chunki sizning nomingizga yozilgan murojaat ham bor edi. Deputatlar sizga ishonch bildirib yozishgandi uni. O’zingiz loyihalardan bittasini tanlab menga berdingiz. Men esa ikkinchisini taklif qildim, chunki…
Karimovning jahli chiqqan edi, gapimni kesdi.
-Menga chunki-munkini gapirmang. Sizlar bir nechta jo’jaxoroz bu erni ham Moskvaga aylantirib yubormoqchisizlar. Ammo bilinglar, bu erda Gorbachevga o’xshagan lattachaynar yo’q. Sizlar chalgan musiqaga o’ynab o’tiradigan odam yo’q bu erda. Musiqani men chalaman. Men aytdimmi, tamom, hozirning o’zida chiqib loyihaning ikkinchisni qaytib olasiz va birinchisni o’rtaga qo’yasiz.
-Endi orqaga qaytish mumkin emas. Qolaversa birinchi loyihada hech gap yo’q. Uni e’lon qildigu qilmadik, hech farqi bo’lmaydi,-dedim men.
Karimov mushti bilan stolga urib baqirdi.
-Men aytganni bajar deyapman, senga!
-Meni sensiramang va bu ohangda buyruq ham qilmang! Vasvasaga tushganingizni hozir chiqib deputatlarga e’lon qilaman,-dedim men.
Karimov endi peshonasiga mushtladi.
-Hammasiga eshshak KGB aybdor, Melkumov aybdor! Sanlarni bu erga yaqin yo’latmaslik kerak, degandim. Bitta ishni eplolmadi ablahlar.Tarqatib yuboraman, qaytadan tuzaman. Sanlarga esa alohida turma qurib beraman. Chirib ketasanlar o’sha erda.
-Biz chirib ketadigan nima ish qildik? Mamlakatimiz mustaqil bo’lsin desak, bu jinoyatmi?
- Ha jinoyat. Mamlakatimiz bitta. Sovet Ittifoqi. O’shanda tug’ildik o’shanda o’lamiz.Hozir qulay payti kelgan, Moskvadan ko’proq haq olishimiz mumkin. Budjet teshilib yotibdi. Sanlar oyog’imga bolta urayapsanlar, bildingmi? Moskva bizni mustaqil bo’lishga qo’ymaydi. Oyog’imizdan osadi. Xalqingni ham, sanlarni ham qirib tashlaydi. Sanlar tarixni ham bilmaysanlar.
-Agar sensirashda davom etsangiz men ham sizni sensirab gapiraman,- dedim men Karimovning bepisand ohangiga qarshi.
-Siz bilan hali kamerada sizlashib gaplashaman, unda men gapiraman, siz eshitasiz, chunki javob qaytaradigan mana shu tilingiz kesilgan bo’ladi!
- Hali qassoblik hunarim ham bor deng…
Bilmagan holda Karimovning eng nozik nuqtasiga “urib” qo’yibman. Uning otasi Abdug’ani aka Samarqandda qassob bo’lgani, tuya go’shti sotib qo’lga tushgani, bu esa Karimovda endi partiyaga o’ta olmayman degan fikr o’yg’otgani va shundan keyin u otasini do’pposlab uydan chiqib ketganini keyin eshitdim. O’sha kezda otasi yoki biror yaqin kishisi qamalgan bo’lsa, partiyaga a’zo qilib olishmas edi. Ammo Karimovning omadi chopgan ekan. Otasi o’lib ketgan bo’lsada akasi va ukasi qamoqda bo’lishiga qaramasdan U O’zbekiston Kommunistk partiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi etib “saylangan” edi. KPSS Markaziy Komiteti Siyosiy buyrosining a’zoso ham bo’ldi.
Karimov birdan baqirib yubordi.
-Shukur! O’ldiraman seni, san aytgansan bularga. Man sanga qassoblikni ko’rsataman, ablah!
U ochiq eshik tomonga qarab so’kina boshladi. Shukrulla Mirsaidov bizning tortishuvimiz paytida qo’lidagi sigaretni ko’rsatib tashqariga, ya’ni kichik xonadan kattaroq joyga o’tgandi. U nima gap, deganday kirib kelganda Karimovning og’zidan ko’pik sachrab so’kinayotgan edi.
Shu payt Oliy Kengash qo’mitalaridan birining raisi A. Yo’ldoshevning aytgan gapi esimga tushdi.
-Bu odamning quyanchig’i bor,-degan edi u. O’shanda u odam Karimovning jahli chiqishiga sha’ma qilib shunday dedi deya tushungan edim.
A.Yo’ldoshev ilgari Toshkent viloyat ijroiya qo’mitasida rahbar bo’lgan. Keyin uni Samarqand viloyat ijroiya qo’mitasi raisligiga yuborishganda tanishgan edim. 1988 yilda u kishi bilan birga Afg’onistonga borgan edik. Ko’ngli ochiq, samimiy odam.Meni yaxshi tanigani uchun ham maslahat berib turar, Karimovdan ehtiyot bo’lishga undardi. Aslida ham men hali Karimovni yaxshi bilmas edim, ammo u kishi uning musiqasini eshitib ko’rgan, uni yaqindan tanir edi.
U ogir, har bir gapini o’ylab gapiradigan va qishloq xo’jaligi iqtisodini yaxshi biladigan odam edi. U Oliy kengashning Iqtisod qo’mitasini boshqarar edi. Samarqand qishloq xo’jaligi institutida ishlagan deputat Erkin Xo’jaev esa unga o’rinbosar edi. Ular bitta xonada o’tirar edilar. Men kirib borsam u kishi Erkin Xo’jaevning oldida gapirmaslikka harakat qilardi. Ammo yolgiz o’zi bo’lsa ancha gaplashardik. Tajribali, bilimli bu odam bilan suhbatlashish maroqli edi. Keyinchalik bilsam, Karimov nihoyatda tarbiyali, har bir so’zini o’ylab gapiradigan, o’z ishining bilimdoni bo’lgan bu kishini ham ko’p haqoratlagan ekan. Mana endi uning “Karimovning quyanchig’i bor” degan gapini eslab, rostdan ham shunday ekanmi, deb o’ylab qoldim.
A.Yo’ldoshev bunday paytda yo’lini qilib, undan uzoq ketish kerak, der edi. Shu o’gitga amal qilib, tashqariga chiqdimu sessiya bo’layotgan tomonga o’tib ketdim. Deputatlar orasidan Nurali Qobul, Muhammd Solih, Erkin Vohidov va boshqalarni topib, bo’layotgan gaplarni aytib berdim va ularni orqadagi xonaga kelishlarini so’radim.
Oradan ko’p o’tmay sessiyada Shukrulla Mirsaidovga so’z berildi.
-Bu bir parcha qog’oz. Hamma narsa shu bilan hal bo’lib qolmaydi, -dedi u. – Masalaning iqtisodiy tomonlarini ham ko’rib chiqishimiz kerak.Men bilan yonma-yon o’tiradigan bir deputat “Bog’cha qurish ahamiyatlimi, mustaqillik bayonotimi?” deb so’radi. Ana shu savolning o’zi ko’rsatayaptiki, bu masalani bir hay’atga yuklashimiz va butun takliflarni inobatga olgan holda o’rtaga chiqarishimiz kerak. Mana mening qo’limda ikkita loyiha bor. Xo’sh, buning qaysi birini qabul qilamiz? Men majlisda tanaffus e’lon qilinishini va butun viloyatlarning vakillari yig’ilib, bu masalani muhokama qilishlarini taklif etaman.
Karimov allaqachon barcha viloyat rahbarlarini ichkariga chaqirgan ekan.
Shu orada kotibiyatga SSSR xal deputati Zolotuxinni sessiyaga kiritishmayapati degan xat kelgandi. Men Mirzaolim akadan so’rasam u kishi Markaziy qo’mita tashkiliy ishlar bo’lim mudiri O’tkir Zokirovni ko’rsatdi. Masalani aniqlash uchun uning yoniga bordim.
-Sizlar nima qilayapsizlar o’zi. Oxiri yomon bo’ladi. Bu isyon bilan barvar,- dedi u. U bilan ham adi- badi aytib o’tirgim kelmadi. Zolotuxin haqida so’rasam:
-Xomsizlar, dedimku, bunday masalani boshqa odam hal qila olmasligini, faqat o’zlari qaror berishlari mumkinligini bilishingiz kerak,-dedi u orqa xonaga ishora qilib.
Ichkarida Karimov to’plangan rahbarlar bilan gaplashayotgandi. Mening kirib borganimni ko’rib:
-Yana nima gap?- dedi.
-Qonunlarimizga ko’ra SSSR xalq deputatlari sessiyaga kirishlari mumkin. Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qilganimizdan keyin bu masalani ham ko’rib chiqamiz. Lekin hozircha…
-Bilasizmi? Siz emas biz ko’rib chiqamiz.O’sha iplos Zolotuxin kim? He uning onasini…
Karimov baqir-chaqir qilib Zolotuxinni sirtdan so’ka boshladi. Viloyat rahbarlari bosh egib o’tirardilar. Xorazm viloyatining rahbari ayol edi. U bir nima demoqchi bo’lgandi Karimov uni ham erkakchasiga so’kib berdi.
Mirsaidov hech narsa bo’lmagandek masalani Deklaratsiya tomonga burdi. Baz’i rahbarlarga javob berib yubordi va faol deputatlarni chaqirtirdi. Karimov esa bir chetda Erkin Vohidov, Nurali Qobul va Muhammad Solih bilan Deklaratsiya haqida gaplashayotgan edi. Ular nimani gaplashdilar menga qorong’u, lekin Karimov jahlidan tushib, o’zini ancha erkin sezib qolgandi. Shu bois ham biz to’plangan joyga yaqin ham kelmadi. Mirsaidov uning yoniga borib keldi-da:
-Takliflarni inobatga olgan holda yangi bir matn tayyorlash uchun besh kishilik ha’at tuzamiz,-dedi. Keyin kimlarni hayatga kiritishni so’radi. Besh kishini ko’rsatishdi. Mirsaidovning o’zi, men, Muhammad Solih, Murod Jo’raev, Oygul Mamatovadan iborat hay’at tuzildi. Vaqt allamahal bo’lib qolgandi. Hamma ketib qoldi. Ammo matn ertalabga tayyor bo’lishi kerak edi.Vazirlar mahkamsining umumiy ishlar bo’limi mudiri Ravil Abduqodirov bilan ikkalamizga qoldi bu ish. Keyin bilsam, Karimov matnga SSSRning barcha qonunlari O’zbekistonda hal qiluvchi kuchga ega, degan moddani kiritishni istagan ekan.
Biz Ravil Abduqodirov bilan shu erning o’zida o’tirib matnni qayta yoza boshaldik. Ravil Abduqodirov ham rus tilida, ham o’zbek tilida hujjatlarni yozishga juda usta ekan. Qisqa vaqtda bir necha variantni yozib qo’ydi. Har bir variantni olib borib Efimovga ko’rsatib kelishardi. U Kommunistik partiya markaziy qo’mitasining ikkinchi kotibi va matnlarni Moskva bilan kelishayotgan ekan. Xullas, ish oqshomdan ertalabga qoldi va ertasi kuni tushga qadar davom etdi. Tushdan keyingi sessiya ochilishi bilan Mirsaidovga so’z berdik:
-Kecha yarim tunga qadar loyihani ko’rib chiqdik,- deya u matnni o’qib berdi va qabul qilinishini so’radi.
Ko’pchilik mustaqillik tashnasi ekanligi sezilib turardi. Mirzaolim Ibrohimov tortishuvlardan keyin masalani ovozga qo’ydi va yana zalga qarab ham o’tirmasdan “Bir ovozdan qabul qilindi” deb e’lon etdi.. Hamma o’rnidan turib qarsak chalarkan, Efimov, Hamidovlar ham bu shiddatli sel kabi oqimning kuchiga dosh berolmay oyoqqa qalqqandilar. Millatvakili Nasrullo Sayyid milliy bayroqni o’rtaga olib chiqdi. “Yashasin mustaqillik!” deya hayqirdi. Uning bu hayqirishi tog’larda aks sado bergandek qator oralarida takrorlana boshlandi… Unga Imom Fayzi qo’shildi. Hatto rais “do’ppilik yigit” degan millatvakili ham…”Mustaqillik!” deya hayqirayotganlar qandaydir o’y – fikrlarga emas, qalblariga quloq solayotgandilar.
Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilingandan keyin Karimov yana norozi bo’ldi. Chunki matn uning iznisiz muhokamaga qo’yib yuborilishini u kutmagan ekan.
-Bu yana nima gap?,- deya baqira boshaldi u.
Shu payt Mirsaidov kelib, loyihalar muhokama qilingani va Efimovga ko’rsatilib deyarli qayta yozib chiqilganini aytdi. Karimov qo’lidagi qog’ozni unga pesh qilib baqirar ekan, men chiqib ketdim, chunki do’stlarim kutib turishgandi. Toshkent mehmonxonasiga borib u erdagi deputatlar bilan restoranda bayram qildik, hamma bir- birini qutlagan, shod edi.
Oshanda biz Oliy kengashda ishlagan deputatalar Vazirlar mahkamasiga qarashli mehmonxoda yashar edik. Kechqurun televidenieda sessiya haqida ma’lumot berilib, Deklaratsiya haqida gap bo’lmadi. Men qo’shni xonalarga o’tib Meli Qobulov, Oygul Mamatova, Hamza Eshnazarov va boshqalarni to’plab masalani muhokama qildik.
Norozilik bayonoti yozib e’lon qilamiz, degan qarorga keldik. So’ngra men Markaziy Qo’mitaning televidenieni nazorat qiluvchi kotibi Jahongir Hamidovga sim qoqdim.
-Biz ham shuning dardida uxlamay o’tiribmiz, – dedi H❘midov. – Boshqa norozilar ham bor, muxolifat mitingga chiqmochi ekan, Islom akaga telefon qilayapmiz, bog’lanishning iloji bo’lmayapti…
1990 yilning 20 Iyunida qabul qilingan Mustaqillik Deklaratsiyasi nihoyat 22 Iyunda “Sovet O’zbekistoni” gazetasida bosib chiqarildi.”O’zbekiston adabiyoti va san’ati gazetasi” esa deklarasiyani 29 Iyunda e’lon qildi.Deklaratsiya Karimov tomonidan tuzatilgan va undagi “O’zbekiston” kalimalari “O’zbekiston SSR” deb o’zgartirilgan va Moskvani qoniqtiradigan birqancha o’zgarishlar kiritilgandi. Ya’ni Karimov o’z so’zida “turgan” va Deklaratsiyani o’ziga moslab e’lon qilgandi. Masalan, undagi 12 modda muhokama qilinganda quyidagicha edi:
“12. Ushbu Deklaratsiya mustaqil O’zbekistonning yangi konstitutsiyasini ishlab chiqish uchun asosdir”. Karimov tomonidan matbuotga berilgan matnda esa bu modda quyidagicha edi.
“12.Ushbu Deklaratsiya O’zbekiston SSR ning yangi konstitutsiyasi hamda ittifoq shartnomasini ishlab chiqish uchun asosdir”.
O’shanda Moskva respublikalarga Ittifoq shartnomasi tuzishni taklif qilgan payt bo’lgani uchun ham bunga urg’u berilgan bo’lsa ajab emas?!
Quyida O’zbekiston Mustaqillik Deklaratsiyasining 1990 yil 20 Iyunda qabul qilingan va Karimov tomonidan o’zgartirib ikki kun keyin e’lon qilingan matnini keltirmoqchiman. Qora harflar bilan yozilgan va ostida chiziq bo’lgan kalimlar Deklaratsiya xalq vakillari tomonidan qabul qilingandan so’ng unga zo’ravon hukumat tomonidan qo’shilgan so’zlaradir.
“Mustaqillik Deklaratsiyasi
O’zbekiston SOVET SOTsIALISTIK RESPUBLIKASI Oliy soveti:
O’zbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy ana’nalari,
Har bir millatning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqini ta’minlashdan iborat oliy maqsad haqi,
har bir kishining farovon hayot kechirishini ta’minlashni oliy maqsad deb bilgan holda,
O’zbekiston xalqlarining kelajagi uchun tarixiy mas’uliyatni chuqur his etgan holda,
xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslanib,
O’zbekiston SOVET SOTsIALISTIK RESPUBLIKASI ning davlat mustaqilligini e’lon qiladi.
1.O’zbekiston SSR ning demokratik davlat mustaqilligi respublikaning o’z hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlardagi tanho hokimligidir.
2. O’zbekiston SSRning davlat hududi, chegarasi daxlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qo’yilmay turib o’zgartirilishi mumkin emas.
3. O’zbekiston SSRda davlat hokimiyati uning hududiga kiradigan barcha tarkibiy va bo’linmas qismlari ustidan amalga oshiriladi va shu hududda yashaydigan aholiga taalluqlidir.
4.SSSR Oliy Sovetida qabil qilinadigan qarorlar O’zbekiston SSR konstitutsiyasiga muvofiq Oliy Sovet tomonidan tasdiqlangandan keyingina O’zbekiston SSR hududida kuchga ega bo’ladi.
(IZOH:Islom Karimov bu bandni “SSSR Oliy Sovetida qabil qilinadigan qarorlar O’zbekiston SSR konstitutsiyasiga muvofiq O’zbekiston SSR hududida etakchi kuchga egadir” tarzida taklif qilgan ammo deputatlarning qattiq talabi bilan unga “O’zbekiston Oliy Soveti tomonidan tasdiqlangandan keyingina” degan qo’shimcha kiritilgan edi.-JM)
5. O’zbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga O’zbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi.
6. O’zbekiston SSR xalqaro huquqning asosiy prinsiplarini tan oladi va hurmat qiladi.
7. O’zbekiston SSR ITTIFOQDOSh RESPUBLIKLAR VA boshqa davlatlar bilan o’zining siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa munosabatlarini shartnomalar asosida belgilaydi va malga oshiradi.
8. O’zbekiston SSR o’zining taraqqiy yo’lini, O’Z NOMINI O’ZI BELGILAYDI va davlat belgilarini (Gerb, Bayroq, Madhiya) o’zi ta’sis etadi.
(IZOH:Bu band O’zbekiston o’zining taraqqiy yo’lini o’zi belgilaydi va O’zbekiston SSR O’zbekiston Respublikasi deb o’zgartirilganini e’lon etadi va O’zbekiston respublikasining davlat belgilarini (gerb, bayroq, madhiya) o’zi ta’sis etadi.” tarzida edi-JM).
9.QORAQALPOG’ISTON MUXTOR SOVET SOTsIALISTIK RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINI MUXTOR RESPUBLIKA KONSTITUTsIYaSI TA’MIN ETADI. O’ZBEKISTON SSR UNING ASOSIY QONUNI VA O’ZBEKISTON SSR KONSTITUTsIYaSI ASOSIDA QORAQALPOG’ISTON MSSRNING MANFAATLARINI HIMOYa QILADI.
(IZOH:Asosiy matnda bu band quyidagicha edi: Qoraqalpog’iston kelajagini O’zbekiston qonunlari doirasida bu hududda yashayotgan xalqlarning vakillari o’laroq bu jumhuriyatning oliy soveti belgilaydi”. Bu mazkur mintaqa deputatlarining taklifi edi.-JM).
10. O’zbekiston SSRning qonun chiqaruvchi hokimiyati O’zbekiston SSR davlat mustaqilligini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan qonunlarni ishlab chiqadi. O’zbekiston SSRning siyosiy va iqtisodiy sistemalari tarkibini va qurilishini belgilaydi.
11.O’zbekiston SSR Oliy Soveti umumxalq muhokamasi asosida demokratik huquqiy davlat tuzishga qaror qilganini bildiradi. O’zbekiston SSRda yashayotgan barcha millat va elatlarning qonuniy, siyosiy, iqtisodiy, etnik, madaniy huquqlariga hamda ona tillari rivojlantirilishiga kafillik beradi. (Bu moddaning ikkinchi jumlasi asl matnda yo’q edi. Bilishimizcha ruslarning va rus tilining manfaati ko’zlangan holda bu satrlar kiritilgan.-JM)
12.Ushbu Deklaratsiya O’zbekiston SSR ning yangi konstitutsiyasi HAMDA ITTIFOQ ShARTNOMASI ni ishlab chiqish uchun asosdir”.
Aslida demokratik jamiyatlarda parlament qabul qilgan hujjatga bunday o’zgartirish kiritish tasavvurga ham sig’maydi va bu juda katta jinoyatdir.O’zbekistonda esa barcha qabul qilingan qonunlarga sessiyadan keyin ham qo’shimcha kiritilaveradi. Bu esa diktaturaning jinoyat klubidan iboratligini ko’rsatuvchi bir dalildir.
Shu o’rinda yana bir narsani qo’shimcha qilmoqchiman. Mazkur voqealar haqida bilganlarimni yozgan va Turkiyada yashagan paytimizda “ERK” gazetasida e’lon qilayotgan edim. 1994 yilning May-Iyun oyida bolalarimni olib kelish maqsadida Bakuga ketgandim. Qaytib kelganimda “ERK” gazetasining 11(1060) sonini ko’rib hayron qoldim. Mening kitobimdan “Deklaratsiya tarixi” qismi o’zgartirib chop etilgandi. Qo’lyozmalarimga qarasam, Muhammad Solih mening yozganlarimdan yarmini o’chirib o’rniga: “Bu xususda Muhammad Solih shunday hikoya qiladi:..” deb uzundan uzoq o’z hikoyasini qo’shgan. Men yoqamni ushlab qoldim. Agar men xato yozgan bo’lsam, u alohida munosabat bildirishi mumkin edi. Yoki u o’z bilganlarini o’z nomidan yozsa yana ham yaxshiroq bo’lardi.
Umuman voqealarning ishtirokchisi bo’lgan har bir kishi o’z bilganlarini yozsa, shunday qilib haqiqat o’rtaga chiqishiga xizmat qiladi.Lekin mening nomimdan yozilgan narsaga o’ziga “kerakli” hikoyani qo’shib yuborishi xuddi Karimovning Mustaqillik Deklaratsiyasiga munosabatini eslatdi.
Deklaratsiya o’zgartirilib e’lon qilinganini men deputatlarga va xalqimizga nisbatan qattiq haqorat sifatida qabul qilganman. Mening yozganimga Muhammad Solih o’zini targ’ib qiluvchi hikoyani qo’shib yuborishi esa menga bundan ham og’ir haqorat sifatida ta’sir qilgandi.
Xullas, bu bo’limga ilova qiladigan yana bitta narsa bor. Ikkinchi sessiyadan keyin O’zbekiston Kompartiyasi markaziy qo’mitasining plenumi chaqirildi va sessiyada jilovni deputatlarga berib qo’ygani uchun Mirzaolim Ibrohimov masalasi muhokama etilib, uning raislikda qolib qolmasligi savol ostiga qo’yildi.
Shuncha bo’lgan voqealarga qaramasdan, O’zbekiston Mustaqillik Deklaratsiyasi xalqimizning, uning vakillarining, muxolifatning(“ERK” va “Birlik” nazarda tutilmoqda) azmini o’rtaga qo’ygan ulkan hodisadir.
Ushbu tarixiy hodisadan keyin oradan bir yilu ikki oy o’tib Karimov qaytadan Mustaqillik e’lon qilar ekan, deputatlarning beparvoligi, hatto qarsak chalishmagani bugunga qadar masxara qilinadi. Aslida bu ularning Karimovga, uning ikkiyuzlamachiligi, so’zbo’yamachiligiga qarshi yana bir isyonlari edi…
8.TAShABBUS GURUHI
Biz Oliy Kengashda ishlayotgan deputatlar o’z-o’zidan ikkiga ajralgan edik. Demokratik o’zgarishlar tarafdori bo’lganlar va boriga shukur qiluvchilar. Birinchi guruhga asosan yoshlar va saylovda katta kurashlar evaziga yutib chiqqanlar kirgandi. Ikkinchi guruh esa hukumat ro’yxatidan o’tganlar va kelajaklarini hukumatning yo’lidan yurish, deb bilganlar. Bu bo’linish asta-sekin viloyatlardan Oliy majlis qo’mitalariga a’zo bo’lganlar orasida ham sezilib qoldi. Ammo birinchi guruhga kiruvchilar barmoq bilan sanarli, ikkinchi guruhdagilar juda ko’pchilikni tashkil etishlariga qaramay ko’pchilik ozchilk bilan hisob-kitob qilishga majbur bo’lib qolayotgandi. Biz kuch sifatida sochilib ketmaslik va “bir musht bo’lish” haqida o’ylab Oliy majlisdagi deputatlarning guruhini tuzishga kirishdik.
Toyiba To’laganova:
-Jahongir aka bu ishni siz tashkil qilayapsiz, raisligini ham o’zingiz olishingiz kerak,-dedi.
-Gap raisda emasku- dedim men.- Qolaversa bu ishda faol qatnashayotganlar ham ko’p. Hatto qo’mita raislari orasida ham qiziqish bildirganlar bor.Shuning uchun ham rais haqida o’ylash unchalik mantiqli tuyulmayapti.
-Yo’q,- dedi,-Toyiba, hamma narsa raisga bog’liq va guruhimiz rayosat bilan, Oliy majlis bilan yuzma-yuz tura olishi uchun rais kuchli bo’lishi kerak.
-Lekin biz raisni oldindan belgilab qo’ysak, hukumatning yo’lidan borgan bo’lamiz. Biz demokratiya tarafdorimiz, shunday ekan rais masalasini yig’ilishda hal qilamiz,-dedim.
Tashabbus guruhining yig’ilishini o’tkazish uchun Oliy kengash joylashgan Vazirlar mahkamasi binosining birinchi qavatdagi majlislar xonasiga to’plandik. Kutilmaganda majlisga Muhammad Solih kirib keldi. Biz hayron bo’ldik. Chunki biz avval Oliy majlisdagilar to’planib, bir gaplashib olmoqchi, keyin chetdagi xayrixoxlarni ham taklif qilib, kengaytirilgan majlis o’tkazib, guruh tuzilganini e’lon qilmoqchi edik. Ammo majlisni boshlamasimizdan oldin Muhammad Solih so’z olib:
-Har qanday harakat raisdan boshlanadi. Avval raisni tanlash, keyin birinchi qadamni tashlash kerak. Oramizda rais bo’ladigan nomzodlar ko’p. Lekin Abdulhay Mirsaidov juda ham muhim nomzod. Texnika fanlari doktori, O’zbekistonda bu sohada bu pog’onoga chiqqan eng yosh olim shu kishi. Menimcha hozirdanoq bu odamni rais etib belgilashimiz kerak. Qarshilar yo’q bo’lsa kerak,-dedi.
Men Muhammad Solih bilan nima qilib bizning ishga aralashib yuribsiz, deya tortishmoqchi bo’ldim. Ammo Toyibaning gapi yodimga tushdi va bu tortishuvim xuddi raislikni talashayotgan kabi bo’lmasin, deya indamadim. Hali kengaytirilgan majlis o’tkazganda raisni demokratik yo’l bilan saylab olamiz, deya o’ylab qo’ydim.
Lekin A. Mirsaidovning rais bo’lishiga ham qarshi emas edim. Chunki kamsuqum, kamtar va elib yuguruvchan odam edi. Muhammad Solih darrov uni rais o’tiradigan joyga taklif qildi. Bu harakatdan ba’zilar ranjidi, ba’zilar esa e’tibor ham qilishmadi. Chunki guruhning raisi bo’lish faqat ortiqcha tashvish, degani edi. Lekin keyinchalik bildimki, biz o’shanda katta xato qilgan ekanmiz. Men raisni harakat chiqarishi kerak, rais harakatni emas,deya tushunardim. Bu tushuncham bizning jamiyatga yot ekanini oradan ko’p yillar o’tib angladim. Bizda kimdir bir harakat yoki tashkilot tuzib kimlargadir mansab yoki pul va’da qilsa bas ekan, unga ergashib ketishaverishar ekan.
Biz o’shanda Oliy kengashning demokratik deputatlar guruhini tuzish uchun tashabbus guruhi o’laroq to’plangandik. Ammo katta yig’ilishga qadar bormadi ishimiz. Shu bois guruhimizning nomi “Tashabbus” o’laroq qoldi. “Rais”ni o’sha kuni Karimov chaqirib gaplashgani va oradan ko’p o’tmay uning Karimov bilan birga safarga borib kelganini eshitdik. Shundan keyin uning guruh ishlariga qatnashishiga hafsalasi ham qolmadi. U o’z-o’zidan chetga chiqib qoldi.
Lekin biz o’zimiz to’planib, guruhning majlislarini o’tkazib, masalalarni muhokama qilib olaverdik. O’shanda bu guruh ishini yuritishda Toyiba To’laganova, Oygul Mamatova, Toshpo’lat Jo’raev, Hamza Eshnazarov, Rinat Mirxonov, Vohid A’zamov, Baxtiyor Qodirov, Alijon Qo’chqorov va boshqalar faol edilar. Guruhimizning a’zolari 7-Sessiya arafasida oltmishdan oshib qolgandi. Ba’zilar majlislarimizga kelmasalar ham bizning takliflarimiz, bayonotlarimizga qo’shilishar va ularni imzolab berishardi.
Bir kuni meni Karimov chaqirib qoldi.
-Bu “Tashabbus” guruhi degani nima o’zi, nima bilan bandsizlar?-dedi.
-Hamma masalalar bilan,-dedim men.
-Masalan bir-ikkitasini men ham bilsam bo’ladimi?
-Bo’ladi,-dedim men uning maqsadini anglab, ya’ni uning guruhning siyosiy yo’nalishdagi faoliyatidan boxabar bo’lishni istayotganini sezib, gapni boshqa tomonga burdim.- Masalan bizning ish sharoitimiz. Shu masalani ham birgalashib hal qilmoqchimiz.
-Birinchi sessiyada o’zingiz chiqib imtiyozlarni bekor qilish kerak degan edingiz, endi imtiyoz izlayapsizlarmi?,- dedi Karimov kinoya bilan.
-Imtiyoz emas, oddiy mehnat sharoiti izlayapmiz. Masalan, bizning Oshkoralik qo’mitasi uchun bitta kichiq xona berilgan. Bir tomonda rais Erkin Vohidov, ikkinchi tomonda men o’tiraman. Qo’mita kotibasi Toyiba To’laganova uchun esa hatto stol ham yo’q. Mehmonlar uchun ajratilgan joyda o’tirib ishlaydi. Ayni holni hamma qo’mitalarda ko’rish mumkin. Bu ahvolda ishlab bo’ladimi?
- Toyibani ko’p ham qo’mitaga yaqin yo’latmanglar. Undan tashqari╔ joy bo’lmasa nima qilish kerak? Qanday taklifingiz bor, prezidentning xonasini bo’shatib beraymi? Yoki Vitse prezidentning xonasi bo’sh yotibdi, shu erga kelib ishlay qolinglar,- Karimov Toyibaning nomini eshitib biroz jahlga mingandi.
-Menimcha Oliy Kengashning o’z binosi bo’lishi kerak. Sessiyani kelib sizning binongizda o’tkazayapmiz, qaytib borib Vazirlar mahkamasidagi tor xanalarda o’tirib qonun loyihasi tayyorlayapmiz. Mana Anhorning narigi tomonida, ko’p qavatli, katta bir inshoot qurilishi qachondan beri to’xtab qolgan. Shuni moslab, Oliy Kengashning binosi qilish mumkin emasmi?
-Xo’p bu masalani menga qo’ying. Men hal qilaman,-dedi u va ertasiga bir majlisda dabdurustdan g’amxo’rlik qilayotganini namoyish etgandek, “Men keyingi paytda deputatlarning qiyin ish sharoitini ko’rib qiynalib ketayapman. Buncha katta prezident apparati nima uchun kerak? Ana u partiayaning binosichi? Anhorning narigi tomonida baland bino qurilmay chala yotibdi. Shuni Rayosat a’zolari borib ko’rsinlar. Ma’qul tushsa, tuzatib Oliy kengashga beraylik. Xalqning vakillari uchun birinchi navbatda g’amxo’rlik qilishimiz kerak” deb qoldi.
Karimovning bunday “hunari”ni asta-sekin hamma bilib oldi. Shu bois uning huzuriga kirishganda, “Islom aka, mana shu ishni sizning gaplaringizdan kelib chiqib qilmoqchimiz, shuni o’zingiz boshlab yuborsangiz” deya bir o’q bilan ikki quyonni uradigan bo’lishdi. Birinchidan, Karimov yangi g’oya muallifi va ikkinchidan, o’sha ish bitib ketardi. Shu sababdan ham mamlakatdagi hamma ishlar uning nomiga bog’lanib qoldi.
Oliy majlisdagi sharoitga qaytsak, faqat bino masalasi bilan kifoyalangan emas edi. Prezident idorasidagi oddiy bir xodimga ko’rsatiladigan xizmatning yuzdan biri ham xalqning vakili bo’lgan deputatga lozim ko’rilmas edi. Deputatlar olti oydirki mehmonxonada yotib, kun kechirishardi. Haftada bir marta ikki kilogrammdan go’sht sotilardi. Buning uchun ular ishdan keyin Vazirlar mahkamasining zax erto’lasida soatlab navbatda turishardi. Prezident devonidagi oddiy xodim esa oilasiga kerakli narsani yozib berar va maxsus xizmat xodimlari kerakli narsalarni mashinada uning uyiga etkazishardi. Hatto tushlik oshxonasida ham deputatlar begona edilar. Avval Vazirlar mahkamasi xodimlari ovqatlanishardi, chunki joylar ularning nomiga berkitib qo’yilgandi, ulardan qolsagina deputatlarga berilardi. Bular imtiyoz emas, oddiy ish sharoiti ekanligini Karimovga tushuntirishga harakat qildim.
-Menimcha deputatlarning transport masalasini ham hal qilish,-kerak,- dedim men oxirida.
-Qo’mita raislariga yaqinda mashina beramiz, shuni birgalashib minishadi,- dedi Karimov, keyin telefonni olib Mirsaidovga: -Shukur ⤼ahmatovich, ana u mashinalar qachon keladi? Raislarga “Volga” bering, qo’mitadagilardan baz’ilariga “Jiguli”, o’z pullariga sotib olsinlar. Kelganingizda shuni ham gaplashaylik,-dedi.
Keyin yana menga yuzlanib,
-Nima masala bo’lsa kelib menga aytib turing, o’zim hal qilaman,-dedi- Ana u Nurali bilan Erkin akangiz og’iz-burun o’pishib yuribdilar. Ulardan ehtiyot bo’ling…
Chiqib ketar ekanman, o’sha kezda nima uchun Karimov bu qadar “g’amxo’r” bo’lib qolgani va oxirgi gaplarining bizning “Tashabbus” guruhiga nima aloqasi borligini tushuna olmagandim. Keyinchalik bilsam u “Tashabbus” guruhi kuchlanib borayotganidan cho’chigan va guruhning har bir a’zosi bilan ana shunday gaplashib chiqayotgan ekan. Olti kishiga esa o’z puliga “Jiguli” avtomashinasi sotib, keyin ularni vazifasini suiistemol qilganlikda aybladi. O’shanda ularga olmanglar shu mashinasini, desak ham, sharoitlari qiyinligi, yo’l qatnovidan bezganlari, qolaversa o’z pullariga olishayotganini aytishgandi. Ammo bu Karimovning tuzog’i edi va ko’pchilk bunga ilinmadi.
“Tashabbus” guruhi garchi bir tashkilotga aylana olmay qolgan bo’lsa ham demokrat deputatlarni birlashtiruvchi kuch edi. Ayniqsa, 7-sessiyaga tayyorgarlik ko’rishda bu guruh ochiq kuchga aylandi.
9.YuZMA YuZ
Men ko’p narsani matbuotning kuchi bilan hal etish mumkin, deb o’ylardim. Shu bois ham faoliyatimizni matbuotga erkinlik berish bilan boshlash kerak, deb tushinardim. Bizning Oshkoralik qo’mitasida tayyorlayotganimiz Matbuot haqidagi qonun loyihasida ham erkinlik masalasiga alohida e’tiborni qaratayotgan edik.
Matbuoti erkin bo’lgan xalqning dunyoqarashi, qadam tashlashi erkin bo’ldi. Aks holda zanglab qolgan dunyoqarash bilan hech narsa qilib bo’lmaydi. Qorin ovqatga qanchalik ehtiyoj sezsa, inson tafakkuri ham erkin ma’lumotga shu qadar ishtiyoqmand.
Matbuotni bo’g'ish esa tafakkurning manqurtlashuviga, kelajakning zulmat qo’ynida qolishiga olib boradi.
Bu haqda o’ylar ekanman, Oliy kengashdagi deputatlarga o’z hisobimizdan bir mustaqil gazeta chiqarish kerakligini aytdim. Bu nafaqat mustaqil xabar manbai va ayni paytda haqiqat istayotganlarning ham minbari bo’lar edi. Qolaversa erkin matbuot uchun yo’l ochilardi bu bilan. Shunday mustaqil nashrga ehtiyoj juda katta edi.
Shu bois mening taklifimni Oliy Kengashdagi deputatlar qo’llashdi. O’n bir nafar millatvakili o’z mablag’imiz hisobiga “Yuzma-yuz” nomli gazeta chiqarishga qaror qildik va har birimiz o’rtaga o’sha paytning (1990 yil) puli bilan etti ming so’mdan mablag’ qo’yishimiz haqida bayonnoma yozdik. Bu o’n oylik maoshimiz miqdorida bo’lib, to’plaganda katta bir gazetani chiqarishga etadigan mablag’ edi.
Shuni ham aytish kerak-ki, ba’zi deputatlar shuncha pulni qanday topamiz, deb o’ylaganimizda, qo’mitalarda ishlagan boshqa safdoshlarimiz Karimov bilmagan taqdirda qarz berib turishga rozi bo’lgandilar. Shu bois ham biz Matbuot qo’mitasiga ana shuncha pulimiz borligi haqida kafolatnoma yozgandik. Ya’ni pulni ko’pchilk berib, mas’uliyatni o’n bir kishi bo’yinga olishga qaror qilgandik. Agar gazetamiz chiqsa, uning qo’lma-qo’l bo’lib ketishiga va qarzlarimizdan qutilishga ishonardik.
Gazeta chiqarish haqidagi qarorni Oliy Kengash qo’mitalari raislariga birma-bir olib kirib, imzolatib chiqdim. Ko’pchilik imzoladi. Bu esa Oliy Kengash Rayosatining qarori degan gap edi. Shundan keyin uni rasmiy bo’lsin, degan xayolda pochta orqali davlat Matbuot qo’mitasiga yubordim.
Ro’yxatdan o’tkazish cho’zilib ketdi. Shunda men yangi gazetaning tashkilotchisi sifatida davlat Matbuot qo’mitasining raisi (qo’mita vazirlik darajasida bo’lgani uchun qo’mita raisi vazir huquqiga ega edi va og’zaki so’zlashuvda uni vazir deb ham chaqirishardi) Ubaydulla Abdurazzoqov huzuriga bordim. U yaxshi kutib oldi, men unga muddat o’tib ketganini eslatdim. U masala faqat o’ziga bog’liq emasligiga ishora qildi. Xayrlashar ekanmiz, “Maslahatlashib, natijasini sizga aytaman” dedi.
“Natija” ertasigayoq suv yuziga chiqdi. Ertalab ishga kelsam, “osmon qulab tushgan”u qo’mitamiz raisi Erkin Vohidov tutib olgandilar.
-Nima qilib qo’ydingiz? -dedi u menga salom-alik o’rniga.
-Nima qilibman?
-Uka, kimdan-kimdan, Sizdan kutmagandim, vazirni ham urasizmi?
-Vazirni… qaysi vazirni uribman?-ajablandim men.
-Nima, bir nechtasini urganmidingiz-ki, qaysi birini deb so’raysiz?- kesatdi Erkin aka.
-Hazilni qo’ying, Erkin aka…,-dedim men.
-Hazili bormi, dunyo teskari bo’lib ketdi. Oqsoqol ot ustida, qamchini mahkam tutganlar. Soat 10.00da Rayosat majlisi bor,-Erkin aka jiddiy edi.
-Biror anglashilmovchilik bo’lganga o’xshaydi,- dedim men ham endi masalani jiddiy olib.
-Kecha rostdan ham “Matbuot qo’mitasi raisi bilan ko’rishaman” deb chiqib ketgandingiz. Shu bois men ham oqsoqolga hech narsa deya olmadim,- dedi Erkin aka.
- To’g'ri, ko’rishdim, lekin…
Xullas, suhbatga aniqlik “aralashmasdan” bizni Oliy Kengash raisi Mirzaolim Ibrohimov chaqirtirdi.
-Ha, bolam-a, hech tinch yurmading-da! – dedi u meni quchoqlab.
Hayron bo’ldim. Nimagadir u xursand edi. Nimaga? Bilolmadim.
-Men majlisdan oldin o’zimiz gaplashib olaylik, deb, sizlarni chaqirtirdim. Nima bo’lganda ham bu ukamizni qutqarib qolishimiz kerak. Yosh, jahli chiqishi mumkin. Qolaversa, o’zi yomon bola emas, – dedi rais Erkin Vohidovga qarab.
-To’g'ri, to’g'ri…,- deya Erkin Vohidov boshini chayqab qo’ydi.
-Lekin men hech narsani tushunmayapman,- dedim men masala jiddiyligidan andisha etib. Rais gapimni eshitmagandek gapira boshladi.
-Biz ham yosh bo’lganmiz. Bilasanmi, dunyo komsomol-yoshlari qo’mitasiga rais bo’lganimda sen tengi edim, -rais o’ziga xos engil kayfiyatda gapirishga ko’chdi.-Adashmasam, Olmoniyada edi. Polshadan kelgan yoshlar rahbari bilan qizishib qoldik. Shunday urib yuboribmanki, sho’rlik, o’lib qolay degandi. Birdan kimligim, qaerdaligim yodimga tushdi. Qo’rqib ketganimdan darrov uni quchoqlab oldim. Nima bo’lsa ham, evropalikda, uzrimni qabul qildi. Bizda uzrni qabul qilish biroz og’irroq. Shunday bo’lsa-da, vazirdan iltimos qilamiz, ukamizning uzrini qabul qilsin. Ammo masala jiddiy. Bunday hollarda ish tergovga ham ketishi mumkin. Ana unda hech narsa qilaolmaymiz. Erkin aka, oqsoqol bilan o’zingiz bir uchrashmasangiz bo’lmaydi. Yuraklari keng, balki kechirarlar.
-Hozir olov bo’lib turibdilar…- dedi Erkin aka.
-Bilasiz-ku, yonadilaru o’chadilar, endi masala ham jiddiy-da. Deputat vazirni ursa… To’g'ri, yosh, demokratiya deb saylab qo’ydik. Ba’zan mas’uliyat ham kishini yo’ldan chiqaradi. Tarbiyalashimiz kerak,- dedi rais.
So’ng rais Erkin Vohidovga latifa aytib berdi. Menga esa bir piyola choy uzatib, “Ma, ol, bizning qo’ldan choy ichish ham tabarruk, hali eslab yurasan” dedi.
Bu orada rais o’rinbosari Bugrov va qo’mita raislari kirib kela boshladilar.
-Qaror tayyormi?-deb so’radi rais o’rinbosaridan ruschalab.
-Tayyor! Faqat Jahongir Mamatov “tanishdim” deb imzo qo’yishi kerak! -Bu qarorga imzo shart emas. Mazmunini biz tanishtirdik hisob. Qolaversa, oqsoqol kutib o’tiribdilar. Qani boshlaylik bo’lmasa. Ha, vazir kelgan bo’lsa, chaqiring, kirsin! – dedi rais va o’rnidan turib, kostyumining tugmasini o’tkazib majlisni ochdi. Odatda prezidum majlislarini o’tirgan joyidan olib boradigan rais bu safar o’rnidan turgani ham qiziq edi. Lekin u bir muddatdan keyin yana qayta o’tirdi-da engil yo’talib olib, so’zida davom etdi.
-Kecha hayotimizdagi eng xunuk voqea yuz berdi. Millatvakili Jahongir Mamatov o’z mas’uliyati va vazifasini suiste’mol qilib, Matbuot vazirining xonasiga bostirib kirib, uni do’pposladi…
Men vazirga qaradim. U jilmayib o’tirardi. “Nima gap?” degandek menga savolomuz bosh qimirlatdi. Men “bilmasam” degandek, boshimni elkamning ichiga tortdim.
Rais uzoq gapirmadi. So’zni vazirga berdi.
-Men nima gapligini tushuna olmadim,-dedi vazir.
-Nega tushuna olmaysiz? Kecha Jahongir sizni urdimi?
-Yo’q! Kecha huzurimga keldi, gazeta haqida so’radi, shu…
-Unda oqsoqol qaerdan bildilar? Nima u kishi yolg’on gapiradilarmi? Yo’q. Ko’plab to’g'ri informatsiya oladigan joylari bor. Nega haqiqatni yashirasiz? Bilasizmi, shu holingizda oqsoqolni va bizni noqulay vaziyatga tushirmoqdasiz. Nima bo’ldi, o’zi? Qani bir boshdan gapiring.
-Nima bo’lganini aytdim, – dedi vazir.
-Oqsoqol “Jahongir vazirni uribdi” dedilar-ku!
Vazir birdan kulib yubordi:
-Men Oqsoqolga “Jahongir yoqamdan olayati, gazetani nima qilaylik?” degandim. Balki shundan….
-Yoqangizdan olibdi-ku, axir!
-Yo’g'-e, bu bir ibora, biz gazeta xususida javob berolmadik. Jahongir Mamatov ikki marta qo’ng’iroq qildilar, keyin o’zlari bordilar…
Mening kulgim qistadi. Hozir hamma kulib yuborsa kerak, deb o’yladim. Chunki Karimovning “hovliqmaligi” va o’zbek tilini yaxshi bilmasligi katta bir mamlakatning Oliy kengashi rahbarlarini masxaraomuz vaziyatga solib qo’ygandi.
-Shuni oqsoqolga aytish kerakmidi? – Iqtisod qo’mitasi raisi Abduvahob Yo’ldoshev kulish urniga jahl bilan so’ray boshladi. -Biz imzo chekkandik, nega bizni qora otli qilasiz? Yarim kechasi oqsoqol uyga qo’ng’iroq qilib, na otamiz, na onamiz qolmay haqoratladilar…
Barcha qo’mita raislari unga ajablanib qaradilar. Chunki ular ham “poy”larini olgan ekanlar. Ammo masalani bu qadar ochish shartmidi, deb Abduvahob akaga ajablanib qarayotgandilar. Zotan ko’p o’tmay rayosat Iqtisod qo’mitasi raisini boshqa ishga “kuzatib” qo’yish uchun yig’ildi. Hozir esa:
-Qayoqdan bilay? Gazetani oqsoqolning maslahatchisi Shoxobiddin Ziyomov to’xtatib turgandi.Men masalani unga aytdim. U oqsoqolga anglatibdi. Keyin o’zlari telefon qildilar.
-Yoqangdan oldimi?- deb so’radilar.
-Ha, yoqamdan oldi,- dedim. Bo’lgan gap shu! -dedi vazir.—
Rayosat raisi nima qilishini bilmay qoldi. Piyoladagi choyni ho’pladi-da, Bugrovga “Nima qilamiz?” deya bosh chayqadi. Mirzaolim aka Sovet kadri bo’lgani uchun o’rinbosaridan juda qo’rqar edi. Sovet davrida hamma joyda ikkinchi odam Moskvaning odami bo’lardi va butun masalani o’sha hal qilardi. Birinchilar esa qo’g'irchoq kabi rol o’ynab berardilar. Agar “ikkinchi” bilan oralaridan mushuk o’tsa, yoki biror harakatlari unga yoqmay qolsa, tamom hollariga maymun yig’lardi.
Bugrov o’zbek tilini tushunmas edi. U “Menga so’z berildi” deya o’rnidan turib, ruschalab gapira boshladi:
-Menga Mamatov… Oliy Kengashga kelgan kunlardanoq uning kimligi ayon edi. Biz uni kuzatdik, o’rgandik, tartibga chaqirdik. Lekin bo’lmadi, qolgan gap qarorda yozilgan. Ijozatingiz bilan o’qib beraman…
-To’xta-e, sen ham xol qo’yding! – deb yubordi Mirzaolim aka o’zbekchalab, keyin kulgisini tuta olmadi. Boshqalarning ham kulgisi qistab turgan ekan, unga qo’shilishdi. O’rinbosarning yuzi tundlashdi.
-Men ertalab qarorni o’rtoq Karimovga ko’rsatganman. U kishi tahrir qilib berganlar. Kuladigan joyi yo’q!-dedi u masxara bo’lgan odamning jahli chiqqani kabi holatda.
Mirzaolim akaning rangi oqarib ketdi. Ancha vaqt boshini egib qoldi. Vaziyatdan chiqish haqida o’ylayotgan edimi, yoki aslida o’zim xol qo’ydim, endi nima qilaman, degan xayolda edimi, xullas bilib bo’lmasdi. Boshqalar ham jim bo’lib qolishdi. Bugrov esa anqayib turardi.
Anchadan so’ng Mirzaolim aka masalani ruschalab o’rinbosariga tushuntirgan bo’ldi. U rangini o’zgartirmadi. Balki qulay fursat qo’ldan chiqib ketayotganidan afsuslandi. Bilganda-ku, vazir bilan “gaplashib” qo’yardi. Borib Karimovga tushuntirishdan vazir bilan kelishib, qarorni “yugurtirish” osonroq edi-da. Chunki Karimovga “bo’lmadi” deb aytish ishdan quvilish yoki kaltaklanish bilan barobar.. Shu bois Bugrov Mirzaolim akaga tomonga engashib
-Baribir qaror qilishimiz kerak,-dedi,- uning buzg’unchiligi hammaga ma’lum bo’lib qoldi. Hali boshimizga ko’p ish olib kelmasdan hozir imkoni borida qutilish kerak. Islom Abdug’anievichning fikrlari ham shunday dedi.
U bu gapini ko’pchilikka eshittirib aytdi. Men ham eshittim va gap so’rab qo’l ko’tardim.
-Xo’p,-dedi rais – aybdorni ham eshitib ko’raylik.
Men o’rnidan turdim:.
-Devonaxonada ham bunaqa hodisa yuz bermasa kerak! -dedim.-Buning ustiga Bugrov janoblari Sovet davri bitayotganini unutdilarmi? Meni prezidium emas, sessiya saylaganini ham u kishiga eslatib qo’ymoqchiman. Bu kishi ham borib Mamatov yoqamdan oldi desin, ana undan keyin balki masalani sessiyaga olib chiqishar.
-Bas, -dedi rais. -Shunaqa sovuq gaping boshingga etadi. Senga o’xshaganlar bilan devona bo’lish u yoqda tursin, jinni ham bo’ladi kishi.
“Yoppiray, devona bilan jinnining farqi nima ekan?”, – deb o’yladim men. Avzoyim buzilganini ko’rgan Mirzaolim aka Bugrovga, “Bu gap sessiyaga chiqsa sharmanda bo’lamiz” dedi va javobini kutmasdan menga:
-O’tir, bolam,,- deb “gup” etib so’ndi – Tilim bor, deb gapiraverma. Boya majlisdan oldin seni nega chaqirgandim. Bunday tushuntirib bermaysanmi, o’shanda. Ha, mayli. Biribir qaror qilishimiz kerak. Qaror bunday: Vaqtini topib, masalani oqsoqolga etkazib qo’yish menga topshirilsin. Bu xususda Erkin Vohidov menga yordamchi bo’lsin. Tamom.
U kaftini-kaftiga ishqab, “qars” etib qo’llarini bir-biriga urdi-da “Kelganlaringiz uchun rahmat” ishorasini qildi.
Ha, bu teleminiatyuralar teatri emas, butun boshli bir mamlakatning Oliy kengashidagi ahvol edi. Million-million odamlarning, xalqning taqdiri ana shularning qo’lida edi. Shuncha voqeadan keyin ham ular korridorga chiqib xaxolab kulishmoqda.
Menning tirsagimdan kimdir ushladi. Qarasam vazir:
-DDDo’stim, hayotingizni saqlab qoldim. Mendan qarzdorsiz. Hozir, yolg’ondan bo’lsa-da bir tarsaki tortib yuborgandi, desam, ketdingiz edi…
-Rahmat, taqsir, -dedi men. – Bu er devonaxona-ku?! Ba’zan devonaxonaga soppa-sog’lar ham tushadi.
-Faqat men emas, siz ham sog’siz…,-dedi u kulib.
-Ikki kishi bir-biriga qarab “sog’siz” deya xulosalashi ham devonaxonadagina yuz beradi,- deya men ham hazillashdim.
-Sekin, sekin, uka, hozir qaytadan chaqirib qolishlari mumkin…,-dedi rais jiddiy ohangda.
Ertasiga ertalab kelsam, “Mirzaolim aka kasal bo’lib qolibdi” deyishdi. O’shanda e’tibor qilmagandim. Keyinchalik eshitdimki, Karimovning kaltagi uning boshida sinibdi. “Imkoniyatni qo’ldan boy berding”, deb uni qattiq haqorat qilibdi.
Ish shu bilan bitmadi. Karimovning o’zi pul berish uchun bayonnoma yozganlarning har birini chaqirib gaplashdi. Qo’mita raislari esa imzo chekkanlari uchun siquvga olindilar. Oxirida Karimov meni ham chaqirdi:
-Bilasizmi, yangi qonun bo’yicha erkin ish qilganlarga faqat foydaning besh foyizi qoladigan bo’ladi. Butun pullaringiz davlatga o’tib ketadi. Topgan-tutganlaringizdan ayrilib qolasizlar.
-Qaysi qonun?-deb so’radim men.
-Bolalar tayyorlayapti. Yaqinda sessiyaga olib chiqamiz, dedi u sovuqqonlik bilan.
-Balki o’tmay qolar…
-U yog’idan tashvish chekmang… Sizga gazeta kerak bo’lsa, mana menga ayting, men hukumatning hisobidan ochib beraman.
-Oliy Kengashning o’z gazetasi bo’lishi kerak, -dedim ⪄en.
-Ha, mana bunga qarshi emasman, Oliy Kengashniki bo’lsin, lekin shaxsiy pulga chiqadigan gazeta emas. Oldin Matbuot haqidagi qonunni chiqarib oling, keyin ijrosini ko’ramiz. Buning ustiga Oliy Kengash ijro bilan emas, balki qonunchilk bilan shug’ullanishi kerak.
Keyin po’pisa qila boshladi Karimov:
-Siz odamlardan ehtiyot bo’ling. Sizlarga pul beramiz deganlarni ham bilib oldik. Ular dorning tagidan qochgan o’g'ri, muttahamlar. Hali ularning hammasini dorning tagiga qaytaraman. Siz to’g'ri yigitsiz. Ulardan uzoq turing. Bo’lmasa soyasi sizga ham tegadi. Saylovchilaringiz Mamatov etti ming so’mni qaerdan topdi, deb so’rab qolishlari yoki vazir meni urdi deb aytishi ham mumkin. Saylovchilar so’rasalar ham to’g'ri qiladilar. Bechora xalq bir so’mga zor bo’lib turganda, sizlarning har biringiz gazeta uchun deya o’rtaga etti ming so’mdan tashlasalaringiz, tabiiyki savol tug’iladi. Yaxshisi Oliy Kengashning gazetasi haqida hujjat tayyorlang, sessiyaga o’zim olib chiqib, tasdiqlatib beraman …
Xullas, “Yuzma-Yuz” o’quvchi bilan yuzma-yuz bo’lmasdan Karimovning zug’umiga yuzma-yuz keldi. Bu haqda Oliy Kengashda so’z ocholmaydigan bo’lib qoldim. “Qo’ying shu gapni” deydigan bo’lishdi. Chunki biz erkin matbuot qanchalik kerakligiga ishonsak, Karimov o’z o’rnini mustahkamlash uchun erkin matbuotga yo’l bermaslikka shu qadar tirishardi va bu voqeaning orqasidan ko’p odamni sarson-sargardon qildi. Shu bois umidni Oliy Kengashning gazetasiga bog’ladim. Balki bu gazetani mustaqil minbarga aylantirishimiz mumkin, deb ana shu mumkinlikning yo’llarini qidira boshladik.
Aslida Karimov bizni qadamba-qadam sindirayotgan edi.U davlat ishlari bilan emas, ko’proq ana shunday ishlar bilan bevosita o’zi band bo’lardi. Bu esa ko’pchilkni cho’chitib qo’ymoqda edi. Bizni qo’llaganlarning aksariyati u holda ham, bu holda ham qarshimizdagi yuhoning domiga tushib ketilajagini anglamas edilar. Balki anglasalarda tashvishga qo’shilib nima qildim, endi uzoq turganim yaxshi degandek, o’zlarini chetga torta boshladilar. Yana bir tashvish bilan yuzma-yuz kelib qolishdan cho’chishardi. Ularni ham tushunish mumkin edi. Lekin demokrat deputatlar ozchilik bo’lsakda, hali chekinishni xayolga ham keltirmasdik. Bir eshik yopilsa, ikkinchisini ochishga urinardik.
Toyiba To’laganova:
-Gazeta chiqarishning imkonini topaolmasak, varaqa chiqaramiz, fikrlarimizni oddiy qog’ozga yozib tarqatamiz- derdi.
10. “XALQ SO’ZI”
Islom Karimov Xorazmga borganda shoir va ayni paytda viloyat partiya qo’mitasining ideologiya masalalari bo’yicha kotibi bo’lgan Erkin Samandarov katta yig’ilishda uning sharafiga sh’er o’qidi. Oz qolsin Karimovni payg’ambar darajasiga ko’taradigan she’r edi. Televizorda Karimovning mamnun qiyofasini ko’rar ekanman, Erkin Samandarov “qushni urgani”niga shubha qilmadim. Zotan oradan ko’p o’tmay Karimov uni Bosh vazirning madaniyat masalasi bo’yicha o’rinbosari etib tayinladi.Avvaliga ko’pchilik xursand bo’ldi. Nima bo’lganda ham shoir. Adiblarni quvontiradigan gap. Nima bo’lganda ham qo’shiqnavis. San’atkorlarni mamnun etadigan hol. Nima bo’lganda ham jurnalist. Ilgari “Xorazm Haqiqati” gazetasida ishlab etishgan. Demak jurnasitlar uchun ham umid paydo bo’lgandi.Ammo Karimov usta ekan, so’yadigan ho’kizini sohibiga so’ydirar ekan. Fe’l-xo’yini biladi-da. Aks taqdirda shoxlab yoki tepib yuborsa o’ziga kelolmay qolishi mumkin. (Ziyolilar bizni ho’kizga o’xshatibdi deb xafa bo’lib yurishmasin, ho’kiz qo’y, cho’chqa, it va eshakdan ancha yaxshiroq obraz-JM)Erkin Samandarov tez orada san’atkorlarning kushandasiga aylandi. Teatrlar, kontsertlar Karimovni ulug’laydigan sahnaga aylana boshladi, ozgina mustaqil fikr aytishni istagan odam chetlashtirildi.Men Erkin Samandarovning kimligini “Xalq so’zi ” gazetasiga qarshi qilgan hunarlaridan yaxshi bilaman. Ammo Karimov uning qo’lini qonga botirib, keyin haydab yubordi. Kimning qoniga deysimiz? Demak bir boshdan.Karimov Oliy Majlisning o’z gazetasi bo’lishiga rozilik bergandan keyin shu borada bosh qotira boshladik. Hali tug’ilmagan bolaning otasi bo’lishni istaganlar ko’payib ketdi. Erkin Vohidov yozuvchi va jurnalist Nurali Qobulga va’da berib qo’yibdilar. Yo’lini topib buni Islom Karimovga ham aytibdilar.Bir kuni Karimov menga:-Jahongir, mana buni qarang, Erkin akangiz bilan Nurali bir…(so’kish kalimasini ishlatdi) ekan,-dedi.Karimovning qo’lida Ismat Xushev redaktorlik qilayotgan “Iqtisod va Hayot” jurnali bor edi. Uni menga uzatdi. Olib qarasam, Nurali Qobulning hayot qiyinchiliklari haqida mulohazalari yozilgan maqolasi, undagi iqtisodiy kamchiliklar haqidagi joylarining osti qizil qalam bilan chizilgan.-Bu qachondan iqtisodni tushunadigan bo’ldi? U hali menga aql o’rgatadigan bo’ldimi? Uning burnini toshga ishqalab qo’yaman, hali. Ana u latta akangiz esa menga uni (“Xalq so’zi”, hali bu payt gazetaning nomi tayin emas edi-JM) redaktorlikka tavsiya qilib yuribdi. Men sizning iltimosingiz bilan bu gazetaga rozi bo’lganman va bu ishni sizga topshirganman, boshqalarning qo’liga berib qo’ymang. O’zingiz bosh muharrir bo’ling yoki biror kishini toping,- dedi keskin ohangda Karimov.Aslida men undan bunday gazeta haqida iltimos qilgan emas edim, biz chiqarmoqchi bo’lgan gazetani to’xtatish uchun uning o’zi o’ylab topgan va gazetani bir idoraga bog’lab, nazoratini ushlab turmoqchi edi. Mening bosh muharrir bo’lishimga ham rozi emas edi. Chunki yo o’zingiz bo’ling, yoki birovni toping, deyishi bejiz emas.Jurnalistlar uyushmasi raisligiga saylanishimga tish tirnog’i bilan qarshilik qilgan, mustaqil gazea chiqarmoqchi bo’lganimiz uchun meni jazolashga buyurgan, hali yaqinda meni “Turkiston”(“Yosh leninchi”) gazetasiga bosh muharirlikka ko’rsatishganda ham oyoq tirab olgan Karimovning endi rozi bo’lishiga aslo ishonmas edim. O’zbekiston komsomol qo’mitasining raisi Aziz Nosirov mening nomzodimga qarshilik qilgan ekan. “Yosh leninchi” rasmiyatan unga qarar edi. U bizning oshkoralik qo’mitasining a’zosi bo’lgani uchun, meni chetga chaqirib, “Islom aka bilan munosabatingizni yaxshilab oling, sizga qarshilar” degan edi. O’shanda meni bosh muharrirlikka ko’rsatish taklifi kimdan chiqqan va nega men xabarsiz bo’lganimni keyin tushindim.Oliy Kengashdan uzoqlashtirish uchun Raisning tavsiyasi bilan Erkin Vohidov ko’rsatgan ekan. Balki “Xalq so’zi”ga nomzodlar sonini qisqartirish ham nazarda tutilgan bo’lsa ajab emas. Lekin bu yog’i menga qorong’u.Xullas, agar mening nomzodimga rozi bo’lganda Karimov meni shu ishga “surgun” qilardi.Bir kuni “Xalq so’zi”ga O’zbekiston kommunistik partiyasining Markaziy komiteti Nomoz Sa’dullaevning nomzodini ko’rsatmoqchi ekanligini eshitib qoldim. U Oliy Kengashning Xalqaro masalalar qo’mitasida ishlardi. Uni yaxshi tanir edim. “Sovet O’zbekistoni” gezetasida birga ishlaganmiz. Qo’rqoqligi va xasdan ham hurkishi bilan redaktor o’rinbosari bo’lgan kezda biz jurnalistlarning qonimizni “ichgan”. Uni “edaktor o’yinbosari” deb orqavarotdan masxara qilishardi. Avval bo’lim mudiri edi. Qup-quruq, o’n sahifalik yozuvidan bir gap ham esingizda qolmaydigan texnokrat jurnalist edi. Buning ustiga partiya idorasining ishonilgan askari ekan, ozgina demokratiya boshlangach o’zi tug’ilib o’sgan Qo’shrabot tumanidan deputatlikka saylanib oldi. O’sha kezda jurnalistlarning orasida o’z qishlog’iga borib deputat bo’lib qaytish modaga aylangan edi. Shu bois meni ham bugunga qadar jomboylik deb o’ylashadi. Lekin men Jomboydan emas, balki Samarqand tumanidan edim. Jomboy tumanida ilgari bir yil ishlaganman va tuman gazetasida yil davomida madaniyat muammolari borasida shov-shuvlarga bois bo’lgan turkum maqolalarim chiqqan. Shundan tumanda tanilgan edim.Oliy kengashda nima gap bo’lsa Nomoz Sa’dullaev borib partiya idorasiga aytadi, deb undan sir saqlashga urinilar edi. Shu bois Karimov shunday nomzodni qo’llashi turgan gap edi. Ba’zi mish-mishlarga qaraganda u o’zini Karimovga qarindosh, deb ham aytib yurar ekan. Bu qanchalik haqiqatga to’g'riligini esa bilmayman.Shu bois men Karimovning o’zi ham qarshilik qila olmaydigan yoki u ko’rsatgan nomzodning oldida ikki kalla baland bo’lgan odam topish haqida o’ylay boshladim. Uzoq o’ylab ham o’tirganim yo’q. Bu odam Ahmadjon Muxtorov edi. Birinchidan, SSSR Xalq deputati edi, ikkinchidan juda kuchli jurnalist, bir o’zi bir gazetani chiqara olish qobiliyatiga ega, uchinchidan uni demokratiya tomon yo’naltirish oson edi, chunki shunga ochiq odam va nihoyat Karimov ham unga ishonardi. Chunki Karimovning gapi bilan mening Jurnalistlar uyushmasi raisligiga saylanishimga mone bo’lgandi.Men bu nomzod haqida dastlab Toyiba To’laganovaga aytdim.-Sizdan shu gap chiqqaniga hayronman,- deya qarshi bo’ldi u.-Bir marta xiyonat qilgan odam, yana xiyonat qilaveradi.-U kishi keyin qilgan ishini tushundi, menga ustozlik qilgan bo’lsa ham kechirim so’radi. Moskvada sessiyalardagi chiqishlarini ko’rayapsizmi? U bugunning ruhi bilan yashamoqda. Agar biz uning qavatida tursak, kuchli gazeta tashkil qila olamiz,- dedim va uzoq tortishuvlardan keyin uni ko’ndirdim.Qo’mitamizning qolgan a’zolari ham rozi bo’ldilar, chunki Ahmadjon Muxtorov Moskvada SSSR Oliy Kengashida Gdlyan guruhiga qarshi chiqishlari va “Qishloq Haqiqati” gazetasini hech kim o’qimaydigan ro’znomadan qidirib o’qiladigan nashrga aylantirganini yaxshi bilishardi. Lekin uning nomzodini biz ko’rsatsak, Karimovning o’tkazmasligi ham aniq edi. Shu bois men Ahmadjon akaning o’zi bilan gaplashdim.-Men o’zim ham gazeta ishidan yiroqlashib juda zerikdim,-dedi u kishi.Men uning rozi ekanligini his qilib:-Shu ishni boshlab bersangiz mustaqil O’zbekiston parlamentining birinchi gazetasiga birinchi muharrir bo’lib tarixga kirasiz,-dedim,- ikkinchidan, boshlanishi qanday bo’lsa keyin uni sindirish qiyin bo’ladi va faqat siz bu gazetani xalq ro’znomasiga aylantira olasiz, uchinchidan Oliy Majlis, xususan bizning qo’mita sizning orqangizda turadi va O’zbekistonning erkin matbuotiga yo’l ochiladi. Endi bu masalani o’zingiz bir Mirzaolim Ibrohimov bilan gaplashasiz. U tavsiya qilsa, Karimov ham yo’q demaydi.-Men o’zimni-o’zim tavsiya qila olmayman,- dedi Ahmadjon aka,- buning ustiga Islom aka menga Moskvadagi deputatlarga raislik qilishni topshirmoqchi.-Bu yaxshi imkoniyat,- dedim men,- Karimovga sizdan uzoqda emas, siz bilan yonma-yon ishlayman, deysiz.Ertasiga u kishi Moskvaga ketdi. Oradan ikki kun o’tib telefon qildilar va:-Mirzaolim aka shu erda, og’iz ochgandim, zo’r ish bo’ladi,-dedilar.-Islom akaga ham o’zim aytaman, dedilar.Shu kunlari Karimov bir yig’ilishda ismini aytmasdan Nurali Qobulni qattiq tanqid qildi. Gap uning jurnalda yozgani haqida borayotganini hamma tushundi. Chunki u qo’lida jurnalni tutgancha gapirgan edi. Aslida maqola juda yaxshi va odamlarning yuragidagi gaplar yozilgan edi.Nurali Qobul xotini bilan ayrilgani uchun ham Karimov uni yoqtirmaydi, degan gaplar bor edi.Ma’lumki, Jizzax gazetasida ishlab yurgan yosh, talantli jurnalist Nurali Qobul Sharof Rashidovning jiyaniga uylangach, “O’zbekiston san’ati” jurnaliga bosh muharrir bo’lib keldi. Hamma uning kuyov bo’lgani bois rahbarlikka keldi, desa-da, lekin jurnal uning kelishi bilan tubdan o’zgarib, odamlar qidirib o’qiydigan bo’lib qoldi.U talantli edi. Men ham uning gazetamizga bosh muharrir bo’lishiga qarshi emas edim. Iste’dodi bilan birga tashkilotchiligi ham bor edi. Jurnalda ishlab o’zini ko’rsata olgan, har turli shubhalarni engib chiqqan edi. Keyinchalik u Rashidovning jiyanini qo’yib yubordi. Uning “Muhabbat” deb nomlagan she’ri Sherali Jo’raev ijrosida mashhur bo’lib ketdi. Karimovga “Nurali Qobul Rashidovdan foydalanib, keyin jiyanini qo’yib yubordi va Rashidov o’lgach uni yomonlab roman yozdi” deb ham aytishgan ekan.Xullas, Karimov unga nisbatan to’nini teskari kiyib olgandi. Ammo Nurali Qobul bunday bulutlarni bir zumda tarqatib yuboradigan iste’dodga ega edi. Masalan, mufti Muhammad Sodiq Muhammd Yusufni televideniega olib chiqib, Karimovni Allohning erdagi soyasi dedirib, saylov oldidan duo qildirib yubortirganda ko’pchilk hayratlanib qolgan. Chunki o’z qarashiga ega, deb bilingan mufti o’shanda Nurali Qobulning “quli” bo’lib ko’ringan edi. Nurali Qobulni Karimovning maslahatchisi Mavlon Umurzoqov ham qo’llab quvvatlar edi. Lekin Karimov hammadan ham usta “o’yinchi” ekanligini o’sha kezda ko’pchilk bilmas edi.Bir kuni Oliy majlis tanaffusida men Karimovga:-Islom aka, gazeta haqida va’da bergan edingiz, shuni tasdiqlatib bering endi,- dedim.Shu payt Nurali Qobul kelib qoldi. Karimov “Bo’pti qaror loyihasini yozing” dedi menga. Men hali qog’oz qidirgunimcha, Nurali Qobul qaror loyihasini yoza boshladi ham. Birgalashib gazetaga “Xalq so’zi” degan nom qo’ydik va sessiyada darhol bu haqda qaror qabul qilindi. Karimov Nurali Qobulga xayrixohdek edi, ammo sessiyadan chiqib vodiyga ketar ekana menga:-U redaktor bo’lishi kerak emas, kerak bo’lsa o’zingiz oling bu ishni,- dedi.Demak u Nurali Qobulga kulib qarab turgan bilan ichida boshqa narsa o’ylayotgan ekan.-Bilasizmi,- dedi xuddi xayolimdan o’tganini uqib olgandek,- Xristos, bilmayman, uni sizlar nima deysizlar, uruslar Xristoz deydi, dushmaningga ham kulib qara, degan.Iso alayhisalom aslida “dushmaningni ham duo qil” degan bo’lsada Karimov ruslarning ichida tarqalgan gapni aytayotgan edi. Hatto shu lahzada Nurali Qobulning emas, mening bosh muharrir bo’lishimga ham rozi edi. Buning sababini esa keyin bildim. Karimovga Nurali Qobulni Mirsaidovning odami, deb aytishgan ekan.Karimov kommunistik ta’limotni juda yaxshi o’qigan edi. Bir marta menga Leninning “Partiya adabiyoti va partiya tashkiloti” degan maqolasini eslatganida, inqilob uchun eng avvalo gazeta kerak, degan gapni takrorlaganida bunga amin bo’lgan edim. Aslida bu gapni Lenin aytgan bilan boshqalar ham shu fikrda bo’lganlar, chunki xalqni bir yo’lga boshlash uchun minbar kerak ekan. Eng yaxshi minbar esa gazeta, biz ham xalqni demokratiyaga etaklash uchun gazetadan foydalanishni maqsad qilgan edik.Ammo Karimov ham bo’sh kelmasdi. U juda mohir va talantli edi. Ana shu mohirlik va talant faqat yomon tomonga yo’nalgandi. U maqsadga to’g'ri yo’l bilan ham borish mumkinligiga ishonmaydigan shaxs edi.Ayni paytda hammani ahmoq deb, faqat o’zini aqlli hisoblar va shuning uchun ham hamma bilan o’yin o’ynardi. Uning o’yin o’ynaganini ko’plar bilib turishsada, mansabining hurmati bois uning musiqasida yo’rg’alar edilar.Bizda umumiy kayfiyat shunday edi. Oliy majlis yoki prezident devonining mashinasida ishga kelsangiz, militsioner qo’lini peshansiga olib borib, “chest” berardi. Ammo piyoda o’tib ketsangiz hatto qayrilib ham qaramasdi. Uning sajdagohi temir mashina edi. Kimlargadir mansab ana shunday. Bu zehniyat butun qonimizga singib ketgan. Mansabdagi odamning orqasidan yugurish va u ishdan ketgach undan yuz burish xalqimizni ma’naviy halokatga itqitgan illatlardan biridir. Ko’pchilik xalq nazdidan tushmaslik uchun mansabdan ayrilmaslikka harakat qiladi va har qanday o’yinga moslanadi. Buni tabiiyki Karimov ham yaxshi bilar edi.Bizda har holda azaldan saroy nayranglari, saroy o’yinlari odat bo’lib qolgan. Bu erdagilar guruhlarga bo’linib shohning fel-atvoridan foydalanib, o’z ishlarini bitirar ekanlar. Masalan, Karimovga ertalab biri kirib falonchi yomon odam, siz haqingizda bo’lmag’ur gaplarni aytib yuribdi desa, Karimov bunga ishonmaydi. Ammo kelishgan guruh odamlari bu gapni Karimovga yigirma tomondan etkazishadi va kimningdir xonumoni barbod bo’lib ketadi. Boshqa guruhlar ham ayni hunarni qo’llashardi va o’rtada doimiy, ko’rinmas jang boradi.Bir kuni Nurali Qobul menga:-Uyda Ishtixondan kelgan yaxshi qovun bor, borib emaymizimi?-dedi.Uning ikkinchi umr yo’ldoshi asli ishtixonlik bo’lgan shoira edi. Ular Markazkomning uyida yashar edilar, ishxonaga yaqin joyda. Bordik. Qovun haqiqatdan ham asaldek ekan. Lekin Nurali Qobul menga:-Do’stim, saroy o’yinlarini bilmaysiz, bu erda bir qancha guruhlar bor, ular ham Karimovga xizmat qiladilar, ham o’zlariga,-dedi.- Biz ham o’z guruhimizga ega bo’lishimiz kerak. Ammo boshqalardan farqimiz shu bo’ladiki, biz xalqqa xizmat qilamiz, Karimovni ham shunga bo’ysundiramiz.Men rozi bo’lishimni, lekin Karimov bizni qo’llanishi mumkinligini aytdim. U ro’yxat tuzdi va demokrat deputatlarni ham kiritib Mavlon Umurzoqov bilan gaplashaman, deb ishga kirishib ketdi.Aslida bu fikr Nurali Qobulda ilgaridan mavjud edi. Oldinroq ham Boymirza Hayitni vatanga taklif qilish haqida yozilgan xatga 41 deputat qo’l qo’yganda u “Shunday narsalar odamlarni saralab qo’yadi, Oliy Majlisda bir musht bo’lib ish qiladigan 41 erkak bor ekan, qolganlar tovuqday gap, qo’rqoqlar” degandi.Xullas, Karimovning Nurali Qobulga qarshiligi, men haqimda ham fikri keyin yana o’zgarib qolishi va Nomoz Sa’dullaev kabi bittasini o’tkazib yuborishini bilganim uchun Mirzaolim akaning yoniga borib:-Islom aka menga yangi bo’ladigan gazetaning bosh muharirligini o’zingiz oling, dedilar. Ammo men yoshman. Sizdan iltimos, o’zingiz shu joyga biror nomzod ko’rsating,- dedim hech narsani bilmaganday.-Ahmadjon akanga nima deysan?-dedi u.-Qarshi emasman,-dedim.-O’zing uni ko’ndiribsanku,- deya muhim sirni ochgandek miyig’ida kuldi Mirzaolim aka. Shunda Ahmadjon akaning soddadilligi yodimga tushdi va unga telefon qilib Karimovga ham shunday deb qo’ymasligini tayinladim.Rayosat majlisida nomzodlar masalasi ko’rilar ekan, Erkin aka Nurali Qobulni aytdi. Kimdir mening nomimni aytgandi. Men rad ettim va Mirzaolim aka:-Ahmadjon Muxtorovga nima deysizlar?- degandi hamma qo’llab quvvatladi. Demak Karimov ham rozi bo’libdi, deb o’yladim men. Chunki Karimovdan izn olmasdan Mirzaolim aka bunday “mardlik” qila olmas edi.Ahmadjon aka bosh muharrir etib tayinlandi va kadrlarni ishga olishdan tortib, gazetada qanday mavzular ko’tarilishiga qadar Oshkoralik qo’mitasi a’zolarining takliflarini to’la inobatga olib ishlay boshladi. Gazetaning birinchi soni chiqishi katta voqeaga aylandi. Tez orada hamma “Xalq so’zi”ni o’qiydigan bo’ldi va ro’znoma chindan ham xalqning so’zi aytiladigan minbarga aylangandi.Ammo gazetaga qattiq bosim boshlandi. Birinchi sonlarida Toshkentdagi markaziy univermag yonida turnaqator navbat kutgan odamlar va orqadan navbatsiz narsa olib chiqib ketayotganlar haqida rasmli material chiqqani bois Karimov telefon qilib, Ahmadjon akani qattiq koyib beribdi. Ammo biz unga bo’sh kelmasligini aytib, qo’llab turdik.
Bir kuni Ahmadjon aka ko’nglini ochib qoldi:-Bu Erkin Samandarov degan odam nega ishimizga aralashadi? Gazetaning bevosita rahbari bo’lgan Oshkoralik qo’mitasi aralashmaydiyu hukumatning vakili nega xo’jayinlik qiladi? Axir u bosh vazirning madaniyat masalasi bo’yicha o’rinbosari bo’lsa? Bizning gazetamiz Oliy Majlisniki? U har kun telefon qilib esnamni qotirmoqda.Men Erkin Vohidovga aytsam, “Oqsoqolning gapi bilan aralashayotgandir, o’zicha bunday qilmaydi” dedi.O’zim Erkin Samandarov bilan uchrashib gap nimadaligini so’radim.-Islom akam, bu odamni yo’qotib, o’rniga Abdusaid Ko’chimovni qo’yishimiz kerak, deyaptilar,- dedi u.-Bo’pti, men Islom aka bilan gaplashaman,-dedim unga.-Menga u kishi emas, u kishining nomidan boshqa odam aytdi,- deb qoldi u men chiqib ketar ekanman.Ammo shu kuni Karimovning o’zi menga telefon qildi:-Siz nima uchun Bosh vazir o’rinbosarining xonasiga bostirib kirib, unga do’q qilasiz? Qachon men sizga Ko’chimov haqida gapirgan edim. Kim o’zi u Ko’chimov deganingiz? Ana u urgutlik bola emasmi?- deb qoldi.Erkin Samandarovning suv kelmasdan ariqning oldini bog’laganiga “qoyil” qoldim. Uning har turli o’yinlarga usta ekanligini ko’p eshitgandim, lekin bunchalikka borishini taxmin qilmagandim. Bildimki, Ko’chimov haqidagi gap ham uning kallasidan chiqqan ekan. Men o’sha payt Ko’chimov haqida yaxshi gap aytsam, u ham bizniing “odam”ga aylanardi. Yomon gap aytsam, Karimovning odami bo’lardi.Karimovning ajib odati bor edi. Bir kuni Oliy Majlisning qabulxonasida janjal bo’layotganining ustidan chiqib qoldim. Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasida ishlaydigan podpolkovnik Urayimjon Abdug’aniev “To’maris” xotin-qizlar tashkiloti a’zolarini haqorat qilayotgan ekan. Men kelganda u ulardan birining ko’kragidan ushlab olgandi. Aytishib qoldik. Unga o’zining ham onasi borligini eslatdim. Yaqiniga borsam, undan araq hidi anqimoqda.-Vazifa vaqtida ham ichib olganingizdan keyin onalar ham ko’zingizga dushman bo’lib ko’rinadilar,- dedim unga.-Siz ichib olgansiz,-dedi u menga,- bular sizlarni haqorat qilishga kelishgan, siz bo’lsangiz taraflarini olayasiz?-Ichib olganimda balki siz bilan adi-badi aytib o’tirmagan bo’lardim, bular xalq vakillari bilan uchrashuvga kelganlar va biz ularni eshitishimiz kerak.-Bizga ularni emchagidan tortib chiqarib tashlash buyurilgan,- dedi u o’zligini yo’qotib.Men juda ham xafa bo’ldim. Oliy Majlis kotibiyati raisi Omon Olimjonovni chaqirtirib ayollarni qabul qildim. Lekin Urayimjon Abdug’anievning harakatidan o’zimga kela olmadim.Ertasiga majlisda so’zga chiqqanimda bu voqeani misol keltirib, bizga ishonib murojaat qilganlarga munosabat haqida gapirdim.Karimov “Mast bo’lganimizda hamma narsa qo’shsha ko’rinadi” deya kesatdi. Keyin bilsam, o’sha zahoti Karimovga “Jahongir mast edi va ishimizga xalaqit berdi” deb aytishgan ekan. Qizig’i shunda ediki, Karimovga xuddi mana shunaqa gaplar yoqardi. U bunday gaplarga ishonardi va har qancha o’zingizni oqlayman, deb urinishingiz behuda edi. Birovni yomon ko’rsa, u odam haqida faqat yomon gap eshitishni istardi. Yaxshi gap aytgan odamning xonumoni kuyib ketardi. Buni bilganlar Karimovning bu fe’lidan ustalik bilan foydalanishardi. Buning ustiga Karimovning birinchi xulosadan voz kechmasligini ham o’rganib olishgandi.Mening Urayimjon haqidagi gapni bir joyda aytishimni bilib u kim orqalidir buni Karimovga etkazgan va meni mast holda ishimizga aralashdi, degani ham unga moydek yoqqandi va mana endi uni o’zimga qarshi qo’llandi. O’shanda Karimov Urayimjonni jazolash o’rniga uni prezident devoniga ishga olgandi. Ana shuni bilganim uchun ham ba’zan ba’zi odamlar haqida gap ochilsa, indamay qo’ya qolardim. Shu bois Abdusaid Ko’chimov haqida ham indamadim.Abdusaid Ko’chimovni “Lenun uchquni” gazetasida ishlaganidan bilaman. Uni “Mashhur shoirning qiziga uylanib, muharrir bo’lib oldi” deb yurishar edi. Bolalar shoiri edi. Bir kuni Samarqandga ketayoganimni aytsam, men bilan birga ketishni istadi va mashinada birga ketdik. Samarqandga etib borgach, men uyda qoldim va akam uni Urgutga tashlab qaytdi.-Bu bola uzoqqa ketadi,-dedi akam,-lekin undan ehtiyot bo’l. U do’stini ham o’ldirib, norvon qilib o’tadiganlardan, bir ikki savol berib bilib oldim.Men e’tibor qilmadim. Keyinchalik prezident devonida ishlaganimda demokrat deputatlar bilan Karimovning oyda bir yuzma-yuz uchrashuvini tashkil qilar ekanman, bir kuni majlis tugagach, deputatlar Karimovga yana savol bera boshladilar. Abdusaid Ko’chimov ham bir narsa degan edi, Karimov uni qattiq so’kib yubordi. U boshini egib inday turaverdi. Shundan bildimki, u Karimovga kerak kadrlardan ekan.Haqiqatdan ham shunday bo’ldi. Bir muddat Erkin Samandarovga bo’lim mudiri, keyin davlat teleradio kompaniyasida radio bo’yicha o’rinbosar bo’ldi va raislikka tayinlandi. Bu joyda uzoq ishlash qiyin. Ammo Abdusaid uzoq ishladi. U Karimovning oyog’ini bosmaslik uchun har qanday ishga tayyorligini shu yillarda namoyish etdi. Xalqimizni siyosiy jihatdan manqurt bir vaziyatga solish uchun u tinmay kurashdi va qisman shuni ta’minladi ham. Xullas, gap u haqda emas edi. Gap Samandarovning makr-hiylasi haqida edi.U Ahmadjon akani ishdan ketkazish uchun chin dildan kurashga kirishib ketgan edi. Bir kuni Karimovga bag’ishlangan dostonini chop etish uchun beribdi. Ahmadjon aka -”Sharq yulduzi” jurnaliga bop ekan,-deb qaytib beribdi.
Lekin Samandarov to’rtliklardan iborat madhiyanoma-dostonini Karimovga ko’rsatib, “Muxtorov maddohlikni yig’ishtiring, deb otib yubordi” deb aytibdi. Karimov bu gapni MXXning raisiga aytgan ekan. U qo’shnimiz edi. Bir kuni ishga ketayotsam:-Ahmadjon akaga ayting, hali ham kech emas, Samandarovning dostonini chop etsinlar, shu bilan ish bitishi mumkin,-dedi.-Bir tiyinga qimmat doston-ku,- desam:-Lekin Ahmadjon akaga qimmatga tushadiganga o’xshayapti,- dedi.Shu kunlarda “Panorama” kinoteatrida O’zbekiston musulmonlar jamoasining saylov majlisi bo’ldi. Shu kuni “Xalq so’zi” gazetasida yozuvchi O’ktam Hakimalining “Olloh” degan maqolasi chiqqan edi. Unda Musulmonlar idorasi Saudiya Arabistonidan hadyaga kelgan 1 millionta Qur’on kitobini odamlarga sovg’a qilmasdan sotgani va pulini o’zlashtirgani qistirib o’tilgandi.Musulmon delegatlarga “Bu gazeta bandani Xudo deb e’lon qildi” deb tushuntirishibdi. Maqola bosilganda O’ktam Hakimalining ismi yuqorida va sarlavha pastroqda bo’lgani bois bir qarashda O’ktam Hakimali Xudo degan gap chiqardi. Aslida esa “Xalq so’zi” hamma chet mualliflarning nomini yuqoridan berar edi. Qolaversa Xudo kalimasi katta harfalarda bo’lib, so’zlar bir biridan uzoqda va ajratilgan holda edi.Xullas, shu kuni Ahmadjon akadan uzr so’rashni talab qilishdi. Erkin Samandarov gazeta tahririyatiga kelib, Ahmadjon akaga “Yuring musulmonlar talab qilishmoqda, o’sha erda uzr so’raysiz, oqsoqol shunday dedilar”, deb olib boribdi. U erda musulmonlarni Ahmadjon akaga qayrab gapni oz qolsin “U o’lganda janozasiz ko’milsin” degan fatvoga chiqarishga qadar olib borishgan. Keyin Erkin Samandarov videotasmani tahrirdan o’tkazib, olib borib, Karimovga qo’yib bergan va “Ahmadjon Muxtorovning diniy jamoa bilan aloqasi bor, mana ularning yig’ilishlarida ham so’zga chiqib yuribdi” degan. Uning uzr so’ragan joylari kesilib, boshqa gaplari qoldirilgan ekan. Har holda bu amaliyot Erkin Samandarov bilan birga o’sha kezdagi diniy jamao peshvolarining “otasi” bo’lgan MXX raisi G’ulom Alievning hunari bo’lsa kerak. Shundan keyin Karimov Oliy Majlis raisiga (Bu paytda Ibrohimov ishdan olingan va o’rniga Shavkat Yo’ldoshev rais etib keltirilgan edi) bosh muharrirni ishdan bo’shatish va gazetani Oliy kengash bilan birga Vazirlar mahkamasining ham nashri etib e’lon qilishni topshirgan edi.Biz bu harakatga qarshilik qildik. Gazeta xodimlari ish tashlash e’lon etdilar. Biz deputatlar ham ularning yoniga borib turdik. Muxolifatdan Yodgor Obid va boshqalar ham kelib uch kun shu erda turishdi. Karimov hech birimiz bilan gaplashgisi kelmas edi.Ish tashlash davom etar ekan, Ahmadjon aka hali ham bularning orqasida Erkin Samandarov va Shavkat Yo’ldoshev turganiga, Islom Karimovning bexabarligiga ishonar edi. Islom Karimov esa o’zini olib qochib hech ko’rinish bermas, telefonlarga yordamchisi “Kelsalar aytaman, safardalar” kabi javob berardi.Uchinchi kun Karimov Ahmadjon akaning xonasiga telefon qildi. Ahmadjon aka Karimovning gapini eshitar ekan, qizarib ketdi va o’rnidan turdi.-So’kmang, so’kmang, mening onam go’rda yotibdilar,- dedi, lekin Karimov allaqachon telefon go’shagini qo’ygan edi. Ahmadjon aka xo’rligi kelgan odamday yig’lab yubordi.-U onamni haqorat qildi,- deya oldi faqat.Shundan keyin ish tashlashlarning ham, bizning u erda turishimizning ham ma’nisi qolmadi. Ahmadjon aka ishdan qo’lini yuvib, qo’ltig’iga urdi va uyga qamalib oldi. Keyin ham u bu gapni uzoq esdan chiqara olmadi va faqat onasining ruhiga duo qilib, kechirim so’rab yurdi. Karimov esa unga oddiy ish berilishiga ham qarshilik qildi. Oxir oqibat O’zbekistonning zabardast jurnalisti miyaga qon quyilishidan o’ldi. Bu Karimovning odamlarni o’ldirish usullaridan biri edi. Karimovning jallodi o’laroq Erkin Samandarovning qo’li qonga botgandi. U birgina Ahmadjon akaning emas, balki yana ko’plarning qotiliga aylandi va bu haqda keyingi bo’limlarda to’xtalamiz.Rahmatli Ahmadjon aka ishsiz yurgan kunlari katta daftarga boshidan o’tganlarini maqola tarzida yozardi. Bir kuni ko’zim tushib qoldi. To’rttasi Erkin Samandarov haqida ekan.- Yaqin orada emin-erkin zamon keladi va bularni chop etaman,-degandi u. Ammo u hayot bo’lgan kunlari unday zamon kelmadi, balki kelar, ammo u etmadi shunday kunlarga. Uning yozganlari qaerda qoldi ekan? Uni kelajak avlod o’qir ekanmi? Kimdir balki ularni saqlab qo’ygandir?Shu bilan biz orzu qilgan “Xalq so’zi” ham bitdi. U endi hukumatning, to’g'rirog’i Karimovning so’ziga aylangan edi.
11.”BU XALQNING ONASINI…”
Oshkoralik qo’mitasi raisi, shoir Erkin Vohidov bilan Islom Karimovning ustidan kelgan shikoyatlar xususida suhbatlashib o’tirgandik. Har holda odamlar demokratiya, so’z erkinligi shamolini sezib qolishgandi.
Masalan, namanganlik san’atkor-jurnalist Nosir Zokir qo’mitamizga yuborgan xatida: “Karimov uxlayotganga o’xshaydi. Dunyo oshkoralik haqida gapirib turgan paytda u oshkoralikni bo’g'moqda. Biz mustaqillik bayonoti bilan bog’liq bo’lgan gaplarni eshitdik. Lekin nega bu gaplarni halq bilmaydi?” deya yozgandi.
Yana kimdir Islom Karimov nomiga yozgan xati o’zi shikoyat qilgan odamning qo’liga tushganini yozgan bo’lsa, boshqa birov Karimov o’zbek oltinlarini chetga chiqarayotgani haqidagi mish-mishlar tekshirilishini so’ragan. Bunday xatlar ustiga qizil belgilar qo’yilgandi. Ularni Erkin Vohidov ko’rmaganday qilib, menga o’tkazardi. Ustiga “o’rganish, tekshirish yoki javob yozish” deb bir jumla bitardi.
Shu kuni Oliy kengash haya’tining majlisi bor edi. Erkin aka majlisga chiqib ketdi.
Men sessiyaga olib chiqishimiz kerak bo’lgan qonun loyihasi ustida ishlayotgan edim. Ammo xatlar ham tinchlik bermasdi. Ularni stolim ustiga qo’yib, bir reja tuza boshladim.
Bo’rini yo’qlasang qulog’i ko’rinadi, deydilar. Birdan eshik shiddat bilan ochildi. Islom Karimov, Oliy Kengash raisi Mirzaolim Ibrohimov, Bosh vazir Shukrilla Mirsaidov kirib kelishdi. Eshik yonida iktisodiy islohot, sanoat, transport va yo’l qurilish qo’mitalari raislari va boshqalar turishardi. Orqaroqda huquq tartibot qo’mitasi rasi Erkin Xalilov jilmayib qarab turgandi.
Karimov salom-alikdan keyin stolning chetiga engilgina “ilashib” o’tirdi. Mening joyimga esa Bosh vazir “yoyildi”. Oliy Kengash raisi Ibrohimov esa, Erkin Vohidovga yaqinroq joyda qo’lini orqasiga qilib turardi. Hammalarining kayfiyati yaxshi edi. Bir ikki qochiriq gaplar aylandi o’rtada. Men esa ular nimaga kirishganini o’ylar edim. Bir kun avval oynaijahonda “deputat minbari” rukni bilan beriladigan kursatuvda sud tizimini, Oliy sud rasi Bobur Malikovni qattiq tanqid qilgandim. “Paxta ishi” bo’yicha umumiy avfga tushganlardan Oliy suddagilar katta miqdorda pora olib, keyin hujjatlarini rasmiylashtirmoqda, degan shikoyatlar ko’p edi. Karimov televidenieda tanqidiy gap aytilishinii yoqtirmas edi. Lekin xuddi mening ko’nglimdagini topganday:
-Kecha yaxshi gapiribsiz, televizorda,-deb qo’ydi.
Demak, ko’rmagan, kimdir bir gap aytgan. Xonamizga kelishiga bu ham sabab emas ekan. Balki u Oliy Kengashdagi ish sharoitlari bilan tanishish uchun kelgandir? Xullas, savollar xayolimdan “g’irillab” o’tib turganda, Karimov stol ustidagi xatlarni qo’liga oldi.
Allohning kudratini qarang: bu xatlarni olib borib, “O’qing”, deb iltimos qilganda ham u yo qo’liga olardi yo yo’q. Kutilmaganda o’zi kirib kelib, o’zi haqida yozilgan shikoyatlar, norozilik xatlarini o’qimoqda. Men avvaliga engil tortdim. Keyin negadir ko’nglim g’ashlandi. Xuddi, Karimovning ustidan hujjat to’playotganga o’xshab qoldim-mi, deb o’yladim. Chunki uning qo’lidagi barcha maktublarda odamlar Oshkoralik qo’mitasi yoritadi, deya yozishayotgandi, shekilli. Qolaversa, boshqa respublikalarda yuz berayotgan oshkoralik ularni ham qitiqlayotgani sezilib turardi.
Karimovning avzoyi buzildi. Buni sezgan sheriklari jim bo’lib qolishdi.
-Sizlar shikoyat tekshirish bilan bosh qotirmanglar! Pastda xatlar bo’limi bor, usha erdan kerakli joyga qaytarib jo’nataversin,- dedi u va o’qishda davom etdi.
Ikki uch xatni o’qigandan keyin shartta o’rnidan turdi-da:
- He, bu nonkur xalqning onasini…! – deya so’kinib, qo’lidagi xatlarni o’rtasidan yirtib, axlat qutisiga otib, chiqib ketdi. Qolganlar ham uning orqasidan tashqariga yugurdilar.
Men og’ir ahvolda koldim. Karimov halq barobarida meni ham haqorat qildi. Erkin aka tortmasidan asabni sokinlashtiradigan doridan olib ichdi. So’ng mendan sigaret so’radi-da, chiqib ketdi. Shu payt qo’mita kotibasi Toyiba kirib keldi.
- Nima gap? -dedi u.
Men indamadim.
-Nega rangingiz oqarib ketgan? – deb so’radi Toyiba.
-Karimov butun xalqni, hammamizni haqoratlab ketdi, – dedim men.
Keyin bor gapni aytib berdim.
-Dahshat-ku! – dedi Toyiba, – qanday chidab o’tiribsizlar?! Biror chorasini ko’rish kerak!
-Nima qilamiz? Orqasidan yugurib borib, so’kish kerakmi?
-Imkoniyatingiz ko’p, halqqa ma’lum qilish kerak, – dedi u.
Xalqqa qanday qilib ma’lum qilishni o’yladik.Nihoyat, matbuot konferensiyasi o’tkazish kerak, degan fikrga keldik.
Bir kun oldin shahar jurnalistlar uyushmasidan qo’ng’iroq qilib, “Oshkoralik qo’mitasi rahbarlari bilan qalam ahlining uchrashuvini tashkil qilsak” deyishgandi. Qo’l keldi, darrov uyushmaga sim qoqib, ertaga peshin chog’i vaqtimiz borligini ma’lum qildik. Keyin o’zimiz bosh muharrirlarga, muxolifat liderlariga, faollarga, diniy idoraga ham telefon qilib, vakillari qatnashishini so’radik.
Ertasiga Erkin aka:
-Salomatligim yomon, do’xtirga ko’rinishim kerak edi, sizlar o’tkazaveringlar, – dedi.
-Siz bormasangiz bo’lmaydi, – deb turib oldik. Xullas, “Mayli, etib kelaman” dedi u.
Uchrashuvni Jurnalistlar uyushmasi Toshkent shahar kengashining raisi ochdi.
Men Oshkoralik qo’mitasi faoliyati haqida gapirdim. So’ng:
-Yaqinda rahbarimiz ishxonamizga kelib, tasodifan shikoyat xatlarini ko’rib qoldi. Aksariyat xatlar uning faoliyati haqida edi. Shunda xatlarni o’qib, yirtib, axlat qutisiga otdi-da “Bu nonkur xalqning onasini…!”, – deb haqoratladi, – deya voqeani hikoya qila boshladim.
Bu gapni eshitgan ziyolilar oyoqqa qalqib ketadi, balki matbuot uyidan Karimovning devoniga qarab yurish boshlashar, deb o’ylagandim. Umuman bu gapni oshkor qilishga ko’p istiola qilgandim. Katta to’s-to’polon boshlanadi, muxbirlar gazetaga yozishadi, odamlar oyoqqa turadi, degan xayolga borgandim. Chunki mushtga yoki kaltakka chidash mumkin, lekin “onangni…” degan haqoratga chidash mumkin emas, deb tushunardim. Shu sabab, butun vujudimni mas’uliyat, yuz beradigan voqealar uchun mas’uliyat yuki bosgandi. Hali gapiradigan gapim oxiriga etmasdan, ERK partiyasi kotibi Abdulhay Abdumavlonov o’tirgan joyidan baqirdi:
-Ismini ayting, qani oshkoralik, nega xaspo’shlab gapirasiz!
Menning xayolimdan “ana boshlandi” degan gap o’tdi.
-Ismini aytmasam ham kimligini sezib turibsizlar. Kim bo’lardi, prezident Karimov-da, – dedim.
O’tirganlarga qarasam, umumiy loqaydlik ruhi hukmron. Birov ajablanmadi ham, birovning jahli chiqmadi ham. Millatning gullari – oydinlar, shoirlar, kurashchilar… Ularni birdan qo’rquv bosdimi? Yoki avvaldan qo’rqoqmidilar? Balki qulliklarini tan olgan qullarmi bular? Xullas, na dindorlar va na maydonlarda xalqning oldida boradigan faollar ham bir so’z demadilar. Baqirib savol bergan Abdulhay ham negadir jimib qoldi.
Tashqarida voqeaning bu sahnasi o’tishini poylab o’tirgan ekanmi, bir ozdan keyin Erkin aka kirib keldi. Unga “Yurtda diktatura boshlandimi?” degan savol tushdi. U diktatura nima ekanligini, bizda esa uning belgilari hali ko’rinmayotganini tushuntirib berdi. So’ng Toyiba so’zga chiqdi. U ancha dadil gapirdi. Haqiqatni ochib tashladi.
-Menga qiyin, – dedi Erkin aka. – Ilgari Jahongir gapirganda uning so’zlarini andavalab turishga to’g'ri kelardi, endi Toyiba xonimning ham gaplarini tekislashim kerak.
O’rinsiz “askiya” va o’rinsiz kulgi bo’ldi. Uchrashuv kechga yaqin yakunlandi. Uy-uyga tarqaldik. Men ertalab ishga kelsam, doim soat 10-11dan keyin keladigan Erkin aka hali soat to’qqiz bo’lmasidan xonada sigaret tutatib o’tirardi. U kishi kashanda emas, lekin ba’zida tutatib qolardilar. Salom alik sovuq bo’ldi.
-Kechqurun oqsoqol uyga telefon qildilar, – dedi u har doimgidek Karimovni “oqsoqol” bilan almashtirib. – Men unaqa gap aytganim yo’q, bunday deguncha o’zimni otmaymanmi, dedilar. Ismat Xushev borib hamma gapni aytib beribdi. Allaqachon undan shikoyat ham yozdirib olishibdi. Qamatmasam qo’ymayman, deyaptilar. Nahotki majlisda men kelgunga qadar shuncha gap bo’ldi?
Xullas, osmon uzilib erga tushgan, aytganim yo’q, dedilar.
-O’zingiz eshitdingiz-ku?!-dedim men hayratda qolib.
-Kengash raisi bir narsalar gapirib turuvdilar menga. Ushanga eshitmay qolgan bo’lsam kerak. O’zi, rostdan ham shunday deganmidilar?-Erkin aka bolalarga xos samimiyat bilan tikilib qoldi.
Men uyga toldim. Mening xayolga botganimni Erkin aka boshqacha tushundi, shekilli:
-Hozir nima bo’lsa ham olovni o’chirish kerak, – dedi.-Borib oqsoqolga uzr, deb qo’yish kerak. Bo’lmasa, hamma narsa teskari aylanib ketadi…
Allaqachon, hamma narsa teskari aylanib ketgandi. O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti qo’mitasi Islom Karimovning sha’nini himoya qilish uchun meni sudga berish kerak, degan qarorga kelgandi. Shu kuni kechga yaqin Markazqo’m ikkinchi kotibi meni chaqirayotganini aytishdi. Borsam, tashkiliy bo’lim mudiri Zokirov kutib oldi.
-Oldin ikkalamiz suhbatlashsak, nima bo’lganda ham hamkasbmiz. Keyin u kishiga kirasiz, – dedi u.
Mudir mashinkada yozilgan olti-etti sahifalik xatni o’qib, keyin menga savol bera boshladi.
-Bu savolni Ismat Xushevga berasiz, – dedim.
Ismat jurnalistlar orasida “Karimovning ayg’oqchisi” nomini olgan edi.
-Nega?- deb ajablangandek so’radi mudir.
-Chunki qo’lingizdagini u yozgan.
-Qaerdan bildingiz u yozganini?
-Oxirgi sahifasini teskari ushlab qolibsiz, shundan,- dedim men Erkin akadan eshitganimni bildirmay.
-I, i, – u darrov sahifalarni to’g'rilab oldi.
-Ammo, rahmat, nima bo’lganda ham hamkasbsiz-da, sotqin kimligini sezdirib qo’ydingiz, – dedim.
-Bu sotqinlik emas, bu yurtni, Vatanni sevish belgisi.
-Yurt, Vatan faqat Karimovdan iborat bo’lsa, aslo sevmadik!
Keyin u men saylangan Jomboy tumani birinchi kotibining imzosi bilan kelgan shoshilinchnomani ko’rsatdi.
-Xalq ham sizdan norozi,-dedi u shoshilinchnomani o’qib.
-Bechora xalq telegramma yuborsa, bir oyda ham etib kelmaydi.Buni qush bilan yuborishgan shekilli,bir kunda qo’lingizga tegibdi. Topshirig’ingizni vaqtida bajarishibdi, – kinoya kildim men.
Mudirning ikki oyog’i bitta etikka tiqildi.
-Bilasizmi, men sizni anchadan beri kuzataman. Ilgari doim tanqidiy maqolalar, feletonlar yozardingiz. Millatvakili bo’lib ham doim kamchilik qidirasiz. Umuman, shunday dunyoqarashdagi kishi uchun bora – bora hamma narsa nuqsonli ko’rinadi. Bu ham bir xastalik. Shunga iqror bo’lsangiz, davolanishga yordam beramiz, sud tashvishidan ham qutulasiz, – dedi u.
Men kuldim:
-Balki,shundaydir,-dedim.-Sizlarning ko’zlaringizga hamma narsa yaxshi bo’lib ko’rinadi. Hammayoq to’kin – sochin, muammo yo’q. Bu holda davolashni bu idoradagilardan, jumladan Karimovdan,partiya rahbarlaringiz va o’zingizdan boshlamoq kerak. Sudga kelsak, osmon qo’lingizda, tashlab yuboring! Sovet davridagi kabi tanqid qilganlarni ruhiy xastaxonaga tiqib qo’yish payti o’tib ketdi, ko’zingizni oching, birodar!,-dedimda mudirning eshigini yopib chiqib ketdim-u lekin ko’nglim tinchimadi. Mudir “yuqoriga chiqishimiz kerak” degancha qoldi.
Tashqariga chiqarkanman negadir o’zimni yolg’iz his kildim. Asablarim chatnay boshlaganga o’xshab tuyuldi. Uygacha piyoda keldim.
“Voqea” tafsiloti darhol Karimovga etib borgan shekilli, ertasigayoq Oshkoralik qo’mitasi faoliyatini taftish qilish boshlandi. To’grirog’i men va Toyibaning “daftar, qalamlari”ni tekshirishga kirishildi.Ko’p o’tmay Oshkoralik qo’mitasining favqulodda majlisi belgilandi. Majlisdan bir kun oldin millatvakillari Karimovning huzurida “maslahat”, “topshiriq” oldilar.
O’zbekiston radiosining Moskvadagi muxbiri Raimjon Sultonov bilan yana ikki kishi Karimov qabulidan keyin mening oldimga kelishdi.
-Har bir kishi bilan o’zi alohida gaplashmoqda, kimga ish, kimga mashina va’da qilinmoqda. Agar siz va Toyibani quvmasak, qo’mita ham yopilarkan,- dedi Raimjon.
Raimjon jasoratli jurnalist edi. Adolatsizlik qarshisida chiday olmas edi. Ammo keyinchalik o’n gulidan bir guli ham ochilmagan o’g'lidan ajralib qolgach, negadir jamoat ishlaridan ham uzoqlashdi. Uni tushunish mumkin. Bunday kezda odamning ko’ngliga boshqa dard sig’maydi. Xullas, o’shanda Raimjon va boshqalar majlisda mahkam turadigan bo’lishdi.
Majlis kuni Oliy kengash qo’mitalaridagi millatvakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ham ishtirok etish uchun to’planishdi. Oliy Kengash raisining o’rinbosari Bugrov ularga “javob” berib, majlis yopiq o’tishini aytdi.Ba’zi millatvakillari qatnashamiz, deb zaldan o’rin olishdi. Lekin ularni ham chiqarib yuborishdi.
Majlis “sovuq” boshlandi.Bugrov majlisni rus tilida olib borishni taklif qildi.
-Bu O’zbekistonning Til haqidagi qonuniga ziddir, agar majlisda qatnashganlardan ko’pchiligi rus bo’lganda balki buni o’ylab ko’rgan bo’lardik, lekin, bitta rus bor, u ham saylanayotgan paytda sessiyada o’zbekcha gapirgandi,- dedim men.
-Endi o’rganayaptilar,-dedi Erkin aka.
Xullas, majlisni rus tilida o’tkazishga yo’l bermadik. Qo’mitaning hamma sohaga aralashayotgani, umuman Oliy majlis hukumat ishlariga aralashmasligi, partiyani hurmat qilishi kerakligi haqida gapirildi. Uzoq tortishdik. Karimov bir necha bo’lakka bo’linib, bir necha kishining ichiga kirib olgan kabi bir xil gaplar aytila boshlandi. O’zbekiston komsomol komitetining birinchi kotibi Aziz Nosirov Islom Karimov bu xalqni sevishi va xalq ham uni sevganini aytib, biz unga tuhmat qilayotganimizga to’xtaldi.
Kompartiya Ideologiya bo’yicha kotibi Jahongir Hamidov ham shu masalada so’z yuritdi. Toshloq tuman prokurori, shu majlisdan keyin ko’p o’tmay Toshloq tuman hokimi bo’lgan Q.Sotiboldiev ham ularning safida edi. Oxirida qo’mita raisining o’rinbosari va qo’mita kotibini bo’shatish kerak, degan masala o’rtaga qo’yildi. Ovozga qo’yilganda men bir ovoz ko’p olganim uchun qoldim.Chunki Erkin aka menga qarshi ovoz berishga o’zida kuch topolmadi. Navbat Toyibaga kelganda ham yana qo’mita ikkiga bo’lindi.Bugrov Erkin akaga:
-Agar bularni bo’shatamasak, qo’mitani yopamiz,-dedi.- Topshiriq shunaqa!
Bunga Toyiba darhol javob qildi:
-Topshiriq qaerdan? Yana o’sha kommunistik idoradanmi? O’lgan o’likdan qanday qilib sado chiqdi ekan?- dedi.
Erkin aka shartta o’rinlaridan turdilar-da ruschalab:
-Biz uchun muqaddas bo’lgan idorani haqorat qilishga hech kimnning haqqi yo’q,-dedilar.Keyin o’zbekchalab, – Men Toyibaxonning bunday haqoratini qabul qila olmayman va unga qarshi ovoz beraman,- dedilar.
Dunyoning ishlari qiziq ekan. Erkin aka “ERK”ning 1990 yil Aprel oyidagi qurultoyida qatnashib, partiyaning bosh hakami etib saylangandilar. Kommunistik partiyadan esa chiqishga so’z bergandilar. Ammo ikki partiyaning a’zosi bo’lib qolaverdilar.Kunlarning birida ertalab hovliqib kirib keldilar.
-Bu Ismat Xushev deganlari kim o’zi?- dedilar.
-Nima bo’libdi?- deb so’radim men.
-Bittasining nomidan menga qarshi maqola yozibdi, jurnalining yangi sonida chiqayotgan ekan, shuni to’xtatish kerak.
-Agar bo’hton-mo’hton bo’lsa siz ham javob yozasiz, lekin biz Oshkoralik qo’mitasi raisi bo’la turib qanday qilib, ana u maqolani to’xtat, deb aytamiz. Qilgan ishimiz aytgan gapimizga mos tushmay qoladi-ku,- dedim men.
Gapim yoqmadi, chiqib ketdilar, keyin bilsam Oliy kengash raisiga kiribdilar, u “Prezidentga aytish kerak” debdi. Xullas, Karimovning gapi bilan Ismat Xushev bosh muharrir bo’lgan “Iqtisod va hayot” jurnalidan Erkin aka haqida yozilgan narsa olib tashlanibdi. Bir kun xat keldi va unda “Sizlar qanday qilib oshkoralik kurashchilari bo’lasizlar?” deb yozilgan va jurnaldan olib qolingan maqolaning “Grankasi”- xomakisi qo’shib yuborilgandi. O’qib ko’rsam, maqola ham emas, bir o’quvchining savol tarzidagi maktubi, unda Erkin Vohidovning “ERK” partiyasi qurultoyidagi gapi va “Turkiston” ro’znomasidagi yana shunday gapi eslatilib, KPSS dan qachon chiqadilar deb so’ralgan ekan. Erkin akaga shunga shuncha vahima qildingizmi, faqat savol ekan-ku, desam “Bilmasam, jurnaldagi ukalardan biri kelib vahima qilgandi-da” deb qo’ya qoldilar.
Bir kuni esa Abdulla Oripovni Kompartiyani “Najot qal’asi” deb yozgan she’ri uchun masxara ham qilib gapirgandilar. Mana endi Sovet Ittifoqi emirilib borayotgan bir paytda ham bu idorani “muqaddas dargoh” deya baralla aytmoqdalar. Erkin aka Toyibaga qarshi ovoz berdim, deyishlari bilan u majlisdan yig’lab chiqib ketdi. Hammaning ko’ngli buzildi va Bugrovning “Mamatov masalasini qayta ovozga qo’yaylik” degan gapiga Raimjon Sultonov “Bu er bolalar bog’chasi emaski, hamma narsani o’yinga aylantirsangizlar” deb javob qildi. Majlis tugab, chiqib ketayotganimizda Raimjon Sultonovni Karimov chaqirayotganini aytishdi.
Arbob arbobda, yo’lini topadi. Ko’p o’tmay qo’mitani “qisqartirib” turishga qaror berishdi. Ya’ni mendan qutulish lozim edi. Men ketsam, yana qo’mitani tiklashlarini aytib Erkin akani ishontirishibdi. Shu sabab qo’mita qisqarishi masalasiga Erkin aka hech qanday munosabat bildirmadilar.
12.OShKORALIK
Men hamma narsani matbuot, oshkoralik hal qiladi, deb o’ylar edim. SSSRning yiqilishini ham ana shu kuchdan, deb bilaman. So’nggi prezident Mixail Gorbachev matbuotga erkinlik berishi bilan ommaviy axborot vositalari xalqning oshkora fikr aytish minbariga aylandi va qisman bo’lsada erkin saylovlarga yo’l ochildi. Boshqa jumhuriyatlarda matbuot va milliy harakatlar kuchli bo’lgani bois erkinlikning maydoni ham keng bo’ldi. Bizda esa Kommunistik partiya jilovga mahkam yopishib olgan va jon berishi amri mahol edi. Bu hol saylovlarga ham o’z ta’sirini urmay qolmadi. Ammo boshqa joylardagi harakatlardan ilhomlangan odamlar yakka tartibda bo’lsada o’z nomzodlarini ilgari surib, saylovning ilgaridan belgilangan qoidasini buza boshladilar. Ba’zi joylarda xalq junbushga kelgan edi. Chunki matbuot ham xuddi ana shunday ko’rinishda, ba’zilari kurashchan va ba’zilari senzuraning quyuq soyasida qolgandi.
Shu bois ham saylovdagi dasturimda O’zbeksitonda “Oshkoralikka keng yo’l ochish masalasiga diqqat qarataman”, degan vazifani oldimga qo’ygan edim. Yuqorida aytganimdek, SSSRning boshqa joylariga nisbatan oshkoralik bizda juda sust edi. Qarshilik esa juda kuchli edi. Gazetalarda chiqqan har bir kuchli tanqidiy maqola xalq orasida voqeaga aylansa-da ayni paytda unga ko’rsatilgan qarshilik ham katta voqea edi.
1990…Oliy Kengashning birinchi sessiyasi oldidan vakillar kengashiga to’planilganda men:
-Bizda ham oshkoralik komissiyasi (keyinchalik “komissiya” nomi “qo’mita” nomiga aylantirildi. Bu haqda ilgari ham, xususan Birinchi sessiya haqida yozganda qisman to’xtalgan edim. Ammo gap bevosita Oshkoralik qo’mitasi borasida bo’lgani uchun yana bir bor to’xtaldim-JM) bo’lishi kerak,-degan talabni ilgari surdim.
Oldindan tayyorlangan komissiyalar ro’yxatida bu nazarda tutilmagan edi. Shu bois Islom Karimov qarshilik qildi. Men Farg’ona va Parkent voqealari haqida gapirib bu borada oshkoralik yo’qligini, umuman matbuotda erkin so’zni bo’gish davom etayotganini aytganimdan keyin, odamlar orasida “to’g'ri, to’g'ri” degan gaplar aytila boshlandi.
Shundan keyin Erkin Vohidov mening taklifimni qo’llab gapirdi va:
-Men shu komissiyada ishlab berishga tayyorman,-dedi.
Karimov biroz o’ylab turdi-da:
-Bo’pti, shunday komissiya tashkil qilaylik va menda taklif bor. Mana Erkin akamiz “Ishlab beraman”, dedilar, so’zlarini oldik. Bunday odam yuz yilda mir marta tug’iladi. Ana shu komissiya raisligiga shu kishini ko’rsatsak.
Shu bilan masala hal bo’ldi. Majlisdan chiqar ekanmiz, Erkin aka qo’limdan tutdi:
-Yo’q demasangiz birga ishlasak. Tashabbus qilgan odamni jazolash eski odatimiz,-deya kuldi.
Men ham yo’q demadim.
Erkin aka mahkam turib olgandan keyin Karimov rozi bo’ldi. Biz majlis o’tkazayotganda eshik taqillab, boshini oq ro’mol bilan o’rab olgan bir juvon kirib keldi va mayin ovozda:
-Mening nomim Toyiba To’laganova, meni huquq komissiyasiga yozishgan ekan, sizlarga o’tsam bo’ladimi?-dedi.
Erkin aka, bu masalani Karimov bilan maslahat qilish kerakligini aytdilar. Boya mening qo’limdan ushlab Karimovning yoniga olib borganlari uchun jahlim chiqqan edi va endi o’zimni ushlay olmadim.
-Endi har bir yo’talish uchun ham ruxsat olamizmi?-dedim.
-Avval nafas olish uchun ruxsat olish kerak, keyin esa yo’talish masalasini ko’ramiz,-deya Erkin aka gapni hazilga burib yubordilar.
Ammo mening qarashimni boshqalar ham qo’lladi va Toyibani komissiyamizga oladigan bo’ldik. Lekin baribir Erkin aka borib Karimov bilan maslahat qilib keldilar…
Vaqt o’tib Oshkoralik qo’mitasi Oliy kengashning eng etakchi va ayni paytda Karimovning eng boshini og’ritgan qo’mitasiga aylandi. Qo’mita a’zolarining ko’pchiligi mustaqil saylangan deputatlardan tashkil topgandi. Chunki kommunistik partiya ro’yxatidan saylanganlarni oldindan turli komissiyalar ro’yxatiga kiritishgan va “o’zboshimchalar” chetda qolishgandi. Yangi komissiya tuzilgandan keyin ularga yo’l ochilgandi. Shu bois oddiy odamlar mayli, hatto deputatlar ham arz dodlarini shu qo’mitaga aytadigan bo’lishdi. Lekin Erkin aka negadir tish tirnog’i bilan masalalarni yopib yuborishga intilardi.
…Farg’onalik deputat, dramaturg Inomjon Tursunovni Toshkent mehmonxonasida mirshablar do’pposlaganini eshitganimizda darhol qo’mitaning majlisini chaqirdik. Ammo Erkin aka:
-Bu masalaning bizga daxli yo’q, qonunchilik qo’mitasi ko’rishi kerak,-dedilar.
-Ular ham ko’rishsin, ammo biz ham o’z munosabatimizni bildirishimiz zarur,-dedim men.
Qo’mita to’planadigan kun Erkin akaning umr yo’ldoshi Gulchehra opa telefon qilib:
-U kishi kasal bo’lib qoldilar… akangizni ehtiyot qilinglar,-dedi.
Majlisga men raislik qildim va matbuot vositalaridan vakillar chaqirib masalani yoritishni so’radik. Lekin kechqurun televidenie ham radio ham, ertasiga gazetalar ham qo’mita majlisi o’tgani haqida xabar bergan bo’lsalarda Inomjon Tursunov masalasini chetlagan edilar. Men Radiotelevidenie qo’mitasi raisi Ganja Yoqubovga telefon qildim:
-Erkin akam bilan gaplashsangiz bo’larmidi, kecha xabarni u kishining o’zlari tahrir qilib berganlar,-dedi u.
-Kecha u kishi ishga chiqqanlari yo’k-ku?!-ajablandim men.
-Buning uchun ishga chiqishning keragi yo’q, uydan turib ham ruxsat berish mumkin…,- dedi Ganja Yoqubov va kurashimiz oson kechmasligi haqida gapirdi hamda televidenieda “deputat minbari” ruknini tashkil qilish haqida taklif qildi. Shundan bildim-ki u odam ham islohotlar tarafdori va xabarni tahrir qilish uning tashabbusi emas…
Bir kuni qashqadaryolik deputat Murod Jo’raev xat tashlab ketdi. U Muborak shahrida ishlayotgan mustaqil televidenie yopib qo’yilgani, oshkoralik bo’g'ilgani haqida yozgandi. Men tekshirishga boraman, desam, Erkin aka:
-Bu juda ham muhim masala ekan, oqsoqol bilan maslahatlashib, o’zim borib kelaman,-dedi.
Lekin doim bir muammoni ro’kach qilib, masalani orqaga tashlayverardi. Murod Jo’raev yana kelib ketdi. Men bo’lajak qo’mita majlisining kun tartibiga bu masalani kiritishni talab qildim va o’zim Muborakka borib keldim. Erkin aka negadir hech narsa demadilar. Men bo’lgan voqealarni aytib bergandimda achinish bilan tingladi va tadbir olish kerakligiga ishora qildi. Shundan keyin qo’mita majlisi uchun hisobot tayyorladim. Ammo muhokama kuni Erkin aka kelmay qoldi. Uyidan telefon qilishdi.
-Qon bosimlari oshib ketgan. Nega buncha azob berasizlar,- dedi umr yo’ldoshi.
Majlisga Murod Jo’raevning o’zini ham taklif qilgan edik. Ammo kelmadi. O’sha kun deputatlarning tashabbus guruhida ham bu masalani qo’ygandik. Unga ham kelmadi. Eshitsak, u saharlab yo’lga chiqishi oldidan yotgan uyiga kimdir miltiqdan o’q otgan va u yotoqda bo’lmagani, yo’lga chiqish uchun hozirlanayotgani bois tirik qolgan. Oshkoralik qo’mitasining bu boradagi norozilik bayonotini tayyorladik va aksar deputatlar qo’l qo’yishdi. Ammo matbuotda berilmadi. Surishtirsak, Erkin akadan izn olishgan ekan.
Men asosiy vaqtimni “Matbuot haqida”gi qonun loyihasini tayyorlashga sarflar edim. Boltiq bo’yi jumhuriyatlarida qabul qilingan qonunlarni va ba’zi G’arb davlatlarining bu boradagi qonunlarni o’rganib o’zimizning loyihani tayyorladim. Keyin o’qib chiqish uchun Erkin Vohidovga berdim. Loyihani u kishi doim qo’lida olib yurdi. Ish joyida ham unga termulib o’tirardi. Bir kuni menga qaytib berdi. Qarasam, men yozgan loyiha o’rnida mutlaqo boshqa narsa:
-Bu nima?-dedim Erkin akaga.
-Oliy Kengash apparatidagi huquqshunoslar ko’rib chiqishdi va amaldagi qonunlarga zid bo’lmasligi uchun biroz tuzatishdi.
-Bu tuzatilgan emas, butunlay boshqa narsa-ku?!
-Bilasizmi, qonun yozishning o’z tili bo’ladi va o’z mutaxassislari bor. Ular ham bir variant tayyorlashgan ekan, men shuni qabul qildim.
-Lekin men ham faqat o’zim yozganim yo’q, huquqshunoslar, jurnalistlar va boshqa expertlarni ham jalb qilganimni bilasiz-ku?
-Bilaman, bilaman, lekin ertaga loyihamiz sessiyadaan qaytmasligi uchun ularnikini olaylik va o’shanga tuzatishlar kiritaylik.
Uzoq tortishdik. Oxiri ikki variant ham qolaversin, degan nuqtaga keldik. Chunki oldinda qo’mitamiz majlisi, qo’mita a’zolarining va boshqa qo’mitalarning takliflari ham bor edi. Qo’mitamizning majlisida bo’lgan gaplarni aytishimni Erkin akaga bildirdim. Shu boismi u kishi yana majlisga kelmadi. Biz o’zimiz tayyorlagan loyihani qabul qilib, kengaytirilgan majlis o’tkazish, unga barcha muharrirlar, qiziqqan jurnalistlar, mutaxassislar va boshqa qo’mitalardan deputatlarni taklif qilish haqida gaplashdik.
Shundan keyin meni Karimov chaqirdi.
-Erkin Vohidov latta chiqib qoldi-ku?- dedi u,- doim majlis o’tkazadigan kunlaringiz kasal bo’lib qoladi.
-Aslida ham biroz kasalman odam,-dedim men.
-Bizning bolalar bir qonun loyihasi tayyorlagan edi, men o’zim ko’rib chiqib unga bergan edim, lekin negadir uni qoldirib yuborishibdi-mi?
-Bizga u loyihani sizdan emas, Oliy kengash apparatidan keldi, deb aytishgandi.
-Apparatdagilar sizlarning xizmatkoringiz. Ularning qonun taklif qilish haqqi yoq. Bu haq menda va sizlarda bor.
Men ish-ishdan, g’isht qolipdan ko’chganini, endi orqaga yurib bo’lmasligini aytdim.
-Kerak bo’lsa qonun qabul qilingandan keyin ham uni e’lon etgunga qadar qayta yozib chiqishimiz mumkin, o’shandan keyingina men qo’l qo’yaman, buni nazarda tutinglar,- dedi Karimov.
Ammo Karimov aytganidek bo’lmadi. Biz mahkam turdik va qonun loyihasidagi asosiy prinsiplarni saqlab qoldik. Hatto o’sha ilk qonunda “O’zbekistonda senzura bekor qilinadi’ degan moddani ham saqlab qoldik. Lekin Karimov qonunni imzolagan bo’lsada, unga rioya qilmadi, matbuotga erkinlik bermadi.
…Bir kuni Shovruq Ro’zimurodov kirib keldi.
-Mening ustimdan jinoiy ish ochishibdi,-dedi u.
-Nega?-so’radim men.
-Bahona qilishayapti, birovga uy olishida yordam qilgansan, deb. Agar deputat yordam qilmasa kim yordam qiladi?
Erkin aka Shovruqni diqqat bilan eshitti. Uning hamma gaplariga qo’shildi va kerak bo’lsa Oliy Kengash hay’atida masalani ko’tarishi, hatto Prezident bilan ham gaplashajagini aytdi. Shovruq chiqib ketgandan keyin:
-Bu birinchi sessiyada Prezidentga qarshi chiqqan bola emas-mi? Anchagina savodsiz ko’rinadi-mi?,- dedi.
Oradan ko’p otmay Shovruqni qamashdi va bir kuni Oliy Kengash hay’atiga muhokama qilish uchun olib kelishganda biz deputatni qo’lida zanjir bilan olib yurilishiga qarshi isyon qildik. Erkin aka indamay o’tirdi. Keyin mening ranjiganimni sezdi shekilli:
-Befoyda, hammasi befoyda, uning taqdirini hal qilib qo’yishgan, yosh yigit ekan, juvonmarg bo’lib ketmoqda,-dedi.
Biz sessiyada Shovruq masalasini ko’targan kunimiz ham Erkin Vohidov miq etmay o’tirdi .U kishi haddan ziyod “madaniyatli” odam. Masalan, tushga chiqqanimizda, xonaga qaytar ekanmiz, liftning eshigi ochilsa:
-Qani, qani, marhamat!-deb turaverardi va uni hurmat qilganlar ham chekinishardi, shu zayl ba’zan liftning eshigi bekilib u tashqarida qolardi. Lekin Karimov rejimi paytida u tashqarida qolmadi, doim ichkarida bo’ldi.
Oshkoralik qo’mitasi ishida ham u doim ana shunday kutib turish va boshqalarni o’tkazib yuborish uslubini qo’llar edi.
Oshkoralik qo’mitasi endi oyoqqa turayotgan kunlarda Erkin Vohidov qo’mitamizning xizmat mashinasida ketayotganda, do’rmon yo’lida kimdir mashinaga qarata o’q uzgan. Erkin aka darhol orqaga qaytishni buyurib, uyiga borgan. Shofer esa kelib bizga:
-Mashinaga kimdir o’q otdi,-dedi.
Erkin akaning uyiga telefon qilsak, u shunday bo’lganini tasdiqladi va mazasi qochib qolganini aytdi. Shu kuni Moskvada chiqadigan “Komsomolskaya pravda” gazetasida bu haqda xabar chiqdi. Biz oshkoralik qo’mitasining majlisini chaqirib, suiqasd orqasida kim turganini aniqlash masalasida huquq tartibot idoralariga murojaat ettik, masalani sessiyaga olib chiqish borasida qaror qabul qilib, prezidiumga topshirdik.
Ertasiga Oliy Kengash hay’atining yopiq yig’ilishi bo’ldi. Unda Karimovning o’zi qatnashdi va prezidium a’zolaridan boshqa odam kiritilmadi. Majlisda Erkin Vohidov bo’lgan voqea yolg’onligini aytgani, matbuotda chiqqan xabar uydirmaligi va “mish-mish”larni tarqatganlarga qarshi bayonot qabul qilingani, shoferning ishi bilan MXX shug’ullanishi haqida qaror olinganidan voqif bo’ldik.
Shoferni darhol ishdan olib, qamab qo’yishdi. Uning oilasi va bola chaqasi chinqirab keldi, Erkin aka bir narsa qila olmasligini aytdi. Poliklinikada Erkin akaning umr yo’ldoshini ko’rib qoldim. U bizning harakatlarimiz uchun Erkin akani qiynashayotganini aytib, bizni tartibga chaqirdi.
O’q otilgani aniq. Mashinani darhol tekshirtirganimizda mutaxassislar o’q tekkan joyni aniqlashdi. Erkin akaning o’zi ham ko’pchilikka bu gapni aytdi. Lekin keyin nega so’zidan qaytdi. Qo’rqdimi?
Xabarni yozgan jurnalist quvg’inga olingani, shoferning qamalgani nima bo’ldi? Agar o’shanda Erkin aka mahkam turganda va suiqasd ishi ochilganda shu voqeadan keyingi yillarda yuz bergan ko’p narsalarning balki oldi olingan bo’larmidi? Erkin akani qo’rqitib boshqalarni esa yo’qotib yuborishdi. Agar u mahkam turganda uni yo’qotishga jur’at etisholmasdi, uning obro’ e’tiboridan qo’rqishardi va bu qolganlarni ham qutqargan, O’zbekiston bugun balki demokratik davlat bo’larmidi?
Ammo Erkin aka qadamba qadam orqaga odimlardi. Bir kuni:
-Erkin aka, buning otini chekinish deydilar, puturimiz ketib qoladi,-dedim.
-Puturimiz ketib qolmasligining oldini olish uchun urinib kelayapman-da,-dedi u kishi parvo qilmagan holda.
Erkin aka xarakteri jihatidan juda yumshoq, birovning ko’nglini og’ritmaslikka harakat qiladigan, hazilni sevadigan, doim kulib yuradigan odam. Har qanday jiddiy masalani ham bemalol hazilga burib yuborar edi. Huzuriga kelgan har qanday odamni bemalol eshitar, garchi sigaret chekmasa ham ular bilan birgalashib tutatar va odamlarni o’ziga mahliyo eta bilardi.
Masalan, mustaqillik tarafdori bo’lgan bir kishi bilan bu masalada ochiq gapalasha olsa, oradan ko’p o’tmay mustaqillikni istamagan odam kelsa, u bilan mustaqillik hech narsa bermasligi to’g'risida bemalol gaplashaverardi. Ana shu jihatdan u Karimov bilan juda ham o’xshash edi. Ularni Hasan-Husanlar deyish mumkin edi. O’zini tutish, odamlarga boshqa gap aytib, amalda boshqa ish qilish borasida har ikkalasi ham yuksak mahorat va iste’dod sohibidirlar.
Erkin aka vatan haqida yig’lab she’rlar yozishi va hammani hayratga solishi mumkin va amalda vatanni kichik bir manfaatga sotib yuborishi oddiy hol edi. Oshkoralik qo’mitasini qonunga xilof ravishda yopishganida, “Xalq so’zi” gazetasini “sindirish”ganida, demokrat deputatlarni qamashganida, ularning deputatlik vakolatlarini to’xtatganlarida, hatto yaqin safdoshlarini o’ldirganlarida, oilalarini quvg’inga olishganida ham Erkin aka jimligini buzgan emas. Ammo lirik, falsafiy she’rlarni yozishni ham to’xtatgan emas. Balki shuning uchun ham u qahramondir! Balki shuning uchun ham u xuddi Islom Karimov kabi O’zbekiston qahramoni unvonining sohibidir?!
Oshkoralik ana shunday o’ldirilgan va bu ishda eng asosiy rolni Erkin Vohidov o’ynab bergani keyinchalik u sessiyalarda Karimovning siyosatini oqlaydigan murojaatlar bilan chiqqanda, “Karimovga otilgan o’q menga otilsin” deb she’rlar yozganda, yiliga bir orden olganda ma’lum bo’ldi.
13.PARKENT
Parkent voqealari Islom Karimovning tarixidagi inkor etib bo’lmas, eng qonli sahifa.
Parkentning go’zalligi, jannatmonand go’shaligi, odamlarining bag’ri keng, mehmondo’st, yordamsevar ekanligini O’zbekiston radiosida ishlagan yillarimdan bilardim. Radioning bolalar uchun dasturlar hozirlanadigan tahririyatida parkentlik iste’dodli jurnalist va yaxshi shoir Mahmud Toir ishlardi. U bilan yaqin do’stligimiz bor edi. Qonli voqealar yuz berganda esa u “Parkent tongi” gazetasining bosh muharriri lavozimida ishlardi.
Bundan oldin ham Parkentga, Kumushkonga “Toshkent haqiqati” viloyat gazetasida ishlaganimda bir necha marta borgan edim. Shu sabab dunyoning tog’lar bilan o’ralgan kichkina so’lim bu go’shasida 1989 yilda yuz bergan voqealar meni ham qizitiqrmasdan qolmasdi.
O’zbekiston rasmiy matbuoti Bo’ka, Bekobod tumonlardagi voqealar haqida olgan videofilmida Islom Karimovning otga minib u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa yurganini qayta-qayta ko’rsatib, “qora kuchlar” Mesxet turklari(Ahiska turklari)ni quvg’in qilishgani, bu Farg’ona voqelarining davomi ekanligini, Islom Karimov bu joylar do’zaxga aylanib ketishining oldini olganini ta’kidlashdan nariga o’tmas edi.
Xalq orasida yurgan gaplarda esa SSSR yiqilar ekan, markaz bir o’q bilan ikki quyonni urmqochi bo’ldi, birinchisi, ana shunday qo’zg’olonlar chiqarib milliy xalq harakatlarini badnom qilish va tugatish bo’lsa, ikkinchi maqsad yiqilayotgan SSSRni saqlab qolish uchun joylarda o’z ta’sirini kuchaytirishdan iborat bo’lgan, degan gap edi.
Shu bois ham 1990 yilning boshida Oliy Kengashning birinchi sessiyasi boshlanishidan oldin o’tkazilgan vakillar majlisida bu masalaga oydinlik kiritishni talab qilgandim va parkentlik bir deputatning maxsus komissiya tuzish haqidagi taklifini qo’llab chiqqandim.
Majlis tugagach,parkentlik deputat bilan gapalshib qoldik:
-Ishonchli bir manba’dan olingan ma’lumotga ko’ra, Parkentda oddiy odamlarni “Otgin!” degan buyruqqa Bosh vazir Mirahmat Mirqosimov imzo chekkan ekan,-dedi u.
Ishonchli manba O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy komiteteining ideologiya bo’yicha kotibi Jahongir Hamidov ekan. U hatto parkentlik deputatga Mirqosimov imzo chekkan buyruqning nusxasini ham ko’rsatibdi.
Lekin nega ko’rsatdi? Bu savol o’shanda xayolimizga ham kelmagan. Hukumatning teppasidagi odamlar turli o’yinlar bilan mamlakatni boshqarishlari, birovni ishdan ketkazishlari va boshqasini tayinlashlari mumkinligi haqida o’ylab ham ko’rmagan ekanmiz.
Sessiyada Bosh vazir vakolatiga ega Vitse prezidentni tasdiqlash masalasi o’rtaga chiqqanda men Mirqosimovga:
-Parkentda oddiy odamlarni o’qqa tutish uchun kim buyruq bergandi? Qo’lingizni ko’ksingizga qo’yib, vijdoningiz oldida o’zingini oqlash uchun bo’lsa ham haqiqatni aytmaysiz-mi? Axir o’sha mash’um buyruq tufayli o’n gulidan bir guli ochilmgan 63 yigit o’qdan yiqildi. Yo haqiqatni ayting yoki iste’fo bering va biz bu erda komissiya tuzib masalani o’rganaylik,-dedim.
Mirqosimov javob berolmay qoldi. Karimov vaziyatni qo’lga olib, vitse prezident saylovini demokratik, muqobil asosda o’tkazish kerakligini aytdi va Shukrullo Mirsaidov nomzodi ham ilgari surildi.
Karimov Mirsaidovni “Jasoratli, mard” deb rosa maqtadi.
Karimovning keyingi sessiyadagi iborasi bilan aytganda “Mirqosimov ham mard ekan, to’nini elkasiga tashlab, indamay ketdi”. Shuning uchun ham uni endi Xalq nazorati qo’mitasi raisligiga qo’yishdi.
Lekin Mirqosimov indamay ketmagan edi. O’sha kuni sessiya tanaffusida ro’baro’ kelib qolganimizda men bilan ko’rishgan bo’lib:
- Nahotki bunday narsalarga men buyruq bera olmasligimni tushunmasangiz?-dedi.
-Lekin Hamidovning qo’lida turgan qarorda sizning imzoingiz bor,-dedim men.
U nimanidir tushungan kabi indamay qoldi va:
-Ha, o’sha oqshom men Parkent chegarasida edim, Hamidov ham yonimda edi. Men o’q otilmasligi uchun qo’limdan kelganini qildim. Lekin yarim tunda buyruq boshqa joydan keldi. Mana talablaringiz bilan komissiya tuzildi, sizni ham komisiya tarkibiga qo’shishdi, haqiqatni endi o’zingiz oydinlatasiz,-dedi.
-Lekin siz aytmasangiz haqiqat baribir qora qozonning ichida qolaveradi.
-Kimga aytaman, shu komissiyagami, yarmi Farg’ona voqelarida qatnashgan odamlarku?!- deya Mirahmat aka kinoya bilan kulimsirab ketib qoldi.
Mening yodimga sessiyada prezidentni saylash paytida u haqda gapirgan Jahongir Hamidovning so’zlari tushdi:
-Islom akam, turli voqealar yuz berganda mijja qoqmaydigan odam. U kishining Toshkent viloyatida odamlarning uylari yondirilgan bir paytda otga minib aholini tinchitganlarini televizordan ko’rdingiz. Bunaqa pahlavonlik hammaga ham nasib etmaydi. Biz Mesxet turklarini Bo’ka, Bekobod va umuman shu mintaqadan “Kumushkon” sanatoriyasiga ko’chirganimizda, yarim tunda Islom akam menga telefon qildilar. Qaerdan telefon qilayapsiz, desam, ishxonada ekanlar. Hamma uxlab yotgan paytda ham bu kishi ana shunday uyg’oq va ishlab o’tiradilar,-dedi.
Bu Mirqosimovning gaplariga mos tushgandi.
Parkent voqealarini o’rganish komissiyasida yozuvchi Primqul Qodirov, general Botir Parpiev, adliyachi Mirzo Ulug’bek Abdusalomov va boshqalar ham bor edi. Birinchi kuni komissiya raisini saylashda Primqul Qodirov “Islom akaning pozitsiyasini” o’rtaga qo’ydi va yo’nalishni milliy harakatlarni o’rganishga qaratishni taklif qildi. Biz bunga qarshi bo’ldik va ishni hukumatdagi manbalarni o’rganishdan boshlash, jumladan Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik manbalarini tekshirish kerakligini aytdik. Primqul Qodirovni rais etib saylashar ekan, qarshi bo’lgan to’rt kishi orasidan meni ham raisdosh etib ko’rsatishdi. Keyin voqealar shunday davom etdi-ki, asosiy tekshiruvni boshqarish menga qoldi.
SSSR Ichki ishlar vazirligi qoshida general Shatalin boshchiligida to’polonlarni bostirish armiyasi tuzilgan edi. Milliy xavfsizlk xizmati hukumat telefonlaridagi so’zlashuvlarni yozib olar ekan. Telefon so’zlashuvlarini matnga tushirtirdik.
O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi manbalarini ham tekshirganimizda Shatalin rahbarligidagi armiyaning maxsus etishtirilgan kuchlarini O’zbekistonga Islom Karimov bevosita taklif qilgani haqidagi ma’lumotlarni topdik. Uning SSSR Ichki ishlar vaziri, bevosita Shatalinning o’zi bilan va keyin tunda Parkent chegarsida bo’lgan Hamidov va Mirqosimov bilan “verxushka” (hukumat rahbarlari qo’llanadigan maxsus telefon-JM) orqali gaplashgan gaplari hamma narsani oydinlashtirib turgandi.
Karimov Mesxet turklarini faqat bitta kirish yo’li bo’lgan “Kumushkon” sanatoriyasiga olib borishni buyurgan va Mirqosimovni harbiylarga odamlarni otish buyrug’ini beradigan qarorni imzolashga majbur qilgan edi.
Farg’onada 1989 yilning 28 May kuni boshlanib yoz bo’yi tinmagan voqealarning davomi o’laroq Toshkent viloyatining janubida yashagan Mesxet turklarining uylari yondirib yuborilgani va ular avtobuslarda Parkentning “Kumushkon” dam olish zonasiga olib borilishi haqida planlarni topdik.
Bu voqealarda hali podpolkovnik bo’lgan Zokir Almatov Islom Karimovning ishonchini qozongani ma’lum bo’ldi. Har qancha qarshiliklarga qaramay Islom Karimov unga polkovnik unvonini berib, vazirlikka olib keldi, keyin unga general unvonini berdi.
Parkent markazi tog’ning ikki adiri orasida joylashgan va pastdan bir yo’l hamda soy o’tgan. Soyning ikki tomonida teppaga qarab uy-joylar, ma’muriy binolar qurib borilgan. Mesxet turklari ana shu soy bo’yidagi yo’l orqali “Kumushkon” dam olish zonasiga olib borilgan. Oddiy aholi Kumushkonga Mesxet turklari keltirilganini eshitib, ularga yordam to’play boshlaydi, oziq-ovqat yuborib turadi.
Planga ko’ra ishlaganlar Parkentda notinchlik chiqarish harakatlarini boshlashgan.
Parkent voqealari haqida alohida bir kitob yozganman va hozir masalaning Islom Karimovga borib taqaladigan nuqtasi bilan bog’liq voqeani eslamoqchiman.
Komissiya qo’lga kiritgan hujjatlarga ko’ra Jahongir Hamidovning topshirig’i bilan (Markazkomning ideologiya kotibi o’zi mustaqil topshiriq bera olmasligi aniq, buning ustiga u Islom Karimovning yaqin do’sti sifatida bu ishga olib kelingani bois boshqa odamlarning unga ta’siri bo’lishi mumkin emas, demak u topshiriqni bevoista Islom Karimovning o’zidan oladi-JM) Parkent tumanining barcha xo’jaliklariga kechqurun telefonogramma yuboriladi.Unda har bir xo’jalik rahbari va partkom kotibi ertalab tuman markaziga tartibni saqlash uchun 15-20 nafardan yosh yigitni yuborishi zarurligi aytiladi.
Ertalab soat sakkizga yaqin aytilgan odamlar raykom binosi yoniga to’plana boshlaydilar. Ammo ularga pastda, soy bo’yida to’planish aytiladi. Tunda esa bu joyga Shatalin armiyasining tanklari, zirhli mashinlari ham keltiriladi. Yosh yigitlar qiziqib harbiy texnikani tomosha qiladilar. Ajablanadilar.
Tushga yaqin ular asabiylasha boshlaydilar, nima uchun kelganlari, nega ovqat berishmayotgani kabi savollar paydo bo’ladi. Shu payt harbiylar harakatga kelib, ulardan yo’lni bo’shatib qo’yish so’raladi. Ular soylikka tomon suriladilar. Kimdir go’yo harbiylarga tosh otadi (guvohlarga ko’ra hech kim tanimaydigan, to’n kiyib, soqol qo’yib olgan odam) va o’qlar ovozi yangray boshlaydi. Yigitlar suvga tomon surib boriladi. Orqada sharillab oqayotgan soy va oldinda tish tirnog’i bilan qurollagan armiya va mirshablar. Teppalikda raykom binosi va voqealar televizordagidek ko’rinib turibdi.
Shu payt yana raykom binosi va Parkentga kirish nuqtasidagi hukumat punkti toshirig’i bilan “Kumushkon”dagi Mesxet turklari avtobuslarda Parkent markaziga olib kelinadi. Agar ularni olib chiqib ketishmoqchi bo’lishsa, soyning naryog’idagi yo’l to’ppa to’g'ri tashqariga ketadi. Ammo avtobus kollonasini negadir ko’prik orqali, aylanib, yo’lni uzoq qilib, notinchlik yuz bergan joyga olib kelishadi. Biroz to’xtab ham turishadi. Avtobuslarga soy bo’yidagi toshlardan otiladi. Oynalari sinadi. Kolonna shundan keyin shahardan olib chiqib ketiladi. Parkent aholisi yo’llarga chiqib turklarni yig’lab kuzatadi.
Bu tomonda esa o’qlar kimlarnidir yiqitgani uchun yoshlar militsiya binosiga hujum qiladilar, yo’ldagi mashinlarni to’ntarib tashlaydilar. Ko’kda vertoletlar paydo bo’ladi va pastdagilarni o’qqa tuta boshlaydi. Ko’chama-ko’cha qochgan yoshlarni quvib borgan vertoletlar, harbiylar, mirshablar ularni tirqiratib ota boshlaydilar. Shaharning bir chetida motam marosimi o’tayotgan joyda odamlar to’planib turibdi, deb ularni ham o’qqa tutishgan.
Ayni paytda shaharning bir necha joyida “Birlik” harakati va boshqa guruhlar nomidan yozilgan va Mesxet turklarini o’ldirishga, qatliom etishga chaqirilgan varaqalar “topiladi”. Harakatlarning mahalliy va hamda viloyat, respublika kengashlari bu tuhmat ekanligini aytib chiqishadi.
Biz komissiya ishini davom ettirar ekanmiz, Primqul Qodirov bir hisobotni ko’rsatib, shunga qo’l qo’yishimizni, masalani bitirishimiz kerak ekanligini aytdi. O’qib ko’rsak, komissiya “hukumat talashib yurgan to’dalar”ning aybi bilan qon to’kilgani va bunday harakatlarni ta’qiqlash zarurligi xulosasiga kelgani aytilgan. Janjallashib qoldik. Men boshqa hisobot yozdim. Ammo ko’pchilk Primqul Qodirov taqdim etgan hisobotga imzo chekkani uchun, men o’sha hisobotni olib, ostiga qo’lim bilan uning yolg’onligini va gap nimada ekanligini ilova etib qo’shimcha yozdim. Qarangki o’sha kezda baribir dovyuraklar topilardi, mening bu raddiyamni qo’llab to’rt kishi imzo chekkandi.
Biz masalani rayosatga olib chiqdik. Sessiyada muhokama qilamiz, desak, Islom Karimov majlisga kelib qoldi va masalani kengroq tekshirish kerakligini aytib, kun tartibidan chiqardi. Biz to’plagan hujjatlarni uch nusxada ko’paytirgan edik. Men ularning to’rtinchi nusxasini ham qilib, bir yosh jurnalistga berdim va:
-Buni olib borib, temir qutiga solib, ko’mib qo’ying, kelajakda sizni tanitadigan manba bu, qolaversa tarix va xalq oldida ulkan xizmat qilgan bo’lasiz,-dedim.
Bizning qo’limizga o’ta muhim hujjatalar o’tib qolgani bois Karimov juda bezovtalanib qolgandi. Parkent komissiyasi hujjatlarining har uchchala nusxasi ham menda edi va bir kuni ishga kelsam, xonamda mazkur hujjatlar turgan seyf yo’qolib qolgandi. Xayriyat-ki, bir nusxasini oldinroq birovga berib yuborgan ekanman.
Aks taqdirda Parkent voqeasi ham Farg’ona fojeasi kabi tarixning oq sahifasiga aylanib qolar va uni istaganlari kabi talqin etishardi.
Kelgusida Parkent komissiyasi hujjatlarini balki o’sha jurnalist nashr etar va Karimov tarixining bu qonli sahifasidan xalq to’la xabardor bo’lar?!
14. JIGARISTON yoki DADAXONNING HIKOYaSI
Xastahonada edim. O’sha kezlari Karimov bilan kurashimiz avjiga chiqqan edi. Hukumat kasalxonasidagi do’xtirlar tomog’ingizni amaliyot qilishimiz kerak, anginangiz yurakka ta’sir qilmoqda, deb qo’yishmadi. Bir haftada o’tib ketar, deb o’yladim. Ammo 57 kun kasalxonada yotdim. O’shanda negadir amaliyot uchun boshqa kasalxonaga olib borishdi. Amaliyot paytida tomog’imdan qon ochildi. Qonni to’xtatamiz, deb paxta bosib qo’yishdi va chiqib ketishdi. Umr yo’ldoshim va qaynonam qidirib, topib kelishganda, mening nafasim qaytib, yuzlarim qoraya boshlagan ekan. Amaliyot qilgan do’xtir esa ketib qolgan. Navbatchi kelib tomog’imga tiqilib qolgan paxtani olgan. Menga amaliyotdan oldin qon bosimini ko’taradigan dori berishgan ekan. Hamshira “Bu qon bosimingizni oshiradi”, deya amaliyotdan keyin mazkur dorini bermay qo’ydi.
Umr yo’ldoshim shundan so’ng doim yonimda turdi. Endi tuzalib qolgan kunlarim edi, hamkasbim, taniqli jurnalist do’stim Dadaxon Yoqubov kirib keldi. Rang-ro’yida qon yo’q. Garchi amaliyotdan chiqqan bo’lsam ham u hol-ahvol so’ramasdan,
-Meni tepdi, – dedi.
Darrov angladim. Prezident tepgan. Chunki do’stim Islom Karimovga yordamchi edi. Ammo amaliyotdan chiqqanim uchun unga darhol javob bera olmadim.
-Ayting, nima qilay? Iste’fo yozay-mi, ketay-mi? – dedi u.
-Nima bo’ldi çzi? – deb arang so’radim kinoya bilan.
U bilan juda yaqin do’st edik,birga ishlaganmiz.
Lekin shuncha kundan beri ilk bor keldi va “Qandaysan” deb so’ramadi hatto.Bu esa qiziq edi. Chunki Dadaxon biror bir gapni eshitsa, sir saqlashi qiyin, yo holati o’zgarar, yoki birovga aytib qo’yardi.Umuman olganda ko’ngli ochiq yigit edi.
-Jigaristonga borib, qishloqni tuproq bosib qolishini o’rgandim. Mutaxassislar bir necha marta yuqoriga xat yozib, xavfdan ogoh etishgan ekan. Agar oldi olinsa, shuncha odam o’lib ketmasdi. Prezidentga kirib, «Jinoyatchi shu erda ekan, sizdan xatni yashirishgan» deganimni bilaman. «Jahongirni dushman der edim, sen etti marta ziyod dushman ekansan! Onangni…» deb so’kib tepa ketdi. Ayting nima qilay?
Toshkent viloyatining Jigariston qishlog’ida fojia yuz bergandi.Olimlar bir necha yillardan beri bu erda teppaliklar ko’chib, qishloqni bosib qolishi mumkinligi haqida ogohlantirishgan, lekin hukumat e’tibor bermagan. Hatto prezidentga ham bir necha marta maktub yozishgan ekan. Ammo hukumat rahbarlari bu joyga fojia yuz berib, ko’plab odamlar tuproq ostida qolib ketgandan keyin borishdi. Go’yo ularning qismatiga achingan bo’lishdi. Dadaxon Yoqubov fojiadan ancha oldin maktublar prezident devoniga kelganidan xabar topgan. Lekin bu maktublar prezidentga ko’rsatilganidan esa bexabar bo’lgan.
Uning “Nima qilay?”, degan savoliga,
-Chidab yuravering, – deb kinoya qildim.
Chunki odamdagi or-nomus va hamiyat tepki eb, indamay yuraverishga qo’ymaydi, deb o’ylardim. Ammo u keyinchalik ham kaltak eganini yarim hazil-yarim chin shaklida aytib, kulib yurdi.
Dadaxon talantli jurnalist edi. U bilan birga “Hayot quvonchlari va tashvishlari” deb nomlangan va xalq orasida mashhur bo’lib ketgan dasturni birgalikda tayyorlaganmiz. Birgalikda 1990 yilning Navro’zida 26 soatlik marafon ko’rsatuvini uyushtirganmiz. U Namangandan deputat bo’lib saylanganda ishonchli vakil bo’lib borib, uni targ’ib qilganman. Shu bois yaqin do’stimga prezidentning bunday munosabatidan juda ranjiganman.Qolaversa o’zining ham bu masalaga bu qadar engil qarashidan xafa bo’lgandim.
-O’zimning ham ketishga ko’nglim yo’q, mana siz ketib, yutdingiz-mi, yutqizdingiz- degandi u o’shanda.- Oqsoqol uradi, so’kadi, ammo yomon odam emas!
Keyin ham “Dadaxonni uribdi” degan gaplarni ko’p eshittim. Lekin uning kasalxonadan chiqib ketayotib, “tirik qolishingiz mo’jiza” degani hamon yodimda.
Oradan bir-ikki yil o’tib eshitib qoldim. Prezident Dadaxonga bir shikoyat xatini berib Ishtixon tumani hokimi To’raqul Yo’ldoshevni tekshirib kelishni buyuribdi. To’raqul aka Sovet davridayoq televidenieda paxta masalasini sharhlab, tanilib qolgan siyosatchi edi. Odamlar bilan qanday muomala qilishini, kimning ko’nglini qanday topishni bilar edi. Oliy majlisning sessiyalar o’tadigan zalida hammaning o’z o’rni bor va mening o’rnim To’raqul aka bilan yonma-yon tushib qolgani uchun majlis ochilishidan oldin doim hangoma qilib o’tirar edik.
Bizning ettinchi sessiyadagi to’polonimizdan keyin kimdir To’raqul Yo’ldoshev ham fitnaning ichida bor, u ham Mirsaidovning odami, degan ekan, bir shikoyat xati uyushtirilib Dadaxonni tekshirishga yuborishgan. Dadaxon To’raqul akani maqtab hisobot yozib qaytibdi.Shundan keyin Karimov To’raqul Yo’ldoshevning o’zini chaqirgan va u ba’zan Mirsaidov bilan ham uchrashganini tan olgan. Bir tuman rahbarining Bosh vazir bilan uchrashishi tabiiy narsa. Buning ustiga To’raqul aka Karimov bilan ham Mirsaidov bilan ham ilgari birga ishlagan. Shundan keyin devondagi “quloq”lardan biri Dadaxon undan pora olgan, deb aytgan ekan, Prezident unga telefon qlibdi.”Navro’z” fondi Turob To’la kochasidagi birinchi o’yda bo’lib, Yozuvchilar uyushmasi ham o’sha erda joylashgan edi. Yosh shoirlardan biri, voqeani shunday hikoya qilib berdi:
-Dadaxon aka hovliqib xonalarimizga kirib, “Islom aka” kelayaptilar, hozir o’zlari telefon qilib borayapman” deb aytdilar dedi. Biz ishonmadik. Prezident keladigan bo’lsa bir necha kun oldindan tayyorgarliklar bo’lardi-da. Ammo ko’p o’tmay binoga Islom Karimov kirib keldi. U shaxdam odim bilan keldi va Dadaxon akaning xonasiga kirib, darhol chiqib ham ketdi. Yugurib ichkariga kirsak, Dadaxon akaning og’zi, burni qon edi…
Ha, bunga ishonmadingiz. Hech kim ishonmaydi. Ammo men ishongandim. Nima uchun-mi? Chunki o’zim guvohi bo’lgan voqealarning oldida bu oddiygina hol edi-da.
15. 7-SESSIYa: DEMOKRATIYaNING SO’NGI KUNI
1991 yil 30 Sentyabr… Mustaqil O’zbekiston tarixining favqullodda muhim kuni. Shu kuni O’zbekiston demokratiya va zulmni tanlash chorrahasida edi. Demokratiyani tanlashi uchun bir odim qolgandi. Ammo yakkahokimlikni, qonunsizlikni, mamlakat Konstitutsiyasini tan olmaslikni, bir so’z bilan aytganda zulm yo’lini tanladi. Nega?
1991 yilning 30 Sentyabrida ish boshlagan O’zbekiston Oliy Kengashining o’n birinchi chaqiriq 7-sessiyasi haqida gap ochilganda ana shu “Nega?” degan savol o’rtaga tushadi. O’zbekiston hukumati bu sessiyaning barcha yozuvlarini yo’qotib yuborgan va tarix sahifalarida ham bu borada biror iz qoldirmagan. Lekin tarix hukumatlarga bog’lanib qolgan emas.
7-sessiyaning muhim bir qismi tushirilgan videotasmani taqdim etgan kishi “O’shanda televizorni ko’rib o’tirib, voqealar qiziy boshlagandan keyin yozib oldim, ammo ma’lum bir joyga kelganda uzib qo’yishdi” dedi. Video tasmada 7-sessiyaning kun tartibini muhokama qilish jarayonida qizg’in chiqshlarning bir soatdan ko’p, ya’ni mutlaqo muhim bo’lgan qismi aks etgandi. Bu esa bugunga qadar 7-sessiyaga orqavarotdan berilgan uch xil bahoning ham naqadar yolg’on, chirkin manfaatlar yo’lidagi uydirma ekanligini o’rtaga qo’yadi. Avvalo haqiqatga nazar tashlaylik-da keyin berilgan baholarga.
Xullas, bu miriqib tomosha qilinadigan va o’ziga xos tarixiy filmni esltadigan video yozuv O’zbekiston Oliy kengashi Qonunchilik qo’mitasida ishlagan, Oliy Kengashdagi demokratik deputatlarning “Tashabbus” guruhi faoli, samarqandlik deputat Toshpo’lat Jo’raevning (E’tibor bering samarqandlik, toshkentlik emas-J.M.) so’zlari bilan boshlanadi.
JO’RAEV: Haqiqatdan ham xalqimiz qo’yday qilib tarbiyalab qo’yildi. Bu odamga alam qilib ketar ekan, shu qo’yday xalqning farzandi bo’lganing. Men “Tashabbus” guruhi nomidan O’zbekiston Konstitutsiyasining 48-moddasiga binoan quyidagi taklifni kiritaman. 48-moddada shunday deyiladi: “Xalqning manfaatlariga muvofiq va sotsialistik tuzumni mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida O’zbekiston SSR grajdanlariga so’z, matbuot, yig’ilishlar, mitinglar, ko’chalarda namoyishlar qilib yurish erkinligi kafolatlanadi.O’z siyosiy erkinliklarini amalga oshirish, mehnatkashlarga va ularning tashkilotlariga jamoat binolari, ko’chalar va maydonlarni berib qo’yish, axborotni keng tarqatish, matbuot va televideniedan keng foydalanish imkoniyatalarini berib qo’yish bilan ta’minlanadi”.
Biz bo’lsak Konstitutsiyaga teskari ish qilib o’tiribmiz.Butun huquqlarni Rayosatga berdik. Rayosat mana shu mitinglarni taqiqlash masalasini qo’ydi va biz uni tasdiqlab yubordik.Endi matbuot anjumanlarida savol berishganda biz aybdor bo’lib o’tiribmiz. Men mana shu masala kun tartibiga qo’yilishini, ya’ni “O’zbekistonda mitinglarni ta’qiqilash” qarorini bekor qilish masalasi kun tartibiga kiritilishini talab qilaman.
Ikkinchisi, respublikamizda qonunlar bajarilmayapti. Mana men qonunchilik komitetida ishlayaman. Lekin bu komitet nomidan gapirmayapman. Ayrimlar chiqib meni tanqid qiladigan bo’lsa, shuni hisobga olsin, inson huquqlari har qadamda poymol qilinyapti bizda. Kichkina bir haqiqatni topish uchun kishilar ming devorga bosh urmoqdalar. Haqiqatni topishni istab kelgan odamlar oldida ular ishonib kelgan odamlar ham qiyin vaziyatga tushmoqdalar. Dardini ayta olmagani uchun ham odamlar o’zlari hukm chiqarmoqdalar. Ruschasiga “samosud” deydi. O’zbekchasi nima ekanligini bilmayman. Mana shundan keyin o’zlariga o’t qo’ymoqdalar, o’zlarini osmoqdalar, yoki birovni otayaptilar, do’pposlayaptilar, mana shu qusurlar ko’pligidan ham endi xulosa qilaversak bo’ladi.
Ishim yuzasidan respublikaning ko’zga ko’ringan huquqshunoslari bilan gaplashib turaman.Ularning va o’z xulosam asosida shuni aytamanki, hatto deputat Shovruq Ro’zimurodovga ham nohaqlik bo’ldi.U jinoyat qilgan emas, uning aybi rahbarlarni haqorat qilishda. Bu aybning jazosi jarima berishga to’g'ri keladi.Men bir o’zimning nomimdan emas, balki deputatlarning “Tashabbus” guruhi nomidan taklif qilamanki, Ro’zimurodovni shu erga olib kelishsin va aybi bo’yniga shu erda muhokamada qo’yilsin, degan masalani kiritishni taklif qilaman. Men aytgan masalalarni kun tartibiga kiritishni ovozga qo’yishingizni so’rayman.(Zalda “To’g'ri” degan hayqiriqlar va qarsaklar)…
IZOH:Majlisga ilgari KPPS Markaziy komitetida ishlagan va 1989 yildagi Farg’ona voqealarida viloyat partiya qo’mitasining ikkinchi kotibi bo’lgan, shu voqealarda qo’li qonga botib, tili qisiq bo’lib qolgandan keyin Karimovning tashabbusi bilan Toshkentga ishga keltirilgan va maqtay-maqaty Oliy Kengashga rais etib qo’yilgan Shavkat Yo’ldoshev rahbarlik qilmoda edi.
YO’LDOShEV: O’rtoqlar yana kimda qanday takliflar bor…
ZALDAN: Oldin aytilgan masalani ovozga qo’ying!
IZOH:Demokaratik qoidalarga ko’ra deputatlar kiritgan har bir taklif ovozga qo’yish yo’li bilan yo qabul qilinishi va yoki rad etilishi kerak. Qabul qilingan taqdirda ana undan keyin muhokamaga qo’yiladi. O’sha paytda bu tajriba Mixail Gorbachev boshchiligida, jumladan Shavkat Yo’ldoshev ham a’zosi bo’lgan SSSR Oliy kengashida odatga kirgandi. Ammo Moskvadagi demokratik sessiyalarda qatnashgani bilan Shavkat Yo’ldoshev o’z qoniga singgan tobelik, qo’rquv va qullikning asoratidan chiqa olmagani uchun o’ng tarafida o’tirgan Islom Karimovning imosi bilan nima bo’lsa ham takliflarni bekor qilishga urinardi. Zaldan “taklif ovozga qo’yilsin” deya har qancha hayqiriqlar kelmasin, uning tayinsiz javobi tayin edi:
YO’LDOShEV: Hozir, hozir avval hammasini bir ko’rib chiqaylik, keyin ovozga qo’yamiz.
ZALDAN: Nega ovozga qo’ymaysiz?
YO’LDOShEV: Nimani… Uchta taklif bo’ldi. Mitinglar, Inson huquqlari va Ro’zimurodov to’g'risida. Endi Ro’zimurodov to’g'risida prokurorning bir axborotini eshitish kerak….
YO’LDOShEV: Marhamat..
IZOH: Yo’ldoshev partiya nomenklaturasining deputati Toshkent shahar 52-saylov okrugidan saylangan emas, siylangan Najmiddinovga so’z beradi.
NAJMIDDINOV:Menda shunday taklif bor. Sessiyadan oldin vakillar kengashining yig’ilishi bo’ldi va kun tartibi ma’qullandi. Oldin shu masala ovozga qo’yilsin, keyin boshqa gaplar.
IZOH: Shu o’rinda vakillar kengashi, degan qurumga qisqa izoh berish kerak. Sovet davrida partiya rahbarlari bir joyga to’planib mana bu kun tartibi va shu hech qanday gap so’zlarsiz o’tishini ta’minlaysizlar, deyiladigan majlis bo’lardi. Sessiyalardan oldin o’tadigan bu majlis an’anasi bizda ham qolgan va u erda Islom Karimov viloyat rahbarlariga topshiriqlar berib, keyin sessiya boshlanardi. Mazkur sessiyaning kun tartibi oldindan Karimov tomonidan ko’rib chiqilgan, rayosatda tasdiqlanib matbuotda e’lon qilingan edi. Lekin sessiya boshlanishidan avval Karimov kun tartibiga vitse perzident vazifasini yo’qotish va prezident saylovi haqidagi qonunni qo’shish fikriga kelgandi. Deputatlarning takliflari inobatga olinmagan holda Karimovning hatto o’zi tuzgan Rayosatni ham chetlashi o’sha kezda, qayta qurish va oshkoralik uchun kurash borayotgan paytda g’ayrioddiy edi.
YO’LDOShEV: Juda to’g'ri, shunday qilsak to’g'ri bo’ladi.Endi men vakillar kengashining hamma taklifini aytib ulgirganim yo’q o’rtoqlar. U erda yana bir taklif kiritildi, prezident tomonidan. Islom Abdug’anievich buni o’zingiz aytasizmi yoki men aytaymi?
KARIMOV: O’rtoqlar, bugungi kun tartibni, albatta, oldindan aytishimiz kerak edi, chunki bu masala Rayosat majlisida ko’rilgan va ko’pchilk bu masalada o’z fikrini bildirgan.Menda Rayosatning obro’si nuqtai nazarida bir fikr tug’ilmoqdaki, deputatlar birinchi galda Rayosat qabul qilgan masalani ko’rib chiqishi kerak. Ikkinchidan biz oqsoqollar, ya’ni viloyatlardan kelgan vakillar bilan kelishilgan kun tartibini ham ovozga qo’yib kelishib, tasdiqlab olgandan keyin qo’shimcha masalalar bo’lsa, ko’rish mumkin.Bu demokratiya ham shuni talab qiladi. Vakillar ko’rgan masala qolib ketib, boshqa masalalarga o’tish, uni ovozga qo’ymasdan boshqa masalalarni ovozga qo’yish, bu demokratiyaga to’g'ri kelmaydi. Maning fikrim shundayki, oldindan har tomonlama ko’rib chiqilgan kun tartibini oxirigacha o’qib berib, shu masalalarni asos qilib olib, agarki shu borada qo’shimchalar bo’lsa keyinroq ko’rilsa, bu kun tartibini bir chiziqqa solishga imkon beradi.Bu sessiyamizni ham u yoqqa, bu yoqqa burmasdan bitta chiziqda olib borilishini ta’minlaydi.
IZOH: Bu ochiq qilib aytganda umuman taklif kiritilmasin, degani edi. Lekin o’zlari bundan istesno….
KARIMOV:Maning qo’shimcha taklifim shu ediki, vakillar kengashida kelishganimizdek, Prezident saylovi haqidagi qonunni bugun qabul qilsak, yana bitta masala chiqadiki, vitse prezidentlik masalasi ham ko’rib chiqilishi kerak. Shuning uchun mening taklifim shundayki, vitse prezident lavozimini bartaraf qilib, yo’q qilib, Primer minister lavozimini kiritish. Nima deganda bizlar bir vaqt qabul qilgan edikki, vitse prezident Vazirlar mahkamasi ishini yuritadi deb, hozir vaziyat shunday keskin bo’lib ketayaptiki, mana qish yaqin kelayapti, bozordagi, magazindagi ahvollarni hammamiz ko’rayapmiz. O’zbekistonning ta’minotining yil oxirigacha bo’lgan balansi to’g'ri kelmayapti. Yangi yilga tayyorgarlik ko’rishimiz kerak. Odamlar vahimada. Mamlakat ahvoli juda og’ir. Shu nuqtai nazardan, aytaylik, hozirgi qilayotgan ishlarimizni tanqidiy ko’z bilan qarab, mana Shukur Rahmatovich (Vitse prezident Mirsaidov-J.M.) ham vakillar yig’ilishida gapirdilar, juda kamchiligimiz ko’p. Shu nuqtai nazardan bu masalani ixchamgina qilib, vazirlar mahkamasini boshlig’i qilib Primer ministerni saqlasagu, saylasagu shu odam butunlay iqtisodiy ishlarni qo’liga olib, men nomzod qilib shu o’rtoq Mirsaidovni shu lavozimga ko’rsatmoqchiman. Demak, ikkita masala o’rtaga chiqadi. Vitse prezident vazifasini yo’q qilish, Bosh vazir vazifasini o’rnatish. Keyin Mirsaidovni shu lavozimga saylash.
YO’LDOShEV: Taklif kiritildi, vakillar kengashidagi kun tartibini asos qilib olish va keyin qo’shimcha takliflarni ko’rib chiqish.
IZOH: Zaldan Karimovning qo’shimcha taklifi ham boshqa qo’shimcha takliflar bilan bir ko’z bilan ko’rilsin, degan gap aytiladi. Bunga javoban:
YO’LDOShEV: Vakillar kengashida ham Islom Abdig’anievich bu gaplarni aytgandilar. Shuning uchun u kishining takliflari bilan vakillar kengashidagi takliflarni birgalikda qabul qilinsin, degan taklifni kiritaman.
IZOH: Zaldan yana nega oldingi takliflarni ham qo’shib ovozga qo’ymaymiz, degan hayqiriqlar eshitiladi. Universitet okrugidan saylangan deputat Marat Zohidov so’z so’rab minbarga tomon yurgani ko’rinadi.Keyin ekranda mazkur sessiyadan keyin bo’htonlar bilan 22 yilga qamalgan, mustaqillik istab mustaqillik zindonining bandiga aylangan xalq deputati Samandar Qo’qonov kun tartibi bo’yicha gapiradi.Unga Yo’ldoshev javob beradi:
YO’LDOShEV: Siz gapga quloq soling o’rtoq, men asos qilib olishni iltimos qilayapman
IZOH: Yana norozilk sadolari eshitiladi.
YO’LDOShEV: Men vakillar kengashi qabul qilgan kun tartibini ovozga qo’yaman. Marhamat ovoz beringlar.
IZOH: Ovoz natijalari quyidagicha: Tarafdorlar 365, qarshilar 31, betaraflar 9 va ovoz bermaganlar 21, ja’mi 425.
Shu o’rinda ta’kidlash kerakki, o’shanda hukumat ovoz berilishini nazorat ostiga olish uchun elektron uskunani o’ratgan va uning to’g'ri yoki noto’g'ri ishlayotganini hech kim bilmasdi. Ba’zan ovoz berganlar soni bilan qatnashgan deputatlarning soni umumiy hisobda to’g'ri kelmay qolishi bu mashina usta qo’l bilan boshqarilayotgan bo’lsada o’zini-o’zi oshkor qilib qo’yayotganini ko’rsatardi. Bu narsa hozir ham ko’zga tashlandi.
YO’LDOShEV:Qayta ovozga qo’yaman…
IZOH:Yuqorida ovoz berildi, deb e’lon qilindi va endi qaytadan ovozga qo’yildi. Birinchisida masalaga 365 deputat tarafdor bo’lgan bo’lsa bir necha soniyadan keyin ularning soni 122 ga tushgani e’lon qilindi. Qarshilar oldin 31 edi va endi 243 bo’ldi.Betaraflar 9 dan 13 ga chiqdi va ovoz bermaganlar 21 dan 45 ga. Umumiy hisobda ham farq bor edi. Avval 425 bo’lsa endi tabloda 429 ko’rinayotgandi. Bir so’z bilan ovozlarni ko’rsatish tablosi Afandining latifasiga aylangandi. Sen bilganingni qil, men bilganimni qilaman deganday. Demokratik deputatlar bu tablo ortidagi mexanizmni o’rganish uchun har qancha urinmasinlar hech narsaga erisha olmagandilar. Mana endi tablodagi antiqa natijalardan g’azablangan deputatlar minbarga qarab yura boshlaydilar. Deputat Baxtiyor Qodirov zalda turib hayqira boshlaydi. Unga boshqalar ham qo’shiladilar. Minbar yoniga buxorolik deputat, Fan, xalq ta’limi qo’mitasining a’zosi Rinat Mirxonov kelib so’z berasiz, deb turib oladi.
YO’LDOShEV:Bo’pti, demak mitinglar masalasini ovozga qo’yaman. Mashinani ishlatinglar, bu mitingvozliklarni yaxshi bilib turibmiz nima ekanligini.
IZOH: Ovoz berish natijalari e’lon qilanadi.Tarafdorlar 383, Qarshilar 10, betaraf 7, ovoz bermaganlar 29, Ja’mi 429. Qizig’i shundaki, bu masalani kun tartibiga kiritishni talab qilib 63 deputat imzo qo’ygandi. Tabloda esa faqat 9 deputat bu talabni istamoqda, degan natija. Bu esa yana norozilk uyg’otadi. Ammo e’tirozlarni Yo’ldoshev qaytarib tashlaydi va:
YO’LDOShEV: 429 ta odam ovoz beribdi. Bu taklif qabul qilinmadi. Ikkinchi…Inson huquqlari tog’risida… shunga ham munosabatlaringzini bildirishni iltimos qilaman… O’rtoq Jo’raev aniq bir taklif kiritmadi. Inson huquqlari yo’q, inson huquqlari poymol qilinayapti, degan gaplar… nimasini buni man… Shuning uchun man taklif kiritaman, mana bu erda bir guruh deputatlar taklif kiritishgan, mana bu erda yozishgan (ruscha matni o’qiydi)
-”Oliy kengash raisiga, sizdan bir guruh deputatlarning Inson huquqlari borasidagi Deklaratsiyani ratifikatsiya qilish masalasini kun tartibiga kiritish yuzasidan taklifini aytish uchun menga so’z berishingizni so’rayman”
Menimcha bu erda so’z berishga ham hojat yo’q. Chunki maqsad SSSR Xalq deputatlarining navbatdan tashqari 5 sessiyasida qabul qilingan Deklaratsiyaga qo’shilish haqida gap bormoqda. Biz bu masalani qabul qilganda Moskvada ishlashning o’rniga ko’p vaqtimiz tanafusga ketgan edi. Shuni qabul qilsak qarshilar yo’qmi?
KARIMOV:Endi buni doimiy komissiya ko’rib chiqishi kerakmi, yo’qmi? O’zbekiston o’zining qo’shimchasini qo’shishi kerakimi, yo’qmi? Balki mana shu mitinglarni ham shunga qo’yish kerakdur? Bir komissiya tuzaylikda, unga topshiraylik, tayyorlab, qo’shimchalarni qo’shib, keyingi sessiyaga olib chiqsin.
IZOH: Zaldagi norozilik to’lqinini bosa olmagan Yo’ldoshev mikrofon yonida kutib turgan Rinat Mirxonovga so’z beradi. U rus tilida gapiradi.
MIRXONOV:Hurmatli deputatlar. Kelinglar eslaylik, SSSR oliy Kengashining 5-sessiyasida O’zbekistondan saylangan deputatlar ham qatnashgan edilar, demak, biz mustaqil O’zbekiston ham o’z navbatida bu hujjatni tasdiqlashimiz kerak. Unga hech qanday o’zgartirish kiritish talab qilinmaydi.Bu hujjat matbuotda ham e’lon qilindi va bizning xalqimizning butun talablariga mos tushadi. Mana biz talabnomaga qariyb 20 deputat qo’l qo’yganmiz. Biz saylovchilarimiz bilan uchrashganda ular mustaqil O’zbekiston ham inson huquqlari qoidalariga rioya qiladimi, yo’qmi, deb so’rashadi. Xo’sh biz nima, deb javob berishimiz kerak. Agar biz demokratik taraqqiyot yo’lini tanlagan ekanmiz, demak inson huquqlariga hurmat ko’rsatishimiz kerak. Boshqa tomondan biz bu hujjatni qabul qilib, mana shu erdan turib, dunyodagi mamlakatlarga va BMTga murojaat qilib, bizni mustaqil O’zbekiston sifatida tan olishlarini talab qilishimiz mumkin.(Zalda qarsaklar) Shu bois ham men sizlardan taklifimizni qo’llashingizni va bu taklifni kun tartibiga kiritilib, qabul qilinishini so’raymiz.
YO’LDOShEV: Demak ikkita taklif bo’lmoqda. Birinchisi, Deklaratsiyani kun tartibiga kiritib, qabul qilish va ikkinchi taklif o’zimizdan bir guruh odamlarga bu Deklaratsiyani ko’rib chiqishni topshirish va o’zgartirishlar bilan shunday bir Deklaratsiyani tayyorlab, keyin uni qabul qilish. Man birinchi taklifni ovozga qo’yaman.
IZOH:Bu erda Yo’ldoshev o’zi bilmagan holda to’g'ri yo’lga tomon adashdi. U deputatlarning taklifini avval, Karimovning taklifini esa keyin ovozga qo’yishni aytayotgandi. Shu o’rinda ta’kidlash kerakki, gap Inson Huquqlari Umumjaon Deklaratsiyasi haqida borayotgan edi. Bu hujjatni SSSR Oliy kengashi ham ratifikatsiya qilgan va undan kelib chiqqan holda qaror qabul etgandi. Boshqacha aytganda, Deklaratsiya matnini o’zgartirishga hech kimda asos yo’q edi. Birinchi taklif ko’pchilik deputatlar tomonidan qo’llangani va ovozga qo’yilishi hamon qabul qilinishini sezgan Islom Karimov Yo’ldoshevning no’noqligiga zarda qilib, yana uning so’zini kesdi.
KARIMOV: Shavkat Muhitdinovich, kechirasiz, bo’lmasa hozir bir komissiya tuzaylik va shu komissiya kunning oxirida o’z taklifini aytsin, agar ulgursa qabul qilaylik, ulgurmasa agar keyingi sessiyaga o’tkazaylik yoki bir kelishib olaylik, o’rtog’imizning aytgan gapi to’g'ri, agar biz mana shu qarorni qabul qilsak butun dunyoda bizga boshqa ko’z bilan qaraydigan bo’lishadi.Shu nuqtai nazardan albatta qabul qilish kerak. Lekin bir guruh odamlarni saylab bu ishni ularga topshirib, kun oxirida qabul qilsak.
IZOH: Islom Karimov gapini tugatar ekan Shavkat Yo’ldoshev bir daqiqa oldingi gaplarini unutib darhol suvning oqimini prezident tomonga burib yubordi. Ya’ni demokratiya sohilidan yakkahokimlik qirg’ogiga sakradi.
YO’LDOShEV: Demak shuni kun tartibiga qo’shsak. Shunga ovoz bersangizlar. Qabul qilindi. Kun tartibiga qo’shildi. Endi Ro’zimurodov to’g'risida. Buni alohida bir komissiya tuzib keyin ko’rib chiqishimiz kerak. Biz Oliy kengashda bu jinoyatchi, bu jinoyatchi emas, deb xulosa chiqarishga qanday haqqimiz bor? Bu nima degan gap? Biz huquqiy mamlakat qurayapmiz, deyapmiz. Huquq yaratuvchi, ijro bajaruvchi va qonunni saqlaydigan organlar ham bir-biri bilan birga ishlashi keragu, ammo hammasi o’z vazifasini bajarishi kerak, deyapmiz.
IZOH:O’sha kezda mamlakatning eng oliy organi bu Oliy kengash edi. Prezidentni saylash ham bu kengashning zimmasida edi. Lekin vakolatlari juda kengligiga qaramasdan hatto o’zini himoya qila olmaydigan vaziyatga tushirilmoqda edi. Demokrat deputatlar Shovruq Ro’zimurodov masalasini ko’tarib chiqar ekanlar uning nima uchun qamalganini bilar edilar. Karimovning ro’yxati bilan deputat bo’lgan tili qisiqlar ham buni bilishar edi. Karimov Shovruqni qamashni respublika huquq idoralarining rahbarlariga shaxsan topshirgan va ular endi o’zlarining qarorlarini yolg’on-yashiq bahonalar, ikkiyuzlamachilik bilan himoya qilishga kelganlarini ham deputatlar yaxshi bilardilar. Karimov demokrat deputatlarga qarata qattiq hujum boshlatgan va o’zining ro’yxatiga kirmasdan saylanganlarni, yoki oddiy qilib aytganda o’zining yo’liga yurmaganlarni Shovruq kabi yo’qotmoqchi edi.
Men zaldan minbar tomon yuraman va so’z berilishini talab qilaman.
YO’LDOShEV: Chiqing marhamat.
MAMATOV: Muhtaram do’stlar.393-saylov okrugi, Jomboy. Mana inson huquqlari Deklaratsiyasi haqidagi tortishuvning o’zi ham ko’rsatmoqdaki, bizda hali inson huquqlari juda ko’p poymol qilinadi. Axir, Shovruq Ro’zimurodov bizning oila a’zoimiz-ku? Biz shu erda bir oilamiz-ku? Uchta sessiya o’tdi. Nega bir marta olib kelib eshitmadik? Qonunda yozib qo’yibdi: agar sizning ruxsatingiz bo’lsa ana undan keyin qamash mumkin.
Rayosat ortdan ruxsat berib yubordi, lekin qarorni olib kelib, bizga tasdiqlatgan emas. Shuning o’zi bizga haqorat-ku? Nega endi biz o’z sha’nimizni himoya qila olmayapmiz? Ertaga shunday holat boshqa odamning boshiga tushadi. Hozir bu erda har bir odamning ustidan o’nlab papkalarni to’ldirib tuhmat, bo’htonlar tayyorlab qo’yilgan.
Axir inson huquqlari har qadamda poymol bo’lmoqda.
Mana men sizlarga aytay. Hali meni hech kim Oliy kengashdagi ishimdan bo’shatgan emas. Hali men shu erdan oylik olayapman, ishlayapman. Lekin bir kechada saharlab mening stol-stulimni olib chiqib ketishsa, mening sessiyada so’zlaydigan nutqimning matnlarini olib chiqib ketishsa, mening telefonlarimni uzib, olib ketishsa men da’vomni kimga aytishim kerak? Kimning huquqi himoya qilinayapti? Kecha bu hol Shovruqning boshiga tushdi, bugun bu hol mening boshimga tushgan bo’lsa, ertaga boshqaning, sizning boshingizga tushadi.Mana shu erda hatto inson huquqlari Deklaratsiyasini qabul qilmaylik, deya ovoz berib zulmni qo’llaganlarning ham boshiga tushadi bu narsa.
Endi o’rganishimiz kerak. Inson huquqlari bor joyda taraqqiyot bo’ladi, inson huquqlari poymol etiladigan joyda hech narsa bo’lmaydi.
Islom Abdug’anievich, siz bu dunyoda ustun emassiz.Yoki O’zbekistonni sizning onangiz yaratgan emas. O’zbekiston onangizning mahriga tushgani yo’q-ku? Axir men majbur bo’ldim chet elga ketish uchun ariza yozishga. Nima uchun quvg’in qilasiz? Sizga bu haqni kim berdi?
IZOH: Majlisni olib boruvchi so’zingizni tugating, deya qo’ng’iroqni chaladi.
MAMATOV: Qo’ying, Ro’zimurodov kelsin bu erga va uni eshitaylik.(Zalda qarsaklar)
YO’LDOShEV: Endi man majburman prokurorga so’z berish uchun. Bo’ritosh Mustafoevich tayyormisiz?
IZOH:Aslida Islom Karimov Shovruq Ro’zimurodovni qamashni Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoev bilan birga Oliy sudga ishongan. Demokrat deputatlarning sessiyadan oldin ham bezovta bo’lganlarini bilgan prezident bu ishni Oliy sud majlisida ham tasdiqlatib ulgurgandi. Shu bois Bo’ritosh Mustafoev bu masalada menga emas, savollar Oliy sud raisi Ubaydulla Mingboevga tushadi, deb o’ylagan bo’lsa kerakki, hatto tayyorgarlik ham ko’rmagan va o’zining huquq borasidagi chalasavodligini oshkor qilib qo’ydi:
MUSTAFOEV:Bu masaladagi talab qonun talabiga asosan Oliy sovet prezidiumining roziligi bilan jinoiy javobgarlikka tortish, qamoqqa olish masalasi hal qilingan.U tergov bo’lib, sud bo’ldi, (Shovruq Ro’zimurodov-JM.) sudning hukmi bilan jazo oldi.Shu jazoni respublika Oliy sudining kollegiyasi ham tasdiqladi. Mana shu auditoriyada o’tirgan deputatlar qonun chiqarib tergov va sud organining qadamini o’lchaydigan va ular harakatlar qiladigan doiralarni ko’zda tutgan qonunlarni bajarib mana shu hukm, shu qaror va shu to’xtamga kelingan.
Hurmatli deputatlar, sudlangan, jazo çtayotgan kishini shu erga olib kelib so’roq qilish, yoki yuzlashtirish degan talab qonunda yo’q. Respublika oliy sudining raisi hukm chiqqanligi haqida deputatlar diqqatiga informatsiya tariqasida ma’lumot berish uchun sessiya oxirida so’z so’rashga tayyorgarlik ko’rmoqda.
IZOH:Lekin Oliy Kengashning shunday huquqi bor edi. Bundan Bosh prokurorning bexabarligi esa uni Bosh prokurorlik vazifasiga tasdiqlash jarayonida bir deputatning “Shundan ko’ra bir paxtakor brigadirni prokuror qilib qo’yganimiz yaxshi emasmi?”deya qilgan e’tirozi naqadar to’g'riligini ko’rsatardi. Ammo gap Oliy kengashning huquqi haqida emas, balki Oliy kengash chiqargan qonunga rioya qilinmagani, bu qonun buzilgani haqida borayotgandi. Respublikaning Bosh prokurori esa xuddi kolxoz partiya majlisida gapirayotgan kabi og’zidan chiqayotgan gaplardan bexabar edi.
MUSTAFOEV:Sudning hukmini parlament tekshira olmaydi, sud hukmining ustidan parlament qaror chiqara olmaydi, harakatdagi qonunni shu parlament qabul qilgan va uning (Shovruq Ro’zimurodovning-JM.) ozodligini talab qiladigan bo’lsa, unga qo’yilgan O’zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalarini bugun yo ertaga yangitdan holatda kiritib sanksiyasini butunlay yo’q qilmaguningizcha u hukm bu erda ko’rishga tegishli masala emas. Men buni shu qonun talablaridan kelib chiqqan holda tushuntirish tariqasida e’tiborlaringizga havola qilmoqchiman.
IZOH: Zalda qo’l ko’tarib, o’rnimdan turib minbardagi Bo’ritosh Mustafoevga O’zbekiston xalq deputati maqomi haqidagi qonunning 15 moddasini o’qib berdim. Unda O’zbekiston Xalq deputati Oliy kengashning izni olinmasdan qamalishi mumkin emas, deb yozilgan va uning daxlsizligi kafolatlangan edi. Ammo Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoev buni inkor etishga urinadi. Gap shundaki, deputatlarni bezovta qilayotgan narsa aslida qonunning buzilishi edi. Qonun bir deputat oliy majlisning izni bo’lmasdan qamalmasligini kafolatlar ekan, respublika Bosh prokurori esa o’z chalasavodligini ham yashirmasdan, nima bo’lganda ham masalani chetlashtirish uchun gapni boshqa tomonga burayotgan edi. Rayosatga esa faqat og’ir oqibatlarda, masalan birovni o’ldirganlik, deputatning ochiqda qolishi jamiyatga tahlika tug’dirgan hollarda uni qamash uchun ruxsat berish, ammo darhol bu qarorni Oliy kengash hukmiga olib chiqish vakolati berilgandi.
Shovruq Ro’zimurodov deputat bo’lgani holda qamalganidan keyin uchta sessiya o’tganiga qaramasdan uning masalasi muhokamaga olib chiqilmayotgandi. Uning aybi esa birinchi sessiyada “Islom Karimovni prezident qilib saylasangizlar u O’zbekistonni zindonga aylantiradi” degani edi.
Xullas, Oliy kengash raisi masalani ovozga qo’yib yuboraman, der ekan, zaldan yana shovqin ko’tariladi.Lekin rais masalani ovozga qo’yadi.
YO’LDOShEV: O’tmadi.
IZOH:Zalga ko’rsatilgan tabloda tarafdorlar 149, qarshilar 220, betaraflar 41, ovoz bermaganlar 21, ja’mi 431 degan yozuv paydo bo’ladi. Bu bilan ayni paytda Shovruq Ro’zimurodovning o’limiga ham hukm o’qilgandi. Chunki oradan bir necha yil o’tib u, haqiqiy ma’nodagi pahlavon yigit qamoqda qiynoqlardan jon bergandi. Shunday kunlar kelishini oldindan sezgan kabi Toshkent shahridagi Kuybishev tuman xalq deputatlari kengashing raisi Shuhrat Nusratov so’zga chiqadi.
NUSRATOV:Salom alaykum o’rtoq deputatlar. Maning bitta aybim bor. Zamonaning farzandiman. Balki qurboni hamdirman. Rus tilini o’zbek tilidan yaxshiroq, puxtaroq bilaman. Shuning uchun ruxsat bersanglar, juda ham muhim narsani qo’ymoqchiman, o’shani rus tilida gapirsam.
YO’LDOShEV:Yo’q, kun tartibi bo’yichami?
NUSRATOV: Kun tartibi bo’yicha.
(Nusratov gapining o’zbekchasi): Hurmatli deputatlar, Oliy Kengashning navbatdan tashqari 7-sessiyasi kun tartibiga quyidagi qo’shimcha masalalarni kiritishni so’rayman.
1.O’zbekiston prezidentining 1991 yil 26 Sentyabrda O’zbekiston Xafsizlik xizmati tashkilotini qayta tuzish borasidagi Farmonining bu tashkilotni Oliy kengashni chetlab o’tib to’ppa-to’g'ri prezidentga bo’ysundirish borasidagi qismini bekor qilish.
Umuman bu farmonni xalqqa qarshi, konstitutsiyaga qarshi, demokratiyaga qarshi bo’lgani va diktatorona bo’lgani uchun bekor qilish. Shu farmonning 2-moddasini o’qib bermoqchiman. Milliy Xavfsizlik xizmati to’pa-to’gri prezidentga bo’ysundirilsin, deyiladi bu moddada va bunday hol biror demokratik davlatda yuz bermaydi. Hatto biror totalitar davlatda ham bunchalikka borilmaydi. Mamlakatning razvedka, kontrrazvedka boshqarmalari barcha texnik asoslari va barcha eski ishlari bilan birga Oliy Kengash nazoratidan chiqarilib, bir kishining qo’liga berilmoqda.Bu tasavvur qilish va bunga yo’l qo’yish mumkin bo’lmagan narsa.Yoki bizni 30-40 yillar kutmoqdami? Oqibatlarni taxmin qilish mumkin emas.Ayniqsa bizning prezidentning quyushqonga ham sig’maydigan xarakteri bilan.
2.Men Ro’zimurodov masalasini boshqa jihat bilan qo’ymoqchiman. Qashqadaryolik deputat Ro’zimurodovning daxlsizlik haqqi poymol qilingani masalasi kun tartibiga kiritilsin.Men uning aybdor yoki aybdor emasligi masalasini ochiq qoldiraman. Agar aybdor bo’lsa jazosini olishi kerak.Bu sudning ishi. Hozirgacha ular bu ishni qoyil maqom qilib qo’yganga o’xshaydilar. Oliy kengash deputatini qamoqqa olishni faqat Oliy kengashning o’zi hal qiladi, ya’ni bizlar. Agar biz bu masalada o’z ovozimizni bermasak, ertaga bizni ham qamashadi.(Qarsaklar)
IZOH:Raislik qiluvchi qo’ng’iroqni chaladi va Nusratov kun tartibi belgilanishida reglament yo’qligini aytib, so’zida davom etadi.
NUSRATOV:Uch oydan ziyod vaqtdan beri bizning safdoshimiz bo’lgan deputat biz tomondan tasdiqlanmagan qaror bo’yicha qonunsiz ravishda turmada saqlanmoqda. Bu esa prezident istagan paytda bizlardan har birimizni qamoqqa oldirishi mumkinligini ko’rsatadi. Prezident xoxlaganini biz bilamiz. Prezident uni qamadi.Men bu masalani kun tartibiga kiritib, Ro’zimurodovni darhol ozod qilishni va bu erga olib kelishni taklif qilaman.
IZOH:Oraga yana raislik qiluvchi kiradi. Ammo partiya ishida chiniqqan Nusratov unga “Xalaqit qilmang, men baribir so’zimni davom ettiraman”, deb javob qiladi.
NUSRATOV: Men konstitutsiyaviy qo’mita raisi, akademik O’razaevga murojaat qilaman.Shavkat Zakarievich, bizning xalqimiz sizga ma’lumot berdi, sizni akademik darajasiga chiqardi, siz nimaga ega bo’lsangiz buning uchun xalqimiz oldida burchlisiz.Siz asl xalqdan bo’lmaganingizga qaramasdan deputatlar baynalminallik ko’rsatib, sizga Konstitutsiyani himoya qilishni ishondilar. Bu ishonchni oqlang va mening nazarimda qonunsiz bo’lgan bu ikki hujjatga baho bering,endi. Konstitutsiyaviy qo’mita xulosasi bo’lmasdan deputatlar uzil-kesil qaror bera olmasliklarini bilasiz. Agar bu borada Konstitutsiya talablari buzilgan bo’lsa va Konstitutsiyaviy qo’mita buni tan olsa, prezident ketishi kerak.
Respublika KGB raisi Alievga murojaat qilaman.Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoevga, Oliy kengash qonunchilk qo’mitasi raisi Erkin Xalilovga murojaat qilaman. Erkin, huquqshunos sifatida o’z xulosangni ayt. Qolganlar ham huquqshunoslar sifatida o’z fikrlaringzini aytinglar, darhol, hozir!Siz to’rtalangiz bugun o’z tanlovingizni qilishingiz kerak, deputatlardan mening taklifimni qo’llashlarini so’rayman.
Konstitutsiyaviy sud tanaffusda ko’rib chiqib, Ro’zimurodovni qamoqqa olish qonuniy bo’lganmi, yo’qmi, aytsin.Yuqorida nomlari aytilgan huquqshunoslar bu erga chiqib o’z fikrlarini aytsinlar va xalq bilsin, ular o’z kasblariga loyiqmi, yoki yo’qmi? Bugun biz bu erda o’tirganlar yo demokratiyani va yoki diktaturani tanlashimiz kerak. Ora yo’l bo’lmaydi. O’rtoq Yo’ldoshev mening taklifimni ovozga qo’ysangiz.
YO’LDOShEV: Men ham rus tilida aytaman. Biz hammamiz ochiq eshikka o’zimizni urmoqdamiz. Biz Ro’zimurodov haqida kelishib oldik.Sessiya oxirida oliy sud raisi informatsiya beradi deb. Bunga boshqalarning ham nomi qo’shilmoqda. Xo’sh ularni eshitgan bilan nima o’zgarardi?
IZOH: Shu payt Nusratov yana o’rnidan turib masalani ovozga qo’yishni talab qiladi. Zalda shovqin ko’tariladi.
YO’LDOShEV: Biz bu boradagi masalaga ovoz berib bo’lganmiz.
IZOH: Yana so’zga Karimov qo’shiladi.
KARIMOV:(Avvaliga rus tilida gapiradi, keyin o’zbekcha davom ettiradi) Men janob Nusratovga biroz ma’lumot berishim kerak. Chunki u qiziqqonlik bilan, hayajon bilan gapirdi. Ko’rinib turibdiki, o’rtoqlar bugungi sessiyaga tayyorlanganlar va o’zaro bir-birini qo’llash sezilib turibdi.O’zbekcha gapirganda, gap shunday bo’layaptiki, bugungi kun tartibiga, bugungi prezident sayloviga qattiq kimdir tayyorgarlik ko’rib, shu masalalarni bir-biri bilan bog’lab, Ro’zimurodov masalasi va boshqa masalalarni ham shunga ulab qo’ymqochi.
Lekin shu masalalarning hammasini rad qilmasdan, shoshilmasdan, o’pkani bosib, kelishib olishimiz kerak. Lekin o’rtoq Nusratov KGB haqida gapirdilar, nima uchun bunday ukaz(Farmon-JM) chiqqani haqida men sizlarga axborot berishim kerak. Lekin mening sha’nimga og’ir gaplarni aytmasdan o’rtoq Nusratov oddiy bitta zapros (deputatlik so’rovi-JM) qilsa ham bo’lardi.Nima uchun shunday bo’ldiyu… oldin mani javobimni eshitib, keyin xulosa chiqarsa, to’g'ri bo’lardi.Nima deganda bo’tdagi qarama-qarshilik hech narsaga olib kelmaydi, balki jamiyatimizni bo’lib, boshqa respublikalarda bo’layotgan qarama-qarshilikka olib keladi. Bugun yo demokratiya, yo o’lamiz, degan gaplar, bularni bo’tda aytishga hojat yo’q. Hamma gaplarni u demokratiyaga tegishli bo’lsa ham bizar juda chuqur o’ylab bir-birimizni shaxsimizga tegmasdan ko’rib chiqishimiz zarur. Shuning uchun KGB to’g'risida gapirsak, ko’pchilikning e’tiboriga bu masala yangi emas, mamlakatda KGB butunlay, hozir, to’kilib ketayapti.Qarorlar chiqayaptiki, mana shu KGB SSSR bo’yicha ertaga, mutlaqo bo’lmaydi.Shu nuqtai nazardan Ukraina yaqinda bir qaror qabul qildi. O’rtoq Nusratov shu qarorni ham o’qib chiqishi kerak edi.Shu qarorda, o’rtoq Nusratov, yozilganki uka, shu qarorda aytilganki, shu KGBni hozircha prezident saylovi bo’lguncha, vaqtincha Oliy kengash raisiga bo’ysindirish, uni KGB emas, hozir nomi boshqarma dedik, xizmat ham deyish mumkin.
Buni Ukrainaning prezidenti 1-dekabrda saylanguncha, e’tibor beringlar, saylaguncha uni Oliy kengashning raisiga qarash (bo’sundirish demoqchi-JM) to’g'risida qaror qabul qildi.Shuning uchun man Karimov bo’lib, O’zbekiston jumhuriyati prezidenti bo’lib, hech qanaqa o’zboshimchalik qilganim yo’q va aytaylik, demokratiyaga xilof narsa qilganim yo’q. Man o’ylaymanki, bu masalani ko’rib chiqishimiz mumkin.Manga ham qo’shimcha yuk kerak emas.
Agarki, KGB to’g'risida gapiradigan bo’lsak, KGBni Oliy kengashga ham qaratib qo’yishimiz mumkin.Bu hech narsa emas. Lekin KGBni ishi shunday operativ(tezkor demoqchi-JM) bo’ladiki, shunday tez hal qilinadigan bo’ladiki, mana masalan ertaga chegarni birortasi buzsa, aytaylik, O’zbekiston suverenitetiga bir narsa xilof bo’lsa, bu komitet kechayu kunduz ishlab, bir soatda, yarim soatda qaror qabul qilishi kerak. Agar shuni hurmatli deputatlar prezident qaramog’iga bermasdan boshqa, aytayliik, Oliy kengash yoki boshqa takliflar bo’lsa man jonim bilan roziman.Lekin umuman mana shu KGBni yo’q bo’lishi munosabati bilan bizlar mana shu Xavfsizlik kengashini tashkil qilib, o’zimizni O’zbekistonni qaramog’iga olish masalasida man sizlarga shu fikrni bildirmoqchiman.
Agar shu sessiya aytsaki, shuni Oliy kengash qaramog’iga olaylik, desa man aynan bir marta aytaman, man joni dilim bilan roziman. Mana, o’rtoq Nusratov, uka, masalani shunday qo’yish mumkin. Bu totalitar, aytaylik, intilish emas. Hech qanaqa, aytaylik, shunga intiladigan harakat ham emas. Shu nuqtai nazardan men shaxsan deputat zaprosingziga shunday tushuntirish beroqchiman.
IZOH: Islom Karimovning gapni boshqa tomonga burib yuborishga ustaligi shu erda ham bilinib turibdi. Birinchidan, SSSR KGBsi 1991 yilning Avgustida prezident Mixail Gorbachevni hokimiyatdan ag’darish, yana kommunistik rejimni tiklash fitnasida asosiy rol olgani bois qayta qurilayotgan va barcha mustaqil davlatlarda umumxalq saylovlari o’tguncha bu tashkilot Oliy kengashga bo’ysundirilib, tekshiruvga olingan edi. O’zbekistonda esa bu masalaning ahamiyati shunda ediki, SSSR Oliy kengashi GKChP deb nom olgan davlat to’ntarishi aybdorlarini topish bo’yicha tuzgan komissiyasi fitnada Islom Karimovning ham ishtiroki bor, degan iddaoni ilgari surgan va bunga O’zbekistonlik demokrat deputatlar ham ishongan edilar.
Birinchidan, fitnaning boshida turgan Yanaev voqeadan oldin Toshkentga kelib, kommunistlarning qurultoyini o’tkazgan va fitna kunlari faqat O’zbekiston va Qozog’istonda kommunistik intizom hukmron, deb bu respublikalar rahbarlarini maqtadi.
Ikkinchidan, fitna kuni Hindiston safaridan qaytayotgan Islom Karimov uchqichdan turib, Yanaevga tabrik telegrammasi yuborgani hammayoqda gap edi.
Uchinchidan, Karimov fitna, uch kunda mag’lub bo’lgunga qadar munosabatni bildirmadi. Aksincha, O’zbekistonda fitnaga qarshi chiqqanlar ta’qib etildilar, qamoqlarga tiqildilar, hatto bir necha daqiqada sud qilinib, qamalganlar bo’ldi.
Mana endi fitna ishtirokchilari qamoqqa olingan, qolganlarning ham nomi birma-bir ayon bo’lar ekan, O’zbekiston Oliy kengashidagi deputatlar O’zbekston KGBsini majlisga bo’ysundirish va fitna bilan bog’liq masalani o’rganmoqchi edilar.Buning ustiga o’sha kezda Gorbachev KGBni biroz ochiq tashkilotga aylantirgani bois juda ko’p sirlar tashqariga chiqayotgan edi.
Masalan, Karimov Sharof Rashidov masalasini ko’targan deputatlarga qo’shilgan kunlarda u kommunistik rejim paytida davlat planlashtirish qo’mitasi raisi ekan, Rashidovni KGB binosi yonidagi qabridan chiqarib tashlash qaroriga imzo qo’yganini ko’rsatuvchi hujjat Oliy kenaqsh a’zolari qo’lida paydo bo’lgandi va hokazo. Karimov shu bois ham apal-apal mavjud Konstitutsiyaga zid bo’lishiga qaramasdan bu tashkilotni o’ziga bo’ysundirib, Qashqadaryo viloyatida o’zi bilan birga ishlagan oshnasi G’ulom Alievni unga rahbar qilib olib kelgandi.Butun gap ana shunda edi. Endi Karimov sessiyada ustalik bilan gapni boshqa tomonga burib yubordi. Garchi sobiq KGBni Oliy kengashga bo’ysundirishga jonim bilan roziman desada, o’sha kuni hovurlar bosilgandan keyin bu masalani butunlay muhokamadan chiqarib olishga erishdi.
YO’LDOShEV: Umuman hozir…
KARIMOV: Bu KGB to’g'risida… Ikkinchi masala, Ro’zimurodov haqida bo’lsa, siz taklif qilgan masalangizni ovozga ham qo’yish kerak emas.Taklifingiz to’g'ri. Ro’zimurodov haqida deputatlarga qanday ma’lumot kerak bo’lsa, uni shu bugunning o’zi berish kerak. Mana Oliy sudning kattasi, Konstitutsion sudni kattasi, sud deyiladimi bizada, yoki komitet deyiladimi? Mana bularni kattasi kim bo’lsa ham, lozim topsangiz shularga hozir topshirsagu kunni oxirida yoki qachon bular tayyor bo’lgandan keyin shu masalani sizlarga ma’lumot bersa hech qanaqa qarshilik yo’q.
IZOH:Bu erda ham Karimov aslida raislik qiluvchiga ko’rsatma bermoqda. Gap shundaki, Oliy kengash reglamenti, ya’ni ish tartibi bo’yicha ma’lumot muhokama qilinmaydi. Faqat e’tibor uchun qabul qilinadi. Ma’lumot yozma ravishda ham tarqatilishi va shu bilan ish bitishi mumkin. Shu bois Karimov ko’pchiligi sodda bo’lgan deputatlarni laqqillatib, masalani ma’lumot tarzida qo’yishni istamoqda edi. Lekin gap qonunlar buzilgani haqida borayotgandi.
NUSRATOV: Mana Konstitutsiya buzildi. Man shu masalani komitet ko’rsin degan, taklif qildim. Shuni ovozga qo’ysinlar.
YO’LDOShEV: Yaxshi, Shuhrat Nusratovich, endi bitta narsa borda bizda, o’zi kun tartibida bor. Prezidentning farmonlarini tasdiqlash to’g'risida.O’shanda shu farmonga kelganda buni batafsil muhokama qilinib, bitta qarorga kelinadi.Buni hozir, deylik, shishirib muhokama qilishni hech hojati yo’q. Biz hozir sizlar bilan kun tartibini ko’rayapmiz, kun tartibini.Endi Shovruq Ro’zimurodov to’g'risida men Shuhrat Nusratovich bergan taklifni ovozga qo’yaman.
NUSRATROV: Meni taklifim bo’yicha Konstitutsiya buzilgani haqidagi masalani konstitutsiya komitetiga beraylik, ular o’z xulosasini bersin.
YO’LDOShEV: Man shuni aytayapmanda…
IZOH: Raislik qiluvchi ishoralarini yaxshi tushunmaganidan Karimov bezovta bo’ladi va jahl bilan yana uning so’zini bo’ladi.
KARIMOV: Yo’q kechirasiz, bu masalada, katta, hozir masala qo’yilayaptiki… qonun bo’yicha, quloq solinglar, o’rtoq Nusratov bizani ochiq gapirishga nima qilayapti… agarki, Konstitutsiyada yozilganki, agar prezident qonunni buzsa, uni aytaylik, qaytarib lavozimdan tortib olishga(uni bo’shatishga demoqchi-JM) asos bo’ladi degan gap bor. O’rtoq Nusratovning hozir astoydil gapiradigan gapi tagida mana shu gap bor. Ki, bizar (bizlar-JM) hozir bir qarorga kelsakki, shu prezidentga qaratib qo’yish kerak, degan nuqtani man agar noto’gri yozgan bo’lsam, ki man qonunni buzgan bo’lsam, ertaga asos bo’ladi Karimovni prezidentlikdan chaqirib olish. Mana bunday masalani o’rtoq Nusratov ochiq qilib aytishi kerak.Mana shunday gap bo’layapti. Gap shundayki, prezident qonunni buzdimi yoki buzmadimi? Mana shu masalani bunday qo’ymoqchi bular. Man aytmoqchimanki, agarki mana shu KGBni butunlay yo’q qilib, bu qonun noto’g'ri bo’lsa, bu qonunni buzish emas, aytaylik bir qonunni ma’nosini ham o’zgartirish, man farmonni nomini yoki ma’nosini ham o’zgartirish to’g'risida man roziman, agarki Konstitutsiya boshqa-boshqa nimalar(huquqshunoslar demoqchi-JM) aytsaki bu qonunni o’zgartirish kerak, desa bu boshqa gap.
IZOH: Gap biror bir qonun emas, balki Konstitutsiyaga xilof ravishda chiqarilgan Farmon haqida borayapti. Karimovning bu nutqi oldingilariga qaraganda ancha chalkashroq. Chunki u boshi berk ko’chadan chiqishga yo’l qidirmoqda va orqaga chekinib, chiqib ketish uchun chora izlamoqda edi.
KARIMOV:Lekin asosiy mazmun boshqa ishda ketayapti. Lekin ochiq aytishimiz kerakki, bu oldindan tayyorgarlik ko’rib, ba’zi bir o’rtoqlar mana shu masalani u tomonadan bu tomondan olib kelib bitta masalani qo’ymoqchiki, bu prezident diktator bo’ldiyu bu prezident, aytaylik, nimani, qonunni buzdi. Qonunni buzsa, ertaga sizlarga ovozga qo’yadiki, shu masalani hisobga olib, asoslab Karimovni prezidentlikdan ozod qilishni…Shuni ham to’g'ri bilinglar.
IZOH:(Zalda shovqin…) Sessiya oldidan “Toshkentliklar fitna uyushtirib, Karimovga qarshi chiqishmoqchi” degan gap tarqatilgandi. Bu gapni asoslash uchun Karimov vakillar palatasida kutilmaganda Prezident saylovi haqidagi qonun loyihasi va prezidentlikka nomzod masalasini ham kun tartibiga qo’shdirgan edi. Mirsaidovni esa vakolatlari cheklangan vitse prezidentlikdan keng vakolatli Bosh vazirlikka o’tkazishni taklif qilgandi. Mazkur sessiya oxirida shu narsa ayon bo’ladiki, Saylovlar haqidagi qonun loyihasi aslida keyingi sessiya uchun tayyorlanayotgan ekan va pishmasdan bu sessiyaga olib chiqilgan. Shu bois ish bitib, eshak loydan o’tgach, bu masalani keyingi sessiyaga qoldirishadi. Lekin hozir deputatlarda toshkentliklar Mirsaidov boshchiligida hokimiyat uchun kurashishmoqda, Karimov shuncha katta lavozim bersa ham ko’nmayapti, prezidentlikka Islom Karimov nomzodi qo’yilganidan norozi, degan fikrni paydo qilish uchun bu kerak bo’lgandi. Demokrat deputatlarning prezidentni tanqidga ko’niktirish yo’lidagi urinishlari jiddiy ekanligi va ular bu maqsadlaridan qaytmasliklarini bilgan Karimov guruhi ana shu qartani ishga solganini keyinchalik oshkor qilib qo’yishgandi.
Mahalliychilik, odamlarning qon-qoniga singib ketganidan foydalanish esa kommunistik rejimning asosiy qurollaridan biri edi. Balki demokrat deputatlarning Karimovning zulmiga qarshi chiqishini va buni ular ochiq oydin tayyorlashayotganini bilgan ba’zilar bundan foydalanib qolishga ham uringan bo’lishlari mumkin.Lekin demokrat deputatalarning ro’yxati bo’yicha birinchilardan bo’lib Oshkoralik qo’mitasi raisi Erkin Vohidov, Fan va madaniyat qo’mitasi raisi Ahmadali Asqarovlar so’zga chiqishi kerak bo’lgan holda ular sessiyada jim o’tirishar edi. Bugunga qadar ham ular sessiyadan bir kun oldin kechki ziyofatda Islom Karimov bilan nimalarni muhokama qilganlarini sir saqlab kelmoqdalar.
YO’LDOShEV: Nimani janjalini qilayapmiz, man tushunmayapman. Mana Oliy sudga, qonunchilik komitetiga, Konstitutsion sudga topshiraylik, shu ko’rib chiqib, o’z xulosasini aytsin. Marat Zohidovich sizda ham shu masalami?
ZOHIDOV: (Ruscha gapiradi):
Zohidov gapining o’zbekchasi: Shuhrat Nusratovich, men sizga javob bermoqchiman. Men huquqshunos emasman, men matematik, men mexanik. Lekin men esltmoqchiman, qachon SSSR prezidenti Gorbachev Sadovaya halqasi ichida mitinglar qilmaslik haqida farmon chiqarganda Alekseev boshchiligida Konstitutsiyaviy kometet bu farmonni bekor qildi. Bu bir yil oldin bo’lgan edi va hozirga qadar ham prezident vazifasidan bo’shatilgan emas. Shuning uchun kerakli qonunlarga ko’ra, kerakli xulosalar qilish kerak.Bu birinchi masala, ikkinci masala, hozir prezident aytdiki, menga ham ma’lum bo’ldi, haqiqatdan ham deputatlar orasida, ayniqsa, kun tartibiga prezidentni umumxalq saylovi orqali saylash kerak, degan masala kiritilishi munisabati bilan prezidentga baho berishda har turli qarash bor.Biz prezidentni bu erda saylaganimzdan keyin o’tgan bir yarim yil ichidagi faoliyatini kun tartibiga kiritaylik. Biz umumxalq sayloviga kelmoqdamizmi, demak biz qandaydir natijalar qilishimiz kerak. Bu ochiq bo’lishi va reglamentsiz bo’lishi kerak. Men ham bu masalada tayyorgarlik ko’rganman va so’zga chiqaman.
IZOH:Shuni aytish kerakki, Marat Zohidov men bilan birga Toyiba To’laganova, Oygul Mamatova, Toshpo’lat Jo’raev, Hamza Eshnazarov va boshqalar tayyorlagan, 12 sahifadan iborat holda barcha deputatlarga ochiq tarqatilgan maktubdagi talabni takrorlamoqda edi. Uning o’zi ham oxirgi daqiqalarda shu maktubga qo’l qo’ygan. Ammo bu maktubda prezidentni bo’shatish talabi yo’q va aksincha u yo’l qo’ygan kamchiliklar ochib tashlangan hamda uning hisobotini eshitish, umuman vaqti-vaqti bilan prezidentning hisobotini eshitib turishga chaqirilgandi.
Ammo sessiya charxi boshqa tomonga aylangach, Marat Zohidov to’nini teskari kiyib, demokrat deputatlarni Moskvaning josuslari, deb ayblaydi va tekshirish uchun komissiya tuzishni talab qiladi. Karimov tavsiyasi bilan Erkin Vohidov rahbarligida shunday komissiya tuziladi ham. Lekin bu hali keyin. Hozir esa…
ZOHIDOV:Keyingi masala, bugun Mirsaidov haqida ham gap bo’lmoqda. Bu ham kun tartibiga kiritilgan. Men yaqinda bir rahbar bilan gaplashdim. U Anatoliy Stepanovich Efimov. U sobiq rahbar va hozir hech qanday vazifada emas. Men uch kun oldin shahar sovetida uni SSSR oliy soveti ro’yxatiga kiritishga qarshi chiqdim.Keyin u bilan Mirsaidov haqida ham gaplashdik.Efimov aytdiki, Mirsaidov hokimiyatga intilmoqda. Bu jiddiy masala. Bizning rahbariyatda kelishmovchilk boshlanmoqda. Men bilaman, faqat ba’zi deputatlar orasida emas, men talabalar vakiliman va bilaman talabalar orasida ham har xil gaplar tarqalmoqda. Men Mart oyida Mirsaidov haqida “Norodnoe Slovo”ga suhbat bergan edim.Men o’shanda aytgan edimki, mana shu bo’lmag’ur tartibsizlar paytida talabalarni tinchlantirish uchun bir respublika rahbari kelgan edi, deb. Gazeta Mirsaidov familiyasini tushirib qoldirgan. O’shanda u hushyor emas, deb gap tarqatildi. Lekin bu yolg’on va uni qoralash uchun tarqatilgan bo’htonlardir.Yana shunaqangi mish-mishlar. Agar shunday bo’lsa, biz Mirsaidovni chaqirib bunday yo’ldan fodalanilmaydi, deb aytishimiz kerak. Va prezidentning faoliyati haqidagi masalani yana bir bor kun tartibiga kiritishni so’rayman.
YO’LDOShEV: Shu gaplarni hammasini o’sha kandidaturalar muhoka qilinganda aytsa bo’ladiku? Biz mana bosh vazir haqida qo’shdik. Kun tartibini aniqlab olaylik, o’rtoqlar.
IZOH: Fan va xalq ta’limi qo’mitasida ishlaydigan sirdaryolik demokrat deputat Hamza Eshnazarov soz’ga chiqadi:
EShNAZAROV:385-saylov okrugidan Eshnazarov. Hurmatli deputat o’rtoqlar, biz nima uchun inson huquqi, deputatlar huquqi to’g'risida ko’proq to’xtaladigan bo’ldik. Ayniqsa, shu bugungi kunga kelib. Mening fikrimcha prezidentimiz juda to’g'ri gapni gapirdilar, tayyorgarlik ko’rib kelgan bo’lsa kerak deb, tayyorgarliksiz ham kelish mumkin-mi, sessiyaga?
Endi mana shuning boisini tushuntirib, o’zimning fikrimni aytmoqchiman, inson huquqi haqiqatda poymol bo’layotganligi rost.Nafaqat inson huquqi, deputatlarning ham huquqi poymol bo’layotganligi fakt. Esingizda bo’lsa O’zbekiston Xalq deputati Inomjon Tursunov militsiya xodimlari tomonidan kalataklanganligi, bundan olti oy oldin bo’lgan, bu haqda men deputatlik so’rovini bir necha deputatning imzosi bilan topshirgan edim. Shu Oliy kengashning prezidiumi o’zining zimmasiga hamda prokurorga topshirgan edi.Bugungacha javob yo’q-ku? Nega biz endi inson huquqi, deputatlarning huquqi poymol bo’layotganligini tan olishni istamaymiz.
Birinchi taklifim, ana shu Inomjon Tursunov to’g'risidagi masala bugungi sessiyaga kiritilishi kerak.
Ikkinchisi, Ro’zimurodov to’g'risida qaror qabul qilindi. Men bunga qarshi emasman, lekin Oliy sovet prezidiumi qarorini sessiyada tasdiqlashimiz kerak edi-ku? Nega bu masala bizning sessiyamiz kun tartibiga kiritilmasligi kerak? Juda ko’p o’rtoqlar bu haqda juda tashvishlanib gapirishdi.Bugun Tursunov, Ro’zimurodovning boshiga tushgan ertaga har qaysingizning boshiga tushishi mumkin.Bu, hech kim garantiya bergan yo’q. Buning ustiga bir kishining diktati bilan ana shu qaror qabul qilindi.
Birinchi kuni Oliy kengash prezidiumi qabul qilmagan edi. Ikkinchi kuni majbur qilib, hurmatli prezidentimzining topshirig’iga muvofiq bo’lsa kerak, men yana adashgan bo’lsam uzr so’rayman, bu qaror qabul qilindi. Axir bu insofdan emas-ku? Axir bu qonundan emas-ku? Ana shu ikki masala kun tartibiga kiritilishini juda qattiq talab qilaman.
YO’LDOShEV: Biz bu masalani ko’rib chiqdik-ku?!
EShNAZAROV: Men Inomjon Tursunov haqida prezidiumning xulosasini va prokurorning javobini, keyingi sessiyada axborot beriladi, deb aytilgan edi, lekin oradan uch oy o’tib ketdi, ishonmaganlar o’sha sessiyani stenogrammasini ko’tarib ko’rsin.Biz yuqoridan turib kun tartibini belgilab qo’yuvchilarning aytganlarini tasdiqlab beruvchi kishilarga aylanib qolganimizni tushunimshimiz kerak.Bu kechirib bo’ladigan hol emas. Har qancha dono kishi bo’lsa ham, rahbariyat, mayli ishonishimiz kerak, hurmat qilishimiz kerak, lekin 500 deputatni saylab qo’ygan bo’lsa, buni nomini sessiya deb qo’ygan bo’lsa, bu odamlarning ham fikrini inobatga olishi kerak-da axir! Agar inobatga olinmaydigan bo’lsa, yuqoridan aytiladigan hamma gaplar tasdiqlanib yuboriladigan bo’lsa bu odamlarning nimaga keragi bor? Shuning uchun men taklif qilaman, mana shu ikki taklif bo’yicha masalani ovozga qo’yishingizni.
IZOH: Oliy Kengash reglamenti bo’yicha deputat taklif qildimi rais uni ovozga qo’yishi va qabul qilib, qilinmagani shu yo’l bilan hal etilishi kerak. Lekin…
YO’LDOShEV: Bu ikkita masala ham kun tartibiga kiritilib bo’ldi, Deklaratsiya to’g'risida gaplashdik. O’sha erda huquq, erkinlik haqida hamma gap bo’ladi. Muhokama davrida bunaqa gaplarni gapirish kerak.Endi mani taklifim bor, mana shu kiritilgan takliflarni e’tiborga olib, kun tartibini tasdiqlash.(Zalda norozilik.)
Mana kun tartibi bo’yicha uch kishiga so’z beraman.
IZOH: Karimov “Tugating”, deydi Yo’ldoshevga.
YO’LDOShEV: Shu bilan tamom.
SALIMOV-292-Bulung’ur saylov okrugidan Salimov. Birinchi sessiyalar yaxshi o’tdi. Birinchi sessiyamiz olti-sakiz kun davom etdi. Keyin uch kun davom etdi.Keyingilari hammasi bir kunda tugayapti. Lekin juda ko’p qonun qabul qilayapmiz.Qonunni 5 yoki 10 minutda bitta odamning informatsiyasi bilan qabul qilinmaydi. Masalan GAI (DAN- davlat avto inspeksiyasi-JM)xodimlari, umuman militsiyani kuchaytirish bo’yicha qonun birinchi martada qabul qilinmadi.Ikkinchi marta rayosatdan turib gapirgan odamlarning gapi bo’lgani uchun hammasi…. poimyonniy (Ismlarni oshkor qilib ovozga qo’yish-JM) bo’lgandan keyin hamma familiya oldida turadi, shuni uchun qo’rqqanidan ko’p odam o’shani yana qaytadan saylab yuboradi-da. “Yopiq”degan narsa bor, “ochiq ” degan narsa bor.
IZOH: Bu erda deputat ovoz berishdagi muammoni aytmoqda. Ovoz berishdan oldin raislik qiluvchi masalani yopiq va yoki ochiq ovozga qo’yishni tasdiqlatib olishi kerak. Agar yopiq bo’lsa, ovozlarni qayd etish mashinasi ismlarni ko’rsatmasligi kerak.
SALIMOV:Masalan, aktual masala ko’rilgan paytda yopiq ovozga qo’yilsin, deb aytish kerak. Buni bizga o’rnatgan paytda aytdi-ku, yopiq ovozga qo’yilsin, degan paytda bu erda o’tirgan odamlarning bittasining ham familiyasi tushmaydi, dedi. Lekin shuning uchun ham (ochiq bo’layotgani uchun ham demoqchi-JM) juda ko’p masalalar og’ir bo’layapti.
Ikkinchidan, mana bu sessiyalarni olib borishda juda katta xatolarga yo’l qo’yilayapti.Chunki parlament ishida deputatlardan hammasi qatnashgan emas.Endi birinchi navbatda qatnashayotgan odamlar bor. Raisdan iltimos, mana ilgari, mayli ko’rib chiqamiz va zalga uchta mikrofon o’rnatamiz, deb aytgan edi.Men o’zim vrachman, lekin bilaman-ki mana shu o’tirgan joyimizdagi bitta mikrofonni olib, zalga qo’ysa ham o’sha mikrofon bo’lib ishlaydi.Men elektronik emasman. Hozir masalan, yonimda o’tiradigan Viktor aka bilan gaplashib o’tirgandim, shuni qilish mumkin edi.
Uchinchidan, shu erda “Xalq so’zi” gazetasining redaktori Ahmadjon Muxtorovni bizlar hammamiz davlat arbobi, deb sayladik, redaktor qilib, lekin kechagida Rayosat uni olib tashladi.Kecha taklif kiritildi, Ahmadjon akani yana qaytadan qo’yib, o’zidan eshitaylik. Rayosatning hujjatlari hammaga tarqatib berilsin, dedik. Hozirgi redaktor ham Samarqanddan.Ahmadjon aka ham Samarqanddan. Men u kishi bo’lsin yoki bu kishi bo’lsin, deb aytmoqchi emasman.Lekin bu ham sessiyaning ishlari butunlay og’irlashib ketayotganidan dalolat beradi.
Keyin mana ko’p masala ko’rsatilayapti. Masalan, Konstitutsiyaning buzilmasligi haqida. Masalan mening shaxsan o’zim saylanayotgan paytimda meni sudga berishdi. Agar deputat bo’lib saylanmaganimda meni qamar edi, deputat bo’lganimdan keyin “Sizning ishingizda hech narsa yo’q ekan” deb qo’ygan. Shuning uchun sud masalasi, KGB masalasi, harbiy komissariat to’g'risidagi masala hammasi Rayosatga emas, asosiy sessiyaga quloq solib hal etilishi kerak.Lekin ekstrenniy masala bo’ladigan bo’lsa uni ham chiqib aytish kerak.Lekin bugun ham…
IZOH:Tugating, degan qo’ngiroq chalinadi.
SALIMOV:3-munut gapirayapman…Sessiyani bugun tugatish masalasida. Qo’yilayotgan masalalarni muhokama qilish qancha davom etadi bilmayman, lekin ularni eshitish kerak. Keyin yana bitta narsa, deputatlarning o’tiradigan joylari almashib ketgan. Ko’p odam taklif qilingan, ularning kimligini ham bilmaymiz. Kim er tepayotgani ham bilinmaydi. Masalan Shavkat Muhitdinovich, siz “Muhokamani to’xtatamizmi?”, desangiz, ikki tomondan ikkitasi turib “To’xtatamiz” deydi. Siz bu yoqda turgan odamlarga qaramaysiz-da, o’sha ikki kishiga qarab, “To’xtatamiz” deyiz. Shuning uchun bu narsalarni qaytadan qarab chiqilishini so’rayman.
YO’LDOShEV: Demokratiyani har xil tushunar ekanmiz-da. Shu… Yo’q siz uchinchi marta chiqayapsiz, Jahongir aka.
IZOH:Men bir minit uchun so’z so’rayman, deyishimga qaramasdan ham rais menga so’z bermaydi.
YO’LDOShEV:Men mana va’da qilganman, ikkita o’rtoq. Aniq taklif uchun….
ALIEV: 348-Qumqo’rg’on saylov okrugudan Aliev, hurmatli deputatlar.Men avvallo Oliy sovet prezidumiga shunday deputatlik so’rovi bilan murojaat qilmoqchiman. O’tgan 5-sessiyadan keyin Oshkoralik qo’mitasi prizidium tomonidan tugatildi.Keyin navbatdan tashqari sessiyadan oldin qo’mita yana qaytadan tiklandi. Vaholanki qo’mitani tugatish yoki uning tarkibiga o’zgartirish kiritish faqat sessiyaning vazifasiga kiradi.Shu masala bo’yicha Shavkat Muhitdinovich, deputatlik so’roviga javob bersangiz.
Ikkinchidan, mening sessiya kun tartibiga shunday qo’shimcham bor. Shu yilning 18-21 Avgust kunlari mamlakatda davlat to’ntarishi bo’ldi. Shu masala bo’yicha ham O’zbekistonning adresiga juda ko’p toshlar otildi. Men bu borada boshqa jumhuriyatlarda bo’lgani kabi bizda ham deputatlar bu masalani muhokama qilib, o’z fikrlarini bildirishlarini iltimos qilardim. Chunki men o’zim “Axborot”da ko’rdim, mana shu erda o’tirgan katta mansabli deputatlar Yanaevning O’zbekiston va Qozog’istonda tartib bor, degan gaplarini “Mana, bu Yanaev tomonidan bizga berilgan katta baho” deb aytgan gaplari mening qulog’imdan ketgani yo’q. Adashgan bo’lsam kechirim so’rayman, lekin shu masala bo’yicha fikrlaringizni bildirishlaringizni so’rayman.
QODIROV: 45 saylov okrugi, Baxtiyor Qodirov.Hozir ko’tarilayotgan masalalar siyosiy va juda muhim.Lekin mana prezidentimiz aytganlaridek, respublikamizda iqtisodiy ahvol juda og’ir.Afsuski nima bo’layapti, iqtisodiy tomondan qayoqqa ketayapmiz, deputatlar xabardor emas. Respublikamiz iqtisodiy borada dunyodan chetlanib qoldi.Hozir bizlar yanada markazlashtirish bo’yicha ketayapmiz.Tadbirkorlikni rivojlantiramiz, deymizu lekin amalda hech gap yo’q. Shuning uchun men taklif qilardim-ki, bugungi sessiyada albatta prezidentimiz hozirgi iqtisodiy ahvol va qanday yo’ldan boramiz, degan mavzuda aniq, batafsilz informatsiya bersinlar.Shuni tushunib, qayoqqa ketayotganimzini bilib, o’shandan keyin prezident saylovi haqidagi qonunni va kimni tavsiya qilish masalasini ko’rsak.Bu masala kun tartibiga kiritilgandan keyin men o’z fikrimni yanada batafsil aytaman. Men nima uchun bu masalani taklif qilayapman. Mart oyida narxlar oshishidan oldin men prezidentdan ochiq oydin so’ragan edim. O’rtoq Islom Abdug’anievich, qaysi yo’ldan biz yuramiz? Qanday programma bo’ladi, deganda, Gorbachev bilmasa, man qaerdan bilaman, ana olimlardan so’ranglar, deb javob bergan edilar. Mana shuncha vaqt o’tdi, man o’ylayman-ki, Islom Abdug’anievichning aniq programmalari bor. Hozir biz mustaqil bo’ldik. demak, Oliy kengash qaysi yo’ldan borishimizni bilishi kerak.
YO’LDOShEV:Endi o’rtoqlar bu taklif bizning kun tartibimizda bor.Biz hamma masalani aralashtirib yuborishga haqqimiz yo’q.Prezidentni saylash haqidagi qonun o’z yo’lida, bu qonunni qabul qilamiz.Kim prezident bo’ladi, kimni nomzod qilib ko’rsatamiz, o’shanda o’z progarammasini aytadimi, bu mutlaqo boshqa masala.Biz shuning uchun ham ularni kun tartibida bo’lib- bo’lib qo’ydik.Qonunni qabul qilish, nomzodni belgilash va saylov kunini belgilash. Vakillar yig’ilishida nomzod qilib Islom Abdug’anievich Karimov ko’rsatilsin, deb taklif kiritildi.Mendan chiqmadi bu taklif. Manimcha Pirimqul Qodirov birinchi aytdilar. Boshqa o’rtoqlar qo’llab quvvatladi. Shunda Oliy kengashda nomzodlar muhokama qilinganda o’sha nomzod sifatida chiqib aytadi.
IZOH: Zaldan deputat Toyiba To’laganova minbarga qarab yuradi va so’z sorab raisga termulib turadi.Lekin so’zni yana Karimov oladi:
KARIMOV:Qisqacha spravka (ma’lumot-JM)berish mumkin.Bu taklif to’g'ri. O’zbekistonda ahvol boshqa joylarga qaraganda ham keskin, deputatlar albatta axborot bilishi (olishi demoqchi-JM) kerak, bugun ahvol qanday, ertaga nima bo’ladi, yilning oxirigacha qanday bo’ladi, har qanday fuqaroning taqdiri qanday bo’ladi, rizqi- ro’zi qanday bo’ladi, 92-yilga qanday tayyorgarlik ko’rayapmiz va umuman mamlakatda bo’layotgan ahvol qandayu, O’zbekiston o’zining ertasini qanday ko’rayapti? Bu talab qonuniy talab, bu talab bo’yicha prezident ham boshqa arboblar ham deputatlar oldida hisob berishga majbur.Keyin esimizdan chiqarmaslik kerak, hamma gaplarni xalqimiz eshitayapti.Shu nuqtai nazardan ham bu gaplar hammasi xaloyiqqa etib boradi.Shu nuqtai nazardan hisobot berish emas, balki ma’lumot berishni men joni dilim bilan qabul qilaman. Man bilganimni, o’z rejalarimni, rahbariyat rejalarini sizlarga, aytaylik, o’rtoqlashishga man tayyorman.
YO’LDOShEV:Demak, prezidentning ma’lumotini eshitish kun tartibiga kiritilsin, deyilayapti.
IZOH:Zaldan SSSR xalq depuati Zolotuxin va muboraklik deputat Murod Jo’raev so’z talab qiladilar. Avgust voqealarini, ya’ni Moskvadagi davlat to’ntarishi haqidagi masalani kun tartibiga kiritish talab qilinadi, deputalar Vohid Azamov va Samandar Qo’qonov O’zbekiston rahbarlarining Gorbachevga qarshi fitnaga qo’shilgani masalasini kun tartibiga kiritishni talab qilib, o’rinlaridan turib gapira boshlaydilar.
YO’LDOShEV:Endi, u Avgust voqealariga bir yarim oy o’tgandan keyin bu erda baho berishning nima keragi bor! Markaziy komissiya tuzilgan SSSR Oliy kengashi tomonidan. Agar bizning jumhuriyatga tegishli gap bo’lsa, ana undan keyin o’sha axborotni ko’rishimiz mumkin. Hozir nima deymiz? Biz munosabatimizni o’shandayoq aytganmiz. Mana bizda masala bor inson huquqining erkinligi to’g'risida, o’shanda fikrlarni bilish mumkin. Man mana shu qo’shimchalar bilan kun tartibini ovozga qo’yaman.
IZOH: Zalda yana norozilik.
YO’LDOShEV:Oshkoralik komiteti to’g'risida aytdingiz. Buni men sessiya davomida sizga javobini beraman, dedim.GKChP ga munosabatimizni ayttingiz… Endi bitta ayolga so’z beramiz shu bilan tamom.
IZOH: Karimov kun tartibini ovozga qo’ying, deya raisning biqiniga turtadi.
YO’LDOShEV: Mana Muqaddam Umarovnaga so’z beramiz, bo’ldi. Genaral masalasida esa SSSR xalq depatutlari sessiyamizda qatnashishi mumkin, lekin ishimizga aralshishi kerak emas. O’tiring, o’rtoq Zolotuxin.
IZOH:SSSR Xalq deputati bo’lgan Zolotuxin Islom Karimovning GKChP davlat to’ntarishidagi ishtiroki haqida hujjatli ma’lumotim bor, deyishiga qaramasdan unga quloq solinmaydi.Toshkent shahar Kirov saylov okrugidan saylangan va Oliy kengashda ishlayotgan deputat Muqaddam Umarovaga so’z beriladi:
UMAROVA:(Ruscha gapiradi)
Umarova gapining o’zbekchasi:12-Kirov saylov okrugidan Umarova. Kun tartibini asos qilib qabil qilishdan oldin men so’z so’raganimga qaramasdan menga so’z bermaganlari uchun mana shu masalaga qaytishga majburman.Ikkita masala qo’shimcha ravishda kun tartibiga kiritilmoqda. Bu prezident saylovining vaqti va prezidentlikka nomzod ko’rsatish haqida.Lekin hali prezident saylovi haqidagi qonun qabul qilinmasdan qanday qilib bu masalalar kun tartibiga kiritilishi mumkin.Bugun qo’limizga berilgan qonun loyihasining 25-moddasida prezidentlika nomzod Oliy kengash tomonidan va siyosiy partiyalar tomonidan ko’rsatilishi aytilgan.Balki biz mana shu joyni qabul qilmasak, u holda nima bo’ladi? Shunday ekan, qanday qilib yo’q narsadan keyingi masalani kun tartibiga kiritish mumkin.Balki umuman bu qonunni qabul qilmasak-chi?
YO’LDOShEV: Agar qonunni qabul qilmasak, avtomatik ravishda u ikkita masala ko’rilmaydi.
UMAROVA: Mazkur qonun loyihasida prezident saylovi Oliy kengash va yoki prezidium tomonidan belgilanishi aytilgan. Balki bu ham muhokama jarayonida o’zgarar. Lekin biz qonun qabul qilingani kabi undan kelib chiqadigan masalalarni kun tartibiga kiritmoqdamiz. Ikkinchidan, Islom Abdug’anievich, vitse prezident vazifasini yo’qotib Bosh vazirni tayinlash masalasini kun tartibiga kiritdilar. Bu masala hali Konstitutsiyaga kiritilmagan va biz buni kun tartibiga qo’shmoqdamiz, demak, avval Konstitutsiyaga o’zgartirish kiritish va undan keyin bu masalani ko’rishimiz kerak.Kun tartibida Konstitutsiyaga o’zgartirish kiritish joyi ham bor. Lekin u boshqa o’zgartirishlar haqida, bu masala haqida esa gap yo’q. Men bugun bu masalni ko’tarishga qarshi emasman. Ammo qonun qoida bo’yicha qilaylik demoqchiman. Man ko’targan masalani ovozga qo’yishingizni iltimos qilaman.
YO’LDOShEV:Bo’ldi, man mikrofonni o’chirdim.
IZOH: Surxondaryolik dehqon Amirqulov minbarga chiqib oladi va Marat Zohidovning iddaosiga qarshi gapiradi.
AMIRQULOV: Surxondaryo 338-Yangiobod saylov okrugi. Mana bugun eshittik. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkora qiladi, deydilar. Sekin-sekin yuzaga chiqayati. Men so’zga chiqish uchun hech qanday ko’nglim yo’q edi.Men shu Shukrullo Mirsaidovni juda yaxshi bilaman. Men deputat sifatida 200 vagon quvur olib kelganman.Moskvada men bilan Rossiya tashkilot rahbarlarini uchrashtirib qo’ygan shu odam. Qachongacha mansab talash bo’ladi. O’rtoq Efimov, Mirsaidov mansabga talashayapti, deb boyagi gapni aytgan ekan, u odamda mansabparastlik yo’q, shuning uchun Efimov shu erga chiqib, shu so’ziga javob bersin, Boshqa gapim yo’q.
YO’LDOShEV:(Zalda sesiya olib borilishiga qarshi norozilik) Yo’ldoshev yana bir deputatga so’z berishga majbur bo’ladi. Samarqandlik deputat Mahmudov minbarga chiqib, gapira boshlaydi.
MAHMUDOV:- 6-sessiyada men bir savollarni yozib rahbarlarga bergan edim.Bu shunday savollar ediki, 15-20 daqiqada javob tayyorlab aytish mumkin edi. O’rtoq Yo’ldoshevga yozdim, javobi yo’q. Prezidentga yozdim, javobi yo’q. Jo’rabekov(Bosh vazir o’rinbosari)ga yozdim, javobi yo’q, davlat Radio televidenie raisi Ganja Yoqubovga yozdim, javobi yo’q. Men iltimos qilaman, har bir sessiyaning oxirida mana shu erga chiqib savollarga javob berishsin.Shu kun tartibga kiritilsin.
IZOH: Samarqand viloyatining Kattaqo’rg’on saylov okrugidan saylangan deputat, ayni paytda vitse prezident Shukrillo Mirsaidov minbarga chiqadi.
YO’LDOShEV: Shukrullo Rahmatovich, kun tartibi bo’yichami yoki javob berasizmi?
MIRSAIDOV: Javob… O’rtoqlar, eng avval ham bor men sizlarni hamjihatlik, birlikka chaqirmoqchiman.Chunki hammamizning orqamizda xalq turibdi. Biz hamjihat bo’lmasak, bir-birimizni qo’llab quvatlmasak xalq bizni kechirmaydi.Endi haligi ko’tarilgan masalalar bo’yicha. Bu ham xalq dushmanlarining ishi.Qachongacha Moskvadan kelib bizlarga aql o’rgatadi? Bunaqa malomat toshlari meni boshimga juda ko’p tushgan.Men bilan birga ishlaydigan odamalrning hammasi biladi.
Meni o’rtoq Anishechev (1984 yilda “tartib” o’rnatish uchun O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining ikkinchi kotibi sifatida markazdan yuborilgan shaxs-JM) ta’qibga olgan, bir paytlar 11 yasharligida otasi qamalgan deb, lekin arxivdagi oqlangan materialni yo’q qilib yuborgan. Ana o’shanda ham aytganman, o’rtoqlar mani shahar sessiyasiga olib chiqinglarda, men ketay, deb. Meni Satin ham ta’qibga olgan (“Tartib” o’rnatish uchun Toshkent shahar partiya komitetiga rahbar qilib yuborilgan shaxs-JM) shahardagi bo’layotgan hamma ishlarni menga taqab. Bir ikkita korxonalarining, shu og’alarimizdan bo’lgan rahbarlari Toshkent shahriga chetdan ishchi olib kelganda bu ishchi kuchi kelishiga qarshi chiqib, buni yo’q qilish maqsadida 16.800 so’mdan nalog (soliq-JM) chiqarganimizda ular bizning huquqimizga qarshi chiqayapti, degan.Chunki Toshkent shahrida o’zbeklar kamayib ketgan vaqt edi. Ana shunda Bosh prokurorgacha yozib, jinoiy ishlar ham qo’zg’atmoqchi bo’lishgan.
Bugun sizlar muhokama qilayotgan gaplarni men bir yil oldin aytganman. Orqavarotdan emas. Prezident kengashida aytganman. Prezident kengashida man takilf kiritganmanki, o’rtoqlar prezidentimizni xalq saylashi kerak. Xalq saylovidan o’tishimiz kerak, deb. Ana o’shanda hurmatli Islom Abdug’anievichga ham aytganmanki, “Islom aka, hozir xalqning hammasi bizlarni qo’llab- quvvatlab turgan paytda prezident saylovini o’tkazib olsak yaxshi bo’lardi.Keyin qiyin bo’ladi, deganman.Prezident kengashi a’zolari bu taklifni mana Mirsaidov taklif qilayapti, deb kengashga olib chiqqan. Buni ham bo’yinga olish kerak. Kengashda bir-ikkita xushomadgo’ylar, kelgusini bilmaydiganlar aytishdi-ki, hozir olib chiqsak, xalq ikkiga bo’linib ketadi, deb.Endi olib chiqsak, to’rtga bo’linib ketayapti-ku? Shu bilan to’xtatishdi.
Lekin ana o’sha Efimov, undan keyin Berkov degani, Sovminning (Vazirlar Kengashi-JM) birinchi muovini edi, hozir ketdi, men u bilan ishlamaymiz, deganimdan keyin uni prezident kengashiga olib, keyin Moskvaga yaxshilab ko’tarib, jo’natib yubordik.
Efimovlar gap tarqatdi o’shanda ham Mirsaidov amal talashayapti, deb.Ana o’shanda Bosh vazirlik tugatilib Prezident huzurida Vazirlar mahkamasi tuzildi va vitse prezident vazifasi joriy etildi. Mana shunda ham gap chiqmasin, qachongacha o’zbek xalqiga tavqi la’anat keladiki, bular amal talashadigan ekan, qachongacha bular bir-birining ustidan, orqasidan gap qilib yurar ekan deb, tishni tishga qo’yib, nima deyilsa o’sha deb keldim. Lekin o’z vazifamni xalqimni oldida vijdonan halol , ro’yrostlik bilan aytib o’tamanki, bajarib keldim.Keyingi paytda bir xil gap so’zlarga kirishib mani praktik (amaliy-JM) ishlardan uzoqlashtirishlar ham bo’ldi. Bu menga zarar bo’lgani yo’q. Bu iqtisodga zarar keltirishini man prezidentga ham aytdim.Bundan 15 kun oldin, agar man amal talashadigan bo’lsam, mana Islom akam, o’zlari tasdiqlashlari mumkin, ya’ni Moskvaga Rossiya bilan shartnoma tuzishga ketishdan oldin kirib aytdim, kelinglar mani tinch qo’yinglar, man shu chiqib ketay, man ishlamayman, manga ruxsat bering, kelganda ham aytdim, kecha ham aytganman, bundan besh kun oldin ham aytganman.
Sizlar meni Sovmin raisi qilib saylayotganlaringizda ham aytganman. Saylasalaring ham shu ishni qilaman, saylamasalaring ham deb.
IZOH:Shu o’rinda izoh berish kerakki, Ministrlar kengashining oldingi raisi Mirqosimov Parkentda qon to’kilishiga aralashgani sessiyada ko’tarilib, uning saylanmay qolishi aniq bo’lganda Islom Karimov unga alternativ o’laroq Mirsaidov nomzodini ko’rsatgan, unga ham e’tirozlar bo’lgan va Karimov uni mard, jasoratli, fidoyi rahbar deya maqtagan edi. O’shanda Mirsaidov e’tirozlarga javoban istasanglar saylanglar, istamasanglar yo’q, degan edi. Endi o’sha sessiyaga ishora qilmoqda.
MIRSAIDOV: Shuning uchun men qaerda ishlar ekanman, o’zimning xalqimga, o’zimning yurtimga xizmat qilaman.Shuning uchun manga amalinglar kerak emas.Shunga qarab xulosa qilinglar. Mana vitse prezident deydimi, balo deydimi, battar deydimi, amal degan narsa kerak emas.Shuning uchun man hozir sizlarga aytishim mimkin, manga amalning keragi yo’q. Men hech qachon, hech kimga bo’ysunib ishlamaganman, ishlamayman ham. Men haligi, tiz cho’kib yashagandan ko’ra, tik turib o’lishni xoxlayman. Shuning uchun e’tiborlaringa rahmat, mani tinch qo’yinglar.
IZOH: Toshkentliklar Mirsaidov boshchiligida davlat to’ntarishi qilmoqchi, deb sessiyadan oldin tarqatilgan gapdan uning jahli chiqqandi va minbardan tushib zalni tashlab chiqib ketdi. Bu esa uning ham siyosiy va ham shaxsiy hayotiga zulmning zarbasi tushishi uchun yo’l ochdi.
YO’LDOShEV: E’tibor uchun qabul qilamiz bu axborotni, demak o’rtoqlar kun tartibini aytilgan masalalar bo’yicha tasdiqlashni taklif qilaman…
Video tasma mana shu erda uzilgan… davomi yuqorida so’zga chiqqanlarni qoralashga aylanib ketgan bu sessiyaga bugunga qadar berilgan uch bahoga qaytamiz.
Karimov guruhi bu sessiyani toshkentliklar uyushtirdi va ularning menga qarshi fitnalari edi, boshida Mirsaidov turgandi, degan fikrni sesiyadan keyin ham ko’p takrorladi. Bu fikrni muxolifatdan ham ba’zilar bir muddat qo’llab keldilar, so’zga chiqqanlar orasida Mirsaidovning o’zi bilan birga 4 kishi toshkentlik edi, xolos. Ulardan biri Marat Zohidov esa unga qarshi gapirdi. So’zga chiqqanlarning aksariyati samarqanliklar edi va Surxondaryo, Sirdaryodan ham chiqqan deputatlar Karimovni himoya qilganlari yo’q. Aksincha uning siyosatiga qarshi edilar.Bu esa 7- sessiya toshkentliklarning fitnasi edi, degan gap uydirma ekanligini isbotlab turibdi.
Rus inqilobidan oldingi Buxoro amirligi, Xiva va Qo’qon xonliklari o’rtasidagi nizolarni Sovet davrida sho’rolar ustalik bilan qo’llanib kelishdi. Mansablarni taqsimlashdan hatto oliy o’quv yurtlariga talabalar qabuliga qadar ana shu mezondan kelib chiqib ish tutdilar. Bu esa aslida bir xalq bo’lgan millatni uch-to’rtga bo’lib, bu bo’linishni odamlarning ongiga singdirib yuborish edi.Hatto bugun ham kimlarnidir ayblash uchun “samarqandliklar”, “toshkentliklar” yoki “farg’onaliklar” kalimalarini qo’llanish odat tusiga kirgan. O’zini ziyoli, demokrat deb hisoblaganlar ham bu zehniyatning quliga aylanganlar.
Karimovchilar “toshkentliklar fitna uyushtirdi”, degan gapni tarqatish bilan qolgan sodda avomni o’zi tomonga jipslashtirishning yo’lini topdi va hokimiyatini mustahkamladi.
Hokimiyatni qo’lda saqlash uchun hamma jirkanchliklarga boriladi, degan gap bor. Ammo qo’lida hokimiyat bo’lmagan ba’zi birovlar ham shu gapni bir muddat aytib yurganlari zehniyatning zangi osonlikcha ketmasligini ko’rsatadi.
Ikkinchi iddao esa, bu ishning ortida Moskva turibdi, deyilgan gap edi va bu da’voning muallifi Marat Zohidov edi. Ammo uning talabi bilan bu masalani o’rganish uchun Oliy kengash, Islom Karimovning maddohlaridan iborat komissiya ham bu sessiyani Moskvaga bog’lay olamagandi.
Gap shundaki sessiya borayotgan paytda Moskva televideniesi Toshkentda deputatlar Karimovni ag’darmoqdalar, deya xabar tarqatdi. Xabar manbai esa “Izvestiya”ning O’zbekistondagi muxbiri Shaxobiddinov edi. O’sha kezda deputatlar orasida Moskvadan uzoqlashish ruhi bor edi. Bu ayniqsa, demokrat deputatlar orasida kuchli edi.Karimov siyosatiga qarshi chiqqan deputatlarning aksariyati mustaqillik kurashchilari bo’lib, Karimovni Moskvaning odami, deb hisoblardilar. Shu bois ham isyonda Moskvaning qo’li bor, degan gap ko’p yashamadi.
Va nihoyat uchinchi bahoni mazkur sessiyada “bu kommunistlarning fitnasi”, deya Karimovni himoya qilib so’zga chiqqan deputat Salay Madaminov, ya’ni Muhammad Solih yaqinda o’rtaga qo’ydi.
“Muhammad Solihning “Ozod ovoz”tashkiloti direktori Bobomurod Abdullaev bilan suhbati, 2002 yil, 7 Noyabr, Norvegiya, Oslo shahri.” (Eslatma:Mazkur suhbat www.ozodovoz.org va www.uzbekistanerk.org veb sahifalarida mavjud):
“Ozod Ovoz”: Siz O’zbekistonning o’n yillik mustaqillik davrida Karimov rejimi Sizni, qarindoshlaringiz, yaqinlaringiz va do’stlaringizni qamoqqa tashlaganini aytdingiz. Bugun shularning hammasini ko’rgach, 90- yillarning boshida parlament sessiyalarining birida Islom Karimovni o’sha paytdagi Bosh vazir Shukrulla Mirsaidovdan himoya qilganingizga pushaymon qilmaysizmi?
Muhammad Solih: Yo’q. Bu haqda pushaymon qilmayman. Chunki Mirsaidovning taklifiga qarshi chiqib, men siyosatdagi urug’ aymoqchilikka qarshi chiqqandim. O’shanda Mirsaidovning shu taklifi ortida mamlakatdagi siyosiy hokimiyatni o’z qo’liga olishga shay turgan ba’zi urug’ aymoqlar bor edi. Men hamma vaqt siyosatda urug’-aymoqchilikni yoqtirmaganman. Chunki urug’-aymoqchilik millatimizni fojeaga etaklovchi, uning shakllanishini to’xtatib qo’yuvchi kasallikdir. O’shanda men Karimovni himoya qilish uchun emas, janob Mirsaidovning ikkiyuzlamachiligi va yolg’oniga qarshi chiqqandim. Bu narsa o’z-o’zidan ro’y bergandi. Men Karimovga qarshi fitna tayyorlanayotganidan bexabar edim. Har galgidek men Karimovni tanqid qilishga tayyorlanayotgandim.Birdan har sessiyada Karimovning yonini olib unga qarshi aytilgan tanqidlarga norozilik sifatida oyog’i bilan polni urib o’tiradigan Mirsaidov chiqib, prezidentni tanqid qila boshladi. Men hayratda qoldim. Men bu o’zgarish, ikkiyuzlamachilkka qarshi chiqdim. Natijada mening chiqishim Karimovga qarshi tuzilgan koalitsiyaga katta zarba bo’ldi va Karimovga taxtda qolishga yordam berdi…”
Yuqorida Mirsaidovning so’zlari… U Karimovni tanqid qilgan emas, aksincha o’z sha’niga aytilgan gaplarga javob berib, amal istamasligini ta’kidlab, hatto sessiyani tashlab chiqib ketdi. Qolaversa, bu sessiyada so’zga chiqqanlar kimga urug’u kimga aymoqligini ham ko’rdingiz. Bahoni o’zingiz bering.
Xullas, nima bo’lganda ham 7-sessiyaning qo’limizga kelgan videotasmasi bugunga qadar siyosatda qo’llanib kelingan uydirmalarga chek qo’ydi va kimning kim ekanligini ko’rsatish uchun, tarixni uydirmalar emas, haqiqat to’ldirajagini isbotladi.
7-sessiya O’zbekistonda qayta qurish va Oshkoralik tufayli kurtak otgan demokratiyaning so’nggi kuni edi. Mustaqillikning dushmanlari bugun mustaqillik qahramoni bo’lib yurgan bir paytda demokratiyaning qotillari demokratiya kurashchisiman, deb yurganiga esa aslo ajablanmasa ham bo’ladi.
16.DEVONDAGI DEVONALIKLAR
Ettinchi sessiyada Karimov haqiqatdan ham ko’p xato qilgani, muhokama unga dars bo’lganini aytganiga qaramay, Muhammad Solih so’zga chiqib, isyonni kommunistlar va toshkentliklar qilayotganiga urg’u berib, Karimovni himoya qilgandan keyin demokrat deputatlarga hujum kuchlanib ketdi. Bundan ruhlangan Karimov ham hujumga o’tdi va bizni “bir hovuch qora kuchlar” deya ayblay boshladi.
Men shart o’rnimdan turdimda:
-Islom aka, bundan bir necha daqiqa oldin xatolaringizni tan olib turgandingiz, endi esa to’nni teskari kiyib oldingiz,-dedim. Shundan keyin yana zalda ruhlanish boshlandi va so’zga chiqishni istaganlar minbarga qarab yura boshladilar. Karimovning ishorasi bilan Yo’ldoshev tanaffus e’lon qildi.
Bir guruh deputatlar Karimovni o’rab oldilar.
Samandar Qo’qonov:
-Siz O’zbek xalqining ajali,-desa, Inomjon Tursunov:
-Qo’shib yozishga aralashgan hamma rahbarlar qamalib ketdi, siz qanday qutilib qoldingiz, mana siz ham Qashqadaryoda 2 millard so’mlik qo’shib yozish qilgansiz,-deya qo’lidagi hujjatlarni ko’rsatar edi.
Karimov nima qilishini bilmay qoldi va meni chaqirdi:
-Bu erda har xil odamlar va har xil masalalar aytilmoqda. Bilaman, sizga nisbatan nohaqlik bo’ldi. Shuni yaxshilikcha hal qilaylik. Majlisdan keyin men ham qolayin, sizlar ham qolinglar, butun muammolarni kelishib olaylik,-dedi.
-Kelishib olgan bilan nima hal bo’ladi? Yana va’da, yana yolg’on bo’ladimi?-dedim men.
-Agar men aytgan gapga ishonmasangizlar, mayli o’rtada protokol tuzamiz,-dedi u.
Bu gapni eshitgan isyonchi deputatlar jim bo’ldilar. Darhaqiqat, tanaffusdan keyin Karimov saylov haqidagi loyiha va boshqa muhokamalarni kun tartibidan chiqarib oldi. Biz buni g’alaba, deb o’yladik. Aslida esa bu Karimovning ustaligi ekan. Chunki u endgina so’ngan alanga yana qaytadan olov olib ketmasligi, so’ngi cho’g'iga qadar o’chirilgandan keyin masalaga qaytishni rejalagan ekan. Biz partiya idoralarida ishlamagan, KGB sabog’ini olmagan va yuqoridagi o’yinlarni bilmagan sodda deputatlar “Karimovni sindirdik” deya gerdayib o’tirardik.
Karimov “Kimning menda gapi bo’lsa qolsin, qolganlarga javob” dedi va yuzga yaqin deputat qoldik.
Karimov Ravil Abduqodirovga protokol yuritishni topshirdi.
Biz siyosiy masalalarni aytar ekanmiz, bir ikki kishi doim gapni boshqa tomonga burishga intilar edi. Masalan, Nomoz Sa’dullaev qayta-qayta o’rnidan turib, u saylangan Qo’shrabot tumanidagi qaysi bir xo’jalikka yangi traktor yoki shunga o’xshagan bir narsa lozimligini aytardi. Bu esa boshqalarga ham ta’sir qilib, ular siyosiy masalalar chetda qolib, o’zlarining tumanlariga nimadir so’rash va buni protokolga yozdirish bo’yicha musobaqalashib ketardilar.
Shunga qaramay, biz Oshkoralik qo’mitasi yopilishi xato bo’lgani, “Xalq so’zi” gazetasining Bosh muharriri ishiga darhol tiklanishi, matbuotga erkinlik berish, muxolifat guruhlariga bosqi o’tkazmaslik kabi bir qancha siyosiy talablarni ham yozdirdik. Hatto, Ahmadjon Muxtorov o’sha kiniyoq ishga tiklandi. Ammo bular vaqtincha tadbirlar ekanligi va Karimovning kallasida saylovga qadar o’yin o’ynash rejasi borligini bilmagan bizlarga bu qadamba qadam g’alaba bo’lib ko’rinar edi. Demokratiya g’alba qilmoqda, deb o’ylardik. Aslida esa, demokratiyaning so’ngi uchqunlari ham so’ndirilayotgan ekan.
Ikki soatlik muhokamadan keyin kimdir:
-Bu talablar qachon bajariladi va kim nazorat qilib, kim hisob beradi?-dedi.
Shunda Karimov:
-Bo’pti, oralaringdan bir kishini tanlanglar, bu ishning nazoratini unga topshiramiz,-dedi.
Keyin bir zum nimanidir o’yladi-da:
-Men prezident devonida yangi bir lavozim tashkil qilaman va shu odam faqat ana shu protokolda yozilganlarni nazorat etish hamda mening sizlar bilan uchrashib turishimni amalga oshirish bilan shug’ullandi. Mana majlisda ko’rdinglar. Men ishonib yurgan odamlarning hammasi pisib o’tirdi, ablahlar. Birortasi chiqib ko’ksini qalqon qilgan emas. Men kimga ishonishim kerak? Atrofimda hammasi eski kommunistlar, fikri, kallasi qotib qolgan odamlar. Men ham demokratiya qilishni, shu mamlakatni oyoqqa qo’yishni istayman. Bugun sizlar mening ko’zimni ochdinglar. Aslida mening haqiqiy do’stlarim sizlar ekan. Men sizlarga suyanishim kerak ekan. Sizlar bilan bir bo’lishim kerak ekan,-dedi.
Uning ko’zlarida yosh halqalanganidan bu gaplar yuragidan otilib chiqayotganiga hech kimda shubha yo’q edi. Uning rolni mahorat bilan o’ynashi zalda o’tirganlarning tushiga ham kirmagandi.
-Xo’p,-dedi Karimov qani kimni ko’rsatasizlar?
Oygul Mamatova o’rnidan turdi-da:
-Bunday ishni faqat Jahongir uddalashi mumkin,-dedi.
Karimov bir zum o’ylanib, keyin menga qarab, termulib qoldi. Men ham shoshib qoldim. Chunki bir necha daqiqa oldin, Oshkoralik qo’mitasiga tazyiq to’xtatilishi haqidagi gapni ham protokolga kiritgan edik. Men qo’mita raisining o’rinbosari lavozimida faoliyatimni davom ettirishni istar edim. Prezident aytayotgan ish, hukumatda bo’lib qo’limni bog’lashi va qo’mitadan ajratishi aniq edi. Chunki men ham qo’mitada ishlab, ham televidenieda sharhlovchilik qilganimda Islom Karimov rayosat majlisida:
-Mana mening qo’limda bir taklif bor. Bu taklifni bir deputat kiritgan. U xalq vakillari hukumat ishida ishlasalar deputatlikni topshirishlari lozim, degan haqli talabni qo’ygan. Menimcha bu ishni oliy majlis qo’mitalaridan boshlash kerak. Bu erda ishlab ham televideniedan maosh olish mumkin emas…
Men hali televideniedan maosh olib ulgurmagan ham edim. Ammo “Deputat minbari” degan ko’rsatuv tezda shov-shuvlarga sabab bo’lgandi. Keyin Karimovning qarindoshi bo’lgan Jomboy tumanining birinchi kotibi muxbirning telekamerasini sindirgani va menga suiqasd uyushtirish uchun Toshkentga odam yuborgani fosh qilingan dastur ham katta voqeaga aylangandi. Shu bois ham Karimov meni televideniedan uzoqlashtirish maqsadida yuqoridagi gapni aytgandi. Keyin rayosatda aytilgan bu gapni bahona qilib, Ganja Yoqubovga tazyiq o’takaza boshlashdi. Men Karimovga berilgan o’sha taklifni qo’llashimni va demokratik jamiyatda shunday bo’lishi kerak, deya o’zim ariza yozib televideniedagi yarim shtatlik ishinmi to’xtatdim.
Keyin bilsam, Karimovning o’zi deputatlarning hukumatda ham ishlashini man etadigan Rayosat qarori loyihasini kun tartibidan chiqarib olgan ekan.
Biror taklif har qanday yomon bo’lsa ham kerak bo’lganda uni maqtaydigan, biror taklif har qancha yaxshi bo’lsa ham kerak bo’lmaganda uni toptaydigan Karimov endi meni Devonga ishga olish bilan deputatligimga nuqta qo’ymoqchimi, deb o’ylab qoldim. Ammo bu paytda jurnalist Dadaxon Yoqubov deputat bo’lgani holda unga yordamchi bo’lib ishlayotgan edi. Mening o’ylab qolganimni va javob bermaganimni ko’rgan Karimov suv keladigan ariqning oldini to’sgan kabi:
-Nima, qo’rqib qoldingiz-mi? Bir ish taklif qilinganda odam mardlik ko’rsatishi kerak. Gapirish oson, tanqid qilish oson, ammo ishlash qiyin,-dedi.
Bu gap mening hamiyatimga tegdi va “Bo’pti” dedim. Ba’zi deputatlar qarsak chalib yuborishdi. Ba’zilari yonimga kelib, tabriklay boshlashdi. Hamma menga havas bilan tikilardi. Men hayron edim. Demak, ko’pchilik Devonga ishga o’tishni juda katta voqea, deb bilar ekan.
Shu kuni Oygul bilan tortishib qoldim.
-Karimov shu yo’l bilan bizni tinchitmqochi bo’lasa-chi? Unga yo’l ochib bermadingizmi?-dedim.
-Karimov har gapdan ta’sirlanadigan odam. Agar siz uning yonida bo’lsangiz mana biz sizga quvvat bo’lamiz, uni mamlakat uchun ishlashga majbur qilamiz,-dedi Oygul.
Men uyga kelib bekinib oldim va uch-to’rt kun tashqariga chiqmadim. Qaror berolmayotgan edim. Deputatlardan ba’zilari telefon qilishsa, ba’zilari uyga kelib, men bilan tortishar va bu ishni qabul qilishni so’rashardi.
Buning ustiga men Shukrullo Mirsaidovdan juda xafa edim. Uning 7-sessiyada menga mansab kerak emas, deb chiqib ketishini, faqat o’zini o’ylashi, xalqni, unga ishonganlarni olovga otishi, deb qabul qilgandim.
Aslida biz demokrat deputatlar Karimovning kamchiliklari haqida o’zimiz hamma narsani ochib tashlashni rejalashtirgan edik. 7-sessiya oldidan 12 sahifali material tayyorlagan ham o’zimiz edik. Buni Oygul Mamatovaning uyida to’planib, rejalaganmiz va keyin men xatga tushirgandim. Biz bu ishimizni yashirmagan edik.
Shu bois ham bir kuni Erkin Vohidov faoliayatni birlashtirish haqida gapirib qoldi. U kishi Ahmadali Asqarov va boshqa qo’mitalarning rahbarlari bilan birga Mirsaidovni ko’tarmoqchi ekanlar. Shu bois meni Shukur Rahmatovich ko’rmoqchi ekanligini aytdi.
Mirsaidovning yoniga bordim. U Karimov ketmasa, hech narsa o’zgarmasligini, Karimov ketgan taqdirda, u vaqtinchalik rahbar bo’lishi va qisqa vaqtda demokratik saylov o’tkazish masalasida rozi ekanligini aytdi.
-Boshqalar ham nomzodini qo’ysin. Agar xalq meni saylamasa, xafa bo’lmayman, qaerda bo’lsa ham ishlayman,-dedi u.
Shuni aytish kerak-ki bunga qadar Mirsaidov ziyolilar bilan til topishda usta, adabiyot va madaniyatni qadrlaydigan odam, degan gap tarqalgandi. Men o’zim ham uning ishchanligi, qaror olishda qo’rqmasligi, tunu kun demay ishning orqasidan yugurishini bilar edim. Shu bois unga ishondim.
Lekin barcha demokrat deputatlarga bu masalada har kim o’z qarorini olishi kerakligini aytdik va ular birma-bir Mirsaidov bilan gaplashib chiqishlarini ham rejaladik.
Bir kuni Shuhrat Nusratov markazni u rahbar bo’lgan Kuybishev tumaniga ko’chirishni taklif qilayotganini aytishdi. Ammo rozi bo’lmadik. Ular o’zlari ishlashsin, biz o’zimiz, dedik. Agar 7-sessiyada Mirsaidov Karimovning qiliqlarini ochib tashlab, “Bu odam tentak, ketishi kerak”, deganda Karimovning ishi bitgan edi.
Keyinchalik Shukrulla akaning o’zi e’tirof etishicha, sessiyadan bir kun oldin chet eldan kelgan o’zbeklarga ziyofat bergan Karimov kechaning oxirida Erkin Vohidov, Ahmadali Asqarov va Muhammad Solihni olib qolib, ular bilan qadah ko’tarib, ulardan yordam so’ragan, Mirsaidovga ham Bosh vazirlikni va’da qilgan ekan.
Xullas, uyda ekanman, 4 oktyabar kuni Kraynov telefon qildi va Karimov men bilan gaplashmoqchi ekanligini aytdi. Men unga yangi ishni qabul qila olmasligimni aytdim. Karimovning jahlli chiqib ketdi, ammo o’zini ushlab:
-Iltimos, men bilan o’yin qilmang. Qo’rqqan bo’lsangiz o’sha kun aytishingiz kerak edi,-dedi.
-Qo’rqqanim yo’q, lekin men yordamchi bo’lib, u yoqdan bu yoqqa qog’oz tashib yurishni istamayman,-dedim.
-Men ham sizni Vitse prezidentlikka ololmayman,-dedi Karimov. Shunday ham meni er bilan yakson qilib so’kkan odamni ishga olishimga hali ko’pchilik qarshi chiqadi. Hozirning o’zida qancha odam norozilik bildirmoqda.
Men unga noto’g'ri gapirib qo’yganimni sezdim va gapimni tuzatmoqchi bo’ldim.
-Birinchidan, vitse prezident bo’laman, deganim yo’q…
Karimov gapimni kesdi-da yuzma-yuz gaplashishni istadi. Choy ichib, nonushta qilib, uzoq gaplashdik. Bolaligi va talabalik yillaridagi voqealardan gapirdi. Odamlarga o’xshab yashagisi kelishini, Anhor bo’yiga chiqib osh damlashni istashini aytdi. Atrofidagi odamlardan shikoyat qilar ekan, hatto ko’zida yosh o’ynadi. Yomon vaziyatga tushdim. Chunki u shu damda juda yordamga muhtoj odamga o’xshab qolgandi. Ayniqsa, Mirsaidov haqida kuyinib gapirdi. Bir oilada aka-ukadek edik, menga ota-onalik qilishgan ular. Lekin u ham meni tashlab ketdi, mana ishga chiqmayapti, dedi.
Hali kechagina menga po’pisa qilib yurgan Karimov juda yumshoq bo’lib qolgandi. Men 7-sessiya uni tubdan o’zgartirdi, degan sarob kabi bir xulosaga borgandim.
Xullas, o’shanda mening boshqa yo’lim qolmagandi. Keyinchalik o’ylsam, rozi bo’lganim yaxshi bo’lgan ekan. Devonda 100 kun ishladim. Ana shu qisqa vaqtda juda ko’p narsani o’rgandim. Karimovni yanada yaqindan tanidim, uning mamlakatni emas, xalqni emas, faqat o’zinigina o’ylashini, hamma odamni ana shunga xizmat qildirishga urinishini angladim.
Karimov men uchun Devonda maxsus bo’lim(sektor) ochadigan bo’ldi. Unga “O’zbekiston Xalq deputatlari bilan hamkorlik qilish faoliyatlarini muvofiqlashtiruvchi bo’lim” deb nom berildi. Bu bo’limga bir xodim va bir kotiba olishim mumkinligini aytishdi. Shuni qayd etish kerakki, men ketishim bilanoq bu bo’lim yana bekitilgandi. Mustaqil O’zbekiston tarixida Devonda ana shunday bir bo’lim 100 kunga mavjud bo’lgani va keyin yo’qotilgani ham o’shanda Karimovning dilida qanday rejalari bo’lganiga ishora etadi.
Karimov bu masalaga bu qadar jiddiy ahamiyat berganini uning deputatlar qudrati oldida bo’yin egishi, deb tushunib, katta xato qilgan ekanman. Aslida Karimov meni tahlikali kuch, deb hisoblagan ekan. Devondan ketganimda ham O’zbekiston teleradiokompaniyasida men uchun “Raisning o’rinbosari” degan qo’shimcha bir lavozim ochish haqida qaror chiqargan va ikki oydan keyin men iste’fo berishim bilan bu lavozimni ham qisqartirish haqida qoror imzolagandi. Ya’ni har ikki ishda ham men egallagan vazifalar ketganimdan keyin qisqartirishga tushgan.
O’shanda Devonga o’tishim bilanoq voqealarning ortidagi fikrlarni qidirmasdan ishga kirishib ketganman. Aslida bu mening xarakterimda bor narsa. Shu bois ham ba’zilar mening ana shu fe’limdan foydalanib qolishadi. Xalq va Vatan masalasi oldinga chiqqanda o’zimni o’ylamaslik odatimni nafaqat Karimov, balki boshqalar ham juda ko’p suiistemol qilishganini keyinchlik tushundim. Baribir vaqtim bekorga ketmagani, qo’limdan kelgani qadar odamlarga yordam berishga intilganim qalbimga taskin beradi.
Devonda juda qisqa vaqtda ishni qo’lga oldim. Hatto mashhur maslahatchilar ham chetga chiqa boshladilar. Masalan, Mavlon Umurzoqov, Temir Alimov kabi maslahatchilar tayyorlagan farmon loyihalarini ham Karimov qayta tayyorlash uchun menga berar edi. Men katta xatolarni tuzatayapman, deb o’ylardim. Karimov esa maslahatchilarga “Bu yigit masalani deputatlarga olib chiqaman, degandan keyin uning o’zgartirishlarini qabul qildim, mana sizlar tayyorlagan hujjatlarni bir tiyinga chiqarmoqda” deb meni ularga yomonlar ekan. Lekin baribir O’zbekiston teleradikompaniyasini, O’zbekiston Axborot agentligini cukumatdan ajratish haqidagi farmon loyihalarini tayyorlaganimda Karimov ko’p qarshilik qilgan va Teleradiokompaniyaning yarminigina mustaqil qilishga rozi bo’lib hujjatga imzo chekkandi. U men yozib bergan nutqlarni o’zgartirmasdan o’qib berardi. O’sha kunlardagi nutqlarni olib qarasangiz, Karimovni katta demokrat, deb o’ylashingiz mumkin. Ammo u saylovga qadar chekinish qilayotgani, Leninning bir qadam orqaga, ikki qadam oldinga shiorini amalga oshirayotganini tasavvur ham qilmagan ekanman.
Karimov yutdi. Biz yutqazdik. Natija esa boshqacha bo’lishiga ishonaman. Men Karimovni o’rganib, uning kimligini tarixga mixladim. Oxir oqibatda tarix unga baho berishiga ishonaman.
Endi devondagi devonaliklardan besh shingil.
1.Yo’ldoshev voqeasi
Toshkentda gap tarqaldi: «Karimov Oliy kengash raisini tepa-tepa xonasidan quvibdi. Uning baqirib qochganini atrofdagilar tomosha qilishibdi”.
Bo’lmagan gap deb o’yladim. Og’izga kelganini gapiraverisharkan-da! Lekin ishonmaganni ishontirish uchun-mi voqealar takror bo’lar ekan.
Devondagi ishimning birinchi kuni Karimov bilan gaplashib bo’lganimizdan keyin, Zelemxon Haydarov beshinchi qavatga olib tushib, men ishlaydigan xonani ko’rsatdi. Allaqachon xonani tayyorlab, eshigiga ismimni ham yozib qo’yishgan ekan.
-Bu qavatda faqat maslahatchilar va yordamchilar joylashgan,-dedi Zelemxon aka va ish boshlashim mumkin ekanligini aytib, chiqib ketdi.
Men esa Oliy majlis binosiga ketdim. Ko’p o’tmay Kraynov qidiryotganini aytishdi. Karimov so’rayaptilar, dedi u.
Prezident devoniga kelsam, qabulxonada Bosh vazir o’rinbosari Ismoil Jo’rabekov, Surxondaryoning rahbari va yana bir ikki-kishi kutib turishgan ekan. Maslahatchi Mavlon Umrzoqov esa, tez-tez pastga, beshinchi qavatga borib kelayotgan edi.
Shu payt birdan eshik ochilib ketdi va taqaru-tuqur tovushlar eshitildi. Ichkaridan avval Oliy majlis raisi Shavkat Yo’ldoshev yugurib chiqdi. Orqasidan Karimov. Karimov yugurgancha bir sakrab uni tepmoqchi bo’lar va u tezroq qochayotgani uchun Karimovning oyog’i havoda muallaq aylanib qolardi. Koridorning oxiriga etib borganda Yo’ldoshevni yaxshilab tepdi shekilli u beshinchi qavatga olib tushadigan zinapoyali eshikka urilib ketdi. Shundan Keyin Karimov orqaga qaytib, barmog’ini mening qornimga niqtagancha
-Ha, geroy!,-dediyu ichkariga kirib ketdi.
Men nima bo’layotganini tushuna olmay qoldim. Qarasam, atrofimda hech kim yo’q. Hamma qayoqqadir g’oyib bo’lgan. Keyin Kraynov shkafga o’xshatib qurilgan devorning pastqamgina eshigidan chiqib keldi. Uning xonasi shu erda ekan. Orqasidan qolganlar ham chiqishdi. Bunday paytda Karimovning ko’ziga ko’rinmaslik shart ekan. Men esa bilmay qoidani buzib qo’yibman. Shu bois ham Karimov “Ha, geroy!’ deb o’tgan ekan.
Qaysi bir ma’noda ko’nglim cho’kib ketdi. Lekin Yo’ldoshevning orqasiga tepgani uchun emas. Farg’ona voqealarida qo’li qonga botgan bu odam, har daqiqada bir tomonga o’zgaradigan, juda qo’pol, prinsipsiz bir kishi edi. U deputatlarga past nazar bilan qarar va ularni kamsitishga urinardi.
7-sessiyadan bir kun oldin ham meni chaqirib, “Ertaga qo’yib beraman, istagancha gapiring” degan odam, ertasiga sessiyada so’zimni kesib tashlab, qayta so’z bermaslik uchun qo’lidan kelgan hamma ishni qilgandi. Shu bois ham unga rahmim kelmadi. Ammo unga bo’lgan munosabat boshqalarga ham, jumladan menga ham bo’lsa-chi, degan bir fikr qalbimni tirnadi va bu ahvolda kelajakda mushtlashib ham qolsak kerak, degan fikr ko’nglimdan o’tdi.
2.Xat va tabrik voqeasi
Bir kuni ishga kelayotsam gazetalar do’konida narx-navo 30 foyizga oshganini eshitdim. Xonamga kirishim bilan Karimov chaqirayotganini aytishdi. Uning huzuriga kirdim:
-Tuzgan protokolimizda, narx navo oshadigan bo’lsa oldindan deputatlar bilishi kerak, deb yozgandik. Ertaga deputatlar bilan uchrashadigan kunimiz. Bugun esa soliqlarni o’ttiz foizga oshiribsiz-ku?! – dedim.
-Nima deyapsiz o’zi?, – Karimov birdan jiddiylashdi.
-Mana bugun gazetalarni o’ttiz foiz oshirilgan bahosiga sotib oldik. Sotuvchi faqat gazetalarga emas, umuman hamma narsaga o’ttiz foiz qo’shimcha soliq solinganini aytdi.
-Yolg’on! – dedi Karimov va mendan keyin kirib kelgan matbuot bo’yicha konsultant(keyinchalik kotib) Murod Muhammad Do’stga yuzlandi.
-Sen ham gazeta oldingmi?-dedi unga ruschalab.
- Oldim, kechagidan qimmatroq ekan…
-Men xabardor bo’lmasdan qanday qilib oshadi? Bu o’yin, saylov oldidan meni sharmanda qilishmoqchi. Xalqqa narx-navoni oshirmayman, deb va’da bergandim. Saylov oldidan bu o’yinni kim o’ylab topdi?
Karimovning shiddat bilan termulishiga bardosh berolmagan Murod Muhammad Do’st:
-Bu orqadan pichoq urishdir. Maxsus uyushtirilgan ish bu! – dedi.
Karimov menga yuzlandi:
-Doim meni tanqid qilasiz. Mana o’zingiz ko’rdingiz, meni qanday boshi berk ko’chaga kiritib qo’yishadi.
-Rostdan ham sizning xabaringiz bo’lmasa, u holda tekshirish uchun imkoningiz bor,-dedim men.
-Nafaqat tekshirish, balki bu xoinlarni o’rtaga chiqarib, xalqdan kechirim suratish kerak. O’z xatolarini o’zlari tuzatishsin,-dedi Murod Muhammad Do’st.
Uning bu taklifi Karimovga yoqib ketdi va u Kraynovga davlat palanlashtirish qo’mitasi raisini chaqirishni buyurdi.
Karimov xonada u yoqdan bu yoqqa borib kelar ekan, og’zidan bodi kirib, shodi chiqardi.
-Generallardan kelgan xat va tabrik maktubini nima qilamiz? – deya luqma tashladi Murod Muhammad Do’st.
-… ga tiqib qo’y, – deya baqirdi Karimov.
Murod Muhammad Do’st boshini egib qoldi.
3. Soliq voqeasi
Karimov soliqlar oshganidan xunob bo’lib mutasaddilarni chaqirdi. Planlashtirish va narx navo qo’mitasining raisi Qudrat Axmedov o’rniga o’rinbosari, bir rus ayol kirib keldi.
-Eshshak qani?-dedi Karimov.
-U kishining toblari yo’q edi,-dedi o’rinbosar ayol.
Karimov shiddat bilan qora tugmani bosdi-da:
-Ravil eshshakni top va infarkt qil!-deya baqirdi.
Keyin birin-ketin qolganlar ham kirib kelishdi. Savdo vaziri Mirabror Usmonovning qorniga mushtlab tushirgan Karimov boshqalarni ham qattiq haqoratladi. Keyin hammasi “Axborot” ko’rsatuviga chiqib, xalqdan kechirim so’rash uchun televideniega yuborildi. Sakkiz vazir va o’rinbosarlar boshlarini eggancha kechirim so’radilar. Ertasiga Baxtiyor Hamidov xonamga kirib keldi.
-Oramizda qolsin, kecha sizning oldingizda qattiq tahqirladilar,-deya Karimovning o’zi qo’l qo’ygan hujjatni ko’rsatdi.-Faqat narx-navo sessiyadan keyin oshishi kerak edi. Biz shunday tushuntirish bilan tarqatgandik, bu hujjatani, ammo ba’zi joylarda oldindan boshlanib ketibdi.
Karimov bir o’q bilan ikki quyonni urgan ekan. Ammo uning vazirlarni ham tahqirlashi, onasini, qizini haqoratlashi, ularning yuziga tarsaki tortib yuborishi… bularga guvoh bo’lish juda og’ir ekanligini his ettdim. Ayni paytda mansab deya, bunday tahqirlarga chidagan odamlardan ham nafrat qila boshladim.
4.Qayta qurish voqeasi
Kimdir stolimning ustiga bir varaq qog’oz qo’yib ketibdi. Unda “Mening kommunistik partiya saflaridagi a’zoligimni Xalq Demokratik partiyasiga o’tkazishingizni va meni bundan keyin XDP a’zosi, deb hisoblashingizni so’rayman” deb yozilgan ekan. Uni yirtib tashladim. Oradan ko’p o’tmay bizni ikkinchi qavatda bir majlisga taklif qilishayotganini aytishdi. Dadaxon Yoqubov bilan birgalikda bordik. Eshikdan kirishimiz bilan majlisni olib borayotgan maslahatchi Baxtiyor Nazarov:
-Mana prezidentimzining ikki qanotlari kelishdi. Ular ham varaqani to’ldirib bermaganlar ro’yxatida. Balki XDPga mana hozir a’zo bo’lishar,-dedi.
Shundan keyin bildim-ki, haligi qog’ozni to’ldirmaganlarni chaqirishgan ekan bu erga. So’z oldim va:
-Kommunistik partiyani tarqatib yuborib ham undan qutulmabmiz-da,-dedim.
-Qutuldik. Ilgari kommunistik partiya a’zolik masalasida juda qattiq turar edi. Biz esa qayta qurish davrida ekanligimizni unutmang, Jahongirjon, mana a’zo bo’lishni qulaylashtirb qo’ydik. Prezidentimizning ikki qanoti u kishi raisi bo’lgan partiyada bo’lmasalar, bo’ladimi?-dedi Baxtiyor Nazarov.
-A’zolik majburiymi, ixtiyoriymi?-deb so’radim.
-Ixtiyoriy, ammo…
-Ixtiyoriy bo’lsa, bizga uzr,-deya chiqib ketdik.
O’sha kuni Baxtiyor Nazarov xonamning yonidan o’tgan kishi bo’lib, bosh suqdi-da;
-Sizni deb kaltak edik!-dedi.
Boshqa payt bo’lganda bu adabiyotshunos olimning obrazli gapi deb qo’ygan bo’lardim. Ammo o’sha damda u rostdan ham kaltak eganiga shubham yo’q edi.
5. Kraynov voqeasi
Kraynov degan otni eshitganlarning labiga uchuk chiqar edi yo tizzasi qaltirardi. Karimovdan boshqa hamma uning yonida qulbachchaga o’xshab, qo’l qovushtiirb turardi. Uning oldi-qochdi gaplarini eshitib utirardilar, qarshi gap aytolmasdilar. Vazirlaru hokimlar Kraynovning ko’nglini topishga urinardilar, xursand qilib turishga intilardilar. Har kuni ikki-uch karra sim qoqib, uning hol-ahvolidan, oilaviy tashvishlaridan so’z ochib, diliga iliqlik kiritib turardilar.
Kraynov ishga hammadan oldin kelardi va hammadan keyin ketardi. Ba’zan mamlakat uxlayotgan yarim tunda ham u ishxonasida o’tirardi. Karimovning yotog’idan “uxladilar”deb xabar kelgach, u uyiga yo’l olardi.
Karimovning huzuriga kim kirishi, kim kirmasligini u hal qilardi. Maxsus kitobi bor. Unda Karimov kimlarni, qaysi lavozimdagi kishilarni qabul qilishi kerakligi asosida ro’yxat tuzgan. Uni Karimovning kayfiyati yaxshi paytlari o’zgartirib, tasdiqlatib turardi. Bu ro’yxatga kirmagan kishi kim bulishidan qat’iy nazar Karimov bilan uchrasha olmasdi.
Kraynovga yoqqan kishi esa kim bo’lishidan qat’iy nazar ro’yxatga kirishi mumkin edi. U Karimovning fe’l-atvorini mukammal o’rganib olgan. Gapini ikki qilib yurganlarni Karimovning jahli chiqib turganda ro’baro’ qilardi. O’sha odamning boshiga qora bulut yog’ilardi.
Karimov ba’zan unga “falonchini so’kib qo’y” deb buyurardi. U xuddi Karimovning o’ziga o’xshatib chunonam baqirardiki, tovushi butun qabulxonada eshitilib turardi. Karimov biror odamga xush boqsa, Kraynov unga shunaqa shirin so’zlar topib muomala qilardiki, haligi odam uchun dunyoda yolg’iz Kraynovgina sodiq do’st bo’lib ko’rinardi. Odamlarga laqab qo’yishda shu qadar ustaki, qabr ustiga tosh o’rnatgan ustadek nozik harakat qilardi. Ya’ni u otgan o’q nishonga aynan tegardi. Masalan Jo’rabekovga “Botsman”, Alimovga “Beriya”, boshqa maslahatchilarga “Artist”, “Devor”, “Tryapka” deb laqab qo’ygan. Shavkat Yo’ldoshevni esa “Ho’kiz” der edi.
Bir kuni Karimov men yozgan nutqni ko’rar ekan, uni chaqirdi.
-Qani Johongirga (U meni doim Jahongir emas, Johongir der edi-JM) Eltsin va Akaev voqeasini aytib ber,-dedi.
U prezidentning ichkaridagi xonasiga yugurib kirib temir qoshiq olib keldi-da Karimovga berdi. Keyin egilgancha boshini Karimov tomonga cho’zdi. Karimov qoshiq bilan uning boshiga ura boshladi, u esa ruschalab ashula aytib turdi.
Keyin Karimov qoshiqni stolning ustiga tashladi-da miriqib kuldi va:
-Eltsin ichib olib Akaevni ana shunday ashula aytishga zo’rlabdi,-dedi.
Kraynov mamnun qiyofada chiqib ketdi. Shundan keyin undan ham hazar qila boshladim.
17.JIZZAX QO’ZG’OLONI
1991…
Islom Karimovning nomiga yozilgan shikoyatni Kraynov “Siz ko’rib chiqar ekansiz”, deb menga berdi. Keyin Karimovning huzuriga kirganimda u:
-Yaxshilab ko’rib chiqing-chi, orqasida nima gap bor? Bu eshak Tursunov ham jonga tegdi. Ablahning burnini erga ishqalamoq kerak!- dedi.
Men avval Jizzaxlik millatvakili Meli Qobilovga sim qoqdim:
-Viloyatingizdan yuzdan ziyod oqsoqol imzo chekkan shikoyat bor. Shuni tekshirishda sizdan yordam olmoqchi edim,-dedim.
-Nima haqda yozishgan ekan? -deb so’radi Meli Qobilov.
-Viloyat rahbari Tursunov haqida,- deya javob berar ekanman, ko’nglimdan o’tgan savolni ham so’ray qoldim. -Nega viloyat rahbari haqida nafaqaxo’r oqsoqollar yozib yurishibdi? Yana bir emas, yuzdan ziyod kishi imzolagan. Buning ustiga ulardan yuzga yaqini bu xatni olib, prezident devoniga kelgan ekan.
-Jahongirjon, ovora bo’lmang, kalavaning uchi Karimovning o’ziga borib taqaladi. Mening huzurimga ham o’nlab jabrdiydalar keldilar. Tekshirdim, tekshirtirdim shikoyatlari to’g'ri. Keyin jumhuriyat prokraturasi, Xalq nazorati qo’mitasi, Oliy kengash haya’tiga chiqdim. Oqibat, hozir mening o’zimni kuzatib yurishibdi. Meni sessiyada “sayratgan”, nomimni shikoyatchiga chiqargan ham shu masala. Avvaliga sotib olishga urinishdi, keyin qo’rqitishdi, bu ham ishlariga yaramadi, so’ngra oldingi ish joyimdan “Buning aqli erida emas, shu bois haydalgan” degan hujjat qildirib, gazetaga yozishdi.
-Ha, Oliy kengash sessiyasida gapirganingiz shu masala edimi? U erda sizni viloyat kengashi majlisidan haydab chiqarishganini aytgandingiz, shekilli?
-Bilasiz, men viloyat kengashining ham deputatiman, shu bois masalani oldin shu kengashda ko’tarib chiqdim. Lekin gapirtirishmadi. Agar orqalarida Karimovning o’zi turmaganida arqoni uzilgan ho’kizdek harakat qilmagan bilishardi.
-Men Karimov bilan gaplashdim, bu masalani oxiriga etkazishimni so’rayapti-ku?!
-Unday bo’lsa jumhuriyatdagi barcha huquqni himoya qiluvchi idoralardan mutaxassislar olish kerak. Agar bu ishni bir o’zingiz tekshiradigan bo’lsangiz, sotib olishga harakat qilishadi, sotib ololmasalar “sakkizta mashina” so’raganga chiqib qolasiz.
-Sakkizta mashina deganingiz nima?
-Xabaringiz yo’qmi, viloyat rahbarlari menga pora uchun sakkizta mashina so’radi, deya tuhmat qilishdi. Hozir izimga xavfsizlik xizmatidan poyloqchi qo’yishgan, qarindosh urug’larimni ham bir-bir elakdan o’tkazishmoqda.
-Men sizdan yordam olaman desam, o’zingiz yordamga muhtoj ekansiz-ku?-dedim men Meli Qobilovga.- Jizzaxga borsak, siz bilan ham gaplashamiz, maslahatingiz kerak…
Haqiqatdan ham Jizzax masalasi tobora chigallashib borardi. Men kimga murojaat qilmayin, yo tekshirishda ishtirok etishdan voz kechardi yoki xastalanib qolardi, yoxud boshqa bir muammo o’rtaga chiqardi. Shu bois devondan, Oliy kengash rayosatidan va huquq idoralaridan vakillar olib, o’zim Jizzaxga bordim. Viloyat rahbarlarini Oliy kengash majlislarida ko’rganim uchun uzoqdan tanirdim. Jizzaxga kelgandan so’ng ularni darrov “kashf” etib qo’ya qoldim. Viloyatning birinchi rahbari Tursunov:
-Uka, men bu erga boshqa viloyatdan kelganman, ijroqom raisi Olimov boshchiligida bir guruhning tuhmati ostida qoldim. Ular viloyatni so’mirishmoqda. Men esa yo’llariga to’g'anoqman, mahalliychilik qilishayapti, – dedi.
Oldinroq ijroqo’m raisi Olimov:
-Uka, “birinchi”miz asli boshqa viloyatdan. Bu erga ham asosan o’z viloyatidan bo’lganlarni olib kelib, masalani chigallashtirdi. Islom aka bilan bu masalani gaplashdim. Hujjatlarni tayyorla, uni yo’qotamiz, deb aytdilar,- degandi.
Avvaliga menga bu masala ikki rahbarning o’zaro kurashi va qo’llanilgan odamlar manzarasini kasb etdi.
Men birinchi kotibning ko’p gaplariga ishonmasam-da mahalliychilik to’g'risidagi so’zlariga ishondim. Bu bizga qo’ndoqda tekkan illat. Bir ariq naryog’dan kelgan rahbarni ham begona hisoblaymiz. U suv keltirsa ham, o’zimizdan chiqqan ko’zani sindirsada o’zimiznikini qo’llaymiz. Buning ustiga o’sha rahbar kelgan joydagilarni ham dushman hisoblay boshlaymiz. Rashidov paytida jizzaxliklar shu kuyga tushgan bo’lsalar, hozir samarqandliklarga dushman ko’zi bilan qaraydigan bo’lib qolishgan. Vaholanki, Rashidov paytida eng rivojlanmay qolgan joy Jizzax edi. Mana endi Karimov paytida Samarqand e’tibordan chetda. Bobolarimiz buyuk imperatorliklar qurganlar, ilm sirlarini ochganlar, yulduzlarga yo’l topganlar, lekin mahalliychilikka kelganda dar qolganlar. Nahotki bu millatimizning qonida bor?!
Talabalik yillari “Surqash”, “Sambux”, “Fan” kabi nomlar bo’lardi. Bu talabalarning qaysi mintaqadan kelganini bildiruvchi “parol” edi. Keyinchalik poytaxtda ishlar ekanman, radioda keksa jurnalist Zayniddin aka menga “Kelgindi” deganida yuragimning bir parchasi uzilib tushgandek bo’lgandi.
Biz qachon ana shu xastalikni enga olsak, o’shanda katta millatga va katta davlatga aylanamiz. Aks taqdirda chumolidek, inimizning boshida uymalab, puch qobig’ni orqalab, u yoqdan bu yoqqa tashib yuraveramiz.
Hatto bir tumanga borsang ham, bir qishloqqa borsang ham mahalliychilik ilon kabi oyog’ing ostidan chiqadi.
Mana bular esa mahalliychilikning ildizini yashnatishadi-da, keyin o’zlari shikoyatchi bo’lishadi. Xayolimdan “yilt” etib o’tgan bu fikrni tahlil tarozisiga qo’yishni boshqa paytga “otdim”-da Tursunovga:
-Bo’lishi mumkin,-dedim, -Lekin ana bu iddaolarni oxiriga qadar tekshirishimiz kerak. Ba’zilari allaqachon tasdiqlandi. Masalan, go’sht kombinatiga jinoyatchilik qilgan, o’n yil hukm olgan va qamoqdan qochgan uzoq qarindoshingizni mudir qilib qo’yibsiz yoki davlat hisobiga bo’lgan bolalar bog’chasi binosini yosh bir qizga hovli qilib beribsiz…
Tursunov o’rnidan turib, qizarib-bo’zargancha bir nimalar demoqchi bo’ldi, lekin tili aylanmadi. Xonada u yoqdan bu yoqqa bir-ikki borib keldi-da, mening qarshimda o’tirib:
-Narxini oshirib yuborayapsiz. Ko’nglingizdagini ayting!-dedi.
Boshimga yashin tushgandek bo’ldi.
-Men sizni tushunmadim, nima deyapsiz o’zi?-deya oldim.
-Men o’gil bolacha gapirishni yaxshi ko’raman. Bu ishga nuqta qo’yaylik. O’sha nuqtaning bahosini aytib qo’ya qoling,-dedi u.
Men uzoq yil gazetada ishlaganim va turli odamlar bilan ro’baro’ bo’lganim uchun o’zimni tutib qoldim. Tursunovga qarab jilmaygancha o’rnimdan turdim va:
-Nuqtani xalq qo’yadi,- dedim kinoya bilan.
-Unday bo’lsa, siz vergul bilan bitirasiz ishingizni va o’zingiz ham vergulga aylanib qolasiz,-dedi zaharxanda jilmayish bilan Tursunov. -Bizning to’qmog’imiz ostidan o’tganlar, albatta vergulga aylanishgan. Sizga o’xshab yuragim deb, o’pkasini hovuchlab yurganlarni ko’p ko’rganmiz. Majlisda Islom akaga qarshi gapirganingiz unutildi, deb o’ylaysiz-mi? Istasam, Jizzaxda yo pora bilan, yo giyohvand modda bilan qo’lga tushiraman. Ammo, birinchi safar kechirdim. Borib o’ylab ko’ring, fikringiz o’zgarsa, nuqtaning bahosini aytasiz. Men sizning undov bo’lib qolishingizni istayman,- deb qo’lini paxsa qilgancha baqirib qoldi u.
Men aslida rasmiyatchilik uchun u bilan uchrashgandim. Lekin uning “obrazli” gaplariga e’tibor qilmayman, desamda, xayolimning bir burchini tark etmasdi. Uning haqoratomuz gaplariga keskin javob qilmadim, deya o’zimni koyiy boshladim.
Avvaliga viloyat rahbari bilan nega uchrashdim, deya o’zimni qiynadim. So’ngra hech bo’lmasa uning kimligini o’rgandim, deb ovundim. Tursunov kabi rahbarlar bilan ko’p uchrashganman, lekin bunday bezbetiga ilk bor ro’baro’ keldim. U bunday tavri bilan o’zini ko’rsatmoqchi bo’ldimi? Yoki orqasida katta tog’ borligiga ishora qildimi? Agar Karimov bilan oralarida bulbul sayrasa, nega Karimov uni bu qadar haqorat etti? Axir Karimovning o’z qardoshiga ham ishonmasligini, hatto bilmasdan oyog’ini bosib qo’ysa, sevgan do’stidan ham kechib yuborishini nahotki bilmasa? Yo’q, biladi, buning ahvoli joni uzilayotgan odamni eslatadi. Joni chiqishidan oldin oyoqqa qalqib, hayotga tashnaligini ko’rsatishga intiladi inson. Bu ham “o’zini” ko’rsatayapti. Balki orqasida boshqa kuch bordir? Bu kuch balki Karimovdan ham og’ir bosar? Aslida uning ta’zirini berib qo’ymoq kerak edi-yu lekin bular adi-badi aytib o’tirishga arzimaydigan odamlar. Ularga siz yaxshi, sizdan to’ng’izim yaxshi qabilida ish tutish kerak.
Men shikoyatchilarni qabul etarkanman, shom inib qolgan bir paytda qo’shni xonada telefonga chaqirishayotganini aytishdi. Karimovning yordamchisi Kraynov ekan, salom-alikdan keyin:
-Oqsoqol iltimos qildilar Muborakka borib ikki do’stingizni yarashtirib kelar ekansiz, -dedi.
-Muborakda mening do’stlarim yo’q-ku? -deya ajablandim.
-Nega unday deysiz? Murod Jo’raev yaqin do’stingiz, Raykomning birinchi kotibi esa universitetda birga o’qigan kursdoshingiz.
-Murod Jo’raevni taniyman, ijroqo’m raisi, millatvakili, lekin Raykomning birinchi kotibi kim?
-Siz bilan birga o’qigan ekan. Borsangiz tanib olasiz. Murod Jo’raevning o’ttizga yaqin yigiti ochlik e’lon qilgan. Islom akam sizga vakolat berdilar, kim aybdor bo’lsa, uni ishdan chetlashtirishni taklif qilasiz va viloyat rahbarlari darrov ijro etishadi.
“Ochlik qilishayapti” degan gapni eshitgandim. Haqiqatdan ham masalani favqulodda jiddiy, deb o’yladim, darhaqiqat, Muborak masalasi ikki yildan buyon Karimovning ham, jumhuriyat tashqarisidagi matbuotning ham kun tartibida. Lekin shu daqiqada Jizzaxdagi ishni chala tashlab ketgim yo’q edi. Bu ishni oxiriga etkazishga qaror qilgandim. Agar ketib qolsam, men bilan birga kelgan tekshiruvchilarning holi nima bo’lishini yaxshi tasavvur qilardim. Shu bois Muborak masalasini ikki kun keyinga qoldirmoqchi bo’ldim. Kechki ovqat paytida tekshiruvchilarga:
-Ikki kundan keyin poytaxtga qaytamiz. Shu bois tekshirishni biroz tezlashtirishlaringizni so’rayman,- dedim.
-Ikki kun u yoqda tursin, ikki oyda ham natija olishimiz qiyin. Mening qo’limda dom-daraksiz yo’qolgan o’n ikki kishining ismi-sharifi bor. Ularni mirshabxonaga qadar keltirishgani haqida ma’lumot beruvchi guvohlar bor. Lekin mirshabxonadagi barcha hujjatlarni viloyat rahbarlari talab qilib olishgan. So’rasak, har turli bahona ko’rsatishayapti.
-Biz reviziya qilish uchun kelmadik,- dedim men.- Bizning maqsadimiz shikoyatlarning to’g'ri yoki notog’ri ekanligini, siyosiy xulosani aytishdir. Yo’qolgan insonlarning viloyat rahbarlari haqida shikoyat yozganlari va mirshabxonaga keltirilganlari biz uchun etarli dalil. Ularning qismatlari haqidagi dalillarni o’rtaga chiqarish esa ikkinchi etapda amalga oshadi. Hozirgi rahbarlar turgan ekan, ikki oy emas, ikki yilda ham ko’r tugunni echolmaymiz.
Men Toshkentga qaytib, Karimov uchun hisobot hozirladim va unga olib kirdim. U erinmasdan o’qiy boshladi. Gohida ajablanar, gohida tutoqib ketardi.
-Rostdan shu ishlarni Erkin qilibdimi, tamom, uning onasini…,- u Erkin Tursunovni kurakda turmaydigan so’zlar bilan so’kib, ayblay boshladi.
-Rahmat sizga, haqiqatni o’rtaga chiqardingiz,-dedi keyin men bilan xayrlashar ekan Karimov,- Ertaga yana Jizzaxga borib ana u chollar bilan ham uchrashing va Tursunovni ishdan olib tashlashimiz haqida bildirib qo’ying. Yana Toshkentga kelishga tayyorgarlik ko’rishayotgan ekan.
U keyin yana bir ikki nuqtalarni aniqlashtirishni ham so’radi. Men Jizzaxga qaytsam, tekshirish uchun kelganlarga tazyiq yana ham oshibdi.
-Parvo qilmanglar, tekshirishda davom etamiz, haqiqat baribir o’rtaga chiqadi,-dedim men.
Mening bu gapimga viloyat idorasidan hay’atga qo’shilgan kishi e’tiroz bildirdi:
-Nima, Siz rahbarlarimizni aybdor, deb o’ylayapsizmi?
-Biz sud yoki qaror beruvchi mavqe emasmiz, lekin hay’atning yo’liga to’siq qo’yilayotgani ko’rinib turibdi,- dedim.
-Siz bu soatdan e’tiboran tekshirish hay’tining boshida emassiz. Prezident sizga boshqa ish buyurdilar,- dedi vakil jahli chiqqanini ochiq namoyish etib.
-Prezident bu haqda sizga hisob berdimi?
-Hisob berib-bermaganini o’zingizga aytadilar. Bizga esa sizni Muborakka kuzatib qo’yish aytilgan.
-G’amxo’rligingiz uchun rahmat,-dedimda hay’at a’zolaridan yig’ilgan hujjatlarni olib, ularga:
-Har holda sizni ham poytaxtga kuzatib qo’yishsa kerak, shunday emasmi? -deya vakilga yuzlandim.
-Bu qog’ozlarni yig’ishingizga ham hojat yo’q,- dedi vakil.
-Bunga esa men qaror beraman! Qolaversa, Muborakka emas, hay’at bilan poytaxtga boraman, – dedim o’chakishib.
Boshqa adi-badi aytib o’tirishni istamadim. Xonadagi biqiq havo meni bug’ayotgandi. Bo’yinbog’imni biroz bo’sh qo’yib, ko’ylagimning yuqori tugmasini ochdim-da tashqariga chiqdim. Zim-ziyo qorong’ulik viloyat mehmonxonasining har tarafini qoplab olgandi. Oniydan esgan sarrin shabada horg’inligimni yulib ketgandek buldi. Biroz engil tortib qorong’ulik tomon odim otdim. Sarrin shabadaning bo’g'zimga qadar oqib kirayotgani va ortga qaytayotganini his ettim. Chuqur-chuqur nafas oldim, lekin havo bo’g'zimdan naryoqqa o’tmayotgandi. Havo ham “to’ni”ni teskari kiyib olganga o’xshardi. Men ana ular bilan o’chakishib o’tirmadim, endi havodan o’pkalayman-mi, deya o’yladim-da ortga qaytdim.
Shu payt qorong’ulikda, qarshimda birov turganini sezdim. Kim bo’ldiykin? O’sha tomonga qarab yurdim.
-Iltimos, oqshomgi ovqatni emang, iloji bo’lsa bu erda qolmang, – dedi kimdir pichirlab va ko’zdan g’oyib bo’ldi. Bu chetdan kelgan odam emas, deb o’yladim men, chunki viloyat mehmonxonasining hovlisi qo’riqlanadi, buning ustiga chetdagi odam bu erdagi voqealardan qanday xabar topsin? Bu erdan ketishimga ishonishmaganga o’xshashadi, shu bois qo’rqitishmoqchi…
Xayolimni vakil bo’ldi.
-Aka, choyimiz tayyor…
Vakil hiyla yumshab qolgandi.
-Choy ichish yo’q!- dedim men.
-Avval bir piyola choyimizni ichasiz, keyin Muborakka boradigan mashinamiz bilan yo’lga chiqasiz. Agar sizni kuzatib qo’ymasak, boshimiz ketadi. Chunki Muborakda odamlar ochlik e’lon qilishayotgan ekan. Ularning taqdirini sizga ishonishdi… Boya biroz qo’pollik qildim, odob chegarasidan chiqdim, asab tamom bo’lgan, aka, aybga buyurmaysiz…
Tullak, deb uyladim men, buqalamun ham unga o’xshaganlarning yonida ip esholmaydi. Har soniyada turlanadi. Ammo nega poytaxtga borishimni istamayapti bular? Balki biror rejalari bordir? Avval Muborakka telefon qilib, Murod Jo’raevdan vaziyatni o’rganishim kerak. So’ngra Karimov bilan gaplashib, bu tekshirishni oxiriga qadar etkazish muhimligini tushuntirishim lozim.
Murod Jo’raevning uyiga sim qoqdim. Uning poytaxtda ekanligini aytishdi. Keyin Kraynovga telefon qildim. U Karimov uyiga ketganligini aytib, devonda navbatchi bo’lib o’tirgan maslahatchi Shoxobiddin Ziyomovni bog’ladi.
-Oqsoqol menga bu ishni nazorat qilib turishimni aytdilar. Sizni allaqachon Muborakka etib borgan deb, o’ylagandik. Vaziyat jiddiy, raykomning birinchi kotibi bu kecha uxlamasdan sizni kutadi,-dedi u.
-Jizzax nima bo’ladi? Bu erdagi hay’atni orqaga chaqirib olishni kim buyurdi? – Garchi bu xususda men uzil-kesil xulosaga ega bo’lmasam-da, voqealarning rivojidan hay’atni chaqirib olish buyrug’i berilganini taxmin qilgandim.
-O’zlari buyurdilar. Qo’lingizda to’plagan dalillar bo’yicha hisobotni to’ldirib topshirar ekansiz. Ish pishib qolgan, yaqinda borib sessiya o’tkazib, viloyat rahbarini bo’shatib kelar ekanlar. Muborakda vaziyat jiddiy, sizdan shaxsan iltimos qildilar, – dedi Z❠yomov yana Muborak masalasiga urg’u berib.
Yo’lga chiqarkanman, Meli Qobilovni chetga tortib:
-Qo’lingizdagi barcha hujjatlarni olib, hafta oxirida poytaxtga keling, hisobotni birgalashib tugatamiz, – dedim.- Ammo poyloqchilardan ehtiyot bo’ling, bularning qo’lidan har qanday ish keladi.
-Sizning ham Muborakka borishingiz to’g'ri bo’lmayapti. Menga yo’l ko’rsatib, o’zingizga qolganda xavf-xatarni o’ylamayapsiz,- dedi Meli aka hazin ohangda.
Men Meli Qobilovga rahmat deganday, bosh irg’adimda, mashina yonida turgan vakil bilan xayrlashib, yo’lga chiqdim. Yo’lda shofer yigit bilan hangoma qilib borar ekanman, uning mirshabligini bilib qoldim.
-Yo’limiz men tug’ilgan shahardan o’tadi. Bizning uyda tunab qolsak, saharlab yo’lga chiqib, ertalab etib boramiz,-dedim.
Mirshab ko’nmadi:
-Sizni chegarada kutib olishadi, men esa qaytib kelib, raport berishim kerak,-dedi u. Men mirshabni ko’ndirish oson bo’lmasligini tushundim-da:
-Unday bo’lsa, yarim soatga to’xtab bir piyola choy ichamizda, yo’limizda davom etamiz,- dedim.
-Imkoni yo’q. Orqamizda odamlar bor. Keyin boshim baloga qoladi. Sizni sog’-salomat manzilga etkazishim kerak,-dedi u.
Men Samarqandga qadar indamay bordim. Voqealarni qayta-qayta tahlil etdim. Bular biror-bir avariyani ko’zga oldilarmi, deb o’yladim. Yoki avariya bahonasida hujjatlarni olishmoqchi-mi? Agar meni tekshirishdan uzoqlashtiradigan bo’lishsa, poytaxtga chaqirib qo’ya qolishardi. Yo’q, Karimov bu ishni silliqqina hal etmoqchi bo’lgan. Bular esa xol qo’yishayapti. Karimov meni Muborakka yuborib, boshqa ish bilan chalg’itmoqchi va Jizzaxni unuttirmoqchi bo’lgan. Karimovning bu “silliq” planini bajarish uchun bular “qo’lidan kelgani”ni qilishmoqda. Lekin nima uchun Karimov fikridan qaytdi? Unga nima deb tushuntirishdi-ki voqealarni bu qadar burib yubordi? Yoki u Tursunovni qo’rqitib qo’ymoqchi edimi? U meni qo’llandimi? Balki Tursunov unga yoki unga ta’siri bo’lgan odamlarga chiqdimi? Xullas, nima bo’lganda ham Karimov bu ishning ichidan osongina chiqib ketishini ham o’ylab qo’ygan. Masalan, mening savollarimga javoban, Muborak zarurroq edi deydi, tamom, vassalom.
Menimcha avariya ham yo’q, hujjatlarni ham olish yo’q. Bularga vaqt kerak. Lekin ana shu vaqt nima uchun kerak? Nega birdaniga bunday vaqt kerak bo’lib qoldi? Agar viloyat hokimini ishdan olishga qaror qilingan bo’lsa, bu vaqtga hojat yo’q. Lekin nega, nega kerak bo’ldi bu vaqt?
Vaqt jumbog’ini echolmay halak edim. Shu bois mashina allaqachon Samarqandni chetlab o’tganini ham sezmay qolibman.
Mirshab aytganidek, chegarada kutib turishgan ekan. Viloyat rahbarining birinchi o’rinbosarini tanidim. Ilgari ham bir marotaba kelgandim, o’shanda tanishgandik. Tortishuvni, bahslashuvni yaxshi ko’radigan odam. Agar rahbarlarni himoya qilish kerak bo’lsa, butun aql-idroki, mantiq-ma’rifatitini o’rtaga qo’yib tortishadi, ularni himoya qiladi, demokratiyaga tish-tirnog’i bilan qarshi. Men uni ilgari uzoq yillar prokuror bo’lib ishlagani uchun “tosh”ga aylanib qolgan deb o’ylagandim. Chunki tartib-intizom haqida gapirar ekan, tartib so’zining oldiga “qat’iy”, intizom so’zining oldiga esa “temir” kalimalarini qo’shishni hech unutmasdi. Karimov shu viloyatda birinchi kotib bo’lgan, balki o’sha paytda uning nomini yon daftarchasiga yoki xotira kitobiga yozgan bo’lishi mumkin. Balki bu yigitning o’zi Karimovning fe’lu fitratini yaxshi o’rganib unga moslashgan bo’lishi ham ehtimoldan xoli emas. Xullas, nima bo’lganda ham mening qarshimga yana bir “devor” chiqqandi.
Biz chegaradan viloyat markazi Qarshiga emas, to’g'ri Muborakka qarab yo’lga tushdik.
-Murod Jo’raev poytaxtda ekan, borganimiz bilan u bo’lmasa, nima qilamiz?-dedim men.
-Murod Jo’raevni ishdan bo’shattik.U shikoyatga ketgan. Bugun prezident bilan uchrashdi. Yurtboshimiz uning ta’zirini berib qo’ydilar, endi bu erlarga qaytib kelmasa kerak,-dedi o’rinbosar.
-Hech narsada adashmasangiz ham bu xususda adashdingiz. Chunki Murod Jo’raev o’jar, o’jar bo’lganda ham hech yo’lidan qaytmaydigan o’jar…
Men shunday dedim-da, hamsuhbatimning javobini kutmasdan xayolga berildim. Murod Jo’raevning nomini ilk bor “Ozodlik” radiosidan eshitgandim. Saylovlar arafasida u ham shahar kengashiga, ham Oliy kengashga nomzodini qo’ygandi. O’shanda shahardagi Gazni qayta ishlash zavodi ruslarning qo’lida bo’lgani va shahardagi xonadonlarga ataylabdan gaz berilmaganini aytgandi. Saylovda u nafaqat o’zi balki o’ttizga yaqin tarafdori bilan birga g’olib chiqdi uni ijroqo’m raisi etib saylashdi. Birinchi qilgan ishi mirshabxona va prokraturadagi kommunistik partiya sho”balarini tarqatib yubordi. Yaa’ni bu idoralarni partiyadan xoli, deb e’lon qildi. Bu o’sha kezda kommunistik partiyaning boshida turgan Karimovga qarshi isyon edi. Isyon bo’lganda ham ikki karra isyon edi. Chunki Moskva gazetalari Karimov jumhuriyatda ilk zarbani o’zi ishlagan viloyatdan oldi, deya yozishdi.
Viloyat rahbarlari ham tipirchilab qolishdi, chunki ular mirshabxona va prokraturani partiya yo’li bilan qo’lda tutardilar. Murod Jo’raev esa bu idoralarni ularning qo’l ostidan chiqarib, shahar deputatlar kengashi nazoratiga oldi. Bu orada shaharda mustaqil televidenie ochib, hamma narsani oshkoralik yo’li bilan hal qila boshlashgani ma’lum bo’ldi. O’shanda Karimov bu televidenieni yopib tashlagani bois Murod Jo’raev Oliy kengashning men ishlagan Oshkoralik qo’mitasiga shikoyat qilib borgandi. Men viloyatga kelib buyruq ham, ijrochilar ham teppadan kelganini o’rgandim va masalani qo’mita majlisiga olib chiqdim. Lekin qo’mita raisi Erkin Vohidov ishni xo’rjinga tashladilar. Prezident bu ishni shaxsan o’zlariga topshirganini va Muborakka borib kelishlarini aytib masalani cho’zib g’aladonga soldilar… Keyinchalik ana shunday “xizmatlar” uchun O’zbekiston qahramoni bo’ldilar.
-Kimlar ochlik qilgan ekan? – deya men kabi xayol surib borayotgan suhbatdoshimdan so’radim.
-O’h-ho’, bundan ham xabaringiz bor-ku?-ajablandi u.
-Xabarimiz bo’lmasa, nimaga borayapmiz?-so’radim men.
-Sizni raykomning birinchi kotibi taklif qilgan, kursdoshingiz ekan. Bir piyola choyini ichamiz. Qolgan masalani esa o’sha erda gaplashamiz. Ochlik qilganlarga kelsak, Murod Jo’raevning ijroqo’m kengashi a’zolari ochlik qilishmoqchi edi, lekin yo’l qo’ymadik. Chunki qonunlarimizda “ochlik qilish mumkin” degan joyi yo’q. Buning ustiga ular ochlik qilishdan avval bir qop nonni quritib olishibdi. Nima emish? Qotgan non eyish ovqat eyishga kirmasmish. Ha, bachchag’ar, ochlik qilsang, hech narsa ema! Qotgan non eb, suv ichib, yana ochlik qilayapman, deyishing, isyon emasmi? Islom akam, “Agar rostdan ochlik qilishsa, qo’yib berlaring, o’lib ketmaydilarmi?!” degandilar. Lekin bular g’irromlik qilishdi…
Avzoyim buzildi. Qandaydir o’yin o’ynalayotganini sezardimu lekin bu o’yinning ip uchini topolmayotgan edim. Nima bo’lsa ham Toshkentga qaytishim kerak, degan qarorga keldim. Har qadamda qarshilik qilishar va Toshkentga bormasligimni istasharadi.
Men fikrimda qat’iy turib poytaxtga boradigan oxirgi uchqichga etishdim. To’g'ri devonga keldim. Bilsam, Karimov Jizzaxga ketgan ekan. Sessiya o’tkazib, partiya birinchi kotib Erkin Tursunovni hokim, ijroqo’m raisi O’ktam Olimovni esa birinchi o’rinbosar etib tayinlabdi. Keyin sabablari haqida ko’p gaplar eshittim. Karimovning o’zi esa hech narsa bo’lmagandek, “Viloyatdagi vaziyat yomonlashgan ekan, boshqa choramiz qolmadi” deb o’zini oqlagan bo’ldi.
Ammo bu voqea Karimovning men bilan o’yin qilganini yana bir bor isbotladi va endi unga nisbatan zarracha ishonchim qolmagandi.
U har soniyada fikrini o’zgartiradigan, manfaati yo’lida har qanday odamni qurbon qilib yuboradigan munofiqligicha qolgandi. Jizzax sessiyasidan keyin ko’p o’tmay oqsoqollar haqida “Avtobus hokimiyati” degan feleton chiqartirdi, devonda ishlab turgan jizzaxlik jurnalsit Sharof Ubaydullaev yozgan bu feletonning asl muallifi Karimovning o’zi edi. Uni Erkin Tursunov qanday sotib oldi bu yog’i menga qorong’u, lekin Karimov Tursunovni limonday qisib suvini olib, keyin o’zini “otib yubordi”. O’ktam Olimovdan ham voz kechdi. Meli Qobilov esa uzoq yillarga qamatildi. Sharof Ubaydullaevnng ham “qadri”ga etmadi. Yana bir ikki feleton yozdirib, keyin devondan va umuman ishdan chetlashtirdi.
Keyinroq o’rgandim-ki, Karimov “O’zbekiston meniki va boshqa odam chang solmasligi” kerak deb o’ylar va undan yashirib xazina to’e lagan viloyat hokimlarining boyliklarini turli yo’llar bilan tortib olar ekan, mamlakat xazinasiga emas, o’ziga tabiiyki. Gulnora Karimovaning million-million dollar miqdoridagi boyliklari bo’lmasa qaerdan kelardi?!
Shuningdek, Karimov ariza yozgan va shikoyat qilgan odamlarni yomon ko’rar ekan. Bunday odamlarni garchi ular haqni yozgan bo’lsalar ham ig’vogar, deb bilar ekan. Shu sababdan jizzaxlik oqsoqollar ham uning nazdida ig’vogarlar edilar va har birlari alohida quvg’inga olinib, oila a’zolari ta’qib e tilib, kimlari o’ldirilib, kimlari darbadar etildilar. Karimov qo’zg’olon holiga ko’tarilmagan “Jizzax qo’zg’oloni”’ni anshunday bostirib tashlagan edi.
Lekin Jizzaxda hokimlar almashaverdi, Toshkentboev, Mirziyoev, Yomonqulov va hokazo. Xalqqa zug’um va zulm kuchayib boraverdi. Bir hokim xalqni talab bo’lgandan keyin ikkinchisi talashni boshlardi. Kaltaklanish, qamalishlarga qaramay xalqning “qo’zg’olonlar”i ham turli ko’rinishlarda davom etaverdi. Toshkenboevga qarshi chiqqanlar surgun bo’ldilar, Mirziyoevga dardini aytaman, degan ayollar va chollar kalataklandilar, Yomonqulovga arz qilganlar bozoru mozorlaridan ayrildilar.
1916 yilda mardikorchilikka qarshi bosh ko’targan Jizzax o’sha kezda boshidan ayrilgandi. Qarang-ki bunday ko’rgulik mustaqillik yillarida ham uning peshonasiga yozilgan ekan. Faqat Jizzaxning-mi? Yo’q, bu hol barcha viloyatlarda ayni ko’rinishda davom etdi va davom etmoqda. Boshqacha aytganda butun O’zbekiston bostirilgan qo’zg’olonlarning qabristoniga, maydoniga aylandi. Shunday emasmi? O’zingiz bu savolga javob qidirib ko’ring-a?
Mening bunday devonlaik va maynavozchilikdan ko’nglim aynab ketgandi. Shu bois bir kun yozgan nutqimdan xursand ekanligida, o’z sohamga ishga yuborishini so’radim. U bir-ikki ishni taklif qildi rozi bo’lmadim, televideniega borishim mumkinligini aytdim.
Ketadigan kunimiz:
-Nima istagingiz bor,-dedi.
-Meni ham boshqa rahbarlarga o’xshatib, onangni deb so’kadigan bo’lsangiz, o’sha kun men ham televidenie orqali javobini qaytarib, ishni tashlab ketaman,-dedim.
Karimov birdan qizardi. Jahli chiqdi. Ammo ko’nglidagini yuzaga chiqarmadi va:
-Men o’g'il bolalarni so’kmayman!-dedi.
18.TALABALAR ShAHARChASI
Yanvar oyining o’rtasi bo’lishiga qaramay havo yumshoq edi. Mening televidenieda ishlayotganimga bir necha kun bo’lgandi. Ish ko’pligidan sahar kelib, yarim tunda qaytardim. Shu kuni ertalab xonamda yangi tayyorlangan dasturlarni ko’rib, kundalik majlisga loyihalar tayyorlayotgandim. Xodimlarimizdan biri hovliqib kelib qoldi.
-Bugun Talabalar shaharchasida qandaydir voqealar yuz bermoqda. O’g'lim talabalarning narx-navo oshishidan norozi ekanliklarini, kecha kechqurun esa ularning domlasi Marat Zohidov “Ertaga tush payti non magazini yonida namoyishimiz bor, agar qarshilik ko’rsatilsa ochlik e’lon qilinglar” debdi.
-Kimga aytibdi? – Men hayratlanib so’radim.
-O’g'limning birga o’qiydigan do’stiga aytibdi. O’g'limga sen uzoqroq tur, dedim.
Ish ichida Marat Zohidov bo’lsa, demak yana qandaydir o’yin boshlandi, deb o’yladim. Marat Zohidovni yaxshi taniyman. Ozgina manfaat uchun otasini ham sotib yuborishga tayyor. Aslida talabalar haq. Saylovdan oldin arzongarchilik haqida gapirgan Karimov saylovdan keyin darhol narh-navoni oshirib yubordi. Ayniqsa, nonni qimmat qilgani talabalarning qonini qaynatishi aniq. Zotan, ular saylov o’yinlarining farqidalar. Ularni saylovdan bir hafta oldin ovoz berishga majbur qilishdi. Bir joyda go’gurt yoqilsa, talabalar “portlab” ketishadi. Namoyish qilishsa, mayli. Insonlar o’z haqlarini namoyishlar orqali kun tartibiga qo’yadilar. Talabalarimiz bu yo’l bilan demokratiyani o’rganadilar. Bir kuch, bir mushtga aylanadilar. Adolatning himoyachisi bo’ladilar. Lekin bu ishning boshida Marat Zohidovning turishi qandaydir o’yin borligidan darakchi. Marat Zohidov hukumatning qo’g'irchog’i. Gohida bilib, gohida bilmay qo’g'irchoqlik qiladi. Bugunga qadar besh-olti erda u bosh rol oldi. Qancha-qancha begunoh insonlarning umri zavol topdi. Avvaliga jilovi Moskovda edi, keyin o’zimiznikilar ham uni qo’llay boshladilar.
Men televideniega o’tganimdan buyon devondagi gaplardan unchalik xabardor emas edim. Balki devonda bo’lsam ham bu o’yinlardan xabardor bo’lishim mushkul edi. Chunki devonda nafaqat talabalar shaharchasi, balki menning o’zimga qarshi ham yangi o’yinlar hozirlanganidan keyinchalik xabar topdim.
…Talabalar shaharchasidagi voqealarni bilish uchun mashinamga o’tirib, o’sha tomonga yo’l oldim. Shaharchaning atrofi mirshablar bilan o’rab olingandi. Mashinamni to’xtatishdi.
-Ichkariga kirish mumkin emas, – dedi mirshablardan biri.
-Bu kishi millatvakili, qolaversa televideniening rahbari,- dedi shofyor yigit.
-Millatvakillari, rahbarlar uchun bu er tahlikali. Tuman markazida rahbarlarimiz o’tirishibdi. Ular kimni istashsa, uni o’zlari bilan birga olib kirishadi. Prezidentning topshirig’i bu!
Men mashinadan tushib mirshablarning boshlig’iga yuzlandim:
-Mayli, meni kiritmanglar, lekin muxbirlarga izn beringlar,- dedim.
-Sizni tanib turibmiz. Agar ichkariga o’tkazib yuborsak, boshimizdan ayrilamiz. Boya bir ikki millatvakillari borishdi, ammo talablar ularni toshbo’ron qilishdi.
-Kimlar bordi?-deb so’radim men.
-ERK partiyasining raisi Muhammd Solih bilan, Bosh Prokuror Bo’ritosh Mustafoev talabalarni tinchlantirishga urinmoqchi bo’lishdi, ammo quloq solishmadi, ularni toshbo’ron qilishdi, arang qochib, qutulib qolishdi,-dedi mirshab.-Shu sabab muxbirlarga ham ruxsat yo’q.
-U holda men o’zim o’taman! Kuch bilan to’xtatib qolishga haqqingiz yo’q. Tanlang, yo menga yo muxbirlarga ruxsat bering. Xullas, Tosheknt shahar hokimi Fozilbekovga qo’ng’iroq qilgandan keyin ular muxbirlarga izn beradigan bo’lishdi, ammo tahlika deya mening o’zimga ruxsat berishmadi.
Darhol Axborot bo’limida ishlayotgan Komiljon Karimjonov ismli jurnalist yigitni chaqirib, shaharchaga jo’natar ekanman:
-Hamma narsani qamrab olishga harakat qiling, yana qo’shimcha odam kerak bo’lsa oling, bunday sharoitda biz haq tarafida turishimiz kerak. Haqiqatni o’rtaga qo’yish uchun voqealarni to’rt-besh kamera bilan tasvirga olaylik -dedim.
Keyin o’zim markaziga bormoqchi bo’ldim. Lekin asosiy ishim televidenieda, bugungi dasturlarni o’zgartirishim, hukumat rahbarlarini taklif etib, xalqni xabardor qilishim, konsert dasturlarini to’xtatishim kerak, deb o’yladim. Chunki bir tomonda otishmalar davom etgan paytda, biz konsert ko’rsatib o’tirsak, na aqli-salimga va na insoniylikka to’g'ri keladi.
Ishxonamdan Bosh vazirga sim qoqdim. Hali yaqindagina Bosh vazir etib tayinlangan Abduhoshim Mutalov bilan yaqinda kasalxonada uchrashgandim. O’shanda Mutalov vazir edi. Karimov “onangni” deb haqorat qilgani uchun xastalanib kaslaxonada davolanayotgandi.
-Karimovning ko’ngli tor bo’lsa, uning qanotlari ostida yashayotganlar uchun do’nyo tor bo’ladi. Agar u ko’ngliga yaxshiyu yomonni, o’jaru qobilni sig’dira olmasa, ham o’zini qiynaydi ham boshqalarni, -degan edim unga.
-Karimov yaxshi odamu…- Abduhoshim Mutalovning bo’g'ziga nimadir tiqildi. Bu qo’rquv “musht”i edi. Shunga qaramay uzoq suhbat qildik. U har qancha ehtiyot bo’lmasin, ba’zi narsalarni tan olishga majbur edi. Suhbatlar qo’r olgan kunlarda uni chaqirib qolishdi. davolanishni chala tashlab ketarkan:
-Hechqisi yo’q, ertalabdan ertalab sport bilan shugullanaman,- dedi.
Mening xayolimni kotibaning muloyim so’zlari bo’ldi.
-Gapiring, Abduhoshim Mutalovich telefondalar,- dedi u.
Salom-alikdan so’ng men unga:
-Talabalar shaharchasida nima bo’layapti? Eshitishimizcha, talabalarga non yuborishmabdi. Buning ustiga och qolgan talabalarni kaltaklashibdi. O’q tovushlari eshitilgani haqida xabarlar kelmoqda. Hukumat bu xususda xalqqa biror bir tushuntirish bermaydimi? Qolaversa, nega bu qadar mirshab va askarlar shaharchaga yuborilmoqda? – dedim.
-Jahongir aka,-dedi Abduhoshim Mutalov garchi yoshi mendan ancha ulug’ bo’lsa-da. – Bilasiz-ku, bu xususda “katta” bilan bilan gaplashish kerak.
-Mayli, gaplashib oling. Hatto bu voqea yomon tus olmasligi uchun mirshablarni orqaga chaqirish taklifini ayting. Aslida Marat Zohidovga o’xshaganlarga kimdir yana rol bergan bo’lsa kerak. Tezroq harakat qilaylik, yomon voqealarning oldini olaylik.
-Menimcha, siz qo’ng’iroq qilsangiz yaxshi bo’larmidi?- dedi Abduhoshim Mutalov tovushini yutib.
Qo’rqoq, deb o’yladim men. Lekin qo’rqmasdan ham iloji yo’q, chunki u qo’rqish uchun tug’ilgan. Hayotdagi roli qo’rqoqlik.
Men devonga sim qoqdim:
-Ishlar yaxshimi? Korho nag’zmi? Kak dela? – deya uch tilda “sayray” boshladi Kraynov.
Uning kayfiyatiga qaraganda, dunyo tinch. Ba’zan mutloq teskarisi ham bo’lishi mumkin, ichkarida jiddiy tortishuvlar yoki Kraynov iborasi bilan aytganda “osmon yiqilib tushgan” paytlarda u sir saqlashga urinadi. Talabalar shaharchasi haqidagi gapni eshitgan Kraynov rasmiy ohangda: -Siz Bo⫴ vazirga ham telefon qilgan ekansiz. Hozirgina o’rtoq Karimov Oliy kengash raisi Yo’ldoshevga topshiriq berdilar. U ikki daqiqa oldin devondan chiqib ketdi. Tez orada o’z xonasiga etib boradi. Bu masala bilan endi u shug’ullanadi. Televidenieda esa shahar rahbari Adhambek Fozilbekov chiqish qiladi,-dedi va birdan gap ohangini o’zgartirib, yana rasmiy minbardan o’z holiga tushdi.- Nag’zmi? Yaxshimi? Xorosho, nima dedingiz, Jaxangir aka?- dedi ismimni ruscha talaffuz qilib.
-Uch tilda gapirmasangiz tushunishim qiyin edi,- dedim kinoya bilan.-Shahar rahbari emas, jumhuriyat rahbarlaridan biri chiqib, xalqqa tushuntirib bersin.
-O’rtoq Yo’ldoshevga telefon qiling! – deb telefon dastasini qo’ydi u.
Men Kraynovning tarzidan ranjigan bo’lsam-da “o’sha bilan teng bo’lib o’tiraman-mi” dedim-da, Oliy kengash raisiga sim qoqdim. Yo’ldoshev do’rillagan ovoz bilan xuddi radioda bayon o’qiyatgandek rasmiy ohangda gapira boshladi. Bu esa uning Karimovdan rostdan ham topshiriq olganini ko’rsatardi. Aks taqdirda u hol-ahvol so’rashdan nariga o’tmasdi. Har bir narsadan hurkadigan Yo’ldoshev bunday jiddiy ohangda xuddi hisob berayotgan kabi gapirar ekan, demak saroy qozonida ko’p narsa qaynamoqda.
-Maxsus xabarnoma e’lon qilamiz,- dedi Yo’ldoshev.- Komissiya tuzayapmiz. Komissiya tarkibiga jamoatchilik vakillari, huquq-tartibot organlari tamsilchilari, muxolifat rahbarlari ham kiritiladi. Adhambek Fozilbekovich voqealar rivoji haqida gapirib beradilar. Qaysi paytda ko’rsatasiz?
-Axborotdan avval “So’ngi soatda” degan rukun ostida beramiz.
-Yaxshi, tayyor bo’lib turing!
Yo’ldoshev ham engini ham pochasini shimarib olgan kishini eslatardi. Bevosita Karimovdan topshiriq olganiga shod edi. Men bu odamdan bir ish chiqishi qiyin, deb o’yladim-da, siyosiy-iqtisodiy ko’rsatuvlar tahririyati mudirini chaqirdim. Unga shahar rahbarini topishni va uning bayonotini yozib olishini uqtirdim.
-Shaharchadan keltirgan barcha reportajlarni beramiz, ortidan esa rasmiy qarashni e’lon qilamiz, – dedim.
Ko’p o’tmay mudir hovliqib keldi.
-Shahar idorasida hech kim yo’q Hamma Talabalar shaharchasi yaqinidagi shtabda ekan.
-Bular allaqachon shtab ham tuzishibdi-mi?
-Shtabda faqat hukumat telefoni o’rnatilgan ekan. Shu bois o’zingiz qo’ngiroq qilsangiz.
Men hukumat telefonidan shahar rahbari telefonining raqamlarini terdim. Telefon jiringlarkan, bular telefonlari bilan birga yurishadi, darrov shtab qurib, hukumat telefonini ham o’sha erga olib borishibdi, har holda Talabalar shaharchasida qishlaydiganga o’xshashadi, deb o’ylarkanman narigi tomondan “xasaki” ovoz eshitildi. Bu Fozilbekov edi. Xirrik ovozda nutk irod qiladigan Fozilbekovni ilk bor katta bir qurultoyda ko’rgandim. Rangi oqarib, chehrasi so’lib qolgan Fozilbekov o’shanda avval Moskovdagi to’ralarning “po’stagini qoqdi”, keyin hatto poytaxt shahar mirshablarining boshlig’ining o’zining mashinasini o’g'irlab ketishgani, shaharda jinoyatchilik haddan oshgani, shunga qaramay mirshabboshiga general unvoni berilganidan ranjib gapirgandi.
Bu o’sha paytda Kommunistlar partiyasinig boshida o’tirgan Karimovga tegib ketdi. Chunki faqat uning tavsiyasi bilan general unvoni berilardi. Shu bois Karimov Fozilbekovni chimdib oldi:
-Ikki kishi bir ko’rpaning ostida yotolmasangiz, ZAGSga aytamiz ajratib qo’yadi,- dedi u yonidagi ikkinchi kotibga qarab. Ikkinchi kotibning kadrlar masalasi bilan shug’ullanishini hamma yaxshi bilardi.-Kimga general unvoni berish-bermaslik esa bizning ishimiz.
O’shanda ko’pchilik Fozilbekovning ildizi quridi, u barg to’kayapti, yaqinda gursillab yiqiladi, desa-da u mahkam chiqdi. To’g'rirog’i Shukrullo Mirsaidov uni asrab qoldi. Ammo Karimov o’z kreslosini mustahkamlab olgan kunlarda Fozilbekov baliqdek siyrilib, Mirsaidov arig’idan Karimovning dengiziga “sakradi”. Endi Karimov uni Mirsaidovga qarshi qo’llana boshladi…
Telefonning naryog’idan kelgan xirrik ovoz birdan tinchib qoldi. Keyin boshqa tovush eshitildi:
-Bu telefon nomeri 54 – 59, kim bilan gaplashmoqchisiz?
-Fozilbekovni qidirayapman,- dedim men.
-U kishi hozirgina chiqib ketdilar. Hukumat komissiyasiga televidenie rahbarlaridan Elbek Musaev ham kiritilgan, qolaversa, radio-televidenie raisi Erkin Hayitboev ham o’sha erda.
-Men hali o’zimni tanitganim yo’k, maqsadimni ham aytganim yo’q siz esa hammasiga oldindan javob berdingiz. Yoningizda kim borligi o’z yo’liga, lekin Fozilbekovga ayting, hukumat nomidan gapirish u kishiga havola qilindi. Biz haqqoniyat uchun hukumat fikrini ham bermoqchimiz. Agar gapirmasalar reportajlar bilan kifoyalanib qolamiz, – dedim men.
Elbek Musaev ilgari mening o’rnimda ishlar edi. Ijodiy tomondan talantli ammo rahbar sifatida hech bir qaror olmaydigan odam edi. Uning o’rniga meni tayin etishganda bosh vazir o’rinbosari Erkin Samandarov u odamni saqlab qolish uchun ko’p urindi va raisning birinchi o’rinbosari, degan lavozim tashkil qilishdi. Mana endi uni hukumat komissiyasi tarkibiga qo’shishgan va uni Karimovga yaqinlashtirib, ayni paytda mening yo’limni to’sishmoqchi edi. Bu o’yinning ichida Fozilbekov ham borligini keyinchalik bilib qoldim. Mening bu ishga tayinlanganimdan norozi bo’lganlardan biri Marat Zohidov edi.
U bir majlisda “Biz shuncha ish qilsak-da, lekin Islom Karimov o’ziga qarshi bo’lgan odamni shunday ishga tayin etsa, bu nima degani?” deb savol berarkan, nomi Fozilbekovning daftariga tushgan ekan. O’shanda Fozilbekov Marat Zohidovga bergan va’dalarining ichida, jumladan meni yo’qotish va bunda uning yordami kerakligini aytgan ekan. Bu haqda keyinchalik Marat Zohidovning o’zi tab tortmay e’tirof etgan…
Hozir esa telefonda gaplashayotgan odam pichirlab mening gaplarimni yonidagi kishiga takrorladi. U Fozilbekov edi. Menning tovushimni tanigani uchun telefon dastasini yonidagilardan biriga bergandi. U ingichka ovozda “Hammasi o’zini olib qochadi” dedi. Bu gaplar menga eshitilib turgan bo’lsa-da, telefon dastasini tutgan kishi:
-Bilishimizcha Fozilbekov Oliy kengash raisi bilan gaplashdilar, u kishi ham rozi bo’ldilar. Televizorda Abduhoshim Mutalov chiqadigan bo’ldilar, – dedi.
Birozdan keyin men yana Yo’ldoshevga sim qoqdim:
-Bilaman, “Axborot” soati yaqinlashib qoldi. Abduhoshim Mutalov chiqadigan bo’ldilar! – dedi u qisqa qilib.- Bu haqda Elbek Musaevichni va Erkin Hayitboevning xabarlari bor.
Oradan besh daqiqa kechib Hayitboev menga telefon qildi:
-Men Talabalar shaharchasidan qaytayapman, – dedi u.
-Nima bo’layapti o’zi? Siz qachon borib ulgurdingiz? Meni shaharchaga o’tkazishmadi-ku?! Borib voqealarni o’z ko’zim bilan ko’rib kelmoqchi edim.
-Bu tomonga yaqin kelmang. Hech kimni ichkariga kiritishmayapti. Qolaversa, voqealar kecha kechasi yuz bergan, hozir esa shaharchada osoyish hukum surmoqda. Menga muhtaram Yo’ldoshev janoblari telefon qildilar, birov orqali emas, shaxsan o’zlari, xalqimizni voqealardan xabardor qilsak, dedilar. Islom akam ham hassosiyat bilan bu masalaga e’tibor bermoqdalar. U kishining topshiriqlari asosida Bosh vazir xalqqa murojaat qiladi. Siz butun televidenieni ana shu ishga safarbar qiling, ichki masalalar bulan shug’ullaning, tashqi masalani men bilan Elbek akangizga qo’yib bering, darvoqe ana u buzg’unchi deputatlar telefon qilishmayaptimi?- dedi u.
Men Hayitboevning o’pkasidan chiqayotgan gaplarini telefon dastasini qo’log’imdan uzoqrok tutib tingladim.
-Buzg’unchilar kim ekan? Marat Zohidov kabilarmi?,- dedim ataylab.
-Unaqa demang, Marat aka hozir asosiy figura. Bevosita kattalar bilan gaplashib turibdilar. Men shunchalikka ayttim qo’ydim-da, bunga e’tibor qilmang, Bosh vazirning chiqishlarini tashkil qilgunimcha ona suti og’zimga keldi,-deb Hayitboev ustalik bilan gapni boshqa tomonga burdi.
Hayitboevning hatto menga telefon qilishga qo’rqishini bilganim uchun uning keyingi gaplariga e’tibor ham qilmadim.
Reportajlarni ko’rib, ularni Parkent, Farg’ona voqelaridagi tasvirlar bilan solishtirib xonamga qaytar ekannman telefon jiringladi. Bu Bosh vazir edi.
-Jahongir aka, meni shu ishdan qutqazing, hozir bir tumandaman. Boshqa birortasini topib, yozib olsangiz, iltimos,-dedi u.
-Bu masalani Hayitboev bilan Musaev hal qiladigan bo’ldilar. Men faqat yozib olishga ma’sul,-dedim ataylab.
-Ular rozi, Adhambek aka bilan Shavkat aka ham rozi, faqat siz ham rozi bo’lsangiz…
-Yuz bergan otishmalarda qon to’kilibdi.Qo’limizda reportajlar bor. Mirshablar hadlarini bilishmagan. Qolaversa, ularga kim buyruq bergani ertami kechmi o’rtaga chiqadi. Ba’zi taxminlarimiz ham rost bo’lib chiqmoqda. Voqea uyushtirilganga o’xshayapti. Bo’lmasa nega mirshablarga Bojxona rahbari rahbarlik qilmoqda. Bojxonaning bu ishga nima aloqasi bor? Siz hukumat rahbari sifatida xalqning oldiga chiqib, ikki og’iz so’z aytmasangiz, kim aytadi? Axir bu voqealar nega boshlandi? Nima uchun, o’q otgan kimlar, o’lganlar kimlar, nima uchun shuncha voqea yuz berayapti-yu hukumat jim? Bu savollar faqat meni emas, butun xalqimizni qiziqtiradi. Hayitboevning iborasi bilan aytganda, biz buzg’unchi deputatlarni qiziqtiradi, bu masala! Bugun oqshom televidenie ana shu savollarga javob berishi kerak. Qo’limizda boshqa narsalar ham bor. Talabalar shaharchasida studentlarning oldida turib “Ur” deb baqirayotgan yo’lboshchilarni Parkent, Farg’ona voqealari yozilgan tasvirlardan ham topdik. Ular soqol qo’yib olgan KGB chilar emasmi?
Telefonning naryog’idan tovush kelmadi. Abduhoshim Mutalovning tovushi ichiga tushib ketgandi. U zorlangan ovozda:
-Menga yordam bering, – dedi.
-Men prezident bo’lganimda edi, mendan yordam so’rasangiz,-deb javob qildim.
Shu damda Bosh vazirga rahmim keldi. Lekin respublika rahbarlari nima sababdan xalqning ko’ziga qarashdan cho’chishmoqda, deb o’yladim. Xalqimiz “Xo’sh, Karimov qaerda? Namoyish bo’lgan, yong’in chiqqan joylarga borib, ot minib, olomonni to’xtatganman, deya takrorlovchi zot nega kabinetidan chiqmayapti? Agar u ikki chaqrimli yo’ldan cho’chimay Talabalar shaharchasiga borganda, olam guliston edi. O’qlar otilmasdi, qon to’kilmasdi” deb o’ylashmaydimi? Xalq o’ylaydi-yu lekin xalqning o’ylaganini bular hatto xayolda jonlantirishga cho’chiydilar.
Reportajlarni ko’rarkan, vujudimni titroq bosdi. Besh-olti mirshab bir qiz talabani sudrab ketishmoqda. Uch-to’rt OMONchi esa bir talabani erga yotqizib tepishmoqda. Talabalar yotoqxonalardan biriga bostirib kirgan mirshablar dush qilayotganlarni ham kaltaklashganini aytishmoqda, derazadan boshini chiqaragan talabaga qarshi o’q uzishganini vahima bilan hikoya qilishmoqda. Nahotki, shu darajada vahshiylashib ketdik? Bu mirshablar hayvonot bog’ida etishtirilgan emas, bular ham qaysi bir ota-onaning farzandlari-ku?! Balki bu talabalar orasida ularning ham ukalari, singillari bordir?
Nahotki, yuqoridan kelgan buyruqqa ko’r-ko’rona bo’yin egib, o’z qardoshlariga o’q otsalar? Axir bu talabalar Karimovning saroyini kul qilib ko’kka uchirmadilar? Bor-yo’g'i nonimiz qani, nega nonimizning bahosini qimmat qildingiz, nega saylovda bizni aldadingiz, deb so’rashdi. Karimovning iste’fosini so’rashga ham haqlari bor. Aslida Karimov minbarlarda ko’kragiga urib gapirayaptiyu lekin xalqqa biror narsa berayotgani yo’q, balki xalqning xirmonini sovurib, haqqini eb, haqligiga tupurib yuribdi. Xalqdan bolalaringni o’qitaman, deya soliqlar olinmoqda, lekin bolalarning qo’lidagi bir burda noni ham tortib olinayapti. Buni mansabda o’tirganlarga aytish befoyda. Ularning dini ham, imoni ham, Payg’ambari ham mansab. Lekin mana bu oddiy mirshablar-chi?
Nahotki, ular o’zlarini qul deb bilsalar, mansabdagilarning quli deb bilsalar?! Yoki kiyib olgan liboslari ularni robotga aylantirdimi? Qalbi yo’q, aqli yo’q, fikrlamoqdan, mushohada qilmoqdan mahrum bo’lgan robotlarga aylandilar-mi? Balki bir kun bu talabalarning ham ba’zilari mirshab bo’larlar? Ular ham o’z farzandlari, o’z aka-ukalariga qarshi qurol ko’tarmaydilarmi keyin? Qasos olmoq uchun shu yo’lga bosh o’rmaydilar-mi? Bir insofsizning mansabini ko’riqlash, bir xoinning obro’yini asrash uchun qon to’kkan bu insonlarga nima deyish kerak?!
Nega bugun men yo’ldan qaytdim? Ko’rqdim-mi?! Yo’q, bulardan qo’rqmayman. Unda nega bormadim? Balki talabalarni asrab qolgan bo’larmidim?! Balki mirshablarni to’xtatarmidim? Ammo men borguncha bo’lgan ish bo’lgandi, g’isht qolipdan ko’chgandi. Menga tushadigani oxirigacha mujodala etib, qotillar kimligini o’rtaga chiqarishda boshqalar bilan birlashishdir. Bir kishi hech narsa qilaolmaydi.
O’shanda bir narsa diqqatimni tortdi. Nega talabalarning huzuriga Bosh prokurorni yuborishdi? Prokurorni u erga yuborish kimning xayoliga keldi ekan? Tabiiyki prezidentning ko’rsatmasi bo’lmasa prokuror bormaydi. Bunday sharoitda tahdidga o’rin bormi? Talabalarni qizdirish, bu fitnadir! demak, yuborgan odam shuni istagan. Har tomondan qurshab olingan, kaltaklanayotgan, sudralayotgan odamga “sening jazong o’lim” desangiz, u rahmat deydi-mi? Hali ham talabalarimiz insofli ekan! Oxiriga qadar quvib borib, mashinasini ag’darib, o’zining orqasiga tepa-tepa haydab yuborishmaganiga qilluq qilsin.
-Siz qaytgandan keyin shaharchada nima bo’layotganini hech kim bilmay qoldi,- dedi u erga borib kelgan muxbirlardan biri.-Ko’p odamni ichkariga kiritishdi. Hatto bir qancha gazetalarning muxbirlari ham o’sha erda edilar. Muxolifatdagilarni ham ko’rdik. Qaytishimizda mirshablardan biri sizni ichkariga kiritmaganlarni postdan chetlatishganini aytishdi.
Men hayron bo’ldim. Balki Mutalovga shikoyat qilganim o’z ta’sirini ko’rsatgandir, deb o’yladim. Yo’q, bu odam birovga tanbeh berishga qo’rqadi. Buning ustiga Teleradio ko’mitasi raisining “Devondan butun rahbarlar shaharchaga borishsin, deb aytishdi. Men birinchi o’rinbosar bilan borib kelaman, siz esa bo’ erdagi ishlarga rahbarlik qilib to’ring”, degan gapni o’zingizni topolmaganim uchun kotibaga yozdirib ketgandim” deganini esldi. Keyin Prezidentning maslahatchisi Temur Alimovning kotibasi qo’ng’iroq qilib, Talabalar shaharchasiga borib-bormaganim bilan qiziqdi. Har holda nimadir bor deb deb o’yladim. lekin o’sha damda muhimi bu emas, muhimi reportajlarni xalqqa ko’rsatish edi.
Shu payt Oliy kengash raisi telefon qildi:
-Sizni ham qiynab qo’ydik,-dedi u men qiynalib ketdim, degan ohangda.
-Xalqqa biror gap ayta olmasak, ana u qiyin,- dedim men. -Sizga ⪅ima? Hayitboev ishning ichida, birinchi o’rinbosari Musaevni komissiyaga qo’shdik. Ana ularning vijdoni qiynalsin. Qolaversa, bugunn beriladigan barcha ko’rsatuvlarni komissiyamiz a’zosi sifatida o’rtoq Musaev ko’rib chiqsin. Bilasiz, bir ish yuzasidan tergov boshlansa, unga hech kimning halaqit qilishga haqqi yo’q. Biz ham tekshiruv olib borayapmiz. Komissiyamiz faoliyati boshi berk ko’chaga kirib qolmasligi uchun har turli tadbirlar olishimiz kerak. Eshitishimcha, siz Talabalar shaharchasiga muxbirlarni yuboribsiz-mi?
-Muxbirlarning borib bormasligi siz uchun voqea emas, lekin bir deputatning mirshablar tomonidan yo’ldan qaytarilishi sizni qiziqtirishi kerak, chunki raisimiz bo’lasiz. -Siz bormasangiz ham voqealarga aralashganingizni bilamiz. Bundan bu yog’iga ehtiyot bo’ling,- dedi Yo’ldoshev va qo’shimcha qildi.- Islom akamlarning topshiriqlari bilan hozir Bosh vazir o’rinbosari Erkin Samandarov etib boradi. Musaevdan keyin ko’rsatuvlarga nazar tashlaydi va lozim topsa, “Axborot”da chiqib gapiradi. Ha, darvoqe bu ishni o’rganish bizga topshirilgan. KGB degan nozik gaplarni aytib yurgan ekansiz, biror dalilingiz bo’lsa komissiyaga topshiring. Bo’lmasa bunday obro’li idoraning sha’niga tosh otmang-ki, oxiri baxayr bo’lmaydi.
Ertalab boshlangan bu hangoma kechgacha davom etdi. Nihoyat toqatim toq bo’lib devon kotibiyatining boshlig’iga telefon qildim:
-Iltimos, kirib Karimovga ayting, ko’rsatuvlarimizga senzura qo’yishayapti. Men televidenie rahbarligiga kelayotganimda bu masalani ko’targandim va u kishi “Birov senzura qo’yadigan bo’lsa boshini kesaman”, degan edilar. Talabalar shaharchasidagi voqea dunyoga yoyildi. Moskva ham ko’rsatadi, bizning jim turishimiz jinoyat bo’ladi,- dedim. -Hozir shuning maslahati bo’layapti,-dedi kotibiyat boshlig’i.-Oqsoqolning huzurlarida shu xususda majlis o’tkazilmoqda.
Birozdan keyin yana Yo’ldoshev telefon qildi.
-Hammasining dami chiqib ketdi. Bu masalani ertaga hal qilamiz. Bugun hukumat komissiyasi tayyorlagan xabar bilan komissiya ro’yxatini e’lon qiling,- dedi u.
-O’ttiz ikkita ism-sharifni o’qishdan nima ma’no chiqadi? Qon to’kilgani, talabalarni otishga kim ro’xsat bergani, necha kishi o’lgani va necha kishi yarador bo’lgani, buning aybdorlari kimligi – bu savollarga bugun javob berishimiz kerak!
-Mayli, buni Hayitboev bilan gaplashamiz, -dedi Yo’ldoshev va boshqa telefon jiringlayotganini aytib, suhbatni kesdi. Besh daqiqa o’tar-o’tmas xonamga Hayitboev kirib keldi:
-Nega men bilan maslahat qilmasdan kamera yubordingiz?- dedi u hovliqib.- Menga Islom akamning o’zlari telefon qilib, “Kamera-pamerangni yig’ishtir” deb aytdilar. Hatto meni “latta” deya haqorat qildilar, rahmatli onamni ham tinch qo’ymadilar.
-Siz o’zingiz nega bir necha marta borib keldingiz-u kamera olib bormadingiz. Siz va mening vazifam u erga borib kelishdan iborat emas. Biz xabarchimiz. Xalqni voqealardan xabardor etishimiz kerak. Agar bu ishni uddalay olsak, asosiy vazifani bajargan bo’lamiz, adolatsizlikning yo’lini kesamiz, o’yinlar uchun imkon qoldirmaymiz. Hozir esa vaqtdan boy berayapmiz, yolg’onning gullashiga yo’l ochayapmiz,- dedim men.-E’tibor qildingiz-mi, nega mirshablarga Bojxona rahbari Urayim Abug’aniev etakchilik qilayapti?
-Oqsoqol bu ishni unga topshirgan bo’lishlari mumkin…
-Shuning o’zi fikrlab ko’rish uchun asos emasmi?
-Oilamizda fikrlashga haqqimiz bor. Bu erda esa oilamizning raisi Islom akamiz. U kishi xalqimizga yomonlikni ravo ko’rmaydilar. To’g'risini tanlaydilar. Biz esa aytganlarini bajarishimiz kerak.
Erkin Hayitboevning kulgichlari doim kulib turgani uchun u xuddi masxara qilib gapirayotgandek tuyulsa-da, bu gaplarni jiddiy ohangda, samimiy aytayotgandi. Men o’ylanib qoldim. Yo men boshqa bir dunyodan bularning orasiga tushib qoldim, yoki bular haqu men o’jarman. Hozir yana biroz tortishsak, janjallashib qolishimiz aniq, indamay qo’ysam bora-bora indamasga aylanaman. Ba’zilariga shu bilan baravar bulib o’tiramanmi, deya qo’l siltaysan, ayrimlarining oshqovoq kallalariga bir kalima ham singdirolmay xunob bo’lasan, mana bundaylar esa beton devordek gap: bosh ursang boshing yoriladi, so’zing o’zingga qaytadi, asablashib jig’i biyron bo’lasan. Lekin baribir kimligini yuziga aytib, basharasini oynada ko’rsatib qo’yish kerak. Bilsa o’ziga foyda. Bilmasa ham o’zi biladi.
-Mayli, otangiz ham oilangizning raisi ham Karimov bo’la qolsin, lekin o’q egan, qoni to’kilgan, o’n gulidan bir guli ochilmagan yoshda o’ldirilgan talaba o’g'lingiz bo’lsa-chi? Hayitboev cho’chib tushdi.
-Og’zingizdan bu gapni shamol uchirsin! Xudo saqlasin, deb gapirsangiz-chi, uka. Darvoqe, konsertlarni bekor qilish haqidagi buyrug’ingiz ichki nizomga qarshi bo’lsa ham bekor qilmadim. Yoshsiz, yangi rahbarsiz, jamoaning yonida uyalib qolmang, dedim. Lekin ba’zi dasturlar o’z holicha ketaversin, deb Elbek Musaevga aytib qo’ydim.
Shu payt kotiba kiz kirib, Birlik Xalq harakati tashkilotidan bir guruh kelganini va rais bilan uchrashmoqni talab qilayotganlarini aytdi.
-Men Mo’saev bilan reportajlarni ko’rishim kerak. Hozir Samandarov ham keladilar. Siz bu masala bilan ertalabdan buyon shug’ullanayapsiz, hamma gapdan xabardorsiz. Ular bilan uchrashsangiz. Qolaversa, o’zingizning odamlaringiz,- dedi Hayitboev kinoya bilan.
Men uning kinoyasiga shiddatli bir qarash bilan javob berdim-da qabulxonaga chiqdim. Shoir Yodgor Obid bilan birga “Birlik”ning tinib-tinchimagan ayollari kelishgandi. Yodgor aka keyingi paytda siyosiy faoliyati bilan og’izga tushgandi. Farg’ona va Parkent voqealaridan keyin hukumatga qarshi namoyishlarning oldingi safida o’rin olgandi. U xalqni o’zligini tanishga chaqirgan she’rlari bilan mashhur bo’lib ketgandi. Hali yosh bo’lishiga karamay soqol qo’yib olgani uchun bosiq, ko’pni ko’rgan nuroniyni esltardi. Moshguruch soqoli aylana yuziga yarashgan, qalin qoshlarining ostida chaqnab turgan ko’zlarini mung bosgan shoirning negadir qaddi bukilib qolganga o’xshardi. U qiynalib-qiynalib so’z topayotgandek, gap boshladi:
-Biz hukumatga motam kuni e’lon qilish taklifi bilan chiqdik. Motam qayoqda, bayram qilishayapti, – dedi u.- &Bir tomonda bolalarimizni o’ldirishayapti, bir tomonda sizlar konsert qo’yish bilan ovora.
-Motam fikringizni qo’llayman, lekin konsert qo’yayotganimiz yo’q. Kontsert va o’yin-kulgi dasturlarini bekor qilganman. Kechqurun, Xudo xoxlasa, voqealar haqidagi reportajlarni namoyish etamiz.
-Xudo xoxlasa-mi yoki Karimov xoxlasa-mi?- zaharxanda jilmayish qildi Yodgor aka.
Men hech narsa demadim. Rostdan ham Karimov xoxlamagan bo’lsa kerak-ki, reportajlarni ko’rsatuvdan oldin qarab chiqishga qaror qilishdi. Nima bo’lsa ham mujodala qilamiz, reportajlar, albatta ko’rsatiladi, deb o’yladim.
Yodgor aka bilan birga kelgan ayollardan biri:
-Alloh madadkor bo’lsin, bu dahshatni xalqqa ko’rsating. Konsertlarga ham chek qo’ying. Biz esa bu masalada sizga kerakli yordamni beramiz,- dedi.
Ular hukumat idoralariga ham borishganini, Talabalar shaharchasida o’q otgan qotillarga qarshi norozilik namoyishi o’tkazganlarini, bu masalani mutloq oxiriga etkazajaklarini aytib, chiqib ketdilar. Ular ketar ekanlar, keyingi hafta “Birlik” faollari ishtirokida bir bahs dasturi tayyoralshni ham kelishib oldik.
Xayriyatki, shunday insonlar bor, deb o’yladim. Agar ular ham faqat o’z o’g'il-qizlarinigina o’ylasalar va butun erklarini teppadagi bitta odamga berib qo’ysalar, ana unda olam go’riston bo’ladi. Bu ayollarning har biri oilasida ona, farzandlarining tashvishi bilan yuguradi, yana qaerdadir ishlaydi ham. Shunga qaramay adolat izlashadi. Bu adolatni o’zlari uchun izlashadi-mi? Yo’q, shu xalqim ham boshqalar kabi oydinlikda yashasin, nurga ilhaq bo’lmasin, zulm ostida ezilmasin, deyishadi. Xalqqa, Vatanga bo’lgan muhabbat yuraklarida cho’g'ga aylangan. Bu cho’g’ qalblarini yondirib turadi. Shu otashdan kuch oladilar. Ba’zilar ularni anglamaydilar. O’tganning o’rog’i, ketganning ketmoni bilan ishi bor bularning, deyishadi. Ha, ishlari bor. O’sha o’roq millatning boshini kesmasin, o’sha ketmon insonlar oyog’ining ostini kovlamasin, deyishadi. Oz bo’lsalarda, xayriyatki, ular bor.
Shoir Yodgor Obid-chi? Uning ham oilasi farzandlari va shu qadar tashvishlari bor. Aslida dardi yo’k inson shoir bo’lolmaydi. Dardning og’irligi shoirning she’rlarini yukdor, salobatli qilarmish. Ammo qanchadan qancha dardsiz shoirlar yuribdi. Bir qanchasi devonda ishlashmoqda. Qizig’i, ular vaqti-vaqti bilan Talabalar shaharchasida she’r o’qib turishadi, o’zlarini talabalardan biri yoki ularning yo’l ko’rsatuvchisi, deb bilishadi.Biz inson ruhining tarixini yozamiz, deyishadi. Talabalar shaharchasida inson ruhi o’ldirilmoqda, siz qaerdasiz?! Faqat talabalarga qarshi o’q otilayogani yo’q, sizga ham qarshi otilmoqda. O’zligingizga qarshi o’q otilganda, mum yutib o’tiribsiz. Bundan ortiq razolat, bundan ortiq sharmandachilik bormi?
Aslida sizning ham dardlaringiz og’ir. Faqat bu dard shuhratga talpinish, shoirlik orqasidan shohona yashash, o’z jonini qutqarib qolish dardidir. Lekin Yodgor Obid sizga o’xshamaydi. Shuning uchun uni sevmaysiz. Aslida unga hasad qilasiz. Ammo bundan bexabarsiz.
Yodgor Obid sho’rolar paytida Sibirda yashadi. Vatan hasrati nima ekanligi unga ayon. Mustaqillik harakati boshlanganda yurtga qaytib, jabhaning oldidan er oldi. Avvaliga uni darbadar, bo’ydoq bir shoir, deb o’ylashdi. Chunki kunni kun, kechani kecha demay yugurib yuradi. Keyin bilishsa, katta bir oilaning otasi ekan.
Qaerda haqiqat istab bayroq ko’tarilsa, u o’sha erda. Ham she’ri, ham so’zi, ham harakati bilan insonlarga madad beradi. Keyingi kunlarda bu shoir haqida mahsus bir ko’rsatuv tayyorlataman. Umuman, “Birlik”, “ERK” va boshqa tashkilotlarnining vakillarini chaqirib, Talabalar shaharchasidagi voqealarni muhokama qildiraman… Keyin biror ko’rastuvda shoirning shaxsi va she’riyati bir bo’lishi kerak-mi yoki ayri-ayri bo’lsa ham farq qilmaydi, degan mavzuni tortishuvga qo’yamiz, deb o’yladim…
19.ISTE’FO QISSASI
Xullas, birinchi kun Talabalar shaharchasida sodir bo’lgan qonli voqea haqida kichik bir lavha berib, “Ertaga voqealar haqida batafsil hikoya qilamiz, bu ishning ortida kimlar turganlarini fosh etamiz” degan e’lon berdik.
Ertasiga Karimov Talabalar shaharchasida dorilfunin domlalari bilan uchrashuv o’tkazdi. Jurnalistika fakultetining domlasi Muxtor Xudoyqulov bir necha talaba ochlik e’lon qilganini aytdi. Shu erdagi ogrugdan deputat Marat Zohidov esa so’zga chiqib negadir faqat men haqimda gapirdi. Meni ishga olgani uchun Karimovni ayblay boshladi. Oz qolsin Talabalar shaharchasida yuz bergan voqealarning aybdori men bo’layozgandim. O’rnimdan turib gapiraman, desam, Karimov “Parvo qilmang, hozir hammaga tosh otishadi, ko’tarishimiz kerak” dedi.
Keyin Karimov Toshkent shahar faollari bilan uchrashuv o’tkazdi. Unda uch nuqta diqqatni tortdi.
Birinchisi, u nutqidan oldin, cho’ntagini kovlab ERK partiyasi raisi, saylovdagi raqibi Muhammad Solihning o’z nomiga “Sizni saylovda yutib chiqqaningiz bilan tabriklayman, xalqqa xizmat qilishingizda omad tilayman”, degan telegrammasini o’qib berdi va “Mana mard yigit shunaqa bo’ladi, mag’lubiyatni tan olish ham mardlikdir” dedi.
Ikkinchi nuqta Karimov xalqqa murojaat qilib, olti oy vaqt berilishini va “Avgustgacha hammayoqni jannat qilish”ni, agar qila olmasa “tashlab ketish”ini aytgani bo’ldi.
Uchinchisi esa, u Talabalar shaharchasidagi voqealar ortida “qora kuchlar” turganini ta’kidlab, gapni ismini aytmasada Shukrullo Mirsaidovga olib borib bog’ladi.
Men bu majlisni yoritishga mas’ul bo’lgan yigitlarga ana shu, keyingi nuqta haqidagi joyni televizorda bermaslik kerakligini aytdim.
Bir payt Karimov telefon qildi:
-Siz nega senzura qo’ydingiz?-dedi.
-Senzura emas, o’zingiz “Nutqimni to’la ko’rsatmalaring!” deb aytibsiz, keyin men faqat bir nuqtasiga qarshi bo’ldim, hali tergov boshlanmasdan, hali hech narsa aniqlanmasdan darhol kimnidir ayblash kerakmikan, bizning qo’limizdagi hujjatlarga ko’ra hukumatning ba’zi odamlari bu ishda ishtirok etgan.
Karimov jim bo’lib qoldi. Birdan yumshagan ohangda:
-Ko’rdingizmi, o’sha hukumatning odamlari Mirsaidovning odamlari-da. Uning dumlari. Fozilbekov ham, ana u jipiriqi Urayimjon ham… Hukumatni ulardan tozalashimiz kerak, dedi. Shuning uchun ham o’sha joyini albattta ko’rsating, xalq tushunib olsin, dedi.
Bu odamlar Mirsaidovning “qoldiqlari” emasligiga urg’u bersam ham Karimov o’z so’zida turdi. Qolaversa, Karimov hukumatdan kimlar aralashganini so’rab ham o’tirmasdan bu odamlarning ismini aytgani ham meni qiziqtirib qoldi. U allaqachon biz tayyorlayotgan dasturdan xabar topdimi yoki bu odamlarni qurbon qilib yubormoqchi-mi?
Fozilbekov haqiqatdan ham Mirsaidovga yaqin odam edi. Ammo keyingi vaqtlarda Mirsaidovni Karimovning oyog’iga tashlashda u faollik qildi. Urayimjon Abdug’aniev esa “Karimovning o’g'li” degan laqabni olib ulgurgandi. Talabalar shaharchasidagi voqealarga ularning boshchilik qilishlari ham bejiz emas edi. Mening Karimov bilan gaplashadigan gapim ko’p edi va keyingi kunlar har qancha uning qabuliga kirishga urinsam-da mashg’ulligini bahona qilishayotgandi. Hozir ham hamma gaplarimni aytishga ulgurmadim, u Eltsin telefon qilayotganini aytib gapni kesib qo’ydi.
Keyin oradan ko’p o’tmay Hayitboev telefon qilib, Bosh vazir o’rinbosari Erkin Samandarov kelganini va Karimovning nutqini oldindan ko’rib chiqqani, endi esa talabalar shaharchasi voqelariga bag’ishlangan reportajni ko’rayotganini aytdi. Darhol bordim.
-Buni berolmaymiz,-dedi Erkin Samandarov.
-Nega,-dedim men.
-O’zingiz hozirgina oqsoqolga hali tekshiruv boshlanmasdan, tergov boshlanmasdan oldin har qanday gaplarni bermaslik kerak, debsiz-ku?
Men ularning ish usullaridan hayratlanib qoldim. Karimovning “Eltsini” kim ekanligini ham tushundim.
-Mayli u holda har ikkalasini ham qoldiramiz,-dedim men ham hujumga o’tib.
-Prezidentning nutqi ko’rib chiqildi va hukumat o’z qarorini berdi, komissiya ham bunga qo’shildi. Uni qoldirish uchun hech kimga huquq berilmagan. Bu joy hukumatga oid va hukumatning teppasida prezident o’tiribdi. Mana bu reportaj esa xalqning manfaatlariga qarshi, tinchlikni buzuvchi, to’polon chiqaruvchi…,- dedi Erkin Samandarov. Uni rais Erkin Hayitboev va birinchi o’rinbosar Elbek Musaev ham qo’llashdi.
Xullas, uzoq tortishdik va hech narsa qila olmasligimni bilganim uchun eshikni ularning basharasiga “urib”, chiqib ketishdan boshqa iloj qolmadi.
Karimov Talabalar shaharchasidagi voqealar yuzasidan mahalliy va chet el muxbirlari bilan uchrashadigan bo’lganini eshitib men ham bordim. Bu so’nggi imkoniyat edi. Maqsadim o’sha erda savol berish bahonasida hamma gapni aytish va keyin anjumanni “Karimovning mahriga tushgan televideniesi”da to’la ko’rsatib, bo’layotgan voqealardan odamlarni xabardor qilish edi.
Anjumanga kechikib kelgan Karimov bezovta edi. Kimdir, qandaydir savol berib qolishi mumkinligidanmi yoki biror sir ochilib qolishi ehtimolidanmi, xullas bu bezovtalik nimadan ekanligini bilish qiyin edi.
Buning ustiga o’sha kuni Karimov taniqli jurnalist Lola Hotamovaga uylanarmish, degan gapni eshitib qoldim.
Lola Hotamova bir necha tilni biladigan, osmonni erga, erni osmonga uradigan jurnalist edi. Uni radioda ishlagandan beri bilaman. O’shanda, ya’ni 1977-1980 yillarda u chet ellarga eshittirishlar beradigan bo’limda ishlar edi. Mening muammolarga bag’ishlangan “Tabarruk zamin” dasturim bo’lib, uni olib borish uchun Imomaliev degan akdemikni topgan va yoniga bir ayol qidirayotgan edim. Jurnalist Erkin Ne’matovning tavsiyasi bilan Lola Hotamovani taklif qildim. Ovozi jarangdor va yoqimli edi. Bir muddatdan keyin u turmush o’rtog’i, o’sha paytlarda dong’i chiqqan, Sharof Rashidovning eng yaqin odami deb bilingan, qariyb o’ttiz yil davomida Moliya vaziri bo’lgan Murodxo’jaevning o’g'li bilan ajrashib, Hindistonga ketib qoldi.
Shundan keyin uni 1990 yilda Navro’z marafonini o’tkazayotganimizda ko’rdim va u kelib biz bilan hamkorlik qilishni istayotganini aytdi. Dasturimizda qatnashdi.
Keyin Bosh vazir Shukrulla Mirsaidov uni matbuot kotibi etib oldi. Tez orada u ko’zga tashlandi va “Mirsaidovning o’ng qo’li” degan gaplar tarqaldi. Mirsaidov ishdan ketmasdan turib, u Karimovning nazoratiga qoldi. Karimovning birovni ishdan olishdan oldin avval uning “shoxlarini kesish” odati bor edi…
Matbuot Konferensiyasida Lola Hotamova eng oldinda o’tirgan va negadir Karimovning ko’zi doim unda edi. Men “Karimov keyingi hafta uylanarmish” degan gapni bu erga kelayotib eshittim. Karimovning hayajoni balki shundan bo’lsa kerak, deb o’yladim.
Karimov Talabalar shaharchasidagi voqealarni “qora kuchlar” uyushtirganiga va yana gapning bir uchini Mirsaidovga taqadi.
Men so’z olib, bo’lgan voqealarni gapirdim va Karimovdan shu narsalardan xabari bor, yo’qligini so’radim. Lekin Karimov odatiga ko’ra javob berish o’rniga boshqa narsalar haqida to’xtaldi. Bu esa uning hamma gaplardan xabari borligni ko’rsatar edi. Konferensiyadan keyin Karimovning yoniga borib, bunaqada ishlab bo’lmaydi, demoqchi bo’ldim. Men uning yoniga yaqinlashar ekanman, Karimov Lola Hotamovani chaqirib, qo’lini uning belidan o’tkazib, unga muhim gapi bordek, qulog’iga bir narsalarni pichirlagancha, orqa eshikdan chiqib ketishdi.
Demak tarqalgan gapdan hali Karimovning ham, Lolaning ham xabari yo’q edi. Yoki Karimov bu mish-mishni rejali ravishda tarqatib, bu harakati bilan uni mustahkamlayotgan edi. Xullas, mana shu harakatdan keyin to’y haqidagi gap hamma yoqqa tarqaldi. Lola Hotamova yomon vaziyatga tushdi. Vazirlar mahkamasidan Savdo Palatasiga ishga o’tkazildi. U erda ham ishlay olmadi. Turmushga chiqib, saroy hududidan uzoqlashib ketdi.
Konferensiyadan keyin televideniega kelsam, Hayitboev “Men bolalarga konferensiyani qisqartirmasdan to’liq beringlar, deb ayttim” dedi. Xursand bo’ldim. Odamlar bo’layotgan gaplardan xabar topishadi, endi deb engil tortdim. Xonamga kirishim bilan esa Karimov telefon qildi va ruschalab shosha-pisha gapira boshladi:
-Ertalabki reysda Moskvaga uching, bugungi matbuot konferensiyasi videosini olib boring, u erda matbuot anjumani o’tkazasiz,-dedi va telefon go’shagini qo’ydi.
Men yana qiyin vaziyatda qoldim.
Bir operatorni olib sahargi reysda yo’lga chiqqunimcha, mening ketishim bilan Karimovning maslahatchisi Ziyomovdan boshlab, kotibi Kraynovga qadar ko’p odamlar qiziqa boshlagandilar. Hatto uchib ketishimiz oldidan ham sahar bo’lishiga qaramay Kraynov telefon qilib, hol-ahvol so’rab qo’ydi.
Moskvada u erdagi muxbirimiz Raimjon Sultonov bilan vakolatxonaga bordik. Deyarli hech gap yo’q. Faqat muxbirlarni to’plab Talabalar shaharchasi haqidagi voqealar haqida gapirib berish rejasi bor ekan. Buning uchun matbuot ishlari bilan shug’ullanuvchi Shatunovskiy degan kishini ma’sul qilib qo’yishibdi. Vaqtim bekordan bekorga o’ta boshaldi. Orada bir Moskvada yashagan “Birlik”chilar kelib ketishardi. Muxbirlar ham ko’p kelmadi. Uch to’rt kishi keldi va Shatunovskiy ularni bir xonaga olib kirib, tushuntirgan bo’ldi. Men qaytishni o’ylasam, u erdagilar bu haqda Toshkentdan ko’rsatma kutayapmiz, deyishdi. Ikki kunda o’n marta Kraynovga telefon qildim. U menga “Prezidentning muhim topshirig’i borligini aytib, kutib turishimni” so’rar edi. Shunda yana qandaydir o’yin bo’layotganini tushundim. Nima bo’lishi mumkin. Toshkentga telefon qilib, tanishlarimdan matbuot konferensiyasini ko’rdingizlarmi, deb so’rasam, mening savolim haqida hech narsa ko’rsatilmaganini aytishdi. Darhol Hayitboevga telefon qildim:
-Matbuot konferensiyasini to’la berishni aytgan edingiz-ku?-dedim
-Haliyam to’la berdik.
-Meni savolimni ko’rsatishmabdi-ku?
-Uka, meni bilasiz-ku, siz bilan birgaman. Lekin Islom akam “U o’zini propaganda qilish uchun bu ishga o’tganmi?”, deganlari uchun o’sha joyini olib qoldim. O’zingiz shu erda rahbar bo’lsangiz va o’zingizni ko’rsatish bilan ovora bo’lsangiz, gapni, onangni deb so’kishlarni esa bizlar eshitsak. “Munosabat” degan ko’rsatuvingzini ham to’xtating endi,- deb javob qildi xuddi yana onangni degan so’kish eshitib qolaman-mi, degan odamdek ovozi qaltiragancha…
Moskvadagilarga aytmasdan yo’lga chiqdim. Raim Sultonov kuzatib qo’ydi. Toshkentga kelishim bilan televideniega bordim. Kotiba qiz hovliqib kirdi;
-Yarim soat vaqt qolgan, lekin “Shahar bedarvoza emas” ko’rsatuvi yo’q. Redaktorini ham, olib boruvchisi Aziz Ernazarovni ham topolmayapmiz,-dedi.
-Har ehtimolga qarshi o’rniga boshqa narsa tayyorlab qo’yish kerak,-dedim va redaktorni yana bir qidirib ko’rishni buyurdim.
Oradan ikki daqiqa ham o’tmasdan Hayitboev telefon qildi.
-Hammasi to’g'ri chiqdi,-dedi u salom alikni ham nasiya qilib,-Bu erda Urayimjon Abdug’aniev o’tiribdilar, Azizjon ham shu erda, ular katta jinoyatni ochganlar va siz esa xaspo’shlayotgan ekansiz…
Qonim boshimga urdi. Jahlim chiqib ketdi. Hayitboevning xonasiga kirib borsam, redaktor ham o’sha erda.
-Xayriyatki Elbek akam, buyruq berib, dasturni o’zgartirmadilar, bo’lmasa shunday katta jinoyat haqidagi material saqlab qolinar ekan,-dedi Hayitboev.
Urishib qoldik va men o’zim dasturni olib borishimni aytib studiya tomon bordim.
Jizzaxda bir necha kishi g’ayriqonuniy baliq bilan qo’lga tushgan ekan. Ulardan birining ismi Alisher ekan, Mirsaidovning ham Alisher degan jiyani bor ekan. Gap shu. Men studiyaga etib kelishim bilan Hayitboev hovliqib keldi.
-”Shahar bedarvoza emas” dasturini Urayim akam bilan kelishib, ertaga qoldirdik, o’rniga siz aytgandek, konsert berib turamiz,-dedi.
Uyga ketdim. Kelib televizorni qo’ysam, Urayimjon Abdug’aniev gapirmoqda:
-Biz bu dasturni juda katta qiyinchilklar bilan ekranga olib chiqdik. Erkin Hayitboev kabi odamlarning qahramonligi bo’lmasa, bu dastur qoldirilgan bo’lardi. Juda katta jinoyat fosh etilmay qolgan bo’lardi…
Ammo dastur davomida hech qanday katta jinoyat haqida gap yo’q edi. Faqat qo’lga tushgan baliqchilarning qo’shni Qozog’iston hududida ruxsatsiz ov qilib, keyin baliqini yashirincha O’zbekiston hududiga o’tkazganlari haqida gap bordi. Baliqchilar bechora odamlar ekani ko’rinib turardi.
Men fitna tayyorlangani bildim va o’tirib “Fitna” degan maqola yozdim. Ertalab uni “Xalq so’zi” gazetasi bosh muharriri Ahmadjon Muxtorovga berdim.
-Ertagayoq chiqadi,-dedi u kishi.
Ammo chiqmadi. Karimovning buyrug’i bilan sahifadan olinibdi.
Shu orada prezident devonida ilgari men bilan ishlagan va endi Temur Alimov “qo’lida” bo’lgan bir tanishim kelib qoldi va muhim gap borligini aytib, bir joyga chiqib ovqatlansak, dedi.
Shahardan tashqariga chiqdik.
-Bugun Temur Alimovning xonasiga Respublika prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligidan tergovchilar chaqirilib, Talabalar shaharchasidagi qonli voqelar ortida Mirsaidov, “Birlik” va “ERK” turganini aytishdi va buni isbotlash topshirildi, prezident “qora kuchlar” deganda shularni nazarda tutgan ekan,-dedi.
Men darhol Talabalar shaharchasi komissiyasining a’zosi bo’lgan Muhammad Solihga telefon qildim va “Hamid Olimjon” metro-bekatida uchrashadigan bo’ldik. Men unga bo’lgan gaplarni aytdim. Qo’limdan keladigani hozircha shu edi. Qarshi tadbir olish kerakligini va keyin kerak bo’lsa, masalani sessiyada ko’tarish mumkinligini gaplashdik. Darhaqiqat, davlat komissiyasi ham darhol “Alimov rejasi” tomonga qayrildi…
Men qisqa muddat hukumat tarkibida bo’lganimda, ana shunday ko’p voqealar yuz berdi va bu erda turib hech narsa qilib bo’lmasligini to’la tushundim. Iste’fo arizasini yozib xonamdan chiqib ketayotgandim, Erkin Hayitboev, Erkin Samandarov va yana bir necha kazo-kazolar kirib kelishdi va:
-Talabalar shaharchasi voqealari haqida maxsus dastur qilmoqchimiz, “qora kuchlar”ning basharasini ochib tashlashimiz kerak, shuni gaplashsak,-deyishdi.
Men qo’limdagi bir dasta kalitni osmonga uloqtirdim va kalitlar erga tushar ekan tepib yubordimda xonadan chiqib ketdim.
Iste’fo arizasini ko’paytirdim-da, bir nusxasini Kraynovga, yana bir nusxasini Prezidentning kadrlar bo’yicha maslahatchisi Mavlon Umrzoqovga berarkanman, koridordan Temur Alimovning kelayotganini ko’rib qoldim:
-Sizni ham qiynab yurmay, xonangizga tergovchilarni to’plab, Talabalar shaharchasidagi voqealarni kimga yuklashni topshirgandek, meni yo’qotish uchun ovora bo’lishingizga, Jizzaxga odam yuborib, soxta ko’rsatmalar to’plashingizga hojat qolmadi. Mana iste’fo arizasi!, – deya bir nusxasini unga uzatdim.
“Ilon” laqabini olgan Alimov sovuq basharasini bujmaytirgancha kulimsiragan ko’rinish berishga urindi.
-Ukajon, meni Bosh vazirga o’xshatdingiz. Iste’fongizning adresi Bosh vazirdir,- dedi.
-Bosh vazir ham sizning qo’g'irchog’ingiz bo’lgani uchun uni ovora qilib yurmay degandim-da.
Men shunday deb qayrilib devondan chiqib ketdim.
Oliy kengashga kelsam, Erkin Vohidovning xonasida Muhammad Solih va yana ikki-uch kishi o’tirishgandi. Vaqt allamahal bo’lib qolganiga qaramay ularning bamaylixotir o’tirishlaridan, kimnidir kutishayotgani ma’lum edi. Salom-alikdan keyin bo’lgan voqealarni gapirib berdiim. Erkin aka bosh chayqab qo’yarkan, Muhammad Solih:
-Iste’fonomangizdan bir nusxa bering, biz gazetamizda nashr ettiramiz,- deya iste’fonomaning bir nusxasini oldi.
ISTE’FONOMA:”Toshkentning Talabalar shaharchasida ro’y bergan fojea yurtimizda oshkoralik, rostso’zlik yo’qligi, inson huquqlarini toptash hali beri barham topmasligini isbotladi. Men rahbar bo’lgan jumhuriyat televideniesidan ko’rsatuvlar olib qo’yildi. “Munosabat” rukni bilan hozirlangan maxsus ko’rsatuv ekranga chiqarilmadi. Oshkoralik uchun kurash yo’llari bekitib tashlandi. Meni iste’fo berishga undagan sabablar quyidagilardir:
1.Har qancha urinmaylik, Talabalar shaharchasidagi voqealar haqida oshkora fikr bildirilishiga yo’l berilmagani;
2.Parkent voqealari yuzasidan tuzilgan komissiyaning xulosasi sir saqlangani kabi Talabalar shaharchasidagi fojea yuzasidan ham o’sha uslub qo’llanilayotgani;
3.Yana yakkahokimlik, diktatura boshlangani. Xalqning og’ir ahvolini engillatish o’rniga faqat va’dalar berish, aldash bilan band bo’linayotgani;
4.Siyosatda barqarorlik yo’qligi, milliy birlashuv haqida tinimsiz gapirilgani holda amalda teskarisini qilib, nizo-adovat keltirilib chiqarilayotgani;
5.Kadrlarni tanlashdagi jiddiy xatolar, bu boradagi o’pirilish, rahbar kadrlarga ishonchsizlik, ularni asosan shaxsiy sadoqatiga qarab tanlash, qobiliyati, bilimi e’tiborga olinmayotgani;
6.Mahalliychilik illatining ildiziga suv quyish, odamlarni bir-biriga qarshi qo’yish kasalini davolash o’rniga uning avj oldirilayotgani;
7.Xalq taqdiri va kelajagi bilan shug’ullanish o’rniga ikr-chikirlar, quvg’inlar, inson huquqlarini toptash bilan band bo’linayotgani;
8.Muxolifatdagi partiya, harakat va uyushmalarga nisbatan minbarlardan yaxshi gap aytilib, amalda ular ta’qib qilinayotgani;
9.Xalqning ahvoli kun sayin og’irlashib borayotgani, buning oldini olish uchun aniq dastur yo’qligi.
10.Millatvakillarining erkin bahslari, bor gapni ayta olishlari uchun sharoit yaratilmagani va aksincha og’ir, nosog’lom vaziyat vujudga keltirilgani, fikrlar, takliflarga e’tibor qilinmayotgani…
Ana shu va boshqa sabablarga ko’ra, hukumat tarkibidan chiqaman hamda o’zimni unga nisbatan muxolifatda, deb hisoblayman. Hukumat tarkibida turib, bu illatlarga qarshi kurash yo’lini topmadim. Hukumat a’zolari uchun yo’llar berk va ochilmasdir…”
“ERK” gazetasining birinchi sahifasida mening bu arizamni qo’yishgan ekan. Senzura arizani olib qolib, sarlavhasini unutgani uchun gazeta “Televidenie rahbari iste’fo berdi” degan maqolasiz sarlavha bilan chiqdi.
20.GKChP “QAHRAMON”I
1991 yilning Avgust oyiga kelib, Karimov va SSSR prezidenti Mixail Gorbachevning orasi buzilib qolgandi. Gorbachev ancha erkin fikrlaydigan odam bo’lgani uchun Karimovning qayta qurish va oshkoralik yo’liga to’siq bo’lishidan xafa edi. Ayniqsa 1989 yil oxirida O’zbekiston Oliy Kengashiga saylovlar paytida Karimovning mustaqil nomzodlarga ko’rsatgan bosqisi Gorbechevning qattiq tanqidiga yo’l ochgandi. Chunki Gorbechev saylovlar erkin o’tishi uchun juda qayg’urayotgan bir paytda Karimov O’zbekiston rahbari bo’lganiga bir yil ham to’lmasdan saylovni qattiq nazortga olishi uning jahlini chiqargandi. Keyin O’zbekiston Oli kengashida yuz bergan voqealar ham sabab Karimovning repressiv xatti harakati bois o’zbek xalqi Ittifoqqa ishonchini yo’qotadi, degan fikr bilan Gorbachev Karimovni keskin tanqid qilishga o’tdi.
1990 yilda Karimovni prezident qilib saylash masalasi apal-tapal sessiyaga olib chiqilar ekan, o’sha paytda uni qo’llagan va bu masalani sessiyaga olib chiqqan SSSR Xalq deputati Ahmadjon Muxtorov “Xal so’zi” gazetasidan ishdan ketkazilib, ishsiz qolgach ko’nglini ochib shunday degandi:
-Gorbachev bizlarni (u bizlarni der ekan, Islom Karimovni O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibligiga keltirish uchun Gorbachevga kirib talab qilgan SSSR Xalq deputatlarini nazarda tutayotgan edi-JM) chaqirib, biz Karimov nomzodini o’tkazmaganimizda gribbonimdan olgan edingizlar. Bu qip-qizil diktatorku?! Bir ikki tanqid qilgan edim, endi mendan qochib yuribdi. Uni almashtirmasak o’zbek xalqining ko’ksizga shamol tegmaydi, dedi. Men o’sha kuniyoq Islom akani topib, bunga javoban darhol prezidentlik vazifasini joriy etish kerakligini ayttim. O’shanda birinchidan, markazning ishga qo’yib ishdan olishiga qarashi bo’lgan bo’lsam, ikkinchidan Islom akani bag’ri keng odam deb bilardim. Ammo adshibman va bu nafaqat nebga balki hammaga ham qimmatga tushdi. Bu odam hali ko’p hunarlar ko’rsatadi…
Gorbachev SSSR o’rnida vakolatlari kengaytirilgan jumhuriyatlar Ittifoqini tuzmoqchi edi va bu boradgi hujjat imzolanishidan oldin davlat to’ntarishi yuz berdi.
Mazkur hujjatni referendumga qo’yishganda O’zbekistonda 99,99 % odam yoqlab ovoz berdi, deyilgani ham Gorbachevning jahlini chiqargan, Karimovning o’zi bu haqda bir kuni sessiya tanffusida faollar huzurida shunday degan edi:
-U odamgarchilikni ham bilmaydi, latta. Xursand bo’ladi deb, shuncha odam yoqladi, deb o’zim telefon qilsam, rahmat deyishning o’rniga, maynavozchilk qilma, degandi, oz qolsin onasini so’kib yuborar edim.
Har holda bu voqea Gorbachevning toqatini toq qilgan oxirgisi bo’lsa kerak.
Karimov buni SSSR Oliy Sovetida yuqori palataga raislik qilayotgan Rafiq Nishonovdan deb bilardi. Gorbachev Karimovning yo’lto’sraligidan norozi bo’lsa, Karimov Nishonov uni qayrayapti, degan xulosa chiqarar edi. Shu bois O’zbekiston mustaqil bo’lishi bilan Nishonovning Toshkenga kelishini ta’qiqlab qo’ydi va u haqda bir qator uydirma maqolalar chiqartirdi. Shunday maqollardan birini prezident devonida ishlagan jurnalist Sharof Ubaydullaev yozgandi va uning o’zi ham keyinchalik Karimovning zug’umiga uchragani bois bir kuni parda orqasidagi haq gapni aytsa ajab emas?!
1993 yil Aprelida O’zbekistondan chiqib ketayotib, Almatida deputatlar zalida Rafiq Nishonovni ko’rib qoldim. U bilan ancha gaplashdik. U qanday qilib Karimovning bu ishga kelgani va o’zining unga qilgan yaxshiliklarini gapirib berdi. Endi Qozog’iston hududiga qadar kelib Toshkentga o’tolmaydigan bo’lib qolganini, hatto umr yo’ldoshini ham Karimov surgun etganini gapirdi. O’shanda uni kuzatish uchun aeroportga Nursulton Nazarboev keldi. Nishonov meni u bilan tanishtirdi va boshimga kelganlarni qisqa qilib aytib berdi.
-Karimov tentak, ammo xitriy tentak,-dedi o’shanda Nazarboev.- U GKChPdan qolgan meros. Bugun turmada o’tirshi kerak edi. Ammo mustaqiilik e’lon qilib, qutulib qoldi. U hali O’zbekistonni barbod qiladi!…
Nazarboevning keyin boshqalarga ham “Karimov tentak” deb aytganini eshittim. Har holda bu gap Karimovning qulog’iga qadar etib borgan-ki, hamma vaqt oralarida sovuq devor borligi sezilib turadi.
Xullas, 1991 yilning yoziga kelib, SSSR rahbarlari (Islom Karimov ham KPSS MK Siyosiy Byurosining a’zosi edi-JM) orasida Gorbachev tomonidagilar va unga qarshi jabhadagilardan iborat ikki guruh paydo bo’lgandi. Gorbachev tomonidagilar erkinlik, demokratiya desalar, ikkinchi tomon qattiqo’llik tarafdori edi.
Ana shunday vaziyatda, GKChP (Rus tilidagi “Gosudarstvenniy Komitet po Chrezvichaynomu Polojeniyu” kalimlarining bosh harflaridan olingan-JM) nomi bilan kirgan davlat to’ntarishi yuz berdi. Bu voqea 1991 yil 19 Avgustida yuz berishini sanoqli odamlar, jumladan Islom Karimov ham oldindan bilgan.
Davlat to’ntarishidan ikki oy oldin Toshkentga SSSR Vitse prezidenti Gennadiy Yanaev keldi. U O’zbekiston kommunistlarining sezdida qatnashdi. “Panorama” kinoteatrida o’tgan mazkur sezdda Yanaev, mamlakatda intizom izdan chiqib ketgani va faqat Islom Karimov bosh bo’lgan respublikada kommunistik temir intizom saqlab qolingani, boshqa joylarda bunday tajribaga ehtiyoj mavjudligini gapirdi.
Ko’p o’tmay Bosh vazir Valentin Pavlov Toshkentga keldi. U kutilmaganda O’zbekiston Vazirlar mahkamasi majlisini chaqirib, o’zi raislik qilgani hammani hayratga soldi.
Islom Karimov davlat to’ntarishidan oldin Hindistonga ketgandi. Hindiston matbuotida o’sha kezda bo’lgan ma’lumotga ko’ra, mazkur safar May oyiga belgilangan va Dehli tomoni turli sabablarga ko’ra tashrifni boshqa paytga surishga uringandi, Toshkent tomoni safarni Avgustning xuddi shu kunlariga moslashni qattiq iltimos qilgan. Bu fakt SSSR Oliy Sovetining GKChPni o’rganish komissiyasi hujjatlariga ham kirgan..,
Davlat to’ntarishi yuz bergan kun men Samarqandda edim. Ertalab birinchi reys bilan Toshkentga kelsam, deputatlar zalida ishlaydigan ayol meni qarshilar ekan:
-Yomon bo’ldi-mi yaxshi bo’ldi-mi?-deb so’radi.
-Nima?-deb ajablandim men.
-Davlat siri degan joyi qolmadi, televizorlarda berayapti,-dedi u jilmayib.
Birinchi xayolimga kelgan narsa, Hindistonga ketgan Karimov halokatga uchragan bo’lsa kerak, degan gap bo’ldi. Voqeani eshitib avval uyga keldim. Bazi hujjatlarimni olib, chiqib ketayotsam qo’shnimiz, KGB raisi G’ulom Aliev bilan qarshilashib qoldim. U kechasi bilan uxlamagani ko’zlaridan sezilib turardi. Qizargan ko’zlarini ishqalab:
-Birozdan keyin yana ishga boraman. Jahongirjon, iltimos uyga qayting, ishga chiqmang, ro’yxatda siz ham borsiz. Eshigimiz bir-biriga qarshi, qo’shnimiz, bolalaringizning ko’ziga qanday qarayman, keyin. Voqealar bir yoqlama bo’lguncha uyda o’tiring,-dedi.
Uning bu gaplari samimiy ham bo’lishi mumkin edi. Ammo men unga ishonmas edim. Chunki u hali KGB raisining o’rinbosari ekanida O’zbekiston televideniesi uchun bir mahallada tayyorlangan uchrashuvda ba’zi buzg’unchi deputatlar haqida gapirgan va men undan izoh talab qilgan edim. Izoh bermagach, “Ozodlik” radiosidagi suhbatimda uni qattiq tandiq qilgan va KGB raisi bo’layotganda ham qarshi chiqqan edim. Shu bois uning samimiyatini teskari tushunib, Oliy Kengashga keldim.
Moskvaning topshirig’i bilan Shukrullo Mirsaidov boshchiligida favqulodda qo’mita tuzilibdi, lekin qo’mita bo’layotgan voqelardan o’zini uzoqqa olgani bois KGB va Ichki Ishlar vazirligi bevosita markazning aytganlarini qilayotgan edi.
Karimov Hindiston safaridan qaytayotgani haqida eshitdik.
Keyinchalik esa Islom Karimovning uchqichdan Yanaevga telegramma yo’llab, uni tabriklagani ma’lum bo’ldi. Hukumat doirasidagi harakatlar ham shundan darak berar edi. Muxolifat quvg’inga olingan, hatto erkin qarashdagi deputatlarning orqasidan kuzatish boshlagandi. Men shundagina Samarqanddan sahar chiqqanimda uyimiz yonida ikki tomonda turgan ikki engil mashina haqida esladim.
Moskvada esa demokratlar davlat to’ntarishiga qarshi chiqan edilar. Bizning qo’mitamizda a’zo bo’lgan deputat Raimjon Sultonov namoyishga chiqqanlar huzuriga uyidagi ikkita qovvunni olib borgani Yaanaevchilarga o’zbeklardan ham qarshilar bor, degan xabarga asos bo’lgandi.
Biz ham Oliy Majlisda ishlaydigan bir guruh deputatlar Rossiya Parlamenti oldida namoyish qilayotganlarga telegramma yo’llab, demokratiyani qo’llashimizni bildirdik. Keyin bir yil avval a’zoligidan chiqqanimiz kommunistik partiya biletlari kimda qolgan bo’lsa, yig’ib keldik va Oliy Majlis oldida yoqib tashladik.
Bunga esa Oliy Majlis partkomi Zuhriddinovning:
-Tezda partkomga kelib a’zoliklaringizni tiklangalar, bo’lmasa qamalib ketasizlar,-degan gapi sabab bo’lgandi.
Karimov Hindistondan qaytgandan keyin ham uch kunga qadar Moskvada bo’layotgan voqealarga munosabat bildirmadi.
Moskvada hamma narsani Eltsin qo’lga oldi, Gorbachev dam olishdagi “asir”likdan qutqazildi, davlat to’ntarishi fitnasi va ortidagi sirlari fosh bo’ldi.
Shundan so’nggina O’zbekiston hukumat binosida bir majlis bo’ldi. Lekin u erda ham gap munosabat haqida emas, intizom haqida bordi.
Xunobi oshgan deputat Karim Bahriev:
-Butun dunyo GKChPga munosabatini bildirdi, boshqa respublikalar ham o’z qarashlarini aytdilar, biz esa qo’llashimizini ham, qoralashimzini ham aytmadik. Munosabatimizni bildiraylik!-degen bo’lsa, yozuvchi Primqul Qodirov:
-Islom akamning iste’dodlari tufayli biz eson omonmiz. Mana o’rtoq Yanaev Toshkentga kelganlarida u kishini alohida maqtab ketgandilar. Hozir vaziyat qilichning damida yurgan kabi. Ozgina xato qilindimi, og’ib ketish mumkin,-deya hali ham Yanaevni himoya qilgandi.
Islom Karimov hali kutish kerakligini uqtirar ekan, masalani joylarda intizomni saqlashga chaqirish bilan “yopdi”.
Keyin SSSR Oliy Sovetida davlat to’ntarishi masalasida komissiya tuzilganda fitnada Islom Karimovning ishtiroki ham qayd etildi. Bir yil avval mustaqillikka qarshi chiqqan Islom Karimov favqulodda sessiya chaqirtirib, 1991 yilning 31 Avgustida Mustaqillik haqidagi qonun loyihasini e’lon qildi.
SSSR Oliy Sovetining deputati, yuqoridagi davlat to’ntarishi yuzasidan tuzilgan komissiya a’zosi Po’lat Oxunov Karimovning GKChP faollaridan bir ekanligini, bu borada hujjatlar mavjudligini aytib chiqdi. Lekin mustaqillik Karimovning joniga ora kirdi. Po’lat Oxunovni esa Karimov hibsga tiqdi.
2000 yilning 18 Avgustida “Amerika ovozi” radiosiga bergan suhbatida Po’lat Oxunov bu haqda shunday degan edi:
-Davlat to’ntarishi qilganlar qamoqqa kirdilar. Karimov Yanaev va Pavlovlarni bu ishga ilhomlantirgan odam ekanligi aniqilansada u chetda qoldi. Qamoqqa kirganlar ko’p o’tmay chiqdilar, balki Karimov ham o’shanda qamalganda oradan ko’p o’tmay chiqqan bo’lardi. Lekin masalaning bugun uchun juda qimmatli bo’lgan ma’naviy jihati bor. SSSRni saqlab qolish uchun davlat to’natarishining me’morlaridan biri bo’lgan odam bugun mustaqillik qahramoni deb ulug’lanayogani kishini o’ylantiradi.
Masalaning yana bir ma’naviy tomoni bor. Bu esa Karimov o’zining GKChPdagi ishtirokini to’laligicha Mirsaidovning bo’yniga qo’yib yuborganidir. Mirsaidovning o’sha kezda respublikada ikkinchi odam ekanligini hisobga olgan taqdirimizda Karimov bu harakati bilan o’zi boshida turgan O’zbekiston ham GKChPda ishtirok etganini tan olib qo’ygandi va bu bilan “men ham bu ishning ichida bor edim” deganini o’zi ham bilmay qolgandi.
“Xalq so’zi” gazetasining 1992 yil 21 Aprel sonida “Topponcha”ga javob” sarlavhali maqolam bosilib chiqqan kun Karimov meni devonga chaqirtirdi. U maqolani Bosh vazir o’rinbosari Ismoil Jo’rabekov bilan tushga qadar arang o’qib bo’lib, menga:
-Qo’lni tashlang, o’g'il bola ekansiz-ku! Man shunaqa qilib yozish kerak!- degan edi.
Keyin u stolining ustida turgan bir varaqli qog’ozni menga uzatdi. O’qisam MXXning hisoboti ekan, unda mening maqolam hali tong otmasdan shov-shuv bo’lib ketgani, radioda ham boshqa gazetalarning sharhi o’rniga shu maqola o’qilgani, ba’zi joylarda odamlar gazetaini 300 so’mga qadar sotib olishgani, deputat Samandar Qo’qonov nashriyotdan qo’shimcha 5 mingta bostirib olib, o’zi rahbar bo’lgan ishxonada va Chinozdagi saylovchilariga tarqatgani kabi faktlar aytilgan edi.
Karimov o’qib bo’lishimni ham kutmasdan, maqolada xalq maqollarini ko’p ishlatganim va bu unga juda yoqqanini aytdi. Keyin qo’limga hukumatning bir qarorini berdi. Unda meni “O’zbekiston teleradikompaniyasi raisining birinchi o’rinbosari etib tayinlansin” degan gap yozilgandi.
-Faqat chislosi qo’yilmagan,- deb u boshqa bir farmon loyisini ham uzatdi. Unda esa meni mazkur kompaniyaga rais etib tayinlash yozilgandi.
-Olti kun birinchi o’rinbosar bo’lib ishlaysiz va ana u latta Hayitboening orqasiga tepib yuborib, joyiga o’tasiz. Ammo ungacha qiladigan ishlarimiz bor. Mana siz oshkoralikni sevadigan yigitsiz. Haqiqatni himoya qilasiz. Mana bu papkadagi hujjatlar bilan o’zingiz tanishib chiqing va o’zingiz xulosa qiling. Yozadigan maqolangiz bugungisidek zo’r bo’lishi kerak,- dedi Karimov jiddiy ohangda.
U seyfdan ustida “Sh.R.Mirsaidov” deb yozilgan semiz papkani olib menga berdi.
-Uning o’zi bilan ham uchrashib gaplashishim mumkin-mi?-dedim men papkadagi hujjatlarni varaqlar ekanman. Karimovning chehrasi xiralashdi. Lekin beparvo ohangda:
-Albatta, lekin u ham bularga qarshi bir narsalar tayyorlab qo’ygan bo’lishi mumkin, juda tullak odam, ehtiyot bo’ling, sotib olishga urinib, oyoqning ostidan urib yuboradi. Modomiki uchrashar ekansiz, mana sizga ikkinchi papka. Bu ikkinchi maqolaga masalliq,- dedi.
U endi ustiga “D. Mirsaidova” deb yozilgan papkani uzatdi.
Papkalarda asosan Mirsaidovning Xitoyga va Rossiyaga rasmiy safarlari va bu safarlarda sotib olgan narsalari haqida yozilgan edi. Hatto uning xotini Urumchiga borganda marvarid sotib olgan, qaytib kelgandan keyin uni kimgadir sotgan deya soqchilarning tushuntirish xatlari ham qo’shilgandi. Moskva safarida esa hayat tarkibida men ham bor edim. Eltsin muzokaralardan keyin, hammamizga, (kimga video kasseta, kimga vaza va hokazo-JM) jumladan Mirsaidovga ham hadya bergan edi. Bu protokol talabi edi. Ammo u hadyani olib kelib xazinaga topshirmagan, deb ayb qo’yilgan. Bunday tartib faqat mamlakat rahbarlari uchun belgilangan bo’lib, bu O’zbekistonda umuman qoidaga kirmagan edi.
Dilbar Mirsaidova rahbar bo’lgan Savdo palatasini tekshirib chiqqan revizorlarning bir-biriga zid xulosalari ham ko’p savol uyg’otar edi. Xullas, hujjatlarni o’rganib chiqib, savollarni tayyorlab Mirsaidov va umr yo’ldoshi bilan uchrashish uchun ularning uyiga bordim.
Haqiqatan ham ular ham ikkita papka tayyorlab qo’ygan ekanlar. Ular endi Karimovning bevosita topshirig’i bilan uyushtirilgan bo’hton haqida hujjat to’plashgandi.
Har ikki papkada ham qandaydir to’g'ri gaplar bilan qandaydir uydirmalar ham bor edi.
Xullas, qo’limda ikkita bir-birini to’la inkor etadigan hujjatlar paydo bo’ldi. Har ikkalasini ham fel’etonga sig’dirib, xulosa chiqarishni o’quvchiga havol qildim.16 sahifalik fel’etoni olib borib Mavlon Umrzoqovga berdim va:
-Oshkoralaik bo’ladigan bo’lsa mana oshkoralik. Lekin hukumatning meni ishga tayinlash haqidagi qarori va Prezident Farmoni chislosiz, havoda qoladigan bo’ldi,-dedim jilmayib.
Chunki yozganim Karimovga mutlaqo yoqmasligini bilar edim va vijdonimga qarshi borib uning istagi bo’yicha ham yozolmas edim. Men har ikki tomonning ayblarini ochiq ko’rsatishga intildim. Yozganim matbuotda chiqmasligini oldindan bilsam-da tarix uchun deya olib borib berdim va bir kuni biror arxivdan chiqib qolsa ajab emas?!
Mavlon aka o’qib ko’rib, bir necha kun Karimovga berishga jur’at eta olmabdi, bir kuni menga katta imkoniyat qo’limdan chiqayotganini eslatdi va mening elka qisishimdan keyingina Karimovga olib chiqib berdi.
Oradan ko’p o’tmay, devonda ishga olingan qalami o’tkir jurnalist Sharof Ubaydullaevning ketma-ket fel’etonlari chiqdi.Lekin keyinchalik u yuqorida ta’kidlaganimdek, “yaxshiligiga” javoban zug’umga uchradi. Uning jurnalistika borasidagi talanti, iste’dodi xuddi Ahmadjon Muxtorovniki kabi Karimov tomonida kamsitildi…
“GKChPdan chiqqan “qahramon”.. Sharof Ubaydullaeyvning Mirsaidov haqidagi fe’letoniga ana shunday sarlavha berilgan edi. Mirsaidov Toshkent shahar ijroiya qo’mitasi raisi bo’lganda Sharof Ubaydullalev “Toshknet oqshomi” gazetasiga rahbar bo’lgan va birga ishlashgan. U o’zining ishdan ketishida va rashidovchilarga qarshi kampaniyada Mirsaidovning qo’li bor deb hisoblar edi. Bu tomoni menga qorong’u.
Lekin bugun bizga masalaning Karimov bilan bog’liq ma’naviy jihati juda muhimdir.Gap shundaki, Mirsaidov GKChPning “qahramoni”ga aylantirilishi bilan Karimovning bu boradagi “qahramon”ligi xaspo’shlanib ketdi.
21. KUCh ADOLATDAMI, ADOLAT KUChDAMI?
1991 yil…
Bir kuni Vazirlar mahkamasining birinchi qavatidagi kichik zalda tashabbuskor deputatlar tomonidan ilgari surilgan “Maoshlarni indeksatsiya qilish”, ya’ni maoshlarning inflyatsiyaga qarab avtomatik tarzda oshib borishini qonunlashtirib qo’yish haqidagi loyiha muhokamasiga unga qarshi bo’lgani uchun Karimovning o’zi keldi va qanday savol bo’lsa javob berishini aytdi. Ammo savollarga o’tirganlarni bepisand qilgan tarzda, asabiy ohangda javob bera boshladi. Bu uning “Sizlarning iqtisoddan nima xabarlaringiz bor!” deganday deputatlarni kamsitish tutumi edi.
Karimov bu masalaga qarshi bo’lgani keyinchalik bilindi. U narxlar oshishidan ham o’ziga foyda yo’lini topdi. Narxlar oshishi haqidagi qaror bosh vazirga imzolatilsa, ortidan maoshlarni oshirish Farmoniga o’zi qo’l qo’yadigan bo’ldi. Vaholanki, biz buni dunyodagi juda ko’p mamlakatlarda bo’lgani kabi qonuniy yo’lga qo’ymoqchi edik.
Men oldinroq bir savoli uchun kamsitilgan Toyiba To’laganovaning talabini himoya qilib, Karimov bilan biroz tortishgan edim va uning bu gapidan keyin yana so’z so’ramay tura olmadim.
-Masalani soddalashtiradigan bo’lsak, hovlingizning to’rida qurilish qilmoqdasiz, mehmonxona. Uyda g’isht, yog’ va non tamom bo’lgan. Tushlikda “Ochqoldim” deb dod soldingiz. Xotiningiz qo’lida pul yo’qligini aytdi. Chunki siz sandiqdagi pul faqat qurilishga deb ajratib qo’ygan edingiz. Nima qilasiz, ochlikka chidaysiz-mi? Axir bugun mamlakat bo’ylab kerakli, zarur qurilishlar, masalan ishlab chiqarish korxonalari emas, asosan ma’muruy binolar qurilmoqda. Shunday ekan siz keltirgan sabab loyihani qoldirishga asos bo’lolmaydi,-dedim men.
Karimov qizarib ketdi va jahlini yashirishga har qancha urinmasin baribir baland ovozda gapira boshladi:
-Siz samarqandlik bo’la turib shunday deyishingizga hayronman. Temurlang dunyodagi eng katta diktator bo’lgan. Ammo bugun u qurgan binolar tufayli Samarqand dunyoga mashhur, uning o’zi ham. Uning kalladan minora qurganini emas, balki Samarqandda loydan qurgan minoralariga oshiq hamma. Biz qornimizni emas, kelajakni o’ylashimiz kerak…
Men qaytib joyimga o’tirmasdan Karimovning gapini eshitib turganim uning asabiga tegdi va “Yana nima demoqchisiz?” degandek gapini to’xtatib menga qaradi.
-Birinchidan,- dedim men,- siz ham samarqandlik va o’sha minoralarning yonida kattta bo’lgansiz. Ularni boshqalar qurishgan. Samarqandda Amir Temur qurdirgan bitta maqbaradan boshqa deyarli ko’zga tashlanadigan bino qolmagan. Lekin Samarqandni dunyoga mashhur qilgan narsa Temuriylar davrida madaniyat va san’atning rivojlanganidir. Biz bugun madaniyat va san’atni faqat ma’muriy binolar qurish, deb bilayotgan bo’lsak, katta xato qilgan bo’lamiz.
Ikkinchidan esa, Temurlang deb uni kamsitish uchun aytishgan.
Karimov cho’ntagini kovlab, kichik daftarchani oldi. U turli ihtiboslarni pala-partish yozib yurar ekan, shu damda keraklisini topa olmadi:
-Hozir topolmadim, lekin yozib qo’ygandim, Temurlang… kechirasiz Amir Temurning o’zi “Bizga baho berish uchun biz qurdirgan hashamatli binolarga nazar soling” degan,-dediyu bir zum boshini egib o’ylanib qoldi.
U qachon men bilan tortishuvga kirsa, mantiqli javob topolmasdan yutqazishini bilardi.
Uning bu gapiga ham javobim tayyorligini bilgani uchun ham boshini ko’tarmay, aslida mening gapimda jon borligini ta’kidlab, mavzuni boshqa tomonga burib yubordi.
Ammo mana shu qisqa savol-javobning o’zi uning ko’nglida nima yotganini yaqqol ko’rsatib bergandi.
Shu bois oradan bir yil ham o’tmay o’zini “Amir Temurning davomchisi” degan siyosatni boshlatdi. Bu eng avvalo uning nutqlarida va gazetalardagi maxsus yozdirilgan maqolalarda ko’rina boshaldi.
«Xalq so’zi» gazetasi (Anvar Jo’raboev muharrir bo’lgan davrda) Islom Karimovni sohibqiron Amir Temurga tenglashtirib yozishda bayroqbardorlik qildi. Boshqa gazetalar bir yoqda tursin, hatto bor yo’g'i 2-3 soni chiqqan «Ipak yo’li» gazetasi ham avval Islom Karimovning, so’ng esa Amur Temur nomini keltirgani yodimda.
Tarixga, millatga, o’z-o’ziga haqorat kundan kunga «gullab ketdi».
Jahongir Kuragonning tuzuklaridagi o’n ikki qoidaga bir nazar solsak, u erda inikosini topgan sifatlarning qaysi biri Islom Karimovda, uning dastlabki yillardagi faoliyatida qanday aks etganini bilish qiyin kechmaydi?!
Amir Temur: «Birinchi. Men sifatlarimning avvali deb beg’arazlikni tushundim…»
Yuzlab va hatto minglab misollardan faqat bittasini keltiraman. Ettinchi sessiyada (1991 yil kuzida) deputatlardan bir guruhi Islom Karimovning kamchiliklarini betiga aytishdi. U qo’lini ko’ksiga qo’yib «Hammasi to’g'ri, tan olaman, imkon beringlar tuzataman» deb ont ichdi. Vaholanki, undan qasam ichish talab qilinmagandi.
Xo’sh, oradan bir yil ham kechmay nima yuz berdi? O’sha ettinchi sessiyada so’zga chiqqan deputatlarni «xalq vakillikdan chaqirib ola boshladi». Qarang, xalqimiz qanchalik “faol”!
Saylov joylariga sanoqli odamlar kelib, qog’ozda esa butun xalq «ovoz berdi». Quvgin ustiga quvg’in boshlandi. G’araz iloni chaqmagan joy qolmadi. Ettinchi sessiya qahramonlari Hamza Eshnazarov, Rinat Burxonov, Alijon Qo’chqorov, Otajon Polvonov, Oygul Mamatova, Toyiba To’laganova, Baxtiyor Qodirov va boshqalar Oliy Kengashdagi ishlaridan chetlatildilar. Kimdir bo’shatildi, kimdir qisqartirishga tushdi, kimdir quvildi. Xalk deputatlari Murod Jo’raev, Inomjon Tursunov, Shovrux Ro’zimurodov, Nasrullo Said, Imom Fayzining qismati nima bo’ldi? Ular millatning guli edilar. Karimov «qilichi» bu gullarni kesib tashladi.
Ajoyib qalamkash, dramaturg Inomjon Tursunov Karimovdan boshqacha fikrlagani uchun hibsga olindi. Murod Jo’raev ham jinoyatchi, deb topildi va hokazo. G’araz asosiy fazilatga aylandi. Har kun, har soatda kimdir g’araz yo’lida qurbon bo’ldi.
Amir Temur: «Ikkinchi. Men har doim Islomga qat’iy rioya qilardim».
Islom Karimov doim Islomga qulluk qiladi. So’zda. Kalomini «Insholloh»dan boshlab «Insholloh» bilan tugatadi. Qo’lini kalamulloga qo’yib qasam ichgani hali yodimizda. Ammo Hollandiyaga borganda «Bizda Islom xavfi bor, shu bois qattiqqo’lman» degan ham u. Misrga borib esa Al-Ahzar dorilfununining ilohiyot borasidagi yuksak xizmat uchun beriladigan unvonni olib qaytgan ham u.
Tojikistonda ozodlik istaganlardan qo’rqib dunyoga jar soldi: «Islomparastlar, dinparastlar odamlarning boshini kesishmoqda!».
Makkaga borib qaytganda esa katta majlislarda «Men Xudoning uyiga borib keldim, hojiman, bilib qo’yinglar» dedi.
Bir tarafda xalqni Qurbon hayiti bilan tabriklab, ikkinchi tarafda madrasalar, machitlardan odamlarni quvishga amr berdi. “Musulmonman”, degan zot uchun bu dunyo zulmatga aylandi.
Din arboblari qatag’onga uchradilar. E’tiqod, iymon, ishonch, diyonatni asragan, avaylagan kishilar xavfli shayton, tilyog’lamachilik, aldov, kazzoblik, manfaatparastlik, rishvatxo’rlik qullari esa rahmon bo’lib ko’rindilar.
Amir Temur: «Uchinchi. Men kambag’allarga ko’p xayru ehson qildim, va muammoni diqqat bilan tekshirdim, va uni mumkin qadar to’g'ri hal qilishga butun jahdimni sarfladim».
Islom Karimov ulug’ Jahongirga sodiq yo’l tutishni istadi. Muallimlarga tekin uy-joy berish, yolg’iz qariyalarga imtiyozlar, urush nogironlariga mashinalar tarqatish kabi farmonlarni eslang. Oylab, yillab bu «dono» farmonlar targ’ib qilindi. Amalda esa muallimlar tekin uy-joy olishgani uchun o’zgalardan etti marta ko’p ijara puli to’lashga giriftor qilindilar.
Yolg’iz qariyalar… Millat ichida yolg’iz qariya yo’q edi. Ular farzandlari bilan yashardilar. Bu farmon rus tilli xalqlar vakillari himoyasi uchun yaratilgandi.
Urush nogironlarining mashina olish uch o’n millionlari topilmadi. Darvoqe, kambag’allarga «er berildi».
Avvaldan qurilish materiallari jamg’arilmagani uchun bu borada qimmatchilik yuz berdi, taqchillik
boshlandi. Keyin yana er tortib olindi. Bu el-ulusga ayon haqiqat…
Parkentda o’ldirilgan yigitlar ruhi hamon osmonimizda chinqirmoqda. Farg’onada shahidlar haqorat qilindilar. Andijonda may kunlari hibsxonalarda yigitlar qiynoqqa solindilar.
Namanganda askarlar tinch aholini qirg’in-barot etdilar.
Dindorlarga qotil tamg’asi bosildi.
Samarqanda mitinga chiqqan yigitlar savalandilar, qamoqqa olindilar. Qashqadaryoda tahqir bosh tutdi.
Toshkent talabalar shaharchasida adolat istaganlar otildilar…
Mojarolarni «hal qilishda» «qassob»likni eriga etkazgan Temur Alimov, G’ulom Aliev, Buritosh Mustafoev, Zokir Almatov, Alisher Mardiev, Ismoil Jo’rabekov, Mavlon Umurzoqov va boshqa «milliy qahramon»larning boshi vaqti-vaqti bilan silab turildi.
Bu “Amir Temur davomchisi”ning sodiq «lashkarboshi»lariga muhabbati ramzi edi.
Kundaga qo’yish uchun silangan boshlar.
Amur Temur: «To’rtinchi. Xaloyiqqa rahm qildim, barchaga na’f etkurdim. Bunda birovga nohaq ozor etkazmadim va mendan yordam so’rab kelganlarning ko’kragidan itarmadim…»
Rahm-shafqat… Ne-ne onalar o’g'illari Karimovga muxolif bo’lgani uchun iztirobga cho’ktirildi. Ne-ne bolalar otasi muxolifatda bo’lgani uchun etim qoldilar.
“O’lgan onalarimiz, tirik bo’lib ruhan o’lgan otalarimiz… Qarindosh-urug’larimizda ne ayb?”- deganlar qancha!
Birgina taniqli va ist’edodli jurnalist Ahmadjon Muxtorovning Karimovga shavqat so’rab yozgan o’ndan ziyod xatidan xabardorman. Bunga javoban u «Hali bu kam, uning onasini…» deya haqorat qilganini ham ko’pchilik biladi.
Jizzax viloyatidan kelgan oqsoqollar hokimning g’aroyib qiliqlaridan nolishdi. «Bu qurumsoq chollarni
fel’eton qilish zarur» dedi Prezident. Sharof Ubaydullaevning «O’zbekiston ovozi”da bosilgan «Avtobus hokimiyati» asari shu zayl dunyoga keldi.
«Ravil, qariya Qudrat Axmedovni infarktgacha olib bor, bilding-mi?»
«Ravil, ana u qo’qonlik danakchi Yusufni emaklat, hamma ko’rsin!»
«Ravil,…»
Har kuni kotibiyat boshlig’i Ravil Abduqodirov xonasidagi apparatdan Prezidentning gazabli
topshiriqlari, ya’ni rahm-shavqati «taralardi». Hech vaqt o’tmay u bot-bot ijrosini surishtirardi.
Amir Temur: «Beshinchi. Islomga taaluqdi ishlarni men har doim kundalik va dunyoviy ishlardan ustun qo’yib keldim…»
Karimov ham islomga taaluqli ishlar bilan doim shug’ullandi. Islom davlati qurdi. Machit va madrasalarga qatnovchilar kuzatuv, ta’qib ostiga olindilar. Oddiy xatmi Qur’on majlisidan Makkai mukarramadagi yig’inlargacha ayg’oqchi qo’yildi.
Dindorlar Tojikistonda nohaq qamalgan birodarlarini yoqlab etti so’zli shoshilinchnoma yuborishsa, Islom Karimov uch oy matbuotni, oynaijahonni ularga qarshi «sayratdi». Mabodo Makkai mukarramadagi yig’inlarda unga qarshi bir so’z aytilsa bormi… kaz-kazolarning «ovozi o’chardi».
Ayniqsa, diniy idoraning moliyaviy ahvoli unga tinchlik bermasdi. Dahshatli imperiya davrida, ateizm «gullagan» paytda ham huquq tartibot xodimlari bu idoraga bostirib kirishmagan. Lekin Karimov u erdagi har qog’ozni o’zi ko’rgisi va undan dushman barmoqlari izini topgisi kelardi. Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoev esa bu erda jinoyatchilik ildiz otgani haqida matbuotga jar soldi.
demak, Karimov islomga emas, Islomga sodiqlikni istadi, Tangri yo’lida sodiqlik ko’rsatganlarni o’ziga bo’ysundirish uchun qo’rquv, tahlika olovini sochardi.
Vaqti-vaqti bilan madrasalar, machitlardan xayri-ehson hisobiga kelgan audio va video apparatlarni tortib olardi. Ularning «tili»dan hadiksirardi.
Saudiya Arabistondan kelgan bir o’zbek machitlardan birida va’z aytib, bu erdagi xalq og’ir kun kechirayotganini ta’kidlagani bois 24 soat ichida mazkur mamlakatdan kelgan barcha mehmonlarni quvib chiqardi. Hatto ularning elchixonalari yopib qo’uyilgani ham sir emas.
Diniy idoralarga o’ziga sodiq kishilarni «saylab» qo’yish ham uning doimiy ishlaridan biriga aylandi. Bu bilan u islomiy ekstremizmga zamin hozirladi.
Amir Temur: «Oltinchi. Barcha so’zlarimda doimo haqiqatgo’ylikka rioya qildim».
Islom Karimovning haqiqatgo’yligi u taxtga kelgan ilk kundanoq boshlandi… «Matbuot erkin bo’ladi»deb bot-bot aytdi. Ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunning «O’zbekistonda senzura bekor qilinadi» degan bosh jumlasini ro’kach qildi. Amalda har bir gazeta «boshi»ga to’rt-beshtadan soqchi qo’ydi. Yuragidagi gapini yozgan qalamkashlarni ozodlik, mustaqillik dushmani deb e’lon qildi. «Erk», «Birlik»ning gazetalari ta’qibga uchradi.
Katta minbardan turib, “O’zbekiston gullaydi”, dedi. Amalda xazon bo’ldi bu yurt. «Pulingizni omonat kassasiga qo’ying, bo’lmasa kuyib qolasiz»dedi. Xalq haftalab omonat kassalari eshigida sarg’aydi. Pul qo’yganlar xoni-moni kuygan kishilarga, millionlar esa tiyinlarga aylanib qoldi.
«Toshkent talabalar shaharchasidagi voqealarda «Erk» va «Birlik»ning qo’li yo’q» dedi xalqqa. So’ng qonli voqealar «Erk» va «Birlik»ning bo’yniga ag’darildi, ularning ustidan ish qo’zgatildi.
“Sharof Rashidov masalasida eng oliy haqiqatni men aytaman”, deb minbarga ko’tarildi. Biroq Sharof Rashidovni qoralash, go’rba-go’r qilish haqidagi hujjatlarda o’zining imzosi ham borligini unutdi.
“Mamlakatda hamma o’z ona tilida so’zlaydi, o’zbek tili davlat tilidir”, deb takrorladi. O’zi esa o’zbek tilidagi hujjatlarni chetga surib, rus tilidagilarni o’qish odatini tark etmadi.
Parkent voqealari, Farg’ona fojeasi munosabati bilan tuzilgan komissiyalar haqiqatni oydinlashtirganlarida Islom Karimov bu hujjatlarni g’aladonning «mulki»ga aylantirdi.
Haqiqatgo’ylarni qatag’on qildirdi, aldov ustalarini atrofiga jamladi.
Yolg’on, yolg’on va yolg’on uning siyosiy quroli bo’ldi.
Amir Temur: «Ettinchi. Men har kimga va’da bersam, unga vafo qildim»
Islom Karimovning va’dalari cheksiz, «O’zbekistonni olti oyda jannatga aylantiraman» deb va’da berdi.
Olti oydan so’ng xalq jahannamga ro’baro’ keldi.
«O’zbekistonda ko’p partiyaviylik sharoitini yarataman» dedi. Erk demokratik partiyasi yo’q qilindi. “Ozod dehqonlar”, «Birlik» va boshqa ko’plab partiyalarni to’lg’ogida bug’di.
«O’zbekistonda hurfikrlilik yo’lini ochaman» dedi. Ammo bir fikrlilik, faqat Islom Karimovni maqtash yo’li ochildi. Fikri borlarning boshi yorildi.
«Turkiston» xalq harakatidan Bahrom G’oyib, «Birlik»dan Po’lat Oxunov, Shovruq Ro’zimurodov, «Erk»dan Nasrullo Said, Karimovni «Karimov» qilgan Shukrullo Mirsaidov, O’zbekistonda birinchi bo’lib kompartiyaning boshlang’ich tashkilotini tarqatib yuborgan Samandar Qo’qonov kabilarning boshiga kulfatlar solindi.
Ular tuhmat, bo’hton bilan qoralandilar.
«O’zbekistonda qishloqda yashovchilarni badavlat qilaman» dedi. Qishloqda yashovchilar bir burda nonga zor bo’ldilar.
«Bolalar paxta dalalariga olib chiqilmaydi» dedi. Maktablar yopildi, Oliy o’quv dargohlari butun kuz davomida faoliyatdan to’xtadi. Qahraton kunlarda ham bolalar och-nochor paxtazorda ishlatildi.
«O’zbekistonda demokratiya o’rnatiladi» dedi. Ammo yakkahokimlik, zo’ravonlik o’rnatildi.
«Turkiya yo’lidan boramiz» dedi. Oy o’tmay Xitoy, Shimoliy Koreya yo’liga o’tildi. Russiyani, Eltsinni ayovsiz qoraladi. Amalda Russiyaning, Eltsinning etagidan ajralmadi.
Hali O’zbekistonda biror kishi Islom Karimov falon va’dasining ustidan chiqdi, deb aytolmaydi. Hatto uning atrofida parvona bo’lganlar ham.
Amir Temur: «Sakkizinchi: Doimo o’zimni Allohning erdagi mulkiga posbon, deb bildim»
Islom Karimov o’zini Allohning erdagi mulkiga mutloq sohib deb bildi. Istasa, yurt tillolarini Shvetsariyaga, Angliya, Farangistonga olib borib qo’ydi. Istasa o’zbek tillolaridan yasalgan buyumlarni, tillo simli to’nlarni dunyo mamlakatlari bo’ylab sochib yubordi. Muxolifatdagilarning shaxsiy uylarini tortib oldi. Hatto odamlarni ham shaxsiy mulkim, deb bildi. O’zbekistonda qatag’on qilingach, bosh olib chiqib ketganlarni tutib keltira boshladi. Istasa urdi, istasa o’ldirdi.
«Moskvada yashayotgan muxolifatchilarni kaltaklatdi. «Erk» faoli Mirzo O’runov kabilar o’ldirildi. ”ERK” gazetasi xodimlari sudga tortildilar.
Karimov zulmidan Vatandan ketib qolish an’anasi bo’lmagan yurtda “vatansizlik” oqimi boshlandi. Ming-ming odamlar O’zbekistonni tark eta boshladilar.
Turkiston ozodligi uchun ruslarga qarshi kurashgan etuk tarixchi Boymirza Hayit o’zi tug’ilb o’sgan Vataniga yarim asrdan keyin qaytishi bilanoq O’zbekistondan quvib chiqarildi.
Ozodlik yo’lida umrini ayamagan Vali Qayumxon yurtiga kelolmay xorijda jon berdi.
Butun tariximiz ko’zgusi arxeologik qazilma boyliklari Rossiyada qoldi. Paxta arzon narxlarda tashib ketildi.
Qurolli kuchlarga tegishli barcha texnika Rossiya hisobiga o’tkazildi.
O’g'rilik, poraxo’rlik avj oldi. Prezident tayinlagan hokimlar xalqni ayovsiz taladilar. Samarqandda Po’lat Abdurahmonov, Termezda Hakim Berdiev, Buxorod Damir Yodgorov, Xorazmda Marks Jumaniyozov, Toshkentda Adham Fozilbekov, Mirzo Ulugbek tumanida (keyin Jizzax va Samarqand viloyatlarida) Shavkat Mirziyoev va boshqa o’nlab hokim va hokimchalar uning posponligida zug’mni qurol qilib, xalq boshini yanchdilar. U jallodlarni tayinlashda maqtab, ishdan olishda qoralab tez-tez yangilab turdi…
“Amir Temur: «To’qqizinchi: Nopok ishlardan butun vujudim bilan o’zimni tiydim».
Islom Karimovning eng sevgan mashg’uloti atrofidagi odamlarni bir-biriga dushman qilib qo’yishdir.
Vaqtining ko’p qismini ig’vo, «dedi-dedi»ga sarfladi..
U nopok yo’llar bilan odamlarni badnom qilishning ustasi edi. Ayni paytda u maqtovga mahliyo bo’ldi. Prezidentning bunday yo’lga oshuftaligini sezganlar u haqda madhiyanomalar yoza boshladilar. Anvar Jo’raboev «Arbobning kashf etilishi» «asarini» yozib «Xalq so’zi»ga muharrir bo’ldi, Murod Muhammad Do’st «Turkiyadan Turkiyaga» madhiyanomasini bitib unga matbuot kotib, Shavkat Yahyoev «O’zbekiston prezidentini jahon tan oldi» degan «dostoni»ni yozib Teleradiokompaniyaga rais, Odil Yoqubov «Havo yo’lida bir soat» «asari»ni unga bag’ishlab Atamalar qo’mitasi raisi, Jamol Kamol «Mustaqillik boyligi» turkum maqolalarini e’lon etib, Yozuvchilar soyuzi raisi… va hokazo va hokazo. Bu an’anaga aylandi. Bugun karvonning na boshi na oxiri, na tuyasi na ko’ppagi bor.
Har bir yig’in, voqea oldidan o’nlab kishilarni mansab, unvonlar bilan “tinchitib” turish ham Karimovning sevgan ishlaridan.
Uning xalq orasida latifaga aylangan so’kishlari ham ko’p narsalardan darak beradi. Atrofidagi rahbarlarni
«onangni…» deb haqoratlashi, tepishi, tahqirlashi na qozonda va na cho’michda turadi.
Nopoklik kun sayin, soat sayin yoyilib bordi. Bu xastalik – davosi yo’q xastalikka duchor bo’lganlar, bo’layotganlarning sanog’iga birov etsa etardi, lekin ko’pchilik etmasdi…
Amir Temur: «O’ninchi: Men iymon bilan qudrat bir onadan tug’ilgan, deb ishonganman».
Islom Karimov iymonni emas, kuchni yaxshi tushunadi. U qudratni muhofaza va hujum deb biladi. Minglab chiniqqan yigitlardan o’ziga qo’riqchi tanladi. Ammo oralarida o’zbek yo’q. Hammayoqni tintadigan bo’ldi. Hatto Oliy Kengash majlislariga deputatlarni tintuvdan so’ng kirgizdi. Uning huzuriga belgilangan 5-10 kishidan boshqa hech kim kirolmaydi. Xalq bilan uchrashmay, ko’rishmay qo’ydi.
O’zi ishlagan va yashagan binolarni temir panjaralar bilan o’rab oldi. Lazer nurlari bilan qo’riqxona yaratdi.
Xavfsizlik qo’mitasidan siyosatdonlarning telefonlariga quloq tutish boshqarmasini o’ziga oldi. Ichki ishlar, Prokuratura, Xavfsizlik qo’mitasi shtatlarini ikki-uch baravar oshirdi. U erda ishlayotganlarning maoshlarini juda ham yuqori qilib belgiladi. Ularga hamma imtiyozlarni berdi. O’qituvchi, shifokor kabi kasb sohiblariga esa sariq chaqa «in’om etdi».
To’plangan odamlarni tarqatish, do’pposlash, muxolifatni tor-mor etish bo’yicha batalonlar tuzildi. Ularga afg’on urushi qatnashchilari, rus tillida gaplashadiganlar jamlandi. Ne-ne yostiqlarni quritdi bu kuch!
Chet mamlakatdagi ishbilarmonlarni sotib olib, ular orqali o’sha mamlakatlarga tashrif hozirladi. Oqibatda o’z turistik safarlarini qudrat deb kursatdi.
O’zbekiston bo’g'zigacha qarzga botdi. Hatto Turkmanistondan 25 milliard so’m qarz olishgacha etdi. Buni xalqdan yashirdi. BMTga borganda «Ostankino» orqali chiqish qilib, «Biz qarzi yo’q davlatmiz» dedi. Vaholanki, faqat Rossiyadan O’zbekistonning qarzlari trillionlarga etib qoldi.
Islom Karimovning bunday «qudrati» yurtni og’ir kunlarga boshladi. Vaqtida milliy pul kiritilmadi. U yagona rubl zonasiga imzo chekdi. U erdan haydalgandan keyin ham O’zbekistonning pulini chiqarishni orqaga surdi. Iqtisod emirildi, u esa «qudratini» tutish bilan ovora edi. Etik tor kelgach, pul chiqarishga qaror berdi.
Amir Temur: «O’n birinchi: Men doimo sayidlarga ehtirom bilan qarardim, ulamo va shayxlarni e’zozlardim».
Sayidlar, Payg’ambar avlodlari, Haqni haq deguvchilar… Ularning boshida qay bulutlar aylangani, aylanayotganini butun dunyo ko’rib turibdi. U ham ulamolarni e’zozlardi. Agar shoir Shukrullo uni cho’lpillatib o’pib tursa, adib Said Ahmad maqtasa, Hamid G’ulom, Mirmuhsinlar doimgidek madhiya o’qisalar, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O’tkir Hoshimov… oqlovchilik qilsalar e’zozlardi. Usmon Azim, Erkin Vohid, Abdulla Orif, Muhammad Ali, Azim Suyun… laganbardorlik evaziga u kishining e’zozlarida. Ahmadali Asqarov, Po’lat Habibullaev, Erkin Shayxov, Erkin Xo’jaev, Ozod Sharafiddinov, Akmal Saidov… kabi olimlar ham e’zoz qurshoviga kirdilar. Sababning ham sababi bor.
Islom Karimov ulamolar – fozilu fuzallolarni faqat madhiyago’ylar deb biladi. Ular uning «O’zbekistonning o’z taraqqiyot va istiqlol yo’li» va boshqa kitoblarini yozib berdilar. So’ng o’zlari majlislar, ilmiy konferensiyalar o’tkazib, uni maqtadilar, ko’klarga ko’tardilar. Ammo xalq ahvolidan so’z ochmadilar.
Ulamolarning «kashfiyot»lari shu darajaga borib etdi-ki, O’zbekistonda yashayotgan yuz yoshdan ziyod umr ko’rganlar nomidan Prezidentga uzoq umr tilab murojaat “bitdilar”. Bunday “kashfiyot” bilan ismi-sharifini yozolmagan, ostona hatlab tashqariga chiqolmagan qashqadaryolik, buxorolik, surxondaryolik, qoraqalpog’istonlik onaxonlar, bobolarning ustidan kuldilar.
O’zbekiston fani, adabiyoti, san’ati esa orqaga ketdi. Islom Karimov zamonida dunyoga tatigulik qanday asar yoki yangilik yaratildi? Fakat Namanganda neft qazishdagi katta falokatni ulkan yangilik deb jar soldilar, mukofotlar oldilar. Katta boylik esa 60 kun yondi. Uni to’xtatib bo’lmadi. Olov o’zi tingachgina, «Olov bo’ysundirildi» deb xitob qilindi. Kashfiyot shu qadar edi. Ammo Karimov akademik bo’lmagan akademiya qolmadi. Brejnev tirik bo’lganda balki unga hasad qilarmidi?!
Farhod Ro’ziev kabi olimchalar esa «Islom Karimov dunyoda yangicha yo’l yaratdi. Uni Nobel mukofotiga taqdim qilish kerak» deyishgacha borib etdilar.
Na iloj, e’zozni qullik kaltagi, deb tushunganlar xato qilishmadi. Agar shunday tushinishmasa, e’zoz kaltagi ularni sindirib tashlardi-da…
Amir Temur: «O’n ikkinchi: Men o’zimning ikromiyatim va rahmdilligim tufayli kishilarning eng past tabaqalarining ham, hattto boshpanasiz gadolarning ham rahmatiga sazovor bo’ldim».
Islom Karimov rahmat olishning boshqa yo’llarini yaratdi. Bolasiga «Islom» deb, uning ismini berganlargilamli, uyli, bolalari esa qo’g'irchoqli bo’lishdi. Hatto tili chiqmagan bolakaylarga faxriy yorliq va Prezidentning maktubi topshirildi.
Gadolar shu qadar ko’payib ketdilarki, joy talash janjali bilan ovora bo’lib Islom Karimovni maqtashni ham unutdilar.
Biroq, gazetalar, radio, oynaijahon ularning o’rinlarini to’ldirib turdi. Rahm-shavqat haqida afsonalar to’qildi, qo’shiqlar aytildi, ammo birov uni ko’rmadi…
Nihoyatda qisqa taqqosimiz budur! Ummondan qatra. Bugun dahshatli ummonning barcha kulfatlarini sanashning uzi azobdir. Faqat, uning qatrasida shu qadar jinoyatlar, qabihliklar yashirin.
Shu bois ham Karimov nomi aytilganda ulug’ sohibqiron nomlarini yonma-yon keltirish bobomiz ruhiga haqoratdir.
22.MAQSUDIY NIMA DEYDI?
“Amerika Ovozi” radiosida ishlab yurganimda (1999-2004) doim Islom Karimovning qudasi Maqsudiylardan intervyu olishni o’ylardim. Chunki Islom Karimovning sirlarini ularchalik biladigan boshqa odam yo’q edi. Yana bir kishi bor. U ham bo’lsa prezident devoni Umumiy ishlar boshqarmasining rahbari Zelemxon Haydaraov. Ammo u hali otda. Qachon otdan tushsagana undan biror gap olish haqida o’ylash mumkin. Naqdi Maqsudiylar edi. Bu haqda doim Maqsudiylar bilan quda bo’lgan hamkasbim Rano Habibga aytsam, u “Gaplashib beraman” derdi, ammo natija chiqmasdi. Bir kun ruslarning gazetasida Maqsudiylar haqida tanqidiy maqola chiqib qoldi. Ko’rinishicha Gulnora Karimova yozdirgan va bir qancha maqsadni ko’zlagan maqola edi. Men uni Rano opaga ko’rsatib, “Endi ham Maqsudiylar gapirishmasa, tarix oldida yuzlari shuvut bo’lib qoladi” dedim va maqolada ko’zda tutilgan maqsadlarni unga tushuntirib berdim. U Maqsudiylarga aytgan edi, ular maqolani ko’rishni istadilar va javob berishga rozi bo’ldilar. Men darhol yo’lga chiqdim.
Uchrashuvimiz xuddi izquvarlar filmlaridagi kabi bo’ldi. Menga avval Nyu Jersey shtatining poytaxti Nyuakga kelishim aytildi. U erdan Mansur Maqsudiyga telefon qilsam, “Morristovn shahriga kelishingiz kerak” dedi. Sel yog’ib turgandi. Arang etib bordim. Mansurga telefon qilsam, “Temir yo’l ko’prigi ostidan o’tib, qarshi tomonga yura boshlasangiz biz o’zimiz sizni topib olamiz” dedi…
Mashinada Farhod degan yigitni tanishtirdi va uning gapirishini aytdi. O’zi esa “Financial Times” gazetasiga “boshqa joyga gapirmayman” deb so’z berganini aytdi. Uzoqda, o’rmonlar ichidagi hovliga otasini ham keltirgan ekan, o’sha erda uchrashdik.
Abdurauf Maqsudiy bir qog’ozni to’ldirib yozib olganini, shuni o’qib berishini aytdi. Bu orada kimlardir tinimsiz sim qoqib turar va voqealar jarayonidan xabardor bo’lishni istayotganlari sezilardi.
Ular mendan ham shubha qilayotgan edilar va men buni tushinishga harakat qildim. Mikrofon ishga tushgandan keyin men baribir og’ir savollarim bilan u kishini gapirtirishga muvaffaq bo’ldim.
Suhbat tugagach, u kishi o’gliga “Sen faqat mana shuni o’qib berasiz, deganding, bu odam meni qiynab yubordi-ku” dedi uf tortib. Mansur mendan ranjidi va qo’limga yarim qog’ozlik bayonotini berib, “Mana shuni radioda o’qib bersangiz” etadi dedi. Ammo men uning o’zini ham gapirtirishga muvaffaq bo’ldim. Keyin esa Farhodni. Suhbatimiz soat 23.05 da tugadi va chiqib, har tomonga tarqalib ketdik. Men mehmonxoda qoldim. Mamnun edim. Chunki favqulloda muhim gaplarni olishga erishgandim. Ertasiga Vashingtonga qaytib suhbatlarni eshittirishga tayyorladim. Maqsudiylar telefon qilib suhbatlardan ba’zi joylarini olib tashlashni so’rashdi va men kasbim nuqtai nazaridan buni bajo keltirdim. Lekin bu umumiy mazmunga soya tashlamadi.
2003 yilning 11 Avgustidan boshlab, ya’ni dushanba kunidan 17 avgust yakshanbaga qadar suhbatlarni efirga uzatdik va bu suhbatlar Islom Karimovning kimligini ochishda nihoyatda katta ahamiyatga ega edi. Shu bois mazkur suhbatlarning matnini, magnit lentasiga qanday tushgan bo’lsa shu holda aynan keltirmoqchiman.
ABDURAUF MAQSUDIY BILAN SUHBAT
-O’zbekistonda juda ko’p odamlar Abdurauf Maqsudiy deganda birinchi navbatda O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning qudasi edi bu odam, degan nuqtai nazardan tanishadi. Demak, shundan kelib chiqadigan bo’lsak, birinchi savolim – Abdurauf Maqsudiy o’zi kim? Buni siz o’zingiz qanday ta’riflaysiz?
-Rahmat Jahongir aka! Men Abdurauf Maqsudiy aslan O’zbekistonda tug’ilib, O’zbekistondan 1931- yillarda otam O’zbekistondan Qashqarga ketgan. Qashqardan keyin Turkistonga kelgan. Bundan keyin Afg’onistonga hijrat qilgan. 46-yilda Afg’onistondan Arabistonga ketganmiz. Ikki yil Arabistonda turib qaytib Afg’onistonga kelganmiz. Biz hamisha tijorat bilan shug’ullanganmiz. Tijorat ishlarida bo’lganmiz. Otam rahmatlik savdogar bo’lgan. Amriqoga kelishdan maqsad, man birinchi marotaba kelganim 1965 yilda tijorat ishlari bilan Amriqoga kelib, Amriqoni ko’rib, shunga qaror berdimki, bolalarimni ham Amriqoga olib keldim shu erda yoshlikdan o’qishsin deb.
1972 –yilning oxirida uchta bolamni ham Amerikaga olib kelib ularni bu erda maktabga joyladim. Undan keyin o’zimiz Afg’onistonda edik. Afg’onistonda shu sanoat ishlari, fabrikalar qurgandik, tijorat qilardik.
79-yilda Afg’onistonga rus hujum qilib, Afg’onistonni olgandan keyin sekin-sekin Afg’onistondan man ham chiqib ketdim.
-Adashmasam 1994 yilda “Erk” gazetasida bir maqola chiqqan edi. O’shanda aytilgan edikib,siz Afg’onistonda bo’lgan paytingizda, ruslar kelganda, siz Afg’oniston Sovet Savdo Jamiyatini raisi bo’lgan edi, deb yozishgandi. Shu to’g'rimi?
-Shu narsaga taklif qilishuvdi, men hech davlat ishini, siyosiy ishini yaxshi ko’rmasdim, hech qabul qilganim yo’q shuni. Shu ishga hamisha meni chaqirishgan, o’sha joyni menga saqlashgan, o’sha paytlarda men tashqariga chiqib ketardim. Qabul qilganim yo’q. Men davlat ishini hech yaxshi ko’rmasdim.
-Mana Amerikaga keldingiz, endi tabiiyki chetda yashagan har bir Turkistonlik, nega O’zbekistonlik demayapman, Turkistonlik, chunki O’rta Osiyodan chetga chiqqanlar hammasi o’zini Turkistonlik deb biladi. Mana shular o’zi tug’ilib o’sgan joyning mustaqilligini orzu qilgan. Mana mana shu mustaqillik ham nasib bo’ldi, shu odamlar ham ko’rdi. Lekin qanday bo’ldi-yu siz mustaqil O’zbekistonning prezidenti bilan quda bo’lib qoldingiz. Bunga nimalar sabab bo’ldi? Qanday tasadiflar bo’ldi? Shu haqda ikki og’iz gapirib bersangiz.
-1984 yilda kam-kam o’zbeklar Moskva orqali sayohat uchun Amerikaga kelishardi. Ularni ichida ko’p yozuvchilari bor edi, shoirlari bor edi. Ilmiy odamlar bor edi. Juda ko’p o’sha Maskov yo’li bilan sho’tga kelishib, bir hafta, o’n kun kelishib turganda, biz hamisha ulardan xabar olardik… Shu fursat bilan biz O’zbekistonlik olimlar bilan tanishdik. Ular hamisha Toshkand yoki O’zbekiston nihoyasini ko’rib, boshqa dunyoni holatini ko’rib, shutga kelishganda hammadan iltimos qilishardiki, kelinglar O’zbekistonga, bizni qo’limizdan bir ish kelmaydi, o’sha erda bir ish boshlanglar, odamlarga ish topilsin. Ko’p holatimiz yomon, deb shunaqa bizni taklif qilishgandi O’zbekistonga. U vaqtda man na Karimovni tanirdim va hech kimni tanimasdim, faqat shu kelgan olimlarni tanirdim. Faqat bularni ichida boshqa odamlar ham bor edi. Endi otini aytsam bularga darrov zarar etadi. Ular ko’p taklif qilishgan. 90–yil man qaror berdimki hay, O’zbekistonga boray, O’zbekiston iqtisodiy va tijoriy faoliyatini joylarda ko’ray, o’limdan keyin bir manfaatim mamlakatimga tegsin degan niyatda man O’zbekistonga bordim.
-Lekin mana bugun o’zbek matbuotida ham, rus matbuotida ham, agar bir nazar tashlaydigan bo’lsak, bitta narsani ko’rayapmizki, aytishayaptiki, Abdurauf Maqsudiy O’zbekistonga faqat pul qilish maqsadida kelgan edi, degan narsani aytishayapti. Bunga nima deysiz?
-Albatta men tijoratchiman. Hamma joyga borsam o’zimni tijoratimni qilganman. Endi O’zbekistonni qo’ying, boshqa tamom dunyo tijorat uchun ozod. O’zbekistonga borganim albatta savdogarman, pul topishim ham kerak, lekin ko’proq xalqqa manfaat etkazish.
O’zbekistonga borib “Rost trening” shirkatini qurdim. “Rost trening” shirkatidan keyin “Koka-kola” zavodlarini…90 yilda O’zbekistonga bordik. Hali u vaqtida ozodlikmasdi. Karimov eshitdi. Bormaganimizdan oldin ham Karimov bu yoqqa bir xat yozib, Abdurauf aka, keling O’zbekistonga, deb da’vat qilgan edi. Man uni da’vati bilan bormaganimdan keyin Shukrullo Mirsaidov ham da’vat qildi. U kishi bu erga kelgan edi.Ibrohimov degan…
-Mirzaolim …
-O’sha deputatlarni raisi bor edi…
-Mirzaolim Ibrohimov…
-U kishidan ham da’vat keldi. Xay, yana mamlakatimizni ko’raylik deb, shavqi-zavq bilan o’sha erga bordik. Borib sekin-sekin holatni ko’rib, ish boshladik. Tanishdik… Albatta meni xalq quda bo’lishimdan oldin tanirdi, men xalqni tanirdim.
Ha bu dunyoda taqdir, qismat bor ekan, uch yildan keyin ba’zi odamlar o’rtaga tushib… Xulosa 90-yildan keyin, biz 91-yilda bu ishlarni boshladik hammasini. Boshlaganimizdan keyin, mana ko’rdingizki, manfaat ham qildik,albatta qilamiz, nima desam bo’ladi tijorat qildik. 2500 ishchi bizda bor edi. Siz mana o’zingiz dunyoni ko’rayapsiz 2500 odam bir joyda ishlasa 25 ming odamga ish topiladi. Masalan tovar tashish, savdo-sotiq, moshinalarda yuk tashish bilan 25 ming odam o’shatta ishlagan…
-Lekin endi mana bugun yozishayaptiki, mana shu odamlarga yaxshi haq to’lashmagan va ayni paytda o’sha shirkatlardan taks(soliq) to’lanmagan. Bu erda asosan qallobchilik qilingan. Faqat o’z manfaatini o’ylaganlar. Borov agar biron narsa desa darrov ishdan haydashgan, degan gaplar… Bularga nima deysiz?
-Bu gaplarning hammasu yolg’on va tuhmat. Biz nalogini to’laganmiz, dunyo bo’yicha katta kompaniyalar borib hisobimizni ko’rgan. Hammasida hujjatlarimiz bor. Mana biz chiqib ketganimizdan keyin, Islom akani qizini o’g'lim qo’yib yuborgandan keyin biz o’g'ri bo’ldik. Undan avval o’g'ri masdik. Asosan men 93-yilda dachadan chiqib ketdim. Dachada o’tirardim avval ko’rgan bo’lsangiz. Sal Islom akadan man uzoqroq turay dedim. 93-yilda Islom aka o’zi va oilasi bizga talablar qo’yishni boshladi. Bu talablarni, qo’ygan talablarni ham vaqtida aytib beraman hammasini. Yo’q, manga to’g'ri kelmadi bu ish. Man bir ozod yashagan insonman. Islom akadan uzoqroq turay deb, joyim yo’q edi, borib Qatortoldagi omborimda yashadim. To er oldim, joy oldim… Joydi bitkazgunimcha o’sharda yashadim. Islom akadan uzoqroq turdim. Hozirgacha bo’ynim mana shundoq… Hech kimni o’rtasida Islom akaga tushganim yo’q falon ishda shu odamga yordam bering deb. Man Islom akaga… Man qudasi edim. Man qanday bir odam… Masalan siz qudangizga hech bo’yningizni egmaysiz. Bir do’stingizga egasiz. Mani bir majburiyatim yo’q, Islom aka, keling bir yordam bering deyishga. Islom akani manga ehtiyoji bor…
-Lekin mana siz aytayapsizki, ba’zi talablar bo’lgan edi, keyin aytaman, deyapsiz. Shu keyin aytaman deganingizning ortida nima gap bor?
-Uka, siz bilmaysiz, mani ikkita nevaram ularni qo’lida. Uchta qarindoshimni ular qamab olishdi. Bir kun o’tirganimda Amerikada… Zelemxon Haydarovni bilsangiz kerak, Zelemxon Haydarovdan manga telefon keldi.
-O’zbekiston prezidentining Umumiy Ishlar Boshqarmasining boshligi…
-O’ng qo’li deyiladi O’zbekistonda. U odam kuchli…Zelemxon akadan manga telefon keldi-ki, Abdurauf aka, Islom aka va oilasi chaqirib menga buyruq berdiki, Abdurauf akaga telefon qiling, shu Mansur Gulnorani qo’ygan talablariga… Talablarining ichida bittasi shu-ki, Mansur avlodidan kechsin. Avlodidan kechsa na sizlarni zavodlaringizni olamiz, na sizlarni joylaringizni olamiz, na uylaringizni olamiz, hammasini sizlarga qaytarib beramiz. Shu Mansurga ayting, shu ishga qo’l qo’ysin. Nima deydi, Mansur turib aytti-ki, nima qilsa qilsin, man bolamdan qanday qilib o’taman, dedi. Endi bunga bir sabab borki, inson bolasidan qanday qilib o’tadi? Endi Karimov o’zi bunga o’rganib qolgan, oldingi xotinini qo’yib yuborib, bolalaridan kechgan. Biz inson bolasi edik biz. Boshqalarni qanday bilsin, millatni qanday bilsin!? Shu sabablar uchun 93-yildan buyon man bu odamdan uzoqlashdim. Man shu Qatortolda yashayman, qanday holatga tushganimni man o’zim bilaman.
-Har holda bir odamni tanish uchun o’n yillar etarli bo’lsa kerak. Shu o’n yilda ozmi-ko’pmi tanidingiz. Shu tanigan odamingizdan nevaralaringizni olishingiz mumkinmi?
-Albatta, mana Amrikoda adolatlik. Na bu erda bir odam bittadan biror narsani iltimos qilolmaydi, hammasi pul.Amerika sudi mana shetta qaror berdi. Nevaralarimni qaytarib bersin, odamlarni qo’yib yuborsin, har narsa deb… Hozir avvalgi gapim chala qoldi. Shu Zelemxon Haydarovni aytgan gapi, mana shuni yozing, Zelemxondan so’rang, agar Zelemxon aka shu gapidan tonsa, man subutini sizga qo’yib beray…
Suddi qarorini eshitgan bo’lsanglar kerak. Bugun Gulnora Karimova yo deyarli boshqa uning do’stlari-yu yo boshqa davlat odamlari ko’p bu erda harakat qilishdi. Suddi aldashmoqchi bo’lishdi. Lekin sud ana hammasini yozdi. O’qigan bo’lsanglar. Bu erda O’zbekistonga o’xshagan emas-ki, bu yo’l bo’lsa bunday qilgin deb. Inshoollo olamiz nevaralarimizni. Hech kimga… Xudodan boshqa hech kimga bir narsa qolmaydi. Zulmning oxiri barbod. Bunday olganda Islom akani kim yaxshi ko’radi? O’zingiz ayting… Yomon ko’rgan odamni xalq dushmani deb ham e’lon qildi. O’n yil, yigirma yillab odamlarni qamagan. Ba’zi sessiyalarda bo’lgan gaplarni eshitgandirsiz, avvalda, nimalar degan bu odam? Yalinib turardi odamlarga. Hozir endi hamma yog’ini o’ziga qilvolib, o’ziga yaqin odamlarni qo’yvolib… O’zbekistonga masalan, bir prosent ham inson huquqi yo’q. Siz nima deysiz shu gapga, inson huquqi bormi O’zbekistonda?
-Jahon jamoatchiligi O’zbekistonni inson huquqi paymol etilayotgan joy deb turibdi. Lekin mana shu gapni shu o’n yil davomida biron marta qudangizga aytmadingizmi?
-Aytdimku sizga, man 93-yildan buyon bu odamdan uzoqlashganman. Tug’ilgan kuniga aytardi, vaqti kelganda o’shanda man chiqib ketardim. Juda borgan bo’lsam shu o’n yilni ichida o’n marta shu odamni uyiga borganim yo’q. Unda ham nimaga borardim? Keliningizni olib shu 92-93- yildan keyin nevaralarimni ko’rgani borardim.
-Endi mana O’zbekiston hukumati tarqatayotgan xabarlarga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Prakuraturasi tarqatayotgan xabarlarga ko’ra sizlarni Interpolga berilgan, ya’ni xalqaro qidiruvdasizlar. Siz va ikki o’g'lingiz O’zbekistondan juda ko’p pullarni o’g'irlab ketgan, qolaversa Amerikani o’zida ham juda ko’p taksdan, haligi taks degani soliq, soliqdan o’g'irlagan… Juda ham ko’p da’volar bor. Umuman mana shu borada nima deysiz?
-Biz hayotimizda taksdan o’g'irlagan emasmiz. Musulmonmiz avvalo. Taks bersangiz pulingiz halol bo’ladi.
- Soliq…
-Ha, siz bergan solig’ingiz g’arib odamlarga ishlatiladi. Buni barakasi bo’ldi. O’zbekistonda nimaiki taksni bergan bo’lsak Amerikada ham shu taksni berganmiz.Bu erda davlatni ko’zi munday yumiq emas. Qaerda bir Amerikalik tashqarida ish qiladigan bo’lsa uni tijorati bilingan. Amerikada bitta odamni cho’ntagida 500 dollar naqd pul bo’lmaydi. Hammasu bonkada bo’ladi. Bu Karimov akaga o’xshagan… Endi hozir aytolmayman, faqat ikkita nevaram va uchta qarindoshimni ushlab qolgan… Qaysi qonun bilan ushlagan? Qizi dunyo bo’yicha nima o’g'irliklar qilgan? Sessiyada e’lon qildi o’zi Karimov bir odamni bolasi gunoh qilsa otasi javobgar deb. Eshitganmisiz?
- Eshitganman.
-Qizi shunday yomon ishlarni qilayapti, Karimov javobgar. O’zini o’zi Karimov qamasin. Qizini qilayotgan ishidan xabaringiz bo’lsa kerak!?
- Xabarimiz yo’q…
-A, o’qinglar gazetlarni, nimalar qilayapti, nimalari bor uni… Qaysi bonkalarda puli bor buni, hammasini sizlar bilinglar. Surishtiringlar…
-Jumladan shuni bilish harakatimizdan bittasi shu, mana sizdan so’rayapmiz, siz bilganlaringizni ayting.
-Man sizga ilgariroq aytimki vaqti soati bilan hammasini…Keyin yana siz bilan gapirishamiz inshoolloh. Yana gapirishamiz.
-Mana aytayapsizki meni qarindoshlarimni qamagan deb. Shu qarindoshlaringiz kimlar? Qachondan beri qamoqda.
-Biz chiqib ketganimizdan keyin… Ular o’zi tijorat qilardi. Bittasi bizda ishlardi, bittasi meni bojam bo’ladi.
- Ismlarini ayting?
-Bittasi meni qaynog’am bo’ladi, Said Jamol degan.Bittasi meni jiyanim ham bojam bo’ladi Said Dovud degan. Uchinchisi meni bojam bo’ladi Hoji Abdushukur degan. Biz chiqib ketganimizdan keyin… Bizni chiqib ketishimiz juda qiziq bo’ldi. Juda g’alat bo’lgan. Biz chiqib ketishimizda… Daf’atan o’shattan bizga xabar berishdi-ki… do’stlarimiz bor O’zbakistonda, O’zbakistonda yaxshi o’zbaklar borki, yaxshi musulmonlar bor…Abdurauf aka, chiqing dedi. Biz Amerika saforatiga aytdik, Amerika saforatidan bizga yordam bo’lib chiqib ketdik. Biz chiqib ketganimizdan keyin, 10-15 kundan keyin bularni olib borib qamadi. Bular nima ish qilgan, nima gunoh qilgandi? Ularni chiqarishi qandoq bo’ldi? Bir to’rt-besh kishini uylarini olishdi, joylarini olishdi. Tijorat qiladigan mollarini olishdi. Bittasini uch-to’rt million dollarini olishdi.Kechasi kelib ikki avtobusga solib, “Hayraton” ko’prigidan o’tkazib yuborishdi. O’n oltiga kirgan bitta bola sovuqdan o’ldi. Istalin ham bunchalik qilgan yo’q-ku! Istalin… Karimovni nima uchun gazetlarda O’zbekiston Istalini deydi? Biz shu bir o’zbekni istalin deganiga sharm qilamiz. Albatta siz ham O’zbekistonda bo’gansiz, ko’rgansiz. Mana bugun bir yozuvchisiz, ozod mamlakatda yashayapsiz. Siz ham o’zingiz ayting bu odam nimalar qilgan insonlarga? Shu gaplarim to’g'rimi, to’g'rimasmi? Kam odamni olib borib qamadimi?
- Siz aytgan qarindoshlaringiz qaerni fuqarosi, Amerikanimi?
-Yo’q, bittasi pokistonni fuqarosi, uchtasi Afg’onistonni fuqarosi.
-Ularga qanday ayb qo’yib qamagan?
-Hech aybini bir tagi yo’q. Manashu yolg’on bizga yozganda. Faqat meni qarindoshim bo’lganligi uchun…
-Endi, odatda podsholar bilan yaqin bo’lish masalasi nihoyatda bir murakkab masala. Juda ham yaqin bo’lsang kuyib ketasan, uzoq bo’lsang muzlab ketasan, degan gap bor.Boshida shuni hech bir o’ylamadingizmi?
-Samarqandliksiz, forscha ham bilasizmi?
-Oz-moz…
-Bitta forsiyda Sa’diyning aytgan she’ri bor. “Qurbi sulton otashi so’zon buvad”, ya’ni “Sultonning do’stligi do’zaxday bir o’t” deydi. Xo’p, biz bu odamga qo’limizdan kelganini qildik. Qo’limizdan kelganini qildik. Ammo siyosiy ishlarda emas.Yoki xalqdi ozor bertishda emas…
-Lekin shu do’zaxni bila turib, do’zaxga o’zingizni urdingizmi?
-93-yilda aytdim bundan man chiqib ketdim, bundan uzoqlashib ketdim. Hamma biladi. O’sha Qatortolda omborda yotganimni besh oy hamma biladi. O’sha Karimovdan o’sha vaqtida… dafatan ishlarimiz cho’ziliob ketdi, boshqa bo’ldi, bunaqa qarindosh bo’lib qoldik. Daf’atan tashlab chiqib bo’lmasdi. Eng yaxshi bizni maslahatimiz shu bo’ldiki u odamdan sekin-sekin…
-Xo’p mana o’sha quda bo’lgan, dastlabki yaqin bo’lgan yillaringizga agar qaytadigan bo’lsak, boshida ularning oilasidagi vaziyat qanday edi? Masalan odamlar qiziqadi shu prezidentning qizlari bilan munosabati, qizlarini otasi bilan munosabati, qizlarini qaynotasi bilan munosabati, qudalarning uzaro munosabati … Shular haqida ham?..
-Bu haqida sizga hech nima aytib berolmayman, hozir aytolmayman. Ko’p narsalarni hozir aytolmayman. Qachonki ikkita nevaramni sizlar obkeb beringlar keyin man sizlarga kitob-kitob qilib aytib beraman.
-O’zingiz nimalarni aytish kerak deb o’ylaysiz?
-Hach narsalarni… Ko’p narsalarni… Man shunday ko’rgan narsalarni sizlar ko’zingla bilan ko’rmagansizlar. Man ko’rganman. Nimaiki qilgan bo’lsam o’zbek xalqi biladi. Mana misol tavrida, tijoratimdan ana sizga qilgan ishlarimdan gapiraman. Misol tavrida sizga ikkitasini aytay. Shoyimardonni sel olib ketganda hech kim qatnashmadi, men qatnashdim. 67 ta uy qilib berdim. Ko’priklarni tuzatdim. Yo’llarni tuzatdim. Daryolarni tuzatdim. Xalqqa bir kasalxona qilib berdim. Million-million, yuz millionlab etta pulim ketdi. Ammo bu minnatmas. Xalq orom bo’ldi, ko’p xursand bo’ldi. Meni xalq yaxshi biladi. Karimov shu… 91-yildan keyin u bilan quda bo’ldik. Undan oldin bizni xalq bilarmidi, yo bilmasmidi? Yana aytsam yaxshi bo’lmaydi, O’zbekistondan kelgan betta mehmonlarni hammasini biz hurmatini qildik, yordam qildik. O’shani uchun bizdi biladi. Biz O’zbekistonga borib nima qildik? Faqat xalqqa yordam qildik, xalqdi ko’zini ochdik, ish berdik…
-Endi, Karimov bilan yaqin bo’lgan paytlaringizda muxolifat sizni qoralab keldi. Aytishdiki bu odam Afg’onistonda ham shu ish qilgan, O’zbekistonga ham kelib mana, bug’doy deb necha million pulni Amerikaga olib ketdi, bug’doy olib kelinmadi. Samarqand xaladelniklarini olib ketib sotdi, uni sotdi, buni sotdi, hatto shu darajaga borib etdiki “Koka-kola”ni xo’jaini faqat shu odam bo’ldi. Boshqa odamlar bunga o’xshagan shirkatlar ochaman desa urib tashlandi, degan gaplar aytildi. Endi bo’lsa ayni gaplarni Karimov hukumati ham aytayapti. Buni qanday tushunish mumkin?
-Man O’zbekistondan, masalan Samarqanddan xaladelnikni olib bekorga oldim-mi? Bekorga berdim-mi? Yo masalan bug’doyga pul olib bug’doy bermadimmi?
-Lekin Karimovni qudasi deb bekorga bergan bo’lishlari mumkin-ku!
-Yo’q. Bu narsalar qizini qo’yib yuborgandan keyin bu gaplarni endi chiqaradimi? A, Karimov degan bir mamlakatni prezidenti. Mana Zelemxon Haydarov bor edi. Qizi janjal qildi Toshkentda menga. Man aytdim, “E, Zelemxon, bu qizga ayting, Islom G’anievich Karimov bugun 25 million odamning otasi, yolgiz Gulnorani otasi emas”. Gulnora keyin manga aytdi-ki, “Seni qamatamiz, hamma narsani olamiz, u qilamiz, bu qilamiz”… Man aytdim, “Bor qo’lingdan kelganini qil, otangga ayt”… Manga avval aytdi-ki, “Otamni fikrini ishlataman”…Agar otang shu ishni qilsa, dedim, otang axmoq odam ekan, dedim. Bu gapni Zelemxon Haydarovdan so’rang. Man aytdim, odam bir marta o’ladi, bor otangga ayt, dedim. O’sh kuni shomdan keyin u ketib otasiga aytdi, erta–indin kelavermadi, keyin biz chiqib ketdik.
-Endi bugun mana ular aytayapti-ki, biz hamma hujjatlarni Amerika hukumatiga berganmiz… Amerika Adliya Vazirligiga, Prakuraturasiga va boshqa idoralarga berganmiz, yaqin kunlarda qo’l – oyog’in⪀ bog’lab olib keladi, deyapti. Bunga nima deysiz?
-Bu gaplarmi hammasi tuhmat. Bu yoqqa yuborgan bo’lsa bularni ham axir o’qiydi, ko’radi. Bir bug’doy olib sotgan, necha yil o’tdi, bu ishlar qanday bo’ldi? Biz O’zbekiston davlatidan bir sent, bir so’m qarz olgan bo’lmasak, bizni million-million, bir milliard so’mimiz qolib ketdi. Aytdim-ku bu hammasi bitta gap, Karimovni miyasi aynib qolgan bechorani. Endi shu qizini ta’siriga keb qogan, ixtiyor qo’ldan ketib qolgan, bu kasallik ixtiyori… O’zi menga aytardi, “Men ko’p qiynalayapman, uka!” deb. Besh yil avval. Bu oilasiga kuchi etmay qolgan. Hammasi tuhmat. Mana O’zbekistondagi Prakuror bechorani nima ixtiyori bor? Vazirlikni ne ixtiyori bor? Deputatlarini O’zbekiston Xalq noibi demaydi Karimov. Oilasi maymunlar deydi ularni. Qaysi bechorani ixtiyori… Bir prokurordi ixtiyori bormi? Aytingchi siz o’zingiz? Bormi prokurordi ixtiyori?
-Yo’q.
-A?!
-Ikki og’iz o’zingiz gapirib bering.
-Gulnorani shirkatini ta’sis bo’lishi, boshqasidan siz Mansurdan so’rang, hammasini aytib beradi sizga.
-Demak, bu masalani Mansurbek bilan suhbatga qoldiramiz. Siz bilan davom ettiradigan bo’lsak, Abdurauf Maqsudiy O’zbekistonning kelajagiga qanday qaraydi? O’zbekistonning kelajagi qanday bo’lishini istaydi? Qaysi kunlarda O’zbekistonga borishni istaydi?
-Inshoolloh, mani o’zimni gapimni bittasi qoldi. Shoyimardonni gapini aytdim sizga. Ikkinchi qilgan ishimiz hamisha biz xalqqa yordam qilganmiz. Sizlar borib xalqdan so’ranglar, mendan so’ramanglar. Davlat odamlaridan ham so’ranglar. Musulmonlardan ham so’ranglar. O’sha o’rislardan ham o’shattagilardan so’rang. Xlabushkina degan bir etimxona bor edi. Avvaldan 93-yildan biz unga yordam qilib kelardik. 98-yildan davlat qarolmasdan qoldi xabaringiz bo’lsa. Menga aytdiki, shuni siz oling Abdurauf aka, bir xat yozing shuni sizga beray bolalari bilan… U erda 180 tacha bolalari bor edi. Shuni to’liq o’z qaramog’imga oldim. Sport joylarini qilib berdim. Kampyuterlarini… Faqat Amerikada qanday bo’lsa shunga o’xshagan qilib berdim. Man O’zbekistonga boraman, o’sha etim bolalarga va’da qilganman. Yaxshi o’qisang, sen ham Karimovga o’xshagan prezident bo’lasan. Insholloh boramiz O’zbekistonga. Endi yana savolingizga qaytamiz. O’zbekiston kelajagi toki bir demokratik hukumati bo’lmasa… Saylov yaxshi…
Agar erkin saylovlar bo’lsa keyin O’zbakiston yaxshi bo’ladi. O’zbeklar talanti bor, lekin bular qo’l-ayog’ini bog’lab qo’ygan. Qanday bo’lmasin gap darrov prezidentga etadiki anavu odam vazir bo’lmoqchi, hukumatni olmoqchi. Uni boshqa yo’llar bilan o’zingiz bilasiz, mana siz nega Amerikaga keldingiz, shuni manga ayting siz? Mani savolim sizga shu, siz nimaga keldingiz Amerikaga?
-Tabiiyki, meni Amerikaga kelganim boshqa masala. Sirli masala-bu siz bilan bog’liq masalalar. Jumladan, saroy masalasi, saltanat masalasi… Saltanat – sirli dunyo. Lekin juda ko’p mish-mishlar tarqaladi, juda ko’p gaplar tarqaladi. Shulardan ba’zi birlarini sizdan so’rab o’tmoqchiman. Turli mish-mishlar tarqalgan, jumladan Abdurauf Maqsudiyni Karimov bilan orasini buzilishi borasida eng katta mish-mishlardan bittasi, aytishadiki, go’yoki Karimov keyingi paytlarda o’sha ekanomika yomon bo’la boshlagandan keyin, ayniqsa u paytda O’zbekiston Islomiy Harakati Amerikani kuchi bilan yo’qotilmagan paytda chiqqan mish-mish bu… Go’yo Karimov siz orqali Amerikadan va Karimovning qizi sizlar orqali Amerikadan bir qancha mulk olgan. Masalan, Nyu Jersidan, Verjiniyadan, boshqa yoqlardan juda ko’p pullarni asosan shu tomonga yo’naltirgan bular. Lekin buni Maqsudiylar o’ziga olgandan keyin Karimov bilan orasi buzildi, degan mish-mish yurardi. Bunga nima deysiz?
-Bu mish-mish hammasi yolg’on gap. Biz Karimov bilan quda bo’lgandan avvol shu avlodimizdi hammasiga joyi bor edi.Karimov mani qudam bo’lganidan keyin hech bir mulk olganimiz yo’q. Yolg’on gaplar hammasi. Bu yatda sizga aytdim-ku 500 dollar naqd pulingiz bo’lsa o’shanga ham siz javob aytishingiz kerak. Bu hammasi yolg’on gap. O’sha o’zlari to’qigan gaplar.
-Bir ota sifatida bir savolga javob bersangiz. Mana o’g'lingiz ham shu erda. O’g'lingizga Karimovni qizini olib berdingiz. Yashadi bular. Ikki farzandlik bo’ldi. Mana bugun o’g'lingiz sizni yoningizda, o’g'lingizni o’g'li bilan qizi O’zbekistonda. Bir ota sifatida o’sha qilgan ishingizdan pushaymonmisiz? Nimani o’ylaysiz shu haqda?
-Uka bu bunday masalaki, bir odam bir erdan uylanadi yo ajrashadi. Hammasi taqdirga yozilgan bo’ladi. Taqdirga borakan, nonu nasiba borakan, biz O’zbekistonga bordik. Karimov albatta O’zbekistonni prezidenti bo’lib Rassiya tomonidan saylanib kelgan ekan. Unga bizdi ishimiz yo’q. Sizga avval aytdim-ku, biz siyosatdan ko’p uzoqmiz, qonimizda yo’q, biz aralashmaymiz. Albatta bu xususda ikkita nevaramiz qolgan o’shatta deb sizga bir necha marta aytayapmiz. Hech inson masalan bolasidan kecholmaydi. Inshoolloh bu ishlar vaqti zamoni bilan… Nevaralarimiz ham qo’limizga keladi. Erta bu yolg’on gaplar… Ular ming marta yolg’on gaplar tarqatsa hech narsa yo’q. Turpoq devorga yopishmaydi to ho’l bo’lmasa. Bu yo’g’ gapga, masalan… Bu tarqalgan gaplar hammasi yolg’on uka. Siz shu Karimovning gapiga ishonasizmi?
-Man har holda bu Karimovni gapini so’ramadim, xalq orasidagi mish-mishni so’radim shekilli?!
-O’zi yolg’on gap.
- Endi Abdurauf aka, bugun Abdurauf Maqsudiy shu kecha kunduzda nima ish bilan mashg’ul?
-Tijorat bilan… Tijorat qilamiz biz. Tijorat qilayapmiz.
- Qaerda?
-Butun dunyoda. Olamiz-sotamiz.
-Endi yana bitta, eng so’nggi savol. Odatda bir shu nevara ko’rganda qudalar ism qo’yishda nevaralariga kelishib ism qo’yadilar. Mana shu nevaralaringizni ismi bittasi Islom bo’lishi, bittasi Iymon bo’lishi… Buni tarixi bormi yo’qmi?
- Nevaralarim avval Amerikada tug’ilgan. Biz bu atti betta qo’yganmiz.
- Nima uchun Islom deb qo’ygansiz?
-Islom deb qo’yganmiz. Iymon deb qo’yganmiz Islomdi bolasi deb.
-Demakki o’sha paytda Islom Karimovga hurmatingiz, e’tiqodingiz baland bo’lgan ekan-da?
-Yo’q-yo’q, boshqa gap bu. Islom uchun niyatimiz bor edi. Avvalo har bir… Niyat bo’ladi. Masalan, o’zingizni niyatingiz bo’ladi-ki, qiz qo’ysam atini bir narsa qo’yaman, Islom qo’yaman, Payg’ambar qo’yaman, Hazrati Ali qo’yaman, deb odamlarni niyati bor. Shunaqa musulmonlarni bugungi bolalarini ati Qudaxon To’ram degan bo’ladi. Ha, bu bir gapmas-ku! Bir at bir odamniki bo’maydi, hamma istaganini qo’yadi.
-Lekin Islom Karimov O’zbekistonda dindorlarga juda qattiq zug’um o’tkazib kelayapti. Bu kecha emas, o’tgan kuni emas, keyingi o’n yil davomida islom degan, iymon degan, din degan odamlarga zug’um qilib kelayapti. Mana shunday paytda siz ham nevarangizga Islom deb, Iymon deb ism berganingizda qanday bo’ldi munosabatlar?
-Bu endi o’zimizning ixtiyorimiz. Biz bunga iftixor qilamiz-ki, musulmoncha ot qo’yganmiz. Endi mana shu Amerikada ko’p odamlar tug’iladi musulmonni bolasi, musulmoncha ot qo’yadi. Har kimni o’ziga bir shavqi bo’ladi. Masalan Iymon degan narsa O’zbekistonda yo’q bo’lsa kerak, Iymon qo’yganmiz. Islom degan ot masalan yuzta bor. Minglarcha musulmonlarga Islomxo’ja degan otlar bor, Muhammad Islom degan ot bor. Yolg’iz Karimovdan olinmagan, Karimovdan ilgari bu otlar qo’yilgan.
-”El” tashkiloti atrofida ham ilgari juda ko’p gaplar yurardi. Islom Karimov o’z qudasini mana shu “El” tashkilotiga boshliq qilib qo’ydi, deb va chet elliklarni bir qismi, Maqsudiyga, yaqin odamlarga ish topildi, Maqsudiyga yaqin bo’lmaganlar quvg’inga uchradi, kasalxonalarga tushdi, O’zbekistondan chiqib ketdi, degan gaplarni ko’p eshitganmiz. Shunga ham javob bersangiz.
-Chet elda yurgan o’zbeklar hamisha orzusi shu ediki shu mamlakatimga borsam, mamlakatimga borsam. Qo’limda nima narsam bor, shu mamlakatimga borib xizmat qilsam. Ko’plari borishdi. “El” tashkilotini biz qurdik. “El” tashkilotini qurib butun chet el o’zbeklarini ham olib bordik o’shatga. Hammalari xursand bo’lib ish boshlaydigon bo’lganda …93-94- larda borishdi hammasi. Lekin xo’p mayuslik bilan qaytdi ko’plari, masalan uch oy, to’rt oy, olti oy o’shatta qolishdi. Qolib ish qilayin deb, boshqa qilayin deb… Bir yordam bo’lmadi, boshqa bo’lmadi. Endi siz mana shu erga kelib tijorat qilaman, desangiz davlat sizga yordam qiladi. Bular bu narsalarni o’ylab O’zbakistonga bordi, davlatdan bir yordam bo’lmadi. Ko’plari bor-ey, bo’lmadi, deb chiqishib ketdi. Chet ellik o’zbaklarning xatosimas, albatta bekorakam O’zbekistonda juda ko’p edi.
-Lekin O’zbekiston sharoitidan kelib chiqadigan bo’lsak, o’zbek xalqining mentaleteti, zehniyatidan kelib chiqadigan bo’lsak, o’sha paytda siz bir davlat edingiz. Masalan siz yordam qilishingiz mumkin emasmidi?
-Yo’q, man hech davlat ishiga aralashib hatto… Bir odam bilan kelgan manga hammasi, man aytdim, birodar boringla, mani o’rtaga tushmanlar. Man aytganman sho’ttagi o’zbeklarga. Bu o’rtaga meni tushmanglar. Bilasanku dedim. Bilardi meni. Man namus qilaman, sen uchun bir idoraga borib ishingni qilib berib. Bor yo’lingni topgin, deganman. Bechoralar tashlashib chiqib ketgan. Mani ishim, man sizga aytay, boshqa odamlarni ishi bonkalarda bo’lardi. Davlatni oldida bo’lardi. Bizdiki arqada bo’lardi. Hamma narsa o’zi sekin-sekin joyida bo’lardi.
-Endi mana o’sha paytda bir ko’nglingizga kelmadimi, chetda, xorijda yashayotgan o’zbeklardan ba’zi biri, masalan Boymirza Hayitga o’xshaganlarini vatanga qaytarish, o’sha erga olib kelish, shu masalalarni biror marta bir Karimovni oldiga qo’ysam, degan bir narsa xayolingizga kelmadimi shu yillarda?
-Man u vaqtdaki… U kishi borganda man yo’q edim O’zbekistonda.
-Bu kishini quvib chiqarganlaridan xabaringiz bormi O’zbekistondan?
-Eshitganman. Sababi nimaydi, bilmayman nimagaligini.
- Mana bugun, hozir shu odam juda qattiq kasal yotibti, to’shakda…
-Kim?
-Boymirza Hayit. Yurolmaydigan bir sharoitda yotibti. Lekin orzusi – vatanga qaytish. Nima tilagingiz bor?
-Xudovand sihatini yaxshi qilsin. Eshitganimga binoan Boymirza Hayit hayotida hech kim qilmagan bir xizmatni qilgan, O’zbakistton tarixini yozgan shu kishi. Shuni uchun biz bu odamni qadrlaymiz. Chet eldagi tamom shu o’zbek olimlarini hammasini qadrlaymiz.
-Aytishdiki o’zbek eridan, makonidan ayrilishi nihoyatda qiyin deb. Ilgari juda oz odam chiqib ketgan O’zbekistondan. Mana sizlarning paytlaringizda shu ruslar zug’umi bilan chiqib ketishgan. Lekin mana bugun, masalan, Amerika muhojirlar tashkilotining raqamlariga qaraydigan bo’lsak, birgina 2002 yilning o’zida bitta Amerikaning o’zidan qariyb 300 kishi boshpana olibdi. Bu faqat siyosiy boshpana olganlar. Demak juda ko’p odamlar O’zbekistonni tashlab chiqib ketayaptilar. Bunga nima sabab?
-Endi uka, O’zbekistonni kelajagi buyuk davlat, deb xalq aldanib qoldi. U-ku palon paytda chiqqan. Lekin butun dunyodan, endi aytishim yaxshi emas, hammamiz navoz qilamiz, ko’p ayollar ham chiqib ketgan. Buni o’zinglar yaxshiroq bilasizlar. Endi qaerdadir inson ozod hayot o’tkazish uchun harakat qilishi kerakda. Endi man bunga bir narsa deyolmayman.
-Xalq orasida ba’zi gaplar bor-da, shularga ham men sizdan javob olmoqchiman, chunki siz nimaiki bo’lsa ham baribir saroydan uzoqlashdim, keyinchalik deyapsiz. Baribir dastlabki yillarda o’sha saroydagi vaziyatdan ham xabaringiz bor deb o’ylayman. O’sha odamlar aytishadiki, O’zbekistonda Islom Karimov saroyida Amir Olimxonni saroyidagi kabi bir vaziyat bor. Ya’ni o’sha aysh-ishrat masalalarida… Shu haqda biror narsa eshitganmisiz, yo guvoh bo’lganmisiz?
-Man sizga aytdim-ku, shu o’n yil shu odam bilan man… Biror bir marta shu uyiga borganim yo’q umuman. Unda ham ba’zi bir tug’ilgan…nevaralarimni tug’ilgani munosabati uchun borganman. O’zini tug’ilgan kuniga ham man borganim yo’q.
-Hadya ham berganingiz yo’qmi?
-Hech narsa berganim yo’q. Hech narsa olganim ham yo’q.
-Lekin xalq orasida million-million dollarlarni Maqsudiy o’sha paytda Karimovga bergan, Karimov nomidan chet ellarga qo’ygan degan gap bor…
-Buni man bilmayman. Mumkin… Buni o’zingiz surishtiring. Man bir pul ham berganim yo’q Karimovga… Man umrimda birovdan pul ham olganim yo’q, birovga pul ham berganim yo’q shu ishdi bitkazish uchun.
-Maqsudiy janoblari mana savollarimizga harholda ozmi-ko’pmi javob berdingiz. Radiotinglovchilarimiz nomidan minnaddorchilik bildiramiz. Lekin siz o’zingiz “Man qarzdorman, kelgusida ko’p narsalarni aytaman”, dedingiz. Va biz kelgusida mana shu saltanat sirlarini baribir sizdan bilish umidi bilan suhbatga nuqta qo’yamiz.
-Bo’pti, rahmat.
MANSUR MAQSUDIY BILAN SUHBAT
-Demak, navbatdagi savolomiz O’zbekiston prezidentining sobiq kuyovi va “Interpol” tomonidan qidiruvga qo’yilgan Mansur Maqsudiyga.
-Sizga shunday savol bor…O’zbekiston hukumati sizni, otangizni va akangizni jinoyatchi deb hisoblab “Interpol”ga berdi.Aytiladiki ular ko’p vaqt davomida soliqlar to’lamagan, boshqa ishlar bilan shug’ullangan, jumladan Amerikani o’zida ham shunaqa ishlar bilan shug’ullangan. Biz Amerikaga murojaat qildik bu haqda, deyilgan. Mana shunga bir ikki og’iz munosabatingizni bilmoqchi edik.
-Bu hammasi tuhmatlar. Keyin men hammasiga javob beraman. Men hozir tamom tuhmatlar uchun ikki og’iz – uch og’iz gapirsam to’g'ri kelmaydi. Nima uchun? Man gaplashganimda hamma narsani gaplashaman. Shu 91-yildan to 2001-yilgacha. Mana hamma keyin yaxshi tushunadi. Xalq ham yaxshi biladi va men kim edim, men qanaqa inson edim va Karimovni oilasi qanaqa edi?
Ayni vaqtda men o’zimni ishlarim uchun gaplashmayman. Hamma xalqqa ko’rsataman, bu Karimovni oilasi qanaqa oila edi. Xalqni sevarmidi, sevmas edi? Shulardi keyin mana ikki hafta, uch haftadan keyin siz bilan gaplashaman, bu meni qarzim sizga.
Nima uchun? Shu ikki hafta, uch haftani ichida bitta katta eng obro’li gazetalardan birida bu narsalar yozilib chiqadi. Shundan keyin men siz bilan hamma savollaringizga javob beraman. Yana bir narsani aytay shu “Interpol”ni narsasi… Shu bizni qidirishayapti. Biz shu, man, akam, dadam xoxlagan mamlakatimizda yuribmiz. Mana Ovrupaga boramizmi, Osiyoga boramizmi, hamma joyga borib kelayapmiz. Bu agar qidirish bo’lsa, bizdi olib O’zbekistonga beradigan bo’lsa ololardi. Bular biladi-ki, vaqtincha sistemaga kirgan… Nima uchun …tuhmat. Ammo bu narsa ham olib tashlanadi. Hozir “Interpol”ga Gulnorani qo’yishadi. Gulnora hozir o’zi tamom ikki joyda yuripti, O’zbekistonda va Russiyada. Shu joyi ham kamayib qolayapti. Shulardi hammasini man… ikki-uch haftani o’rtasida hamma savollaringizga javob beraman va hamma narsani ochiq gaplashaman.
23.GULONARANING DAFTARI
Abdurauf Maqsudiydan keyin Gulnora Karimovaning hisobchisi bo’lgan Farhod Inog’omboev bilan suhbatlashdim. Quyida 2003 yilning 11-17 avgust kunlari “Amerika ovozi”da efirga uzatilganga mazkur suhbatning aynan matnini keltiraman…
-Avvalo bir o’zingizni tanishtirsangiz!?
-Mani ismim Farhod Inagambaev, Farhod Muhammadrahimovich.Dadamning ismlari Muhammadrahim. Toshkent shahrida tug’ilganman.Hozir mana Amerikadaman.
-Amerikaga qanday kelib qoldingiz?
-Agar manam bir tariximni aytib beradigan bo’lsam , bu anaqa, eshittirishga sig’masa kerak.Lekin qisqacha aytib o’tsam.
Man 94 yillarda Maqsudiy oilasi bilan ishlashni boshlaganman Toshkentda. “Rost Treding” degan shirkat bilan.Shu 2001 yilga qadar ishlab kelganman. Oxirgi ish joyim Dubayda bo’lgan. Birinchi, Iyul-avgust oylarida mana shu ajralish (Gulnora va Mansur Maqsudiyning ajralishini nazarda tutmoqda-J.M) e’lon qilingandan keyin Toshkentga Maqsudiyga qarashli shirkatga ko’p nimala ko’rsatildi.Nima deydi, davleniya, bosimlar. Har xil tazyiqlar ko’rsatildi.
U paytda mening katta akam Umidbek Toshkentda ishlardi.
2001 yilda men Dubaydda ishlayotganimda menga Toshkentdan telefon qigandilar. Birinchi, adam telefon qigandilar.Bu paytda men bilgandim Toshkentda nima bo’votganini…Firmaga SNB xodimlari kelib, tekshiruv organlari kelib bosim o’tkazvotganini eshitgan edim.O’sha paytda menga adam telefon qildilar va: “Farhod san tinchmisan, juda ham ehtiyot bo’lgin okangni, Umidbek okangni bugun SNBdan kelib olib ketishdi” dedilar.
SNBdan deganlarmi, MVDdan deganlarmi ish qib olib ketishdi deganlar.”San ehtiyot bo’lgin” deb qo’yib qo’yganlar.Bir paytdan keyin okam telefon qigan.O’sha SNB olib ketgan okam. Aytganlaki, “SNB olib ketmagan,SBP, prezidentni himoya qilish xavfsizlik xizmati tutib olib ketgan.Olib ketib men bilan gaplashtirgan.
Birinchi, Sergelidagi firmani nimasiga (ofisiga demoqchi-J.M.) kelib okamni so’rashibti.”Umid Inagambaev kim bo’ladi deb. Bo’lmasa o’sha paytda tekshiruv ketayotuvdi, SNB bor, nalogovoylar(soliqchilar-JM) bor.Prokuratura xodimlari bor.Lekin alohida oq “Neksiya”da kelib, okamni so’rabdi. Keyin okamni o’shatdagi pastdagi qorovul chaqirib beribdi.Hammani oldida kishan solib, cho’ntagidan kishan chiqarib, o’tir moshinaga, deb ob ketibdi.Yo’lda innamabdi birinchi. Keyin oborib tushuntiribdi.”Qaragin, debdi, anaqa mana shunaqa bo’ldi”. Keyin okam bilan uchrashganimda tushuntirganla manga shunaqada degan.
“Ukam degan, ming afsus, bularni ajrashganiga.Manam kutmaganman bunaqa bo’lishini, lekin,bu SBPni gaplari, lekin shunaqa hayot bu, shuning uchun ham o’zing ham, u yoqda ukang ham bor,biza uni yaxshi bilamiza,san nima Amerikani fuqarosimisan,Amerikada million pullaring bormi, yoki Amerikada dodang bomi, tushundingmi, tushunvossanmi nimani gapirvomman”, degan.Okam “Yo’q, man sizni yaxshi tushunmayomman” degan.
“Hozir telefonni olasan, telefon qilasan, tezda o’tirib bu yoqqa kesin” deya qo’pol qilib aytgan.Bo’lmasa okang, o’zing ham bir sekund ham turmaysan, yo’q qilib yuboramiz,urug’-aymog’ing bilan yo’q qilib yuboramiz” degan.
Shunaqa, anaqa bilan aytgan.Lekin bu gaplarni gapirishdan oldin, “Ming afsus shunaqa bo’lib qoldi,” degan. Bu gapi bilan etmoqchi bo’lganki, majburlikdan, bu bizani burchimiz,bizani ishimiz, bizaga shunaqa buyruq berishgan, shunaqa qilishimiz kerak,ukang ham shuning uchun anaqa qilsin” degan.
Keyin o’shanda bu 2001-yil avgustining boshlarida edi, okam telefon qiganla Dubayga. Man o’sha paytda xavotir edim. Chunki, bundan oldin adam telefon qigan edilar.O’zimni qo’yishga joy topolmay ishim xayolimdan chiqib ketgan.Okam telefon qilganlaridan keyin ovozlaridan sezganman, bunaqa hech qachon gapirmaganla.”Farhod bu yoqda mana odamla o’tirishibdi” deganla. Keyin orqada man eshitvotuvdim odamlani gapi…”kelishing kerak, kelmasang bo’lmaydi” deganla.”Manga, adamga chatoq bo’ladi” deganla. Keyin mani xayolim anaqa bo’gan.
O’zingiz ham bilasiz, bu og’ir narsa, oilangizga u yoqda qanaqadir bosim bo’lsa,fikringiz, xayolingiz o’shanda bo’ladi.Keyin uyga kelib turmush o’rtog’im bilan maslahatlashganman, nima qilamiz, deganman. Bormasak tinch qo’yishmaydi.Chunki u paytgacha men Dubayda ikki yildan buyon ishlayotgandim. Ikki yildan buyon O’zbekistondan tashqarida yashab xohlanngki, xohlamangki, internetlarga kirib, xabarla, yangiliklarni ko’rib, O’zbekiston to’g'risida bir nimalarni ko’rib odam tabiiy O’zbekistonda nima bo’votti, bir mustaqil xabarlarni ko’rgingiz keladi.Men 2001 yilgacha muxolifat nimalarini ko’p o’qiganman. U payt hech bir ishongim kelmasdi.Haqiqatda ham bizada O’zbekistonda shunaqa narsalar qiladimi? Odamni ob kelib bekordan-bekorga, cho’ntagiga narsa tiqib qo’yib,qila olarmikan? 2001 yilda mani xayolimga azgina bo’lsa ham bir tasavvur bor edi O’zbekiston haqida.O’shani o’ylab man chuda ham qo’rqib keyganman. Keyin biza qaror qilganmiz nima bo’lsa bo’ldi endi, buyog’iga peshana deb toshkentga boradigan bo’ldik.Sentyabrga qomasdan toshkentga uchib ketdik.Tezda Dubaydagi rahbariyatga, hamkasblarimga xabar berganman.Ula tushunishgan mani sharoitimni.Chunki man juda ham xavotir bo’ganman oilam bo’yicha.
Kelganimdan keyin manga Gulnorani yaqin dugonasi, Gulnorani qo’l ostida ishlovchi bir xodimi bor edi, uni otini aytmayman, chunki u odam hali ham o’shatda.
-Gulnora deyapsiz, Gulnorani qanchalik yaqin taniysiz?
-Gulnorani man 2001 yildan oldin Toshkentda ishlaganimda ham ko’rganman.Toshkentda ko’rganimda hech bir muloqot bo’lmagan.Kompaniyaning biror bir tadbirlarida ko’rardim.Partilarda (ziyofatlarda demoqchi-J.M.) deydimi ana shunaqalarda ko’rardim.Lekin oxirgi payt 99 yildan boshlab man shu Dubayga ko’chib ishga kelganimdan keyin Gulnora, Mansur akam- sobiq Gulnorani turmush o’rtog’i, bolalari bilan tez-tez Dubayga yilda bir-ikki marta kelishardi.Kelishganda man ularni Dubayda kutib olardim.Mehmonxonaga joylashtirardim, ba’zilarda Gulnorani o’zini shaxsiy ishlari bilan , iltimoslari bilan o’zini qayoqqadir oborardim kerak joyiga.
-Shaxsiy ishlar,iltimoslar deyapsiz umumiy bolib qolmasin bir ikkita misollar keltirib o’ting.
-Masalan nima desa bo’ladi, Dubayga kelib bir qanaqadir do’konga borib o’ziga narsa olmoqchi yoki toshkentda uning shirkati bor edi, munga hali kelaman kechroq.Toshkentda yurg’izadigan shirkatiga masalan ba’zi narsalar mol-mulk , tovarlarni olishga Dubaydan topib berishga odam qidirgan.
-Masalan rus matbuotida chiqqan suhbatlarda Gulnora aytganki manashu koleksiyalar to’plashga qiziqardim,masalan har hil toshlar… Dubaydan ham shunday narsalarni sotib olarmidi?
-Bu-chi, yana Jahongir aka bu alohida bir katta nima toshlar sotib olishi u sizlarning matbuotlaringizda chiqqan maqola. Gulnora u bilan o’zini bir juda katta faoliyati.Dubayga ba’zi vaqtlari kelib man Gulnora bilan ishlaganimda chamodon-chamodon pul olib kelib tosh sotvolardi,oltin sotvolardi.lekin ko’pchilikka bu qanaqa qilib nima qilinardi,tavsiya qilinardi go’yoki u o’sha tilla narsalar dizayn qiladi ,lekin aslida bu ko’plar Dubayda nima qiladiganlar o’sha Dubay markazida “Gulsum” degan katta tilla bozor bor, o’sha joyda Gulnorani juda yaxshi bilishadi.
-Buncha chamodon-chamodon tilla va toshlarni nima qiladi?
-Buni, bilmadim.Masalan man o’zimam Toshkentdan birinchi marta kelganimda Gulnora bervorgan pullarni olib kelganman o’zim bilan birga.Naqd Amerika dollari.O’sha uchun nima bunga yana aytvonman Jahongir aka, alohida to’htalsa bo’ladi.Lekin sizga hozir aytvotgan nimalarim tasdiqlanishi uchun man o’zim mamlakatni tark etganimdan keyin majbur bo’ldim ko’p dalillarni o’zim bilan olib kelishga.O’zimni himoya qilish uchun.
-Dalillaringizga o’tmasdan bir savolim bor.”Novaya gazeta”da chiqqan maqolada sizni nomingizdan go’yo shu shirkat Maqsudiylarni shirkati, qalloblik bilan shug’ullanmoqda, deb sizni bayonot bergan degan gap bor.
-Bu gapga Jahongir aka, man o’sha aytganimday sentyabr oyida Toshkentga qaytib kelganimda Gulnora chaqirgan oldiga,oldiga oradan ikki-uch kundan keyin chaqirib bir yarim soat o’tirib gaplashgan man bilan. gaplashib ko’p narsalartni gapirgan,yig’lagan ozgina.Lekin manga shuni nima qilganki man bilan ishlaysan,man u majlisga kirishimdan oldin ham atrofidagi Gulnorani yordamchilari…
-Sizga nima uchun yig’laydi?
-Nima desa bo’ladi, man uni Dubayda ko’rganmanu uch-to’rt marta kelganida.U payt sobiq turmush o’rtog’lari bilan kelardi.U payt Gulnorani boshqacha ko’rganman.Endi bu gal o’zini boshqacha ko’rsatish uchun nima desa bo’ladi,yig’lagani nima bu odam juda ko’p artistik qobiliyatga ega odamni miyyasini nima qilish uchun tassuroot ko’rsatish uchun,o’zini bechora qilib ko’rsatib ko’rdi, boshida gapni shunaqadan boshladi.Man bechoraman man unaqa qildim,bunaqa qildim lekin sekin-sekin bir yarim soatni davomi ichida keyin gapini oxiri nima bilan tugadi “mani dadam aytdiki men uni bilsam o’zim uni so’yaman” degan ekan.
-Men bir oz tushunmadim aniqroq qilib ayting kimni so’ymoqchi bo’lgan.
-Gulnorani sobiq turmush o’rto’lari Mansur Maqsudiyni o’sha uchun ham yig’lab gapirdi deganim boshida gapini yig’i bilan boshladi,lekin oxirini bir nimalar bilan tugatdi manga shu tassurot ko’rsatdi manga so’zini oxirida aytdiki,mana endi sanam kelding manashu erda islaysan yahshi bo’ldi dedi. Keyin manga atrofidagilar aytishdi agar Farhod buyog’ini ehtiyot qilgin nazari tushib qoldi,endi qiyin bo’ladi,gapiga juda ham ehtiyot bo’lgin nima qilishdi.Keyin man kelganimdan keyin bir haftalardan keyinmi…
-Kelganingizdan keyin davom ettiramiz.Shu o’rinda tinlovchida bir savol tug’iladi.Atrofidagilar, deyapsiz nima uchun uning atrofida maxsus muhit bormi? U endi Tashqi ishlar vazirligida ishlasa, sakkiz soat ishga borib keladimi yoki bir boshqa ishlar bilan shug’ullanadimi yo uning atrofida qandaydir guruhlar yuradimi?
-Atrofida deganimda bu asosan tijorat faoliyatidagi o’zini shirkatidagi yaqin o’rtoqlari hamda doimiy oldida yuradigan o’sha bank hodimlari. Man kelib hayron qolganman,man ham oldin eshitganman tashqi ishlar vazirli gida ishlashini.Lekin 2001 yil sentyabr-oktyabrlardan boshlab doimiy Gulnora ni oldida ishladim.Kun tartibini man juda yahshi bilaman.Tashqi ishlar vazirligida hech bir ko’rmaganmanam,eshitmaganam.U yoqqa borganini bir ishlar qilganini asosan nima bilan o’zini tijoriy ishlari bilan band bo’lardi.Chunki 2001 yildan boshlab uni faoliyati shirkatlarni faoliyati juda ham har hil sohalarga o’tib ketdi.Restoran,diskoteka,jurnal,studiya, uyali aloqa telefon kompaniyasi tilla buyumlar bo’yicha yo’nalishga o’tib ketdi.
-Keladigan pullar qayoqqa ketardi?
-Keladigan pullar asosan…. 2001 yilda bular ajrashgandan keyin Gulnora o’zini nimalari bo’yicha juda ehtiyotli bo’lib nima qildi.Mandan biroz maslahat so’ragani, endi man uch-to’rt yillik xalqaro tajribam bo’lganligi uchun , chetdan banklar bilan aloqam bo’lganligi uchun , mandan birinchi bo’lib so’ragan narsasi qatdan bank hisoboti ochsam bo’ladi… Chunki manga hozir Evropada qiyin bo’votdi, mani o’tta nima qilishvotti ,deya so’radi, keyin man…
-Ehtiyot bo’lishi nimadan, otasidan qo’rqishidanmi, yoki Amerikada sud bo’lib chetga chiqa olmasligidanmi, nimadan?
-Birinchi bo’lib man o’ylayman shu oilasini nimasi ko’proq shu jamoatchilikka tarqalgani, ikkinchidan 11 sentyabr o’sha paytga to’g'ri kelib qolgan edi Amerikada portlashla bo’lib… Xabaringiz bo’lsa o’sha 11 sentyabrdan keyin bank sohasida, moliya sohasida ham butun dunyoda nazorat kuchaydi. O’shani uchun biror dalilsiz , asossiz kelgan kotta miqdordagi pullaga nazorat tashlandi. Ayniqsa Evropa va Amerika nimalarida (banklarida demoqchi-J.M.). O’shani uchun buni ham bir ta’siri kotta bo’ldi.O’shani uchun ham sal manashu qiyinchiliklardan so’ng Gulnora xavotirga tushdi. Keyin yana O’zbekistondan hech bir asossiz, hujjatsiz keladigan kotta miqdordagi nimala, summala, raqamla. Mana masalan man sizni nimangizga ob keldim , mana ko’rvossiz, “Siti bank”da Gulnora Karimovaning hisoblaridan biri 7 million dollar.
-”Siti bank”dan qanday qilib sizni qo’lingizga kelishi mumkin?
-Boshida aytgan nimam bo’yicha, 2001 yilda mani chaqirtirib, mani o’ziga ishga olishga maqsadi, mani Dubayda ozgina ishlagan tajribamni inobatga olib, o’ziga ishga olib mani, Dubaydan o’ziga shirkatlar ochishga mandan iltimos qildi. Ularni iltimosi o’zingiz bilsangiz kerak qanaqa. O’shani uchun man majbur bo’ldim, chunki garovda mani oilam qoldi u yoqda. Ota-onam, ikkita oka-ukam, xotinim, qizim, bolalarim…Shunday qilib 2001 yilning sentyabr-oktyabr oylaridan boshlab, man nima desam bo’ladi, man moliya masalalari bo’yicha maslahatchisi bo’ldim. O’shanda u Dubayda ochgan firmasiga mani generalniy direktir , vitse prezident qilib qo’ydi, mani qo’llarimni tasdiqlab…
-Asli moliyadan xabaringiz bormi, moliya sohasida o’qiganmisiz?
-Man o’zim Toshkent davlat Universitetida o’qiganman, “Roman –German” fakultetida.Keyin 96 –98 yillarda magistraturada o’qiganman, NBF faynayn bilan bog’liq magistrligim ham bor.Hamda man 97 yillari shirkat tomonidan, “Rost-trading” tomonidan Londonga o’qishga borganman. Londonda ” Shiller interneyshnl” yuniversitetida bir uch oy kurslarni o’tganman.
-Endi yana boyagi, kechirasiz, siz boshqa hujjatlaringizni varaqlaguncha, “Siti bank”da 7 million dollar deyapsiz, yana qaysi banklarda, qaerlarda pulini saqlaydi, ba’zilarni aytishi bo’yicha hozir Rossiyaga ko’chirayotgan emish.Yana ba’zilarni aytishi bo’yicha Buyuk Britaniyaning Tuma orollaridagi banklarda saqlagan emish.
-Mana Jahongir aka, endi banklar masalasiga kelsak, “Siti bank”dan tashqari man sizga aytdim hozirgi paytda bank faoliyati juda ham qattiq nazorat bo’lgani uchun man birinchi bo’lib unga ishga kelganimda u birinchi bo’lib gapirib berib nima qiganda mani xayollarim, nimalarim umuman boshqacha bo’lgan, man o’ylaganmanki, mayli peshonam ekan, mani bu yoqqa ob kevoldi, ishlatmoqchi, mani oldin ishlagan tajribam, biznes faoliyat, oddiy bir tijorat qilmoqchi , deb o’ylaganman. Lekin ishlaganim sari Jahongir aka, sochlarim tikka bo’lib ketardi… Boshida hisob ochganimda, firma ochganimda Gulnorani nomiga man o’ylaganman tijorat bilan shugullanadi.Chunki shu ham boshida kelishuv bo’gan, “Bo’ldi Farhod shu erda ishlaysan, o’zimiza mana shu erda tijorat qilamiza, manashu mamlakatda nima qilasan” deb manga shunaqa degan. Keyin oktyabrdan keyin firma ochilgandan keyin hech bir nimaga to’g'ri kelmaydigan… O’zim qo’rqib ketganman, chunki mani nomim litsenziyada, mana, shirkatni nimasida , mana sirkatni nomi “Privay xolding onlayne” nimasi, uchriditel, sohibi Gulnora Karimova mani boshqaruvchi qilib qo’ygan.Man birinchi kunning o’zidayoq kotta pullar kelganda judayam qo’rqib ketganman. Chunki xalqa bisnes, tijoratda moliyani tushunadigan odam… Bunaqa mumkin emas…Chunki bugun erta so’raladi, qattan u pul keldi, nima asosda? Hozirgi O’zbekistonni iqtisodiy sharoitini olsangiz 2001 yil aslida valyutaga, prezident Karimov ko’p marta chiqib aytadi, mana biz bunaqamiz, yoki banklar aytadi valyutamiz kam, biza o’zimiz nima qilishimiz kerak, deb .
Lekin shu vaqtda million-millionlab olib chiqib ketilgan pul, kimdir unga javob beradi.Man o’shandan keyin tuzoqqa tushganimni bilganman.Nima bu yaxshilik bilan tugamasligini. Chunki, o’shani uchun ham siz bergan boyagi savolga , qaysi banklarda nima qilgan deganingizga, bitta bankda bu pullarni nima qilish mumkin emas edi. Chunki bir xillari qabul qilmasdi. Mana manda xatla bor, mana “Siti bank” xat bergan manga, iltimos sizlardan kotta-kotta pullar kevotti, xavotirmiza… O’shani uchun ham mani Gulnora majbur qilgan unga boshqa banklardan hisobot ochish uchun.Mana masalan “Standart chorting” bank, Buyuk Britaniyaning taniqli banklaridan biri. Raqamlarni sizga radiodan hozir aytmayman, o’zingiz ko’rvossiz, bitta kelishda…
-Bullar dollarda kelganmi?
-Mana-mana hammasini o’zingiz ko’rvossiz, 4 uyul , a yo’g', yo’g', 6 aprel 2003 tushgan pullardan biri Gulnorani nomiga…Qattan kevotti? “Siti bankdan… Bankdan-bankka olib o’ynagan.Aqsh dollari hisobida. Mana ikkinchisi.”Ey chiz bi si” Buni ham bilsangiz kerak, eng taniqli banklardan dunyodagi. Bu yoqdan ham o’ziga hisobot ochgan. Endi bu erda uzida “doktor Gulnora Karimova” deb ochtirgan.Mana bu yoqdagi hisobidagi balansini ham ko’rvossiz. Bu 14 martga qadar…
-Nima uchun bu erga Islom Karimov deb yozilgan?
-Bu yoqqa nima desa bo’ladi? Islom Karimov… Karimov… Refrensmi…(Tavsiya qiluvchining nomi demoqchi-J.M.)
-Prezidentni qizi ekanligi bilinsin uchunmi?
(Kuladi)…
-Raqamlarni nima uchun radioga aytmayman deyapsiz?
-Aytaman, nega aytmayman?! Mana , masalan “Ey chiz bi si” bankida 14 mart 2003 yil datasi bilan bir million to’rt yuz ming AQSh dollari balansi… Ko’rvossiz-a!? “Standart cort”da balans emas, kelib tushgan pul haqida konfermeyshn, tasdiqlash xati deyiladi, shu kuni Gulnora Karimovani hisobiga 198 ming dollar kelib tushgan.Boya “Siti bank”dagi balansini man sizga ko’rsatdim, 7 million qanchadir…
-Bular endi qaerdan kelib tushgan?
-Jahongir aka, man sizga aytganimdek shirkatlarni shundoq qilib yasatganki, O’zbekistondagi faoliyatidan pullar qonuniy noqonuniy , lekin ko’plari noqonuniy , chunki buni finansiviy sxems, finansiviy piramida deyishadi ruslar…
-Ya’ni O’zbekistondan chiqib keladi…
-O’zbekistondan chiqib keladi to’ppa-to’gri. O’zbekistondan kotta davlat tashkilotlaridan, dovlatni sherikchiligi bor tashkilotlardan, yana har xil noqonuniy yo’l bilan olib kelib O’zbekistonga soliqsiz, tamojniyaning nazoratisiz kirib kelgan mollardan, jumladan shakar sovda –sotig’idan kelib tushgan pullarni dollarga aylantirilgan yoki… Ko’pincha uning toshkentdagi firmasi oldin uni nomi “Oas tos LTD” edi, masalan qanday qanaqa qiladi? Birinchidan “Oas tos LTD” umuman hamma O’zbekistondagi barcha soliqlardan ozod qilingan.Bu soliqdan ozod qilingan qaror Bosh vazir qarori bilan qo’l qo’yilgan.Bir necha yildan beri Gulnorani shaxsiy shirkati bilan tegishli qaror.O’sh qaror bilan Gulnorani shirkati, O’zbekistondagi shirkatlari bir tiyin soliq to’lamaydi, hech qanaqa.Chunki shirkatni nimasida , Ustavida yozilganki, bu shirkat dori-darmon olib kiradi O’zbekistonda, bolalar kiyim-kechagi, kienchalik ishlab chiqarish uchun bolalarni O’zbekiston bolalariga ishlab chiqarish uchun har xil uskunalar, oziq-ovqat ishlab chiqarish uchun, upakofka qilish uchun uskunalar olib kiriladi degan ko’p narsalar yozilgan. O’shani asos qilib.
-Manashu kelayotgan pullar, chet ellardagi banklarga kelayotgan pullar, O’zbekistondan kelayapti dedingiz, va ular soliqdan ozod qilingan , turli maqsadlar uchun degan bir narsani aytdingiz. Xo’p bular uchun O’zbekistonga haqiqatdan ham o’sha soliqdan ozod qilinganda nazarda tutiladigan narsalar qaytib boradimi yoki yo’qmi?
-Yo’q, mana yana o’sha gaplarga qaytaman, ishlashni boshlaganimda man sizga aytganimdek, bu narsalarni ko’rsangiz odamni hech aqliga keladigan narsalar emas. Boshida o’shanda mani ko’zimga tushib qolgan qog’ozlardan, dakumentlardan biri shu bo’lganki , qandolat ishlab chqarish liniyasi deb, uskunasi deb… Qog’ozda masalan qandolat ishlab chiqarish uskunasi kontrakt qilingan .Tamojniyadan o’tgan. Rastamojit qilingan.Tashqi Iqtisodiy Aloqalar vazirligida registratsiyadan o’tgan.Lekin aslida shakar kirib kelgan.Million-millionlik shakar kirib kegan, Uni na bir solig’i to’langan, na bir tamojniy zborlari to’langan…Uni naqd pulga… Endi o’zingiz bilasiz shakar strategik mahsulot, uni bozorga anaqa qolsa tez sotilib ketadi…Uni million-millionlaga sotilgan.Pulni , sotuvdan kelib tushgan pulni Gulnorani shirkati bonkka qo’ygan.keyin o’sha pulni nimani konvertatsiyasiga berilgan, uskuna uchun deb yozilgan. Ba’zi voqtlari uskuna uchun deb yozilardi, ba’zi voqtlari bolalar kiyim-kechaklari deb yozilardi.Ba’zi voqtlari dori-darmonlar keldi deb yozilardi.Aslida boshqa mahsulotlar, ko’pincha shakar ob kirib sotilardi. Lekin bulani pullari, so’movoy viruchkasi deyiladi, bonkka oborib topshirilib, keyin boyaki kontraklar, qalbaki kontraktlar orqali topshirilib, keyin bu pullar chiqib ketardi. Man bu narsani ko’rib qolganimda, birinchi ko’rganim oktyabr-noyabr oylarida 2001da…Chunki nima desa bo’ladi bi “Burningni tiqma bu ishga” deyishgan…
-Agar mabodo ertaga Gulnora Kakimova ” Mana men ham intervyu berishga tayyorman” desa, yuziga qarab shu narsalarni aytishingiz mumkimi?
-Aytolaman, lekin O’zbekistondamas. Chunki o’zingizam, mana Jahongir aka, o’zingiz ham bilasiz… Boyagi bergan savolingiz bo’yicha, rus gazetasi “Novaya gazeta”da mani gaplarimni yozib chiqarishgan, man ularga hech qanaqa gap gapirmaganman.Rus gazetasiga hech qanday intervyu bermaganman.
-Lekin u erda yozma bayonot deyapti…
-Yo’q… Man bayonotga qo’l qo’yganman. Qo’l qo’yganman… O’zingiz yaxshi bilasiz, O’zbekistonda qanaqa. Ertaga agar borib, oilangizni uyoqda nima qip turib, tepangizda agar SBPni yoki SNBni ofitseri tepangizda turib, mana buni qo’l qo’yib yubor desa, kerak bo’lsa “Man hayvonman” degan bayonotga ham qo’l qo’yoladi odam O’zbekistonda. Chunki shunchalik anaqaga ob kep qo’yilgan odam.
Bu narsaga nafaqat man qo’l qo’yganman, balki ko’pgina toshkentda qop ketgan, oldingi, ilgarigi “Rost trening”da ishlagan, yoki Maqsudiy oilasiga tegishli firmadami, shirkatdami ishlagan ko’plaga zaruran qo’l qo’ydirgan. Chunki, bu narsa tabiiy, odam nima desa bo’ladi, u yoqdagi odamlar hammasi oilasini uylaydi, hammasi o’zini bolalarini o’ylaydi, ota-onasini o’ylaydi. Chunki, misol uchun sizni keltiraman, Gulnorada bir Jamshid degan yigit ishlardi. U yigit bir olti-etti yildan beri ishlardi.Bir restaranimi, kafesinimi menedjeriydi.
Shu bir to’qnashuv bo’p qopti og’zaki… Gulnora uni nazariga ogan…Ko’ziga yomon ko’rinib qogan. Bir haftaga qomasdan qamab yuborishdi. Qamaganda ham na MVD na UVD na SNB uni qo’lga oldi. Kim qo’lga oldi uni? Kim qo’liga kishan soldi – SBP soldi.Prezidentning Xavfsizlik xizmati. Ishlavotgan joyga kelib, xuddi terrorchi ushaganday qilib, ob ketishdi anaqa qilib de. Hammaga bu nima desa bo’ladi, saboqday. Gulnora bilan anaqa qigan, gap talashgani uchun.
Mana ikki haftaga qoldirmasdan u bolani, mani eshitishimcha, chunki buni aniq tasdiqlay olmayman, buni so’rab-surishtirishga u yoqda hamma qo’rqadi, sakkiz yilga qamab yuborishdi u bolani.Bu bitta misol. Ikkinchi misol, Gulnorani o’zini yaqin dugonasi bo’gan Nilufar Sadriddinova degan. U oxirgi paytda 2001ga qadar Gulnorani o’sha toshkentdagi shirkatlarini birini bosh direktori bo’lib ishlab kelgan.
Gulnorani kichkina paytdan buyon birga maktabga, birga Universitetga borib yurgan dugonasi bo’gan. U gugonasi bilan gap talashib qolib, uni nafaqat ishdan bo’shatgan yana domashniy arest qilib qo’ydirgan.Erga tegaman degan yaxshi ko’rgan yigitiga tegdirmagan. To’y qildirmagan.Keyin uni yigiti Amerikaga olib kelaman deganda pasportini qo’lidan olib qo’yishgan.
Uyiga borib yana o’sha SBP, prezidentni xavfsizlik xodimlari kelib, ota-onasi, o’ziga bosib o’tkazib, “Qizingiz hech qayoqqa chiqmasin,toshkentdan agar ketib qolsa, qarang, o’zingizdan ko’rasiz” degan.Bu mana sizga ikkinchi misol. Bunaqa misollar juda ham ko’p.O’shani uchun boyaki rus gazetasini yozishi bo’yicha unga qaytib kelarkanmiz, mani gaplarimni ular “Zayavleniy Farxad Inagambaeva ” deb yozgani bu mutlaqo… Mana tasavvur qiling, sizni oldingizga ikkita qog’oz ob kep qo’yishdi. Oldingizda ikkita SNB turibdi. Aytishvotti “Otang u yoqda ishlaydi, onang bu yoqda, bolalaring , xotining bor”… Qani siz yozmay qo’ying-chi shu narsani qanaqa ailishadi.
-Endi Gulnora masalasiga qaytadigan bo’lsak, Gulnorani mana shu hisoblari chet ellarda qaysi yillarda ochilib va gullab yashnagan payti qachon?
-Man oldingi yillarga bir narsa aytolmayman, chunki oldin man Gulnora bilan ishlamaganman. 2001 yildan boshlab to 2003 yil aprelga qadar man u bilan ishlab keldim.ikki yildan sal ortiq yilning ichida shu to’rtta –beshta bankda millionlab pul o’tdi.Bundan tashqari o’sha shirkatlar, o’sha hisoblar orqali o’ziga Maskvadan uy-joy sotib oldi. Ayniqsa nima desa bo’ladi, 2002 yilda xabaringiz bormi-yo’qmi bilmadim, bir yoz paytlari qattiq bir mish-mishlar bo’ldi toshkentda, adasini, otasini sog’lig’i yo’q, toshkentda bir gaplar bo’votti degan paytda, men bu haqda hech narsa aytolmayman, lekin, haqiqat shuki may oylarida mani Maskvaga jo’natib, o’shatta, Maskvada ham yordamchilari bor, o’shlar bilan birga unga uy-joy qaraganmiz. Keyin mayni oxirlarida o’zi ham kelib shu joyni tanlagan.Uch qavatli “Pen haus” deyiladi, Moskvani markazida, o’ziga uy-joy olgan.
-Qanchaga olgan uyni?
-Ikki millionga dollarga yaqin. Bir million sakkiz yuz ming qanchadir.Manda kontrak, orderni kopiyalari ham bor.Ikki ming dollar uyni o’zi hali nima qilinmagan, nima desa bo’ladi, o’zbekchafa suvog’i bitmagan uy deydi-yu, ana shunaqa.
-Bu hujjatlarni qanday qilib olib chiqib ketgansiz?
-Jahongir aka, mana boya boshlaganimday Gulnora bilan ishlagan sari 2001 yil boshlagan bo’lsam kunba-kun buni mana Xudo biladi, keyin xotinim biladi boshimdan nima o’tganini. Ota-onamga gapirib etmasdim, lekin mani nimamdan ular sezishardi nima kechirvotganimni.Ba’zi kunlari bo’lardi Jahongir aka, qandoq Gulnorani qo’lidan qutilishni bilmasdan, nafaqat man , balki mani kasbdoshlarim o’shatta qolib ketgan hozir ham Gulnorani qo’lida ishlavotgan, shunaqa bir beaql narsalar kelardi, shu Gulnorani qo’lidan qutilish uchun borib shu moshinada o’zingizni avariya qilishga…Shunaqa fikrlar kelardi. Shunda balki qutili qolarmidik. Chunki borgan sari botqoqqa kirgandan kirib ketovrardik. Chunki mana etganimday noqonuniy pul ob chiqish, uni nomiga o’tkazish…
Bundan tashqari Gulnorani Toshkentda kunba-kun, haftama-hafta dushmanlari ko’paygan. Endi bir kunmas-bir kun o’shanga bu javob beradi. Qonun oldida javob beradi, chunki qancha begunoh odamlarni uyini vayron qildi. Mani o’sha ikki yil ishlagan tajribamni ichida reket deydiyu, shunaqa tarzda pul oldi.Masalan shunaqa paytlar bo’lgan kimdir qaysidir tadbirkor uni oldiga kelib… Endi xal qanaqa deb o’ylaydi? Bu prezidentni qizi, podshoni qizi, qo’lidan ko’p narsa keladi, deb, qani bir iltimos narsa so’rab ko’rsam balki yordam beradi, deb o’ylashadi.Chunki ko’p kishilar uni qanaqaligini, haqiqattan qanaqa insonligini bilishmagan.O’sha paytlari bir tadbirkor kegan Gulnorani oldiga-dey… Gulnora ko’pincha moliyaga tegishli narsalarni manga yuklatib qo’yardi. Bu mani yanayam ko’proq xavotirga solardi.O’shanda bu tadbirkor Gulnoraga bir taklif bergan.O’shanda Gulnora o’sha taklifni qarab chiqqan.Keyin etgan “Bo’pti man uchrashaman shu bola bilan” degan. Uchrashgan o’sha bola bilan. U bola batafsil masalani tushuntirgan , anaqa qigan.Gap nima to’g'risidaydi? davlatga tegishli bir qolib ketgan, hech kimni nazoratida yo’q bir shirkatti privitatsiya, ya’ni xuxusiyalashtirish to’g'risida yordam so’ragan. O’shanda Gulnora etgan, bo’pti degan, manga mana shuncha berasan, degan. U bola rozi bo’gan.
Keyin bir hafta o’tmasdan mani chaqirgan Gulnora va yana bitta yordamchisini chaqirgan, “Anavu bolalarga etgin, o’sha pulni olib kelib bersin” degan. U bolaga borib etgandan keyin, u bola tadbirkor ekan, “Qanaqasiga pulni hozir beraman, Gulnorani o’sha narsani oxirigacha etqazmadi”… Gulnoraga keyin shundoq deb tushuntirganda “Yo’q ” degan. “Man bilan uchrashdimi, qani ob kelib qo’yib qo’ysin, ob kemay ko’rsinchi, man o’sha bolani yo’q qilib yuboraman” degan.”Toshkentni esidan chiqarib yuborsin, ketsin qaqqadir” degan. Biza mana shunaqa qilib boshimizani ushavolib, “Qanaqa qilib bu odamga tushuntiramiza, biza nima bir mafiyamizami, yoki reketmizami, qanaqa qilib u odamga etamiza, deb”… Shunaqa paytla bo’gan. U bola o’shani yarmini ob keb bergan. Uyini sotgan, o’sha bir shirkati bor edi, zavodi bor edi, zavodini ichidagi matereallarini sotgan, nimalarini sotgan, ob keb bergan o’shani yarmisini.
-Bu demak bir voqeami, yoki shunaqa voqealar ko’p, tez-tez bo’lib turarmidi?
-Bunaqa voqealar tez-tez bo’lib turardi, Jahongir aka. Mana boyagi bergan savolingizga qanaqa qilib man ketdim, nimaga man ketdim? Bu narsalar o’sha 2001 yildan yig’ilib-yig’ilib…Man aqlimni qanday yig’ib ololmasdim, qanday qilib qutulib ketsamki, lekin ayni vaqtda mani oilam nima bo’lib qomasin, oilamga ta’siri o’tmasin, deb o’sha narsani o’ylaganman. Amerikani hukumati manga ancha ko’p yordam berdi mani masalam bo’yicha. Chunki man Gulnorani shirkatidan ketganimga mana uch-to’rt oy bo’ldi… Ketganimdan keyin u bilan telefonda bo’ttan, Amerikadan gaplashdim. Unga bildirdim ketganimni. Uni g’azabi keldi, buni kutgandim man. Keyin birinchi qilgan narsasi, shuni ham bilardim man, birinchi bo’lib oilamga yopishdi.Birinchi bo’lib ko’rdiki, man oilamni ob ketvoldim, xotinimni, bolalarimni ob ketdim, ota-onamni ham, oka-ukamni ham ob ketdim, chunki bilardim birinchi bo’lib ularga yopishadi. Ularni ketiga ham tushdi, qidirishni boshladi. O’shani uchun… Amerikani hukumati, yana bir tashkilotlar, jumladan, Human Rights Watch,(Inson Huquqlari bilan shug’ullanuvchi tashkilot-J.M.) BMTning Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi komissiarligi ular manga juda katta yordam berishdi, oilamga kotta yordam berishdi. Lekin hali ham bo’lsaki mani O’zbekistonda qarindoshlarim qob ketdi. Uylarimizni zapechatit qildi, degan gaplar bo’ldi. Keyin u yoqda qandaydir tergov boshlagan.Man hozir aqlimga ham sig’dirolmayman, qanday qilib tergov boshlagan manga.Nima deydi, balki Farhod mani millionlarimni o’g'irladi, deydimi, yoki… Man hozir etgan gaplarim birinchidan man bilaman o’zimga qanaqa mas’uliyat oganimni. Chunki bunday qadam qo’yishimga, bu yoqqa kelib ishlarim mana shundoq bo’lib ketishiga ko’p o’yladim. Ko’p o’ylab, har taraflama, nima desa bo’ladi, vesit qildim taroziga solib… Oilamga qandoq bo’ladi… Bunaqa hayot bo’masdi. Etvomman-ku, bir kunmas-bir kun botqoqqa kirib-kirib ketvotgan bir narsa… O’shani uchun qancha ham qiyin bo’masin…
Mana ota-onamni yoshlari kotta. Qancha konkret bizga qiyin bo’masi, adamga-onamga qiyin bo’masin, xudoga shukur ota-onam mani tushunishdi… Haqiqat bu haqiqat Jahongir aka, erta-indin nomingiz nima bo’lib… Bu bizni oilamizga, bizani nomimizga hech to’g'ri kelmaydi, o’shani uchun mani bitta xavotirga soladigan narsa o’sha O’zbekistonda , vatanda qolib ketgan yaqin qarindosh-urug’larimiz, hamda mani hamkasblarim, o’rtoqlarim… Ba’zilari hali ham Gulnorani qo’lida.Chunki ularni imkoniyati yo’q.
-Endi har holda Gulnorani mana Amerikada sud bo’lgandan keyin qidiruv e’lon qilindi bolalari masalasida. Har holda kelajagi bir mavhum bo’lib qolayapti.Ertaga, masalan, bu hayot bu, masalan, prezident Karimov muddati bitib ketdi prezidentlikdan. O’zbekistonda ishlashi mumkinmi, yana shu faoliyatini davom ettirishi mumkinmi?
-Agar mani fikrimni so’rasangiz, shaxsan mani fikrim-mutlaqo yo’q.Chunki, ruschada bir so’z bor «Mnogo drov nalamala» deyiladi. Bu degani qilmishi haddan tashqari o’tib ketdi. Hattoki uni nafaqat uni yoqtirmaydigan ko’chadagi yoki tashqaridagi odamlar, hattoki o’zini atrofidagi, mayli man ularni otini aytmayman, hatto o’zini atrofidagi xavfsizlik idoralari deysizmi, ularni ham bir joyiga kelib qolgan bu narsa.Buni…
-Nima qilishi mumkin u holda?
-Tushunmadim savolingizga?!
-U holda nima qiladi? Qaerga bir joyga ketadimi, yoki pullarni bir joyga to’playaptimi? Yo qochib ketadimi? Nima bo’ladi?
-Manchi Jahongir aka, shu narsani ko’p o’ylab hech bir aqlimga sig’maydi-da, chunki mani nazarimda qochib boradigan joyi yo’q. Mana Maskvani hozir tilga oldim, Maskvada anaqa o’ziga joy qivotti, o’ziga nom qivotti, deymiza, Maskvani o’zida baribir bilishadi uni kimligini, pullani nima qilib kevotganini. Man o’ylamayman Maskvada tinch hayot kechradi, deb.O’shanisiga man haligacha shu savolga javob berolmayman.Qanday o’ylaydi, o’zini keyingi hayotini qanday tasavvur qiladi?.. Chunki bu narsani neratsionalniy,biror bir logikasini o’ylamaydi.Shu kun bilan yashab o’tib ketaman, deb o’ylaydi. Chunki O’zbekistonda man sizga aytganimdek juda ko’p odamlar norozi. Juda ko’p odamlarni qaqshatgan. Uyini ob qo’ygan. Kimlarnidir ko’plarni qamoqqa ogan, pulini tortib ogan. Shirkatlarni tortib ogan. davlatni o’zini qancha pulini o’g'irlagan. Birinchi bo’lib dovlat uni, balki O’zbekistonda tuzum o’zgargandan keyin davlat undan so’raydi. Kelajakdagi keladigan hukumat uni so’roq qiladi.Chunki million-millionlab o’g'irlab ob chiqib ketilgan mamlakatdan.Mamlakat qashshoq, ochlik…Ayolla bozorda mardikorlik, fohishalik qivotgan bir paytda, endi man ruscha maktabda o’qiganman, yana bir ruscha so’z aytaman, «Pir vo vremeni chuma» deydi. Ya’ni bu degan gap «Vabo paytida to’y o’tkazish”. O’sha restoranla, klubla ochgan.Buni ko’pla biladi…
-Otasi bilan munosabatlari, xabaringiz bormi, qanday edi?
-Otasi bilan munosabatlari… Endi ba’zi bir suhbatlarda Gulnora tez-tez aytib turardi otasi bilan o’rtasidagi munosabatlarni. Mani bilishimcha otasi qizidan juda ham faxrlanadi.Judayam aqlli deb o’ylaydi. Endi bu Gulnorani gaplari qanchalik rost yo yolg’on. Juda ham o’ziga yuqori baho bergan. Otasi qiziga juda ham yuqori baho bergan. Chunki har taraflama rivojlangan deb o’ylaydi. Mana tijoratni ham oboradi, deb o’ylaydi. Siyosatni ham yaxshi tushunadi, bu yoqda ashula ham etadi, she’rlar ham yozadi. O’sha rus gazetasida o’qigansiz-u.Bu otasini nimasi…
-Ashulani qaerda aytadi?
-Ashulani, O’zbekistonda, Toshkentda «Pantera» degan bir studiya ochgan. darxonda, Toshkentning markazida bir binoni nimasini olishgan, nima desa bo’ladi, ko’p imperiyasi o’shatta joylashgan.Radio, jurnal, gazeta, yo gazetasi yo’q, studiyalari, restoranlari o’shatta joylashgan.O’shani uchun ko’pincha voqtini ha, ko’ngilli voqtini o’shatta o’tkazadi.Kechququngi voqtini ham o’shatta o’tkazadi. Bitta narsani qo’shimcha qilib ketmoqchiman shu nimani yakunlash uchun… Gulnoradan ketganim, vatandan ketganim, mana hozir rus gazetalarda yozib, mani nomim tilga olingani hammasi Gulnora tomonidan , uni xavfsizlik xizmati tomonidan uyushtirilgan nima… Chunki mani biladiganlar biladi O’zbekistonda ham, bo’tta ham. Gulnorani qandoq insonligini hamma biladi.Hamma biladi, hatto o’sha atrofida ishlab yurganlar ham biladi.
Tasavvur qilingki o’zini bolalarini, farzandlarini otasiga, qolaversa o’zini o’n yil turgan turmush o’rtog’iga o’lim nima qilgan… Boya aytmadim sizga, yanvar oyida, shu 2003 yilda Gulnorani chetda, Sharjida politsiya qo’lga ushlagan. Shu sud qarori bo’yicha, bolalani olib qochib ketgani bo’yicha. Gulnorani aeraportda ushashgan.U voqtda man oldida edim. Chunki ko’pincha chet elga chqsa mani oldida olib yurardi. O’shanda hech bir nimamdan chiqib ketmaydi shu taassurot…juda bir og’ir nima bo’gan. Tasavvur qilingki aeraportda chat el xavfsizlik xizmatlari tomonidan O’zbekistonning qizi, O’zbekistonning podshosining qizi, prezidentining qizi qo’lga tushdi.Atrofidegi hech anaqalari ham, telexranitellari ham, soqchilari ham, yana o’sha paytda aeraportda O’zbekistonning vitse konsuli bor edi, «O’zbekiston havo yo’llari»ning bosh vakili bor edi o’sha mamlakatdagi, hech kim yordam berolmadi. Juda bir og’ir nima payt edi, yig’lab o’shanda onasiga telefon qigandi. Onasi, Tatyana Akbarovna bilan gaplashib… Unda yakshanba kechasi edi.Yakshanba kechasi xavfsizlik xizmati xodimlari Gulnora bilan yuradigan, ular tabiiyki o’zlarini idorasiga telefon qilishni boshlashdi.Qiyin ahvolda qoganda, o’shanda shunaqa gaplarni aytdi…Jahongir aka, mana man nimaga aprelda keyin qochib keldim? Nima uchun man aprelda, shu yil qochishga qaror qildim Gulnoradan?..
O’sha voqea mani anaqamga kotta nuqta qo’ydi. O’zimga o’zim aytdim, yo’g’ dedim, nima bo’masa ham ketaman, dedim. O’shanda onasiga telefon qilganda, keyin xavfsizlik xizmatini boshlig’iga toshkentga telefon qiganda, etgan… Rus tilida endi yig’lab gapirganda, so’kib, nima qilib gapirganda etgan… Bo’ldi, qachongacha anaqa qilasanla, qachon manga…va’da beruvdinla bu odamni yo’q qilib yuborishga…’ Ya’ni Mansur Maqsudiyni…Bilmayman, Olmaotadan yuborasanlami, Moskvadan yuborasanlami, lekin uchib kesin, manasu ikki kunda uchib kesin, bo’lmasa bular ketib qolishadi. Yo’ q qivorlaring, manga va’da bergansanlaru’, deya do’q-po’pisa qigan. Biza eshitib bu narsalarni, qanaqasi… Kinoda ham eshitmaysiz bu narsalarni-dey. Judayam anaqa… Hozir man to’g'ri so’zla ishlatib bu narsani tasvirlab bera olmayapman.Lekin hammamiza o’shanda manashundoq jim bop qoganmiza. O’shandan keyin… Keyin baribir qutilib chiqib ketgan. Aeraportdan ketgan. Aniq etolmayman qaysi yo’llar bilan ketganini.Lekin o’sha mamlakat nimalari uni chiqarib yuborishgan, samalyotga o’tirib ketgan.Lekin samalyot bir uch soatga to’xtatilgan edi, hamma odamlar to’planib nima qilib o’tirishgan. «Farhod, degan, qara degan ikki-uch kunlada odam keladi, sanga telefon qilishadi.Yordam bergin bulaga» degan. Ya’ni, odamla, o’sha ijrochila keladi, deb aytgan manga. Shu voqeadan keyin bu bir qattiq nima bo’lgan manga… Man undan keyin u bilan boshqa qolish istagim bo’lmagan.
-Rahmat suhbatingiz uchun!
24.OTASINING QIZI
O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning New Jersey shtati Oliy sudidagi mojarosi yana bir haqiqatni isbotladi. Bu esa O’zbekistonda qonunlar xalqqa boshqa va prezident oilasiga boshqa ekanligidir. Qolaversa, bu Konstitutsiyada “Prezident qonunlar kafolati” degan gapning O’zbekistonda puch ekanligini ham isbot etdi.
Ma’lumki, sud Gulnora Karimovaga bolalari Islom va Iymonni Amerikada istiqomat qiladigan otasi Mansur Maqsudiy bilan telefon orqali gaplashishlariga sharoit yaratishni buyurgandi.
9 yoshli Islom telefonda otasiga “Sen bilan gaplashmayman” degandan keyin sud bolaga tashqi ta’sir bo’lgan, deya videoga yozib olish sharti bilan qaytadan suhbat uyushtirishni buyurdi. Ammo Gulnora Karimova bu talabni ham inkor etdi. Sud “Agar bu talab bajarilmasa, Gulnora Karimovani qamoqqa olish haqida qaror chiqarishi” aytdi.
Shu orada bolaning ilgari ruhiy kasalliklar doktoriga ko’rsatilgani va uning ruhiy jihatdan davolangani ham kun tartibiga keldi.
Sudning talablari qanday bajarilayotgani, jumladan Karimovani qamoqqa olish borasidagi ogohi munosabati bilan ochilgan navbatdagi mahkama majlisida Gulnora Karimovaning advokati uning nomidan bayonot qilib, “malika”ning diplomatik daxlsizligi mavjudligini ilgari surdi.
O’zbekiston hukumati 1997 yilda unga diplomatik daxlsizlik haqini bergan ekan. Har holda buni sirtdan Oliy Majlisdan ham o’tkazib qo’yishgan bo’lishsa ajablanadigan joyi yo’q. Chunki O’zbekistonda bo’lmaydigan ishning o’zi yo’q. Shu bois sud bu daxlsizlk nimadan iborat ekanligini o’rganish uchun mahkamani yana kechiktirdi.
Gulnora Karimova Amerikaga turmushga chiqqanda bu erda doimiy yashash statusini olishi bilan Qo’shma Shtatlar qonunlariga bo’ysunish majburiyatini ham qabul qilgan. “Gren kard” olganda esa qonunlarga bo’ysunaman deb, qo’lini ko’tarib qasam ichgan.
AQShda prezidentning bolalari qonunni buzgan taqdirda, ayniqsa, fuqarolik qonunlari bilan ish ochilganda sudga bormasin, yoki sud qarori unga nisbatan qo’llanilmaydi, degan qoida yo’q.
Hatto bevosita daxlsizligi bo’lgan prezident va kongresmenlar ustidan ish ochilganda ham bu ma’lum davrga kechiktiriladi va daxlsizlk muddati tugashi bilan ish qayta ochiladi. Ya’ni qonundan qochish yo’q. Bu barcha demokratik davlatlarda, qonunlar hurmat qilinadigan joylarda ham shunday.
Hato Janubiy Koreada prezidentning o’g'li ustidan ish ochilganda otasi xalqdan uzr so’radi va bolasi boshqalar kabi qonun oldida teng ekanligini aytdi. Shunday ekan, Gulnora Karimovaning diplomatik daxlsizligi nimadan iboratligi tabiiyki nafaqat sudni, balki jamoatchilikni ham qiziqtirardi. Chunki, O’zbekistonda deputatlik daxlsizligi bo’la turib Shovruq Ro’zimurodov, Inomjon Tursunov, Samandar Qo’qonov va boshqalar qamoqqa olingani, bugunga qadar bu an’ana davom etayotgani misollari ko’p. Buni qonunlar shunday, oldin qamoqqa olib, keyin daxlsizlik bekor qilinadi, deb izohlab kelishadi.
Endi, agar prezidentning qizi daxlsizlik orqasiga bekinadigan bo’lsa, o’rtada ziddiyat kelib chiqmaydi-mi? Tabiiyki kelib chiqadi. Amerikada qasamga xiyonat etsa, O’zbekistonda qonunlarni bepisand qilsa va otasi qonunlar posboni bo’lsa, demak, xulosani o’zingiz chiqarib olavering.
1991 yilda men Islom Karimov O’zbekistonni shaxsiy mulkiga aylantirib oldi, deya tanqid qilganimda, tanbeh berganlar ko’p bo’lgandi. Hayot ko’p narsani isbotlaydi, jumladan, mening gapim ham to’g'ri bo’lib chiqqanini o’tgan yillardagi va bugungi voqelikning o’zi isbotlab turibdi…
Nyu Jersey shtati Oliy sudi prezidentning qizi Gulnoraning diplomatik daxlsizligi borligini ro’kach qilganini o’rganib chiqib, vajni rad etdi va 9 yoshli Islom hamda 4 yoshli Iymonga otasi Mansur Maqsudiy egalik qilishi haqida qaror qildi. Ya’ni Gulnora Karimovani onalik huquqidan mahrum etdi. Bu esa AQShning barcha huquq tartibot organlari sudning qarori bajarilishi uchun birinchi galdagi imkoniyatdanoq foydalanib bolalarni otasiga qaytarishlari kerakligini anglatsada, bolalar hali ham “diplomat” Gulnorada.
Oliy sud mazkur masalaning moliyaviy jihatlarini ham ko’rib chiqdi. Islom Karimovning sobiq kuyovi Mansur Maqsudiy huquqiy xarajatlar uchun oldindan 80 ming dollar to’lagan va buning bir qismini Gulnora Karimova ko’tarishi kerakligi masalasida sudga murojaat qilgan ekan. Sud Gulnora Karimova huquqiy xarajatlar, xalqaro ekspertlarga to’langan mablag’, qaydiyat masraflari hamda boshqa xarajatlar uchun darhol 50 ming dollardan ziyod pul to’lashi kerakligini qarorga bog’ladi.
Maqsudiyning advokati, Gulnora Karimovaning bu pulni darhol to’lamasligi uning mol-mulki yuzasidan hukm chiqarishga yo’l ochishini, Gulnoraning dunyoning juda ko’p joylarida, jumladan Shvetsariya va Kayman orollarida hisoblari, mol-mulki mavjudligini aytdi.
Shuningdek,Gulnora Karimova o’z advokatiga qo’shimcha ravishda 200 ming dollar to’lashi kerakligi ham ochilib qoldi.
Ajaralish mojarosi davomida bolalarning salomatligi hamon diqqat markazida turdi. Gulnora Karimova bolalarni otasi bilan gaplashtirmagani haqida sudga yozgan izohotida o’g'li Islom ruhiy jihatdan sog’lom emasligi va uni ruhiy kasalliklar shifokoriga ko’rsatib turish kerakligini qayd etgan.
Bola ilgari otasi bilan gaplashgandan keyin yana ham og’ir vaziyatga tushgani aytildi. Shuningdek, Gulnora Karimova qizi Iymon ingliz tilida gaplashishni unutgani va Mansur o’zbek tilini bilmagani bois u bilan muloqot qilish imkoniga ega emasligini aytgan. Bu bahonalar esa sudda otaning foydasiga qaror chiqishiga sabab bo’lgan omillardan biri edi.
Xullas, O’zbekiston va Amerika orasidagi ajralish mojarosi Gulnora Karimovaning ketma-ket mag’lubiyatlari va prezident oilasining sirlari ochilishi bilan bilan davom etdi.
O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning dunyoning juda ko’p mamlakatlarida hisob raqamlari borligi oshkor bo’ldi. Xo’sh, bu hisoblarda qancha mablag’ bor va bu pullar qaerdan topildiyu nega chet ellarga chiqib ketdi? Buning ustiga o’zbek podshosining qizi bo’lgan malikai turondotning chet ellarda katta mol-mulki ham borligi aytilmoqda. Amerika mahkamasida aytilgan bu gaplarga nahotki O’zbekistonda munosabat bildiradigan kishi yo’q?
O’zbekning boyligi, o’zbekning puli shu qadar ham egasiz-mi? O’zini muxolifat deb yurganlar nega bu masaladan ko’z yumib kelmoqdalar? Nega buni tinimsiz fosh qilish haqida o’ylamayaptilar? Agar biror-bir g’arb davlatida shunday voqea o’rtaga chiqsa, bu muxolifat uchun eng katta qurol bo’lishini biznikilar bilmaydilar-mi? Nega muxolifat maxsus bayonotlar bilan chiqmadi va nega o’zini mard hisoblagan deputatlar parlamentga so’rov kiritmadilar?
Savollar va savollar…
Dunyo matbuotida eng ko’p yoziladigan va eng ko’p o’qiladigan mavzulardan biri mamlakat rahbarlarining oilalari, yaqinlari bilan bog’liq xabar hamda maqolalardir. Ma’lumki, bu mavzu O’zbekistonda yopiq. Agar O’zbekistonda matbuot erkin bo’lganda eng ko’p yozilgan va va eng ko’p o’qilgan xabar, maqolalardan biri prezident Karimovning qizi Gulnora Karimova bilan bog’liq bo’lgan bo’lur edi.
Aslida demokratik jamiyatlarda bu narsadan qo’rqilmaydi va buning siyosiy faoliyatga u qadar ta’siri ham yo’q. Siyosatchining oilasi va o’ziga ayri-ayri qarash shakllangan. Masalan, 2002 yil saylov arafasida prezident Bushning ukasi Florida shtatining gubernatori Jeb Bushning qizi narkotik iste’mol qilgani va uni davolanishga yuborishganda bosh tortgani uchun sud huzuriga olib chiqilgani nafaqat Amerikada, balki G’arb o’lkalarida juda ko’p yozildi. Ammo saylovda Bushning partiyasi g’olib chiqqani barobarida ukasi ham Florida gubernatorligiga qayta saylandi. Ya’ni qizi bilan bog’liq masalaning saylovga ta’siri bo’lgan emas.
Ammo odamlar qiziqqani uchun bu mavzu izchil yoritib borildi. Agar bu narsa yashirilsa va xalq mish-mishlar orqali buni eshitsak u holda saylovda jidiy to’siq tug’ilishi mumkin.
Demokratiya va oshkoralikning kuchi ana shunday holatlarda yaqqol ko’zga tashlanadi.
Lekin O’zbekistonda prezidentning qizi Amerikalik eridan ajralganda ham xalq bundan bexabar bo’ladi va yoki xorijiy matbuotdan, bilganlardan eshitadi…
Gulnora va Mansur mojarosi davom etar ekan, sudning talabi bilan telefon so’zlashuvi tashkil qilinganda 9 yoshli Islom uzoq vaqt ko’rmagan va mehriga zor bo’lgan otasiga “Men sen bilan gaplashishni istamayman” deb javob bergan emish. Sud bu ishga psixologni taklif qildi va video tasmaga yozish sharti bilan suhbat uyushtirishni buyurdi. Agar bu amalga oshmasa sud Gulnora Karimovani qamash va kuniga 500 dollardan jarima to’lashi haqida qarorga kelishini ma’lum qildi. Amerika zehniyatida 9 yoshli bolaning bunday javob qilishini chetdan ta’sir va yoki kasallik belgisi, deb qarashadi. Xullas, nikohni Amerikada qilib, ajralishini O’zbekistonda hukmga bog’latgan Gulnora Karimova bilan bog’liq masalada sud unga yana muhlat tanidi.
Qiziq… Indoneziya prezidenti Megavati Sukarnoputrining 50 yoshli ukasi Muhammad Guruxning 23 yoshli O’zbek raqqosasi Sabina Guseynovaga uylangani haqida rosa yozildi. Masalan, butun boyliklarini oilasiga emas, millatiga me’ros qoldirgan prezident Sukarnoning o’zini muzika olamiga baxshida qilgan uncha boy bo’lmagan o’g'li o’zbek xotinidan besh bola istaganmish. Guruxning otasi Sukarnoning ettita xotini bo’lgan ekan. Muhammad Guruhning esa noyashirin 20 ga yaqin jazmani bor emish…
Bu haqda bot-bot yozildi ammo Gulnora masalasida o’zbek matbuotida jimlik…
Qachon O’zbekistonda Prezidentinining ham oilasi haqida hamma gaplar ochiq yoziladigan bo’lsa, demak o’shanda bu yurtga demokratiya oralabdi, deyish mumkin. Chunki bu demokratiyaning muhim uchqunidir. Ungacha esa “yopiq qozon”- kommunistik tizimning qoidalari hukmron bo’lib qolaverad…
Gulnora Karimovaning sud mojarosi bitgan emas.
2002 yilning 27 Noyabr kunidagi mahkamada Nyu Jersey Shtatining Oliy sudi Gulnora Karimovaning diplomatik daxlsizligi haqidagi da’vosini inobatga olmadi va u Amerikada bu erning barcha qonun-qoidalariga rioya qilish haqida qasamyod qilib, turmish o’rtog’i bilan doimiy istiqomat qiluvchi statusida yashagan, degan qarorga keldi.
Sud O’zbekistonning BMT qoshidagi vakilining Gulnora Karimova diplomatik daxlsizlik huquqiga ega, degan da’vosini (BMT qoshidagi vakilning bunday vakolatga ega bo’lib- bo’lmagani ham bir masala) rad etar ekan, agar shunday bo’lganda bu AQSh davlat departamenti tomonidan rasman tasdiqlanishi kerak, edi dedi.
Nima bo’lganda ham 1991 yilda AQSh fuqarosi Mansur Maqsudiyga turmushga chiqqan va oradan o’n yil o’tib ajralish qarorini o’zi nikohdan o’tgan Amerikada emas, balki otasining vazifasidan foydalanib, g’ayriqonuniy ravishda Toshkentda rasmiylashtirgan Gulnora Karimova Nyu Jersey oliy sudining qarori bilan onalik huquqdan mahrum qilingani prezident oilasining parvoyiga ham kelmadi.
Bu O’zbekistonda qonunni chetlash, qonundan qochish, qonunni bepisand qilish Islom Karimovning va oilasining asosiy “fazilati”ga aylanganiga yana bir dalildir.
25. ShOVRUQ RO’ZIMUDROOV
1990 yilning 24 mart kuni O’zbekiston Oliy kengashi to’qqizinchi chaqiriq birinchi sessiyasida SSSR xalq deputati Ahmadjon Muxtorov nutq so’zlab: “Demokratik jarayonlarni yanada rivojlantirish, siyosiy o’zgarishlarni chuqurlashtirish, konstitutsiyaviy tuzumni, fuqarolarning huquqlarini, erkinliklari va xavfsizliklarini mustahkamlash, boshqaruv oliy organlarining o’zaro aloqasini takomillashtirish maqsadida prezidentlik boshqaruvi joriy etishni” taklif qildi.
Bu taklifga qarshi chiqqan falsafa fanlari nomzodi Toyiba To’laganova O’zbekistonning bugungi sharoitida prezidentlik boshqaruvi yakkahokimlikka olib kelishini va demokratiya istab diktaturaga yo’liqishimizni, kommunistik partiya tarbiyasini olgan rahbarlardan chiqadigan prezident “tashi” boshqa bolgani bilan ichi ayni tarzda qolishini aytdi. U demokratiya o’rnatilishi uchun parlament boshqaruvi zaruratidan so’z etdi.
-Bunday fikr ayol kishidan ciqmaydi, ayollarning aqli kalta bo’ladi, taklifning ortida qandaydir kuchlar bor,- degan O’zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi, KPSS MK siyosiy Byurosining a’zosi Islom Karimov Toyiba To’laganovani ochiqchasiga kamsitdi. Tanaffusda mahalliy muxbirlarga intervyu berar ekan “Ayollar tovuq miya bo’ladi” deyishgacha borib etdi. Uning gapiga qo’l siltab ketganlardan biri Shovruq edi.
Prezidentlik lavozimi haqidagi qarorni qabul qilish va Karimovni saylash boshlanganda Shovruq so’z so’radi. Lekin do’ppini salla qilib ko’rsatish darajasida ustamon bo’lgan majlis raisi Mirzaolim Ibrohimov:
-Uka, siz emas, yoningizdagi odam gapirsin,- dedi.
U odam esa so’z so’ramaganini aytishga xijolat chekar ekan, Shovruq o’rnidan turib gapira boshladi. Unga mikrofon kerak emas edi. Uning gurillagan tovushini majlislar zalining har joyidan ham eshitsa bo’lardi. Shovruq: ” Men bu odamni Qashqdaryodan bilaman. Bu odam prezidentlikka loyiq emas. Agar prezident bo’lsa, hammangiz pushaymon bo’lib qolasiz hali…” dedi.
Shovruq qo’li bilan minbarga ishora qilib gapirar ekan Karimov qizarib ketdi. Mikrofonnni jahl bilan oldiga tortdi. Lekin nimadir esiga tushgan kishidek yana mikrofonni raisning oldiga surdida ” Bas qiling maynavozchilikni” dedi. Rais darhol bas qildi. Muzokaralar to’xtatilib “bir ovozdan” prezidentlik lavozimi tashkil qilindi va “bir ovozdan” Karimov saylab yuborildi.
Shovruq kechagi kunnni ko’rib, kelajakni aytayotgandi. Keyinchalik Karimovning Qashqadaryo viloyat partiyasi birinchi kotibi bo’lgan paytida qo’shib yozish, ko’zbo’yamachiliklardan boshlab yana boshqa jinoyatlariga qadar hujjatlarni Oliy kengash hay’tiga taqdim etgan xalq deputati Inomjon Tursunov qamaldi.
Karimov bilan yuzma yuz bo’lib kamchilklarini yuziga aytgan Samandar Qo’qonov umrbod turmaga tiqildi.
Karimov bilan Qashqadaryoda tortishgan va so’ngra bu kurashni Oliy majlisga tashigan Murod Jo’raevning o’n gulidan bir guli ochilmagan o’g'li o’ldirildi, o’zi zindonband etildi.
“Nega jinoyatchilar hukumat boshiga kelmoqda, nega mafiya hukumatni qo’lga olmoqda?” degan Meli Qobulov temir panjaralar ortiga jo’natildi va hokazo va hokazo…
Shovruq bularni oldindan ko’ra olgandi. O’sha kuni tanaffusda Ahamadjon Muxtorov bilan gaplashib turganimizda Shovruq oldimizga keldi.
-Siz bilib qo’ying ,- dedi u Ahmadjon akaga,- Bu odam rafiqini ham, raqibini ham kechirmaydi!
Ahmadjon akaning ko’zi yonib ketgandek, bo’ldi. Darhol daftariga bu so’zlarni yozib oldi. Keyin:
- Ukajon Moskavda Gdlyanchilar bilan kurashda yakkalanib qolayapmiz. Deputatlar partiyadan qo’rqishadi. Prezidentlik tashqil qilinsa, partiyaning ta’siri kamayashi mumkin. Men hozir bu odamdan boshqa liderni ko’rmayapman, keyinchalik balki boshqa kadrlar chiqar- dedi.
Ahmadjon aka o’sha kezda Karimovga sidqidildan ishonardi.
Shovruq uning Qashqadaryoda odamlarga zulm qilgani, O’zbekiston Kompartiyasining Moskavadan yuborilgan ikkinchi kotibi Anishchev bilan birgalikda ko’p odamni qamatib yuborgani, Gdlyan to’dasi bilan ham aloqasi borligini aytar ekan Ahmadjon aka:
-Ukajon devorning ham qulog’i bo’ladi, bu gaplarni menga aytdingiz boshqaga aytmang, bunday gaplar uchun kechirmaydi bu badbaxtlar,-dedi.
-Xalq bu gaplarni aytish uchun meni majlisga yuborgan ,- dedi Shovruq.
Keyinchalik Farg’ona voqealarini bosdi- bosdi qilib yuborgani, Parkentda oddiy odamlarni otishga buyruq bergani, atrofidagilarni haqoratlab do’pposlagani va boshqa “hunarlari”ni ko’rgandan keyin Ahmadjon aka ham Karimovni tanidi. Shu bois ham u o’zi bosh muharrir bo’lgan gazetada tanqidiy maqolalar va tahliliy chiqishlarga yo’l ochdi. Ammo Karimov uni quvg’inga oldi. Keksa jurnalistga ish berdirtirmadi. U sarson sargardonlikda yurib miyasiga qon quyildi…
Karimov Toyibani ham kechirmadi. Uni Oliy kengashdagi ishidan quvdirdi. Dorilfununga qaytgandi, u erda ham ta’qibga oldi. Toyiba ham oramizdan erta ketdi…
Shu o’rinda kichik bir chekinish: Iosif Stalin tarixni o’zi yozdirgani kabi qoldirishni istab guvohlarni yo’qotishga kirishganini bugun gapirishga hojat ham yo’q. Lekin tarixning u bekitgan sahifalari bugunga kelib ochildi. Stalin davrida oldirilganlar haqidagi malumotlarga qarasangiz, biriga “Qamoqda o’zini osdi”, boshqasiga “Miyaisga qon quyildi”, keyingisiga “Og’ir xastalikdan o’ldi” degan xulosalar qo’yilgan. Lekin ularni o’ldirishgandi…
Karimov o’zini kechirmasligini Shovruq yaxshi bilardi. Zotan deputatlar orasida kaltak birinchi bo’lib uning boshida singandi. Karimov 1990 yilning 24 mart kuni prezident bo’lgan bo’lsa, oradan bir hafta ham o’tmay Shovruqni to’rtmi, beshmi bolasi bo’lgan bir ayolga uy olib berganlikda ayblashdi. Yani deputat bunaqa ishlarga aralashmasligi kerak ekan. Bir oydan keyin, May oyida esa norasmiy mitinglar va boshqa bo’htonlar bilan qamoqqa olishdi.
Oliy kengash hay’ati uni qamashga sirtdan izn berib yuborganini eshitib, qo’mita raislariga norozilik bildirdik va masalani sessiyaga olib chiqajagimizni aytdik. Karimov Majlis raisiga “Uni olib kelib prezidumda muhokama qilib, deputatalikdan chiqaringlar, qolganlarga dars bo’lsin” deb aytibdi. Raisga “Bu gapimni ham ayt” degan bo’lsa kerakki u “Oqsoqol shunday dedilar” deb qo’rqmasdan aytgandi bu gapni.
Biz qo’mita raislariga bu qaqshatqich zulmning ilk odimi, uni to’xtatish qo’llaringizda” deb Shovruqni saqlab qolish masalasida tazyiq o’tkazdik. Ular o’zlari bir narsa qila olmasliklarini, lekin bizlarni hay’at majlisiga kiritish uchun ovoz berajakalarini aytishdi. Qo’mita raislaridan, shoir Erkin Vohidov esa “Bizga oldindan qo’l qo’ydirib olishgan, muhokama qilish rasmiyatchilk, xolos, baribir bir narsaga erisha olmaysizlar, deb hay’at majlisiga kiruvchilarning shahdini sindirdi. Bu masalani tortishib turganimizda mirshablar Shovruqni olib kelishdi.
U xalq tomonidan saylangan parlamentiga mirshablar qurshovida, qo’lida kishan bilan kelayotgan edi. Kiyimlari g’ijim. Soqoli o’sib ketgan. Ko’zlari cho’kkandi. Biz unga peshvoz chiqdik.
-Bularning kuchi etmadi. Olib kelgan yangi kiyimlarini ham kiymadim. Soqolimni olish haqidagi buyruqlarini ham bajarmadim,- dedi u.
Uni majlisga olib kirishdi. Mirshablarga topshiriq berib, hozir prezident kelajagini va ichkariga hech kim olinmasligini aytishdi. U paytda hali mirshbalarning ko’zida bir oz bo’lsada qo’rquv bor edi. Bizning yo’limizni to’sa olmadilar. Ichkariga kirdik. Rais darhol majlisni to’xtatib, “Men pastga, prezidentni kutib olishga borayapman” deb chiqib ketdi. U ham, Prezident ham kelishmadi. Shovruqni esa olib ketishdi.
Biz masalani sessiyada ko’tardik. Kaminaning Shovruq haqida aytgan gaplarimni o’shanda ko’pchilik eshitgan. Sessiya majlisini televidenie orqali namoyish qilishga erishgandikyu Bugun Shovruqni qamashgan bo’lishsa, ertaga navbat boshqalara keladi. Bugun kaltak, ertaga qamoq va indin o’ldirishgacha borib etishadi. Buni bugun to’xtatmasakb ertaga kech bo’aladi degandim. Ming afsuski toxtata olmadik va kech bo’ldi.
Bugun Shovruqni… Shovruqlarni yo’qotib turibmiz…
Ana shu dard bilan prezident devonida ishlayotgan eski do’stlardan biriga sim qoqdim. Uning ham dardi ichida ekan. O’zi tinch bir joydan telefon qilajagini aytdi. U bilan uzoq gaplashdik. Anchayin qo’rqmasligidan prezident devonidagi vaziyatni ham taxmin qilish qiyin emas. Hatto uning xorijga ketib qolishga ko’ngli bordek tuyuldi menga.
Unga ko’ra O’zbekiston Islomiy harakatini qo’llaganlardan biri Ibrohimbek “qo’rboshi”ning nevarasi, xorijda yashayotgan Hoji Jamshid Tilav o’gli Azimiy Qashdarayolik bo’lib, harakat uning istagi bilan shu zonalarga hujum qilishi mumkin, degan xabar olingan. Buning ustiga Qashqadaryoda Hizbi- at Tahrirning faoliyati ham kuchaygan. Karimov maslahatchilaridan biriga topshiriq berib Qashqadaryoda jiddiy tadbirlar olishni buyurgan. Ichki Ishlar vaziri Zokir Almatov darhol Qashqadaryoga yuborilgan. Qaytib kelgach maslahatchi bilan birga vaziyat haqida hisobot tayyorlashgan.
Karimov o’zi taniganlarining nomini eshitsa jazavaga tushishini yaxshi o’rganib olishgani uchun hisobotda asosan Shovruq haqida so’z yuritishgan: Shovruq Surxondaryodagi ko’chmanlar bilan aloqaga kirgan. U erdagi gaplarni butun dunyoga ovoza qildi… Shovruq Hizbu at Tahrirning varaqalarini kompyuterda yozib, ko’paytirib bermoqda… Shovruq Moskvadagi “Memorial”ga a’zo bo’lgan va bu tashkilotning rahbarlaridan biri Vitaliy Ponamarev O’zbekistonni yomonlab gapirayotgan hamma gaplarni u etkazib turibdi. Ponamarev O’zbekistonga kelganda ham u olib yurgan. Olmoniyadan kelgan “Fokus” jurnali muxbirlarini ham Surxondaryodagi lagerga u olib kirgan va hokazo.
Hisobotni eshitgan Karimov darhol Shovruqni ushlab kelishni va u bilan o’zi hisob-kitob qilishini aytgan. Zokir Almatov bu ishni asli qashqadaryolik bulgan polkovnik Mahmud Bekmurodovga topshirgan. Shovruqni 2001 yilning 15 Iyun kuni ko’chada ushlab Toshkentga olib kelishar ekan, mahalliy mirshablarga “hujjatlarni” tug’rilab qo’yish buyurilgan. Mirshablar uning Yakkabog’ tumanining Olaqarg’a qishlog’idagi uyini bosishgan.
Manbaning aytishicha “xumordan chiqish” va taniganlarini do’pposlab kelish uchun Islom Karimov Ichki Ishlar vazirligining erto’lasiga borib turishini prezident devonidagilar yaxshi bilishar ekan.
Agar 1991 yilning kuzida Oliy Kengash raisi A.Yuldoshevni tepgani, o’shanda Savdo vaziri bo’lgan Mirabror Usmonovni urgani va Bosh vazir o’rinbosari Baxtiyor Hamidovni do’pposlaganini ko’rmaganimda bu gaplarga ishonmagan bo’lardim.
1993 yil 17 aprel kuni meni ushlab Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i generel Tuxtaevning xonasiga olib kelishganda avval prezident maslahatchisi Temur Alimov unga telefon qilib ertalabgacha yo’qotish haqida buyruq berilganini aytgani, general vaqt so’ragandan keyin prezidentning o’zi telefon qilib baqirganiga guvoh bo’lmaganimda ham shubhaga borishim mumkin edi.
Buning ustiga ularning “Shovruq o’zini osib qo’ydi” degan bahonalari ham qing’r ishning qiyig’ini ko’rsatib turibdi. Shovruq o’zini osadigan darajada zaif emas edi. U ham jismonan, hamda ma’nan juda kuchli inson edi. Uning akasi Shavkat Ro’zimurodovning “Ukaming vujudida zadalanmagan sog’ joyi qolmagandi” degan gaplari ham ko’p narsaning dalolati. Boshidagi jarohat izlari esa uning zulmga bo’ysunmagani belgisidir.
Ha, u zulmga bo’ysunmas va qo’rqmas edi. U hech kimdan, ayniqsa Karimovdan qo’rqmas edi.Qo’rqoqlar kuchlari etmaganda yo tuhmatga boshlaydilar va yoki jirkanch qiyofaga kirib nomardlik qiladilar.
Ana shunday nomardlik bois 2001 yilning 6 Iyul kuni O’zbekiston Inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryo viloyat kengashi raisi, sobiq O’zbekiston Xalq deputati, “Birlik faoli” Shovruq Ro’zimurodov o’ldirildi. O’zbekiston tarixidagi bu qora dog’ni Karimov ham, uning malaylari ham yuva olmaydilar.
26.SAMANDAR
Islom Karimov juda ham qo’rqadigan odamlardan biri Samandar Qo’qonovdir.
Samandar Qo’qonov asli forishlik. Otasi Sovet davrida tadbirkor bo’lgan. Bitta qo’yini ikkita qilgan va oxirida yuztaga etkazgan hamda “Bizning davrimizda boylar bo’lmasligi kerak” degan rejimning quvg’iniga uchragan oddiy cho’pon ekan.
-Toshkentdan borib “Qo’ylaringiz qani?” deyishsa chorvasini Qozog’istonga haydab qo’ygan bo’lar ekan, agar Qozoqlardan tekshiruvchi kelsa, qo’tonni Forish tomonda qurar ekan, xullas o’z moliga o’zi xo’jayinlik qila olmas,-deb hikoya qilgandi u otasi haqida.
Ammo otasining qo’ylari akasiga qolgan. Unga o’tgani esa tadbirkorlik, ishbilarmonlik edi. U Forishda bir hisobchiga yordamchi bo’lganida:
-Cho’tni bunchalik sekin ishlatmaydilar!-deb ketib qolgan ekan.
U o’shanda cho’tdagi toshlarni bittalab sanab o’tirgan odam hisobchi emas, balki cho’tning toshlarini sanashni barmoqlariga yuklagan va qaramasdan “cho’t uradigan”odam hisobchi bo’lishi kerakligini orzu qilgan.
Tadbirkorlik va ishbilarmonlik qonda bo’ladi, deganlari rost ekan. U ko’p o’tmay shaharga ketadi va Gorbachevning qayta qurish yillarida zamonim keldi deb o’ylaydi. Toshkent viloyatining Chinoz tumanida joylashgan neftni qayta ishlash korxonasiga boshliq bo’lgandan keyin esa darhol ko’zga tashlanadi.
U birinchi bo’lib kommunistik partiyaning korxonadigi boshlang’ich tashkilotini tarqatib yubordi. Bu butun ittifoq bo’yicha shov-shuvga aylandi. Moskvadan Ichki ishlar vazirligining va KGBning harbiylashgan kuchlari Chinozga yuborildi va uning idorasini o’rab oldilar. Revizorlar ishga kirishib ketdilar. Tashqaridan kelganlar kiritilmas, ichkaridagilar chiqarilmas sharoit ekanini o’sha kezda bu erga kirib olgan “Svoboda’ radiosning muxbiri berib turgan xabarlardan eshitganmiz.
Olti oy qamal holida tekshiruv o’tkazilgan va jiddiy bir narsa topa olishmagandi. Keyin saylovlar boshlangach, tumanda yo’llarni qurib bergani, obodonlashtirish, gazlashashtirish ishlariga bosh-qosh bo’lgani bois uni xalq deputatligiga nomzod qilib ko’rsatishgan.
O’zbekiston Kompartiyasi boshida turgan Islom Karimov darhol uni yomonotliq qilish kerak, deb ko’rsatma bergach Toshkent viloyat gazetalarida u haqda feleton chop etiladi. Qo’yilgan ayb u kommunistik partiya boshlang’ich tashkilotini tarqatib yuborgani!
Karimov rejimi har qancha qarshlik qilmasin u deputatlikka saylanadi.
Birinchi sessiya tanaffusida novchadan kelgan, tovushi o’tkir bir kishi menga yaqinlashib:
-Jahongirsiz-a, men Samandarman,-dedi.
Gapning ochig’i men uning idorasini olti oy tekshirib bir narsa topa olishmaganiga uncha ishonmagandim. Chunki bunday idoralar qabohat botqog’iga botgan va u erda ishlagan hamma odam o’g'irlik qilar edi. Benzin bor joyda o’g'irlik yo’q desangiz sizni anqov deb o’ylashardi. Shu bois bu odamga uncha ishonqiramay qaradim va bir kuni:
-Taqsir boshqa bir idoraga rahbar bo’lganingizda gapingizga ishonardim, lekin o’g'rixonada ishlaysiz-ku?!-dedim.
Uning jahli chiqdi. Ammo bildirmay, jilmaydi.
-Bo’ri esa ham, emasa ham og’zi qon ekan-da! O’g'ri bo’lganimda katta o’g'rilar bilan o’chakishib qolmagan, ularning partiyasiga qarshi chiqmagan bo’lardim. Yuring bir kun shu o’g'rixonaga olib boray, yo’lda borguncha va qaytib kelguncha ko’p gaplarni aytib beraman, ham odamlar bilan o’zingiz gaplashasiz,-dedi.
Men uchun qiziq edi. Buning ustiga Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoev uning ustidan ish qo’zg’atish uchun Oliy majlisga talabnoma kiritgan va Karimov mendan ana shu masalani qo’llashni so’ragandi.
Haqiqatdan ham bir kunda ko’p narsani o’rgandim. Uning idorasida odamlarga yaratilgan qulayliklar boshqa bir joyda yo’q edi. Saunalardan tortib, bepul sartarosh xizmatiga qadar…
Sartaroshchi bilan gaplashib qoldim. Nuroniy bir kishi ekan. Toshkentda yashar ekan va har kuni shuncha uzoq yo’lga qatnar ekan.
-Men Rashidovning sartaroshi edim. Karimovni ham yaxshi taniyman,-dedi u.- Hamma kattalar menda soch oldirar edilar. Rashidov go’ridan chiqarilgan paytda meni ham tergovga tortishdi va ishsiz, ko’chada qoldim. “Senga nima gap aytgandi” deb ko’p qiynashdi. Bir kuni bir mulla yigit meni Samandar ukamizning yoniga boshlab keldi. U menga yaxshigina maosh tayinladi va istagan kunlarim kelib, odamlarga bepul xizmat qilishga buyurdi. Idoramizni o’rab olgan kunlari Karimov meni bu erdan olib, o’z idorasiga qaytarmoqchi bo’ldi, ammo bormadim…
Keyin Karimovning “o’ng qo’li” bo’lgan Zelemxon Haydarovga bu gapni eslatganimda:
-Agar shu odamni javob berganda ishi yopilib ketgan bo’lardi. Islom akamning juda jahllari chiqdi va Qo’qonovni qamoqda chiritaman, deb aytdilar. Hali ham bir gaplashing, shu odamga javob bersin,-dedi.
Samandar akaga bu gapni aytdim. Avval ranjidi. Chunki xabari yo’q ekan. Sartarosh uyiga telefon qilgan odamlar haqida va taklif borasida unga hech narsa demasdan rad javobi qilgan ekan.
Keyin birdan Samandar akaning yuzi yorishdi va:
-Oddiy odam bo’lsa ham juda mard ekan,-dedi sartarosh haqida.
Uning ishxonasida asosan yoshlar ishlar va ko’pchiligi machitga qatnar, namozxon yigitlar ekan.
-Bir kuni shuni ham sizga ayb qilishlari mumkin, u dindorlar tashkiloti qurib olgan deyishlari mumkin,-dedim unga.
-Siz aytgan kabi bizning idoraning nomi o’g'rixona bo’lib tanilgan, bu erda ishlagan hamma o’g'rilik qiladi, deb o’ylashadi. Shunday ham bo’lgan. Ammo men bolalarga birortang ham xalq mulkiga ko’z tikmaysan, deganman, buning ustiga ular namozxon bo’lishgani uchun Xudodan qo’rqishadi va yulg’ichlik qilishmaydi. Ammo ulardan radikal dindorlar chiqmaydi,-dedi,- ular aqli hushi joyida, past balandni tushunadigan yigitlar.
-Agar yulg’ichlik bo’lmasa odamlarga bu qadar ko’p maoshni qaerdan berayapsiz? Buncha sharoitlar qaerdan?-deb so’radim.
-Balki hali ham kimlardir yulg’ichlik qilar. Lekin na biz va na hukumat hali ushlagan emas. Sharoitga kelsak, hali, bu hech narsa emas, men Vazirlar mahkamsiga xat yozib jamoa uchun er ajratilishini so’raganman va bu erda ishlaganlarning hammasiga bittadan dang’illama uy qurdiraman,-dedi u.
-O’zingizga hammi?
-Men ham jamoa bilan birga yashayman. Qolaversa nega qurmasligim kerak?
-Lekin bu qadar pul osmondan tushadimi?
-Agar yo’lini bilsangiz osmondan tushadi. Men bugunga qadar xalqimning bir tiyiniga xiyonat qilganim yo’q. Rossiya bilan boshqa davlatlar orasida neft mahsulotlari oldi-sotdisida vositachilik qilamiz. Rossiyaga xaridorlar topib beraman, xaridorga esa arzon mahsulot va kelishuvning 10 foyizi bizning idoraga kelib tushadi, bu esa juda katta pul.
-Hukumatdagilar biladilarmi buni?
-Bizning hukumatdagilar hech narsani bilmaydilar va bilishni ham istamaydilar. Bir kuni Bosh vazirning o’rinbosari telefon qilib, Chinozda, katta yo’l ustidagi “benzokolonka”da uning yigitlariga yaxshi benzin berishmaganini aytib, shikoyat qildi. Men unga bizning “benzokollonkamiz” yo’q, u boshqa idoraga qaraydi desam ham ishonmadi. Bular hatto o’zlari rahbar bo’lgan sohalarning tuzilishini ham bilmaydilar,-dedi.
O’sha kunlari hukumat benzin narxlarini oshirib yubordi. Samandar Qo’qonov sessiyada mikrofon yoniga bormas edi, o’rnidan turib gapirardi va ovozi o’tkir bo’lgani bois hay’atdagilar bemalol uni eshitardilar. O’shanda u:
-Islom, aka, benzinni buncha qimmat qilishning nima keragi bor, menga imkon bering, bir haftada hammayoqni benzinga to’ldiraman, hukumat ham foyda qiladi, xalq ham,-dedi.
Karimov esa jilmayib:
-Mustafoevdan so’raymiz,-deya kinoya qildi va bundan jahli chiqqan Samandar Qo’qonov qo’l siltab, tashqariga chiqib ketdi…
Bir kuni uning idorasidagi kasaba ittifoqi raisi telefon qildi:
-Biz Erk partiyasining bo’limini tashkil qilayapmiz. kelishingiz mumkinmi?-dedi.
Muhammad Solih bilan birga bordik. Samandar Qo’qonov yig’ilishda qatnashmadi. Keyin u buning sababini:
-Yana men qatnashganim uchungina odamlar rejimga qarshi bo’lgan gaplarga qo’shilishdi,- deyishlari mumkin dedi u.
Uning idorasidan 500 kishi Erk partiyasiga a’zo bo’lishini Islom Karimov o’ziga qarshi yana bir hujum deb qabul qildi.
Oldin ham Karimov uni o’ziga qarshi chiqayotgan isyonchi deb bilar edi.
-Agar u “yo’q” desa biror kishi ham o’zicha bir ish qilmaydi,-degandi Karimov, 7-sessiyadan keyin u haqda gaplashar ekanmiz.
-U tadbirkor va ishbilarmon odam, ko’zi to’q, xalqning haqqiga xiyonat qilishni yomon ko’radi, topganini ishchilari bilan baham ko’radi, odamlar haqida g’amxo’rlik qiladi, nega undan foydalanmaysiz,-dedim men Karimovga.
-Bunday odamlar jamiyat uchun juda tahlikali,-dedi Karimov,-ular etmish yil zahmat bilan qurilganini bir kunda buzishni istaydilar. Axmoq olomon shundaylarga ergashib ketaveradi. Xalqning “Yangini qurmasdan eskini buzma” degan maqolasiga (maqoliga demoqchi-JM) qarshi bular. Bunaqa odamlarning o’rni qamoqda!
-Lekin eskini buzmasangiz yangini qaerga qurasiz, qolaversa, agar buzsangiz qurishga majbursiz, buzmasangiz boshpana borku, deb yuraverasiz..
-Bu ham o’shaning gapimi? Sizga ham ta’sir qilib bo’libdi-ku?-deya kesatti Karimov.
-Ta’sir qilib-qilmaganini bilmayman, lekin bugun ana shunday yangi qarashdagi ishbilarmonlardan qo’rqmasligimiz kerak,-dedim men.-Qo’llamasangiz ham uni o’z holiga qo’yishingiz kerak! Xalq unga ishonmoqda, jamoasi ishonmoqda, biz nega ishonmasligimiz kerak. U qurayotgan uyni kechasi yoqib ketishgani haqida prokuratura biror ish qo’zg’atgan emas, lekin akasining qo’ylari bor, deya uning ustidan ish ochilgani kulgili emasmi?
-Nima qiladi bo’lmasa benzinga xo’jayinlik qilib. Mafiyaning bolalari borgan ekan, 93-benzin kerak deb, bermabdi, mafiya bilan o’ynashib bo’ladimi? Nima u Xudo bo’ldimi? Shundan keyin yoqib yuborishadi-da,-dedi Karimov va birdan jim bo’lib qoldi. U aytishi kerak bo’lmagan gapni aytib qo’ygan edi.
-Uyiga o’t qo’yilganda jinoyat sodir etilib, prokuratura ish qo’zg’atmagan bo’lsa va ikkinchi holatda jinoyat bo’lmagan holda uning ustidan ish ochilgan bo’lsa, bu masalani sessiyaga olib chiqish kerak ekan,-dedim men.
-Uka, po’pisa qilmang, o’shaning ishini yopish kerakmi, ana Mustafoevga ayting, ishni to’xtatsin,-dedi Karimov suhbatimizga nuqta qo’yib.
Ammo Bo’ritosh Mustafoevga “To’xtatma!” deb aytibdi. Keyin bilsam, Mustafoev Samandar akadan bir million dollar so’rabdi va buni Karimovga berishi kerakligini aytibdi. Samandar aka Karimovni ham Mustafoevni ham haqorat qilib yuborganini oqizmay-tomizmay etkazishgani bois qo’zg’atilgan ish yana davom ettirilgan ekan.
Biz Mustafoevning talabnomasini bahona qilib, butun gapni sessiyada ochishga qaror qilganimizni kimdir Karimovga sotgandan keyin sessiya arafasida Mustafoev talabnomasini orqaga oldi va ishni yopdi.
Ammo oradan ikki yil o’tib, Karimov Oliy Majlisdagi muxolifatni bartaraf qilgach, Qo’qonov ustidan yana ish ochilgan. Men bu paytda Turkiyada edim. Eshitishimcha uning uy-joylari, boyliklari haqida maxsus film qildirishgan va uning nomini yomon oltiqqa chiqarishgan ekan. Ilgari feleton yozdirishgan bo’lishsa bu safar film qilishgan!
Samandar aka oshqozoni kasal odam edi. Doim parhezda yurardi. Uni Karimov 22 yilga qamab yubordi.
Uning “jamiyatimiz”ga yot bo’lgan bir odati bor edi, u ham bo’lsa cho’rtkesarligi. Ya’ni menga o’xshab ko’nglidagini qo’rqmay ochiq aytib yuborardi.
Ettinchi sessiya tanaffusida deputatlar Karimovni o’rab olishganda u:
-Taqsir siz o’zbek xalqining ajalisiz,-degandi u Karimovga.
Kin va gina saqlaydigan Karimov bu gapni haliga qadar unuta olmagani aniq. U haliga qadar Samandar Qo’qonovdan qo’rqadi. Xalq unga ergashib ketishidan, uning karimovlar qurgan eski, nuragan binoni buzishidan qo’rqadi.
Bir kuni ishga ketatganimda meni nomersiz mashina bilan urib ketmoqchi bo’lishdi, tasodifan qutulib qoldim, ammo ishga qadar orqadan quvib borishdi. Bu haqda hukumatdagilarga ham xabar berdik. Etibor qilishmadi. Ertasiga bu haqda “Izvestiya’ gazetasining birinchi sahifasida xabar chiqdi. Keyin bilsam Samandar aka gazetani olib, Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoevning yoniga borib, bu masalada ish qo’zg’atishni talab qilibdi.
-Har bir ko’cha harakatiga ish ochamizmi endi,-debdi Mustafoev.
-Ablah ekansiz-ku, xalq deputatiga, Oliy majlis qo’mitasi raisining o’rinbosariga, ERK partiyasi kotibiga suiqasd bo’ladiyu siz oddiy ko’cha harakati deysiz-a,-deya gazetani uning yuziga uloqtirib ketibdi.
Bo’ritosh Mustafoev bo’lgan voqeani so’zma-so’z yozib, Oliy majlisdan Samandar Qo’qonovga chora ko’rishni talab qilgandi.
Men unga:
-Qatag’on kundan-kunga oshib borayotgan bir paytda o’zingizni olovga urib nima qilasiz?-desam.
-Samandarman, o’zimni olovga urishim kerak!-degandi u.-lekin shu bilan mening ustimdan yo’q joyga ish qo’zg’agan Mustafoevning o’ziga o’zining necha pulligini isbot etdim.
Ismning ham ahamiyati katta deyishadi. Ba’zan ism ham insonning hayoti haqida bir qissadir. Xalqimizning rivoyatlarida, ertaklarida Samandar degan bir bahaybat jonivor olov ichida tug’ilib, olov ichida yashagani hikoya qiliandi.
Qarangki, Samandar Qo’qonov ham olovli bir davrda tug’ilib, umri olov ichida qoldi. Bu olovning go’laxisi esa Islom Karimovdir
27.MUROD
-Islom aka, odamlaringiz meni o’ldirmoqchi bo’lishdi,-dedi qorachadan kelgan, o’rta bo’yli, ozg’in bir yigit Karimovga.
U Muborak shahar ijroiya qo’mitasi raisi, O’zbekiston xalq deputati, Oliy Kengashning qonunchilik qo’mitasi a’zosi Murod Jo’raev edi.
Karimovning rangi oqarib ketdi. Bir menga qaradi va bir Murodga. Keyin:
-Mening odamlarim bo’lganini qaerdan bildingiz? Peshonasiga yozib qo’ygan ekanmi?-dedi Murodga darhol va menga yuzlanib,- Sizlar bu masalani ham o’rganishga kirishibsizlar-ku?!-dedi.
-Biz Oshkoralik qo’mitasida bu masalani bugun muhokama qildik…,-deya gap boshlagan edim, Karimov gapimni bo’ldi.
-Hali mish-mishdan iborat bo’lgan narsani qanday qilib muhokama qilasizlar, bu Oliy majlismi yoki militsiyami? Qanaqa qo’mita sizlar, prizidiumga talab qo’yasizlar? O’zlaringni kim deb hisoblayapsizlar. Shahar bedarvoza qoldimi?
-Qanaqa mish-mish bo’lishi mumkin?,-dedim men,-asosiy manba shu erda. O’zbekiston xalq deputatiga suiqasd qilinadiyu, biz indamasdan qarab turaverishimiz kerakmi? Mo’rod Jo’raev Toshkentga kelib, darhol bizning yonimizga emas, sizning huzuringizga borib, voqeani aytib bermoqchi bo’lgan. Siz esa uni yarim kun kuttirib, qabul ham qilmaganingizdan keyin biz masalani qo’mitada muhokama etdik. Ichki ishlar vazirini chaqirsak, unga “bormaysan” deb aytibsiz. Qo’mita majlisi haqida televidenie tayyorlagan xabarni ham to’xtatibsiz…
Karimov menga xuddi “eb qo’ygudek” bo’lib termulib qolgandi. Ko’zlarida g’ira-shira tabassum paydo bo’lgandi. Bu qahrning zaharxanda bir shakli edi. U mening gaplarimni eshitmayapti, deb o’yladim va gapdan to’xtadim. Ammo u eshitib turgan ekan, darhol javobga o’tib:
-Mening vazifam xalqni vahimaga solmaslik,-dedi,- hali o’rganilmagan, bilinmagan ishni qanday qilib matbuotga chiqarish mumkin?
-Islom aka, Qarshidan bu ishni o’rganamiz, deb yo’lga chiqqanlarni ortga qaytarish haqida buyruq beribsiz-ku?!-dedi Murod.
Bizni Karimov chaqirmasdan oldin birgalikda Qarshiga telefon qilgandik. Viloyat ichki ishlar boshqarmasining vakillari yo’ldan qaytishganini aytishgandi.
Murod Jo’raev shu kuni Toshkentga Oshkoralik qomitasining va “Tashabbus” guruhining majlislariga kelishi kerak edi. Ammo etib kelolmadi. U tushdan keyin kirib keldi va o’ziga suiqasd qilinganini aytib berdi. Bunga qadar u qonunchilk qo’mitasining kotibi Toshpo’lat Jo’raevga telefon qilib bo’lgan voqea haqida axborot bergan va Karimov qabulxonasida kutib o’tirganini aytgan ekan. Biz undan eshitgan va Murodning kelishini kutayotgan edik.
Noma’lum kishi yoki kishilar sahar soat beshda u yotadidan xonaning derazasidan uning yotog’ini o’qqa tutishgan.
-Men shu xonada yotishimni va har kuni soat oltida uyg’onishimni bilishgan. Ammo shu kuni Toshkentga keladigan bo’lganim uchun uyqum qochdi va ancha vaqt har ikki majlisda aytadigan gaplarimni o’ylab yotdim. Soat beshdan biroz oldin o’rnimdan turib, tashqariga chiqdim. Birdan o’q tovushini eshitdim. Xonamga yugurib kirib chiroqni yoqdim. Yotadigan to’shagimni cho’tlab otishibdi. Xayriyatki, umr yo’ldoshim boshqa xonada bolalar bilan birga edi. Kichkinamizning biroz tobi yo’q edi…Xullas, darhol hamma yoqqa xabar qildim va o’zim yashirin yo’l bilan aeroportga etib borib, Toshkentga uchdim. Doim darhol qabul qiladigan Karimov bu safar negadir umuman qabul qilmadi. Odamlar oddiy masalalar bilan kirib, chiqib turdilar, ammo menga faqat tush paytida ketaverishim kerakligi, lozim topilganda chaqirilishim mumkinligini aytishdi.
Muborak ijroiya qo’mitasiga qattiq bosqilar bo’layotgandi va biz bu masalani kengaytirilgan majlislarda muhokama qilib, sessiyaga olib chiqishni rejalashtirgan edik.
Majlis paytida masala shu nuqtaga kelganda tanaffus e’lon qildik. Qo’mitamiz raisi Erkin Vohidov “Oshxonada parhez ovqat yo’q, uyga borib kelishim kerak” deb ketib qoldi va tushdan keyin qaytmadi.
Majlisni men o’tkazdim va Bosh prokuratura hamda Ichki Ishlar vaziridan darhol bu haqda ma’lumot berishni, Oliy kengash prezidiumidan esa shoshilinch ravishda majlis chaqirish, masalani o’rganish yuzasidan komissiya tuzishni so’radik. Oradan ko’p o’tmay Karimov chaqirdi. Mana endi u xuddi shu majlisga sha’ma qilayotgandi.
Karimovning o’zini tutishi va masalani bosdi-bosdi qilishga urinishidan u bu haqda oldindan xabari bor, shekilli, degan fikr kelib chiqardi. Yo uning o’zi bevosita topshiriq bergan yoki shunday bir “tashabbus” bilan kelganlarga “bo’pti’ deb yuborgan deb o’yladim men.
Keyin Murodning aytishicha, Karimov unga “Seni yo’qotib yuboraman’ degan ekan. Bu gapni o’zim ham eshitganimda, Murodning gaplari yodimga tushgandi.
Murod Jo’raevning ota-bobolari Turkmanistonda tug’ilgan, o’zi esa bolaligidan boshlab Qashqadaryoda o’sgan.
Qayta qurush va oshkoralik yillarida Muborak shaxrida kommunistik partiya ziddiga yurib, bur guruh mustaqil fikrlovchilar bilan saylovda shahar kengashiga nomzodlarini qo’yadilar. Murod Jo’raevning o’zi O’zbeksiton xalq deputatligiga ham nomzod bo’ladi va saylanadi.
Qashqadaryo “obkomi”ning birinchisi Islom Karimov bu “o’zboshimcha”lar maydonga chiqqanda O’zbekiston Kommunistik partiyasiga birinchi kotib bo’lgandi.
Murod Jo’raega “Nomzodingni ol!” deb buyruq beradi, ammo u kurash yo’lidan qaytmaydi. Muborakda ozodlikning hur uchqunlari ko’zga tashlana boshlaydi. Shahar kengashi fidokorlari erkin teleko’rsatuvlar beradigan mahalliy, mustaqil tele-kanal ochishadi. Xalq bilan ochiq muloqot boshlanadi. Murod Jo’raevning ijroqo’m raisligiga saylanishi Karimovni g’azzabga soladi. Rayon partiya komitetiga bu “jo’jaxo’rozlar”ning ta’zirini berish topshiriladi.
Muborak shahri ayni paytda Muborak tumanining markazi ham bo’lgani uchun kommunistik partiyaning tuman qo’mitasi ularga qarshi kurash boshlaydi. Viloyat kuchlari ularga qarshi safarbar etiladi. Ular esa shahar prokuraturasi va ichki ishlar bo’limini “partiyadan xoli tashkilotlar”, deb e’lon qiladilar.
Bunga qarshi ularning televidenielarini yopib qo’yishadi. Kamina Oshkoralik qo’mitasida ishlaganim uchun muboraklik demokratlarning arzini o’rganishga borgandim.
Shahar kengashi binosida o’ttizga yaqin deputat ochlik e’lon qilib, o’z noroziliklarini bildirmoqda edilar.
Islom Karimov topshirig’i bilan bu “o’jar”lardan” qutulish uchun shahar kengashini tugatish haqida qaror qilishdi. Kengash raisi O’zbekiston xalq deputai Murod Jo’raev ishsiz qoldi. Uni quvg’inga olishdi.
Shu kunlari u Toshkentga kelib-ketib yurdi. Men unga ERK partiyasiga a’zo bo’lishni, kurashni biz bilan birga davom ettirishni taklif qildim. U, “Yo’q” dedi. “Muhammad Solihda ham Karimov xarakteridagi belgilar bor, shu bois sizlar bilan hamkorlik qilsamda, lekin partiyaga kirmayman” dedi.
Keyinchalik u qamalgach, Muhammad Solih uni ham “ERK partiyasi a’zosi” deb e’lon qildi. U sudda “Men ERK partiyasiga a’zo bo’lgan emasman” desa-da buning ziddiga “U a’zo edi” deb bayonotlar berildi va bu Karimovga juda qo’l keldi.
Qatag’on avjiga mingan pallada biz Murod Jo’raev bilan Boku shahrida shoir Yodgor Obid turgan uyda uchrashdik. U ichi tor va bir ish qilmasdan turolmaydigan yigit edi. Har kun ertalabdan turib, ko’chaga otilar va nimadir qilishimiz kerak, deb fig’oni falak bo’lardi.
U Bokuga kelgan Muhammad Solih bilan yaqinlashib qoldi va uni katta miqdordagi pulga Ashgabatda bir uy sotib olishga ko’ndirdi. Men bunga qarshi bo’ldim. Chunki Turkmanboshining burnining tagida turib, hech ish qilib bo’lmasligini bilar edim.
Bu uyda Murodning Turkmanistondagi singlisi va kuyovi Baxtiyor yashay boshladilar. Biz ham bordik. Shu kunlari Yusuf Ro’zimurodov Turkiyadan qaytib, bizning huzurimizga keldi. U Muhammad Solihning kitoblarini O’zbekistonga olib borayotgan edi.
Ko’p o’tmay bizning bu erda turganimizni bilib qolishdi va ketishga majbur bo’ldik. Ozarbayjonga, keyin esa Turkiyaga ketdik.
Men Istanbulda qoldim. Murod kelib-ketib yurdi. Oxirgi kelishida ham Muhammad Solih unga o’z kitoblarini berib yubordi.
Men esa Bokuga ketdim. Chunki Samarqandda umr yo’ldoshimni sud qilishayotgan va bolalar taqdiri haqida ham o’ylashim kerak edi.
Muhammad Solih Murodni Karimovning sobiq maslahtchisi Anvar Oltoylining singlisi Suxayloning turmush o’rtogi nomiga Almatida olingan kvartiraga yuborgan ekan. Telefonini topib, sim qoqdim va Murodga:
-Do’stim iloji bo’lsa, boshqa joyda turinglar, bu joy Anvar Oltoyliga oid ekan, demak O’zbekiston hukumati ham biladi,- dedim.
Murod har kuni Solih bilan telefonda gaplashib turgani va men xavotir olmasligim kerakligini aytdi. Men esa uning boshqa joyga o’tishini qattiq turib so’radim. Chunki Turkiyadagi har bir harakatning O’zbekiston hukumatiga etib turgani meni ancha shubhaga solgandi.
Oxiri Murod:
-Solih uyimizga telefon qilib, mening bu erdaligimni aytibdi. Erta-indin xotinim keladi va uni ham olib, bu erdan ko’chaman,- dedi.
Men unga:
-Hozirroq keting u erdan, -dedim.- O’zbekistonda uyingizdagi telefonni eshitishadi va ana mana demay kelib qolishadi…
Murod shuncha bilan sodda edi, desam yanglish bo’ladi. U jasoratli edi. Ammo bu ko’zi ochilmagan jasorat edi. O’zini olovga ham, o’tga ham uraveradigan bir jasorat edi.
Bundan biroz oldin Murodning 14 yoshlardagi o’g'li kasalxonada sirli ravishda olamdan o’tgandi. Uni tanirdim, mening she’rlarimni yodlab, xirgoyi qilib yurardi. Ayniqsa, Amir Temur haqidagilarni “Ashula qilib aytaman”, derdi. Juda odobli va qobiliyatli bola edi. Uni yo’qotish, bu og’ir dard Murodni ancha bukib qo’ygandi. O’g'li olamdan o’tgan kunlar Muhammad Solihga:
-Bir telefon qilib hol so’rang,- dedim.
–Biz endi hamma narsaga o’rganishimiz kerak,- dedi u.- Intim bo’lish bizning ishimiz emas, bu yo’lda har kuni qurbonlar berishimiz mumkin…
-Lekin baribir telefon qilib, hol so’rab qo’ysangiz bu odamiylikdan bo’ladi,-dedim.
U bir nimalar deganday bo’lib qo’lidan hech qo’ymasdan ko’tarib yuradigani telefondagi raqamlarni tera boshladi.
-Bandalik, Xudo rahmat qilsin,-dedi sovuqqina va telefonni menga uzatib tirjaydi-da:
-Yig’layapti bu aptal,-dedi.
Turkiya turkchasida “aptal” kalimasi “axmoq” degan ma’noni anglatadi va Muhammad Solih bu so’zni juda ko’p qo’llardi.
Haqiqatdan Murod yig’layotgan va bu tabiiy edi. Bo’yi bilan teng bo’lib qolgan bosh farzandi, o’g'li o’lsa va u Almatida bir xonada qo’li bog’langan kabi o’tirsa, yuragidagi hapqiriqlar ko’z yoshga aylanadi-da.
Mening gapim qovushmadi, ko’nglim to’ldi. O’n gulidan bir guli ochilmagan o’g'li ko’zlarimdan tomayotgan tomchilar bilan oqib ketayotgandek edi.
-Telefon qildim, “Kelmang” deyishdi, uyimiz atrofini militsiya xodimlari o’rab olgan ekan,-dedi Murod.-O’g'limni o’shalar o’ldirgan…
O’ziga suiqasd bo’lganda tekshirish u yoqda tursin hatto jinoiy ish ochishga izn bermagan Karimovdan hamma narsani kutish mumkin edi.
“O’g'li o’lsa keladi va ushlaymiz” degan mirshablarning rejasi amalga oshmadi. Shu sabab ham endi uni Alamatidan ushlab ketishga qaror berishlari aniq edi va men unga bu uyda turma deganimning yana bir sababi ham shu edi.
-Nima bo’lsa ham xotinimni kutaman,- dedi u.
Ammo o’sha kecha kelib uni ushlashgan. Eshiklarni sindirib kirishgan va kaltaklab, behush qilib, qopga solib, qopni mashina motorining ustiga tashlab olib ketishgan. U keyin sudda vujudidagi kuygan izlarni ko’rsatganda ham Karimovning malaylari etiborga olishmagandi.
Uni ushlashgan kun 1994 yil 17 aprel. Tasodifni qarang, bir yil oldin 17 Aprel kuni meni ushlashgn edi. Bilmadim, balki 17 Aprel Karimov uchun qandaydir ma’noga ega kunmikan?
Murod Jo’raevning qamoq muddati bitishiga sanoqli kunlar qolganda yoki umum avf e’lon qilinishi bilan unga yana bir jazo berilar ekan.
Ma’lumotlarga ko’ra so’nggi avf chiqqan kunlar unga “Ko’kragingga ismingni kichikroq harflar bilan yozibsan” deb jazo berishibdi.
Undan oldin esa “Madhiyani aytganda boshingni egib turding!” deb ayb qo’yishgan.
U qamoqdan chiqargan bir xatida “Endi shu erda o’lib ketsam kerak” degan.
Yo’q, Murod, xalqning murodi zindonda o’lmaydi.
28. “ERK” GAZETASI
Bir kuni ertalab uyga Prezidentning kotibi qo’ng’iroq qildi. Odatda yordamchisi Kraynov telefon etardi. Nega bu safar kotib “safarbar” bo’ldi? Hayron bo’lmadim. Chunki Karimov gap atrofga yoyilmasligini istasa, ishni kotibiga topshirardi. Kotib “tosh” kabi odam. Borib urilgan joyidan qon oqsa oqardi, lekin miqini chiqarmasdi.O’ziga dog’ yuqtirmasdi.
-Sizni so’rayaptilar! – dedi u salom-alikdan keyin.
Ikki kun oldin Karimov bilan uchrashaman, deb borganimda bahona topishgandi. Shuni eslatdim.
-Oka, xuddi begonaga o’xshab gapirasiz-a? Bilasiz-ku, bu savollarga biz javob bera olmaymiz. Keyin o’sha paytda juda band edilar,-dedi u.
-Bilaman, lekin “yo’q” degan qarorimni yumshatibroq aytmoqchi edim-da. Ya’ni sizga og’ir botmasin deb…,-dedim men ham bo’sh kelmay.
-Ha, boplaysiz-a?! Bilasiz-ku “yo’q” degan so’zni kirib ayta olmayman. Hatto “topolmadim” degan so’z ham boshimizning ketishiga sabab bo’ladi,-odatdagidek chekinmadi u.
-Sizning boshingiz ketsa, keyin o’zlari ham boshsiz qoladilar,- hazillashdim men.
U ancha vaqt indamay turdi. Bu esa “telefonni eshitishadi” degan ma’noga ham kelardi. Garchi prezidentning qabulxonasi bo’lsa ham, garchi kotib o’sha idoraga, ya’ni MXXga mansub bo’lsa ham, baribir cho’chir edi. Sovet davrida respublikalarning birinchi kotiblarining qabulxonasiga KGBning ikki xodimi qo’yilgan. Ulardan biri qabul bilan shug’ullansa, ikkinchi qog’ozlar bilan band bo’lgan. Ayni paytda ham “birinchi”ni, ham o’zlarini nazorat qilishgan. Shu odat Karimov davrida ham saqlanib, ular bir-birlarining ustidan hisobot yozadilar degan gap-so’zlar yurardi.
-Faqat o’zimni-o’zimga maqtaysizu, o’t bilan ro’baro’ qilib qo’yasiz. Agar do’stligimiz hurmati bor bo’lsa, yo’q demaysiz,-dedi u bir muddatlik tanaffusdan keyin.
Endi u mening ko’nglimga yaqin gapiraman, deb xato qilgandi. Qabulxonada bir-ikki ko’rishgan bilan do’st bo’lib qolinmasligini men yaxshi tushunaman. Ammo ertaga “Kim bilan do’st eding?” deb undan shubha qilishlari ham turgan gap.
Xullas, kotibni bilaman. Gapni yana biroz cho’zsam, o’zi yugurib kelishdan ham qaytmaydi. Shundayligi uchun ham ishlayapti. Aks holda allaqachon “dumiga supurgi bog’lanardi”.
-Oka, Eshik yonida “07″ turibdi. Iltimos kutayaptilar…
“07″-bu “10-07″ degani edi. Saroy mashinalarining nomerlari “10″ raqamidan boshlangani uchun ikkinchi bo’lagi aytilardi va buni hamma tushunardi.
Mashinaga chiqarkanman, ovoz uzatgichdan kotibning tovushi eshitildi:
-Chiqdilarmi?
-Borayapmiz! -deb ja⨖ob qildi haydovchi. Bu “tezroq kel” degan ishorati ekanligini bilgan haydovchi yo’l qoidalariga ham qaramay mashinani “elday” uchirib ketdi.
Men nega Karimov chaqirganligini tahlil qila boshladim. Karimov bugun ertalabdan bu “ishga” kirishgan bo’lsa, demak sababni kechagi voqealardan topishim kerak edi. Ha, topdim. Kecha “ERK” gazetasining sobiq bosh muharriri Ibrohim Haqqul bilan Matbuot davlat Qo’mitasiga borgandim.
1992 yilning 3 Yanvar kuni ERK partiyasining kengaytirilgan plenumida meni ham partiya kotibligiga va hamda “ERK” gazetasi Bosh muharrirligiga saylashdi. Aslida bu ishga rozi bo’lish, o’z joniga suiqasd kabi ish edi. Chunki ayni shu kunlarda partiyaning kotibi Otanazar Oripovni qamashgandi. Qolganlarni ham “Milliy majlis” masalasida so’roq qilishayotgandi.
Ikkinchi tomondan “ERK” gazetasi masalasida ish qo’zg’atilgan va O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi bosh muharrir Ibrohim Haqquldan boshlab oddiy xodimlarga qadar hammani tergov qilayotgandi.
Shu kunlarda Ibrohim Haqqul “Ilmiy ishimga qaytaman”, deb ishga kelmay qo’ygandi. Yana bir tomonda Muhammad Solih partiyaga deb Moskvadagi Insonparvarlik tashkilotidan katta miqdorda pul olgan, deb tekshiruv davom etayotgandi. Bir so’z bilan aytganda partiyani yopib tashlashga kirishgan edilar.
Buning ustiga partiyaning parlamentdagi guruhining rahbari edim, Muhammad Solih parlamentni tashlab ketgandan keyin plenum Oliy Majlisda ERK partiyasi nomidan gapirishni ham menga yuklagandi.
Ko’pchilik turli bahonalar bilan o’zini chetga olar ekan, aslida men ham istagan qadar bahona topishim mumkin edi. Lekin vijdonim bunga yo’l qo’ymasdi. Men yiqilayotgan odamni tashlab ketishni tasavvurimga sig’dira olmasdim. O’zimni chetga ololmasdim. Kurashning oldiga chiqish kerak edi. Hamma chekinib ketaversa, demokratiyaga ishonib bu partiyaga kelgan ming-ming odamlar nima qiladilar, deb o’ylardim. Shuningdek, hukumatning demokratiyaga qarshi ochgan urushini hali to’xtatib qolish mumkin va biz bunda muhim rol o’ynashimiz kerak, deb ishonardim.
O’shanda esa, Ibrohim Haqqulga telefon qilib, qoida bo’yicha davlat qo’mitasiga birga borishimiz kerakligini aytdim. Tanishmoq qoidasi shunaqa edi.
Vazir Rustam Shog’ulomovni oldindan yaxshi taniyman. Men “Toshkent haqiqati” gazetasida ishlaganimda u “Yosh Leninchi” gazetasining bosh muharriri edi. Ra’no Abdullaeva O’zbekiston Kompartiyasi MK kotibi bo’lgan kezlarda Rustam Shog’ulomov va akasi O’zbekiston Kompartiyasi MK nashriyotining direktori Islom Shog’ulomov bilan birga vazifadan quvildi. U bir muddat nashriyotda ishlab yurdi.
Karimov Abdullaeva chetlatgan hamma odamlarni o’z atrofiga tera boshlaganda biz sessiyada Rustam Shog’ulomovning nomzodiga qarshi bo’ldik. Uning rahbarlik borasida hech qanday iste’dodi bo’lmasa ham, akasining orqasidan boshliq bo’lib yurgani, jurnalist o’laroq ikki satrni eplab yozolmasada, kitoblar chiqarganini hamma bilardi. Yuzi doim kulib tursada, ichi qora deb aytishardi u haqda gap ketganda.
Biz unga qarshi bo’lganimizni sezganday Karimov yosh deputatlarni chaqirib, “Bitta iltimosim, shu odamni Matbuot davlat qo’mitasi raisligiga o’tkazib beringlar” deb turib olgandi. Har qancha uning kamchiliklarini aytsak ham, Karimov oyoq tirab olgandi. Sessiyada ham biz qarshi bo’lganimizga qaramay boshqalar uni tanimasalar ham qarsaklar bilan qo’llab yuborishgandi.
Rustam Shog’ulomov unga qarshi bo’lganimizni yaxshi bilardi. Buning ustiga undan oldingi “vazir” Ubaydulla Abdurazzoqov bilan bo’lgan voqealardan ham xabari bor. Shu bois sovuq qabul qildi.
U ikki oydan beri g’ayri rasmiy o’laroq gazetaning chiqishini to’xtatib turgandi. Shu ikki oy ichida har hafta gazeta qaytadan tayyorlab olib borilsada, ular nashr ettirishmasdi.
Hol-ahvol so’rashgandan keyin Shog’ulomov devorda osiqliq turgan portretga qarab:
-Islom akam bu mamlakatni mamlakat qilib turibdilar, bo’lmasa bilmayman nima bo’lib ketar edi?- dedi.- Sizlar saylovda qilgan eng katta xato oralaringdan lider chiqara olmadinglar. Ana u shoirdan prezident chiqarmidi?
-Tarixda juda ko’p shoirlar podshohlik qilganlar,- deb javob qildi Ibrohim Haqqul.
-Ular shoirlikdan podsholikka o’tmaganlar, ular podsholik davrida, she’r ham yozganlar, desangiz, to’g'ri bo’ladi. Muhammad Solihni yaxshi taniyman, gazetachilikni qoyil qilolmagandi, hatto uch kishiga boshchilik qilib ko’rmagan odam katta mamlakatni qanday boshqarsin? Men uning “O’zbekiston sporti” gazetasida ishlaganini bilaman. Bir kun navbatchiligida ichib o’tirib gazetani chop etishga topshirishni unutgani uchun ishdan haydalgandi. Mas’uliyatsiz odam. Uning nima sababdan kommunistik partiyaga kira olmaganini ham bilasizlarmi? Ichkilik ichib, buzuqchilk qilib, qo’lga tushgani uchun. U bir alamzada odam. Sizlar undan prezident yasayman, deb yuribsizlar. Tushlaringizni suvga aytinglar. Yozuvchilar Soyuziga uni Kommunistik partiya kotib qilib qo’yganda ham uch kishiga rahbarlik qila olmadi.
-Yozuvchilar uyushmasida uch kishidan ko’proq odam ishlardi,- deya unga e’tiroz bildirdi Ibrohim Haqqul.
-Yozuvchilar uyushmasida rahbar Odil Yoqubov edi, Solihga o’xshagan kotiblardan bir qanchasi ashula aytib yurgandi. Mamlakatni boshqarish uchun katta tajriba kerak. Hokimiyat Islom akamda qolgani hammamizning baxtimiz,- dedi u gap tamom deganday.
Men unga biz leksiya eshitish uchun kelmaganimizni va gazetani to’xtatib turgani matbuot haqidagi qonuniga zid ekanligini, biz esa qonun talabi bo’yicha uning huzuridan o’tishimiz zaruriyatidan kelganimizni eslatdim va:
-Islom akangiz qonunlar kafolati, siz esa qonunni buzib o’tiribsiz,- dedim.
-Gazetani men to’xtatib turganim yo’q, maslahat qilib, keyin sizlarga natijasini aytaman,-deb javob qildi u…
“07” Prezident devoniga yaqinlashib borar ekan, sababni topganday edim. Demak, “natija” chiqqanga o’xshaydi. U “akasi” bilan maslahat qilgan ko’rinadi. Bundan avvalgi vazirdan ham shunday “natija” olgandim.
Men mashinadan tushib oltinchi qavatga ko’tarilar ekanman, “Bu safargi natija qanday bularkin?” deb o’yladim. Savolim xayolimda qoldi. Meni lift eshigida kutib olgan kotib ichkariga boshladi. Eshikni ochdi-da o’zi tashqarida qoldi. Karimov nimanidir yozib o’tirardi. Kirganimni sezmay qoldi. Uning yoniga etib borgach:
-Assalomu-alaykum! – dedim. U cho’chib tushdi.
-Osmondan tushdingizmi, erdan chiqdingizmi? – deya o’rnidan turdi. Qo’lini uzatib kurisharkan, chap qo’li bilan qornimga niqtab “He, geroy, nima qilib yuribsiz?” dedi.
-Yuribmiz, – dedim men.
-Tabriklaymiz, bosh muharrir bo’libsiz. Ish kerak bo’lsa, topardik. O’shalar bilan ishlashingiz shartmidi? Ular tugab bitdi. Sizga o’xshaganlarning nomi bilan tirilmoqchi!
-Men ilgaridan birgaman…
-To’g'ri, lekin ilgaridan bosh muharrir emas edingiz. Kotib bo’lganingizda ham indamagandim. Ammo gazetasiga siz boshchilik qilishingiz kerakmidi? Bilaman, qalamingiz o’tkir, ammo boshqa gazetalarga yozing! – U mening partiyaga kotib va gazetaga bosh muharrir bo’lishim ayni kunda bo’lganidan bexabardek edi yoki chalkashtirayotgandi.
-Shunday ham gazetani chiqarishga ruxsat bermayapsiz-ku! –dedim men.
-Ruxsat bermoqchi edik. Endi butunlay yopamiz. Hozir ana u Salay (Hukumatdagilar ham, Karimov ham Muhammad Solih sessiyada nomini “Salay Madaminov” deganlariga arazlab chiqib ketgani uchun endi “Salay” kalimasiga urg’u bera boshlashgandi-JM) erto’lada o’tiribdi. Moskvadan olgan pullarining hisobini bermoqda. Gazetani esa qaror bilan yopamiz,-dedi.
Men Karimov po’pisa qilayapti deb o’yladim. Ammo keyin bilsam, ertlab ishga otlangan Muhammad Solihni Ichki ishlar vazirligiga olib ketishgan ekan va kechgacha bir xonada turli bahonalar bilan ushlab, keyin javob berishibdi.
Ammo shu daqiqada Karimovning gapiga ishonmayotgandim. Chunki shunday voqea yuz bersa, darhol eshitgan bo’lardim, degan xayolda edim.
-Agar men gazetadan ketsam-chi? U holda yopmaysizlarmi?-dedim.
-Qaerga ketasiz!
-Sizning gazetalaringizdan biriga, albatta siz tavsiya qilsangiz,-deya uni “tuzoq”qa tushirmoqchi bo’ldim.
-Gazetalar meniki emas, biri Oliy Kengashniki, boshqasi partiyalarniki, yana biri komsomolniki, ularning ishiga men aralasha olmayman, qanday qilib, sizni tavsiya qilishim mumkin,-deya Karimov men qo’ygan “tuzoq”qa tushdi. Men darhol “arqon”ni tortdim.
-Unda nega bizning gazetaga aralashayapsiz?- dedim. Karimov qizarib ketdi va birdan oyog’ini tuzoqdan tortib olgan jonivordek, o’rnidan sapchib turdi.
-Nega aralashmayin. Men qovunchi emas, Karimovman. Siz sessiyada aytgan kabi hammasi onamning mahriga tushgan, bildingizmi?
-Bunday deganim yo’q!-dedim.
-Ie, allaqachon unutdingizmi, lentani qo’yib beraymi? – u shunday deb, deraza tomondagi burchakda turgan televizorning ostidagi videomagnitofon tugmasini bosdi. Keyin qo’l bilan boshqarish apparatini olib, joyiga o’tirdi. -Bu sizlarning davlat to’ntarishiga urinishlaringiz…
Lenta mening nutqim yozilgan joyga qadar aylantirib qo’yilgan ekan:
-Unutgan bo’lsangiz, hozir yodingizga solamiz!-dedi.
-Men unutganim yo’q, o’shanda “Onangizning mahriga tushganmi?” deganim yo’q, balki “O’zbekistonni onangiz tuqqan emas va siz ustun bo’lib qololmaysiz” deganman…
-Balki-malkini qo’ying. Sizning adabiyotdan xabaringiz yo’q bo’lsa, bizning xabarchilarimiz bor. -U shunday deb “radioso’zlashuv” apparatining bir tugmasini bosdi:
“Usmon!”
“Labbay, xo’jayin!”, deya ovoz keldi naryoqdan.
“Onangiz tuqqanmi, degani adabiyotda nima deyilardi?”
“Onangizning mahriga tushganmi, iborasining og’zaki aytilishi bu”.
“Bu ibora nima degani?”
“Onangni falon degani!”
“Odamlar nima deyapti?”
“Bu jo’jaxo’roz Oqsoqolni onangni deya, haqorat qildi-yu, nega u jim? Agar natija bo’lmasa, o’zimiz javob beramiz, deyishmoqda.”
“Xatlar, telegrammalar kimda?”
“Menda xo’jayin. Soni mingdan oshib ketgan. Nima qilaylik?”
“To’plab qo’yaver! Murodning ham qo’lida bor, ularni ham olib qo’y”
Karimov “radiosuzlashuv”ni o’chirdi-da, menga yuzlandi:
-Mening onamni …adiganni hali onasi tuqqan emas!- deya baqirdi.
-Oradan yarim yil o’tib…,-nima sababdan shuncha vaqtdan keyin bu masala o’rtaga chiqqanini so’ramoqchi edim, lekin u quloq solmadi.
-Oradan o’n yil o’tsa ham unutmayman. Bilib qo’y, men sen o’ylagan odam emas, hamma narsa esimda turadi. O’zingni yig’ishtirib ol, bo’lmasa qamoqda chiritaman degandim, esingda bormi? Mani esa esimda turibdi. Seni qamoqda yo’qotaman, bildingmi?
-Birinchidan sensiramang, ikkinchidan esa, qamashingiz mumkin, lekin, ana u kun odamlaringiz o’ldirishga urinib ko’rdilar, nomersiz mashinada. Hayotim ularga bog’liq emas ekan, yo’qota olmadilar…
-Lekin, yo’qotaman, bilib qo’y!-deya baqirdi Karimov, uning og’zidan ko’piklari chiqib atrofga sochila boshladi. Uning quyanchiq kasali bor deyishardi, nima balo, to’g'ri ekanmi, deb shu damda kasali tutib qolishidan qo’rqdim. Lekin baribir javob berishni afzal ko’rdim.
-Yo’qotish sizning ishingiz emas, Janobi Haqning qo’lida!-dedim.
-Bugun Janobi Haq menman!-deya u ko’kragiga urdi.
-Shak keltirmang, Xudo kechirmaydi bu gunohni!- deya kesatdim.
-Ko’ramiz, Xudo kimni kechirmaydi? Istaysan.. sizmi, ertaga mufti televizorga chiqib, sizni dinsiz deb e’lon qilsin! Ustozingizni “dinsiz” deb e’lon qildirganim sizga dars bo’lmadimi?- deya u Ahmadjon Muxtorov voqeasini yodga solgan bo’ldi.
-Mufti ham sizning mulkingiz…
-Ha, u ham onamning mahriga tushgan. Istasam, ertaga meni “Xudoning erdagi soyasi” deb e’lon qiladi. Din – bu mening aytganim. Istasam, machit ochib beraman, istasam mufti-puftisi bilan portlatib yuboraman.
-Bu bilan nima demoqchisiz? Ertaga mening ham uyimga bomba tushadimi?
-Sizni oldin uyingizdan quvib chiqaraman. Keyin deputatlikdan haydataman. Oilangiz ham sizdan yuz o’giradigan qilaman. Ana undan keyin qamayman!
-Peshonamga yozilgani bo’ladi.
-Peshonangizga shularni men yozdim. Siz esa o’qib oling!
-Xullas!
-Xullas, oramiz ochiq! Ketaverishingiz mumkin!
-Rahmat! Baribir biling-ki, jonim Jabborning qo’lida, sizning emas!
-Ko’ramiz! Ko’ramiz! Ko’ramiz! – u baqi❨a-baqira qoldi. Men eshikni jahl bilan yopgandim, yopilmadi, chunki eshik sekin yopiladigan qilib qo’yilgandi. Ha, shuni ham e’tibordan qochirishmagan…
Xullas, gazetani 1993 yil 7 fevral kungi qaror bilan yopishdi. Biz avval gazetani Ozarbayjonda chiqarmoqchi bo’ldik. Imkoni bo’lmadi. Keyin Turkiyaga ketganimizda u erda nashr etib, O’zbekistonda tarqata boshladik. Birinchi sonini tayyorlayotgan paytda gazetani moliyaviy qo’llayotagan Anvar Oltoyli (Karimovning sobiq maslahatchisi) bir yozuv olib keldi. Bu Karimovning qudasi Abdurauf Maqsudiy haqida edi. Turkcha yozilgan va faktlar qalashtirib tashlangandi. U bachchavozlikdan tortib, KGB josusi bo’lgan, deb ayblangandi va katta o’g'irliklar uning bo’yniga yuklangandi.
Men Maqsudiyni Toshkentda ikki marta ko’rgan edim va uning ruslarni qoralab aytgan bir latifasi menga juda ham yoqqandi, eslab yurardim.
Buning ustiga Samarqandda umr yo’ldoshimni sud qilishayotgandi. Qolaversa, Karimov mening ko’p qarindoshlarimni tergovga tortib, kaltaklatib yurgan, biz haqimizda matbuotda bo’htonlar yozdirayotgan payt edi. Shunday paytda biz ham uning uslubini qo’llaymizmi, degan bir og’riq menga tinchlik bermasdi. Fikrlarimni Muhammad Solihga aytdim, uning jahli chiqdi.
-Oilangizga ta’siri bo’lishidan cho’chisangiz, boshqa ism bilan yozing,-dedi u.
-Lekin.. biz ham Karimovning o’zi qolib, qarindoshlariga hujum boshlasak, undan qanday farqimiz bo’ladi?-dedim men.
-Uning ham joni achishi kerak,-degan Muhammad Solih jahl bilan qo’limdagi qog’ozni oldida ukasi Muhammad Bekjonga:
-Sen kompyuterga yoz, men aytib turaman,-dedi.
Maqsudiyni qoralagan maqola chiqqan gazeta O’zbekistonga etib borgach, Karimov katta qatag’on boshlatdi. Juda ko’p odamlarni qamadi. Erkchilarni xonavayron etdi.
Balki Karimov qarindoshlarga tegish qanday bo’lishini o’z misolida ko’rib, o’shanda joni achigan bo’lishi mumkin. Bu masalada balki Muhammad Solih haqdir, lekin men bunday uslubni qabul qila olmasdim. Agar Maqsudiyga qo’yilgan ayblar haqida dalilga ega bo’lsam, tekshirib chiqqan bo’lsam, bu boshqa gap edi. Prezidentning yaqinlari haqida yozish kerak. Bu oshkoralik talabi!
Lekin kimdir, qandaydir maqsadda qo’limga tutqazgan faktlar bilan yoza olmasdim. O’zim bilmagan holda, faqat prezidentning qudasi ekan deya u haqda to’qib-bichilgan va kurakda ham turmaydigan bo’htonni uydirish vijdonimga zid edi. Chunki bu uslub Karimovga xos bo’lib, undan ibrat olishni istamas edim.
1992-2005
Toshkent-Baku-Istanbul-Vashington
Filed under: Books, IAK, Ҳамма китоблар










